Электронная библиотека » Умида Абдуазимова » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Бир бола бор"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 21:20


Автор книги: Умида Абдуазимова


Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +

TINCHLIK NIMA?

 
Bolajonim, sho‘xliging,
Sog‘lomliging tinchlikdir.
Usti but-u to‘qliging,
Polvonliging tinchlikdir.
 
 
Qo‘lidan yaxshiliklar,
Yangiliklar tez kelar,
Unib ezgu tuyg‘ular,
Ulg‘ayar hur sezgilar.
 
 
Dunyodagi yaxshilar
Urushga choh qazirlar.
Gullarga, daraxtlarga
Tinchlik so‘zin yozarlar.
 
 
Gul bo‘lib, daraxt bo‘lib
O‘sib boradi Tinchlik.
Urush – xalokat yo‘lin
To‘sib boradi Tinchlik.
 
 
Tinchlik aka-ukaning
Ittifoqi demakdir.
Qo‘ni-qo‘shni bir-birin,
Tashvishini yemakdir.
Buvijonni qaritmay,
Yoshartirar dam-Tinchlik.
Bilsang, ibn Hattobdek
Sehrli odam-Tinchlik.
 
 
Ota-ona, do‘st-yorga
Iltifotda bo‘lmoqdir.
O‘zbek, qozoq… Hamma el
Ittifoqda bo‘lmoqdir.
Seniki, meniki deb
Bo‘lsak butun dunyoni,
Bo‘linadi Yerimiz.
Bo‘lib bo‘lmas havoni.
Axir havo bo‘lmasa,
Ayting, qanday yashaymiz?
Bizlar-do‘stmiz, oshnamiz.
Biz tinchlikda yashaymiz,
Biz tinchlikka tashnamiz.
 

TINCHLIK BO‘LSIN!

 
Buncha sho‘xsan,ukam Narimon,
Bir nafas ham bilmaysan tinim.
Kun-uzzukun chopqillab har yon,
Qachon uxlab topasan qo‘nim?
 
 
Goh saylaysan birimizni "ot",
O‘zing esa abjir "chavandoz."
Qulochingni aylab keng qanot,
Osmonlarda qilasan parvoz.
 
 
Goh sakrab, goh umbaloq oshib,
Mag‘rur kulib boqasan bizga.
Zavq-u shavqing tobora toshib,
Hayrat qo‘shding hayratimizga.
Kundan-kunga ortar sho‘xliging,
Ortar yuzlaringning qirmizi.
Quvnoqliging ko‘rib, degaymiz,
Tinchlik quchsin butun yer yuzin.
 
 
Agar bo‘lsa olamda tinchlik
Bolajonlar o‘sar sho‘x, shodon.
Bizning yurtda katta-yu kichik,
Baxt jarchisi, tinchlikka posbon.
 

BOTIRTOY

 
Hech to‘polon qilmas kim?
-Botir-da!
O‘tirgani o‘tirgan bir yerda.
Tagi isib ketmasmi o‘tirib?
Ichi qizib ketmasmi o‘tirib?
Xarakatsiz botirlar puch bo‘lar.
Harakat qil, harakat, kuch bo‘lar!
deb Botirni turtamiz o‘yinda.
Axir o‘tiraverish qiyin-da.
 
 
Yo yiqilib yig‘lasin, yo kulsin.
Toychoqdek chopib teri to‘kilsin.
Botir bo‘lsa bizlardan dod,-deydi.
Koptogingni nariga ot,-deydi.
 
 
Mahkam yopishib olar stulga.
Yana battarroq qolar kulguga.
Rasmini o‘yib qo‘ydik, sezmadi.
Knopka qo‘yib qo‘ydik, bezmadi.
 
 
Sal labi bujmaydi-yu, O‘tiraverdi.
Jiminglar, deb aytdi-yu o‘tiraverdi.
Tag‘in oti Botirmish, yo‘q, Jiyda!
Qachon bo‘lar ekan-a, to‘q jiyda?
 
 
Suvga to‘ygan jiydadek Shishgan u.
Jim o‘tirib, jim yurib "pishgan" u.
Botir bilan chiqishish qiyin-da,
Sho‘xlikda qolayapmiz keyinda…
 

UXLAYDI

 
Yuvinmasdan yotgani etmaganidek,
Ko‘ylagu paypog‘ini kiyib uxlaydi.
Bu ketishda farqlamay salomu alik,
"A'lo" o‘qishi kabi "qiyib" uxlaydi.
 
 
Kuni bo‘yi yugurib, ulgurmaydimi,
Kitob-daftari to‘zib, o‘zi uxlaydi.
Oyoq-qo‘li shilingan, qaqshab turibdi,
Yo‘q-yo‘q, o‘zimas, yumuq ko‘zi uxlaydi.
 
 
Hamma uyquga ketsa uyg‘onib olar,
Qorni ochib ko‘rganin oshab uxlaydi.
Yoki uyqu bermasdan hech kimga, yonib,
Isitmalab, kasali oshib uxlaydi.
 
 
Suv deydi, choy tutsangiz, sepib uxlaydi,
Ustidagi ko‘rpani tepib uxlaydi.
Uxlayversin bu bola kecha-kunduzi,
Boshi devorga tegib, chiqquncha ko‘zi.
 
 
Balki siz ham tanirsiz, bu bola kimdir?
Suv kechishda birinchi Abdukarimdir?
Yoki Botir, Bobirdir, Bilol, Hilolmi,
Nimaga indamasdan hammangiz jimdir?
 
 
Ayting, bo‘lmasam topib olaman o‘zim,
Sizdek bola o‘stirgan onaman o‘zi…
 

OTANGGA RAHMAT

 
O‘zgalarni hurmatlab,
Olar huzur-halovat,
Bolalarga baxt tilab,
Deymiz, bo‘ling salomat.
 
 
Kim desa qo‘l ko‘ksida,
Assalomu alaykum,
Chetda qolib o‘ksigay,
Demasa bu so‘zni kim.
 
 
Chaqirishsa qayda-yu,
"Ha","Hovv!.."
deya g‘o‘daymoq?
Odobidan darak-ku,
Labbay, xo‘p bo‘lar" demoq.
 
 
Shirinso‘z, oriyatli
Bola chektirmas zaxmat.
Mehnatkash, sof niyatli
Bolam, otangga raxmat.
 
 
Kattaga izzatdasan,
Kichikka xizmatdasan.
Tup qo‘yib, palak otib,
Maqsudingga yetasan.
 

SALOM

 
Baxt va tol‘e berar kalom,
Tangrining bir ismi Salom.
Salomlashib yurgin, bolam,
Odamiylik rasmi – salom.
 
 
Daryolarni siljitar dev,
Tog‘– toshlarni silkitar dev,
Yosh bahodir salom bersa,
Dili yumshab shundayin der:
 
 
– Besalomlar kallasidan
Qara, qanday tog‘ ko‘tardim.
Gar saloming bo‘lmasami,
Ikki yamlab bir yutardim!…
 
 
Ha, bahaybat, vaxshiy hayvon,
Hatto yovuz jodugarlar,
Salom berib kirganing on,
Ta'zim qilib bosh egarlar.
 
 
Odob boshi – salom so‘zin,
Odat qilib olamga elt.
Yomon so‘zdan saqlab o‘zing
Salom berib murodga et!
 

O‘YNAMAYMAN

 
Men "o‘ldim","Biznikilar"
Oldinga o‘tib ketdi.
Qayoqdan ham "o‘libman",
Kuta turaman endi.
 
 
Yerga qarab yotibman,
Hafa bo‘lib, qiynalib.
Go‘yo toshdek qotib man,
Gullar bilan "siylanib".
 
 
Turgim kelar,o‘yinda
G‘irromlik yarashmaydi.
Ular o‘tar aylanib,
"O‘lgan"ga qarashmaydi.
 
 
O‘yin tugasin, albat
Hammasini yig‘aman.
– "O‘lish" bo‘lsa, bitta gap:
Bu o‘yindan chiqaman!
 
 
Bekorchi yuradigan
Bolalarni chorlayman.
Uy, bog‘cha quradigan
Loyiha tayyorlayman.
 

QOR YOO‘ADI

 
Qor yog‘adi, qo`rki beg‘ubor,
Go‘yo to‘zg‘ir zarli tolalar.
Qor yog‘yapti, deya, laylak qor,
Qo‘shiq aytar quvnab bolalar.
 
 
Qor yog‘adi,yog‘adi tinmay,
Elab-elab, maydalab har yon.
Yorqin zarra borliqqa inmay,
Elar elak misoli osmon.
 
 
Suvlar yuzin qoplagan marmar,
Yanada hur ko‘rinar hayot.
Tinchlik qushi oppoq kabutar
Go‘yo elda qoqadi qanot.
 
 
Pag‘a-pag‘a yog‘ayotgan qor,
Hayron xayol surib qoladi.
Qish sovug‘i qovushmay nochor.
Dili yumshab turib qoladi.
 
 
Chunki achchiq qish izg‘irinin
Tinch zamonda kim ham ko‘ribdi?
Bolakaylar aytib qo‘shig‘in,
Marmar ko‘lda quvnab yuribdi.
 
 
Zarrin chopon kiygan Qorbobo
Bir-bir kelib ulashar sovg‘a.
Ozod elda, tinch yurtda hatto
Qag‘illamas och qolib qarg‘a.
 
 
Shuning uchun yog‘ayotgan qor
Hayron boqib turib qoladi.
Bir silkinib ko‘ringan bahor
Bog‘lar aro yurib qoladi…
 

YANGI YIL

 
Yangi yil, yaxshi yil,
Yaxshi-da, juda.
Chunki bir yoshga
O‘sding, Mavjuda.
Endi tiling ham
Burrolashadi.
Bo‘ying ham o‘sib,
Aqling oshadi.
O‘ng qo‘l, chap qo‘lni
Ajratolasan.
Oying ne desa,
Ilg‘ab olasan.
 
 
Yangi yil, yaxshi yil,
Yaxshi-da juda.
O‘sish, ulg‘ayish
Davring avjida.
Katta boladan
Talab ham katta.
Yoshingga loyiq
Bo‘lgin albatta.
 
 
Yoshingga yosh qo‘shar
Bayram ko‘p bo‘lsin.
Sovg‘alar ulashar
Ayyom ko‘p bo‘lsin!..
 

SHIFOXONADA

 
Birov-birovdan
Berkinib kecha,
Marmar tarnovdan
Muz yedik picha.
 
 
Akam qulog‘i
Og‘ridi keyin.
Ukam tomog‘i
Bo‘g‘ildi tayin.
 
 
Lunjimni ushlab,
Yig‘lolmasdan jim
Hatto non tishlab
Ololmay qoldim.
 
 
Ko‘z ham yig‘ladi,
Yuz ham yig‘ladi.
Tarnovdan erib
Muz ham yig‘ladi.
 
 
Bizlarni oldga
Solib borishdi.
Doktorxonaga
Olib borishdi.
 
 
Ukam tinchidi.
Akam tinchidi.
Doktorni ko‘rib
Men ham jim edim.
 

YANGI TUFLI

 
-Tufli sig‘dimi,
Yoki siqdimi?
Kiyib chiq, o‘g‘lim,
Tinchisin ko‘nglim.
 
 
-Avval siqdi u,
Keyin sig‘di u.
Ko‘rmayapsizmi,
Oyog‘imda-ku!
 
 
-Loy qilibsanmi,
Moy qilibsanmi,
Poyma-poy kiyib
Yiqilibsanmi?
 
 
-Chidamas tuflim
Bir-biridan.
Tikilsa kerak
Eski teridan.
 
 
Bunisi ham tez
Kir bo‘lib qoldi.
Eskisi bilan
Bir bo‘lib qoldi.
 

QIRQ XUNAR OZ

 
Bolamas, misli bol-a,
Deyishar, bunchayam zo‘r.
Odob-ahloqli bola
Hamma-hammaga manzur.
 
 
Idish-tovoq yuvishni
Bilmasa o‘g‘il bola,
Changitib to‘p quvishni
Qo‘ymasa, deymiz ol-a!
 
 
Supur-sidir, pol artish
Faqat qizlar ishimi?
Ular bilsa-yu yirtish,
Qizlarga-chi tikishmi?
 
 
Yo‘q, aslo unday emas,
Yigitga qirq xunar oz.
Bu ishlarni cho‘t demas
Inson umri unar soz.
 
 
Aka otadek aziz,
Qiling ular xizmatin.
Onanggizdek opangiz,
Biling albat izzatin.
 
 
Kattalar izzat-ikrom
Ko‘rsa hayoti shirin.
Olqish olgan kichiklar,
Biladi yashash sirin.
 

QO‘G‘IRCHOG

 
Barnoning qo‘g‘irchog‘i
Doim kulib turadi.
Barno bo‘lsa arazchi,
Qovoq solib yuradi.
 
 
Barnoning qo‘g‘irchog‘i
Yig‘lash nima, bilmaydi.
Barno qiz bir yig‘lasa
Hech ovutib bo‘lmaydi.
 
 
Barnoning qo‘g‘irchog‘i
Kiyim talash qilmaydi.
O‘yinchog‘u arg‘imchoq
O‘yin talash qilmaydi.
 
 
Barno bo‘lsa qizg‘anchiq,
Hech narsasin bermaydi.
Yoki o‘zi ham o‘ynab,
Bunday kulib yurmaydi.
 
 
Barnoning qo‘g‘irchog‘i
Baribir kulaverar.
Arazchi va qizg‘anchiq
Qizning adabin berar.
 

KOPTOK

 
Tomda, tarnov oldida
Eski koptok yotibdi.
Bilmadim, qaysi bola
Uni tomga otibdi?
 
 
Qor-yomg‘irda, oftobda
Shumshayib qolibdi u.
O‘chib ketsa ham rangi,
Go‘yoki g‘olibdir u.
 
 
Tushirmoq bo‘lib obdon
Mo‘ljalga olibdilar.
Kitob, daftar, qalamdon
Irg‘itib, tolibdilar.
 
 
Koptok-chi, qatorlashgan
"O‘q"lar bilan qolibdi.
"Tushmasang tushma!" degan
Do‘qlar bilan qolibdi.
 
 
O‘jar bolalar misol,
Aytganini qilibdi.
O‘jar bolalar misol,
Yakkalanib qolibdi…
 

YALPIZ SOMSA

 
Ariq bo‘yida yalpiz
Gurkirab hid taratdi.
Terib oling, mana biz,
Deb o‘tganni qaratdi.
 
 
Somsa, chuchvara qilib
Yesangiz shod bo‘lamiz.
Osmon quyoshin ilib
Qo‘ysa qarib qolamiz.
 
 
Yalpizlarni bittalab
Savatlarga terdik biz.
Kun yoyilmay ertalab,
Oyimlarga berdik biz.
 
 
Oyim xamir qordilar
Va yoydilar bir pasda.
Kesib, to‘g‘rab, yalpizdan
Somsa tugdilar asta.
 
 
O‘tin tashib tandirga,
Olov qo‘yib yubordik.
Somsa pishgach, mezbonlik
Nedir, qiyib yubordik!
 

GULBAHOR

 
Osmonda quyosh kular,
Beshik-beshik bulutlar,
Suzib qolar gohida,
Gullar daraxt shoxidan
Kapalakdek uchadi,
Ona Yerni quchadi.
Tirillaydi traktor,
Endi ishlash kerakdir.
Oyim tandirni suvar,
Singlim hovli supurar.
Istagin bog‘lab belga,
Dadam ketgan dalaga.
Bobom ham kirgan boqqa,
Ish qaynaydi har yoqda!
Buvim kovlar sumalak,
Tez pishsin deb,men halak.
Tinchib turolmay bu on,
Qo‘limga oldim ketmon,
Tozalayman ariqni.
Qushlar kuylar, borliqni
Orziqib hamma kutgan,
Gulbahor isi tutgan!
 

TONGDA

 
-Derazangni ochib sen,
Nimalar ko‘rding tongda?
-Ko‘zim qamashib ketdi,
Eng avval uyg‘onganda.
 
 
Keyin chiroqni ko‘rdim,
Nuri so‘nib qolibdi.
Jim quloq solib turdim,
Yomg‘ir tinib qolibdi.
 
 
Shovullagan daraxtda
Qushlar qo‘shiq aytardi.
Issiq mamlakatlardan
Turnajonlar qaytardi.
 
 
Bog‘dagi irmoqchamiz
To‘lib-to‘lib oqardi.
Oltin quyosh erkalab,
Bulutlarni yoqardi.
 
 
Toza havo, salqin yel
Kuchimga kuch qo‘shardi.
Keng hovlida chopqillab,
Mehnat zavqim oshardi.
 
 
-Shunchalar ko‘p narsalar
Ko‘rdingmi bir qarashda?
-Oyimlar non yoptilar,
Men ularga qarashdim.
 

BULUT

 
Osmonda suzar bulut,
O‘zadi oymomadan.
Rejasin tuzar bulut,
Osmonni qilib Vatan.
 
 
Hayron qolaman qarab,
Dumi yo‘q, qanoti yo‘q.
Fazoda uchar yayrab,
Quyosh ko‘zin qilib lo‘q.
 
 
Yo‘q, uchib ketolmadi,
Yetolmadi manzilga.
Qo‘ldan ketib omadi,
Tebranib ketdi salga.
 
 
Va yiqildi tog‘larga,
Sochildi dalalarga.
Ko‘z yoshlari bog‘larga,
To‘kildi lolalarga.
 
 
Shamol quvib,quyosh cho‘g‘
Sochib undan qolmadi.
Qanoti yo‘q, dumi yo‘q
Bulut ucha olmadi!
 

CHINOR

 
Zo‘r ish qilsaydim!…
Ayb yo‘q orzuga.
Mening niyatim yoqdi Narziga.
Birlashib ikkov, xayollar surdik.
Ko‘klam kelishin orzulab yurdik.
Chinor ko‘chati ekamiz dedik.
Ming yil yashashin biz bilar edik.
Ulg‘ayib daraxt katta bo‘larkan,
Kim ekkanini kimlar bilarkan?
Mana shu jumboq biroz o‘ylatdi.
Miyamda shu choq bir cho‘g‘ yarq etdi.
Nixolni ekdik, bekat betiga.
Suv oqar deya ariq chetiga.
Yerni yumshatdik qilishib suhbat,
Va qushib ekdik shishada bir xat.
U xatda shunday so‘zlar yozilgan.
Dona-donalab, durdek tizilgan:
"XX1 asr, ikki o‘quvchi:
Narzilla, Nosir buni ekuvchi".
Chinor ekishni shunday yakunlab,
Parvonamiz biz unga kun-tunlab…
 

USTOZ

 
Quyoshdek har tomonga,
Cho‘lga,
        Ko‘lga,
             Chamanga,
Nurin sochar beminnat,
Ustoz hayotga ziynat.
 
 
Otadek zabti bilan,
Shogird kamolin tilab,
Onadek mehri ulug‘,
Aziz ustozga qulluq!
 
 
Yodlatib "Alifbo"ni,
O‘кgatib so‘z, imloni,
Yoz, deb tutadi qalam.
Yorug‘ etadi olam.
 
 
Onamday quchoqlari,
Ilm-u fan o‘choqlari,
Vujudimni yondirar,
Bir umr sog‘intirar.
 
 
Tuganmas mehri bordir,
Jigarjon sehri bordir.
Dehqondek tushib terga,
Go‘yo don sochar yerga.
 
 
Hosilidan yurt obod,
Orzusin etmay barbod,
Shogirdi zafar quchsa,
Yayrab, yashnab yurar shod.
 
 
Aziz ustoz, jon ustoz,
Tomirimda qon ustoz,
Iqtidorim peshlagan,
Sizga sharaf-shon ustoz!
 
 
Tushmay izzat taxtidan,
Bolajonlar baxtidan,
Quvnab, yosh bo‘lib yashang,
Bizga bosh bo‘lib yashang.
 

BAHONA

 
Yo‘qolib qoddi "besh"lar,
"Ikki"laru "uch"lar ham.
Abduhamidga eshlar —
Qalam, o‘chirg‘ichlar ham!
 
 
O‘qituvchi yozgan xat:
-O‘yinqaroq o‘g‘lingiz.
Kundaligin, topib payt,
Kunda yo‘qlab quyingiz.
 
 
Yo‘qolib qoldi "besh"lar,
"Ikki"laru "uch"lar ham.
Abduhamidga eshlar
Yo‘lda yo‘ldosh qushlar ham.
 
 
Qayoqqa ketdi, dersiz,
Dersiz, qanday yo‘qoldi?
Axir, kitob daftarsiz
U uyiga yo‘l oldi.
 
 
Sumkasini terakka
Ilib qo‘yib qaytar u.
Qiziq, uydagilarga
Qanday sabab aytar u?
 
 
O‘qituvchi xat yozib
Bermasa edi unga!
Bolalar,esdan ozib
Qolmasidan siz shunga—
 
 
Bahona topib bering,
Aybini yopib bering.
Rostin ayt, – deb unga yo
Yonida chopib boring!..
 

O‘RGATARLAR

 
Qushlarga eng birinchi
Uchishni o‘rgatarlar.
Sichqonlarga mushukdan
Cho‘chishni o‘rgatarlar.
 
 
Xo‘rozlarga qichqirish,
Cho‘qishni o‘rgatarlar.
Bolalarga birinchi
O‘qishni o‘rgatarlar.
 
 
Katta bo‘lgach albatta
Qushlar uchishi kerak.
Mushuk yeb qo‘ymasin,– deb
Sichqon cho‘chishi kerak .
 
 
Hamla qilgan dushmanni
Xo‘roz cho‘qishi kerak.
Bolalar-chi, albatta
A'lo o‘qishi kerak.
A'lochi o‘quvchilar
Bilimdondir, bilimdon.
A'lochi o‘quvchidan
Talabimni bilib ol.
 
 
Hamma fandan "besh" olib,
Xulqini "besh" qilmasa,
G‘ayratin ishga solib,
Yurakdan ish qilmasa,
 
 
Mensimasa do‘stlarin,
"A'lochiman", deb agar.
Bunday "a'lochi"lardan
Kechmoqlik shart muqarrar!
 
 
Yolg‘izlangan "a'lochi",
Ayting, kimga qo‘shilar?
Garchand kundaligiga
Har kuni "besh" qo‘shilar.
 
 
Qo‘shilmaydi bolalar
Unday a'lochilarga.
Faqat o‘zini o‘ylab,
O‘ziga "besh" tilarga!
 

G‘ALABAGA HARAKAT

 
Kim epchilu, kim chaqqon,
Qanday, kayerda, nega?
Kimdan kim g‘olib chiqqan,
Sovg‘aga bo‘lgay ega.
 
 
Sovg‘aning bahosi yo‘q,
Omading kulib boqsin.
Ko‘zlaringda porlab cho‘g‘,
Nasibang to‘lib oqsin!
 
 
O‘rgimchakdek o‘rmala,
Bedanadek yo‘rg‘ala.
G‘alabaga harakat
Qilganlarda barakat!
 
 
Bu dunyo o‘tar-ketar,
Noming qolsin omonda.
Har kim niyatga yetar,
Kuch sinashib maydonga.
 
 
O‘rgimchakdek o‘rmala,
Bedanadek yo‘rg‘ala.
G‘alabaga harakat
Qilganlarda barakat!
 

OLIMPIADA

 
Uch ming yillar ilgari,
It-mushuklar singari,
Bir-biri bilan yunon
Xalqi olishdi chunon.
 
 
Boshdan judolar o‘tdi,
Baxtdan adolar o‘tdi.
Aro kirib bu jonga,
Mardlar tushdi maydonga!
 
 
Olimp tog‘da olgan cho‘g‘,
Dunyoga o‘t qo‘ygan yo‘q.
Odamlar gung-soqovmas,
Majrux, birovga yovmas.
 
 
Balki xalol kurashib,
G‘oliblarni qutlashib,
Birlashtirar xalqlarni,
Yumshatib tosh qalblarni.
 
 
Kimki ilm tolibi –
Olimpiada g‘olibi!
Yana, elda bor naql,
Sog‘lom tanda-sog‘ aql.
 

QAYGA KETDI?

 
Oppoq tong otdi,
Tun qayga ketdi?
Quyosh chiqdi, -deb,
Kim oyga aytdi?
 
 
Bir, ikki… olti,
Nihoyat yetti!
Mening ham yoshim
Yettiga yetdi.
 
 
Tong otdi derlar,
Turaqol, tezroq.
Uxlagim kelar
Men yana ozroq.
 
 
Birinchi sentyabr!
Maktabga ketdim.
Borar manzilga
Birpasda yetdim.
 
 
Yo‘lda bir xayol
Meni band etdi:
-Mendagi olti
Yosh qayga ketdi?
 
 
Jumboqlar kelar
Quvlab bir-birin:
Yecharman o‘qib
Jumboqlar sirin.
 

MUHABBAT

 
Muhabbat oilaning
Kenja qizi, shirini.
Nega bunday ekanin
Aytib beray sirini.
 
 
Akasi-yu opasi
Ketishgach o‘qishiga,
Yordamlashar yo‘q demay
Buvijonin ishiga.
 
 
Chelakchada suv sepib,
Hovlini supuradi.
Tuproqning nondek isi
Dimoqqa ufuradi.
 
 
Dastro‘molini yuvib,
Quritadi so‘rida.
Buvisi esa maqtar
O‘tirib uy to‘rida.
 
 
Zeriktirmasdan hatto
Qo‘shiq aytib beradi.
Buvijoniga yoshlik
Paytin qaytib beradi.
 
 
Ulgurar qo‘g‘irchog‘in
Allalab uxlatishga.
Hatto gazga choy qo‘yar,
Oyijoni qaytishga.H
 
 
ammani qarshi olar
Bir-bir "salom","salom"lab.
Erka qiz bo‘lib qolar
Dadasini achomlab.
 
 
Muhabbat oilaning
Kenja qizi, shirini.
Endi tushungandirsiz,
Shirinligin sirini?..
 

MO‘JIZA

 
Mo‘'jizani yo‘q degan
Bolaga gapim lo‘nda:
Nega qizarib qoldi
Olchamiz unda?
 
 
Kechqurun boqqa chiqsak,
Qop-qorong‘u bog‘imiz.
Nimaga o‘chib qoldi
Shamchirog‘imiz?
 
 
Ko‘kka boqdi ko‘zimiz,
Charaqladi yulduz-oy.
Ko‘nikib qorong‘uga
Ko‘rindi har joy.
 
 
Nimaga degan savol
O‘rab har yonni,
O‘rtoq qilib oldik so‘ng
Mo‘'jizajonni.
 
 
Mo‘'jizaga ishonib
Mo‘'jiza kutar
Bolalarga har bir kun
Mo‘'jiza tutar.
 

ORZU

 
Men o‘zbek farzandiman,
Faxriman, dilbandiman.
Bobolarim mayog‘in
Tutgan mardu tantiman.
 
 
Olamlarni zabt etar,
Orzularim ulkandir.
Yuragimga yurtimning
Iftithori to‘lgandir.
 
 
Katta bo‘lib elimga
Men ham posbon bo‘laman.
Tinchligimiz yo‘lida
Tiniq osmon bo‘laman.
 
 
Xozir esa chiniqib,
Buy—bastimni rostlayman.
O‘yna,
Kul,– der tiniqib,
Onamni e'zozlayman.
 
 
Ota yurt, ona vatan
Diydoridan baxtliman.
Men xalol kilib xizmat,
Mangu izzat taxtliman.
 

"MAMA"LI QIZ

 
"Erkalasa onasi
Taltayadi bolasi"
Degan maqolga misol,
Bor bolalar olasi!
 
 
"Mama, tur"– der qizaloq
Uxlab yotgan onaga.
"Ochilibdi qizqaldoq,
Chiqaylik huv – v, xonaga!"
 
 
Dam olishga chiqqan bu
Hamkasbimga qayg‘urdim.
Lekin boshqa dugonam,
Orqasida oy ko‘rdim.
 
 
Uning qizchasin siri,
Salomin ayamadi.
Mehr yog‘dirib, shirin
Kalomin ayamadi.
 
 
Yuvib choynak, piyola,
Yurdi bor mehrin berib.
Yonimizda qiz bola
Borligini bildirib.
 
 
O‘ynab aytsang ham o‘ylab
Ayt, degan xikmatli so‘z
Bu qizcha so‘ylab qolsa
Yo‘qotmadi mag‘zin o‘z.
 
 
"Hov, pakana", "Hov, semiz"
Deb chorlar "mama"li qiz.
Bu qiz -chi, demay "siz – biz"
Bo‘lmadi ta'mali qiz.
 
 
Onasini sensirab
Gapirar hov o‘sha qiz,
Ko‘p paytgacha bo‘ldi gap,
Dilga solib noxush xis.
 

KAPTARGINAM

 
Kaptarginam uchayotir,
Quyosh sari bir suluv.
Oq bulutday ko‘chayotir,
Dilda sevinch ham g‘uluv.
 
 
Quyosh iliq nigohi-la
Patlarini silaydi.
Oq dilimday oq nuri-la
Unga oqlik tilaydi.
 
 
Kaptarginam uchayotir,
Uchaversa koshkiydi.
Kengliklarni quchayotir,
Quchaversa koshkiydi…
 
 
Saxiy quyosh saxiygina
Nurlarin elab tursa.
Quchog‘iga chorlab, oppoq
Mehriga belab tursa.
 
 
Ishonarman, yetarku-ya,
Manzilga kaptarginam.
Biroq, quyosh, aytgil o‘zing,
Ishonaymi senga ham?..
 

RAYHON

 
Quyosh nurlarin sochib,
Ufqqa ketar chog‘ida,
Yer chopib, jo‘yak ochib,
Rayhon ekdim bog‘imga.
 
 
Kundan-kunga bo‘y cho‘zib,
Rayhonim tez shoh otdi.
Ko‘kda oymoma suzib,
Xush bo‘yini uyg‘otdi.
 
 
Quyosh erkalab uni,
Shu'la sochdi ipakdek.
Shu'lalarga chirmashib,
Rayhonim bo‘y cho‘zdi tik.
 
 
Shamol esib yon-verin
Siypaladi qitiqlab.
Duoda qoldik, oshni
Yeyishganda qatiqlab.
 
 
Uyga kirgan-chiqqanni
Chulg‘ar rayhon bo‘ylari.
Bo‘lib qoldim men uni
Maqtab-maqtab so‘ylari.
 
 
Rayhondan ko‘p hursandman,
Hidlab quvonar oyim.
Rayhon ekkanim bo‘lsin
Bahor kelganda doim.
 

MEHMON-MEHMON

 
Mehmon-mehmon o‘ynadik,
Mezbon-mezbon o‘ynadik
Xush kelibsiz, deb kutdik,
Xush ko‘rdik, deb gul tutdik.
 
 
Mezbon ochsa bag‘rini,
Xafa qilmay Bahrini,
Vohidni arazlatmay,
Hamidni aytib atay,
Yasatib, solib yonga,
Olib bordik mehmonga.
 
 
Uyaltirmay yuzimiz,
Yerga qormay o‘zimiz,
Har yonga solmay o‘zin,
Eshitib katta so‘zin,
Ular sipo bo‘lishdi,
Hayo bilan kulishdi.
 
 
"Oling-oling", deb mezbon,
Bo‘lib shirin so‘z, zabon,
Dilda bir niyat, – deya,
Diydor g‘animat, – deya,
So‘radi ahvolimiz,
Kechamiz, iqbolimiz.
 
 
Sizdan ugina, bizdan…
Deb mezbon bo‘ldik biz ham.
Dasturxonni tuzab soz,
Soch tarab, qilib pardoz,
Ularni quchoq ochib,
Kutib oldik nur sochib.
 
 
Sekin so‘zlab, sekin yeb,
Zerikmadik shu kuni.
Hatto bizdan berkinib,
Oldi Sharik shu kuni.
Bu kim, deb vovillamay,
Ortiqcha bobillamay.
 

ASKAR AKAM

 
Askar akam bor,
bo‘ylari baland.
Tinchlikni saqlash
niyatida band.
 
 
Avtomat ushlab
tushgan suratin
Ko‘rib havasi
keldi Sur'atning.
 
 
Akamga havas
qilishsa arzir.
Qilsami birov
sal yomon hazil,
 
 
Yomonni quvib,
yovga tik kelar.
Jonin tiksa ham,
tinchimiz tiklar.
 
 
Askar akamning
O‘z maqsadi bor.
Deydi, tinchlikda
yashang baxtiyor.
 

SENI SEVISHAR

 
Seni sevishar, chunki
Sen o‘g‘ilsan otangga.
Seni o‘ylab mardona
Bobong ham kirgan jangga.
 
 
Onang allalar aytib,
Oq yuvib, oq taraydi.
Hayallasang ko‘chada
Buving yo‘lga qaraydi.
 
 
Seni shunday asrashar
Ular har qanday damlar.
Bilgin, shunday asraydi
Kelajagin odamlar.
 
 
Seni sevishar, chunki
Sen elchisan hayotga.
Katta mehr yuklangan
Sendagi juft qanotga.
 
 
Bu mehrni avaylab,
Tortiq qilmoq payti bor.
Sen hozirdan ularga
Rahmatingni aytib bor.
 

BOLALAR BOR BO‘LSA

 
Bolajon xalqmiz biz,
Mehribon, dilkash.
Tez ko‘nglin ovlaymiz,
Izlamay tilkash.
 
 
Bu oq, bu qora deb,
Farqiga bormaymiz.
Barisin g‘amin yeb,
Kulishga chorlaymiz.
 
 
Bolalar kulishsa,
Demak bu olam shod.
Bu olam shod bo‘lsa,
Demak har odam shod.
 
 
Qalbda ishq qo‘r bulsin,
Ko‘paysin bolalar
Tinchlikka jo‘r axir,
Biz aytgan allalar.
 
 
Bolalar bor bo‘lsa,
Bag‘rimiz but doim.
Yog‘ilar rizqu ruz,
Baraka qut doim.
 
 
Fe'limiz aro biz,
Baxt topdik, topdik shon.
Biz mangu yasharmiz,
Ularga sadqa jon.
 

SIZ BOR

 
Siz bor bo‘lsangiz,
Hayot farovon.
Shirin tashvishdan
Uylar charog‘on.
 
 
Yashaymiz hurram,
Olg‘a intilib.
Har bir kun ko‘rkam
G‘am unutilib.
 
 
Xafaligini
Oshkora so‘ylar,
Yig‘lasa yig‘lab,
Kulsa chin kular,
 
 
Siz bolalarga
Aytar so‘zim shu:
Sinmasin qanot.
So‘nmasin orzu,
 
 
Yashang quvonib,
Quvnatib ko‘zni.
Axir sizlarda
Ko‘ramiz o‘zni.
 

DADAMLAR

 
Erta turib ishga borar dadamlar.
Ishxonasin sevib ildam qadamlar.
Derlar, ishga borsin shoshib, oshiqib,
Yana shunday ishdan qaytsin, odamlar.
 
 
Dadamlarning qadoqlidir qo‘llari,
Bizlar uchun ardoqlidir yo‘llari.
Aytadigan gaplari shu, chin so‘zlab.
Bir-birovga sadoqatli bo‘llaring!
 
 
Shunda emin-erkin yashar emishmiz,
Halovatni topib, yashnar emishmiz.
Aks holda ham birovga, ham o‘zga,
Hadiklaru xavotirga emishmiz.
 
 
Dadamlarni maqtab mag‘rur yurarmiz,
Katta bo‘lsak dadamlardek bo‘larmiz.
Hozir esa do‘st orttirib, elkaga,
Ertan yukin ortib, kuchga to‘larmiz.
 
 
Kulgumizda mehr bor, muhabbat bor,
Bir-birovga muruvvat bor, shafqat bor.
Hammaga biz halovatni sog‘insak,
Bizlarga ham yog‘ilajak rahmat bor.
 

SIZ BILAN

 
Dadajonim, siz bilan yotsam gar,
Yoningizda tundan tong otsa gar,
Ermak qilib aytasiz, ermakni -
Bir-ikkita men bilgan ertakni.
 
 
Buvijonim, buvijon, jonajon,
Siz bilan uxlamoqqa mahtal jon.
Ovozingiz buncha ham yoqimli,
Shildir-shildir suvlardek oqimli!
 
 
Aytasiz Alpomishu Barchindan,
Topishmog‘u, tez aytish, barchadan,
Menga juda azizi -Allangiz!
Allalar qo‘shiqlar-u yallangiz.
 
 
Tongda mendek tez tur, deb tayinlar,
Allani bilmaydilar oyimlar.
Uxlasang-chi, bo‘ldi, bas, deydilar,
Tunda tongning g‘amini yeydilar.
 
 
Buvijonim, buvijon, sog‘ bo‘ling,
Bizlardan xursand, ko‘ngli tog‘ bo‘ling!
 

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации