Текст книги "Biznes va hayotda norasmiy ta’lim"
Автор книги: Дональд Трамп
Жанр: О бизнесе популярно, Бизнес-Книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 10 страниц)
BIZNESDAGI MUVAFFAQIYAT TABIAT IN’OMIMI?
Hozir turgan joyingizga yetib borish uchun avval turgan joyingizdan yurishni boshlash kerak edi.
Robert Luis Stivenson
Ko‘pchilik meni tug‘ma biznesmen deb o‘ylaydi. Qaysidir ma’noda ular haq, ammo tadbirkor bo‘lish qobiliyati ko‘p yillik mashaqqatli mehnat natijasida olingan ko‘nikmalardir. Sport va musiqada bo‘lgani kabi, biznesda ham e’tiborli bo‘lish va juda ko‘p shug‘ullanish kerak. Uorton biznes maktabida o‘qishga qaror qilishimdan oldin Janubiy Kaliforniya Universitetida o‘qish haqida o‘ylardim – kino san’atini o‘rganmoqchi edim. Va birinchi maktab foydasiga qaror qabul qilish orqali, juda jiddiy va maqsadga intiluvchan talabaga aylandim.
Bugungi faoliyatimda jasorat elementi bor va u hamma narsa yengil va oson ko‘rinishi kerakligida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ko‘pincha, biznes haqida san’at haqida gapirgandek gapiraman. Endi Uorxolning ushbu gapi doim yoqqan: «Pul topish – bu san’at, ishlash – san’at, muvaff aqiyatli biznes qilish esa ikki baravar san’atdir». Uning fikriga qo‘shilaman.
2007-yilning yanvarida meni Gollivudning «Shonsharaf xiyoboni»dagi yulduz bilan taqdirlashdi. Bu Uortonni tamomlagan va ko‘chmas mulk bozorida martaba topgan odam uchun juda kutilmagan hadya bo‘ldi. Menda ko‘ngilochar sohada ishlash uchun tug‘ma iste’dod bormi? Bo‘lishi mumkin, lekin bu bilan aniq maqsadda shug‘ullanganman. Shou-biznes qanday ishlashini yaxshi tushunaman, ammo o‘rganishdan to‘xtamayman. Talabaligimda doim mendan kutilganidan ham ko‘proq narsani qilardim, o‘z tashabbusim bilan o‘qituvchilar talab qilganidan ko‘proq vazifalarni bajarardim. Shuni payqadimki, juda ko‘p muvaff aqiyatli odamlar nima bilan shug‘ullanishlaridan qat’i nazar shunday yo‘l tutishadi.
Uinston Cherchill ajoyib notiq edi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri bu mahoratni rivojlantirishga ko‘p vaqt ajratganini kitobdan o‘qib bilgunimcha, bu iste’dodni tabiat in’omi deb o‘ylardim. Albatta, u ajoyib qobiliyatlarga ega edi, lekin shu bilan birga tinimsiz mehnat qilgan. Rivojlangan iste’dod maqsadli va mashaqqatli mehnat natijasi edi. Motsart juda erta yoshda musiqa chalishni boshlagan – uning daho ekaniga hech kim shubha qilmaydi – lekin uning tug‘ma qobiliyatlari tizimli ravishda rivojlantirib borilgan.
Ehtimol, tadbirkor sifatidagi tabiiy iste’dodim ko‘p mayda detallarni ham e’tibordan qochirmay, umumiy tasvirni ko‘ra olishimdadir. Bir vaqtning o‘zida bir necha narsani e’tibor doirasida tuta olaman va ular muvaff aqiyatli mantiqiy xulosaga kelishlarini kuzataman. Bu mahorat tajriba bilan birga keladi, lekin har doim ongli ravishda, hatto maktab davrlarimda ham diqqatim imkon qadar ko‘proq masalani qamrab olishi uchun harakat qilardim.
Ko‘plab juda dono va ilg‘or odamlar yana ajoyib tadbirkorlar hamdir. Bill Geyts va Mark Bernettni oling. Xo‘sh, iste’dod nima? O‘z sohasida ma’lum cho‘qqilarni zabt etgan odamlar, aytaylik, Tayger Vuds yoki sportda Rojer Federer bizga daholardek tuyuladi. Yaqinroqdan qarasak, ularning muvaff aqiyati ajoyib tayyorgarlik natijasi bo‘lib chiqadi. Menimcha, iste’dod bu o‘z ishingni muvaff aqiyatli bajarish qobiliyatidir. Shunchaki, ko‘pchilik o‘z ishi bilan shug‘ullanmayapti, xolos, lekin nihoyat o‘ziga tegishli faoliyatni topa olsa, muvaff aqiyatga erishadi. Tinimsiz va oqilona mehnat yonma-yon borishi zarur.
Tajribamdan kelib chiqqan holda ikki omilga katta ahamiyat beraman: irsiyat va atrof-muhit. Otam bunga eng yaxshi misol: u qurilish va ko‘chmas mulk bilan shug‘ullangan va muvaff aqiyat unga qanday qimmatga tushganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Bu yo‘l juda oson va jozibali ekanligi haqidagi yolg‘on tasavvurlarga ega emasdim. O‘zimning estetik ehtiyojlarim sabab uni o‘zim uchun jozibali qildim. O‘ylaymanki, otam tufayli bolaligimdayoq bu borada tajribaga ega bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Fikrimcha, bu katta ustunlik bergan va o‘zimni «omadli urug‘» klubi a’zosi deb hisoblashimni tez-tez takrorlayman.
Ammo bu a’zolik meni tug‘ma iste’dod bilan taqdirladimi? Bunday deb o‘ylamayman. U ustunlik berdi va uni iste’dodga aylantirish maqsadi bilan rivojlantirdim. Shu kabi sifatlarga ega bo‘lishingiz mumkin, ammo qiziqish va qobiliyatsiz ularni o‘z foydangizga ishlata olmaysiz. Katta akam ko‘chmas mulkka qiziqmasdi va u boshqa ish bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Bir do‘stim bu oilaviy an’ana bo‘lgani uchungina Uoll Stritda ishlardi va u ishini juda yomon bajarardi. Barcha irsiyat belgilari uning foydasiga ishlardi, lekin u ushbu faoliyat uchun yaratilmagandi. U ketishga va o‘zini boshqa kasbga bag‘ishlashga qaror qilgandagina muvaff aqiyatga erishdi. Golf maydonini qurishni boshlaganimda, juda ko‘p narsani o‘rganishga majbur bo‘ldim. Menga o‘yin juda yoqar, o‘yinchi sifatida golf maydonlari haqida bilimlarga ega edim, lekin bu maydonlarni qurish – bu butunlay boshqa hikoya. Boshlashdan oldin dunyoning yetakchi mutaxassislari bilan maslahatlashdim. Golf maydonlarim go‘zal tabiati sabab mukofotlarga sazovor bo‘ldi, ammo buning quruvchining iste’dodi bilan hech qanday aloqasi yo‘q. O‘yinga bo‘lgan muhabbatim va golf uchun eng chiroyli maydonchalar qurish istagi foyda keltirdi.
Miyaning kesishmali mashqlariga bag‘ishlangan tadqiqot mavjud. Unda egallangan ko‘nikmalardan boshqa sohalardagi faoliyat natijalarini takomillashtirish uchun foydalanish mumkinligi haqida so‘z boradi. Doim odamlarga golf o‘ynashni maslahat beraman, buning sabablaridan biri shuki, golf aqliy o‘yin bo‘lib, bir necha darajalarda ishlaydi. Bu qarashga darhol qo‘shilishga tayyorman. Sababi o‘yin davomida miyamga necha-necha ajoyib g‘oyalar va necha-necha muammolar yechimi kelgan. Bu haqiqatdan ham ish beradi. Sizga, masalan, rasm chizish yoki pianino chalish mos kelishi mumkin; sizning to‘g‘ridan to‘g‘ri faoliyatingiz bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday faoliyat, sevimli mashg‘ulot yoki qiziqish hayotingizning biznes bilan bog‘liq tomoniga qo‘shimcha bo‘ladi.
Bulardan tashqari, omadga ishona boshladim. Ko‘p mehnat qilgan va muvaff aqiyatga erishish uchun hamma narsa qilgan, lekin omad ularni chetlab o‘tgan odamlarni bilaman. Gap nimada ekanligini aniq ayta olmayman, lekin baribir bu meni omadga ma’lum darajada ishontiradi. Hamma ham aql bovar qilmaydigan muvaff aqiyatlarga erisha olmasligi haqiqat.
Balki dunyoda qandaydir muvozanat mavjud bo‘lib, biz har doim ham unga ta’sir o‘tkazishimiz mumkin emasdir. Ammo, nima bo‘lishidan qat’i nazar, men bu ma’noda omadga ishonish foydali ekanligini payqadim, shunda u sizga yonbosa boshlaydi.
Biznes – bu ijodiy jarayon. Uning san’atga o‘xshashligi ana shunda namoyon bo‘ladi. Har bir sohaning o‘z yetakchilari bor, ko‘chmas mulk sohasida mashhur bo‘lgan bo‘lsam, bu ko‘p jihatdan ishimga nafaqat yangi bilim va tajriba orttirish, balki ijodiy yondashishim bilan bog‘liq. «Metropolitan Opera»77
AQShdagi nufuzli opera teatrlaridan biri.
[Закрыть] bosh direktori Piter Gelb bu ulug‘vor san’at uchun so‘nggi marketing usulini qo‘llagan holda operani zamonaviy hayotga qaytaradi. Uni ommalashtirish uchun bugungi bozor qabul qilishi va qadrlashi mumkin bo‘lgan usullardan foydalanadi.
Eng yuqori natijalarga erishish uchun eskisini qayta tiklash va yangisini yaratish yoki birini boshqasi bilan birlashtirish juda muhimdir. Bir necha o‘n yillar oldin Gudzon bo‘ylab joylashgan tashlandiq temir yo‘l omborlarini sotib oldim va bugungi kunda Trump Place qurib bitkazilgan – o‘n sakkizta ajoyib bino, park va kemalar to‘xtash joyi Manxettenning Vest-Saydini bezab turibdi. Ba’zan bizga hamma narsa bir kechada sodir bo‘ladigandek tuyuladi, lekin hatto juda mashhur va badavlat kishilar orasida ham har doim bunday bo‘lavermaydi. Muvaff aqiyat ko‘pincha sabr-toqat bilan birga keladi, ammo bu sizga tabiat tomonidan berilmagan bo‘lsa, uni shakllantirish mumkin. Xo‘sh, biznesdagi muvaff aqiyat tabiat in’omimi? O‘ylaymanki, muvaff aqiyat qobiliyat, mehnat va omadning uyg‘unligidir.
QISQA, TEZ, ANIQ
Bugun tejamkor bo‘lmagan ertaga azob chekadi.
Konfutsiy
Konfutsiy azob haqida gapirarkan, tan olishim kerakki, bu fikrning haqligini o‘zimdan bilaman. Ko‘pincha fikrlarini qanday ifodalashni bilmaganlar bilan muloqot qilishimga to‘g‘ri keladi, shuning uchun «azob chekish» nimani anglatishini yaxshi tushunaman. Qo‘pol bo‘lib ko‘rinishni xohlamayman, lekin ko‘pincha o‘ylab qolaman: «U asosiy maqsadga yetib kelishi uchun qancha vaqt kerak? Allaqachon Avstraliyaga yetib borish mumkin edi, lekin u hali ham parvozdan oldingi tezlashishda davom etyapti». Biznesda o‘zingizga qanchalik notiq bo‘lib ko‘rinmang, uzoq o‘ylanishlar va balandparvoz nutqlarga o‘rin yo‘q. Nima qilsangiz ham, uni qisqa, tez va aniq bajaring. Qolaversa, bu madaniyatlilikning bir ko‘rinishidir. Kamdan kam odam vaqtni isrof qilish imkoniga ega. Menimcha, Konfutsiy o‘z vaqtini asramaydiganlarga murojaat qilgan. Atrofdagi barchani sergaplik bilan qiynash shartmi? «Milliarder kabi fikrlang» kitobimda Rikardo Bellinoga biznes rejasini taqdim etish uchun bor-yo‘g‘i uch daqiqa vaqt berilganini yozganman. O‘sha kuni juda band edim va taqdimotlarni tinglash uchun yaxshi kayfiyatda emasdim, shuning uchun u rejasidan voz kechadi va bu kunimni yengillashtiradi, deb o‘yladim. Ammo Rikardo nafaqat fikridan voz kechmadi, balki ajratilgan uch daqiqada shunday taqdimot qildiki, oqibat hamkorlikka rozi bo‘ldim. Odamlar juda oz vaqtlari mobaynida nimalarga qodir ekanliklari juda hayratlanarli.
Aytmoqchimanki, ba’zan o‘zingiz uchun chegaralar o‘rnatish ham zarar qilmaydi. Besh daqiqadan kamroq vaqt ichida taqdimot qilishni, uch daqiqadan kamroq vaqtda o‘zingiz haqingizda gapirishni o‘rganing. Nutqingizdan muhim bo‘lmagan hamma narsani olib tashlasangiz, o‘zingizni mukammal namoyon eta olishingizni tushunasiz.
Tinglovchilaringiz yoki rahbarlaringiz masalaning mohiyatini lo‘nda taqdim eta olganingiz uchun minnatdor bo‘lishadi. Menimcha, hammamiz spam xabarlar nimaligini bilamiz. Ba’zan muhim xabarni topish uchun bir uyum keraksiz xatlarni qayta o‘qib chiqishingizga to‘g‘ri keladi. Atrofingizdagi odamlarni faqat muhim, mazmunli ma’lumotlarni taqdim etish orqali spamdan saqlang. Bu sizni maqsadingizga tasavvur qilganingizdan-da tezroq yetaklaydi.
Shu tomondan biznes ko‘proq estafetaga o‘xshaydi. Jamoa birlasha olishi, g‘alaba qozonishi uchun unda qoloqlar bo‘lmasligi kerak, chunki ular sabab hamma qiynaladi. Boshqalarni qiyin ahvolga solmayotganingizga ishonch hosil qiling. Nuqtayi nazaringizni ifoda eta turib, tezkor tempni saqlashni o‘rganing. Doimiy ravishda o‘zingizga «Yanada qisqartirish mumkinmi?» degan savolni berish orqali o‘zingizdan o‘zib ketishga harakat qiling. Natijangizni sekin-asta yaxshilab boring. Birinchi so‘zlardanoq gapning indallosiga o‘ting. Muzokaralar usulimni tahlil qilgan odamlar meni boshqalardan masalaning mohiyatiga tez yetib borish qobiliyati ajratib turishini qayd etishgan. Boshqalar hamon kirish so‘zini aytayotganda, allaqachon kitob yozishni tugatyapman. Miyamda ish allaqachon pishgan. Tez tushunish va gapirish qobiliyati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, buning ustida uzoq vaqt ishladim. Biroq har bir kishi bu usuldan har kuni xabar yuborish, xat yozish, tushlik buyurtma qilishda foydalanishi mumkin.
Agar «Shogird» shousini tomosha qilgan bo‘lsangiz, faktlarni ortiqcha gap-so‘zlarsiz taqdim eta oladigan nomzodlarning boshqalarga qaraganda ustunlikka erishishini payqagan bo‘lishingiz mumkin. O‘ttiz soniya ichida aytilishi mumkin bo‘lgan izohlarni besh daqiqa tinglash men va maslahatchilarim uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lib xizmat qiladi. Bizning sergap hamkasblar uchun vaqtimiz yo‘q, tinglashga to‘g‘ri kelayotgan uzoq, og‘ir nutqlar g‘alaba qozonish imkoniyatini sezilarli darajada kamaytiradi.
Qisqa, tez va aniq xabarda hayotiy hikmat bor. Xabaringizning maqsadini bilish va uni boshqalarga namoyish etish sizga hurmat va yetakchilik sari katta qadam tashlash imkonini beradi. Bu mahoratni istalgan vaqtda va joyda, oziq-ovqat peshtaxtasi oldida va «Shogird» shousi majlislar zalida rivojlantiring. So‘zlarni tejashni o‘rganing. Bugun dunyo qisqalikni qadrlaydi.
ISH UCHUN TO‘G‘RI FIKRLANG
Aybdorlarni qidirmang, yechim izlang.
Genri Ford
Odatda, ishni muammoni hal qilish jarayoni sifatida ko‘raman. Avval ham aytganimdek, agar sizda hech qanday muammo bo‘lmasa, unda biror narsani sezmayapsiz yoki biznesingizni yuritmaysiz. Muammolar ish bilan birga keladi va ular sizga kutilmaganda zarba bermasligi kerak. Ularga tayyor bo‘lishingiz kerak.
Ishingizni yuritmasangiz ham, har qanday odam qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin va ularga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Bu yondashuv menga ishonchli tuyuladi. Qanchalik urinmang, aql bovar qilmaydigan hodisalar istalgan paytda sodir bo‘lishi mumkin. O‘z intilishlaringiz haqida ham, obyektiv haqiqat haqida ham o‘ylab ko‘ring. Bu chinakam tayyor bo‘lish degani.
Ko‘pincha, 2001-yil 11-sentabrni eslarkan, odamlar bu sentabr tongi ularga qanchalik ajoyib tuyulganligi haqida gapirishadi. Ikki soat o‘tgach, ularning fikri keskin o‘zgardi. Biz falokatga tayyor edikmi? Hodisaning oldini olish mumkinmidi?
Bu misol nazorat qilinishi mumkin bo‘lgan narsalarni boshqarishga yordam beradi. Har kuni o‘zingizdan nima sodir bo‘lishi, qanday muammolar paydo bo‘lishi mumkinligini so‘rang, har bir vazifangizni qayta ko‘rib chiqing va barcha rejalaringizga amal qilayotganingizga ishonch hosil qiling. O‘ta diqqatli bo‘ling. Tayyor turing. Biznesda to‘liqsiz va erkin ish kunlari yo‘q. Agar ular paydo bo‘lsa, unda qayerdadir xatoga yo‘l qo‘yilgan. Vazifangiz buning nima ekanini topish, harakat qilish va yechim topish.
Ishga moslashish deganda, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorlikni nazarda tutaman. Mas’uliyatni o‘z yelkasiga olishga odatlanganlar boshqalarni ayblash va aybdorlarni qidirishdan xoli bo‘ladilar. Mas’uliyatdan qochadiganlar esa arzimas va hech qanday foydali narsaga qodir emaslar. Bunday odamlarga o‘xshamang, ular eng zaif bo‘g‘indir.
Bir yigitni bilardim, unga go‘yoki bugungi baxtsizligida kim aybdor ekanligini bilish uchun qo‘ng‘iroq qilardim. Menimcha, u butun hayoti davomida birorta xatoga yo‘l qo‘ymagan, chunki hech qachon hech nimada uning aybi yo‘q edi. Yagona zaif nuqtasi o‘zi edi va afsuski, uni mutlaq omadsizning taqdiri kutayotgan edi. Yigit hech qachon sabab o‘zida bo‘lishi mumkinligini o‘ylamasdi. Biror narsa kutilganidek bormasa, sababni birinchi navbatda o‘zingizdan izlang.
Uzoq vaqtdan beri biznes bilan shug‘ullanaman, muvaff aqiyatlar ham, muvaff aqiyatsizliklar ham bo‘lgan, shuning uchun muammoni topishdan uni hal qilishgacha bo‘lgan yo‘l mendan ko‘p vaqt talab qilmaydi. Diqqatingizni muammoga emas, uning yechimiga qarating. To‘g‘ri sozlanish juda muhim, bu ijobiy onlarga e’tibor berib, salbiylarini esa aksincha qoldirmaslikning bir usulidir.
Yollanib ishlovchilar uchun yana bir maslahat: istiqbolli tadbirkor bo‘lish mumkin, lekin shu bilan birga, jamoada samarali, to‘liq fidoyilik bilan ishlay olish juda muhimdir. «Shogird» ko‘rsatuvini ko‘rsangiz, jamoada ishlash qobiliyatiga ega bo‘lmaganlar yuqori natijalarga erisholmasligini sezasiz. Albatta, hamma birinchi bo‘lishni xohlaydi, lekin yaxshi jamoaviy ish o‘yinning bir qismi va muhim qismidir. Bu qobiliyat har qanday jamoada qadrlanadi. Jamoada ishlay turib noodatiy fikrlash mumkinmi?
Qolaversa, «Shogird» ko‘rsatuvi jamoalari qancha vaqtlarini tortishuvlar va ichki ziddiyatlarga sarflab, nafaqat qimmatli vaqtni behuda sarflashi, balki boshlovchilarni bezovta qilib, ba’zan yomon taassurot qoldirishini ham payqadim. Ishtirokchilar nufuzli mutaxassislar ekaniga qaramay, mayda-chuydalar ustida cheksiz, uzoq tortishuvlari, Genri Fordning ushbu bobning boshida bergan maslahatiga quloq solishlari ma’qul ekanini aniq ko‘rsatib turibdi.
E’tiboringizni ishingizga to‘liq qarating. Buning oqilonaligi ravshan, shuning uchun bu qobiliyatdan mahrum bo‘lgan odamlar meni juda hayratlantiradi. Aynan shuning uchun diqqatni jamlash haqida tez-tez gapiraman – natijaga erishish uchun u juda kerak. To‘g‘ri munosabat – bu mas’uliyat va diqqat. Televizorni qanday yoqishni hamma biladi. Qilayotgan ishingizga ham xuddi shunday ishonch bilan kirishni o‘rganing. O‘zingiz ham qanchalik ko‘p narsaga erishishingizdan hayron qolasiz.
HARAKAT QUVVATI USTIDA ISHLANG
Donolikning boshlanishi ifoda ravshanligidadir.
Suqrot
Suqrot ko‘p yillar avval yashaganiga qaramay, hali ham buyuk donishmand hisoblanadi. Misol uchun, uning ifoda ravshanligi haqidagi so‘zlari qisqa va aniq gapirishingiz kerak bo‘lgan muzokaralar uchun ham to‘g‘ri keladi. Muzokara san’ati mahorat talab qiladi. Xuddi shuni harakat energiyasi haqida ham aytish mumkin. Bir bor ajoyib kelishuvga erishgach, bundan buyon barcha bitimlaringiz o‘zidan o‘zi shunday ajoyib bo‘ladi, deb bo‘lmaydi. Bir bor to‘g‘ri ritmga tushgach, endi doim shunday bo‘ladi, deb bo‘lmaydi. Hatto buyuk jazz musiqachilari ham intilish kerak bo‘lgan bir «nota» borligini bilishadi va uni bir kun ijro etishga umid qilishadi. Ammo ular bu o‘zo‘zidan sodir bo‘ladi deb o‘ylamaydilar. Musiqachilar cholg‘uni qo‘lga olib, yana va yana mashq qiladilar.
Harakat turli shaklda bo‘lishi mumkin, lekin quvvat tushunchasi ular uchun doimo umumiy bo‘lib qoladi. Ma’nodosh sifatida «kuch», «qudrat», «rag‘bat», «qat’iyat», «impuls» va «undov» so‘zlarini keltirish mumkin – bular har qanday yutuq uchun ajoyib asosdir. Barchamiz bioritmlar, tushkun va yuqori kunlar haqida eshitganmiz, lekin masalaga shaxsiy yondashuvim o‘z rejamni yaratish va unga rioya qilishdan iborat. Bioritmlarim doim soat kabi ishlaydi. Bu holatda kuchimni kerakli darajada ushlab turishni o‘rgandim, buning natijasini ko‘rib turibsiz.
Tajriba va amaliyot bilan ko‘p ish osonlashadi. Ulardan biri harakat quvvatini rivojlantirish qobiliyatidir. Quvvatning shunday ajoyib manbai borligini bilishning o‘zi ham foyda keltiradi. Oqimingizni toping va unda suzing. Chalg‘itishlariga yo‘l qo‘ymang! Harakat quvvatini rivojlantirish uchun qo‘lingizdan kelganini qiling.
Bir kuni men juda hurmat qiladigan omadli quruvchining ishlari orqaga keta boshladi. Biz bir ziyofatda uchrashib qoldik va undan ishi yurishmayotganining sababini so‘radim. «Donald, – dedi u, – oldinga intilishga undagan narsani yo‘qotdim. Endi hech narsa meni olg‘a undamayapti, o‘z harakatlantiruvchi kuchimni topa olmayapman». Ko‘p o‘tmay, bu tadbirkorning biznesi butunlay quladi, zarba juda jiddiy bo‘lib chiqdi. O‘sha oqshom juda qimmatli saboq oldim, shuning uchun harakat quvvatini va uning hayot va biznesda qo‘llanilishini o‘rganishga ko‘p vaqt sarfladim. Bunday voqea men bilan yoki boshqa kimdir bilan takrorlanishini xohlamayman. Uy qurasizmi yo kiyim tikasizmi, nima bilan shug‘ullanishingizdan qat’i nazar harakatga undovchi kuch siz uchun muhim.
Harakat quvvati bilan bog‘liq ishlarda odamlar turli yo‘llardan borishadi. Bir tanishim tezda oldinga o‘nta katta qadam tashlaydi va uning atrofida faol harakat davom etishini kutib, barqarorlikka erishgandek joyida qoladi. Bu model ish bermaydi! Balki, «amerikancha dovonlar» arg‘imchog‘i prinsipi uning biznesga yondashuvidir, lekin biror muhim muvaff aqiyatga erishishdan oldin u tom ma’noda bor kuchini sarfladi va uning yuqoriga va pastga harakati yakuniy balans grafiklarida o‘zini oqlamadi. Harakat kuchi ustidan nazoratni bir daqiqaga ham yo‘qotmaslik kerak – muvozanatga hamma narsada, hatto kuchlarni sarflashda ham rioya qilinishi kerak.
1980-yillarning oxirida «Newsweek» nashri «Hamma ham Newsweek kabi keskin emas» sarlavhasi ostida fotosuratimni o‘z reklamasi sifatida joylashtirdi. Meni keskin deyishlariga qarshi emasman, men uchun bu jasur, kuchli, yutuqlarga intiluvchan demakdir. Biroq bunda ham me’yorni bilish lozim, shuning uchun o‘z kuchimni doimo nazorat qilib boraman. U qadar qat’iyatli emasman, lekin qo‘rqoq odam yuqori natijalarga erisha olmasligini aniq bilaman. Hech qachon devor bezaklarining elementlaridan biriga aylanmayman, chunki devorlarni quraman, ularga suyanib olmayman.
Suqrotning so‘zlari odamni o‘ylantiradi. Ehtimol, muallif o‘zingizga kimligingizni tushuntirishni maslahat bergandir. Balki, mustaqil fikrlashni taklif qilayotgandir. Suqrotning maslahati juda dono. Endi harakat quvvati borasidagi maslahatimni ham tinglang: uni ishga soling!
XATOLAR VA MUVAFFAQIYATSIZLIKLARDAN SABOQ OLING
Bu arzimas narsami yoki falokatmi?
Donald J. Tramp
Mushkul vaziyatdagi xatti-harakatlar inson haqida ko‘p narsani aytadi. Bunday vaziyatlarga munosabatimiz muammolarni hal qilishning muhim elementidir. Bitta muammo bir insonni sindirib, ikkinchisini kuchliroq qilishi mumkin. Shuning uchun doim o‘zimga savol beraman: «Bu nima – arzimas narsami yoki falokatmi?» Javob menga yomon xabarlarning zaif tuprog‘ida mustahkam tayanch bo‘ladi.
Ishtiyoq haqidagi so‘zlarim yodingizdami? Ishtiyoq – muvaff aqiyatning muhim elementi. Biznes uchun sog‘lom fikr ham zarur. Muvaff aqiyatsizlikka uchragan yoki xatoga yo‘l qo‘ygan chog‘imiz o‘z tajribamizdan saboq olishga imkon beradigan sog‘lom fikr yoki xolislikni qo‘llashning ayni vaqti. «Bir eshik yopilsa, boshqasi ochiladi» degan qadimgi naql bor. Menimcha, bu har doim yana bir yo‘l, bir imkoniyat borligini anglatadi. Siz shunchaki unga ochiq bo‘lishingiz kerak. Ochiq eshikka tikilib turib, unga kirishga urinish u yoqda tursin, ochiqligini sezmaydigan odamlarni uchratganman.
Esimda, ishlarim ko‘lami kattalashganida, doim diqqatim jam bo‘lishi kerakligini va hech qachon harakat quvvatini yo‘qotmasligim zarurligini angladim. Muvaff aqiyatga erishmoqchi bo‘lganlar uchun ushbu ikkita maslahatni eslasangiz kerak. Ular haqida avval ham gapirganman va yana takrorlayman, chunki bu bilimlarga osonlikcha erishmaganman: biroz bo‘shashib qoldim va kutilmaganda o‘zim uchun katta muammolarga duch keldim. Yana bir fikr: agar doimo harakat kuchini ushlab tursangiz, muammolar vaqtinchalik xususiyat kasb etadi. Har bir inson qiyinchiliklarga duch keladi, lekin ijobiy fikr yuritsangiz va oldinga intilishda davom etsangiz, ular arzimas narsaga aylanishi mumkin.
Biror ishga kirishishga qaror qilganimda, ma’lum qiyinchiliklar ro‘y berishini taxmin qilaman, axir, menda yetarlicha tajriba bor. Haqiqatdan arzirli narsalar kamdan kam oson bo‘ladi. Ba’zan o‘zimni tog‘ cho‘qqisiga abadiy tosh ag‘darishga mahkum etilgan Sizif88
Qadimgi yunon mifologiyasi qahramoni.
[Закрыть] kabi his qilaman – faqat ba’zida. Faqat oldinga intilishda davom etaman. Va taslim bo‘lmayman. Sa’y-harakatlarim behuda ketmasligi uchun diqqatim yetarlicha jamlangan va harakat kuchi ularning samarasiz ketmasligini ta’minlaydi. Qiyin vaziyatlar ko‘p narsani o‘rgatdi.
Xatoga yo‘l qo‘ymaslikning usullaridan biri ular istalgan vaqtda sodir bo‘lishi mumkinligini tushunishdir. Bu pessimizmga berilmay, doimo shay holatda bo‘lish uchun yana bir imkoniyatdir. Qiyinchiliklar, muvaff aqiyatsizliklar, xatolar va yo‘qotishlar hayotimizning ajralmas qismi. Biz buni shunchaki qabul qilishimiz va ular bilan to‘qnash kelganda umidsizlikka tushmasligimiz kerak. Vaziyat oyoqlaringiz ostidan yerni yo‘qotishiga yo‘l qo‘ymang. Nimaga duch kelganingizni tushunish muvozanatni saqlashga yordam beradi. Agar kutilmaganda boshingizga ish tushsa, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘zingizdan bu tajriba sizga nimani o‘rgatganini so‘rang. Bu hol yana takrorlanmasligiga umid qilib, keyingi xato tomon qadam bosmang. Agar siz bilan sodir bo‘ladigan hodisalarni tahlil qilmasangiz, qayta-qayta qattiq zarbaga uchraysiz va achchiq saboq olasiz.
Shu nuqtada o‘ylash uchun asos paydo bo‘ladi. Siz qachon taslim bo‘lishingiz va qachon harakatni davom ettirishingiz kerakligini bilishingiz lozim. Qabul qilish va rad etish o‘rtasida nozik chiziq bor. Ba’zan bu chiziq unchalik nozik emas: masalan, bir odamning pastkash ekanligini tushundingiz, buni o‘zgartira olmaysiz. Bu holda orqaga chekinish oqilona bo‘ladi. Ba’zan hech kim xatolardan himoyalanmaganligini tan olishingiz va bu haqiqatni qabul qilishingizga to‘g‘ri keladi. Hech kim o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishni xohlamaydi va xuddi shu kabi boshqalarga ishonchni ham har safar yo‘qotib bo‘lmaydi. Bunda tajriba va sezgirlik yordam beradi. Lekin eng muhimi, o‘zingizga bo‘lgan umidni yo‘qotmaslikdir. Katta maqsad yo‘lida harakat qilayotib, voqealar sizning foydangizga ishlaydimi yoki yo‘q, hech qachon aniq bilmaysiz.
Bir kuni, faoliyatimning boshida shartnoma bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish arafasida edim va barcha mumkin bo‘lgan to‘siqlarni yengib o‘tganman, deb o‘yladim. Ammo qayerda deysiz? Mayda detallar ustida ishlash uchun menga yana ikki oy kerak bo‘ldi, shundan keyingina kelishuvning yakuniy bosqichiga yaqinlashdim. Agar boshdanoq nimalarni boshdan kechirishimni bilganimda, ishga kirishishga ehtimol jur’atim yetmasdi. Lekin ishni boshlaganim va oxiriga yetkazganimdan xursandman. Bu ish – «Grand Central» stansiyasi yaqinidagi «Grand Hyatt»ni ta’mirlash birinchi katta muvaff aqiyatim bo‘ldi. Bundan saboq oldimmi? Shubhasiz, ha. Har bir muvaff aqiyatsizlik men uchun yaxshi dars bo‘ldi va borgan sari tajribaga ega bo‘ldim.
Siz ham xuddi shunday yo‘l tutishingiz kerak, xuddi shunday bo‘la olasiz. O‘jar, kuchli va o‘rganishga ishtiyoqmand bo‘lishning o‘zi kifoya – va g‘alaba qozonasiz. Shuning uchun, xatolar va muvaff aqiyatsizliklardan qo‘rqmang. Ular hayotingizdagi eng katta maqsadni ro‘yobga chiqarish yo‘lida qo‘llanmaga aylanishi mumkin. Hammamiz o‘rganishimiz kerak bo‘lgan ko‘p narsalar bor. Shuni yodda tuting va muvaff aqiyatga erishish imkoniyatingiz sezilarli darajada oshadi.