Текст книги "Капитан Грант болалари"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 47 страниц) [доступный отрывок для чтения: 15 страниц]
Beshinchi bob
«DUNKAN»NING JO‘NAB KETISHI
Elen Glenarvanning olijanob va dovyurak ayol ekanini biz ilgari aytib o‘tgan edik. Kapitan Grantni axtarib topish to‘g‘risidagi taklifi bunga shubhasiz bir dalildir. Glenarvan uning fikrlariga darhol tushunadigan va hayot yo‘lini u bilan birga mardlarcha bosib o‘ta oladigan bu olijanob xotini bilan har qancha faxrlansa ham arzir edi. Londonda, uning fikrini rad qilganlaridayoq, o‘zining ham miyasiga kapitan Grantni izlagani safarga chiqish fikri kelgan edi, lekin xotini bilan uzoq vaqt ayrilishni istamagani uchungina buni oldinroq ayta olmadi. Endi, kapitan Grantni axtarish taklifini Elenning o‘zi o‘rtaga tashlagandan keyin hech qanday ikkilanishga o‘rin qolmadi. Malkolm-Kestldagi xizmatkorlar bu taklifni shodlik bilan tabriklashdi, – axir gap xuddi ular kabi shotlandiyaliklarni qutqarish to‘g‘risida borayotgan edi-da. Shuning uchun Glenarvan ularning Elen sharafiga aytayotgan «ura» xitoblariga butun yurakdan qo‘shildi.
Yo‘lga chiqish masalasi hal bo‘lgandan keyin bir soatni ham bekor o‘tkazmaslik kerak edi. O‘sha kuniyoq Glenarvan Jon Manglsga «Dunkan»ni Glazgoga keltirish va unda janubiy dengizlarda suzish uchun barcha tayyorgarliklarni ko‘rish to‘g‘risida buyruq berdi; bu ekspeditsiya butun dunyo sayohatiga ham aylanib ketishi mumkin edi. Shuni ham aytish kerakki, «Dunkan»da sayohatga chiqishni taklif qilar ekan, Elen kemaning layoqatiga baho berishda yanglishmagan edi. Bu juda pishiq va tezyurar kema uzoq dengiz sayohatlariga bemalol chidash bera olardi.
«Dunkan» ikki yuz o‘n tonna hajmdagi, bug‘ kuchi bilan yuradigan ajoyib kema edi, vaholanki, Amerika qirg‘oqlariga yetib borgan dastlabki kemalar – Kolumb, Vespuchchi va Magellanning kemalari bunga nisbatan ancha kichik hajmda edi2020
Xristofor Kolumb Amerikaga to‘rtinchi marta sayohat qilganda to‘rt kemada borgan edi. Bu kemalardan eng kattasi – Kolumbning o‘zi tushgan karavella yetmish tonna hajmli, eng kichigi esa ellik tonna hajmdagi kema edi. Ular faqat qirg‘oq bo‘ylab suzishga yaraydigan kemalar edi, xolos (Muallif izohi).
[Закрыть].
«Dunkan»ning ikkita machtasi: marsel2121
Marsel – machtadagi pastdan ikkinchi yelkan.
[Закрыть] va bram-stengali fok-machta2222
Bram-stenga – stenga (machtaning yuqori qismi; u machtaning pastki asosiga ulangan bo‘ladi)ning davomi. Fok-machta – kemaning oldingi machtasi.
[Закрыть], kontr-bizan va flagshtokli grotmachtasi bor edi; bulardan tashqari kemada uchburchakli yelkan – fok-staksel, katta va kichik kliverlar, shuningdek shtangaga2323
Shtanga – uzun metall sterjen.
[Закрыть] o‘rnashtirilgan yelkanlar ham bor edi. Xullas, «Dunkan» oddiy kliperdan2424
Kliper – uch machtali, tez yurar yelkanli kema.
[Закрыть] sira qolishmasdan suza olish darajadagi yelkanga ega edi.
Lekin, albatta, kemaning mexanik kuchi – par mashinalariga hammasidan ko‘proq tayanish mumkin edi. Eng yangi sistema asosida ishlanib, peregrevatellar bilan jihozlangan, bir yuz oltmish ot quvvatiga ega bo‘lgan bu mashinalar ikki qavat vintni harakatga keltirar edi. Barcha yelkanlarini ochib yurganda «Dunkan» o‘sha vaqtga qadar sira ko‘rilmagan tezlikda suza olardi. Sirasini aytganda, Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tayotgan paytda «Dunkan»dagi patent-lag2525
Patent-lag – strelka yordamida kemaning harakat tezligini ko‘rsatadigan siferblatli asbob.
[Закрыть] kemaning tezligi soatiga o‘n yetti dengiz miliga2626
Dengiz mili 1852 metrga baravar.
[Закрыть] yetganini ko‘rsatdi.
«Dunkan» hatto dunyo sayohatiga ham bemalol chiqa olardi, albatta.
Jon Mangls kemani ichki tomondan jihozlasa bo‘lgani edi. U eng oldin ko‘proq ko‘mir g‘amlab olish uchun ko‘mirxonalarni kengaytirdi, chunki yo‘lda kemaga ko‘mir topish oson emas edi. Kema kambuzi2727
Kambuz – oshxona.
[Закрыть] zaxiralarini to‘ldirishga ham u alohida e’tibor berdi. U ikki yilga yetadigan oziq-ovqat g‘amlab oldi. To‘g‘ri u pulga muhtojlik sezmasdi; uning qo‘lidagi puli hatto durustgina bir to‘p sotib olib, kemaning tumshuq tomoniga o‘rnatishga ham yetdi. Yo‘lda nimalar yuz berishini kim biladi deysiz!
Shuni ham aytish lozimki, Jon Mangls o‘z ishiga mohir dengizchi edi, hozirda u faqat yaxtaga qo‘mondonlik qilayotgan bo‘lsa ham, lekin Glazgoda eng yaxshi shkiperlardan2828
Shkiper – savdo kemasining kapitani; dengiz kemasida: xo‘jalik boshlig‘i.
[Закрыть] hisoblanardi. U o‘ttizga kirgan edi. Uning biroz xunuk yuzidan mard va olijanob yigit ekani ko‘rinib turardi. Uni yosh bolaligida Malkolm-Kestlga keltirgan edilar. Glenarvanlar oilasi uni o‘qitib tarbiyaladi va ajoyib dengizchi qilib yetishtirdi. U bir necha marta uzoq dengiz sayohatlariga chiqqan, o‘shanda o‘zining butun dengizchilik san’atini, g‘ayrati va sovuqqonligini ko‘rsatgan edi. Glenarvan «Dunkan»ga qo‘mondonlik qilishni taklif qilganda, u bajonidil rozi bo‘ldi, chunki Malkolm– Kestlning xo‘jayinini o‘z akasidek yaxshi ko‘rar, unga o‘zining sodiq ekanini ko‘rsatishga doim tayyor edi.
Jon Manglsning yordamchisi Tom Ostin bahazur ishonish mumkin bo‘lgan eski dengizchi edi. Kapitan bilan uning yordamchisini ham qo‘shib hisoblaganda «Dunkan»ning komandasi yigirma besh kishidan iborat edi. Ularning hammasi Dumbarton grafligidan bo‘lib, tajribali va saralangan dengizchilar edi. Ular kemada ham mard shotlandlar klani2929
Klan – oila, urug‘.
[Закрыть] tashkil qilgandek edilar. Ular orasida hatto traditsion piperbag3030
Piper-bag – polk surnaychilari (Muallif izohi).
[Закрыть] ham bor edi. Shunday qilib, kema komandasi Glenarvanga sodiq, o‘z ishiga juda berilgan, tajribali, qurol tutishni bilgan eng qaltis ekspeditsiyalarda ham ish bera oladigan, mard dengizchilardan iborat edi. «Dunkan» komandasi kemaning qanday safarga chiqishidan darak topganda dengizchilar o‘z quvonchlarini hech qayerga sig‘dirolmay, qattiq aytilgan «ura» sadolari bilan Dumbarton qoyalarini larzaga keltirdilar.
«Dunkan»ga ko‘mir va oziq-ovqat ortish ishiga g‘ayrat bilan kirishgan Jon Mangls Eduard va Elen Glenarvanlarning kayutalarini uzoq safarga tayyorlashni ham unutmadi. Shuningdek, u kapitan Grantning bolalari uchun ham kayutalar hozirlab qo‘yishi lozim edi – axir, Elen Merining bu ekspeditsiyada ishtirok etish to‘g‘risidagi iltimosini rad qilolmas edida. Kichkina Robert esa qirg‘oqda qolgandan ko‘ra tryumga yashirinib olishni afzal ko‘rgan bo‘lardi. Shunday yigitchani tashlab ketib bo‘larmidi! Bunga urinishmadi ham. Shuningdek, Robertning yo‘lovchi qilib emas, balki kema komandasi sostaviga a’zo qilib olish to‘g‘risidagi talabiga ham rozi bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Unga dengizchilik ishlarini o‘rgatish Jon Manglsga topshirildi.
‒ Yashasin! – dedi Robert. – Agar men biror ishni o‘rniga keltirib qilolmasam, kapitan meni ayamay qamchin3131
Ingliz flotida matroslarni jazolash uchun ko‘pincha qamchin ishlatilar edi (Muallif izohi).
[Закрыть] bilan savalasin.
‒ Unisidan xotirjam bo‘l, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan jiddiy tusda, ammo u «Dunkan»da qamchin bilan jazolash taqiqlangani to‘g‘risida hech narsa, demadi.
«Dunkan»dagi yo‘lovchilar ro‘yxatini tugallash uchun mayor Mak-Nabbsni ham eslatib o‘tish lozim. U elliklarga kirgan, chiroyli va xotirjam yuzli, ajoyib tabiatli, kamtarin, indamas, beozor va soddadil kishi edi. Mak-Nabbsni qayerga boshlasangiz ketaverar, hech vaqt birov bilan tortishib o‘tirmas, hech kim bilan aytishmas, aslo achchig‘lanmas edi. U xarob etilgan transheyalarga ham o‘z yotoqxonasiga chiqayotgandek bamaylixotir ko‘tarilar, uni hech narsa, hatto bomba ham hayajonga keltirolmas va yo‘lidan qaytarolmas edi; u butun umrida bir marta ham achchig‘lanmay o‘lib ketsa kerak. Mak-Nabbs faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan kishilarga xos jangovar jasoratga, jismoniy quvvatgagina emas, balki bundan ham qimmatliroq bo‘lgan fazilatga, ya’ni bukilmas ma’naviy quvvatga ham ega edi. Uning birdan-bir kamchiligi butun borligi bilan shotlandiyalik bo‘lishi, shotlandiyalik ham emas Kaledoniyaning chin farzandi bo‘lishi, o‘z vatanining qadimiy urf-odatlariga qattiq amal qilishi edi. Shuning uchun u hech vaqt Angliyaga xizmat qilishni istamadi, o‘zining mayorlik unvonini esa komanda sostavi nuqul shotlandiyalik dvoryanlardan iborat bo‘lgan 42-gvardiyachi tog‘ polkida oldi. Mak-Nabbs Glenarvanning yaqin qarindoshi bo‘lgani uchun Malkolm-Kestlda yashardi, mayor bo‘lgani tufayli esa «Dunkan»da safarga chiqishni tabiiy deb topdi.
Kutilmagan sabablarga ko‘ra zamonamizning eng ajoyib sayohatlaridan biriga otlanayotgan kemaning yo‘lovchilari ana shunday kishilar edi.
«Dunkan» Glazgodagi paroxod pristanida paydo bo‘lgan paytdan boshlab hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. Har kuni odamlar to‘p-to‘p bo‘lib uni tomosha qilishar edi: hamma «Dunkan» to‘g‘risida gapirar, unga qiziqar edi. Bu esa ko‘p kapitanlarga xush kelmas, shu jumladan, pristanda «Dunkan» bilan yonma-yon turgan va Kalkutta safariga tayyorlanayotgan «Shotlandiya» nomli ko‘rkam paroxodning kapitani Bertonga ham yoqmas edi. Haqiqatan ham bu kattakon paroxodning kapitani o‘zining kichkina qo‘shnisi «Dunkan»ni nazar-pisand qilmaslikka haqli edi. Shunga qaramay, xalqning kundan-kun oshib borayotgan nazar-e’tibori Glenarvanning kemasiga qaratilmoqda edi.
«Dunkan»ning jo‘nab ketish payti yaqinlashib kela boshladi. Jon Mangls mohir va g‘ayratli kapitan ekanini ko‘rsatdi. Kema Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tgan kundan bir oy keyin ko‘mir, oziq-ovqat bilan ta’minlanib, uzoq safarga zarur bo‘lgan barcha asbob-uskuna bilan jihozlangach, «Dunkan» dengizga chiqishga tayyor edi. 25-avgustda jo‘nab ketadigan bo‘ldilar. Demak, kema janubiy kengliklarga taxminan bahorning boshlanishiga yetib borar edi.
Glenarvanning rejasi odamlarga ma’lum bo‘lib qolgach, ko‘p kishilar uni bunday sayohatning qiyin va xavfli ekani to‘g‘risida ogohlantira boshladilar. Lekin Glenarvan bu so‘zlarga zarracha ham e’tibor bermadi, u kapitan Grantni topib kelish maqsadidan aslo qaytmadi. Glenarvanning bu ishini qoralagan kishilarning ko‘pi ayni vaqtda ichdan unga qoyil bo‘lardilar. Borib-borib, butun afkor-omma ochiqdan-ochiq Glenarvanni yoqlab chiqdi, shuning uchun ham hukumat gazetalaridan tashqari barcha matbuot admiralteystvodagi lordlarni bir og‘izdan qoraladi. Glenarvan esa maqtovlarga ham, qoralashlarga ham e’tibor bermasdi – u o‘zining burchi deb hisoblagan ishni amalga oshirmoqda, boshqasi bilan uning nima ishi bor?
24-avgustda Glenarvan, Elen, mayor Mak-Nabbs, Meri va Robert Grantlar, kema styuardi3232
Styuard – bufetchi.
[Закрыть] mister Olbinet, uning Elen Glenarvanga xizmat qiluvchi xotini missis Olbinet Malkolm-Kestldan jo‘nab ketishdi. Glenarvan oilasiga sodiq bo‘lgan xizmatkorlar ularga butun yurakdan oq yo‘l tilab, xayrlashdilar.
Bir necha soatdan so‘ng sayohatchilar «Dunkan» bortiga chiqdilar. Tinch, rohat turmushidan kechib, halokatga uchragan baxtsizlarni qutqarishga oshiqqan mard xotin Elenni Glazgo aholisi mehr bilan qizg‘in tabrikladi.
Glenarvan bilan Elenga ajratilgan kayutalar «Dunkan»ning yut qismida bo‘lib, ikki yotoqxona, mehmonxona va kiyinibyuvinish uchun ajratilgan ikkita kichkinagina bo‘lmadan iborat edi. So‘ngra kemada yana bir umumiy kayut-kompaniya bo‘lib, unga oltita kayutaning eshigi ochilar edi, undan beshtasini Meri va Robert Grantlar, mister va missis Olbinetlar va mayor Mak-Nabbs egallagan edilar. Jon Mangls bilan Tom Ostinning kayutalari kemaning tumshuq tomonida joylashgan bo‘lib, eshigi palubaga ochilardi. Komanda esa palubalar o‘rtasidagi kayutalarga joylashtirilgan edi; joy keng va butun qulayliklari bor edi, chunki kemada ko‘mir, oziq-ovqat va quroldan boshqa hech qanday yuk yo‘q edi. Shunday qilib, kapitanning ixtiyorida joy juda ko‘p edi, u esa bundan ustalik bilan foydalandi.
«Dunkan» 25-avgust erta tong soat uchlarda, suv qayta boshlaganda dengizga chiqishi kerak edi.
Kechqurun soat o‘n birda hamma kemada bo‘ldi. Kapitan bilan komanda jo‘nab ketish uchun oxirgi tayyorgarlik ishlarini ko‘ra boshladilar. Yarim kechada bug‘ qozonlariga o‘t yoqildi. Kapitan o‘tga tezroq ko‘mir tashlash to‘g‘risida buyruq berdi, ko‘p o‘tmay kema trubalaridan chiqqan qop-qora tutun tungi tumanga ulanib ketdi. Janubi-g‘arb shamoli esayotgani uchun yelkanlardan foydalanib bo‘lmas edi – dudlanib qolmasligi uchun ularni kanop g‘iloflar bilan yaxshilab o‘rab qo‘yildi.
Soat ikkida «Dunkan»dagilar bug‘ qozonlarining kuchi bilan kemaning titray boshlaganini sezdilar; manometr to‘rt atmosfera bosim kuchini ko‘rsatardi; qizib ketgan bug‘ klapanlar ostidan chiyillab otilib chiqa boshladi. Dengiz suvining ko‘tarilishi to‘xtadi, suvning qaytishidan oldingi vaqtincha tinish payti boshlandi. G‘ira-shira tong otib kela boshladi, Klayd daryosining farvateri, uning tong yorig‘ida xiralasha boshlagan baken3333
Baken – suv yo‘llarida xavfli joylarni va kemalar yo‘lini ko‘rsatuvchi suzg‘ich.
[Закрыть] chiroqlari ko‘rina boshladi. Yo‘lga chiqish payti keldi. Jon Mangls buni Glenarvanga xabar qilishni buyurdi. Glenarvan tez palubaga ko‘tarildi.
Ko‘p o‘tmay suv qayta boshladi. «Dunkan»ning qattiq hushtagi yangradi: kema bog‘lab qo‘yilgan qoziqlardan bo‘shatildi va qirg‘oqdan ajraldi. Vint ishga tushdi va «Dunkan» daryo farvateridan yo‘lga chiqdi. Jon lotsman3434
Lotsman – kemalarga yo‘l ko‘rsatuvchi mutaxassis.
[Закрыть] olmadi; Klayd daryosining farvaterini u juda yaxshi bilar, kemani ochiq dengizga hech kim undan yaxshiroq olib chiqa olmas edi. Kema o‘z kapitanining irodasiga bo‘ysunib, itoat bilan borardi. Kapitan ishonch bilan o‘ng qo‘lida mashinani va so‘l qo‘lida rulni boshqarar edi. Ko‘p o‘tmay qirg‘oqdagi eng so‘nggi zavodlar ham orqada qoldi, qirg‘oqdagi tepalar ustiga joylashgan villalar ko‘zga tashlana boshladi. Shahar shovqini orqada qoldi.
Bir soatdan so‘ng «Dunkan» Dumbarton qoyalari oldidan o‘tdi; ikki soatdan so‘ng u Klayd qo‘ltig‘iga yetib bordi… Ertalab soat oltida esa «Dunkan» ochiq dengizga chiqib oldi.
Oltinchi bob
OLTINCHI KAYUTADAGI YO‘LOVCHI
Safarning birinchi kuni dengiz ancha notinch edi; kechga borib shamol yana biroz kuchaydi. To‘lqinlar «Dunkan»ni kuchligina chayqar edi. Shuning uchun ayollar palubaga chiqmadilar. Ular kayutalardagi koykalarda yotar edilar.
Ertasiga shamolning yo‘nalishi bir qadar o‘zgardi. Kapitan Jon Mangls fok, kontr-bizan va kichik marsel yelkanlarini ochishni buyurdi. Shundan so‘ng «Dunkan»ning chayqalishi kamaydi. Elen bilan Meri Grant ertalab palubaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Glenarvan, mayor va kapitan ham shu yerda edilar.
Quyoshning chiqib kelishi juda jozibador edi. Kattakon oltin doiraga o‘xshagan quyosh nihoyatda katta galvanik vannadan ko‘tarilib kelayotgandek edi. «Dunkan» zarrin nurlar ustidan suzib borar, uning yelkanlarini shamol emas, quyosh nurlari kelib yoyayotgandek tuyulardi.
Kema yo‘lovchilari quyoshning ko‘tarilib kelishini indamay turib tomosha qildilar.
Nihoyat bu jimlikni Elen buzdi.
‒ Qanday go‘zal manzara-ya! – dedi u. – Quyoshning bunday chiqishi kunning yaxshi bo‘lishidan darak beradi. Faqat shamol o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmay, orqadan esib tursa bo‘lgani!
‒ Bundan yaxshi shamolni orzu qilish ortiqcha, azizim Elen, – dedi Glenarvan, – sayohatimizning bunday muvaffaqiyatli boshlanishidan mamnun bo‘lishimiz kerak.
‒ Azizim Eduard, biz manzilga qancha vaqtda yetamiz?
‒ Buni faqat kapitan Jon ayta oladi, – dedi Glenarvan. – Qalay ketyapmiz, Jon? Kemangizdan xursandmisiz?
‒ Juda xursandman, ser. «Dunkan» juda yaxshi kema, bunday kemada suzgan har bir dengizchi o‘zini baxtiyor sezadi. Mashina ham, korpus ham bir-biriga juda mos tushgan. Shuning uchun kema to‘lqinlarni osongina yorib o‘tib, orqada tekis iz qoldirib kelmoqda. Biz hozir soatiga o‘n yetti dengiz milyasi tezligida ketyapmiz, agar bu tezlik kamayib qolmasa, o‘n kundan keyin ekvatordan o‘tamiz, besh haftaga ham qolmay Gorn buruniga yetib boramiz.
‒ Eshitdingizmi, Meri? Besh haftaga ham qolmay! – dedi qizga qarab Elen.
‒ Eshitdim, xonim, – deb javob berdi Meri. – Kapitanning bu so‘zlarini eshitib, yuragim gupullab urib ketdi.
‒ Dengiz sayohatida o‘zingizni qalay his qilyapsiz, Meri? – deb so‘radi undan Glenarvan.
‒ U qadar yomon his qilayotganim yo‘q, ser. Hademay dengizga butunlay o‘rganib olaman.
‒ Kichkina Robertimiz-chi?
‒ Robertmi?! – deb gapga aralashdi Jon Mangls. – Agar u hozir mashina bo‘limida bo‘lma-sa, machtaga chiqib olgani aniq. Bu yigitcha dengiz kasalining nima ekanini mutlaqo bilmaydi… Ana, o‘zingiz bir tomosha qiling-a. Qayerga chiqib olganini ko‘ryapsizmi?
Hamma kapitan qo‘li bilan ko‘rsatayotgan tomonga – fok-machtaga qaradi: Robert palubadan yuz futcha balandlikda bram-stengoning arqonlarida osilib turardi. Meri beixtiyor titrab ketdi.
‒ Xotirjam bo‘lavering, miss! – deb unga tasalli berdi Jon Mangls. – Uning yiqilib tushmasligiga men kafilman. Tez orada men yigitchani jasur dengizchi sifatida kapitan Grantga taqdim qilishga so‘z beraman, men hurmatli kapitanni topishimizga zarracha ham shubha qilmayman.
‒ Koshki edi shunday bo‘lsa! – deb javob qildi qiz.
‒ Umidimiz katta, miss Meri, – dedi Glenarvan. – Ishimiz muvaffaqiyatli boryapti. Bizning bu olijanob maqsadimizni amalga oshirishga bel bog‘lagan mana bu azamatlarga bir qarang. Ular bilan biz albatta maqsadga erishamiz, erishganda ham ko‘p qiynalmasdan erishamiz. Men Elenga ko‘ngil ochish sayohatiga olib boraman, deb va’da qilgan edim, bu va’damni amalga oshiraman deb ishonaman.
‒ Eduard, siz bebaho odamsiz! – dedi Elen Glenarvan.
‒ Yo‘q, aslo, lekin mening komandam – komandalarning, kemam esa – kemalarning eng yaxshisi. Nahotki, siz bizning «Dunkan»ga qoyil qolmagan bo‘lsangiz, miss Meri!
‒ Juda qoyilman, ser, – deb javob berdi qiz, – qoyil bo‘lganda ham dengizchilik ishlariga tushunadigan kishi sifatida qoyilman.
‒ Rosti bilan-a?!
‒ Men hali yosh bola ekanimdayoq otamning kemalarida o‘ynab yurar edim. U meni dengizchi qilib yetishtirishi kerak edi. Lozim bo‘lib qolsa, men hozir ham yelkan ochish ishlarini bajara olaman.
‒ Rostdan ham-a, miss? – deb xitob qildi Jon Mangls.
‒ Unday bo‘lsa, – dedi Glenarvan, – siz kapitan Jon bilan juda do‘stlashib ketasiz, chunki u dunyoda dengizchilik hunarini hammadan ham yuksak qo‘yadi. Hatto ayollar uchun ham bundan yaxshi ish yo‘q deb hisoblaydi. Shunday emasmi, Jon?
‒ Juda to‘g‘ri aytdingiz, ser, – deb javob berdi yosh kapitan, – shunday bo‘lsa ham men miss Grantning yelkan yozishdan ko‘ra kayutada tinchgina o‘tirganini afzal ko‘raman. Shunga qaramay missning boyagi so‘zlari menga juda yoqib tushdi.
‒ Ayniqsa «Dunkan»ga qoyil bo‘lib turganda, a?.. – deb qo‘shib qo‘ydi Glenarvan.
‒ U bunga loyiq kema, – deb javob berdi Jon Mangls.
‒ Rostimni aytsam, siz kemani shunday maqtab yubordingizki, men uni boshdan-oyoq, to tryumlarigacha ko‘zdan kechirgim kelib qoldi, – dedi Elen. – Shu bilan birga azamat matroslarimiz qanday joylashganlarini ham ko‘rib kelamiz.
‒ Ular juda yaxshi o‘rnashib olishgan, – dedi Jon Mangls: – xuddi o‘z uyidagiday.
‒ Ular haqiqatan ham o‘z uylaridalar, azizim Elen, – dedi Glenarvan. – Axir bu kema – o‘z yurtimizning bir qismi, Dumbarton grafligining okean to‘lqinlarida suzib ketayotgan bir bo‘lagi-da! Biz o‘z vatanimizdan ketganimiz yo‘q: «Dunkan» – Malkolm-Kestlning xuddi o‘zi.
Elen:
‒ Azizim Eduard, bo‘lmasa bizga o‘z qasringizni bir ko‘rsating, – deb hazil qildi.
‒ Jonim bilan! – dedi Glenarvan. – Lekin oldin Olbinetga ikki og‘iz so‘z aytishga ruxsat etsangiz.
«Dunkan»ning bufetchisi Olbinet o‘z ishiga nihoyatda mohir kishi bo‘lib, o‘z vazifasini jon-dili bilan, juda o‘rinlatib bajarar edi. U xo‘jayinining chaqirganini eshitib, darhol yetib keldi.
Glenarvan, go‘yo gap qasrning atrofida sayr qilish to‘g‘risida borayotgandek, Olbinetga dedi.
‒ Olbinet, biz ovqatdan oldin biroz sayr qilib kelmoqchimiz. Biz qaytganda ovqat stol ustiga taxt qilib qo‘yilgan bo‘ladi deb umid qilaman.
Olbinet g‘urur bilan bosh egdi.
‒ Biz bilan borasizmi, mayor? – deb so‘radi Mak-Nabbsdan Elen.
‒ Buyursangiz, boraveraman, – deb javob berdi mayor.
‒ Mayor hozir, o‘z sigarasining tutuniga qarab zavq qilib o‘tiribdi, – deb gapga aralashdi Glenarvan, – qo‘yinglar, uning rohatini buzmaylik. Bilasizmi, miss Meri, bizning mayor chekishga nihoyatda berilgan odam – hatto uyqusida ham sigarasini og‘zidan qo‘ymaydi.
Mayor to‘g‘ri degandek qilib bosh silkitdi. Undan boshqa hamma kubrikka3535
Kubrik – kemada komanda joylashadigan umumiy xona.
[Закрыть] tushib ketdi.
Palubada yolg‘iz qolgach Mak-Nabbs o‘z odati bo‘yicha atrofini quyuq tutun bilan qoplab, o‘zi bilan o‘zi suhbat qilishga kirishdi. U qimirlamay turar va kemaning orqasida qolayotgan ko‘piklangan izni tomosha qilardi. Bir necha minut indamasdan turib tomosha qilgandan so‘ng orqasiga o‘girilib qaradi-yu, ko‘zi notanish bir kishiga tushdi. Agar biror narsa mayorni taajjubga sola oladigan bo‘lganda edi, hozir u bu odamni ko‘rib taajjublangan bo‘lardi, chunki qarshisidagi bu odam unga mutlaqo notanish edi.
Bu notanish kishi qirq yoshlar chamasidagi baland bo‘yli, qotmadan kelgan odam edi. U qattiq qalpoqli uzun mixga o‘xshardi. Kallasi katta va dumaloq, peshonasi keng, burni uzun, og‘zi katta, dahani o‘tkir. Katta dumaloq ko‘zoynak orqasiga yashiringan ko‘zlarining qarashi kechasi ham kunduzgidek bahuzur ko‘raveradigan kishining boqishiga o‘xshardi. Basharasidan aqlli va quvnoq odam ekanligi ko‘rinib turar edi. U o‘zining mayda va miskin odam ekanini jiddiylik niqobi ostiga yashirishga tirishib, mutlaqo kulmay, doim gerdayib yuradigan odamlarga aslo o‘xshamas, aksincha, o‘zini erkin va samimiy tutishi bu noma’lum kishining odamlardagi va narsalardagi yaxshi jihatlarni ko‘rishga moyil ekanidan darak berardi. U hali bir og‘iz so‘z aytmagan bo‘lsa ham suhbatni sevadigan odam ekani ko‘rinib turardi. U qarab turgan narsasini ko‘rmaydigan va unga aytilayotgan so‘zlarni eshitmaydigan parishon kishilarni eslatardi. Notanish kishi boshiga safar shapkasi, oyog‘iga pishiq sariq botinka va charm getr kiygan edi. Egniga qo‘ng‘ir baxmal shim va xuddi shunday kurtka kiygan, kurtkasining son-sanoqsiz cho‘ntaklari liq to‘la ekanligini sezish qiyin emasdi, chunki ulardan har xil yon daftarchalar, bloknotlar, karmonlar, xullas, yonda olib yurish sira ham zarur bo‘lmagan har xil ortiqcha narsalar ko‘rinib turardi. Uzun tasmasini yelkasidan oshirib ilib olgan dengizchilar trubasi ham bor edi.
Bu noma’lum kishining betinchligi bilan mayorning xotirjamligi bir-birining butunlay aksi edi. U Mak-Nabbsning atrofida gir aylanar, uni ko‘zdan kechirar, unga savol nazari bilan qarar edi, mayor esa, aftidan, bu janobning qayerdan paydo bo‘lib qolgani, qayoqqa ketayotgani va «Dunkan»ga qanday tushib qolganiga mutlaqo qiziqmas edi.
Notanish kishi o‘zining barcha urinishlari mayorning xotirjamligi oldida bekor ketgach, yelkasiga osib olgan durbinini qo‘liga oldi – uzuniga yozib yuborganda bu durbin to‘rt futga yetardi, – u oyoqlarini kerib yo‘l yoqasidagi simyog‘ochdek qotib turgan holda dengiz bilan osmon birlashib ketgan ufqni ko‘zdan kechira boshladi. Shu tarzda besh minutcha dengizni tomosha qilgandan keyin u durbinini palubaga qo‘ydi-da, hassaga tayangandek unga suyandi; lekin trubasining qismlari biri-birining ichiga kirib ketib, birdan yig‘ilib qolgan edi, yangi yo‘lovchi tayanch nuqtasini yo‘qotib, grot-machta oldiga uzala yiqilishiga oz qoldi.
Mayordan boshqa odam bo‘lganda juda bo‘lmasa jilmayib qo‘ygan bo‘lardi, lekin u pinagini ham buzmadi. Shundan so‘ng notanish odam ishga kirishdi.
– Styuard! – deb qichqirdi u, ajnabiylarga xos talaffuz bilan.
Lekin hech kim kelmadi.
‒ Styuard! – deb qattiqroq chaqirdi u.
Mister Olbinet shu payt kambuzga o‘tib ketayotgan edi. U noma’lum bir novcha kishi o‘zini bunday odobsizlik bilan chaqirayotganini ko‘rib, shunday ham hayron qoldiki, asta qo‘yaverasiz!
«U qayerdan kelib qoldiykin? – deb o‘ylar edi Olbinet. – Mister Glenarvanning bironta do‘stimikin? Yo‘q-e!»
U notanish kishining oldiga keldi.
‒ Siz shu kemaning styuardi bo‘lasizmi?
‒ Ha, ser, lekin men sizni…
Lekin noma’lum yo‘lovchi uning so‘zini birdaniga shart kesdi:
‒ Men oltinchi kayutadagi yo‘lovchiman, – dedi u.
‒ Oltinchi kayuta yo‘lovchisi? – deb takror so‘radi Olbinet.
‒ Ha, ha! Sizning ismingiz nima?
‒ Olbinet.
‒ Gap bunday, do‘stim Olbinet, – dedi oltinchi kayutali notanish kishi, – menga biroz ovqat bersangiz bo‘lardi, lekin tezroq. Men o‘ttiz olti soatdan beri og‘zimga hech narsa olganim yo‘q, to‘g‘rirog‘i, men o‘ttiz olti soat qimir etmay uxladim, bu esa Parijdan Glazgoga hech qayerda to‘xtamay yetib kelgan odam uchun yo‘l qo‘yiladigan narsa. Aytingchi, bu kemada nonushta soat nechada bo‘ladi?
‒ To‘qqizda, – deb javob berdi hech o‘ylamasdan Olbinet.
Notanish kishining soatga qaragisi kelib qoldi, lekin bu ancha vaqtni oldi, chunki u soatini faqat to‘qqizinchi cho‘ntagidan topdi.
‒ Juda soz. Lekin hali sakkiz ham bo‘lmapti-ku! Unday bo‘lsa, Olbinet, nonushtagacha menga biskvit bilan bir stakan cherri bera turing – ochimdan o‘lar holdaman.
Olbinet hech narsaga tushunmay, unga quloq solib turar, notanish kishi esa bir mavzudan ikkinchiga o‘tib to‘xtovsiz gapirar edi.
‒ Xo‘sh, kapitan qani? Hali turgani yo‘qmi? Uning yordamchisi-chi? U ham uxlab yotibdimi? – deb bidirlardi notanish kishi. – Baxtimizga, havo ochiq, shamol orqadan esmoqda, kema juda yaxshi suzib bormoqda.
Xuddi shu payt yutdagi zinadan Jon Mangls chiqib keldi.
‒ Kapitan mana shu kishi bo‘ladi, – dedi Olbinet.
‒ Oh, juda baxtiyorman! – dedi notanish kishi. – Siz bilan tanishganimga juda xursandman, kapitan Berton!
Jon Manglsning hayronligi cheksiz edi. U o‘zini kapitan Berton deb ataganlari uchungina emas, balki o‘z kemasida butunlay noma’lum odamning paydo bo‘lib qolganidan ham hayron edi.
Notanish kishi esa hamon shirin so‘zlarni yog‘dirib tashlamoqda edi:
‒ Qo‘lingizni qisishga ijozat bersangiz, – dedi u. – Buni bundan uch kun oldin qilmaganimga sabab, safarga chiqish oldidan hech kimni bezovta qilmay deb o‘ylaganimdan edi. Lekin bugun men siz bilan tanishish sharafiga erishganim uchun behad xursandman, kapitan.
Jon Mangls ko‘zlarini katta ochib, hayronlik bilan goh Olbinetga, goh notanish kishiga qarar edi.
‒ Mana, tanishib ham oldik, bundan buyoq qadrdon do‘st bo‘lamiz, qimmatli kapitan, – deb so‘zida davom etdi notanish kishi. – Keling, endi u yoq-bu yoqdan otamlashaylik. Aytingchi, siz o‘z «Shotlandiya»ngizdan mamnunmisiz?
‒ Qaysi «Shotlandiya» to‘g‘risida gapiryapsiz? – deb so‘radi nihoyat Jon Mangls.
‒ Siz bilan bir ketayotgan «Shotlandiya» paroxodi to‘g‘risida-da. Ajoyib kema. Menga uning tashqi sifatlarini ham, uning hurmatli komandiri ajoyib kapitan Bertonning yuksak axloqini ham rosa maqtashdi. Ha, aytgandek, siz jasur Afrika sayyohi Bertonning qarindoshi emasmisiz? Agar shunday bo‘lsa, mening qizg‘in tabriklarimni qabul etgaysiz.
‒ Ser, men sayyoh Bertonning qarindoshi ham emasman, kapitan Berton ham emasman, – deb javob berdi Jon Mangls.
‒ Ha-a… – dedi cho‘zib notanish kishi, – demak, men kapitan Bertonning yordamchisi mister Berdnes bilan gaplashayotgan ekanman-da-a!
‒ Mister Berdness dedingizmi? – deb takror so‘radi Jon Mangls.
U endi masalaga tushuna boshlagan, lekin qarshisidagi kishining qanday odam ekanini: biror ahmoq odammi yo shunchaki devonatabiat kishi ekanini aniqlay olmay turgan edi. Yosh kapitan bu masalani endi uzil-kesil hal qilmoqchi bo‘lib turgan ediki, palubaga Glenarvan, uning rafiqasi va miss Grant chiqib kelishdi.
Notanish kishi ularni ko‘rib, qichqirib yubordi:
‒ A, yo‘lovchilar! Juda soz! Mister Berdnes, meni ular bilan tanishtirib qo‘yarsiz deb umid qilaman…
Ammo o‘zi Jon Manglsning tanishtirishini ham kutmay bemalol yurib, o‘rtaga chiqdi.
‒ Missis… – dedi u miss Grantga. – Missis… – dedi u Elenga. – Ser… – deb qo‘shib qo‘ydi u Glenarvanga qarab.
‒ Mister Glenarvan, – deb tanitdi Jon Mangls.
‒ Ser, – deb davom qildi notanish kishi, – sizlar bilan o‘zim tanishayotganim uchun kechirim so‘rayman, lekin, o‘ylashimcha, dengizda nazokat qoidalaridan biroz chetga chiqilsa ham zarari bo‘lmasa kerak. Umidvormanki, biz tez do‘stlashib ketamiz va bu xonimlar bilan birga «Shotlandiya» kemasidagi safarimiz ham ko‘ngilli, ham qisqa ko‘rinadi.
Na Elen, na miss Grant bunga javob berishga so‘z topolmadilar. Ular bu notanish kishining «Dunkan» palubasida qanday paydo bo‘lib qolganiga sira tushunolmas edilar.
‒ Ser, – deb unga murojaat qildi Glenarvan, – men kim bilan suhbatlashish sharafiga muyassarman?
‒ Parij geografiya jamiyatining sekretari, Berlin, Bombay, Darmshtadt, Leypsig, London, Peterburg, Vena, Nyu-York geografik jamiyatlarining korrespondent a’zosi, shuningdek qirollikning sharqiy Hindistondagi geografiya va etnografiya institutining faxriy a’zosi Jak-Eliasen-Fransua-Mari Paganel. Qarshingizdagi kishi o‘z kabinetida o‘tirib yigirma yil ishlagandan keyin, nihoyat geografiya fani bilan amalda shug‘ullanishga qaror qilib, buyuk sayyohlarning ilmiy asarlarini bir butun asarga birlashtirish maqsadida hozir Hindistonga jo‘nab ketyapti.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?