Текст книги "Капитан Грант болалари"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 47 страниц) [доступный отрывок для чтения: 15 страниц]
To‘qqizinchi bob
MAGELLAN BO‘G‘OZI
Paganelning bu qarorini eshitib «Dunkan»dagilar hammasi xursand bo‘lishdi. Kichkina Robert shaxt bilan uning bo‘yniga osilib, oz bo‘lmasa geografiya jamiyatining hurmatli sekretarini yiqitib yuboray dedi.
– O‘ktam yigitcha! – dedi Paganel. – Men unga geografiyani o‘rgataman.
Aftidan, Robert juda o‘tkir odam bo‘lib yetishadiganga o‘xshab qoldi, chunki Jon Mangls uni dengizchi qilib yetishtirishga, Glenarvan – mard, mayor – sovuqqon, Elen – mehribon va olijanob yigit qilib yetishtirishga ahd qilgan edilar. Meri Grant esa uni bu barcha murabbiylaridan minnatdor qilib tarbiyalashga tirishdi.
«Dunkan» ko‘mir yuklashni tezda tugatib, bu ko‘rimsiz, g‘amgin orollardan jo‘nab ketdi. U g‘arb tomonga qayrila borib, Braziliya qirg‘oqlari yaqinidan o‘tadigan dengiz oqimiga tushib oldi, 7-sentabrda esa shimoldan esib turgan kuchli shamol ostida ekvatordan o‘tib, Janubiy yarim sharga kirdi.
Safar qiyinchiliksiz borardi. Hamma ham ekspeditsiyaning muvaffaqiyat qozonishiga ishonar edi. Kapitan Grantni topishga bo‘lgan umid borgan sari oshganday tuyulardi. Bunga juda ishonganlardan biri «Dunkan»ning kapitani edi. Uning bunchalik qattiq ishonch bildirishiga asosiy sabablardan biri Meri Grantni umidvor va baxtli holda ko‘rishga qizg‘in intilishi edi. Jon Mangls bu qizga juda boshqacha qiziqib qolgan bo‘lib, qizga bo‘lgan o‘z hislarini shunday muvaffaqiyat bilan yashirar ediki, buni Meri Grant bilan uning o‘zidan boshqa hamma sezib oldi. Geografiya olimiga kelsak, butun Janubiy yarim sharda undan baxtli odam yo‘qday edi. U kun bo‘yi kayut-konpaniyadagi stol ustiga yozilgan kartalarni o‘rganar, stolga dasturxon yozmoqchi bo‘lgan Olbinet bilan Paganel o‘rtasida har kuni bir tortishuv bo‘lardi. Shuni ham aytish kerakki, bu tortishuvda kemadagi butun yo‘lovchilar Paganel tarafini olar, faqatgina mayor bundan chetda qolar edi; u o‘z odaticha geografiyaga ham tamomi sovuqqonlik bilan qarardi, ayniqsa ovqat vaqtlarida unga mutlaqo qiziqmasdi. Paganel o‘ziga geografiya bilan shug‘ullanishdan boshqa ham ish topdi. U kapitan yordamchisining yashigidan bir qancha kitob topib keldi, bu kitoblar orasidan bir nechta ispancha kitob topib oldi-da, Servantesning tilini o‘rganishga qaror qildi. Eslatib o‘taylikki, kemada bu tilni hech kim bilmas edi. Ispan tilini bilish geografiya olimiga Chili sohillarini o‘rganishda yordam berishi kerak edi. O‘zining til o‘rganish qobiliyati kuchli ekanidan foydalanib, u kema Konsepsionga yetib borguncha bu tilni gaplashadigan darajada egallab olmoqchi edi. Shuning uchun u ispan tilini o‘rganishga jon kuydirib kirishdi va notanish so‘zlarni to‘xtovsiz ravishda takrorlay boshladi.
Buning ustiga Paganel bo‘sh paytlarida Robertni yoniga chaqirib olar va unga «Dunkan» tezlik bilan yaqinlashib borayotgan sohillar to‘g‘risida so‘zlab berardi.
10-sentabrda «Dunkan» 5°37’ kenglik va 31°15’ uzunlikka yetib bordi, shunda Paganelning yangi do‘stlari hatto durustgina ma’lumotli kishilar ham bilmagan narsalardan xabardor bo‘ldilar. Paganel ularga Amerikaning tarixini so‘zlab berdi. Gap hozir «Dunkan» o‘tib borayotgan yo‘llardan yurgan buyuk dengiz sayyohlariga kelgach, u Xristofor Kolumb haqida gapi rib ketdi va o‘z hikoyasini genuyalik bu buyuk sayohatchi Yangi Dunyoni topganini o‘zi bilmasdan o‘lib ketdi, deb tugatdi.
Shunda uning hikoyasini eshitib o‘tirganlarning hammasi qattiq e’tiroz bildirdilar, lekin Paganel o‘z so‘zida turib oldi.
‒ Bu tamoman tasdiqlangan gap, – dedi u. – Men Kolumbning shuhratini pastga urmoqchi emasman, lekin fakt faktligicha qoladi. O‘n beshinchi asrning oxirida kishilarning butun fikri-zikri Osiyo bilan munosabatni yengillashtirish va g‘arb tomondan Sharqqa borish masalasiga qaratilgan edi. Qisqasi, «noz-ne’matlar o‘lkasiga» boradigan eng qisqa yo‘lni axtarib topishga intilar edilar. Kolumb ham o‘z oldiga shu vazifani qo‘ydi. U to‘rt marta sayohat qildi, Kuman, Gonduras, Maskit sohillari, Nikaragua, Veragua4242
Veragua – Panamaning eski nomi.
[Закрыть], Kosta-Rika va Panamadan chiqdi, lekin, bu yerlarni Yaponiya va Xitoy sohillari deb gumon qildi. Shunday qilib, u kattakon qit’aning mavjudligidan bexabar vafot qilib ketdi, afsuski, bu qit’a uning nomiga ham qo‘yilmadi.
‒ Men sizga ishonmoq istardim, aziz Paganel, – dedi Glenarvan. – Lekin juda hayron bo‘lib qoldim. Sizga bitta savol bermoqchiman: Kolumbning ixtirosini dengiz sayyohlaridan kim to‘g‘ri tushungan?
‒ Shu ishni undan keyin davom ettirganlar: Kolumbning sayohatlarida ishtirok qilgan Oxeddan tortib, Vinsent Pinson, Amerigo Vespuchchi, Mendosa, Bastidas, Kabral, Solis, Balboagacha. Bu dengiz sayyohlari Amerikaning sharqiy sohillari bo‘ylab o‘tib, uning chegarasini kartaga tushirib borganlar: bundan uch yuz oltmish yil burun ular ham hozir bizni oqizib ketayotgan okean oqimi bilan janubga tushib borganlar. Shuni ham aytayki, do‘stlarim, biz ekvatorning o‘n beshinchi asrning oxirgi yilida Pinson kesib o‘tgan yeridan o‘tdik, hozir esa biz Pinsonning Braziliya sohillariga tushgan yeri – janubiy kenglikdagi sakkizinchi gradusga yaqinlashib kelayotirmiz. Pinsondan bir yil keyin portugaliyalik Kabral undan ham pastroqqa – hozirgi Seguro portigacha tushdi. Undan so‘ng dengiz sayohatchisi Vespuchchi o‘zining uchinchi sayohati paytida, 1502-yilda, yana ham janubroqqa tushdi. 1508-yilda Vinsent Pinson bilan Solis Amerikaning sohillarini hamjihatlik bilan tekshirish maqsadida birlashdilar, shundan so‘ng 1514-yilda Solis La-Plata daryosining dengizga quyiladigan yerini ochdi va xuddi o‘sha yerda o‘zi yovvoyilarga go‘sht bo‘ldi. Solisning halok bo‘lgani tufayli materikni birinchi bo‘lib aylanib o‘tish sharafi Magellanga nasib etdi. Bu ulug‘ sayyoh 1519-yilda beshta kema bilan Amerikaga yo‘l oldi. U Patagoniya sohillari yoqalab o‘tdi, Huzurijon portini, shuningdek muqaddas Yulian portini ham ochdi va bu portda uzoq turib qoldi. So‘ng o‘sha kenglikning ellik ikkinchi gradusida keyinchalik uning nomiga qo‘yilgan o‘n bir ming Qiz bo‘g‘ozini ochib, Magellan Tinch okeanga chiqdi. Ko‘zi oldida quyosh nurlari ostida tovlanib turgan yangi dengiz ochilganda u o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, yuragi shodlikdan o‘ynab ketgan bo‘lsa kerak deyman!
‒ Eh, qani endi men ham o‘shanda u bilan birga bo‘lgan bo‘lsam! – deb yubordi geografiya olimining so‘zlaridan to‘lqinlangan Robert.
‒ Buni men ham istardim, o‘g‘lim, bundan uch yuz yil burun tug‘ilganimda bunday hodisada albatta ishtirok qilgan bo‘lardim-a.
‒ Bundan biz xafa bo‘lgan bo‘lardik, janob Paganel, – dedi Elen, – chunki unda siz hozir biz bilan «Dunkan»da o‘tirmagan bo‘lardingiz, biz esa siz hozir aytib bergan gaplarni eshitmagan bo‘lardik.
‒ Men bo‘lmasam, boshqa biror kishi so‘zlab berardi, xonim. U Amerikaning G‘arbiy sohilini aka-uka Pisarrolar tekshirganini ham qo‘shib aytgan bo‘lardi. Sarguzasht axtargan bu jasur kishilar qator shaharlarga asos qo‘ydilar. Kusko, Kvito, Lima, Sant-Yago, Villa-Rika, Valparayso va hozir «Dunkan» ketayotgan Konsepsion shaharlarining hammasiga o‘shalar asos solgan. Aka-uka Pisarrolarning kashfiyotlarini Magellanning kashfiyotlariga qo‘shib, Amerika qit’asining sohillarini kartaga tushirish mumkin bo‘ldi, bu esa Eski Dunyo olimlarini juda xursand qildi.
‒ Lekin men bu bilan kifoyalanmagan bo‘lardim, – dedi Robert.
‒ Nima uchun endi? – deb suradi. Meri, bu kashfiyotlar to‘g‘risidagi hikoyalarga juda qiziqib qolgan ukasiga qarab.
‒ Rost-a, o‘g‘lim, nima uchun? – deb takror so‘radi dalda beruvchi tabassum bilan Glenarvan ham.
‒ Chunki men Magellan bo‘g‘ozining nariyog‘ida nima borligini bilishga qiziqqan bo‘lar edim.
‒ Barakalla, do‘stim! – dedi Paganel, – Men ham qit’a Janubiy qutbgacha cho‘zilib ketadimi yoki Dreyk degan sizning vatandoshlaringiz taxmin qilgandek, ochiq dengizga chiqadimi – mana shuni bilishga qiziqqan bo‘lardim. Xullas, ishonamanki, Robert Grant bilan Jak Paganel o‘n yettinchi asrda yashagan bo‘lsalar, bu geografik jumboqni hal qilishga intilib albatta Sxouten bilan Lemer ketidan ketgan bo‘lardilar.
‒ Ular olimlar edimi? – deb so‘radi Elen.
‒ Yo‘q ular kashfiyotlarning ilmiy jihati bilan kam qiziqqan oddiy komersantlar edi. U vaqtlar Gollandiyada Ost-Indiya kompaniyasi mavjud bo‘lib, Magellan bo‘g‘ozi orqali tovar olib o‘tish huquqiga faqat shu kompaniyagina haqli edi. Osiyoga olib boradigan bundan boshqa yo‘lni bilishmaganidan, bo‘g‘oz Ost-Indiya kompaniyasining haqiqiy monopoliyasi edi. Shu sababdan bir qancha kommersantlar boshqa bo‘g‘oz topish orqali Ots-Indiya kompaniyasi bilan kurash olib borish payiga tushdilar. Bu kommersantlar orasida Isaak Lemer degan aqlli va bilimli kishi bor edi. U o‘z hisobidan ekspeditsiya tashkil qilib, unga jiyani Yakov Lemer bilan gornlik tajribakor dengizchi Sxoutenni bosh qilib qo‘yadi. Bu jasur sayyohlar Magellandan deyarli yuz yil keyin, 1615-yilning iyun oyida yo‘lga chiqadilar. Ular Shtatlar territoriyasi bilan Olovli Yer o‘rtasida keyinchalik Lemer bo‘g‘ozi deb atalgan bo‘g‘ozni kashf etdilar. 1616-yilning fevralida esa ular hozir juda mashhur bo‘lgan Gorn burunini aylanib o‘tdilar; bu burunda Bo‘ronlar buruni deb nom chiqargan Yaxshi Umid burniga qaraganda ham qattiqroq bo‘ron quturib yotardi.
‒ Eh, qani endi men ham o‘shalar bilan birga bo‘lsam! – deb yubordi Robert.
‒ O‘g‘lim, ular bilan birga bo‘lganingda unutilmas shodiyona daqiqalarni boshdan kechirgan bo‘larding! – dedi qizg‘inlik bilan Paganel. – Chindan ham, dunyo xaritasiga o‘z kashfiyotini tushirayotgan dengizchining mamnunligi va sevinchidan ham ortiq narsa bo‘larmikin! Ko‘z oldida go‘yo sekin-asta dengiz to‘lqinlari orasidan chiqib kelib, yangi-yangi yerlar, orollar, burunlar bunyod bo‘layotganday tuyuladi. Dastlab bu yangi yerlar sal-pal ko‘zga chalinadi, bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ko‘rinadi, ularni aniq ajratib, ilg‘ab olib bo‘lmaydi: bir chetda sho‘ppayib chiqqan yolg‘iz burun ko‘rinib qoladi, bir tarafda buxta, yana bir tarafda uzoqdan ko‘rfaz ko‘zga tashlanadi. Lekin vaqti kelib, kashfiyotlar biri-birini to‘ldiradi, kartadagi uzuq-yuluq chiziqlar ulanib ketadi, undagi nuqtalar o‘rnida aniq chiziqlar paydo bo‘ladi; bu burunlar ma’lum bir joyda quruqlikka tutashadi burunlar ma’lum bir yerdan joy oladi, shu tarzda sekin-asta globusda butun boshli qit’aning qiyofasi paydo bo‘ladi, unda yangi qit’aning butun ko‘llari, daryolari, anhorlari, tog‘lari, vodiylari, pasttekisliklari, qishloqlari, shaharlari, poytaxtlari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Oh, do‘stlarim, yangi yer ochgan kishi – bir kashfiyotchi! U ham kashfiyotchining hayajonlarini, hech kutilmagan hollarni boshidan kechiradi. Lekin bizning davrimizda bunday kashfiyotlar manbai tamom bo‘lgan: hamma yoqni ko‘rib, tekshirib kashf qilish mumkin bo‘lgan narsalarni kashf qilib bo‘lganlar, bizday hozirgi geograflarga qiladigan ish qolmagan.
‒ Yo‘q, aziz Paganel, – deb e’tiroz bildirdi Glenarvan. – Hali qilinadigan ish bor.
‒ Nima ekan u?
‒ Biz qilayotgan ish-da!
«Dunkan» esa Vespuchchi va Magellan o‘tgan yo‘llardan shitob bilan suzib bormoqda edi. 15-sentabrda kema Jaddiy tropigidan o‘tib, mashhur bo‘g‘ozga qarab yo‘l oldi. Bir necha bor ufqda Patagoniyaning past sohillari sal-pal ko‘zga ilg‘ab qoldi. Kema bu sohillardan o‘n mildan ham ortiqroq masofadan o‘tib borardi, shuning uchun o‘zining ajoyib dengiz trubasidan sohilni ko‘rishga harakat qilgan Paganel ham Amerika qirg‘oqlari to‘g‘risida tuzukroq bir taassurot ololmadi.
25-sentabrda «Dunkan» Magellan bo‘g‘oziga yetib keldi. Yosh kapitan kemani bo‘g‘ozga dadillik bilan olib kirdi. Tinch okeanga ketayotgan kemalar odatda shu yo‘ldan o‘tadilar. Magellan bo‘g‘ozining uzunligi nihoyati uch yuz yetmish olti mil keladi. U shunchalik chuqurki, hatto eng katta kemalar ham shunday sohilning yonidan bemalol suzib o‘ta oladilar. Bo‘g‘ozning tagi kemalarning langar tashlab turishi uchun juda qulay. Uning sohillarida chuchuk suv manbalari, baliqqa boy daryolar, yovvoyi parrandaga boy o‘rmonlar juda ko‘p, kirish oson va xavfsiz bo‘lgan bir qator limanlar4343
Liman – ko‘rfaz, qo‘ltiq.
[Закрыть] bor. Qisqasi, bu yerda doim bo‘ron va dovul quturib yotgan, haybatli qoyalari ko‘p Gorn burunida ham, Lemer bo‘g‘ozida ham yo‘q bo‘lgan qulayliklar juda ko‘p edi.
Magellan bo‘g‘ozidan o‘tishda dastlabki soatlardagi, ya’ni Gregori burunigacha bo‘lgan taxminan oltmish-sakson mil yo‘ldagi sohil past va qumloq yerlardan iborat. Jak Paganel sohilning biror qarich joyini, bo‘g‘ozning bironta detalini qo‘ymay ko‘rib o‘tishga tirishar edi. Bo‘g‘ozdan o‘tish uchun o‘ttiz olti soatdan kamroq vaqt ketardi, shuning uchun jozibali janub quyoshining nurlari ostida tovlangan har ikki sohilning go‘zal manzarasi zavq bilan ko‘z uzmay tomosha qilishga haqiqatan ham arzir edi. Shimoliy sohilda bironta ham odam ko‘rinmas, Olovli Yerning yalang‘och qoyalari ustida esa bir nechagina shu yerli odamlar kezib yurishar edi.
Paganel bironta ham patagoniyalikni uchratmaganiga achindi, olim bunga qattiq xafa bo‘lar, uning yo‘ldoshlari esa bundan juda zavqlanishardi.
‒ Patagoniyaliklarsiz qanday Patagoniya bo‘ldi bu! – deb takrorlardi u achchig‘lanib.
‒ Sabr qiling, hurmatli geograf, hali patagoniyaliklarni ko‘p ko‘ramiz, – deb unga dalda berar edi Glenarvan.
‒ Men bunga ishonmay qo‘ydim.
‒ Ular mavjud-ku, axir, – dedi Elen.
‒ Birontasini ham ko‘rmaganimdan keyin bunga shubhalanib qoldim, xonim.
‒ Har holda ispanchada «katta oyoqlar» degan ma’noni bildiradigan «patagoniyaliklar» xayoliy odamlar emas-ku.
‒ E! Ism hech narsani bildirmaydi hali! – deb tortishuvni qizitish uchun qaysarlik bilan so‘zida turib oldi Paganel. – Lekin, rostimni aytsam, ularning ismi qanday ekani ham noma’lum.
‒ Ana xolos! – dedi Glenarvan. – Mayor, siz buni bilarmidingiz?
‒ Yo‘q, – deb javob berdi Mak-Nabbs, – buni bilish uchun bir funt shotland sterlingi ham bermagan bo‘lardim.
‒ O‘shanday bo‘lsa ham hozir shu to‘g‘rida ba’zi gaplarni eshitasiz, odamning beparvosi! – dedi Paganel. – To‘g‘ri, Magellan bu yerli odamlarni patagoniyaliklar deb atagan, lekin fidjinliklar ularni tiremeneylar deb, chililiklar koukalular deb, Karmen koloniyachilari – teguelxlar deb, araukanliklar – uilixlar deb atashadi. Bugenvil ularni chauxlar deb atagan. Ularning o‘zlari esa o‘zlarini umumiy ism bilan ipakslar deb ataydilar4444
XVIII – XIX asr geograflari asarlarida Janubiy Amerikaning etnografik nomlari bo‘yicha chalkashliklar mavjud edi. O‘sha paytlarda Patagoniya Buenos-Ayres kengligidan Olovli Yergacha bo‘lgan hududning nomi bo‘lgan. Aslini olganda, patagoniyaliklar texuelche hindular guruhi bo‘lib, ular shimoliy va janubiy to‘dalarga bo‘lingan (Muharrir).
[Закрыть]. Ana endi menga shuni ayting: bularning qaysi biri rost, shunday ko‘p ism bilan ataladigan xalq bo‘lishi mumkinmi?
‒ Ana dadil-u! – deb yubordi Elen.
‒ Shunday deb ham faraz qilaylik, – dedi Glenarvan, – lekin do‘stimiz Paganel patagoniyaliklarning ismi masalasida shubhalar bo‘lsa ham, juda bo‘lmaganda, ularning bo‘yi masalasida har xil fikrlar yo‘qligini e’tirof qilar, deb o‘ylayman.
‒ Bunday fikrni men mutlaqo tasdiqlay olmayman! – dedi Paganel.
‒ Ular baland bo‘yli bo‘ladi, – deb o‘z fikrida turib oldi Glenarvan.
‒ Bu menga noma’lum.
‒ Demak, past bo‘yli ekan-da? – deb so‘radi Elen.
‒ Buni ham hech kim tasdiqlay olmaydi.
‒ Bo‘lmasa o‘rta bo‘yli odamlar bo‘ladi-da, – dedi hammani kelishtirib qo‘yish uchun Mak-Nabbs.
‒ Menga bunisi ham noma’lum.
‒ Yo‘g‘-e, o‘jarlikni juda oshirib yubordingiz! – dedi Glenarvan, – ularni ko‘rgan sayyohlar…
‒ Ularni ko‘rgan sayyohlar, – deb uning so‘zini bo‘ldi Paganel, – har xil fikr aytadilar. Masalan, Magellan mening bo‘yim zo‘rg‘a ularning belidan keldi deydi…
‒ Ana, ko‘rdingizmi?
‒ Ha, lekin Dreyk inglizlar eng novcha patagoniyalikdan ham balandroq degan fikrni aytgan.
‒ Albatta, bu yerda gap inglizlar to‘g‘risida emas, – dedi nafrat bilan Mak-Nabbs. – Gap shotlandiyaliklar to‘g‘risida bo‘lsa kerak.
‒ Kevendish, patagoniyaliklar baland bo‘yli baquvvat odamlar degan edi, – deb so‘zida davom qildi Paganel. – Naukins ularni pahlavon odamlar deb tilga oladi. Lemer bilan Sxouten esa ularning bo‘yi o‘n bir fut keladi degan fikrni bildiradilar…
‒ Juda soz! Ularning gapiga ishonsa bo‘ladi, – dedi Glenarvan.
‒ To‘g‘ri, lekin Vudning ham, Narboroning ham, Falknerning ham gapiga ishonsa bo‘ladi, ularning fikricha esa – patagoniyaliklar o‘rta bo‘yli, to‘g‘ri, Bayron, La-Jirode, Bugenvil, Uells va Karterelar patagoniyaliklarning bo‘yi o‘rtacha olganda olti fut olti dyumga to‘g‘ri keladi, degan fikrni bildiradilar, vaholanki, bu mamlakatni ancha yaxshi bilgan olim janob d’Orbini ularning bo‘yi o‘rta hisob bilan besh fut to‘rt dyumga to‘g‘ri keladi, xolos deb aytgan.
‒ Bo‘lmasa bu qarama-qarshi fikrlar ichidan haqiqatni qanday qilib topamiz? – deb so‘radi Elen.
‒ Haqiqat mana bunday: patagoniyaliklarning oyog‘i kalta, gavdasi uzun bo‘ladi. Hazilga burib aytsak, o‘tirganda ularning bo‘yi olti fut, turganlariga esa – faqat besh fut.
Glenarvan:
‒ Ofarin, bopladingiz, aziz Paganel! – dedi.
‒ Patagoniyaliklarning o‘zi tagida bo‘lmagandan keyin, barcha qarama-qarshi fikrlar ham o‘z-o‘zidan kuchini yo‘qotadi, – deb davom etdi Paganel. – Endi esa, do‘stlarim, so‘zimning oxirida bitta tinchlantiruvchi gap aytmoqchiman: Magellan bo‘g‘ozi patagoniyaliklarsiz ham g‘oyat go‘zal joy ekan.
Bu payt «Dunkan» Brunsvik yarimorolini aylanib o‘tmoqda edi. Ikkala sohil manzarasi ham tobora go‘zallashib bormoqda. Daraxtlar orasidan Chili bayrog‘i bilan cherkov qo‘ng‘iroqxonasi ko‘rinib qoldi. Bo‘g‘oz suvi katta-katta granit massivlar orasidan oqib o‘tardi. Tog‘lar etagi ulkan o‘rmon ichida yo‘qolib ketgan, abadiy qorlar bilan qoplangan cho‘qqilari esa bulutlar orasiga kirib yashiringan edi.
Janubi-g‘arb tomonda olti ming besh yuz fut balandlikdagi Tarn tog‘i qad ko‘targan edi.
Uzoqqa cho‘zilgan oqshomdan so‘ng qorong‘u tushdi. Kunduz yorug‘ligi sezilmaygina so‘ndi, yerga qop-qora soyalar cho‘kdi. Osmonda yulduzlar charaqladi. Janubiy Qutb yulduzlar turkumi dengiz sayohatchilariga janubiy qutb yo‘lini ko‘rsatib turardi.
Kema qop-qorong‘u tunda madaniyatlashgan mamlakatlardagi mayaklar o‘rnini bosadigan porloq yulduzlarga qarab, bo‘g‘ozda ko‘plab uchrab turgan to‘xtash uchun qulay buxtalarning birontasida ham langar tashlamay, dadillik bilan yo‘lida davom etdi. Uning reyalari4545
Reya – kema machtalarida yelkan bog‘lanadigan ko‘ndalang yog‘och.
[Закрыть] tez-tez to‘lqinlar ustiga egilib turgan janub qora qayinlarining shoxlariga tegib o‘tar, vintlari esa yovvoyi g‘ozlar, o‘rdaklar, bedana-moshaklar, churraklar va bu yerdagi botqoqlarda yashovchi boshqa barcha qushlar olamining osoyishtaligini buzib, katta daryolarning bo‘g‘ozga quyiladigan joydagi chuchuk suvlarni ko‘piklantirib o‘tardi. Ko‘p o‘tmay allaqanday xarobalar va o‘pirilgan joylar ko‘rindi. Tunda ular vahimali ko‘rinardi.
Bu tashlab ketilgan koloniyalarning ko‘ngilsiz qoldiqlari bo‘lib, bu koloniyaning ismiyoq bu yerlar serhosil yerlar, o‘rmonlar esa qushlarga boy, degan fikrni tamom rad qilardi. «Dunkan» Ochlik porti yonidan o‘tib bormoqda edi.
Bu yerga 1581-yilda ispaniyalik Sarmiento boshchiligida to‘rt yuzta emigrant ko‘chib kelgan edi. Sarmiento bu yerda San-Filipp shahriga asos soldi. Ko‘chib kelganlarning bir qismi qahraton qish sovuqlariga bardosh berolmay halok bo‘ldi, qishdan omon chiqqanlar ochlikdan o‘lib ketdilar, 1587-yilda korsar Kevendish kelganda bunda olti yil yashagan, lekin olti asrning azobini tortib qiynalib ketgan bechora to‘rt yuz emigrantdan faqat bittasini tirik uchratgan.
«Dunkan» mana shu bo‘m-bo‘sh sohillar yonidan o‘tib bordi. Tong paytida kema qoraqayin, shumtol va oqqayin o‘rmonlari orasidagi tor bo‘g‘ozdan o‘tdi.
Kema avliyo Nikolay buxtasi mansabi yonidan o‘tib bordi. Bir vaqtlar Bugenvil uni Fransuz qo‘ltig‘i deb atagan edi. Uzoqda tyulenlar, shuningdek kitlar to‘dasi o‘ynoqlab yurar, kitlarning qay darajada katta ekanini ularning haddan tashqari kuchli fontan otayotganidan bilib olish mumkin edi, bu suv fontanlari to‘rt mil masofadan ham ko‘rinib turardi. Nihoyat, «Dunkan» hali qishki muz bilan qoplanib yotgan Frouord burunini aylanib o‘tdi. Bo‘g‘ozning narigi tomonida Olovli Yerda, Sarmiento tog‘i olti ming fut balandlikka bo‘y cho‘zib turar, orasida bulutlar suzib yurgan bu qoyatoshlar va xarsanglar uyumi osmon bo‘shliqlarida go‘yo bir arxipelag tashkil qilgan edi.
Aslida, Frouord buruniga kelib Amerika qit’asi tugaydi, chunki Gorn buruni ellik oltinchi gradus janubiy kenglikda okean qa’riga kirib yo‘qoluvchi tog‘-toshlardan boshqa narsa emas.
Frouord burunidan o‘tgandan keyin, Brunsvik yarimoroli bilan Umidsizlik Yeri oroli o‘rtasida bo‘g‘oz torayadi. Xarsang toshlar sochilib yotgan qirg‘oqqa to‘lqin chiqarib tashlagan bahaybat qit’ani eslatadigan bu uzun orol bir qancha mayda orollar orasida cho‘zilib yotadi. Amerikaning parcha-parcha bo‘laklarga bo‘linib ketgan bu uchi Afrika, Avstraliya va Hindistonning yaxlit, tekis burunlariga sira-sira o‘xshamas edi. Ikki okean orasiga joylashgan bu kattakon burunni bizga noma’lum bo‘lgan qanday falokat bunchalik parchalab tashladi ekan?
Keyin serhosil sohillar o‘rniga bu chalkash labirintni tor qilib kesib o‘tgan bo‘m-bo‘sh tosh sohillar cho‘zildi.
«Dunkan» trubalaridan chiqqan tutunni o‘zini o‘rab yotgan tumanga aralashtirib, bu tez-tez qayrilib-burilib turgan yo‘ldan to‘xtovsiz va xatosiz o‘tib borardi; ba’zan tuman orasidan qoyatoshlar mo‘ralab qo‘yadi. Kema yurishini sekinlatmay bu bo‘m-bo‘sh sohillarga o‘rnashgan bir necha ispan faktoriyalari4646
Faktoriya – ajnabiy savdogarlarning mustamlaka mamlakatlardagi savdo-sotiq olib boradigan manzili, kontorasi.
[Закрыть] oldidan o‘tib ketdi. Tamar buruni oldida bo‘g‘oz yana kengayadi. «Dunkan» Narboro orollarining tik sohillarini aylanib o‘tib, janubiy sohilga yaqinlashib kela boshladi. Nihoyat, «Dunkan» Magellan bo‘g‘oziga kirganiga o‘ttiz olti soat bo‘ldi deganda kemadagilar Umidsizlik Yerining eng chetidagi Pilar burunining qoyasini ko‘rdilar. «Dunkan» forshteveni4747
Forshteven – kema tagyog‘ochining kema tumshug‘iga o‘tgan tomoni.
[Закрыть] qarshisida bepoyon dengiz quloch yozib yotar edi, shu payt uni xursandlik bilan tabriklagan Jak Paganelning hayajoni «Trinidad» kemasi Tinch okean shamollariga urilib chayqalgandagi Magellanning hayajonlaridan kam emas edi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?