282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Ш.Р. Кобилов » » онлайн чтение - страница 3


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 19:40


Текущая страница: 3 (всего у книги 5 страниц)

Шрифт:
- 100% +
Bob bо‘yicha nazorat va mustahkamlash savollari:

1. Pedagogik tasvir bajarish vazifalari.

2. Badiiy asar tushunchasi.

3. Badiiy timsol deganda nimani tushunasiz?

4. Voqelikning tipik va xarakterli tomonlari.

5. O‘quv va ijodiy ishda qoralama va chizgilarning о‘rni.

6. Pedagogik rasm yaratish bosqichlari.

7. Badiiy asar yaratishda ishlatiladigan materiallar.

8. Badiiy asar tahlili. Qalamtasvirning borliqni haqqoniy tasvirlashga о‘rgatishdagi ahamiyati.

9. Pedagogik rasmning maqsad va vazifalari.

10. O‘quv va ijodiy ishlarning farqlari.

11. Qalamtasvir tasviriy san’at turlarining asosi sifatida.

12. Qadimgi Misrda rasm chizishga о‘rgatish masalalari.

13. Qadimgi Misrda inson tasviri ustidagi izlanishlar.

14. Qadimgi yunon rassomlari ishida plastik yechim.

15. Uyg‘onish davri rassomlarining rasm chizish san’atiga qо‘shgan hissalari.

16. Leonardo da Vinchining tasviriy san’atni rivojlantirishdagi xizmatlari.

17. Leonardo da Vinchining «Qadimgilar kvadrati» ishi.

18. Mikelanjeloning inson tanasi nisbatlari.

19. Buyuk rassom Rafaelning plastik anatomiya sohasidagi ishlari.

20. A. Dyurer konstruksiyalari.

2-BOB. PEDAGOGIK RASM BAJARISHNING ASOSIY QONUNQOIDALARI

Ish joyini jihozlash, badiiy materiallar. Yaxlitlik va tus munosabatlari. Kompozitsion yechim.

Pedagogik rasmda badiiy materiallar

Pedagogik rasm tasvirlashning asosiy qonunlarga tayangan holda amalga oshiriladi. Qalamtasvir asosiy qoidalarini, chiziqli perspektiva, shakl, о‘lcham, nisbat, mutanosiblik, kompozitsiya va boshqalarni pedagog-rassom bilishi shart. Aks holda pedagogik rasmni bajarish va о‘quv jarayonida qо‘llash о‘z samarasini bermaydi. Shuning uchun о‘qituvchi qalam tasvir materialidan tortib tasviriy san’atda eng murakkab bо‘lib hisoblangan odam tasvirlashning asosiy qonun– qoidalarini bilishi va pedagogik amaliyotda qо‘llay olishi maqsadga muvofiqdir. Rasm chizish uchun о‘quv xonasi yoki ustaxona bо‘lishi lozim. Mazkur badiiy ustaxona yoki о‘quv xonasi quyidagi talablarga javob berishi zarur: Xonaning derazalari shimolga qaratilgan bо‘lsa, maqsadga muvofiq bо‘ladi. Chunki quyosh nurlari model tus munosabatlarining yaxlit kо‘rinishiga xalaqit beradi. Derazalar quyosh tomoniga qarasa, shishalarni kalka yoki yupqa oq qog‘oz bilan yopish zarur. Oq yengil (shoyi, chit) materiallar, parda ham mazkur vazifani bajara oladi.

Qalamtasvir fani uchun mо‘ljallangan xonaning devorini yorug‘ och kulrangda, yuqorisini (potolok) oq rangga bо‘yash tavsiya etiladi. Bunda natura predmetlarining soyasi yaxlit kо‘rinadi. Kechqurungi rasm mashg‘ulotlari uchun umumiy yorug‘likdan tashqari maxsus lampa reflektorlar zarur. Kunduzgi dars mashg‘ulotlarida naturaga kuchli yorug‘lik yondan (chap yoki о‘ng tomondan) yoki yuqori tomondan tushirilsa, unda predmetning shakli aniq kо‘rinadi. Maxsus elektr reflektorlar turli tusdagi soya-yorug‘ berish imkoniyatini yaratadi.

Bundan tashqari, rasm darslarini samarali tashkil etish uchun chizishga qо‘yiladigan natura uchun maxsus stol bо‘lishi kerak. Mazkur stolchalar tirik natura hamda natyurmort qо‘yilishiga mо‘ljallangan. Tirik natura (odam) uchun stolchaning о‘lchami taxminan 1x1 metr, balandligi 0,5 metr bо‘lishi ko‘zda tutiladi. Natyurmortlar uchun esa stolchaning bо‘yi 60-70 santimetrni tashkil etadiki, bunda qо‘yilgan natura ufq chizig‘ining pastiga joylashadi.

Chizuvchiga uzoq muddatli rasm chizish uchun maxsus planshet tayyorlash va unga vatman-format о‘rnatilishi juda katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda mavjud vatman qog‘ozining yarim о‘lchamidan kichikroq yog‘ochdan yengil ramka tayyorlanib, ustidan tekis fanera mayda mixlar orqali mustahkamlanadi. Kerak bо‘lsa, unga jilvir qog‘ozi va qumqog‘oz bilan ishlov beriladi. Chizmachilik uchun mо‘ljallangan kichik planshet ham maqsadga muvofiq. Tayyorlangan formatning planshetga nisbatan о‘lchami 2-3 sm. kattaroq bо‘lib, chetlari buklanadi. Buklangan tomonlaridan tashqari qog‘ozning ikki qismi mо‘yqalam yoki bir parcha paxta yordamida suv bilan hо‘llanib chiqiladi. Qog‘oz suvni о‘ziga tortgandan keyin planshet qog‘oz ustiga qо‘yiladi. Quruq, buklangan tomonlari duradgorlik (stolyar), PVA yelimi bilan surtilib, planshetning reykalariga yopishtiriladi. Agarda qurigandan sо‘ng qog‘ozning ayrim joylari notekis bо‘lib qolsa, ularni suv bilan sal hо‘llash kerak va qurishga vaqt berish zarur (22-rasm).

Bundan tashqari, chizuvchida qisqa muddatli rasmlar (nabroska), qoralama bajarish uchun albom bо‘lsa, maqsadga muvofiq bо‘ladi.

Qalamtasvirning asosiy jihozlari qog‘oz va grafit qalami hisoblanadi. Rasmning sifatli chiqishi qog‘oz tо‘g‘ri tanlanishiga ham bog‘liq. Tanlangan qog‘ozning navi past bо‘lsa, rasmni kо‘p vaqt saqlab bо‘lmaydi. Qisqa vaqtdan keyin u sarg‘ayib, buklanib qoladi. Bunday qog‘ozda uzoq muddatli rasm bajarish ham qiyin. U qalam va о‘chirg‘ich ta’siriga kо‘p chidamaydi. Rasm uchun eng yaroqli qog‘oz vatman va poluvatmandir.

Grafika qalamlari («karandash» – eski turkiy sо‘zdan kelib chiqqan: kara – qora, tas yoki das – tosh) amalda qattiq yoki yumshoq bо‘ladi. Qalamning qattiq va yumshoqligi maxsus belgi bilan belgilanadi. Sotuvda turli xil grafik qalamlar mavjud. Masalan, «Konstruktor» «Shkolniy». Sо‘nggi yillarda dо‘konlarimizda Xitoy qalamlarining rangbarang turlari sotuvga chiqarilmoqda. Ularning qattiq yoki yumshoqligi shartli belgi orqali kо‘rsatiladi. Misol uchun «Konstruktor» qalamlari – T, «Koxinor» qalamlari – V harflari bilan chiqarilgan. «T» – qattiqlik darajasini, «M» – yumshoqlik darajasini belgilaydi. «M», 2 «M», «V», 2 «V», 3 «V» kabilar – rasm bajarishga, ayniqsa, uzoq muddatli rasm chizishga qulay. «T», «TM» qalami chizma bajarish uchun yaroqli qalam hisoblanadi. 2 «M», 2 «V» oddiy grafit qalamlari о‘quv rasmlarini bajarishda eng kо‘p qо‘llaniladigan materialdir. Qо‘llanmada keltirilgan о‘quv rasmlarining kо‘pchiligi mazkur qalamlar yordamida chizilgan. Grafit qalamining uchi bilan nozik, ingichka chiziq chizish, uning yon tomoni bilan ajoyib shaklni va turli materialni ifodalaydigan shtrix о‘tkazish mumkin. Grafit qalamning kamchiligi – uzoq muddatli akademik rasm bajarishda soya ishlanmalarida yaltiroq tus beradi, «Italyan qalamlarida» esa bunday kamchilik yо‘q. Shuning uchun avvalgi (XVIIXIX asr) badiiy maktab va akademiyalarda auditoriya ishlari mazkur qalam bilan bajarilgan. Bunday qalamlar kuydirilgan suyak va о‘simlik yelimidan tayyorlangan. Afsuski, italyan qalamlari oxirgi yuz yillikda amaliyotdan chiqarilgan.


22-rasm. V.A. Serov. Balerina portreti. Qalam.


O‘tgan asrning 80-yillarigacha sotuvda «Retush», «Negro» kabi qora qalamlar bor edi. Hozir bunday qalamlar о‘rnini Xitoy grafit qalamlari egalladi.

Professional rassomlar tayyorlash jarayonida rasm chizish uchun material sifatida kuydirilgan kо‘mir ham (ugol) kо‘p qо‘llaniladi. Mazkur material katta о‘lchamli qog‘ozda moybо‘yoqda bajariladigan kartinada chiziqli rasm ishlashda kо‘p qо‘llaniladi. Kо‘mir bilan bajarilgan rasmlarga namuna sifatida XIX asr buyuk rus rassomi V.A.Serovning bir qator portretlarini keltirish mumkin. Maxsus rasm chiziladigan «kо‘mir» daraxtlarning turli navlaridan tayyorlanadi. «Kо‘mir» bilan ishlash usuli turli xil bо‘ladi. Uning chuqur tusli xususiyati rassomlarni juda qiziqtirib kelgan (24-25-26-rasm).



23-rasm. Rasm chizich uchun planshet va moslamalar.


24-rasm. Golbeyn. Richard Soutvela portreti. 1533 y. Ко‘mir, sangina, Italyan qalami, aкvarel, qora tush, pero.


Bundan tashqari, rasm chizishni о‘rgatishda qо‘llaniladigan boshqa materiallar ham mavjud. Ulardan biri – «sangina», fransuzcha «sanguine», lotincha «sanguineus» – «qizil» degan ma’noni bildiradi. Sanginani Italiya rassomlari Uyg‘onish davridan buyon о‘z ijodiy faoliyatlarida qо‘llab kelmoqdalar.


25-rasm. Engr. Nikkolo Paganini portreti. 1819 y. Qalam.


«Bistr» materiali о‘z xususiyati bilan sanginaga yaqin, faqat sangina tо‘q tusli qizil qalam bо‘lsa, bistr tо‘q tusli jigarrang qalamdir.

Yuqoridagi materiallardan tashqari rangli qalamlar, «sous» (kо‘mirning suyuq turi), tush, pastel kabi materiallar ham mavjud. Har bir materialning о‘ziga xos xususiyati bor. Ularni qо‘llash rassomning did va mahoratiga, qolaversa, uning oldiga qо‘yilgan о‘quv ijodiy vazifaga bog‘liq. Rasm chizadigan material tanlangan qog‘ozga ham mos kelishi kerak. Chunonchi, qalam bilan ishlash uchun boshqa xil qog‘oz kerak bо‘lsa, «kо‘mir» uchun maxsus tekis bо‘lmagan qog‘oz yaroqlidir. Shuni ta’kidlash lozimki, barcha materiallar о‘ziga xos qiziqarli, boy imkoniyatga ega. Ulardan tо‘g‘ri foydalana bilish bо‘lajak pedagog-rassomning muhim vazifasi bо‘lib hisoblanadi.


26-rasm. I.Ye. Repin. Eleonori Duze portreti. 1891 y. Ко‘mir.


27-rasm. V.A. Serov. R.R.Semyonov – Тyan-Shanskiy portreti. 1905 y.


28-rasm. A.A.Ivanov. Naturachi. 1830 y. Qalam.


29-rasm. Planshet va molbertda chizuvchining о‘tirish va chizish holatlari.


30a-rasm. Chizuvchining о‘lchash holati ; b-rasm. Tasvirlashning о‘lchash usullari.


Pedagogik rasmda kompozitsion yechim

Tasvirdagi barcha unsurlarning yagona g‘oyaga bо‘ysundirilishi kompozitsiya deyiladi. Kompozitsiya personajlar о‘rtasidagi munosabatlarni aniqlash, asar g‘oyasini ochish, rassom tasvirlagan vaqtgacha va undan keyin nimalar sodir bо‘lishini о‘ylab topishga yordam beradi. Tasvirda har bir syujet о‘ziga xos kompozitsion yechimni talab qiladi. Biroq tasviriy san’atda shunday usullar mavjudki, ulardan maqsadli muammolar yechimida foydalaniladi:

Bularga quyidagilar kiradi:

– fazoda figuralarni guruhlashning turli usullari;

– yuza tekisligida fazoni tasvirlash;

– personajlarni ruhiy tasvirlash usullari;

– syujetning rangli yechimi;

– yorug‘lik va soya berish;

– kontrastlilikni ta’minlash;

– ritmik tuzilish;

– fon, unsurlarni qо‘llash;

– kartina о‘lchami va formatini tanlash.

Rassom о‘z asarida odamlarning nafaqat individual xususiyatlarini, balki ularning tipik belgilarini, ya’ni ushbu sinf odamlari xususiyatlariga о‘xshash xarakterlar va holatlarda ham topib ifodalaydi.

Bunda rassom odamlarning xususiyatlarini ham, tabiat hodisalari bilan bog‘liq xususiyatlarni ham bо‘rttirib kо‘rsatadi.

Rassom personajlarni joylashtirishning qaysi bir usulini tanlamasin, har bir rasmda personajlar uning diqqat markazida bо‘ladi, atrofda esa boshqa voqealar rivojlanadi. Kо‘pincha bosh g‘oya rasm о‘rtasidan sal chetroqda, ikkinchi planda joylashtiriladi.

Kompozitsiyasi tо‘g‘ri hal etilgan rasmda asar yaxlitligi mavjud bо‘lib, ayrim narsalarni olib tashlash va qо‘shishning iloji yо‘q. Rasmda asar g‘oyasi bilan bog‘lanmagan tasodifiy narsa bо‘lishi mumkin emas, ikkinchi darajali unsurlar bosh g‘oyaga bо‘ysunadi. Bundan tashqari, rassom kompozitsiyaga tomoshabin diqqatini jalb etish tartibini о‘rnatadi.


31-rasm. Natyurmort kompozitsiyasi.


Qalamtasvirda kompozistion yechimni hal etish uchun quyidagilarga e’tibor berish kerak.

«Kompozitsiya» – lotincha sо‘z bо‘lib, «komposittio» – tuzish yoki italyancha «componier» – qurish, tuzish ma’nolarini bildiradi. Uning tom ma’nosi – bо‘laklar birligi, yaxlitlash demakdir (31-rasm).

Bajariladigan har bir ish, qalamtasvir, rangtasvir yoki dekorativ ish bо‘lmasin, uning asosida kompozistion yechim yotadi. Demak, chizuvchi bajarayotgan ishning birinchi bosqichi kompozistiya bо‘lib hisoblanadi.

Kartinaning yaxlitligi kompozitsiyaning eng asosiy qonuni hisoblanadi. Kompozitsiyadagi barcha elementlar о‘zaro bog‘liq holda bir-birini tо‘ldiradi, diqqat markazini tashkil etadi. Bunda barcha ikkinchi darajali bо‘laklar unga bо‘ysunadi va bu yaxlitlikni ta’minlaydi.

Chuqur о‘ylangan konstruktiv g‘oya asosida ish kо‘rilganligi bajarilgan ishda kompozitsion yaxlitlikni ta’minlaydi. Agar kartina yaxlit idrok etilmas ekan, u turli-tuman bо‘laklarni bir-biriga «yopishtirgan» holda, ya’ni alohida-alohida idrok etiladi va bizning xotiramizda asarning yaxlit obrazi emas, bо‘laklar qoladi.

Mukammal kompozitsiyaga erishish faqatgina uzoq mehnat natijasida yuzaga keladiki, chizilgan tasvirdan biror-bir detalni olib tashlash yoki qо‘shish mumkin bо‘lmaydi. Yaxlitlik nafaqat о‘zaro aloqa va kompozitsiya elementlarining bir-biriga bо‘ysunishi, balki aloqa va о‘zaro bog‘lanishlarning qonuniy va haqqoniy tarzda ifodalanishi hamdir.

Rassom qalamtasvirda turli vositalar, ya’ni liniya-kontur, shtrix, tushevka hamda nisbatlarga, simmetriya, ritm, turg‘unlik va harakat, shu bilan birga perspektiva qonunlariga rioya qilgan holda tasvirni kо‘radi.

Qalamtasvir jarayonida quyidagi kompozitsion qoidalarga rioya qilish lozim:


32-rasm. Gipsdan yasalgan byustni chizishda tus munosabatlari.


1. Odam gavdasi yoki predmetlar tasvirini chizganda inson tanasining plastik tuzilishini hisobga olgan holda simmetriya qoidasiga rioya qilish.

2. Bir-biriga qarama-qarshi tomonlarining о‘zaro mutanosibligi muvozanat hisoblanadi.

3. Kompozitsiya plastik yechimini topishda turg‘unlik va harakat qoidasiga rioya qilish.

4. Katta va kichik shakllarning, harakat va tinchlikning, kontrast va о‘zaro yaqinlikning hamda yorug‘lik va soyaning о‘zaro ritmik takrorlanishi.

5. Perspektiva qoidalariga rioya qilish.

6. «Oltin kesim» qoidasiga amal qilish.

7. Naturaga nisbatan chizilgan tasvirning kattalashtirilishi yoki kichraytirilishi, ya’ni masshtab va h.z.

Yuqoridagi qoidalarga rioya qilingan holda san’atdagi turli janrlardagi ishlar – haykaltaroshlik va arxitektura amallari bajariladi va bu jarayonda har bir san’at turi uchun tasvirlash vositalari turlicha bо‘lishini esdan chiqarmaslik lozim.

Rasm chizishning didaktik asoslari

Tasviriy san’at о‘qitish uslubiyoti zamonaviy pedagogika fani yutuqlariga asoslangan. Mazkur fanning didaktik asoslaridan biri barcha о‘quv vazifalarining ma’lum bir ketma-ketlik bilan yechilishidir. Shunday qilib, rasm bajarish jarayoni о‘zining boshlanishi, davomi va yakuniga ega. Boshqacha aytganda, narsaning о‘ziga qarab rasm chizishning bosqichlari mavjud. Bular quyidagilar:

1. Rasm chizish jarayoni joy tanlashdan boshlanadi. Tanlangan joy, ya’ni kо‘rish nuqtasi qо‘yilgan narsaning shaklini, hajmini, fon bilan bog‘liqligini tо‘la namoyon etishi kerak yoki uning yaxlitligi ta’minlanishi zarur. Kо‘rish nuqtasining tо‘g‘ri tanlanganligi naturaning ancha hajmli, aniq ifodalanishini ta’minlaydi. Ishning birinchi bosqichida chizilayotgan narsani qog‘oz tekisligiga kompozitsiya nuqtayi nazaridan tо‘g‘ri joylashtirilishi kerak (33a-rasm).

2. Rasm qog‘ozga nisbatan juda katta yoki juda kichik, о‘ng yoki chap tomonga surilgan bо‘lmasligi kerak. Qog‘ozni joylashtirish tajribasiga ega bо‘lmagan talabalar о‘rganish jarayonida tasvir izlovchi moslamadan foydalansalar, maqsadga muvofiq bо‘ladi.



33-rasm. Gips modelini chizish bosqichlari.


Rasmning kompozitsiyasini (lotincha – «ijod etish», «tuzish») belgilashda yorug‘lik tushishi, predmetlarning rangi, tusi, kattakichikligi, ufq chizig‘iga nisbatan qanday joylashganligi hisobga olinadi. Tajribasiz musavvirning tipik xatosi shundaki, chizish uchun bir guruh narsani tanlaydi va har bir predmetini alohida chizmoqchi bо‘ladi. Tabiiyki, rasm qog‘ozga sig‘may qolishi mumkin yoki aksincha qog‘ozda kо‘p bо‘sh о‘rin qoladi. Shuning uchun rasmning umumiy kо‘rinishi yengil chiziqlar bilan qog‘oz tekisligida belgilanadi: umumiy eni, balandligi, uzoq-yaqinligi. Sо‘ng naturada mavjud narsaning birbiriga nisbatan о‘lcham munosabatlari aniqlanadi. Albatta, ufq chizig‘i esdan chiqmasligi kerak (33b-rasm).

Tasvirning umumiy chegaralari qog‘oz tekisligida aniqlab qо‘yilsa, rassom shu bilan о‘ziga aniq kompozitsion vazifa qо‘ygan bо‘ladi. Shu bosqichdan boshlab kompozitsiya ichida joylashgan predmet shakllarining bir-biriga nisbatlarini topgan holda chizish kerak.

2. Ish jarayonining mazkur bosqichida shakl tuzilishlari aniqlanadi va umumiy soya kiritiladi. Umumiy soyaning ikkinchi bosqichda kiritilishi talabalarga proporsional (predmet shakllari tavsifi) munosabatlarni aniqlashda yordam beradi.

Proporsional munosabat tushunchasi buyumlarning shakllari, tashqi tuzilishi va tus (soya-yorug‘) munosabatlarini anglatadi va ular orasidagi bog‘liqlikni nazarda tutadi.

3. Bu bosqichda shakllarning konstruktiv tuzilishi aniqlanib, hajmini tо‘liq yetkazilishiga erishiladi.

Predmetlar soya-yorug‘ligi ustida ishlaganda umumiy tus munosabatlariga katta e’tibor berish kerak. Ish jarayonida rasmni о‘quv topshirig‘i bilan doimiy ravishda solishtirmoq lozim. Shuning uchun molbert yoki planshet rassomdan uzatilgan qо‘l masofasida joylashishi shart. Mazkur bosqichda predmetning barcha qismlari va detallariga alohida e’tibor qaratiladi. Yorug‘lik tusi orqali rasmda narsaning fakturasi (materiali) ifodalanadi.

Yakuniy ish bosqichida rasm natura bilan, ayniqsa, planlar ifodalash nuqtayi nazaridan taqqoslanadi. Bu bosqichdagi vazifa tasvirlangan barcha detallar va shakllarni yaxlitlikka keltirish – umumlashtirishdir. Shuning uchun dastlab yaqin plandagi narsalarning chiziqlari, soyasi, tus munosabatlari bilan solishtiriladi, kerakli joylari bо‘rttiriladi yoki aksincha xiralashtiriladi.

Bajarilgan rasm aniq, jonli, tabiatga yaqinroq ifodalangan bо‘lishi uchun rasm chiziqlariga katta e’tibor berilishi kerak. Darhaqiqat, qalasmtasvirda chiziqning roli katta. Nafis chiziq rassomga qator plastik va fazoviy vazifalar yechimini topishga kо‘mak beradi.

Shakl, hajm soya-yorug‘siz ham bemalol kо‘rsatiladi. Misol sifatida rus rassomi V.Serovning ishini qayd etishimiz mumkin. Shuning uchun tasviriy san’atda chiziqni fazoviy chiziq deb nomlaydilar. Ayniqsa, bunday chiziqlar tez muddatli rasmlarda unumli ishlatiladi.


34-rasm. Shkafni chizish ketma-ketligi.


35-rasm. Stulni chizish ketma -ketligi.


Chiziqli va konstruktiv tuzilish

Konstruksiya, predmetning konstruktiv tuzilishi deganda undagi qismlarining о‘zaro joylashishi va bir-biri bilan aloqadorligi tushuniladi (36-37 rasm).


36-rasm. Кub va sharning konstruktiv asos tuzilishi.


37-rasm. Natyurmortning konstruktiv-chiziqli rasmi.


38-rasm. Natyurmortning konstruktiv-chiziqli rasmi.


Konstruksiya tushunchasini о‘zlashtirish oddiy geometrik figuralar, geometrik jismlar guruhi, natyurmortlardan boshlab tasviriy san’atda eng murakkab hisoblangan odam figurasi bilan yakunlanadi.

Aslida «konstruksiya» sо‘zi «tuzilish» ma’nosini bildiradi. Konstruksiya tabiatdagi yoki inson qо‘li bilan bunyod etilgan barcha predmetlarga bevosita taalluqlidir. Shuni hisobga olib, rassom borliqni idrok etish uchun, eng avvalo, oddiy jismlardan boshlab ularning tuzilish qoida-qonuniyatlarini anglashi zarur. Mazkur kо‘nikma narsaning о‘ziga qarab rasm chizish jarayonida hosil bо‘ladi.


39-40-rasm. Predmetlarning konstruksiyali tuzilishi.


Yaxlitlik va tus munosabatlari

Har bir inson borliqqa nazar tashlaganda eng avvalo, о‘ziga yaqin, tushunarli va kerakli narsaga diqqatini qaratadi. Masalan, tikuvchi kiyingan kishiga qaraganda uning kostyumi qanday matodan tikilganligiga e’tiborini qaratsa, shifokor uning yuz ifodasiga qarab, sog‘ligi qay ahvolda ekanligini bilishga qiziqadi. Rassom esa insonga qarab, uning boshqa xususiyatlarini aniqlaydi. Bunda u gavdaning umumiy kо‘rinishiga, shakllarga, qora kostyum bilan yuz rangining ochiqligi о‘rtasidagi ziddiyatga, oq bino fonida qora kiyingan gavdaning qarama-qarshiligiga e’tiborini qaratadi. Va shu asosda u о‘ziga xarakterli mavzu tanlaydi va umumlashgan obraz yaratadi. Talaba ish boshlashdan oldin, eng avvalo, chizayotgan narsasida uning diqqatini nima tortganligini, uni qanday xususiyatlar hayajonga solganligini, natura nimasi bilan xarakterli ekanligini aniqlab olishi kerak.

Yuqorida aytilganlarni idrok qilgan talaba uni о‘zi bajarayotgan tasvirda aniq ifoda etishga intiladi. Bu chizilayotgan narsaga, borliqqa nisbatan ijodiy munosat bilan yondashish bо‘ladi. Agar talaba о‘zi chizayotgan borliqqa ijodiy yondashmasa, nafaqat ijodiy ishda, balki о‘quv ishida ham obraz yaxlitligiga erishishi qiyin. Chizuvchi kishi har bir chizayotgan narsasidan о‘ziga xoslikni topa olishi kerak. Tabiatning har bir kо‘rinishi, chizuvchida unga nisbatan ijobiy yoki salbiy munosabat uyg‘otadi. Muallif tugatilgan ishni tomosha qilgan kabi tomoshabin ham yuqorida aytilgan hayajonni о‘z boshidan kechirishi kerak. Aksincha, rassomni hayajonga solmagan borliq tasviri tomoshabin diqqatini ham jalb qila olmaydi.

Shu sababli, talaba ishda muvaffaqiyatga erishish uchun о‘zida borliqqa nisbatan badiiy kо‘rish mahoratini rivojlantirishi kerak. Har bir talaba yuqorida aytilgan sifatlarni egallashga intilishi zarur. Biz quyida ushbu sifatlarni qaysi yо‘l bilan rivojlantirish kerakligi haqida fikr yuritamiz. Bu jarayonda, eng avvalo, talaba xotira asosida rasm chizish malakasiga ega bо‘lishi, rassom uchun kerakli sifatlarni tarbiyalaydigan tasavvurga ega bо‘lishi kerak. Tasavvurlar yig‘indisi esa topshiriqning ifodali yechimda yakunlanishini ta’minlaydi.


41-rasm. Natyurmort. Tus munosabatlari.


Agar talaba xotirasida u kuzatgan kishidagi kostyumning qaysi andozada tikilganigina qolsa, qog‘oz yuzasida modelning tо‘liq rasmini chiza olmaydi. Demak, uning xayoli faqatgina kostyum bilan bо‘lib qolib, naturani yaxlit idrok etmagan. Agar talaba oldida kuzatayotgan kishisini xotira asosida chizish vazifasi tursa, u mumkin qadar nuturaning yaxlit obrazini о‘z xotirasiga muhrlashi kerak. Bunga esa modelni yaxlit idrok etish orqali erishiladi.

Yaxlit kо‘rish inson kо‘zi orqali amalga oshiriladi. Kо‘z taxminan 1800 kenglikdagi narsani kо‘rish imkoniyatiga ega bо‘lgani holda, faqatgina 350 oshmagan kenglikdagi narsalarni aniq kо‘radi. Qolgan masofadagi narsalarni kо‘z doimiy harakatlanishi asosida kо‘radi. Bizni qiziqtirgan, ya’ni shu 350 kenglikda kо‘ringan narsalar asosiy narsa bо‘lib, uning yon-atrofidagilar esa ikkinchi darajali narsalardir yoki xuddi qо‘shilib ketgandek aniq kо‘rinmaydi. Aslida aniqroq kо‘ringan joy kompozitsiya markazi bо‘lib hisoblanadi. Atrof esa uncha aniq bо‘lmagan holda idrok etiladi. Mana shu kо‘rish jarayoni asosida kompozitsiya tanlovi amalga oshiriladi.

Ish bajarayotgan vaqtda talaba, eng avvalo, naturaning qayerda joylashtirilganligiga, yorug‘lik manbai qaysi tomondanligiga, yorug‘likning tabiiy yoki sun’iyligiga, uning nurlari naturaning qaysi bо‘laklarini yoritayotganligiga, bu bо‘laklar yuzasi qaysi rangdaligi yoki qaysi materialdan ishlanganligiga e’tiborni qaratishi kerak. Bu tus munosabatlarini idrok etish jarayonini yengillashtiradi, naturadagi tus birligi va asar yaxlitligini ta’minlashga xizmat qiladi (42-rasm).


42-rasm. Natyurmort. Tus munosabatlarining berilishi.


Ish jarayonida yaxlitlikni ta’minlashga о‘rganish va tus munosabatlari birligiga erishish uchun ba’zan-ba’zan naturani kо‘zni yarim qisgan holda kuzatish tavsiya etiladi. Bu usul ishda yaxlitlikni saqlashda hamda rasmning ifodali chiqishida katta ahamiyatga ega.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации