Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 17 (всего у книги 25 страниц)
AKA-UKALAR
Daniya orollaridan birida, bug‘doyzorlar o‘rtasida qadimiy tinglar yashaganini bildirib turuvchi yarim doira shaklidagi toshlar yotgan, o‘rmonlarda bahaybat qora qayinlar yashnab turgan joyda bir shahar bor ekan, shaharning uylari pastak-pastak, tomi qizil cherepitsa bilan yopilgan. Ana shu uylardan birining o‘chog‘ida o‘t yonib turibdi, bu yerda allaqanday bir narsa tayyorlanyapti, shisha idishlarda nimalardir qaynayapti, nimalarnidir aralashtirib, nimalardir bug‘ sifatida haydalyapti, havonchada ildizlar maydalanyapti. Bu ishlarning hammasini keksaroq bir kishi bajaryapti.
– Haqiqatga erishmoq kerak! – debdi u. – Chinakam haqiqatga, hammayoqda haqiqat bo‘lmog‘i lozim. Unga erishib, mahkam ushlash kerak.
Mehmonxonada, saxovatli uy bekasining yonida ikkita o‘g‘il bola o‘tiribdi: ular yosh, lekin yoshiga qaraganda ancha zehnli. Onalari ham ularga hamisha haqiqat, chinakam yaxshilik haqida ko‘p gapirar, haqiqatga amal qilishga o‘rgatar ekan. Axir, yerdagi haqiqatda Ollo Taoloning jamoli namoyon bo‘larkan-da. To‘ng‘ich o‘g‘ilning ko‘zlari ma’noli va qat’iyat bilan boqarkan; u tabiatning qudrati, quyosh va yulduzlar haqida ko‘p o‘qishni yoqtirarkan. Hech qanaqa ertak uning tasavvurini shularchalik boyita olmagan ekan. Eh, yorug‘ dunyo bo‘ylab uzoq-uzoqlarga sayohat qilish, kashfiyotlar ochish, qushlarniki singari uchsa bo‘ladigan qanotlar kashf etish qanday ulug‘ baxt! Mana shuni «haqiqatga yetish» deyiladi! Dadasi bilan oyisi haq: olam haqiqat bilan mavjud.
Kenja o‘g‘il yuvosh, kamgap, nuqul kitob o‘qirkan. U otasidan birinchi bo‘lib tug‘ilish uchun fotiha olgan, echki terisini kiyib olgan Yoqub payg‘ambar haqidagi kitobni o‘qiganida alamdan g‘azablanib, mushtchalarini tugarkan. U olamdagi zolimlar, adolatsizliklar va yovuz qilmishlar haqida o‘qiganida yig‘lab yuborishiga sal qolarkan. U jahonda nuqul haqiqat tantana qiladi, degan fikr bilan yashar ekan.
Bir kuni oqshom paytida bola o‘ringa yotibdi, lekin pashshaxona pardasi yaxshi yopilmagan ekan, unga yorug‘ tushibdi, o‘sha yorug‘da o‘qishi mumkin ekan. U kitob bilan o‘ringa yonboshlabdi: u Solon voqeasini oxirigacha o‘qib qo‘yishi kerak ekan-da. Bolaning fikrlari uni yiroq-yiroqlarga yetaklabdi. Karavot kemaga aylanibdi, kemaning hamma yelkanlari ko‘tarilib suzib ketibdi. Bu tushimi yo o‘ngimi? Kema zamonlarning ulkan to‘lqinlari ustidan suzib boribdi, bola hatto Solonning tovushini ham eshitibdi: garchi notanish tilda bo‘lsa ham, Daniyaning: «Davlat qonun bilan quriladi!» – degan shiorini eshitibdi.
Insoniyat dahosi shu lahzada faqir xonadondagi bola ko‘rpasi ustida parvona bo‘lar va uning peshanasidan o‘par: «Bardam, halol bo‘l, hayot bilan kurashda astoydil bo‘l! Jahonda haqiqatni qo‘riqlovchi bo‘l, abadiy haqiqat sari intil!» – deb aytarkan.
Akasi hali uxlamay, deraza oldida turganicha o‘tloqdan ko‘tarilayotgan tumanga tikilarkan. Bu rostgo‘y xizmatchi ayol aytganday, elflar o‘yini emas ekan. Yo‘q, bola buni yaxshi biladi, bu bug‘, u havodan ko‘ra issiqroq va yengilroq, shuning uchun ham yuqoriga ko‘tarilarkan. To‘satdan falakdan yarqiroq yulduz tushibdi, bolaning fikrlari bir lahzada yerdagi bug‘lanishlardan yarqiroq yulduzga ko‘chibdi. Osmon yulduzlari ravshan charaqlar ekan, go‘yo ulardan yergacha ingichka zarrin ip cho‘zilganday ekan. «Men bilan birga uch!» – degan sado yangrabdi bola qalbida, so‘ng insoniyatning buyuk dahosi uni kurraning yorug‘lik nurlari o‘zaro bir-birlari bilan qo‘shilib aylanayotgan cheksiz fazoga olib ketibdi. Ular o‘sha yoqqa qushdan ham, o‘qdan ham, yerdagi har qanaqa uchar mavjudotdan ham tez uchishibdi. Bizning yerimiz yupqa atmosfera qatlami bilan qoplanib harakat qilibdi, shaharlar bir-biriga birikib ketganday bo‘libdi, shu payt: «Seni buyuk daho o‘z qanotlarida olib uchayotganda «yaqin» va «uzoq» degan tushunchalar nimani bildiradi?» – degan nido yangrabdi.
Bola yana o‘zini deraza yonida ko‘ribdi, tik turib tumanni tomosha qilayotganmish; ukasi o‘rnida yotganmish; oyisi ikkovlarini chaqiribdi: «Andres, Xans Xristian!»
Daniya bu nomlarni biladi, butun jahon aka-uka Erstedlarni1010
Aka-uka Erstedlar – Anders Sende Ersted (1778–1860) – Daniya yuristi va davlat arbobi, Hans Kristian Ersted (1777–1851) Daniya fizigi.
[Закрыть] biladi.
KO‘HNA CHERKOV QO‘NG‘IROG‘I
Nemis yurtida, bahor chog‘larida yo‘l chetlaridagi akatsiyalar chaman-chaman gulga ko‘miladigan, kuzda esa mevasining mo‘lligidan olma va noklar mayishib ketadigan Vyurtembergda Marbax degan shaharcha bor. U uncha mashhur bo‘lmagan shaharchalar qatoriga kiradi, lekin u shaharlar, ritsarlarning qal’alari, yam-yashil uzumzorlar yonidan chopqillab o‘tib, tezroq mag‘rur Reyn suvlariga qo‘shilishga oshiqqan xushmanzara sohilli Nekkar daryosi yoniga joylashgan.
Kech kuz edi: uzum barglari qizg‘ish tusga kirgan, yomg‘irlar yog‘ib, izg‘irinli shamollar esayotgan ekan; kambag‘allar uchun xursandchilik damlari yetib kelgan ekan. Yomg‘irli, qovog‘i soliq kunlar boshlanibdi, shahardagi ko‘hna uylar ichi bundan ham badqovoq ekan. Ana shu uylardan birining old tomoni ko‘chaga qaragan, yon devorlarida pastak derazalari bor ekan; sirtdan qaraganda ko‘rimsizgina uy ekan. Unda yashovchi xonadon egalari garchi halol, mehnatkash, xudojo‘y bo‘lsalar-da, ancha faqir kishilar ekan. Ularga Ollo Taolo yangi farzand ato qilaman deb turgan paytlar ekan. O‘sha kun yetib kelibdi, onani to‘lg‘oq tuta boshlabdi, to‘satdan qo‘ng‘iroqxonadagi katta qo‘ng‘iroq jaranglab qolibdi – odamlarni tantanali ibodatga chorlay boshlabdi. Qo‘ng‘iroq ovozi ona qalbining eng to‘rida ham jaranglab, Olloga bo‘lgan ehtirom hislariga to‘ldiribdi. Fikrlari parvardigor bilan band bo‘libdi, shu lahzada Xudo tole yor etibdi – ayol o‘g‘il tug‘ibdi. Cherkov qo‘ng‘irog‘i butun shahar va mamlakatga ona quvonchini taratayotganday tuyulibdi. Onaga go‘dak tiniq ko‘zlarini tikib turganmish, oltinrang sochlari jingalakmish. Bola nimqorong‘i noyabr kunlarida, cherkov qo‘ng‘irog‘i sadolari ostida tug‘ilibdi. Ota-ona o‘g‘illarining peshanasidan o‘pib, uylaridagi Injilga shu so‘zlarni yozib qo‘yishibdi: «1759-yil o‘ninchi noyabr kuni Ollo Taolo bizga o‘g‘il ato qildi». Keyinroq uni cho‘qintirilganda Iogann Xristof Fridrix nomini olibdi.
Marbax shaharchasida tug‘ilgan faqir bolakay kim bo‘lib yetishdi deng! O‘shanda uning kim bo‘lishini hech kim bilmas ekan: qancha yuksaklikda bo‘lsa ham, bolaning dunyoga kelishini tabriklagan ko‘hna qo‘ng‘iroq ham buni bilmas ekan, vaholanki, u «qo‘ng‘iroq haqidagi qo‘shiq»ni qoyillatib kuylaydigan yigit bo‘lib yetishibdi.
Bola balog‘atga yetibdi, uning ko‘z oldida olam ham kamol topibdi. Ota-onalari boshqa shaharga ko‘chib ketibdi, do‘stlari esa Marbaxda qolibdi, shuning uchun ham bir kuni ona-bola bu yerga mehmonga kelishibdi. O‘shanda bola olti yoshda ekan, lekin u Injildan ba’zi narsalarni, duolarni bilarkan, ko‘pincha u novdadan to‘qilgan kreslosida o‘tirib olib, oqshomlari otasining Gellert masalalarini va «Messiada»ni o‘qishini tinglarkan. O‘shanda uning ko‘zlarida yosh yiltillarkan, o‘zidan ikki yosh katta opasi ham bizni qutqarish uchun Isoning butga mixlanishga rozi bo‘lganini eshitib yig‘larkan.
Bu yerga mehmonga kelganlarning nazarida shahar uncha o‘zgarmaganday ekan, ularning ko‘chib ketganiga ham ancha bo‘lgan ekan-da. Uylar hamon devor va pastak derazalarini yopib turgan uchlik tomlarini ko‘z-ko‘z qilib turisharkan: faqat qabristondagi go‘rlar ko‘payibdi, devor yonida, qalin maysa ustida esa ko‘hna qo‘ng‘iroq yotibdi. U qo‘ng‘iroqxona ustidan qulab tushibdi, yorilib ketibdi, ortiq xizmat qilishga yaramay qolibdi; uning o‘rniga esa yangi qo‘ng‘iroq osilibdi.
Ona-bola qabristonga kirishibdi, ko‘hna qo‘ng‘iroq oldida to‘xtashibdi, onasi yuz yil davomida qo‘ng‘iroqning qilgan xizmatlarini, cho‘qintirish, to‘y, dafn, marosimlarida jaranglaganini, bayram shodiyonalari va yong‘in dahshatlari haqida ma’lum qilganini, xullas, inson hayotining muhim lahzalarida hamroh bo‘lganini aytib beribdi! Bola ona hikoyasini yodida yaxshi saqlab qolibdi; bu hikoya to u balog‘atga yetib, qo‘ng‘iroq haqida kuylaguncha bola qalbida jaranglab turibdi. Ona yana tug‘ish asnosida dahshat va qo‘rquvda qolganda qo‘ng‘iroq ovozi madad bo‘lganini, kichkina o‘g‘ilchasi tug‘ilgani bilan tabriklaganini ham hikoya qilibdi. Bola ulkan, ko‘hna qo‘ng‘iroqqa kamoli ehtirom bilan boqibdi, so‘ng egilib, uni o‘pibdi, u qichitqi o‘t ustida yorilgan holda, eskirib behuda yotmayapti.
Qo‘ng‘iroq faqirlikda o‘sgan bolaning xotirasida naqshlanib qolibdi. U novcha, oriq, malla sochli, yuzi sepkilli ekan, lekin ko‘zlari tiniq, jozibali, dengizday moviy ekan. U qanday hayot kechirarkan. Uni harbiy maktabning zodagonlar bolasi tarbiyalanadigan maxsus bo‘limiga bajonidil qabul qilishibdi. Bu uning uchun katta obro‘, baxt ekan! U mardona botinkalarda, galstuklar taqib, upa sepilgan yasama sochlar kiyib yurarkan. Uni: «Olg‘a! Safga tur! Frontga!» degan qichqiriqlar ostida ko‘p narsalarga o‘rgatisharkan. Bunday ta’limdan naf kelmaydi deb o‘ylaysizmi?
Ko‘hna qo‘ng‘iroq qayta quyiladigan bo‘libdi; undan nimalar yasasharkin? Lekin yigitchaning qalbida jaranglayotgan qo‘ng‘iroq ovozidan nima hosil bo‘lishini aytish qiyin bo‘lganidek, uni ham oldindan aytish qiyin. Qo‘ng‘iroq toza metalldan yasalgan ekan, uning jarangi butun olamga taralishi kerak ekan! U yigitchaning qalbida qancha baland yangrasa, uning uchun maktab dargohi shunchalik torlik qila boshlabdi, «Olg‘a!», «Safga tur!», «Frontga!» degan xitoblar qulog‘ini rosa qomatga keltiribdi. U do‘stlari orasida qo‘ng‘iroq haqida kuylabdi, qo‘shiq ovozi mamlakat tashqarisigacha taralibdi! Lekin unga qo‘shiq aytishi uchun tarbiya va bilim, kiyim-kechak va ovqat berilmagan-da! U raqam qo‘yilgan vint bo‘lib, elqatori ulkan soat mexanizmida sezilarli naf keltirishi kerak ekan. Xo‘sh, nima bo‘pti, ko‘pincha o‘zimizni o‘zimiz tushunmaymiz-u, bizni boshqalar, hech bo‘lmasa jahonning eng yaxshi odamlari tushunishini qanday talab qilamiz? Lekin olmos yuqori bosim bilan bunyodga keladi; bu yerda bosimda nuqson yo‘q ekan, faqat vaqti kelib olmosni ko‘rish jahonga nasib qilarmikan?
O‘sha mamlakat poytaxti katta tantanali bayram qilarkan; minglarcha chiroqlar porillab yonar, raketalar otilarkan; o‘sha oqshomdagi tantanalar hozir ham mo‘lko‘l ko‘zyoshi to‘kib, g‘am-alam o‘tida qovrilib, hech kimga sezdirmay, o‘zga mamlakatga ketishga urinayotgan yigit sharofati tufayli xotirlanadi. U ikkidan birini tanlab olishi kerak ekan: yo o‘z vatani, onasi, qarindoshlarini tashlab ketishi, yo umumiy oqimda nafasi qaytib yurishi kerak ekan.
Ko‘hna qo‘ng‘iroqning ishi yaxshi ekan, u ibodatxona devorlarining himoyasida xilvatgina joyda turarkan. Uning tepasida shamol charx urib o‘ynarkan, qo‘ng‘iroq bola tabriklaganini shamolga aytishi ham mumkin ekan. Shamol bo‘lsa qo‘shni mamlakat o‘rmonida yerga behol o‘tirib qolgan, yuz-ko‘zlarini izg‘irin yalagan, butun boyligi Fiyesko haqida hikoya qiluvchi, kelajakka bo‘lgan umidi varaqlarga bitilgan yo‘lovchi to‘g‘risida gapirib berishi mumkin ekan. U yigit yaratgan asarning qadriga yetuvchilar haqida ham gapirishi mumkin. Hamma gap rassomlarda. Asar o‘qiyotganda ular sekingina xonadan chiqib, kegli o‘ynasharkan-da! U haftalab, oylab ko‘rimsiz, bema’ni ko‘ngilochishlar hukmron bo‘lgan karvonsaroyda yashagan, rangi somon qochoq yigit haqida gapirishi mumkin ekan. Karvonsaroy egasi uchib turar, yigit esa o‘z shirin orzularini kuylardi. Og‘ir, mashaqqatli kunlar! Lekin kuylashga mahkum etilgan qalb hammasiga bardosh berishi kerak.
Ko‘hna qo‘ng‘iroq boshidan ham og‘ir kunlar, izg‘irinli tunlar o‘tibdi, lekin u buni payqamabdi, inson qalbidagi qo‘ng‘iroq bu dunyo g‘am-alamlari yukini his etyaptimi? Yosh yigitning ahvoli nechuk? Qo‘hna qo‘ng‘iroq ahvolichi? Ha, qo‘ng‘iroq qo‘ng‘iroqxona ustida qachonlardir jaranglaganda ovozi qayerga yetgan bo‘lsa, undan ham yiroqqa sayohat qilibdi, yosh yigitning qalbida jaranglagan qo‘ng‘iroq ovozi esa hali yigitning mutlaqo oyog‘i ham, ko‘zi ham yetmagan uzoq joylargacha taralibdi; uning jarangi hozirgacha butun olamda kezib yuribdi. Avvalo ibodatxona qo‘ng‘irog‘i hikoyasini eshit. Uni Marbaxdan olib kelishibdi, temir-tersak o‘rnida Bavariyaga sotib yuborishibdi. U yoqqa qanday va qachon borib qolibdi? Qo‘lidan kelsa, bu haqda o‘zi gapirib bersin; buning ahamiyati yo‘q. Biz uning Bavariya poytaxtiga borib qolganini bilishimiz kifoya. U qo‘ng‘iroqxonadan uzilib tushgandan buyon ko‘p yillar o‘tibdi; uni qayta qurish vaqti yetgan ekan, undan nemis xalqi va mamlakatining ulug‘ farzandi haykalining bir qismini quymoqchi bo‘lishibdi. Keyin nima bo‘lganini eshiting! Bu dunyoda ko‘p ajoyib o‘xshashliklar bo‘ladi-da!
Daniyaning ko‘m-ko‘k ajoyib orollaridan birida, qora qayin o‘rmonlari shovillab turgan, ko‘pgina qo‘rg‘onlar bor joyda o‘taketgan kambag‘al bir bola yashagan ekan; u yog‘och kavush kiyib yurarkan, kema yasaydigan joyda o‘ymakor usta bo‘lib ishlaydigan otasiga eskigina ro‘molda tushlik ovqat olib borar ekan. Ana shu kambag‘al bola o‘z vatanining faxri bo‘lib qolibdi – u marmardan jahonni hayratga soladigan haykallar yasabdi. U bir vaqtlar otasi Injilga nomini yozib qo‘ygan Iogann Xristof Fridrixning tasvirini, ajoyib va ulug‘vor siymoni loydan yasash sharafiga muyassar bo‘libdi. Buni esa keyinroq metalldan quyib olishibdi.
Metall erib forma ichiga quyilibdi. Ko‘hna qo‘ng‘iroqdan haykalning boshi va ko‘ksini yasashibdi, haykal hozir ham Shtutgartdagi ko‘hna qal’a ro‘parasida, haykalda ifodalangan odam tirikligida yurib o‘tgan o‘sha maydonda viqor bilan savlat to‘kib turibdi. Ko‘hna qo‘ng‘iroqning kelib chiqishi va tinib qolgan jarangi haqida hech kim o‘ylamabdi. Ana shu maydondan muhtojlikning og‘ir azobiga bardosh bergan va jahon kurash olib borgan marbaxlik bola, harbiy maktabning tolibi, qochoq, Shveytsariyani ozod qiluvchi kishini va ilhombaxsh fransuz qizini madh etgan, kuylagan mashhur va nomi abadiy nemis shoiri o‘tgan.
Quyosh charaqlab turgan ajoyib kun edi; Shtutgartdagi minora va uylar tomida bayroqlar hilpiradi, barcha qo‘ng‘iroqlar tantanavor va shodon jarangladi. Faqat bitta qo‘ng‘iroq jaranglamadi – haykalning yuzi va ko‘ksi quyosh nurida yarqiradi. Marbax qo‘ng‘irog‘i jaranglab, to‘lg‘oqdagi ayolga madad bergan, o‘g‘il tug‘ilgan o‘sha kunga rosa yuz yil to‘ldi. Bola faqir xonadonda, kambag‘alchilik avj olgan vaziyatda tug‘ildi, lekin u oqibatnatijada butun olam sharaflayotgan katta xazinaning egasi bo‘ldi. Xo‘sh, bu bola kim ekan o‘zi?
U ayollarning olijanob qalbini kuylagan, barcha go‘zallik va ulug‘vorlikni madh etgan shoir Iogann Xristof Fridrix Shiller ekan.
DRIADA1111
Driada – daraxt bilan birga tug‘ilib, daraxtning o‘zida yashaydigan va daraxt bilan birga o‘ladigan ayol. Daniya xalq ertaklarida u o‘rmon qizi deb ham yuritiladi.
[Закрыть]
Biz Parijga jahon ko‘rgazmasiga ketyapmiz.
Ko‘z ochib-yumguncha Fransiyaga yetib keldik. Sayohatimizda qanot bog‘lab uchdik desak ham bo‘ladi, buning hech qanaqa sehrli tomoni yo‘q, avvalo dengizda, so‘ng esa quruqlikda yo‘l bosdik.
Zamonamiz ertaklar zamoni!
Mana, biz Parijning qoq o‘rtasidagi mehmonxonadamiz. Zinapoyalarni gullar bezab turibdi, unga yumshoq gilamlar to‘shalgan.
Xonamiz shinam, balkon eshigi ochilsa, maydon kaftdagiday ko‘rinib turadi. Maydonda bahor, u biz bilan bir vaqtning o‘zida Parijga kelibdi. U endigina barg yozayotgan yoshgina, baland kashtan qiyofasida tashrif buyuribdi. Kashtan maydondagi hamma daraxtlardan ilgariroq bahor libosini kiyibdi. Biroq, kashtanlardan birini tiriklar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, chunki uni ildiz-pildizi bilan ko‘chirib tashlashgan, u yerda sulayib yotibdi. Uning o‘rniga boshqa kashtan niholi o‘tkazisharkan.
Uni hozirgina katta aravada, Parijga juda uzoqdan, keng va bepoyon qishloqdan keltirishibdi. Kashtan u yerda bir necha yil azim eman daraxti bilan yonma-yon o‘sgan ekan. Emanning tagida bir muhtaram ruhoniy o‘tirib olib, bolalarga qissalar aytib berarkan. Bolalar uning ertaklarini diqqat bilan tinglashar ekan! Yosh kashtan bilan unda yashayotgan driada ham cholning ertaklarini eshitishar ekan. Chunki driadaning o‘zi go‘dak ekan-da, kashtan ham yosh bo‘lib, baland o‘t-o‘lan va qirqquloqlar orasida endigina bo‘y cho‘zayotgan ekan. O‘t-o‘lanlar undan baland o‘sa olmas ekan, shu vajdan kashtan osmonga bo‘y cho‘zaveribdi. Musaffo havo bilan quyosh nurlari uni sug‘oribdi, yomg‘ir va shabnam esa yuvibtarabdi, qattiq shamol vaqti-vaqti bilan savalab turibdi.
Driada tirikligidan, mo‘l-ko‘l nur sochayotgan quyoshdan behad quvonibdi, hammasidan ham odamlarning hikoyasini eshitish unga huzur bag‘ishlabdi, chunki u hayvonlarning tilini qancha yaxshi bilsa, insonlarning tilini ham shunchalik bilar ekan.
Kapalaklar, ninachilar, pashshalar – ishqilib uchish qo‘lidan keladigan jamiki hasharotlar driadanikiga mehmon bo‘lib kelisharkan. Shu vaqtlar suhbat rosa qizir ekan! Ular bir-birlariga gal bermay shahar, uzumzor va o‘rmon haqida, qadimiy qal’a va kanal hamda ariqlarga serob istirohat bog‘lari haqida, suv ostida u yerdan-bu yerga uchib yuradigan tirik jonzotlar haqida gapirisharkan. Bular teranligi va donishmandligi bilan dong taratishgan ekan, o‘zlari haqida esa churq etishmas ekan – ular ana shunaqa aqlli ekan!
Suvga sho‘ng‘igan qaldirg‘och chiroyli oltinbaliqlar, zog‘orabaliqlar, tovonbaliqlar va boshqa baliqlar haqida hikoya qilib beribdi. Daldirg‘och ularni yaxshilab ta’riftavsiflab, eng yaxshisi o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ma’qul, debdi. Ammo driada bu ajoyib jonzotlarni borib ko‘ra olarmidi! U qarshisidagi ko‘zni quvontiradigan manzaralardan qanoat hosil qilish, odamlarning sertashvish hayotini kuzatish bilan kifoyalanar ekan.
Bularning bari qiziq bo‘lib, driadaga hammadan ko‘ra ham keksa ruhoniyning ertaklari yoqib qolibdi. U eman daraxti tagiga o‘tirib olib, shogirdlarini Fransiya tarixi, uning nomlari, shon-shuhratga burkangan o‘g‘il va qizlarining jasoratlari bilan tanishtiribdi.
Driada yosh podachi qiz Janna d’Ark va Sharlotta Kord, Genrix IV va Napoleon I ning podsholigi, qadimiy zamonlar va yangi zamonning ulug‘vorligi haqida hikoyalar eshitibdi. Ruhoniy tilga olgan ajoyib nomlar kishilar qalbida faxrlanish tuyg‘ularini uyg‘otibdi, chunki Fransiya aqlzakovat tayanchi, ozodlik o‘chog‘i, ulug‘ mamlakatda.
Dehqon bolalari ruhoniy aytganlarini diqqat bilan tinglashibdi, driada ham xuddi shunday qilibdi, u ham ularning tengdoshiga, maktab o‘quvchisiga aylanibdi. U osmonda suzib yurgan bulutlarga tikilibdi, ularning ko‘rinishi o‘zi eshitayotgan hikoyalarning manzarasi bo‘lib gavdalanibdi, ular tez-tez almashinib turibdi.
Bulutlar uning suratli kitobiga aylanibdi.
U go‘zal Fransiyada tug‘ilganidan quvonibdi, lekin qushlar, uchish qo‘lidan keladigan boshqa mavjudotlar uchun ko‘p narsa ochiq bo‘lsa-da, o‘zi bunga ega bo‘lolmasligini his qilibdi. Driada o‘z daraxtida turib ko‘rganidan pashsha uchib yurib ko‘proq narsani ko‘radi.
Fransiya keng va bepoyon bo‘lib, driada esa uning kichkinagina burchagini bilar ekan, xolos. Uning uzoquzoqlarga cho‘zilib ketgan uzumzorlari, o‘rmonlari, ulkan shaharlari bo‘lib, shaharlar ichida eng ulkan, eng go‘zali Parij ekan. Lekin driadaga uni ko‘rish nasib etmagan, u yerga esa faqat qushlargina uchib borishi mumkin ekan.
Dehqon bolalari orasida kambag‘al, juldur-juldur kiyimli jajjigina, chiroyli bir qizcha bor ekan, undan ko‘zni uzish qiyin ekan. U hamisha qo‘shiq aytib, xandon otib kular, timqora sochlariga chiroyli gulchambarlar taqib yurar ekan.
– Hoy qiz, Parijga aslo borma! – debdi keksa ruhoniy unga. – Agar borgudek bo‘lsang bormi – nobud bo‘lasan.
Lekin qiz baribir Parijga jo‘nabdi.
Driada qizchani vaqti-vaqti bilan eslabdi, axir, ularning ikkovlari ham ulug‘ shaharga talpinishayotgan ekan-da!
Bahor o‘tib, yoz kelibdi, keyin kuz va qish kiribdi. Oradan yillar o‘tibdi.
Driada istiqomat qilayotgan kashtan birinchi marotaba gullabdi, bu haqda quyosh taftida maza qilib isinayotgan qushlar sayrab ma’lum qilishibdi. Bir vaqt yo‘lda hashamatli arava ko‘rinib qolibdi, unda dimog‘dor bir xonim o‘tirgan emish, xonim chiroyli va o‘ynoqi otlarni o‘zi haydab ketayotgan emish. Uning orqasida yasangantusangan yoshgina malay yigit o‘tirgan emish. Driada ham, keksa ruhoniy ham xonimni bir ko‘rishda darhol tanishibdi. Qariya boshini g‘amgin chayqab:
– Baribir Parijga ketib qolding, bechora Mari! Shahar seni xarob qilibdi! – debdi.
– O‘sha bechora shumi? – deb ajablanibdi driada. – U butunlay o‘zgarib ketibdi-ku! Yasangan-tusangan, xuddi gersoginyaning o‘zi-ku! Uni sehrli Parij shunchalik o‘zgartirib yuboribdi-ya! Oh, qani endi men ham shaharga borib, u yerdagi go‘zallik, hashamat-u dabdabani bir ko‘rsam edi! Hatto kechasi ham Parij osmoni yorishib turadi, o‘sha tomonga qarasam buni ko‘raman, – der ekan.
Driada har oqshom, har tunda Parij tomonga tikilarkan. Shunda ufqda kamalakday tovlanayotgan nurlarni ko‘rar ekan. Yorug‘ va oydinli tunlar driadaga juda zarur ekan. Chunki u shahar tarixidan chizilgan suratlarni anglatuvchi osmonda suzayotgan bulutlarga juda tashna ekan!
Bolalar suratli kitoblarga talpinishsa, driada esa osmondagi bulutlarga talpinar ekan, axir ular driada uchun maroqli kitob ekan-da.
Bulutsiz yoz osmoni uning uchun top-toza sahifaday tuyular ekan, mana, bir necha kun unda bir parcha ham bulut ko‘rinmabdi.
Yoz issiq, kunduzi quyosh olov purkar, qilt etgan shabada yo‘q, gul barglari mudraganday bosh egib turar, odamlarni ham uyqu elitar ekan.
Lekin osmonning hov anavi burchida «Bu yer Parij!» deb xabar berib, kamalaksimon nur taratib turadigan joyda bulut paydo bo‘libdi.
Bulutlar tobora yuqorilayveribdi, qalinlashib, tog‘ qiyofasiga kiribdi, so‘ng oldinga intila boshlabdi, driada osmon ufqqacha bulut bilan qoplanganini ko‘ribdi.
Bulutlar qoramtir, moviy rangdagi qoyatoshlarday birbiriga mingashib, driadaning boshi ustida muallaq turib qolishibdi. Bulutlar ichida chaqmoq chaqibdi. «Bu ham Olloning xizmatkori!» – deya uqtiribdi ruhoniy. Birdan shunaqayam tiniq, ko‘zni qamashtiradigan darajada chaqmoq chaqibdiki, qoyatoshlar orasidan quyosh ajralib chiqqanday bo‘libdi. Chaqmoq pastga tushib, qudratli eman daraxtini tag-tomiri bilan qo‘porib, tanasini ham, uchini ham sindirib tashlabdi. Eman ikkiga ajralgan holda samo elchisini o‘z bag‘riga bosmoqchi bo‘lganday yerga ag‘darilibdi.
Momaqaldiroq dahshatli guldurabdi, birorta taxt vorisi tug‘ilganda uning sharafiga to‘plardan o‘q otilganda ham bunchalik guldurash bo‘lmagan ekan. Jala yog‘ibdi, ko‘p o‘tmay mayin shabada esibdi, bulutlar tarqab, atroftevarak tinch va sokin bo‘lib qolibdi. Yiqilgan eman atrofida odamlar to‘planibdi, keksa ruhoniy uning sharafiga nutq so‘zlabdi, rassom esa esdalik uchun daraxt suratini chizibdi.
«Hamma narsa so‘nadi! – deb o‘ylabdi driada. – Suzib yurgan bulutlarday hamma o‘tib ketadi, hech kimsa qaytmaydi».
Keksa ruhoniy kashtan yonida boshqa ko‘rinmabdi, chunki maktabining tomiga ham daraxt shoxlari qulab, minbari ham yo‘q bo‘lib ketibdi. Bolalar ham kelmay qo‘yishibdi. Kuz, undan keyin esa qish kelibdi, so‘ng bahor, yoz kiribdi. Yil fasllari almashinaveribdi, driada esa oqshomlari Parij ustida huzurbaxsh kamalak paydo bo‘ladigan ufqdan hech ko‘z uzmabdi. O‘sha yoqlarda parovozlar guldirabdi, kechasi, ertalab, kechqurun temir yo‘llarni taraqlatib poyezd ketidan poyezd o‘tibdi. Bu poyezdlar jahonning turli mamlakatlaridan kelgan talay odamlarni tashir ekan. Ularni Parijdagi yangi karomatlar qiziqtirar ekan.
U o‘zi nima edi?
– Marsova maydonining unumsiz qumlarida san’at va sanoat e’zozlagan ajoyib bir gul ochildi, – deb hikoya qilibdi ba’zi odamlar. – Bahaybat kungaboqar, uning gulbarglaridan geografiyani, statistikani o‘rganish, o‘z ishining ustasi bo‘lgan kishilarning ijodlari bilan tanishish, san’at va she’riyat sirlaridan ogoh bo‘lish, jahonning turli mamlakatlarining katta-kichikligini bilish mumkin ekan.
– Misli topilmas gul, – deyishibdi boshqalar, – qum ustiga barqut yopganday yam-yashil yaproqlarini yozgan ajoyib nilufar guli erta bahorda gullabdi. Yoz uni kamolga yetkazibdi, kuz uni to‘zitib, har yoqqa uchiribdi, uning na bargi, na ildizi qolibdi, hatto izi ham yo‘qolibdi.
Harbiy bilim yurti ro‘parasida tinch davrlarda harbiy mashqlar o‘tkaziladigan maydon bo‘lib, bu yerda esa na o‘t-o‘lan, na xascho‘p bor ekan. Bu yerda faqat Afrikaning sharpasimon qasrlari qad ko‘targan va bog‘-rog‘li sahrolardan olib kelinib qum to‘kilgan bir parcha yer bor ekan, xolos. Lekin Marsova maydonida ulardan ham go‘zal, ajoyib bog‘-rog‘lar va qasrlar paydo bo‘libdi: bularni insoniyat dahosi yo‘qdan bor qilibdi.
– Zamonamizning Aloviddin qasri tiklandi, – deb quvonishibdi yana bir toifa odamlar. – U kun sayin, soat sayin o‘sib, go‘zallashaveribdi. Uning behisob zallari, qorday oppoq marmarlari, ko‘zni qamashtiruvchi bo‘yoqlari yarqirab turibdi. Juda katta, yumaloq mashina zalida usta «Qonsiz» hukmron bo‘lib, bu yerda uning po‘lat va temir muskullari ishlarkan. Metall, tosh va gazlamalardan mohirona tayyorlangan buyumlar bizni jahon mamlakatlarining ma’naviy hayoti bilan tanishtirarkan. Kartina galereyalari, ajoyib gulzorlar – bularning hammasini insonning mohir qo‘li bilan iste’dodi yaratgan. Buyumlar bu yerga namoyish qilish uchun qo‘yilgan. Bu yerda biz ko‘hna qasrlardan keltirilgan, torf kavlab olinadigan botqoqliklardan topilgan qadimiy yodgorliklarni ham uchratamiz.
– Bu ulkan rango-rang manzarani ko‘rib mushohada etib, ta’rif-tavsiflab nihoyasiga yetkazib bo‘lmaydi! Bir qarashda ilg‘ab olish uchun uni kichraytirish, o‘yinchoqdek shaklga keltirish lozim.
Marsova dalasida, rojdestvo bayrami vaqtida katta stolga sovg‘a-salomlar, noz-ne’matlar qo‘yilganday, ilmsan’at barpo etgan Aloviddinning qasri muallaq turibdi. Uning atroflariga turli mamlakatlardan keltirilgan sovg‘alar qo‘yilgan ekan. Har bir millat o‘z yurtining ulug‘vorligini eslatadigan burchak yaratibdi.
Mana, yiroq sahrodan kelgan Misr fir’avnining qasri va karvonsaroy. Uning yonidan quyosh mamlakatining farzandi badaviy tuya minib shoshilib o‘tib ketyapti. Ruslarning otxonalarida o‘ynoqi cho‘l tulporlari yer tepinishyapti. Mana bu mo‘jazgina dehqon kulbasi, uning ustida Daniyaning Danneborg bayrog‘i hilpirab turibdi, uning yonida esa naqshinkor qilib, yog‘ochdan qurilgan shved Gustav Vazaning1212
Gustav Vaza (1496–560) Shvetsiyani Daniya hukmronligidan ozod etgan shved qiroli.
[Закрыть] uyi. Atrofda Amerika kulbalari, ingliz kottejlari, fransuz pavilonlari, teatrlar, suhbatlashib o‘tiradigan joylar, cherkovlar, bu yerning husniga husn qo‘shgan. Hammayoqda gilamday yam-yashil maysalar, ariqchalarda zilol suvlar shildirab oqib yotibdi, gullagan butalar, nodir daraxtlar o‘zgacha husnga ega, bu yerga kirib qolgan kishi o‘zini tropik o‘rmonlarda yurganday his qiladi. Boshqa bir tom tagida Damashqdan keltirilgan gulzor bo‘lib, undagi gullar juda chiroyli, rango-rang, xushbo‘y.
Sun’iy stalaktit g‘orlar qurshab olgan hovuzlarda chuchuk va sho‘rtak suvlar jilolanib turadi. Bu yerdan suv osti podsholigi ko‘rinadi, shu vaqtda kishi o‘zini dengiz ostida baliqlar va poliplar orasida turganday sezadi.
Aytishlariga qaraganda, bularning hammasini Marsova maydonida ko‘rish mumkin emish, xuddi mana shu nozne’matlarga to‘la stol ustida tinib-tinchimas chumoli galalariday odamlar biri piyoda, biri aravada yurishibdi, bunaqa holdan toydirilgan sayrga har kim ham bardosh berolmaydi.
Ertalabdan kechgacha bu yerga keluvchilarning keti uzilmaydi. Odamlarga liq to‘la paroxodlar tinimsiz Sena daryosidan qatnaydi. Aravalarning keti uzilmaydi. Otliq va piyoda kelayotgan kishilarning sanog‘i yo‘q. Dilijonlar va aravalarga yo‘lovchilar sig‘maydi, bular Parijdagi jahon ko‘rgazmasini ko‘rish maqsadida kelishyapti.
Ko‘rgazmaga kiriladigan joy fransuz milliy bayroqlari bilan bezatilgan, turli mamlakatlar pavilonlari ustida barcha millatlar bayroqlari hilpiraydi, mashina zalidan shovqin va gulduros tovushlari eshitiladi, minoralardan qo‘ng‘iroqlarning musiqaviy tovushi, cherkovdan organ ovozlari eshitiladi. Bunga sharq qahvaxonalarida kuylanayotgan hirqiroq, do‘rillagan qo‘shiq tovushi qo‘shilib ketadi. Vaviloncha shovqin-suron, tillar vaviloncha aralash-quralash bo‘lib ketgan – bu olamning yangi karomati.
Ko‘rgazma haqida hammayoqda ana shunday ovozalar tarqalibdi, bu ovozalarni kimlar eshitmabdi deysiz? Bu karomat haqida poytaxtlarning poytaxtidagi driada ham eshitibdi.
– Hoy, qushlar, o‘sha yoqqa uchinglar, ko‘rgankechirganlaringizni menga aytib berish uchun tezroq qaytinglar, – deb qushlarga yalinibdi u.
Uning orzulari to‘xtatib bo‘lmas intilishga, hayotiy maqsadga aylanibdi. Driada to‘satdan sokin va osoyishta tunlarning birida osmondagi to‘linoydan uchqun ajrab chiqqanini ko‘rib qolibdi. Uchqun uchayotgan yulduzday yaraqlabdi, bo‘ron paytida shoxlari tebranayotgan daraxt oldida nur taratayotgan muloyim tovushlar yangrabdi, ulug‘vor bir manzara namoyon bo‘libdi.
Atrofda muloyim tovushlar yangrabdi, bu tovushlar qudratli va erkalovchi tovushlar emish. Ayniqsa, qudratli tovush kishini hayotga chorlaydigan va qiyomat kuni savol-javobga chaqiradigan karnay ovoziga ham o‘xshab ketar emish.
– Sen ana shu afsonaviy shaharga tushasan. O‘sha yerda ildiz otasan, uning shovqini, havosi, quyoshidan bahramand bo‘lasan. Lekin shuni bilib qo‘y, umring qisqaradi. Sen bu yerda erkinlikda uzoq yillar yashashing mumkin bo‘lsa, shaharda kechirgan yillar kunlarga aylanadi. Sho‘rlik driada, seni u yerda halokat kutyapti. Biroq havasing uch baravar, qalbingni kemirayotgan intilish hissi o‘n baravar ortadi, kashtaning qamoqxonaga aylanib, o‘z qobig‘ingni tashlab, tabiating o‘zgaradi, odamlar bilan aralashib ketasan. O‘shanda senga ajratilgan joyda umring chivin umri muddatidan ham qisqarib ketadi: faqat bir kechagina yashaysan, xolos. Keyin nafas olishing to‘xtaydi, kashtan yaproqlari so‘liydi, uni shamol har tomonga uchirib ketadi, hamma narsa adoyi tamom bo‘ladi.
Ana shu so‘zlar tugamasdanoq ajoyib manzara g‘oyib bo‘libdi, lekin driadaning orzulari hech so‘nmabdi, uning Parijga borish ishtiyoqi yanada oshibdi. U betoqatlikdan, hayajondan titrab-qaqshab ketibdi.
– Men bu ulug‘ shaharga albatta boraman! – deb tipirchilabdi u. – Yangi hayot boshlanadi, ana u butunlay tez yaqinlashib kelyapti. Kim bilsin, u meni qayoqlarga olib ketadi?
Oydan rang ketib bulutlar bo‘zarib, tong otganda kecha bashorat qilib aytilgan gaplar ro‘yobga chiqibdi.
Bir to‘da odamlar belkuraklar bilan daraxt ostini kavlab, ildizigacha ochishibdi. Bir vaqt ot qo‘shilgan arava kelibdi. Kashtanni tuproq aralash ildizi bilan aravaga ortishibdi, ustiga ko‘rpa va bo‘yralar yopishibdi. Yo‘l yiroq bo‘lgani uchun daraxtni aravaga mahkam bog‘lashibdi. Daraxtlarning Parijga olib kelinib, Fransiyaning ulkan shahrida, shaharlarning ko‘rkida o‘sishi va yashashi kerak ekan-da.
Arava joyidan qo‘zg‘alibdi, daraxt lapanglab, novdalari titrabdi, driada ham betoqatlikdan titrab-qaqshabdi.