Электронная библиотека » Умида Абдуазимова » » онлайн чтение - страница 1

Текст книги "Бир бола бор"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 21:20


Автор книги: Умида Абдуазимова


Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 3 страниц) [доступный отрывок для чтения: 1 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Umida Abduazimova
Bir bola bor

UMID

 
She'r o‘qimas bolajon,
She'rni qanday anglasin?
Nahot eshitmagan u
Onasining allasin?
 
 
She'r o‘qimas bolajon
She'rni qanday yodlasin?
Lekin qo‘shiqni tinglab,
Ohangidan shodlansin.
 
 
Mening bu bolajondan
Shu-chun ko‘nglim to‘q, axir:
Qo‘shiqni tinglab,anglab,
She'rga ochmoqda bag‘ir.
 

TELEVIZOR

 
Gulnoz tug‘ilgan kunda
To‘satdan chiroq o‘chdi.
Ayrim mehmonlar shunda
Tezroq ketishga tushdi.
 
 
Ularni to‘xtatib der
Xomush o‘tirgan Gulnoz:
-Televizor qo‘yaylik,
Uyni yoritar bir oz…
 
 
Televizorni qo‘yib
yuboring, oyi!
Ko‘rinadi hammaning
o‘tirgan joyi…
 

YULDUZLAR

 
Derazamdan kechasi
Osmonga qarab yotdim.
Son-sanoqsiz yulduzlar
Nurini tarab yotdi.
 
 
Ular bilan do‘stlashib,
Xayollarga cho‘mdim men.
Keyin xayr-xo‘shlashib,
Asta ko‘zim yumdim men.
 
 
Uzun xayol uyquga
Boshlab ketibdi, qarang.
Tongda tursam yulduzlar
Tashlab ketibdi, arang…
 

SO‘RI

 
Eshigimiz oldida,
So‘rida,
Qanday o‘ynar ekanmiz,
Ko‘ring-da.
 
 
So‘ri-so‘ri emas,
Ko‘k kemamiz.
Kapitan, matrosi yo‘q
Demangiz.
 
 
Bir yaxshilab joylashib
Olinglar.
Qani yo‘lga chiqdiik,
Xush qolinglar!..
 

SINOVCHI BOLA

 
Qarg‘a boqib ko‘rdi u
yuz yoshini ko‘ray deb.
Chinor ekib ko‘rdi u
ming yoshida yuray deb.
 
 
Qarg‘asi o‘lib qoldi,
issiqda lohas bo‘lib.
Chinori so‘lib qoldi
undan bo‘yi past bo‘lib.
 
 
Sinovchi bola endi
jo‘jani yurar sizlab.
Odamdek so‘zlashar deb,
yangi kashfiyot izlab.
 

MASLAHAT

 
Soat bir dam tinmay hech
Chiq-chiq etib yuradi.
Qolmay deb maktabdan kech,
Shavkat shoshib turadi.
 
 
Nonushta qilib tez-tez,
Qarab qo‘yar soatga.
Buni ko‘rgan jajji qiz
Muhabbat der Shavkatga:
 
 
-Aka, maylimi biroz
Men soatni to‘xtatsam?
Nonushta qilarsiz soz,
Shunda shoshilmaysiz ham…
 

MAKTABIM

 
Tashnadirman ilmga,
Yuraman seni maqtab,
Nur to‘shading yo‘limga.
Qadrdon ona maktab!
 
 
Mehring bilan yosh yurak
To‘lib-toshdi limmo-lim.
Bo‘lib bilimdon, ziyrak
Yulduzga yetdi qo‘lim.
 
 
Kitobingning har satrin
O‘qirkanman, dil cho‘g‘dir!
Degayman, bilimdan zo‘r,
Qudratli qurol yo‘qdir.
 

QIZGINA

 
Qarashlari beozor,
Qiziquvchan qizgina.
Ne deb, ne qilsak uqib,
Oladirsan tezgina.
 
 
Bolalikning baxt izlar
Yo‘llarida turibsan.
O‘zingdek pok, beg‘ubor
Xayollarni suribsan.
 
 
Yeru osmon orasi
Bilsang,bir laxzalik yo‘l.
Ona yerni asrashda
Shunday tiyrak, ziyrak bo‘l!
 

AKAMNING KITOBI

 
O‘qishlarim qiyindir
Bir-biridan.
Lekin "besh"im tayindir,
Algebradan.
 
 
"Besh" olmoqlik osonga
Tushmaydi rosti.
"Suflyor" ham bir og‘iz so‘z
Qo‘shmaydi rosti.
 
 
To‘g‘ri yozib qo‘yilgan
Javob kitobda.
Akam usta edi-da,
axir hisobda!..
 

OG‘RIQ TISH

 
Haydaralining tishi og‘ridi.
Oldirish uni ko‘p og‘ir edi.
Kecha-kunduzi lunjini ushlab,
Uzolmay qoldi hatto non tishlab.
 
 
Bu og‘riqlardan yurakni tig‘lab,
O‘zin tutolmay yubordi yig‘lab.
Shu singan, qora tish deb ezildi.
Tishi ham undan zo‘rg‘a uzildi.
 
 
Rosa quritib, tinkasini tish.
Band etdi doktor bankasini tish.
Endi turar jim ogoh etganday.
Dardning oldini oling,– deganday.
 

BAHOR YOMG‘IRI

 
Bulut ko‘ksini tilib,
Qo‘yvor,– deb shoshirasan.
Yerda-chi, sho‘xlik qilib,
Ariqni toshirasan.
 
 
Sen bahorning yomg‘iri,
Bahordek g‘uboring yo‘q.
Goh yog‘asan bemavrid,
Desak-da, xumoring yo‘q.
 
 
Charchatasan shaloblab,
Tiniq chashma, bulog‘im.
Bog‘cha opamlar boplab,
Cho‘zib qo‘ysin qulog‘ing!..
 

OYMOMA

 
Osmonga chiroqsan,oymoma.
Nimaga yiroqsan, oymoma?
Yulduzni yetaklab yurasan.
Nuringni etaklab berasan.
 
 
Yurishing o‘xshaydi kemaga.
Yiqilib ketmaysan nimaga?
 
 
Qayoqqa shoshasan har kuni?
Bildirib tun-kunning farqini?
 
 
Oymoma indamas, ehtimol,
Der, o‘zing kel, barin bilib ol.
 

KALIT QANI?

 
-Kalit qani, kalit qani?
Shu yerda turgandi-ya?
Shu kalitni Abdug‘ani,
Sherzod ham ko‘rgandi, a?
 
 
Yelka qisar Abdug‘ani,
«Sherzod kirdi,chiqdi,»– deb.
«Bundoq turib, mana bundoq
Cho‘ntakka qo‘l tiqdi,»– deb.
 
 
«Voy, bu nima, cho‘ntagimga
Tushib olgan kalit-ku!
So‘zlarimdan uyalgancha
Berkinib olibdi-ku»…
 

"AMALLAYAPMAN…"

 
Bir Alisherdan
Gap so‘rab ko‘ring.
Bijirlab ketar,
Deb,– siz jim turing.
 
 
Bir Alisherga
Buyuring-a ish.
O‘zim qilay, -deb
Orttirar tashvish.
 
 
Uyalib qoldim,
"Bolasan" deb man.
"-Bola bo‘lsam ham
Amallayapman!"..
 

YOMG‘IR

 
Go‘yo qo‘ng‘iroq,
hovli
Chuvillab ketdi,
 
 
Bolajonlar
bir-birin
Quvalab ketdi.
 
 
Qo‘ng‘iroq chalib
yana
Jimib qoldi yer.
 
 
Barglarni yuvgan suvni
Shimib oldi yer…
 

MASALA

 
To‘g‘ri ishlamabsan-ku,
Masalani, Vazira.
Kechagi "besh"dan keyin
"Ikki" qo‘yarkanmiz-da!"
 
 
Nega to‘g‘ri bo‘lmasin,
Axir, qarang yaxshilab.
Chunki bunisini ham
Dadam berganlar ishlab.
 

YIG‘LOQI

 
Yig‘loqi qiz emishman,
Menga shunday deyishdi.
Yig‘loqisan,-deb battar
Yoshim qo‘shib yeyishdi.
 
 
Yeyishdi yeganlarim:
Shirin kulcham, konfetim.
To‘g‘risi, yoshga qo‘shib,
Ularni o‘zim yedim.
 

TOZA JOY

 
Qorni ochsa yig‘lashni
Bilar ukam baqirib.
Qushchadek chug‘-chug‘lashni
Bilar bizni chaqirib.
 
 
O‘rnini xo‘l qilib u,
Yana dod-voy qiladi.
O‘zi jimjiloqdegu,
Toza joyni biladi.
 

GILAMDAN

 
Uyga kirdi Shavkatjon,
Oyoq-qo‘li chang, tuproq.
Polni yuvgandim hozir,
Jaxlim chiqdi-yu shu choq,
 
 
-Pol bosib kelgandirsan,
Deb so‘rasam ukamdan,
Deydi,-Xavotir olmang,
Yurib keldim gilamdan.
 

ATTANG-A!

 
Vazira vazifani
Bugun ishlab kelibdi.
Misolni oson yechish
Yo‘lin qaydan bilibdi?
 
 
Ustozi qoyil qolib,
Rahmat, desa, otangga,
– Dadam ishlab berganin
bildingiz, der, attanga…
 

KO‘ZGU

 
-Oyoq-qo‘ling shilingan,
Nazar solgin o‘zingga.
Axir yursang bo‘lmasmi,
Bunday qarab ko‘zingga?
 
 
-Ko‘zingga qarab yur, deb
Qiziq gap aytdingiz-ku!
Buning uchun endi men
Olib yuraymi ko‘zgu?
 

DADALAR

 
-Mening dadamlar doktor,
Mening dadam injener.
-Mening dadamlar yo‘qdir,
Oyim doim ishda, der.
 
 
-Dadam uydalar, kasal…
Dadam zavodda master.
-Mening dadamni bo‘lsa
Buvim piyonista der..
 

ICHINGIZDA

 
Aka, o‘qing kitobni
ichingizda.
Uxlay olmay yotganim
bilingiz-da!
 
 
Endi pichiringizdan
to‘ydim juda.
O‘qing-da, ichingizning
Ich ichida!
 

QULOQ

 
Abduxalil cho‘zilib,
Qizargan qulog‘ini.
Ushlagancha o‘y surib,
Takrorlar so‘rog‘ini:
 
 
Nega odam qulog‘i,
Tekis emas, burishqoq?
Dazmollasam dars chog‘i
Eshitarmi yaxshiroq?..
 

OYOG‘IM "YURAGI"

 
Voy-voylab, ushlab oyoq
Yig‘lab qoldi Alisher.
Ne gap? – deb, qilsak so‘roq.
Chuchuk tilda shunday der:
 
 
-Dumalab kelib tegdi,
Mashinam g‘ildiragi.
O‘shanga og‘riyapti
Oyog‘imning "yuragi…
 

ABDUMAJID

 
Abdumajid toy-toy,
Buvalari boy-boy.
Mol bozorga borganda
Olib kelar toy-toy.
 
 
Toyni minib kattakon
Ot qiladi, toy-toy.
Otni minib, hammani
Mot qiladi, toy-toy…
 

ABDUBOSIT

 
Abdubosit nabiramning
Ko‘zi juda suzuk-da!
Xusni uning nush xulqiga
Ko‘z qo‘ygandek uzukka.
 
 
Mehru oqibati o‘sar
Bo‘yi bilan barobar.
Akasi va ukasidek
Hamma unga barobar.
 

SAMIRA

 
Sen hali ulg‘ayib,
Oy qiz bo‘lasan.
Kulgusi shalola,
Soy qiz bo‘lasan.
 
 
Qo‘llarda xinolar,
Qoshlarda o‘sma,
Sochlari qirq kokil,
Boy qiz bo‘lasan.
 
 
Parivash chehrangda
Baxting balqadi,
Ko‘zingda momolar
Mehri qalqadi.
 
 
Ismi ham jismiga
Mos qiz, Samira.
Ishi ham, gapi ham
Rost qiz, Samira.
 

BIZGA O‘XSHAR

 
Yozda qaray olmasdim,
Quyoshga.
Tik qarasam to‘lardi
Ko‘z yoshga.
 
 
Qishda boshqacha bo‘lib
Qolibdi.
Bulutlarga o‘ralib
Olibdi.
 
 
Issiq kiyimlar kiyib
Yuribman.
Quyoshga tikka qarab
Turibman.
 
 
Yoqimli xayollarga
Berildim.
Quyosh bizga o‘xsharkan,
Deb bildim.
 

SAXIYLIK

 
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
Yozda quyosh, qish kuni
Qor bo‘ralab o‘tadi.
 
 
Quyosh so‘nar, qor tinar,
Oyning nuri-o‘shadir.
Quyoshdan qarz olib nur,
Nurga mehrin qo‘shadir.
 
 
Ayamaydi bo‘lishni,
Boshim uzra kulishni,
Tillaqoshdek tovlanib,
Kanda qilmas to‘lishni.
 
 
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
O‘rgatib saxiylikni,
Bor mehrini tutadi.
 

OYNI OLIB BERING

 
-Oyi, oyni olib bering,
Olib bering quyoshni.
Cho‘ntagimga oyga qo‘shib,
Solib bering quyoshni.
 
 
Bu gapingdan oy-quyoshning
Hushi uchib ketadi.
Seni ko‘rsa osmonidan
Suvga tushib ketadi.
 
 
-Suvga tushsa qarmog‘imni
Solib tutib olaman.
Xushi uchsa pufak qilib
Bog‘laydigan bolaman.
 
 
-Sen shunaqa hamma ishga
Qodir bola bo‘l, bolam.
Zukko, ishchan bolalarga
Charog‘ondir bu olam.
 

OYGA BORIB KELAMAN

 
Ko‘kka boqib Alisher,
Oy nimaga iliq?-, der.
Nega u tushib ketmas,
Nega uni tortmas yer?
 
 
Har kun qaygadir shoshar,
Yo‘l bosar,dovon oshar.
Yulduzlarni yetaklab,
Tunlari nur ulashar.
 
 
Ko‘rmadim hech tolishin,
Yakkaman deb nolishin.
Bizlar uchun buncha ko‘p,
Nurni qaydan olishin.
 
 
O‘ylab-o‘ylabAlisher,
Ko‘zin yumib shunday der:
-Hammasini bilaman,
Oyga borib kelaman.
 

SHAMOL

 
Shamol, shamol, hey shamol!
Menga ko‘rsatgin jamol!
Yaylovlardan oshib kel,
Daryolardan toshib kel.
 
 
Dengizlardan yetaklab,
Do‘l-jalani etaklab,
Saxrolarga quydirgin,
Tashnalarni to‘ydirgin.
 
 
Sochlarimni silab o‘t,
Baxtu omad tilab o‘t.
Dalalarni siypalab,
Dov-butoqni piypalab,
Shabnamlarni sochib uch,
Dovullardan qochib uch.
 
 
Yuragimga solib kuch,
Varragimni olib uch!
Shamol, shamol, hey shamol!..
 

CHAQMOQ

 
Chaqmoq chaqdi,
Chaqmoq chaqdi.
O‘t-o‘lanlar marjon taqdi.
 
 
Soching o‘sar yomg‘irda.
Qoning jo‘shar yomg‘irda.
Yalang oyoq, yur, qani!
Dalaga yugur, qani!
 
 
O‘t-o‘lanlar marjoni,
Qo‘ng‘iroqgullar joni.
Yomg‘irni chorlab kelar,
Qilichi porlab kelar.
 
 
Chaqmoq chalg‘itmoq bo‘lar.
Balki uyg‘otmoq bo‘lar,
Qo‘rqoqlarni qo‘rquvdan.
Uxloqlarni uyqudan…
 

BAHOR KELDI

 
Bahor keldi, hammayoq
isib ketdi.
Varragimni shamollar
uzib ketdi.
Maza qilib uchaman
arg‘imchoqda.
Ninachi-yu kapalak
bilan bog‘da.
 
 
Oyim issiq kiyin, deb
urishmaydi.
Sovuq suv ichmagin deb
turishmaydi.
Hatto yurishim mumkin
yalang oyoq.
Gullarga to‘lib ketdi
Hammayoq – bog‘!
Bahor!Bahor!
Bahooor!.. deb,
Vaqtim chog.
 

KO‘CHAT EKDIM

 
Bog‘imizda tantana,
Erta tongdan shomgacha.
Chumchuq qo‘nib oladi
Devor osha tomgacha.
 
 
Qushlarning ashulasi
Bir-biriga ulanar.
Qaldirg‘och tugul xatto
Bulbul navbat tilanar.
 
 
Qushlar bazmiga makon
Bobomlar ekkan daraxt.
Uzumlarpni asrolmay
Ba'zan buvimlar karaxt.
 
 
Uzum yetar hammaga
Deyman, bobomdek kulib.
Men ham ko‘chat ekaman
Daraxtga bola qilib…
 

VARRAK

 
Darillab turgan varrak,
Dir-dir titrab yugurdi.
Olib uch,– deb shamolga,
Oyoq-qo‘l tirab turdi.
 
 
Shamol unga ko‘nmadi,
Varrak sho‘ng‘ib tinmadi.
Qo‘l-oyog‘i yo‘q shamol
Oxir dedi, min mani!
 
 
Varrak uchdi osmonga,
Uchgan kabi osonga,
Parvo qilmasdan qo‘ydi.
Bo‘ynidagi tasmaga.
 
 
Ketting-a, deb kibrga,
Uni ta'qib etdilar.
Burnini ishqab yerga,
Uzr so‘rattirdilar.
 

QUYOSH KULYAPTI

 
Quyosh kulyapti
Bizga qarab.
Nurga to‘lyapti
Hamma taraf.
Quyosh bizniki,
O‘g‘il-qizniki.
 
 
Yashaymiz yayrab,
Nur bag‘rida.
Bulbuldek sayrab,
Yurt bog‘ida.
Quyosh bizniki,
O‘g‘il-qizniki.
 
 
Bolalarim desin hamma.
Baralla shunday
Desin hamma:
Quyosh bizniki!
O‘g‘il-qizniki!
 

1-SENTYABR

 
1-sentyabr
juda ulug‘ kun.
Quyosh nuriga
lim-lim to‘lug‘ kun.
 
 
Katta xarfda
yozilar abad.
Surati zarli
chizilar albat.
 
 
1-Sentyabr
ko‘kda balqqan oy.
Yashar avlodlar
baxtli, sog‘lom, boy.
 
 
1-Sentyabr,ayting,
qanday kun?
Istiqlol bergan
oppoq tongday kun!
 

QO‘YIB QO‘YING…

 
Bugun Go‘zal negadir
Maktabdan xafa keldi.
Buni ukasi Sadir
Hammadan avval bildi.
 
 
-Hisobdan Sobir aka
"Ikki" baho qo‘ydilar,
degani zamon unga
Ukajoni bidirlar:
 
 
-Anov Sobir akami,
Baxtiyorning dadasi?
Opa, bitta "ikki" deb,
Xafachilik nimasi?
 
 
Dadasiga o‘xshab siz
Bo‘lganingizda katta,
Qo‘yib qo‘ying o‘g‘liga
Shunday "ikki"dan bitta!
 

"JIM BO‘L!"

 
Muallim besh minutga
Chiqib ketdi eshikka.
Sinfligin unutgan
Xona o‘xshar beshikka.
 
 
Chayqalib to‘polonda,
U yon, bu yon borgudek.
Jim bo‘l,o‘zing jim!,– degan
Xitoblar bosh yorgudek.
 
 
Zamon so‘ylar Omonga,
Dildor Dilshod tomonga
O‘girilib bidirlar,
Aqlligin bildirar.
 
 
To‘polonda to‘ppisin
Yo‘qotgan bu bolalar,
Ayting, qanday jim bo‘lsin?
Alisher uyga tolar.
Hamma o‘zini tiysa,
"Jim bo‘l!" so‘zini tiysa.
 

"G‘UNCHA"SAN

 
Bolalikning hamrohi,
Baxti, ahdi, "g‘am", "ohi",
Sen "G‘uncha"san, gulg‘uncha,
Ochilmagan tuguncha.
 
 
"Gulxan"ning quchog‘idan,
Ilm-fan o‘chog‘idan,
O‘sib chiqqansan ko‘klab,
Yelkangga quvonch yuklab.
 
 
She'r yozib,rasm chizib,
Tengdoshlaridan o‘zib,
Harf tanigan jajji qalb
Seni o‘qir hijjalab.
 
 
Yosharib 50 yoshda
Istiqlol zavqi boshqa.
Yashayapsan mavjlanib,
Yangilanib, avjlanib!..
 
2007 yil.

BIRINCHI QOR

 
-Qara, ko‘cha, hovliga
Yog‘moqda oq kapalak.
Yur, tutamiz, Xolida,
Kapalakdan bir talak!
 
 
-Kapalak emas ular,
Ushlasang ketar erib.
Gullarga, chechaklarga
Ketar umrini berib.
 
 
Bog‘dagi dov-daraxtlar
Tomirida qondir u.
Shirin-sharbat mevalar,
Rizqimizga jondir u.
 
 
-Ko‘rganing birinchi bor,
Ukajon, birinchi qor!
 

YANGI UY

 
Yangi uyga ko‘chganda
Eskisi bo‘shab qoldi.
Xovlimizga daraxtlar
bargini to‘shab qoldi.
 
 
Kuz keldi-da, daraxtlar
sariq,-dedilar buvim.
Lekin negadir juda
xafa edilar buvim…
 
 
-Yuring buvi, yuring tez,
Yangi uy kutayapti!
-Xozir toy, bu uyimiz
xuvillab ketayapti…
 
 
Xayr dedik oxiri,
Xayr, sendan rozimiz!
Uy xo‘rsindi, "xa-y-r" deb
qaytardi ovozimiz…
 

TOLIB

 
Tolib o‘g‘il bola-yu,
Yig‘loqi.
Yig‘loqining bo‘lmaydi
O‘rtog‘i.
 
 
Hamma bezor bo‘ladi,
Yig‘lasa.
Xuddi bozor bo‘ladi.
Yig‘lasa.
 
 
Biling, bunday bolaning
Holi voy.
Bitta o‘zi qoladi
Tolibboy.
 
 
Yig‘lab-yig‘lab yuvadi
Yuzini.
Yig‘lab-yig‘lab ovutar
O‘zini.
 

ALLA

 
Dadam, oyim ishdalar,
Opamlar o‘qishdalar.
Tezda ular kelishar,
Shokoladlar berishar,
Shirinim, yuzing lo‘ppi,
Tinchgina uxla, xo‘pmi?
 
 
Buvijonimlar menga
Tikyaptilar ko‘ylakcha.
Men ham tikaman senga,
Guldor ko‘ylak, bo‘lakcha.
Asalim, yuzing lo‘ppi,
Tinchgina uxla, xo‘pmi?
 
 
Mening qo‘lim bog‘lamay,
O‘ynamoqqa chog‘lamay,
Qo‘g‘irchoqqinam, lo‘ppi,
Tinchgina uxla. xo‘pmi?..
Shirinim, yuzing lo‘ppi,
Tinchgina uxla, xo‘pmi?
 

KATTALAR

 
Opamlarga hecham men
Muz yemayman? degandim.
Lekin kecha picha men
Berkinib muz yegandim.
 
 
Og‘rib qoldi tomog‘im,
Issig‘im ko‘tarildi.
Lo‘qillab tish, oulog‘im,
Aybimni ayon qildi.
 
 
Shunda bildim, kattalar
Hamisha haq ekanin.
Endi qilay albatta
Ularning deganini.
 
 
Undaymas, bundaydir,– deb,
G‘amimni yeyisharkan.
Tajribaga suyanib,
Bilganin deyisharkan.
 

BOLAKAY

 
Endigina ikki oylik
Chaqaloqsan, bolakay.
Kulishlaring bir chiroylik,
Lek yig‘loqsan, bolakay.
 
 
Kir-chiring ham tushib turar
Kattalarnikidan mo‘l.
Oyijoning yuvsa agar,
Yig‘lab qolasan nuqul.
 
 
Jilmayishni ham bilarsan,
Ish orttirib, bolakay.
Yig‘lab butun tun, tinarsan,
Tong ottirib, bolakay.
 
 
Tongda esa emib miq-miq,
Pish-pish uxlab qolasan.
Endigina ikki oylik,
Lek mug‘ombir bolasan!..
 

SHIRINTOY

 
Shavatjonning sevgani
Shirinchoy, shirinchoy.
Shunga hamma der uni
Shirintoy, Shirintoy.
 
 
Ichar solib novvot, qand,
Shirintchoy, shirinchoy.
Qo‘l yuvmas berguncha pand,
Shirintoy, Shirintoy.
 
 
Qo‘li tugul, yuz, quloq
Shirali, shirinchoy.
Dangasa ham erinchoq,
Shirintoy, shirintoy.
 
 
Shunday qilsa bermaymiz,
Shirinchoy, shirinchoy.
Erkalatib demaymiz,
Shirintoy, Shirintoy!
 

SO‘RG‘ICH

 
Bo‘yniga ilib olib,
Sherzod so‘rg‘ich so‘radi.
Ertalab tura solib,
So‘rg‘ichini so‘raydi.
 
 
Guruchdek tishlar bilan,
Tishlab-tishlab qo‘yadi.
So‘rg‘ich turibdimi, deb,
Ushlab-ushlab qo‘yadi.
 
 
So‘rg‘ich esa mikrobga
To‘lib borar, bilmaydi.
Mikroblar bir bo‘lishib
Tilin yorar, bilmaydi.
 
 
Biyron bo‘lar tilini
Chuchuk qilar, bilmaydi.
Hammadan ham Sherzodni
Kichik qilar, bilmaydi!..
 

QANDAY SIG‘AMIZ?

 
Televizorda
kontsert beramiz.
Albatta ko‘ring,
o‘ynaydi Nargiz.
 
 
Ashula aytar
Abduhamid ham.
Xayajondamiz
bizlar halitdan.
 
 
She'r yodlayman men,
Alisher, Ramz.
Bog‘cha opamlar der,
biroz kammiz.
 
 
O‘n besh bolamiz,
deyman, hammamiz.
Televizorga
qanday sig‘amiz?..
 

BOLAM

 
Toza xonamni bolam,
Ivirsita qol.
Solib shovqinin olam,
Tinchligimni ol.
 
 
Sukunatni jaranglat
Billur shishadek.
Go‘yo shaxzoda Farhod
Tutgan teshadek.
 
 
To‘poloning qalbimning
hovurin bossin.
Yolg‘izlikning yovlashgan
Dovulin bossin.
 
 
Terak yaproqlaridek
Sezgir et, bolam.
Terakdek adl tursin
Sarvi qad olam.
 

AZIZA

 
Aziza qiz, Aziza,
Nega buncha aziz-a?
Ertak aytib buvisi
Paypoq to‘qib beradi.
Ammasi-yu xolasi
Kitob o‘qib beradi.
 
 
Dadasi har kun unga
Olib kelar xo‘rozqand.
Oyisi kecha-kunduz
Bo‘lar uning bilan band.
 
 
Yig‘loqimas Loladay,
Yo Xol degan boladay
Araz nima bilmaydi,
Egnini kir qilmaydi.
 
 
Doim kulib turadi,
Qo‘shiq aytib yuradi,
Aziza qiz, Aziza,
Shuning uchun aziz-da!
 

ABDUHAMID

 
Abduhamid toy-toy
Tura qolsin, tura qolsin.
Bitta-bitta qadam bosib
Yura qolsin, yura qolsin.
 
 
Katta-kichik o‘rtoqlari
Katta yo‘llar ochishadi.
Shirin kulcha yumalatib,
Qo‘g‘irmochlar sochishadi.
 
 
Do‘mbir-do‘mbir qilib o‘zi,
Bolalarga yeta qolsin.
Qoqilmasdan, yiqilmasdan,
Yo‘lin topib keta qolsin.
 
 
Suv ichishga, loy kechishga
Darrovdan yo‘l solmasin-a!
Ammalarning, xolalarning
Kulgusiga qolmasin-a!
 

BIR BOLA BOR

 
Bir bola bor, bir so‘zli,
Oyoq-qo‘lli, qosh-ko‘zli.
Bir ish qilsa tolarmish,
Chunki u yosh bolamish.
 
 
Ish buyursang chap berar,
Ammo o‘zi gap berar:
-Olib qo‘ying tirnog‘imni,
Yuvib qo‘ying oyog‘imni.
 
 
Kiygizing paypog‘imni,
Kiygizing qalpog‘imni.
Tugmachamni taqib bering,
Yong‘og‘imni chaqib bering.
 
 
Oq qandimni olib bering,
Piyolamga solib bering.
Botinkamni artib bering…
-Bu bola kim, aytib bering?
 

SHALOLA

 
Tog‘dan chopib tushar sermavj shalola,
Yo‘l-yo‘lakay jo‘shar, sho‘xligi ortar.
Quyoshda tovlanib ming xil jilo-la,
Butkul maftun etar, xayolim tortar.
 
 
Yo‘llari to‘siqli, tosh, qoya, ammo
Olovli qalbiga kor qilmas mutloq.
Ot solar manzili tomon doimo,
Hayotin hal qilib, olgancha saboq.
 
 
Va oqar sho‘x kuylab, bo‘lib jilg‘a, soy,
Ko‘plarga nafi bor, bordir keragi,
G‘oyat hur, g‘oyat zo‘r, xo‘p husnga boy,
Тoshadi, jo‘shadi, tinmay yuragi.
 
 
So‘ng daryo bo‘lib u bag‘rida zamin,
Hayot kuyar har chanqoq piyolaga.
Kelajagim shu daryo kabi vazmin,
Yoshligim-chi, o‘xshaydi shalolaga.
 

ZULAYHO

 
Hammaga kulib turgan
Bu qiz kim bo‘ldi?
Buncha go‘zal ko‘ylaging
Desak jim bo‘ldi.
 
 
Ko‘ylagimdan emas, siz
Baxtimdan ayting.
O‘qi, izlan, ulg‘ay,– deng,
Vaqting naqd payting.
 
 
Ko‘zlaridan so‘zlarin
Tushunib oldik.
Bu qizga kattalardek
Ishonib qoldik.
 
 
Endi uni qizcha deb,
Erka qilmaymiz.
Balki maslahat so‘rab,
Do‘st deb bilgaymiz.
 

AKA-UKALAR

 
Abduvohid, Abduhamid
Aka-ukadir ular.
Sho‘xlikda naq jiyron toychoq,
Misli takadir ular.
 
 
Bir pasda uy to‘s-to‘polon
Bo‘lib ketadi ba'zan.
Qoshiq uchib, choynak tushib,
Chil-chil sinadi vaza.
 
 
Shunda aka Abduvohid
Jiddiylashib qoladi.
Abduhamid ukasini
Sekin yo‘lga soladi.
 
 
Singan chinni bo‘laklarni
Yig‘diradi ukaga.
Oyijoni ishdan kelgach,
Ish topilar akaga.
 
 
U vijirlab ayta qolar,
Singan guldor vazani.
So‘ng ortidan
qo‘shib qo‘yar,
Kechiring, – deb bizlarni.
 
 
Qanday qilib oyijoni
Koyir qora ko‘zlarni?
Tan olishib, ayblarini
Bilishdi-ku o‘zlari.
 
 
Aka-uka erta-indin
Katta yigit bo‘lishar.
Sho‘xliklarin eslab bir-bir
O‘zlaridan kulishar.
 

BOLASAN

 
Yiqilsang yig‘lamaysan,
Chunki katta bolasan.
Shu ketishing bo‘lsa gar,
Chindan katta bo‘lasan.
 
 
Rost, hozircha bolasan,
Dashnomlarga tob bergan.
Kattalar xo‘rozqandu
"Jevachka"lar obergan.
 
 
Yig‘lab kelma eshikdan,
Do‘st orttirib kel, balki.
Nur tushar har teshikdan
Yog‘ilsin quvonch, kulgi.
 
 
Seni asrab-avaylab,
O‘stirganni shodlantir.
Ertangi kunga shaylab,
Yaxshilikka otlantir.
 
 
Dushmanni do‘st qil, do‘stni
Ko‘paytirib yashagin.
O‘xshasang faqat bolam,
Sen otangga o‘xshagin.
 
 
Lekin sen o‘yinchoqmas,
Qo‘g‘irchoq ham emassan.
Mening shirin ukamsan,
Nega akam demassan?
 

ABDUJALIL

 
Abdujalil toychog‘im,
Chop,-desam, chopib ketar.
Akalari o‘ynagan
Joylarni topib ketar.
 
 
O‘ynab-o‘ynab o‘ylagan
Orzulari ushalgan.
Akalari o‘ynagan
Joyga maysa to‘shalgan.
 
 
Akalari o‘rnini
Toy bo‘lib bosar, bolam.
Zo‘r bo‘lib, polvon bo‘lib,
Kundan-kun o‘sar bolam.
 
 
Ko‘lmaklarda to‘xtamay,
Dengizlarga shoshar u.
Yurt g‘ami, el ishqida
Dovonlardan oshar u.
 
 
Yulduz kabi charaqlab,
Boshimizdan sochar nur.
Bizning o‘g‘il shunaqa,
Yurakka solar g‘urur.
 

UKAJONIM

 
Kulcha yuzingdan o‘pdim,
O‘pdim do‘mboq qo‘lingdan.
Ishlarim juda ko‘pdir,
Sen qoldirma yo‘limdan.
 
 
Sen "inga"lab tinmaysan,
Yo demaysan so‘zingni.
Alla aytsam ko‘nmaysan,
Yumaqolib ko‘zingni.
 
 
Ovutib o‘tiraman,
Deb yoningda zerikdim.
Ovunib o‘tiraman,
Deb yig‘ingdan bezidim.
 
 
Sen qo‘g‘irchoq bo‘laqol,
O‘yinchoq bo‘laqol sen.
Men istasam uxlab qol,
Istasam kulaqol, sen.
 
 
Lekin sen o‘yinchoqmas,
Qo‘g‘irchoq ham emassan.
Mening shirin ukamsan,
Nega akam demassan?
 

ABDUVORIS

 
Jajjigina bir chaqaloq,
Abduvoris.
Ko‘zlari tim qora munchoq,
Abduvoris.
 
 
Uyidagi yosh-qariga
Erkatoydir.
Xush ko‘rgani shirin gurunch,
Shirin choydir.
 
 
Bo‘tqasini to‘ksa ham
Urishmaydi.
So‘rg‘ichin yoqotsa ham
Urishmaydi.
 
 
Bobosiga o‘xshaydi-ya,
Deyishadi.
"Bobo o‘g‘lim, otam" deya,
Sevishadi.
 
 
Alla aytib uxlatadi,
Oyijoni.
Erta turib, kech yotadi,
Oyijoni.
 
 
Kuni bo‘yi ovorasi,
Buvijoni.
Eng kichkina nabirasi,
Buvijonning.
 
 
Jajji qalbi yaxshiliklar
Ko‘rib o‘sar.
Jajji qalbi yaxshilikka
Ko‘nib o‘sar.
 
 
Yaxshilika qilar amal,
Abduvoris
Katta bo‘lib olsin avval,
Abduvoris.
 

ABDULBOSIT

 
Abdulbosit toy bola,
Quyosh bola, oy bola.
Hammaga nur ulashar
Toshqin daryo, soy bola.
 
 
Ammo birdan hammaga,
Tog‘a, xola, ammaga,
"Ket"deb,– yig‘lab baqirdi,
So‘ngra "kel" deb chaqirdi.
 
 
Na bir gapga ko‘ndi, u,
Na bir ishi undi, u,
"Yig‘la" dedi, "kul" dedi,
Go‘yo hamma qul edi.
 
 
"Dod-voy" qilib toldi-da,
Keyin uxlab qoldi-da,
Uyg‘onganida qaysar
Bu bola yo‘qoldi-da,
 
 
O‘rnida shirin so‘zli,
Kuluvchan, munchoq ko‘zli,
Bola qoldi bol naqshi,
Botartib, ochiq yuzli,
 
 
Kattani hurmat qilar,
O‘zin o‘rnini bilar,
Bolaga aytdik tahsin,
Vaqtida uxlash yaxshi!
 
 
Bolalikning taxtida,
Quvnab yursin baxtida.
Talmovsirab yurmasin,
Uxlamay o‘z vaqtida!
 

BOTIR BOLA

 
Televizor minoriga
Minib varrak uchirganman.
Xayvonot bog‘iga filni
Xindistondan ko‘chirganman.
 
 
Futbol o‘ynab to‘p tepgandim,
Samolyot urib ketgan.
Kubiklardan uy qurgandim,
Vertolyot surib ketgan.
 
 
U qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa
Del'fin minib o‘tganman.
Qarmoqdamas, qo‘llarimda
Laqqa baliq tutganman.
 
 
Yana qancha ish qilganman,
Aytaversam vaqt yetmas.
Lek hayronman, so‘zlarimni
O‘rtoqlarim rost demas.
 
 
Rost demasa deyishmasin,
Bir kun rost deb qolishar.
Axir bir kun kimligimni
Ular bilib olishar.
 

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> 1
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации