Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 22

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 22 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

ULKAN DENGIZ ILONI

Bor ekan, yo‘q ekan, bir kichkinagina dengiz baliqchasi bor ekan, u yaxshi oiladan chiqqan ekan. Uning qanday atalishini bilmayman, agar bilging kelsa, olimlarga murojaat qil. Baliqchaning bir ming sakkiz yuzta akalari va singillari bor ekan. Ular egizak ekan. Baliqchalar na otasini va na onasini bilishar ekan, dastlabki kunlardanoq o‘z g‘amlarini o‘zlari yeb, qayer to‘g‘ri kelsa, o‘sha yerda suzib yurishaveribdi, bundan ham maza ish bormi o‘zi? Butun bir okean ular ixtiyorida ekan. Ovqatni hech o‘ylashmas, u to‘ppa-to‘g‘ri og‘izlariga kirib ketaverar ekan. Egizaklarning har biri o‘z bilganicha yashar, har birining o‘z taqdiri bo‘lib, lekin ularning hech biri bu haqda o‘ylamas ekan.

Tepadan quyosh nur sochib, baliqlarni, suv osti dunyosini yoritibdi. Bu yerda nimalarni ko‘rmaysiz! Suvda g‘alati maxluqlar ham uchrar, ularning ba’zilari shunaqayam ulkan, dahshatli ekanki, birdaniga ming sakkiz yuz aka-singilni yutib yuborishga qodir ekan. Egizaklar bu haqda aslo o‘ylashmas, ularni hali hech kim yutmagan ekan-da.

Ular seld yoki makrel baliqlariga o‘xshab bir-birlariga yaqin, gala-gala bo‘lib yurishar ekan. Bir kuni ular bamaylixotir suzib yurib, hech narsani o‘ylashmabdi, to‘satdan tepadan uzun va zalvorli bir maxluq ularni har tomonga tirqiratib pastga tusha boshlabdi. Uning oxiri ko‘rinmas emish. U bilanglab ilgarilab borar, baliqchalar ozgina tegib ketsa, ular mayib bo‘lib, o‘zini o‘nglolmay qolar ekan. Suv tagida va betida suzib yuradigan hamma baliqlar dahshatdan qo‘rqib, tirqirab qochishibdi. Zalvorli va ulkan maxluq esa tobora suv tubiga tushaveribdi, bor bo‘yi dengizda cho‘zilib ketaveribdi.

Baliqlar, chig‘anoqlar va suzadigan hamma dengiz mavjudotlari bu maxluqning paydo bo‘lganidan xabardor bo‘lishibdi, nihoyatda uzun, ko‘z ko‘rmagan dengiz ilon balig‘i baloyi nogahonday ularning ustida paydo bo‘libdi.

Bu qanaqa maxluq o‘zi? Bu bizga-ku ma’lum! Bu eng uzun telegraf kabeli bo‘lib, uni odamlar dengiz tubidan Yevropa bilan Amerika oralig‘iga tortishgan ekan.

Kabelni dengiz tubiga tushirishganda tinch-osoyishta hayot kechirayotgan mavjudotlar orasida vahima boshlanibdi. Uchar baliqlar dengiz betida biri ikkinchisidan balandroq uchibdi, dengiz xo‘rozi osmonga o‘qday otilibdi. Boshqa baliqlar o‘zlarini dengiz tubiga urishibdi, ular shu qadar shoshibdilarki, kabel dengiz tubiga yetishga ulgurmay, ular o‘zlarini dengiz tubida ko‘rishibdi, pastda bamaylixotir suzib, o‘z yaqinlarini yeb yurgan qalqonbaliq va treskalarning o‘takasini yorib yuborishibdi.

Bir nechta dengiz bodringlari dahshat ichida oshqozonlarini tuflab tashlashibdi, lekin o‘zlari omon qolishibdi. Bunaqa nayrang ko‘rsatishga yana kim qodir? Dengiz qisqichbaqalari kosalaridan chiqishibdi, ular kosalari bilan birga oyoqlaridan ham judo bo‘lishibdi.

Ana shu vahima va alg‘ov-dalg‘ovda bir ming sakkiz yuz egizaklar ham har yoqqa tirqirab ketibdi, ular birbirlarining diydorini ko‘rishmabdi, bordiyu uchratib qolishsa, bir-birlarini tanishmabdi. Faqat bir gala egizaklar birga bo‘lishibdi, ular bir necha muddat yashirinib yotishibdi, so‘ng dastlabki dahshat xavfi o‘tgandan keyin ular dadillashib, atrofga qiziqsinib nazar tashlashibdi.

Ular tepaga va dengiz tubiga qarashibdi, pastda hammaga dahshat solgan qo‘rqinchli maxluqni ko‘rishibdi. Maxluq dengiz tubida yotgan emish, u uzoquzoqlarga cho‘zilib ketgan emish. U juda ingichka emish, bu shishib, ulkan maxluqqa aylanib ketishi mumkin deb o‘ylashibdi egizaklar. U tinch yotgan emish, ehtimol bu uning mug‘ambirona nayrangidir?

– Yotgan joyida yotaversin! Bizga buning aloqasi yo‘q! – debdi eng ehtiyotkor baliqchalardan biri.

Ulardan eng kichkinasi bu narsa nima ekan, deb rosa o‘ylabdi. Bu maxluq tepadan tushib keldi, demak tepada u haqda biron narsa bilish mumkin, deb baliqchalar na shamol va na chayqalish bo‘lgan sokin dengiz sathiga ko‘tarilishibdi.

Tepada ular delfinga duch kelishibdi. Bu yengiltak daydi dengiz hayvoni suvda o‘mbaloq oshib yugurishdan boshqa ishni bilmas ekan. Lekin uning ko‘zi bo‘lib, hamma narsani ko‘rar ekan. Baliqchalar undan dengiz maxluqini so‘rashibdi. Biroq delfin o‘zi bilan o‘zi ovora ekan. U hech narsani ko‘rmagan, hech narsani bilmas ekan, shu vajdan churq etmay, gerdayib turaveribdi.

Shundan keyin baliqchalar tyulenning huzuriga borishibdi. Garchi u mayda baliqchalarni yeb tirikchilik o‘tkazsa-da, hozir ularga tegmabdi, chunki hozir uning qorni to‘q ekan. Tyulen delfinga nisbatan ko‘proq narsani bilar ekan.

– Men tuni bilan ho‘l toshda yotib, yiroq sohilga tikilib chiqdim. Sohilda makkorlar yashaydi, ular o‘zlarini odam deb atashadi. Ular ko‘pincha bizni ta’qib qilib yurishadi, lekin ko‘pincha ulardan qutulib ketamiz. Sizlar so‘rayotgan dengiz iloni qutulib ketdi. U azaldan odamlarning asiri bo‘lib kelgan. Uni bir qit’ada ushlab turishardi, keyin kemada boshqa yiroq mamlakatga olib ketishga jazm etishdi. Dengiz ilonini olib ketishayotganda rosa qiynalishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Nima qilib bo‘lsa-da, uni yengishdi. Chunki quruqlikda turganda rosa holdan toygan edi. Uni g‘altaklarga o‘rashdi, shunda g‘ijirlab tovush chiqardi. To‘satdan u odamlar qo‘lidan chiqib, o‘zini dengizga otdi. Odamlar bor kuchi bilan unga tarmashib, to‘xtatib qolmoqchi bo‘lishdi. U odamlar qo‘lidan sirganib chiqib, dengiz tubiga tushib ketdi, hozir pastda yotib, kuch-quvvat yig‘yapti.

–U juda ingichka! – deyishibdi baliqchalar.

– Bo‘lmasam-chi, uni rosa och qoldirishdi-da, – debdi tyulen. – Hechqisi yo‘q, ko‘p o‘tmay u kuchga to‘lib, yana qudratli, dahshatli maxluqqa aylanadi. Menimcha, u odamlar o‘lgudek qo‘rqadigan ulkan dengiz iloni bo‘lsa kerak. Odamlar faqat uning haqida gapirishadi. Men ulkan dengiz ilonini ko‘rmaganman. Shuning uchun ilgarilari ham odamlarning gapiga ishonmay, ilon yo‘q, deb o‘ylaganman. Endi bo‘lsa ulkan ilon borligiga ishonaman! – Tyulen shunday debdi-da, suv ostiga sho‘ng‘ib kirib ketibdi.

– U juda aqlli-a! Gaplari juda shirali-a! – deyishibdi baliqchalar. – Bunaqa dono gaplarni hech eshitmaganmiz. Uning gaplari to‘g‘ri.

– Kelinglar, dengiz ostiga tushib, hamma narsadan voqif bo‘laylik! – debdi eng kichkina baliqcha. – Yo‘lyo‘lakay boshqalarning gapini ham eshitamiz.

– Biror narsani o‘rganishga hali yoshlik qilamiz! – deyishibdi aka va singillar. So‘ng ular har tomonga suzib ketishibdi.

– Men bilishni istayman! – debdi jajji baliqcha va dengiz tubiga sho‘ng‘ibdi. Dengiz ostida «yuqoridan qulab tushgan uzun maxluq» yotgan emish. To‘lqinlar baliqlarni asta tebratar, ular esa go‘yo uxlayotgan emish. Baliqcha juda qo‘rqib ketibdi, u ona-bolaning hech qachon uyg‘onmasligini bilmas ekan. Yo‘sinlar pechak gullarday abadiy uyquga ketgan ona-bola ustida osilib turganmish. Bu yer juda xoli va sokin emish. Baliqcha quyosh nuri charaqlab, baliqlar o‘ynoqlab yurgan tomonga oshiqibdi, u biroz suzib borgan ekan, bahaybat, yoshgina kit bilan to‘qnashib qolibdi.

– Tag‘in meni yutib yuborma! – debdi baliqcha. – Men juda kichkinaman, hatto tishing orasiga ham yuq bo‘lmayman! Mening o‘lgim kelmaydi.

– Bunchalik chuqurlikda nima qidib yuribsan? – deb ajablanibdi kit. – Sening qarindoshlaring bunaqa joylarda yurishmaydi-ku.

Baliqcha jasur dengiz mavjudotlarini vahimaga solgan baliq haqida gapirib beribdi.

– Ho-ho! – debdi kit, u shunday ko‘p suv chiqaribdiki, agar bu suv dengiz betida bo‘lganda baland favvora hosil bo‘larkan. – Ho-ho! – deb takrorlabdi u. – Burilganimda yelkamni qitiqlab o‘tgan o‘sha ekan-da! Men uni kema machtasi deb o‘ylabman, undan tish cho‘tkasi o‘rnida foydalanmoqchi edim! Lekin u maxluq bu yerda yo‘q, u ancha yiroqda. Sen bilan birga o‘sha tomonga suzib borib, uning nimaligini bilib olaman. Baribir, hozir ishim yo‘q. – Kit oldinda, baliqcha esa orqada suzib ketishibdi. Baliqcha kitdan sal orqaroqda yurishga intilibdi, chunki kit yurishini tezlatganda dengiz alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketar ekan!

Bir vaqt ularning ro‘parasidan akula va arrabaliq chiqib qolibdi. Ular ham uzun dengiz ilonbalig‘i haqida eshitishgan ekan. Ular ilonbaliqni ko‘rishgan ekan-u, ammo hozir uni yana bir ko‘rgilari kelibdi.

Keyin ularning yoniga dengiz mushugi suzib kelibdi.

– Meni ham birga olib ketinglar! – deya yalinibdi u, uning ham tomosha qilgisi kelibdi.

– Agar o‘sha dengiz iloni langar arqonidan yo‘g‘on bo‘lmasa, uni bir zumda g‘ajib tashlayman, – debdi dengiz mushugi va og‘zini katta ochibdi, bu bilan hammaga olti qator tishi borligini ko‘rsatmoqchi bo‘libdi. – Kema langarlarida tamg‘a qoldiraman-u, bu mening oldimda nima degan narsa bo‘pti! Uni g‘ajib tashlayman!

– Ana u! – deb xitob qilibdi kit. – Ilon ko‘rindi!

Biroq u dengiz iloni bo‘lmay, balki uzunligi bir necha metr keladigan ilonbaliq ekan. U to‘ppa-to‘g‘ri ular tomonga suzib kelaveribdi.

– Uni taniyman. Biz u bilan uchrashganmiz, – debdi arrabaliq, – u endi dengizda to‘s-to‘polon ko‘tarib, baliqlarga tegmaydi.

Ular ilonbaliqqa yangi dengiz iloni haqida gapirib berishibdi, sen ham uni ko‘rasanmi, deb so‘rashibdi.

– Nahotki u mendan uzun bo‘lsa? – debdi dengiz iloni, – boshimizga biron kulfatni solmasa go‘rga edi.

– Kulfat solib bo‘pti, – deyishibdi boshqalar. – Biz ko‘pchilikmiz, adabini berib qo‘yamiz! – Shunday deb suzib ketishibdi.

Yo‘lda ularga bahaybat jonzot uchrabdi, agar ularning hammasini bir qilganda ham, u bulardan katta emish, u suv sathida turolmaydigan suzuvchi orolga o‘xshar emish.

Bu juda qari kit ekan, uning boshida yo‘sinlar o‘sib yotgan emish, yelkasi har xil maxluqlarga to‘la emish, yon tomonlariga shilliqqurt va chig‘anoqlar yopishib olganidan, uzoqdan xuddi oq dog‘larga to‘ladek ko‘rinibdi.

– Biz bilan birga yur, qariya! – deyishibdi baliqlar. – Dengizda allaqanday bir maxluq paydo bo‘libdi, bunga biz chidolmaymiz.

– Yaxshisi yotgan joyimdan qimirlamay qo‘ya qolay, – debdi qari kit. – Meni o‘z holimga qo‘yinglar. Voy-voy, og‘ir kasalman. Tepaga ko‘tarilib, orqamni suvdan chiqarish menga foyda beradi, xolos. Shunday qilsam saxovatli dengiz qushlari uchib kelib, orqamni lash-lushlardan tozalab qo‘yishadi. Ular orqamga tumshuqlarini qattiqroq botirib olishmasa bo‘lgani, shunda jonim kiradi. Ba’zan qushlar cho‘qib go‘shtimni chiqarib yuborishadi. Mana, ko‘ringlar! Orqamda hozir qush skeleti bor. U tumshug‘ini chuqurroq botirgan edi, orqamga yopishib qolib, o‘zini qutqarolmadi. Shunda men dengiz tubiga sho‘ng‘idim. Keyin mayda baliqlar uning go‘shtini g‘ajishdi. Unga ham, menga ham bir qaranglar. Og‘ir betobligimni payqayapsizlarmi?

– Bu vahimaning uyasi, – debdi yosh kit. – Men hech qachon kasal bo‘lmayman. Umuman, baliqlar hech kasal bo‘lishmaydi.

– Yo‘q, meni afv etasiz, – deb e’tiroz bildiribdi keksa kit, – ilonbaliqlarda teri kasali bo‘ladi, zog‘orabaliq chechak bilan og‘riydi, biz esa gijjadan azob chekamiz.

– Bo‘lmagan gap! – debdi akula, qari kitning valaqlashi uning ham, boshqalarning ham me’dasiga tegibdi, ularning bundan ham muhimroq ishlari bor ekan.

Nihoyat ular telegraf kabeli yotgan joyga yetib kelishibdi. Kabel Yevropadan Amerikaga suv ostidagi qum va balchiqlar ustidan, qoyatoshlar va yo‘sinlar, marjonlar orasidan o‘tgan bo‘lib, atrofida girdoblar aylanayotgan emish. Uning ustidan to‘da-to‘da baliqlar o‘tayotgan emish. Dengiz tubi qulqullar, guvillar, shovillar emish. Agar ulkan dengiz chig‘anog‘iga qulog‘ingni tutsang, bu shovqinni payqash mumkin ekan.

Xuddi shu yerdan ular axtarganlarini topishibdi.

– O‘sha maxluq anavi yerda yotibdi, – deyishibdi katta baliqlar, kichkina baliqcha ham shunday debdi. Kabel ularning oldida yotgan emish, uning boshi ham, keti ham ko‘rinmas emish.

Polip va meduzalar dengiz tubida tebranib, kabelni goh to‘sib, goh ko‘rsatib turgan emish. Atrofda dengiz kirpilari, shilliqqurtlar, qurt-chuvalchanglar bijillab yotgan emish. Kabeldan nariroqda bahaybat o‘rgimchaklar yelkalarida son-sanoqsiz tekinxo‘r jonivorlarni ko‘tarib olib, viqor bilan ovqatlarini yutishayotgan emish. Ular yangigina paydo bo‘lgan kabel – hayvonni hidlashibdi. Qalqonbaliq bilan treskal kim nima deyayotganini bilish niyatida u yoq-bu yoqqa alanglashibdi. Dengiz qa’ridagi balchiqqa ko‘milib olib tashqariga faqat ko‘zini chiqarib turadigan yulduzcha ham bu alg‘ov-dalg‘ovning oqibati nima bo‘lar ekan, deb ko‘zini tikibdi.

Telegraf kabeli miq etmay joyida yotaveribdi, lekin uning ichida hayot jo‘sh urar, fikrlar qaynar, inson tafakkuri u yoq-bu yoqqa borib kelar ekan.

– U o‘zini beozorlikka solyapti, – debdi kit, – to‘satdan u burilib, qornimga bir solsa-ya, qornim eng nozik joyimku, axir!

– Hozir buni tekshirib ko‘ramiz, – debdi polip. Mening qo‘llarim uzun, panjalarim esa baquvvat, uni ushlab ko‘rganman, endi qisib, ezg‘ilab tashlayman.

Shunday deb u uzun qo‘llarini pastga cho‘zib, kabelni mahkam qisibdi.

– Buning tangalari yo‘q ekan, – debdi polip, terisi ham yo‘q! Menimcha, u tirik bolalar tug‘olmasa kerak.

Dengiz ilonbalig‘i kabel yoniga suzib kelib, cho‘zilib yotib olibdi.

– U mendan ham uzun ekan, – debdi u. – Faqat uzunlikning o‘zi kifoya qilmaydi, bunga yana teri, qorin hamda xushqomatlik ham kerak.

Yosh va baquvvat kit kabelga yaqinlashibdi, u shu vaqtgacha bunchalik teranlikka tushmagan ekan.

– Kimsan o‘zi – baliqmisan yo o‘simlikmisan. Yoki yuqorida yasaladigan, biz bilan birga yashay olmaydigan maxluqmisan? – deb so‘rabdi kit.

Biroq telegraf kabeli indamabdi, chunki u gapirmas ekanda. U orqali inson fikrlari daqiqa ichida bir mamlakatdan boshqa mamlakatga yuz milya yo‘l bosib o‘tar ekan.

– Javob berasanmi, yo‘qmi? Bo‘lmasa seni ezg‘ilab tashlaymiz, – debdi badnafs akula. Boshqa katta baliqlar ham:

– Gapir, bo‘lmasa dabdala qilib tashlaymiz! – deb baqirishibdi.

Kabel miq etmabdi, u o‘z o‘ylari bilan band ekan, ichi g‘ij-g‘ij fikrga to‘la bo‘lgandan keyin nima qilsin axir.

«Meni ezg‘ilashsa ezg‘ilayverishsin, – debdi u o‘z-o‘ziga, – o‘shanda meni yuqoriga olib chiqib tuzatishadi. Bundan sayoz joylardagi og‘aynilarim boshiga ham shu kun tushgan».

Shu vajdan u javob bermabdi, o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘laveribdi, har tomonga telegrammalar yuborib, dengiz tubida davlat xizmatini bajaraveribdi.

Tepada quyosh yotog‘iga qayta boshlabdi, u olovday qizg‘ish tusga kiribdi, osmondagi bulutlar ham quyosh nurida lovillabdi.

– Mana, qizil chiroq ham yondi, – debdi polip, – endi manovi xumpar durustroq ko‘rinyapti.

– Uringlar uni, uringlar! – deb qichqiribdi dengiz mushugi, u og‘zidagi olti qator tishlarini g‘ijirlatibdi.

– Uringlar uni! – deb qichqirishibdi qilichbaliq, kit va ilonbaliqlar.

Dengiz mushugi oldin, so‘ng hammalari kabelga tashlanishibdi. Lekin dengiz mushugi kabelga tishini endi botiray degan ekan, arrabaliq uning yelkasini tilib tashlabdi. Katta anglashilmovchilik yuz beribdi, dengiz mushugining kabelni tishlashga ham darmoni yetmay qolibdi.

Rosa to‘s-to‘polon ko‘tarilibdi! Suv qorayib ketibdi, hammaning boshi aylanibdi, baliqchalar, qisqichbaqalar bir-birlarining ustiga minib, mushtlasha ketishibdi. Birbirini g‘ajib, tiriklayin yeya boshlashibdi. Faqat kabelgina qimirlamay, o‘z ishini bajaraveribdi, bu eng to‘g‘ri yo‘l ekan.

Tepada suv ustini tun pardasi qoplabdi, dengiz tubida esa millionlab, hatto milliardlab chiroqlar miltillab yonibdi. Bular zig‘irday-zig‘irday keladigan shilliqqurt, qisqichbaqalar ekan. Bu mo‘jizaning xuddi o‘zi, chunki dunyo shunday qurilgan ekan.

Dengizda yashovchilar kabelga qarashibdi.

– Bu o‘zi nima ekan-a?

Ha, buning nima ekanligini bilolmay, rosa boshlari qotibdi.

Shu payt ularning yoniga keksa dengiz sigiri kelibdi. Odamlar buni har xil nom bilan, goh suv parisi, gohida suv alvastisi deb atashadi. Dengiz sigirining osilib tushgan yelini, dumi, suzishga yordam beradigan ikkita qo‘li bor ekan, boshida esa yo‘sinlar o‘sgan, uning ichida qisqichbaqalar bijillab yotar, bundan u g‘ururlanib yurar ekan.

– Aqlli bo‘lishni istaysizlarmi? – deb so‘rabdi u. – Unday bo‘lsa gapimga quloq solinglar, buning sirini sizlarga faqat men tushuntirib bera olaman. Lekin buning evaziga menga va qarindoshlarimga dengizning hamma yaylovlarida xavfsizliklarini ta’minlashlaringizni talab qilaman. Men bilan baliq sizlarga o‘xshaymiz, lekin shu bilan birga, men qisqichbaqa singari o‘rmalashni ham bilaman, hayot har narsaga o‘rgatar ekan. Bu yerda, dengizda, hammadan ko‘ra aqlli zotman. Dengiz tubida bijillab yotgan mavjudotlar haqida ham, dengiz ustidagilar haqida ham ko‘p narsalarni bilaman. Sizlarning boshlaringizni qotirayotgan manovi narsa tepadan qulab tushgan. Tepadan qulab tushganlarning hammasi yo o‘lik bo‘ladi, yo shu yerga tushgandan keyin o‘ladi, unda hech kuch-mador bo‘lmaydi. Uni qo‘yinglar, joyida yotaversin. Bular bari insonlarning qilmishi.

– Menimcha, unday emas, – debdi baliqcha.

– Tilingni tiy, tirrancha, – deb do‘q uribdi dengiz sigiri.

Baliqcha bu gapdan xafa bo‘libdi.

Keyin dengiz sigiri baliqlarga hozircha churq etmayotgan bu dahshatli yirtqichni odamlar bu yoqqa ataylab tashlashgan, deb uqtiribdi. So‘ng u odamlarning makkorligi haqida kichikroq nutq o‘qibdi.

– Ular hammamizni tutib olishmoqchi, – debdi u. – Ular faqat shuning uchungina yashashadi. Ular bizni aldab qo‘lga tushirish uchun to‘rlar to‘qishadi, chuvalchangli qarmoqlar tashlashadi. Qarmoqning iplari juda uzun! Ular bizni shu qarmoqqa ilinadi deb o‘ylashyapti. Voy tentaklarey! Biz ham anoyi emasmiz. Faqat bu qarmoq ipiga tega ko‘rmanglar, u nam tortib balchiqqa aylanib ketadi. Tepadagi hamma narsada bir ishkallik bor, ular hech vaqoga yaramaydi.

– Ha, yaramaydi, – deb dengiz sigiri fikriga, qo‘shilibdi boshqalar ham, axir biror fikr bildirish kerak ekan-da.

Biroq baliqcha o‘z fikrida mahkam turib olibdi:

– Ehtimol, bu ingichka, uzun ilon dengizimizdagi ajoyib baliq bo‘lsa ham ajab emas. Ko‘nglim shunday deb turibdi.

– Ha, juda ajoyib baliq, – deb biz, odamlar ham baliqchaning fikriga qo‘shilamiz, bu gaplarni o‘z ishini puxta bilgan odamlarday ishonch bilan aytamiz.

Axir, bu qadimiy qo‘shiq va afsonalarda aytilgan o‘sha ulkan dengiz ilonining o‘zginasi.

U inson tafakkuri va dahosining mahsuli o‘laroq tug‘ildi, inson dahosi uni dengiz tubiga tushirdi, sharqdan g‘arbga qarab tortdi, u orqali ma’lumotlarni yubora boshladi, bu ma’lumotlar quyosh nuri yerga tushgandan ham tez yuguradi. Bu ilon yil sayin kuchga to‘lib, dengiz va okeanlardan cho‘zilib borib, butun yer yuzini aylanib chiqadi, u pishqirgan to‘lqinlar, jimirlamay turgan, oynaday tiniq suv ostidan ham yo‘l topadi, ana shunday suvi tiniq joylarda kapitan o‘zini havoda suzganday his qiladi, chunki suv tubidagi baliqlar turli rangda tovlanayotgan mushaklarday ko‘rinadi-da.

U afsonaviy Midgordsorm1616
  Midgordsorm – Skandinaviya mifologiyasida dengizda yashovchi, odamlar istiqomat qiladigan Midgordni chulg‘ab olgan ulkan ilon. U shunaqayam uzunki, yer atrofini belbog‘dek o‘rab olib, o‘z dumini tishlashi ham mumkin.


[Закрыть]
iloniday suvning eng tubida yotadi. U yer yuzini aylanib o‘tib, yana dumi bilan tutashadi. Baliqlar va dengiz maxluqlari tepadan tushgan bu mo‘jizaning nimaligini bilishmay hayron. U insoniyatning fikri bilan guvillayapti, dunyoning barcha tillarida gapiryapti. Harholda indamay yotgan bu dono ilon, yaxshilik va yomonlik xabarchisi, jahon okeanining mo‘jizalaridan biri – zamonamizning ulkan dengiz iloni ekan.

TUTINGAN OTA ALBOMI

Tutingan otam qisqa va uzundan ertaklarni boplab aytardi. U rasm qirqish va chizishga ham usta edi, rojdestvo bayrami arafasida u varaqlari top-toza qalin albom olib, unga gazeta va kitoblardan olingan rasmlarni yopishtirardi, bordiyu hikoya qilishga arziydigan rasm topilmay qolsa, shartta o‘zi rasm chizib tashlardi. Bolaligimda undan tuhfa tariqasida rasm yopishtirilgan anchagina albom olganman, lekin hammasidan ham muqovaning orqasiga: «Kopengagen burungi yog‘ chiroqlari o‘rniga gaz chiroqlarga ega bo‘lgan ajoyib yil», deb yozib qo‘yilgan albom yaxshi edi.

– Bu kitobni ehtiyot qil! – deyishgan edi dadam bilan oyim, – xuda-behudaga uni ochaverma. Tutingan otam esa albomga manovi satrlarni yozib qo‘ygan edi:

 
Falokatmas gar kitob yirtsang, azizim,
Bolalar goh ish tutishar bundan battar.
 

Kitobni tomosha qilish kishini juda sevintirardi. Tutingan otam kitobni ovoz chiqarib o‘qib bergan vaqtlarida bu kitobdagi she’r va boshqa narsalarni eshitardik. Yana u ko‘p narsalarni o‘zidan qo‘shib-chatib gapirib berardi. Xullas, o‘shanda ertak chinakam ertakka aylanardi.

Birinchi sahifasiga «Uchar pochta»dan qirqib olingan, rasm yopishtirilgan suratda dumaloq minorali Kopengagen cherkovlari tasvirlangan edi, chapdagi suratda esa ko‘chaga qo‘yilgan osma chiroqlar tasvirlangan bo‘lib, uning tagiga «varvan»1717
  Varvan – dengiz hayvonlaridan olinadigan moy (tarj.).


[Закрыть]
deb yozib qo‘yilgan edi. O‘ng tomondagi tikka qilib solingan chiroqlar tagida esa «gaz» degan yozuv bor edi.

– Afishani ko‘ryapsanmi, – dedi tutingan otam. – Bundan keyin sen tinglaydigan voqealar boshlanadi. Undan «Varvan bilan gaz yoki hayot va Kopengagen ishlari» degan kulgili tomosha chiqqan bo‘lardi. Ajoyib nomlar! Sahifaning eng pastida yana bir surat bo‘lib, unda nima tasvirlanganini darhol payqab olish qiyin, buni o‘zim tushuntirib beraman: bu o‘lik ot1818
  O‘lik ot – xalq orasidagi xurofiy aqidalarga ko‘ra, yangi qurilayotgan cherkov poydevori ostiga ko‘milgan ot arvohi. Biron xonadon oldida o‘lik ot paydo bo‘lib qolsa, u kimnidir o‘lishini bildiradi.


[Закрыть]
surati u kitobning eng so‘nggi sahifasida bo‘lishi kerak edi-yu, ammo o‘zida nimalar borligi haqida hikoya qilish uchun oldinga chopib o‘tib olibdi-da. Lekin bu hikoyaning boshlanishi ham, o‘rtasi ham, oxiri ham hech vaqoga arzimaydi: qo‘lidan kelsa uni durustroq hikoyaga aylantirishi mumkin edi. Bilasanmi, o‘lik otlarni kunduz gazeta sahifalarida saqlashadi, kechqurun esa otlar qochib ketib, shoir yashayotgan uy oldiga borib, uy egasi o‘ladi deb kishnay boshlaydi, ammo u chinakam tirik bo‘lsa, o‘lmaydi. O‘lik ot sho‘rpeshanaga o‘xshagan narsa, o‘z ahvolini ham tushunolmaydi, durustroq qorin to‘ydirishni ham bilmaydi, shu vajdan shataloq otib, kishnab yurib, nafas olib, qorin to‘yg‘izadi. «Tutingan ota albomi»ning unga yoqmasligini bilaman, lekin bu albomga ketgan qog‘ozlar hayf ketibdi, degan gap emas.

Mana, kitobning birinchi betidagi afishalarni ham ko‘rib oling!

– Bu voqea ko‘hna yog‘ fonarlar so‘nggi marta yoygan, butun shaharda gaz chiroqlar yona boshlagan, ular ravshan nur sochib, eskilari xiralashib qolgan oqshomda yuz bergan edi.

– O‘sha kuni kechqurun ko‘chada yurgan edim, – dedi tutingan otam. – Xaloyiq bamaylixotir sayr qilib yurar, yangi va ko‘hna chiroqlarning nur sochishiga havas bilan boqishardi. Odam ko‘p edi, oyoqlar kallalarga qaraganda ikki marta ko‘p edi. Chiroq yoquvchilar o‘ta g‘amgin qiyofada turishardi, chunki o‘zlari ham ko‘hna chiroqlar bilan birga iste’foga chiqishganini bilib turishardi-da. Ko‘hna chiroqlar esa uzoq o‘tmishni xotirlashar, kelajak haqida xotirlash qo‘llaridan kelmasdi. Ularning xotiralarida qanchadan-qancha mana shunaqa sokin oqshomlar va zimiston tunlar saqlanib qolgan-ku! Men eski chiroqqa suyandim, – dedi tutingan otam, – uning piligi vishillab yog‘ sachratardi, shu payt fonarning hikoyasini eshitib qoldim, hozir sen ham uni tinglaysan. «Qo‘limizdan kelgan hamma ishni qildik, – dedi chiroq. – Bir vaqtlar yaxshi edik, xursandlikka ham, g‘amga ham nur sochdik, umrimizda ne-ne voqealarning guvohi bo‘lmadik… axir, biz Kopengagenning tungi ko‘zlari edikda. Mayli, yangi chiroqlar o‘rnimizni olishsin, bizning vazifamizni o‘tashsin, qani, ular qachongacha nur sochisharkin, boshimiz omon bo‘lsa hammasini ko‘ramiz. Ular biz qariyalarga qaraganda yorug‘roq nur sochishyapti, ammo azaldan seni gaz chiroq qilib yasashgan bo‘lsa, hammayoqdan kelayotgan quvurlardan madad olib tursang, ana shu quvurlardan faqat shaharning o‘zidan emas, balki boshqa yoqlardan ham kuch oqib kelayotgan bo‘lsa, gaz chiroqlarning xizmati katta-da! Biz yog‘ fonarlari esa o‘z kuchimiz bilan nur sochamiz, har birimizning o‘z zapasimiz bor, qarindoshlardan madad kutmaymiz. Qadim zamonlardan beri bobolarimiz ham, o‘zimiz ham Kopengagen shahriga nur sochib kelamiz. Bu oqshom oxirgi marta nur sochayotgan ekanmiz, siz, ochiqko‘ngil o‘rtoqlardan keyinda turarkanmiz, na chora, sizga hasad ham qilmaymiz, qovog‘imizni ham solmaymiz, aksincha, chin ko‘ngildan xursand bo‘lamiz. Bizdek keksa soqchilar o‘rniga yangi mundir kiygan sizday yangi askarlar keldi. Endi katta bobokalonimizdan tortib hozirgi davrgacha umrimizda ko‘rgan-kechirganlarimizni, Kopengagen tarixini sizlarga aytib beramiz. Sizga, sizning avlodajdodlaringizga, eng oxirgi gaz chirog‘iga to iste’foga chiqqunlaringizgacha uzoq hikoya qilishga arziguday biz ko‘rgan voqealarni ko‘rishingizga ishonamiz. Axir, vaqti kelib sizlar ham dam olishga chiqasizlar. Shu kunga oldindan hozirlik ko‘rib qo‘ying. Odamlar albatta sizlardan ham yorug‘roq nur sochadigan chiroqlarni o‘ylab topishadi. Men bir studentdan dengiz suvini yoqish yo‘li qidirilyapti, deb eshitdim».

Pilik ana shu gaplarni aytayotib suv tiqilganday bir vishillab olibdi.

Bu gaplarning hammasini tutingan otam e’tibor bilan tinglabdi va yog‘ chiroqdan gaz chiroqqa o‘tar kechasi ko‘hna chiroqlarning Kopengagen tarixini hikoya qilishni o‘ylab topgani antiqa ish bo‘pti, degan xulosaga kelibdi.

– Ajoyib fikrlarga amal qilish kerak, – dedi tutingan otam. O‘sha kuni uyga borib, chiroqning gaplariga amal qildim, senga atab suratli albom yasadim, bu suratlar yog‘ fonarlar ham bilmagan qadim zamonlar haqida hikoya qiladi.

Mana «Kopengagen hayoti va ishlari» tarix kitobi. Bu tarix zulmatdan boshlanadi, manovi qurumday qop-qora sahifa – asrlar zulmati.

– Kel, sahifani varaqlaylik – dedi tutingan otam. – Suratni ko‘ryapsanmi? Pishqirgan dengiz-u sharqishimoldan esgan shamol, u muzlarni suryapti, muzlar ustida esa yiroq Norveg tog‘laridan muzga ag‘anagan xarsangtoshlar suzyapti. Sharqi-shimoldan esayotgan shamol ulkan muzlarni suryapti, chunki u nemis tog‘lariga uzoq shimolda qanaqa muzlar borligini ko‘rsatmoqchi. Mana, muz flotiliyasi Zundga qadar, hozir Kopengagen turgan Zeland orollari sohillarigacha surib bordi, o‘sha paytlarda Kopengagendan nom-nishon ham yo‘q edi. Bu joylarda uzundan-uzun suv osti sayozliklari cho‘zilgan edi, ana shu sayozliklardan birining ustida ulkan xarsangtoshi bor muz qadalib qoldi. Hamma flotiliya to‘xtadi, shamol uni sayozlikdan ko‘chira olmadi, shunda shamol darg‘azab bo‘lib ana shu sayozlikni, «o‘g‘ri yerni» la’natladi, qachonlardir u dengizdan ko‘tarilsa, unga o‘g‘ri va qaroqchilar uya quradi, bu yerda qaynoq iskanjalar va dorlar quriladi deb qasamyod qildi.

Lekin u so‘kish va la’natlash bilan ovora bo‘lib turganida bulutlar orasida quyosh mo‘raladi, uning nurida huzurbaxsh daho nur bolalari raqsga tushdi va tebrandi. Ularning oyoqlari muzlarga tegishi bilanoq muzlar erib ketdi, ulkan qoyatoshlar suv ostiga cho‘kdi.

«Eh, quyoshning ablah bolalari! – debdi shamol. – Shu ham o‘rtoqlig-u, shu ham qarindoshchilik bo‘ptimi? Bu yomonligingni hech ham unutmay, doimo eslatib yuraman. Hozirgidek qarg‘ab, la’natlayman!»

«Biz duo qilamiz, – deb kuylashibdi quyosh bolalari. – Sayozlik ko‘tariladi, biz uni asraymiz! Bu yerda haqiqat, ezgulik va go‘zallik tantana qiladi».

«Bo‘lmagan gap!» – debdi shamol.

– Mana shular haqida ko‘hna yog‘ chiroqlar hech narsa bilmaydi-da, – dedi tutingan otam. – Lekin buni men bilaman, bu Kopengagenning hayoti va ishi uchun juda muhim.

– Yana varaqlaymiz! – dedi tutingan otam. – Oradan ko‘p yillar o‘tdi, sayozlik tepaga ko‘tarildi, suvdan ilk bor ko‘tarilgan qoyatoshga dengiz qushi qo‘ndi. Buni suratda o‘zing ham ko‘rishing mumkin. Yillar ketidan yillar o‘taverdi. Dengiz qumlikda o‘lgan baliqlarni uloqtirdi, qumlikda o‘tloq paydo bo‘ldi, keyin ular so‘lib, chirib, tuproqni o‘g‘itladi, boshqa o‘t-o‘lan va o‘simliklar bunyodga keldi, sayozlik yam-yashil orolchaga aylandi. Uning sohiliga vikinglar tushishdi. Bu yakkama-yakka kurashishga qulay joy bo‘lib, buning ustiga orolga yaqin, Zelandiyadan unchalik olis bo‘lmagan yerda langar tashlaydigan qulay joy ham bor edi.

Bu yerda birinchi marotaba yog‘ chiroq yondi; menimcha, unda baliq pishirilgan bo‘lsa kerak, chunki bu yerlarda baliqlar juda ko‘p edi. Seld baliqlar shu darajalik zich yotganidan hatto kemalar to‘xtab qolardi, shunday paytlarda dengiz ostida shu’la chaqnaganday yorishib ketardi, dengiz tubida shimol shafag‘i jilva qilganday bo‘lardi. Zund baliqqa serob joy edi, shu vajdan Zelandiya orollari sohiliga uylar, eman daraxtidan devorlar qura boshlashdi, o‘rmonda po‘stloq ko‘p bo‘lganidan, undan tom yopishdi. Gavanga kemalar kira boshladi. Kemaning barcha asbob va jihozlari orasida tebranib yog‘ chiroq yondi, shimol shamoli guvillab: «Yo‘qol!» – deb o‘kirdi. Orolda o‘g‘rincha chiroq yoqiladigan bo‘ldi. Biroq «o‘g‘rilar oroli» o‘g‘rilar va kontrabandistlarning sevimli joyi bo‘lib qoldi.

«Mana, qanchadan-qancha yovuzliklar bo‘lib o‘tdi bu yerda; men xohlasam shu bo‘ladi. Hademay daraxtlar ham o‘sadi, uni silkitib, mevalarini to‘kaman».

– Mana, daraxt ham paydo bo‘ldi, – dedi tutingan otam. – Ko‘ryapsanmi, bu «o‘g‘rilar oroli»dagi dor. Unga zanjirband qilingan qaroqchilar va qonxo‘rlarni osishadi, shunday qilishdi ham. Shamol shunaqayam zo‘r kuch bilan quturdiki, dordagi skeletlar bir-biriga sharaqshuruq urilib turdi, oy ularga kumush nurlarini sochdi, bu nur o‘rmonda o‘tkazilgan tungi bazm paytlarini yoritib turgan hozirgi oy nuriday mayin, muloyim edi. Quyosh ham yoqimli nur sochib, suyaklarni quritdi, uning nurida quyosh bolalari qo‘shiq aytishdi:

«Biz bilamiz, biz bilamiz! Kelgusida bu yerlar gullabyashnagan joylar bo‘ladi».

«U-u, jo‘jaday chiyillamay o‘linglar!» – dedi shamol.

– Endi yana varaqlaymiz! – dedi tutingan otam. Roskille shahrida qo‘ng‘iroqlar jarangladi, u yerda yepiskop Absalon1919
  Absalon yoki Aksel (1128–1201) – arxiyepiskop Lundskiy va yepiskop Roskilskiy Valdemar I zamonida ministr va bosh qo‘mondon bo‘lgan. Akselning uyi mustahkam qal’a bo‘lgan.


[Закрыть]
yashardi, u Injil o‘qishni ham, qilichbozlikni ham yaxshi bilardi; u pahlavon odam edi. Absalon gavan atrofidagi savdo shahriga aylangan serharakat qishloq baliqchilarini himoya qilmoqchi bo‘libdi. Uning buyrug‘i bilan nopok joylarga muqaddas suvlar sepilibdi. «O‘g‘rilar oroli»ga halol tamg‘a berilibdi, u yerda g‘isht teruvchilar bilan duradgorlar ish boshlab yuborishibdi, yepiskopning buyrug‘i bilan kattagina bino qad ko‘taribdi. Quyosh nurlari balandlashib borayotgan bino devorlarini yoritibdi. Orolda Aksel uyi bunyodga kelibdi:

 
Ajib minora,
Adl, chiroyli.
Tong sahargacha
Yonar chirog‘i:
Ajoyib qasr!
Me’mori asl.
Shamol-jodugar
Zarbla o‘kirdi
Hamlang behuda
Shamoli tezgir:
Ajoyib qasr,
Me’mori asl!
 

Uy qarshisida Gavan – savdogar Gavani bor edi.

 
Sersuv, yashil o‘tloqlar aro,
Suv parisiga qurildi bino.
 

Bu yerga uzoq mamlakatlardan baliq xarid qilish uchun odamlar kela boshladi, uy va do‘konlar qurildi, derazalarga oyna o‘rniga ho‘kiz pufaklari sirildi – u vaqtlarda oyna juda qimmat edi; tomlari qubba shaklida qurilgan, og‘ir yuklarni tepaga ko‘taradigan baland chig‘iriq o‘rnatilgan uylar qad ko‘tardi.

Do‘konlarda o‘tirgan gumashtalarni ko‘ryapsanmi? Ularning uylanishi mumkin emas, ular zanjabil bilan qalampir sotishadi, shu vajdan ularni qalampir bo‘ydoqlar deb atashadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации