Текст книги "Амир Темур севган юрт"
Автор книги: Хаким Сатторий
Жанр: Исторические приключения, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 17 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
DEBDURLARKI…
«Yurgan – daryo» deganlaridek, safar davomida boshqa mo‘jizalarga ham ko‘plab duch keldik. Ayniqsa, rivoyatlar va boshqa hikoyalar kishining hayratini oshiradi. Ularda tasvirlangan voqealar aqldan tashqari, o‘ta fantastik bo‘lsa-da, qandaydir ichki kuch ishonishga undaydi.
Shayx Shamsiddin Parranda namozining farzini Makkada o‘qisa, sunnatini Kitobda ado etarkan.
Langar ota azonda turib, tahorat olmoqchi bo‘lganda shogirdlari suvni isitib qo‘yarkan. Bir qish kuni obtobaga qarg‘a qo‘nib, to‘kib yuboribdi. Ustozi oldida xijolat bo‘lishdan qo‘rqqan shogird idishni suvga to‘ldirib, qo‘ltig‘ida isitib turibdi. Shayxning qo‘li kuyibdi – suv qaynab ketgan ekan. Shunda jahllari chiqib «Ha, tirnoqqa zor bo‘lgur», deb qarg‘abdilar. Jahllaridan tushgach, «Endi aytilgan so‘zni qaytib olish yo‘q. Yaxshisi, sizga Qamashi tarafning shayxligini hadya etaman», debdilar. Qamashidagi Langar ota CHiroqchidagi Langar otaning shogirdlari bo‘ladi.
Imom Husan (ul zot Yazid bilan bo‘lgan jangda shahid bo‘lganlar)ning boshlari o‘rab kelingan joynamoz Kitobdagi Hazrati Sulton g‘orida saqlangan. O‘g‘irlab ketishgan. Hozir Ermitajda emish.
Xo‘jailmkonida Matendaran (Armaniston)dagiga o‘xshash katta kutubxona bo‘lgan (uning vayronalarini ko‘rdik).
Omonqo‘tonlik mullo Abduxoliqda katta, kichik tarix (kitob) bor.
Tarag‘aydagi Dunyotepadan zindon topilgan. Buldozer surayotganda og‘zi ochilib qolgan. Badbo‘y hid chiqib ketgan. Hech kim o‘rganmaydi, qiziqmaydi ham. Tepa tekislanganda mis kosalar, uzuk taqilgan barmoq suyagi topilgan.
Temurbekning otasi Muhammad Tarag‘ay dastlab Buzovotdagi qabristonga dafn etilgan, so‘ngra xoki Shahrisabzga ko‘chirilgan.
Kishmishtepa – Kesh shahrining qadimgi o‘rni. Odamlari juda buzilgan. Hazrati Jabroil bir kechada chappa qilgan. Eng katta mullasining uyi ochib ko‘rilsa, kelini bilan yalang‘och yotgan bo‘lgan.
Temur davrida o‘g‘rining barmog‘ini qirqib, qo‘lini qaynab turgan yoqqa tiqishgan.
Chillaxonaga kirib, qirq kun yolg‘izlikda yashasa (uzlatga chekinsa), Xudoning vaslini ko‘rish mumkin.
…«Bizning burchimiz – rivoyat so‘zlash, ishonish-ishonmaslik – sizning ishingiz», dedi bir roviy.
MUNOSABAT
Albatta, ikki tomonning bir-birini nechog‘lik tushunishi ko‘p narsani belgilaydi. Bizni hamma joyda samimiy qabul qilishdi, e’tibor bilan qarashdi. Shahrisabzning To‘damaydon, Miraki qishloqlarida mehmon bo‘ldik. Tarag‘ay (Chiroqchi tumani)da angrayib kutib olishgan bo‘lsa-da, so‘ngra chiqishib ketdik. Qudrat aka (Chambilda), Namoz aka (Qiziltepada), Eshquvvat Qilichev (Dehqonobodda) o‘z xonadonlaridan joy berishdi. Rahbarlar zarur ishlarini tashlab, hamrohlik qilishdi. Bunday paytlarda biz tariqcha g‘ayirlikni sezganimiz yo‘q. Zero, biz ham yurgan yo‘limizda hech kimning sha’ni-sharafiga tegadigan biror og‘iz gap qilmadik. Vaziyat nozikligini, istagan paytda bizni to‘xtatib qo‘yishlarini bilardik. Shunday bo‘lsa-da, g‘ayirlar har qadamda bor ekan.
Viloyat markazidagi yig‘ilishlarning birida bizga shubha bildirishibdi va iloji boricha jamoatchilik bilan yuzma-yuz qilmaslik haqida ko‘rsatma bo‘libdi.
Tarag‘ay qishlog‘ida barlos urug‘ining vakillari bilan uchrashish, ular bilan dildan suhbatlashish istagi bor edi, bizni esa «choy ichdirish» bahonasida laqillatib, hech kim yo‘q chekka bir soylikka boshlab borishdi. G‘uzorda karnay-surnaylar bilan kutib olishdi-yu, tunashga paxtazorlar ichidagi olis shiyponni taklif etishdi. Dehqonobod firqa kotibi hech kimga tayinlamay, uzoq tog‘ qishlog‘iga ketib qoldi.
Qarshida umuman e’tibor bermadilar, biz «tutib olgan»lar ham turli bahonalar bilan jo‘navorishdi (ular kelajak avlodga «Temur ekspeditsiyasi kelganda burilib ham qaramaganmiz» deb maqtanishlari mumkin).
Albatta, bizning ta’na qilishga, tanbeh berishga ma’naviy va «yuridik» haqqimiz yo‘q, faqat bu bir narsani yana bo‘rttirib ko‘rsatadi: olti yuz yil qoziq atrofida aylangan fil kishan olib tashlanganda ham yana to‘rt yuz yil (o‘lguncha) qoziq atrofida aylanaveradimi? Bizga nima uchun tahdid qilmoqchi bo‘lishganini bilamiz. Hali qo‘rquv sharpasi butunlay ko‘tarilgani yo‘q. Hali vatanni, millat sharafini sevish mansabdek lazzatli bo‘lgan emas. Qolaversa, «davrning aql-idroki va vijdoni» – qizil firqa hali harakatda! (Bu satrlar yozilganda KPSS va uning jangovar otryadi – O‘zbekiston Kompartiyasi so‘nggi kunlarini yashayotgan edi).
Baribir Qashqadaryo bilan xayrlashuv oqshomi juda fayzli o‘tdi.
TOG‘ VA CHO‘L MEHRI
Kasbi qishlog‘i juda ko‘p qadimiy manbalarda qayd etilgan, yirik qishloq (arabcha, qasaba – kichik shahar) sifatida izohlangan. An’anaviy hunarmandchilik izlari bor, u hamon davom etmoqda – Kasbi kulollarining san’ati vohada yaxshi ma’lum. Ko‘hna tarixga daxldorligining yana bir shohidi – kunbotar tomonda qadimiy qabriston mavjud. Unda bir qancha xonaqoh va sajdagohlar bor. Eng yirigi – Sulton Mirhaydar Amir Shamsiddin (vafoti – 1366-yil) ga mansub. Shu yerda ta’mirlash ishlari olib borayotgan qurilish uchastkasining boshlig‘i, moziy ixlosmandi Olim akaning hikoya qilishicha, majmuani ikki metrlar qalinlikda tuproq ko‘mib qolgan ekan (bu minoralardagi izlardan ham bilinib turibdi). Qazish ishlari nihoyasiga yetmagan. Keyinroq qo‘yilgan bir qabr tagidan ochilib qolgan qadimiy qabrni ko‘rsatishdi, u beshik shaklida g‘isht bilan terilgan, tuynugi bor, undan qo‘l tiqib ko‘rganlarida ayol kishining sochlari ilashib chiqqan. Ha, hali tuproq qa’rida ko‘plab sinoatlar bor.
Qazib ochilgan imoratlar o‘ziga xos me’morchiligi va juda batartibligi bilan ajralib turadi. Qabrlarda tarix bitilgan toshlar saqlangan.
Rivoyat qilishlaricha, Sulton Mirhaydar asli urganchlik bo‘lgan, Buxoroda ta’lim olgan. Uning tirishqoqligiga tan bergan domla qizini bermoqchi bo‘ladi, biroq ig‘vogarlar ishni buzgach, bosh olib Kasbiga kelib qoladi, qirq ustunli machit qurdiradi. Shundan boshlab rabot paydo bo‘libdi. Hikoya qiladilarki, Temur tashrif buyurganda oti suv ichib tursa, uning tanglayidagi xolni ko‘rib qolishadi. Keyin esa o‘g‘irlikda tuhmat qilishadi. Isbot so‘ralganda, «otimizning tanglayida xoli bor edi» deyishadi. Jahli chiqib, qabilani sahroga quvg‘in qiladi. Yo‘lda davom etadi-yu, uch kun ham yurib-yurib shu yerga kelib qolaveradi. Shunda Mirhaydar ota quvg‘in qilinganlarni kechirishni so‘raydi.
Majmuaning shimol tomonida Abdullaxon davrida qurilgan yopiq sardoba saqlangan, ichida muzdek suvi bor, biroq ichishga yaroqsiz. Gumbazining kesimi 30 metrlar, suv sathidan shiftiga 15 metrcha chiqadi. Janub tomonda ochiq sardoba izlari bor. Bu yer, aftidan, katta shahar yoki karvonsaroy bo‘lgan.
Keyingi ro‘shnoliklar tufayli e’tiqod hurligiga qaytish, ruhiy poklanish maskanlari – masjidlarni tiklash, yangilarini barpo etishga katta e’tibor berilayapti. Imonli kishilarning sa’y-harakatlari tufayli go‘yo chang qoplagan yaproqlar ustiga obi kavsar yog‘moqda.
G‘alaba qishlog‘ida (bu mavskanda tog‘dan ko‘chirilgan toshqo‘rg‘onliklar kelib joydashgan) hashar yo‘li bilan katta «Toshqo‘rg‘on» jome-masjidi qurilib, bir yildan buyon ishlayotgan ekan. Asosiy qismi toshdan (u Samarqand tog‘laridan tashib kelinibdi) tiklangan, zamonaviy beton plitalar bilan birga an’anaviy duradgorlik ishlari uyg‘unlashib ketgan. Bino kishining bahrini ochadigan imorat bo‘libdi. Archa ustunlari biz qadam qo‘ygan tog‘lardan keltirilgan. Bunday masjid Mug‘lon qishlog‘ida ham qurilayotgan ekan.
Kechqurun «G‘alaba» xo‘jaligi yoshlari bilan ekspeditsiya qatnashchilarining uchrashuvi bo‘ldi. Taassurotlar baham ko‘rildi, she’rlar o‘qildi, musiqa ohanglariga raqsga tushildi. Kecha ancha dilkash va samimiy o‘tdi, u o‘n besh kunlik safar yakuni, Qashqadaryo bilan xayrlashuv ramziga aylandi.
TUPROG‘I – TARIX URVOG‘I
Buxoro va Amir Temur!
Odatda, qadim tarix uchun ulug‘lik timsollari qiyoslanmaydi.
Deydilarki, o‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa. Agar mutlaq «qo‘l yetmas» cho‘qqilar haqida gap ketgudek bo‘lsa ham ular tarozining ikki pallasiga qo‘yilmaydi.
Bu ikki ism bizning qadriyatlarimizni, o‘zligimizni ifodalovchi ikki tushunchadirki, ular faqat yonma-yon va baqamti yashashi, bir-birini to‘ldirib turishi kerak. Istiqbolga chorlovchi ko‘plab nurli mayoqlar safida yana bir juft yorug‘ yulduzning borligi qanday soz!
Buxoro yillar shiddatini yengib, bardam yashamoqda, asrlar va yillar bu ko‘hna zaminga o‘ziga xos dastxatni turli shaklda chekkan: bugun yonma-yon joylashgan o‘n ikki ming kishi namoz o‘qishi mumkin bo‘lgan Machiti Kalon yoki shuncha kishini bir yilda aqldan ozdirishi mumkin bo‘lgan videosalon.
Buyuk jahongir ham asrlar to‘fonini pisand qilmay bardam yashayapti. Ne baxtki, undan qancha uzoqlashsak, yo‘llar unga shuncha yaqin olib bormoqda. Mangu barhayot ruhga hazor bor sallamno!
Hali Qashqadaryo baxsh etgan rangin tuyg‘ular qalb mulkiga aylanmay turib, «islom olamining quvvati» ostonadayoq betimsol hikmat bilan qarshi oldi. Ostona – Kogon shahrida barcha dinlar va mazhablar uchun muqaddas bo‘lgan (xalqaro ahamiyatga molik deyish mumkin, bunaqasi kam topiladi) Bahouddin Balogardon hazratlarining yodgorlik majmuasini chetlab o‘ta olmadik.
Aytish mumkinki, bu sohir go‘shaga qadam qo‘yish nasib etguncha ham dil iftixor hislariga lim-lim to‘lib ketgandi. Har bir yangi manzilda yana bir yangi mo‘jiza (hatto kashfiyot)ga duch kelinar ekan, beixtiyor entikasan, diydangga, mijjalaringga yosh qalqadi: har bir qarichi ma’rifat xazinasi bo‘lgan bunday aziz tuproq yana qayerda bor?!
Olaylik, bir qadam orqada qolgan Muborak shahrida oldimizni to‘sib xuddi Amriqo prezidenti o‘zgargandek bir yangilikni sig‘dirolmay to‘kib solishdi: Temur bolaligida suv tortgan Zanjirli quduq qo‘l yetgudek joyda, marhamat qilinglar (Bir uchrashuvda «Temur bobomizning o‘zi nom qo‘ygan Husen qishlog‘ida bo‘ldinglarmi?» deb so‘rashdi. Shunday paytda men Qashqadaryoni yaxshi bilmasligimdan, guruhimiz a’zolari esa tanlangan manzillarimiz xaritasi juda qashshoqligidan o‘kinib ketamiz). Qarang, odamzod 2 ming yillik tarixida yaratgan besh alpning biri Buyuk Temur bilan bog‘liq joylar farang yoki olmon tuprog‘ida emas… Muborakda! Ko‘ngil, iftixor kavsarini tomchima-tomchi sig‘dir va na’ra tortki, o‘tmishing go‘zaldir, unga merosxo‘r va loyiq bo‘lmasang – uyat!
Hazrati Bahouddin ziyoratgohida ixlos bilan kelganlarni har kuni uchratish mumkin, ular tabarruk quduqdan suv ichib, jonliq so‘yib, keng, bahavo ayvonlarda, hovuz bo‘yida, xos hujralarda tunab qolaveradilar. Bu joyning ruhi chinakam ma’rifat maskanini eslatadi.
Chap qo‘ldagi ulkan xonada bolalar savod o‘rganmoqda, u namozgohga tutashib ketgan. Asosiy machit ham yonma-yon. Yonlab o‘tib hovliga kirasiz, azbaroyi ixlos tufayli poyabzalingizni yechib tashrif buyursangiz, yana ham soz. Hovli ancha keng, 30 metrlar ichkarida qari tut tagida nuroniy otaxon ko‘rpachada og‘ir cho‘kib o‘tiribdi, u tinimsiz Qur’on tilovat qiladi. Bir qadam narida esa sag‘ana – Bahavo haqqul va din Naqshbandiy hazratlari va yaqinlarining qabri. Garchi qo‘l tekkizish va o‘pish savobdan emas, deb yozilgan bo‘lsa-da, marmartoshlar yaltirab ketgan, ehtimol qanchalab ko‘z yoshlarning izlari qolgandir.
Bunday joylarga, odatda, «ko‘zi ochilgan»lar keladi va o‘zlarini ruhan poklaydilar. Poklanish sidqidildan tavba-tazarru qilish yoki imon keltirish yoxud «ko‘ngil oynasini sho‘r ko‘z yoshlari bilan yuvish» orqali bo‘lishi mumkin.
«Dil – ba yoru, dast – ba kor» shiori hazrat Naqshbandiy tariqatining asosi. O‘zini haq yo‘liga armug‘on qilish, qalb gumbaziga muqaddas Qur’oni karimni naqsh aylash va dilni Ollohga band etish – birinchi shart shundan iborat.
Taklifimiz bilan imomxatib Muxtor hoji Abdullo suhbatimizga qo‘shildilar. Mukammal tarbiya, chuqur ta’lim, istiqbolli tahsil, fikrni band qilgan ma’no salmog‘i bu kishining nuroniy chehrasida, yuz ifodasida aks etgan, ul zot hali soyada qolib ketayotgan yangicha o‘zbek ziyolisi vakili. Musohaba ixlos, ruh ozug‘i, olam lazzati kabi mavzularda davom etdi.
Rivoyat qiladilarki, Temurning elchilari kelib, hazrat Bahouddinga xazina tugab qolganini aytishibdi. Hazrat machit devorining tubidan bir qop tuproq olib ketishni buyuribdilar. Xulosa – ixlos qilsang, tuproq ham oltinga aylanadi.
Niholni boshdan, bolani yoshdan tarbiya qilinglar – bobolarimiz shundoq demishlar. Pista, mag‘iz, xurmo chaynab, go‘dakning tili ostiga qo‘yilsa, u sut bilan birga yutilgay va bola pok bo‘lib o‘sgay.
Ko‘z ko‘radi, quloq eshitadi, til… Biroq barcha a’zolarning podshosi – qalb. Qalbning istagiga ko‘ra ko‘z boshqacharoq ko‘rishi, quloq… Shul sabab islom dinimizning butun borlig‘i qalb tarbiyasiga qaratilgan. Ovqat – jasad ozuqasi, qalb ozuqasi esa e’tiqod, uning suvi – Ollohga muhabbat, lazzati Ollohga xizmat…
Mana bu ism-shariflarning salobatli eshitilishini qarang: Buxoroda hazrat Said Mir Kulol o‘tgan, ul zotning 104 zabardast shogirdi bo‘lgan. Shulardan Bobo Samosiy, ul zotning ikki kuchli shogirdi: mavlono Orif Takkariy va Bahouddin Naqshbandiy bo‘lganlar.
Ushbu ma’lumotlar yana ham qiziq: Shveytsariyadagi dorulfununlarning birida tasavvuf kulliyoti bor, unda Naqshbandiy tariqati o‘rganiladi. Amriqoda Naqshbandiya jamiyati tuzilganiga ko‘p yillar bo‘lgan.
Biz, nihoyat, chorak soat hoji janoblari suhbatida bo‘ldik. Hammasi yangi, gard qo‘nmagan, insoniy tarbiyaga daxldor gaplar. Azaliy tarbiya usullarimizni, yo‘riqlarimizni xalqqa yetkazish vaqti kelmadimikan?!
…Buxoroda bizni «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm aktsionerlik jamiyati vakillari kutishardi. Bu jamiyat yangi istaklar hosilasidan bunyod bo‘lgan, ezgu maqsadlari bisyor. Hali yosh, juz’iy kamchiliklardan qat’iy nazar, istiqboli porloq. U jahon turizmining supermarkazlaridan bo‘lib qoladi. Viloyat yoshlar tashkiloti ham safarimizga katta rag‘bat bildirishdi, qo‘llab-quvvatlashdi.
Qadimiy shahar o‘z darvozalarini ochdi. Yurakda esa bir his tug‘yon urardi: Buxoro Temurning onasi Tegina begim Moh shahri, jahongir bu zaminga aslo tig‘ ko‘tarib qadam qo‘ymagan, aksincha, har safar piyoda kirib kelgan, tuprog‘ini o‘pgan, sig‘ingan. Jami farzandlar yo‘lini yoritib turuvchi quyosh – ona, Onajon! Saltanating mangu bo‘lsin.
Sayyohlar orasida «Buxoroni yuz kun tomosha qilish kerak», «Buxoroni tunda ko‘rmoq lozim», degan naqllar yurar ekan. Ikki choshgohlik safarimiz davomida Eski shaharning 3–4 jin ko‘chasini bazo‘r aylandik.
Buxoroda uchinchi daf’a bo‘lishim. Ilk marta Sharqning bu qadimgi shahri mo‘ysafid allomadek tasavvur qoldirgandi: muhitda o‘zgacha salobat hukmron, ko‘zing yo minoraga yoki qal’aning asriy devorlariga tushaveradi, ularda esa sirlilik va viqor. Ha, Buxoro – alloma, bu yerda dunyoning bor ilmi jamlangan. (O‘shanda Samarqand she’riyatdek jilvagar va nafis tuyulgandi). Ikkinchi bor esa shaharning turmush tashvishlariga sherik bo‘ldim. Bu safar yo‘riqchi (gid) Saidakrom aka (Sergey Sergeevich emas)ning sa’y– harakatlari bilan chinakam tanishuvga kirishish imkoni bo‘ldi.
…Mana, Labi hovuz, zinapoyalardan birida o‘tir-da, kechgacha xayol sur. Xohla ko‘chaning narigi betidagi Ko‘kaldosh madrasasining uslubiy betakrorligini, uning bugungi kunda mehmonxona sifatida foydalanayotganligini, ista jezdan quyulgan Nasriddin timsoli manzaraga qanchalik mazmun qo‘shgani-yu, ovqat qoldig‘ining burunni teshgudek hidi qayerdan kelayotganini zehningdan o‘tkaz. Nega hovuz chetiga ko‘proq tut ekilgan va ularning soni nechta? Bugun hovuz suvi ichishga yaroqsiz, o‘tmishda farosatli meshkobchilar undan qanday foydalanishgan?
Nodir devonbegi yoki Abdulazizxon madrasalarining peshtoqi (gumbazi) yettita, Ulug‘bek madrasasida esa beshta. Biror sinoat bormi?
Minorayi Kalonning (1127-yilda qurilgan) balandligi 46 metr. Shuncha narida usto Baqo mangu uyquda yotibdi. Ul zot avlodlarga aytib qoldirmishki, Minorayi Kalon ro‘zi qiyomatgacha sobit turg‘usidir. Mabodo, o‘shal to‘fon boshlansa, imoratim qabrim sari qulaydi va meni uyg‘otadi. Men go‘rdan chiqib, buxorolik yurtdoshlarimga najot yo‘lini ko‘rsataman.
Saidakrom aka Buxoro haqida muxtasar va tesha tegmagan gaplarni aytdi. E’tirof etishicha, bu muqaddas shahar tarixini ipidan-ignasigacha biluvchi kishilar ko‘p (ular «xalq tarixchilari» deb ataladi), hikoyalarini yozib olib, nashr qilish kerak. (Esimiz kirsa, shundoq qilamiz).
Jin ko‘chalarda, ariq bo‘ylarida, har bir g‘ishtda o‘tmish bo‘zlab yotibdi – e’tiborsizlikdan, g‘ayri rasm-rusumlardan. Hamma tartiblar adolat, insof, saxovatga qaratilgan edi, ular poymol qilindi.
Mir Arab madrasasining muazzam devorlari orasidan g‘isht qalab berkitib tashlangan bir teshikni ko‘rsatdi yo‘riqchi. Tarkib topgan an’anaga ko‘ra, muhtoj odam tirqishning oldiga kelib, o‘z tilagini aytib shivirlagan (masalan, «menga o‘n so‘m kerak»), bir zum o‘tgach, g‘oyibdan qo‘l uzatilib, o‘sha istakni so‘raganga tutqazadi. Odam ko‘rinmagan, bir og‘iz gapirmagan, negaki, muhtojlik sezgan odam xijolat bo‘lmasin, o‘z kamchiligidan ezilmasin. Va yana an’anaga ko‘ra qarzdor odam o‘sha pulni, albatta, qaytargan. Mir Arab madrasasi 1533–36-yillar ochilgan va shundan boshlab «ko‘rinmas odam» marhamatidan bahra olib kelishgan. Sho‘ro kelgach esa tuynuk taqa-taq yopib qo‘yilgan. Yangicha munosabat, davr qiyofasi bu.
Olam sir-sinoatga to‘la, har bir gap hikmatdan xoli emas. Kimdir «Bir vali 73 yildan so‘ng ro‘shnolik bo‘lishini karomat qilgan» deganida unchalik ishonmadik, biroq mana bu mo‘jizaga ishonmaslik mumkin emasdi. Abdulazizxon madrasasidagi masjidlarning biriga tashrif buyurganimizda mezbon mehroga ishora qilib, «Nimani ko‘ryapsizlar?» dedi. Yarim gumbaz shaklida o‘yilgan devor toqi bo‘rtik naqshlar bilan bezatilgan, tiniq oq rangda edi. «Hozir shu yerdan muazzin chiqib keladi», dedi Saidakrom aka. Nuqul jiddiy gaplardan aytib kelgan bu odamning hazili tang qoldirdi. Hamma mo‘jiza ilinjida tikildi. Dahlizga chiqdik, barcha chiroqlar o‘chirildi, 25 metrlar uzoqdan mehrobga tikildik, rostdan oq, katta salla o‘ragan, cho‘qqi soqol nuroniy bizga qarab turardi, lab, ko‘zlari ham aniq bilinardi. Yoqamizga tuflab, izoh so‘radik. Bo‘rtik naqshlar shunchalar simmetrik ishlangan ekanki, tashqaridan tushgan yorug‘lik sinib, soyada odam tasviri hosil bo‘larkan. Bu zakiy ijod hamon boqiy, yo‘lingiz tushsa guvoh bo‘ling.
Hayrat ichra orqaga o‘girildim, meni naqshinkor devor suyab turardi. Unda shunday yozuv bor ekan:
Olamni piyoda kezib chiqqanlar,
Ikki dunyo so‘zin dilga tukkanlar…
Buxoroda ko‘rib turganlarimiz: Chashmai Ayub, Ismoil Somoniy maqbarasi, Ark, Hovuzi bolo machiti, Namozgoh va oxirida Sitorai Mohi xosa – Yulduzlar va Oy maskani. Bu maskan mubolag‘adan tashqari hayratli edi: unda eng ilg‘or Yevropa va klassik (nodir) Sharq me’morchiligi uyg‘unlashib ketgan. Qurilish tugallangan yili – 1918. Agar binolar tarhi, ganj va yog‘och o‘ymakorligi Sharqdan, kursilar, pol, qandillar, munaqqashda ko‘zgudan foydalanilganini Yevropadan deya tushunsak, bu obida ming yillar davom etishi tayin bo‘lgan san’atga doya bo‘lishi mumkin ekan. Afsuski, inqilob…
Sitorai Mohi xosa – Sharq va G‘arb nodir san’ati qo‘shiluvining hozircha birinchi va so‘nggi namunasi.
Og‘ir xayollarni yelga sochay, deb yozgi ko‘shkka ko‘tarilamiz. Yog‘och zinalar o‘ttiztami, qirqta. Ko‘zimiz tushgan manzara esa… ko‘l bo‘yidagi shir yalang‘och xotinlar. Ma’lum bo‘lishicha, yodgorlik hududida sanatoriya bor, unda kiyimlarni yechib, gardanni O‘zbekistonning saxiy quyoshiga toblash mumkin ekan. Bu tadbir ijodkorlarining farosatiga tan bermadik.
Darvoza oldida tovuslar kuzatib qo‘yadi. Ular kamalak qanotlari bilan xufton bo‘lgan dilingizni ovlaydi. Kimdir shivirlaydi: «Bu g‘ishtlarga amir Olimxonning qadami tekkan». Yengil tin olib, gazsuv do‘koniga qo‘l cho‘zasan.
Mabodo, zulmatdan zeriksangiz, qalbingiz nur istagida bo‘lsa, Buxoroga boring!
Yuz kunda ham kashf etib bo‘lmas shahar haqida bir chimdim hikoya – shu.
SOHIBQIRONNING SHOH ASARI
Safar tizimida navbatdagi manzil – Samarqand belgilangan. Shu yerda biz marraga yetib kelgan bo‘lamiz, o‘z sayohatimizning savobini Sohibqiron ruhiga bag‘ishlab, mantiqan ekspeditsiyaning birinchi bosqichini tugallaymiz. (Holbuki, hali ikki kun bor. Temur darvozasida «XX asr varvarlari bilan jang qilish»imiz, homiylarimizdan biri – Jizzax trikotaj fabrikasi jamoasi huzuriga tashrif buyurishimiz kerak).
O‘zbekistonda Samarqandni ko‘rmagan yoki u haqda bilmagan esli-hushli odam topilmas. Ikki yarim ming yildan ziyod tarixga ega, asriy mezonlardan «er yuzining sayqali» degan ulug‘vor shuhrat bilan o‘tib kelayotgan bu bebaho maskan har kuni minglab odamlarni qabul qiladi, kuzatib qo‘yadi.
Biz bir chodirxayolga – Samarqandning birinchi raqamli fuqarosi jahongir Buyuk Temur faoliyati iziga tushgan 13 nafar zot tortanakdek qadim shaharga intilardik, ehtimol, shu ilinjda 18 kunni tog‘u toshlarda o‘tkazishga to‘g‘ri kelgandir. Bizni u yerda hech kim kutmasdi, shahar olamshumul yumushlar bilan band, buning ustiga bugun yakshanba, dam olish kuni. Biz Temur poytaxtining aziz mehmoni emas, balki «atoyi» (xalq iborasi – xudo ato etgan, kutilmagan) mehmoni bo‘lishni, bu muqaddas dargohga tilanchilardek saodat, iqbol umidida kirib borishni ep ko‘rdik. Zero, uning tarixiy shon-shavkati shunga undaydi, bizning qalblarimizda paydo bo‘lgan ilohiy timsol shuni talab qiladi: buyuk Sohibqiron dargohiga oyoq bilan emas, bosh bilan yurib borsa arziydi.
Qadrdon Buxoro tonggi soat 4 da kuzatib qoldi. Hammaning ruhi tetik, aytilgan vaqtdan hech kim kechikmay avtobusda hozir bo‘ldi.
Umuman, safar davomida bizni ko‘zga ko‘rinmas bir g‘ayrat tark etmadi. Hamma yumush – yuk bilan toqqa ko‘tarilish, suvi qochgan nonni buloq suviga bo‘ktirib yeyish, tunda yuqa uyqu-qopda tap-taqir yerda dildirab tong ottirish, 4–5 soatlab avtobusda kezish – hammasi gashtli edi. Go‘yo o‘tkir bir nazar bizni kuzatib turgandek, uning oldida taysallash, charchash mumkin emasdek tuyulardi.
Manzillar ham juda tig‘iz joylashtirilgan, bir kunda o‘tib ketgan joylarni 2–3 kun o‘rganish kerak ekan. Ijodiy ishga, hatto xotira daftariga biror narsa qayd etib qo‘yishga vaqt yetmasdi (bu xulosalar kelgusi yurishlarda hisobga olinadi, deb orzu qilaman). Uchrashuvlar, jonli muloqotlar kam bo‘ldi, demak, ma’rifiy vazifalar to‘la bajarilmadi. Tashkiliy ishlardagi nomutanosiblik ba’zan pand berdi.
Shu kun tortishuvlar bilan nonushtani Kattaqo‘rg‘onda qilishga kelishdik, biroq na oshxona, na choyxona ma’lum edi. Nahorda tanovul qilgan ovqatimiz shunchalar bemaza ekanki, ko‘ngilni aynitib, behuzur qildi.
Registonga yetishda ikki kilometrlar qolganda esa… benzin tugab qoldi. Taqchillik zamonida kuni bilan qolib ketish hech gap emasdi.
Xayriyat, ish oson ko‘chdi. Eng yaqin xonadon sohibi kimligimizni bilgach, shaxsiy mashinasidan so‘nggi tomchi benzinni ham olib bizga berdi. Boz ustiga astoydil choyga taklif qildi, birga yurishi shartligini, biroq uyida hashar borligini aytib, samimiy uzr so‘rab qoldi. Bor bo‘lsin hamiyat!
Dastlab Shohizinda majmuini ziyorat qildik. Bu joy o‘ziga xos marhumlar shahri. Jahongirning eng yaqin kishilari mangu makon tutgan go‘sha. Maqbaralarning ishlanishida takroriylik yo‘q, shakllar, ranglar marhumning tiriklikdagi suratu siyratini aks ettirib turgandek. Ko‘pchiligi xotin-qizlar marqadiga bino qilingan, bu, ehtimol, ayol oldidagi so‘ngsiz qarzlarni uzish istagidandir.
Odam ko‘p, turli toifa va dindan. Yuz ifodalari ham, demak, ta’sirlanish ham har xil: keng ko‘ylak kiyib, ro‘mol o‘ragan opalar shundoq paxtazordan kelgan bo‘lsa kerak, lablari tinmay pichirlaydi, aziz-avliyolarga sig‘inadi, biroq ranglarga, naqshlarga beparvo. Zangor ko‘z, kumush soch ayol esa rangin koshinlarga nozik barmoqlarini bosib, o‘z tilida nimalardir deydi. Shunchalar hayajondaki, ko‘zlaridan oqayotgan yoshga ham e’tibor bermaydi. Bir qadam, ikki qadam qo‘yadi-da, devorlarni silab, yig‘laydi, gapiradi. Uning hayajoni menga ham ko‘chdi, tok urgandek bir titroq vujudimni tebratib o‘tdi. O‘z kechinmasini yashirolmay oshkor bayon etayotgan, borliqni unutgan ayolni suratga oldim. U, ehtimol, Samarqand bilan tanishuvni Shohizindadan boshlagan, gapning rosti, bu joy amir saroyi emas, qabriston – shu tufayli kamtar. Mabodo, u Tillakori masjidini yoki Amir Temur maqbarasini ko‘rsa, qay ahvolga tusharkin?
Majmuaning to‘rida XI asrda qurilgan dahmalar mavjud. Pastroqda payg‘ambarimizning amakivachchalaridan Qusam ibn Abbos maqbarasi va qabri makon topgan. Kiraverishdagi qayraqochdan yasalgan mo‘jaz eshikni 1405-yilda eronlik usta Sheroziy yasagan, u hamon shakl-shamoyilini buzmay, ranglari o‘chmay turibdi, hali ham ta’mirga muhtoj emas ekan.
Qabr toshi nozik naqshlar bilan orolangan, so‘zlar bitilgan. Mezbon ulardan birini aytib berdi: «Musulmonlik yo‘lida halok bo‘lgan odam o‘lgan emas, u muslimlar qalbida yashaydi». Va aytishadiki, qabrning kunchiqish tarafida quduq – yer qa’riga yo‘l bo‘lgan. Uni 50-yillarda berkitib tashlashgan. Demak, biz bo‘lgan ikki g‘or Samarqanddan chiqadi, degan gap uydirma emas, uning zamirida haqiqat bor ekan-da.
Chillaxonaga tushdik, salqin va sokin… Tashqarida harbiylar navbat kutib turishardi. Ziyoratgohga odam tanlab qo‘yilmas ekan, shundanmi, yozuvlar, siniqlar. Holbuki, 60-yillargacha Shohizindaga faqat musulmonlar qo‘yilgan, ularga ham obdon tahorat olgach, ruxsat berilgan. Hozir esa… «san’at – xalqniki»-da…
Registon – dunyodagi go‘zal shaharlarning eng go‘zal go‘shalaridan. Men bu yerdagi imoratlarning inson qo‘li bilan bunyod etilganiga ko‘p-da ishonmayman. Ular butunligicha, go‘yo daraxtdek, go‘yo tog‘ qoyasidek unib chiqqan yoki osmondan tushgan. Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori madrasalari, mag‘rurlik tug‘i sifatida ko‘kka o‘rlagan minorlar.
Bu safar men ana shu joyda buyuk tog‘lar mahobatini, ulug‘vorligini his etdim. Tabiat – tengsiz me’mori a’zam. U bilan bahslashib bo‘lmaydi, faqat taqlid qilish mumkin. Qani, har bir me’mor tabiatning mingdan bir zakovatini o‘z imoratiga ko‘chira olsa, odamzot bunchalar vahshiylashib ketmasmidi?
Esimga tog‘lar orasidagi Amir Temur g‘orining ulug‘vorligi tushib ketdi. Muborak supada deyarli uxlamay tong ottirgan tunda mahobatli qoyalarga termulib, Registonni o‘ylagan edim, tog‘lar mamlakati qanchalar salobatli bo‘lmasin, mayin va mehribon tuyulgandi – hozir shu his qaytdi. Xilvat makondagi ona tabiatning nodir ijodi bilan betimsol Registon majmuida uyg‘unlik, hamohanglik sezdim. Buyuk me’morning tafakkuri cho‘qqilar viqori va ulug‘vorligini singdira, gavdalantira olgan. Biz hammamiz tabiat ning farzandlarimiz. U o‘z amri bilan bunyod etadi, o‘z xohishi bilan yig‘ishtirib oladi.
Samarqandda tabarruk, muqaddas joylar ko‘p, lekin ularning yuragi Amir Temur va Temuriylar maqbarasi. Bu yerda Turonzaminning shavkati, buyuk jahongir Amir Temur ibn Tarag‘ay mangu makon topgan. Hududsiz mamlakatlarda adlu imonni ustuvor etgan zot, «Kuch – adolatdadir» degan shiorni bayroq qilgan odil podsho, yer shariga sig‘magan qalb bir parcha qora nefrit ostida sokin uyquda yotibdi.
Qushlar bu ziyoratgohni aylanib uchadilar, odamlar bu dargohga xohlab va xohlamay tavoze bilan kiradilar.
Maqbara shifti sidqidildan ta’mirlanibdi. Uni 20 yillar oldin, maktab bola paytim ko‘rganman. Shunda xodalar qalashtirib tashlangan, kutgan mo‘jizamga duch bo‘lmagan va hayratim to‘zib ketgandi. Endi esa – qoyil, iste’dod tadriji, chinakam merosxo‘rlar bor ekan-ku!
Sohibqiron qabriga qo‘yilgan qora nefrit faqat Amir Temurniki bo‘lgani uchun mahobatli.
Pastga, qabrlar yoniga tushdik. Muborak Qur’on suralari yana bir guruh bandalar tashrif buyurganidan xabar beradi. Sukunat. Bobomizning abadiy uylariga tikilamiz. O‘sha mash’um «ochish» izlari bilinib turibdi. Oq tosh uch joydan darz ketgan.
Bizni ma’zur tut, Samarqand – qo‘riqlay va ulug‘lay olmaganimiz uchun. Haqdan tilagan murodiga yetadi, deydilar, hammasini joy-joyiga qo‘yuvchi farzanding, ehtimol, beshikdadir, ehtimol, eshikdadir. Sen baribir betimsolsan. Sendan falakka nur ko‘tariladi. Bu nurni dunyoning narigi tarafidan ilg‘aydilar, unga intiladilar, biz esa ko‘zi qamashgan odam holidamiz. Sening shavkating boqiy va illo Amir Temur ham mangu barhayotdir. Zero, asarni uning muallifisiz tan olmaslar. Senga butun ishqini baxshida etgan, qadami tekkan joydan jami ustalarni, mohirlarni keltirib, orolatgan, obro‘yingni boshida tutib, darvozalaringga didbonlar qo‘ydirgancha, bu shahardan hech kimning dili xijil bo‘lib ketmasligigacha ta’minlagan o‘g‘lingni unutib bo‘ladimi? Yillar xotiralarni xiralashtiradi, zamon yo‘rig‘i bilan voqealarni turlicha talqin qiladilar, lekin sen o‘z borlig‘ingcha turaverasan. Buyuk Temurning kimligini asrlar osha avlodlarga so‘zlayverasan.
Jahongir ona shahri Shahrisabzda qurdirgan Oqsaroy devorlariga, «Min shakka fi valayatino va karamatino fanzar ila imaratino» deb yozdirgandi. Hamohang tarzda shunday demoqchiman: «Kimki Temurning buyukligiga shubhalansa, Samarqandni borib ko‘rsin».
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?