Текст книги "Амир Темур севган юрт"
Автор книги: Хаким Сатторий
Жанр: Исторические приключения, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 17 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
MUNOJOT
Qaytishda kinochilar guruhi cho‘qqini aylanib o‘tishga ahd qildi. Bu yo‘lni ko‘rmaganim uchun qiziqib men ham qo‘shildim. Asosiy to‘da bilan ma’lum joyda ko‘rishishga kelishib, xayrlashdik.
Qoya bo‘ylab ketgan iz qiyalab boradi-da, yuqoriga o‘rlaydi. Yo‘l yo‘q, faqat uning belgilari qolgan. Qadimda shu iz orqali otda qatnaganlarini naql qilishardi, rostdan, onda-sonda ko‘ndalang tashlangan yo‘g‘on yog‘ochlar uchraydi. Toshlar orasidan o‘tgan yo‘l tugab, etlam (tuproqli) yerga chiqdik. Pastlik ko‘zga tashlanadi, yerni chitirlar payvas qoplab olgan.
Obdon charchagan hamrohlar yonlab yurishni taklif qildilar. Menimcha, yo‘lni cho‘qqiga qarab tikka olish kerak. Og‘ir bo‘lsa ham shunday qilish shart, bo‘lmasa, qoziqda aylangandek yuraveriladi. Bir kilometrlar tikka ko‘tarilishga to‘g‘ri keldi. Ter chiqmaydi, biroq kuchli toliqasiz. Bosh kiyim ham og‘irlik qilib qoldi, bizda esa kino va videoapparatlar, yana ancha lash-lushlar bor.
Bu joylarga, ehtimol, birinchi marta shunday kishilar qadam qo‘yayotgandir. Maqsadimiz – xolis, niyatimiz – ezgu. Nima bo‘lsada, kino ishlab, maqola (kitob) yozib, surat chiqarib, tabiatning bu unutilgan go‘shalariga jamoatchilikning nazarini tortib, bebaho xazinani xalqimiz manfaatiga xizmat qildirishga hissa qo‘shish. Zora, vaqti kelib vatandoshlarimiz chet eldagi mashhur kurortlardan voz kechib, mahalliy oromgohlarga intilsalar. Bu yerlarda ham eng yuqori talablardagidek xizmat ko‘rsatadigan salomatlik va madaniyat maskanlari qurilsa, degan umiddamiz.
Qayerga duch kelishimizni hech kim bilmasdi, qirga tirmashib chiqdik. Shundan keyin Bovurchi cho‘qqisi bag‘ridagi Oshxona degan ziyoratgoh ko‘rindi. Bu yer menga tanish, bir necha marta bo‘lganman. Yengil tin olib, hordiq chiqarishga o‘tirdik.
Quyosh har kuni shu cho‘qqi orqasidan chiqib, Toshqo‘rg‘onga salom berardi. Bugun unga qo‘l yetgudek joydaman. Qorning epkini sezilib turibdi, undan boshlangan buloq yonginamdan jildirab oqayapti. Uzoqda, kunbotish tarafda ona qishlog‘im harir parda ortidan ko‘rinmoqda. Kindik qoni tomgan, bosh ilk marta yerga tekkan joy haqida farzandlar qalbida iliq xotiralar yashaydi.
Men Toshqo‘rg‘onning bir oylab uzluksiz to‘y bo‘lgan shodon damlariga guvohman, yigirma ikki yoshimgacha yaxshi-yomon kunlarim uning quchog‘ida o‘tdi. Qadimiy qabristonda otamning mubo rak xoki uning tuprog‘iga qo‘shilib yotibdi. Bugun odamlarni sig‘dira olmagan ko‘chalar, maydonlar huvillaydi, uylarning o‘rnida ola ko‘zli chaqirtikanaklar o‘sgan. Kulbalarning qoldiqlari mozorni eslatadi.
Baland cho‘qqidan mavhumlik sari tikilib turarkanman, miskin tuyg‘ular qalbimni ezdi, faqat Ollohning irodasi bilan bu go‘shalar qayta obod bo‘lishi mumkinligini eslab, taskin oldim.
Toshqo‘rg‘onni viloyatda yaxshi bilishadi, o‘ziga xos shiringina ta’rifi – tarixi bor. «Bosmachi»lar unga qo‘l tegizmaganlar, chunki himmatli boylari – G‘ofir oqsoqol, Mamasharif o‘z xazinasidan ularni rozi qilib turgan. Madrasada tahsil olgan Eson domullo, mullo Abdurahmonlar haqida «Buxoroning yarim ilmini olib ketdi» deb gapirishar, ilm ahli o‘rtasida yechilmagan masala bo‘lsa, «toshqo‘rg‘onlik Kasal domullodan so‘ra» degan iboralar yurar ekan.
Keksa o‘qituvchi Jabbor Muhammadiyevning hikoya qilishicha, qishloqqa kelgan ilmiy xodim unga 1895-yilda chiqqan kitobni ko‘rsatgan. Unda sayyoh xotiralari keltirilgan. Jumladan, u Toshqo‘rg‘onda duch kelgan kishidan nari-beri o‘zbekchalab «G‘or qayerda?» deb so‘ragan. U odam ruscha javob qaytargan. (Ajab, mahalliy odamlardan rus tilini bilgan kim?)
Urush yillari chekka qishloq dorulomonlikda yashagan, uning «tuprog‘i ham don bo‘lib ketibdi» degan gap tarqalgan. Urushdan keyin ko‘p o‘tmay suv elektrstantsiyasi qurilib ishga tushirilgan, bu paytda viloyat markazida ham doimiy elektr manbayi bo‘lmagan. Dalalarida turli ekinlar, ayniqsa, kartoshkadan mo‘l hosil olingan. Kartoshka mislsiz ko‘p bo‘lar, tashib olishga Termizdagi harbiy gornizondan mashinalar (har safar o‘ttiztagacha) kelarkan. Odamlarning g‘ayrati shunday kuchli bo‘lganki, oddiy ish qurollari – bel va ketmon bilan avtomobil yo‘li qurgan (qariyb 70 kilometr). To‘rt metrdan kam bo‘lmagan kenglikda, o‘n metrlab qiyalikdagi cho‘ng tog‘ zaminini qirqib tushirish oson emasligini tasavvur qiling.
Yana ko‘plab maqtovlarga loyiq qishloq endilikda o‘rnida yo‘q. Bor bo‘lish ham, yo‘q bo‘lish ham qiyin emas ekan. Tanish so‘qmoqlardan zildek xotiralarni yuklab, qorong‘u tushganda qishloqqa qaytdik.
Hamrohlar bilan yo‘lda uchrashish imkoni bo‘lmadi. Uyda xuddi adam sahrosidan qaytgandek ko‘rishdik. Ma’lum bo‘lishicha, Nazar Qal’adaryo o‘zani bo‘ylab yo‘l boshlabdi, unga Yodgorning (u biz bilan edi) o‘rgatishlari yoqmay, o‘zicha yo‘l tutibdi.
Hammasi soz, gashtli davom etarkan. G‘ordan eson-omon chiqishdi, qiyin davr o‘tdi, bu yog‘i tez ketadi. Odamlarda g‘olibona kayfiyat, hayvonlarda… Manavi ayg‘ir anavi baytalga xushtor bo‘lsa kerak, hayvoniy ishq bilan sevadi chog‘i – tezagini iskab chunonam nash’a qiladiki, to‘xtab qolsa, o‘lsa – yurmaydi. Toychoqning otasi ham o‘zimikan? Birdan… oyog‘i daraxt tomiriga kirib qolgan ot gursillab daryoga quladi. Qo‘liga arqon ilashib qolgan odam ham siyrilmadan suvga tushib ketdi. Bor bo‘yi shalabbo bo‘ldi. Ko‘tarib qirg‘oqqa chiqarishdi. «Tani-joni sog‘» ekan. Hushi o‘ziga kelgach, ko‘zlariga yosh quyildi. Daryoda «jang» davom etardi, hamma suv ichida, yuk xaltalar qalqib yuribdi.
Qora to‘nli kishi qo‘lini beixtiyor salanglatib oqib borayapti, hoynahoy u behush yoki… bo‘lsa kerak. Qirg‘oqdagi odam yoshli ko‘zlari bilan uni aniq ko‘rdi va bor ovozi bilan «ketdi, ho-ketdi» deb baqirdi. Tog‘lar jarangladi, ota-onasi, bolalari bir zumda nigohidan o‘tdi-da, baralla o‘kirib yig‘lab yubordi. U uzoq diyda giryon qildi, «ketgan»ni ham tutib olishdi. U, aslida, oddiy yuk xaltasi bo‘lib, yirtilgan joyidan choponning yengi chiqib qolgan ekan… Bu kurash hammani charchatdi, toliqib manzilga qaytishdi.
Ertasiga charchoqlarni chiqarish, tabiat qo‘ynida dam olish uchun Ko‘hnaqishloq oromgohiga bordik. Ota-bobolarimiz pokiza, go‘zal joylarni ziyoratgohlarga aylantirganlar. Bu yer ham shunaqa. Uzoqdan qaraganda sutdek tuyuladigan Oqsuv bir kechada otilib chiqadi va bir kechada quriydi. Bu mo‘jizani hech kim «tutib olgani» yo‘q. Boshqa bir buloq bo‘yida Tursunxo‘ja eshonning qabri bor. O‘zlari Qarshi taraflardan bo‘lgan ul zot shu atrofdagilarning piri ekanlar. Surxondaryo tomonlik bir shayx bilan tortishib, olov yoqilgan lahmda namoz o‘qiydilar, joynamozning bir cheti sarg‘ayadi, xolos. Nafasi o‘tkir, ilmi zo‘r kishi bo‘lganliklarini naql qilishadi. «Xudodan qo‘rqaman, bo‘lmasa, daryoni teskari oqizardim», derkanlar…
Avgustning o‘rtalarida gilos, o‘rik endi pishibdi.
9 avgust ertalab usta Meyliqul Salohiddinov (u «Rulni ushlab qaridim», deydi) tog‘ yo‘llaridan avaylab, tekislikka tushirib qo‘ydi.
MA’RIFAT ILDIZLARI
Safarning navbatdagi bosqichi Kitob tumani hududidagi me’moriy obidalar – Xo‘jaisporos va Xo‘jainkana (Xo‘jailmkoni) qishloqlaridagi yodgorliklarga tashrif buyurish bilan boshlandi. Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, safar davomida qaysi aholi punktida bo‘lmaylik, ziyolilar bu yerdagi barcha tarixiy ashyolar va imoratlarni Temur, Temuriylar nomi bilan bog‘lab talqin qilishardi. Bu narsa shunchaki nisbat berib gapirish emas, balki har bir sharhning zamirida qandaydir haqiqat bor edi. Jumladan, shu yerlik Jo‘raxon Qudratovning ta’kidlashicha, Xo‘jaisporos qishlog‘idagi qabristonda jahongir bobomizning piri Shayx Shamsiddin Parranda dafn etilgan emish. Bir paytlar bu yerda 18 hujrasi bor madrasa qad rostlab turgan, keyinchalik uni buzib, g‘ishtlarini zavod qurilishida ishlatishibdi. O‘rnida g‘aribgina sajdagoh qo‘nqayib turibdi, aholi pul to‘plab ustini tunuka bilan yopibdi. Qabristonga kiraverishda azim tutga duch kelasiz, bunaqasi hech joyda yo‘q, aylanasini 7 kishi qo‘l ushlashib, arang o‘rab olishdi. Hovli tinch, salobatli sukunat hukmron, tilovat sadolari o‘zgacha tarzda yangraydi.
4–5 kilometr naridagi Xo‘jainkana qishlog‘ida chinakam mo‘jizaga duch keldik. Bu mo‘jiza odatdagidek vayrona holida edi, biroq shu tarzda ham juda ulug‘vor va mag‘rur tuyulardi. Naql qilinishicha, u Turonzamindagi eng katta kutubxonaning qoldiqlari ekan. Uning kunchiqish tarafida 6x8x2 metrlar hajmdagi sag‘ana bor. U sidirg‘a marmar bilan qoplangan. Shu qishloqlik fozil zot–78 yoshli otaxon Izzatullo Nazar o‘g‘lining hikoya qilishicha, mavlono Darvishning (ul buzrukvorning qabrlari Xo‘jaisporosda emish) o‘g‘illari mavlono Abduboqi, mavlono Abdulmajid, mavlono Abdulvohid shu yerda dafn etilgan ekanlar. Izzatullo ota ishonchli tarzda ilmiy dalillarni ham keltirdilar. Mavlono Darvesh hisorlik, mavlono Abdulboqi hij riy 1008-yilda, Abdulmajid 1022-yilda vafot etgan. Xonaqoh Buxoro xoni Abdullaxonning o‘g‘li tomonidan XVI asrning 40–50-yillarida qurilgan degan taxminlar bor. Buxoroda dorulfunun, bu yerda o‘rta o‘quv yurti bo‘lgan…
Albatta, bu faktlar ilmiy izohlanishi kerak. Axir tilga olingan ism-sharifli allomalar fan tarixida qanday o‘rin tutganini olimlarning aksariyati ham bilmaydi-ku! Xuddi soqov tarix kabi qarshimizda ulkan imorat mung‘ayib, sukut ichida turibdi. Uning shikasta devorlariga «mangulikka daxldor» yengiltak zamondoshlar o‘z ismlarini o‘yib yozishgan, ta’mirlash haqida hech kim bosh qotirmayapti, aksincha, uning hujralari buzilib, g‘ishtlari «Lenin 100 yilligi» maktabiga ishlatilgan, poydevori qo‘porilib, yo‘l o‘tqazilgan…
Haqiqatni esa tekislab bo‘lmaydi, u oddiy bir tarhda, nozik bir chizgida yashab kelmoqda. Do‘ppimiz yerga tushgudek bo‘lib koshinlarni kuzatar ekanmiz, bobolar zakovatining naqadar buyukligini his etib, o‘zimizning ancha kichik va ojizligimizni tan olamiz. O‘tmishimiz o‘z jarohatlari bilan ham ulug‘vor.
Mezbonlar iztirob bilan bizni qarovsiz va qadrsiz daraxtlar – qishloqdagi ikki noyob chinor tomon boshladilar. Ko‘chaning yuzarog‘ida ko‘kargan chinorlardan birining tanasi xuddi qoyaga o‘xshaydi. Urgutda ham, Sayramda ham bunaqasi yo‘q emish. Ikkinchisi esa 30-yillar oldin o‘z-o‘zidan yonib ketibdi. O‘rnida 30–35 kishi chordana qurib o‘tiradi, kesimi 10 metrlar bor. Ikki chinor ham, narigi qishloqdagi noyob tut ham davlat muhofazasiga olinmagan, alohida maxsus ro‘yxatga kiritilmagan. Bu «beparvolik»ning sababi ham noma’lum.
IKKINCHI G‘OR
E’tirof etish kerakki, safarimiz biz kutganchalik oson kechmayapti. Avvalo, Toshqo‘rg‘onda piyoda kezishlarning charchog‘i shundoq bilinib turgan sharoitda havoning harorati-yu, tushlikda miriqib ovqatlana olmaslik kabi kichkina omillar ham qo‘shilib, jismoniy toliqish sezila boshladi. Biroq shikoyatga o‘rin yo‘q. Safar endi yarimladi. Ik kinchi o‘n kunlikning dastlabki ikki kuni Chiroqchi tumanidagi «Qalqama» davlat xo‘jaligi hududida o‘tdi. Tarag‘ay, Langar qishloqlari, Amir Temur nomi bilan bog‘liq g‘or shu yerda joylashgan. Tarag‘ay (u Past, Yuqori deb ikkiga ajratilar ekan) qishlog‘ida jahongirning otasi Muhammad Bahodir tug‘ilganini ishonch bilan e’tirof etishdi. Govxona, Buzovot degan joylarda molxonalari bo‘lgani, soyga sig‘mas podalari shu dalalarda o‘tlagani haqida aytib berishdi.
Bizning dastlabki maqsadimiz g‘orni ko‘rish edi. Unga qo‘l yetgudek joyga borib ko‘ch-ko‘ronni tashladik. G‘orning jamolini ko‘rish uchun ikki yarim soat tirishib-tirmashib, yo‘l bosishga to‘g‘ri keldi. Og‘zi (kirish joyi) uzoqdan deyarli sezilmas, cho‘qqi bo‘ylab kelgach, ayiq inidek bir kavakka tirmashib chiqildi. Cho‘kkalab 30 metrlar yurilgach, tik qoyaning o‘rtasidan chiqib qolindi. Pastlab keta boshladik. Ilonizi yo‘l chetlarida yovvoyi bodom, g‘arg‘anak kabi butasimon daraxtlar, ravochning qurib qolgan «panja»lari uchrar, yerda mayda toshlar ko‘p edi. Sirpanib ketish mumkin, arqon juda asqotar ekan. Deyarli toshlarga suykalgancha 25 metrlar pastga tushdik va g‘orning asosiy qismiga yetib keldik. Uncha katta emas, bir kishi cho‘kkalab arang yuradi. Tobora kengayib boradi va zinapoyalar bilan (albatta, tabiiy) muntazam pastga qarab ketilaveradi. Shipdan suv tomib turibdi.
Yuz metrlardan so‘ng orqaga qaytdik. Aytishlaricha, bu g‘orning tubiga hali hech kim yetmagan, Samarqanddan chiqar emish. G‘orda uzluksiz odam yashagan izlari yo‘q, biroq u juda qulay joyda, uzoq-uzoqlar bemalol ko‘rinib turadi, 40–50 kilometrdan keyin Samarqand boshlanadi. Albatta, tarixiy va geografik manbalardan bu g‘or haqida ma’lumot to‘plash, uni tatbiq qilish kechiktirilmas vazifadir.
Langar qishlog‘ida Temuriylar davrini eslatuvchi ikki xonaqoh va bir masjid saqlangan. Qishloqqa kiraverishda Qadamjo ota ziyoratgohi mavjud. U haqda shunday rivoyatni aytib berishdi: qishloq valiysi Abul Hasan Ishqiya masjid devorini tiklayotgan, halfalar unga loy uzatayotgan edi. Ustoz uzatilgan loyni olmay turib qoladi. Sababini so‘ralganda «Bizga Makkai mukarramadan xirqayi muborakni olib kelayotgan karvon Amudaryoga cho‘kib ketayotgan edi, shuni tortib oldim. Ishonmasanglar, yelkamni ko‘ringlar, arqoni botib ketgan», deydilar. Rostdan, yelkada arqonning izi bo‘ladi. Elchilar Langarga kelishda shu yerda to‘xtagan. Kichkina uycha bor, unda oyoq izi tushgan tosh saqlanadi. Ishqiya o‘tkir ilmi bilan islom olamida dong taratgan edi va u xirqayi muborak bilan mukofotlangan. Xirqa 1956-yilgacha (?) Qamashidagi Langarota masjidida saqlangan. Hozir yo‘q.
Langar (Chiroqchi)dagi masjid devorlari ohaklangan, shifti juda chiroyli bezatilgan. Ichkarida 4 ustun mavjud, sahni keng, bahavo. Qishloq yuqorisidagi xonaqohlarning birida 5, ikkinchisida 8 qabr bor. Dafn qilinganlarning kimligi noma’lum. Aytishlaricha, bir paytlar marmar lavha bo‘lib, unda ism-shariflar yozilgan ekan. Lavha yo‘qolgan.
Shu narsa e’tiborni tortadiki, madaniyatimiz faqat kamsitilgan, zindonga solingan emas, balki talangan, g‘orat qilingan. Biz bo‘lgan qishloqlarda odamlar sag‘ana va xonaqohlardagi estalik toshlari, yodgorlik buyumlari olib ketilganini afsus bilan eslashadi. Bundan tashqari, har qadamda rivoyat, har bir so‘z, har bir voqea tilda muhrlangan. Faqat ularning hammasi diniy libos bilan o‘ralgan. Shunday ekan, bizning o‘tmish madaniyatimizni dindan ajratib tushunib ham bo‘lmaydi, diniy ilmlarni bilmay, tushuntirib ham bo‘lmaydi.
LANGAR DURDONASI
Munosabat… U ko‘p narsani hal qiladi. Agar uch birlik: bo‘y, en, balandlik va undan ma’lum masofa uzoqlikdagi kuzatuv nuqtasi orasidagi nisbatni solishtirsak, jismni (demak, borliqni) turlicha ko‘rish mumkin. Olaylik, qarshimizdagi gugurt qutisiga nazar solganda, birov suratini, boshqasi o‘t chiqadigan tomonini, uchinchi kishi esa hech narsani ilg‘amas ekan. Bizning safarimiz ham mezbonlarga turlicha ta’sir etibdi.
Maqsadimizni tushunib, hayajondan yig‘lagan kishilarni ham, «Yana komissiyami?» deb qochishlarni ham ko‘rdik. Sezimlarda shu haqiqat aks etib turardi: odamlarni qattiq qo‘rquv iskanjasi hali ham tark etmagan, «yuqori»dan kelgan har qanday zot ularga olabo‘ji bo‘lib ko‘rinadi. Shu tufayli deyarli har bir uchrashuvda niyatimiz xolis ekani, barcha tadorikni ko‘rib chiqqanimiz, hatto ko‘rpa-to‘shaklarimiz borligini ta’kidlashga to‘g‘ri kelardi.
Marshrutimiz o‘tadigan bir qishloq oqsoqoli ochiqcha og‘rinish bilan istiqbolimizga chiqdi. Chamamda, uni mehmonlar bezor qilib yuborgan, negaki, qir bag‘rida qo‘shqavatli shiypon, yonida go‘zal favvora bor. Nohiyaga tashrif buyurganlarning ko‘pchiligiga uni manzirat etishar, shu tufayli notinchligi bisyor ekan. Baxtga qarshi bizga ham shu yerda tushlik hozirlashibdi. Tansiq taomlarning bir zumda changini chiqardik. Oqsoqol tashvishga tushib qoldi va bizdan qutulish yo‘lini izlay boshladi. Bizning esa… yuradigan holimiz yo‘q. Maqsadimizni obdan tushuntirishga to‘g‘ri keldi. Yo‘q, qalbida millat sha’ni o‘lmagan ekan, so‘ngra shunday parvona bo‘ldiki, bu oqshom ancha dilkash kechib, toliqishlar bir oz yozildi.
Qamashida esa bizni «Buyuk ipak yo‘li» sayyohlari sifatida qabul qilishdi va, menimcha, shu tasavvur o‘zgarmay qoldi. Biroq tuman hududida joylashgan Langar ota ziyoratgohida bo‘lgach, eng nodir narsalar qo‘l yetmas joylarda yashirinishiga yana bir karra ishondik. Ko‘rganlarimiz ertaklardagi shoh saroylaridan kam emasdi.
Ikkinchi Langar Qarshi-Shahrisabz yo‘lidagi Qiziltepa qishlog‘i bekatidan 40 kilometr quyosh chiqar tomonda, daryo bo‘yidagi qishloq. Ancha xilvat, begona nazarlardan xoli joy bo‘lganidanmi, ulkan jome masjidi aslicha saqlanganga o‘xshaydi. Ayvoni kungay tarafda, 9–10 metrli o‘nta ustuni bor. Ustunlar ikki qator qo‘yilgan. Namozgoh ham xiyla keng, besh ustuni bor. Devori yerdan 2 metrlar chamasi rangin sopollar bilan bezatilgan. Naqshlarning o‘rtasida chuqurchalar bo‘lib, keksalarning eslashicha, kechasi yonadigan toshlar qo‘yilgan ekan. Masjidga qatag‘on yillar qo‘y qamalgan, g‘alla omborxonasi bo‘lgan. O‘sha paytda qimmatbaho nodir toshlar o‘g‘irlab ketilgan. Shiftida tilsimli naqshlar bor. Aytishlaricha, ularda 38 mamlakatning ramzlari aks etgan emish. Bular qanday davlat ekani, nega 38 taligi hozircha sir. Masjid tarixiga 650 yillar bo‘lgan deyishadi, u Muhammad Sodiq shayxga xos ekan. 68 yoshli otaxon Madullo Ha yit o‘g‘lining ma’lumotiga qaraganda, ul zotning shajarasi – Ilyos shayx – Muhammad shayx – Xudoyqul shayx – Abul Hasan (Ishqiya) shayx – Muhammad Sodiq shayx (1460–1545-yillar.) (Maxsus tahsil ko‘rmagan bu kishining aytganlari hazrat Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asaridagi dalillarga yaqin).
Masjid shikastlangan, ta’mirlangan, biroq bu ish o‘lda-jo‘lda. G‘alla omborxonasi bo‘lganda nishab tomonga surilib ketgan, 20-yillar oldin 7–8 metr balandlikda zinapoya shaklida tayanch qo‘yilgan, o‘tgan yil usti tunukalangan.
Bir soy narida maqbara mavjud, uning tevaragida 200 tupga yaqin xandon pista bor, shig‘il meva qilgan. Maqbaraning tarhi Samarqanddagi mashhur Amir Temur maqbarasiga o‘xshab ketadi. Eshikning ikki tarafida 9 ta ulkan, silliqlangan, oyatlar bitilgan toshlar qo‘yilgan. Ular 1,5–2 metr uzunlikda, 30–40 santimetr balandlik va kenglikda. Haqiqiy mo‘jiza ichkarida. Shiftdagi gumbazga to‘q qizil fonda oq ranglar bilan nozik naqshlar ishlangan. Bu yerda beshta qabr bor. Ularning uchtasida ikki metrlar chamasi 10–15 santimetr qalinlikdagi marmartoshlar tik qo‘yilgan. Ikkitasi sariq rangda (ehtimol, tilla suvidir), biri oq rangda (kumush suvidir). Tik toshlarga arab imlosida kattagina matn yozilgan. Ularning uchtasini Abul Hasan shayx, otasi va o‘g‘liga, eshik oldidagisini xalfaga, chap tarafdagisini Balx malikasiga (?) tegishli deyishadi. Qabr toshlari (erdagisi) qora marmardan, juda chiroyli naqshlangan. Ustiga qirmiz rang baxmal va oq surp tashlab qo‘yishibdi. Shu yerda 2 ta tug‘ (u 3 metrlar uzunlikdagi bilakdek yog‘ochga o‘rnatilgan, oq jezdan ishlangan, ochiq turgan besh barmoq ko‘rinishida) ham turibdi.
Langar masjidida Abul Hasan shayx (Ishqiya)ga taqdim qilingan xirqayi muborak saqlangan. U kitob, kuloh va chakmondan iborat bo‘lgan. Xirqai muborak ma’lum odamlar tomonidan yaqinda olib ketilgan, taqdiri noma’lum.
Bu yerda ko‘p narsa hayratli. Avvalo, xonaqohning o‘zi betimsol. Tashqarida ulkan toshlar borki, ularni bu tog‘ ichkarisidagi qishloqqa qanday kelib qolgani sirli. Aytishlaricha, eng katta qabrtoshi shu yerda ekan. Ko‘rdik, qora rangli, taxminan 250 x 50 x 40 santimetr o‘lchamda.
Atrof-tevarakda bu joyning mavqeyi juda baland bo‘lgan, yetti marta ziyorat qilsa, haj safariga teng bo‘ladi, degan gap bor. Langar Buyuk ipak yo‘lida joylashgan, deyishadi. Temur va Temuriylar davrida gullab-yashnagan, madrasa va maqbaralarda o‘sha davr me’morchiligining uslubi aniq bilinib turibdi. Bu mulohazalar ilmiy tadqiqotlar bilan yanada aniqlashtirilishi shart. Shundagina durdonaning siri ma’lum bo‘ladi.
KAYFIYAT
Bu safar o‘z mohiyati bilan «xalq ichiga yurish», jonli, haqiqiy hayot ila yuzma-yuz bo‘lish edi. Har bir soniya – yangilik, har qadamda qaytarilmas mo‘jiza. Bizni nimalar hayratga solmadi, deysiz. O‘lkamizning naqadar keng, bepoyonligi, odamlarning tanti, dangalligi, milliy ruh, islom dini shuuriga yengilmas kuch bilan talpinish, tog‘larning salobati-yu, bog‘larning malohati. Yigitlar mag‘rur, qizlar go‘zal edi. Yakkabog‘da Nasiba sochlarini mayda o‘rib, do‘ppi kiyib chiqdi. Unga gap otmagan, suratga tushirmagan kishi qolmadi. Shahrisabzda yoshi o‘tib qolgan Zoir shoir shunday pishqirib kuyladiki, hamma chinakam san’at qarshisida lol bo‘ldi. Yangi termaga ovozi va sozini keltira turib, «Bugun Temur bobomning ruhi madad berayapti, ko‘rasanlar, charchamayman», dedi.
Har go‘shada hayot davom etar, xalq o‘z udumlari, urf-odatlari doirasida yashardi. Bizning tashrifimiz butun ulusni beparvo qoldirmagani kabi, ma’rakalarning ishtirokchisi bo‘lishimizni astoydil istashar, to‘yxonaning to‘riga taklif qilishardi.
Qamashida baxt to‘yiga tashrif buyurishga to‘g‘ri keldi. Menimcha, kechaning eng muhim voqeasi ekspeditsiya a’zosining tabrigi bo‘ldi. Shundan keyin o‘zgacha jonlanish boshlandi, ikki so‘zning birida Temur nomi tilga olindi, hatto yosh kelin-kuyovni ilk farzandi o‘g‘il bo‘lsa, Sohibqiron nomi bilan, qiz tug‘ilsa Tegina deb atashga duo berishdi.
Shayton qishloq (Shahrisabz)da katta to‘y uchun tuzalgan dasturxonning eng obro‘li joyiga bizni o‘tqazishdi. Dasturxon shun chalar serobki, qo‘lni qo‘yishga o‘rin yo‘q. Shu yerda barcha bizga minnatdorchilik bildirib, tabriklab, ezgu istaklar izhor qilishdi. Jumladan, Surxondaryodan kelgan mehmon qadimiy Baqtriya davlati tarixini o‘rganish uchun ham shu holdagi safar zarurligini ta’kidladi.
Mirakida bizning tashrifimiz sharqona kurash bo‘yicha O‘rta Osiyo turniri ochiladigan kunga to‘g‘ri kelib qolibdi. Albatta, tantanali qismda buyuk bobomizning nomi bir necha bor tilga olindi. Bizning ekspeditsiya a’zolari qatnashayotgani eslatildi, Malik Murodov musobaqaga muvaffaqiyat tilab, nutq irod etdi. Kechqurungi ziyofat chog‘ida bu musobaqaga an’anaviy tus berish, Amir Temur nomida sovrin ta’sis etish istagi izhor qilindi.
Ammug‘on qishlog‘idagi baxt kechasida yosh oilaga ezgulik ramzi sifatida taqdim qilganimiz Sohibqironning surati eng qimmatli sovg‘a sifatida qabul qilindi.
Chiroqchida xudoyiga taklif qilishganda ham rad etmadik, borib fotihaga qo‘shildik.
Urgutda to‘yning maslahat oshiga qatnashdik.
Azbaroyi shuhratparastlik emas, xolisanillo dildan shuni istar edikki, bizning Amir Temur izlari bo‘ylab yurganimizni ko‘proq odam bilsin, ro‘shnolikdan, kecha taqiqlangan narsalar bugun ro‘yobga chiqqanidan hamma odam xabardor bo‘lsin. Zotan, avtobusimiz peshonasiga kuchli megafon o‘rnatib olish esimizga kelmaganidan afsuslandik. Shahar va qishloqlardan hayqirib o‘tganda, balki g‘aflat uyqulari buzilgan, o‘zligini anglash va uni qadrlash mavridi kelganidan sergaklanish boshlangan bo‘larmidi?
Biz nimalarni orzu qilmaylik, qanday ezguliklar tilamaylik, xalq o‘z azaliy yo‘rig‘ida kun ko‘rayotgan, mehnat qilayotgan, achchiqlanayotgan, kulayotgan bo‘ladi. Siz bilan men ba’zan to‘rsayib turamiz, xalqni beboshlikda ayblaymiz, tajang bo‘lamiz-da, zum o‘tgach, o‘zimiz ham unga qo‘shilib ketamiz. Hayot baribir go‘zal, yashash baribir totli! Bir narsani sezganmisiz, xalqimiz kulgiga naqadar o‘ch. Har bir qishloqning o‘z Afandisi, har bir oilaning o‘z latifasi (latifalari) bor.
Chambil qishlog‘ida qirq kishilik supada bir oqshomni kutdik. Qalqama suv omboridan tutib keltirilgan gulmohi baliqlari paydarpay pishib turibdi. Mezbon Qudrat aka, qo‘shni Toshpo‘lat shofyor ichakuzdi gaplardan olayapti.
Qandaydir yigit bo‘lar ekan, nomi laqabi bilan – Eshqobil paltara. Umri suruv orqasidan o‘tgan. Bir kun «ozib-jozib» Chiroqchiga tushib qolibdi. Bekorchilarga qo‘shilganmi, birov qistab borganmi, ichishni boshlabdi. O‘ttiz kosa pivo, 5 aroqni ichgach, o‘zini noxush sezibdi. Yana 2 aroqdan so‘ng fe’li buzilib, janjallashib qolibdi. Koshki birov eplay olsa? O‘n chog‘li militsioner qo‘lini qayirib, bo‘yniga minib, olib ketibdi. Ketaturib, «Bormayman, bilmaysanmi, tog‘da qo‘ylar egasiz qolib ketgan», deb baqirarmish. Uning xarxashalariga qaramay, qamab qo‘yishibdi. Eshikni qulflayotgan mirshabga qarab: «Hali kuningni ko‘rasan, mening peshonamdan Rashidov o‘pib ketgan», debdi.
Yangiboy polvon 2 vinodan bas boylashib, bir cholni eshagi bilan yelkasida ko‘tarib, magazinning oldigacha olib borgan ekan. O‘z o‘rnida afsuslanib, ana shunday pahlavon yigitlar hozir uchramayotganini eslab o‘tishdi.
Kulgi har qadamda bizga hamroh. Deraza oynasini tez-tez tozalab turishga ehtiyoj sezilganidek, dil shishasini ham bot-bot g‘uborlardan forig‘ qilib turish ko‘ngil ehtiyoji. Ba’zan kulgili voqealar o‘ylab topiladi, ba’zan qahqahaga sabab bo‘luvchi oldi-qochdilar ro‘y berib turadi…
Hotam boboning kelinlaridan biri adashib paxta yog‘ining ustiga kerosin solib qo‘yadi. Anchagina narsa isrof bo‘lishini ko‘zi qiymagan kelin ko‘pni ko‘rgan qaynotasiga maslahat soladi. Bobo «Buning yo‘li oson» deb ishga kirishadi. Hovliga katta qozon qurib, tagiga olov yoqishadi-da, aralashmani solib, qizita boshlashadi. Boboning «kashfiyoti» bo‘yicha, qozon qizigach, kerosin bug‘lanib chiqib ketishi, paxta yog‘i ajralib qolishi kerak edi. Issiqlik ortavergach, birdan qozondan «lov» etib olov ko‘tariladi. Hammasi yonib ketadi. Har qancha harakat qilishmasin, o‘chirib bo‘lmaydi.
…Shahrisabzga juma kuni tashrif buyurdik. Shu kuni jome masjidiga atrof-tevarakdan minglab namozxonlar kelishadi. Masjidni ko‘rish istagini bildirdik. Hali ibodat tugamagan ekan. Eshik – qibla tomonda, kirish noqulay (hammaning yuzi shu tarafga o‘girilgan). Kuta boshladik, biroq kinochilarning sabri chidamadi, kichkina darichadan ichkariga kirib ketishdi. Katta hovlida ming chog‘li odam namoz o‘qiyapti. Atrofni kuzatdik, ammo kirib olgan hamrohlarimiz ko‘rinmasdi. Sinchiklab qarasak, ular ham safda turib namoz o‘qishayapti. Yopiray, tahoratsiz? Sajdaga bosh qo‘yildi. Tizzalari bukilmaydi, hammadan do‘ngrayib qolishdi. Tizzalab tilovat qilish boshlandi. Chidasha olmadi, chordona qurib olishdi. Yuzlari bo‘g‘riqqan, harsillashardi. Ibodat tugagach, hamma qo‘shilib ketdi, ularni hech kim sezmadi.
…Tarag‘ay qishlog‘idan g‘orga chiqish ayni tush paytiga to‘g‘ri keldi. Sillamiz qurib, yarim yo‘lda to‘xtadik-da, paypoqlarni yechib, oyoqlarga dam berdik. Tohir aka kedadan oyog‘ini sug‘urar ekan, patak bilan qo‘shilib… pasport ham yerga tushdi. Uning varaqlari titilib ketgandi. Avtobusda kiyimlarni almashtirayotib, «Pasportim yo‘qolib qoldi», deb yuruvdi, paypoq bilan qo‘shib kiyib yuborgan ekan, 3 soat yuribdi ham, sezmabdi.
G‘uzorda shamollab qoldim, yoniga tish og‘rig‘i qo‘shildi. Dehqonobodga ketayapmiz-u, vujudim yonadi. Mezbon ifor, pudina, kashnich qo‘shilgan qatiqli osh keltirdi. Bir kosa ichdim-da, uxladim. Terlagach, hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib uyg‘ondim.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?