Читать книгу "Тасвирий санъат ўқитиш методикаси"
Автор книги: Ш.Р. Кобилов
Жанр: Учебная литература, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Bob bо‘yicha nazorat va mustahkamlash savollari:
1. Ish joyini jihozlash deganda nima nazarda tutiladi?
2. Pedagogik rasm chizish nimadan boshlanadi?
3. Tasvirni tо‘g‘ri joylashtirish usullari.
4. Chizish uchun moslama turlari.
5. Qalamtasvir materiallari.
6. Pedagogik rasm chizishning didaktik asoslari
7. Shaklning konstruktiv asoslari tushunchasi.
8. Kartina tekisligi deganda nimani tushunasiz?
9. Pedagogik tasvirda kompozitsion yechim deganda nimani tushunasiz?
10. Pedagogik rasmda tutashuv nuqtalari tushunchasi.
11. Chiziqli va konstruktiv tuzilish qonuniyatlari.
12. Yaxlitlik va tus munosabatlar tushunchasi.
13. Pedagogik rasm chizishda ketma-ketlik.
14. Natyurmort bajarish bosqichlari.
15. Sinf doskasida pedagogik rasm bajarish tushunchasi.
3-BOB. PEDAGOGIK RASMDA QISQA MUDDATLI ISHLARNING AHAMIYATI

Qisqa muddatli rasmning nazariy va amaliy asoslari. Rasmda manzarani chizish. Qisqa muddatli rasmda odamlar guruhini chizish. Xotira asosida rasm chizish. Tasavvur asosida rasm chizish. Qush va hayvonlar qalamtasviri.
Qisqa muddatli rasmlar bajarish
O‘quv rasmi badiiy grafika fakultetlarida asosiy fanlardan biridir. Ta’lim maqsadi esa pedagog-rassomni tayyorlash, unga tasvirlashning barcha qonuniyatlarini о‘rgatishdan iboratdir. Ta’lim jarayonida olingan bilim va kо‘nikmalar о‘qituvchiga pedagogik faoliyat bilan bir qatorda tasviriy san’at bо‘yicha ijodiy ish olib borishga imkon beradi. Ta’lim asosini naturadan davomli, kо‘p seansli rasmlarni bajarish tashkil etadi. Biroq qisqa muddatli rasmlar – narsaning asliga qarab chizishlar, xotira va tasavvur bо‘yicha rasmlar ustida ishlash ham muhim. Qator о‘quv vazifalarini bajarishda xomaki chizgilar yordamchi rol о‘ynab, ayni paytda rasm texnikasini egallashda alohida о‘rin tutadi: ular rassom – pedagogning g‘oyaviy-badiiy dunyoqarashini ma’lum darajada boyitadi. Qisqa muddatda bajarilgan rasm naturani ifodalashda ixchamlikni, shaklni umumlashtirib berishni talab etadi. Xomaki chizgilar ustidagi ish kuzatuvchanlikni rivojlantiradi, naturani yaxlit qabul qilish qobiliyatini tarbiyalaydi, texnik kо‘nikmalarni egallashga yordam beradi. Xomaki rasmlarni bajarish jarayoni naturadan chizishga asoslansa ham, uning asosida modelni mexanik chizib olish turmaydi. Bu jarayon predmetlar va tabiat hodisalarida ramziy umumlashtirishni ham о‘z ichiga oladi. Turli munosabatlarni, atrof-muhitning tipik xususiyatlarini ifodalash kо‘nikmasini rivojlantirishga yordam beradi.
Xomaki chizgilar va tez rasm solishlar turli vazifalarni bajarishni nazarda tutadi. Ular davomli rasm uchun yordamchi mashqlar hisoblanib, davomli о‘quv ishidan oldin keladi, shuningdek, mustahkamlash va о‘rganilgan materialni tekshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Zero, о‘qitish jarayonida ham, ustalar amaliyotida ham xomaki rasmlarning ijodiy ish sifatidagi о‘rni beqiyosdir.
Xomaki rasmlar va rasm solishlar ishida doimo aniq vazifalarni bajarish nazarda tutiladi. Agar biron bir harakatni timsoliy qayta tiklash kerak bо‘lsa (masalan, mehnat jarayonini), rassom harakatdagi naturani faqat bir necha chiziqlar bilan ifodalashi mumkin. Agar modelning ma’lum yoritilishi yoki yorug‘-soyali kontrastlarni berish talab etilsa, yumshoq qalam imkoniyatlarini qо‘llab, asosiy tus munosabatlariga diqqatni kuchaytirish kerak bо‘ladi. Bu jarayonda oldindan qog‘ozni vertikal yoki gorizontal joylashtirishni va naturaga nisbatan qanday о‘lchamda rasm solishni hal qilish kerak.
Odatda, xomaki rasmlar katta bо‘lmagan о‘lchamda qilinadi. Chizgilarni, ulardan bir nechtasini bir qog‘ozda joylashtirish mumkin. Hatto juda kam vositali, bir necha chiziqlar bilan bajarilgan xomaki rasm ham kompozitsiya ustida ishlashda yordamchi material bо‘lib xizmat qilishi mumkin. Uni hech qanday surat almashtira olmaydi, chunki u naturadagi eng asosiy, eng xarakterli xususiyatlarni о‘zida aks ettirmaydi. Rassom xomaki rasmda kо‘rilgandagi taassurotini ifodalagandan sо‘ng, u rassomning kо‘z xotirasida mustahkam qoladi.
Reja bо‘yicha xomaki chizgilarga ma’lum о‘rin ajratilgan. Bunday xomaki rasmlar yaratishning asosiy vazifasi turli predmetlar va naturaning xarakterli shakllarini ifodalashda bilim va amaliy kо‘nikmalarga ega bо‘lishdir. Rassom xomaki rasmning qator qonuniyatlarini о‘rganib, tez rasm tasviriy vositalarini qо‘llab, о‘zining naturaga bо‘lgan munosabatini aks ettirishga harakat qiladi. Xomaki rasmda timsoliy badiiy umumlashtirish naturani о‘rganish vositasi ham bо‘ladi. Shuning uchun xomaki rasm san’atida о‘rgatish va yaratish jarayonlari yaqindan bog‘langan. Rassom chiziqlarning tasviriy imkoniyatlarini egallab, ularni predmet va tabiat hodisalarini timsoliy tasvirlash uchun qо‘llashi mumkin.
Xoh davomli rasm bо‘lsin, xoh qisqa muddatli rasm bо‘lsin, о‘quvchi о‘z diqqatini naturani hajmli fazoviy qabul qilishga yо‘naltirishi kerak. Predmetlarning hajmli shakllarini, ularning konstruksiya tuzilishini tushunmay, u yoki bu shaklni savodli chizish mumkin emas. Odamning plastik anatomiyasi, gavdasining konstruktiv asosini о‘rganib, bu bilimlarni rasm ustida ishlashda qо‘llash kerak. Shakl tо‘g‘risida yaxlit tasavvurga ega bо‘lmay turib, uning kо‘rinib turuvchi qismlarini tо‘g‘ri tasvirlashga erishish qiyin. Binobarin, odam boshini uch qismga burilgan holda tasvirlashda – quloqni tо‘g‘ri joylashtirish uchun chizuvchi kо‘ziga kо‘rinmaydigan boshqa quloqning joylashish о‘rnini tasavvur eta olish zarur.
Talaba rasm chizishda asosiy tus munosabatlarini berib, shu bilan birga naturani yuzaki kо‘rishi kerak emas. Davomli о‘quv rasmlari ustida ishlash davomida talabalar «uch о‘lchamlilik», «hajm», «yorug‘lik-soya», «tus», «chiziq», «proporsiya» kabi tushunchalarni chuqur о‘rganish, shuningdek, rasmni izchil bajarish uslubini egallash imkoniga ega bо‘ladilar. Bu bilimlarning hammasini qisqa muddatli rasm ustida ishlashda ham qо‘llash zarur. Xomaki rasmda bularning hammasi to‘plangan holda keladi hamda rasm chizuvchidan diqqatni bir joyga tо‘plashni talab qiladi. Bu tabiiyki, talabalar ishini murakkablashtiradi.
O‘quvchi asta-sekin tasvirlanayotgan shaklni ixcham va ifodali beruvchi fazoviy chiziqlarni aniqlab oladi. Bu chiziqlar tajribali rassom qо‘lida yoritish va shakl xarakteriga qarab ish davomida о‘zgaradi: bir joyda kuchayadi, boshqa joyda kuchsizlanadi, ba’zan yaqinlashadi, ba’zan uzoqlashadi yoki ishlatiluvchi materialning bor kuchida namoyon bо‘ladi.
Shtrix chizig‘ining turlicha bо‘lishini ta’minlash xomaki rasmlarda hajmli shakllarni ifodali tasvirlashning asosiy vositalaridan biridir. U plastik va fazoviy masalalarni yechishga imkon beradi.
Xomaki rasmning xususiyati chiziqning dalilliligi va ifodaliligini talab etadi. Ortiqcha mehnat sarf qilingan va bо‘sh chiziq xomaki rasmni quruq, jonsiz tasvirga aylantiradi. Talabalar rasmda chiziq shaklini о‘rganish bо‘yicha ishning murakkab ekanligini his etishlari, predmetlarning tashqi chiziqlariga ortiqcha e’tibor qaratmaslik kerakligini bilishlari kerak.
Rasmda chiziq hajmni ifodalash vositasi bо‘lib, unga tо‘liq rasm bog‘liq bо‘ladi. P.P.Chistyakov: «Kimki shaklni kо‘rmasa, chiziqlarni tо‘g‘ri chiza olmaydi» deya о‘rgatar edi.
Ishlatilayotgan materialning qog‘oz yuzasiga ta’sir kuchiga bog‘liq bо‘lgan ifodali shtrix-chiziq uning plastik xarakterini aniqlab, shakl bо‘yicha borishi kerak. Xomaki rasmlarda yorug‘lik-soya munosabatlarini juda kam, faqatgina shaklning eng asosiy joylarida berish mumkin.
Agar xomaki rasmda tasvirlanayotgan natura tus munosabatlarini yoki siluetini berish talab etilsa, asosiy ish tasvirning ba’zi joylarini shtrixlash yordamida bajariladi. Tasvirda tus yechimini hal qilishda u yoki bu joyning absolyut tus kuchini kо‘rsatishga intilmaslik lozim. Yoritilgan yuzalarning soyaga nisbatan olinganlariga qarab nisbatini aniq tasvirlash lozim. Bundan tashqari, xomaki rasmlar, odatda, fonsiz beriladi. Bu tasvirga qandaydir shartlilik kiritadi, shuning uchun ular naturada bо‘lgan tus munosabatlarining aniq berilishiga xalaqit qila olmaydi.
Uzoq muddatli rasmda tusni aniqlash ustidagi ish asta-sekin olib borilsa, xomaki rasm asosiy tus aksentlarini tez aniqlashni talab etadi. Tus yechimi tanlangan qog‘ozning turli navlari, devor gul qog‘ozlarining teskari tomonida sinab kо‘riladi. Qog‘ozning tanlanishi, odatda, ishlatilayotgan material xususiyatlariga bog‘liq. Rasm uchun eng keng tarqalgan material grafit qalamidir. Xomaki rasmlar va chizgilarda ishni qalamning shartli «M» turidan boshlash va yuqori yumshoq qalamlarni ishlatish qulayroq. Qattiq grafit qalam kо‘pincha mayda detallarni tasvirlashda ishlatiladi.
Xomaki rasmning qisqa muddatliligi tufayli о‘chirg‘ich kо‘p ishlatilmaydi. Xomaki rasmlar uchun «Retush» №1,2 yaxshi material hisoblanib, tuslarni ifodalash uchun qulay, yaltiramaydi va deyarli barcha qog‘oz navlarida ishlatilishi mumkin. Rasm uchun о‘ziga xos material kuydirilgan yog‘och kо‘miri bо‘lib, ishlatishga qulaydir. U yirik yuzalarni umumiy hal etish, shunungdek, predmet shakli ancha mayda joylarni tasvirlashga imkon beradi. Kо‘mir turli yog‘och jinslardan tayyorlanuvchi ingichka tayoqchalardan iborat. Kо‘mirni о‘chirish va ortiqcha qorong‘i joylarini rasmda susaytirish uchun oq non ushog‘i ishlatiladi. Oddiy о‘chirg‘ich esa shtrixlangan yuzaning ifloslanishiga olib keladi. Kо‘mir bilan ishlash uchun dag‘al yuzali qog‘oz navlarini qо‘llash yaxshiroq. Bu holda kulrang о‘rash qog‘ozi va devorgul qog‘ozining teskari tomonidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Yorug‘ joylarni bajarish uchun ba’zan bо‘r ham ishlatiladi. Uni о‘ta ehtiyotkorlik bilan faqatgina eng yoritilgan joylarda ishlatish mumkin. Bо‘rdan ortiqcha foydalanish kerak emas, chunki bu tajribasiz rassom ishida tashqi ta’sirlarning kо‘payishiga, rasm savodliligining pasayishiga olib keladi.
Vositalardan biri yog‘sizlantirilgan, biroz suv qо‘shib suyultirilgan sigir sutidir. Rasm gorizontal qо‘yilib, purkagich yordamida uning ustiga fiksativ sepiladi. Mustahkamlovchi sifatida yelim yoki jelatinning juda kuchsiz eritmalarini ham tavsiya etish mumkin.
Kо‘mirning barcha afzalliklariga qaramay, undan kо‘p foydalanish yaramaydi. Chunki uning maydalanib ketishi, hosil qilinuvchi shtrix fakturasining alohidaligi ma’lum darajada u yoki bu shaklni tasvirlashda aniqlikni talab etuvchi sof о‘quv vazifalaridan diqqatni olib qochadi.
Xomaki rasmda sangina ancha kam ishlatiladi. Uni rasmda ma’lum tajribaga ega bо‘lgandagina qо‘llash mumkin. Sangina – jigarrang, moyli bо‘r. Undan «о‘sib boruvchi»dek yoki shtrix vositasi sifatida foydalanadilar.
Davomli rasmda ham, xomaki rasmda ham kо‘pincha sous ishlatiladi. Sous bilan ishni ikki usulda olib borish mumkin – quruq va hо‘l. Birinchi holda qog‘ozda retusha bilan ishlanadi, ikkinchisida suvda eritilib, mо‘yqalam bilan bajariladi. Mayin mо‘yqalam yordamida sous bilan juda nafis xomaki chizgilarni bajarish mumkin.
Xomaki rasmlarda tush ham ishlatiladi. Tush bilan rasm yumshoq mо‘yqalam orqali suv qо‘shib yoki qо‘shmasdan bajariladi. Keyingi holda tush mо‘yqalamga juda kam olinadi, chunki mо‘yqalam deyarli quruq qoladi va ish, asosan, shtrixlar bilan olib boriladi. Tush bilan ishlashda pero ham keng ishlatiladi. U ayniqsa, о‘lchamlari bо‘yicha mayda xomaki chizgilarda kо‘p qо‘llaniladi. Rangli qalamlarni ham ishlatish mumkin: bir rangli yoki ikki rangli (masalan, jigarrang va qora).
Xomaki rasmlar ustida ishlashda akvarelning imkoniyatlari keng. Xomaki rasmni etyudga aylantirmay, ikki-uch yoki bir rangni qо‘llab va shaklni umumlashtirish usulini tus bо‘yicha kontrast tarzda olib borib, juda ifodali yechimlarga erishish mumkin.
Qisqa muddatda bajarilgan rasmlarda kо‘plab materiallar va bajarishning texnik usullari qо‘llanishi mumkin. Biroq ularni tanlash uchun, eng avvalo, badiiy maqsad, ijodiy vazifa, tasvirlanayotgan obyekt xususiyatlari va rasm chizuvchining shaxsiy tajribasi bо‘lishi kerak.
Atrofimizdagi turmush, predmetlar rasmini chizish eng sodda va о‘rganishning boshlang‘ich davriga tо‘g‘ri keladi. Mustaqil ishlar qamrovida turli narsalar chizish obyekti bо‘lib xizmat qilishi mumkin. Ammo ish avvalida shaklan ancha sodda predmetlarni tanlash yaxshiroq. Predmet shakli va nisbatlari tо‘g‘risida tо‘liq tasavvurga ega bо‘lish uchun turli holatlarda va turli kо‘rish nuqtalaridan chizish foydalidir. Bu borada mazmunan umumlashgan predmetlar guruhidan iborat xomaki rasmlarni chizish yaxshi samara beradi.
Me’moriy yodgorliklar, muzeylar va boshqa tarixiy joylarga borganda, davomli rasm bajarish imkoni bо‘lmaganda albomda rasmlar bajarish juda qulaydir. Syujet kompozitsiyasi ustida ishlayotgan rassomga maqsadga javob beruvchi motivni topish uchun mavzuga oid tez, ixcham xomaki rasmlar bajarishga tо‘g‘ri keladi. Xonaning xarakterli ichki kо‘rinishini timsoliy qabul qilish, uning odamlar bilan organik bog‘lanishi ba’zan rassomning ijodiy tasavvuriga turtki bо‘ladi va uni ma’lum syujet sari chorlaydi.

43-rasm.
Tasviriy san’at о‘qituvchisi tayyorgarligida uzoq muddatli, akademik topshiriqlar chizish bilan bir qatorda qisqa muddatli rasmlar (nabroska, tezkor rasm) bajarish muhim ahamiyat kasb etadi. Qisqa muddatli rasmlarning vazifasi imkoni boricha qisqa vaqt ichida rasmdagi tipik holat va xarakterlarni ajratib ifodalashdan iborat. Bunday rasmlar katta akademik topshiriqni bajarishda ham muhim rol о‘ynaydi. Ayniqsa, eng qiziqarli kо‘rish nuqtasini tanlashda, tus nisbatini aniqlashda uning ahamiyati kattadir.
Qoralama orqali rassom hayotdagi rang-barang lavhalarni о‘z albomiga tushiradi. Shu bilan rassomda obrazli fikrlash xususiyati shakllanadi. Tо‘plangan nabroska, eskiz (qoralama)lar kelajakda bitiruv ishini yaratishda katta yordam beradi (44 – rasm).

44-rasm. Оdam bosh qismi qalamtasviri.
Qisqa muddatli rasmlar, ayniqsa, oliy badiiy pedagogik ta’limda muhimdir. Chunki rasm о‘qituvchisining sinf doskasida tez va sifatli rasm bajarishi uning professional mahoratidan dalolatdir.
Bо‘lajak tasviriy san’at о‘qituvchisi tayyorgarligida xotira va tasavvur asosida rasm chizish doimiy о‘rin egallashi kerak. Xususan, sirtqi bо‘limda о‘qiyotgan talaba uchun bu muhimdir. O‘rta maktab tasviriy san’at dasturida mavzuli rasmlar bajarishga katta ahamiyat beriladi. Xotira va tasavvur asosida rasm chiza olmagan о‘qituvchi, rassom pedagogik va ijodiy faoliyatda ma’lum natijaga erishishi qiyin. Xotiradan rasm chizish qobiliyatiga kо‘pchilik ega emas. Bunday fazilatni tarbiyalamoq lozim.
Manzarani tasvirlash usullari
Manzara chizish shahar yoki qishloqning turli motivlarini, xomaki manzaralarini va uning alohida elementlarini (masalan, daraxtlar, uylar, yer, bulutlar va h.k.) bilishni taqozo etadi.
Tabiat tasviriga oid qisqa muddatli rasmlarda ham nisbatlarni topa olish, chiziqli va havo perspektivasi qoidalarini bilish, masshtablarni aniqlash bо‘yicha chuqur bilimga ega bо‘lish lozim.

45-rasm. Daraxt qalam tasviri.
Manzaraning alohida elementlarini chizish ustida ishlash jarayoni tabiatni tо‘la idrok etish bilan bog‘liq. Masalan, daraxt, uning konstruktiv bog‘lanishini tahlil qilib, tananing shoxlar va barglar joylashgan о‘rinlarini aniqlash kerak. Har bir daraxt – archa, majnuntol, oq qayin – о‘z shakliga ega.
Rassom bir qarashdayoq tabiatdagi barcha nozik va qiziq motivlarni anglab oladi. Etyudlarga chiqish vaqtida bloknot va qalam olib, gо‘zal shakli bilan о‘zini maftun qilgan obyektdagi barcha unsurlarni tasvirlashga tushadi. Ular orasidagi munosabatlar: yorug‘ – soya, rang uyg‘unligi, plastikasi va shakl yechimlarining о‘zaro bog‘liqligi uning diqqat markazida bо‘ladi (46 – rasm).
Ba’zi hollarda tabiatning ma’lum holatini aks ettirishni maqsad qilib olish foydalidir. Bugungi kunimizni tavsiflovchi va xomaki rasmda aks ettirilgan manzara elementi keyinchalik rassomchilik yoki grafikada timsoliy kompozitsion yechimga zamin yaratadi.

46-rasm. Manzara. Тush, pero.
Mashhur manzara ustalari xomaki rasmlarni katta asarlar uchun boshlang‘ich material sifatida qо‘llashgan.
Me’moriy yodgorliklar va ularning uslub xususiyatlarini aks ettiruvchi alohida dekorativ elementlarni chizish barchada katta qiziqish uyg‘otadi. Kran va boshqa texnika vositalari tasvirlangan qurilish rasmlari perspektiva tо‘g‘risidagi bilimlarni mustahkamlaydi, yirik shakl nisbatlari va masshtabli nisbatlarni aniqlashda kо‘zni mashq qildiradi (47– rasm).
Agar shahar motivi rasmiga odamlar guruhi kiritilgan bо‘lsa, naturani umumlashtirib kо‘rishga harakat qilish kerak. Qomatlarni tasvirlab, asosiy tо‘da xarakteri, uning siluetini chetda nazardan qoldirmaslik kerak.
Kо‘cha harakatga tо‘la. Uni tasvirlash uchun u yoki bu hayot daqiqasini umumlashtirib qayd etishga sharoit yaratuvchi xomaki rasm imkoniyatlaridan foydalanish lozim. Bunda har safar ma’lum vazifani qо‘yish talab qilinadi.

47-rasm. Таbiat manzarasi qalam tasviri.

48-rasm. Qurigan daraxt qalam chizgisi.

49-rasm. Daraxtlar qalam tasviri.

50 – rasm. Daraxtlar qalam tasviri.

51-rasm. Buta tasviri.
Odamlar guruhini tasvirlash
Bunday topshiriqlar talabalar uchun bir oz qiyinchilik tug‘diradi. Bu jarayonda xarakterlari bо‘yicha bir necha turli figuralarni taqqoslash nazarda tutiladi. Qo‘yilgan maqsadda perspektiva va masshtab moslashuvini aniqlash, tasvirlanuvchining plastik birligini saqlab qolish va nihoyat, odamlar guruhining syujetli aloqadorligini ta’minlash talab etiladi. Mana shu vazifalar majmui bunday chizishlarda ma’lum kompozitsion kо‘nikmalarni о‘stirish uchun xizmat qiladi. Hayotiy kuzatmalar zaxirasini yaratib, janr kompozitsiyasini yaratishda boshlang‘ich asos bо‘la oladi. Dastlab ancha aniq, sodda holatdagi ikki qomatni chizish qulayroq. Ulardan biri tik turibdi, ikkinchisi yonida о‘tiribdi, ikkalasi bir mashg‘ulot bilan mashg‘ul. Navbatdagi topshiriqlar asta-sekin murakkablashtirib boriladi. Bunda e’tiborni naturaning hayotiy vositalar asosida ifodalanishiga qaratish kerak.
Bir necha figuradan iborat yoki mashg‘ulot bilan band guruhni chizishda butun guruhni yaxlit qabul qilish zarur. Bu tasvirlar odamlar guruhini birlashtiruvchi syujet motivini ifodalashga imkon beradi.
Mashhur ustalar ishlarida tasvirlangan sahnalar mohiyati figuralar aloqadorligini anglash qisqa muddatli rasmda naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini kо‘rsatadi.
Agar murakkab odamlar guruhini tasvirlash talab etilsa, ular birbiridan ma’lum uzoqlikda ichkariga qarab joylashganda, figuralarning perspektiv qisqarishini hisobga olish zarur. Tus yechimini esa naturaning fazoviy holatini aniqlashga yо‘naltirish kerak (54-57– rasm).
Xotiradan rasm chizish oldin chizilgan rasmni yoki kо‘rganni imkoni boricha qayta qog‘ozda takrorlash hisoblanadi. Kо‘rish xotirasini rivojlantirish uchun maxsus psixologik test va topshiriqlar mavjud. Rasmda eng oddiy yо‘l – auditoriyada chizilgan akademik topshiriqni xotiradan qisqa vaqtda qayta chizish, takrorlashdir. Xotiradan chizilgan model va akademik rasm rassomning kо‘z oldida bо‘lmasligi shart. Bu ishni oddiy geometrik jismlardan boshlash maqsadga muvofiqdir. Topshiriqlar sekin-asta murakkablashtirib borilishi kerak.

52-rasm. Qisqa muddatli rasmlar.


53-54-rasmlar. Qisqa muddatli rasmlar.


55-56-57-rasmlar. Qisqa muddatli rasmlar.
Xotira bо‘yicha о‘quv mashqlarini juda yaxshi tanish bо‘lgan oddiy predmetlarni chizishdan boshlash kerak. Bu turli alohida yoki ma’lum kombinatsiyalarda olingan geometrik figuralar, turmush predmetlari, mebel bо‘lishi mumkin. Agar о‘quvchi о‘rganishning boshlang‘ich qismidan о‘tgan bо‘lsa, xotira bо‘yicha tasvirlash predmeti qushlar va turli hayvonlar tulumi bо‘lishi mumkin. Sо‘ng esa odam figurasini xomaki chizishga о‘tish mumkin.
Xotira bо‘yicha xomaki chizishlar ustida ishlab, tashqi ta’sirlardan saqlanib, shaklning chuqur tahliliga asosiy e’tiborni qaratish kerak. Shunday mashqlardan biri davomli rasmda naturadan bajarilganlarni xotira bо‘yicha xomaki chizishdir. Bu paytda model va rasm kо‘z oldida bо‘lmasligi kerak. Xomaki rasmni bajargach, uni natura bilan solishtirish va xatolarni aniqlash zarur. Xotira bо‘yicha ishlashda naturani bajarilgan oldingi rasmga mо‘ljal olish kerak emas, chunki bu jarayondagi asosiy vazifa model tо‘g‘risida о‘z tasavvurini ifodalashdan iboratdir.
Keyingi mashq biron-bir predmetni bevosita xotira bо‘yicha chizishdan iborat bо‘lishi kerak. Bunda о‘zining birinchi taassuroti va oldindan kuzatishlariga asoslanish muhim. Tasvirlash uchun tanlangan predmetni kuzatib, uning asosiy konstruktiv tuzilishi, shakl xususiyatini aniqlash zarur. Sо‘ng predmetni olib qо‘yish va rasm chizishga о‘tish kerak.
P.P.Chistyakov yosh rassomlarga uyda kun bо‘yi naturada kо‘rganlarini xotira bо‘yicha chizishni tavsiya qilardi. Bundan tashqari, Chistyakov о‘quvchilariga modelni qisqa vaqt ichida ma’lum holatda qо‘yib, uni о‘rganishga vaqt ajratib, xotira bо‘yicha chizishni taklif qilardi. D.N.Kardovskiy shogirdlarining xotirlashicha, bu mashhur rassom-pedagog kо‘z xotirasini rivojlantirishga katta e’tibor bergan va shu maqsadda turli maxsus topshiriqlar ishlab chiqqan. Uning shogirdlari davomli rasm ustidagi ish jarayonida naturadan va xotira bо‘yicha kо‘p sonli xomaki rasmlarni bajarishgan.
Xotira bо‘yicha chizish kо‘p shakllarda bо‘lishi mumkin. Masalan, san’at asarlarining sxematik rasmi, xoh u dastgohli kompozitsiya bо‘lsin, xoh haykaltaroshlik yoki xalq amaliy san’ati namunasi bо‘lsin, juda foydalidir. Bunday mashhur shaklni plastik ifodalash sezgirlikni rivojlantiradi, о‘quvchilarning kuzatuvchanligini oshiradi.
Xotira bо‘yicha tizimli chizishlar predmetni umumiy kо‘rish orqali qabul qilishga о‘rgatadi. Naturadan asosiy narsani tanlab olish malakasini tarbiyalaydi. Xotira bо‘yicha chizish predmetga har tomonlama jiddiy qarashga majbur qiladi. Shuning uchun rasmga о‘rgatishning boshidan natura bilan ishlash, ayni paytda unga qaramay ishlash tavsiya etiladi, ya’ni xotira bо‘yicha ish kо‘rish talab qilinadi. Kо‘pincha bu ishda qisqa muddatli rasm ishlatilishi maqsadga muvofiqdir.
Rangtasvir yoki grafik ishlarda ijodiy muvaffaqiyatlar yaxshi rivojlangan kо‘z xotirasi tufayli predmetlarning eng xarakterli va ahamiyatli tomonlarini eslab qolish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Xotira bо‘yicha chizishga tasviriy san’atning mashhur ustalari K.P.Bryullov, I.K.Ayvazovskiy, I.E.Repin, M.A.Vrubel, I.I.Levitan va boshqalar katta ahamiyat berganlar. N.N.Ge yozganidek: «Jonli shaklni tasvirlashning eng yaxshi usuli har kuni xotira bо‘yicha yoddan chizishdir. Qarshingizda uchraganlarni tasvirlang, xoh yorug‘lik, xoh shakl, xoh sahna bо‘lsin – sizning e’tiboringizni jalb etgan har qanday narsani chizing. Sо‘ng esa odam qomatini xomaki chizishga о‘ting».
Xomaki rasm bajarish jarayonida rassomni qiziqtiruvchi predmet yoki hodisa muhim ahamiyat kasb etadi. U eng kuchli timsolli bо‘lib, kо‘z xotirasiga bog‘liq holda kо‘rilgan narsadagi eng xarakterli tomonlarni qayd etishi kerak. San’atda kо‘z xotirasi katta rol о‘ynaydi. Rassom о‘z kо‘z xotirasini doimo rivojlantirishi zarur.
Tasavvurdan rasm chizish ham kо‘rish xotirasiga asoslangan bо‘lib, bunda rassom о‘z ongida turli narsalarning kо‘rinishi va holatini qayta yaratishi lozim. Tasavvurdan rasm chizish qobiliyatini rivojlantirish yо‘li qator rasmlardan mashq bajarish bо‘lib hisoblanadi. Maqsad esa naturani о‘rganib, tasavvurdan turli kо‘rish nuqtalari orqali, turli holatlarda mazkur naturani takroran tasvirlashdir.
Oldimizga qо‘yilgan maqsadga bog‘liq holda qalamchizgilarni bajarish muddati – 2-10 daqiqa bо‘lishi mumkin.
Uzoq muddatli rasm chizishdan oldin predmetlar shakli, ularning bir-biriga nisbatan о‘zaro munosabati va fazodagi vaziyatini о‘rganish uchun qisqa muddatli qalamtasvirlardan foydalaniladi.
Qalamchizgilar borliqni haqqoniy tasvirlash, chizish uchun qulay bо‘lgan nuqtani topishda juda ham muhimdir.

58– rasm. Gipsdan yasalgan vazani tasavvur asosida turli holatlarda chizish.
Qalamchizgilar nafaqat uzoq muddatli rasmlar chizish uchun yordamchi material, balki mustaqil maqsadni amalga oshirishni ham kо‘zlashi mumkin. Qalamchizgilar ustida ishlash chizuvchida kuzatuvchanlik, naturadagi eng asosiy narsani ilg‘ab olish hamda naturadagi shakl va eng xarakterli xususiyatlarni tez ilg‘ab olish malakalarini о‘stiradi.
Qalamchizgilar, odatda, unga katta bо‘lmagan oddiy yoki rangli qog‘ozda oddiy grafit qalam, ayrim hollarda tush yoki akvarelda bajariladi. Tez bajariladigan qalamchizgida (ayniqsa, ishni tush bilan bajarganda) ehtiyotkorlik bilan ishlash talab etiladi. Buning sababi bajarilgan ishni tuzatish qiyinligidadir.
Siz qо‘lga qalamni oldingiz. Oldingizda qandaydir mashinaning tasvirini chizish vazifasi turibdi. Agar siz oldin bu mashinani kо‘rmagan bо‘lsangiz, tasviringiz beо‘xshov chiqishi mumkin. Shu sababli naturani, ya’ni chizmoqchi bо‘lgan mashinangizni kuzating va quyidagilarga e’tibor bering. Mashinaning umumiy kо‘rinishi qanday, kengligi, balandligining uzunligiga nisbati qanday, mashina g‘ildiraklari qayerda joylashgan, mashinaning ustki qismi, old kо‘rinishlari qanday?

59-rasm. Qushni о‘ziga qarab, xotira asosida va таsavvur orqali chizish.

60-rasm. Gipsdan yasalgan boshni chizish bosqichlari (Е. Ignat’ev metodi).
Shu sababli bu vazifani bajarishdan oldin kо‘chaga chiqib, mashinani kuzating va uni naturadan bir emas, besh-о‘n marta chizing. Chizgan vaqtda nafaqat oldindan, balki yon va orqa tomon kо‘rinishlarini ham tasvirlang. Sizning xotirangizda bu tasvirlar uzoq vaqt saqlanib qoladi va siz hech qiynalmay xohlagan vaqtda mashina tasvirini turlicha kо‘rinish va burilishlarda chiza olasiz. Shuni esda saqlash lozimki, borliqni tо‘g‘ri idrok etish uni chiroyli tasvirlash uchun imkon yaratadi.
Buyuk rassom Mikelanjeloning biografi A.Kondivi yozishicha, uning xotirasi kuchli kishi bо‘lgan. «Mikelanjelo – hayron qolarli xotiraga ega bо‘lib, u chizgan minglab figuralar bir-biriga о‘xshamas edi, bir-birini hech qachon takrorlamas edi…»

61– rasm. Gipsdan yasalgan boshni chizish bosqichlari (Е. Ignat’ev metodi).
Rasm chizishga о‘rgatish jarayonida inson gavdasini tasvirlash muhim о‘rin tutadi. Bu turdagi ishlarni bajarish talabadan ma’lum tayyorgarlikni, plastik anatomiya va perspektiva qonunlarini bilishni talab etadi. Kо‘p hollarda talaba inson terisi ostidagi anatomik tuzilishni bilmasdan turib, shaklda yorug‘lik-soyalarni ishlaydi, naturaning tashqi kо‘rinishiga e’tiborni qaratadi. Natijada inson gavdasining konstruktiv tuzilishi, uning harakatlanish mexanizmini tasvirlashda xatolikka yо‘l qо‘yadi. Shu bois odam rasmini chizishni о‘rganish jarayonida inson gavda tuzilishini yetarlicha bilish maqsadga muvofiqdir.
Inson tuzilishi bosh suyagi, tana, qо‘l va oyoq suyaklaridan iborat bо‘lib, ular о‘zaro umurtqa suyagi orqali bog‘lanib turadi.
Inson gavdasini chizish jarayonida, eng avvalo, tasvirlanayotgan obyektni nigoh bilan tо‘liq qamrab olish, gavdadagi harakat plastikasini, nisbatlari va xarakterli tomonlarini qamrab olish zarur. Sо‘ngra olingan taassurotlarning qog‘oz yuzasidagi tasvirini oldindan faraz qilib, kompozitsiya tanlash zarur. Keyingi bosqichda tasvirlash lozim bо‘lgan hajmli modelning (bu о‘rinda inson gavdasi) qaysi holatda turganligini aniqlash va tahlil qilish talab etiladi.
Kiyingan kishi gavdasi rasmini chizgan vaqtda e’tiborni uning kiyimi, burmalariga qaratish emas, balki kiyim ostidagi tananing konstruksiyasini kо‘z oldimizga keltirishimiz lozim.
Ishning boshlang‘ich bosqichida gavda harakati, tayanchi, asosiy nisbatlardagi qismlari tо‘liq aniqlanishi zarur. Chizilayotgan qomat karkasi (bu о‘rinda skelet) topilib, kiyintiriladi, sо‘ngra chiziladi. Rassom A.A.Deyneka bu haqda shunday yozib qoldirgan edi: «Katta shakllarni belgilang va ishning bu bosqichida detallar va muskullarni esdan chiqaring. Ikki oyoqni о‘z о‘rniga tо‘g‘ri qо‘ying. Yelka kamariga bо‘yin va boshni «bog‘lang». Chiziqlarni aniqlang va muskullar xarakteristikasini kiriting».
Endi ish bajarish bosqichlarini kо‘rib chiqsak. Birinchi navbatda, butun gavdaning og‘irlik markazini topish zarur. Tik turgan gavda bizga silindrni va uning ustida turgan bosh esa tuxumsimon shaklni eslatadi. Bosh qismi yoshga bog‘liq bо‘lib, bunda о‘lchovlar quyidagicha qabul qilingan: 2-3 yoshli bola boshi gavdaning 1/5 qismiga, 7-10 yoshli bolada 6 marta, katta yoshdagi kishilarda esa 7-8 martani tashkil etadi. Shu sababli bosh masshtabdek qabul qilinib, gavdaga qо‘yib chiqiladi.
Tik turgan gavdada og‘irlik ma’lum bir tayanch maydoniga ega bо‘ladi. Agar bu maydondan chetga chiqilsa, muvozanat buzilib, gavda «qulaydi».
O‘tkazilgan og‘irlik markazi chizig‘i asosida gorizont aniqlanadi. Rasm chizish jarayonida sxematik tarzda chanoq suyagini tasvirlash ham foydadan xoli emas. Chanoq, umurtqa pog‘onasi va kо‘krak qafasi, oyoq holatlarining о‘zgarishi asosida gavda shakli ham о‘zgaradi.
Figurani umumlashtirgan holda chizib chiqqandan sо‘ng, rasmning ifodaliligini kuchaytiradigan eng asosiy detallarga qaytish mumkin.
Eng asosiy vazifa nisbatlarni saqlab qolish, plastik muvozanatni buzmaslikdir. Umurtqa pog‘onasi о‘rta chiziq bо‘lib xizmat qiladi. Rasm chizish jarayonida har bir yelka suyagining uzunligini topish, unga tirsak va bilak suyaklari qanday birlashganligini va ular qо‘l panjasiga qanday birikkanligini kuzatish lozim. Inson gavdasi karkasi tuzilishiga 3-4 daqiqa vaqt ajratiladi. Shunday qilib, karka topilgandan sо‘ng, uni «kiyintirishga» о‘tish mumkin. Bunda kо‘krak, qorin, bel katta silindr shaklini eslatadi.
Ish kiyimlar va ular ostidagi gavdaning shaklga mos tushishini tasvirlash bilan yakunlanadi. Shuni esdan chiqarmaslik zarurki, har bir chizilayotgan inson gavdasi bir-biridan о‘zining individual xususiyatlari bilan ajralib turadi (semiz, oriq va h.z.).
Kiyingan kishi gavdasini tasvirlashdan kо‘zlangan maqsad u kiygan kiyim emas, balki insonning о‘zini, uning tabiiy holatini tasvirlash ekanligini unutmaslik lozim. Talabalar kо‘p hollarda kiyim burmalarini chizishda qiyinchiliklarga duch keladilar. Shu sababli turli matolarda burmalar turlicha hosil bо‘lishini nazardan qochirmaslik kerak. Mato qanchalik qalin va dag‘al bо‘lsa, shuncha kam burma hosil qiladi. Shu sababli matoni diqqat bilan kuzatib, kо‘rinadigan hamma burmalarni emas, balki xarakterli, qiziqarlilarini tanlab chizish mumkin.
Qisqa muddatli rasmlarni chizganda turli xil materiallardan foydalanish tavsiya etiladi. Jumladan, qalam, sangina, kо‘mir va «retush» qalami, sous, akvarel, tush va boshqalar. Lekin о‘rganish bosqichida yumshoq grafit (M, 2 M) qalamlarida ish bajarish tavsiya etiladi. Qalamda chizilgan har bir chiziq shakl plastikasini berishini, uzoq va yaqin joylarni tasvirlashda uning kuchidan turlicha foydalanish imkoniyatlari mavjudligini unutmaslik lozim.