Электронная библиотека » Комил Синдаров » » онлайн чтение - страница 5

Текст книги "Туҳфа"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 08:00


Автор книги: Комил Синдаров


Жанр: Поэзия, Поэзия и Драматургия


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 6 страниц)

Шрифт:
- 100% +
SENI YO‘QOTISHDAN QO‘RQAMAN
 
Men qo‘rqmayman qiynoqlaringdan,
Na azob, na firoqlaringdan,
Dilni ezar so‘roqlaringdan,
Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
Qo‘rqitolmas ag‘yorning o‘qi,
Na hijronning olovli cho‘g‘i,
Muhabbatning boridan yo‘g‘i,
Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
Oromim yo‘q o‘ngu tushimda,
Ishq kaltagi sinar boshimda,
Bazo‘r topib, eh shu yoshimda,
Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
Umrim o‘tar xazonday uchib,
Xayolimda sochlaring quchib,
Uyg‘onganda seskanib, cho‘chib,
Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
So‘nsa hamki umidim shami,
So‘nmas o‘ksik dilning alami,
Bitmay turib qalbning shirami,
Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
Bo‘lsam hamki hushyor va tetik,
Suv ko‘rmasdan yechgan men etik,
Vujudimda kezar bir hadik,
Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
 Qo‘ldan ketar bir kun davlatim,
 Yo‘qolmasmi sinu savlatim?
 Ketsa hamki beldan quvvatim,
 Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
 Ko‘p yo‘qotib, topdim bir bora,
 Ishq dardiga bormikan chora?
 Yurak sirim etsam oshkora –
 Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
 
 
 Men xastaning tabibi o‘zing,
 Jonga malham har bitta so‘zing.
 Sen aytmasang, aytadi ko‘zing:
 «Seni yo‘qotishdan qo‘rqaman».
 
2009-yil, yanvar
ZILOLA
 
E voh, qoyil qoldim Haqning ishiga,
Ne savdolar solmish g‘arib boshima,
Bir nozanin ko‘rdim misli parivash,
Yetti uxlab kirmagandi tushima –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
Ishq bog‘ida nozik nihol Zilola.
 
 
Lolu hayron qoldim malohatiga,
Jonni olar ishva, nazokatiga,
Shu sanamga jon baxsh etgan kulolning,
Tasannolar bo‘lsin mahoratiga –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
So‘zi shirin, o‘zi asal Zilola.
 
 
Sarv qaddi, buncha dilbar siynasi,
Sanchiladi dilga chashmi ninasi,
Bir qarashda chatnab ketdi qarog‘im,
Qanday chidar ekan – a, tosh oynasi –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
Sutdan tiniq, suvdan zilol Zilola.
 
 
Toshlar erir chaqin sirli boqishi,
Yurakni mahv aylar qoshin qoqishi,
Ko‘z o‘ngimdan ketmas sira ozori,
To‘xtamaydi qalbga olov yoqishi –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
Mo‘rcha – miyon, qoshi hilol Zilola.
 
 
Necha kunki, kelolmayman o‘zimga,
Undan o‘zga ko‘rinmaydi ko‘zimga,
Eh, banogoh yo‘qotdim es-hushimni,
Hoh ishoning, hoh ishonmang so‘zimga –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
Olamda yo‘q sohibjamol Zilola.
 
 
Ko‘rgan tushar Hofiz bobom holiga,
Ikki shahar bergan yorning xoliga,
Dunyo nadur, jonim bersam ne ajab,
Tushda bo‘lsin qonsam labin boliga –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
Tishlari dur, yuzlari ol Zilola.
 
 
Aylandim-ku minba’d xaridoriga,
Qaramasdan sochlarimning qoriga,
Bir bor yetsam edi uning vasliga,
So‘ngra mayli ossin hijron doriga –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
Aqli raso, fazlu kamol Zilola.
 
 
Dil cho‘g‘landi ishqdan da’vo qaydadur,
Men qaydayu, ul gul-zebo qaydadur,
Diydorining yodi bilan mastman, voh,
O‘zim bunda, ko‘nglim o‘shal oydadur –
Oydan suluv, kundan go‘zal Zilola,
Komilni tark etmas xayol Zilola.
 
2008-yil, 1-may
OSHIQ BO‘LDIM DEVONALARDEK
 
Yuragimga ketgansan singib,
Muhabbatning g‘ovlarin yengib.
Aqlu xushim yo‘qotib, gangib,
Oshiq bo‘ldim devonalardek.
 
 
Boshginamni urguncha har yon,
Atrofingda aylandim giryon.
Quchog‘ingga quribon oshyon,
Kuyib yondim parvonalardek.
 
 
Omad qushi uchdi boshimdan,
Achchiq toshlar chiqdi oshimdan.
Sen bag‘ritosh ketding qoshimdan,
Men-chi qoldim ordonalardek.
 
 
Ishq qissamiz bo‘lib ovoza,
Gap – so‘zlarga qoldik-da toza.
Cho‘pchak to‘qir qaysi bemaza,
Tilga ko‘chdik afsonalardek.
 
 
Qilmasang ham menga e’tibor,
Xayolimdan chiqmaysan zinhor.
Yo‘ling poylab takror va takror,
Poying o‘pdim ostonalardek.
 
 
Jononalar chiqib yo‘limga,
Olov yoqmoq bo‘lar dilimga.
Tutsa hamki gullar qo‘limga,
Qiyo boqmam mastonalardek.
 
 
Hech tugamas qish – ayozlaring,
Ilhaq etar bahor, yozlaring.
Uzab ketdi buncha nozlaring,
Sen to‘qigan bahonalardek.
 
 
Qalbing to‘la qahr va g‘azab,
Menga buncha berursan azob.
Dillar yaqin, lekin vo ajab,
Qilmishimiz begonalardek.
 
 
Yursam hamki yorning ko‘yida,
Men bilmayman ne bor o‘yida?
Qani edi anhor bo‘yida,
Sirlashsaydik dugonalardek.
 
 
Ko‘kda senday porloq chaqin yo‘q,
Netay menga sendan yaqin yo‘q.
Qalbimizda yonsa hamki cho‘g‘,
Bo‘lolmadik mardonalardek.
 
 
Ishq kuyini chalsa oshig‘i,
Jo‘r bo‘lsaydi unga ma’shug‘i.
Dildan chiqsa sevgi qo‘shig‘i,
Yangrar misli taronalardek.
 
 
Muhabbatsiz hayot hayotmi?
Qirqdan oshib sevmoq uyatmi?
Komilga bu ishq fasli yotmi?
Baxt arigan koshonalardek.
 
2008-yil, noyabr
YURAKKINAM OG‘RIYDI DEBSAN
 
Yurakkinam og‘riydi debsan,
Demak senda yurak bor ekan.
Muhabbatga bog‘lanib ipsiz,
Sen ham mendek intizor ekan.
 
 
Jindekkina cho‘g‘ tushsa dilga,
Bir kun olov bo‘lmog‘i tayin.
Dardi oshkor bo‘ladi, derlar,
Isitmasin yashirgan sayin.
 
 
Nahot, sevging shuncha pinhona,
Yashirilgan qalbing to‘riga.
Bahor ko‘rsatmasa nishona,
Bulbul tushmas sayyod to‘riga.
 
 
Bardoshingga qoyilman – qoyil,
Ishqing nihon tutding shuncha dam.
Qalbing menga bo‘lsa ham moyil,
Yillar sevgim rad etding bardam.
 
 
Menki seni bilib toshbag‘ir,
She’rlar bitdim fe’lingga doir.
Botganini so‘zlarim og‘ir,
Qaydan bilay men nodon shoir.
 
 
Bugun esa etak ortidan,
Ko‘rinmoqda oyning jamoli.
Bedor qalblar qati-qatidan,
Esganida umid shamoli.
 
 
Muhabbatim qaynoq taftidan,
Eridimi ko‘ksingdagi muz?
Yo‘q, men adashibman aftidan,
Bo‘lmagansan sen bag‘ritosh qiz.
 
 
Yurakginam og‘riydi debsan…
 
2008-yil, oktyabr
MUHABBAT
 
O‘zim qarshi bo‘ldim o‘zimga,
Qalbim quloq solmas so‘zimga.
Qarolmaydi ko‘zim yuzimga,
Menga do‘st yo g‘anim muhabbat?
 
 
O‘ngim ziddir, netay so‘limga,
G‘ovlar qo‘yar o‘tar yo‘limga.
Xayollarim tushmas qo‘limga,
Tushimmi yo chinim muhabbat.
 
 
Vujudimga kirgandek to‘zon,
Tol bargidek tanamda larzon.
Bir yon bahor, bir yonda xazon,
Bilmam qaysi onim muhabbat.
 
 
Dilda jo‘shar har xil tuyg‘ular,
Birda quvonch, birda qayg‘ular.
Ko‘zlarimga kelmas uyqular,
Qiynaydi bu tanim muhabbat.
 
 
Bir qaramas yuragim yo‘qday,
Bir qarasam ko‘kragim cho‘g‘day.
Ko‘ksim uzra qadalgan o‘qday,
O‘rtar jismu – jonim muhabbat.
 
 
Azoblaydi dog‘i hijroni,
Vasli – ushshoq ahli armoni.
Bevafoning kelsa zamoni,
Tersi kiygim to‘nim, muhabbat.
 
 
Qalb mulkiga ozig‘im o‘zi,
Toleimga yozig‘im o‘zi.
Izlab topar qozig‘im o‘zi,
Tomirdagi qonim muhabbat.
 
 
Ko‘zlarimda qalqigan nurim,
Yuragimda asragan durim.
Dilda pinhon eng nozik sirim,
Nomus-orim, shonim muhabbat.
 
2009-yil, 24-fevral
SEVGIL, SEVIL
 
Sevgil, sevil bo‘lganda imkon,
Muhabbatni asrama pinhon.
Yurakkinang turganda urib,
Nechun kerak shuncha imtihon.
 
 
Muhabbatni tutsangda nihon,
Dil to‘rida to‘xtamas to‘fon.
O‘zing ming bor kechganing bilan,
Gapga kirmas yuraging nodon.
 
 
Vaqti kelib, har qiz, har o‘g‘lon,
Ishq qasriga bo‘ladi mehmon.
Muhabbatni o‘yinchoq bilib,
Sevgi bog‘in etmagin payhon.
 
 
Oftob misol qaynoq muhabbat,
Muz yurakni eritar albat.
Bilsang agar sevgi onlari,
Ko‘plar eta olmagan jannat.
 
 
G‘animatdir yoshlik chog‘lari,
Oy yuzida yo‘qdir dog‘lari.
Muhabbatga oshno qalblarni,
Mushtoq kutar rizvon bog‘lari.
 
 
Sevgil, sevil bo‘lganda imkon…
 
2009-yil, 10-mart
VISOL TUNI
 
Visol tuni bunchalar og‘ir,
Nahot hayot shuncha toshbag‘ir,
Yo kuldimi bizdan shum taqdir,
Tonggacha qon yutdik ikkimiz.
 
 
Yo‘qotgandek aytar so‘zimiz,
Qamashgandek baxtdan ko‘zimiz,
Dil maylidan tonib o‘zimiz,
Jonsiz toshdek qotdik ikkimiz.
 
 
Tiqilgandek suyak tomoqqa,
Ojiz bo‘ldik bir so‘z demoqqa,
Dardlarimiz aytmay quloqqa,
Sog‘inch xatlar bitdik ikkimiz.
 
 
Kim muhabbat nash’asin surgan?
Kim sevgidan ro‘shnolik ko‘rgan?
O‘sha oqshom yelkada turgan,
Shaytonga tosh otdik ikkimiz.
 
 
Kim ro‘yobin ko‘rgan ro‘yoning,
Kim qo‘lidan tutgan soyaning,
Hayo otlik baland qoyaning,
Panasida yotdik ikkimiz.
 
 
Loyqalatib jasorat soyin,
Mahkam tutdik arosat poyin,
Chetga surib muhabbat mayin,
G‘am sharobin totdik ikkimiz.
 
 
Topilmasa magar qalovi,
So‘nar dilda ishqning olovi,
Har qilmishning bordir so‘rovi,
Zo‘r gunohga botdik ikkimiz.
 
 
Mushtoq bo‘lib vaslini kutib,
Qancha xatar, g‘ovlardan o‘tib,
So‘ng barining bahridan o‘tib,
Qalb mulkini sotdik ikkimiz.
 
 
Biz ham odam emgan xom sutni,
Qo‘lda tutmoq bo‘lgan burgutni,
Ketdan quvib yog‘mas bulutni,
Boz abrsiz o‘tdik ikkimiz.
 
 
Uchib ketdi g‘animat onlar,
Qo‘ldan ketdi so‘nggi imkonlar.
Visol qadrin bilmas nodonlar,
Hijron taraf ketdik ikkimiz.
 
 
Visol tuni bunchalar og‘ir,
Magar yoring bo‘lsa toshbag‘ir…
 
2008-yil, 19-dekabr
HIJRON O‘TI

Mashrab g‘azaliga muxammas


 
Sani har kun so‘roqlarman bilay deb holi-ahvoling,
Netay bir dam turolmasman sog‘insam labdagi boling.
Sanga ko‘zim tushsa jonon nechun lov-lov yonar oling,
Tunu kun kabi yuzungga yarashib tushubdi xoling,
Yuragimda jo qilibman rishtayi qadi niholing.
 
 
Menga bir joyda turmak yo‘q, na bir yayrab o‘tirmak yo‘q,
Na bir orom, na halovat, na bir dildan quvnamak yo‘q,
Na birovga yurak yozib, alamlardan so‘zlamak yo‘q,
Menga ichmagu yemak yo‘q, yana kulmak, o‘ynamak yo‘q,
O‘zga zikrini demak yo‘q, xobu rohatim xayoling.
 
 
Senga nasib etmish olam ko‘rku tarovatin jami,
Na jamol, na kamolingning topilmas zarracha kami,
Tilimda qoldi-yo jonon, asaldek lablaring ta’mi,
Sanamo, nechuk shirinsan, oyu kun ota-onagamu?
U jahonni kuydirubdir, bu jahonda yo‘q misoling.
 
 
Hijron o‘tida Majnun jismu joni kuyubdur,
Layli hamon qiynoqda bag‘ri dilin o‘yibdur,
Vale sevgi jomidan Komil, ayt kim to‘yibdur,
G‘ami ishqdin bu Mashrab bo‘sag‘angga bosh qo‘yubdur,
Qiladur fig‘onizore, demading nechukdu(r) holing.
 
2008-yil, oktyabr
KETAMAN
 
Sen qadrimga yetmasang yetarlarga ketaman,
Malohatda yuz chandon o‘tarlarga ketaman.
 
 
Maktub bitsam sog‘inib, sendin javob bo‘lmadi,
Bir nomamga o‘n noma bitarlarga ketaman.
 
 
Yo‘llaringga ko‘z tutsam o‘tding qiyo boqmasdan,
G‘amzasida menga o‘q otarlarga ketaman.
 
 
Salom bersam, vo ajab, ketding qoshing chimirib,
Qo‘lim cho‘zganda dastin tutarlarga ketaman.
 
 
Dil izhor etgunimcha yetmadi-ya bardoshing,
Endi ko‘zi to‘rt o‘lib, kutarlarga ketaman.
 
 
Dardlarim doston aylab, men yig‘lasam, sen kulding,
Bir dardkash istab, g‘amim yutarlarga ketaman.
 
 
Uzoqlarga qochsang ham hech qolmasman ortingdan,
Jonimdan kechib, xavfu xatarlarga ketaman.
 
2008-yil, dekabr
IZLA SAVOB
 
Mehrga to‘la yurak tozadir buloqlardan,
Muhabbat kirgan yurak yorug‘dir chiroqlardan.
 
 
Qayda bo‘lsa diyonat – chekinadi xiyonat,
Ishonch ham bo‘lur ozod, qutilib tuzoqlardan.
 
 
Yaxshimi, yomon har kim ajrin olar begumon,
Bandadan qutilsa-da, qutilmas so‘roqlardan.
 
 
Turqi sovuq kimsaning qilmishi ham sovuqdir,
Qozonga yurma yaqin, o‘t undin yiroqlardan.
 
 
Afsus bilib bo‘lmag‘ay rizqing qayga sochilgan,
Nasibang o‘z yoningda, izlama uzoqlardan.
 
 
«Nasib etsa, keladi u Shomu Iroqlardan,
Nasib yitsa ketadi u qoshu qaboqlardan».
 
 
Yeb yetti bo‘lolmagan, yalab yetmish bo‘lolmas,
Aqling bo‘lsa nari yur, sen nafsi cho‘loqlardan.
 
 
Yolg‘iz tulki tutilmas, ko‘pdan quyon qutilmas,
Mardlar aslo yutilmas noshudu no‘noqlardan.
 
 
Jasur usul izlasa, qo‘rqoq izlar bahona,
G‘irrom yutqazib so‘ngra kir izlar tirnoqlardan.
 
 
Mehmon otadek ulug‘, qadami erur qutlug‘,
Qoch tuzing yeb, tuzluqqa tuflovchi qo‘noqlardan.
 
 
Mol emas izla savob, shu nodon Komil kabi,
Chiqmasa ham boshginang bir umr tayoqlardan.
 
2009-yil, yanvar
UMR GULSHANI GO‘ZAL
 
Boshdagi baxt qushin tutib qolgin birodar,
Bu dunyo lazzatidan totib qolgin birodar.
 
 
Imkonlaring qo‘lingdan aslo qo‘yma chiqarib,
Og‘zingdagin oldirmay yutib qolgin birodar.
 
 
Olg‘a tashla qadaming tanda joning borida,
Har na yotib qolguncha otib qolgin birodar.
 
 
Zumda o‘tar fasli yoz, ortda qolar kuz, ayoz,
Ko‘klam kelishin intiq kutib qolgin birodar.
 
 
Qolgan ishga yog‘ar qor, bunga kim emas iqror,
Har ishni o‘z vaqtida etib qolgin birodar.
 
 
G‘iybat kirgan eshikdan ketar fayzu baraka,
Gap-so‘zlardan uzoqqa ketib qolgin birodar.
 
 
G‘animat bil oningni, minba’d kuydir joningni,
Har na dilda boringni aytib qolgin birodar.
 
 
Umr gulshani go‘zal, shirindir hayot azal,
Komildek dildan g‘azal bitib qolgin birodar.
 
2009-yil, 27-fevral
QIYOMATLI OPAGINAM

Tamara opamga


 
Tug‘ishganmas, tug‘ishganday,
Bir qoringa sig‘ishganday,
Tomirimga qorishganday,
Qiyomatli opaginam.
 
 
Yigitdek mardu zabardast,
O‘ngga o‘ngu, chapga chapdast,
Yaratishdan tolmas bir pas,
Qiyomatli opaginam.
 
 
Qilich kabi o‘tkir tili,
Vale qordek oppoq dili,
Savob to‘la o‘tar yo‘li,
Qiyomatli opaginam.
 
 
Nurga to‘la xonadoni,
Do‘stlar uchun sadqa joni,
Har dam ochiq dasturxoni,
Qiyomatli opaginam.
 
 
Qoyalardek mahobatli,
Bulutlardek saxovatli,
Barchinoydek malohatli,
Qiyomatli opaginam.
 
 
Qadamidan chaqnaydi o‘t,
Poylarida baraka – qut,
Qalbi toza, imoni but,
Qiyomatli opaginam.
 
 
Har ishda qo‘l mahorati,
Kasbu korga sadoqati.
Qalbin bezar muhabbati,
Qiyomatli opaginam.
 
 
Umidlari ochar chechak,
Omad unga ochar quchoq,
Ellikda misli kelinchak –
Qiyomatli opaginam.
 
2008-yil, 10-noyabr
SIZGA TA’ZIM

Respublika ixtisoslashgan kardiologiya Markazining hamshira qizlariga


 
Oppoq libos yarashadi o‘zingizga,
Tilingiz bol, mehr to‘la ko‘zingizga,
Oyning rashki kelar boqsa yuzingizga,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
Libosingiz kabi oppoq yuragingiz,
O‘zingizday oddiygina ziragingiz,
Hali ko‘pga bordir juda keragingiz,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
Malham topar sizdan qancha xasta jonlar,
Olamda yo‘q sizdek aziz mehribonlar,
Sehringizdan nurga to‘lar xonadonlar,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
Kabutardek tizilasiz yaraqlashib,
Boqsam zulmat qalbim ketar charaqlashib.
Tegrangizdan ketolmasman yiroqlashib,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
Qon bosimim o‘lchasangiz, oshib ketar,
Ehtiroslar qirg‘og‘idan toshib ketar,
Vujudimni muzdek terlar bosib ketar,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
To‘g‘ri chiqar qo‘ygan barcha tashxisingiz,
Dardga darmon bo‘lish yolg‘iz tashvishingiz,
Kun tugaydi, tugamaydi yumushingiz,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
El uxlaydi, ammo bemor, dard uxlamas,
Uxlamasa sizdek bedor, mard uxlamas,
Par to‘shakda yotishni kim ham xohlamas,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
Bemor uchun ayamaysiz boringizni,
So‘zlaringiz basdir, ichmam doringizni,
Bir paytda sevib qoldim baringizni,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
Tannozlarni jinim suymas, suyugim Siz,
Kamtarginam, kuyunchagim, kuyugim Siz,
Mehnatdan shon, sharaf topgan buyugim Siz.
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
 
O‘qlar yog‘ar kamon qoshu xinangizdan,
Xasta ko‘nglim yayrar qilgan ma’nongizdan,
Shoir Komil qo‘rqar faqat ninangizdan,
Sizga ta’zim oq xalatli malikalar.
 
2009-yil, yanvar
TADBIRLI VAKIL

Avval Arnasoy, keyinchalik Paxtakor tumanlariga vakil bo‘lgan do‘stimizga hazil


 
Chigit ekish mavsumiga ikki oyga,
Bir do‘stimiz vakil bo‘ldi Arnasoyga.
O‘ylab ko‘rsa ishlar chatoq, hosili past,
Shu sababdan asta ko‘chib boshqa joyga.
Vakil bo‘lib borib oldi Paxtakorga,
Arnasoyni aylantirib qovunzorga.
 
 
Ekish – tikish maromida bo‘lsa agar,
Hosil cho‘g‘i tog‘lardan ham baland bo‘lar.
Va aksincha, chala bo‘lsa urug‘ qadash,
Paxta o‘lgur, pishib yetilmasdan so‘lar.
Paxtakorni g‘olib qildi, shu do‘stimiz,
Arnasoyni mag‘lub qildi, shu do‘stimiz.
 
 
Yozda emas, jo‘ja kuzda sanaladi,
Inson o‘zin mehnati-la sinaladi.
Paxtakorda paxta qiyg‘os ochilganda,
Arnasoyda siyrak paxta shonaladi.
Paxtakorni g‘olib qildi, shu do‘stimiz,
Arnasoyni mag‘lub qildi, shu do‘stimiz.
 
 
Hay-hay bilan paxta hosil bermas ekan,
Ming chiranma bo‘sh qop aslo turmas ekan.
Mehnatkash ham, yallochi ham ajrin olar,
Hech o‘ylama: «tepada Haq ko‘rmas ekan».
Bilib – bilmay ayb qildi, shu do‘stimiz,
Arnasoyni mag‘lub qildi, shu do‘stimiz.
 
 
Omad shu-da, yetib kelib tayyoriga,
Qoyil qoldim odam zotin ayyoriga.
To‘lganida paxta terim rejalari,
Bilmam nima keldi ekan xayoliga.
Shartnomani qoyil qildi, shu do‘stimiz,
Paxtakorni g‘olib qildi, shu do‘stimiz.
 
2008-yil, 6-noyabr
YANGI YIL KELMOQDA

Bolalar qo‘shig‘i


 
Eshik qoqib, asta mo‘ralab,
Tog‘u toshlar, o‘rmon oralab,
Uzoqlardan bizni qoralab,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
 
Tinchlik va baxt kuyini chalib,
Yuraklarga hayajon solib,
Qorbobosin yoniga olib,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
 
Qalbga yoqib umid chirog‘in,
Ko‘zin ochib imkon bulog‘in,
Qo‘lga olib zafar bayrog‘in,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
 
Qut-baraka, rizq bo‘lib elga,
Shodlik ulab har bitta dilga,
Eski yilni kuzatib yo‘lga,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
 
Dala-dashtni ko‘mib qoriga,
Sumaligin osib doriga,
Qorxat bitib, Qorqiz yoriga,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
 
Qo‘ltig‘ida hikmat kitobi,
Boshida toj – so‘nmas oftobi,
To‘xtamaydi bir zum shitobi,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
 
Elkasida sovg‘a-salomi,
Tillarida Haqning kalomi,
Poylarida uchar gilami,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
 
Ertaklarning olami bo‘ylab,
Hur diyorning madhini kuylab,
Shu Vatanning iqbolin o‘ylab,
Yangi yil kelmoqda, yangi yil.
 
2008-yil, 18-dekabr
TILAK

Nabiram Javohirbekka


 
Senga beklik, kibor yarashar,
Tog‘ ko‘ksingga viqor yarashar,
Bog‘laringga bahor yarashar,
O‘ziga bek, o‘zbek bo‘lib qol.
 
 
Ajdoding kim, unutma bolam,
Senga hamon ko‘z tikar olam,
Endi senda barcha imkon jam,
Hur diyorga tirgak bo‘lib qol.
 
 
Bo‘lsang hamki o‘zing qir, o‘yda,
O‘ying bo‘lsin Vatanda, uyda,
Yursang ham qay makon, qay joyda,
Har on ezgu tilak bo‘lib qol.
 
 
Uzoqqa boq, uzoqni ko‘zla,
Yuz bor eshit, bir bora so‘zla,
Mol topilur, sen savob izla,
Baxtga eltar yo‘lak bo‘lib qol.
 
 
Qoqilganga qalqon bo‘l, suya,
G‘arib boshga sola bil soya,
Bo‘ronlarda bukilmas qoya,
Elu yurtga kerak bo‘lib qol.
 
 
O‘zim dema, o‘zgaga tila,
Bechoraning boshini sila,
Uzilgan dil torlarin ula,
Mehr to‘la yurak bo‘lib qol.
 
 
Oqni oq de, qorani – qora,
Kambag‘alning kuniga yara,
Chorasizga topa bil chora,
Kerak uchun terak bo‘lib qol.
 
 
Osmon kabi ko‘ksi baland bo‘l,
Nomard bo‘lma, hamisha mard bo‘l,
Har dam ezgu ish birla band bo‘l,
Elga joni halak bo‘lib qol.
 
 
Dil yayrasin aytar so‘zingdan,
Nurlar yog‘sin ikki ko‘zingdan,
Gullar unsin o‘tgan izingdan,
Saxovatli falak bo‘lib qol.
 
 
Hech chekinma, olg‘a bos mudom,
Yuksaklarga tashlayver qadam,
Kurashlarda yengilmas odam –
Yerga tegmas kurak bo‘lib qol.
 
 
Ogoh bo‘lgin, bo‘l doim ogoh,
Old, ortingga tashlab qo‘y nigoh,
G‘ofil inson bamisli gumroh,
Kiyik kabi sergak bo‘lib qol.
 
 
Har jabhada bilimdon, dono,
So‘zlaringdan qalqsin pur ma’no,
O‘tinchim bor sendan yagona –
Aqli komil, ziyrak bo‘lib qol.
 
2008-yil, 8-dekabr
YULDUZLIKKA SHOSHILMA UKA
 
Har kim ham o‘z uyida zo‘rdir,
Sher ham asli o‘rmonda sherdir,
Senu bizning uyimiz yerdir,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
Yulduzlarni ko‘zla, yerga boq,
Har qorong‘u qalbga olov yoq,
O‘zi kelar diling bo‘lsa oq,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
Yulduzlik bol, shirin asaldek,
Sarxush etar oniy visoldek,
Lek yuqumli og‘ir kasaldek,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
Yulduz qurg‘ur ancha uzoqda,
Biz-chi zamin otliq tuzoqda,
Hammamiz ham qochoq buzoq-da,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
G‘arib jonga yordamga shoshil,
Mard bo‘l, baland dorlarga osil,
Ko‘lmakni qo‘y, ummonga qo‘shil,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
Uzilmasin yerdan oyog‘ing,
Qo‘ldan qo‘yma najot tayog‘ing,
Buzilsa-da insof mayog‘ing,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
Seni yulduz etadigan el,
Poyingga gul otadigan el,
Toysang, qo‘ldan tutadigan el,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
Bir kun albat, yulduz bo‘lursan,
Zuhro kabi nurga to‘lursan,
Payti kelib, yana so‘lursan,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
 
Joning omon bo‘lsa bas, inim,
O‘yla, izla, chop, bilma tinim,
Noshudlarni hech suymas jinim,
Yulduzlikka shoshilma, uka.
 
2009-yil, yanvar
G‘ALAMISLAR
 
Oramizda yashaydi,
Ishlamasdan oshaydi,
Kalamushga o‘xshaydi,
G‘alamislar.
 
 
Buloq suvin bulg‘atgan,
So‘ngan o‘tni cho‘g‘latgan,
Baxtiyorni yig‘latgan,
G‘alamislar.
 
 
Yog‘ bosgandir ko‘zlarin,
Oli yo‘qdir yuzlarin,
Yel olsin-a so‘zlarin,
G‘alamislar.
 
 
Pashshadan-da yasar fil,
Ko‘zi to‘rtu qo‘shsha til.
Lekin chala, kemtik dil,
G‘alamislar.
 
 
Beliga o‘rab qamish,
Yo‘q joydan to‘qir mish-mish,
Turgan bitgani tashvish,
G‘alamislar.
 
 
Kulfat ko‘rsa kuladi,
Nihol ko‘rsa yuladi,
Oqko‘ngilni shiladi,
G‘alamislar.
 
 
Gadodan non so‘raydi,
Bemordan jon so‘raydi,
Faqat «ber»ga yaraydi,
G‘alamislar.
 
 
Tunday qora yuragi,
Muzdek sovuq tilagi,
Hech kimga yo‘q keragi,
G‘alamislar.
 
 
Cho‘pda bordir alami,
Tig‘day «o‘tkir» qalami,
Tekin emas salomi,
G‘alamislar.
 
 
Dil boshqa-yu til boshqa,
Qo‘l egri-yu, yuz qashqa.
Qalb aylangan muz, toshga,
G‘alamislar.
 
 
So‘zi sovuq, be’mani,
Boshda minnat tumani,
Odamzotning yomoni,
G‘alamislar.
 
 
Baxtni ko‘rsa to‘satdan,
O‘lib bo‘lar hasaddan,
Umidvordir jasaddan,
G‘alamislar.
 
 
Bitar ishni buzadi,
Yovuz reja tuzadi,
Itdek sang‘ib kezadi,
G‘alamislar.
 
 
Har maqomga o‘ynagan,
Beburd, latta chaynagan,
Komilni ko‘p qiynagan,
G‘alamislar.
 
2008-yil, dekabr
TO‘RTLIKLAR
 
Anglash mumkin hatto qushlar tilini,
Lekin anglab bo‘lmas qizlar sirini,
Gar zabt etmoq bo‘lsang tosh yuragini,
Avval topmoq darkor yorning yilini.
 
17.11.2008.
* * *
 
Gar yo‘l topmoq bo‘lsang so‘qir yurakka,
Zo‘r ber shirin so‘zga, ezgu tilakka,
Oyog‘ingni mayli jindek qiyshiq bos,
Do‘st tutinmoq bo‘lsang magar cho‘loqqa.
 
17.11.2008.
* * *
 
Magar cho‘pga etsang chin dildan ixlos,
Beda’vo darddan ham bo‘lursan xalos.
Tog‘lar toshin talqon qilursan, illo,
Qalbda ishonch otlik qudrat bo‘lsa bas.
 
02.12.2008.
* * *
 
Ishonsang – xavotir buluti tarqar,
Gumon ajdarining bo‘ynini qirqar.
Bilginki, qay qalbda ishonch bo‘lmasa,
O‘zin soyasidan o‘zlari qo‘rqar.
 
02.12.2008.
* * *
 
Bilmadim qalbimda qanday otash bor,
Boshimdagi qor ham unga qilmas kor.
Ikkiga bo‘lingan go‘yo vujudim,
Yarmi itoatkor, yarmi nobakor.
 
02.12.2008.
* * *
 
To‘n kiygan har kishi er bo‘lolmaydi,
Tulki qirq yilda ham sher bo‘lolmaydi.
Har kimni o‘zingga aylama yo‘ldosh,
Nomardlar mardlarga yor bo‘lolmaydi.
 
09.12.2008.
* * *
 
Har zamonda ko‘zguga bir qarab qo‘y,
Kimligingni o‘zgalardan so‘rab qo‘y.
Eldan olqish olmoq bo‘lsang birodor,
Avval elning kuniga sen yarab qo‘y.
 
09.12.2008.
* * *
 
Kecha bola edik, bugun oqsoqol,
Ertaga bo‘lurmiz munkillagan chol.
Shuni eslaganda har safar, e voh,
Kirar yangi yil ham keladi malol.
 
01.01.2009.
* * *
 
Har insonning dilda bisyor niyati,
Ezgu istak bilan go‘zal hayoti.
Sen Xudodan tog‘dek tila, qir bergay,
Orzuga ayb yo‘q, yo‘q buning uyati.
 
07.01.2009.
* * *
 
Bo‘lsang hamki chunon xoru zor,
Har kimsadan bo‘lma umidvor.
Senki, najot kutgan o‘shalar,
Berolmaslar qishda hatto qor.
 
07.01.2009.
* * *
 
Dunyo toru ozorlari ko‘pdan-ko‘p,
Dono qolib, nodonniki bo‘lar jo‘p.
Yolg‘on so‘zga barcha birdek beparvo,
To‘g‘ri so‘zga sindirarlar nechun cho‘p?
 
10.01.2009.
* * *
 
Bekorga chiranish fe’lingda bo‘lsa,
Barcha amallaring tilingda bo‘lsa,
Buncha kerilding ey, bandai g‘ofil,
Osmonni tashla gar qo‘lingda bo‘lsa.
 
16.01.2009.
* * *
 
Mayning ozi yaxshi, ko‘pi beziyon,
Imkoning borida ichgin bearmon.
U yoqda ariqda oqqani bilan,
Hatto totib ko‘rmoq bo‘lur dargumon.
 
17.01.2009.
* * *
 
Boda, may nozanin yorga o‘xshaydi,
Bilmam bir jodusi borga o‘xshaydi.
Avval maftun etib, keyin bir umr,
Bo‘yningga o‘ralgan dorga o‘xshaydi.
 
17.01.2009.
* * *
 
Mayxona uyingga yaqin bo‘lsa ich,
Yuraging xotirjam, sokin bo‘lsa ich.
Xurmachangga siqsa ichaver qonib,
Asosiysi sharob – tekin bo‘lsa ich!
 
17.01.2009.
* * *
 
Kuyunganda yolg‘iz hamrohim – sharob.
Suyunganda hargiz hamrohim – sharob,
Qo‘llarimdan tushmas, e voh, bir nafas,
Ko‘nglimni ochaman shu suvga qarab.
 
18.01.2009.
* * *
 
Mingta sham bo‘lmas bir oydan-da ortiq,
Dunyoda nima bor maydan-da ortiq,
Bodayu jom ming bir dardlarga da’vo,
Tomchisi yuz choynak choydan-da ortiq.
 
18.01.2009.
* * *
 
Bu olamda do‘stlar mayning turi ko‘p,
Asrori ko‘p, sinoati, siri ko‘p.
Men – havaskor, maydan so‘zlab ne qildim,
Vale uning Hayyom kabi piri ko‘p.
 
19.01.2009.
* * *
 
Ot o‘rnini bir kun albat toy olar,
Jon – omonat, bir kun yerdan joy olar.
Bu dunyodan o‘tay desang armonsiz,
Tiriklikda maydan qonganing qolar.
 
19.01.2009.
* * *
 
Kunda tutar qurg‘ur mayning xumori,
May malhamim, men-chi uning bemori.
Soqiy – tabib, dardim sira anglamas,
Ilhaq etib, qiynar u dilozori.
 
20.01.2009.
* * *
 
Qani endi har kun bizda bayram bo‘lsa,
Har kuni to‘y, har kun bazm, ayyom bo‘lsa.
Sharof ichsak do‘stlar bilan qonib-qonib,
Uy to‘rida davra guli Hayyom bo‘lsa.
 
21.01.2009.
* * *
 
Yo‘qotganim do‘stlar maydan topaman,
Undan o‘zga ulfat qaydan topaman.
Kimdir jomdan kulfat izlar, vo ajab,
Men sharobdan topsam foyda topaman.
 
26.01.2009.
* * *
 
Mayni harom deya, qonib ichaman,
Netay, o‘zligimdan tonib ichaman.
Barcha gunohlarni olib bo‘ynimga,
Jahannam o‘tida yonib ichaman.
 
27.01.2009.
* * *
 
Mayning o‘zi harom bo‘lsa, kayfi ne?
Kuydirmasmi ikki dunyong, xavfi ne?
Dasturxondan tushmas necha zamonlar,
Goho jindek ichsa Komil aybi ne?
 
27.01.2009.
* * *
 
May ichsang ulfati xamkor bilan ich,
Yoki go‘zal malak, dildor bilan ich.
Ko‘pmi oz har qalay me’yor bilan ich,
Boda harom degan iqror bilan ich.
 
28.01.2009.
* * *
 
Bir piyola sharob meni mast qiladi,
Tilim burro, so‘zlarimni rost qiladi.
Kayf borida ko‘ksim osmon etib, e voh,
Kayfi ketgach, qaddim bukib, past qiladi.
 
28.01.2009.
* * *
 
Qush ko‘rganin qilar azal uyada,
Cheksiz buyuk qudrat bor tarbiyada.
Bola – nihol, ta’lim – oftob ko‘kdagi,
Axir daraxt aslo unmas soyada.
 
30.01.2009.
* * *
 
Har dam obod aylab diyonat bog‘in,
Ochko‘zlik domiga yo‘lama yaqin.
G‘ariblik qariga botsang-da, hargiz,
Zinhor yeya ko‘rma o‘zganing haqin.
 
31.01.2009.
* * *
 
Har yumushda topmoq bo‘lsang barakat,
Sendan lozim faqat jindek harakat.
Tog‘ qalbingda gar ignadek shiddat yo‘q,
O‘z domiga olar seni falokat.
 
31.01.2009.
* * *
 
Mol-davlat oldida go‘yo quldirsan,
Usti yaltirog‘u ichi juldirsan.
Yechsa egningdagi zar choponingni,
Qolgan bori – buding naq bir puldirsan.
 
13.02.2009.
* * *
 
Bo‘yi basti bo‘lsa hamki filchalik,
Lek aqldan yo‘qdir unda qilchalik.
Aqlu zakovatsiz inson bilib qo‘y,
Bu dunyodan huzur topmas molchalik.
 
13.02.2009.
* * *
 
Shukr qil dunyoda do‘stlar boriga,
Do‘stsiz davralardan qochgin nariga.
Do‘stlardan umidvor bo‘lmoqdan oldin,
Avval o‘zing yara do‘stning koriga.
 
24.02.2009.
* * *
 
Men xasta, bemorman malhamim o‘zing,
Baxtim osmonida bir kamim o‘zing.
Belimga quvvatim, dilda shiddatim,
Shoir yuragimga ilhomim o‘zing.
 
26.02.2009.
* * *
 
O‘zingda neki bor, o‘zgaga sog‘in,
Har dam obod ayla saxovat bog‘in.
G‘ariblik domiga botsangda, hargiz,
Og‘zingga olmagin o‘zganing haqin.
 
02.03.2009.
* * *
 
Bu foniy dunyoda barchamiz mehmon,
Zamin – mehmonxona, tuproq – dasturxon.
Davru davron surib, siyimiz bitgach,
So‘ngra qaytamiz o‘z uyimiz tomon.
 
02.03.2009.
* * *
 
Umr yo‘llarida chirandim, chopdim,
Kimnidir yo‘qotib, kimnidir topdim.
Besamar o‘tmadi hayotim, illo,
Har yerga ezgulik urug‘in sepdim.
 
03.03.2009.
* * *
 
Bu dunyo o‘tkinchi, har on g‘animat,
Kunlar o‘tar ketar, jondek omonat.
Vaqt borida imkon topsa bo‘laru,
Imkoning borida topilmas fursat.
 
03.03.2009.
* * *
 
Ahd qildingmi, qat’iy bo‘lsin qaroring,
Sobit tursang kelur albat, baroring.
O‘zingni haq bilsang ortga chekinma,
O‘zgalarga tegmasa bas zararing.
 
05.03.2009.
* * *
 
Donolik sog‘insang kitobga qara,
Ezgulik sog‘insang oftobga qara.
Magar savob topmoq bo‘lsang, ey o‘g‘lon,
Bir g‘arib, nochorning kuniga yara.
 
05.03.2009.
* * *
 
Dunyoning ishlari qiziqdan-qiziq,
Har kimda har xilcha taqdiri yoziq.
Kim shohu, kim gado, o‘chirib bo‘lmas,
Peshonaga o‘yib bitilgan chiziq.
 
07.03.2009.
* * *
 
Gadoga kirmagan eshigi armon,
Faqirga to‘lmagan teshigi armon.
Vo ajab, qay yurtning tannozlariga,
Ko‘chada yo‘qolgan mushugi armon.
 
14.03.2009.
* * *
 
Kamchiliklar topib bo‘yi-bastidan,
Nodon deb birovning kulma ustidan.
Dunyo tor, kun kelib balki sen uning,
Chiqishing ham mumkin oyoq ostidan.
 
14.03.2009.
* * *
 
Dunyoga kelamiz, ketamiz bir kun,
Boqiy manzillarga yetamiz bir kun.
Ruhimiz ko‘kda-yu jismimiz yerda,
Tuproqqa qorishib yotamiz chirkin.
 
17.03.2009.
* * *
 
So‘zdan adashsang-da, yo‘ldan adashma,
Imon, e’tiqodu fe’ldan adashma.
Oyoqqinang yerdan uzilmasin hech,
Har na adashsang-da, eldan adashma.
 
20.03.2009.
* * *
 
Magar hayotida ko‘rmasa ustoz,
Har ishda jo‘jalik qiladi xo‘roz.
Qanoti bo‘lsada, sho‘rlik hech mahal,
Ko‘kda yuksaklarga qilolmas parvoz.
 
23.03.2009
* * *
 
Bu dunyoda yo‘qdir umri boqiylar,
Bir kun kelib yoddan chiqar dohiylar.
Mansab, amal, yaxshi – yomon o‘tadi,
Mangu qolsa, qolar faqat soqiylar.
 
01.04.2009.
* * *
 
Soqiy menga quysang to‘ldirib quy may,
Buncha ilhaq etma qurg‘urni quymay.
Senday soqiyni deb, bir umr mushtoq,
Hayyom o‘tib ketdi bodaga to‘ymay.
 
01.04.2009.
* * *
 
Gulgun davralarda gulob ich to‘yib,
Aybni yelkangdagi shaytonga yo‘yib.
Gunohu savobin o‘ylamay simir,
O‘zingni Hayyomning o‘rniga qo‘yib.
 
01.04.2009.

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации