Текст книги "Капитан Грант болалари"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 12 (всего у книги 47 страниц) [доступный отрывок для чтения: 15 страниц]
O‘n to‘qqizinchi bob
QIZIL BO‘RILAR
Tun kirdi, yangi oy ko‘rinishidan oldin bo‘ladigan qorong‘u tunlardan biri. Qirni faqat yulduzlargina sal yoritib turardi. Ufqda tumanga ko‘milib, Zodiak yulduzlari7676
Zodiak (Qavs, O‘qchi) yulduz turkumlaridan biri bo‘lib, osmonning Janubiy yarim sharida Burgut, Qalqon, Ilon, Ilon eltuvchi, Aqrab, Janubiy Toj, Teleskop, Mikroskop va Jadiy yulduz turkumlari orasida joylashgan (Muharrir izohi).
[Закрыть] miltillardi. Guamini daryosi jimgina oqmoqda. Qushlar, sudraluvchilar, jonivorlar – butun tabiat dam olayotir. Bepoyon pampaslar bag‘riga sahro jimligi cho‘kkan.
Glenarvan, Robert va Talkav ham umumdan o‘rnak oldilar: taglariga yumshoq yovvoyi beda yozib, qattiq uyquga ketdilar. Charchab holdan toygan otlar ham cho‘zilib yotib oldi. Faqat haqiqiy zotli ot Taukagina tik turgan holda uxlardi. Tauka uyqudaligida ham uyg‘oqligidagidek qaddini mag‘rur tutardi. U egasining birinchi chaqirig‘i bilanoq qushdek uchib ketishga tayyor turardi. Molqo‘radagi jimjitlikni hech narsa buzmas, zimiston bag‘rida faqat o‘chib borayotgan gulxanning xira shu’lasigina miltillab turardi.
Ammo kech soat o‘nlarda sal ko‘zi ilingan Talkav yana uyg‘ondi. Uning yarim ochiq ko‘zlarida jiddiyat ko‘rindi: Talkav diqqat bilan allanarsaga quloq sola boshladi. Aftidan, u salpal eshitilayotgan sharpani ilib olmoqchi edi. Ko‘p o‘tmay, Talkavning odatda doim xotirjam bo‘lgan chehrasida xavotirlik ko‘rindi. Sayoq hindularning pisib kelayotganini eshitib qoldimikin? Yo qoplonlarning yaqinlashayotganini, yo bo‘lmasa yo‘lbarslarning, daryolar yaqinida uchrab turadigan boshqa yirtqich hayvonlarningmi irillashini eshitib qoldimikin? Bu keyingi taxmin to‘g‘riroq ko‘rindi shekilli, hindu molqo‘ra ichiga uyib qo‘yilgan o‘tin-cho‘pga birrov ko‘z tashlab oldi-da, xavotirligi yana ham ortdi. Haqiqatan ham zaxirada qolgan quruq alfafar gulxanga tashlansa tezlikda yonib tamom bo‘lar, demak, yirtqichlarning shiddatli hujumidan uzoq saqlay olmasdi.
Bunday sharoitda Talkavning nima bo‘lishini kutib yotishdan boshqa chorasi yo‘q edi, shuning uchun kutilmagan xavfning yaqinlashib kelayotganidan uyg‘onib ketgan Talkav har narsaga hozir holda nima bo‘lishini kutib yotdi.
Bir soat o‘tdi. Talkav o‘rnida boshqa odam bo‘lganda atrofdagi jimlikning sira buzilmayotganidan xotirjam bo‘lib, yana uxlab qolgan bo‘lardi. Lekin chet ellik odamlar hech narsa sezmagan bir vaqtda, yerli hinduning o‘tkir tuyg‘usi va tabiiy instinkti xavf yaqinligini sezdi. Talkav diqqat bilan quloq solib, qorong‘uga tikilib qarab yotar ekan, birdan Tauka kishnab yubordi va boshini molqo‘raga kiraverish tomonga burib, burun teshiklarini kergan holda havoni qattiq hidladi. Patagoniyalik irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Tauka dushmanni payqadi, – deb o‘zicha po‘ng‘illaganicha ramadadan chiqdi-da, diqqat bilan qirga tikilib qaray boshladi.
Atrof jimjit, lekin qandaydir xavotirli edi. Talkav kurramamellar orasida lip-lip etib, u yoq-bu yoqqa o‘tib yurgan allaqanday soyalarni ko‘rib qoldi. U yer-bu yerda allanarsalar cho‘g‘dek yonib qolardi. Ular bir joyda turmas, g‘ivillab har tarafga surilar, o‘chib qolar, so‘ng yana yonardi. Kattakon ko‘rfaz suvi yuzida allaqanday sirli chiroqlardan tushayotgan shu’lalar o‘ynayapti deb o‘ylash mumkin edi. Chet elli kishi bu o‘chib-yonayotgan cho‘g‘larni pampaslarning ko‘pgina yerida uchrab turadigan yorug‘ qo‘ng‘izlar deb o‘ylashi mumkin, lekin Talkav yanglishmadi, u qanday dushman bilan to‘qnash kelishini angladi. Miltig‘ini o‘qlab, mol qo‘ra og‘zida tayyor holda kutib turdi.
Uzoq kutishga to‘g‘ri kelmadi. Pampaslarda uvlaganga o‘xshash g‘alati tovush eshitildi. Unga javoban karabindan o‘q uzildi, keyin yuzlab yirtqichlar tomog‘idan chiqqandek dahshatli uvullash eshitildi.
To‘satdan uyg‘onib ketgan Glenarvan bilan Robert irg‘ib turdilar.
‒ Nima gap? – deb qichqirdi Robert.
‒ Hindular emasmi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Yo‘q, – dedi Talkav, – aguarlar.
‒ Aguarlar? – deb qaytarib so‘radi Robert Glenarvanga savol nazari bilan qarab.
‒ Ha, – deb javob berdi Glenarvan, – pampaslarda bo‘ladigan qizil bo‘rilar.
Ular ham miltiqlarini olib, hindning yonida turdilar. Talkav indamay qattiq uvlagan tovushlar eshitilayotgan qir tomonni ko‘rsatdi. Robert beixtiyor bir qadam orqaga tashlandi.
‒ Bo‘rilardan qo‘rqmaysanmi, o‘g‘lim? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Qo‘rqmayman, ser, – deb javob berdi bola dadillik bilan. – Siz bilan birga bo‘lganimda hech narsadan qo‘rqmayman.
‒ Yana ham yaxshi. Aguarlar unchalik xavfli yirtqich emas, bunchalik ko‘p bo‘lmaganda men ularga hech bir e’tibor qilmagan bo‘lardim.
‒ Ko‘p bo‘lsa nima! – dedi Robert. – Biz yaxshi qurollanganmiz. Yaqinlashib ko‘rsinlarchi!
‒ To‘g‘ri, shunday boplaymizki, asti qo‘yaverasan!
Shunday deb, Glenarvan bolani tinchitmoqchi bo‘ldi, lekin o‘zi tunda bostirib kelayotgan bu sonsiz-sanoqsiz yirtqichlardan cho‘chib turardi. Bo‘rilar bir necha yuz bo‘lishi ehtimol, shuning uchun, yaxshi qurollangan bo‘lsalar ham, uch kishining bunchalik ko‘p yirtqichga bas kelishi qiyin edi.
Patagoniyalik «aguar» deganda Glenarvan darhol pampaslarda yashovchi hindular qizil bo‘rilarni shunday deb atashlarini esladi. Tabiatshunoslar bu yirtqichni canis jubatus deb ataydilar. Qizil bo‘rining jussasi kattakon itday keladi, boshi tulkining boshiga o‘xshaydi, yungi to‘q qizil, orqasida dumidan to boshigacha qora yoli bor, qizil bo‘ri juda chaqqon va kuchli yirtqich. Odatda u botqoqliklarda yashaydi, ko‘pincha o‘ljasini suvda ham quvadi. Qizil bo‘ri kunduzi uyasida uxlab, qorong‘u tushishi bilan ovga chiqadi. Ulardan ayniqsa estansiyalarda7777
Estansiya – Argentina qirlaridagi katta-katta chorva fermalari (Muallif izohi).
[Закрыть] qo‘rqadilar. Och aguar hatto qoramolga ham hujum qiladi va ko‘p mollarni qirib tashlaydi. Qizil bo‘ri yakka uchraganda xavfli emas, lekin och bo‘rilar galasi juda qo‘rqinchli. Och qizil bo‘rilar galasiga uchragandan kuguar yoki qoplonga duch kelgan yaxshiroq, chunki ular bilan yakkama-yakka olishish uncha qiyin emas.
Pampaslardan eshitilayotgan uvlash va qirda yugurib kelayotgan soyalarning ko‘pligini ko‘rib, Guamini bo‘yida yuzlab qizil bo‘rilar yig‘ilganiga Glenarvanning shubhasi qolmadi. Bu yirtqichlar mol qo‘rada o‘lja – ot va odam go‘shti borligini sezib, har biri o‘z iniga shu mazali go‘shtdan biror parcha olib ketishning payiga tushgandi. Ahvol juda ham xatarli.
Bo‘rilar borgan sari yaqinlashib kela boshladilar. Uyg‘onib ketgan otlarni dahshat bosdi. Faqat Taukagina tizginni uzib, qirga qochishga urinar va zo‘r berib yer tepinardi. Talkav to‘xtovsiz hushtak chalib, uni tinchlantirishga harakat qildi. Glenarvan bilan Robert yirtqichlar hujumini daf qilishga hozirlanib ramada oldiga turdilar. Ular karabinlarini o‘qlab, bostirib kelayotgan aguarlarning birinchi qatoriga qarata o‘q uzmoqchi bo‘lgan edilarki, birdan Talkav indamay qo‘li bilan ularning miltig‘i og‘zini yuqori ko‘tardi.
‒ Talkav nima demoqchi? – deb so‘radi Robert.
‒ Otmanglar deyapti.
‒ Nima uchun?
‒ Hali erta demoqchi, shekilli.
Lekin hindning bunday qilishiga sabab bu emas, boshqa narsa edi. Talkav bo‘shab qolay degan porox xaltasini olib ko‘rsatganda, Glenarvan buning sababini tushundi.
‒ Nima deyapti! – deb so‘radi Robert.
‒ Poroxni tejashga to‘g‘ri keladi. Kechqurungi ov bizga juda qimmat tushdi: porox bilan qo‘rg‘oshinimiz kam qolgan. Yigirma marta ham o‘q uzolmasak kerak.
Bola hech narsa demadi.
‒ Qo‘rqmayapsanmi, Robert?
‒ Yo‘q, ser.
‒ Barakalla, o‘g‘lim.
Shu payt yana miltiq otildi. Talkav oldinda kelayotgan katta bir bo‘rini cho‘ziltirib qo‘ydi. Zich bo‘lib bostirib kelayotgan bo‘rilar galasi chekindi va to‘siqdan yuz qadamcha narida g‘uj bo‘lib to‘plandi. Hinduning imosi bilan Glenarvan uning o‘rnini egalladi. Talkav esa taglariga solib yotgan yovvoyi bedani, quruq o‘tlarni – xullas, yonishi mumkin bo‘lgan bor narsani yig‘ishtirib, ramadaga kiraverishga bosdi-da, o‘rtasiga cho‘g‘ bo‘lib turgan bir ko‘mirni tashladi. Ko‘p o‘tmay qopqorong‘u osmon sathida gurullab yonayotgan to‘siq ko‘tarildi. Gulxan alangasi qir yuzini uzoq-uzoqlargacha yoritdi. Shunda Glenarvan sonsiz-sanoqsiz yirtqichlar hujumidan saqlanishlari kerak ekanini ko‘rdi. Bunchalik ko‘p och bo‘rini hech kim ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Talkav yoqib yuborgan gulxan yirtqichlarni darhol to‘xtatdi, lekin ularni yanada battarroq quturtirdi. Shunga qaramay orqadagilarning siqig‘i bilan oldingilaridan bir nechtasi gulxanga juda yaqin kelib, panjalarini kuydirib oldilar. Uvlab kelayotgan bo‘rilar galasining hujumini to‘xtatish uchun har zamon-har zamonda o‘q uzib turishga to‘g‘ri keldi. Bir soatchadan keyin qirda o‘n beshga yaqin bo‘rining o‘ligi cho‘zilib yotar edi.
O‘rovda qolganlarning ahvoli endi juda ham xavfli emasdi. Porox tutaguncha, ramadaga kiraverishdagi gulxan o‘chmaguncha bo‘rilarning bostirib kirishidan qo‘rqmasa ham bo‘lardi. Lekin mudofaaning bu vositalari tugagach nima qilishadi? Glenarvan Robertga qaradi-yu, yuragi ezilib ketdi. Endi u o‘zi to‘g‘risida o‘ylamas, hali bola bo‘lishiga qaramay, shu qadar dovyurak bo‘lgan bechora Robertni o‘ylardi. Robertning rangi oqarib ketgan edi, ammo u, miltig‘ini qo‘lida mahkam ushlab turar va dadillik bilan quturgan bo‘rilarning hujumini kutardi.
Glenarvan ahvolni sovuqqonlik bilan o‘ylab ko‘rdi-da, undan qutulish yo‘lini axtara boshladi.
‒ Biror soat o‘tar-o‘tmas poroximiz ham, o‘qimiz ham tugaydi, gulxanimiz o‘chadi, – dedi u, – lekin o‘sha paytni kutib o‘tirmay biror chora topishimiz kerak.
U Talkav oldiga bordi-da, o‘zi bilgan butun ispancha so‘zlarni ishga solib, so‘zlashmoqqa boshladi, ularning suhbati o‘q uzilgan paytlarda tez-tez bo‘linib turdi.
Ular bir-biriga zo‘rg‘a gap tushuntira oldilar. Yaxshi hamki, Glenarvan qizil bo‘rilarning odat va xususiyatlarini bilardi, bo‘lmasa u patagoniyalikning imo-ishoralarini tushunmagan bo‘lardi. Shunday bo‘lsa ham Glenarvan Talkav bilan qilgan suhbatining mazmunini Robertga aytib berguncha chorak soat vaqt o‘tdi.
‒ U nima dedi? – deb so‘radi Robert Grant.
‒ Nima qilib bo‘lsa ham ertalabgacha dosh berishimiz kerak dedi. Aguar faqat kechasi ovga chiqadi, tong otishi bilan iniga qaytadi. U tun yirtqichi juda yuraksiz bo‘ladi, yorug‘dan o‘lguday qo‘rqadi – to‘rt oyoqli boyqush deganday gap.
‒ Bo‘pti, tong otguncha turib beramiz!
‒ Ha, o‘g‘lim, miltiq foyda bermay qolganda pichoq bilan o‘zimizni himoya qilamiz.
Talkav allaqachon mudofaaning bu usulini ham qo‘llay boshladi, bironta bo‘ri gulxanga juda yaqin kelsa, patagoniyalik pichoq ushlagan uzun qo‘lini gulxan orasidan cho‘zib, bo‘riga hamla qilar, har safar pichog‘i yirtqichning qoniga bo‘yalib qaytar edi.
Bu orada himoya vositalari tugay deb qoldi. Kechasi soat ikkilarda Talkav bir quchoq qilib, oxirgi bedani gulxanga tashladi; hammasi bo‘lib beshta o‘q qolgandi.
Glenarvan atrofga g‘amgin nazar tashladi. U yonida turgan bolani, o‘rtoqlarini, barcha sevgan kishilarini o‘ylardi. Robert jim turardi. Uning bola tasavvurida bu xavf yengil-yelpi narsaday tuyulayotgan bo‘lsa ehtimol. Lekin Robert uchun ham Glenarvan tashvishlanardi. Uning ko‘ziga dahshatli o‘lim, bo‘rilarga tiriklayin yem bo‘lish manzarasi ko‘rinib ketdi. Ortiq o‘zini tuta olmay, Robertni yoniga tortdi va uni mahkam ko‘ksiga bosib, ko‘z yoshlarini tiyib turolmay bolaning peshonasidan o‘pdi.
Robert unga kulib qaradi.
‒ Men qo‘rqayotganim yo‘q, – dedi u.
‒ To‘g‘ri, o‘g‘lim, qo‘rqishning hojati ham yo‘q, – dedi Glenarvan. – Ikki soatdan keyin tong otadi, qutulamiz… Barakalla, Talkav! Yasha, patagoniyalik botir do‘stim! – deb qichqirdi u, hindning gulxan ustidan sakrab o‘tmoqchi bo‘lgan ikkita katta bo‘rini miltiq qo‘ndog‘i bilan urib, cho‘ziltirib qo‘yganini ko‘rib.
Lekin shu payt Glenarvan o‘chayotgan gulxan yorug‘ida bir gala bo‘ri zich bo‘lib ramadaga bostirib kelayotganini ko‘rib qoldi.
Qonli fojianing oxiri yaqinlashib kelmoqda edi. Gulxan sekin-asta o‘cha boshladi. Shu paytgacha alanga yoritib turgan qirni zulmat qopladi, bo‘rilarning ko‘zi yana cho‘g‘ bo‘lib yona boshladi. Bir necha minutdan so‘ng och yirtqichlar galasi to‘siq ichiga bostirib kiradi.
Talkav miltig‘idan oxirgi o‘qni otib, yana bitta bo‘rini o‘ldirdi. Patagoniyalik butun o‘q-dorisini tugatib, qo‘lini ko‘kragi ustiga qovushtirganicha turib qoldi. Boshi quyi egildi. U allanarsani o‘ylayotgandek edi. Quturgan bo‘rilar hujumini qaytarish uchun biror mardona, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan usul axtarayotgan edimi? Unga savol berishga Glenarvanning yuragi dov bermadi.
Shu payt birdan bo‘rilarning harakati o‘zgarib qoldi: ular uzoqlashib keta boshladilar, ovozlari ham birdan eshitilmay qoldi. Qir bag‘riga sovuq sukunat cho‘kdi.
‒ Qaytib ketishdi, – dedi Robert.
‒ Shunday bo‘lishi ham ehtimol, – dedi qir tomonga quloq solib turgan Glenarvan.
Lekin bular nima to‘g‘risida gaplashayotganini anglab olgan Talkav, yo‘q degandek bosh chayqadi. Patagoniyalik, och bo‘rilar ikki qadamgina joydagi o‘ljani tong yorib, ularni qorong‘u uyalariga quvib yuborguncha tashlab ketmasliklarini bilardi.
Ammo bo‘rilarning taktikasi o‘zgardi. Endi ular ramadaga eshik tomondan bostirib kirishdan voz kechdilar, biroq tanlagan yangi usullari oldingisidan ham battar edi. Aguarlar, juda qattiq turib o‘t va o‘q bilan himoya qilinayotgan ramadaning old tomonidan hujum qilishdan kechib, uni aylanib o‘tdilar va orqa tomonidan hujum boshladilar. Ko‘p o‘tmay qamaldagilar yirtqichlarning tirnoqlari to‘siqning chirib qolgan yog‘ochlarini timdalayotganini eshitib qoldilar. To‘siqning qimirlab qolgan qoziqlari orasidan bo‘rilarning qonga bo‘yalgan kuchli panjalari va tumshuqlari ko‘rinib qoldi. Hurkib ketgan otlar arqonni uzib, qo‘rquvdan aqldan ozib, qo‘ra ichida u yoqdanbu yoqqa yugurib yurardilar.
Glenarvan bolani ushladi va uni imkoni boricha himoya qilishga ahd qilib, ko‘ksiga bosdi. U Robert bilan birga qochib qutulishni o‘ylay boshlagan edi, birdan ko‘zi hindga tushib qoldi. Hozirgina qafasga tushgan yirtqichdek u yoqdan bu yoqqa tez-tez yurib turgan Talkav birdan sabrsizlik bilan dir-dir titrayotgan otining oldiga bordi-da, bironta ham qayi shini xayoldan qochirmay uni hafsala bilan egarlay boshladi. Yirtqichlarning battar zo‘raygan uvlashi uni zarracha ham tashvishga solmayotgandek edi. Glenarvan patagoniyalikka dahshat bilan qarab turardi.
‒ Bizni tashlab ketmoqchi! – deb qichqirdi Glenarvan, Talkavning minishga hozirlangan kishidek otning jilovidan ushlaganini ko‘rib.
‒ Talkavmi? Hech vaqt! – dedi Robert.
Haqiqatan ham hind do‘stlarini tashlab qochmoqchi emas, o‘z hayotini tahlika ostiga qo‘yib bo‘lsa ham, ularni qutqarmoqchi edi.
Tauka egarlandi: u so‘liq chaynar va sabrsizlik bilan turgan joyida irg‘ishlar, ko‘zlaridan o‘t chaqnardi. Ot egasining maqsadini tushundi. Hindu jilovdan ushlab endi egarga minmoqchi bo‘lib turganda Glenarvan titroq qo‘llari bilan uni ushlab qoldi.
‒ Ketmoqchimisan? – deb so‘radi u qirning bo‘rilardan bo‘shab qolgan tomonini ko‘rsatib.
‒ Ha, – dedi hindu, Glenarvanning imosiga tushunib. Keyin ispan tilida qo‘shib qo‘ydi: – Tauka – yaxshi ot! Uchqur! Bo‘rilarni ergashtirib ketadi.
‒ Oh, Talkav! – dedi Glenarvan.
‒ Tezroq, tezroq! – deb shoshirdi hindu.
‒ Robert! O‘g‘lim! Eshityapsanmi? – dedi Glenarvan hayajondan ovozi titrab. – U bizni deb jonini qurbon qilmoqchi! Bo‘rilarning butun g‘azabini o‘ziga qaratib, bizni qutqazish uchun pampaslarga qarab ot qo‘ymoqchi!
‒ Do‘stim Talkav! – dedi Robert patagoniyalikning oyog‘i ostiga o‘zini tashlab. – Do‘stim Talkav, bizni tashlab ketma!
‒ Yo‘q, u bizni tashlab ketmaydi, – dedi Glenarvan va hindga o‘girilib, qo‘shimcha qildi: – Birga ketamiz!
U qo‘rquvdan dir-dir titrab, bir burchakka tiqilib olgan otlarni ko‘rsatdi.
‒ Yo‘q, – dedi uning maqsadini tushungan hindu. – Yomon otlar. Qo‘rqib ketgan. Tauka – yaxshi ot.
‒ Mayli, sen aytgancha bo‘lsin, – dedi Glenarvan. – Talkav seni tashlab ketmaydi, Robert. U mening nima qilishimni ko‘rsatdi. Men ketaman, u sen bilan qoladi!
Shunday dedi-da, u Taukaning jilovidan ushladi:
‒ Men ketaman!
‒ Yo‘q, – dedi xotirjamlik bilan patagoniyalik.
‒ Men ketaman deyapman! – deb qichqirdi Glenarvan, Talkavning qo‘lidan jilovni tortib olishga tirishib. – Sen bolani qutqar! Uni senga ishondim, Talkav!
Hayajonlanib ketgan Glenarvan ispancha so‘zlar bilan inglizcha so‘zlarni aralash qilib gapirardi. Lekin bunday paytda til nima degan narsa! Bunday dahshatli minutlarda butun fikrmaqsad imo-ishora bilan bayon qilinadi, odamlar ham bir-birlariga darhol tushunadilar.
Lekin Talkav so‘zida turib oldi, tortishuv cho‘zilib ketdi, xavf esa sekund sari orta borardi. To‘siqning g‘ajib tashlangan yog‘ochlari bo‘rilarning siqig‘iga taslim bo‘la boshladi.
Na Glenarvan, na Talkav bir-biriga bo‘sh kelmasdi. Hindu Glenarvanni to‘siq og‘ziga boshlab keldi-da, bo‘rilardan bo‘shab qolgan qirni ko‘rsatdi. U jon kuydirib, Glenarvanga bir sekund ham vaqtni qo‘ldan boy bermaslik kerakligini tushuntirishga urindi; agar qo‘ldan berilsa, bu yerda qoladiganlar ko‘proq xavf ostida qolishi mumkin, nihoyat, Taukaning kuchi va chaqqonligini hammadan ham men yaxshiroq bilaman, undan sizlarni qutqarish uchun men yaxshiroq foydalana olaman, demoqchi bo‘lardi. Lekin Glenarvan qaysarlik bilan oyog‘ini tirab turib oldi: u nima bo‘lsa ham boshqalarni qutqazish uchun o‘zini qurbon qilmoqchi edi.
Birdan allakim uni qattiq itarib yubordi. Bezovtalanib, ikki oyoqlab osmonga irg‘ishlayotgan Tauka birdan gulxan va o‘lib yotgan bo‘rilar ustidan sakrab o‘tib, qirga otildi.
Xuddi shu payt bolaning:
‒ Xayr! – degan tovushi eshitildi.
Glenarvan bilan Talkavning ko‘zi oldidan Taukaning yoliga mahkam yopishib olgan Robertning qorasi lip etib o‘tdi, – u bir lahza ko‘rindi-yu, qorong‘uda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
‒ Robert! Sho‘rlik bola! – deb qichqirib qoldi Glenarvan.
Lekin uning tovushini yonida turgan hindu ham eshitmadi. Dahshatli uvullash yangradi; qizil bo‘rilar qirga qochgan ot ketidan quvib, g‘arbga qarab o‘qday ucha ketdi.
Talkav bilan Glenarvan ramadadan chopib chiqdilar. Qirga yana jimlik cho‘kdi; faqat qorong‘u tunda uzoqdan to‘lqinsimon chiziq elas-elas ko‘rinardi.
Esini yo‘qotib qo‘ygan, nima qilishini bilmay, zo‘r berib qo‘lini qirsillatayotgan Glenarvan yerga yiqildi. U Talkavga qaradi. Talkav odati bo‘yicha xotirjamlik bilan jilmayib turardi.
‒ Tauka. Yaxshi ot. Jasur bola. Qutulib ketadi, – dedi hindu, so‘zlarini bosh silkitib tasdiqlab.
‒ Yiqilib tushsa-chi? – dedi Glenarvan.
‒ Yiqilmaydi!
Talkav shunchalik ishonganiga qaramay, Glenarvan zo‘r tashvish ichida tong ottirdi. U bo‘rilarning g‘oyib bo‘lishi bilan o‘zi xavfdan qutulganini o‘ylamasdi ham. Glenarvan Ro bertni axtarishga jo‘namoqchi bo‘ldi. Lekin Talkav bunga yo‘l qo‘ymadi. Mana bu otlar bilan Robertni quvib yetishga umid qilib bo‘lmaydi, Tauka bo‘rilar quvganidan allaqachon qochib qutulgan, uni qop-qorong‘u qirdan axtarib topishning iloji yo‘q, dedi u. Xullas, hindu ertalabgacha kutish kerak, tong otgandan keyin esa Robertni axtarib yo‘lga chiqamiz, demoqchi bo‘lardi.
Ertalab soat to‘rtda tong yorishib, ufqda yig‘ilgan quyuq tuman oqarib kela boshladi.
Qirga marjon donalariday shabnam tushdi, tong shabadasi baland o‘sgan o‘tlarni silkitib o‘ynay boshladi.
‒ Ketdik! – dedi hindu.
Glenarvan indamay Robertning otiga mindi. Saldan keyin ikkala otliq orqada qolgan otryad kelishi lozim bo‘lgan to‘g‘ri chiziq bo‘ylab, g‘arbga qarab yo‘rtib borardilar.
Ular har qadamda Robertning qonga bo‘yalib yotgan jasadini ko‘rib qolishdan qo‘rqib, lekin atrofdan ko‘z uzmay, bir soatcha ot choptirib bordilar. Glenarvan otning biqiniga ayamay shpor urardi. Birdan uzoqdan miltiq tovushlari eshitildi; miltiq tovushi ma’lum vaqtda takrorlanib turardi: aftidan, kimdir signal bermoqda.
‒ Bu bizning do‘stlarimiz! – dedi Glenarvan.
Ikkala chavandoz otlarini yana ham qattiqroq choptirdilar va bir necha minutdan so‘ng Paganel boshliq otryadga borib qo‘shildilar. Glenarvan sevinganidan qichqirib yubordi: Robert, hech qanday shikast ko‘rmagan, tirik Robert Taukaga minib kelmoqda edi! Egasini ko‘rgan Tauka shodlik bilan kishnab qo‘ydi.
‒ Oh, Robert, o‘g‘lim! – deb qichqirdi Glenarvan nihoyatda mehribonlik bilan.
Robert bilan Glenarvan otdan sakrab tushib, bir-birning quchog‘iga tashlandilar.
So‘ngra kapitan Grantning mard o‘g‘lini bag‘riga bosish navbati Talkavga keldi.
‒ Robert tirik! Tirik! – deb qichqirardi Glenarvan.
‒ Ha, – dedi Robert: – Tauka, tufayli omon qoldim!
Ammo Robert bu so‘zlarni aytmasdanoq hindu o‘z Taukasi oldiga borib, bo‘ynidan quchoqladi-da, minnatdorchilik bildira boshladi – Talkav Tauka bilan go‘yo otning tomirlarida odam qoni oqayotgandek so‘zlashar, uni o‘par edi.
Keyin Talkav Paganelga o‘girildi.
‒ Mard yigit! – dedi u Robertni ko‘rsatib. So‘ng hindlarning tilida ishlatiladigan istioradan foydalanib, qo‘shib qo‘ydi: – Shporlari titramadi.
‒ Ayt-chi, o‘g‘lim, seni qutqarmoq yo‘lidagi oxirgi chorani ko‘rish imkoniyatini nima uchun na menga, na Talkavga bermading! – deb so‘radi Glenarvan Robertni quchoqlab.
‒ Ser, – deb javob berdi bola, uning tovushida qizg‘in minnatdorlik aks etardi, – o‘zini qurbon qilish navbati meniki emasmidi? Talkav mening hayotimni bir marta saqlab qoldi, siz esa otamning hayotini qutqazyapsiz!
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?