Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 15

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 15 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Qanaqa nomga ishora qilishayotganini bilaman! – debdi generalning xotini. – Lekin aytmayman! Bu haqda o‘ylashni ham xohlamayman! Albatta, buni yolg‘iz xudoning o‘zi biladi… Lekin men juda hayratda qolaman!

– Men hatto tasavvur ham qilolmayman! – debdi general.

Chindan ham xudoning marhamati keng, unda bitmas-tuganmas qudrat yashirinib yotadi. Georg ham ana shu marhamatdan bebahra qolmadi. Lekin biz tug‘ilgan kunni xotirimizdan chiqarib qo‘ydik!

Emiliyaning xonasi do‘stlari va dugonalar yuborgan gullarga ko‘milib ketibdi; stol usti esa esdalik va do‘stlikdan dalolat beruvchi ajoyib sovg‘alarga to‘libdi. Lekin Georgdan hech narsa yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas ekan. Nimaga ham bo‘lsin? Qizning uyi usiz ham uning haqidagi xotiralarga to‘la. Bir vaqtlar qizchaning xonasidagi darpardalar kuyib ketganda, Georg o‘t o‘chiruvchilardan ham oldin harakat qilgani, Emiliya tiqilib yig‘lab o‘tirgan zina ostidagi hujradan ham xotiralar guli mo‘ralab turibdi. Derazadan bolalik xotiralarini jonlantirib turuvchi akatsiya daraxti ham ko‘rinib turibdi. Uning hozir na guli, na yaprog‘i bor, uning novdalari qirov bilan qoplangan, go‘yo marjon gul taqib olganga o‘xshaydi. Novdalar orasidan o‘n to‘rt kunlik to‘linoy mo‘ralab turibdi. Oy qanchalik o‘zgaruvchan bo‘lishiga qaramay, Georg Emiliya bilan bitta nonni baham ko‘rgan paytdan buyon zarracha o‘zgarmabdi.

Qiz yashik ichidan «Kreml» va «Emiliyaning qasri» suratlarini olibdi. Ular ham Georg haqida gapirishayotgandaymish, qiz suratlarga suq bilan boqibdi. Suratlar uning xayollariga g‘ulg‘ula solibdi! Qiz ota-onasiga bildirmay o‘lim to‘shagida yotgan darbon xotini yoniga tushganlarini, uning yoniga o‘tirib, qo‘lini ushlaganini, ayol jon taslim qilganda duo o‘qiganini, ayol o‘layotib: «Georg… sendan roziman!» deganini eslabdi. Ona o‘shanda faqat o‘g‘lini o‘ylagandi, Emiliya uning so‘zlariga alohida mazmun bag‘ishlagandi. Ha, harholda Georg Emiliya bilan uning tug‘ilgan kunini xayolan bo‘lsa-da, birga o‘tkazibdi!

Ertasi kuni generalning tug‘ilgan kuni bo‘libdi. U o‘z qizidan bir kun keyin, albatta bir necha yillar oldin tug‘ilgan ekan! Yana sovg‘alar yog‘ilibdi. Sovg‘alar ichida odatdan tashqari qulay va qimmatbaho egar turganmish; bunaqa egar shahzodalardan birida bor edi, xolos. Buni kim yubordi ekan? General buni ko‘rib terisiga sig‘may ketibdi. Egar yoniga xat qo‘yilganmish. Unga: «Kechagi uchun rahmat!» deb yozilganmish. Buning kimdan ekanligiga hammaning aqli yetar ekan-u, lekin xatning oxiriga: «General tanimaydigan shaxsdan!» – deb yozib qo‘yilgan ekan.

– Olamda men tanimaydigan odam bormi o‘zi? – debdi general. – Hammani taniyman! – Uning xayollari bepoyon olam bo‘ylab keza boshlabdi. Yo‘q, u yoqda u hammani taniydi. – Bu xotinimdan! – deb o‘ylabdi nihoyat. – U meni kalaka qilmoqchi! Charmant!

Lekin xotini uni kalaka qilishni xayol-xotiriga ham keltirmagan ekan. Bu tantana o‘tib ketibdi.

Yana bayramga hozirlik ko‘rila boshlanibdi, lekin generalnikida emas, balki shahzodalardan birinikida. Maxsus maskarad kiyimi kiyib boriladigan bazm kuni tayinlanibdi, maska kiyishga ham ijozat berilibdi.

General Rubens qiyofasiga kiribdi, u tik yoqa ispancha kostyum kiyibdi, yoniga qilich osibdi, viqor bilan kerilib yura boshlabdi. Xotini esa Rubensning rafiqasi qiyofasida, qora baxmaldan tikilgan, yoqasi hashamatli yopiq ko‘ylakda issiqdan nafasi qaytib qiynalibdi. Kostyum generalga qarashli Flamand rassomi chizgan suratdan nusxa olib tikilibdi; suratda ayniqsa ayolning qo‘llari judayam chiroyli ekan, general xotinining qo‘llari ham aynan o‘shanga o‘xsharkan, Emiliya yupqa to‘r va kashtalarda xuddi Psixeyaning o‘zi bo‘lib qolgan ekan. U osmonda uchib yurgan oqqush pariga o‘xshar, Psixeya kostyumiga mansub bo‘lgan qanotchalarga ehtiyoji yo‘q ekan.

Bu shunaqayam ajoyib bazm bo‘libdiki! Shunaqayam rang-baranglik, hashamat zo‘r bo‘libdiki! Hammayoq gulga to‘lib ketibdi! Ko‘zlar qamashib, tinib ketibdi, Rubens xotinining bejirim bilaklariga qarash qayoqda.

Kapyushoniga akatsiya novdasi surati tushirilgan, qora domino kiygan yigit Psixeya bilan o‘yinga tushibdi.

– Bu kim bo‘ldi? – deb so‘rabdi generalning xotini.

– U kishi qirol oliy hazratlari! – debdi general. – Bunga ishonchim komil: u kishini qo‘l qisishidan bilgandim.

Generalning xotini shubhalanibdi. General Rubens esa mutlaqo shubhalanmabdi, u qora domino kiygan kimsaning oldiga kelib, uning kaftiga shahzodaning otasining ismini yozib qo‘yibdi. U esa boshini chayqab quyidagicha ishora qilibdi:

– Xat egar ichida! General tanimagan shaxs!

– Unday bo‘lsa sizni taniyman-ku! – debdi general. – Egarni siz yuborgansiz. – Domino o‘ng qo‘lini baland ko‘taribdi-da, olomon ichida g‘oyib bo‘libdi.

– Anavi qora dominolik kim ekan, Emiliya? – deb so‘rabdi generalning xotini. – Hozir sen u bilan o‘yinga tushding-ku!

– Men uning ismini so‘ramabman! – deb javob qaytaribdi qizi.

– Chunki uni tanigansan! U professor! Graf, siz o‘z himoyangizga olgan odam shu yerda! – deb gapida davom etibdi generalning xotini, yonida turgan grafga murojaat qilarkan. – Akatsiya novdasi surati tushirilgan qora domino.

– Bo‘lishi mumkin! – debdi u. – Aytganday, shahzodalardan biri ham xuddi ana shunday kiyingan!

– Men uning qo‘l qisishidan sezib qoldim! – deb gapida turib olibdi general. – Shahzodadan egar sovg‘a olganman. Bunga ishonchim komil, uni tushlikka taklif qilaman!

– Mayli, shunday qila qoling! Agar u shahzoda bo‘lsa, albatta keladi! – deb javob qaytaribdi graf.

– Bordiyu, u anavi… boshqa bo‘lsa kelmaydi! – debdi general va hozirgina qirol bilan suhbatini tugallab turgan qora dominoga yaqinlashibdi. General dominoni tavoze bilan tushlikka taklif qilibdi, u bilan yaqinroq tanishish istagida ekanligini izhor etibdi. General baland ovoz bilan aniq gapiribdi, yuzida ishonchi komil odamlarga xos tabassum o‘ynabdi, axir, u tushlikka kimni taklif qilayotganini bilarkan-da!

Domino niqobini olibdi: u Georg ekan.

– General o‘z taklifini takrorlaydimi? – deb so‘rabdi u.

General yana bir qarich o‘sganday bo‘libdi, viqor va dimog‘dorligi battar oshibdi; u ikki qadam orqaga tashlabdi, so‘ng qadimgi menuet raqsiga tushganday bir qadam oldinga yuribdi, yuziga generalga xos olijanob xislat berishga intilib, buning uddasidan chiqibdi ham.

– Men hech qachon so‘zimdan qaytmayman! Professor taklif etildi! – debdi.

U hamma gapdan xabardor bo‘lib turgan qirolga ko‘z qirini tashlagancha uzoqlashibdi.

Generalnikida tushlik bo‘libdi; tushlikda faqat graf bilan u himoyaga olgan odam bo‘libdi.

«Endi g‘isht qolipdan ko‘chdi!» – deb o‘ylabdi Georg. Chindan ham eng tantanali vaziyatda g‘isht qolipdan ko‘chibdi.

Ha, yosh yigit yana generalning uyida paydo bo‘libdi, o‘zini oliy tabaqadan chiqqanday tutib gaplashibdi, general buni o‘z ko‘zi bilan ko‘ribdi, payqamaslikning iloji bo‘lmabdi-da. Bundan tashqari, yigit oliy darajada otamlashadigan ulfat chiqib qolibdi, bundan zavqlanib ketgan general beixtiyor bir necha bor: «Charmant!» deb xitob qilib qo‘yibdi. Generalning xotini esa bu tushlik haqida darhol odamlarga gap tarqatibdi, saroydagi eng aqlli va eng muhtaram xonimlardan biri kelgusi safar yosh professor taklif qilinishi bilanoq ularnikida tushlik ovqatini yeyish istagi borligini izhor qilibdi. Professorni yana tushlikka taklif qilishga to‘g‘ri kelibdi. U taklifni bajonidil qabul qilibdi va yana oliy darajada yoqimtoyligicha qolibdi; ma’lum bo‘lishicha, hatto u shaxmat ham o‘ynarkan!

– U mutlaq yerto‘la toifasidan emas! – debdi general. – Ehtimol, u oliy nasabli odam bolasi bo‘lsa kerak! Bunaqalar ko‘p, bu o‘rinda yigitchamiz aybli emas.

Qirol saroyida bo‘lgan professor generalnikida ham bo‘lishi mumkin, lekin bu oilada ildiz otayotganini ham oldindan ko‘ra oladimi? Bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas – butun shaharda nuqul shu haqda duv-duv gap.

U harholda ildiz otishga ulguribdi.

Xudo undan marhamatini ayamabdi, u yurt maslahatchisi bo‘lganda, Emiliya ham shu lavozim egasi bo‘libdi, bu hech kimni ajablantirmabdi.

– Hayot yo fojia, yo komediya! – debdi general. – Fojiada sevishganlar halok bo‘lishadi, komediyada qovushishadi.

Georg bilan Emiliya qovushibdi, ular qo‘chqordayqo‘chqorday uchta o‘g‘il ko‘rishibdi, albatta, birdaniga emas.

Shirin bolakaylar bobosi va momosinikida mehmonda bo‘lishib, hamma xona va zallarda yog‘och ot minib chopqillashibdi, ularning ketidan general ham yog‘och ot minib ergashibdi, go‘yoki «jajji yurt maslahatchilarining jokeyi» bo‘libdi.

Generalning xotini esa divanda o‘tirib olib, hatto asabi buzilib, boshi og‘rigan kunlarida ham nabiralariga jilmayib boqibdi.

Georgning martabasi ana shunday ulug‘lashib ketibdi. Uning obro‘yi yana oshibdi, shunday bo‘lmaganida darbonning o‘g‘li haqida gapirib ham o‘tirmasdik.

BOYCHECHAK

Qish shamoli uvillabdi, uy ichi esa shinam va issiq ekan. Ana shu uychada gul yashirinib olgan ekan. Albatta, u qor va tuproq ostida o‘z ildizini yashirgan ekan. So‘ng yomg‘ir yog‘ibdi. Tomchilar qor pardasini teshib, gul ildiziga toma boshlabdi. Tomchilar yerdagi yorqin, nurga to‘la hayot haqida hikoya qilishibdi, undan keyin esa muloyim va qat’iyatli quyosh nuri qor orasidan o‘tib, ildizni ilita boshlabdi.

– Kimsiz? Kiravering! – debdi gul.

– Kirolmayman! – debdi quyosh nuri. – Men eshikni ocholmayman. Yozgacha sabr qil, o‘shanda kuchga to‘laman.

– Yoz qachon bo‘ladi? – so‘rabdi gul. Quyosh nuri har safar yerga yetib borganda ana shu savolini takrorlayveribdi. Lekin hali yozga ancha erta bo‘lib, hammayoq qor bilan qoplangan ekan, har kuni kechasi suv muzlab qolarkan.

– Bu juda jonga tegdi-ku! – debdi gul. – Vujudim zirqirayapti. Qaddimni cho‘zishim, qaddimni rostlashim, erkinlikka chiqishim, yozga ta’zim qilib, ertalabki salom berishim kerak. Oh, bu naqadar ulug‘ baxt!

Oxiri gul o‘rnidan turibdi, kerishib cho‘zilibdi, iliq tuproq, qor suvi va quyosh nuridan namlangan qobig‘iga yonboshlabdi. U ko‘m-ko‘k poyasi uchida och yashil g‘unchasini ko‘targanicha darhol yuqoriga bo‘y cho‘za boshlabdi, g‘unchaning nozik gulbarglari qor ustiga chiqibdi. Qor sovuq ekan, lekin ko‘z qamashtirib yarqirab turganmish, uning orasidan chiqish ancha oson ekan, quyosh nurlari hatto ilgarigidan ham yaqinmish. Quyosh nurlari qo‘ng‘iroqday tovushlari bilan:

– Xush kelibsiz! Xush kelibsiz! – deyishayotganmish, hatto kuylashayotganmish.

Gul qor ustidan quyosh nuriga peshvoz chiqibdi.

Quyosh nurlari gulni silab-siypabdi, nozikkina bo‘sa olibdi, natijada gul butunlay ochilib ketibdi. Gul qorday oppoq bo‘lib, quvonch va sharm-hayo bilan boshini quyi egib turaveribdi.

– Chiroyli gul! – deb kuylabdi quyosh nurlari. – Naqadar nafis, latifsan! Sen ilk ochilgan gul! Sen yakkayu yagonasan! Sevikligimiz! Sen shahar va qishloqlarga iliq yozdan darak olib borasan! Qorlar erib, sovuq shamollar bosh olib ketadi! Bizning mavsumimiz boshlanadi! Hammayoq yashil libos kiyadi! Siren, tolbuta, atirgul singari do‘stlaring paydo bo‘ladi, lekin sen ilk gulimizsan, nafis va latifsan, beg‘uborsan!

U butun havo kuylaganday, quyosh nurlari uning barglari, poyalariga singib ketganday sevinibdi, latif, nozik-nihol, lekin shu bilan birga yoshlik go‘zalligi bilan och yashil libosida turaveribdi va yozni sharaflayveribdi. Lekin hali yozga uzoq ekan, bulutlar quyosh yuzini to‘sibdi, sovuq izg‘irin shamol esibdi.

– Sal ertaroq bosh ko‘taribsan! – debdi unga ob-havo bilan Shamol; – Biz hali senga kuchimizni ko‘rsatib qo‘yamiz! Qudratimizni bilib olasan! Uyingda jim o‘tiraverganing, yasanib ko‘chaga chiqmaganing ma’qul edi. Sen aytgan fursat hali kelgani yo‘q!

Yana sovuqlar boshlanib ketibdi. Quyosh yilt etib ko‘rinmagan badqovoq kunlar uzoqqa cho‘zilibdi. Kunlar shunday sovibdiki, bechora nozik gulning tomirtomirigacha muzlab ketibdi. Lekin o‘zining bu qadar kuchliligini o‘zi fahmlamabdi – yoz baribir keladi, degan ishonch va surur unga kuch-quvvat bag‘ishlabdi. U yozga sadoqatliligicha qolibdi, quyosh nurlari kutishga arziydi deb dalda beribdi. U qalbi sevgi, ishonch va umidga to‘la holda oq harir kiyimda qor betida turaveribdi, laylakqorlar yoqqanda va izg‘irin shamollar esganda esa boshini quyi solibdi.

– Adoyi tamom bo‘lasan, – deyishibdi unga. – Muzlab qolasan, xazon bo‘lasan! Bu yerlarda nimani axtarib yurgan eding? Nega quyosh nuriga ishona qolding? U seni aldadi. Ajab bo‘ldi, tentak. Sendaqa yoz xabarchisini qara-yu!

– Ahmoq! – deb takrorlabdi gul ayozli tong otganda.

– Yoz xabarchisi! – deb qiyqirishibdi bog‘ ichiga chopqillab kirishgan bolalar. – Qaranglar, biram ajoyib, chiroyli, endigina ochilgan yolg‘iz gul ekan!

Gul bu gaplardan quyosh nuridan quvonganday sevinib ketibdi. Shunchalik sevinibdiki, hatto bolalar uni uzib olganini ham payqamabdi. Qarasa, u bir bolaning qo‘lida turganmish, bola uni o‘pibdi, hademay o‘zini issiqqina xonada ko‘ribdi, atrofdan unga mehribon ko‘zlar boqibdi, uni suv ichiga solib qo‘yishibdi. Suv shunaqayam tetiklantirib, kuch-quvvat bag‘ishlabdiki, gul uchun go‘yo yoz boshlanib ketganday bo‘libdi.

Yaqinda balog‘at yoshiga yetganini nishonlagan uy egasi qizining ko‘ngil qo‘ygan yigiti bo‘lib, u ham yaqinda balog‘at yoshiga yetganini nishonlagan ekan.

– Bir uning boshini aylantiray! – debdi qiz; so‘ng latif gulni olib, atir sepilgan varaq olibdi, varaqqa gul haqidagi she’r bitilgan ekan. U shunday misralar bilan boshlanarkan: «Boychechak: Yana yoz fasli keldi!» Xat quyidagi so‘zlar bilan tugarkan: «Senga aytib qo‘yay, biz uchun esa sevgi mavsumi keldi!» – deb yozib qo‘yibdi.

Xushro‘y oyimqiz ham yigitga iliq quyosh va’da qilibdi. Bu gaplar she’rda yozilgan ekan, keyin she’rni gul bilan birga konvertga solib, jo‘natib yuboribdi. Gul o‘zini yana ildiz qobig‘iga kirib qolganday his etibdi, atrof qorong‘ilashib ketibdi-da. Shunday qilib, boychechak sayohatga otlanibdi; u pochta qopida ketibdi, boshqa xatlar uni har tomondan qisib ezg‘ilashibdi, bu unga hech qanday huzur-halovat bag‘ishlamabdi. Sayohat ham tugabdi. Sevikli yigit konvertni ochib, xatni o‘qibdi, nihoyatda xursand bo‘lib, gulni o‘pibdi; keyin gulni she’r bilan birga ko‘pgina xatlar saqlanayotgan qutichaga tashlab qo‘yibdi, lekin qutidagi xatlarning birortasida ham gul yo‘q ekan. Quyosh nurlari aytganday, u bu yerda yakka-yu yagona bo‘lib qolibdi, bu haqda o‘ylash unga huzur bag‘ishlabdi.

Bu haqda u istaganicha o‘ylashi mumkin ekan, u butun yoz va uzoq qish davomida o‘ylabdi, gul yana yigitning ko‘ziga tushibdi. Bu safar yigit zarracha bo‘lsin xursand bo‘lmabdi: u she’rni qo‘liga olib, mayda-mayda qilib yirtib tashlabdi, shunda gul yerga tushib ketibdi. To‘g‘ri, gul qurib g‘ujanak bo‘lib olgandi, lekin bu uni yerga tashlab yuborish kerak degan so‘z emas-da. Xat bilan she’r lovillab yonayotgan joyga qaraganda bu yerda yaxshi. O‘zi nima gap? Ko‘pincha uchrab turadigan voqea bo‘ldi, xolos.

Boychechak erta bahorda yoz xabarchisi bo‘lib yolg‘onchiga chiqdi. Qiz ham muhabbatini izhor qilib, so‘ng so‘zida turmay yolg‘onchi bo‘lib qoldi, bu o‘ta yovuz yengiltaklik. Yoz fasli kelganda qiz boshqa bir yigitning etagini tutib ketibdi.

Ertalab quyosh nuri yerda yapaloq bo‘lib yotgan kichkinagina boychechakka tushibdi, u go‘yo yerga chizib qo‘yilgan rasmga o‘xsharmish. Cho‘ri qiz o‘sha yerni supirayotib gulni olibdi va kitoblardan birining ichiga solib qo‘yibdi. Kitoblar changini artayotganimda tushib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylabdi-da. Gul yana she’rlar, she’r bo‘lganda ham bosmaxonada bosilgan she’rlar ichiga tushib qolibdi. Bular qo‘lyozma she’rlarga qaraganda ancha olijanobroq, ancha qimmatbaho she’rlar ekan!

Oradan yillar o‘tibdi. Kitob tokchada turaveribdi; keyin uni olib, ochishibdi va o‘qishibdi. Bu juda yaxshi va nodir kitob ekan: u Daniya shoiri Ambrozius Stubning she’r va qo‘shiqlari ekan, o‘qishga arziydigan asarlar ekan. Kitobni o‘qiyotgan odam uni varaqlay boshlabdi.

– Oh, – debdi u, – bu yerda ilk ochilgan, esi past boychechak yotibdi-ku! Menimcha, uni kitob orasiga bejiz solib qo‘yishmagan! Sho‘rlik Ambrozius Stub! Uning o‘zi ham ilk bor ochilgan boychechakka o‘xshardi, uning qismati yovuz shamollar, qor va sovuqlar bo‘ldi. U qadrdon Fyun orolida go‘yo stakan ichida sevgi maktubi orasiga solib qo‘yilgan boychechakday u pomeshchikning uyidan bu pomeshchikning uyiga sarson-sargardon kezib yurdi, lekin hech qachon soddadil, afanditabiat, ammo hamisha navqiron, yakka-yu yagona birinchi daniya shoirini payqamadi. Ha, jajji boychechak, kitob orasida esdalik bo‘lib qolaver, seni bu yerga bejiz qo‘yishmagan!

Shunday qilib, boychechak yana kitob orasiga tushib qolibdi. U o‘zini ajoyib qo‘shiqlar kitobi ichida bejiz yotmaganini va boychechakni ulug‘lagan shoir ham aqli kamroq, qishga qarshi chiqqan yigitcha bo‘lganini o‘ylashdan huzur qilibdi: gul buni o‘z bilganicha tushunibdi, biz insonlar ham ko‘p narsani o‘zimizcha tushunamiz-ku.

Shunday qilib, yengiltak jajji boychechak haqidagi ertak ham tugabdi.

XOLAM

Xolamni bilsangiz edi, ular haqiqiy tilla ayol! Tilla deganda o‘ta sohibjamol, go‘zal ayol ekan deb o‘ylamang, balki yoqimtoy, yorug‘ jahonda tengi yo‘q ayol. Bor-yo‘g‘i ana shu kishi bilan hazillashib, kulishing-da! U kishini hech ikkilanmay kulgili sahna o‘yinida qatnashtirish ham mumkin. Buning boisi bor: xolamning hayoti teatr bilan, teatrga aloqador hamma narsa bilan bog‘langan. Umuman, xolam ancha e’tiborli ayollardan edi, shu vajdan josus Bolman xolamni «teatr savdoyisi» deb ulug‘lardi.

– Teatr – maktabim, bilimlarim manbai, – derdi xolam. – Teatr sharofati bilan muqaddas tarix «Muso», «Iso va uning akalari» bo‘yicha bilimlarimni yangilab oldim. Bularning hammasi operada. Teatr sharofati bilan jahon tarixi, geografiyasi va psixologiyasi bilan tanishdim! Fransuz pesalaridan Parij hayotini bilib oldim: bu yengiltak hayot kechirish bo‘lsa-da, ancha qiziq! «Rikebur oilasi» ustida qanchalar ko‘zyoshi qildim-a! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, pesa qahramoni bo‘lgan qiz o‘z sevgilisiga turmushga chiqishi uchun pesa qahramoni bo‘lgan yigit o‘lar darajada ichimlik ichadi-ya! Ha, ellik yil teatrga abonent bo‘lib qanchadan-qancha ko‘zyoshi to‘kdim.

Xolam har bir pesa, har bir sahnaning ichki hayotini, hozir yoki ilgari sahnaga chiqqan har bir artistning nomini bilardi. Omadi gapni aytganda, u bir yilda to‘qqiz oy yashardi, uch oy yoz teatr ta’tili paytida qarib qolardi, yarim kechagacha cho‘zilgan bitta teatr oqshomi esa yoshartirib yuborardi. U boshqa odamlar singari «Hademay bahor ham keladi!» «Laylak kelibdi!» «Gazetalarning yozishicha, maymunjon pishibdi», deb o‘tirmaydi, aksincha: «Hech gapdan xabaringiz bormi? Teatr mavsumiga abonement ochilibdi! Hademay tomoshalar boshlanadi!» – deb kuzni olqishlaydi.

U kishi uyning afzalligi va qulayligini teatrga qanchalik yaqinligi bilan o‘lchardi.Teatr orqasidagi kichkinagina tor ko‘chadagi ko‘rimsiz uyini tark etib, sal nariroqdagi katta ko‘chaga, ro‘parasi xarobazordan iborat uyga ko‘chib borganida judayam xafa bo‘lgan.

– Men uyda ham o‘z ko‘shkimga – derazamga ega bo‘lishni istayman! O‘zingcha fikr yuritish yarashmaydi, odamlarga ham nazar tashlab turish kerak! Hozir go‘yo qishloqda, ovloq joyda yashayotgandayman! Odamlarni ko‘rgim kelsa, oshxonaga kirishim, stol ustiga chiqishim kerak – o‘shandagina derazadan qo‘shnilarimni ko‘raman. Tor ko‘chada yashaganimda yaxshi edi! U yerda derazadan zig‘ir sotuvchi savdogarning uyi shundoq ko‘rinib turardi, teatr ham ikki qadam narida edi, endi bo‘lsa teatrdan uch ming qadam narida yashayapman!

Ba’zan xolamning tobi ham qochib qolardi, lekin qanday og‘ir holatda bo‘lmasin, tomoshalarni kanda qilmasdi. Bir kuni doktor unga kechqurun oyog‘iga achigan xamir qo‘yishni buyuribdi. U oyog‘iga xamir qo‘yibdi-yu, baribir teatrga boribdi, oyog‘ida xamir bilan tomoshani nihoyasiga yetkazibdi. O‘lsa o‘lardiki, lekin teatrdan qolmasdi. Axir, Torvaldsen ham teatrda o‘lib qolgan-ku, xolam bunaqa o‘limni savobdan boshqa narsa emas, derdi.

Xolam hatto jannatni ham teatrsiz tasavvur qilolmaydi. Albatta, bu bizga va’da qilingani yo‘g‘-u, lekin u dunyoning jannatiga tushgan ajoyib artistlar o‘sha yerda ham o‘ziga yarasha ish topib olishlari haqiqatga yaqin!

Xolamning xonasiga teatrdan o‘ziga xos telegraf ham o‘tkazilgan, telegramma har yakshanba kuni qahva ichishayotgan paytda kelardi. Pardani ko‘tarishga va dekoratsiyani o‘zgartirishga signal beradigan teatr mashinisti janob Sivertsen telegraf xizmatini bajarardi.

Xolam undan repertuar haqida qisqa, lekin aniq ma’lumotlar olardi. Sivertsen Shekspirning «Bo‘roni»ni baloyi azim deb atardi, chunki uni sahnaga qo‘yishning hashami ko‘p-da! Birinchi pardada: «Dengiz dastlabki sahna ortigacha!» «Bu bilan u dengiz to‘lqinlari juda yoyilib ketadi», demoqchi. Agar sahna har beshala pardada bitta xonadondagi voqealarni ko‘rsatsa, bu pesa o‘ta oqilona yozilgan, huzur qilib dam olish mumkin, derdi. Chunki xona o‘zgarmasa, artistlar hech qanday nayrangsiz o‘ynayveradi-da. Ilgari zamonlarda, ya’ni bundan o‘ttiz yil muqaddam yuqorida nomi zikr qilingan janob Sivertsen mashinistlik qilayotgan yosh paytlarida, xolamning gapiga ko‘ra, u xolamga nisbatan juda himmatli ekan. O‘sha paytlarda shahardagi yakka-yu yagona teatrda tomoshabinlarni sahnaning har ikki tomonidagi ship ostiga joylashgan o‘ringa qo‘yish odati bor edi. Mashinist ham ana shunaqa o‘rinlardan bir-ikkitasiga ega edi. Bu joylar hamisha saralangan odamlar bilan liq to‘la bo‘lardi; aytishlariga ko‘ra, hatto o‘sha o‘rinlarga generallarning xotinlari va boshqa zodagon xonimlar ham o‘tirish orzusida bo‘larkan. O‘sha yerdan sahna orqasiga, parda tushirilgandan keyin asar qahramonlari sahnada o‘zlarini qanday tutishlariga qarash maroqli ekan-da.

Xolam tragediya yo balet namoyish qilinayotganda o‘sha o‘rinlarda ko‘p o‘tirar ekan. Bu pesalarda artistlarning eng ko‘p qismi qatnashgani uchun yuqoridan tomosha qilish ancha qiziq bo‘larkan. Tomoshabinlar qorong‘ilikda bo‘lsa-da, bemalol o‘tirisharkan; hammalari kechqurungi yeguliklarini olib kelisharkan. Bir kuni Ugolino zindonida yotgan va ochdan o‘lishga mahkum etilgan kishi rolini o‘ynayotgan artistga qazi va uch dona olma tashlashibdi! Tomoshabinlar ichaklari uzilgudek kulishibdi. Teatr ma’muriyati yuqoridagi o‘rinlarni olib qo‘yibdi, bunga o‘sha qazi va olmalar sababchi bo‘libdi.

– Harholda, yuqoridagi o‘rinda o‘ttiz yetti marta o‘tirishga ulgurdim! – derdi xolam. – Janob Sivertsenni hech qachon unutmayman.

Tomoshabinlarga yuqoridagi o‘ringa o‘tirish uchun ijozat bo‘lgan oxirgi oqshomda. «Sulaymon sudi» namoyish qilinardi; janob Sivertsenning sharofati bilan, garchi u teatrdan hamisha kulib yurgani uchun bunga sazovar bo‘lmasa-da, xolam josus Bolmanga ham bilet olgandi. Lekin u «teatrdagi ovoragarchiliklarni ichidan» ko‘rmoqchi edi. U xuddi ana shunday gapni aytibdi ham, gapi o‘ziga o‘xshash sovuq ekan-da.

U yuqorida «Sulaymon sudi»ni tomosha qilib o‘tirib uxlab qolibdi. U o‘zini son-sanoqsiz qadahlar ko‘tarish e’lon qilingan katta tushlik ziyofatdan kelgan odamday tutibdi. Shunday qilib, u uxlab qolibdi, tomoshaning oxirigacha uxlabdi, uni qop-qorong‘i, bo‘m-bo‘sh teatr ichiga qamab qo‘yishibdi.

– Uyg‘onsam, – debdi u keyinroq (xolam uning gaplariga hech ishonmasdi), – «Sulaymon sudi» tugabdi, hamma chiroqlar, shamlar o‘chibdi, xaloyiq tarqab ketibdi, ana o‘shanda chinakam tomosha – xotima boshlandi. Bunisi juda qiziq bo‘ldi! Hamma narsa jonlanib, «Sulaymon sudi» emas, balki «Teatrda qiyomat» boshlandi.

Ana shunaqa bema’ni gaplari bilan josus Bolman xolamni laqillatmoqchi bo‘libdi, teatr shipi ostidan joy olib bergani uchun ana shunaqa «minnatdorchilik» izhor qilibdi!

Josus aytgan gaplarning hammasi sirtdan qaraganda qiziqqa o‘xshab ko‘rinarkan-u, aslida u zaharxandaga to‘la ekan.

– Yuqori judayam qorong‘i ekan! – debdi u. – Lekin «Teatrda qiyomat» degan sirli tomosha boshlanib ketdi. Eshik yonida turgan nazoratchilar har bir tomoshabindan teatrga qo‘li bog‘liqsiz, burniga burundiq tutmay kirishga huquqi bor yo yo‘qligini tasdiqlovchi qog‘ozlarni talab qila boshladi. Teatrga kech qolib kelgan janoblar – vaqtga qarab ish tutish qiyin-da! – teatrga kiraverishda aylanib yurishdi, keyingi pardaning boshlanishida teatrga shovqinsiz kirib olish uchun poyafzallariga kigiz bog‘lab olishdi. Bundan tashqari, ularga burundiq ham taqildi. Shundan keyin «Teatrdagi qiyomat» boshlandi.

– Bularning hammasi Xudoga xush kelmaydigan zaharxandalik, ko‘ngli qoralik, xolos! – deb javob qilibdi xolam.

Josus hamon gapida davom etibdi:

– Osmonga ko‘tarilishni istagan dekorator o‘zi chizgan narvon bilan ko‘tarilishi kerak ekan, narvon esa kelgusidagi hamma qonunlarni yoppasiga inkor etar ekan! Sozlash qismining mudiri samoga ko‘tarilishdan oldin to xo‘rozlar qichqirgunga qadar tegishli bo‘lmagan mamlakatlarga o‘rnatilgan bino va o‘simliklarni lozim bo‘lgan joylarga ko‘chirib o‘rnatishi kerak ekan!

– Janob Bolmanning o‘zlari qanday qilib bo‘lsa-da, samoga ko‘tarilish g‘amini yesalar bo‘lardi!

Xolamning gapiga qaraganda, uning komediya va tragediyada o‘ynaydigan artistlar, ashulachilar va balet o‘yinlarini ijro etuvchilar haqida aytgan gaplari ichiqoralikning o‘zi ekan! U yuqori o‘rinda o‘tirishga arzimas ham ekan! Xolam uning zaharxanda gaplarini takrorlashni ham xohlamabdi. U bo‘lsa, bularning hammasi yozilgan, men o‘lgandan keyin albatta bosilib chiqadi, deb ishontiribdi. Bo‘lmasa xolam uni g‘ajib tashlar ekan!

Xolam o‘zining huzur-halovat qasri – teatrda faqat bir marta dahshatga tushgan. Voqea qishning «birpaslik» tund kunlaridan birida sodir bo‘lgandi. Tashqari sovuq, qor yog‘ayotgandi, lekin xolam albatta teatrga borishi kerak edi. Bunaqa tomoshani qoldirib bo‘ladimi. Ustigaustak xolamnikida yashaydigan odam xolamga tizzasigacha keladigan mo‘yna etik ham bergan edi.

Xolam teatrga boribdi, lojaga o‘tiribdi, oyog‘i isib ketsa ham, etigini yechmabdi. To‘satdan odamlar: «Yong‘in!» – deb baqirib yuborishibdi. Sahna orqasida, ship ostida tutun buruqsabdi. Hammayoq to‘s-to‘polon bo‘lib ketibdi. Xolam chap tomondagi ikkinchi yarus lojasida yolg‘iz qolibdi; uning gapiga ko‘ra, o‘sha joydan sahna bezagi chiroyli ko‘rinarkan, qirol lojasini ham sahna bezagi yaxshi ko‘rinadigan qilib o‘rnashtirishadi-da! Nihoyat xolam eshik oldiga yetib boribdi, oldin chiqib ketgan tomoshabinlar shoshilishda eshikni yopib qo‘yishibdi. Xolam tuzoqqa ilinganday bo‘lib qolibdi. To‘ppa-to‘g‘ri dahlizga chiqishning iloji yo‘q ekan, qo‘shni lojadan oshib o‘tishning ham imkoni yo‘q ekan, panjaralar ancha baland ekan. Xolam baqirib-chaqiribdi, hech kim eshitmabdi. U egilib, pastdagi yarusga qarabdi, u yerda ham hech kim yo‘qmish. Xolam dahshatdan yasharib, qushday yengil, chaqqon bo‘lib ketibdi, u panjaradan oshib, pastga tushmoqchi bo‘libdi, hatto oyog‘ini oshiribdi, ikkinchi oyog‘i o‘rindiqda ekan. U ana shunday holatda, ot minib olganday, yasangan-tusangan, guldor ko‘ylakda, mo‘yna etigini osiltirganicha o‘tiraveribdi. Ajoyib manzara! Odamlarning ko‘zi unga tushganda, baqiriq-chaqiriqlarini eshitganda uyat o‘tida yonib ketay debdi, chunki teatr yonmayotgan ekan-da.

Uning gapiga qaraganda, o‘sha kun uning hayotidagi eng unutilmas oqshom bo‘lib qolibdi. Yaxshiyamki, o‘shanda u o‘zining qanday ahvolga tushganini ko‘rmagan, bo‘lmasa uyatdan o‘lib qolarkan.

Uning mehriboni, mashinist Sivertsen xolamning uyiga har yakshanba kelarkan, u yakshanbadan-bu yakshanbagacha kutish cho‘zilib ketgani uchun keyingi paytlarda chorshanba kunlari uyiga «qorin to‘yg‘azishga» (dasturxonda qolgan ovqatlarni yeyishga) kichkina bir qizni taklif qiladigan bo‘libdi. Qizcha baletlarda qatnashar, lekin qorin qayg‘usida yurar ekan. U Elf hamda mahrambachcha rollarida chiqarkan; uning eng qiyin rollaridan biri «Sehrli surnay»dagi «sherning orqa oyog‘i» ekan. Bora-bora u oldingi oyoq rolini ham bajaradigan bo‘libdi, lekin unga bir marta rol bajargani uchun atigi uch taler to‘lashibdi, vaholanki, orqa oyoq rolini bajarganda bir riksdaler to‘lanardi. Shunga yarasha uch buklanar va nafasi qaytib ketardi! Bularning hammasi xolamni qiziqtirardi.

U eski teatr yopilgunga qadar yashasa bo‘lardi-yu, yasholmadi! Teatrda ham o‘lmadi! U izzat-hurmati bilan o‘z uyi, o‘z o‘rnida jon berdi. Uning so‘nggi gaplari ham qiziq edi. U: «Ertaga qanaqa pesa qo‘yiladi?» – deb so‘radi.

Xolam vafotidan keyin undan besh yuz riksdalerga yaqin pul qoldi. Har yigirma riksdalerdan bir foiz foyda olish uchun shartnoma tuzamiz. Bu foydani bunga munosib, yolg‘iz qizga umrbod qarilik nafaqasi tariqasida beramiz. Xolam shunday vasiyat qilgan. Bundan tashqari, qiz teatrdagi chap tomon yarusi lojasida o‘tirib, shanba kunlari ko‘rsatiladigan eng yaxshi pesalarni tomosha qilardi. Pensioner qizga faqat bitta majburiyat yuklangan – har shanba kuni u teatrda marhum xolamni eslab qo‘yadi.

Xolam butun umri bo‘yicha ana shu narsaga ta’zim qilgan va xizmat qilgan.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации