Текст книги "Biznes va hayotda norasmiy ta’lim"
Автор книги: Дональд Трамп
Жанр: О бизнесе популярно, Бизнес-Книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 9 (всего у книги 10 страниц)
AUDITORIYANGIZ BILAN TANISHING
Rostgo‘y bo‘ling, qisqa bo‘ling, aloqador bo‘ling.
Franklin D. Ruzvelt
Kim bilan ishlayotganingni bilish muvaff aqiyat eshigining kalitiga ega bo‘lishdir. Bu muzokaralarda ham, urushda ham, jamoat muhokamalarida ham bebaho bilimdir. Atrofdagi odamlar bilan aloqa o‘rnatishda unga past baho berib bo‘lmaydi. Omma oldida gapirganda, mavzuga qat’iy rioya qiling – tinglovchilar buni qadrlashadi.
Shaxsiy hayotda ham, biznesda ham ko‘pincha faol harakat qilish kerak. Hayot – bu nima bilan shug‘ullanishingizdan qat’i nazar harakat qilish san’ati. Buni tushunish uchun menga ko‘p yillar kerak bo‘ldi va bu juda foydali bo‘ldi. Sizni to‘rt kishi tinglaydimi yoki to‘rt mingtami ahamiyatsiz. Odamlarni tushuna olish, muzokaralar olib borish va jamoatchilik bilan aloqada bo‘lish, auditoriyani qiziqtirish va uni tushunish qobiliyati juda muhim.
Avvalo, umumiy jihatlaringiz bor yoki yo‘qligini aniqlang. Boshlanishiga ob-havo haqida suhbatlashish mumkin. Ob-havo ofatlari hammaga, milliarderlarga ham, o‘rtahol kishilarga ham birdek taalluqli. Bu aniq kesishish nuqtasi. Boshqa mavzular haqida biroz o‘ylashga to‘g‘ri keladi. Bir kuni unchalik yoqtirmaydigan odam bilan muzokaralar olib bordim; u go‘yo oramizga ko‘rinmas to‘siq o‘rnatgandek edi. Birdan u ham xuddi men kabi golfni sevishini bilib qoldim. Kutilmaganda gaplashish uchun umumiy mavzumiz borligi ma’lum bo‘ldi va muzokaralar jarayoni sezilarli darajada osonlashdi.
Odamlarning kollejda yaxshi baho olganlari uchun emas, balki o‘z kasbidan tashqari sevimli mashg‘ulotlari va intilishlari bo‘lgani uchun ishga olinganlari haqidagi ko‘plab hikoyalarni bilaman. Albatta, ular yaxshi professional salohiyatga ega edilar, lekin bu bilan ko‘pchilik maqtanishi mumkin. Ish beruvchilar esa talablarga mos kelishdan tashqari biror o‘ziga xoslik, allaqanday yaqinlikni qidirishadi. Bir yosh advokatni bilaman. Uni yuridik fakultetdagi a’lo baholaridan tashqari musiqa bo‘yicha magistrlik darajasi bo‘lgani uchun nufuzli advokatlik firmasiga ishga olishgan. Bu yutuq muhim rol o‘ynagan, chunki suhbatni o‘tkazgan rahbar bo‘sh vaqtida musiqa bilan shug‘ullanar va musiqa bo‘yicha bunday darajaga ega bo‘lish uchun qancha harakat talab qilishini yaxshi tasavvur qilardi. Eng muhimi, ular huquqshunoslikdan tashqari umumiy qiziqishlarga ega edilar, bu esa kundalik tartibga hayot baxsh etishi mumkin edi.
Sahnada turib, tomoshabin bilan aloqa o‘rnatishning ustalari bu qiziqchilar. Notiqlar ham buni qanday bajarishni yaxshi bilishadi. Avvalo, siz o‘z auditoriyangizni bilishingiz kerak. «Qanday qilib boy bo‘lish mumkin?» kitobimda umumiy qiziqishlar aloqa o‘rnatishning yaxshi usuli ekanligini qayd etganman. Qanday umumiy jihatlaringiz borligi haqida o‘zingizga savol bering. Men ham milliarder bo‘lishimga qaramay, tirbandlikda qolib ketaman. Boshqalar kabi mening ham yomon kunlarim bo‘ladi. Esingizda bo‘lsin, sizning tajribangizda tomoshabinlar tushunishi va qabul qilishi mumkin bo‘lgan narsa bo‘lishi kerak, chunki ularning tajribasida ham o‘xshash hodisalar bo‘lgan. Ushbu umumiy belgini aniqlashga harakat qiling va uni o‘zingizning foydangizga ishlating. Siz ilgari mavjud bo‘lmagan aloqani o‘rnatishingiz mumkin, shunchaki bu vazifani o‘ylab ko‘ring.
Yaqinda qirq ming kishilik auditoriya qarshisida nutq so‘zladim. Nutqdan keyin xodimlarimdan biri mendan qo‘rqqan qo‘rqmaganimni so‘radi. Nihoyat, hayotning muhim qismi harakat ekanligini va ommaviy nutq uning bir qismi ekanligini angladim, deya javob berdim. Bundan tashqari, unga o‘z hayajonim haqida emas, balki meni tinglayotganlar haqida ko‘proq o‘yladim. Bunday yondashuv sizni hayajondan xalos qiladi, diqqatni tinglovchilarga qaratishga va uning nima ekanligini tushunishga imkon beradi.
Keraksiz tajribadan xalos bo‘ling, hayot bu harakat san’ati ekanligini tushuning. San’at odami sifatida auditoriyangiz oldida mas’ul ekanligingizni va o‘z salohiyatingizdan maksimal darajada foydalanish zarurligini tushunib oling. Bundan tashqari, siz auditoriya qanchalik katta bo‘lishidan qat’i nazar, e’tiborni ushlab turish qobiliyatiga ega bo‘lishingiz kerak. Ijrochi o‘zining har bir chiqishiga tayyorgarlik ko‘radi. Bu o‘zini namoyon etish san’ati va bu – hayot. Har kuni tayyorlaning. O‘qing, o‘rganing, chiqish qiling. Bu sinalgan formula. Undan foydalanishni hozirdan boshlang.
YAXSHI TO‘LQIN, YOMON TO‘LQIN, BESHAFQAT TO‘LQIN
Bu yil abadiy yoz bo‘lmaydi, lekin bu bahorning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Tomas J. Barrak Jr.
«Colony Capital» kompaniyasidagi do‘stim Tom Barrak ajoyib yigit. Yaqinda u menga «Xolislik bizning burchimiz va yangi saylangan prezident Obamaga qiyinchiliklarni yengillashtirishga yordam berish uchun bir necha maslahat» sarlavhali maqola yubordi. Tom iqtisoddagi so‘nggi (yigirma ikki) o‘zgarishlar haqida yozgandi va shuni angladimki, boshqa har qanday vaqtda ulardan faqat bir nechtasi muhim muhokama mavzusi bo‘lishi mumkin edi. Biz qanchalik diqqatli bo‘lishimiz kerakligini aytishga hojat bo‘lmasa kerak.
Mana Tomning sharhi: «Kredit va kapitallarning to‘liq qulashi natijasida ko‘chmas mulk seysmik likvidlik zarbasini boshdan kechirmoqda. Tijorat ko‘chmas mulki va uning o‘sishiga turtki bo‘luvchi majburiyatlar katta tanazzulga yuz tutmoqda». U yana shunday qo‘shimcha qiladi: «Biz barcha kutilmagan hodisalar tugadi deb o‘ylaganimizda, bir guruh afrikalik qaroqchilar tezyurar qayiqlarda to‘lov evaziga Saudiya tankerini qo‘lga olishdi va gazetalarda «Somali qaroqchilari «City Group»ni qo‘lga kiritish bo‘yicha muzokara olib bormoqda» satirik sarlavhasi paydo bo‘ldi.
Qaroqchilar o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Qaysidir ma’noda, bu – birinchidan, agar qaroqchilar mavjud bo‘lsa, dunyo unchalik o‘zgarmaganligini tushunishga yordam beradi. Ikkinchidan, hushyorlik, albatta, nima qilishidan qat’i nazar har bir kishi uchun zarurdir. Shu nuqtada 2008-yilning dekabr oyida umumiy e’tiborni tortgan Bernard Medoff va uning sxemasi esimga tushdi.
Bernard Medoff unga biroz «pul kiritishim» uchun Florida shtatidagi Palm-Bich shahriga kelmoqchi bo‘lgandi. «Mening fondimga sarmoya kiritishni istamaysanmi», deya so‘radi u mendan. Vaholanki, u haqida biroz ma’lumotga ega edim va to‘g‘risini aytsam, fondlarga sarmoya kiritmaslikni afzal ko‘raman, shuning uchun uni rad etdim. Menga o‘z korxonalarimdan kelayotgan daromad yetarli edi, shuning uchun uning yordami yoki ishtirokiga muhtoj emasdim. Medoff «Mar-a-Lago» klubimga tez-tez tashrif buyurar, uni ko‘pchilik hurmat qilardi.
Ayni paytda, ba’zi odamlar uning hiyla-nayranglari qurboni bo‘lib, pullarini yo‘qotishganini ham bilaman. Shubhasiz, Medoff pastkash va vijdonsiz ablah edi. Ko‘pchilik unga ishongani juda achinarli. Ba’zi odamlar bu kimsaga bor pullarini berdilar va endi omon qolish uchun uylarini sotishga majbur bo‘lishmoqda. Umid qilamanki, bu saboq sizni yanada ogoh qiladi. Hatto juda aqlli odamlar ham Medoff ning qarmog‘iga ilinishdi. Shuning uchun esda tuting: agar kimdir savlatli ko‘rinsa, bu uning firibgar emasligini anglatmaydi. Bernard boy odamlar uchun o‘ziga xos gipnozchi edi, u birgina telefon qo‘ng‘irog‘i bilan ulardan millionlab dollarlarni qoqib olardi.
Medoff ning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlikdan na tashkiloti xodimlari, na o‘g‘illari xabardor bo‘lmagan. Xo‘sh, uning ofisi qanday qilib katta binoning yetti qavatini egallagan? Qanday qilib bir kishi sheriklarsiz bunday katta mablag‘ni boshqarishi mumkin? Medoff ni ta’riflash uchun to‘g‘ri so‘z ochko‘zlikdir. Shubhasiz, u katta pullar bilan «quyon bo‘ldi».
Sarmoyadorlar o‘z yo‘qotishlaridan dahshatga tushishdi. O‘ylaymanki, kimnidir hurmat qilishimiz yoki sevishimizdan qat’i nazar, har qanday bitimlarni amalga oshirishda ehtiyotkor bo‘lish zarar bermaydi. Biroq, asosiysi, hech qachon o‘z pulingizni bir kishi yoki bitta korxonaga investitsiya qilmaslikdir. Hatto biror odamning so‘zlariga sehrlanib qolgan bo‘lsangiz ham, unga to‘liq ishonib qolmaslik kerak, chunki har kim insofsiz bo‘lib chiqishi yoki shunchaki kasal bo‘lib qolishi mumkin. Medoff ga kelsak, menimcha, unisi ham, bunisi ham edi. Mablag‘laringizni ko‘p fondlar orasida, kamida uch yoki to‘rtta orasida taqsimlash yaxshiroqdir. Barcha tuxumlarni bitta savatda saqlab bo‘lmaydi.
Mana fikrim: mutlaq kafolatlar yo‘q, shuning uchun ehtiyotkor bo‘lishingiz kerak. Ogohlikni yo‘qotmang. Ijobiy tomonlarga diqqatingizni qarating, lekin qaroqchilar haqida ham unutmang.
BESHAFQAT TO‘LQIN
Tom Barrak menga favqulodda yordam to‘plami eslatmalarini yubordi va ajoyib voqeani hikoya qilib, uni hayotiy vaziyatda qo‘llash bo‘yicha g‘oya berdi. Uni siz bilan baham ko‘raman. Bu yerda uning to‘rt betlik essesidan dastlabki ikki sahifasini keltiraman, umid qilamanki, ularni diqqat bilan o‘qiysiz.
Bozorda davom etayotgan notinchlik menga Lerd Xemilton oxirgi yig‘ilishimizda bizga aytib bergan voqeani eslatadi. Hech kim yashash zavqini Lerddan yaxshiroq anglamagan. U butun umrini katta to‘lqinlarda uchish imkoniyatini kutish va tayyorgarlik ko‘rish bilan o‘tkazadi. Gavayi orollaridagi eng katta to‘lqinlar Mauida, «Jag‘» deb nomlangan to‘lqinlar chizig‘ida bo‘ladi. To‘lqinlar 15-20 metr balandlikka yetadi va ularni faqat «buksirli syorfing» bilan shug‘ullanuvchi juda oz sonli qo‘rqmas mutaxassislar jilovlay olishi mumkin. Syorfingdagi buksir syorfchining boshlang‘ich tezligini an’anaviy eshkak eshish texnikasi bilan boshqarib bo‘lmaydigan ulkan, shiddatli to‘lqinlar tezligiga qadar oshirish uchun ixtiro qilingan. Tutqich sizga ilgari o‘ylash ham qo‘rqinchli bo‘lgan balandlikdagi to‘lqinlarni chuqurroq va tezroq jilovlash imkonini beradi. Syorfing kreditga yer sotib olayotgandagi tashqi moliyalashtirilgan ssuda va qimmatli qog‘ozlarga o‘xshaydi.
Bir kuni ertalab Lerd va uning syorfingchi do‘stlaridan biri Brok Likl to‘lqinlar balandroq va odamlar kamroq bo‘ladigan joy izlashdi. Ular Maui aeroporti yaqinidagi sohilning «Jag‘» chizig‘idan burilib, odamlar umuman bo‘lmaydigan, to‘lqinlar balandligi 18-30 metrga yetadigan joyni topishdi. Yigitlar to‘lqinni kuzatib, tahlil qilishdi va bunday to‘lqinlar har o‘n yilda bir marta sodir bo‘ladi degan fikrga kelishdi. Atrofda hech kim yo‘qligiga qaramay, boshlarini toshlardan asrab, dengizga, suvni ko‘pirtirayotgan ulkan to‘lqinlar qarshisiga chiqishdi. Xavfli hududni yorib o‘tdik, deb o‘ylashganda, ufqda qirg‘oqqa qarab yopirilayotgan «beshafqat» to‘lqin paydo bo‘ldi. Syorfingchilar bor kuchlari bilan tobora kattarayotgan to‘lqin tomon suzib ketishdi, lekin o‘z vaqtida ko‘tarila olishmadi. To‘lqin ularni xuddi qo‘g‘irchoqlar kabi xavfli marjon riflari tomon irg‘itib yubordi. Lerdning aytishicha, o‘sha daqiqalarda u qo‘rqmagan, chunki o‘n yillik mashg‘ulotlar davomida shunchalik ko‘p dahshatli vaziyatlarda bo‘lgan va endi o‘zini qulay his qilardi.
Ikkala syorfingchi ham dunyoning eng zo‘r sportchilaridan edi va omon qolish bir nechta asosiy qoidalarga bog‘liqligini bilishardi:
• Xotirjam bo‘ling – vahima qilmang.
• «Quruq porox»ni (havoni) asrang.
• Oqim bilan kurashmang, u sizni olib ketishiga qo‘yib bering.
• Omon qolish qobiliyatingizga shubha qilmang; yodingizda bo‘lsin, siz butun umringiz davomida mashq qilgansiz va shu daqiqaga tayyorgarlik ko‘rgansiz.
• Yodingizda bo‘lsin, cho‘qqiga chiqqaningizda, siz tomonga, shubhasiz, yana boshqa to‘lqin yopiriladi.
• Barcha sharoitlarni hisobga oling: ko‘rinish, tovush, hid, harakat, bosim.
• Avval o‘zingiz haqingizda qayg‘uring, keyin do‘stingizni qidiring.
• Do‘stingizni topsangiz, omon qolish ikkalangiz qiyinchiliklarni qanday baham ko‘rishingizga bog‘liq bo‘ladi.
Lerd va Brok o‘zlari tomon ketma-ket yopirilib kelayotgan to‘lqinlar qo‘l-oyoqlarini uzib yubormasligi uchun dengiz tubiga sho‘ng‘ib, to‘rt daqiqa davomida nafaslarini ushlab turishga majbur bo‘ldilar. Nihoyat, Lerd so‘nggi to‘lqinining cho‘qqisiga chiqishga muvaff aq bo‘ldi va xavotir bilan do‘stini qidira boshladi. U Brokni taxminan 200 metr narida, qonga belangan va taxtasiz suzayotganinni ko‘rdi. Kir yuvish mashinasi ichida aylanayotgandek, Brok tomon suzib borib, u jiddiy jarohatlanganini va qon ketayotganini aniqladi. Lerd uni qirg‘oqqa olib chiqishdan oldin, o‘z gidrokostyumini yechib, do‘stining deyarli uzilgan oyog‘ini bog‘lash uchun foydalandi, o‘zi esa maxfiy agent Mak-Gayver qiyofasida qoldi. Keyin Lerd Brokni qo‘llari bilan chirmab, singan taxta yonida yotgan dengiz motosikli tomon suzib ketdi. U Brokni motosiklga ortib, qirg‘oqqa yo‘l oldi. Sohil chizig‘i 1,5 metr balandlikda edi, shuning uchun yerga qo‘nish uchun yana bir qahramonlik qilishi kerak edi. Lerd qulayroq joyni tanladi, motosiklni tezlatdi, to‘lqin ustidan havoga ko‘tarildi va tomoshabinlar bilan to‘lib ulgurgan avtomobil «to‘xtash joyi»ga qo‘ndi. Brokni xavfsiz yerga yotqizgach, birdan o‘zining butunlay yalang‘och ekanligini angladi. Brok tez yordam brigadasiga topshirilib, ahvoli yaxshi bo‘lishi aniq bo‘lgach, Lerd boshqa syorfingchi bilan bu ulkan to‘lqinlarga qaytib keldi. Hayotidagi eng yaxshi to‘lqinlarda parvoz qildi. U qo‘rqmasdi. Hayotidagi eng yomon yiqilishdan omon qolgach, endi u o‘zini to‘xtash joyidan kuzatib turgan boshqa sportchilardan yaxshiroq jihozlangan edi.
TINCHLANTIRUVCHI 2008-YIL
2008-yil kutilmagan hodisalar, beqarorlik, umidsizlik, amalga oshmagan umidlar va takrorlanuvchi shok to‘lqinlariga to‘la bo‘ldi. Yangi yil yaqinlashar ekan, chuqur nafas olishimiz, o‘zimizni bo‘sh qo‘yib, omon qolishimiz uchun asosiy omillarga e’tibor qaratishimiz kerak deb o‘yladim. Biz egarga qaytishimiz shart edi.
O‘g‘illarim Lerd kabi syorfingga ko‘ngil qo‘yishgan. Ularni otalari bilan vaqt o‘tkazishga ko‘ndirish uchun to‘lqinlarni ham o‘z ichiga olgan Rojdestvo ta’tili zarur. Okeanni zabt etish va suvdagi cheksiz o‘zgarishlarni kuzatish menga notinch muhitga bardosh berishga yordam beruvchi omon qolish qoidalarining umumiy tabiati haqida fikr yuritish imkonini beradi.
Birinchi muhim tamoyil – bo‘ysunish. Qanchalik qobiliyatli bo‘lmang, takabburlik o‘zining xunuk boshini ko‘tarsa, Ona tabiat sizga o‘rningizni ko‘rsatib qo‘yadi. To‘lqinni jilovlash atrofdagi barcha sharoitlarni hisobga olishni ko‘zda tutadi. Bunda hukmronlik emas, balki itoat qilish zarur. Oqimlar, to‘lqin uzunligi, shamol, riflar, harorat, tomoshabinlar olomoni, to‘lqinlarning shakli – bularning barchasi har soniyada o‘zgarib turadi. To‘lqinni tasavvur qilishga harakat qilishingiz va unga o‘xshashlarini qidirishingiz shart emas, siz doimo o‘zgarib turadigan vaziyatga moslashish qobiliyatini rivojlantirishingiz va hech qachon harakatdan to‘xtamasligingiz kerak. Agar omon qola olsangiz, bu ajoyib. Agar buni o‘ziga xos uslub va nafislik bilan qila olsangiz, undanda yaxshi. Xuddi hikoyadagi kabi yiqilish syorfingchilar turmush tarzining ajralmas qismi bo‘lib, hech qachon yiqilmaslikni rejalashtirishdan ma’ni yo‘q.
Jahon miqyosidagi syorfingchilar «qorong‘i xonaga» muqarrar sayohatni yengib o‘tish uchun doimo mashq qiladilar. Bunga tayyorgarlik, kutish, xotirjamlik, qo‘rquvni nazorat qilish qobiliyati, ishlar chappasiga ketib, bir bor nafas olishga mushtoq bo‘lgan paytlaringizda nima qilish kerakligini bilish kiradi. Syorfingchilar quruq cho‘kish deb atashadigan harakatlar – vahima, qo‘llarni tapillatish va kislorodni isrof qilish eng yomon usul. Tajribali syorfingchilar to‘lqinning suyaklarni maydalovchi kuchi pasayguncha o‘zlarini bo‘sh qo‘yishadi va qarshilik ko‘rsatishmaydi. Ular o‘zlarining «quruq porox»larini asrashlari kerak: nafaslarini ushlab, marjon riflariga tegib ketmaslikka harakat qilishlari lozim. O‘z kuchiga ishonish avvalgi yiqilish tajribasi va eng yomon narsaga tayyorgarlikdan kelib chiqadi.
Bundan tashqari, bir syorfingchi yiqilgan joyda, boshqasi «kun to‘lqinini» tutishi mumkin. Asosiysi, kutish va to‘g‘ri holatni egallash, boshqa syorfingchilar izlayotganidek bo‘lshi shart emas. Olomonga ergashmaslik g‘alaba va mag‘lubiyat o‘rtasidagi farqdir. Biroq, boshqalarning harakat yo‘nalishini kuzatish shart, chunki havaskorlarning harakatlari ba’zan to‘lqindan ko‘proq xavf tug‘diradi.
Kuchli syorfingchilar noodatiy sharoitlarga duch kelganda, to‘plangan «qurollar to‘plami»dan» voz kechmaydilar. Ular ayni vaqtda duch kelgan sharoitlarga moslashadilar. Ularning qat’iyat va fidoyilikari o‘zgarmasdir. Ular o‘z vaqtlarini kutishadi va barcha his-tuyg‘u organlarini ishga solib, hammaga va hamma narsaga e’tibor beradilar. Bu his-tuyg‘ular minglab oldingi to‘lqinlarning eng xilma-xil sharoitlarida tug‘ilgan instinktlar bilan belgilanadi va tozalanadi. Ular birinchi navbatda omon qolishga, keyin ayni holatga, keyin esa keyingi to‘lqinda hukmronlik qilishga e’tiborlarini qaratishadi.
Hozirgi sharoitda investitsiya kiritish ham xuddi shunday his beradi. Dengiz qaynaydi, oqimlar kesishadi, to‘lqinlar yuqorilaydi va pasayadi, tajribasizlar g‘arq bo‘ladi va birin-ketin jarangdor nomlar qulaydi. Bu hammani qo‘rqitadi va tushkunlikka soladi.
Hozir investitsiya uchun eng maqbul vaqt. Hozir xususiy kapital eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan va hujumlar boshlangan vaqt. Turbulentlik zonasiga kirish yangi investitsiyalar uchun yangi shartlarni belgilaydi, bu shubhasiz, tarixdagi eng yuqori daromadni keltiradi. Tarixdan ma’lumki, barqarorlashgan bozorlarda ushbu chuqur burilish nuqtalarida xususiy kapital daromadlari sezilarli darajada oshadi. 1990 va 2000-yillar boshidagi iqtisodiy tanazzuldan keyin Amerika xususiy firmalarining daromadlari 25 foizga oshdi.
Men Tom Barrakdan chuqur o‘y-fikrlari uchun juda minnatdorman. Esda tutaylikki, har qanday sharoitda har qanday vaziyatda g‘olib bo‘lish kerak.
O‘Z NOMINGIZNI YARATING
Kelajakdagi ishlar bilan obro‘ qozonib bo‘lmaydi.
Genri Ford
Tramp nomli brendni bir necha o‘n yillar davomida yaratganman va hozirda uch nafar farzandim «Trump Organization» kompaniyasida ishlab, brendimizni targ‘ib qilishga yordam beradi. Kichik Don, Ivanka va Erik hammalari biz bilan. Ular mening haqiqiy «shogirdlarim», ular katta ishlarni bajaradilar. Bolalar talabchanligimni bilishadi, lekin ular juda intizomli va mehnatsevar, shu sababdan xodim sifatida «Trump Organization»ga juda mos keladilar.
Yuqori sifati bilan mashhur brendga egalik qilish yaxshi obro‘ga ega bo‘lish bilan bir xil. Buni hatto karyerangizning boshida ham e’tibordan chetda qoldirmaslik juda muhimdir. Esingizda bo‘lsin, har bir aytgan so‘zingiz va qilayotgan ishingiz katta ahamiyatga ega. Harakatlar qiymatini past baholab bo‘lmaydi. Siz tom ma’noda brendsiz, hatto biznesingizga ega bo‘lmasangiz ham. Agar qilayotgan ishingizga jiddiy yondashsangiz, demak, allaqachon taqdiringiz uchun mas’uliyatni o‘z zimmangizga olgansiz.
Nomim bilan atalgan brend har qanday biznesda eng yuqori sifatni ta’minlashi kerak. Agar golf maydoni qurayotgan bo‘lsam, u eng yaxshisi bo‘lishi kerak. Agar osmono‘par bino qursam, u eng yaxshisi bo‘lishi kerak. Agar kostyumlar qatorini yaratishga qaror qilsam, u ham eng yaxshisi bo‘lardi. Ba’zi mavzularda o‘ta tartibliman. Aniqrog‘i, hamma narsada. Agar intilishga arziydigan narsaga erishmoqchi bo‘lsangiz, xuddi shunday bo‘lishingiz kerak.
Bir kuni kimdir menga golf maydonlarini qurayotganimda uning hududida o‘sadigan daraxtlarga qiziqqanimdan ko‘pchilik hayratga tushganini aytdi. Darhaqiqat, bir oz kuch sarflab, daraxtlar bo‘yicha yetakchi mutaxassisni topdim va ma’lumotlarni o‘rganish uchun bir necha soat sarfladim. Biroq bu odamlarning hayratini tushunolmadim, chunki men uchun bunday sinchkovlik mutlaqo tabiiydir. Siz shaxsan barcha detallardan boxabar bo‘lishingiz kerak! Ikkinchi qo‘ldan olingan ma’lumot ikkinchi darajali ma’lumotdir. Ikkinchi darajali odam bo‘lmang.
O‘zingiz ishlang. Bu ajoyib brend yoki katta obro‘ga yoki ehtimol ikkalasiga yo‘l ochishning yagona yo‘li. Detallar nimaga taalluqli bo‘lmasin, xoh yog‘och, xoh kran bo‘lsin, hech qachon o‘ta mayda bo‘lmaydi. Yordamchilarimdan biri eslaydi, uchta yuvinish xonasi havzasi ish xonamdagi divanda bir necha oy turgan va oldimga kelgan har bir kishidan ulardan qaysi biri ko‘proq yoqqanini so‘raganman. Menimcha, detallarga bo‘lgan bunday e’tibor yuksak darajali mahoratdan dalolatdir.
Uylarim qurilishi tugab ulgurmay sotib olinmoqda. Nega? Odamlar brendni taniydilar va pullariga eng yaxshi sifatni olishlarini biladilar. Ular tavakkal qilmaydilar. Sifat va halollikka asoslangan biznes buyukdir. U o‘zini o‘zi sotadi. Bu bir onda sodir bo‘lmaydi: obro‘-e’tibor va nom qozonish uchun ko‘p mehnat qilish kerak va izchillik siz tanlagan ish sohangiz standarti bo‘lishi kerak. Sizga aytsam, bu mehnat qilishga arziydi. Nima qilsangiz ham, bugun boshlang. Genri Ford aytganidek, kelajakdagi ishlar bilan obro‘ga (yoki o‘z brendingizga) erishib bo‘lmaydi. Rejalaringiz, g‘oyalaringiz va orzularingizni harakatlar bilan mustahkamlash kerak.
Ko‘pchiligimizdan tavsiyanomalar talab qilishadi. Ularni yozaman va qabul qilaman va matndan doim «mas’uliyatli», «professional» va «ishonchli» so‘zlarini qidiraman. Agar siz uchta so‘zga asoslangan obro‘-e’tibor orttirsangiz, unda bu uchta so‘z nomzodlar ro‘yxatida birinchi bo‘ladi. Nomim bilan atalgan brend haqida gap ketganda aynan shuni – xaridorlar, mijozlar, talabalar, o‘quvchilar, tinglovchilar va boshqalar bilan ishlashda mas’uliyatli, professional va ishonchli bo‘lish haqida o‘ylayman. Tan olishim kerakki, bu har doim ham oson emas. Juda ko‘p odamlar oldida mas’ulman, shuning uchun yuqori standart – bu men qat’iy turgan va turishda davom etadigan standart. O‘zimga kamroq narsa bilan kifoyalanishga yo‘l qo‘ymayman.
O‘zingiz intilayotgan obro‘ga erishish uchun siz ham xuddi shunday qilishingiz kerak. Qat’iylik o‘z afzalliklariga ega. Ulardan biri eng yuqori cho‘qqiga chiqish va u yerda qolish imkoniyatidir. Hoziroq, bugunoq boshlang. Shu daqiqadan boshlang. Raqiblaringiz ko‘p va ular sizni kutishmaydi. Aql, mas’uliyat va samaradorlik bilan nom qozoning. Bu eng yaxshilar yo‘li.