Текст книги "Biznes va hayotda norasmiy ta’lim"
Автор книги: Дональд Трамп
Жанр: О бизнесе популярно, Бизнес-Книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 10 страниц)
ODAMLARGA MUVAFFAQIYATINGIZ HAQIDA SO‘ZLANG
Inson o‘z roziligisiz o‘zini qulay his qila olmaydi.
Mark Tven
Bir do‘stim bor, u juda qobiliyatli va boy odam. O‘ta badavlat, desa ham bo‘ladi. Bir kuni u menga qo‘ng‘iroq qilib, unga «Jean Georges» restoranidan joy buyurtirishni iltimos qildi, men esa hayratga tushdim: «Agar Nyu-Yorkdagi restoranlardan biridan joy band qila olmasangiz, bunday ulkan muvaff aqiyatdan nima foyda?» Biroq, gap shundaki, Nyu-Yorkda u haqda hech kim eshitmagan. U ismini ishlatishdan shunchalik uyaladiki, bundan o‘zi aziyat chekadi. Boshqa odamlardan, masalan, mendan yordam so‘rashga majbur.
Bu meni o‘zim doim ishongan o‘z o‘zini reklama qilish nazariyasi haqida o‘ylashga majbur qildi. Do‘stim bu nazariya to‘g‘riligining ajoyib tasdig‘idir. Bu «kambag‘al boy» munosib joyga kirishga urinishi bilan haqiqatdan ham kambag‘al bo‘lishi mumkin edi. Ism misli ko‘rilmagan kuchga ega bo‘lishi, har qanday eshikni ochishi mumkin. Ehtimol, ko‘pchilik Aristotel Onassisdan boyroq edi, lekin bu ismni eshitib, odamlar gap kim haqida borayotganini bilishardi. Avval ham aytganimdek, shon-sharaf beradigan imtiyozlardan biri bu restoranda stolni osongina band qilish imkoniyatidir. Juda boy do‘stim esa o‘zini ko‘p imtiyozlardan mahrum qilgan.
Hech e’tibor berganmisiz, agar kimnidir boshqa odamlarga tanishtirib, keyin gap orasida «U Pulitser mukofotini qo‘lga kiritgan», deya qo‘shib qo‘ysangiz, atrofdagilarning munosabati butunlay o‘zgarib, bir zumda oddiy xushmuomalalikdan jonli qiziqishga o‘tadi? Hech kim birdaniga allakimga aylanib qolmaydi. PR – salohiyat va mavjudlik ta’siri birdan o‘n baravar ko‘payadi. Yaqin atrofda sizning «tashviqotingiz» bilan shug‘ullanadigan odam bo‘lmasa, buni o‘zingiz qilishga odatlaning. Taniqli ism tom ma’noda o‘zi haqida bong uradi. Kimgadir Karl Lagerfeldning Chanel uchun yaratilgan liboslari yoqmasligi mumkin, lekin ularga Chanel yorlig‘i tikilgan. Shuning uchun ularni sotib olishadi, kiyishadi va sevishadi.
Ism ko‘p narsalarni ayta oladi, lekin ismingiz «jamoat mulki»ga aylanmaguncha, odamlarga kimligingiz va nimaga erishganingizni aytaverishingiz mumkin. Bu hali boshlanishi, aloqalarni o‘rnatish va umumiy qiziqishlarni izlash yo‘lidir. Tasavvur qila olasizmi, agar Luchano Pavarotti butun umri davomida kimsasiz joyda berilib qo‘shiq kuylab yuraverganida nimalarni yo‘qotishimiz mumkin edi? Yoki Elton Jon allaqanday garajda o‘ziga o‘zi kuylaganda-chi? Iste’dodni dunyoga ko‘rsatishning yomon joyi yo‘q.
O‘z shaxsiyatiga ega bo‘lish va uni tan olish sog‘lom tanlovdir. Bizning ego o‘zimizni anglash markazidir, u ma’no-mazmun hissini beradi. «Meni» bo‘lmagan odamlarning hayotiy energiyasi juda zaif, «meni» o‘ta katta bo‘lganlar esa diktaturaga moyil. Bunda, hamma narsada bo‘lgani kabi, oqilona muvozanatni saqlash juda muhimdir. Egoingiz harakatning ijobiy quvvatni saqlashga xizmat qilishi, natijada uzoq vaqt davomida baquvvat va samarali bo‘lish mumkin. Bu diqqatni muhim narsalarga, ya’ni ishga jamlashga yordam beradi. Vaqt o‘tishi bilan odamlarga muvaff aqiyatlaringiz haqida aytib berishingiz shart bo‘lmaydi, chunki odamlar ular haqida bilishadi. Shunday ekan, meningizga beparvo bo‘lmang.
O‘zingiz uchun eng yaxshi do‘st bo‘lishingiz juda muhimdir. Mark Tven aytganidek, o‘zingizga rozilik berishingiz kerak. Atrofingizdagi odamlar ko‘pincha yutuqlaringizni kamaytirish va kamsitishdan xursand bo‘lishadi. Agar o‘zingizga bo‘lgan hurmatingiz yetarlicha kuchli bo‘lsa, bu sizni hatto bezovta qilmaydi, chunki bu odamlarga yuqoridan nazar solasiz – ular bundan ortig‘iga loyiq emas. Tanqidchilar shaxsiy maqsadlarni ko‘zlaydilar, buning hech qanday yomon joyi yo‘q, lekin siz ham maqsadlaringizga intilish uchun yetarlicha aqllisiz. O‘ylab ko‘ring: agar o‘zingiz haqingizda yaxshi gap aytolmasangiz, unda kim ayta oladi? Agar albatta, bunga loyiq ish qilgan bo‘lsangiz, o‘zingiz haqingizda baland ovozda bong urishdan qo‘rqmang. Mark Tvenning yana bir gapi bilan yakunlaylik: «Millionerlar muxolifatidanman, lekin menga bu holatda doimiy qolishni taklif qilish xavfli bo‘lardi».
AVVALDAN KO‘RISH
Avvaldan ko‘ra bilishning eng yaxshi usuli – bu sezgi.
Malkolm Forbes
Avvaldan ko‘ra olish deganda odatda sezgirlik, uzoqni ko‘ra bilish yoki ijodiy idrok tushuniladi. Meni ko‘pincha uzoqni ko‘ruvchi deb atashadi, lekin 2006-yilgacha hech kim menda bunday qobiliyatni sezmagan. «Trump Tower»da Robert Kiyosaki bilan hammualliflikda yozgan (2006-yil 12-noyabr) «Biz nima uchun boy bo‘lishingizni istaymiz» nomli kitob taqdimoti munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tgan kuni Nobel qo‘mitasi 2006-yil uchun adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorini e’lon qildi. Buning menga nima aloqasi bor? O‘sha kuni Nobel qo‘mitasidan ancha oldin g‘olibni aniqlagan «sezgirligim» tufayli ko‘plab qo‘ng‘iroqlar va tabrik xatlari keldi. Odamlar 2005-yilda «New-York Times»da chop etilgan maqolamni eslab qolganliklari meni juda hayratda qoldirdi, unda buyuk adib qanday bo‘lishi kerakligiga misol tariqasida iste’dodli yozuvchi O‘rxan Pamukni (Jon Apdayk va Filipp Rot bilan birga) tilga olgandim. Pamuk o‘sha kuni Nobel mukofotini oldi va uning nomi ko‘pchilikka ma’lum emasligini hisobga olib, meni avvaldan ko‘rish qobiliyatiga ega deya qayd etishdi.
Ba’zida bizga ayrim odamlar yoki narsalar haqida ajoyib fikr keladi, bu shunday daqiqalardan biri edi.
Pamuk Nobel mukofotini olishini bilarmidim? Albatta yo‘q, lekin nazarimda, bu odamning iste’dodi unga da’vo qilish uchun yetarlicha yetuk edi. Avval ham ichki ovozni tinglash kerakligi haqida yozganman, ba’zida aynan u sezgirlik yoki avvaldan ko‘rish in’omidir. Bu, ayniqsa, biznesda juda qimmatli sifat va sizning e’tiboringizga loyiqdir.
2008-yilda moliya sektorimiz o‘z tarixidagi aql bovar qilmas kunni boshdan kechirdi. Uoll-stritdagi voqealar mutlaqo misli ko‘rilmagan, 2008-yil sentabr o‘rtalari haqli ravishda «shok bozori» davri deb ataldi. Neil Kavuto mendan nima bo‘layotganini izohlashimni so‘radi va betartiblik boshlanishidan sakkiz oy oldin olingan, shunga o‘xshash hodisani taxmin qilganim aks etgan dasturining lentasini qidirib topdi. Bizni juda qiyin bosqich kutayotganining alomatlarini ko‘rgandim. Buni bashoratchilik qobiliyatlarim bilan bog‘lash mumkinmi? Yo‘q, bu har kungi kuzatishlar va kelajak haqidagi fikrlardir. Bu mohiyatga kirib borish va istiqbolni ko‘rish qobiliyatidir.
Har birimiz ma’lum bilimlarga moyilmiz. Menda ko‘chmas mulkka nisbatan tabiiy sezgi bor, lekin uni yillar davomida rivojlantirdim. Sizda boshqa narsa uchun juda rivojlangan sezgi bo‘lishi mumkin. Ham aniq bilimlar, ham intuitiv taxminlardan foydalanishning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Bundan tashqari, aynan shu holatda siz to‘liq kuchingizni ishlatasiz. Tajriba, bilim va avvaldan ko‘ra bilish qobiliyati bu qobiliyatlarning kuchli uyg‘unligi. Ularning hech biriga past baho bermaslik kerak.
SHOK BOZORI
Meni ko‘proq o‘zim ishlab topgan pul qiziqtiradi, u orqali olish mumkin bo‘lgan dividendlar emas.
Mark Tven
Uoll-stritdagi 2008-yil 15-sentabr voqealari tarix darsligi kitoblariga kiritiladi. Neil Cavuto shousida shunga o‘xshash voqea haqida gapirgan edim. Uollstrit «peyzaji» juda tez o‘zgarishi mumkinligini hamma hisobga olishi kerak. 2008-yilning o‘sha sentabr kuni fond bozorida 11-sentabr teraktlaridan keyingi eng yomon kun bo‘ldi.
Yengilmas tuyulgan moliyaviy gigantlar quladi. Mana, nuqtayi nazarim: biz terror hujumidan omon qoldik va oldinga intilishda davom etdik. Bu safar ham xuddi shunday bo‘ladi. Bular, albatta, bir-biri bilan solishtirib bo‘lmas narsalar, lekin ishonchim komilki, davlat moliyaviy betartiblikni bartaraf etish uchun to‘g‘ri siyosat yuritmoqda.
Hukumat ko‘p va qattiq ishlamoqda, lekin bu – tartibsizlik. Bu borada ikki xil gapirmayman. Dunyo qiyin bosqich ostonasida ekanining alomatlarini ko‘rgan edim, shuning uchun hayratdan lol qoldim deb ayta olmayman.
Mana, o‘ylash uchun ozgina ma’lumot. Tartibsizlik yangi yechimlarni tug‘diradi. Bu oson emas, ammo yaxshi. Hozir jahon iqtisodiyotida ma’lum bir nomutanosiblik mavjud. Yangi, yanada samaraliroq narsalarni yaratish uchun rag‘bat bor. Zaruriyat ijodkorlikka foydali ta’sir ko‘rsatadi va har bir kishi B rejasini belgilash va faollashtirish qobiliyatiga ega bo‘lishga intilishi kerak. B rejasiga ega bo‘lish juda muhim ekanligini angladim. Uni shunchaki tuzish kerak va ehtimol, u asosiysidan yaxshiroq bo‘ladi.
Manxettenlik quruvchi sifatida aytishim mumkinki, yaqin kelajakda ish uchun talab uylarga bo‘lgan talabdan ancha yuqori bo‘ladi. Bu Nyu-York ko‘chmas mulk bozori uchun eng yaxshi yangilik emas, lekin u bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomoni ham emas. Mamlakatimizda ham, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham ko‘p narsa o‘zgarmoqda va o‘zgaradi. Esingizda bo‘lsin, tarix spiral shaklda rivojlanadi, shuning uchun tushkunlikka tushmang, sabr-toqatli bo‘ling, ijodiy yondashuvdan foydalaning va hayotga ijobiy nuqtayi nazar bilan qarang. Yangi yechimlar hamma uchun foydali bo‘ladi.
MOLIYAVIY SAVODXONLIK
Boylik – fikrlash qobiliyati natijasidir.
Ayn Rand
Moliyaviy savodxonlik moliyaviy salohiyat bilan belgilanadi. «Boy ota, kambag‘al ota» va «Pul oqimi kvadrati» asarlarining muallifi Robert Kiyosaki o‘ziga yaqin bo‘lgan ikki kishi, boy ota va kambag‘al otadan pul haqida bilib olganlari bilan o‘rtoqlashadi. Uning ustozi pul qanday ishlashini tushuntiradi va otasi oliy ma’lumotli, ammo kambag‘al odam bo‘lganligi sababli, darslarning hayotiy misollari uning ko‘z o‘ngida edi. Agar hali bu kitoblarni o‘qimagan bo‘lsangiz, sizga bu kamchilikni darhol tuzatishni maslahat beraman. Ularda hayot darajangiz va moliyaviy masalalarga yondashuvingizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan juda foydali maslahatlarni topasiz.
Robert Kiyosaki bilan «Biz nima uchun boy bo‘lishingizni istaymiz?» kitobini yozdik. Nima uchun? Chunki insonlar qanchalik mustaqil bo‘lsa, mamlakat ham shunchalik kuchli bo‘ladi. Uoll-stritdagi voqealar shuni ko‘rsatdiki, hamma narsa ko‘ringani kabi mustahkam emas. Vaqt bizdan shaxsiy mas’uliyat va moliyaviy savodxonlikni talab qilmoqda. Maxsus muassasalarning ishiga to‘liq tayanib, u yerda ishlaydigan odamlar moliyaviy masalalarda yetarlicha bilimga ega bo‘lganligi sababli hamma narsa yaxshi bo‘lishini kutib bo‘lmaydi. Har doim fond bozori masalasida juda ehtiyotkor bo‘lganman. Bu o‘yin katta daromad olib kelishi mumkin, shu sababdan unga berilib ketish ehtimoli yuqori.
Boshqacha qilib aytganda, fond bozorida hech qanday kafolatlar yo‘q. Demak, ichki va jahon bozorlaridagi o‘zgarishlarga doimo shay turish kerak. Bu sizning kundalik uy vazifangiz. Agar Amerika Qo‘shma Shtatlarida 2006-yildan to hozirgi kungacha bo‘lgan voqealarga e’tibor qaratsangiz, bu haqiqatni ta’kidlab o‘tishga hojat qolmagan bo‘lardi. Moliya sektori misli ko‘rilmagan tanazzulni boshdan kechirmoqda. Buni xavfli signal, deb bilaman.
2006-yilda Robert ikkimiz odamlarni ogohlantirishga urindik. Hozir shuni yana aniq aytamanki, hayotning bu tomoni juda katta ahamiyatga ega. Bo‘lajak mutaxassisligingizni o‘rganishga katta mas’uliyat bilan yondashish kerak, lekin shuni unutmasligimiz kerakki, agar talabalarga stipendiya to‘lashga pul bo‘lmasa, qaysi sohada – antropologiya, adabiyot yoki huquq sohasida o‘qishingizdan qat’i nazar, muvaff aqiyatga erishishingiz qiyin bo‘ladi. Bu hammaga ta’sir qiladi. Qay sohani o‘rganishingizdan qat’i nazar, moliyaviy dunyoda nima bo‘layotganini bilishingiz kerak.
Barchamiz – erkak va ayol tadbirkorlar bunga qanday munosabatda bo‘lishimizdan qat’i nazar bizni o‘rab turgan hamma narsa biznesdir. Agar siz san’atni yaxshi ko‘rsangiz, ammo u orqali pul topa olmasangiz, ertami-kechmi hamma narsa, hatto san’at ham biznes ekanligini tushunasiz. Shuning uchun Uorxolning yaxshi biznes eng yaxshi san’at ekanligi haqidagi iborasini yaxshi ko‘raman. Bu haqiqat. Ishimga san’at sifatida qarashimga yana bir sabab bor: men o‘z ishimga butun borlig‘imni bag‘ishlayman.
Har kimning o‘z fikri bor. Yetarlicha tirishqoq bo‘lish – bu fikrlar va faktlar o‘rtasidagi farqni ko‘rish demakdir. Ko‘pchilik moliyaviy dunyo qanday ishlashini tushunmasligini bilganimda hayratga tushdim. Aksiyadorlik kapitali, rivojlanayotgan bozorlar, aktivlarni boshqarish, tovarlar, fondlar, hedj-fondlar, renta, aksiyalar, obligatsiyalar va qimmatli qog‘ozlar – bular haqida o‘qishni tamomlashdan avval xabardor bo‘lish kerak. Bu bizning ta’lim tizimimizdagi katta bo‘shliq. Har bir talaba bu tizim qanday ishlashini bilishi, allaqanday «mutaxassis» izohini kutmasligi kerak. Bu masalani mustaqil o‘rganish zarur. Kapitalizm dunyosida har kim o‘zi uchun o‘zi javobgar.
Maslahatim: qaysi sohaga qiziqishingiz va asosiy mutaxassisligingizdan qat’i nazar, iloji boricha ko‘proq moliya darslarida qatnashing. Agar iqtisod yoki statistikani yaxshi bilmasangiz, bu darslarga qatnashishingiz va hammasini o‘rganishga harakat qilishingiz yanada zarur. Moliyaviy bilimlaringiz xaritasidagi oq dog‘lar kelajakda yoqimsiz kutilmagan hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin. Moliyaviy sektor qanday ishlashini bilib oling. Bu bevosita sizga taalluqli.
Amerika moliyaviy gigantlarining hayratlanarli halokati chog‘ida kimdirning «Meni bu bozorlarda nima bo‘layotgani mutlaqo qiziqtirmaydi» deganini eshitib qoldim. Nahotki? Hayratda qoldim. Go‘yoki buning o‘sha odamga daxli yo‘qdek! Keyingi hafta bir qancha odamlar ishsiz qolganida, balki bunga qiziqish kerakligini tushunib qolar. Bozorlar va banklar «larzaga kelganda» suvdagi doiralar eff ekti hamma joyda, ham mamlakatda, ham butun dunyoda seziladi. Bunga ishonishni xohlaymizmi yoki yo‘q, sodir bo‘layotgan voqealar hammamizga aloqador.
Yana maslahatim: moliyaviy savodingizni oshiring. Bundan o‘zingiz qanchalik tasavvur qila olsangiz, shunchalik manfaatdorsiz. Iltimos, maslahatimga quloq tuting va ishga kirishing. Masalan, har kuni kompyuterni yoqqach, «Yahoo»ning moliya sahifasiga kirishdan boshlashingiz mumkin. Bir kunda bir necha bor bozorda nimalar bo‘layotgani, yevro va iyenaga nisbatan dollar kursi qanday ekanligini tekshirib turing. Raqamlar va tendensiyalarni tahlil qilishni o‘rganing. Shu mavzulardagi maqolalarni o‘qing. Bu go‘dakning ilk qadamlari, ammo ular sizning fikringizni to‘g‘ri to‘lqinga moslashtiradi va bu, o‘z navbatida, hayotingiz sifatiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Och odam juda aniq tushunadigan bir narsa bor. Agar uning puli bo‘lsa, to‘q bo‘lardi. Juda ibtidoiy, lekin juda o‘rinli misol. Boshqacha qilib aytganda, mustaqil moliyaviy bilim olish bilan shug‘ullaning.
TAQDIR
Bu dunyoda har bir kishiga ma’lum bir o‘rin ajratilgan va u bu o‘rinni egallaydimi yoki yo‘q – bu juda muhim.
Nataniel Gotorn
Bir kuni pochtamni ko‘zdan kechirayotib, o‘rta maktab o‘quvchilarining «Shogird» ko‘rsatuvi va undan olgan saboqlari haqida yozilgan xatlariga duch keldim. Xatlar qirqtacha edi, ularga ko‘z yugurtirib, eng ko‘p berilgan savollarga e’tibor qaratdim. Ular ikkita edi: muvaff aqiyatga qanday erishish mumkin va unga erishish yo‘lidagi qiyinchiliklarga qarshi qanday kurashish mumkin?
Birinchi navbatda, muvaff aqiyatga erishish uchun reja tuzib olish va bu reja egiluvchan bo‘lishi muhim. Lekin qanday qilib, o‘quvchilarga reja tuzish va unga rioya qilish muhimligini va shu bilan birga rejaning egiluvchan bo‘lishini tushuntirish mumkin? Axir bu qarama-qarshi narsalar-ku.
Menga noma’lum mutafakkirning «Yo‘ldagi burilish, toki burilishdan bosh tortmas ekansiz, yo‘lning oxiri bo‘lmaydi» degan iborasi juda yoqadi. Bu ham biznes, ham shaxsiy hayot uchun juda qimmatli fikr. Juda kamdan kam hollarda, hodisalar biz kutgandek yoki umid qilgandek kechadi. Ba’zida yo‘lda bir necha bor burilishga to‘g‘ri kelsa-da, ishlar kutilganidan yaxshi bo‘ladi va bunga tayyor bo‘lish juda muhimdir. Ataylab yoki tasodifan yo‘nalishdan chetlashgan odamlar qiziqarli hodisalarga duch kelishadi.
Bir kuni Nyu-Yorkda kemadagi ziyofatda biroz mehmon bo‘lib, kema Manxetten bo‘ylab tungi sayohatga chiqishidan oldin tushib qolishni rejalashtirgandim. Kema quvnoq kishilar bilan to‘la edi, ziyofat boshlanayotgan, lekin shaharda boshqa rejalarim bor edi. Ketishga chog‘langanimda kema allaqachon sohildan uzoqlashgan va daryoning o‘rtasiga kelib qolgandi. Voqealarning bunday rivojidan unchalik mamnun emasdim, lekin yaxshilikka umid qilishdan va sevimli shahrim atrofida sayr qilishni kutilmagan sarguzasht sifatida qabul qilishdan boshqa ilojim qolmadi. Turli odamlar bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim, oqibatda bir nechta ajoyib g‘oyalar ham paydo bo‘ldi. Nyu-Yorkning porlab turgan tungi chiroqlari nihoyatda go‘zal edi va sayohatdan hamma zavq olardi. Agar sodir bo‘lgan voqeani omadsizlik deb qabul qilsam, zavqli hordiqdan va bir nechta yaxshi g‘oyalardan quruq qolardim.
Bu kutilmagan voqea yoqimli xotiraga aylanishiga oddiy misol. Biznesga aloqador rejalarimni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keldi, ammo bu bilan hayot tugab qolmaydi. Bu arzimas narsa, falokat emas. Siz bilan shu kabi katta yo kichik voqea sodir bo‘lganda, esda tutingki, oxir-oqibat undan qanday saboq olishingiz unga bo‘lgan munosabatingizga bog‘liq. Hammamiz «oqim bo‘ylab suzish» iborasini yaxshi bilamiz. O‘sha oqshom yagona yo‘lim oqim bo‘ylab suzish edi, albatta, dengizga sakrab, qorong‘ida Gudzon bo‘ylab suzib o‘tishni hisobga olmaganda. Ba’zida vaziyatga sog‘lom fikr ham aralashadi.
Muvaff aqiyat sari puxta rejalashtirilgan yo‘l – bu maqsadga erishishning ishonchli usulidir va bu yondashuvni past baholab bo‘lmaydi. Faqat sabrli va qat’iyatli bo‘lishingiz kerakligini va yo‘lingizda to‘siqlar va aylanma yo‘llarga duch kelishingiz mumkinligini yodda tuting. Ba’zi narsalarni yigirma yil kutdim, lekin bundan hech qachon afsuslanmadim. Boshqotirmaning har bir bo‘lagi o‘z joyini egallashidan oldin bir necha marta yo‘nalishni o‘zgartirishimga to‘g‘ri kelgan. Taqdir hayotingizda va biznesingizda o‘ziga tayinlangan rolni o‘ynaydi – unga o‘z ishini qilishga imkon bering.
MUVAFFAQIYAT MUVAFFAQIYATGA OLIB KELADI
Biz bilan sodir bo‘lgan va bo‘ladigan hamma narsa zohirimizdagilarga nisbatan arzimas narsadir.
Ralf Uoldo Emerson
Emersonning bu iborasi meni doimo ilhomlantirib kelgan. Menga tinmay olg‘a intilish uchun kuch beradi, chunki hali qiladigan ishlarim ko‘pligini bilaman. Nimaga erishganim yoki erishmoqchi ekanim muhim emas, bularning barchasi men qodir bo‘lgan narsalarga nisbatan kichik narsalar. O‘ylab ko‘ring: ushbu yondashuvga rioya qiladigan inson erishgan narsalari bilan cheklanib qolishi mumkinmi? Yo‘q, mumkin emas!
Odamlarning «Qo‘limizdan kelganini qildik!» deyishganini eshitganimda o‘zimcha «Bu hali boshlanishi», deya kulib qo‘yaman, bu juda yoqimli tuyg‘u. Siz ham kerakli joylardagi e’tiboringiz tushishini kutayotgan belgilarni ko‘ra bilganingizda, nihoyat, xuddi shunday hisni tuyishingizni istardim.
Ba’zida yanada yaxshiroq natijaga erishish uchun yutuqlaringiz darajasini o‘z ko‘zingizda pasaytirish ham foydali. O‘zingizga bu harakatga turtki bo‘lishi uchun shunchaki tayyorgarlik bo‘lganini ayting. Eng muvaff aqiyatli odamlar o‘zlariga motivatsiya beradilar, ular tabiatan izlanuvchan va allakimning endi nima qilish kerakligini aytishini kutmaydilar. Siz ham shunday bo‘lishga harakat qiling. Tadbirkorlarni o‘zlarining ichki kuchlari harakatlantiradi va bu nafaqat to‘g‘ri fikrlash, balki umuman hayotga to‘g‘ri yondashuvdir.
Zohirimizda nima bor? Umid qilamanki, kelajak uchun ajoyib g‘oyalar va rejalar hamda ularni amalga oshirishga qodirlik hissi bor. O‘ylashimcha, Emerson o‘z iborasida umidni nazarda tutgan edi. Umid yashash va muvaff aqiyat qozonish uchun zarurdir. Ba’zida omad bizdan yuz o‘girganda, faqat umid bizni oyoqqa turg‘izadi. Hayotimizda mavjud bo‘lgan ko‘rinmas va nomoddiy kuchlarni e’tiborsiz qoldirmang. Agar biror narsani ko‘rmasangiz, bu uning yo‘qligini bildirmaydi. Biroq, birinchi navbatda o‘zingizga tayanishingiz kerak.
Shuning uchun o‘zingizga ishoning, imkoniyat bering va buni har kuni qiling. Insonning eng ashaddiy dushmani o‘zi bo‘lishi mumkin – bunday misollar kam emas. Bu botqoqqa sho‘ng‘imang, chunki bu botqoqdan boshqa narsa emas. Bolalarning yangi narsalarni qanday sinab ko‘rishini hech kuzatganmisiz? Ular hayajonga to‘la, sabrsiz, urinishlarga tayyor. Bu his-tuyg‘ularni bolalik xotiralaridan uyg‘otishga va jonlantirishga harakat qiling. Kashfiyotni kutish hayajoni – bu sizning har bir harakatingiz hozirgi va kelajakdagi muvaff aqiyat sari yana bir qadam bo‘lishining ishonchli usuli.
Men bog‘chadagi tarbiyachimdan xat oldim, unda men bilan bog‘liq eng yorqin xotira doimiy savol berish odatim ekanligini yozibdi. Bunga javoban unga ba’zi odatlar yosh o‘tsa-da, o‘zgarmasligini yozdim: hali ham ko‘p savol beraman. Bu odat menga yaxshi xizmat qilganini qo‘shib qo‘ydim. Tarbiyachimga juda kechikib bo‘lsa ham, o‘sha paytda ko‘rsatgan sabri uchun minnatdorchilik bildirdim.
Endi sizga savol: agar mutlaqo hech narsa bilan shug‘ullana olmasangiz, nima qilgan bo‘lardingiz? Keyin nima bo‘lardi? Undan keyin-chi? Buni ko‘p vazifalikka qarshi ko‘p fikrlilik deb atayman. Ko‘pchilik bir necha ish bilan shug‘ullanishni istaydi. Ba’zan bir ish boshqasiga olib keladi – bu ham kashfiyot. Kashfiyot kashfiyotni yaratadi, muvaff aqiyat esa muvaff aqiyatni. Savollar – bu qidirish yo‘llari.
Qidiruv nima ekanligini bilasizmi? Bilim. Bilim – bu kuch. Bu ushbu kitobni o‘qiyotganingizning sabablaridan biri. Hech kim tayyor javoblar bilan tug‘ilmaydi. Juda zerikarli bo‘lar edi, to‘g‘rimi? Yaxshiyamki, hayot shu qadar tez o‘tayotgan bir davrda yashayapmizki, hech kimning zerikishga haqqi yo‘q.
Har birimizning oldimizda har kuni hayotdan ortda qolmaslik vazifasi turadi. Bu menga yoqadi, chunki uning qarorlari muvaff aqiyatdan oldin keladi.
Keling, ushbu bobni bir nechta yaxshi savollar bilan yakunlaylik: sizda nima bor, hozirgacha qanday tajriba va bilim orttirdingiz? Maqsadlaringiz, rejalaringiz, intilishlaringiz qanday? Muvaff aqiyatli bo‘lish uchun zarur bo‘lgan qanday fazilatlarga egasiz? Yirik hisobda nimaga qodir ekanligingizni bilasizmi? Kelajakda nima kutayotganini bilasizmi? Keyinchalik nimani orzu qilasiz? Keling, tan olaylik: hayot sirlarga to‘la. Jumladan, hayotingiz ham. Muhim narsalarga past baho bermang. Bugun – faqat boshlanishi.