Текст книги "Капитан Грант болалари"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 47 страниц) [доступный отрывок для чтения: 15 страниц]
O‘ninchi bob
O‘TTIZ YETTINCHI PARALLEL
«Dunkan» Pilar burunini aylanib o‘tganiga bir hafta deganda, jadal suzib Talkaguano buxtasiga – uzunligi o‘n ikki mil va kengligi to‘qqiz mil bo‘lgan ajoyib daryo mansabiga kirib keldi. Havo juda yaxshi edi. Bu o‘lkada noyabrdan martgacha osmonda qilt etgan bulut ko‘rinmaydi, Kordiler tog‘lari pana qilib turgan qirg‘oq bo‘ylab doim janub shamoli esib turadi. Eduard Glenarvanning buyrug‘iga muvofiq Jon Mangls kemani Chiloe arxipelagi va Amerika materigining bu yerlardagi boshqa sonsiz-sanoqsiz orollariga yaqin olib yurdi. Bu yerlarda uchrab qolgan biror siniq holda yoki taxta, odam qo‘lidan chiqqan bir parcha yog‘och «Dunkan»dagilarga «Britaniya»ning halokatdan darak berishi mumkin edi, lekin atrofda hech narsa ko‘rinmadi. Kema o‘z yo‘lida davom etdi va, nihoyat, tumanli Klayd qo‘ltig‘idan chiqqaniga qirq ikki kun bo‘ldi deganda, Talkaguano portida langar tashladi.
Glenarvan o‘sha zahotiyoq suvga qayiq tushirishni buyurdi, Paganel ikkovi qayiqqa o‘tdilar-da, ko‘p o‘tmay yog‘och to‘siq qilib qo‘yilgan qirg‘oqqa chiqdilar. Geografiya olimi ko‘p mehnat sarf qilib o‘rgangan ispan tilini amalda sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi, lekin yerlilar uning bir og‘iz so‘ziga ham tushunmadilar.
‒ Aftidan, yomon talaffuz qilayotganga o‘xshayman, – deb qo‘ydi Paganel.
‒ Yuring bojxonaga, – dedi Glenarvan.
Bojxonadagilar bir necha inglizcha so‘z va imo-ishoralar yordamida ularga ingliz konsuli bu yerdan bir soatli yo‘ldagi Konsepsion shahrida turadi, deb tushuntirdilar. Glenarvan tezda ikkita chopqir ot topdi, ko‘p o‘tmay Paganel ikkovlari aka-uka Pisarrolarning yo‘ldoshi uddaburon Valdivia tufayli qurilgan bu katta shaharga kirib bordilar.
Qarang, bir vaqtlar juda gullagan shahar endi qanday tushkunlikka uchrabdi! 1819-yildagi yong‘indan hali ham devorlari qorayib yotgan, bo‘shab qolgan va xarobaga aylangan shaharning aholisi endilikda zo‘rg‘a sakkiz ming kishiga yetardi. Uning o‘rniga qo‘shni shahar Talkaguano gullab ketdi. Konsepsion aholisi shunday ham dangasa odamlar ediki, hatto ko‘chalari o‘t bosib, o‘tloqqa aylanib ketibdi. Shaharda hech qanday savdo-sotiq, faoliyat, ish-harakat yo‘q. Har bir uyning balkonidan mandolina ovozi kelar, panjarali derazalardan nozli ashula tovushi eshitilar edi. Bir vaqtlar erkaklar shahari bo‘lgan Konsepsion endi xotinlar va bolalar qishlog‘iga aylangan.
Paganel shaharning bunday ahvolga tushish sabablari to‘g‘risida gap ochgan bo‘lsa-da, Glenarvan bunga uncha qiziqmadi. U bir minut ham vaqtni qo‘ldan bermay, Britaniya konsuli mister J. R. Bentok huzuriga yo‘l oldi. Bu e’tiborli janob ularni juda yaxshi qashi oldi va kapitan Grant voqeasini eshitib, butun qirg‘oqni daraklab ko‘rishga kirishdi.
Konsul Bentok «Britaniya» nomli uch machtali kema o‘ttiz yettinchi parallel yaqinida, Chili yoki Araukan sohillarida falokatga uchragan-uchramaganini bilmas edi. Na unga, na uning do‘stlari – boshqa mamlakatlarning konsullariga bunday ma’lumot kelmagan edi. Ammo bu Glenarvanning ruhini tushirmadi. U Talkaguanoga qaytib keldi-da, g‘ayratini ham, pulini ham ayamay butun sohilni razvedka qilishga odamlar yubordi. Afsus; sohilda yashovchi aholidan har qancha surishtirilmasin, natija bermadi. Bundan, falokatga uchragandan keyin «Britaniya»dan hech qanday nom-nishon qolmagan ekan, degan xulosa chiqar edi.
Glenarvan qidirish ishlarining natija bermaganini do‘stlariga kelib aytdi. Meri Grant bilan ukasi o‘z qayg‘ularini yashirolmadilar. «Dunkan»ning Talkaguanoga kelganiga olti kun bo‘lgan edi. Hamma yo‘lovchilar kemaning yut qismiga to‘plandilar. Elen kapitan Grantning bolalariga, albatta shirin so‘z bilan (boshqa nima ham qila olar edi!) tasalli berishga harakat qilardi. Jak Paganel yana hujjatlar ustiga muk tushdi: u hujjatlardan biror yangi sirni tortib olmoqchi bo‘lgandek, ularga nihoyatda zo‘r diqqat bilan tikilib o‘tirar edi. Geografiya olimi hujjatlar ustida bir soatcha bosh qotirib o‘tirgandan keyin to‘satdan Glenarvan unga murojaat qilib:
‒ Paganel! Men sizning kamol idrokingizga ishonaman. Hujjatni o‘qishda biz biror xato qilmadikmikan? Biz qo‘shgan so‘zlarda mantiq bormi?
Paganel hech narsa deb javob bermadi – u fikr yuritmoqda edi.
‒ Ehtimol, biz kema halokatga uchragan joyni noto‘g‘ri belgilagandirmiz? – deb so‘radi yana Glenarvan. – Har qanday esi past odam ham buning «Patagoniya» ekanini darhol fahmlab olmaydimi?
Paganel yana indamadi.
‒ Nihoyat, «hindu» so‘zi bizning to‘g‘ri xulosa chiqarganimizni ko‘rsatmaydimi? – deb qo‘shib qo‘ydi yana Glenarvan.
‒ Shubhasiz, – dedi Mak-Nabbs.
‒ Shunday ekan, halokatga uchraganlar bu xatni yozayotganda hindlar qo‘liga asir tushish xavfi ostida bo‘lgani o‘zo‘zidan ravshan emasmi?
‒ Mana shu yerda so‘zingizni bo‘laman, azizim Glenarvan, – dedi nihoyat Paganel. – Dastlabki chiqargan xulosalaringiz to‘g‘ri bo‘lsa ham, mana shu keyingisi, menimcha, to‘g‘ri emasdek ko‘rinadi.
‒ Bu bilan nima demoqchisiz? – so‘radi Elen.
Hamma geografga tikilib qoldi.
‒ Men kapitan Grant hozir hindular qo‘lida asirlikda demoqchiman, – javob berdi Paganel har bir so‘zini alohida ta’kidlab, – yana shuni ham qo‘shib qo‘ymoqchimanki, hujjat bu jihatdan sira shubha qoldirmaydi.
‒ Ochiqroq tushuntirib bering, janob Paganel, – deb iltimos qildi miss Grant.
‒ Bundan ham oson ish bormi, azizim Meri: «asir tushadilar» degan ifodani «asir tushdilar» deb o‘qilsa, gap ravshan bo‘ladi-qo‘yadi.
‒ Bu mumkin emas! – dedi Glenarvan.
‒ Mumkin emas deysizmi? Nima uchun mumkin bo‘lmasin, aziz do‘stim? – deb so‘radi jilmayib Paganel.
‒ Chunki shisha kema qoyaga kelib urilgan paytdagina dengizga tashlangan bo‘lishi kerak. Bundan esa hujjatda ko‘rsatilgan kenglik va uzunliklar halokat yuz bergan joyni ko‘rsatadi, degan xulosa kelib chiqadi.
‒ Bunga hech qanday dalil yo‘q, – darhol e’tiroz bildirdi Paganel. – Hindlar halokatga uchraganlarni qit’aning ichkarisiga olib ketgan, deb faraz qilaylik. Xo‘sh, nima uchun u bechoralar xuddi o‘sha shisha yordami bilan o‘zlarining qayerda asirlikda ekanliklarini xabar qila olmadilar ekan?
‒ Bunday qilolmasliklarining sababi juda oddiy, aziz Paganel: shishani dengizga tashlash uchun juda bo‘lmaganda dengizga yaqin yerda bo‘lish kerak.
‒ To‘g‘ri, lekin dengizdan uzoqda bo‘lsangiz, dengizga kelib quyiladigan daryo sohilida bo‘lishingiz ham kifoya.
Kutilmagan, lekin bo‘lishi tamomila mumkin bo‘lgan bu javobni eshitib, hamma hayron bo‘lib jim qoldi. Hamrohlarining chaqnab ketgan ko‘zlariga qarab, Paganel ularning yuragi yana umid bilan ura boshlaganini tushundi.
Jimlikni birinchi bo‘lib Elen buzdi.
‒ Qanday yaxshi fikr-a! – dedi u.
‒ Yaxshi bo‘lganda qandoq! – dedi soddadillik bilan Paganel.
‒ Endi, sizning fikringizcha, qanday tadbir ko‘rishimiz kerak? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Mening fikrim bunday: Amerika qit’asining o‘ttiz yettinchi parallel o‘tadigan joyini topish kerak, keyin yarim gradus ham chetga chiqmay, shu parallel Atlantik okeaniga chiqib ketadigan joygacha qit’ani kesib o‘tish kerak. Shu marshrut bilan yurib, «Britaniya» kemasida halokatga uchraganlarni topsak ham ajab emas.
‒ Ishonch kam, – dedi mayor.
‒ Ishonch qanchalik bo‘lmasin, biz buni nazarga olmay qololmaymiz, – deb e’tiroz bildirdi Paganel. – Agar mening bu taxminim to‘g‘ri chiqib, shisha haqiqatan ham shu qit’adagi okeanga kelib quyiladigan daryolardan biriga tashlangan bo‘lsa, biz asr tushganlarning iziga uchramay o‘tib ketishimiz mumkin emas. Qaranglar, do‘stlarim, bu mamlakatning xaritasiga qaranglar: men fikrimning to‘g‘riligini to‘la isbotlab bera olaman.
Shunday deb, Paganel stol ustiga Argentina viloyatlari bilan Chili kartasini yozib qo‘ydi.
‒ Qarab turinglar, – deb takrorladi u, – Amerika qit’asida qilinadigan bu sayohatda mening orqamdan boraveringlar: ingichkagina Chili yerini kesib o‘tamiz. And tog‘laridan4848
And tog‘lari (ink xalqlari tilida anta – mis konli tog‘lar) – dunyodagi eng uzun (qariyb 9000 km) va eng baland (6960 m) tog‘ tarmoqlaridan biri. Eni 800 km gacha. And togʻlari Janubiy Amerikani butun uzunligi bo‘ylab g‘arb tomonidan o‘rab turadi. U ko‘plab parallel, asosan meridional tizmalardan iborat bo‘lib, ular Kordiler deb ataladi. Shu bois And tog‘lari Kordiler tog‘lari deb ham yuritiladi (Muharrir).
[Закрыть] oshamiz. Pampaslarga4949
Pampas (kechua indeyslari tilida pampa – oʻtloq) – Janubiy Amerikadagi, asosan, oʻt oʻsimliklari oʻsadigan baʼzi bir tekisliklarning nomi. Aslida Argentina hududining 29 – 39° janubiy kengliklar orasi va gʻarbda Sʼyerras-de-Kordova togʻlarigacha boʻlgan joylar Pampas deyiladi (Muharrir).
[Закрыть] tushib boramiz. Bu yerlarda soylar, daryolar, tog‘ jilg‘alari kammi? Yo‘q, juda ko‘p. Mana bu Rio-Negro, mana bu Kolorado, mana bular ularning irmoqlari; ularning hammasi o‘ttiz yettinchi paralleldan oqib o‘tadi, hammasi ham hujjat solingan shishani dengizga oqizib ketgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, o‘sha yerlarda, hindularning biron o‘troq qabilasi orasida, kam o‘rganilgan daryolardan birining sohilida biror sherdarasida biz o‘zimizning do‘stlarimiz deb atashga haqli bo‘lgan kishilar asirlikda yordamga mushtoq bo‘lib o‘tirgandirlar. Biz ularning umidini puchga chiqara olamizmi? Men hozir barmog‘im bilan ko‘rsatayotgan chiziqdan hech qayoqqa og‘ishmay, qit’ani bosib o‘tishimiz kerak degan fikrga hammangiz qo‘shilasizmi? Bordi-yu, taxminim o‘rinsiz chiqib, men bu safar ham xato qilayotgan bo‘lay, o‘ttiz yettinchi paralleldan yo‘limizni davom ettirib borish va agar zarur bo‘lib qolsa, falokatga uchraganlarni topish uchun shu parallel bo‘ylab dunyoni aylanib chiqish bizning vazifamiz emasmi?
Paganelning bu qizg‘in va samimiy so‘zlari tinglovchilarning hammasiga ham chuqur ta’sir qildi. Hammalari turib, uning qo‘lini qisa boshladilar.
‒ To‘g‘ri! Otam mana shu yerda! – deb qichqirdi Robert ko‘zlari bilan yeb yuborgudek darajada kartaga tikilib.
‒ Otangni topmay qo‘ymaymiz, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan. – Haqiqatan ham, do‘stimiz Paganel hujjatni juda asosli tushuntirib berdi, biz hech ikkilanmay u ko‘rsatgan yo‘ldan borishimiz kerak. Kapitan Grant yo biror katta qabilaga, yoki aksincha, biror kichkina, kuchsiz qabilaga asir tushgan. Agar kichkina, kuchsiz qabilaga asir tushgan bo‘lsa, uni o‘zimiz qutqazib olamiz. Bordi-yu, u katta qabilaga asir tushgan bo‘lsa, kapitanning qayerdaligini, hol-ahvolini bilib olamiz keyin sharqiy sohilga qaytib, «Dunkan»ga o‘tiramiz-da, Buenos-Ayresga yo‘l olamiz. Mayor Mak-Nabbs u yerda shunday bir otryad tuzadiki, Argentina viloyatlaridagi barcha hind qabilalariga ham kuchi yetadigan bo‘ladi.
‒ To‘g‘ri, ser, to‘g‘ri! – dedi Jon Mangls. – Shuni ham aytish kerakki, qit’a orqali qilinadigan bu safaringiz bexatar o‘tadi.
‒ Bexatar va yengil o‘tadi, – deb uning so‘zini tasdiqladi Paganel. – Bu yo‘lni juda ko‘p odamlar bosib o‘tganlar, tag‘in ularda bizdagiday, imkoniyatlar ham, bizning oldimizda turgan olijanob maqsadlar ham bo‘lmagan! Bazilio Vilarmo degan bir kimsa 1782-yilda Karmendan to Kordilergacha bo‘lgan joylarni bosib o‘tmaganmidi? Konsepsion viloyatida yashovchi chililik sudya don Luiz de-la Kruts 1806-yilda Antukodan yo‘lga chiqib va Kordiler tog‘idan oshib o‘tib, o‘ttiz yettinchi paralleldan og‘ishmay, qirq kun deganda Buenos-Ayresga yetib olmagan edimi? Nihoyat, polkovnik Garsia Alesid d‘Orbini va mening muhtaram kasbdoshim doktor Martin de-Mussi – ular, ham hozir biz insonparvarlik burchimiz deb otlanganday, fanni boyitish niyatida otlanib, bu o‘lkani boshdan-oyoq kezib chiqmaganlarmi!
‒ Janob Paganel! Janob Paganel! – dedi hayajondan titragan tovush bilan Meri Grant. – Bizni deb bunday xavf-xatarlar qarshisiga otlanayotganingiz uchun sizga qanday tashakkur bildirishni ham bilmay qoldim!
‒ Xavf-xatar? – deb so‘radi Paganel. – «Xavf xatar» degan so‘zni kim aytdi o‘zi?
‒ Men emas! – dedi Robert.
Bolaning ko‘zlari porlab turar, uning boqishlarida qat’iyat aks etardi.
‒ Xavf-xatar-a! – deb so‘zida davom etdi Paganel. – Umuman xavf-xatar degan narsa bo‘ladimi o‘zi? Buning ustiga, gap nima to‘g‘risida boryapti? Nihoyati bir ming to‘rt yuz kilometrga cho‘ziladigan sayohat to‘g‘risida boryapti, – axir biz qit’ani to‘ppa-to‘g‘ri kesib o‘tamiz-ku, gap Shimoliy yarim shardagi Ispaniya, Sitsiliya, Gretsiya kengliklariga to‘g‘ri keladigan kenglikda bo‘ladigan sayohat to‘g‘risida, demak, o‘sha mamlakatlar ob-havosiga to‘g‘ri keladigan sharoitda o‘tadigan sayohat to‘g‘risida boryapti; nihoyat, gap ko‘p deganda bir oyga cho‘ziladigan sayohat to‘g‘risida boryapti. Bu sayohat emas, sayr-ku!
‒ Janob Paganel, – deb unga murojaat qildi Elen, – demak, siz halokatga uchraganlar hindular qo‘liga tushgan bo‘lsa, hindular ularni sog‘ qo‘ygan deb o‘ylaysiz-a?
‒ Albatta, xonim. Bu yerlik hindular odamxo‘r emas-ku. Mening bir vatandoshim, Geografiya jamiyatidagi tanishlarimdan biri Ginor degan kishi pampaslardagi hindular qo‘lida uch yil asirlikda yashagan. To‘g‘ri, u juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, unga juda yomon muomala qilishgan, lekin oxiri u bu qiyinchiliklarni yengib chiqqan. Bu o‘lkalarda yevropalik odamni foydali kishi deb hisoblaydilar. Hindular yevropaliklarning qadriga yetadi va ularni eng qimmatli hayvondek ehtiyot qiladilar.
‒ Unday bo‘lsa, ikkilanishga o‘rin yo‘q, – dedi Glenarvan. – Hech bir kechiktirmay tezda yo‘lga chiqish kerak. Biz qaysi yo‘ldan boramiz?
‒ Oson va ko‘ngilli yo‘ldan, – deb javob berdi Paganel. – Yo‘limiz oldin tog‘dan o‘tadi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi, keyin Kordilerning qiya yonbag‘ridan pastga tushib boramiz, naryog‘i tekis maysazor va qumloq joylar: bog‘ sayri deysiz.
‒ Karta ko‘rib olaylik, – deb taklif qildi mayor.
‒ Mana karta, aziz Mak-Nabbs, o‘ttiz yettinchi parallel Chili sohilidagi Rumen buruni bilan Korneyro ko‘rfazi o‘rtasida Amerika qit’asiga kirib keladigan punktni topamiz-da, o‘sha yerdan yo‘lga chiqamiz. Araukaniyaning markazi yonidan o‘tib, Antuko tog‘ yo‘li orqali Kordilerdan oshamiz, vulqon bir chetda, janub tomonda qoladi. Keyin biz tog‘ning qiya yonbag‘ridan pastga tushamiz, Kolorado daryosini kechib o‘tamiz va pampaslar orqali Salinas ko‘liga, Guamini daryosiga, Serra-Tapalkvemga yetib boramiz. Bu yerdan Buenos-Ayres viloyatining chegarasi o‘tadi. Chegaradan o‘tib, Serra-Tandil tog‘lariga chiqamiz va qidirish ishlarimizning Atlantik okeani sohilidagi Medano burunigacha davom ettiraveramiz.
Bo‘lajak ekspeditsiya bosib o‘tishi kerak bo‘lgan marshrutni chizib berar ekan, Paganel oldida ochiq yotgan xaritaga qayrilib ham qaramadi: u bunga zarurat sezmasdi. Uning Freze, Molin, Gumboldt, Mor, d’Orbini asarlariga tayangan o‘tkir xotirasi aldanishi ham, yanglishib qolishi ham mumkin emas edi. Bu geografik nomenklaturani tugatgach, Paganel qo‘shimcha qildi:
‒ Shunday qilib, do‘stlarim, yo‘limiz to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l. Bu yo‘lni biz bir oy ichida bosib o‘tamiz, agar g‘arbdan esgan shamol «Dunkan»ni yo‘lda ushlab qolsa, biz sharqiy sohilga hatto undan oldinroq yetib boramiz.
‒ Demak, «Dunkan» Korrientes buruni bilan muqaddas Antoniy buruni o‘rtasida u yoqdan-bu yoqqa suzib yurib turishi kerak ekan-da!
‒ Xuddi shunday.
‒ Ekspeditsiyamiz qatnashchilari qilib kimlarni belgilamoqchisiz? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Ekspeditsiya qatnashchilari ko‘p bo‘lmaydi. Axir biz faqat kapitan Grantning ahvolini bilib kelmoqchimiz, xolos. Biz hindular bilan darhol jangga kirishish maqsadida emasmiz-ku. Menimcha, Glenarvan bizning boshlig‘imiz bo‘lishi tabiiy; mayor, u, albatta, o‘z o‘rnini birovga berishni sira istamasa kerak; kaminangiz Jak Paganel…
‒ Men ham! – deb qichqirdi Robert.
‒ Robert! Robert! – deb uni to‘xtatmoqchi bo‘ldi opasi.
‒ Nima uchun yo‘q deysiz? – dedi Paganel. – Sayohat yoshlar uchun foydali narsa: chiniqadi, ko‘p narsalarni o‘rganadi. Shunday qilib, bizdan to‘rt kishi, yana «Dunkan»dan uchta matros olinsa bo‘ldi…
‒ Ana xolos, – dedi Jon Mangls Glenarvanga qarab, – demak, bu ekspeditsiyada men ishtirok qilmas ekanman-da?
‒ Azizim Jon, biz paroxodda yo‘lovchilarimizni, ya’ni biz uchun dunyodagi eng qimmatli ayollarni qoldirib ketyapmiz. Ularga «Dunkan»ning sodiq kapitanidan ham yaxshiroq kim g‘amxo‘rlik qila oladi!
‒ Bundan chiqdi, biz birga borolmas ekanmiz-da? – dedi Elen g‘amginlik bilan boqib.
‒ Sevimli Elen, – deb javob berdi Glenarvan, – bizning sayohatimiz juda tez sur’at bilan o‘tkaziladi. Biz uzoq vaqtga ajralmaymiz, shuning uchun…
‒ Yaxshi, azizim, tushunaman, – dedi Elen. – Oq yo‘l, sizlarga chin yurakdan muvaffaqiyat tilayman!
‒ Buning ustiga, uni sayohat deb ham atab bo‘lmaydi, – dedi Paganel.
‒ Unda nima deb atash kerak uni?
‒ Shunchaki bir sayr. Biz sof vijdonli odamlarmiz, shuning uchun safarimiz vaqtida ko‘proq yaxshilik qilishga tirishamiz.
Agar hamma bir fikrda bo‘lgan hozirgi muhokamada «muzokara» so‘zini ishlatish o‘rinli bo‘lsa, Paganelning ana shu gapi bilan muzokaralar tugadi. Shu kuniyoq ekspeditsiyaga tayyorgarlik boshlandi. Hindularning diqqatini tortmaslik uchun uni qattiq sir tutishga qaror qilindi.
Safarga chiqish 14-oktabrga belgilandi. Ekspeditsiyaga matroslardan kim qatnashadi, degan masalada so‘z ochilganda, barcha matroslar bunga hozir ekanliklarini bildirdilar. Qiyin ahvolga tushib qolgan va bu ajoyib yigitlardan birontasini ham xafa qilishni istamagan Glenarvan chek tashlashga qaror berdi. Shunday qilishdi. Orzu qilingan chek kapitan yordamchisi Tom Ostin, baquvvat Vilson va boksda hatto Tom Sayersning5050
Tom Sayers – londonlik mashhur boksyor (Muallif izohi).
[Закрыть] o‘ziga ham bo‘sh kelmaydigan Myulredilarga tushdi.
Bu tayyorgarlik ishlarida Glenarvan katta g‘ayrat ko‘rsatdi. U har qanday qilib bo‘lsa ham belgilangan kuni yo‘lga chiqishga tayyor bo‘lishiga ahd qildi va maqsadiga erishdi. Jon Mangls ham Glenarvandan kam g‘ayrat qilmadi. U darhol ochiq dengizga chiqish uchun ko‘mir g‘amlab olishga shoshildi. Jon Argentina sohillariga ulardan oldin yetib borishni istardi. Shu jihatdan Glenarvan bilan yosh kapitan o‘rtasida haqiqiy musobaqa vujudga keldi va bu, albatta, ishga foyda keltirdi.
14-oktabrda tayin qilingan soatga hamma tayyor edi. Jo‘nab ketishdan oldin yo‘lovchilar kayut-kompaniyaga to‘plandilar. «Dunkan» langarini ko‘tara boshladi, yassi vint parraklari Talkaguano qo‘ltig‘ining tiniq suvlarini loyqatdi. Karabinlar va Kolt revolverlari bilan qurollanib olgan Glenarvan, Paganel, Mak-Nabbs, Robert Grant, Tom Ostin, Vilson va Myulredi kemadan tushib ketishga tayyorlanardilar. Yo‘l boshlovchilar bilan yuk ortilgan xachirlar ularni qirg‘oqda kutib turar edi.
‒ Vaqt bo‘ldi, – dedi nihoyat Glenarvan.
‒ Xo‘p, oq yo‘l, azizim, – dedi Elen hayajonini bosishga tirishib.
Glenarvan uni bag‘riga bosdi. Robert opasining bo‘ynidan quchoqladi.
‒ Endi, aziz do‘stlarim, – dedi Paganel, – kelinglar, ajralishdan oldin bir-birimizning qo‘limizni qisaylik, shunday mahkam qisaylikki, to Atlantik okeani qirg‘og‘ida uchrashgunimizcha shu qo‘l qisishganimiz sezilib tursin!
Paganel juda katta ketdi. Lekin xayrlasha turib, ba’zilar shunday qizg‘in quchoqlashdilarki, muhtaram olimning orzusi haqiqatan ham amalga oshadiganga o‘xshab qoldi.
Hamma yana palubaga chiqdi, ekspeditsiyaning yetti a’zosi «Dunkan»ni tark etdilar. Ko‘p o‘tmay ular sohilga yetib oldilar. Bu vaqtda manyovr qilayotgan kema qirg‘oqqa yarim kabeltovdan5151
Kabeltov – dengizda: 185,2 metrga teng uzunlik o‘lchovi.
[Закрыть] ham yaqinroq keldi.
‒ Oq yo‘l, do‘stlarim, muvaffaqiyat tilayman! – deb qichqirdi oxirgi marta Elen kemaning yut qismidan.
‒ Olg‘a! – deb komanda berdi Jon Mangls mashinistga.
‒ Ketdik! – dedi Glenarvan go‘yo kapitan bilan til biriktirgandek.
Sayohatchilar sohil yoqasidagi yo‘ldan ot choptirib ketganlarida «Dunkan» shitob bilan ochiq dengizga yo‘l oldi.
On birinchi bob
CHILIDAN O‘TISH
Glenarvan o‘z ekspeditsiyasiga mahalliy kishilardan to‘rtta yo‘l boshlovchi qo‘shib oldi: ulardan uchtasi katta kishilar va bittasi yosh bola edi. Yo‘l boshlovchilarning boshlig‘i bu mamlakatda yigirma yildan ham ortiqroq yashagan bir ingliz edi. U xachirlarini sayohatchilarga garovga berib, o‘zi Kordiler dovonlaridan oshib o‘tishda ularga yo‘l boshlovchilik qilardi. Tog‘dan oshib o‘tgach, u odatda o‘z sayohatchilarini bakeanoga – pampaslardagi yo‘llarni yaxshi bilgan argentinalik yo‘l boshlovchiga topshirardi. Bu ingliz hindular orasida uzoq yashaganiga qaramay, o‘z ona tilini butunlay esdan chiqarib yubormagan bo‘lib, bizning sayohatchilar bilan bemalol so‘zlasha olardi. Bu, unga har xil topshiriqlar berish va ularning qanday bajarilganini tekshirishda Glenarvanning ishini ancha yengillashtirdi. Paganelning ispan tilini o‘rganaman deb har qancha harakat qilganiga qaramay, hozircha hech kim uning so‘ziga tushunmagani vajidan bu ayniqsa muhim edi.
Chili shevasida «katapats» deb yuritiladigan inglizning qo‘l ostida ikki peon bilan o‘n ikki yashar bir bola bor edi. Peonlar ekspeditsiya yuklari ortilgan xachirlarni haydab kelishar, bola esa madrilani – bo‘yniga qo‘ng‘iroqlar osilgan kichkinagina xachirni yetaklab borar edi. Madrila o‘z orqasidan kelayotgan o‘nta xachirni boshlab ketayotgandek karvonning oldida borar edi. Xachirlarning yettitasida bizning sayohatchilarimiz, sakkizinchisida – katapats kelar edi. Qolgan ikki xachirga oziq-ovqat va pampas katsiklarining5252
Katsik – hindu qabila boshlig‘i.
[Закрыть] ko‘nglini ovlash uchun olingan bir necha toy gazlama ortilgan edi. Pionlar o‘z odatlariga ko‘ra piyoda borardilar. Sayohatchilarimizning Janubiy Amerikani kesib o‘tish safarlari juda yaxshi sharoitdan ham tez, ham bexatar o‘tadigandek tuyular edi.
Kordiler tog‘ tizmalaridan oshib o‘tish u qadar oson ish emas. Juda chidamli xachirlarsiz bunday sayohatni amalga oshirib bo‘lmaydi, bu xildagi tog‘ sayohatlari vaqtida eng ish beradigan xachirlar Argentina xachirlaridir. Bu jonivorlar o‘zlarining dastlabki nasllarida bo‘lmagan ajoyib xususiyatlarga egadirlar. Ular ovqat tanlab o‘tirmaydilar, kunda bir marta suv ichadilar, sakkiz soatda qirq kilometrdan yo‘l bosadilar va o‘n to‘rt arrob5353
Arrob – 11 kilogrammga to‘g‘ri keladigan mahalliy og‘irlik o‘lchovi.
[Закрыть] yukni ko‘rdim demaydilar.
Bir okeandan ikkinchi okeanga cho‘zilgan bu yo‘lda bitta ham karvonsaroy yo‘q. Sayohatchilar odatda qotirilgan go‘sht, murch sepib pishirilgan guruch va yo‘lda otib olingan qushlar bilan ovqatlanadilar. Tog‘larda jilg‘alardan, pasttekislikda ariqdan suv ichadilar. Suvga har bir sayohatchining yonidagi ho‘kiz shoxi – shiflda saqlanadigan romdan bir necha tomchi qo‘shiladi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, u yerlarda spirtli ichimliklarni kamroq iste’mol qilish kerak, chunki asablar o‘shasiz ham juda tarang bo‘ladi. O‘rin-ko‘rpa masalasiga kelsak, yo‘lda u faqat mahalliy egar – rekadodan iborat bo‘ladi. Bu rekado bir tarafi oshlangan, ikkinchi tarafi yungli qo‘y po‘stagidan – peliondan qilinadi va chiroyli gul tikilgan serbar ayil bilan xachir ustiga bog‘lanadi. Sayohatchi kechasi shu issiq pelionga o‘ralib yotib, bemalol uxlayveradi: undan hech qanday zax o‘tmaydi.
Bir vaqtlar juda ko‘p sayohat qilgan va mahalliy urf-odatlarga tez moslashib olishga odatlangan Glenarvan Chili kiyim-boshlarini kiyib oldi va hamrohlarini ham shunday kiyintirdi. Paganel bilan Robert – biri katta, biri kichik bu ikki go‘dak o‘rtasida teshigi bor keng plashch – chili ponchosidan boshlarini chiqarib, oyoqlariga toychoqning keyingi oyog‘i terisidan tikilgan etik kiyganlarida aytib bo‘lmas darajada quvonib ketdilar. Chiroyli egar-jabduq bilan yasatilgan xachirlarni bir ko‘rsangiz edi: arab so‘liqlari, metall bezaklar taqilgan yugan, chilvirdan eshilgan uzun jilov (u ayni vaqtda qamchin vazifasini ham bajaradi), bir kunlik oziq-ovqat g‘amlab qo‘yilgan guldor ajoyib alforxas – xurjunlar. Doim parishonxotir bo‘lgan Paganel bunday bezatilgan xachirga to minib olguncha undan bir necha tepki yeyishi ham gap emas edi. U doim birga olib yuradigan uzun durbinini yelkasiga osib xachirga minib olgach, oyog‘ini uzangiga tirab, o‘zini butunlay xachirning ixtiyoriga topshirib qo‘ydi; shuni ham aytib o‘tish kerakki, u bundan bir marta ham pushaymon bo‘lmadi. Robert esa xachir ustiga minib olishi bilanoq, o‘zining yaxshi chavandoz ekanini darhol ko‘rsatdi.
Yo‘lga chiqdilar. Havo juda yaxshi edi. Osmonda qilt etgan bulut ko‘rinmasa-da, kun issiq emas, dengizdan mayin shabada esib turadi. Kichkina otryad o‘ttiz mil janubdan o‘tadigan o‘ttiz yettinchi parallelga yetib olish uchun Talkaguano ko‘rfazining ilang-bilang qirg‘og‘idan tez ilgarilab bordi. Kuni bilan qurib qolgan botqoqlar o‘rnidan o‘sib chiqqan qamishlar oralab xachirlarni tez haydab bordilar, lekin kam so‘zlashdilar, chunki kemada qolganlar bilan xayrlashuvning taassuroti hali nari ketmagan edi. «Dunkan»ning o‘zi ufqda ko‘rinmay ketgan bo‘lsa ham, uning tutuni hali ko‘zga chalinib turardi. Paganeldan boshqa hamma jim, tirishqoq geograf ispan tilida o‘ziga-o‘zi savollar berar va o‘sha tilda yana o‘zi javob qaytarar edi.
Yo‘l boshlovchilarning boshlig‘i – katapats – ancha indamas odam edi; uning kasbi ham ortiqcha sergab bo‘lishni ko‘tarmasdi. U o‘z peonlariga deyarlik hech gapirmasdi. Peonlar o‘z vazifalarini juda yaxshi bilar edilar. Biror xachir to‘xtab qolsa, ular baqirib-chaqirib uni haydashar, agar bu ham yordam bermay, xachir o‘jarlik qilib turib qolsa, peonlar unga mohirlik bilan tosh otib haydar edilar. Ayili bo‘shashib ketsa yoki yugan chiqib ketsa, peon o‘z plashchini yechar va u bilan xachirning boshini yopib qo‘yib, ishni saranjomlardi, keyin xachir yana yo‘lga tushardi.
Xachir haydovchilar odatda nonushtadan keyin, ertalab soat sakkizda yo‘lga chiqadilar va kunduz soat to‘rtgacha yo‘l yuradilar, soat to‘rt bo‘lganda esa tunash uchun to‘xtaydilar. Glenarvan shu odatga binoan ish tutdi. Katapats to‘xtash uchun signal berganda ko‘pik sochib to‘lqinlanayotgan okean sohili bo‘ylab kelayotgan sayohatchilarimiz ko‘rfazning eng janubiy qismida joylashgan Arauko shahriga yaqinlashib qolgan edilar. Bu shahardan to o‘ttiz yettinchi parallel boshlanadigan yer – Karneyro qo‘ltig‘igacha g‘arbga qarab yana yigirma milcha yo‘l yurish kerak edi. Lekin Glenarvan yuborgan odamlar bu yerlarni juda sinchiklab tekshirib ketgani uchun sohilning bu qismini yana tekshirib o‘tirish ortiqcha edi. Shuning uchun ekspeditsiya Arauko shahridan to‘ppa-to‘g‘ri sharqqa yo‘l oladi, deb qaror qilindi.
Kichkina otryad shu shahardagi qovoqxonalardan birining hovlisida tunadi, qovoqxona ichkarisida tunash juda noqulay edi.
Arauko – Araukaniya degan kichkinagina davlatning poytaxti, bu davlatning territoriyasi hammasi bo‘lib uzunligi olti yuz kilometr va eni bir yuz yigirma kilometr maydondan iborat. Araukaniyada Chilining eng qadim xalqlari moluxlar yashaydilar. Ikkala Amerikada faqat shu mag‘rur va kuchli moluxlar qabilasigina chet ellarga bo‘ysunmagan. To‘g‘ri, bir vaqtlar Araukoni ispanlar bosib olgan edilar, lekin Araukaniya aholisi ularga bo‘ysunmadi5454
Araukaliklar (o‘zlarini mapu-che deb ataydilar) – Chilining indeys aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi xalq. Ispanlar kelgunigacha araukaliklar hozirgi Chilining butun hududiga tarqalganlar. Ularning bosqinchilar va mustamlakachilarga qarshi kurashi 300 yildan ortiq davom etgan. Hozirgi araukaliklar Markaziy Chilining janubiy qismida to‘plangan; ularning anchagina qismi rezervatsiyalarda yashaydi (Muharrir izohi).
[Закрыть]. Hozir Chili chet elli bosqinchilarga qanday qarshilik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Araukaniya aholisi ham o‘sha vaqtda ispanlarga shunday qattiq qarshilik ko‘rsatgan edi. Hozir ham moviy osmondagi oq yulduz tasvir qilingan uning bayrog‘i poytaxtni mudofaa qiladigan mustahkamlangan tuproq qo‘rg‘on ustida hilpirab, Araukaniyaning mustaqilligidan darak berib turardi5555
Ispan mustamlakachilari Araukaniyani bosib olishga muttasil harakat qilishgan, araukanlarni mamlakatning chetki viloyatlariga siqib chiqarishgan. 1773-yilda Ispaniya hukumati Araukaniyaning mustaqilligini rasman tan oldi. XIX asrning 80-yillarida u Chili tarkibiga qo‘shib olindi (Muharrir izohi).
[Закрыть].
Kechki ovqat tayyor bo‘lguncha Glenarvan, Paganel va katapats tomi poxol bilan yopilgan uylar tushgan shahar ko‘chalarida aylanib yurdilar. Araukoda cherkov binosi bilan fransiskan monastirining xarobalaridan boshqa durustroq imorat yo‘q edi. Glenarvan «Britaniya» kemasi to‘g‘risida undan-bundan surishtirib ko‘rgan edi – foydasi bo‘lmadi. Paganelning zo‘r berib jon kuydirishiga qaramay, mahalliy aholidan hech kim uning tiliga tushunmadi.
Biroq Paganel bu yerlilar to Magellan bo‘g‘ozigacha araukan lahjasida gaplashadigan bo‘lganlaridan keyin, ular uchun ispan tili ham qadim yevropaliklar tilidek bir gap, deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Shuning uchun Paganel o‘z qulog‘idan foydalanmadi, faqat ko‘zidan foydalanib, olimlarga xos zavq va mamnuniyat bilan har xil tipdagi moluxlarni tomosha qilardi. Erkaklar baland bo‘yli, qizg‘ish qora yassi betli, soqol qo‘ymaydigan kishilar edi: ularda chiqqan soqolni yulib tashlash odat edi. Ular sayohatchilarga ishonchsizlik bilan qarar edilar. Erkaklar tinchlik paytlarida nima qilishni bilmagan jangchilarga o‘xshab, bekorchilik bilan kun o‘tkazadiganday ko‘rinar edilar. Ayollar ro‘zg‘orga tegishli butun og‘ir ishlarni bajarar, shu bilan birga otlarni va qurol-yarog‘larni tozalashar, yer haydashar, o‘z xo‘jayinlari – erkaklar o‘rnida ov qilishar edi. Molux ayollari shuncha ishdan vaqt orttirib, yana poncho – feruza rangli milliy plashchlar tikardilar. Bunday bitta ponchoni tayyorlash ikki yilga cho‘zilar va bahosi yuz dollardan kam bo‘lmasdi. Umuman, moluxlar hali yovvoyilik urf-odatlarni saqlab qolgan, turmushi uncha qiziq bo‘lmagan xalq. Ularda odamzotga nimaiki illat xos bo‘lsa bor, lekin ular bitta juda yaxshi fazilatga ega, u ham bo‘lsa – ozodlikka muhabbat.
– Spartaliklarning xuddi o‘zi-ya! – deb takrorlar edi Paganel sayrdan qaytib kelib, ovqatlanar ekan.
Albatta, muhtaram olim ularga juda ortiqcha baho berib yubordi. Lekin u Arauko shahrida sayr qilib yurganda, uning fransuz yuragi qattiq-qattiq urganini bildirib, hamsuhbatlarini yana ham hayron qoldirdi. Mayorning, yuragingizning birdan bunday urib ketishiga sabab nima edi, deb bergan savoliga Paganel bu juda tabiiy, chunki yaqinginada mening vatandoshlarimdan biri Araukoniya taxtida o‘tirdi, deb javob berdi. Mayor u podshoning nomi nima edi deb so‘radi. Jak Paganel, u perigyolik eks-advokat, juda sersoqol ajoyib bir odam – janob de-Tonnen edi, deb g‘urur bilan javob berdi va janob de-Tonnen ham taxtdan tushgan qirollar «o‘z fuqarolarining ko‘rnamakligi» deb ataydigan holga uchradi, deb ilova qildi. Mayorning taxtdan quvilgan sobiq advokat to‘g‘risidagi bu gapni eshitib, jilmayib qo‘yganini ko‘rgan Paganel jiddiy ravishda, qirolning yaxshi advokat bo‘lishidan ko‘ra advokatning yaxshi qirol bo‘lishi osonroq deb ilova qildi. Paganelning bu so‘zlari hammaning qah-qah urib kulishiga sabab bo‘ldi. Keyin shu zahotiyoq hammalari Araukaniyaning sobiq qiroli Oreliy Antoniy I ning sog‘lig‘iga qadah ko‘tardilar.
Bir necha minutdan keyin sayohatchilarimiz o‘z poncholariga o‘ralib olgan holda dong qotib uxlab yotardilar.
Ertasiga ertalab soat sakkizda kichkina otryad o‘ttiz yettinchi parallel bo‘ylab sharqqa yo‘l oldi. Ilgarigi tartib bilan bordilar: karvon boshida madrila, eng keyinda peonlar. Yo‘l serhosil yerlardan o‘tardi: atrofda uzumzor bog‘lar, katta-katta podalar o‘tlab yurgan bepoyon yaylovlar uchrab turdi. Lekin borgan sari atrof bo‘m-bo‘sh bo‘la bordi. Ahyon-ahyonda butun Amerikaga mashhur bo‘lgan, yovvoyi otlarni o‘rgatuvchi hindlarning chaylasi – rastreadoreslar yoki hozir biroz sayoq hindga boshpanalik xizmatini o‘taydigan bo‘lib qolgan sobiq pochta stansiyasi uchrab qolardi. Shu kuni sayohatchilarimizning yo‘lini ikki daryo to‘sib chiqdi, bular Rake va Tubal daryolari edi, lekin katapats ikkala daryodan ham kechuv joyi topdi va sayohatchilar daryoning narigi sohiliga o‘tib oldilar. Ufqda borgan sari yaqqollashib va shimol tomonga qarab tizilib ketgan cho‘qqilari aniq-ravshan ko‘rinib, Kordiler tog‘ tizmalari yastlanib yotardi. Lekin bu hali yangi dunyoning bahaybat gavdasini tutib turgan umurtqaning pastki bo‘g‘inlari edi, xolos.
O‘ttiz besh mil yo‘l bosib o‘tgach, soat to‘rtda sayohatchilarimiz qirning o‘rtasida o‘sgan baland mirta chakalakzoriga yetib kelib, dam olishga to‘xtadilar. Xachirlarni jilovdan chiqarib, egarlarini olib, qo‘yib yubordilar, jonivorlar darhol o‘zini yaylovdagi qalin barra o‘tga urdi. Chiroyli gullar tikilgan xurjun – alforxaslardan odatdagi safar ovqati, go‘sht bilan gurunch olib yedilar. Ovqatdan keyin sayohatchilar qo‘y terisidan tikilgan pelionlarga o‘ralib, boshlari tagiga yostiq o‘rniga rekado – egarni qo‘yib, yangitdan kuch to‘plash uchun qattiq uyquga ketdilar. Kechasi bilan katapats va peonlar galma-galdan navbatchilik qildilar.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?