Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 19

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 19 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Yam-yashil maysa, yashnab turishingni men bilan baham ko‘rgin, – deb yalinibdi driada, – xushbo‘y gulingdan menga bitta uzib ber.

– Bizni uzishsa, qurib qolamiz, – deyishibdi gullar bilan maysalar.

– Hayotbaxsh shamol, yuzimdan bir marta bo‘sa ol, u menga hayot ato qiladi!

– Hademay quyosh bulutlardan bo‘sa oladi, shunda ular qizg‘ish tusga kiradi, – deb javob qilibdi shamol. – Bu yerda sen yo‘q bo‘lasan, sen marhumlar mamlakatiga yo‘l olasan, barcha ulug‘ narsalar yo‘q bo‘lib ketganiday, sen ham yo‘qolasan. Oradan bir yil o‘tmay, men yana shu bepoyon yalanglikda o‘ynoqlab yuguraman, qumlarni, changlarni uchirib, havoni chang-to‘zonga to‘ldiraman. Borliq chang-to‘zonga aylanadi.

Driada vannada yotib o‘z qon tomirlarini kesibdi, qoni qolmagach, holsizlangan ayolday dahshat ichida titrabqaqshabdi. U o‘rnidan qo‘zg‘alib, bir necha qadam oldinga yuribdi, so‘ng kichkina cherkov ro‘parasidagi o‘tloqqa yana behollanib o‘tirib qolibdi. Cherkov eshigi ochiq bo‘lib, mehrobda shamlar yonib turganmish, organ chalinayotganmish.

Naqadar huzurbaxsh musiqa! Driada hech qachon bunaqa musiqani eshitmagan ekan, harholda u musiqada tanish tovushlarni farqlay olibdi. Nazarida musiqa sadolari jahonning qalbidan taralayotganday emish.

Uning qulog‘iga qari eman daraxti va ruhoniyning tovushi kirganday bo‘libdi. Ruhoniy jasorat, dovrug‘i doston bo‘lgan qahramonlar haqida, xudoning har bir bandasi o‘lmaslik huquqini qo‘lga kiritish uchun nimalarni bajo keltirishi xususida gapirayotganmish.

Organ tovushlari zo‘rayib, yuqoriga o‘rlabdi, ular driadaga quyidagilarni kuylab berishibdi:

«Sening hayotga tashnaliging, betoqatliging ildizpildizing bilan qadrdon tuprog‘ingdan sug‘urib oldi. Sho‘rlik driada, seni xuddi ana shu xarob qildi».

Yumshoq va muloyim tovushlar yig‘laganday bo‘lib, asta-sekin tinibdi.

Osmondagi bulutlar bo‘zaribdi. Shamol shovqin ko‘taribdi:

– O‘lik soyalar, yo‘qoling, quyosh chiqyapti.

Quyoshning ilk nuri driadaga tushibdi. U sochilib, bir tomchi yosh, bir tomchi shudringga aylanib, yerga tushibdi, iz qoldirmaydigan sovun ko‘pigiday bir necha rangda kamalakdek tovlanibdi.

Sho‘rlik driada! U ham bir tomchi yosh shudringday tovlanibdi-da, yerga singib ketibdi.

Quyosh nurlari Marsovo maydonida, shaffof qasrlar, baland uylar qurshab olgan, daraxtlar o‘sib, favvoralar otilayotgan kichkina maydon ustida porlabdi. Quyosh kashtanga ham nur sochibdi, shunda uning navdalari shalpayib, barglari so‘lib qolibdi, vaholanki, u kuni kecha bahordagiday ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnab turgan ekan.

«Kashtan o‘ldi», – deb aytishlari bilan driada yengil bulutday bir ko‘zga ko‘rinibdi-yu g‘oyib bo‘libdi.

So‘ligan kashtan guli yerda yastanib yotgan emish, hatto hayotbaxsh suv ham unga jon ato qilolmabdi. Ko‘p o‘tmay birov uni toptabdi, gul ezilib, qumga aralashib ketibdi.

Bu voqealar chindan ham 1867-yilda Parijda o‘tkazilgan jahon ko‘rgazmasi paytida bo‘lib o‘tgan. Bunday hodisalar ajoyib o‘zgarishlar yuz berib turgan hozirgi kunlarda ham sodir bo‘lyapti, bunga o‘zimiz shohid bo‘ldik.

PARRANDABOQAR GRETANING AJDODLARI

Parrandaboqar Greta xo‘jayinlar hovlisida o‘rdak va tovuqlar uchun qurilgan binoyidek uyda yashar ekan. Bu uy bir vaqtlar minorali, kiraverishi kungurador, xandaq va ko‘tarma ko‘priklari bo‘lgan xo‘jayinlarning ko‘hna uyi o‘rnida qad qo‘targan ekan. Uning yonginasida qalin chakalakzor bo‘lib, bir vaqtlar bu yerda hozir botqoqlikka aylangan, bir tomoni ko‘lcha bilan tutashgan bog‘ bor ekan. Asriy daraxtlar ustida behisob qarg‘a, quzg‘un va zag‘chalar charx urar, garchi ularni ko‘plab qiyratib turilsa-da, sira kamaymas ekan. Bu qushlarning tovushlari qushxonaga ham eshitilib turar, qushxonada esa keksa Greta o‘tirar, o‘rdakchalar uning yog‘och kavushlari ustida o‘ynashar ekan. Parrandaboqar Greta har bir o‘rdak va tovuqni tuxumdan chiqqan kunidan boshlab yaxshi bilar ekan. U tovuq, o‘rdaklari va ular uchun qurilgan hashamatli uy bilan faxrlanar ekan. Gretaning xonasi ozoda va shinam ekan, shunday bo‘lishini qushxona sohibasi – xonim talab qilar ekan; u kishi bu yerga tez-tez o‘zining oliynasab va zodagon mehmonlari bilan kelib turar, ularga o‘zi aytganday, «tovuq va o‘rdaklar kazarmasi»ni ko‘rsatar ekan.

Gretaning xonasida ko‘ylak ilib qo‘yadigan shkaf, kreslo, hatto javon ham bor ekan. Javonda yarqirab tozalangan mis taxta bo‘lib, unga «Grubbe» degan so‘z o‘yib yozilgan ekan. Bu sobiq xo‘jayinning uyida bir vaqtlar istiqomat qilgan dvoryanning ismi ekan. Mis taxtani shu yerni kavlagan paytda topib olishgan ekan, kichik ruhoniy bu sariq chaqaga ham arzimaydi, u faqat ko‘hna zamondan yodgorlik, debdi. Ruhoniy o‘tmish zamonlarni va bu yerlar tarixini yaxshi bilar ekan; buni u kitoblardan o‘qib olgan ekan, hozir ham uning stoli ustida talay kitoblar qalashib yotar ekan. Ruhoniy o‘ta bilimdon odam bo‘lib, binobarin qarg‘alarning eng qarisi undan ham ko‘p narsani bilar ekan. Shu qarg‘a bu haqda o‘z tilida hamma yerda baqirib, qag‘illab yurar ekan, ruhoniy qanchalik bilimdon bo‘lmasin, qarg‘a tilini bilmas ekan.

Yozning jazirama kunlarida oqshom kirishi bilan botqoqlik ustidan qalin tuman ko‘tarilar, go‘yo ko‘l tepasida qarg‘a, quzg‘un va zag‘chalar keksa daraxtlarga chiqib ketganday bo‘lar ekan. Bu yerlarda ritsar Grubbe yashagan va qalin g‘isht devorli ko‘hna uy u turgan paytlarda xuddi shunday bo‘lar ekan. O‘shanda uzun zanjirga bog‘langan it ba’zan darvozadan tashqariga ham chiqib ketar ekan; xo‘jayinning minorali uyiga tosh terilgan torgina yo‘lak olib borar ekan. Uyning derazalari tor, oynalari kichkina bo‘lib, raqs tushiladigan katta zal derazalari ham shunaqa ekan. To‘g‘ri, garchi zalda eski nog‘ora bo‘lsa-da, eng so‘nggi Grubbe zamonida zalda biron marta o‘yin-kulgi bo‘lganini hech kim eslolmasakan. Bu yerda mohirona ishlangan o‘yma naqsh solingan shkaf ham bor ekan, uning ichida nodir gullar piyozi saqlanar, chunki Grubbe xonim bog‘bonchilikni yaxshi ko‘rganidan ko‘chatlar o‘tqazib, hammayoqni yashnatib yuborgan ekan. Eri esa ot minib ovga chiqishni, bo‘ri va to‘ng‘izlarni ovlashni yaxshi ko‘rar ekan; har safar ovga chiqqanida, u bilan jajjigina qizi Mariya birga borar ekan. U endigina besh yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, otda yaxshi yurar va atrofga sergaklik bilan boqar ekan. Otasi qizini tomosha qilgani kelgan dehqon bolalarini urib haydar, qizi esa shu vaqtlarda itlarni qamchilar, shu bilan u xumordan chiqar ekan.

Xo‘jayinning qo‘rg‘oni yonidagi yerto‘lada istiqomat qiluvchi dehqonning oliynasab, yosh oyimqiz bilan tengqur Seren ismli o‘g‘li bor ekan, u daraxtlarga tirmashib chiqishga usta ekan, shu vajdan Mariya uni doimo daraxtdan qush uyasi olib tushishga majbur qilar ekan. Shu vaqtlarda qushlar jon-jahdlari bilan chirqillashar ekan. Bir safar qushlardan sal kattarog‘i Serenning qovog‘ini cho‘qib olganda tirqirab qon oqib ketgan ekan. Ko‘ziga ziyon yetmagan bo‘lsa go‘rga edi, deb hammaning o‘takasi yorilib ketibdi, xayriyat, ko‘zi omon qolibdi. Mariya Grubbe bolani «mening Serenim» deb chaqirar ekan. Bir kuni Serenning otasi kambag‘al Yon ham qizning marhamatidan bahramand bo‘libdi. Kunlardan bir kun u ayb ish qilib qo‘yibdi, uni yog‘och baytalga mindirib, jazo bermoqchi bo‘lishibdi. Otning belida bitta yupqa qirrali taxta bo‘lib, uning oyoqlari to‘rtta tirgakdan iborat ekan; Yon baytalga minibdi, u otda o‘rnashib o‘tirsin deb ikki oyog‘iga og‘ir g‘ishtlar bog‘lab qo‘yishibdi. Dehqonning yuzi azob-uqubatdan burishib ketibdi. Buni ko‘rgan Seren dodlab yig‘lay boshlabdi va kichkina Mariyadan yordam so‘rab yalinibyolboribdi; qizcha shu zahotiyoq Yonni otdan tushurishga buyruq beribdi, mulozimlar uning buyrug‘iga itoat qilishmabdi, shunda qiz yer tepinib, otasining yengidan qattiq tortqilagan ekan, uning yengi yirtilib ketibdi. Mariya aytgan gapini qildiradigan qiz ekan, aholi Yonni qo‘yib yuborishibdi.

Shu payt Grubbe xonim qizining yoniga kelib, uning boshini silab, unga mehribonlarcha tikilibdi. Mariya onasining bu qarashiga tushunmabdi.

Qizcha onasi bilan sayr qilishdan, ovchi itlar oldiga borishni ma’qul ko‘ribdi. Onasi esa o‘zi yolg‘iz bog‘ oralab pastga – ko‘l tomonga yo‘l olibdi, ko‘l betida nilufarlar chaman-chaman ochilib yotganmish. Grubbe xonim chiroyli gullarga havas bilan boqibdi.

– Naqadar go‘zal-a! – debdi u.

Bog‘da xonim o‘z qo‘li bilan o‘tqazgan nodir bir daraxt bor ekan; uning nomi qonxo‘r qoraqayin bo‘lib, boshqa daraxtlar orasida xabashga o‘xshab turar, hatto barglari ham qoramtir ekan. Qonxo‘r qoraqayin oftobda jizg‘inagi chiqishi kerak ekan, agar u soya-salqinda o‘sganda boshqa daraxtlar singari yashil tusga kirib, o‘zining odatdan tashqari qiyofasini o‘zgartirishi mumkin ekan. Bahaybat kashtanlarga ham, butalarga ham, bo‘ychan o‘t-o‘lanlarga ham son-sanoqsiz qushlar uya qurib yuborgan ekan. Qushlar bog‘da o‘zlari uchun xavf-xatar yo‘qligini bilganday dorilamon yurishar ekan.

Bir vaqt bog‘da jajji Mariya bilan Seren paydo bo‘libdi. Seren ilgari xabardor bo‘lganimizday, daraxtlar ustiga chiqishga, qush uyalarini buzishga, tuxumlarni va qipqizil qush bolalarini olib tushishga mohir ekan-da. Kattayu kichik hamma qushlar bezovta bo‘lishibdi. O‘t-o‘lanlar orasida qizg‘ish qushchalar chiyillab, baland daraxtlar tepasida qarg‘a, quzg‘un va zag‘chalar jon-jahdlari bilan qag‘illashibdi. Qanotli jonivorlar hozir ham ana shunday chirqillashadi.

– Nima qilyapsizlar, bolakaylar! – deb dahshatga tushibdi xonim. – Bu g‘irt insofsizlik-ku!

Seren uyalib ketibdi, olijanob oyimqiz xijolatdan qizarib, qovog‘ini solib to‘ng‘illabdi:

– Otam bunga ruxsat berdi! – debdi.

– Yo‘qol bu yerdan! Yo‘qol! – chinqirishibdi ulkan qushlar, so‘ng ular uchib ketishibdi, lekin boradigan boshqa yerlari bo‘lmaganidan ertasi yana qaytib kelishibdi. Ma’sum va yuvosh xonim ko‘p umr ko‘rmabdi. Ollo Taolo uni o‘z dargohiga chaqirib olibdi. U samoda o‘z qo‘rg‘onidan ham shinam va hashamatliroq uyga uchrabdi. Uning jasadini cherkovga olib kelishganda cherkov qo‘ng‘iroqlari jaranglabdi, kambag‘allarning ko‘zi jiqqa yoshga to‘libdi – u beva-bechoralarga juda mehribon ayol ekan-da.

Xonim o‘lgandan keyin u o‘tqazgan daraxtlarga hech kim qaramay qo‘yibdi, bog‘dan fayz ko‘tarilibdi.

Aytishlariga qaraganda, Grubbe janoblari o‘jar va qaysar odam ekan, lekin qizi yosh bo‘lishiga qaramay, otasiga so‘zini o‘tkazar ekan: otasini kuldirib, o‘z aytganini qilar ekan. Qiz o‘n ikkiga kiribdi: u bo‘ychan, baquvvat, ko‘zlari charosdek qora qiz bo‘lib, yigitlarday ot choptirar, merganlikda ham hech kimdan qolishmas ekan.

Bir kuni ularnikiga mo‘tabar mehmonlar, mamlakatning eng mashhur odamlari – yosh qirol bilan uning o‘gay akasi va sadoqatli do‘sti Ulrik Frederik Gyuldenlyove kelishibdi, ular to‘ng‘iz ovlab, bir-ikki kun Grubbe janoblarnikida mehmon bo‘lish niyatida ekan.

Gyuldenlyove dasturxon atrofida Mariya Grubbe bilan yonma-yon o‘tiribdi, u qizning boshini ushlab, go‘yo yaqin qarindoshiday peshanasidan o‘pibdi. Qiz esa yigitning basharasiga shapaloq tortib yuboribdi, uni ko‘rgani toqati yo‘qligini izhor qilibdi. O‘tirganlar buni beg‘araz hazilga olib, sharaqlab kulib yuborishibdi.

O‘shanda qizchaning gaplari yigitga sariyog‘day yoqib qolibdi, oradan besh yil o‘tgach, Mariya o‘n yetti yoshga to‘lganda, chopar qiroldan yorliq olib kelibdi. Yorliqda janob Gyuldenlyove olijanob oyimqizga uylanajagini izhor qilibdi.

– U butun qirollikda eng mashhur va axloqli odam! – debdi qiziga Grubbe janoblari. – Taklifiga rozi bo‘l.

– Uning afti qursin, – debdi Mariya Grubbe, lekin nozfiroq qilmabdi, mamlakatning eng mashhur odami, qirolning sirdoshiga tegishga rozi bo‘libdi, Kumush uy-ro‘zg‘or jihozlari, jun kiyimlar, oshxona asboblari va ko‘rpa-yostiqlar dengiz orqali Kopengagenga jo‘natilibdi. Mariya esa quruqlik orqali o‘n kun yo‘l bosib Kopengagenga yetib kelibdi. Yelkan yo‘l olgan tomonga shamol esmagani sababli qizning sepi Kopengagenga to‘rt oy deganda, Gyuldenlyove xonim allaqachon g‘oyib bo‘lganda yetib kelibdi.

– Uning shoyi ko‘rpachasida yotgandan ko‘ra, dag‘al to‘shakda uxlagan ma’qul!!! – debdi xonim. – U bilan bir karetada yurgandan, yalangoyoq yo‘l bosganim yaxshi!

Kech kuz kunlarining birida Orxus shahriga ikkita ayol kelibdi: bular janob Gyuldenlyovening xotini Mariya Grubbe va uning oqsoch qizi ekan. Ular Veyledan otliq, u yerdan Kopengagenga esa kemada kelishibdi. Ayollar Grubbe janoblarining toshdan qurilgan qo‘rg‘oniga kirishibdi. Ritsar qochoqlarni yaxshi kutib olmabdi. U qizini do‘q-po‘pisa qilib qarshi olibdi, shunday bo‘lsa-da, unga tunash uchun joy beribdi, ertalab nonushtada uning oldiga pivo bilan qora non qo‘yibdi. Ertalab ham qovog‘idan qor yog‘ilib, qizini urishibdi. Otasining bu holatini ilk marta ko‘rgan qiz bunga chidolmabdi. Mariya yuvosh qizlar toifasidan bo‘lmaganidan, otasiga bo‘sh kelmabdi, u adi desa, qiz badi debdi! Eri bilan birga yashashdan bezor bo‘lgan qizning qalbi g‘azab va nafratga to‘libdi. Qiz pokdomon va oriyatli bo‘lganidan u bilan yashashni or bilibdi.

Oradan g‘am-g‘ussaga to‘la bir yil o‘tibdi. Ota-bola uchrashib qolgan paytlarda hatto bir-birlariga achchiqtiziq gaplarni aytishni ham ravo ko‘rmay qo‘yishibdi. Allaqachon g‘isht qolipdan ko‘chgan edi. Yomon gaplar oqibati yaxshilikka olib bormaydi.

– Ikkimiz bir uyda ortiq yasholmaymiz! – debdi otasi nihoyat. – Eski qo‘rg‘onimizga jo‘na, tilingni tiy, yo‘qsa, malomatga qolasan.

Shu-shu ular ajrashib ketishibdi: qiz oqsochi bilan o‘zi tug‘ilib o‘sgan uyga, cherkov daxmasida mas’um va muloyim onasi abadiy uxlab yotgan joyga ko‘chib kelibdi; bu uyda keksa podachi yashayotgan ekan. Xonalar iflos, bog‘ni o‘t-o‘lanlar bosib ketgan, daraxtlarning shox va butalari o‘sib, chirmoviqlar chirmashib yotgan emish. Qonxo‘r qoraqayinning atrofi chakalakzor bo‘lib ketibdi, barglari boshqa daraxtlarning yaprog‘i singari ko‘m-ko‘k bo‘lib qolibdi, ilgarigi ko‘rkidan asar ham qolmaganmish! Quzg‘unlar, qarg‘a va zag‘chalar azim kashtan daraxtining uchlarida gala-gala bo‘lib qo‘nib turishgan emish; ular ovozlari boricha qag‘illab, bir-birlariga:

– Inlarimizni buzib, jish bolalarimiz bilan tuxumlarimizni o‘rtog‘iga majbur qilib oldirgan qiz qaytib kelibdi! O‘g‘ri bola esa, hozir shox-yaproqsiz machta degan daraxt ustiga tarmashib chiqyapti, agar shunday qilmasa uning adabini berib qo‘yishadi! – deyayotgan emish.

Bu voqealarni shu kunlarda ruhoniy aytib berdi: u eski kitoblar va qo‘lyozmalardan bu haqda bilib olgan, endilikda boshqa yozuvlar qatorida uning stoli ustida Mariya Grubbe qissasi ham saqlanar emish.

– Taqdir kishini ne ko‘ylarga solmaydi-da: goh ko‘klarga ko‘taradi, goh yerga urib chilparchin qiladi, bu dunyoning ishlari shunaqa, – derdi u. – Bunaqa qissalarni tinglab hayratga tushasan kishi.

Kelinglar, Mariya Grubbe nima bo‘lganini eshitaylik, lekin shu kunlarda o‘zining yaxshigina qushxonasida yashayotgan parrandachi Gretani ham esdan chiqarmaylik. Ilgari zamonlarda Mariya Grubbe xuddi shu qushxona o‘rnidagi qo‘rg‘onda yashagan, lekin Mariyaning fe’li Gretanikiga mutlaqo o‘xshamas edi.

Qish bilan bahor o‘tib, yoz kelibdi, yana izg‘irin shamol esgan hamda nam dengiz tumani atrofni qoplab olgan kuz boshlanibdi. Bu yerdagi qo‘rg‘onda yolg‘iz yashash zerikarli ekan.

Bir kuni Mariya qo‘liga miltiq olib, ov qilgani yalanglikka kelibdi; u quyon, tulki va uchragan qushlarni ovlabdi. Ov qilib yurgan paytida bir necha bor unga Nyorrebek qo‘rg‘onida istiqomat qiluvchi taniqli dvoryan Palle Dyure to‘qnash kelibdi, u ham yonida itlari bilan ov qilib yurgan ekan. Bu novcha va barvasta yigit Mariyaga ko‘rsatgan jasoratlari haqida maqtanishni yaxshi ko‘rar ekan. U Fyun orolida yashar, Egeskou qo‘rg‘onining marhum egasi, jasorati shu kunlargacha doston bo‘lgan janob Brokenxyus bilan ham kuch sinashgan ekan. Palle Dyure unga taqlid qilib darvozasidagi zanjirda ovchilar burg‘usini osib qo‘yishni buyuribdi, otliq tashqariga chiqib ketayotib zanjirga osilibdi, shunda ot-poti bilan yuqoriga ko‘tarilib, burg‘uni chalgan ekan.

– Mariya xonim, biz tomonlarni ham bir ko‘rib keling, – deb taklif qilibdi u. – Nyorrebekning havosi musaffo!

Mariyaning uning qo‘rg‘oniga borgani hech qayerda yozilmagan, lekin Nyorrebek cherkovining shamdonlaridagi yozuvlardan Nyorrebek qo‘rg‘oni sohiblari Palle Dyure va Mariya Grubbelar uchun qurbonlik qilinganini o‘qib olish mumkin ekan.

Palle Dyure baquvvat yigit bo‘lib, sira aroqqa to‘ymas ekan, uxlasa xurragi cho‘chqaning xo‘rillashiga o‘xshar, yuzlari qip-qizil bo‘lib, hamisha terlab yurar ekan.

Grubbe janoblarining qizi Palle Dyure xonim eri haqida:

– To‘ng‘izday behayo, mushukday aymaqi, – der ekan. Uning Palle bilan birga turishi ko‘p o‘tmay me’dasiga tegibdi, u bilan birga yashashning qizig‘i qolmabdi.

Bir kuni qo‘rg‘onda dasturxon tuzashibdi, lekin qo‘yilgan ovqatlarni yeydigan odamlar bo‘lmaganidan, u sovib qolibdi: Palle Dyure tulki ovlab yurar, xonimni har qancha axtarishsa ham, topisha olmabdi. Palle Dyure uyiga tunda qaytibdi. Dyure xonim kechasi ham, ertalab ham uyiga qaytmabdi. U hech kim bilan xayrlashmay Nyorrebek qo‘rg‘onini tark etibdi.

Havo sovuq, izg‘irin shamol esib, bir gala qora qushlar qag‘illab Mariyaning boshida charx uribdi. Mariya qushlardan ham battar boshpanasiz ekan.

Dastlab Mariya janubga yo‘l olib, Nemetchinaga kiribdi, u yerda bir necha qimmatbaho uzuklarini sotib pullabdi, u yerdan sharqqa, so‘ng g‘arbga yo‘l olibdi. U butun olam, hatto parvardigor bilan ham chiqisholmay, maqsadsiz yashay boshlabdi, uning ruhi ayanchli va ojiz bo‘lib qolibdi; ko‘p o‘tmay uning jismi ham shu qiyofaga kiribdi; u oyog‘ini arang sudrab bosibdi. Tinka-madori qurigan Mariya holsizlanib yerga yiqilibdi, shunda qizg‘ish qushni bosib olishiga sal qolibdi. Qushcha arang o‘zini qutqarib qolibdi.

– Chug‘! Chug‘! Eh, o‘g‘ri qiz! – deb chiyillabdi qizg‘ish qush, ular ana shunday chiyillashar ekan.

Mariya hech qachon yaqinlarining narsasiga ko‘z olaytirmagan ekan, lekin yoshligida odamlarni qushlar uyasini buzishga, tuxum va jish bolalarini olishga majbur qilgan ekan, u ana shularni xotirlabdi.

Mariya yotib qolgan joydan sohildagi qumtepalar ko‘rinib turar ekan; u yerda baliqchilar yashar ekan. Mariya tamoman holdan toyganidan baliqchilar oldiga yetib borishga madori qolmabdi. Sohilning ulkan baliqchi qushlari bir vaqtlar o‘z uyidagi qarg‘a, quzg‘un va zag‘chalar singari uning tepasida chinqirib charx uribdi. Qushlar unga yaqinlashib kelganidan nazarida oppoq baliqchi qushlar qorayib ketganday bo‘libdi, tun tushganday ko‘z oldi qorong‘ilashibdi.

O‘ziga kelib, bunday qarasa, birov uni qo‘lida ko‘tarib ketayotgan emish; u o‘zini baquvvat bir yigit qo‘lida ko‘ribdi. Mariya uning soqol bosgan yuziga, qoshini ikkiga bo‘lib yuborgan tirtig‘iga boqibdi. Yigit bu bebaxt qizni kemaga olib boribdi, buni ko‘rgan boshliq yigitning ta’zirini beribdi.

Ertasiga kema yelkanlarini ko‘tarib, dengizda suzib ketibdi. Mariya Grubbe esa sohilda qolmabdi; u ham safarga otlanibdi. Lekin u safardan qaytib keldimikin? Qaytgan bo‘lsa ham, qayerga kelganini hech kim bilmas ekan.

Bu haqda ham ruhoniy xabar berishi mumkin, bu ajoyib qissani o‘zi to‘qimagan, uni ishonchli manbalardan, o‘zimiz olib o‘qishimiz mumkin bo‘lgan eski kitobni o‘qib, bilib olgan.

Ajoyib kitoblar va hajviyalar yozgan Daniya yozuvchisi Lyudvig Xolberg o‘z xatlarida Mariya Grubbe haqida, taqdir uni qaysi ko‘ylarga solgani haqida yozgan. Uning kitoblarida o‘tmish va uning odamlari ko‘z oldimizda xuddi tirikday gavdalanadi. Mariya voqeasini eshitish foydadan xoli emas, uni eshitarkanmiz, hozir ham o‘zining yaxshigina qushxonasida mamnun va xushchaqchaq yashagan parrandachi Greta beixtiyor yodimizga tushadi.

Kema yelkanlarini ko‘tarib, yo‘lga chiqibdi. Undan keyin Mariya Grubbe ham yo‘lga otlanibdi, biz xuddi shu yerda qolgan edik.

Oradan ko‘p yillar o‘tibdi.

1711-yil kiribdi, Kopengagenda vabo avj olibdi. Daniya qirolichasi o‘z yurti Germaniyaga jo‘nab ketibdi, qirol ham poytaxtni tark etibdi, majoli kelgan hamma odam shahardan qochib ketibdi. Kopengagendan talabalar ham, hatto ular orasidan qirollik uylarida yashayotganlari ham ketishga harakat qilibdi. Binobarin, Regensen yonidagi Borxov kollegiyasida ko‘proq ushlanib qolgan so‘nggi student ham shahardan chiqib ketmoqchi bo‘libdi. Uning ko‘ziga kiyim-kechaklari ko‘rinmabdi. U kitob va yozuvlarga to‘la xaltachasini ko‘tarib, tungi soat ikkilarda ko‘chaga chiqibdi. Shaharni nam, rutubatli tuman qoplab olgan emish; ko‘chada tirik jon ko‘rinmas emish, hamma hovli darvozalariga xoch alomati qo‘yilgan emish; bu belgi shu uyda yo vabo tarqalgan yoki odamlari butunlay qirilib ketgan, degan ma’noni bildirar ekan. Bir vaqtlar Yumaloq minoradan qirol saroyigacha boradigan Chyodmannegrade deb nomlangan uzun va aylanma ko‘chada hech zog‘ yo‘q emish. Talabaning yonidan o‘liklar ortilgan katta aravalar guldurab o‘tibdi, aravakash qamchisini o‘ynatgan ekan, otlar chopib ketibdi. Yosh talaba qutidagi spirt shimdirilgan lattani burniga olib borgan ekan, o‘tkir hid dimog‘iga urilibdi.

Tor ko‘chalardan biridagi yerto‘ladan baland aytilayotgan ashula va tuni bilan tinimsiz ichkilikbozlik qilayotgan shaharliklarning qahqahasi eshitilibdi; ular vabo eshik orqasida yashirinib turganini, sal beparvo bo‘lsang, boshqa marhumlar singari o‘lik aravaga uloqtirilishi mumkinligini unutish niyatida shunday qilishayotgan ekan. Talaba saroy ko‘prigi yonidagi kema to‘xtaydigan joyga boribdi, u yerda bir necha kichik kemalar turgan emish; kemalardan biri vabo tarqalgan shahardan tezroq jo‘nab qolish niyatida langarini ko‘tara boshlabdi.

– Yelkanimiz yo‘l olgan tomonga shamol esib qolsa, eson-omon Gryonsunddan Falsterga yetib olamiz, – debdi boshliq va ular bilan birga ketishga hozirlanayotgan talabadan ismi nimaligini so‘rabdi.

– Ismim Lyudvig Xolberg! – debdi talaba.

Bu nom boshqa nomlarday jaranglamabdi, unchalik e’tiborni ham tortmabdi. Endi bu nom Daniyadagi eng mashhur nomlardan biri bo‘lib qolibdi: o‘sha paytlarda Xolberg yosh, hech kim uni tanimas ekan.

Kema saroy yonidan o‘tibdi. Tong otmay u ochiq dengizga chiqib olibdi. Yengil shabada esib, yelkanlarni shishiribdi, talaba esayotgan shabadaga yuzini tutib, uyquga ketibdi; bu ishi unchalik yaxshi bo‘lmabdi.

Uchinchi kuni ertalab kema Falsterda langar tashlabdi.

– Uyni arzonga ijaraga qo‘yadigan odamni bilmaysizmi? – deb so‘rabdi Xolberg kema egasidan.

– Yaxshisi, siz Burrexyus kechigiga borib, parom haydovchi ayolga uchrang, – debdi boshliq. – O‘zingizni odobli yigit qilib ko‘rsataman desangiz, u kishini onaxon Seren Serensen Meller deb atang. Lekin ehtiyot bo‘ling, odob me’yorini oshirib yubormang, jahli chiqadi. Erini qandaydir jinoyati uchun qamab qo‘yishgan, paromni ayolning o‘zi haydaydi, qo‘llari juda baquvvat.

Talaba xaltasini ko‘tarib, paromchi ayolning qorovulxonasiga boribdi. Eshik zanjirlanmagan ekan, bola tutqichidan sal tortgan ekan, eshik ochilib ketibdi, u yeriga tosh yotqizilgan xonaga kiribdi. Bola xonada kenggina qishloqicha so‘ri ustiga solingan o‘rinni ko‘ribdi.

Endigina jo‘ja ochib chiqqan, so‘ri poyasiga bog‘lab qo‘yilgan oq tovuq suv idishini ag‘darib to‘kib yuboribdi. Belanchakda yotgan boladan tashqari bu xonada ham, qo‘shni xonada ham hech kim yo‘q emish. Nihoyat parom ko‘rinibdi. Unda boshdan-oyoq keng plashga burkanib olgan, erkakligini ham, ayolligini ham ajratib bo‘lmaydigan bir odam o‘tirgan emish. Parom qirg‘oqqa kelib to‘xtabdi.

Ko‘p o‘tmay xonaga qaddi-qomati kelishgan, viqorli bir ayol kirib kelibdi; timqora qoshlari ostidagi qora ko‘zlari mag‘rur boqar emish. Bu – paromchi onaxon Seren ekan; agar quzg‘unlar, qarg‘a va zag‘chalar bo‘lganda, bu ayolning nomini boshqacha, ya’ni bizga tanish bo‘lgan nomini aytardi.

Ayol qovog‘ini uyib bolaga nazar tashlabdi, ko‘rinishidan kamgaproqqa o‘xshar emish, binobarin, u talaba bilan gaplashibdi, to Kopengagenda vabo tugaguncha uni uyida boqib turajagini aytibdi.

Yaqindagi shahardan paromchi xotinning qorovulxonasiga ba’zi bir insofli shaharliklar tashrif buyurib turishar ekan. Frants Dastarrasoz bilan Sivert Bojxonachi1313
  Frans Dastarrasoz va Sivert Bojxonachi – L. Xolberg pyesalari qahramonlaridan.


[Закрыть]
ham bu yerga kelib turishar ekan; ular qorovulxonada bir krujkadan pivo ichib, yosh talaba bilan suhbat qurishar, ularning aytishicha bu yigitcha gapning fahmiga boradigan, grekcha va lotinchani bemalol o‘qiy oladigan, olimlarga xos zakovatga ega bo‘lgan odam emish.

– Qancha oz bilsang, hayot mashaqqatini shuncha oz tortasan, – debdi bolaga bir kuni onaxon Seren.

– Ishingiz og‘ir ekan! – debdi Xolberg kunlarning birida ayolning kir yuvib bo‘lib, o‘tin yorayotganini ko‘rib.

– Bu ishni men qilmay, kim qilardi! – debdi Seren.

– Yoshligingizdan beri shunaqa og‘ir ish qilasizmi?

– Qo‘llarimdan payqamayapsizmi? – debdi ayol, so‘ng kichkina, lekin baquvvat, dag‘al qo‘llarini ko‘rsatibdi. – Qo‘limga qarab bir o‘qib yuboring-chi. O‘qishga ustasizku!

Rojdestvo bayrami arafasida qattiq bo‘ron ko‘tarilibdi; sovuq zabtiga olibdi, shamol odamlar yuziga zahrini sochib, o‘kiribdi. Onaxon Serenni hech qanaqa ob-havo tashvishga solmabdi, u chakmoniga yaxshiroq o‘ranib, ko‘zigacha qalpoqni tushirib olibdi. Tush paytidayoq qorovulxona nimqorong‘i bo‘lib qolibdi. Ayol o‘choqqa shox-shabba va torf tashlab, boshmog‘ini yamay boshlabdi. Orolda bitta ham yamoqchi yo‘q ekan. Kechga yaqin talaba bilan suhbatlashibdi, u odatdagidan ancha ko‘p gapirib, eri haqida hikoya qilibdi.

– Erim to‘satdan dragerlik bir kema boshlig‘ini o‘ldirib qo‘ydi, uni Xolmada oyog‘iga iskanja urib, uch yil qamoqqa hukm qilishdi. U oddiy bir matros edi, hech kim uning yonini olmadi, qonun shuni talab qilar edi.

– Qonun hammaga bir xil, zodagonlar uchun ham, – deb e’tiroz bildiribdi Xolberg.

– Sizningcha u shunday! – debdi onaxon Seren, o‘choqdagi olovga tikilganicha jim qolibdi; so‘ng yana gap boshlabdi. – Siz Kay Lyukke haqida eshitganmisiz? O‘z cherkovlaridan birini buzishga buyruq bergan-chi? Gap bunday, rohib Made uning bu qiligi uchun cherkov minbarida turib haqorat qilayotganida Lyukke rohibning oyoqlariga iskanja urishga buyruq berib, ishini sudga oshiradi, o‘z mavqeidan foydalanib, uning boshini kesishga hukm qiladi, janob Madening o‘sha zahotiyoq kallasi tanidan judo qilinadi; bu tasodifiy qotillik emas, bu undan ham yomon ish, Kay Lyukke o‘shanda erkin qush bo‘lganidan xuddi o‘sha ko‘yi qolaveradi.

– Sudlar ham o‘zgarmadi! – debdi Xolberg. – Hozircha esa ko‘p narsa o‘zgarib ketdi.

– Bu safsatangizni kallavaram odamlarga ayting, – debdi onaxon Seren.

U o‘rnidan turib qo‘shni xonaga – qizalog‘i yotgan joyga kirib ketibdi. Uyni yig‘ishtirib, bolani yaxshilab yotqizibdi, keyin so‘riga talabaga o‘rin solib beribdi, yigit garchi Norvegiyada tug‘ilgan bo‘lsa-da, tezda sovqotib qolibdi, buni sezgan ayol jun adyolni unga beribdi.

Yangi yil tongida havo ochiq, quyosh charaqlab turgan emish, sovuq zo‘rligidan yer muzlab, qatqaloq bo‘libdi, yurish ancha osonlashibdi. Shahar qo‘ng‘iroqlari odamlarni ibodatga chaqiribdi. Talaba Xolberg jun plashga o‘ranvolib shaharga borishga jazm qilibdi.

Burrexyus kechuvi ustida quzg‘unlar, qarg‘a va zag‘chalar qag‘illab, shovqin-suron ko‘tarib, gala-gala bo‘lib uchib yurishgan emish; ularning tovushlari hatto qo‘ng‘iroqlar ovozini ham bosib ketibdi. Onaxon Seren qorovulxonadan chiqib, mis qozonga qor to‘ldiribdi, uni eritib, ichimlik suv tayyorlamoqchi bo‘libdi; u boshi uzra charx urayotgan qushlarga boqib, o‘zicha xayollarga botibdi.

Xolberg cherkovga boribdi; cherkov yo‘li shahar darvozasi yonidagi Sivert Bojxonachi uyi oldidan o‘tar ekan, u qaytib kelayotganda uni zanjabil solingan yovg‘on atalaga taklif qilishibdi; bu yerda onaxon Seren xususida gap ketibdi, lekin Bojxonachi ayol haqida unchalik ko‘p narsa bilmas, uni biladigan odamlar ham oz ekan. Bojxonachi ayolni bu yerlik, falterlik emasligini, bir vaqtlar yegani oldida, yemagani ketida hayot kechirganini, eri oddiy matros bo‘lib, ancha qiziqqon kishi ekanini, achchiq ustida dragerlik kema boshlig‘ini otib tashlaganini bilar ekan, xolos.

– U xotinini rosa do‘pposlardi, shunga qaramay, u doimo erining yonini olardi.

– Men bunaqa muomalaga toqat qilolmasdim, – debdi Bojxonachining xotini. – Men ham oddiy odamning qizi emasman! Otam qirolning paypoqdo‘zi bo‘lgan.

– Shuning uchun ham eringiz qirol amaldori-da, debdi Xolberg va odob bilan ta’zim bajo keltiribdi.

Oqshom tushibdi, yangi yil oqshomida kichik Isoga ta’zim qilgani kelgan uchta sharq podsholari xotirasi uchun bayram qilishar ekan. Onaxon Seren Xolbergning oldiga «uch podsho shami»ni qo‘yibdi.

– Har bir erga bittadan – sham, – debdi Xolberg.

– Har bir erga bittadan sham deysizmi? – so‘rabdi ayol uning yuziga tikilib…

– Ha-da, har uchala sharq podsholariga bittadan sham! – deb uqtiribdi Xolberg.

– Shunaqa deng! – debdi ayol va ancha vaqt jim bo‘lib qolibdi.

Lekin o‘sha bayram oqshomida talaba ko‘pgina sirlardan voqif bo‘libdi.

– Eringizni qattiq sevarkansiz, – debdi Xolberg onaxon Serenga. – Odamlarning gapiga qaraganda, u har kuni sizni xo‘rlarkan, urarkan.

– Ularning nima ishi bor! – debdi ayol. – Bolaligimda ana shunday kaltak yeganimda foyda bo‘lardi, endilikda bu kaltaklar qilgan gunohlarimning jazosi bo‘lyapti. Erim menga qanchalik yaxshilik qilganini yolg‘iz o‘zim bilaman, – ayol shunday debdi-yu qaddini rostlabdi. – Izg‘irin shamol suyak-suyakdan o‘tib esayotgan yalanglikda behol, bemador, hech kimga keragim yo‘q bo‘lib yotganimda, qarg‘a-quzg‘unlarga yem bo‘lishga sal qolganimda u meni ko‘tarib, kemaga olib bordi, buning evaziga boshliqdan yaxshigina so‘kish eshitib oldi. Men nimjon ayollardan emasdim, tuzalib ketdim. Har kimning o‘ziga yarasha fe’l-atvori, Serenning ham o‘z fe’l-atvori bor, qirchang‘i otning yuganiga qarab baho berilmaydi. Qirol noiblari ichida eng nazokatli va eng zodagon hisoblangan oldingi erimga qaraganda bu erim bilan baxtliroq hayot kechirar edim. Men qirol noibi Gyuldenlyovega ham tekkanman, u qirolning o‘gay akasi edi; keyin Palle Dyuraga turmushga chiqdim. Ikkovi ikki xil olam bo‘lib, men esa boshqa bir olam edim! Rosa valaqladim-da, evaziga siz ko‘pgina narsalarni bilib oldingiz.

Shunday deb, ayol xonadan chiqib ketibdi.

Bu ayol Mariya Grubbe edi: uning taqdiri ana shunaqa ajabtovur bo‘ldi.

Ayol Sharq podsholariga bag‘ishlangan yana uchta bayramni ko‘ribdi; Xolberg uni 1716-yilda vafot etdi deb yozdi. Lekin u onaxon Serenning qachon tobutga tushganini, Burrexyus kechuvi ustida qora quzg‘unlar charx urib aylanganini yozmagan, bu haqda u hech narsa bilmas edi, ko‘mish marosimi vaqtida tinchlik zarurligini bilganday, quzg‘unlar shovqin ko‘tarishmabdi. Onaxon Serenning jasadi yerga qo‘yilishi bilanoq qushlar g‘oyib bo‘lishib, o‘sha kuni kechqurunoq Yutlandiyada paydo bo‘lishibdi. Ko‘hna qo‘rg‘on usti qarg‘a-quzg‘un va zag‘cha galalariga to‘lib ketibdi. Ular bir-birlariga gal bermay chug‘urlashibdi, qag‘illashibdi, bir gapni tezroq aytishga oshiqishibdi. Ehtimol, ular uyalarini buzgan, tuxumlari va pati chiqmagan jish bolalarini o‘g‘irlab ketgan, hozir esa oyog‘iga temir iskanja urilib, Xolm orolida yurgan dehqon o‘g‘loni yoki o‘z hayotini Gryonsundda paromchilikda tugatgan olijanob xonim haqida gapirishmoqchi bo‘lsa kerak.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации