Текст книги "Туҳфа"
Автор книги: Комил Синдаров
Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 6 страниц)
KOMIL SINDAROV
TUHFA
VATAN KUTADI
Chiqib qolib nodonlik g‘olib,
Uzoqlarga ketsang bosh olib,
Do‘sting hayron, noiloj yoring,
Bo‘lganida ahvoling g‘arib.
Yuraklari shodlikka to‘lib,
Yo‘llaringga intizor bo‘lib,
Kutsa bitta Vatan kutadi –
Qo‘llaringga gullar tutadi.
Baxting qo‘ldan ketsa bexosdan,
Gunohlarga botsang noxosdan,
Boshginangni urib toshlarga,
Najot kutma aslo nokasdan.
Nima foyda yot panohingdan,
Tavba qilsang bor gunohingdan,
O‘tsa bitta Vatan o‘tadi –
Senga imkon dastin tutadi.
Ko‘zlaringda qotganda namlar,
O‘z domiga olganda g‘amlar,
Omad qushi uchib boshingdan,
Kelganida eng og‘ir damlar.
Onalarcha silab boshingni,
Qalqib turgan ko‘zda yoshingni,
Artsa bitta Vatan artadi –
Seni o‘ylab tashvish tortadi.
Qafas bo‘lmas bulbulga oshyon,
Daydi itda bo‘lmag‘ay makon,
Mol-dunyo deb yurtdan kechganlar,
Boy bo‘laru bo‘lolmas inson.
Yurtdan izla da’vo dardingga,
Eng so‘nggi dam, do‘stim qadringga,
Yetsa bitta Vatan yetadi –
Senga yordam qo‘lin tutadi.
Taqdir seni aylasa afgor,
Bo‘lganingda shirin so‘zga zor,
Boshing uzra qora quzg‘unlar,
Aylanganda takror va takror.
Quzg‘unlarning yulib patlarin,
Har kun senga sog‘inch xatlarin,
Bitsa bitta Vatan bitadi –
G‘aming o‘ylab qonlar yutadi.
Tovoningga kirsa tikonlar,
Yo‘llaringdan chiqsa ilonlar,
Chor atrofing o‘rab peshma-pesh,
Qiynoqlarga solsa chayonlar.
Malham bo‘lib og‘riq joyingga,
Poyondozing bo‘lib poyingga,
Yotsa bitta Vatan yotadi –
Bevatanlar bilmam netadi?
2009-yil, 4-mart
QISHLOG‘IMNI SOG‘INAMAN
G‘am domiga botganimda,
Holu behol yotganimda,
Jabru alam tortganimda,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Dilim qo‘msar qirlarini,
Qirda qolgan sirlarini,
Oqsoqolu pirlarini,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Kunda tutar xo‘p xumori,
Adirlari, chamanzori,
Xush iforli bedazori,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Ko‘z o‘ngimda suruvlari,
Dala – dashtning suluvlari,
Tongni bezar qirovlari,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Sutdek tiniq buloqlari,
Yoddan chiqmas maroqlari,
O‘rtaganda so‘roqlari,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Soddagina odamlari,
Tog‘ni bezar bodomlari,
Yoshligim go‘zal damlari,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Osmon to‘la yulduzlari,
Yerga mehmon kunduzlari,
Barchinoyi, Qunduzlari,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Onam yopgan shirin kulcha,
So‘ridagi ko‘hna sholcha,
Bobom ekkan qirmiz olcha,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Yuragimda hamon yodi,
Dimog‘imda yalpiz hidi,
Isiriqning xushbuy dudi,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Dunyo kezib, topdim neni,
Bir yo‘qotib, topdim uni,
Tushlarimda chorlar meni,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
O‘z uyimda o‘zim mehmon,
Qaytmog‘imga bormi imkon?
Yuragimda pinhon armon,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Umrim hisob etsam agar,
Foyda istab, topdim zarar,
Men qo‘nimsiz bir darbadar,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
Umr bo‘yi qiynoqdagi,
Farzandiman firoqdagi,
Tuprog‘idan yiroqdagi,
Qishlog‘imni sog‘inaman.
2009-yil, mart
JIZZAXIM
Tog‘ desa – tog‘, chamani bor, cho‘li bor,
Daryosi bor, vohasi bor, ko‘li bor,
Xalqi sodda, vale oltin qo‘li bor,
Go‘zal diyor, jannatmakon – Jizzaxim.
Vatan ichra vatanning bir parchasi,
G‘arbu sharqni bog‘lar Temur darchasi,
Sa’di Vaqqos, O‘smat ota barchasi,
Moziyingdan so‘zlar hamon – Jizzaxim.
Azal ilmu ma’rifatning o‘chog‘i,
G‘uncha ochar ilmu urfon chechagi,
Do‘stga ochiq har dam iliq quchog‘i,
Do‘sti sodiq, mardu maydon – Jizzaxim.
Poyoni yo‘q Balanchaqir qirlari,
Qoyalarda pinhon qancha sirlari,
Qo‘llab turar Xo‘jamushkent pirlari,
Avliyolar qo‘ngan oshyon – Jizzaxim.
Sharof bobo shu ulug‘ yurt vijdoni,
Olimjoni ash’or mulkin sultoni,
Donishmandu iste’dodlar makoni,
Imkonlari cheksiz osmon – Jizzaxim.
Tilni yorar qovunlarin tilimi,
Qo‘l kelmoqda dehqonchilik ilimi,
Kundan-kunga ortar mehnat unumi,
Tanti fermer, usta dehqon – Jizzaxim.
Zomin zira ming xil dardga em-da’vo,
Malham erur tatib ko‘ring marhabo,
Suvi zilol, tuprog‘i zar, bahavo,
Ta’rifi yo‘q bir guliston – Jizzaxim.
Baxmalsoyning olmalari qirmizi,
Elda mashhur asaliyu qimizi,
Kimga manzur bo‘lmas Forish mayizi,
Nomi ulug‘, tilda doston – Jizzaxim.
Tog‘laridek yuksak hosil xirmoni,
«Paxtakor»i asl «oq oltin» koni,
G‘alla orol azal rizq-ro‘z ummoni,
Istiqlolim bergan imkon – Jizzaxim.
Zafar obod etti Arnasoyini,
Kelib ko‘ring endi cho‘l chiroyini,
Ko‘zga surtay har bir qadam joyini,
Sahroda yuz ochgan bo‘ston – Jizzaxim.
Do‘stlik, tinchlik erur ezgu shiori,
Bu o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz diyori,
Qo‘li ishda, Ollohdadir xayoli,
Saodatga sirli qo‘rg‘on – Jizzaxim.
Kundan-kunga yashnar Mirza cho‘llari,
Dalalari, ko‘chalari, yo‘llari,
Har jabhada Zarbdor, baland qo‘llari,
Mehnat ila topmoqda shon – Jizzaxim.
Barchinoydek barno, suluv qizlari,
Sutdek tiniq, shirmoy kulcha yuzlari,
Yurakni mahv aylar shirin so‘zlari,
Zulfiyalar ungan chaman – Jizzaxim.
Yigitlari quvnoq, biroz chapani,
Boshda do‘ppi, o‘ngirida choponi,
Tog‘ni talqon aylar yurak to‘foni,
Bahodir er, jasur o‘g‘lon – Jizzaxim.
Dasturxoni ochiq, bisyor mehmoni,
Ming qo‘yli boy bugun oddiy cho‘poni,
To‘planishib kelsa do‘stu yoroni,
Faxr aylar bo‘lsa mezbon – Jizzaxim.
Har qarichi birday suyuk, hur diyor,
Ko‘ngillarga oqib kirgan nur diyor,
Omin: «Dunyo turgunicha tur, diyor!»,
Umum nomi O‘zbekiston – Jizzaxim.
2008-yil, 4-noyabr
YURTGA KELDI YANA KO‘KLAMOY
Yuraklarga solib hayajon,
Eshik qoqar biz kutgan mehmon.
Yelkasida bayram libosi,
Qo‘llarida ochil dasturxon.
Dala dashtga bag‘ishlab chiroy,
Yurtga keldi yana ko‘klamoy.
Tog‘dan esar mayin shaboda,
Zarra g‘ubor yo‘qdir havoda.
Kurtaklarning qochib uyqusi,
O‘ynoqlaydi mayin saboda.
To tonggacha bedor ko‘kda oy,
Yurtga keldi yana ko‘klamoy.
Qaldirg‘ochlar kuylab qo‘shig‘in,
Ayvoniga chorlar ma’shug‘in.
Kelinchakdek yashnab chamanlar,
Ilhaq kutar bulbul – oshig‘in.
Yor-yor aytib, boshlab katta to‘y,
Yurtga keldi yana ko‘klamoy.
Shivirlaydi zilol buloqlar,
Yerni yorib chiqar quloqlar.
Quvalashib yoqut tomchilar,
Yuraklarga berar maroqlar.
Qirg‘og‘idan toshar jo‘shqin soy,
Yurtga keldi yana ko‘klamoy.
Boshlanadi turnalar raqsi,
Yuzin ochar olamning naqshi.
Yor kaftini o‘pgan loladan,
Qaysi mardning kelmaydi rashki?
Sevgi fasli, fasli asaloy,
Yurtga keldi yana ko‘klamoy.
Elu yurtga tilab omonlik,
Yo‘qolsin deb butkul yomonlik,
«Saodatga, baxtga yo‘g‘rilsin»,
Deya, har bir O‘zbekistonlik!
Ezgulikka bo‘shatguncha joy,
Yurtga keldi yana ko‘klamoy.
2009-yil, 5-mart
YANGI YIL XAYOLLARI
Kecha bola edim, bugun oqsoqol,
Nahot erta bo‘lsam munkillagan chol.
Shuni o‘ylaganda qalbim behuzur,
Kirar yangi yil ham kelmoqda malol.
Kecha bilmas edim – na g‘am, na tashvish,
Bugun biror kunim o‘tmas betashvish.
Yildan-yilga jo‘shar hayot to‘foni,
Yuragim bir qalqar kelganda har qish.
Vujudimni qordek qoplar bir tuyg‘u,
Oqligi quvonchim, yaxligi – qayg‘u.
Qalbimni sovutar muzdek armonlar,
Umid bulog‘imning ko‘zida uyqu.
Davralar to‘rida qorbobo, qorqiz,
Men xayol otida kezaman yolg‘iz.
Sarhisob aylasam o‘tgan kunlarim,
Ortimda qoldimi arzigulik iz?
Yangi yil oqshomi… Chehralar gulgun,
Yeru ko‘k shodlikka to‘ladi bugun.
Ne ajab, ko‘zlarim kulgani bilan,
Mening yuragimdan yozilmas tugun.
Kecha bola edik beg‘am, betashvish…
2009-yil, 1-yanvar
KIMDIR MENDAN ROZI
Kimdir mendan rozi, kimdir norozi,
Ko‘zlarim bog‘langan, qo‘lda tarozi.
Haqiqat pallasin teng tutmoq uchun,
Qalbimda yangraydi adolat sozi.
Kimga tegdi, kimga tegmadi nafim,
Kimga yoqdi, kimga yoqmadi gapim.
Go‘yo oltin baliq tutdim daryodan,
Bir do‘sti sodiqqa ortganda safim.
Qalbim qo‘rg‘oniga sardor diyonat,
Diyonat bor joyda bo‘lmas xiyonat.
Zakovat qo‘shini kirganda jangga,
Ortga chekinadi albat, jaholat.
O‘tar yo‘lim bo‘ldi insof ko‘chasi,
Kunduz uyg‘oq, bedor bo‘ldim kechasi.
Haq so‘zimdan g‘anim kirib safimga,
Izlarimdan ketar necha-nechasi.
Jonimga jon bilan kirgan muhabbat,
Qon-qonimga singib ketgan sadoqat.
Bir insonday sevdim, sevildim, illo,
Ishqsiz yashash asli og‘ir jinoyat.
Haqdan omad, mendan bo‘ldi harakat,
Harakatdan do‘stlar, topdim barakat.
Neki topsam – topdim mehnat ortidan,
Kuydim, yondim bilmay aslo halovat.
Bir mayizni qirqqa bo‘ldim do‘st bilan,
Do‘stlashmadim sira-sira past bilan.
Tosh otganga tutdim yordam qo‘lini,
Bormadim hech g‘animga-da qasd bilan.
Hazar qildim har xil harom – harishdan,
Marddan kechib, nomard bilan yurishdan.
Molu davlat uchun kechib oridan,
Beor bilan bitta safda turishdan.
Yetti o‘lchab, kesdim so‘ngra bir bora,
Bahonamas avval izladim chora.
Najot istab kelsa, aslo uyimdan,
Norizo chiqmadi hech bir bechora.
Qarindoshga cho‘zsam ikki qo‘limni,
Bekor og‘ritgani qoldi dilimni.
Jon jigarim boylaganda yo‘limni,
Hayratimdan tishlab qoldim tilimni.
Hikmat izlab, ba’zan topdim g‘urbatni,
Izzat qilganlarim bilmas hurmatni.
Yaxshiliklar qilib, otdim daryoga,
Baliqdan kutmadim vale rag‘batni.
Qo‘ynimdagi chaqdi goho chayondek,
Ko‘rganlarim ko‘zlarimga ziyondek.
Davlatimda jonga joni fidolar,
Jangda meni tashlab ketdi quyondek.
G‘iybatlarni aslo ko‘zga ilmadim,
Ketimdan tosh otsa, pisand qilmadim.
Oyog‘im ostida qoldi nechovlar,
Tutdek yanchib o‘tdim, shafqat bilmadim.
Itlar tinmay hurar, o‘tar karvonlar,
Mardi maydon, oqil bo‘lsa sarbonlar.
Qoyalardek mag‘rur erur g‘ururim,
Yetib bormas g‘anim qo‘ygan narvonlar.
To‘kib solsam dilda neki borimni,
Ishonganim yovga pullar sirimni.
Bugun qadamimni poylab yurganlar,
Kechagina bermaganlar to‘rimni.
Kimdir mendan rozi, kimdir norozi,
Umrim ko‘pi o‘tib, qolmoqda ozi.
Hayot daftarini etsam sarhisob,
Qilgan savoblarim bosmas tarozi…
2009-yil, 9-fevral
BU QIYOMAT – QOYIM DEGANI
Qo‘li bilan yugursa odam,
Jaholatga tashlasa qadam,
Qishda qiyg‘os gullasa bodom,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Ahli dono poygakda qolib,
Nodon to‘rga chiqsa sollanib,
Kelganida g‘irromlar g‘olib,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Elu ulus kechsa dinidan,
Qishda ilon chiqsa inidan,
Nohaq ko‘chsa qilich qinidan,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Erib bitsa mangu muzliklar,
Daryo o‘rnin bossa tuzliklar,
Ahddan tonsa bitta so‘zliklar,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Qirg‘og‘idan toshsa ummonlar,
Chekinganda cheksiz o‘rmonlar,
Aylanganda cho‘lga bo‘stonlar,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Tuya bo‘lsa yetimning noni,
Yorti bo‘lsa chumchuqning doni,
Bir pul bo‘lsa insonning joni,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Imonidan kechsa qarilar,
Ko‘kdan yerga tushsa parilar,
Zahar to‘plab qolsa arilar,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Qurib qolsa insof daraxti,
Yolg‘on bo‘lsa yigitning ahdi,
Kulganida nomardlar baxti,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Teshik bo‘lsa savobning keti,
Qalinlashsa uyatning beti,
So‘nganida adolat o‘ti,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Qizil qorlar yog‘sa havodan,
Dilga ozor kelsa navodan,
Xesh-xeshiga kechmas da’vodan,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Erlar uyga ko‘milsa nochor,
Xotin sho‘rlik tebratsa ro‘zg‘or,
Qiz – juvonga liq to‘lsa bozor,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Bandi etib havas askari (n),
Zafar quchsa hasad lashkari,
Oqqanida soylar teskari,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Viqoridan kechsa qoyalar,
Kun yuziga solsa soyalar,
Yo‘qqa chiqsa ezgu g‘oyalar,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Bevafoning kelsa zamoni,
Qibla bo‘lsa to‘rtta tomoni,
So‘lib qolsa sevgi chamani,
Bu qiyomat – qoyim degani.
Eshak qurg‘ur o‘zganda otdan,
Kechagi kun chiqqanda yoddan,
Inson bezor bo‘lsa hayotdan,
Bu qiyomat – qoyim degani.
2008-yil, 3-dekabr
NAHOT INSON BIR QUSHCHALIK BO‘LOLMASA
Qaldirg‘ochning mehri bo‘lak ayvoniga,
Uzoqlardan talpinar o‘z makoniga,
Balki vafo singib ketgan qon-qoniga,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
O‘zgalarga ta’na-dashnom otmas ular,
Ko‘cha-ko‘yda mastu alas yotmas ular,
O‘lsa o‘lar, lek bir-birin sotmas ular,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
Aslo tashlab ketmas jajji polaponin,
Och qolsada, yorti qilmas o‘zga nonin,
Zahmat ila terib yeydi o‘zin donin,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
Ko‘p kuzatib, bilmadim hech xiyonatin,
Balki hali yo‘qotmagan diyonatin,
Do‘stu yordan ayamaydi inoyatin,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
Shoirlarga mavzu emas sadoqati,
Qo‘shiqlarda kuylanmagan saodati,
Vale doston etsa arzir muhabbati,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
Bu olamga sig‘mas, garchi qilcha joni,
Sher oldida sher bo‘ladi filcha joni.
Qaldirg‘ochlar odamlarning qadrdoni,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
Yolg‘on-yashiq mish-mishlarni xushlamaydi,
Sitam qilib, o‘zga ko‘zin yoshlamaydi,
Tillo bersang o‘zga yurtda qishlamaydi,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
Chug‘urlashsa tushunaman nolasiga,
Rosti, bizlar tengmas patin tolasiga,
Uchib ketgum, qo‘shsa magar galasiga,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
Tizilishib qatorida uchgim kelar,
Tongda turib qushlarga dil ochgim kelar.
Qo‘shilishib guldan gulob ichgim kelar,
Nahot, inson bir qushchalik bo‘lolmasa?!
2009-yil, mart
BEZIB QOLDIM
Bezib qoldim mansab, amaldan,
Qani dehqon bo‘lib qolsaydim.
Voz kechsamu qog‘oz, qalamdan,
Qo‘llarimga ketmon olsaydim.
Qani endi topilsa imkon,
Bo‘lib qolsam oddiy bir bog‘bon.
Dunyoning ming lash-lushlaridan,
Gulzor menga aziz, qadrdon.
Ko‘ringanda dunyo ko‘zga tor,
Mayli cho‘lda kulba solsaydim.
Bir mehrga bo‘lganimda zor,
Qishlog‘imga ketib qolsaydim.
Maqtovlardan juda zadaman,
Samimiy, chin so‘zdan judoman.
Xushomadlar tekkan jonimga,
Lek bir shirin so‘zga gadoman.
Yig‘inlar ham tegdi ko‘ngilga,
Qani tog‘da gulxan yoqsaydim.
Chapaklardan qavargan qo‘lga,
Tayoq olib, suruv boqsaydim.
Mish-mishlardan bo‘lganman bezor,
Menga berar qanchalar ozor.
Eshitmasa ikki qulog‘im,
Qilar edim bundan iftixor.
Dunyo toru ozorlari ko‘p,
Dono qolib, nodonniki jo‘p.
Yolg‘onlarga barcha beparvo,
To‘g‘ri so‘zga sindirarlar cho‘p.
Bezib qoldim mansab, amaldan,
Chiqmoq mushkul lek bu qamaldan.
Bunda yolg‘iz qalqonim kitob,
O‘ch olaman qog‘oz, qalamdan…
2009-yil, yanvar
YURAGIMGA KIRDING MUHABBAT
Uzugimga yarashiq ko‘zday,
Ash’orimga tizilgan so‘zday,
Qo‘shig‘imga hamohang sozday,
Yuragimga kirding muhabbat.
Nurga ko‘mib hayot uyimni,
Osmon etib basti – bo‘yimni,
Asir aylab fikru o‘yimni,
Yuragimga kirding muhabbat.
Tunlarimni aylab charog‘on,
Kunlarimni aylab farovon,
Vujudimga solib hayajon,
Yuragimga kirding muhabbat.
Bezak bo‘lib hayot bog‘imga,
Tirgak bo‘lib najot tog‘imga,
Mazmun berib yoshlik chog‘imga,
Yuragimga kirding muhabbat.
Dilda armon iplarin uzib,
Umidsizlik g‘ovlarin buzib,
Sadoqatning soyidan suzib,
Yuragimga kirding muhabbat.
Dilda qo‘zg‘ab nozik hislarni,
Qalbdan quvib ayoz, muzlarni,
Ro‘yob aylab ro‘yo, tushlarni,
Yuragimga kirding muhabbat.
Gohida g‘am, goh quvonch bo‘lib,
Goho qayg‘u, goh sevinch bo‘lib,
Goho gumon, goh ishonch bo‘lib,
Yuragimga kirding muhabbat.
Halovatning bag‘ridan o‘tib,
Orzularning qo‘lidan tutib,
Har tong sog‘inch xatlarin bitib,
Yuragimga kirding muhabbat.
Jon ichra jon ulab bu jonga,
Singmoq uchun tomirda qonga,
O‘qdek uchib, to‘g‘ri nishonga –
Yuragimga kirding muhabbat.
Majnunlikni etgan ixtiyor –
Komilingni aylab baxtiyor,
Goh do‘st bo‘lib, goho go‘zal yor,
Yuragimga kirding muhabbat.
2009-yil, 4-yanvar
KO‘ZLARINGNI SOG‘INIBMAN
Qarashingda olam sehri bor,
Muhabbatning qaynoq mehri bor,
Go‘zallikdan balki faxri bor,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
Chaqnab turar yashin misoli,
Tepasida ikki hiloli,
Kipriklaring – sarv niholi,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
Nigohlaring mayin, iboli,
Hushim olar yuzlaring oli,
O‘rtar qarog‘laring xayoli,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
Ololmayman sendan nigohim,
Oftobim sen, o‘zingsan mohim,
Ikki chashming – yorqin chirog‘im,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh.
Injularing oladi xushim,
O‘ngimda sen, seniki tushim,
Kokillaring keltirar g‘ashim,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
Noxos tushsa menga nazaring,
Lov-lov yonar lola uzoring,
G‘amzang tig‘i dilga ozoring,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
O‘qlar otib yurakka pinhon,
Jon olib, so‘ng bag‘ishlaysan jon,
Vujudimda dilxush hayajon,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
Ishvang qildi qalbimni yara,
Dardim ortib borar tobora,
O‘lsam o‘lay, mayli, bir qara,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
Xumoriman nuri diydangni,
Ko‘rmasaydim obidiydangni,
Qiynama yor, Komil shaydongni,
Ko‘zlaringni sog‘inibman, oh!
2009-yil, 14-mart
BASHORAT
Yuragimda sen yoqqan otash,
Kundan-kunga ko‘tarmoqda bosh.
Nahot yana zulmat hayotim,
Osmonida chaqnasa quyosh.
Nahot, yana qorong‘u tunlar,
O‘rnin bosar munavvar kunlar.
Umid otim oyoqlaridan,
Yechilmoqda nahot tugunlar.
Ayozlarda qurib majoli,
Chamanim tang edi ahvoli.
Bir so‘zingdan yana bog‘imda,
Kurtak yozar ilinj niholi.
Tag‘in so‘lg‘in yaproqlar ketib,
Atirgullar ketadi tutib.
Qahraton qish muzliklarida,
Sog‘ingandim bahorni kutib.
Vujudimga berib maroqlar,
Yana qalbda yonar chiroqlar.
Mehr nuring tushib daf’atan,
Ko‘zin ochar so‘ngan buloqlar.
To‘xtamaydi yuragim bongi,
Kelgandekman olamga yangi.
Zimistonlar ketib, dilimda,
Yana otar orzular tongi.
Nelarnidir so‘ylar yulduzlar,
Nahot, bizni o‘ylar yulduzlar?
To‘planishib samo qo‘ynida,
Baxtimizni kuylar yulduzlar.
Bashorati – dilimga quvvat,
Qo‘rquv o‘rnin egallar jur’at.
Sen tufayli xasta Komilni,
Shu yoshida siylar muhabbat.
2009-yil, 16-fevral
EY MUHABBAT
Bir xoliga ikki shahar berdilar,
Bir so‘ziga Toji mahal qurdilar,
Yorni deya tog‘lar toshin yordilar,
Senda qanday qudrat jam, ey muhabbat?
Boshin olib ketdi Majnun sahroga,
Tohir hamon zordir ko‘kda Zuhroga,
Ushshoq ahli o‘xshab ketar gadoga,
Sen dardmi yo anduh, g‘am, ey muhabbat?
Ko‘zlaringda quvonch emas, yosh ko‘rdim,
Yuragingda hijron otgan tosh ko‘rdim,
Yo‘llaringda qancha egik bosh ko‘rdim,
Nechun buncha qadding xam, ey muhabbat?
Yoshlik sohillarin ko‘klam, yozi sen,
Fasli xazon, achchiq qish, ayozi sen,
Birda mahzun, birda sho‘x dil sozi sen,
Qishmi – bahor, sen qay dam, ey muhabbat?
Qalb to‘rida ishqning qora dog‘i bor,
Sevgi chamanining quzg‘un, zog‘i bor,
Oshiqlarning kim aytadi «sog‘i bor»,
Bir kam dunyoda bir kam, ey muhabbat!
Kumushlarning hamon tinmas jolasi,
Olamni titratar qilgan nolasi,
Rashk ham asli xiyonatning bolasi,
Qarog‘imda qotgan nam, ey muhabbat!
Ko‘ngil eshigini nogoh qoqasan,
Avval boshda dilga moydek yoqasan,
So‘ng kuydirib, hajr o‘tida yoqasan,
Ham parvona hamda sham, ey muhabbat!
Dilga mehr urug‘ini joylagan,
Odamzotni ezgulikka shaylagan,
Ko‘p qatori Komilni ham siylagan,
Senda qanday lazzat jam, ey muhabbat!
2009-yil, mart
ARMON
Bu go‘zal dunyoda go‘zallar kammi,
Yoki senda olam chiroyi jammi?
Go‘zallar bevafo bo‘larmish, e voh,
Seni suygan oshiq ko‘zlari nammi?
Yurak qurg‘ur so‘zga kirmasa netay,
Sendan o‘zga yorga urmasa netay,
Xayolimdan ketmas pari ruxsoring,
Ko‘zlarim boshqasin ko‘rmasa netay?!
Borlig‘ing qiladi umrimni ko‘rkam,
Birgina boqishing dardimga malham,
Qaniydi, soyangga aylanib qolib,
Yonginangda bo‘lsam toabad men ham.
Qizg‘onaman seni begonalardan,
Atrofingda giryon parvonalardan,
Hech farqim qolmadi firoq dashtiga,
Boshin olib ketgan devonalardan.
Ishq qasrida sulton emas quldirman,
Sirti yaltirog‘u ichi juldurman,
Ikki jahon ichra sevgi ko‘yida,
Badbaxt bitta bo‘lsa, o‘shal shuldirman.
Qalbimda o‘chmoqda umid chirog‘i,
Asta qulab borar ishonchim tog‘i,
Netay osmonlarga yetdiyu qo‘lim,
Lek ishqda omadsiz ekanman chog‘i.
Baxtim to‘kis, aslo etmasman inkor,
Toleim sarbaland, davlatim bisyor,
Qolsa ham qoladi bitta armonim,
Gar nasib etmasa senday go‘zal yor.
Ayt, go‘zal dunyoda go‘zallar kammi?..
2009-yil, 13-fevral
QADRIM
Oshiqlaring tol bargidan ko‘p derlar,
Poylaringda xazon kabi to‘p derlar,
Ishq bobida bir-biridan xo‘p derlar,
Lek hech biri sevmas seni menchalik.
Yig‘ilganda mingta shamning shu’lasi,
Ko‘kda bitta oyga yo‘qdir qiyosi,
Garchi yorqin yulduzlarning ziyosi,
Lek hech biri bo‘lmas bitta kunchalik.
Go‘zallikda tanho, bitta donasan,
Sevgi ummonida bir durdonasan,
Ko‘z o‘ngimda olov bo‘lib yonasan,
Malohatda hech kim bo‘lmas senchalik.
Vasling qo‘msab, cheksam men bunda nolon,
Sen beparvo unda yurursan shodon,
Ushshoq ahli emish azaldan nodon,
Sen bag‘ritosh bo‘lma jonim bunchalik.
Sen kelmading afsus… Qalbim zim-ziyo,
Sho‘rlik dilim bo‘shab qolganday go‘yo,
Ko‘rganlarim bilmam tushmi yo ro‘yo,
Qarolig‘ yo‘q sensiz o‘tgan tunchalik.
Oshiqlaring tol bargidan ko‘proqmi,
Men ham unda sarg‘aygan bir yaproqmi,
Qismatimiz xazon yanglig‘ tuproqmi?
Nahot, qadrim bo‘lmasa bir changchalik?
Oshiqlaring tol bargidan ko‘p derlar…
2009-yil, 29-yanvar, Namangan shahri
PESHONAMGA YOZILGANI
Rafiqam Jamilaxonga
Muhabbatning bog‘iga ilk qo‘yib qadam,
Taqdir menga ayladi shu gulni in’om.
Kechagidek ko‘z o‘ngimda fasli bahor,
Hayotimga mazmun bo‘lib keldi dildor.
Malohatda yor oydan ham o‘tar edi,
G‘amzasida ko‘ksimga o‘q otar edi.
Ko‘zlariga atab g‘azal yozar edim,
Vaslin qo‘msab, aqlu xushdan ozar edim.
Men yorimga, yorim menga qayishardi,
Hamma bizni Layli-Majnun deyishardi.
Uzoq yurib ishqning oydin ko‘chasida,
Yetib keldik bir kun visol kechasiga.
O‘sha-o‘sha umrimni bezab chiroyi,
Ketmas hayot bo‘stonimdan asal oyi.
Kechib qirq jonidan, o‘ttiz to‘qqizni,
Oq yuvib, oq tarar o‘g‘il ham qizini.
Aro yo‘lda imkon topdi o‘qishga ham,
Bir yonda ish, ro‘zg‘or, erga yoqishga ham.
Yil ortidan yillar o‘tdi mehnat bilan,
Gohi shodlik, gohida g‘am, zahmat bilan.
Bir faslda bolalarning bo‘yi yetib,
Orzu-havas ko‘rdik katta to‘ylar etib.
Chindan shirin ekan mag‘zi danagidan,
Bugun momo, adashmoqda sanog‘idan.
Sakrab-sakrab mansab pilla poyasidan,
Rahbar bo‘ldi, odam qo‘rqar soyasidan.
Erta ketib, kech kelganda uyga horib,
Nevaralar qo‘yar shodliklarga qorib.
Sira-sira charchamaydi tinmay ishlab,
Qo‘yib bersang ishxonada qolar qishlab.
Chunon berilgan-ey, davlat ishlariga,
Maktab kirib chiqsa kerak tushlariga.
Ishda – «ishim», uyda – «uyim-joyim», deydi,
Bitta o‘zi ko‘pchilikning g‘amin yeydi.
Do‘stu yorga cho‘zar yordam qo‘llarini,
Xizr bobo yoritadi yo‘llarini.
Bizlar uchun murg‘akgina joni fido,
Doim o‘zing uni omon saqla, Xudo.
Shu qiz bo‘ldi peshonamga yozilgani,
Aybi bitta – yolg‘onchi kun tug‘ilgani.
2009-yil, 1-aprel