Электронная библиотека » Комил Синдаров » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Туҳфа"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 08:00


Автор книги: Комил Синдаров


Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 6 страниц)

Шрифт:
- 100% +
OZODLIK VA ADOLAT KUYCHISI

Xalqimiz har qanday sharoit va davrda o‘zining iste’dodli farzandlari borligi bilan faxrlanib keladi. Darhaqiqat, diyorimiz bugungi nurafshon kunlarga erishgunicha ne-ne kunlarni, ne-ne azoblarni boshidan kechirganligi barchamizga ayon. Shu boisdan ham bugungi mustaqil va dorilomon kunlarning qadriga yetish, uning mustahkamligiga o‘zining munosib hissasini qo‘shish har bir vatandoshimizning muqaddas burchidir. Bu bejiz emas, albatta. Chunki odamzotga xos bo‘lgan yaxshi yashashga intilish, to‘kin va mazmunli hayot kechirish istaklaridan hech bir kimsa benasib emas. Bu orzuning amalga oshishi uchun esa kishi moddiy va ma’nan birovga qaram bo‘lmasligi, o‘z mehnati samarasidan o‘zi munosib ravishda erkin holda foydalana olishi zarur bo‘ladi. Birovga qaram bo‘lmaslik, erkinlik tushunchasini xuddi shunday ma’noda kengaytirib millatlarga, xalqlarga, mamlakatlarga nisbatan ham tatbiq etsa bo‘ladi.

Davlatchilik tarixiga nazar tashlasak, bashariyat ahlining asosiy qismi biron-bir davlatning tug‘i ostida birlashib yashay boshlaganidan beri o‘zaro nizolar, urushlar, mustamlakalar kabi taqdirning qora bitikli hodisalariga ham guvoh bo‘lamiz. Ta’kidlab ketganimizdek, vatanimiz ham goh yorug‘, goh zulmatli kunlarni o‘z boshidan o‘tkazib, bugungi istiqlolga yetib kelgan. Mamlakatimizda hukm surgan siyosiy vaziyat, iqtisodiy ahvol qanday bo‘lmasin, vatandoshlarimiz orasida el dardi, yurt muhabbatini tarannum etib, o‘lmas asarlar yaratib, xalqimizning umumiy-madaniy rivojlanishiga o‘zining mehnati bilan hissa qo‘shgan ijodkorlar bisyordir.

Ayniqsa, o‘zbek xalq dostonchiligida o‘ziga xos tarzda alohida maktab yaratgan buyuk baxshioqinlarimiz tomonidan kuylangan dostonlar mazmunan juda katta ahamiyatga ega. O‘rni kelganda hurmatli kitobxonlarimiz bilan dostonchilik maktablari xususidagi fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashsak.

Avvalo, dostonlar milliy adabiyotimizning bebaho merosi sifatida har doim ham xalqimiz tarixining muayyan davri, o‘sha paytdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayot tarzini o‘zida aks ettirib kelganligi bilan ajralib turadi. Boshqa hech bir badiiy asar aynan dostonlar singari xalq turmushi, zamona ruhini haqqoniy ifodalar va yorqin bo‘yoqlarda yoritib bera olmaydi. Dostonlar ona tilimizning bebaho boyliklari, imkoniyat darajasi cheksiz ekanligidan dalolat berib, bayon qilinishining ravonligi, sodda va jonliligi tufayli ham xalq orasida keng tarqalib, kishilar ongiga tez singib, ularga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda katta ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Umuman, dostonlar xalq hayotining ko‘zgusi, xalq donishmandligining xazinasi bo‘lish bilan bir qatorda, badiiy tasviriy vositalarning eng go‘zal namunalari, she’riy vaznning yengil va ravon shakllari, xalq yumori, maqol va iboralarni o‘zida jamlaydigan bebaho manba hisoblanadi.

Bizga ma’lumki, o‘zbek adabiyotida beshta an’anaviy dostonchilik maktabi mavjud.

1. Bulung‘ur dostonchilik maktabi (mashhur vakillaridan biri Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li (1872-1955).

2. Shahrisabz dostonchilik maktabi (vakillaridan biri Abdulla Nurali o‘g‘li (1874-1957).

3. Sherobod dostonchilik maktabi (vakillaridan biri Shernazar Beknazar o‘g‘li).

4. Xorazm dostonchilik maktabi.

5. Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi.

O‘rni kelganda ta’kidlash lozimki, milliy dostonlarimizning yosh avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati bebahodir. Ammo, nazarimizda, bugungi kunda o‘zbek adabiyotining durdonalari hisoblanadigan bu janrga e’tibor biroz susayib, ularni o‘rganish, keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Keyingi yillarda ularni kitob do‘konlarida kitob holida ko‘rish amrimahol bo‘lib qolgani ustiga, hatto gazeta-jurnallarda ham chop ettirilishi kamayib ketmoqda. Hatto maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan o‘quv darsliklarida ham dostonlarga qisqacha to‘xtab o‘tilmoqda. Ushbu holatlar esa ularda tarannum etib kelingan yuksak axloqiy fazilatlar, insoniy g‘oyalarni mujassam etgan fikr-tuyg‘ulardan bugungi avlodning bebahra qolishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Zero, dostonlar xalqimizning noyob qadriyati, bebaho ma’naviy boyligi sanalib, yoshlarimizda qahramonlik, xalqparvarlik, do‘stlik, mehr-muhabbat kabi olijanob tuyg‘ularning kamol topishida muhim omildir. Qadimdan xalqimiz o‘z farzandlari ongi-shuuriga aynan mana shu janr orqali jasorat va ijodkorik, erk va ozodlik kabi ezgu g‘oyalarni singdirib kelgani barchamizga ma’lum. Yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf qilishda esa soha vakillari singari barchamiz ham mas’ulmiz deb o‘ylayman.

Mulohazalarmizni Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi xususidagi fikrlarimiz bilan davom ettirsak.

O‘z davrida xalq orasida mashhur bo‘lgan Yodgor baxshi, Lafas baxshi, Mulla Tosh, Mulla Xolmurod, Sulton kampir, Tilla kampir, Jolmon baxshi, Bo‘ron shoir, Jumanbulbul, Yorlaqab baxshi, Jassoq baxshi, Qulsamad baxshi, Ergash baxshi, Po‘lkan shoir, Bo‘ta baxshi, Egamberdi baxshi, Mardi baxshi va boshqalar Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi tevaragida birlashdilar. Bu baxshilarning ko‘pchiligi “Qo‘rg‘on” qishlog‘ida tarbiya topgan va o‘z hayotlarini shu qishloq bilan bog‘liq deb bilganlar. Mazkur maktab vakillari o‘ziga xos badiiy uslubga ega bo‘lgan, go‘zal va to‘liq bayon, tasvir va vositalar, lirik bezaklar, nozik o‘xshatmalar, oddiy va ravon nutq kabi badiiy belgilarga ega bo‘lgan iste’dod egalari hisoblangan.

Qo‘rg‘on, umuman, o‘zbek dostonchilik maktabining yaratilishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, baxshichilikning rivojlanishida alohida o‘rin egallagan atoqli bobolarimizdan biri Ergash Jumanbulbul o‘g‘li shunday iste’dod sohiblaridandir.

Yigirmadan ortiq dostonni yoddan kuylash mahoratiga ega bo‘lgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ijodiy merosi sifatida xalqimizga undan 9 ta an’anaviy, 2 ta zamonaviy dostonlari, juda ko‘p xalq termalari qoldi.

U Chor Rossiyasi istilosi sho‘ro mustamlakasiga aylantirilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqimiz “yomg‘irdan qutulib do‘lga tutilgan” murakkab bir sharoitda yashab ijod qildi. Bu davrda sho‘rolar mustamlakachilik siyosatini saqlab qolish yo‘lida barcha choralarni amalga oshirib, xalqning moddiy boyliklaridan foydalanish bilan bir qatorda, kishilar ongiga mafkuraviy ta’sir ko‘rsatishning bor imkoniyatlaridan unumli foydalanishga kirishdilar. Sobiq imperiyaning manfaatlarini ifodalagan g‘oyalar, qarashlarini odamlar ongiga singdirish maqsadida yurtning taniqli, obro‘-e’tibor va o‘ziga xos ta’sir doirasiga ega bo‘lgan kishilari xizmati bunda ayniqsa qo‘l kelar edi. Bunday davrda yashamoqlikning o‘zi ijodkor inson uchun naqadar mashaqqatli bo‘lganligini tasavvur qilib, bobolarimizning yaratgan asarlarini jasorat namunalari sifatida e’tirof etish mumkin.

Ergash Jumanbulbulning asarlarini mutolaa qilib, bu fikrlar yana bir karra o‘z tasdig‘ini topishiga ortiqcha izohning hojati yo‘qligiga amin bo‘lasan kishi. Masalan, baxshi bobomizning “Tarjimai hol” dostoni hamda an’anaviy dostonlari va xalq termalarini olib ko‘rishimiz mumkin.

Yurtimizdagi ijtimoiy-falsafiy, madaniy ma’rifiy, adabiy-badiiy nashrlaridan biri sanaladigan “Hayot” gazetasining 2006-yil 21-dekabrda chop etilgan sonida atoqli olim Ibrohim Haqqul Ergash Jumanbulbul dostonlari haqida quyidagicha fikr bildirib o‘tgan: “…Tarixga nazar tashlash – yurakka igna sanchishday bir narsa, deyishadi. Agar ko‘zni kattaroq ochib, xalqimiz o‘tmishiga qaralsa, yurakka nayza sanchiladi. Chunki, g‘am, alam, kulfat va tengsizlik shu qadar ko‘p, shu qadar cho‘ngdir. Buni bilgan biladi. Bilmagan esa Ergash Jumanbulbul ingrab aytgan mana bu so‘zlarni “Ha, endi bu ham bir gap-da”, deyishdan nariga o‘tolmaydi:

 
Maishatman kayfu-safo bir yoqda,
Mehnat bilan jabru-jafo bir yoqda. . .
 

Bu manzara moziyning birmas, bir necha asrlik mohiyatini ochuvchi va ravshan ko‘rsatuvchi shafqatsiz manzara. “Hech soni yo‘q mungliqlarning azasin” degan “xabar” odamning ko‘nglini tilka-pora qiladi. “Baxt, davlat zolim boylar qo‘lida” bo‘lganidan keyin, kambag‘alni ular odam bilib, odam hisobiga qo‘sharmidi?

 
Yo‘q-yo‘qani dim qo‘shmaydi hisobga,
Bittasi aytmas: “Gadoylar yashasin”.
 

Sharq shoirlari va baxshilarining ongida davlat tepasiga chiqqan kishi, eng avvalo ilmni chuqur egallashi kerak va davlatni ilm-ma’rifat bilan boshqarish zarur, degan qarash o‘spirinligidayoq tomir yozgan. Balki shu boisdan ham mazmunan Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi misralarga o‘xshab ketadigan qo‘yidagi so‘zlar Farhod tipidagi bir podshohni eslatsa, ajab emas.

 
Ko‘p o‘qidi, do‘stlar, ilmni topdi,
Ilmdan beadad bilimni topdi.
Ilmdan ilm hosil qilib yoronlar,
Necha ilmsizning obro‘yin yopdi.
 
 
Hamma ilmni bildi, ilm qolmadi,
Bu odam bilmagan ilm bo‘lmadi.
Yoshligidan olim bo‘lib hammaga,
Dunyoni birorta ko‘zga ilmadi.
 
 
Komil bo‘lib, elga ko‘p aralashdi,
Ish o‘rgatib bir nechaga yorlashdi.
Och-oriqning holin ko‘rib, rahm etib,
Kambag‘alga, muhtojga hamdamlashdi.
 

Bu – ijodkorning oddiy bir inson sifatida qavmdoshlari taqdiridan kuyunishi, bu – vatandoshlari hayotiga befarq emaslik, bu – insonga uning ijtimoiy kelib chiqishi va jamiyatdagi mavqeiga qarab munosabatda bo‘lishlikni qoralash demakdir. Boylarning fikricha, kambag‘al odam emas, unda es ham yo‘q, hech narsa yo‘q, bor narsasini ham, baxshining ta’biricha “zolim, qonxo‘r boylar” olib qo‘ygan.

Shoir mazkur she’rida ushbu mavzuni yoritar ekan, jamiyatda mavjud illatlarga to‘xtalib, berahm boylarning zulmi va yulg‘ichligi mamlakatdagi ko‘p sonli kambag‘allarning xarob ahvolga kelishiga sabab bo‘lganini aytib o‘tadi:

 
Bir kambag‘al boydan qarzdor bo‘lsin-chi,
Qutilolmas foydasidan o‘lguncha,
Oy tug‘dimi, bu ham tug‘ib turadi,
Umri o‘tar shu puldan qutulguncha. . .
 

Bechora kambag‘al shu ahvolga keladiki, “qoshukiprigigacha boylar olib qo‘yishib” ularda soqollaridan boshqa narsasi qolmaydi, “Kambag‘alning moli bir soqol bo‘ldi” deb yozadi shoir.

Ergash Jumanbulbul zamonaviy dostonlarining aksariyati oradan shuncha davr o‘tganiga qaramasdan hali-hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Jumladan,

 
Qozi, mufti – bari boyning chokari . . .
 

Yoki

 
Olib borar bechorani qoziga,
Qozi o‘ynar boyning chalgan soziga.
 

deya kuynadi shoir.

Zamon shunday zamon ediki, oddiy fuqaro ochiqdan-ochiq haqoratlanar, haq-huquq degan gaplar bechoralarning tushiga ham kirmagan, hatto adolat peshvolari hisoblangan qozi, muftilar ham har doim boylar foydasiga hukm chiqarar edi.

Aslida hokimiyatning tepasida turganlarning o‘zlari-da Chor Rossiyasining gumashtalari edi. Ular o‘z manfaatlarini o‘ylab, boylik orttirish maqsadida hech qanday qabihlikdan qaytmas edilar.

Haqiqatdan, inqilobning nimalarga olib kelganligini barchamiz yaxshi bilamiz. Lekin xalqning ahvoli avvalgidan ko‘ra yomonlashsa yomonlashdiki, yaxshilanmadi. Qanchalab iste’dod sohiblari, xalqning mustamlakachilar yo‘rig‘iga yurmagan farzandlari qatag‘on qilindi, qimmatbaho, nodir merosi, ma’naviy va moddiy manbalari yo‘q qilindi-ki, bunga munosib bahoni tarixning o‘zigina bera oladi.

Ma’lumki, baxshilar xalq shoiri, doston, ertaklar aytib yurishdan tashqari xalqning ko‘p davrlik ma’naviy-adabiy merosi, boyligini saqlab keladi va shuningdek, o‘zi ham yangi-yangi asarlar ijod qiladi. Ular she’r bilan birga uni kuyga soladilar, kuylash mahoratiga ham ega bo‘ladilar. Tabiiyki, ular elyurtning mehr-muhabbatiga sazovor, hurmat-e’tiborli kishilar sanalgan. Xalq o‘z baxshilarini har doim yaxshi ko‘rib kelgan, to‘y-hashamlar, turli tadbirlar ularsiz o‘tmagan. Bunday davralarda ular targ‘ib qilgan fikrlar el tomonidan to‘g‘ri qabul qilingan, ishonarli g‘oyalar sifatida kutib olingan. Sho‘ro xizmatkorlariga esa bu holat juda qo‘l kelar edi. Odamlar tafakkurida o‘z hokimiyatlariga nisbatan ishonch uyg‘otishda, ularning hayotga, mavjud tuzumga nisbatan munosabatini belgilashda ijod ahlining beqiyos o‘rnini anglagan sho‘ro odamlari ular yaratgan asarlarga o‘z g‘oyalarini singdirishga uringanlar. Shu yo‘l orqali ta’sir kuchini oshirishga harakat qilganlar.

Nima bo‘lganda ham elimizning ardoqli ijodkorlaridan sanaladigan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ona vatanini ozod, xalqini shod va baxtiyor ko‘rmoqlikni orzu qildi. Iste’dodli baxshi bobomiz o‘z hayoti davomida, xalq og‘zaki ijodi manbalarini yig‘di, to‘pladi, ijodida xalq dardi, yurt muhabbatini tarannum etishga harakat qildi va buni munosib ravishda uddalay oldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, biz baholi-qudrat, baxshi bobomizning shu kabi mavzular tarannum etilgan dostonini qayta ishlab, uni “Zimiston kechalar” nomi bilan sizning hukmingizga ilk bor havola qilishni niyat qildik.

Ergash JUMANBULBUL o‘g‘li
ZIMISTON KECHALAR
Doston
 
O‘ltirishga bir hikoyat aylayin,
Quloq tuting, dilda borim so‘ylayin.
Haq so‘z ulug‘ har narsadan, yoronlar,
Boshqa so‘zni endi keyin tashlayin.
Ash’or bitsam, ko‘nglim ravshan bo‘ladi,
Doston aytib ko‘pning ko‘nglin xushlayin.
Bu choqqacha qancha zamonlar o‘tdi,
Qancha podsho, amir ham xonlar o‘tdi.
Yo‘q– yuqa kambag‘al bilan ishi yo‘q,
Elni vayron qilib xoqonlar o‘tdi.
Oq it bilan qora it, baribir it,
O‘z kayfini surib sultonlar o‘tdi.
U zamonga boqsang, son-son voqea,
Har qishloqda, har shaharda hodisa.
Och-oriqdan xabar olmas bir kishi,
Bir er chiqib, aytolmadi: – bu nima ?
Nikolay davrida boy33
  Boylar zamoni


[Закрыть]
zamon bo‘ldi,
Kambag‘allar ishi ko‘p yomon bo‘ldi.
Qattiq kunlar ko‘rib qashshoq bechora,
Bilsang, xoru zoru bevatan bo‘ldi.
Boyning ishin qish, yoz tinmay qiladi,
Qilmaganda nima iloj qiladi?
Biri novcha yo xizmatkor, biri qul,
Pul, mol bermay quruq duo qiladi.
Maishatman kayfu safo bir yoqda,
Mehnat bilan jabru jafo bir yoqda.
Hech soni yo‘q mungluqlarning azasin,
Bazmu ishrat, sozu navo bir yoqda.
Ne ajab, zamonni zolim joylagan,
Zolimlar o‘zini o‘bdan shaylagan,
Kim dunyodor bo‘lsa, zamon shuniki,
Dunyosi yo‘qlarni ko‘zdan taylagan.
Hech qayerda yo‘qning so‘zi o‘tmaydi,
Sho‘r boshiga bitta tana bitmaydi.
Bel quvvatin sarf etib, kim ter to‘ksa,
Bechoraga yovg‘on sho‘rvo yetmaydi.
Mashaqqatu mehnat, zahmat bu yoqda,
Mehnatning foydasi – rohat u yoqda.
Quldan ziyod ishlatadi yo‘qlarni,
Dunyo uchun yo‘qlar bir qul siyoqda.
Biri zavod, biri fabrika qurgan,
Hisobsiz davlatga ul ega bo‘lgan.
Bu davlatlar yig‘ilguncha, yoronlar!
Ming-ming ishchi bunda bo‘lgandir qurbon.
Bir xiliga ko‘p podani boqtirgan,
Yoki toqqa, yo cho‘lga uloqtirgan.
«Ko‘p yoymabsan, semirtmabsan», deydi-da,
Urib, so‘kib, ko‘zdan yoshin oqtirgan.
Go‘shtin boylar, dakkisini cho‘pon yeb,
Yana qolar dala-dashtni vatan qib.
Ming qo‘yini bolalatib ob kesa,
«Egiz tuqqan qo‘zilari qani?», deb.
Sen qo‘yimdan ko‘p o‘g‘irlab sotibsan,
Sen, bachchag‘ar, bu yil boy bo‘b ketibsan!
Haqin bermay urishardi, so‘kardi:
«Egiz tuqqan qo‘zilarni netibsan?»
So‘kib aytar: «Obor, itning oshini!
Dalada xo‘p yebdi, qo‘yning go‘shini,
Mening qo‘yim ko‘pi egiz tug‘adi»,
Deb, yig‘dirar xushomadgo‘y kishini.
Xushomad qib, ular aytar: «Rost», deydi,
«Boyning qo‘yi bu yil semizmas», deydi.
«Manov qo‘ylar har yil egiz tug‘ardi,
Shu cho‘ponga it oshi ham bas!», deydi.
Cho‘pon sho‘rli endi shoshib qoladi,
Boylar juda taltayishib qoladi.
Aytolmaydi «haqim bor», deb bechora,
Bilgan so‘zidan adashib qoladi.
Birovga ob bergan to‘rt-besh tuyani,
Tuya – jonivorning yo‘qdir ziyoni.
Bo‘ronlarda, sovuqlarda haydatgan,
Uning yegan sovuqlarin qo‘y, oni.
Uyda yotib hisoblaydi foydani,
Zolim boylar bo‘lib yurtning shaytoni.
Har hafta hisoblab olib turardi,
Yo‘qning haqi bo‘lib-ichgan, yegani.
Bir xillarga berdi sonsiz azobni,
To‘rt ming, beshming pulin tinmay qo‘zg‘abdi.
Hafta qaror, oy qaror qib foydalab,
Harna bo‘lgan foydasini boy obdi.
Birin bozorchi qib, birovin attor,
Dunyodorda, qarab tursang, harna bor.
Harna qilsa nafin o‘zga qaratib,
Mehnat qilib, quruq qolgan xizmatkor.
Yo‘q bechora tinmay mehnat qilgandir,
Harna foyda bo‘lsa, boylar olgandir.
Yo oylikmi, yo yillikmi, kambag‘al,
Mehnat hosilidan quruq qolgandir.
Yemay-ichmay, tiriklik shu turolmas,
Yeb-ichishga bir yegulik topolmas.
Elanishdan foyda bo‘lmas boylarga,
Bu bachchag‘ar, qishda qor ham berolmas.
Birga ikki bo‘ldi foyda rasimi,
Ko‘nmaydi unga nafas bosimi.
Foydaxo‘rning moli shunday ko‘paydi,
Boylar oldi yurtning baland-pastini.
Bug‘doyning bir qopin berdi uch qopga,
Ikki qopga bersa, qo‘shar insofga.
Shunday qilib, rasm bo‘ldi sudxo‘rlik,
Boyning nafsi bo‘ldi, ko‘rsang, har bobga.
Qaytsin,44
  Qanday qilsin


[Закрыть]
yo‘q, olmasa kuni o‘tmaydi,
 Kalta ip boylovga sira yetmaydi,
Bir qopini uch qopiga olgan so‘ng,
O‘lguncha bo‘ynidan qarzi ketmaydi.
Bir kambag‘al, boydan qarzdor bo‘lsin-chi,
Qutulolmas foydasidan o‘lguncha.
Oy tug‘dimi, bu ham tug‘ib turadi,
Umri o‘tar, shu puldan qutulguncha.
Topganin qarziga boyga beradi,
Qish bilan yoz tinmasdan yo‘q yuradi.
Qancha mehnat qilsa, yo‘qning tani ul,
Uyda yotib huzurin boy ko‘radi.
Bir qashshoqqa bir boy yuz so‘m pul bergan,
Besh-olti oy topganini ob yurgan.
Foyda tug‘ib, ko‘p bo‘b ketgan shu yuz so‘m,
Tug‘adigan puli o‘n mingga yetgan.
Boy aytadi: «Butun bergin pulimni,
Ko‘p so‘ylatib qichitmagin tilimni,
Hisoblasang molu joying yetmaydi,
Xo‘p, o‘zing bilasan mening holimni».
Yo‘q aytolmas: «Puling boshi yuz so‘m-da,
Undan boshqa qanday puling bor menda.
Besh yil senga topganimni men berdim,
Sen obqo‘yib, bemol bo‘ldim, sharmanda».
«Shu yil yuz so‘m keyin berdim ikki yuz.
Ikki yildan so‘ng olding-ku besh yuz,
So‘ng ikki yil ming so‘mdan qilib berdim,
Qanday puling qolar? Mendan umid uz!».
Unday deb aytolmas: «Foydalab qo‘ying,
Tezroq olmasangiz olarsiz keyin.
Molim bo‘lsa, berar edim men sizga,
Hech narsam bo‘lmasa, sizga ne deyin?!».
Bo‘ynim kuchli, foydasiman qo‘ya ber!
Puling qancha ko‘paysa ham uya ber!
Men ham uyga, qirga chopib ko‘rayin,
Boz ustiga baytal, cho‘bir, tuya ber!
Boy aytadi: «Sening puling ko‘p bo‘ldi,
Endi qutilmassan, behisob bo‘ldi.
Sening o‘zing berganing yo‘q qora pul,
Nechov senday beraman deb, yeb bo‘ldi.
Endi, uka, yur biz bilan qoziga!
Ob boraman shu qozining o‘ziga.
Har kelganda bir qo‘yimni yeb ketgan,
Qozi munkir kelmas yegan tuziga.
Men tilingdan bir iqror xat olaman,
Hovlingni, yeringni garov qilaman.
Shu bu yildan qoldirmayman pulimni,
Undirib barini sendan olaman!»
Kambag‘alning endi ketar hisobi,
Boyga o‘rin o‘tmay elangan gapi,
Boy hisoblab yurgan o‘zin ko‘nglida,
Yeru hovli asli boyning matlabi.
Olib borar bechorani qoziga,
Qozi o‘ynar boyning chalgan soziga.
Kambag‘al sho‘r bo‘zlab-bo‘zlab yig‘laydi,
Boy qaramas, uning ko‘pu oziga.
Qoziga boy aytar: «Shunda pulim bor,
Bu qallob, o‘zakli jonda o‘lim bor.
Qarzi bilan jonni bermay qutilmas,
Mening ham uyimda qizim, o‘g‘lim bor.
O‘n ming so‘m pulim bor – qarzi hasana,
Yo munkur bo‘b ulay-bulay desana.
Foyda tug‘ib, ko‘p bo‘b ketar, o‘ylagin,
Ko‘paymasin, buning oldin olsana!»
Qozi so‘ramaydi, boshi na edi,
Yo puli avvaldan o‘n ming so‘mmidi?
Boyning pulin ber, deb hukm qiladi,
Bo‘lmasa obborib qamagin, deydi.
Zor yig‘latib olib berar yerini,
Kambag‘alning manglayida borini.
Qozi, beklar bari boyga bo‘lishar,
Unutguncha dilda nomus, orini.
Shunday qattiq kunlar tushib boshiga,
Falak titrab yo‘qlarning nolishiga.
Zolim boylar mazax qilib kulardi,
Rahmi kelmay muhtojlarning yoshiga.
Kambag‘alning qo‘li qotgan mehnatda,
Bu mehnat ortidan boylar rohatda.
Yo‘q ko‘rolmas bu rohatning bir kunin,
Umri o‘tar o‘lguday bo‘b xizmatda.
Boy fikricha, kambag‘alda es ham yo‘q,
Bari yomon ko‘rar, sho‘rcha do‘st ham yo‘q.
Bor bo‘lganin zolim, qonxo‘r obqo‘ygan,
Hech nima yo‘q, baland ham yo‘q, past ham yo‘q.
Qurbonlikka, xudoyiga aytmaydi,
Bir to‘y bo‘lsa, yo‘qqa xabar yetmaydi.
Kambag‘alning nesin odam deysan, deb
Muhtoj, bechorani pisand etmaydi.
Har qayerda kambag‘alning kuni yo‘q,
Rost gapirsa, aytar: «bitta chini yo‘q».
Ana shunday xo‘rlagan boy yo‘qlarni,
Na surat bor, na himmat bor, sini yo‘q.
Xushomadman boylar ko‘nguli o‘sgan,
Kambag‘alning yo‘qlik ko‘kayin kesgan.
Kupba-ko‘ndan boshi aynib, ko‘z tinib,
Boyning vahmi bilan yo‘qni g‘am bosgan.
Mana shunday edi yo‘qlarning holi,
Xazon bo‘lib, so‘lgan edi jamoli.
Kecha-kunduz zolim, qonxo‘r zulmidan,
Voy demoqqa kelmas edi majoli.
U zamonda yo‘qlar shunday xor bo‘lgan,
Puldor eshigida intizor bo‘lgan.
Bola-chaqasiman bari xizmatkor,
Bir xillari quldan ham battar bo‘lgan.
Kambag‘alining tani boylarning ishi,
Lekin uni odam demas boy kishi.
Urib-so‘kib, itdan battar qiladi,
Ishlatadi bechorani yoz, qishi.
Kambag‘alni zarra e’tibori yo‘q,
Qancha ishni qilsa so‘qar, ori yo‘q.
Baxt, davlat zolim boylar qo‘lida,
Kambag‘alga kelmoq ixtiyori yo‘q.
Dehqonlarning holi shundayin o‘tgan,
Shafqatsizlar iligin so‘rib yutgan.
Men sizlarga nesin aytay, yoronlar,
Ne yigitlar qarol bo‘b, so‘lib o‘tgan.
U vaqtlar ezilgan kambag‘al bo‘ldi,
Qashshoqlarga boylar ko‘p taraf bo‘ldi.
Qosh bilan kiprikni oldi zolimlar,
Kambag‘alning moli bir soqol bo‘ldi.
Kim yo‘q bo‘lsa, unda huzur qolmadi,
Kambag‘alga hech kim homiy bo‘lmadi.
Izzat-hurmat, obro‘ bari puldorda,
Yo‘qlarni hech kimsa ko‘zga ilmadi.
Qozi, mufti – bari boyning chokari,
Kambag‘al sho‘r avvaldan xizmatkori.
Mehnat qilib, rohatini ko‘rolmay,
«Dod» demoqqa qolmagandi madori.
To‘ralarning kelgan edi zamoni,
Qibla edi ularning to‘rtta tomoni.
Qisir qolsa agar qiri echkisi,
Kambag‘alda edi boyning gumoni.
Pulni suyar edi hatto jonidan,
Davlat desa kechardi vijdonidan.
Tovon talab etar edi, bexosdan,
Yo‘q bechora o‘tib ketsa yonidan.
Zamonasi boqqan edi zo‘rlarga,
Noshud, nodon ham aqlda g‘o‘rlarga.
Chumchuq so‘yish kelmasa-da qo‘lidan,
Ammo usto edi yo‘qni xo‘rlarga.
Nesin aytay u kunlarning azobin,
Nahot, tortib bo‘lmas boylar tanobin?
So‘rar edi zolimlar elning qonin,
El ichiga yutar edi g‘azabin.
Zim-zimiston edi o‘sha kechalar,
Yo‘llaridan adashgandi nechalar.
So‘nib insof, adolatning chirog‘i,
Zulmat ila qoplangandi ko‘chalar.
Shunday edi el-ulusning ahvoli,
Qurib ado bo‘lgan edi majoli.
Beldan kuchi ketsa hamki dilida,
Chechak ochar edi umid niholi.
Yog‘ilsada boshga malomat toshi,
O‘chmagandi ko‘kda najot quyoshi.
Nurli kunlar kelishiga ko‘z tutib,
Qaddi lolu lek osmon edi boshi.
Oftob nurin abad to‘sib bo‘larmi?
Yuraklarda umid o‘ti so‘larmi?
Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa gar,
O‘n beshida dunyo nurga to‘larmi?
Kun ortidan yana kunlar o‘tardi,
El qahrini ich-ichiga yutardi.
Mahkam qisib sabr-bardosh kamarin,
Iqbol tongin otishini kutardi.
Yuraklarda esib xurlik nafasi,
Chirib borar edi qullik qafasi…
 

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации