Электронная библиотека » Дональд Трамп » » онлайн чтение - страница 8

Текст книги "Biznes va hayotda norasmiy ta’lim"


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 21:20


Автор книги: Дональд Трамп


Жанр: О бизнесе популярно, Бизнес-Книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 8 (всего у книги 10 страниц)

Шрифт:
- 100% +

IJOBIY FIKRLASH

Buyuk asarlarni kuch emas, qat’iyat yaratadi.

Samuel Jonson

Ijobiy fikrlash haqida ko‘plab kitoblar yozilgan va shu qadar ko‘p misollar keltirilganki, hatto bu haqda eslatib o‘tish ham ortiqcha tuyuladi. Biroq, har kuni salbiy fikrlashning oqibatlariga shunchalik ko‘p misollarni ko‘ramanki, odamlar ijobiy fikrlash g‘oyasini tushunmaydilar yoki inobatga olmaydilar, degan xulosaga kelaman. Umid qilamanki, bu o‘quvchilarimga taalluqli emas, chunki tan olaman, bunday munosabatga toqat qilolmayman.

Ushbu bob mavzusi haqida o‘ylar ekanman, odamlarga ijobiy fikrlashni o‘z foydalariga ishlatish uchun qat’iyat yetishmasligini angladim. Ishlar kamdan kam hollarda bir kechada bajariladi. Ko‘pchilikning «bir kechalik» muvaff aqiyat hikoyalari faqat ko‘rinishidan shunday, xolos. Biror kishi bilan yaqinda tanishgan bo‘lsangiz, u bu ishga yigirma, o‘ttiz yoki undan ham ko‘proq yil sarflamaganligini anglatmaydi. «Shogird» teleko‘rsatuvim mashhurlik bo‘yicha barcha rekordlarni yangilaganida, biznesda o‘ttiz yillik tajribam bor edi va u direktorlar kengashi yig‘ilishlari sahnalarini suratga olishda qo‘l keldi. Dasturda ishtirokchilar shug‘ullanayotgn ishni yaxshi tushunadigan odam sifatida paydo bo‘lganimni baxtli tasodif deb bo‘lmaydi. Televideniyeda chiqish men uchun yangilik bo‘ldi, qolgani esa avvaldan ma’lum edi. Suratga olinadimi yoki yo‘qmi biznes bu biznes. Ishbilarmonlik nufuzim va tajribam Nyu-Yorkdagi xavfli yirik biznesga asoslangan shou yaratish uchun xizmat qildi.

Xo‘sh, ijobiy fikrlashning ko‘rsatuvimga qanday aloqasi bor? Birinchidan, menga qilingan taklifni rad etmadim. Katta tavakkal qilayotganimni bilardim, lekin natijaga ijobiy yondashdim. Bu sarguzasht borasida faqat salbiy fikrlarga quloq tutganimda, masalan, «ko‘pchilik yangi teleko‘rsatuvlar muvaff aqiyatsiz tugaydi», «realiti-shoular mashhurligini yo‘qotmoqda», «bu sening obro‘yingga putur yetkazadi», «biznesing zarar ko‘radi» va yana shu kabi o‘nlab bahonalar ta’siriga tushganimda bunday imkoniyat haqida hech qachon o‘ylamagan bo‘lardim. Bunda aksincha ijobiy yondashuvni tanladim. O‘zimga savol berdim: «Agar bu shou muvaff aqiyatli chiqsa-chi? Menga yangi rol yoqsa-chi? Men uchun yaxshi tajriba bo‘lsa-chi? Bu «Trump Organization»ga munosib e’tirofni olib kelsa-chi? G‘olib erishadigan ish bir iste’dodli odam uchun tramplin bo‘lsa-chi? Salbiy fikrlarga ijobiy tomonlarning uzoq ro‘yxati qarshilik ko‘rsatdi.

Yaxshilikka umid qiluvchi pragmatikman. Hamma narsa bo‘lishi mumkin, istak bo‘lsa kifoya, degan fikrni eshitsam, buning qanchalik sodda o‘y ekanini tushunaman. Shunday voqealar borki, ularning sodir bo‘lmasligi aniq. Agar ertaga suzish bo‘yicha Olimpiya chempioni bo‘lishga qaror qilsam va yaxshilikka umid qilib, buning imkoni borligiga ishonsam, tez orada psixiatr bilan uchrashishimga to‘g‘ri keladi. Qanchalik urinmayin, men suzish bo‘yicha chempion bo‘lmayman. Yoki ertaga golf o‘yinida Tayger Vudsni mag‘lub etish niyatida bo‘lsam, niyatimni oqilona va asosli deb hisoblash qiyin. Ijobiy fikrlang, lekin realist bo‘ling.

Keling, qat’iyatlilikka qaytaylik. Ijobiy fikr sizga har kuni hamroh bo‘lsin. Bu xususiyatni har kuni rivojlantirish kerak, chunki buni o‘rningizdan boshqa hech kim qilmaydi, ishonavering. Ko‘pchilik raqobatsiz hayotlari ancha oson bo‘ladi, deb o‘ylashadi. O‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz ularga xalal berishi mumkin. Juda yaxshi. Xalal beraversin! Ularning status-kvosini1414
  Status-kvota – ayni damdagi maqom.


[Закрыть]
buzing! Ijobiy fikrlash va qat’iyatlilik kuchini ishga solib, qulaylik zonasidan chiqing. Bu uchun ko‘p harakat qilishga to‘g‘ri keladi, lekin natijada siz hayotiy quvvat zaxirasiga, muvaff aqiyatning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan ijobiy zaxiraga ega bo‘lasiz.

Ba’zan qattiqqo‘l bo‘lish ham zarur. Misol sifatida g‘isht devorini keltirishim mumkin. Yo‘lingizda devor bormi? Yaxshi. Bunaqasi ham bo‘lib turadi. Lekin sizda tanlov bor: orqaga burilib ketishingiz yoki devordan oshib tushishingiz, uning ostidan tunnel yasashingiz yoki oxir-oqibat aylanib o‘tishingiz mumkin. Yana devorni buzish ham mumkin. Umuman olganda, hech qanday to‘siq yo‘lingizni to‘sib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang. Muvozanatga erishishga harakat qiling, so‘ng ijobiy fikr salbiyini siqib chiqarsin.

Nyu-York shtati, Brayerkliff Menor shahrida «Trump National Gotf Club»ni qurayotganimda, 110 futlik sharshara barpo etishga qaror qildim. Sharshara daqiqasiga 19 ming litr suvni aylantiradi, narxi 7 million dollarga teng. Bunday go‘zallikni qurish uchun biz granit qatlamlarini va minglab tonna tuproqni ko‘chirdik. Agar bu bir kechada qilingan deb o‘ylasangiz, qattiq yanglishasiz. Yaxshilikka umidvor edim, o‘z fikrimda qat’iy turdim va tasavvurimda chizilgan tasvirdan ko‘ra yomonroq takliflarni qabul qilmadim. Natija mehnatga arzirdi. Qat’iyat g‘alaba qozondi va buning ajablanarli joyi yo‘q. Nimani o‘ylayotganingizdan qat’i nazar, buni yodda tuting.

HAR KIMNING MAQSAD SARI O‘Z YO‘LI BOR

Harakat odatni, odat fe’l-atvorni, fe’l-atvor taqdirni yaratadi.

Xalq hikmati

Har birimiz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga o‘z usulimiz bilan erishamiz. Bir kishi uzoq o‘ylab, keyin chaqmoq tezligida harakat qiladi. Boshqasi tezda qaror qabul qiladi-yu, harakatga kelishiga ancha vaqt kerak bo‘ladi. Ba’zan ikkalasi ham bir xil natijaga erishadi. Rimliklarda shunday gap bor edi: «Suum cuiquse» – «Har kimga o‘ziga munosibi – va bu mutlaqo to‘g‘ri fikr, chunki yo‘llarning hech birini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb belgilash mumkin emas.

Mana bir misol: menga to‘satdan ish vaqtining ko‘p qismini to‘liq harakatsizlikda o‘tkaza boshlagan kopirayterning hikoyasi juda yoqadi. U stulda o‘tirib, soatlab derazadan tashqariga tikilardi va hatto band bo‘lib ko‘rinishga harakat ham qilmasdi. Bu uning hamkasblarini g‘azablantirdi va ular oxir-oqibat rahbarlariga shikoyat qildilar. Rahbar shikoyatga qiziqib qoldi, bu holat qanchadan buyon davom etayotganini so‘radi, so‘ngra barcha xodimlarga kerak bo‘lganda «dangasa»ga tushlik va qahva olib kelishlarini va bu holatni buzmaslik uchun hamma narsani qilishni so‘radi. Xodimlar bunday adolatsizlikdan g‘azablanishdi va rahbar qarorini shunday izohladi: «U so‘nggi marta o‘zini shunday tutganida, undan avvalgisida va undan oldingi har safar, menga millionlar keltirgan g‘oyalarni o‘ylab topgan. Shuning uchun, nima qilsangiz ham, uni chalg‘itmang!» Tushundingizmi? Har kimga o‘ziga munosibi. Har birimizning o‘z yondashuvimiz bor. Muhimi faqat natija.

Agar kimdir yondashuvimni o‘rgansa, ehtimol: «Donald telefonda gaplashishga ko‘p vaqt sarflaydi», degan bo‘lardi. To‘g‘ri, telefonda ko‘p gaplashaman. Biznesimning katta qismi shunday amalga oshiriladi. Bu faqat suhbatlashaman, xolos degani emas. Bularning barchasi inson yoki hodisaga qanday nuqtayi nazardan qarashingizga bog‘liq. Bir xil vaziyat yoki xatti-harakatni ham ijobiy, ham salbiy nuqtayi nazardan ko‘rsatish mumkin. Shunga qaramay, yaxshi natijalarga erishyapman. Bu mening uslubim. Agar siz meni kun bo‘yi telefonda suhbatlashib vaqt o‘tkazadi va pulni supurib oladi demoqchi bo‘lsangiz, bemalol. Yutuqlarim usulning samaradorligini ko‘rsatib turibdi.

Aynan siz uchun eng samarali ish usulini aniqlang. Mashaqqatli mehnatga qarshi emasman, lekin befoyda mehnatdan ma’ni ko‘rmayman. O‘zingizni qattiq mehnat qilayotgandek ko‘rsatish – vaqtni va iste’dodni behuda sarflashdir. Maqsadingizga erishish uchun bugungi eng yaxshi yo‘l qaysi? Ba’zi odamlar yetti soat davomida qattiq mehnat qilib, boshqalarning ikki kunlik ishini bajarishadi. Hamma narsa diqqatga bog‘liq.

Vaqt o‘tishi bilan boshqalar sizning odatlaringizni o‘rganadilar va sizga xos bo‘lgan xatti-harakatlarni taniy boshlaydilar. Ma’lumki, odatlar fe’l-atvor xususiyatiga aylanishi mumkin. Agar sizning xulq-atvoringiz doimo yuqori standartlarga javob beradigan bo‘lsa, demak, sizning fazilatlaringizdan biri tartibdir. Bu juda ham yaxshi. Odatlaringizni ko‘rib chiqing va ular sizni to‘g‘ri yo‘nalishga olib borishiga ishonch hosil qiling. Boshqacha qilib aytganda, o‘zingiz xohlagan natijaga erishishingizga ishonch hosil qiling va unga erishish uchun tanlagan yo‘l tabiatingizga zid emasligini biling. Bu tashqaridan salbiy ta’sirga tushmasdan, o‘z chegaralaringizni belgilashning ajoyib usuli.

Esimda, yoshligimda kimdir menga odamlarga va voqealarga xolisona baho berish – shunchaki kuzatish va faktlarni ijobiy yoki salbiy tus bermasdan qayd etib borish eng yaxshi yo‘l ekanligini aytgandi. Bu suhbatdoshga voqea haqida o‘z fikrini shakllantirish imkonini beruvchi sof jurnalistik yondashuv. Boshqacha aytganda, sharhsiz yangilik. Buning uchun miyani qattiqroq ishlatish kerak, ammo bu faqat foyda beradi.

Mehnat axloqi yoki siyosatga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, faqat sizning yondashuvingiz to‘g‘ri deb o‘ylamang. Biz hayot bizga taqdim etayotgan xilma-xillik uchun minnatdor bo‘lishimiz va vaqtni ayamasdan, tug‘ma iste’dodimizni rivojlantirishimiz kerak. Ba’zida bir yutuqqa erishgan odam uchun bu qanchalik qiyin bo‘lganini tasavvur ham qila olmaymiz. Mo‘jiza kabi paydo bo‘lgan muvaff aqiyat haqidagi hikoyalar juda kam. Agar kimdir bir kuni tongda muvaff aqiyatli bo‘lib uyg‘onsa, bu uning maqsadiga erishish uchun ko‘p yillar ishlamaganligini anglatmaydi. Haqiqatni to‘liq bilmaguningizcha xulosa chiqarishga shoshilmang.

Faqat natija muhim. Yakuniy natija yakuniy natijadir. Bu har doim ham niyatdan yutuqqacha bo‘lgan to‘g‘ri chiziqni anglatmaydi, balki tajribani boyitib, fazilatlar ro‘yxatini to‘ldiradigan burilishlar ketma-ketligini bildiradi. Olimga kashfiyot qilish uchun necha yil kerakligini bir o‘ylab ko‘ring, shunda sabrtoqat muvaff aqiyatning tarkibiy qismlaridan biri ekanligini tushunasiz. Shunday ekan, hoziroq eng yuqori darajaga erishishga sozlaning. Bu sizning kelgusi yillar uchun vazifangiz bo‘ladi.

KASHFIYOTLAR QILING VA MAQSAD BILAN YASHANG

Oyoq bosilgan yo‘lakchadan yurmang, yo‘l ochilmagan joyga boring va o‘z izingizni qoldiring.

Ralf Valdo Emerson

Hayot haqida tushungan ko‘p narsalardan biri shuki, hayotning o‘zi ham kashfiyotlar ketma-ketligidir. Hayot kashfiyotdan boshlanadi va u doimo shunday bo‘lishi kerak. Velosiped haydashni o‘rganish qanchalik ajoyib bo‘lganini eslaysizmi? Go‘dak ilk qadamlarini qanday qo‘yishini ko‘rganmisiz? Bu shunchaki voqea emas, bu muhim voqea. Agar biz har kuni shunday his-tuyg‘ularni boshdan kechira olsak, yo‘limiz to‘g‘ridan to‘g‘ri donolikka olib borardi.

Albert Eynshteyn shunday degan edi: «Yangi g‘oyani kutib olish uchun ochilgan aql hech qachon avvalgi holatiga qaytmaydi». Uning fikriga qo‘shilaman. Yurishni o‘rganganingizdan so‘ng, yana to‘rt oyoqlab turishni istaysizmi? Bu tentaklik bo‘lardi. Har birimizning hayotiy maqsadimiz bor – o‘z salohiyatimizni ro‘yobga chiqarish uchun hamma narsani qilish.

Bu juda oddiy. Buning uchun faqat o‘z iste’dod va intilishlaringizni topish va qo‘llash kerak. Esingizda bo‘lsin, buni oson demadim. Buni oddiy deb aytdim. Biz o‘z ishlarimizga shunchalik sho‘ng‘ib ketganmizki, quvvatimizni boshqa tomonga yo‘naltirish uchun bu holatdan chiqishimiz qiyin bo‘lishi mumkin. Ertalabdan kechgacha bizga millionlab megabit ma’lumotlar hujum qiladi. Birgina tinch lahzani topib, ushbu garang qiluvchi shovqin-suron ichida ichingizdagi ma’lumotlarni tahlil qilishingiz kerak. Qayta yoqilish uchun bir bor o‘chishga to‘g‘ri keladi.

Men band odamman, lekin har kuni ertalab va kechqurun bunga bir necha daqiqa vaqt ajrataman. Shu tarzda muvozanatni saqlab turaman va u o‘z yo‘limga undaydi. Menga allaqanday salbiy va buzg‘unchi narsa ta’siriga tushish yoqmaydi. Emerson o‘z izingizni qoldirishni aytganida haq edi. Birovning yo‘lidan yurib bo‘lmaydi, biroz harakat qilib, o‘z yo‘lingiz va maqsadingizni topishingiz kerak. Masala juda jiddiy, ham ijtimoiy, ham shaxsiy jihatdan. Dunyo tarixidagi eng dahshatli voqealar odamlar o‘zlari fikrlashdan to‘xtab, boshqalarni tinglashni aytganlarini qilishni boshlaganlarida sodir bo‘lgan. Diktaturalar shu tarzda o‘rnatilgan. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘lingizdan kelganini qiling. Boshlanishiga o‘zingizning ichingizdagi protorennoy yo‘ldan yurish istagidan xalos bo‘ling, shunda dunyo ham, siz ham yanada oqil bo‘lasiz.

Biznesdagi maqsadim – o‘zimga bir kun ham tanaff us bermasdan qo‘limdan kelganini qilish ekanligini angladim. Bu men uchun me’yor. Hayotga va o‘zimga bo‘lgan talablarim juda yuqori ekanini erta angladim. Siz ichki qiymat haqida eshitganmisiz? Ichki – tabiiy, tug‘ma, dastlabki ma’nolarni anglatadi. Agar o‘zingizning ichki qiymatingizni bilsangiz, hech kim sizni yiqita olmaydi. Bu fazilat sizning yengilmas kuchingizdir.

Kashfiyot – bu bizda hali mavjud bo‘lmagan bilimlarni egallashdir. Maqsad – amalga oshirilishi kerak bo‘lgan niyat yoki erishilishi kerak bo‘lgan natija. Bizning hayotimizda nafaqat moddiy, balki ma’naviy narsalar ham mavjud. O‘z manfaatimiz uchun ularni muvozanatga keltirishimiz lozim. Men haqiqiy biznesda ishlayman, lekin hayotimda sir tuyg‘usi bor va bu o‘zimni tadqiqotchidek his qilishimga imkon beradi. O‘zingizni hech narsa bilan cheklamang, ko‘zingizni yummang.

Bandligim sababidan Mark Bernettning «Shogird» shousi g‘oyasidan osongina voz kechishim mumkin edi. Lekin buni yana bir chaqiruv va yangi kashfiyot deb bildim. Bundan tashqari, taklif tabiatimning bir tomoniga juda mos edi: men boshqalarni o‘qitishni yaxshi ko‘raman. Maqsadni izlash butun umr davom etishi ham, besh yoshdayoq tugashi ham mumkin. Hamma uchun bir xil bo‘lgan mutlaq muddat yo‘q. Bu hech qachon taslim bo‘lmaslik, balki hayotingizning har kuni yangi narsalarni kashf qilish uchun ajoyib sababdir. Bundan tashqari muvaff aqiyatning ajoyib retsepti ham. O‘z yo‘lingiz sizni o‘zingizga atalgan joyga olib boradi. Ufqlaringizni kengaytiring. Keling, shunday qilib ko‘raylik: keng fikrlang va katta hayot kechiring.

STANDARTLARNI BELGILANG

Erkinlik – bu o‘zingiz xohlagan tarzda yashash huquqi emas, balki o‘z salohiyatingizni ro‘yobga chiqarish uchun qanday yashashingiz kerakligini aniqlash huquqidir.

Ralf Ualdo Emerson

Men bilan ishlaydigan odamlar ijobiy yondashuvli va ishtiyoqli inson sifatidagi imidjim ko‘zbo‘yamachilik emasligini bilishadi. Men boshdan oyoq shundayman. Ulkan maqsadlarim va ularga erishish uchun yetarli kuchim bor. Atrofimdagilar ertamikechmi shunday yashashim va ishlashimni tushunishadi. Ushbu samarali yondashuv aniq ish beradi. Va bu yaxshi ma’noda yuqumli. «Trump Organization»ning asosiy xususiyati shundaki, biz maqsadlarimizga erishamiz va quvvat darajamiz buni qanday amalga oshirishimizni izohlaydi. Men standart o‘rnatdim va hamma unga amal qiladi.

Agar qattiq va tinimsiz ishlashni yoqtirsangiz, xuddi shunday xususiyatlarga ega odamlarni jalb qilasiz. Men bilan ishlaydigan odamlar har yangi kun ular oldiga qiyin vazifalar qo‘yishidan zavqlanishadi, ular ish uchun o‘z standartlarini belgilashadi. Ularning fikrlash tarzi menikiga o‘xshaydi: qanday qilib ko‘proq ishni bajarish haqida o‘ylashadi. Biz istagan narsamizga qanday erishamiz? Har doim imkoniyat borligini anglash uchun tasavvur, jasorat va intizom talab etiladi. Ammo agar siz tor fikrlasangiz, imkoniyatni sezmay qolasiz. Keng qamrovli fikrlashni o‘rganing.

O‘zingizdan qanday obro‘ga ega bo‘lishni xohlayotganingizni so‘rang. Va shunga asoslanib, o‘z ish standartlaringizni aniqlang. Hech kim buni sizning o‘rningizga qilmaydi. Esimda, otam nima uchun Manxettenda binolar qurmoqchi ekanligimni tushunmagan. Manxettenni kollejda o‘qib yurgan paytlarimdayoq ko‘z ostimga olib qo‘yganman va bu erishmoqchi bo‘lgan maqsadim edi. Ko‘p yillar o‘tgach, otam bilan «Trump Tower» minorasini qurish g‘oyasi borasida maslahatlashayotib, tashqi devorlarni shisha va bronzadan yasash haqida gapirganimda, otam nega qurilish uchun g‘ishtni tanlamaganimni tushunolmadi. G‘isht unga yaxshi xizmat qildi, nega menga to‘g‘ri kelmas ekan? Chunki o‘zim uchun o‘z standartlarimni belgiladim. «Trump Tower» qurilishi bitib, ko‘plab maqtovlarga sazovor bo‘lgach va muhim osori-atiqa maqomiga erishgach, standartlarim qabul qilingani aniq bo‘ldi.

«Trump Tower» foyesida menga rasmlar ilib qo‘yishni maslahat berishdi. Garchi men tasviriy san’atni juda yaxshi ko‘rsam-da, bu fikr biroz oddiy va eskicha tuyuldi. Rasmlar o‘rniga u yerda sharshara o‘rnatishga qaror qildim va u rasmlarga qaraganda ko‘proq e’tibor tortdi. Sharsharaning balandligi 24 metrdan oshadi va 2 million dollarni tashkil etadi. U juda chiroyli va o‘z tanlovimdan hech qachon afsuslanmadim. Yana bir bor, o‘z standartimni o‘rnatdim.

Markaziy bog‘dagi «Woolman Rink» muz uchish maydonini qayta qurishga qaror qilganimda, buni o‘z tasavvurim asosida qildim. Ishni iloji boricha yaxshiroq, tezroq va arzonroq bajarish zarur. Yetti yil davomida shahar bu ajoyib muz maydonchasini ta’mirlashga harakat qildi. Ishni olib, uch oyda tugatdim va shahar ajratgan 21 million dollarning 10 foizinigina ishlatdim. Hamma foydada qoldi. Bu mening standartlarim va men ularga javob beraman. Otamning tejamkor ishlashga imkon beruvchi to‘rt bosqichli formulasidan foydalanaman: kel, ishni bajar, ishni yaxshi bajar va ket.

Keng fikrlash uchun o‘zingizga ushbu savolni bering: qanday ijodiy salohiyatingiz bor? Nima taklif qila olasiz? Ishingizda va o‘qishingizda nimalarga erishdingiz? Sizning qiymatingiz nimada ifodalanadi? O‘z salohiyatingizdan xabardormisiz? Oldinga qadam tashlash vaqti kelganida olomondan ajralib turishga tayyormisiz? Shu tarzda fikrlang va qiymatingiz oshadi.

Men keng fikrlayman va siz ham xuddi shunday fikr yuritishga qodirsiz. O‘z standartlaringizga, salohiyatingizga diqqatingizni qarating va nazardan chetda qoldirmang. Siz shu tarzda o‘z «men»ingizni va kelajakdagi muvaff aqiyatingizni belgilaysiz.

INTUITSIYANGIZGA ISHONING

Sezgi ongsiz ravishda idrok etishdir.

Karl Yung

Har birimiz instinkt, sezgi va idrok haqida eshitganmiz. Har bir inson bu xususiyatlarga ega, shunday ekan, ulardan qanday foydalanishni bilish juda muhimdir. Siz ajoyib akademik bilimlarga ega bo‘lishingiz mumkin, lekin o‘z instinktlaringizdan foydalanmasangiz, eng yuqori cho‘qqiga chiqish va o‘sha yerda qolish qiyin bo‘ladi.

Sezgi sohasi, hatto o‘z ko‘nikmalarini ajoyib tarzda rivojlantirganlar uchun ham sir bo‘lib qolayotgan o‘rganilmagan sohalardan biridir. Ishbilarmonlik instinktlari qanday paydo bo‘lishini aniqlash va tushuntirish juda qiyin. Ba’zilarining qanday ish berishini mutlaqo tushuntirib bo‘lmaydi. Ba’zida allanima bizni biror kishi bilan bitim tuzish yoki uchrashishimizga to‘sqinlik qiladi yoki aksincha, bizni bunga undaydi.

Masalan, «Shogirdlar» shousi muallifi Mark Bernett bilan bir necha daqiqa suhbatlashgach, uning inson va mutaxassis sifatida yuz foiz ishonchli ekanligini tushundim. Hech qanday sababsiz ko‘nglim tortmagan odamlar bilan muloqot qilish tajribasiga egaman va doimo xolis bo‘lishga harakat qilsam-da, endi o‘z sezgimga ishonish uchun asos bor. Karl Yungning aytishicha, kundalik hayotda bizning ongimiz o‘z imkoniyatlarining atigi 5 foizidan foydalanadi. Agar biz uyqudagi 95 foizdan foydalanishni o‘rgansak, aql bovar qilmas natijalarga erishgan bo‘lardik.

Bu masalada ongni to‘g‘ri sozlash juda muhimdir. Hech e’tibor berganmisiz, kuchli e’tiborni talab qiladigan vaziyatga tushib qolganimizda, xoh u omon qolish kursi yoki muhim imtihon bo‘lsin, biz o‘z javoblarimizda juda ehtiyotkor bo‘lib qolamiz. Har bir javobimiz yoki ishimiz birdaniga juda muhim bo‘lib qoladi. Bizning instinktlarimiz o‘zimiz uchun shu tarzda ishlaydi. Mantiq bir narsani aytsa, instinktlar boshqa narsani aytishi mumkin. Albatta, bu ikkala xususiyatni ham birdek rivojlantirish juda yaxshi bo‘lardi.

Yodimda, Uoll-stritdagi qirqinchi uyni sotib olayotganimda, hamma undan turarjoy qurishni maslahat bergandi, men esa ko‘nmadim. Ichki sezgim bu biznes markazi uchun ajoyib joy ekanligini aytdi. Fikrimni o‘zgartirmadim va hozirda bino nufuzli kompaniyalarning ofislari bilan to‘la. Bitim hamma uchun omadli bo‘ldi va bugun Uoll-Stritdagi qirqinchi uy narxi 500 million dollardan oshadi.

Golf maydonlarini qurishni endi boshlaganimda, ichki sezgim to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganimni aytardi. Mantiqan, golfga bo‘lgan muhabbatim (muvaffaqiyatning muhim elementi), ishtiyoq va jarayonni bilish bilan birgalikda nishonga aniq tegishini ta’minlashini bilardim. Dunyodagi eng yaxshi golf maydonchalari dizaynerlarini topdim va ular bilan ko‘p soatlab ishladim. Natija kutilganidan ham yaxshi chiqdi. Bunga erishish uchun men intuitsiyani mantiq bilan «do‘stlashtirdim».

Qaroringizni har taraflama ko‘rib chiqayotganda, ichki sezgini ham tinglang. Tabiatingizning bu qismi bilan yolg‘iz vaqt o‘tkazing. Sezgiga o‘rganishga arziydigan mahorat sifatida qarang: bu sizga ko‘p holatlarda, jumladan, biznes bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda qo‘shimcha kuch beradi. Dunyoda ko‘rinmaydigan va eshitilmaydigan narsalar ko‘p, bunda bizga instinktlar yordam beradi. Agar jungli o‘rmonlarida paydo bo‘lib qolsangiz, nimani afzal ko‘rasiz – xaritanimi yoki yo‘lboshchinimi? Men yo‘lboshchi bilan o‘zimni xavfsizroq his qilishimga aminman. Yo‘lboshchining tajribasi bor va bundan tashqari u sizning yoningizda. Sezgi ichingizda. Undan foydalaning!


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации