Текст книги "Капитан Грант болалари"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 15 (всего у книги 47 страниц) [доступный отрывок для чтения: 15 страниц]
‒ Bechora opam! – dedi Robert ma’yus. – Endi sira umid qolmaganini bilgandan keyin ne holga tusharkin!
Bolaga taskin berish uchun Glenarvan birinchi marta so‘z topolmay qoldi. Endi qanday umid to‘g‘risida so‘z bo‘lishi mumkin? Axir ular topilgan hujjatda ko‘rsatilgan yo‘ldan sira og‘ishmay bordilar-ku!
‒ Har holda, o‘ttiz yettinchi parallel bekorchi gap emas, – dedi Glenarvan. – U Garri Grant asirga tushgan yerni ko‘rsatadimi, kemasi halokatga uchragan yerni ko‘rsatadimi – baribir, bu raqam uydirma emas, unda jon bor! Biz uni o‘z ko‘zimiz bilan o‘qidik.
‒ Gaplaringiz to‘g‘ri-ya, ser, – dedi Tom Ostin, – lekin qidirishlarimiz natija bermadi.
‒ Xuddi ana shu narsa mening g‘azabimni qaynatib xunobimni oshiryapti-da! – dedi Glenarvan.
‒ Xunob qilishi turgan gap, – dedi Mak-Nabbs, xotirjamlik bilan, – lekin g‘azablanishning hojati yo‘q. Chunki, qo‘limizda aniq raqamlar bor, o‘sha raqam ko‘rsatganni oxirigacha qilishimiz kerak.
‒ Bu bilan nima demoqchisiz? – deb so‘radi Glenarvan, – sizningcha, yana nima qilishimiz mumkin?
‒ Bu o‘z-o‘zidan ko‘rinib turgan oddiy gap, aziz Eduard. «Dunkan»ga yetib olgach, sharqqa qarab yo‘l olishimiz kerak, agar lozim bo‘lsa o‘ttiz yettinchi paralleldan, to yo‘lga chiqqan joyimizgacha aylanib kelamiz.
‒ Nahotki, siz meni shu to‘g‘rida o‘ylab ko‘rmagan, deb o‘ylasangiz Mak-Nabbs? – dedi Glenarvan. – Ha, albatta, shunday qilishimiz kerak! Men buni yuz martalab o‘ylaganman! Lekin hech umid bormi? Amerika qit’asini tashlab ketish bilan biz Garri Grantning o‘zi ko‘rsatgan joydan uzoqlashamiz-ku: hujjatda aytilgan Patagoniyadan uzoqlashib ketamiz.
‒ Demak, siz yana pampaslarda qidirish ishlarini boshlamoqchimisiz, shundaymi? «Britaniya» Atlantik okeani sohilida ham Tinch okean sohilida ham halokatga uchramaganiga amin bo‘ldingiz-ku, – deb e’tiroz bildirdi mayor.
Bu savolga Glenarvan hech narsa deb javob bermadi.
‒ O‘ttiz yettinchi paralleldan borib, Garri Grantni boshqa yerdan topishga umid har qancha kam bo‘lmasin biz bundan bosh torta olamizmi? – dedi yana Mak-Nabbs.
‒ Men bunga yo‘q demayman, albatta, – dedi Glenarvan.
‒ Sizlar nima deysiz, do‘stlarim, – deb so‘radi mayor dengizchilardan, – mening fikrimga qo‘shilasizlarmi?
‒ Tamomila qo‘shilamiz, – deb javob berdi Tom Ostin.
Myulredi bilan Vilson uning so‘zini bosh qimirlatib tasdiqladilar.
‒ Do‘stlarim, – deb gap boshladi Glenarvan biroz o‘ylab olgach, – gaplarimga quloq solinglar, sen ham, Robert, gapimni yaxshilab uqib ol, chunki bu juda jiddiy masala. Men kapitan Grantni topish uchun qo‘limdan kelgan barcha chorani ko‘raman. Men bu ishni qilaman deb so‘z berganman, zarur bo‘lsa bunga butun umrimni bag‘ishlayman. Shotlandiyaning sodiq farzandi bo‘lgan u jasur odamni topishda menga butun Shotlandiya yordam beradi. Men ham uni topishga umid qanchalik kam bo‘lmasin, o‘ttiz yettinchi parallel bo‘ylab dunyoni aylanib chiqish kerak, degan fikrdaman. Shunday qilaman ham. Lekin hozir biz boshqa bir masalani, juda mushkul masalani hal qilib olishimiz kerak. Biz endi Amerika qit’asida qidirish ishlarini batamom to‘xtatishimiz kerakmi-yo‘qmi? Mana shunga nima deysizlar?
Uzil-kesil qilib qo‘yilgan bu savol javobsiz qoldi. Hech kim o‘z fikrini aytishga botinolmadi.
‒ Siz nima deysiz? – so‘radi Glenarvan mayordan.
‒ Bu savolga javob berish uchun, aziz Eduard, juda katta javobgarlikni bo‘ynimga olishim kerak, – dedi Mak-Nabbs.
– Buni yaxshi o‘ylashib ko‘rish kerak. Dastlab men o‘ttiz yettinchi parallel qaysi mamlakatlardan o‘tishini bilmoqchiman.
‒ Bunga Paganel javob beradi, – dedi Glenarvan.
‒ Bo‘lmasa, so‘raylik undan.
Geografiya olimi qalin barglar ichida ko‘rinmasdi, shuning uchun Glenarvan uni chaqirishga majbur bo‘ldi:
‒ Paganel! Paganel!
Yuqoridan xuddi osmondan kelganday:
‒ Labbay, – degan javob eshitildi.
‒ Qayerdasiz?
‒ Minoramdaman.
‒ Nima qilyapsiz?
‒ Bepoyon ufqni ko‘zdan kechiryapman.
‒ Birpas pastga tusha olasizmi?
‒ Kerak bo‘lib qoldimmi?
‒ Ha.
‒ Nima sababdan?
‒ O‘ttiz yettinchi parallel qaysi mamlakatlardan o‘tishini bilmoqchimiz.
‒ Bundan oson ish bormi, – dedi Paganel. – Buning uchun pastga tushib yurishimning ham hojati yo‘q.
‒ Bo‘lmasa, ayting!
‒ Xo‘p, janubiy kenglikdagi o‘ttiz yettinchi parallel Amerikadan chiqib, Atlantik okeanni kesib o‘tadi.
‒ Xo‘p.
‒ Yo‘lda u Tristan-da-Kunya orollari yonidan o‘tadi.
‒ Juda soz!
‒ Keyin Yaxshi Umid burnining ikki gradus janubrog‘idan o‘tib ketadi.
‒ Keyin-chi?
‒ Keyin Hind okeanini kesib o‘tadi.
‒ Undan keyinchi?
‒ Amsterdam arxipelagida muqaddas Petr oroliga salgina tegib o‘tadi.
‒ Undan keyin-chi?
‒ Undan Keyin Avstraliyaning Viktoriya viloyatidan o‘tadi.
‒ Xo‘p, davom etavering!
‒ Avstraliyadan chiqib…
Oxirgi gap chala qoldi. Geografiya olimi taraddudlanib qoldimikan? Yo o‘ttiz yettinchi parallel undan keyin qayerdan o‘tishini unutib qo‘ydimikan? Yo‘q. Ombuning tepasidan qattiq qichqiriq eshitildi. Glenarvan bilan uning hamrohlari ranglari o‘chib, bir-birlariga qarab olishdi. Nahotki, yana bir falokat yuz bergan bo‘lsa? Nahotki, bechora Paganel yiqilib tushgan bo‘lsa?
Vilson bilan Myulredi yordamga yugurdilar, lekin shu payt tepada novcha odam gavdasi ko‘rindi, Paganel shoxdan shoxga dumalab, pastga tushib kelardi. Uning qo‘llari hech narsani ushlab ololmasdi. U tirikmidi-yo‘qmi? Kim biladi deysiz. Olim quturib hayqirayotgan to‘lqinlarga yiqilay degan ham ediki, mayorning baquvvat qo‘llari uni ushlab oldi.
‒ Salomat bo‘ling, Mak-Nabbs! – deb qichqirdi Paganel.
‒ Sizga nima bo‘ldi? – deb so‘radi mayor. – Nima gap o‘zi? Yana parishonxotirlikmi?
‒ Ha, ha, – dedi Paganel hayajondan nafasi tiqilib. – Ha, parishonxotirlik… lekin bu safargisi juda kam uchraydigan parishonxotirlik…
‒ Nima gap axir?
‒ Biz xato qilgan ekanmiz! Biz hozir ham yanglish yo‘ldamiz! Biz shu vaqtgacha doim noto‘g‘ri yo‘ldan boribmiz!
‒ Bu bilan nima demoqchisiz?
‒ Glenarvan, mayor, Robert, hammangiz ham, do‘stlarim, quloq solinglar! Biz kapitan Grantni u yo‘q joydan qidirib yurgan ekanmiz!
‒ Rostdanmi? – deb yubordi Glenarvan.
‒ U bu yerda yo‘qgina emas, bu yerlarga mutlaqo kelmagan ham! – deb qo‘shimcha qildi Paganel.
Yigirma to‘rtinchi bob
SAYOHATCHILAR HALI HAM QUSHLARDEK HAYOT KECHIRMOQDALAR
Hech kutilmagan bu xabar hammani hayron qoldirdi. Geograf bu bilan nima demoqchi? Sho‘rlik aqldan ozmadimikan? Lekin u shunday ishonch bilan gapirardiki, hamma beixtiyor Glenarvanga qayrilib qaradi. Paganelning gapi hozirgina o‘rtaga tashlangan savolga javob edi. Lekin Glenarvan faqat yo‘q deganday bosh chayqab qo‘ya qoldi. Aftidan, u geografiya olimining gapiga ishonmagan edi. Paganel esa o‘zini bosib olgach, yana gapga kirdi:
‒ Ha, rostdan, – dedi u ishonch bilan, – biz uni tamoman boshqa yerdan qidiribmiz, buning ustiga, hujjatdan yo‘q narsani o‘qibmiz.
‒ Fikringizni ochiqroq aytsangiz-chi, Paganel – dedi Mak-Nabbs, – lekin hovliqmasdan gapiring.
‒ Bu juda oson, mayor. Sizlar qatori men ham yanglishibman. Hamma qatori men ham hujjatni noto‘g‘ri izoh qilibman. Bundan bir minutgina burun, daraxt tepasida o‘tirgan yerimda savollaringizga javob beraturib, «Avstraliya» deyishim bilanoq, miyamga lop etib bir fikr keldi-yu, hammasi ochiq-oydin bo‘ldi-qo‘ydi.
‒ Nima? – deb yubordi Glenarvan. – Siz Garri Grant…
‒ Ha, men shunday fikrga keldim, – deb uning gapini bo‘ldi Paganel, – hujjatdagi austral so‘zi biz shu paytgacha o‘ylagandek to‘la so‘z emas, u Australia so‘zining negizi.
‒ Mana bu original gap, – dedi mayor.
‒ Original gap emas, bunday bo‘lishi mumkin ham emas! – dedi yelkasini qisib Glenarvan.
‒ Mumkin emas deysizmi!? – dedi Paganel. – Biz Fransiyada bunday so‘zni tan olmaymiz.
‒ Nimalar deyapsiz o‘zi, – deb davom etdi Glenarvan Paganelning gapiga sira ham ishonmay, – hujjatlarga asoslanib, «Britaniya» Avstraliya sohillarida halokatga uchragan demoqchimisiz?
‒ Bunga imonim komil, – deb javob berdi Paganel.
‒ Paganel, rostini aytsam, geografiya jamiyatining sekretari og‘zidan bunday gap chiqishiga men juda hayron bo‘lib qoldim, – dedi Glenarvan.
Bu gap Paganelga juda qattiq tegdi.
‒ Nima uchun? – deb so‘radi u.
‒ Shuning uchunki, Austral so‘zini Avstraliya deb qabul qiladigan bo‘lsangiz, ayni vaqtda u yerda hindularning borligini ham e’tirof qilishingiz zarur bo‘ladi, vaholanki Avstraliyada hindular mutlaqo bo‘lgan emas.
Bu dalil Paganelga zarracha ham ta’sir qilmadi. Olim jilmayib qo‘ydi: aftidan, u shunday deb e’tiroz qilishlarini kutgan edi.
‒ Aziz Glenarvan, – dedi u, – shoshmang: men hozir sizni shunday tor-mor qilib tashlayki, bironta ingliz hali bunday mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsin, ha, ishonavering. Bu, Kresi va Azenkur yonidagi Fransiya uchragan mag‘lubiyatlarning qasosi bo‘ladi!
‒ Juda xursand bo‘lardim, Paganel. Tor-mor qila qoling!
‒ Bo‘lmasa, quloq soling! Hujjatda hindular to‘g‘risidagi gap, Patagoniya to‘g‘risidagi gapdan zarracha ortiq emas, indi so‘zi indiens – hindular degan so‘zning emas, balki indigenes – yerli aholi degan so‘zning bir qismi. Avstraliyda yerli aholi borligiga ishonarsiz deyman?
Shuni aytib o‘tish kerakki, buni eshitgan Glenarvan geografiya olimiga tikilib qarab qo‘ydi.
‒ Ofarin, Paganel! – deb ma’qulladi mayor.
‒ Xo‘sh, aziz Glenarvan, mening fikrimga qo‘shilasizmi-yo‘qmi?
‒ Qo‘shilishaman, lekin oldin siz gonie «Patagoniya» degan so‘zning oxiri emasligini isbot qilib berishingiz kerak.
‒ Albatta, unday emas! – deb qichqirdi Paganel. – Bu yerda gap aslo Patagoniya to‘g‘risida borayotgani yo‘q. Boshqa nima so‘z desangiz deng-ki, lekin Patagoniya emas.
‒ Lekin boshqa nima so‘z bo‘lishi mumkin bu yerda!
‒ Kosmogoniya, teogoniya, agoniya…
‒ Agoniya, – deb oxirgi so‘zni tanladi mayor.
‒ Qaysinisi bo‘lsa ham menga baribir, – deb javob berdi Paganel: – bu so‘zning hech ahamiyati yo‘q; men hatto uning ma’nosini ham axtarib o‘tirmayman. Shunisi muhimki austral Avstraliya degan ma’noni bildiradi. O‘shanda noto‘g‘ri yo‘lga burib yubormaganingizda, men to‘ppa-to‘g‘ri shu xulosaga kelgan bo‘lardim, bu mana men deb o‘zi chiqib turibdi. Bu hujjatni o‘zim topgan bo‘lsam, faqat shunday deb tushungan bo‘lardim!
Bu safar Paganelning so‘zlari «ura» sadolari va tabrik so‘zlari bilan qarshi olindi. Ostin, matroslar, mayor, ayniqsa yangi umid tug‘ilgandan shodlanib ketgan baxtiyor Robert – hamma muhtaram olimni tabrikladilar. O‘z xatosiga sekin-asta iqror bo‘la boshlagan Glenarvan ham geografiya olimiga taslim bo‘lishga tayyor ekanini bildirdi-da:
‒ Yana bitta savolim bor, azizim Paganel, – dedi, – agar bunga ham boplab javob bersangiz, sizga qoyil qolmay ilojim yo‘q.
‒ Ayting, Glenarvan!
‒ Hujjatni endi qanday o‘qiysiz?
‒ Bundan oson ish bormi. Mana hujjat, – dedi-da Paganel keyingi kunlarda yana zo‘r berib o‘rgangani qimmatbaho qog‘ozlarni ko‘rsatdi.
Geografiya olimi fikrlarini to‘plab olguncha, hamma indamay turdi. Birpasdan keyin Paganel hujjatning uzuq-yuluq so‘zlari ustidan ko‘rsatkich barmog‘ini yurgizib va ba’zi so‘zlarga atayin diqqatni jalb qilib, quyidagicha o‘qidi:
‒ «1862-yil yettinchi iyunda Glazgo portidan chiqqan uch machtali «Britaniya» kemasi…» Bundan oldin, xohlasangiz, «ikki kundan keyin», «uch kundan keyin» yoki «uzoq agoniyadan keyin» degan so‘zlarni qo‘yishingiz mumkin – buning ahamiyati yo‘q. «… Avstraliya sohilida halokatga uchradi. Ikki matros bilan kapitan Grant sohilga chiqib olishga harakat qildilar… «yoki»… qit’aga chiqib oldilar, bu yerda ular shafqatsiz yerli aholi qo‘liga asir tushdilar…» yoki «… asir tushadilar». «Ular bu hujjatni…» va hokazo va hokazo. Endi ravshanmi?
‒ Agar Avstraliyani qit’a deb bo‘lsa, ravshan, lekin u qit’a emas, orol-ku.
‒ Xotirjam bo‘lavering, aziz Glenarvan; eng yaxshi geograflar bu orolni Avstraliya qit’asi deb atash kerak, degan fikrdalar.
‒ Do‘stlarim, unday bo‘lsa men faqat: Avstraliyaga! deya olaman, xolos, – dedi Glenarvan.
Hamrohlari ham baravariga:
‒ Avstraliyaga! – deb uning so‘zini quvvatladilar.
‒ Bilasizmi, Paganel, – dedi Glenarvan, – sizning «Dunkan»ga tushib qolganingiz xudoning amri bilan bo‘ldimi deyman-da!
‒ Juda yaxshi! – dedi Paganel. – Meni xudoning vakili deyaylik, endi bu to‘g‘rida boshqa gaplashmasak ham bo‘ladi.
Kelajakda juda muhim natijalarga olib kelgan suhbat ana shunday tamom bo‘ldi. U sayohatchilarning kayfiyatini tamom o‘zgartirib yubordi. Ular adashib qolib, uzoq sarson bo‘lgandan so‘ng yana yo‘l topgan odamlarga o‘xshar edilar. Umidi uzilgan bu odamlarning qalbi yana umidga to‘ldi. Endi ular hech ikkilanmay Amerika qit’asini tashlab ketishlari mumkin edi, ular fikran uni allaqachon tark etgan edilar ham.
Ular endi «Dunkan»ga umidsizlik bilan qaytmaydilar. Elen bilan Meri Grant endi kapitan Grantdan umid uzib ko‘z yoshi to‘kmaydilar. Shirin xayollarga g‘arq bo‘lgan sayohatchilarimiz o‘zlariga tahdid solib turgan hamma xavf-xatarni tamom unutdilar. Ular faqat bir narsaga: darhol yo‘lga tusha olmaganlariga achinar edilar, xolos.
Kunduz soat to‘rt bo‘lgandi. Soat oltida ovqatlanishga qaror qildilar. Paganel bugungi baxtli kun sharafiga ziyofat o‘tkazmoqchi bo‘ldi, sayoatchilarning oziq-ovqatlari juda hisobli bo‘lgani uchun u Robertga «qo‘shni o‘rmonga» borib ov qilib kelishni taklif qildi. Bola sevinganidan chapak chalib yubordi. Talkavning porox xaltasi ishga solindi. Revolverlarni tozalashdi, o‘qlashdi va ovga jo‘nashdi.
– Juda uzoqqa ketib qolmanglar, – deb ovchilarga jiddiy tayinlab qoldi mayor.
Ovchilar ketishgach, Glenarvan bilan Mak-Nabbs daraxtga qilingan belgilarni tekshirish uchun turdilar, Vilson bilan Myulredi esa yana gulxan yoqdilar.
Yangi hosil bo‘lgan bepoyon ko‘l sohiliga tushgan Glenarvan suvning pasaymaganini ko‘rdi. Lekin suv, ko‘rinishdan eng yuqori nuqtasiga ko‘tarilgan edi. Suv hali ham ilgarigidayoq zo‘r kuch bilan janubdan shimolga oqib yotar, bu esa Argentina daryolarining hali normal holatga qaytmaganidan dalolat berardi. Suvning sathi tusha boshlashidan oldin bu oqim to‘xtashi kerak, suvning ko‘tarilishi bilan pasayishi o‘rtasida dengizda ham xuddi shunday bo‘ladi. Shuning uchun suv shimolga qarab zo‘r berib oqib yotgan bunday holda uning pasayishiga umid bog‘lab bo‘lmasdi.
Glenarvan bilan mayor tekshirish o‘tkazayotganlarida ombuning tepasida qasir-qusir qilib to‘pponchalar otildi, har o‘q otilganda shodlik qichqiriqlari eshitilardi. Robertning ingichka ovozi Paganelning yo‘g‘on ovoziga qo‘shilishib ketar, ularning qaysi biri yosh bolaga ko‘proq o‘xshashini ajratib olish qiyin edi. Aftidan, ov juda muvaffaqiyatli borardi, shuning uchun mazza qilib ovqatlanishga umid bog‘lash mumkin. Gulxan oldiga qaytib kelgan mayor bilan Glenarvan Vilsonning ajoyib ish o‘ylab topganini ko‘rib, juda xursand bo‘ldilar. Bu mard dengizchi to‘g‘nog‘ich bilan kanopdan qarmoq yasab, baliq oviga kirishibdi, ovning natijalari ham g‘oyat yaxshi edi: go‘shti koryushka balig‘inikiday juda shirin bo‘ladigan moyara balig‘idan bir necha dyujinasi dengizchining ponchosi ustida pitirlab yotardi, bu esa sayohatchilar ziyofatining yana ham ajoyib bo‘lishidan darak berardi.
Shu payt ombuning tepasidan ovchilar tushib kelishdi. Paganel ehtiyot bilan qora qaldirg‘och tuxumi va bir qancha chumchuq olib tushib keldi, bu chumchuqlarning go‘shtini u hamrohlariga maynaning go‘shti deb o‘tkazmoqchi edi. Robert esa bir necha juft xilgueros otib kelibdi: sarg‘ish-ko‘kish patli bu kichkina qushchalarning go‘shti juda shirin bo‘ladi, shuning uchun Montevideo bozorlarida ularga talab juda katta. Tuxum pishirishning ellik bir xil usulini biladigan Paganel hozir ularni faqat gulxan qo‘riga ko‘mib pishira olardi, xolos. Shunga qaramay ziyofatga xil-xil va mazali taomlar pishirildi. Qoq go‘sht, pishgan tuxumlar, qovurilgan moyara, chumchuq va xilgueros go‘shtlarining mazasi sayohatchilar og‘zida umrbod qoldi.
Dasturxon ustida shirin suhbatlashib o‘tirdilar. Paganelni usta ovchi va mohir oshpaz deb maqtadilar. Paganel esa bu maqtovlarni juda kamtarlik bilan qabul qildi.
Keyin u bu ajoyib ombu to‘g‘risida juda qiziq qilib hikoya so‘zlab berdi:
‒ Ov qilib yurib, Robert ikkovimiz o‘zimizni rostakam o‘rmonda deb his qildik, – deb so‘z boshladi u. – Men hatto adashib qoldik shekilli, deb ham o‘yladim: chunki yo‘lni hech topolmay qoldim-da! Quyosh g‘arbga og‘ib qolgan. Men bo‘lsam zo‘r berib kelgan izimizni axtaraman. Qorin o‘lgudek och edi. Qop-qorong‘u chakalakdan yirtqich hayvonlarning bo‘kirgani eshitiladi. Yo‘g‘-e, yanglishib ketdim… bu yerda yirtqich hayvon yo‘q, shunisiga juda achinaman-da!
‒ Nima, yirtqich hayvon yo‘qligiga achinaman deysizmi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Albatta, achinaman-da!
‒ Lekin ular shunday vahshiy…
‒ Ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, vahshiylik degan narsaning o‘zi yo‘q, – deb e’tiroz bildirdi olim.
‒ Qo‘ying-e, Paganel! – deb gapga aralashdi mayor. – Vahshiy hayvonlarning foydali bo‘lishiga meni aslo ishontirolmaysiz. Ulardan nima foyda?
‒ Nima foyda deysizmi? – deb qichqirdi Paganel. – Ular, mayor, dastlab klassifikatsiya qilish uchun kerak: butun xillar, oilalar, urug‘lar, turlar…
‒ Foydasidan o‘rgildim! – deb uning so‘zini bo‘ldi mayor. – Menga buning hech keragi yo‘q. Agar o‘sha toshqin vaqtida Nuh payg‘ambarning kemasida bo‘lsam, o‘sha o‘ylamasdan ish qiladigan payg‘ambarga so‘zimni o‘tkazib, befoydagina emas, buning ustiga zararli ham bo‘lgan sherlar, yo‘lbarslar, qoplonlar, ayiqlar va hokazo yirtqich hayvonlarni kemaga oldirmagan bo‘lardim.
‒ Rostdan ham shunday qilgan bo‘larmidingiz? – deb so‘radi Paganel.
‒ Shubhasiz.
‒ Nima ham deyardim? Zoologik nuqtai nazardan qaraganda siz noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lar edingiz.
‒ Lekin insonparvarlik nuqtai nazaridan to‘g‘ri bo‘lardi, – deb javob qildi Mak-Nabbs.
‒ Bunga chidab bo‘lmaydi! – dedi olim. – Men esa, aksincha, Nuh payg‘ambarni megateriylardan ham, pterodaktillardan8585
Megateriylar – million yillar oldin Janubiy Amerikada yashagan ulkan yalqovlar. Pterodaktillar – Yura va Bo‘r davrlarida yashagan uchuvchi dinozavrlar (Muharrir izohi).
[Закрыть] ham, umuman toshqingacha yer yuzida yashagan hayvonlardan bir juft-bir juft olib olishiga ko‘ndirgan bo‘lardim, afsuski, hozir o‘sha hayvonlar yo‘q bo‘lib ketgan…
‒ Men esa, Paganel, – deb e’tiroz bildirdi Mak-Nabbs, – agar o‘sha paytda siz aytgan hayvonlar rostdan ham yashagan bo‘lsa, Nuh payg‘ambar ularni kemasiga olmay juda to‘g‘ri qilgan deb o‘ylayman.
‒ Men esa, – deb o‘z so‘zida turib oldi Paganel, – Nuh yaxshi ish qilmagan, shuning uchun bir umr olimlarning qarg‘ishiga qoldi deyman.
Paganel bilan Mak-Nabbsning Nuh payg‘ambar to‘g‘risidagi bu tortishuvini eshitib o‘tirgan hamrohlari qotib-qotib kulardilar. Umrida hech kim bilan tortishib o‘tirmaydigan mayor nihoyatda xotirjam va kamgap bo‘lishiga qaramay, Paganel bilan har kun qizg‘in bahslashib qolardi.
Aftidan, geografiya olimi mayorning jig‘iga tegish yo‘lini bilib olgandi.
Odati bo‘yicha Glenarvan bahsga aralashdi.
‒ Nima bo‘lganda ham, – dedi u, – biz yovvoyi hayvon yo‘qligiga ko‘nikishimiz kerak. Paganel bu samoviy o‘rmonda unday hayvonlarni uchratish mumkin emas edi, albatta.
‒ Nima uchun? – deb so‘radi olim.
‒ Yovvoyi hayvon daraxtda nima qilsin? – deb so‘radi hayron bo‘lib Tom Ostin.
‒ Ana xolos! Amerika yo‘lbarsi – yaguar ovchilar o‘rovida qolsa, odatda daraxtga chiqib jon saqlaydi. Shuning uchun toshqinda qolgan birorta yaguar ombuga chiqib olgan bo‘lsa shoxlar orasida bemalol yotgan bo‘lishi mumkin edi.
‒ Har holda, siz yaguarni uchratmagandirsiz, deyman? – deb so‘radi mayor.
‒ Yo‘q, butun «o‘rmon»ni aylanib chiqqan bo‘lsak ham uchratmadik. Ana shunisiga achinaman! Yaguardek yirtqichni ov qilish juda g‘alati ish bo‘ladi-da. Yaguar juda kuchli yirtqich. Panjasi bilan urib otning belini sindira oladi. Bu yirtqich bir marta odam go‘shtini tatib ko‘rgan bo‘lsa, albatta, yana uning payiga tushadi.
‒ Do‘stim Paganel, nima bo‘lganda ham, bu daraxtda o‘sha ajoyib yaguarlaringiz hozir yo‘qligiga juda xursandman, – dedi Glenarvan. – Ahvolimiz shunday ham ko‘ngilsiz…
‒ Ahvolimiz ko‘ngilsiz deysizmi? – deb so‘radi Paganel, endi tortishuvga yangi yo‘nalish berishi mumkin bo‘lgan bu jumlaga yopishib olib. – Taqdiringizdan norozimisiz hali, Glenarvan?
‒ Albatta, – dedi Glenarvan. – Nahotki, shu toshdek qattiq shoxlarda yayrab o‘tirgan bo‘lsangiz?
‒ Men o‘zimni hatto kabinetimda ham bunchalik yaxshi his qilmagan edim! Biz qushlardek hayot kechiryapmiz: sayraymiz, shoxdan shoxga uchamiz… Men, hatto, bora-bora odamlar daraxtda yashaydigan bo‘lib ketmasmikin, deb o‘ylab qola boshladim.
‒ Faqat qanotlari yetishmay turibdi, – deb gap qistirdi mayor.
‒ Vaqti kelib, qanot ham qilib olishadi.
‒ Lekin hozirchalik, bu qush inidan ko‘ra yo‘lkalariga qum sepilgan bog‘larni, uylardagi parket pollarni yoki kema palubasini afzal ko‘rishga ruxsat etsangiz, – dedi Glenarvan.
‒ Sharoitga moslasha bilish ham kerak, – deb javob berdi Paganel. – Sharoit qulay bo‘lsa – yaxshi, lekin yomon bo‘lsa, bunga e’tibor qilmaslik kerak. Ko‘rib turibman, qasringizdagi qulayliklarni sog‘inibsiz.
‒ Yo‘q, lekin…
‒ Mana Robertni ko‘ring, ishonamanki, u hech narsadan norozi emas, – deb Glenarvanning so‘zini bo‘ldi geograf, juda bo‘lmasa, hamrohlaridan bittasini o‘z tarafiga tortmoqchi bo‘lib.
‒ Hech norozi emasman, janob Paganel! – dedi shodlik bilan Robert.
‒ Uning yoshida bu tabiiy gap, – dedi Glenarvan.
‒ Mening yoshimda ham, – dedi olim. – Qulaylik qanchalik kam bo‘lsa, unga talab shuncha kam bo‘ladi, talab qancha kam bo‘lsa, odam shuncha baxtli.
‒ Ana xolos! Mana hozir Paganel boylik bilan zeb-ziynatlarga ham qarshiman deydi, – deb qo‘ydi Mak-Nabbs.
‒ Yanglishdingiz, mayor, – dedi olim. – Xohlasangiz, shu bahona bilan bitta arab ertagini aytib beray… Hozir esimga kelib qoldi.
‒ Ayting, janob Paganel, aytib bering! – dedi Robert.
‒ Ertagingiz nimani isbot qiladi, aziz do‘stim? – deb so‘radi mayor qiziqib.
‒ Barcha ertaklar nimani isbot qilsa – o‘shanida!
‒ Demak, juda kam narsani isbot qilarkan, – dedi Mak-Nabbs. – Mayli, Shahrizoda, ertagingizni boshlayvering. Bunday ishlarga ustasiz-ku siz.
‒ Bir zamonlar buyuk Xorun-ar-Rashidning bir o‘g‘li bo‘lgan ekan, – deb boshladi Paganel. – Juda baxtsiz ekan. Kunlardan bir kun qari bir darvishning oldiga maslahatga boribdi. Darvish shahzodaning arzini eshitib, bu dunyoda baxt topish umuman mushkul ish, debdi. «Lekin men sizga albatta baxt keltiruvchi bitta usulni bilaman», – debdi u. – «Qanday usul ekan u?» deb so‘rabdi shahzoda. «Baxtli odamning ko‘ylagini kiying», deb javob beribdi darvish. Xursand bo‘lib ketgan shahzoda darvishni quchoqlab o‘pibdi-da, o‘sha tilsimni qidirib yo‘lga chiqibdi. U yurtma-yurt kezib, uzoq yuribdi. Yer yuzidagi barcha poytaxtlarga boribdi. Barcha podsholar, imperatorlar, shahzodalarning, amaldorlarning ko‘ylagini kiyib ko‘ribdi, lekin mehnati zoye ketibdi: baxtli bo‘lmabdi. Shundan so‘ng u san’atkorlar, jangchilar, savdogarlarning ko‘ylaklarini kiyib ko‘ribdi, bari bir bo‘lmabdi. Shu tarzda baxt axtarib, uzoq kezibdi. Oxiri maqsadiga yetolmay, xafa bo‘lib, otasining saroyiga qaytadigan bo‘libdi. Dalada kelayotib, birdan omoch haydayotgan bir dehqonni ko‘rib qolibdi. Dehqon ashulani baland qo‘yib, ishlayotgan ekan. Shahzoda o‘zicha: «Agar mana shu odam ham baxtsiz bo‘lsa, dunyoda baxtning o‘zi yo‘q», debdi-da, dehqonning oldiga borib: «Hoy, baraka topkur, sen baxtlimisan?» deb so‘rabdi. – «Ha, baxtliman», deb javob beribdi dehqon. «Hech narsaga zarur emasmisan?» – «Mutlaqo!» – «Hatto podsho bo‘lishni ham istamaysanmi?» – «Hech bir!» – «Bo‘lmasa, ko‘ylagingni menga sot». – «Ko‘ylagimni? Mening ko‘ylagim yo‘q-da».
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?