Электронная библиотека » Жюль Верн » » онлайн чтение - страница 13


  • Текст добавлен: 9 апреля 2024, 02:00


Автор книги: Жюль Верн


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 13 (всего у книги 47 страниц) [доступный отрывок для чтения: 15 страниц]

Шрифт:
- 100% +
Yigirmanchi bob
ARGENTINA TEKISLIKLARI

Uchrashuvning dastlabki shodliklaridan so‘ng Paganel otryadidagilarning hammasi ham chanqoqdan o‘lar darajaga kelib qolganlarini sezdilar, ehtimol, bundan faqat mayor Mak-Nabbs mustasno bo‘lgandir. Ularning baxtiga Gumanini daryosi yaqin qolgandi, shuning uchun sayohatchilar darhol yana yo‘lga tushdilar. Ertalab soat yettida kichkina otryad qo‘raga yetib keldi. Ramadaga kiraverishda cho‘zilib yotgan bo‘ri jasadlarini ko‘rib, yirtqichlarning qanchalik zo‘r berib bostirib kelganini va qamalda qolganlarning qanchalik kuch sarf qilib, o‘zlarini himoya etganliklarini tasavvur qilish qiyin emasdi.

Sayohatchilar rosa to‘yib suv ichdilar, qo‘rada esa ularni mo‘l-ko‘l mazali ovqat kutardi. Tuyaqush go‘shtidan pishirilgan file juda shirin deb, o‘z kosasida qovurilgan bronenos esa og‘izda mazasi qoladigan, tengi yo‘q taom deb topildi.

‒ Bunday lazzatli taomni rosa to‘yib yemaslik gunoh bo‘ladi, – dedi Paganel. – Yeyveringlar, osh bo‘lsin!

Geografiya olimi rostdan ham ovqatni bosh ko‘tarmay yedi, lekin bu Guamini daryosining suvi tufayli uning sog‘lig‘iga ziyon qilmadi; geografiya olimining aytishicha, bu daryo suvining ovqatni hazm qilishga yordam beradigan xususiyati bor ekan.

Kapuyada haddan tashqari uzoq turib qolgan Gannibalning xatosini takrorlamaslik uchun Glenarvan ertalab soat o‘nda yo‘lga chiqishga signal berdi. Otryad meshlarni suvga to‘ldirib olib, yo‘lga chiqdi. Chanqoqni bosib va qorinlarini to‘ydirib olgan otlar hech to‘xtamay, yengil chopib borardilar. Yer borgan sari nam tortib, serhosil bo‘la bordi, lekin atrof hali ham bo‘m-bo‘sh edi.

2– va 3-noyabr tinch o‘tdi, uchinchi noyabr kechqurun uzoq safar vaqtida yo‘l yurishga o‘rganib qolgan sayohatchilar pampaslar bilan Buenos-Ayres viloyati chegarasiga yetib kelib, shu yerda to‘xtadilar. Otryad Talkaguano qo‘ltig‘idan 14-oktabrda yo‘lga chiqqandi. Demak, ular yigirma ikki kun ichida to‘rt yuz ellik mil yo‘l bosibdilar; boshqacha qilib aytsak, ular yo‘lning uchdan ikki qismini bosib o‘tgan edilar.

Ertasiga ertalab sayohatchilar Argentina tekisliklarini pampaslardan ajratib turgan shartli chegaradan o‘tdilar. Talkav kapitan Garri Grant bilan uning ikki o‘rtog‘ini asirlikda ushlab turgan katsiklarni o‘sha yerda uchratamiz deb mo‘ljallab kelardi, u asirlar shu yerdagi hindular qo‘lida deb ishonardi.

Argentina respublikasini tashkil qiladigan o‘n to‘rt viloyat ichida eng kattasi va aholi eng ko‘p joylashgani Buenos-Ayres viloyati. Uni hindu yerlaridan ajratib turadigan janubiy chegara oltmish to‘rtinchi gradus bilan oltmish beshinchi gradus orasidan o‘tadi. Bu viloyatning yeri juda serhosil, iqlimi esa nihoyatda sog‘lom. U Tandil va Tapalkvem tog‘larining etagigacha cho‘zilgan hamda boshoqli va dukkakli o‘simliklar bilan qoplangan tep-tekis yalanglikdan iborat.

Sayohatchilarimiz Guamini daryosidan yo‘lga chiqqandan keyin havoning hovuri borgan sari pasaya borganini sezdilar:

kunning issig‘i Selsi hisobida o‘rtacha o‘n yetti darajadan oshmas edi. Issiqning pasayib qolishiga sabab – Patagoniyadan hali ham tinmay esib turgan sovuq shamol edi. Suvsizlik va jazirama issiqdan rosa azob chekkan odamlar ham, otlar ham bundan mamnun bo‘ldilar. Sayohatchilar ishonch bilan bardam borardilar. Lekin ahvol Talkav kutganidek bo‘lib chiqmadi: viloyatda hech kim yashamas, to‘g‘rirog‘i, u bo‘shab qolgandi.

Sayohatchilar g‘arbdan sharqqa qarab ketayotgan o‘ttiz yettinchi parallel ko‘pincha goh sho‘rtang, goh chuchuk suvli kichkina-kichkina ko‘llar yoqalab borar, goh ularni kesib o‘tardi. Suv yoqalaridagi o‘tlar soyasida epchil yovvoyi tovuqlar donlab yurar, quvnoq to‘rg‘aylar tinmay sayrashardi; xuddi shu yerda patlarining rang-barangligi jihatidan kolibri degan qushlar bilan raqobat qila oladigan tangar qushlari uchib yurishardi. Bu chiroyli qushlarning birontasi ham, harbiy paradga qatnashayotgandek, yo‘l yoqasida tizilishib yurgan yelkasi va ko‘kragi qizil patlar bilan qoplangan maynalarga zarracha bo‘lsin e’tibor qilmas edi. «Annubis» deb atalgan qushlar tikanli butalar shoxiga qo‘ygan inlar belanchakday tebranar, shamolda olovdek qip-qizil qanotlarini yozib, ajoyib flamingolar to‘da-to‘da bo‘lib uchib yurardi. Ularning bir-biriga juda yaqin qilib, shunday ko‘l yoqasiga solingan sonsiz-sanoqsiz inlari bir fut balandlikdagi kesik konussimon uylardan iborat shaharchaga o‘xshardi. Flamingolarning chavandozlarning yaqinlashib kelishidan uncha cho‘chimagani, Paganelga yoqmadi.

‒ Men anchadan beri flamingolarning uchishini bir ko‘rsam deb yurardim, – dedi u mayorga.

‒ Juda soz! – deb javob berdi mayor.

‒ Shuning uchun fursat kelgan ekan, foydalanaman, albatta.

‒ Foydalaning, Paganel.

‒ Bo‘lmasa, yuring men bilan mayor, sen ham yur, Robert. Menga guvohlar kerak.

Paganel hamrohlarining ko‘pchiligini oldinga o‘tkazib yuborib, mayor va Robert bilan birga qizil qanotlilar galasiga qarab ketdi. O‘q yetadigan masofaga borganda Paganel miltig‘idan paxtavon o‘q uzdi – u hatto qushlarning qonini ham nohaq to‘kmaydigan odam edi – flamingolar maslahatlashib qo‘ygandek birdan ko‘tarilib, uchib ketdilar. Paganel ko‘zoynagi ostidan ularning uchishini diqqat bilan kuzatib turdi.

‒ Xo‘sh, ko‘rdingizmi? – deb so‘radi u qushlar galasi ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach mayordan.

‒ Ko‘rdim, albatta, – dedi Mak-Nabbs. – Buni faqat ko‘rlar ko‘rmasligi mumkin.

‒ Aytingchi, uchib ketayotgan flamingo dumiga pat qistirilgan kamon o‘qiga o‘xshaydimi, yo‘qmi?

‒ Sira ham o‘xshamaydi.

‒ Hech o‘xshash joyi yo‘q, – dedi Robert ham.

‒ Men bunga ishonar edim, – dedi mamnuniyat bilan Paganel. – Shatobrian degan bir vatandoshim uni kamon o‘qiga o‘xshatib xatoga yo‘l qo‘ygan. Esingda bo‘lsin, Robert, men bilgan ritorik shakllar orasida eng qaltisi – o‘xshatish. O‘xshatib gapirishdan iloji boricha qochgin, juda zarur paytlardagina ishlat.

‒ Demak, o‘tkazgan tajribangizdan xursandsiz, shundaymi? – deb so‘radi mayor.

‒ Juda.

‒ Men ham. Endi otlarni tezroq haydaylik, bo‘lmasa o‘sha mashhur Shatobrianingizni deb, bir milcha orqada qolib ketdik.

Hamrohlariga yaqinlashib kelgan Paganel Glenarvanning hindu bilan allanarsa to‘g‘risida qizg‘in gaplashayotganini ko‘rdi, aftidan, u hindning gapiga tushunolmayotgan edi. Talkav tez-tez to‘xtar, diqqat bilan ufqni ko‘zdan kechirar, har safar ham juda hayron qolayotgani basharasidan ko‘rinib turardi.

Glenarvan odatdagi tarjimoni yonida yo‘qligini ko‘rib, hindu bilan o‘zi gaplashib ko‘rmoqchi bo‘ldi, lekin bu urinishi muvaffaqiyatsiz chiqdi. Keyin u olimning yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, uzoqdanoq:

‒ Tezroq keling, do‘stim Paganel. Talkav ikkalamiz bir-birimizga hech gap tushuntirolmayapmiz! – deb qichqirdi.

Paganel patagoniyalik bilan bir necha minut gaplashib olgach, Glenarvanga o‘girildi.

‒ Talkav bir narsaga juda hayron, – dedi u, – rostdan ham o‘zi juda g‘alati.

‒ Nima gap o‘zi?

‒ Gap shundaki, atrofda na hindlarning o‘zi, na izi ko‘rinmaydi, vaholanki, ularning otryadlari bu yerlardan har tarafga tez-tez o‘tib turadi: ular goh qoramol podalari haydab o‘tishadi, goh o‘zlari to‘qigan gilam va charm qamchinlarni sotgani Kordiler tog‘lari tomonga borishadi.

‒ Talkav nima deydi bunga?

‒ Sababini o‘zi ham bilmaydi, juda hayron.

‒ U pampaslarning bu qismida qanday hindularni uchrataman deb mo‘ljal qilgan ekan?

‒ Chet elli kishilarni asirlikda saqlayotgan ko‘chmanchi hindularni-da, Kalfukur, Katriel yoki Yanchetruts degan katsiklar qo‘l ostidagi hindularni.

‒ Ular kim?

‒ Qabila boshliqlari. Bundan o‘ttiz yil oldin tog‘larning orqasiga siqishtirib qo‘ymagunlaricha, bu katsiklar juda hukmi zo‘r boshliq bo‘lgan. Argentina respublikasiga bo‘ysunganlaridan beri – hindularning bo‘ysunishini shunday deb atab bo‘lsa – ular pampaslar bilan Buenos-Ayres viloyatlarida ko‘chib yuradi. Rostimni aytsam, bu yerlarda hindularning izini uchratmayotganimizga men ham Talkavga o‘xshab juda hayronman.

‒ Bo‘lmasa endi nima qilishimiz kerak? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Hozir so‘rayman.

Talkav bilan yana biroz gaplashib olgach, Paganel shunday dedi:

‒ Menimcha, patagoniyalikning maslahati juda ma’qul. U Mustaqillik qal’asiga yetgunimizcha, sharqqa qarab boraverishimiz kerak, u yerda kapitan Grantdan biror xabar topolmasak ham, har holda Argentina tekisliklaridagi hindularning qayerga g‘oyib bo‘lib qolganini bilib olamiz, deydi.

‒ U qal’a uzoqmi? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Yo‘q, Tandil tog‘ida, oltmish milcha keladi.

‒ Qachon yetamiz?

‒ Indinga kechqurun.

Bu vaziyat Glenarvanni ancha o‘ylatib qo‘ydi. Pampaslarda hindularning uchramasligi aqlga sig‘maydigan ish edi. Odatda qirda hindular kutgandan ham ko‘p bo‘ladi. Aftidan, ularning g‘oyib bo‘lib qolishiga favqulodda bir sabab bor bo‘lsa kerak. Agar Garri Grant rostdan ham shu hindu qabilalaridan biri qo‘lida asir bo‘lsa, hindular uni shimol tomonga olib ketishganmi, janubgami – ana shuni bilish kerak edi. Bu savol Glenarvanga aslo tinchlik bermadi. Nima qilib bo‘lmasin, kapitanning izini yo‘qotmaslik kerak edi, shuning uchun eng yaxshi maslahat Talkavning so‘ziga kirib, Tandildagi Mustaqillik qal’asiga borish edi. Har holda u yerda biror kishi bilan gaplashib, surishtirish mumkin-ku.

Soat to‘rtlarda ufqda bir tepalik ko‘rindi, kaftdek tekis yerda uni tog‘ deb aytsa ham bo‘lardi. Bu Serra-Tapalkvem edi. Uning etagiga yetib borgach, sayohatchilarimiz tunash uchun to‘xtadilar. 7878
  G‘arbiy Yevropadan Amerikaga ko‘chib borgan koloniyachilar hindularga juda shafqatsiz muomala qilganlar, aroq bilan aldab va ko‘plab qirib, azaldan o‘zlariniki bo‘lgan yerlaridan haydab chiqarganlar. Hindular kelgindilarga qattiq qarshilik ko‘rsatganlar, ammo bora-bora yengilib, bosqinchilar tomonidan deyarlik qirib tashlanganlar.


[Закрыть]

Ertasiga ular hech bir qiynalmay bu tog‘dan oshib o‘tdilar, chunki yo‘l yotiq qum yonbag‘irlikdan o‘tardi. Kordiler tog‘laridan oshib o‘tgan odamlar uchun bu tepalikni oshish hech gap emasdi. Otlar ham yurishini sekinlatmadi. Choshgoh paytida otliqlar tashlandiq Tapalkvem qal’asi yonidan o‘tdilar. Lekin hindular bu yerda ham uchramadi, bunga Talkav nihoyatda hayron edi. Nihoyat choshgohdan keyin uzoqda yaxshi qurollangan va uchqur otlar mingan uchta odam ko‘rindi. Ular kichkina otryadni birpas kuzatib turdilar-da, bular yaqin borishguncha turmay, shitob bilan ot choptirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.

Talkav bu hindlarni bir vaqt mayor bilan Paganel o‘rtasida qizg‘in tortishuvga sabab bo‘lgan ism bilan:

– Gauchoslar, – deb atadi.

Sayohatchilar endi Talkavning maslahati bilan bir birlaridan olis ketmay, to‘planishib, bora boshladilar, chunki bu viloyat qanchalik bo‘m-bo‘sh bo‘lmasin, har holda ehtiyot bo‘lish zarar qilmasdi. Ammo bu ehtiyot choralari ortiqcha bo‘lib chiqdi. O‘sha kuni kechqurun kichkina otryad bo‘mbo‘sh va keng tolderiyada tunash uchun to‘xtadi, katsik Katriel o‘z qo‘li ostidagi qabilalarni odatda shu yerda to‘plar edi. Talkav atrofni juda sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdi, hindularning hech qanday izi yo‘qligiga qarab, tolderiya allaqachonlardan beri bo‘sh yotgan ekan degan xulosaga keldi.

Ertasiga Glenarvan bilan hamrohlari yana tep-tekis yalanglikdan chiqdilar. Tandil tog‘ tizmalariga yaqin bo‘lgan dastlabki estansiyalar ko‘rindi. Lekin Talkav bu yerda to‘xtamay, to‘g‘ri Mustaqillik qal’asiga qarab boraverishga qaror qildi, hindu yo‘l boshlovchi u yerda kerakli ma’lumotlarni olmoqchi edi. Uni hammadan ham viloyatning nima uchun bo‘shab qolgani qiziqti-rardi.

Kordiler tog‘laridan keyin juda kam ko‘ringan daraxtlar yana uchray boshladi. Ularning ko‘pchiligi Amerika territoriyasini yevropaliklar bosib olgandan keyin ekilgan daraxtlar edi. Bu yerlarda shaftoli daraxtlari, teraklar, tollar, akatsiyalar o‘sib yotardi; ular parvarishsiz ham tez va yaxshi o‘sib ketaveradi. Bu daraxtlar ayniqsa korallar, ya’ni yog‘och devor bilan o‘ralgan katta-katta molqo‘ralar atrofida ko‘p. Bu korallarda minglab buqa, qo‘y, sigir va otlar boqiladi, har bir molning badaniga o‘z xo‘jayinining tamg‘asi bosilgan bo‘ladi. Mollarni juda ko‘p, katta-katta va hushyor itlar qo‘riqlaydi. Tog‘ etagidagi salgina sho‘rxok yerlar mol boqish uchun juda bop bo‘lib, unda ajoyib o‘tlar o‘sadi. Shuning uchun estansiya qurishga ana shunday joylar tanlanadi. Bu chorvachilik xo‘jaliklarini mudir bilan uning yordamchisi boshqaradi, ularning qo‘li ostida peonlar ishlaydi, har bir ming bosh molga to‘rtta peon qarab turadi. Bu odamlar qadim zamondagi podachilardek hayot kechiradilar. Mollari Mesopotamiya qirlarini to‘ldirib yuborgan mollardek ko‘p bo‘ladi, undan ko‘proq bo‘lsa ham ehtimol.

Paganel o‘z hamrohlarining diqqatini ana shu tekis yalangliklarga xos bir qiziq hodisaga – sarobga jalb qildi. Estansiyalar uzoqdan katta-katta orollarga o‘xshar, ular atrofida o‘sgan terak va tollar esa tiniq suvda aks etayotgandek tuyular, sayohatchilar yaqin borganlarida bular hammasi sarob bo‘lib chiqardi. Illyuziya shunday ishonarli ediki, sayohatchilar har safar ham uning sarob ekanini sezmay, aldanib qolardilar.

6-noyabrda otryad bir necha estansiya va bir-ikki saladero yonidan o‘tdi. Bu saladerolarda qirda boqib semirtirilgan mollar so‘yiladi. Saladero – nomidan ko‘rinib turganidek – faqat mol so‘yiladigan kushxona emas, ularning go‘shtini tuzlaydigan joy ham. Bunday xunuk ishlar odatda bahor oxiridan boshlanadi.

Saladeroslar mollarni tutib ketgani koralga boradilar; molni juda chaqqonlik bilan kamand otib tutadilar-da, saladeroga olib ketadilar. U yerda esa buqa, ho‘kiz, sigir va qo‘ylarni yuzlab so‘yadilar; so‘yilgan mollarning terisini shilib, go‘shtini nimtalarga ajratadilar. Ko‘pincha buqalar qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Shunda qassoblar toreadorlarga aylanadilar. Bu xavfli ishni qassoblar juda epchillik va bag‘ritoshlik bilan bajaradilar. Qisqasi, bu qon to‘kish juda dahshatli manzara. Saladerodan jirkanch joy bo‘lmasa kerak. Qo‘lansa hid anqib turgan bu dahshatli mol qo‘ralardan doim saladeroslarning qiyqiriqlari, itlarning quturib hurishi, jon berayotgan mollarning cho‘zibcho‘zib bo‘kirishi eshitilib turadi. Bu yerga minglab argentina qirg‘iylari yig‘ilib keladi.

Ammo hozir bu saladerolar jimjit, chunki unda hech kim yo‘q. Hali ko‘plab mol so‘yish vaqti kelmagan.

Talkav sayohatchilarni shoshirdi. U shu kuni kechqurunroq Mustaqillik qal’asiga yetib bormoqchi edi. Qistovga olingan otlar oldinda borayotgan Taukaga ergashib, baland o‘sgan o‘tlar orasida yelib borardilar. Otliqlar yo‘lida tishsimon devorlar bilan o‘ralib, chuqur zovurlar bilan ihota qilingan fermalar uchray boshladi. Fermalardagi asosiy uylar tepasida ayvonchalar bor, qir tomondan hujum bo‘lib qolgan taqdirda jangga doim hozir turadigan xo‘jayinlar shu ayvonga chiqib bosqinchilarni o‘qqa tuta oladilar.

Glenarvan, ehtimol, shu fermalardan o‘zi qiziqqan savolga javob olishi mumkin, lekin Tandil qishlog‘iga yetib borish ma’qulroq. Shuning uchun otliqlar hech qayerda to‘xtamadilar. Oldin Rio-Guezos anhoridan, bir necha mildan keyin esa Rio-Shapaleofu anhoridan kechib o‘tdilar. Ko‘p o‘tmay Tandil tog‘ tizmalarining dastlabki ko‘m-ko‘k qiyaliklariga oyoq bosdilar, yana bir soatdan keyin tor bir dara ichkarisida qishloq ko‘rindi, uning tepasida Mustaqillik qal’asining tishsimon devorlari qad ko‘tarib turardi.

Yigirma birinchi bob
MUSTAQILLIK QAL’ASI

Serra-Tandil dengiz sathidan ming fut baland. U juda qadimiy tog‘ bo‘lib, yerda organik hayot vujudga kelishidan ham oldin paydo bo‘lgan. Bu tog‘ tizmasi qalin o‘tlar bilan qoplanib, yarim doira shaklida cho‘zilib ketgan gneys7979
  Asosan shpat, kvars va slyudadan iborat tog‘ jinsi (Muharrir izohi).


[Закрыть]
tepalaridan iborat. Tog‘ tizmasining nomi bilan atalgan Tandil okrugi Buenos-Ayres viloyatining butun janubiy qismini tashkil qiladi. Okrugning shimoliy chegarasi shimolga qarab oqadigan barcha daryolar boshlanadigan tog‘ tizmalarining yonbag‘irlaridir.

Tandil okrugida to‘rt mingga yaqin aholi yashaydi. Uning ma’muriy markazi bo‘lgan Tandil qishlog‘i tog‘ning shimoliy yonbag‘rida joylashgan bo‘lib, Mustaqillik qal’asining himoyasida turadi. Bu yerdan oqib o‘tadigan Shapaleof nomli jilg‘a qishloq manzarasini juda go‘zal qilib yuborgan. Bu qishloqning bir g‘alati xususiyati borki, Paganel buni bilmasligi mumkin emas edi, ya’ni unda fransuz basklari8080
  Basklar – Pireney tog‘larining Fransiyaga va Ispaniyaga qarashli ikkala yonbag‘rida yashovchi xalq.


[Закрыть]
va italyanlar yashardi. Haqiqatan ham, dastlab fransuzlar o‘z koloniyalarini La-Plataning quyi oqimida barpo qilgandilar. 1828-yilda Parshapp degan fransuz yangi koloniyalarni o‘z yerlarini himoya qilgan hindularning hujumidan saqlash uchun Mustaqillik qal’asini qurdirdi. Bu ishda unga Janubiy Amerikaning shu qismini yaxshi o‘rgangan va o‘z ishlarida tasvirlab bergan fransuz olimi Alsid d’Orbini yordam qildi.

Tandil qishlog‘i nihoyatda ahamiyatli punkt. Uning galeraslari, ya’ni ho‘kiz qo‘shiladigan va tekis qirlarda yo‘l yurishga juda qulay bo‘lgan katta aravalari Buenos-Ayresga o‘n ikki kunda yetadi, shuning uchun bu qishloq shahar bilan juda jonli savdo olib boradi. Tandillilar Buenos-Ayresga o‘z estansiyalarida boqilgan mollarini, saladeroda tuzlagan go‘shtlarini va hindu sanoatining juda g‘alati mahsulotlari – iplik va jun gazlama, juda nozikligi bilan mashhur bo‘lgan charmdan tikilgan buyumlar va shunga o‘xshash mollarni olib borib sotadilar.

Paganel shular to‘g‘risida hikoya qilib bergach, ketidan: Tandilda o‘zimizni qiziqtirgan ma’lumotlarni yerli aholidan hech shubhasiz bilib olamiz, buning ustiga qal’ada doim milliy qo‘shin otryadi bo‘ladi deb qo‘shib qo‘ydi. Glenarvan otlarni durustgina qurilgan fonda8181
  Fonda – karvonsaroy.


[Закрыть]
otxonasiga olib kirib qo‘yishni buyurdi, so‘ng o‘zi, Paganel, mayor va Robert birgalashib Mustaqillik qal’asiga yo‘l oldilar. Talkav ularni kuzatib bordi.

Tepalikka biroz ko‘tarilib, qal’a darvozasi oldiga yetib keldilar. Qal’a darvozasini bir argentinalik soldat juda beparvolik bilan qo‘riqlab turardi. U sayohatchilarimizni indamay ichkari kiritib yubordi, bu yo uning nihoyatda beparvoligini, yoki bu yerlarda hech qanday xavf yo‘qligini ko‘rsatardi.

Qal’a sahnida soldatlar mashq qilayotgan edilar. Ularning eng kattasi yigirmadan oshmagan, eng kichigi esa hali yettiga ham to‘lolmagandi. To‘g‘risini aytganda, bular soldatlar emas, harbiy mashqlarni ancha epchillik bilan bajara yotgan bir dyujina o‘smirlar bilan yosh bolalar edi. Ularning harbiy formasi yo‘l-yo‘l ko‘ylak bilan mahkam bog‘langan kamardan iborat edi. Bittasining ham egnida shim yo‘q. Bunday issiqda yengil-yelpi kiyinishni ayb qilib bo‘lmasdi ham. Hukumatning davlat pulini har xil bo‘lar-bo‘lmas harbiy kiyim-boshlarga sarf qilishdan qochgani Paganelga juda yoqib tushdi. Bolalarning hammasida ham miltiq bilan qilich bor edi, ammo kichkinalariga miltiq og‘irlik, qilich esa uzunlik qilardi. Ularning hammasi, hatto ularni o‘rgatayotgan kapral ham qorachadan kelgan bo‘lib bir-biriga juda o‘xshardilar. Ko‘rinishdan ular eng kattasi harbiy ta’lim berayotgan o‘n ikkita aka-ukaga o‘xshardi, haqiqatan ham keyinchalik shunday bo‘lib chiqdi.

Paganel bunga hayron qolmadi. U mahalliy statistik ma’lumotlardan har oiladagi bolalar soni o‘rta hisobda to‘qqiztadan ham ortiq bo‘lishini bilardi, lekin uni boshqa bir hol juda hayron qoldirdi: yosh jangchilar fransuz armiyasida qabul qilingan miltiq mashqlarini bajarar, kapral esa har zamonda geografiya olimining ona tilida komanda berardi.

– Ana uni qarang-a! – dedi hayron bo‘lib u.

Ammo Glenarvan Mustaqillik qal’asiga bolalarning harbiy mashqini tomosha qilishga kelgan emasdi, ularning millati bilan ota-onalari ham uni mutlaqo qiziqtirmadi. Shuning uchun u Paganelning qiziqishiga ortiq fursat bermay, qal’a komendantini chaqirishni iltimos qildi. Paganel uning iltimosini kapralga tarjima qilib berdi, so‘ngra argentinalik soldatlardan biri kazarma vazifasini o‘taydigan uyga qarab ketdi.

Bir necha minutdan keyin undan komendant chiqib keldi. U elliklarga borgan, qaddi-qomatini harbiylarcha tutadigan, baquvvat kishi ekan. Mo‘ylovi qattiq, yuz suyagi turtib chiqqan, sochiga oq oralagan, qarashlari amirona. Komendantning og‘zidagi to‘xtovsiz tutab turgan kalta trubkasining tutuni orasidan bir qarashda ko‘rish mumkin bo‘lgan belgilari ana shu. Uning o‘zini tutishi va qadam tashlashlari Paganelga vatanidagi qari unter-ofitserlarni eslatdi.



Talkav komendant oldiga borib, unga Glenarvan bilan uning hamrohlarini tanitdi. Talkav so‘zlar ekan, komendant Paganelga diqqat bilan qarab turdi, bunday qarash har qanday odamni ham o‘ng‘aysizlantirib qo‘yadi. Buning sababini tushunolmay hayron bo‘lgan olim o‘zi nima gap deb endi so‘ramoqchi bo‘lgan ediki, birdan komendant hech tortinmay uning qo‘lini oldi-da, quvonch bilan Paganelning ona tilida:

‒ Fransuzmisiz? – deb so‘radi.

‒ Ha, fransuzman, – dedi Paganel.

‒ Juda soz! Marhamat! Marhamat! Men ham fransuzman! – dedi komendant, geografiya olimining qo‘lini baquvvat qo‘llari bilan qisib va qattiq-qattiq silkib.

‒ Bu kishi do‘stlaringizdan biri bo‘ladimi? – deb so‘radi geografdan mayor.

‒ Bo‘lmasam-chi! – dedi u faxrlanib. – Bunday do‘stlarim dunyoning hamma qit’asida bor.

Paganel qo‘lini oz bo‘lmasa majaqlab qo‘yay degan jonli iskanjadan zo‘rg‘a bo‘shatib oldi-da, bahodir komendant bilan so‘zlashmoqqa boshladi. Glenarvan o‘zini qiziqtirgan masalaga oid gap qistirishga fursat poylab turdi, lekin o‘z o‘tmishini so‘zlab ketgan sergap komendant aslo to‘xtamasdi. Bu qari soldat Fransiyadan chiqib ketganiga juda ko‘p vaqtlar bo‘lgani o‘z ona tilini ham yodidan chiqarib qo‘ya boshlaganidan ko‘rinib turar, garchi so‘zlarni yodidan chiqarmagan bo‘lsa ham, fransuzcha jumla tuzishni ancha unutgan edi. U fransuz koloniyalaridagi negrlarga o‘xshab so‘zlardi.

Mustaqillik qal’asining komendanti haqiqatan ham fransuz armiyasining serjanti, Parshappning sobiq o‘rtog‘i ekan. U qal’a qurilgan 1828-yildan beri undan hech qayerga jilmagan bo‘lib, hozir esa qal’aning komendanti vazifasini bajarar ekan, bunga hatto Argentina hukumati ham rozilik beribdi. Manuel Ifarager ismli, elliklarga kirgan bu bask, ko‘rganimizdek, deyarlik ispan edi. Tandilga kelganiga bir yil bo‘lganda serjant Manuel Argentina grajdanligini qabul qiladi, so‘ng Argentina armiyasiga xizmatga kiradi va bir hindu qizga uylanadi. Ko‘p o‘tmay xotini ikki egizak tug‘ib beradi, turgan gapki, bolalari o‘g‘il bo‘ladi, chunki serjantning layoqatli xotini eriga qiz tug‘ib berishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Manuel harbiy xizmatdan boshqa hech narsani tan olmas, shuning uchun vaqti kelib, respublikaga butun bir rota soldat tayyorlab bermoqchi edi.

‒ Ko‘rdingizmi? – dedi u. – O‘tkir soldatlar! Azamatlarim! Xoze! Xuan! Mikel! Pepe endi yettiga kirdi, ammo hozirdanoq miltiq otishni biladi!

O‘zini maqtashayotganini eshitgan Pepe yalang oyoqlarini juftlashtirib, qaddini rostladi va juda kelishtirib miltiq bilan chest berdi.

‒ Durust odam chiqadi, – dedi komendant. – Axir bir kun polkovnik yo bo‘lmasa katta brigadir bo‘ladi!

Manuel Ifarager Talkavni g‘oyat taajjubga solib chorak soatcha to‘xtamay gapirdi. Bitta og‘izdan shuncha gapning qaynab chiqishiga hindu g‘oyat hayron edi. Komendantning so‘zini hech kim bo‘lmadi. Lekin fransuz serjantning gapi ham axir tamom bo‘lishi kerak-ku, mana, oxiri Manuel ham mehmonlarni ichkariga taklif qilib jim bo‘ldi. Mehmonlar Ifarager xonimni ziyorat qilib chiqish zaruratini indamay bajardilar, u bilan tanishgach esa, «yaxshigina xotin ekan» deb topdilar.

Mehmonlar serjantning butun istaklarini bajarishgach, nihoyat u sayohatchilarning qal’aga kelishdan maqsadlarini so‘radi.

Maqsadga ko‘chishga eng qulay payt keldi. Bu vazifani Paganel o‘z bo‘yniga oldi. U gapni o‘zlarining pampaslarda qilgan hamma sayohatlarini fransuz tilida so‘zlab berishdan boshladi-da, hindular qirlarni nima sababdan tashlab ketishganini so‘rash bilan tamomladi.

‒ E! Qirda hech kim yo‘q! – dedi serjant yelkasini qisib. – To‘g‘ri!.. Hech kim yo‘q… Hammamiz qo‘l qovushtirib o‘tiribmiz… qiladigan ish yo‘q…

‒ Nima uchun axir?

‒ Urush.

‒ Urush?

‒ Ha, grajdanlar urushi…

‒ Grajdanlar urushi? – deb takror so‘radi Paganel.

‒ Ha, Paragvay bilan Buenos-Ayres o‘rtasida urush, – deb javob berdi serjant.

‒ Xo‘sh, urush bo‘lsa nima?

‒ Hindularning hammasi shimolda… general Flores izidan ketgan…

‒ Katsiklar qayerda?

‒ Katsiklar ham o‘sha yoqda.

‒ Nima?! Katriel ham-a?

‒ Katriel ham.

‒ Kalfukura-chi?

‒ Kalfukura ham.

‒ Yanchetrutsa-chi?

‒ Yanchetrutsa ham.

Geografiya olimi bu suhbatni Talkavga tarjima qilib berdi, u to‘g‘ri deganday bosh silkib qo‘ydi. Aftidan, Talkav Argentinaning Paragvay va Buenos-Ayres viloyatlari o‘rtasida bo‘layotgan grajdanlar urushi bu viloyatlarning aholisi qirilib ketishiga sabab bo‘layotganini, shuning uchun bunga Braziliyaning aralashuvi lozim bo‘lganini bilmas, yoki yodidan chiqarib qo‘ygandi.

Lekin bu voqealar Glenarvanning butun planlarini barbod qildi. Haqiqatan ham, Garri Grant o‘sha katsiklar qo‘lida asir bo‘lsa, demak, ular kapitanni respublikaning shimoliy chegaralariga olib ketishgan. Agar shunday bo‘lsa, uni qayerdan, qanday qidirish kerak? Yangitdan pampaslarning shimolida xatarli va deyarlik befoyda qidirish ishlarini boshlash lozim bo‘ladimi? Ammo bunday jiddiy qarorni qabul qilishdan oldin uni atroflicha muhokama qilib olish kerak.

Serjantdan so‘raydigan yana bir muhim narsa qolgandi, buni so‘rash mayorning esiga kelib qoldi. Hamrohlani indamay bir-birlariga qarab o‘tirishar ekan, Mak-Nabbs serjantdan: katsiklar qo‘lida asirlikda bo‘lgan yevropaliklar to‘g‘risida hech gap eshitganmisiz, deb so‘radi.

Manuel allanarsani esiga tushirayotgandek bir necha minut o‘ylanib turdi-da, keyin:

‒ Ha, eshitganman, – dedi.

Ko‘nglida yana umid tug‘ilgan Glenarvan:

‒ A! – deb yubordi.

U, Paganel, Mak-Nabbs va Robert serjantning atrofini o‘rab oldilar.

‒ Gapiring, gapirsangiz-chi! – deb qistashdi ular ko‘zlarini jovdiratib.

‒ Bundan bir necha yil burun… – deb gap boshladi serjant, – ha, to‘g‘ri… yevropalik asirlar… lekin o‘zim ko‘rgan emasman…

‒ Bir necha yil burun deysizmi! – deb uning so‘zini bo‘ldi Glenarvan. – Yanglishyapsiz! «Britaniya» 1862-yilning iyunida halokatga uchragan. Demak, bunga hali ikki yil ham bo‘lgani yo‘q.

‒ Yo‘q! Ko‘p bo‘ldi, ser!

‒ Yo‘g‘-e! – deb qichqirdi Paganel.

‒ To‘g‘risi shu. Bu gap Pepe tug‘ilgan yil bo‘lgan… Ikkita asir to‘g‘risida gapirib yurishgan edi.

‒ Yo‘q, asirlar uchta, – deb gap qistirdi Glenarvan.

‒ Ular ikki kishi edi, – dedi yana serjant.

‒ Ikki kishi? – deb takror so‘radi Glenarvan. – Ikki ingliz edimi?

‒ Aslo, – dedi serjant. – Inglizlar nimasi! Yo‘q… biri fransuz, biri italyan.

‒ Poyux hindulari o‘ldirgan italiyalikmi? – deb so‘radi Paganel.

‒ Ha… buni keyin bildim. Fransuz qutulib ketgan.

‒ Qutulib ketibdi! – dedi Robert, u gap o‘z hayoti haqida borayotganday serjantning nima deyishini jon hovuchlab kutib turardi.

‒ Ha, asirlikdan qochib qutuldi, – dedi serjant.

Hamma Paganelga o‘girilib qaradi: u xafalik bilan peshonasini shapatilardi.

‒ Endi tushundim, – dedi u nihoyat. – Hammasi ravshan! Hammasi aniq bo‘ldi!

‒ Nima gap o‘zi? – deb so‘radi toqati toq bo‘lgan Glenarvan xavotirlanib.

‒ Do‘stlarim, – dedi Paganel Robertning qo‘lidan ushlab, – biz katta muvaffaqiyatsizlikka uchrabmiz: xato yo‘ldan ketibmiz. Bunda gap kapitan Grant haqida emas, mening bir vatandoshim haqida boryapti, uning Marko Vazello degan o‘rtog‘ini haqiqatan ham poyux qabilasidan bo‘lgan hindular o‘ldirishgan. Fransuzni esa hindular o‘zlari bilan bir necha marta Kolorado bo‘yiga olib ketishgan. Keyin u qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan, hozir Fransiyada. Biz Garri Grantning izidan ketyapmiz deb, Ginar degan fransuz yigitning iziga tushgan ekanmiz.

Paganelning so‘zini hamma jim turib tingladi. Xato qilishgani aniq edi. Serjant aytib bergan barcha tafsilotlar, asirning millati, o‘rtog‘ining o‘ldirilgani, o‘zining asirlikdan qochib qutulgani – hammasi buni tasdiqlardi.

Glenarvan garang bo‘lib Talkavga qarab turardi.

‒ Siz asir tushgan uchta ingliz to‘g‘risida hech qanday gap eshitganingiz yo‘qmi? – deb so‘radi Talkav serjantdan.

‒ Hech vaqt, – dedi Manuel. – Tandilda ma’lum bo‘lardi… men bilgan bo‘lardim… Yo‘q, bunday gap bo‘lgani yo‘q…

Bu uzil-kesil javobdan so‘ng Glenarvanning qal’ada qiladigan ishi qolmadi. Glenarvan va uning hamrohlari serjantga tashakkur aytib va qo‘lini mahkam qisib xayrlashdilar-da, qal’ani tark qildilar.

Glenarvan butun umidlari puchga chiqqanidan o‘zini qayerga qo‘yishini bilmasdi. Robert ko‘z yoshlarini artib, u bilan yonma-yon borardi. Bolani ovutish uchun Glenarvan bir og‘iz ham so‘z topolmadi. Qo‘lini paxsa qilib, Paganel o‘zi bilan o‘zi gaplashib borardi. Mayor miq etmasdi. Chet ellik sayohatchilarni chatoq yo‘ldan boshlab kelganiga Talkavning ham juda ta’bi xira edi.

Lekin bu xato uchun uni ayblash hech kimning xayoliga ham kelmadi.

Kechki ovqat xafalik bilan yeyildi. Albatta, bu jasur va bahodir odamlarning birontasi ham bekorga shuncha kuch sarf qilgani va xavf-xatarga duchor bo‘lganiga afsuslanmas, lekin butun umidlar birdan puchga chiqqani hammasiga ham alam qilardi. Haqiqatan ham, Tandil tog‘lari bilan okean orasida kapitan Grant to‘g‘risida yangi xabar topish mumkinmidi? Albatta, yo‘q. Atlantik okeani sohilida biror yevropalik kishi hindular qo‘liga tushib qolgan bo‘lsa, turgan gapki, bu serjant Manuelning qulog‘iga yetmay qolmasdi. Bunday voqea Tandil bilan ham, Rio-Negro daryosining etagiga joylashgan Karmen bilan ham doim savdo qiladigan hindularning nazaridan qochmagan bo‘lardi. Argentina tekisliklarida savdo-sotiq qiladigan kishilar undagi hamma ishdan xabardor bo‘ladilar, hamma yangiliklarni aytib turadilar. Shunday qilib, sayohatchilarning tezlik bilan shartga ko‘ra ularni Medano burunida kutib turishi kerak bo‘lgan «Dunkan»ga qaytishdan boshqa ishlari qolmadi.

Shunga qaramay Paganel ularning bu muvaffaqiyatsiz safarga chiqishiga sabab bo‘lgan hujjatlarni Glenarvandan so‘rab oldi. Geograf hujjatlarni xunob bo‘lib, yana qayta-qayta o‘qiy boshladi. U hujjatlardan yangi bir ma’no topishga urinardi.

‒ Axir hujjatning ma’nosi juda aniq-ku! – derdi qayta-qayta Glenarvan. – Unda «Britaniya»ning halokatga uchragani ham, kapitan Grantning qayerda asirlikda ekani ham aniq aytilgan.

‒ Men esa bunday emas deyman! – dedi Paganel mushti bilan stolga bir urib. – Aslo bunday emas! Hamon Garri Grant pampaslarda yo‘q ekan, demak, u Amerikada emas. Lekin uning qayerda ekanini mana bu hujjat aytib berishi kerak. U buni aytib beradi ham, do‘stlarim, bo‘lmasa men Jak Paganel emasman!


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации