Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 14 (всего у книги 25 страниц)
DARBONNING O‘G‘LI
Generalning oilasi bolaxonada, darbonning oilasi esa yerto‘lada yashar ean. Ularni bir-biridan katta oralik – birinchi qavat hamda mansab darajasi ajratib turar ekan. Baribir ikkala oila ham bir tom tagida yashar, har ikkala xonadonning derazalaridan ko‘cha, hovli manzarasi ko‘rinib turarkan. Hovlida o‘tloq joy bo‘lib, u yerda gulga ko‘milgan akatsiya daraxti o‘sarkan. Gul mavsumi ekanda. Daraxt tagida yoz kunlari yasangan enaga bilan undan ham ortiqroq yasangan generalning qizi «jajji Emiliya» o‘tirarkan. Ularning qarshisida yalangoyoq, qorako‘z, qorasoch darbonning o‘g‘li o‘yinga tusharkan. Qizcha unga jilmayib boqar va qo‘lchalarini uzatarkan: bir kuni ana shu hodisani general ko‘rib qolibdi-da, boshini chayqab: «Charmant!» deb qo‘yibdi. Generalning hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizday yosh, go‘zal xotini bo‘lib, u derazadan hech qachon hovliga qaramas, enagaga qizchani ovuntirish uchun yerto‘ladan bolani chaqirishni buyurar ekan, xullas qizi bilan hech ishi yo‘q ekan. Ayol shunchalik yosh ekanki, ko‘rgan odamlar uni generalning to‘ng‘ich qizi bo‘lsa kerak, deb o‘ylasharkan. Enaga o‘ziga berilgan buyruqlarni sira ikkita qilmas ekan.
Quyosh bolaxonani ham, yerto‘lani ham birday yoritarkan. Akatsiya gullab, so‘ng gulini to‘karkan, lekin kelgusi yili yana yangi novdalar chiqararkan. Yil sayin daraxt gullab boraveribdi, darbonning o‘g‘li ham gulday go‘zallashib, lolaqizg‘aldoqning o‘zi bo‘libdi qolibdi!
Generalning qizi rangi oppoq, latif, akatsiyaning pushti gul bargiday ekan. U endi hovlidagi daraxt tagida kamdan-kam ko‘rinar, ko‘pincha onajoni bilan usti yopiq karetada sof havodan nafas olib sayr qilarkan. Qiz kareta derazasidan darbonning o‘g‘li Georgni ko‘rib qolganda boshini chiroyli irg‘ab qo‘yar, hatto uzoqdan bo‘sa hadya qilarkan, onasi esa uning katta bo‘lib qolganini aytib, boshqa bunday qilma, derkan.
Bir kuni Georgning general huzuriga ro‘znoma va xatlar olib kirishiga to‘g‘ri kelibdi. U zinapoya tagidagi hujra yonidan o‘tayotib qandaydir chiyillagan tovushni eshitib qolibdi, hujra ichiga jo‘ja yashirinib olgan bo‘lsa kerak, – deb o‘ylabdi. Lekin u yerda doka ro‘mol va to‘r pardaga o‘ralgan holda generalning qizi yig‘lab o‘tirganmish.
– Faqat dadam bilan oyimga aytma – jahllari chiqadi! – debdi qiz.
– Nimani, xonim? – deb so‘rabdi Georg.
– Hammasi yonib ketadi! – debdi qiz. – Anavi yoq yonyapti!
Georg bolalar xonasi eshigini ochibdi; qarasa, deraza darpardalari yonib bo‘libdi, karnizga o‘t ketibdi. Georg sakrab deraza oldiga boribdi-da, darpardalarni tortqilab, odamlarni yordamga chaqiribdi. U bo‘lmaganda katta yong‘in chiqishi hech gap emas ekan-da.
General bilan xotini Emiliyani so‘roq qilibdi.
– Men gugurtni olib, chaqqan edim, lop etib darparda yonib ketdi. O‘chiraman deb tupuraverdim-tupuraverdim, tupugim ado bo‘lib qoldi… Dadam bilan oyimning koyishidan qo‘rqib bu yerga yashirinib oldim.
– Tupuraverdim-tupuraverdim emish! – debdi general. – Bu qanaqa gap bo‘ldi? Bu gapni ilgari hech ota-onangdan eshitganmiding? Bu anavi yerto‘ladagilarning gapi!
Harholda bolakay Georgga to‘rt skilling berishibdi. U pulni bulkaxonaga emas, balki qutichaga tashlab qo‘yibdi, ko‘p o‘tmay quticha ichidagi pullar ko‘payib qolibdiki, ularga bo‘yoq solingan yashik sotib olsa ham bo‘ladigan bo‘pti. Bola ko‘p rasm chizar ekan-da. Suratlar uning qalami uchidan qog‘ozga o‘z-o‘zidan to‘kilib qolaverarkan. Dastlabki bo‘yoq berilgan suratlar Emiliyaga sovg‘a qilinibdi.
– Charmant, – debdi general, hatto xotini ham bola nimani chizmoqchi bo‘lganiga aqli yetibdi. – «Uning qobiliyati bor!» – Darbonning xotini yerto‘laga ana shunday xabar bilan qaytibdi.
General va uning xotini zodagonlar toifasidan ekan, ularning karetasiga ikkita gerb tushirilgan bo‘lib, erxotinning gerbi alohida-alohida ekan. General xotinining gerbi uning ichki kiyimlarida, tungi qalpog‘ida, hatto hojatxonasidagi qopchiqda ham bor ekan. Uning gerbi ana shunaqa qimmatli ekan! Otasi uni bir necha chervonga olgan, otasi ham, o‘zi ham gerb bilan tug‘ilmagan ekan. Buni ulardan boshqa hamma bilarkan. Generalning gerbi qadimiy va yirik ekan. Bitta gerbni taqib yurish vazminlik qilar, ularda esa ikkita gerb bor ekan. Generalning xotini yasan-tusan bilan, kerilib saroy bazmlariga gerbini jaranglatib taqib borarkan.
General keksa, soch-soqoli oqarib ketgan bo‘lishiga qaramay, egarda mahkam o‘tirarkan. U har kuni mulozimlari qurshovida otda yurarkan, mulozimlar odob saqlab undan sal keyinda borisharkan. Odamlar orasiga kirib qolganda esa hammaga egarda o‘tirganday kekkayib boqarkan. Ordenlari nihoyatda ko‘p ekan, bunga uning uncha daxli yo‘q ekan. U harbiy xizmatni juda yoshligidan boshlagan, barcha kuzgi mashqlarda qatnashgan ekan. O‘sha vaqtlardan ancha xotiralar, latifalar qolgan ekan, latifalardan faqat bittasini aytarkan, xolos. Uning unterofitseri shahzodalardan birini asirga olgan, asir o‘zining uncha katta bo‘lmagan bo‘linmasi bilan shaharga generalning orqasida asir sifatida borgan ekan. Ana shu unutilmas hodisani u ko‘p yillardan beri hikoya qilarkan, hech qachon esdan chiqmaydigan so‘zlarni aytishni kanda qilmas ekan. General shahzodaga qilichni qaytarib berayotib: «Faqat unter-ofitserimgina siz oliy hazratlarini asirga olishga qodir, men esa hech qachon!» deganda, shahzoda: «Siz misli yo‘q odamsiz!» – deb javob qaytargan ekan. General haqiqiy urushda hech qachon bo‘lmagan, urush ketayotganda esa u diplomatik yo‘l bilan uchta chet el saroyida bo‘lgan ekan. Fransuz tilini shunaqayam qiyib tashlarkanki, hatto o‘z ona tilisini ham unutib qo‘ygan ekan, raqs tushishga epchil bo‘lib, hamisha otda yurarkan, ko‘ksidagi ordenlarning son-sanog‘i yo‘q ekan. Sarbozlar unga salom berarkan, hatto husn bobida tengi yo‘qlardan biri ham unga salom beribdi, keyin esa uning xotini bo‘lib qolibdi. Hademay ular osmondan tushgan farishtaday chiroyligina qiz ko‘rishibdi. Qizcha sal ulg‘aygach esa darbonning o‘g‘li uning qarshisida o‘yinga tushadigan bo‘libdi, qiz sal kattaroq bo‘lgach o‘zi chizgan suratlarni unga hadya etibdi. Qiz suratlarni bajonidil qabul qilar, o‘ynar, so‘ng mayda-mayda qilib yirtib tashlarkan. Qiz biram chiroyli, nozik-nihol ekanki, asti qo‘yavering!
– Atirgulim! – derkan generalning xotini, – sen shahzodalar uchun tug‘ilgansan!
Shahzoda esa eshik orqasida turar, lekin buni hech kim bilmas ekan. Odamlar ostonadan narini ko‘rmas ekanlar.
– Tunov kuni o‘g‘limiz nonini qiz bilan birga baham ko‘ribdi, – debdi darbonning xotini. – Nonning orasiga na pishloq, na go‘sht qo‘yilmagan ekan, lekin qizning og‘ziga juda yoqibdi. Bordiyu, general bilan xotini buni bilib qolishsa, rosa shovqin ko‘tarilardi-da! Lekin ular hech narsani ko‘rishmabdi! Ha, Georg nonini qiz bilan baham ko‘ribdi; agar yoqtirsa qizga qalbini ham hadya etishga tayyor ekan. Bu bola oqko‘ngil, aql-idrokli, zehnli ekan. Rasm chizishni yaxshilab o‘rganib olish uchun kechki rasm chizish sinfiga qatnarkan. Emiliya ham fanlarni tez o‘zlashtirarkan: u murabbiyasi bilan fransuz tilida gaplasharkan va raqs muallimidan ta’lim olarkan.
– Georgimiz pasxa bayramida balog‘at yoshiga yetadi! – debdi darbonning xotini. – Georgning katta bo‘lib qolganini qarang-a.
– Shundan keyin uni o‘qishga berilsa yaxshi bo‘lardida! – debdi otasi. – Ozodaroq hunarni tanlashi kerak. Bizga ham bitta nonxo‘r kamayib, ancha durust bo‘lardi!
– Baribir uyga yotgani keladi-ku! – deb e’tiroz bildiribdi onasi. – Butunlay oladigan ustani topish amrimahol. Uni hali kiyintirishimiz ham kerak. Uning uchun bir burda non-ku, bir iloj qilib topilar. Ikki yaproq yopilgan kartoshka bo‘lsa bas! Hozir ham u bekorga o‘qiyapti. U o‘z yo‘lidan ketaversin, mana ko‘rarsiz, u bizni xursand qiladi! Axir, professor ham xuddi shunday dedi!
Balog‘at yoshiga yetgan kuni kiydiriladigan kiyimlar tayyor bo‘libdi; ona ularni o‘zi tikibdi, o‘g‘li usta bichiqchi ekan, kambag‘allik tufayli eski kiyimlarni yamab butlash ancha ish bergan ekan-da. Darbonning xotini, agar o‘g‘limning ustaxonasi, shogirdlari bo‘lsa, u saroy tikuvchisi bo‘lishi ham mumkin, der ekan!
Shunday qilib, kiyim tikilibdi, Georgning balog‘at yoshiga yetgani nishonlanibdi. O‘sha kuni u tutingan otasi, boy keksa sarkordan kattagina jezdan yasalgan soat olibdi. Bu soat juda qadimiy, sinovdan o‘tgan, biroz oldinga ketib qoladigan ekan. Orqada qolganidan ko‘ra shunisi ham tuzuk. Bu o‘ta qimmatbaho sovg‘a ekan! General oilasidan saxtiyon muqovali duo kitob sovg‘a qilinibdi. Sovg‘ani Georg suratlar hadya qilgan oyimqiz yuboribdi. Kitobning birinchi, toza varag‘iga: «Georgga esdalik uchun – marhamatli Emiliya» deb yozilgan ekan. Shunday yozishni generalning xotini aytib turgan ekan. General uni o‘qib:
– Charmant, – debdi.
– Chindan ham bu mana shunday janoblar tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik! – debdi darbonning xotini. – Georgni yasantirib, qo‘liga duo kitobni beribdi-da, generalnikiga minnatdorchilik bildirgani yuborishibdi.
Generalning xotini o‘ranib yotgan ekan, zerikkanda tutadigan odatdagi asabiylik dardini tortayotgan ekan. Lekin u Georgga muloyimgina nigoh tashlabdi, unga yaxshi tilak tilabdi, o‘ziga azob berayotgan bosh og‘rig‘iga hech qachon mubtalo bo‘lmasligini ham tilabdi.
General bo‘lsa xalat kiyib, boshiga takiya qo‘ndirib, ag‘darma rus etigida u yoqdan-bu yoqqa yurarkan. U o‘z o‘ylari va xotiralariga berilib, xona ichida u yoqdan-bu yoqqa yuribdi-da, so‘ng to‘xtab:
– Demak, Georg xristianlar jamiyatining to‘la huquqli a’zosi bo‘libdi-da, – debdi. – Halol bo‘l, boshliqlarni hurmat qil! Qariganingda buni generaldan o‘rgangan edim deb yurasan!
General hech qachon uzundan-uzoq nutq so‘zlamagan ekan. Ana shularni aytib, yana o‘z o‘ylariga berilib, jiddiy qiyofaga kiribdi.
Hamma ko‘rganlari ichida Georgning xotirasida oyimqiz Emiliya qolibdi. U naqadar latif, muloyim, go‘zal va nazokatli! Uning suratini faqat sovun ko‘pigi pufagiga chizish mumkin. Uning ko‘ylaklari, tillarang sochlaridan atir hidi dimoqqa uriladi, o‘zi endigina ochilgan atirgulga o‘xshaydi! Bir vaqtlar u bilan nonini baham ko‘rgan edi. Qiz o‘shanda o‘ziga tegishli nonni ochko‘zlik bilan lunjini to‘ldirib yegan va minnatdorlik bilan bosh irg‘atgan edi, gapiray desa og‘zi band edi-da. Shular esidamikin? Albatta. Axir, chiroyli kitobcha unga «Esdalik uchun» hadya etilgan-ku. Yangi yil kirgandan keyin dastlab oy yangi bo‘lganda u hovliga qo‘lida non, asal surtilgan skilling, duo kitobcha bilan chiqibdi-da, kitobning to‘g‘ri kelgan joyini ochibdi. Qani, iqboliga nima chiqarkin?
Kitobning minnatdorlik duolari yozilgan joyi ochilibdi. U kitobni yopib, Emiliya uchun ochmoqchi bo‘libdi, lekin dafn duolari yozilgan joylarni ochmaslikka intilibdi. Buni qarangki, xuddi o‘sha sahifalar ochilibdi! Unga ishonmasa ham bo‘larkan-u, shundan keyin Emiliya betob bo‘lib yotib qolibdi va ularnikiga har kuni doktor ekipaji kelib turganini ko‘rib juda qo‘rqib ketibdi.
– Qizni davolasholmaydi! – debdi darbonning xotini, Ollo Taolo kimni dargohiga qabul qilishni biladi!
Lekin qizni davolashibdi! Georg yana rasm chizib, unga jo‘nata boshlabdi. Aytganday, u podsho saroyi suratini chizibdi. Georgning suratida qadimiy Moskva Kremli o‘zining ulkan bodringga o‘xshash yam-yashil va oltin suvi yuritilgan minora va gumbazlari namoyon bo‘libdi. Emiliyani bu suratlar juda quvontiribdi. Oradan bir hafta o‘tgach, Georg yana bir necha surat yuboribdi. Ularning har birida turli bino suratlari solingan ekan: ularga qarab turib xayollarga berilishi, ana shu devor va derazalar ortida qanday hodisalar bo‘layotganini bilishi mumkin edi.
Suratlar orasida o‘n olti qavatli, hammayog‘iga qo‘ng‘iroqlar osilgan xitoy binosi, adl marmar, ustunlar va ayvonlar bilan qurshalgan ikkita yunon ibodatxonasi, faqat xodadan qurilgan, naqshinkor norveg cherkovi bor ekan. Unda faqat Emiliyaning o‘zi yashashi kerak ekan. U boshqa binolardagi eng chiroyli tomonlarini olib, «Emiliyaning qasri»da mujassamlashtirgan ekan. U norveg cherkovidan naqshinkor ustunni, yunon ibodatxonasidan marmar ustunni, xitoy binosidan qo‘ng‘iroqlarni, podsho Kremlidan yam-yashil oltin suvi yugurtirilgan gumbazlarni olgan ekan.
Bunaqa qasrni har qanday bola ham havas qilarkan! Har bir deraza ostiga: «Bu yerda Emiliya uxlaydi», «Bu yerda o‘yinga tushadi», «Bu yerda mehmon-mehmon o‘ynaydi» va boshqa yozuvchalar yozib quyilibdi. Bularning hammasiga qarash huzur bag‘ishlarkan! Suratga rosa tikilishibdi.
– Charmant , – debdi general.
Lekin qari grafga (generaldan ham martabaliroq, qasr va mulkka ega bo‘lgan qari graf ham bor ekan) bu suratni darbonning kichkinagina o‘g‘li chizganini aytishsa ham, indamabdi. U aytarli kichkina emas, yaqinda balog‘at yoshiga yetdi-ku. Chol suratga tikilibdi, odamlarning gapi u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqibdi.
Nihoyat havoning qovog‘i soliq turgan kunlarning biri Georg uchun quvonchli, yorug‘ kun bo‘libdi. Rassomlik Akademiyasining professori uni huzuriga chaqiribdi.
– Menga qara, do‘stim! – debdi u. – Bir gaplashib olaylik! Parvardigor seni iste’dodli qilib yaratibdi, o‘zi senga sahovatli homiyni ham yuboradi. Anavi burchakda istiqomat qiluvchi qari graf menga sen haqingda gapirdi. Suratlaringni men ham ko‘rdim. Ularni qo‘ya turaylik, talaygina nuqsonlari bor! Endi haftada ikki marta mening rassomlik maktabimga kelib turishing mumkin. Hademay yaxshi rasm chizadigan bo‘lib olasan. Senda rassomlikdan ko‘ra ham me’morlik nishonalari ko‘proq mavjud deb o‘ylayman. Vaqti kelib, buni bilib olasan! Lekin bugun burchakdagi uyga borib, keksa grafga minnatdorchiligingni bildir, shunday homiyni yetkazgan parvardigorga ham minnatdorchilik izhor etgil!
Burchakda ulkan bino turarkan, derazalari ostida devorga yopishtirilgan fil va tuyalar bor ekan; hammayoqda o‘tmish muhri sezilib turarkan. Lekin keksa graf bizning zamonamizni afzal ko‘rar, uning nimasi yaxshiligining ham farqiga bormas, u qayoqdan kelyapti – bolaxonadanmi, yerto‘ladanmi yo chordoqdanmi – surishtirmas ekan.
– Haq gapni aytganda, kim zodagonroq bo‘lsa, shuncha odmi bo‘lsa kerak! – debdi darbonning xotini. – Keksa graf o‘zini qanchalik oddiy tutadi-ya! Biz bilan faqir odamday gaplashadi! General bilan xotini bunaqa qilisholmaydi. Kecha Georg xursandligidan o‘zini qo‘ygani joy topolmay qoldi, graf unga shunaqayam mehr-oqibat ko‘rsatibdiki! U oliy hazrat bugun meni huzurlariga qabul qilgandan beri sevinchdan terimga sig‘may yuribman. Georgni o‘qishga bermay chakki ish qildikmikin-a? Uning qobiliyati zo‘r edi!
– Gaping to‘g‘ri-yu, lekin unga bir suyanchiq ham kerak-da! – debdi eri.
– Uning suyanchig‘i bo‘ladi! – deb javob qaytaribdi xotini. – Bu xususda graf yaxshi gaplarni aytdi!
– Harholda bu muruvvatlar general oilasining sharofatidan, – debdi eri. – Ularga ham minnatdorchilik bildirib qo‘yish kerak.
– Nega minnatdorlik bildirmas ekan? – debdi xotini. – Menimcha, ularga bunchalik yelpatak bo‘lmasa ham bo‘ladi. Ammo Ollo Taologa chin yuragimdan shukrona keltiraman. Oyimqiz Emiliya shifo topayotgani uchun ham unga shukrona keltiraman!
Ha, generalning qizi kun sayin sog‘aya boribdi; Georg ham tez odimlar bilan oldinga ilgarilabdi. O‘sha yilning o‘zida u kichik kumush medal, oz fursat o‘tgach esa, katta kumush medal olishga muyassar bo‘libdi.
– Oh, uni o‘qishga berganimizda ko‘p ma’qul ish bo‘lardi! – deb ko‘zyoshi qilibdi darbonning xotini. – Hech bo‘lmaganda bag‘rimizda bo‘lardi. Rimda nima qiladi?! Qaytib kelganda ham u bilan diydor ko‘risholmasak kerak! Bolaginam qaytib kelmaydi ham!
– Bu ishlar uning baxti, shon-shuhrati uchun qilinyapti-ku, – deb xotinini yupatibdi darbon.
– Barakalla sizga, erjon! – debdi xotini. – Shunday deysiz-ku, lekin o‘zingiz ham bunga ishonmaysiz. Menga qanchalik og‘ir bo‘lsa, sizga ham shunday.
Chindan ham shunday ekan. O‘g‘ildan ajralish ota-ona uchun juda og‘ir ekan, lekin hamma: «Yigitchaning boshiga baxt qushi qo‘ndi» deb ta’kidlasharkan.
Shunday qilib, Georg hamma bilan xayrlashibdi; xayrxo‘shlashish uchun yuqoriga – general xonasiga ko‘tarilibdi. Generalning xotini boshi og‘rib yotgani uchun ko‘rinmabdi. General bo‘lsa, xayrlashayotib yosh yigitga shahzodaga nima degani va shahzoda unga nima deb javob qaytargani haqidagi birdan-bir latifasini aytib beribdi, so‘ng Georgga xayrlashish uchun ikki barmog‘ini uzatibdi.
Emiliya ham Georgga qo‘lini uzatibdi-yu, lekin ko‘rinishi g‘amgin emish. Georg ham ma’yuslanib qolibdi.
Vaqt huda-behuda o‘taveradi; vaqt bir xilda, lekin nafsiz o‘tibdi. Georg uchun esa vaqt nafsiz o‘tmabdi, uyidagilarni qo‘msagan paytlarini hisobga olmaganda, vaqtning cho‘zilganini unchalik sezmabdi. Hamma qadrdonlari – pastdagi va yuqoridagilar qanday yashashyaptiykin? U uydan xat oldi deylik, xatga ko‘p narsani sig‘dirish mumkin, undan kishi qalbiga quyosh nurlari taralishi, qalbni zimiston, zulmat ichida qoldirishi mumkin. Otasining vafot etgani haqidagi xatni olganda yigitchaning qalbi zimiston bo‘lib ketibdi. Onasi tul qolibdi. «Emiliya men uchun yupatuvchi farishta bo‘lib qoldi, pastga – mening yonimga tushib turibdi», – deb yozarkan onasi. Darbonlik esa o‘z qo‘lida qolibdi, bunda qizning hissasi katta bo‘libdi.
Generalning xotini kundalik yurita boshlabdi. U har bir qabulni, o‘zi ishtirok etgan bazmlarni, shuningdek, tanish-bilishlarnikiga mehmonga borganlarini ta’riflab yozibdi va boshqa zodagonlarning taklifnomalari kundalikning surati o‘rnida xizmat qilibdi. Generalning xotini kundaligi bilan juda faxrlanibdi, asabiylashishga to‘la uyqusiz tunlar, saroydagi bazmlarga to‘la kunlar o‘tishi bilan kundalik ham to‘la boribdi. Nihoyat Emiliyani saroydagi bazmga olib borishibdi. Onasi ispancha did bilan tikilgan qizil kiyimda, qora to‘r kashtada, qizi esa boshdan-oyoq oq kiyimda, latif va nozik bo‘lib boribdi! Qizning oltinrang kokillari jingala-jingala, yarqiroq yashil lentaga o‘xshab to‘lg‘anib turganmish, sochiga oq nilufar gul taqib olganmish. Qizning ko‘zlari shunaqayam tiniq va moviy, og‘zi bejirim, labi g‘unchadek emish, xullas, turgan-bitgani dengiz malikasining o‘zginasimish; husni ta’rifga sig‘masmish! U bilan uchta shahzoda raqsga tushibdi; albatta birdaniga emas, balki navbat bilan tushishibdi. Generalning xotinining bir haftagacha boshi og‘rimabdi.
Lekin bu birlamchi bazm oxirgisi bo‘lmaydi. Emiliya endi o‘zini tutib turolmabdi. Yaxshiyamki bu orada yoz kelib, tabiat qo‘ynida dam olish imkoni tug‘ilib qolibdi.
General oilasi graf qasriga mehmonga taklif qilinibdi.
Grafning bog‘i tomosha qilsa arziydigan ekan. Uning bir qismi eskicha usul va did bilan barpo qilingan ekan: hammayoqda yashil pardaday usti tekis qirqilgan buta to‘siqlar yashnab turganmish, devorlarning har qayer-har qayeridan tuynuklar ochilganmish: qora qayin va tis butalari esa yulduz hamda ehrom shaklida qirqilganmish; u yer-bu yerda chig‘anoqlar yotqizilgan g‘orlar ko‘zga tashlanibdi, ularning tubidan favvoralar otilib turganmish; hammayoqda granitdan yasalgan haykallar boqqa fayz, ko‘rk berib turganmish, har bir gulpushta ham baliq, gerb shakliga, o‘z nomiga egamish. Bog‘ning bu qismi fransuzcha did bilan bezatilgan ekan. Bu yerdan yashnab turgan hashamatli boqqa o‘tilarkan, bog‘da daraxtlar o‘z holicha o‘sib yotganmish, shu vajdan ularning shox-butoqlari har tomonga tarvaqaylab, tanasi yo‘g‘onlashib ketganidan quyuq soya tashlab turganmish. Bog‘dagi maysa o‘tlar shunaqayam yam-yashilmishki, uning ustidan bemalol yurish ham mumkin ekan. Bu joy inglizcha did bilan barpo qilingan bog‘ ekan.
– O‘tmish va zamonaviylik, – debdi graf. – Bular birbiri bilan juda uyg‘unlashib ketgan. Yana ikki yildan keyin bog‘ butunlay boshqacha qiyofaga kiradi, talay o‘zgarishlar kiritish va pardoz berish harakatidamiz! Sizlarga bog‘ning surati va chizmalarini, aytganday, me’morning o‘zini ham ko‘rsataman. U bugun biznikida tushlikda bo‘ladi!
– Charmant, – debdi general.
– Bog‘ bu dunyoning jannati! – deb xitob qilibdi generalning xotini. – Ana, qadimiy qasrga ham kelib qoldik!
– Bu tovuqxona! – debdi graf. – Minorada kaptarlar, ikkinchi qavatda kurkalar, birinchi qavatda esa ularga qaraydigan parrandachi Elza ismli kampir yashaydi. Kampirning xonasidan parrandalar turadigan hamma xonalarga yo‘llar bor, tuxum qo‘yadiganlari alohida, jo‘ja ochib chiqqanlari alohida xonada, o‘rdaklar suvga tushishi uchun alohida yo‘lak bor!
– Charmant, – debdi general.
Hammalari parrandalarni tomosha qilishga otlanishibdi.
Elza kampir mehmonxona o‘rtasida, me’mor Georg esa uning yonida turarkan. Uzoq ayriliqdan keyin u Emiliya bilan mana shu yerda – tovuqxonada uchrashibdi!
Yigit g‘oz turar, unga tikilgan bilan husni jamoliga to‘yib bo‘lmas edi, chunki judayam chiroyli, kelishgan yigit bo‘lib ketgan ekan-da! Istarasi issiq, qop-qora sochlari ko‘rkam ekan, lablarida esa: «hammangizni yaxshi bilaman!» degan ma’noda mug‘ambirona tabassum o‘ynarkan. Elza kampir yog‘och kavushlarini yechibdi, aslzodalarga hurmat yuzasidan paypoqda qolibdi. Tovuqlar qa-qalab, xo‘rozlar qichqiribdi, o‘rdaklar «g‘oqg‘oq»lab yuribdi. Yigitning yoshlik paytlarida birga o‘ynab yurgan yaqin o‘rtog‘i – generalning go‘zal qizi uning yonginasida turar, oqish yuzlari gul-gul yashnar, ko‘zlari chaqnar, lablari unsiz gapirib turganday ekan. Qiz yigitning ko‘nglidagiday qilib nazokat va odob bilan egilib ta’zim qilibdi. Qizning bu ta’zimi yigit bilan qarindosh bo‘lmagan yoki bazmlarda goh-gohida raqsga tushgan qizning ta’zimiga o‘xshab ketibdi, Georg esa Emiliya bilan hech qachon birga o‘yinga tushmagan ekan.
Graf uning qo‘lini siqib, mehmonlarga tanishtiribdi:
– Navqiron do‘stimiz, sizlar uchun uncha begona bo‘lmagan janob Georg!
Generalning xotini egilib salom beribdi, qizi esa qo‘lini uzatib yuborishiga sal qolibdi.
– Ie, bu o‘zimizning janob Georg-ku! – debdi general. – Axir, biz eski qadrdon, qo‘shnimiz-ku! Charmant!
– Siz butunlay italiyalikka aylanib ketibsiz! – debdi generalning xotini. – Italiyada istiqomat qiluvchilarday italyancha gapirsangiz ham kerak?
General xotinining italyan tilida so‘zlamay, balki ashula aytishini bilarkan.
Dasturxonga o‘tirishganda Georg Emiliyaning o‘ng tomoniga o‘tiribdi. Uni generalning o‘zi stol yoniga olib boribdi. Graf esa generalning xotinini. Georg janoblari suhbatga berilib ketib qiziq narsalarni gapirib beribdi. Ovqat mahalida Georg o‘tirishning guli bo‘lib o‘tiribdi. Bu borada graf ham undan qolishmas ekan. Emiliya esa butun vujudi quloq bo‘lib jimgina o‘tiribdi, ko‘zlari sevinch va shodlikdan shunday charaqlabdiki, qo‘yaverasiz.
Tushlikdan keyin qiz bilan Georg ayvonga chiqishibdi; baland o‘sgan atirgul shoxlari ularni boshqalardan pana qilibdi. Georg birinchi bo‘lib gap boshlabdi.
– Onamga do‘stona, iliq munosabatda bo‘lganingiz uchun tashakkur bildirishga ijozat bergaysiz! – deb gap boshlabdi u. – Onam vafot etgan tunda uni yolg‘iz qo‘ymaganingizdan xabarim bor. Tashakkur sizga!
U Emiliyaning qo‘lidan o‘pibdi. Nima qipti, buning boisi tushunarli. Qiz nomus o‘tida qovrilibdi, harholda javob tariqasida yigitning qo‘lini qisib qo‘yibdi va unga ajoyib, jozibali moviy ko‘zlarini mehr bilan tikibdi.
– Oyingiz biram yaxshi, biram mehribonki! Sizni biram yaxshi ko‘radiki! U kishi xatlaringizni ham menga o‘qigani berardi, shu boisdan sizni ozmi-ko‘pmi bilaman! Bolaligimda menga juda mehribon edingiz, suratlar hadya qilardingiz!..
– Siz bo‘lsa yirtib tashlardingiz, – debdi Georg.
– Yo‘q, «qasrim» hali mavjud! – deb javob qaytaribdi qiz.
– Endi sizga chinakam qasr qurib berishim mumkin! – debdi Georg shavq bilan.
General bilan xotini o‘z xonalarida darbonning o‘g‘li haqida gurunglashibdi. Uning o‘zini tuta bilishi, gaplari, bilimdonligi xususida gap ketibdi.
– U informator bo‘lishi ham mumkin! – debdi general.
– Daholi yigit! – debdi xotini va boshqa gapirmabdi.
Ajoyib yoz kelibdi. Janob Georg graf qasrida tez-tez suyukli mehmon bo‘lib turibdi. Bordiyu, u kelmay qolsa qo‘msashib qolisharkan.
– Biz bechoralarga nisbatan Ollo Taolo marhamat qilib sizga katta qobiliyat ato qilgan! – debdi Emiliya unga. – Uni joyiga qo‘yib e’zozlaysizmi?
Georgga bu gap xush yoqibdi, o‘zi ham bu go‘zal qizni ancha iste’dodli deb hisoblarkan-da.
General esa Georgni bunchalik past tabaqadan emasligiga tobora ishonchi orta boribdi.
– Lekin onasi rahmatlik ancha muhtaram ayol edi, bunga tan berish kerak, – debdi u.
Yoz o‘tib, qish kelibdi, janob Georg odamlarni yana o‘z xususida gapirishga majbur qilibdi. U eng badavlat xonadonlarga, aslzodalar huzuriga taklif qilinibdi. Hatto generalning o‘zi uni saroydagi bazmda kutib olibdi. Emiliya uchun ham bazm berish mo‘ljallari bor ekan. Unga Georgni ham taklif qilishsamikin yo yo‘qmi?
– Qirol kimni taklif qilsa, general ham o‘sha odamni taklif qilaveradi! – debdi general va qaddini shunday rostlabdiki, go‘yo bo‘yi bir qarich o‘sganday bo‘libdi.
Georgni taklif qilishibdi, u bazmda bo‘libdi, bazmda shahzoda va graflar ham ishtirok etishibdi. Ularning biri ikkinchisidan yaxshi o‘yinga tusharmish, lekin Emiliya faqat dastlabki o‘yingagina tushibdi: qiz garchi ziyon yetkazmagan bo‘lsa-da, o‘zi bilan o‘yinga tushayotgan yigitning oyog‘ini bexosdan bosib olibdi, shundan so‘ng o‘zini ehtiyotlab, ortiq o‘yinga tushmay qo‘yibdi. Bir joyda o‘tirib, boshqalarning o‘yinga tushishini tomosha qilibdi. U hamon tomosha qilar, janob me’mor bo‘lsa yonida tik turarkan.
– Siz unga avliyo Petr soborining hammayog‘ini chizib bering, – debdi general yonidan o‘tib borar ekan, iltifot bilan jilmayib.
Oradan bir necha kun o‘tgach, general iltifot bilan janob Georgni o‘z uyida qarshi olibdi. «Yosh yigit o‘zini bazmga taklif qilinganligi uchun ehtimol minnatdorchilik bildirgani kelgandir, boshqa nima uchun ham kelardi?» – deb o‘ylabdi general. Biroq… O, dahshat va tentaklik qursin! General o‘z quloqlariga ishonmabdi. Janob Georg juda balanddan kelibdi, uning iltimosi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan iltimos ekan! U Emiliyaning qo‘lini so‘rabdi!
– Yigit! – debdi general sholg‘omday qizarib. – Nimalar deyapsiz? Gapingizga tushunmayapman! Mendan nima istaysiz? Men sizni tanimayman! Janob! Janob! Hoy yigit! Siz uyimga bostirib kiryapsiz-a! Bu yerda xo‘jayin menmi yo sizmi? Endi nima qildim-a?..
U yotoqxona eshigi oldigacha tisarilib boribdi, ichkariga kirgach, eshikni yopib, qulflab olibdi. Georg tashqarida qolibdi. Yigit bir lahza tek turibdi-da, so‘ng o‘girilib, qaytib ketibdi. Dahlizda Emiliyaga do‘ch kelibdi.
– Dadam nima dedi? – deb so‘rabdi qiz titroq ovoz bilan.
Georg uning qo‘lini mahkam qisibdi.
– U mendan o‘zini olib qochdi. Lekin yaxshi paytlarga umid bog‘lab turaveramiz!
Emiliyaning ko‘zlariga yosh kelibdi, yigitning ko‘zlarida esa qat’iyat va jasorat uchqunlari chaqnabdi. Ularga oq fotiha berganday quyosh nurlari har ikkala ko‘zlarda jilva qilibdi.
General o‘z xonasida ustiga qaynoq suv quyilgan odamday o‘tiraveribdi. Yuragi qinidan chiqquday bo‘lib, dukillab ura boshlabdi. «Ahmoqlik! Darbonning jinnisi!» – deb pichirlabdi.
Oradan bir soat o‘tar-o‘tmas generalning xotini eridan hamma gapni eshitibdi, Emiliyani chaqirib, yoniga o‘tqizibdi.
– Sho‘rlik bolaginam! Seni, bizni shunchalik haqoratlashsa-ya! Sen ham yig‘layapsanmi? Ko‘zyoshlaring hech tinmaydi-ya! Shu ko‘rinishingda ham go‘zalsan-a! Mening to‘y kunimdagiga o‘xshab ketibsan! Yig‘layver, yig‘layver, jonginam!
– Yig‘layveraman, – debdi Emiliya, – otam ikkovlaring rozilik bermagunlaringcha yig‘layveraman!
– Qizginam! – deb qichqiribdi generalning xotini. – Tobing yo‘q! Alahlayapsan! Oh, yana boshim og‘rib qoldi. Voy, jonim! Emiliya, onaizoringning g‘am-g‘ussada o‘lib ketishiga yo‘l qo‘yma! Onasiz qolasan!
Generalning xotini ham ko‘zyoshi to‘kibdi – u o‘lim haqidagi fikrga sira toqat qilolmabdi.
Ro‘znomalarda kishilarni turli lavozimlarga tayinlagani haqida xabarlar bosildi, chunonchi, me’mor Georgga professor unvoni berilgani ham ma’lum qilindi.
– Attang, ota-onasi qora yer tagida yotibdi, bu xushxabarlarni o‘qiy olmaydi! – deyishibdi generalning uyi ostidagi yerto‘lada yashayotgan yangi darbon bilan uning xotini. Ular o‘zlari o‘tirgan uyda professor tug‘ilganini bilishar ekan-da.
– Endi u martabaliklar ro‘yxatiga tushib, soliq to‘lab turishiga to‘g‘ri keladi, – debdi eri.
– Ha, kambag‘al odamning bolasi uchun bu katta gap! – debdi xotini.
– Bir yilda o‘n sakkiz taler-a! – debdi eri. – Bu hazilakam pul emas!
– Yo‘q, men u haqda emas, hurmat xususida gapiryapman! – deb e’tiroz bildiribdi xotini. – Bu pullar nima bo‘pti! U yil davomida bunaqangi pullardan ko‘pini topadi! Xo‘sh, badavlatgina qizga ham uylanib oladi. Hoy, er, bizda ham bola bo‘lganda edi, o‘g‘limiz me’mor yoki professor bo‘lishi mumkin edi!
Yerto‘ladagilar Georg haqida iliq gaplarni aytishibdi, bolaxonadagilar ham ulardan qolishmabdi, ayniqsa, keksa graf ko‘p yaxshi gaplarni aytibdi.
Bunga me’morning bolaligida chizgan suratlari bahona bo‘libdi. Nega endi bu haqda gap ochildi? Gap Rossiya, Moskva haqida, bir vaqtlar Georg chizgan va Emiliyaga hadya etgan Kreml haqida ketibdi. Georg qizga ko‘p suratlarni tuhfa qilgan, lekin grafning xotirasida naqshlanib qolgani bitta: «Emiliya uxlaydigan», «o‘yinga tushadigan», «mehmon-mehmon o‘ynaydigan» xonalari bo‘lgan «Emiliya qasri». Shunday qilib, graf professor katta iste’dod egasi ekanligini, vafot etganda ham katta martaba bilan o‘lishini aytibdi. Buning shubhalanadigan joyi yo‘q ekan-da! Xo‘sh, nima uchun go‘zal va yosh oyimqizga qasr qurishning iloji yo‘q ekan?
– Bugun graf odatdan tashqari hazilkashlik qilish kayfiyatida! – debdi generalning xotini graf ketgach. General otlanibdi, boshini chayqabdi, malaylarining kuzatuvida otliq saroyga otlanibdi, mulozimlar odob saqlab sal ortda boribdi, generalning otdan tushishi ham odatdan tashqari tantanali bo‘libdi.
Emiliyaning tug‘ilgan kuni yetib kelibdi; hammayoqdan gullar, xatlar, vizit kartochkalari yog‘ilib ketibdi. Generalning xotini qizining labidan, generalning o‘zi esa peshanasidan o‘pibdi, ular judayam mehribon ota-onalar ekan-da. Eng oliy martabali mehmonlar – shahzodalardan ikkitasi bu yerga tashrif buyurib, oilani o‘ta baxtiyor etishibdi. Bazmlar, teatrlar, diplomatik lavozimga tayinlashlar, siyosat haqida gapirishibdi. O‘zlarining va chet elning mashhur arboblari haqida ham gap ketibdi; shu payt beixtiyor yosh professorning nomi tilga olinibdi. «U abadiylik qasriga kiradi! Uning familiyasi eng yaxshi nomlardan biri bo‘lib qoladi!» Uning haqida ana shunaqa gaplarni aytishibdi.
– Eng yaxshi nom egasi bo‘lib qoladi! – debdi general xotini bilan yolg‘iz qolganda. – Lekin qanday nomda?