Электронная библиотека » Дональд Трамп » » онлайн чтение - страница 10

Текст книги "Biznes va hayotda norasmiy ta’lim"


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 21:20


Автор книги: Дональд Трамп


Жанр: О бизнесе популярно, Бизнес-Книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 10 (всего у книги 10 страниц)

Шрифт:
- 100% +

«QANCHALIK KO‘P ISHLASAM, SHUNCHALIK BAXTGA ERISHAMAN»

Mehnatsevarlik – omadning onasi.

Benjamin Franklin


Doim o‘zim va boshqa odamlarning iqtiboslarini keltiraman, chunki ular ko‘pincha mohiyatni aks ettiradi. Ben Franklinning ko‘p yillar oldin aytgan fikri bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda, chunki u muhim va chuqur ma’noga ega. Tirishqoqlik omad tomon birinchi qadamdir. Ajoyib golfchi Gari Plaer tomonidan aytilgan ibora hamma uchun foydali bo‘lgan maslahatdir.

Bir tom ostida aralash foydalanish uchun mo‘ljallangan bino, mehmonxona va turarjoy binosini qurish g‘oyasi 1990-yillarning oxirida Nyu-Yorkda ilk bor amalga oshirilgan birinchi loyihasidanoq katta muvaff aqiyatga erishdi. Birinchi qaldirg‘och «Trump International Hotel & Tower» qurilishi bo‘ldi. Keyin bunday binolarni Chikago va Las-Vegasda (biz ularni minora-mehmonxona deb ataymiz) qurdim va yana bir nechtasi boshqa mamlakatlarda qurilmoqda. Vaykikidagi minora-mehmonxonaning xonalari besh soat – rekord vaqt ichida sotilib ketdi! «Qanday qilib buncha ko‘p narsani eplay olasiz?» – deya so‘rashadi. Javobim shuki, gap faqat omadda emas, balki tirishqoqlik va sog‘lom tafakkurda. Aralash turdagi binolarni qurish g‘oyasi, albatta, muvaff aqiyatli chiqdi, shuning uchun uni rivojlantirib, xalqaro darajaga olib chiqdim. Bu strategiya o‘z samarasini berdi va hozirda «Trump Hotel» kolleksiyasidagi minora-mehmonxonalar butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Doimo Trump nomli brend mavridi kelganda dunyoga mashhur bo‘lishini bilardim.

Ushbu yondashuvni hayotingizga, martaba va biznesingizga qo‘llang. Kelajak haqida tasavvurga ega bo‘lishga harakat qiling. Oldinga qadam tashlash uchun vaqt ajrating. Iloji bo‘lsa, ko‘proq harakat qilib, biror ishni yanada yaxshiroq bajaring. Keng miqyosda fikrlash haqidagi maslahatimni yana takrorlayman. Bunday fikrlashning samaradorligini ta’kidlash uchun nufuzim yetarli.

Hayotimning so‘nggi besh yili odatdagidan ko‘ra ko‘proq voqealar bilan to‘la bo‘ldi. Hayot tezlashdi va murakkablashdi – bu yanada qiziq! Ammo men bunga ko‘p yillardan beri tayyorgarlik ko‘rganman. Qattiq mehnat qilishga odatlanganman, demak, yaxshi natijani kutishga o‘rganganman. Ba’zilar buni omad deb atashadi, lekin Benjamin Franklin aytganidek, mehnatsevarlikning ham bunga aloqasi bor.

Misol uchun, agar siz biror loyiha ustida besh yildan buyon ishlayotgan bo‘lsangiz, bu sizning qandaydir maqsadingiz borligini anglatadi. Va siz, ehtimol, unga bor diqqatingizni qaratgansiz. Umid qilamanki, bunga erishish uchun astoydil harakat qilasiz. Agar mehnatingiz intilayotgan samarani bersa – katta ehtimol bilan, albatta, beradi – odamlar sizni shunchaki omadli deb aytishadi. Balki, shundaydir – siz ajoyib miyaga ega bo‘lish va qattiq va tinimsiz ishlashingiz kerakligini tushuna olishdek omadga egasiz.

Kitob yozish – bu so‘nggi paytlarda asosiy mashg‘ulotim bo‘lib qoldi. Yetti-sakkiz oy davomida qaydlar qilaman, materiallarni tanlayman, hikoyalar va g‘oyalarni o‘qiyman. Shundan keyingina materialni bir butunga birlashtirishni boshlayman. Bu sabr va qat’iyatni talab qiladigan uzoq jarayon. Rostini aytsam, ba’zida qilayotgan ishimning oqilonaligiga shubha qilib qolaman, chunki bu juda qiyin ish. Biroq, tayyor kitobni qo‘lingizda ushlab turish juda yoqimli. Axir, uning tug‘ilishi uchun juda ko‘p vaqt va mehnat sarflangan. Kitob yaratish uchun qancha kuch sarflash kerakligini o‘quvchi bilmaydi, lekin hech bo‘lmaganda bitta kitob yozgan kishi, bu ishda tirishqoqlik va mehnatsevarlik juda zarurligini aytadi. Va, albatta, bu fazilatlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi.

Yaqinda kitoblarimdan biri ustida ishlayotganimda hozir butun mamlakatimizni qamrab olgan «vakolatlangan» fikrlash tarzi haqida o‘ylab qoldim. O‘ylaymanki, bunday fikrlash tarzi bir necha o‘n yillar oldingi «oniy natija» deb nomlangan hodisa natijasida paydo bo‘lgan. Bu hodisa to‘satdan paydo bo‘lib, katta pul ishlaydigan shou-biznes superyulduzlarida yorqin namoyon bo‘lgan. Bu yoshlarimizni befarq qoldira olmaydi. Hamma to‘satdan shu kishilar yulduzlik maqomiga bir zumda erishganlari kabi, yutuqqa erisha olaman, menda ham shunday bo‘ladi, degan fikrga keldi. Aslida, bunday muvaff aqiyat juda kamchilikka nasib etadi va kamdan kam hollarda bir zumda keladi. Bunday holatlar qoida emas, istisno hisoblanadi. Ammo ommaviy axborot vositalari bu kishilar hayotini yoritishni shunchalik yaxshi ko‘radilarki, ko‘p yillar davomida o‘ziga yo‘l ochish uchun mehnat qilishga majbur bo‘lgan odamlar o‘zlarini ortda qolgandek va adolatsizlikka uchragandek his qila boshlaydilar. Ular dunyo o‘zlaridan qarzdor deb o‘ylay boshlaydilar.

Hammasi har doim ham biz kutgandek bo‘lavermaydi va ba’zi sohalarda boshqa sifatlardan ko‘ra ko‘proq omad zarur bo‘ladi, lekin muvaff aqiyat sari yo‘l ochishning eng yaxshi usuli – qattiq mehnat qilish, qat’iyatli bo‘lish va sizga yordam beradigan vositaga e’tibor qaratishdir, xalal beradiganiga emas. O‘sha mashhur yarmi to‘la yoki yarmi bo‘sh stakan kabi. Yana bir bor keng fikrlash kerakligi haqidagi eski sinalgan nazariyamni eslatib o‘taman: agar o‘z istiqbollaringiz darajasini pasaytirsangiz, omadingiz kelishi dargumon. Bundan tashqari, tirishqoqlik atrofdagi odamlarni emas, balki o‘zingiz xohlagan narsani tushunishga intilishda ham namoyon bo‘ladi (Afsuski, aksariyat hollarda, juda oz narsani). Vaqtingizni qizg‘anmang va oldinga intiling. O‘ylang, ishlang – va baxtli bo‘ling!

QANDAY QILIB BOY BO‘LISH MUMKIN

Bo‘sh boshlar va bo‘sh yuraklardan farqli o‘laroq, bo‘sh cho‘ntaklar hali hech kimga zarar yetkazmagan.

Norman Vinsent Pil

2004-yilda «Qanday qilib boy bo‘lish mumkin?» nomli kitob yozdim. Muharrir bilan uzoq ro‘yxatdan mos nom tanlaganimizni juda yaxshi eslayman. Biz aqlli va jozibali sarlavha izlash uchun variantlarni qayta-qayta ko‘rib chiqdik. Oxirida: «Hamma qanday boyib ketishni bilishni xohlaydi. Kitobni «Qanday qilib boy bo‘lish mumkin?» deb nomlasak, bo‘lmaydimi?», – dedim. Menimcha, bundan-da aniqroq nomlab bo‘lmasdi. Menga o‘quvchi sifatida shu nom yoqqan bo‘lardi va biz shunda to‘xtadik.

Boy bo‘lish har doim ham oson emas. Har doim qilayotgan ishingizga bo‘lgan muhabbat muhimligini ta’kidlaganman va ta’kidlayman. Maqsadingiz pul deb o‘ylasangiz, o‘zingizni aldayapsiz. Pul topish yo‘lida kuchingizdan ayrilib qolish hech gapmas. Ishtiyoq – bu yo‘lingizda aniq uchraydigan qora chiziqlarni yengishga yordam beradigan ajoyib quvvat manbayi. Shuning uchun, boylikka tayyorgarlik ko‘rishning birinchi bosqichi – bu siz mutlaqo va so‘zsiz sevadigan narsani topishdir.

Siz hali nima bilan shug‘ullanishni istashingizni bilmasligingiz mumkin. Hechqisi yo‘q, shunchaki kompasingizni o‘z ishingizni qidirishga sozlang va uni topasiz. Ungacha esa biznesning turli vositalari va sohalari haqida iloji boricha ko‘proq o‘qing. Bilim hech qachon ortiqcha bo‘lmagan. Yoshligimda ko‘ngilochar sohani biroz o‘rgandim, keyin ko‘chmas mulkka kirishga qaror qildim va keyinchalik esa ko‘ngilochar biznesga kirib qoldim. Bu ish bilan shug‘ullanish niyatim yo‘qligiga qaramay, vaqtim behuda ketmadi. Hozir Los-Anjelesda «Trump Productions» nomli shaxsiy kompaniyam bor va biz «Shogird» shousini suratga olyapmiz. Birinchi mavsum 2004-yil yanvar oyida boshlanganini hisobga olsak, NBC, Mark Bernett va men vazifani yaxshi uddaladik.

O‘ylashimcha, siz ushbu voqeaning ba’zi tafsilotlarini bilishingiz kerak. Shouni pul uchun suratga olganim yo‘q. Bu hatto mening tashabbusim ham emas edi. Dastlabki bosqichda deyarli hech narsa kiritmadim. Baxtimga shou nihoyatda mashhurlikka erishdi va brendim uchun reklama bo‘lib xizmat qildi, bu esa o‘z navbatida menga misli ko‘rilmagan moliyaviy muvaff aqiyat keltirdi.

Ba’zida ehtiyotkorlik ham xavflidir. Tayyorgarlik va tashkilotchilik boylik yo‘lidagi xavf elementini kamaytirishga yordam beradi. Hamma narsani tayyorlash va ishlashga tayyorlik holatini saqlash o‘zingizni ishonchli sug‘urta bilan ta’minlashni anglatadi. Buni amalga oshirishning eng yaxshi usuli – o‘z biznesingizni yaxshilab bilishdir. Buyuk mutaxassislar har doim hamma narsani nazorat qilishadi. Aytish oson, lekin bu ko‘nikmalarni har kim o‘rganishi mumkin.

Mahorat vaqtdan unumli foydalanishni nazarda tutadi. Muayyan harakatga sarflagan vaqtingizni kuzatishni o‘rganing. Vaqt cheklovlari miyangizni optimal ish tezligiga chiqarishning ajoyib usuli bo‘lishi mumkin. Rohiblar qoidalarini o‘qiganman. Unda har bir vazifani bajarish uchun qat’iy belgilangan vaqt ajratilgan. Vaqt tugagach, qo‘ng‘iroq jiringlaydi, rohiblar ishlashni to‘xtatadilar va keyingi ishga o‘tdilar. Bunday intizomni yaratish va rioya qilish vaqtni behuda o‘tkazmaslikning yaxshi usuli hisoblanadi. Bir kuni xonamda bir muharrir bilan ishladim, men bilan suhbatdan so‘ng, unga zudlik bilan kislorod kerakligini tan oldi. U men so‘ragan tezlikda ishlashga odatlanmagan va menimcha, vaqtni tejash haqida bir-ikki narsani o‘rganib oldi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, agar boy bo‘lishni istasangiz, ikkita muhim narsani yodda tuting – qilayotgan ishingizga muhabbat va vaqtdan unumli foydalanish. Qilayotgan ishingizni seving va vaqtni behuda sarflamang.

YOQTIRGAN ODAMLARINGIZ BILAN ISHLANG

Jamoaviy sa’y-harakatlarga shaxsan sodiqlik jamoani ishlashga undovchi kuchdir.

Vinsent Lombardi

Hozir juda o‘rinli bo‘lgan bir maqol yodimga tushdi: «Daryoda yashamoqchi bo‘lsang, timsohlar bilan do‘stlash». Umid qilamanki, ushbu mavzu bo‘yicha keyingi fikrlarim biznesda «sudraluvchilarga» imkon qadar kamroq duch kelishingizga yordam beradi.

Hayotimda o‘zimga yoqadigan odamlar bilan ishlash baxtiga muyassar bo‘lganman. Ba’zi xodimlarim men bilan yigirma, yigirma besh, hatto o‘ttiz yil ishlashgan. Agar biz bir-birimizni yoqtirmasak, birga ishlash cheksiz azobga aylanardi. Lekin bizda bunday muammolar yo‘q: biz yaxshi hamkorlik qilamiz, bir-birimizni hurmat qilamiz va yuqori natijalarga erishamiz. Xodimlar va hamkorlarni tanlashga jiddiy yondashsangiz, kompaniyani boshqarish ancha osonlashadi.

Barcha xodimlarim tezkor. Men tez ishlayman, ular ham mendan qolishmaydi. Katta huquqshunos Jorj Ross, bosh maslahatchilar Berni Daymond va Jeyson Grinblatt keraksiz ma’lumotlarni elakdan o‘tkazib, menga fikrni o‘nta so‘z bilan, ba’zan esa bundan-da tezroq tushuntirish qobiliyatiga ega. Ishim juda ko‘pligini hisobga olsak, ularning qisqaligini juda qadrlayman. Moliyaviy direktorim Allen Vayselberg hamda vitse-prezident va bosh assistentim Rona Graff, bosh operatsion direktor Metyu Kalamari va revizorim Jeff ri Makkonni ham xuddi shunday yo‘l tutishadi. Bu ular bilan muloqot qilishni yoqtirmayman degani emas, lekin biz kun uchun rejalashtirilgan hamma narsaga ulgurishimiz kerak va bugunga kelib, biz kompaniya uchun ham, o‘zimiz uchun ham hamma narsani tezda bajarishni o‘rgandik. Biz birbirimizni hurmat qilamiz va bu butun jamoa uchun ajoyib ish muhiti.

Agar atrofingizga o‘zingiz yoqtirgan va nimani xohlayotganingizni tushunadigan odamlarni to‘plashga muvaff aq bo‘lsangiz, unda to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilyapsiz. Ba’zida menga kompaniyada munosib odamning paydo bo‘lishi Xudoning ishi, bundan boshqa narsa emas, deb o‘ylayman, chunki yaxshi bilamizki, suhbatda o‘zini yorqin namoyon eta olgan nomzod ko‘pincha unchalik yaxshi bo‘lib chiqmaydi. Shu ma’noda, har bir xodim o‘ziga xos lotereyadir. Ajoyib odamlar har doim ham ajoyib fazilatlar egasi emas, lekin ba’zida shunaqasi ham bo‘lib turadi. Odamlarga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon berish kerak. Shu bilan birga, boshida ularni diqqat markazida ushlab turish juda foydali.

Ba’zida ko‘rsatilgan narsadan tashqarini ko‘rishni o‘rganishingiz kerak bo‘ladi. Har bir insonning o‘ziga xos qobiliyatlari bor, ular ish vazifalarini bajarishda yordam berishi yoki bermasligi, rezyumeda tilga olingan bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Odamlarni bir o‘lchov bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Menga past baho berishlarini, standart turga taalluqli deb hisoblashlarini yoqtirmayman, shunday ekan, ishonch bilan aytshim mumkinki, bu boshqalarga ham yoqmaydi. Menda taniqli odamdan ko‘ra ko‘proq narsani ko‘rishlari yoqadi va men bilan ishlaydiganlar nafaqat talabchan, balki adolatli ham ekanimni bilishadi. Ish xonamning eshigi doim ochiq, qo‘l ostimdagilar, aytar so‘zlari bo‘lsa, ularni, albatta, tinglashimga aminlar.

Yaqinda bir ayol o‘ziga yoqmaydigan odamlarni qanday boshqarish kerakligi haqida savol berdi. Savolga savol bilan javob berdim: u rahbarlik qilmoqchi bo‘lgan odamlaridagi hech bo‘lmasa, bitta xususiyatni yoqtiradimi? Har birimiz yashirin salohiyatga egamiz va yaxshi rahbar uni topa oladi. Yaxshi rahbar har doim odamlardan o‘ziga yoqadigan fazilatlarni qidiradi. Hech kim mukammal emas. Kuchli va zaif tomonlarimiz bor. «To‘g‘ri» hamkasblarni topishda sizning boshqalarga bo‘lgan munosabatingiz katta rol o‘ynaydi. Agar atrofingizdagi odamlarni yoqtirmasangiz, avval o‘zingizni taftish qilib ko‘ring.

Ko‘pchiligimiz hayotimizning ko‘p qismini ishda o‘tkazamiz. Aynan shu jihat birga ko‘proq vaqt o‘tkazishimiz kerak bo‘lgan odamlarni ehtiyotkorlik bilan tanlash muhimligini isbotlaydi. Siz uchun nima muhim? Qaysi fazilatlar uyg‘unligi sizga ish vaqtingizni eng samarali o‘tkazishga imkon beradi? Kompaniya ham inson kabi bir joyda turmaydi va muvozanatni saqlash hamma uchun muhimdir. Umumiy ishning asosiy maqsadi nima ekanligini hamma aniq tushunadimi? Kichik Don, Ivanka va Erik o‘z ishlarini zo‘r bajarishining sabablaridan biri shundaki, ular bizning maqsadlarimiz nima ekanligini to‘liq tushunadilar va ularga erishish uchun har kuni sezilarli hissa qo‘shadilar. Ular birgalikda ham, har biri alohida ham samarali ishlaydi va bu har qanday kompaniya uchun mukammal holatdir.

Ish muhitingizni iloji boricha yoqimli va samarali qilishga harakat qiling – bu imkonsiz ish emas. Kompaniyam misoli bu haqiqat ekanligini ko‘rsatadi. Shunchaki namuna ko‘rsating va «to‘g‘ri» odamlarni ohanrabo kabi jalb qila boshlaysiz. Bu sizga yoqadiganlar bilan samarali hamkorlik qilishning eng yaxshi usuli.

BIZNESGA QO‘SHIMCHA: MUVAFFAQIYATLI ODAM NIMALARNI BILISHI KERAK?

Halollik har qanday ishda muvaff aqiyatning garovidir.

Richard Bakminster Fuller

Yaqinda bir vaziyatga duch keldim, bu menga uzoq vaqt oldin o‘rganganlarimni eslashga majbur qildi: nafaqat ishbilarmonlik, balki halollik ham biznes olamiga yo‘l ochib beradi. Bu so‘zda turish va bu so‘z nima ekanligini eslab qolish kabi oson. Biroq, ba’zi odamlar oddiy narsalarni ham qiyinchilik bilan bajarishadi.

Men ko‘chmas mulk va qurilish olamining vakiliman va bu dunyo, juda murakkab va katta aniqlikni talab qiladi. Qurilish maydonchasida baxtsiz hodisalar bo‘lmasligi kerak, aks holda odamlar jarohatlanishlari mumkin. Bu yerda «tasodif»larga o‘rin yo‘q. Hamma narsaga xuddi shu pozitsiyadan yondashaman.

Mehmonlardan biri xonamdagi juda ko‘p chizmalarni izohlaganini eslayman. U shunday dedi: «Kimdirning shkafida skeletlari bor, ammo Trampda, aftidan, faqat chizmalar bor». Ba’zida odamlar quruvchi ekanimni unutib qo‘yishadi. Bu asosiy kasbim va chizmalar uning muhim qismidir. Bu tajriba qanchalik qimmatli ekanini tushunishim uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi.

Qurilish murosasiz halollikni talab qiladi. Dunyo bo‘ylab zilzilalar va boshqa tabiiy ofatlarning shoshilinch qurilgan uylarni qay holga tushirishini hammamiz ko‘rdik. Odamlarning xavfsizligi va farovonligini xavf ostiga qo‘yishni xohlamayman va agar mayda detallarda ham aniqlik tarafdori sifatida tanilgan bo‘lsam, buning sababi shudir.

Bizning so‘zlarimiz va harakatlarimiz, u yoki bu tarzda, bizga halol yoki insofsiz sifatini beradi. Biznes bilan anchadan buyon shug‘ullanaman va sotuvchi uchun halollik qanchalik qimmatli ekanligini tushunaman. Bu kuch tadbirkorga har qanday to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam beradi.

Tadbirkorning yana bir muhim mahorati – bu muzokaralar olib borish san’ati. Menga bu qobiliyatim haqida tez-tez savollar berishadi. Muvaff aqiyatli muzokaralarda muvozanatga rioya qilish zarur, ammo buni ko‘plab ishbilarmonlar nazarga ilmaydilar. Eng muvaff aqiyatli muzokaralarda ikkala tomon ham g‘alaba qozonadi. Qarama-qarshi tomonni diqqat bilan tinglash orqali murosani topish kerak va unga erishilganda haqiqiy natijalarni ko‘rasiz. Biznesda san’atdagi kabi muzokaralar o‘tkazish ko‘nikmalari muvaff aqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan usullardan biridir.

Odamlar orasida ko‘p nutq qilaman va nutqlarimda har doim qilayotgan ishingizni sevish qanchalik muhimligini ta’kidlayman. Agar qilayotgan ishingiz sizga yoqmasa, muvaff aqiyatga erishish imkoniyati sezilarli darajada kamayadi va qiyinchiliklarni yengish ancha qiyinlashadi. Ishingizga bo‘lgan muhabbat qarshilikni oshiradi, busiz muvaff aqiyat yo‘lidan borishning iloji yo‘q. Ko‘pincha Mikelanjelo haqida o‘ylayman, u hech nimaga qaramay, dunyoga juda ko‘p narsalarni bergani uchun bugungi kunda o‘sha davrdagi har qanday ruhoniy yoki siyosatchidan ko‘ra yaxshiroq yodga olinadi. U bukilmas edi. U o‘z hunariga qattiq ko‘ngil berganiga shubha yo‘q. Qiyin vaziyatlarga duch kelganda, o‘z fikri va harakatlari san’atining sofligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan bunday odamlarni eslab turish foydalidir.

Muvaff aqiyat haqida gapirganda, doimo taslim bo‘lmaslik kerakligini ta’kidlayman. Sizga va atrofingizda nima bo‘lishidan qat’i nazar, faqat oldinga borish kerak. Bu ijobiy fikrlashning kuchli ta’siri. Ushbu yondashuv aqlga keladigan ilk so‘z «bukilmas». Hayotimda bir nechta jiddiy muammolar bo‘lgan, ularni faqat o‘jarligim tufayli yengib o‘tganman. Yutqazmadim va taslim bo‘lmadim. Menimcha, bunday qat’iy niyatga qarshi turish ham, to‘sqinlik qilish ham mumkin emas. Maqsadga erishishda qat’iylik ajoyib natijalar beradi.

«Qat’iylik» menga «bukilmas» kabi yoqadigan yana bir so‘z. Biznesga kelganda ular deyarli bir xil ahamiyatga ega. Qat’iylik oxir-oqibat sizni bukilmas qiladi. Quyon va toshbaqa haqidagi eski masalni eslang.

Globallashuv tendensiyasini hisobga olgan holda, dunyodagi voqealarga e’tiborni qaratish qanchalik muhimligiga to‘xtalib o‘taman. Amerika Qo‘shma Shtatlari izolyatsiya siyosatini olib bora olmaydi. Katta qudratga ega bo‘lish mamlakat uchun yanada ko‘proq mas’uliyatni anglatadi. Bu maqom yanada e’tiborlilik, ehtiyotkorlik va hamdardlikni talab qiladi. Kuch insoniy bo‘lgandagina samarali bo‘ladi.

Biznesdagi muvaff aqiyat haqida gap ketganda, muvaff aqiyat mas’uliyat bilan bog‘liq ekanligini tushunish muhimdir. Nafaqat g‘olib, balki mag‘lub ham bo‘lishingiz mumkinligini unutmang. Buni yodda tutar ekansangiz, raqobat uchun eng yaxshi tayyorgarlik holatida bo‘lasiz. Hozir egar ustida bo‘lsangiz ham, o‘zingizni muvaff aqiyatsiz deb tasavvur qiling. Bu narsalarning mohiyatini tushunish qobiliyatingizga foydali ta’sir ko‘rsatadi.

Zamonaviy bozor zohiriy qiymatni past baholaydi. Har bir narsaning puldagi muqobili bor, hamma narsa qat’iy tartiblangan va tasniflangan. Biznes uchun bu muhim. Biz moddiy dunyoda yashaymiz va ehtiyojlarni qondiramiz. Lekin ko‘pincha tushunarsiz, puldan ko‘ra ko‘proq narsada ifodalangan sir yoki qiymat bor tushuntirib bo‘lmas, noma’lum sohalarni qidiraman. O‘ylaymanki, ko‘pchiligingiz pul bilan o‘lchab bo‘lmaydigan narsani nazarda tutayotganimni tushunasiz.

San’at asarlarini yig‘ish bilan shug‘ullangan inson haqidagi hikoyani o‘qiganman. Uning kolleksiyasi juda qimmatbaho edi, lekin undagi eng qimmati marhum o‘g‘lining do‘sti tomonidan chizilgan portreti edi. Ushbu surat Pikasso, Matiss, Mone va Miro asarlari yoniga osilgandi. U kolleksioner uchun eng aziz edi. Rasmning zohiriy qiymati o‘z ishining ustalari chizgan millionlab asarlardan ziyod edi. Vafot etayotib, erkak o‘zining butun kolleksiyasini o‘g‘lining portretini 10 dollarga sotib oladigan kishiga vasiyat qildi.

Ishbilarmon sifatida ichki qiymat haqida so‘zlashimning sababi shuki, aynan u kundalik biznesni bir butun va hatto sirli qiladi. Garchi ko‘p hollarda shunday bo‘lsa-da, hamma narsa dollar va sentlarda baholanmaydi. Tushuntirilmagan narsalarni qidiring – bu sizning hayotingiz va biznesingizni boyitadi.

Oddiy tadbirkorman, shuning uchun ham ko‘p berilgandan ko‘p so‘ralishini tushunib yetdim. Sizda shundoq ham ko‘p narsa bor, deya hisoblang, halol va qat’iyatli bo‘ling. Bu tom ma’noda muvaff aqiyatga erishishning eng yaxshi yo‘li.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации