Электронная библиотека » Жюль Верн » » онлайн чтение - страница 4


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 02:00


Автор книги: Жюль Верн


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 12 страниц)

Шрифт:
- 100% +
Yettinchi bob
JAK PAGANEL QAYERDAN PAYDO BO‘LDI-YU, QAYERGA KETAYOTGAN EDI

Geografiya jamiyatining sekretari, aftidan, juda yoqimtoy odam edi, chunki u yuqoridagi gaplarini g‘oyat nazokat bilan so‘zladi. Endi Glenarvan ham uni tanib qoldi: Jak Paganelning hurmatli ismi unga yaxshi tanish edi. Uning geografiyaga oid asarlari, geografiya jamiyatining byulletenlarida bosiladigan eng yaxshi kashfiyotlar to‘g‘risidagi dokladlari, deyarlik butun dunyo bilan xat olishib turishi – bularning hammasi Paganelni Fransiyaning eng ko‘zga ko‘ringan olimlardan biri darajasiga ko‘targan edi. Shuning uchun Glenarvan o‘zining kutilmagan mehmoniga samimiyat bilan qo‘l cho‘zdi.

‒ Endi, siz bilan tanishib olganimizdan so‘ng, janob Paganel, sizga bitta savol berishga ruxsat etsangiz, – dedi u.

‒ O‘nta savol bersangiz ham mayli, ser, – deb javob berdi Jak Paganel, – siz bilan suhbatlashish menga xush yoqadi.

‒ Siz kemaga bundan ikki kun oldin kechqurun chiqqansiz, shundaymi?

‒ Ha, ser, ikki kun oldin, kechqurun soat sakkizda. Poyezddan tushdim-u o‘zimni kebga3636
  Keb – bir otli izvosh.


[Закрыть]
urdim, kebdan tusha solib esa, to‘ppa-to‘g‘ri «Shotlandiya»ga chiqdim, hali Parijda ekanimizdayoq oltinchi kayutaga bilet buyurib qo‘ygan edim. Tun qop-qorong‘u edi. Men palubada hech kimni ko‘rmadim. O‘ttiz soatli yo‘l yurib, juda charchagandim, buning ustiga dengiz kasaliga mubtalo bo‘lmaslik uchun kemaga chiqqach, darhol yotib uxlash va dengiz sayohatining dastlabki kunlarida krovatdan turmaslik kerakligini bilardim, shu sabablarga binoan darhol kayutaga kirib yotib uyquga ketdim. Sizni ishontirib aytamanki, sof vijdon bilan rosa o‘ttiz olti soat qimirlamay uxladim!



Endi uning hikoyasini tinglab turganlarga Jak Paganelning «Dunkan»da qanday paydo bo‘lib qolgani ravshan bo‘ldi. Fransuz sayyohi qorong‘uda yanglishib, kemada deyarlik hech kim yo‘g‘ida «Dunkan»ga chiqib qolgan. Hamma gap oydin bo‘ldiqo‘ydi. Lekin o‘zi tushib qolgan kemaning nomini va qayoqqa ketayotganini bilgandan keyin geografiya olimi nima deyarkin?

‒ Janob Paganel, demak, siz Kalkuttaga borib tushmoqchisiz va quruqlikdagi sayohatingizni o‘sha yerdan boshlamoqchisiz, shundaymi? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Ha, ser. Men shu vaqtga qadar Hindistonni ko‘rishni orzu qilardim. Mana, nihoyat men ko‘ngildagi orzularimga yetadigan bo‘ldim!

‒ Demak, janob Paganel, siz Hindiston o‘rniga boshqa mamlakatga borib qolishga rozi bo‘lolmasdingiz, shundaymi?

‒ Bunga men rozi bo‘lmasdimgina emas, juda xafa ham bo‘lardim, chunki mening Hindiston general-gubernatori lord Sommerset nomiga yozilgan tavsiyanomalarim bor, buning ustiga geografik jamiyat menga vazifa topshirgan, men uni bajarishim kerak.

‒ Ha-a! Demak, vazifa topshirilgan deng?

‒ Ha, menga bitta foydali va juda qiziq ekspeditsiya tashkil qilish topshirilgan; ekspeditsiyaning plani mening olim do‘stim va hamkasabam janob Viven de-Sen-Marten tomonidan tuzilgan. Bu planga muvofiq men aka-uka sayyoh Shlaginvaytlar, polkovnik Vou, Vebb, Xodjon, missionerlardan Xuk va Gabe, Murkroft, Jyul Remi va ko‘pgina boshqa sayyohlarning izidan borishim kerak. Men 1846-yilda missioner Krik amalga oshirolmay qolgan vazifani bajarmoqchiman, ya’ni Himolay tog‘larni shimoliy tomonidan aylanib o‘tib, bir ming besh yuz kilometrli masofada Tibetni suv bilan ta’minlab turadigan Yaru-Dzangbo-Chu daryosining oqimini tekshirmoqchiman. Nihoyat, men bu daryoning Assamadan shimolisharqda Bramaputra daryosi bilan qo‘shilish-qo‘shilmasligini aniqlamoqchiman. Hindiston geografiyasi uchun g‘oyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu masalani hal qilib bergan sayyohga esa oltin medal berilishi aniq.

Paganelga qoyil bo‘lmay iloj yo‘q edi. U g‘oyat zavqlanib so‘zlar, qizg‘in tasavvuri qanot yozib, uni ko‘klarga ko‘tarib ketardi. Reyn shalolasining suvini to‘xtatib bo‘lmaganidek, so‘zlab turgan Paganelni ham to‘xtatishning sira iloji yo‘q edi.

‒ Janob Jak Paganel, – deb gap boshladi Glenarvan, mashhur olim bir minutgina tinchiganidan foydalanib, – siz aytgan sayohat, albatta, ajoyib sayohat, buning uchun fan sizdan g‘oyat minnatdor bo‘ladi. Lekin men endi sizdan haqiqatni yashirib o‘tirmoqchi emasman, endi siz vaqtinchalik bo‘lsa ham Hindiston safari to‘g‘risida o‘ylamay turishingiz kerak bo‘ladi.

‒ O‘ylamay turishim kerak? Nechuk?

‒ Chunki siz hozir Hindiston yarimoroliga tamom qarama-qarshi tomonga ketyapsiz.

‒ Nima! Kapitan Berton…

‒ Men kapitan Berton emasman, – deb javob berdi Jon Mangls.

‒ Axir «Shotlandiya»…

‒ Bu kema «Shotlandiya» emas!

Paganelning hayronligini tasvir qilib bo‘lmaydi, u navbati bilan tamomila jiddiy qarab turgan Glenarvanga, olimga achinib va xafa bo‘lib qarab turgan Elenga va Meri Grantga, kulumsirab turgan Jon Manglsga, pinagini buzmagan mayorga bir-bir qarab chiqdi, keyin peshonasidagi ko‘zoynagini burni ustiga tushirib, yelkasini qisib qo‘ydi-da:

‒ Bu qanday o‘rinsiz hazil! – dedi.

Lekin xuddi shu payt ko‘zi shturvaldagi yozuvga tushib qoldi, unga: «Dunkan, Glazgo», – deb yozib qo‘yilgan edi.

‒ «Dunkan!», «Dunkan!» – deb qichqirdi hayratda qolgan Paganel, so‘ng zinapoyadan otilib tushdi-da, o‘z kayutasiga qarab yugurdi.

Bechora olim ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilanoq mayordan boshqa hamma qah-qah urib kulib yubordi, hatto matroslar ham o‘zlarini tiya olmadilar. Temiryo‘lda poyezdni adashtirish, masalan, aytaylik, Dumbarton poyezdi o‘rniga Edinburg poyezdiga tushib qolish – bir nav edi-ya, lekin kemalarni adashtirib qo‘yish va Hindistonga jo‘nab ketish o‘rniga Chiliga qarab yo‘l olish, bu, endi o‘taketgan parishonlik edi!

‒ Lekin Jak Paganelning bu ishi meni aslo ajablantirmaydi, – dedi Glenarvan. – Paganel bunday sarguzashtlari bilan dong‘i chiqqan kishi, bir marta u Amerikaning ajoyib xaritasini nashr qildirganda unga Yaponiyani joylab qo‘yibdi. Lekin bu uning mashhur olim va Fransiyaning eng dongdor geograflaridan biri sifatida tanilishiga sira ham xalaqit berolmaydi.

‒ U bechorani endi nima qilamiz? – deb so‘radi Elen. – O‘zimiz bilan birga Patagoniyaga olib keta olmaymiz-ku, axir!

‒ Nima uchun olib ketolmas ekanmiz? – deb gap qistirdi Mak-Nabbs. – Uning parishonligiga biz javobgar emasmiz-ku? Yanglishib boshqa poyezdga tushib qolganda nima qilardi, uni to‘xtata olarmidi?

‒ To‘xtata olmas edi, lekin eng birinchi stansiyadayoq tushib qolgan bo‘lardi, – deb e’tiroz qildi Elen.

‒ Xohlasa yo‘lda uchragan dastlabki gavandayoq tushib qolishi mumkin, – dedi Glenarvan.

Shu payt yuklari shu paroxodda ekaniga ishonch hosil qilgan Paganel yana palubaga chiqdi. Uyalgan va xunobi chiqqan olim, go‘yo boshqa so‘z topolmagandek nuqul: «Dunkan», «Dunkan» deb takrorlar, kemaning machtalarini ko‘zdan kechirib, atrofda yastlanib yotgan bepoyon dengizga nazar tashlab, u yoqdan-bu yoqqa yurar edi. Nihoyat, u yana Glenarvan oldiga keldi.

‒ Bu, «Dunkan» qayoqqa ketyapti? – deb so‘radi u.

‒ Amerikaga, janob Paganel.

‒ Amerikaning qayeriga?

‒ Konsepsionga.

‒ Chiliga! Chiliga! – deb qichqirib yubordi sho‘rlik olim. – Mening ekspeditsiyam esa – Hindistonga edi! Markaziy komissiyaning prezidenti Katrfaj janoblari nima deydi endi? Kortamber janoblarichi! Viven de-Sen Marten janoblarichi! Men endi Geografik jamiyatning majlisida qay yuz bilan ko‘rinaman!

‒ Ko‘p xafa bo‘lavermang, janob Paganel, – deb unga tasalli bera boshladi Glenarvan, – hammasi to‘g‘rilanib ketadi, Hindistonga biroz kechikibroq yetib borasiz, xolos. Yaru-Dzangbo-Chu daryosi esa sizni Tibet tog‘larida kutib tura turadi. Biz ko‘p o‘tmay Madeyra orolida to‘xtaymiz, Yevropaga ketayotgan biror kemaga o‘tib olarsiz.

‒ Tasalli berganingiz uchun tashakkur, ser. Boshqa iloj ham yo‘qqa o‘xshaydi. Qarang-a, bundan ham qiziq ish bo‘lishi mumkinmi! Mendan bo‘lak hech kim bunday qilmas. «Shotlandiya»dagi buyurtirib qo‘ygan kayutamni aytmaysizmi…

‒ Endi «Shotlandiya»ni hozircha unutsangiz ham bo‘ladi.

‒ Lekin «Dunkan» ko‘ngil ochish sayohatiga chiqqan kema ko‘rinadi, – deb davom etdi Paganel, «Dunkanni» yana bir marta ko‘zdan kechirib.

‒ To‘g‘ri aytdingiz, ser, – deb javob berdi Jon Mangls, – u mister Glenarvanga qarashli kema…

‒ … u esa bu kemada mehmon bo‘lib qolishingizni iltimos qiladi, – deb uning so‘zini tugatdi Glenarvan.

‒ Ko‘pdan ko‘p rahmat, ser, – deb javob berdi Paganel. – Iltifotingiz uchun benihoyat xursandman. Lekin sizga oddiy bir fikr aytishga ruxsat etsangiz: Hindiston – ajoyib mamlakat, unda sayohatchilar har qadamda hech kutilmagan voqealar va mo‘jizalarga duch keladi. Xonimlaringiz u yerlarni ko‘rishmagan bo‘lsa kerak… Shunday bo‘lgandan keyin kapitan kemaning rulini bunday burib yuborsa, «Dunkan» Konsepsion o‘rniga Kalkuttaga qarab yo‘l oladi-qo‘yadi, sayohatingiz ko‘ngil ochish uchun uyushtirilgan bo‘lgandan keyin…

Lekin Paganel shu payt Glenarvanning, bu mumkin emas degandek bosh chayqatganini ko‘rdi-yu, gapi og‘zida qoldi.

‒ Janob Paganel – dedi Elen, – agar biz ko‘ngil ochish maqsadida sayohatga chiqqan bo‘lganimizda, men o‘ylabnetib o‘tirmay, sizga: «Kelinglar, hammamiz birga Hindistonga boramiz», deb javob bergan bo‘lardim, ishonamanki, ser Glenarvan ham bunga mutlaqo qarshi chiqmasdi. Lekin gap shundaki, «Dunkan» Patagoniya qirg‘oqlarida halokatga uchragan kishilarni o‘z vataniga qaytarish maqsadida Amerikaga ketyapti, shuning uchun u o‘zining bunday insonparvar maqsadidan kecholmaydi.

Bir necha minutdan keyin fransuz sayyohi hamma gapdan xabardor bo‘ldi. Hujjatlarning qanday qiziq ahvolda topilgani, kapitan Grantning butun tarixi va Elenning olijanoblik bilan qilgan taklifi to‘g‘risidagi hikoyalarni u hayajon bilan tingladi.

‒ Xonim, – dedi u Elenga qarab, – sizning himmatingiz va jasoratingizga men g‘oyat qoyil qoldim. Kemangiz o‘z yo‘lida davom etaversin! Men uni bir kun bo‘lsa ham yo‘ldan qo‘ysam, vijdon qiynog‘ida qolgan bo‘lardim.

‒ Demak, bizning ekspeditsiyamizga qo‘shilasiz, shundaymi? – deb so‘radi Elen.

‒ Sira ilojim yo‘q: men topshiriqni bajarishim kerak. Men sizlar birinchi to‘xtagan yeringizdayoq tushib qolaman.

‒ Demak, Madeyra orolida tushib qolasiz, – dedi Jon Mangls.

‒ Madeyra orolida bo‘lsa bo‘la qolsin, mayli. Men u yerda Lissabondan nihoyati bir yuz sakson milya masofada bo‘laman va biror kemaning kelishini kutib tura-turaman.

‒ Bo‘pti, janob Paganel, – dedi Glenarvan, – shunday qilamiz bo‘lmasa. Menga kelganda esa, shu bir necha kun ichida kemada mehmon bo‘lishingizga g‘oyat xursandman. Biz bilan juda ham zerikib qolmasangiz kerak, degan umiddamiz!

‒ Yo‘g‘-e, – dedi olim, – yanglishib, bu kemaga tushib qolganimga xursandman! Lekin, har holda, e’tirof etishim kerak. Hindistonga ketayotgan odamning Amerikaga yo‘l olishidan ham kulgili gap bo‘lmas.

Yuz bergan bu voqea qanchalik xunuk bo‘lmasin, Paganel Hindistonga kechikibroq borish fikriga ko‘nishga majbur bo‘ldi, chunki boshqa iloji yo‘q edi. Uning yoqimtoy, quvnoq va, albatta, parishon odam ekanligi ma’lum bo‘ldi, u o‘zining doimiy quvnoqligi bilan xonimlarni maftun qildi. Birinchi kunning o‘zidayoq Paganel hamma bilan do‘stlashib ketdi. U kapitan Grant haqidagi hujjatlarni ko‘rsatishni iltimos qildi, barcha ikir-chikirlarigacha nazardan qochirmay, diqqat bilan uzoq o‘rgandi va buni boshqacha izohlash mumkin emas degan fikrga keldi. U Meri Grant bilan ukasining holiga butun yurakdan achindi, otalari bilan albatta uchrashajaklariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga harakat qildi. U «Dunkan» ketayotgan ekspeditsiyaning muvaffaqiyat bilan tugashiga shunday ishonar, bu ishlarga shunday xushchaqchaqlik bilan qarar ediki, uning gaplarini tinglar ekan, qiz o‘zini tabassum qilishdan tiya olmasdi. Turgan gapki, vazifa topshirilgan bo‘lmaganda u ham hech so‘zsiz kapitan Grantni axtarish ishiga kirishib ketgan bo‘lardi.

Paganel, Elen mashhur sayyoh Vilyam Tuffnelning qizi ekanini eshitib, shunday ham iyib ketdiki, asti qo‘yavering! U Elenning otasini tanir edi. Qanday mard sayyoh edi u! Vilyam Tuffnel Parij geografik jamiyatining korrespondent a’zosi ekanida ular bir-birlariga qanchadan-qancha xat yozishgan edilar-u! Tuffnelni jamiyatga a’zo qilib olishni ham Paganel bilan Malt-Bryun janoblari taklif qilishgan edi!.. Mana bu uchrashuvni qarang-a! Vilyam Tuffnelning qizi bilan sayohat qilish qanday yaxshi!

Oxiri u Elendan bitta o‘pishga ruxsat so‘radi. Garchi bu biroz «adabsizlik» bo‘lsa ham o‘pishga ijozat berildi.

Sakkizinchi bob
«DUNKAN»DAGI YAXSHI ODAMLARNING SONI YANA BITTA ORTDI

«Dunkan» esa Shimoliy Afrika qirg‘oqlaridagi yo‘ldosh oqimlar yordami bilan ekvatorga tez yaqinlashib kelmoqda edi. 30-avgustda Madeyra oroli ko‘rindi. Glenarvan o‘z va’dasida turdi va Paganelga «Dunkan» uni qirg‘oqqa tashlab ketish uchun bu orolda to‘xtashi mumkinligini bildirdi.

‒ Azizim Glenarvan, – deb javob berdi Paganel, – keling, takallufni yig‘ishtirib qo‘yaylikda, ochig‘ini gaplashaylik: kemada men paydo bo‘lib qolishimdan oldin Madeyra orolida to‘xtamoqchi edinglarmi?

‒ Yo‘q, – dedi Glenarvan.

‒ Bo‘lmasa bu badbaxt parishonligimdan foydali bir ish chiqarishga ruxsat etsangiz. Madeyra oroli juda yaxshi o‘rganilgan, unda geografni qiziqtiradigan hech bir narsa yo‘q. Orol to‘g‘risidagi gaplarning hammasi aytilib va yozilib bo‘lgan; buning ustiga unda bir vaqtlar taraqqiy qilgan vinochilik hozir tanazzulga uchragan. O‘ylab qarang-a: Madeyra orolida uzum bog‘lari yo‘q endi! 1813-yilda orolda yigirma ikki ming pipa3737
  Pipa – 50 gektolitrga teng (Muallif izohi).


[Закрыть]
vino tayyorlangan bo‘lsa, 1845-yilda bu miqdor ikki ming olti yuz oltmish to‘qqiz pipaga tushdi. Hozir u yerda tayyorlanadigan vinoning miqdori besh yuz pipaga ham yetmaydi. Qanday achinarli hol! Qisqasi, agar sizga baribir bo‘lsa, meni bu yerda emas, Kanar orollarida tushirib ketsangiz…

‒ Bo‘lmasa Kanar orollarida to‘xtab o‘tamiz, – dedi Glenarvan, – shunday yo‘limiz ustida-ku.

‒ Bilaman buni, azizim Glenarvan. Uch guruhdan iborat bo‘lgan Kanar orollari meni ko‘pdan beri qiziqtirib kelayotgan Tenerif cho‘qqisini hisobga olmaganda ham, o‘rganishga arziydigan joy. Mana endi bunga juda qulay payt keldi. Fursatdan foydalanib, meni qayta Yevropaga eltib tashlaydigan kema kelguncha bu mashhur toqqa chiqib tushaman.

‒ Ixtiyoringiz, aziz Paganel, – dedi beixtiyor jilmayib Glenarvan.

Kulishga arzigudek asoslari bor edi.

Kanar orollari Madeyradan uzoq emas, hammasi bo‘lib ikki yuz ellik milya masofada, bu masofani bosib o‘tish esa «Dunkan»dek tezyurar kema uchun hech gap emas.

31-avgust kunduz soat ikkida Jon Mangls bilan Paganel palubada sayr qilib yurar edilar. Fransuz olimi o‘z hamsuhbatiga Chili to‘g‘risida savollar yog‘dirmoqda edi.

Birdan kapitan uning so‘zini kesdi:

‒ Janob Paganel! – dedi u ufqning janub tomonidagi allaqanday bir nuqtani ko‘rsatib.

‒ Nima gap, aziz kapitan? – deb so‘radi olim.

‒ Anavi tarafga bir qarang. Hech narsa ko‘rmayapsizmi?

‒ Hech narsa ko‘rayotganim yo‘q.

‒ Siz boshqa tomonga qarayapsiz. Ufqqa emas, balandroqqa, bulutlar orasiga qarang.

‒ Bulutlar orasiga? Qancha qarasam ham…

‒ Endi bushpritning3838
  Bushprit – kemaning tumshuq tomonidagi machta.


[Закрыть]
reykasi yo‘nalgan tomonga qarang.

‒ Hech narsa ko‘rmayapman.

‒ Siz ko‘rishni istamayapsiz, xolos! Ishonavering, Tenerif cho‘qqisidan hali qirq milya masofada bo‘lsak ham, uning tik qoyasi ufqda yaqqol ko‘rinib turibdi.

Paganel u tog‘ni ko‘rgisi kelsa-kelmasa, bir necha soatdan keyin o‘zining ko‘r emasligini isbot qilish uchun Jon Manglsning fikriga qo‘shilishga majbur bo‘ldi.

‒ Xayriyat, – dedi unga kapitan, – nihoyat uni ko‘rdingiz-a.

‒ Ha, ha juda yaxshi ko‘ryapman. Tenerif cho‘qqisi deganimiz hali shumi? – dedi geograf, uni mensimaganday.

‒ Xuddi o‘sha.

‒ Juda ham baland toqqa o‘xshamaydi-ku.

‒ Har holda, u dengiz sathidan o‘n bir ming fut baland.

‒ O‘shanda ham u Monblan bilan tenglasha olarmidi.

‒ Ehtimol, lekin siz bu toqqa chiqa boshlaganingizda uning juda baland ekaniga amin bo‘lasiz.

‒ Chiqish deysizmi? Tenerif cho‘qqisiga chiqamanmi? Gumboldt bilan Bonplandan3939
  Aleksandr Gumboldt (1769 – 1859) – nemis tabiatshunosi, sayyoh, geograf. 1799 –1804-yillarda fransuz botanigi E.Bonplan bilan birga Markaziy va Janubiy Amerikani tadqiq qilib Yevropaga qaytgach, toʻplagan kolleksiyalarini 30 jildli asarida umumlashtirdi (1807 – 1834). 1829-yil Rossiya va Oʻrta Osiyoga kelgan (Muharrir).


[Закрыть]
keyin unga chiqishning nima keragi bor? Genial Gumboldt bu toqqa chiqib, uni shunday tasvirlab berganki, endi unga hech narsa qo‘shib bo‘lmaydi. U o‘sha paytdayoq bu tog‘ni besh mintaqaga bo‘lgan: tokzorlar mintaqasi, lavr daraxtlari mintaqasi, qarag‘aylar mintaqasi, alp archalari mintaqasi va, nihoyat, hech qanday o‘simlik o‘smaydigan mintaqa. Gumboldt Tenerif cho‘qqisining eng uchigacha chiqqan, unda hatto o‘tiradigan joy ham yo‘q ekan. Uning ko‘z oldida Ispaniyaning to‘rtdan biriga teng keladigan sahn ochilgan. Keyin u bu so‘nib qolgan vulqon kraterining eng tagigacha tushgan. Gumboldtday buyuk odamdan keyin bu tog‘da men nima ham qilardim?

‒ To‘g‘ri, undan keyin siz biror yangilik ocholmasangiz kerak, – deb uning so‘ziga qo‘shildi Jon Mangls. – Afsus, to biror kema kelguncha Tenerif portida juda zerikib qolasiz-da. Bu yerda kishini ovutadigan hech narsa ham yo‘q.

‒ Turgan gap, bu yerda umid faqat kishining o‘zidan, – deb kuldi Paganel. – Azizim Jon, Yashil Burun orollarida biror kattaroq port yo‘qmi?

‒ Bor, albatta. Masalan, Villa-Prayyada Yevropaga ketayotgan biror o‘tkinchi paroxodga osonlik bilan o‘tib olishingiz mumkin.

‒ Buning yana bir qulaylik jihati bor, – dedi Paganel. – Yashil Burun orollari Senegalga yaqin joyda, Senegalda esa men hamshaharlarimni topib olishim mumkin. To‘g‘ri, bu orollar gruppasining mutlaqo qiziq joyi yo‘q, bo‘m-bo‘sh joylar ekanini, buning ustiga ob-havosi yomon ekanini men yaxshi bilaman. Lekin geograf uchun hamma narsa ham qiziq: ko‘ra bilishning o‘zi – fandir. Ba’zi odamlar hech narsani ko‘rolmaydilar, ular shunday «oqilona» sayohat qiladilarki, qisqichbaqasimonlardan mutlaqo farq qilmaydilar. Lekin men undaylardan emasman, bunga amin bo‘lavering.

– Ixtiyoringiz, janob Paganel, – deb javob berdi Jon Mangls. – Sizning Yashil Burun orollarida bo‘lishingiz geografiya fanini albatta boyitishiga shubhasiz ishonamiz. Biz esa ko‘mir g‘amlab olish uchun u yerda albatta to‘xtab o‘tishimiz shart. Ana shunda siz qirg‘oqqa tushib olasiz, bu bizni mutlaqo yo‘ldan qo‘ymaydi.

Kapitan shunday dedi-yu, kemani Kanar orollarining g‘arb tomoniga qarata yo‘lladi. Mashhur Tenerif cho‘qqisi orqada qoldi. Ilgarigidek tez yo‘l bosib borayotgan «Dunkan» 2-sentabr ertalab soat beshda Qisqichbaqa tropikidan o‘tdi. Ob-havo o‘zgara boshladi. Havo yomg‘irgarchilik paytlarida bo‘lganiday og‘ir va rutubatli bo‘lib qoldi. Bunday paytlarni ispanlar «ko‘lob payti» deb ataydilar. Bu sayohatchilar uchun juda og‘ir tushadi, lekin Afrika orollaridagi o‘simlikning kam bo‘lishidan, demak, namgarchilikning yetishmasligidan azob chekuvchi aholi uchun esa foydali bo‘ladi. Dengiz notinch bo‘lganidan kemadagi yo‘lovchilar palubaga chiqmas edilar, lekin bu kayut-kompaniyadagi suhbatlarni sovuta olmadi.

3-sentabrda Paganel kemadan tushib qolishga tayyorlanib, yuklarini saranjomlay boshladi. «Dunkan» endi Yashil Burun orollari o‘rtasidan o‘tib bormoqda edi. U qumloq qabrga o‘xshagan bo‘m-bo‘sh va yalang‘och Tuz oroli yonidan o‘tdi, keng marjon riflari yoqalab suzdi, keyin esa shimoldan janubga qarab cho‘zilgan bazalt tog‘ tizmalari ikkiga bo‘lib turgan muqaddas Yakov orolini chetda qoldirib, Villa-Prayya buxtasiga kirdi-da, shunday shahar qarshisiga kelib, langar tashladi. Ob-havo juda yomon edi, buxta dengiz shamollaridan to‘silganiga qaramay, unda to‘lqinlar quturar edi. Yomg‘ir chelaklab quygandek yog‘ar, shahar zo‘rg‘a ko‘rinardi. Shahar vulqondan paydo bo‘lgan uch yuz fut balandlikdagi toqqa borib taqaladigan tekislikka joylashgan edi. Qalin yog‘ayotgan yomg‘ir orqasida orol g‘oyat ma’yus ko‘rinardi.

Elen Glenarvan shaharni aylanaman degan o‘yini amalga oshira olmadi. Kemaga ko‘mir ortish juda qiyinchilik bilan bormoqda edi. Dengiz bilan osmon o‘z suvlarini allaqanday iztirob ichida bir-biriga qo‘shayotgan bir paytda yo‘lovchilarimizning kayut-kompaniyada o‘tirishdan boshqa iloji yo‘q edi. Tabiiyki, kemada hamma tabiat mavzuida so‘zlashar, bu to‘g‘rida har kim ham biror gap aytardi. Faqat mayor bir og‘iz ham so‘z demadi; u butun dunyoni suv olib ketsa ham pinagini buzmasa kerak.

Paganel bosh chayqab, kayutada u yoq-bu yoqqa yurardi.

‒ Havo buni jo‘rttaga qilayotganga o‘xshaydi-ya! – deb takrorlar edi u.

‒ Haqiqatan ham tabiat kuchlari sizga qarshi bosh ko‘tarishdi, – dedi Glenarvan.

‒ Baribir men ular ustidan g‘alaba qilaman.

‒ Shunday havoda kemadan qanday qilib tushasiz, axir? – deb so‘radi Elen.

‒ O‘zim-ku, xonim, sohilga bemalol yetib olaman-a, lekin yukim bilan asboblarimdan xavotirdaman: hammasi rasvo bo‘lib ketadi-da.

‒ Qiyini faqat sohilga yetib olish, – dedi Glenarvan, – Villa-Prayyaga yetib olganingizdan so‘ng boplab joylashib olasiz; to‘g‘ri, tozalik masalasi juda ham yaxshi emas bu yerda: maymunlar va cho‘chqalar bilan yonma-yon yashashga to‘g‘ri keladi, ular bilan qo‘shnichilik qilish esa hamma vaqt ham ko‘ngilli bo‘lavermaydi. Lekin sayyoh bunday arzimagan narsalarga e’tibor qilmasligi kerak. Siz bu yerda uzoq qolib ketarmidingiz, yetti-sakkiz oydan keyin Yevropaga ketayotgan biror kemaga chiqib olasiz.

‒ Yetti-sakkiz oydan keyin dedingizmi?! – deb so‘radi Paganel.

‒ Ha, kam deganda yetti-sakkiz oydan keyin: yog‘ingarchilik davrida Yashil Burun orollariga kemalar kamdan-kam kiradilar-da! Lekin siz bu vaqtdan yaxshi foydalanishingiz mumkin. Bu arxipelag hali yaxshi o‘rganilgan emas. Bu yerda topografiya sohasida ham, klimatologiya sohasida ham, etnografiya va gipsometriya4040
  Topografiya – geodeziyaning yer sathini o‘lchash hamda uni plan va kartalarda ifodalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi. Klimatologiya – iqlim turlarini, ularning yuzaga kelishi va ta’sirini o‘rganuvchi fan. Etnografiya – xalqlarning kelib chiqishini, turmushini, moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganadigan fan. Gipsometriya – biror joyning balandligini o‘lchash (Muharrir).


[Закрыть]
sohasida ham qilinadigan ishlar ko‘p.

‒ Siz daryolarni tekshirish ishi bilan shug‘ullanishingiz mumkin, – dedi Elen.

‒ Bu yerlarda daryo yo‘q, xonim, – deb javob berdi Paganel.

‒ Unda kichikroq oqar suvlarni tekshirasiz.

‒ Bunday oqar suv ham yo‘q.

‒ Unday bo‘lsa o‘rmonlarni o‘rganishga to‘g‘ri kelar ekanda, – deb gapga aralashdi mayor.

‒ O‘rmon bo‘lish uchun daraxt bo‘lishi kerak, bu yerda esa daraxt degan narsaning o‘zi yo‘q.

‒ Zap go‘zal o‘lka ekanmi! – deb qo‘ydi mayor.

‒ Xafa bo‘lmang, aziz Paganel, – deb unga tasalli berdi Glenarvan, – har holda tog‘lar bor-ku.

‒ Be, ser! Bu yerdagi tog‘lar baland ham emas, qiziq ham. Buning ustiga ular allaqachon o‘rganib bo‘lingan.

‒ Rostdan-a? – deb hayron bo‘di Glenarvan.

‒ Ha, yana omadim yurishmadi. Kanar orollarida hammayoqni Gumboldt tekshirib qo‘ygan edi, bu yerlarni esa janob Sharl Sen-Kler Devil degan bir geolog mendan oldinroq o‘rganib chiqqan.

‒ Nahotki?

‒ Afsuski, shunday! – dedi ma’yuslik bilan Paganel. – U olim «Qat’iyatli» degan fransuz korvetida4141
  Korvet – uch machtali yelkanli kema.


[Закрыть]
Yashil Burunga kelgan, kemaning bu yerda to‘xtab turganidan foydalanib, arxipelagdagi tog‘larning eng qizig‘i bo‘lgan Fogo orolidagi vulqonga chiqqan. Shunday bo‘lgandan keyin, men bu yerda nima ham qilardim?

‒ Bu haqiqatan ham achinarli hol, – dedi Elen. – Endi nima qilmoqchisiz, janob Paganel?

Paganel bir necha minut indamay qoldi.

‒ Asli vinosi qolmagan demay Madeyrada tushib qolaversangiz bo‘lar ekan, – dedi Glenarvan.

Parij geografiya jamiyatining sekretari hamon indamay turardi.

‒ Men sizning o‘rningizda bo‘lsam, hozir tushmay turardim, – dedi mayor, odati bo‘yicha pinagini ham buzmay.

‒ Aziz Glenarvan, – dedi nihoyat jimlikni buzib Paganel, – endi qayerda to‘xtaysizlar?

‒ Endi shu bilan Konsepsionga borib to‘xtaymiz.

‒ Obbo! Unda men Hindistondan juda uzoqlashib ketaman!

‒ Aksincha: Gorn burnini aylanib o‘tgach, siz Hindistonga yana yaqinlashib boraverasiz.

‒ Unisini bilaman-a.

‒ Buning ustiga, – deb davom etdi Glenarvan, – g‘arbiy Hindistonga bordingiz nima-yu, Sharqiy Hindistonga bordingiz nima? Baribir emasmi?

‒ Rostimni aytsam, ser, – dedi Paganel, – bu gap sira ham yodimga kelmabdi!

‒ Oltin medalni esa, aziz Paganel, – deb davom etdi Glenarvan, – xohlagan mamlakatda ham olishingiz mumkin. Har joyda ham ishlash, kashf qilish mumkin: Kordiler tizma tog‘larida ham, Tibet tog‘larida ham.

‒ Xo‘sh, unda Yaru-Dzangbo-Chu daryosini tekshirishim nima bo‘ladi?

‒ Nima bo‘lardi, Yaru-Dzangbo-Chu o‘rniga Rio-Koloradoni tekshirasiz-qo‘yasiz. Shunday katta daryo kam tekshirilgan, axir. Geograflar uni har xil xaritalarda har xil joylardan oqishga majbur qiladilar.

‒ Bilaman buni, azizim, bilaman. Hatto bir necha gradusga qilingan xatolar ham uchraydi. Istasam Geografiya jamiyati meni Hindistonga yuborishga rozi bo‘lganidek Patagoniyaga ham hech so‘zsiz yuborgan bo‘lar edi-ya, lekin bu fikr mening miyamga kelmagan edi-da.

‒ Bunga ham parishonligingiz sabab.

‒ Biz bilan yuravering-da, janob Paganel, – deb iltimos qildi Elen, g‘oyat samimiy ravishda.

‒ Xonim! Menga berilgan topshiriq nima bo‘ladi unda?

‒ Aytib qo‘yay: biz Magellan bo‘g‘ozi orqali o‘tamiz, – dedi Glenarvan.

‒ Ser, siz odamni yo‘ldan urishga usta ekansiz!

‒ Biz Ochlik portida ham bo‘lamiz.

‒ Ochlik portida-ya! – deb qichqirdi har tomonlama hujum ostida qolgan fransuz. – Axir u geografiya tarixi yozilgan barcha asarlarda tilga olinadigan mashhur port-ku!

‒ Yana shuni ham unutmangki, janob Paganel, – deb davom etdi Elen, – sizning bu ekspeditsiyada ishtirok etishingiz Fransiyaning nomini Shotlandiya bilan yonma-yon qo‘yadi.

‒ Albatta, albatta!

‒ Bizning ekspeditsiyamizga geografiya olimi katta foyda keltirishi mumkin, fanni kishilik foydasiga xizmat qildirishdan go‘zal ish bo‘lishi mumkinmi?

‒ Juda ma’qul gap aytdingiz!

‒ Xo‘p deyavering: siz ham birga o‘xshab, tasodifning irodasiga bo‘ysuning. Tasodif bizga o‘sha hujjatlarni yetkazdi, biz yo‘lga tushdik. Sizni ham tasodif «Dunkan»ga keltirib tashladi, siz ham unda qolavering.

‒ Hozir nimalar o‘ylayotganimni aytaymi, do‘stlarim? – dedi Paganel. – Mening qolishimni juda xohlaysizlarmi?

‒ O‘zingizning ham qolgingiz kelib turibdi-ku, axir, – dedi Glenarvan.

‒ To‘g‘ri! – deb yubordi geografiya olimi. – Men sizlarga ortiqcha yuk bo‘lishdan cho‘chib turgan edim.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации