Текст книги "Капитан Грант болалари"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 14 (всего у книги 47 страниц) [доступный отрывок для чтения: 15 страниц]
Yigirma ikkinchi bob
TOSHQIN
Mustaqillik qal’asi Atlantik okean sohilidan bir yuz ellik mil masofada joylashgan. Glenarvanning hisobicha, yo‘lda biror kutilmagan hodisa yuz berib qolmasa – bunday bo‘lishiga hech qanday sabab ko‘rinmasdi, – ular to‘rt kunda «Dunkan»da bo‘ladilar. Lekin u o‘z qidirish ishlarida batamom muvaffaqiyatsizlikka uchrab, kemaga kapitan Grantsiz qaytish fikri bilan aslo kelisha olmasdi. Shuning uchun u ertasiga yo‘lga chiqishni paysalga solaverdi. Oziq-ovqat g‘amlab olish, otlarni egarlash, qayerlarda to‘xtash mumkinligini surishtirish kabi ishlarga mayorning o‘zi bosh bo‘ldi. Uning ko‘rsatgan g‘ayrati tufayli kichkina otryad ertalab soat sakkizda Serra-Tandilning qalin o‘t bosgan yonbag‘ridan tushib borar edi.
Glenarvan indamay Robert bilan yonma-yon ot choptirib borardi. Dadil va jasur Glenarvan bu muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng xotirjam qololmas, yuragi gupllab urar, boshi o‘t bo‘lib yonardi. Muvaffaqiyatsizlikdan bo‘g‘ilgan Paganel hujjatdagi so‘zlarni birin-ketin xayolidan o‘tkazar, ulardan yangi ma’no axtarar edi. Talkav jilovni Taukaning bo‘yniga tashlab qo‘yib, indamay borardi. Hech vaqt umidsizlikka tushmaydigan mayorgina ruhiy tushkunlik nima ekanini bilmaydigan kishiday bardam borardi. Tom Ostin bilan ikki matros Glenarvanning holiga chin yurakdan achinardilar. Yo‘lni allanarsadan hurkigan bir quyon kesib o‘tdi. Irim-sirimga qattiq ishonadigan shotlandiyaliklar bir-birlariga qarab olishdi.
‒ Bu xosiyatsiz belgi, – dedi Vilson.
‒ Ha, Shotlandiyada shunday, – dedi Myulredi.
‒ Shotlandiyada xosiyatsiz bo‘lgan narsa bu yerda ham xosiyatsiz, – dedi Vilson nasihatomuz.
Choshgohga yaqin sayohatchilarimiz Tandil tizmalarini orqada qoldirib to‘lqinsimon cho‘zilib okean sohiligacha tushib boradigan bepoyon tekislikdan chiqdilar. Har qadamda oqar suvlar uchrab turdi. Ular zilol suvlari bilan bu serunum yerlarni sug‘orib, qalin o‘tloqlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lardilar. Yer, bo‘rondan keyin tinchlanib kelayotgan okeandek, tobora tekislashaverdi. Tog‘ etaklaridagi oxirgi tepalar orqada qolib ketdi, otlar endi kattakon yashil gilamga o‘xshagan bir xil manzarali tekis dashtdan borardi.
Havo shu vaqtgacha doim ochiq edi, lekin bugun aynib qoldi. Keyingi kunlardagi jazirama issiqda paydo bo‘lgan bug‘lar quyuq bulut hosil qilib, qattiq yomg‘ir yog‘ish xavfini tug‘dirdi. Buning ustiga Atlantik okeanining yaqinligi va doim g‘arbdan shamol esib turishidan bu yerlarning iqlimi ayniqsa nam. Yerning serunumligi, o‘tloqlarning qalin barra o‘t bilan qoplanganligi, o‘tlarning ko‘m-ko‘kligi buni yaqqol ko‘rsatib turardi. Lekin bugun qop-qora bulutlar jala quymadi, qirq milcha yo‘l bosib charchagan otlar kechqurun suv to‘la katta-katta tabiiy chuqurliklar yoqasiga yetib bordilar. Shu yerda tunash uchun to‘xtashdi. Kirib yashirinadigan bironta ham boshpana yo‘q. Poncho sayohatchilarga ham boshpana, ham o‘rinko‘rpa o‘rnida o‘tdi. Hammalari minut sayin jala ostida qolishi mumkin bo‘lgan ochiq yerda yotib uxlashdi. Sayohatchilarning baxtiga, hech narsa yog‘madi. Ertasiga, tep-tekis dala okean tomonga pasaya borgani sari yer osti suvlarining juda yuza ekani yana ham aniqroq ko‘rina bordi – suv imkon topgan barcha joydan yerning bag‘rini teshib tashqariga chiqib yotgandek edi. Ko‘p o‘tmay sharqqa qarab borayotgan sayohatchilar yo‘lini ko‘llar to‘sib chiqaboshladi, ularning ba’zilari suvga to‘la, ba’zilari esa endi to‘layotgandi. Yo‘lda ichini o‘t bosmagan, yuzi aniq ko‘rinib turgan ko‘llar uchraganda otlar ular yonidan o‘tib bordi, lekin baland o‘t bosib ketgan yoriqlar – pentanlar uchray boshlagach, ahvol ancha og‘irlashdi. Bu yoriqlarni darrov payqab olib, xatardan o‘z vaqtida saqlanib qolish juda mushkul edi.
Bu pentanlar, aftidan, juda ko‘p jonli mavjudotlar uchun balo bo‘lgan edi. Chunki otryaddan yarim milcha ilgarilashib ketgan Robert, birdan ot choptirib kelib qoldi.
‒ Janob Paganel! Janob Paganel! – deb qichqirardi u, – Anavi yerda mollarning shoxi o‘rmonday bo‘lib o‘sib yotibdi!
‒ Nima? – dedi hayron bo‘lib Paganel. – Mollarning shoxi o‘rmonday bo‘lib o‘sib yotibdi deysanmi?
‒ Ha, ha! Rostakam katta o‘rmonday bo‘lmasa ham, endi o‘sib kelayotgan o‘rmonday!
‒ Mollarning shoxi-ya? Dovdirayapsanmi deyman, o‘g‘lim! – dedi Paganel yelkasini qisib.
‒ Yo‘q, dovdirayotganim yo‘q, – dedi Robert, – mana o‘zingiz ham ko‘rasiz. Juda qiziq yerlar ekan-a! Bu yerda mollarning shoxini ekisharkan, shox ham xuddi bug‘doydek o‘sarkan. Urug‘ini qayerdan topsa bo‘larkin-a!
‒ Axir u jiddiy gapiryapti! – dedi mayor.
‒ Ha, janob mayor, hozir o‘zingiz ham ko‘rasiz.
Robert yanglishmagandi: ko‘p o‘tmay otryad nuqul shox ekib tashlangan katta dala yoniga yetib keldi. Shoxlar qator tizilib ketgan bo‘lib, oxiri ko‘rinmasdi. Bu dala haqiqatan ham past, qalin o‘sgan daraxt ko‘chatlari ekilgan, endi yetilib kelayotgan g‘alati o‘rmonga o‘xshardi.
‒ Endi nima deysiz? – dedi Robert.
‒ Anavini qarang-a! – dedi Paganel, so‘ng Talkavga o‘girilib, buning nima ekanini so‘radi.
‒ Shoxlari yer yuziga chiqib turibdi, lekin tagida ho‘kizlar bor, – dedi Talkav.
‒ Nima! – deb yubordi Paganel. – Shu yoriqda butun bir poda botib ketganmi?
‒ Ha, – dedi patagoniyalik.
Haqiqatan ham tuproq bo‘shlik qilib, bu yerda ana shunday katta podani yer yutib ketgan ekan. Yaqindaginada kattakon yoriqqa tushib ketib, yuzlab bosh qoramol halok bo‘libdi. Argentina tekisliklarida bunday hodisalar bo‘lib turadi, Talkav buni eshitgan bo‘lishi kerak. Bu saboqni nazarga olib qo‘yish zarur, albatta.
Otryad qadimgi dunyoning eng ochko‘z xudolari talabini ham qondira oladigan bu bahaybat gekatombani8282
Gekatomba – Qadimgi Gretsiyada xudolarga yuz bosh ho‘kiz qurbon qilish. Ko‘chma ma’noda – jonli mavjudotlarning ko‘plab halok bo‘lishi.
[Закрыть] chetlab o‘tdi, bir soatdan so‘ng shox dalasi ikki milcha orqada qolib ketdi.
Aftidan, Talkavni allaqanday g‘alati belgilar tashvishga solardi. U tez-tez otini to‘xtatib, uzangiga oyog‘ini tiragan holda tik turib qaray boshladi. U novcha bo‘lganidan uzoq-uzoqlarni ko‘ra olardi, lekin xavotir oladigan hech narsa ko‘rinmasdi, shekilli, u yana ot choptirib ketardi. Bir milcha yo‘l yurgach, yana to‘xtardi-da, hamrohlaridan goh bir necha mil shimolga, goh janubga uzoqlashib ketar, so‘ng yana qaytib kelib o‘zining biror narsadan xavotir olayotganini ham, nimadan umid qilayotganini ham bildirmay indamasdan otryad oldiga tushardi. Paganel Talkavning nima uchun bunday qilayotganiga hayron qoldi, Glenarvan esa xavotirga tushdi. U Paganeldan nima gap ekanini Talkavdan so‘rashni iltimos qildi.
Paganel darhol Talkavga savol bilan murojaat qildi. Hindu nima uchun yerning bunchalik zax ekaniga tushunolmayapman, deb javob berdi. U yo‘l boshlovchilik qila boshlagandan beri bunchalik nam yerni hech ko‘rmagan ekan. Argentina tekisliklaridan hatto yog‘ingarchilik eng avjiga chiqqan paytlarda ham bemalol o‘tish mumkin bo‘lardi.
‒ Borgan sari ortib borayotgan namlikning sababi nima bo‘lishi mumkin? – deb so‘radi Paganel.
‒ Bilmadim, – dedi hindu, – bilganimda ham…
‒ Tog‘ jilg‘alari kuchli sel kelgan kezlarda toshmaydimi?
‒ Toshadigan vaqtlari ham bo‘ladi.
‒ Bo‘lmasa, hozir ham shunday bo‘layotgandir-da?
‒ Ehtimol.
Paganel bu mujmal javob bilan qanoatlanishga majbur bo‘ldi va suhbatning natijasini Glenarvanga aytdi.
‒ Talkav nima qilishni maslahat ko‘ryapti? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Nima qilish kerak? – deb so‘radi Paganel patagoniyalikdan.
‒ Tezroq yurish kerak, – dedi hindu.
Bu maslahatni berish oson edi-yu, ammo amalga oshirish qiyinroq bo‘ldi. Oyoqlari botib qolayotgan loy yerdan yurish otlarni tez charchatib qo‘ydi. Yo‘l esa tobora pastlashib boraverdi. Tekislikning bu qismi atrofda oqib o‘tadigan daryolar toshsa, suv ostida qoladigan kattakon pastqamlik edi. Shuning uchun bu pastqam joydan imkoni boricha tez chiqib olish kerak, suv toshgudek bo‘lsa, bu yerlar bir zumda ko‘lga aylanishi turgan gap.
Otlarni tezroq haydashdi. Otlar pilch-pilch kechib borayotgan suvning o‘zi yetmay turgandek, kunduz soat ikkilarda havoning fe’li aynab, tropik jala quyib berdi. Jaladan yashirinishning iloji yo‘q edi. Sayohatchilar bunga filosoflar sifatida qarab, matonat bilan bardosh berishdan boshqa chora topolmadilar. Otliqlarning shlyapasidan poncholariga tarnovdan to‘lib tushayotgandek suv oqar, egar popuklaridan jildirab quyilardi. Ot tuyoqlari ham to‘xtovsiz suv sachratib turdi, natijada chavandozlar ham yerdan, ham osmondan ikki tomonlama yomg‘ir ostida qolgandek borardilar.
Shalabbo bo‘lib ketgan, charchab holdan toygan sayohatchilarimiz sovuqdan dir-dir titrab, kechga yaqin tashlandiq bir ranchoga yetib bordilar. Nihoyatda kamsuqum kishilargina bunday xarobani boshpana deb hisoblashi mumkin. Nihoyatda ayanchli ahvolga tushgan sayohatchilargina uning ichiga kirib yashirinishlari mumkin. Ammo Glenarvan bilan uning hamrohlari joy tanlaydigan holda emasdilar, shuning uchun juda qashshoq hindu ham kirib yotishga or qiladigan bu xarobaga joylashdilar. Zo‘r mashaqqat bilan quruq o‘tdan gulxan yoqdilar, o‘t issiq berishdan ko‘ra ko‘proq tutardi. Tashqarida yomg‘ir hamon chelaklab quygandek yog‘ar, chirib qolgan poxol tomdan esa chakka o‘tardi. Chakka tufayli gulxan necha martalab o‘chay-o‘chay deb qoldi, necha martalab uni saqlab qolishdi.
Mazasiz va qorinni to‘yg‘izmaydigan ovqatni istar-istamas yeyishdi. Hech kimning ishtahasi yo‘q. Ho‘l bo‘lib qolgan ovqatdan faqat mayor to‘yib yedi. Mak-Nabbsning xotirjamligini hech narsa buzolmasdi. Asl fransuz bo‘lgan Paganel hazil qilishga urinib ko‘rdi, lekin hech kim kulmadi.
– Hazillarim ham ivib qolganga o‘xshaydi, – deb qo‘ydi u.
Bunday sharoitda eng ma’qul ish – yotib uxlash. Shuning uchun hammalari ham charchoqni unutib yotib uxlashga intildilar. Kechasi bilan bo‘ron tinmadi, xaroba rancho shamolda qirsillar, shamolning har bir qattiq xurujida tebranib, qulab tushay-qulab tushay derdi. Ochiq havoda, yomg‘ir va bo‘ronda qolgan bechora otlar ayanchli pishqirar, ammo xarobada, chakka ostida yotgan xo‘jayinlari ham otlardan yaxshi ahvolda emas edilar. Ammo sekin-asta hammani uyqu bosa boshladi. Eng oldin Glenarvanning yelkasiga bosh qo‘yib, Robert uxlab qoldi, undan keyin birin-ketin hamma uxlab ketdi.
Tun tinch o‘tdi. Sayohatchilarni uyqudan Tauka uyg‘otdi. Har vaqtdagidek bardam bo‘lgan Tauka kishnar va tuyog‘i bilan rancho devorini qattiq-qattiq tepardi. Talkav yo‘lga tushishga signal bermagan paytlarda, buni uning oti qila olardi. Otryaddagilar Taukadan ko‘p qarzdor edilar, shuning uchun unga quloq solmaslikning iloji yo‘q. Birozdan so‘ng otryad yo‘lga tushdi.
Jala to‘xtagan, yomg‘ir faqat shivalab yog‘ib turibdi, lekin endi yer havodan tushgan suvni shimmay qo‘ygan. Butun ko‘llar, ko‘lmaklar, botqoqlikdagi suvlar bir-biriga qo‘shilib, chuqurligini bilib bo‘lmaydigan katta suv ombori hosil qilgan. Paganel kartaga qarab, shu atrofdagi barcha katta-kichik suvlar borib quyiladigan Rio-Grande va Rio-Vivarota daryolari toshib, bir necha mil kenglikdagi bitta katta daryo hosil qilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagani bejiz emas edi.
Nihoyatda tezlik bilan yurish kerak. Gap hammalarining hayot-mamoti to‘g‘risida borardi. Toshqin kuchaysa, qayerda jon asraydilar? Lekin atrofda, ko‘z ilg‘aydigan joyda bironta ham balandroq joy ko‘rinmasdi, bunday pastlik yerni esa birpasda suv bosib ketishi mumkin.
Otlarni qattiq choptirib ketdilar. Oldinda Tauka qushdek uchib borardi. Hozir u yerda yuradigan otdan ko‘ra, dengiz otiga ko‘proq o‘xshardi, chunki u suv ichida ham yerda yurgandek chaqqonlik bilan juda tez ilgarilab borardi.
Ertalab soat o‘nlarga borib Tauka birdan qattiq bezovtalanib qoldi. U tez-tez tumshug‘ini burib, janub tomondagi poyonsiz yalanglikka qarab qo‘yar, ovozining boricha kishnab, burun teshiklarini kerib nafas olar, o‘qtin-o‘qtin osmonga sapchir edi. Otning bu sapchishlari mohir chavandoz Talkavni yiqitolmas, ammo u Taukani zo‘rg‘a yo‘lga solib borardi. U so‘liqni tortib qo‘ydi, otning og‘zidan sochilayotgan ko‘pik qonga bo‘yaldi, lekin jonivor tinchlanmasdi. Talkav hozir otni o‘z ixtiyoriga qo‘yilsa, u shimol tomonga o‘qdek uchib ketishini bilardi.
‒ Taukaga nima bo‘ldi? – deb so‘radi Paganel. – Suvdan biror zuluk yopishib oldimikin-a?
‒ Yo‘q, – dedi hindu.
‒ Demak, bir narsadan cho‘chibdi-da?
‒ Ha, u xavfni sezdi.
‒ Qanday xavf?
‒ Bilmadim.
Tauka sezgan xavfni hali ko‘rib bo‘lmasa ham, shovqini uzoqdan quloqqa kelib urila boshladi. Uzoqdan, ufqning naryog‘idan sohilga kelib urilgan dengiz to‘lqinining shovullashiday bo‘g‘iq tovush eshitilardi. Shiddat bilan esayotgan nam shamol suv ko‘kishlarini uchirib kelardi. Sayohat-chilarimizga noma’lum bo‘lgan allaqanday tabiiy ofatdan hurkigan qushlar jon halpida o‘qday uchib o‘tdilar. Tizzasidan suv kechib borayotgan otlar suv ostidagi oqimni seza boshladilar. Ko‘p o‘tmay otryaddan yarim milcha janubda katta bir poda ko‘rindi, qo‘rqib ketgan jonivorlar jon holatda mag‘rab, kishnab, bo‘kirib, shovqin-suron ko‘tarib kelardilar. Ular bir-birini turtib, ag‘natib, yana o‘rnidan turib, juda tez chopib borardilar. O‘zlari sachratgan suv ostidan esi og‘ib qolgan bu jonivorlarni ko‘rib bo‘lmasdi. Eng katta kitlardan yuztasi ham okeanni bunchalik to‘lqinlata olmasa kerak.
‒ Anda, anda!8383
Tezroq, tezroq!
[Закрыть] – deb qichqirdi Talkav, guldurlagan tovush bilan.
‒ Nima gap o‘zi? – deb so‘radi Paganel.
‒ Toshqin! Toshqin! – deb javob berdi Talkav va otiga shpor urib, shimol tomonga o‘qdek uchib ketdi.
‒ Toshqin! – deb qichqirdi Paganel.
So‘ng hammalari Taukaning ketidan ot qo‘ydilar.
Paysalga solib bo‘lmasdi: besh milcha janubda shu tomonga bostirib kelayotgan bahaybat suv to‘lqini ko‘rindi, u tekis dalani haqiqiy okeanga aylantirib kelardi. Baland o‘sgan o‘tlar o‘rib tashlagandek bir lahzada g‘oyib bo‘lib qoldi. Ildizi bilan sug‘urilib chiqqan mimoza o‘tlari suv yuzida orolchalar hosil qilganday oqib borardi. Suv juda tez ko‘tarila boshladi: pampaslarning eng katta daryolari oralig‘idagi to‘siqlar buzilgan bo‘lsa kerak, shimoldagi Rio-Kolorado bilan janubdagi Rio-Negro qo‘shilib ketgan bo‘lsa ham ajab emas.
Talkav ko‘rsatgan suv to‘lqini uchqur otdek tez bostirib kelaverdi. Sayohatchilarimiz undan bo‘ron quvgan bulutdek qochib borardilar. Ular jovdirab, atrofdan jon asrash mumkin bo‘lgan biror joy axtarar, lekin ko‘z ilg‘aguday masofada hamma yoqni suv bosib yotardi. Qo‘rqib quti o‘chgan otlar jon holatda o‘qdek uchib borar, otliqlar egarda zo‘rg‘a o‘tirardilar. Glenarvan tez-tez orqasiga qarab qo‘yardi.
«Suv bizga yetib oladi», deb o‘ylardi u.
‒ Anda, anda! – deb qichqirardi Talkav.
Keyin otliqlar otlarini yana ham tezroq haydashga urindilar. Shpor zarbidan biqini shilinib ketgan otlarning ikki yoni qip-qizil qonga bo‘yaldi. Ular o‘tgan joyda suv qip-qizil qon bo‘lib qola boshladi. Otlar o‘ydim-chuqur yerlarda qoqilib-qoqilib ketardi. Oyoqlariga suv ostida qolib ketgan o‘tlar o‘ralishib, yiqilar edilar. Chavandozlar ularni turishga majbur qilardilar. Ular yana yiqilar, yana turishga majbur bo‘lardilar. Suvning sathi esa borgan sari ko‘tarila borardi. Suv yuzi to‘lqinlana boshladi, bu esa kattakon to‘lqin yaqinlashib qolganidan darak berardi, – uning ko‘piklari qochqinlardan ikki milcha orqada quturib kelmoqda.
Tabiiy ofatlar ichida eng xatarlisi bilan bo‘lgan bu kurash yana chorak soat davom etdi. Qochqinlar qancha yo‘l bosib o‘tganlarini bilmas edilar, otlarning tez chopib borishiga qarab hukm qilganda ular ozmuncha yo‘l bosmadilar. Endi esa ko‘kragidan suv kechib borayotgan otlar, juda qiyinlik bilan oyoq ko‘tarib bosardilar. Glenarvan, Paganel, Ostin – hamma ham endi halok bo‘ldik deb o‘ylar edi. Otlarning oyog‘i zo‘rg‘a yerga tegib borardi, suvning chuqurligi olti futga yetsa sayohatchilarning halok bo‘lishi muqarrar.
Orqasidan bahaybat suv to‘lqini quvib kelayotgan bu sakkiz kishining qanday dahshat ichida qolganini tasvirlab berish qiyin. Ular tabiiy ofat bilan kurashish uchun ojizlik qilib qolayotganlarini seza boshladilar. Endi ularning taqdiri o‘z qo‘lida bo‘lmay qoldi.
Yana besh minutdan so‘ng otlar suza boshladilar. Oqim ularni juda katta tezlik bilan surib ketdi, uning tezligi soatiga yigirma mildan ham oshib ketar, bu esa ular shu paytgacha yo‘l yurgan eng baland sur’atdan ham tez edi.
Xalos bo‘lishga hech qanday umid qolmagandek edi, lekin shu payt birdan mayorning ovozi yangradi:
‒ Daraxt!
‒ Daraxt? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Hov ana, ana! – dedi Talkav va ulardan sakkiz yuz sajencha joyda tanho qo‘qqayib turgan kattakon yong‘oq daraxtini ko‘rsatdi.
Talkavning hamrohlarini shoshirishiga hojat yo‘q edi. Hech kutilmaganda oldilaridan chiqib qolgan o‘sha daraxtga har qanday qilib bo‘lsa ham yetib olish zarurligini hamma tushunardi. Aftidan, daraxtgacha suzib borishga otlarning kuchi yetmas, lekin odamlar unda jon saqlashlari mumkin edi, chunki oqim ularni to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha tomonga surib borardi. Xuddi shu payt Ostinning oti bir kishnadi-yu, cho‘kib ketdi. Ostinning o‘zi oyog‘ini uzangidan chiqarib oldi-da, baquvvat qo‘llarini ishga solib, suzib ketdi.
‒ Mening egarimdan ushla! – deb qichqirdi unga Glenarvan.
‒ Rahmat, ser, – dedi Tom Ostin. – Qo‘llarim juda baquvvat!
‒ Sening oting qalay, Robert? – deb so‘radi Glenarvan, yosh Grantga o‘girilib.
‒ Suzyapti, ser, baliqdek suzib ketyapti.
‒ Diqqat! – deb qichqirdi mayor ovozini baland qo‘yib.
U shunday deb qichqirishi bilanoq, sayohatchilar ustiga zo‘r to‘lqin bostirib keldi; balandligi qirq fut keladigan bu nihoyatda katta to‘lqinning guvullashi quloqlarini kar qilayozdi. Odamlar ham, otlar ham – hamma girdob ostida qolib ketdi. Bir necha million tonna og‘irlikdagi suv massasi sayohatchilarni o‘z qa’riga tortib ketdi.
To‘lqin o‘tib ketgach, sayohatchilar suv yuziga qalqib chiqib, shosha-pisha bir-birlarini sanadilar. Hammalari omon, lekin Taukadan boshqa barcha otlar g‘arq bo‘lgan edi.
‒ Dadilroq bo‘ling! Dadilroq! – deb Paganelga dalda berdi Glenarvan, bir qo‘li bilan suzib, ikkinchi qo‘li bilan olimga yordam berar ekan.
‒ Hechqisi yo‘q… zarari yo‘q!.. – deb javob berdi geografiya olimi. – Men hatto achinayotganim ham yo‘q…
Lekin uning nimaga achinmayotgani shu-shu noma’lumligicha qolaverdi, chunki bechora Paganel gapining davomini aytib tugatolmay, so‘nggi so‘zlari bilan juda ko‘p miqdor loyqa suv yutib yuborishga majbur bo‘ldi. Mayor xotirjamlik bilan quloch otib suzib borar, uning hozirgi suzishini har qanday trener ham ma’qullagan bo‘lardi. Matroslar baliqdek suzib borardilar. Robert esa Taukaning yoliga yopishib olgan edi, ot uni suv yuzida olib borardi. Tauka keng, baquvvat ko‘kraklari bilan suvni yorib, daraxt tomonga suzar, oqim ham ularni xuddi o‘sha tomonga surib borardi.
Daraxtga yetishlariga nihoyati yigirma sajencha qoldi; yana bir necha minutdan keyin butun otryad unga yetib oldi. Bu ularning baxti bo‘ldi; agar daraxt uchrab qolmaganda tirik qolishga hech qanday umid qolmagan bo‘lar, to‘lqinlar orasida halok bo‘lib ketishar edi.
Suv daraxtning pastki katta shoxlariga yetgan edi, shuning uchun unga chiqib olish qiyin bo‘lmadi. Talkav otini qo‘yib yuborib, Robertni ko‘targanicha eng oldin daraxtga chiqib oldi, so‘ngra baquvvat qo‘llarini uzatib, holdan toyaboshlagan sayohatchilarni birin-ketin suvdan tortib oldi.
Taukani esa oqim jadal surib keta boshladi. U boshini egasi tomonga burib, uzun yollarini silkitar, yordamga chaqirayotgandek kishnar edi.
‒ Uni o‘z holiga tashlamoqchimisan? – deb so‘radi Paganel Talkavdan.
Buni eshitgan hindu:
‒ Menmi? – deb qichqirdi-da, to‘lqinlanib oqayotgan suvga o‘zini otdi, u daraxtdan o‘n sajencha narida suv yuziga qalqib chiqdi. Bir necha minutdan so‘ng u Taukaning bo‘ynidan quchoqlab oldi va ikkalasi oqimda tuman bilan qoplangan shimol tomonga qarab suzib ketdilar.
Yigirma uchinchi bob
SAYOHATCHILAR QUSHLARDEK HAYOT KECHIRDILAR
Glenarvan bilan uning hamrohlari chiqib, jon asragan daraxt barglari yaltiroq, shoxlari yo‘g‘on-yo‘g‘on yong‘oqqa o‘xshagan daraxt ekan. Bu, Argentina yalangliklarida tanho o‘sadigan ombu daraxti edi. Uning bahaybat, qing‘ir tanasi yo‘g‘on-yo‘g‘on ildizlari va yonlaridan o‘sib chiqqan katta-katta navdalar bilan yerga mahkam o‘rnashib olgan edi. Shuning uchun ham u haligidek zo‘r to‘lqinlar hamlasiga dosh berdi.
Bu ombuning balandligi yuz sajencha bo‘lib, atrofda oltmish sajencha yerga soya bera olardi. Bu bahaybat daraxtning yo‘g‘onligi olti fut kelar, uchta katta-katta shoxi bor edi. Ulardan ikkitasi deyarlik tikka o‘sgan. Daraxt tepasidagi novdalarni ana shular tutib turibdi, bu ikki shoxdan taralgan novdalar bir-biriga shunday chirmashib ketganki, xuddi savatchilar to‘qigan savatga o‘xshab, oftob o‘tmaydigan soyabon hosil qilgan. Uchinchi shoxi esa, aksincha, quturib oqayotgan suv yuzida ko‘ndalang cho‘zilib yotardi; uning pastki novdalari suvga tegib turardi. Bu shox okean o‘rtasidagi ko‘m-ko‘k orolning bir tomonga turtib chiqqan buruniga o‘xshardi. Bunday katta daraxtda hammaga ham joy yetib ortardi, ko‘m-ko‘k quyuq barglar osti salqin va bahavo. Uchi bulutlarga tegay deb turgan, novdalari bir-biriga chatishib ketgan, quyuq barglari orasidan sal-pal quyosh nuri tushib turgan bu kattakon ombuga qarab, kishi o‘zini butun bir o‘rmonga kirib qolgandek his qilishi mumkin.
Sayohatchilar ombu ustiga chiqishlari bilan son-sanoqsiz qushlar makonlarining bunday behayolik bilan bosib olinishiga norozilik bildirganday chag‘ira-chug‘ir ko‘tarib, yuqoridagi shoxlarga uchib chiqib ketdi. Aftidan, qushlar ham toshqindan shu yakka-yolg‘iz daraxtda jon saqlagan edilar. Ular had-hisobsiz edi: bu yerga yuzlab qora drozdlar, chug‘urchuqlar, izaklar, xilgueroslar to‘plangan, lekin patlari oltindek tovlanadigan pikaflor – kolibrilar ayniqsa ko‘p. Bu rang-barang qushlar gur etib ko‘tarilar ekan, qattiq esib o‘tgan shamol daraxtning butun gullarini uzib, uchirib ketgandek tuyuldi.
Glenarvanning kichkina otryadiga tasodifan o‘ng kelib qolgan joy ana shunday edi. Yosh Robert bilan epchil Vilson daraxtga chiqishlari bilanoq, uning eng uchiga ko‘tarildilar. Ular daraxtning quyuq shoxlari orasidan boshlarini chiqarib, ufqni ko‘zdan kechira boshladilar. Toshqin hosil qilgan okean chor atrofdan o‘rab yotar, oxiri ko‘rinmasdi. Suv bosgan bu yalanglikda boshqa bironta tikkaygan daraxt ko‘rinmaydi, faqat ular chiqib olgan ombu daraxtigina quturib oqayotgan suv bosimi ostida titrab turibdi. Uzoqda kuchli oqim ildizi bilan sug‘urib olib, janubdan shimolga oqizib ketayotgan daraxtlar, singan, bir-biriga chirmashib yotgan shoxlar, suv buzib ketgan rancholarning tomiga yopilgan poxollar, estansiyalar tomidan suv yulqib olgan xodalar, g‘arq bo‘lgan jonivorlarning jasadlari, qonga belangan yarador hayvonlar va to‘lqinda chayqalib borayotgan bir daraxt ustida jon saqlayotgan bir necha qoplon ko‘rindi, omonat kemalariga o‘tkir tirnoqlari bilan mahkam yopishib olgan qoplonlar zo‘r berib irillardilar. Undan narida Vilson sal-pal ko‘z ilg‘aydigan bir qora nuqta ko‘rib qoldi. Bu Talkav bilan uning Taukasi edi – ular uzoqda ko‘zdan g‘oyib bo‘lib borardilar.
‒ Talkav! Do‘stim Talkav! – deb qichqirdi Robert, mard patagoniyalik hozirgina ko‘rinib turgan tomonga qo‘l cho‘zib.
‒ U qutulib ketadi, master8484
«Mister» so‘zi bolalarga murojaat qilinganda «master» deb ishlatiladi.
[Закрыть] Robert, – dedi Vilson. – Endi yuring, pastga tushamiz.
Bir minutdan keyin Robert Grant bilan matros «uchinchi qavatdan» pastga, daraxt tanasi uchta shoxga ajralib ketadigan yerga, sheriklari Glenarvan, Paganel, mayor, Ostin va Myulredi oldiga tushdilar. Har kim o‘zi bilgancha joylashgan: birov novdalardan ushlab o‘tirar, birov shoxga minib olgan edi. Vilson ombuning tepasidan ko‘rganlarini gapirib berdi. Uning Talkav halok bo‘lmaydi, degan fikriga hamma qo‘shildi. Faqat Talkav Taukani qutqazadimi, yoki Tauka Talkavni qutqazadimi, degan masaladagina fikrlar ikkiga bo‘lindi.
Ombudagi mehmonlarning ahvoli patagoniyalikning ahvolidan xavfliroq edi, albatta. To‘g‘ri, daraxt suv oqimiga dosh berishi mumkin, ammo tobora ko‘payib, ko‘tarilib borayotgan suv uning uchigacha yetib chiqishi mumkin-da, chunki yalanglikning bu qismi eng pastqam yer bo‘lib, tabiiy hovuzga o‘xshab qolgan. Shuning uchun Glenarvan suvning sathi ko‘tarilyaptimi-yo‘qmi aniqlash uchun daraxtga o‘yib belgi qo‘yishni buyurdi. Suv boshqa ko‘tarilmadi, – demak toshqin eng yuqori nuqtasiga yetibdi. Bu hol sayohatchilarimizni biroz tinchlantirdi.
‒ Endi nima qilamiz? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Nima qilardik, in quramiz-da! – dedi quvnoqlik bilan Paganel.
‒ In quramiz! – deb qichqirdi Robert.
‒ Ha, in quramiz, o‘g‘lim, baliqlardek hayot kechirolmaganimizdan keyin, qushlardek hayot kechirishimiz kerak-da.
‒ Xo‘p, – dedi Glenarvan, – lekin bizni kim boqadi?
‒ Men, – dedi mayor.
Hamma Mak-Nabbsga o‘girilib qaradi.
Ikkita egiluvchan shoxcha hosil qilgan kresloga boplab o‘rnashib olgan mayor hamrohlariga suvda ivib qolgan ovqat bilan to‘la xurjun uzatdi.
‒ Buni faqat sizdan kutish mumkin edi, Mak-Nabbs! – dedi xursand bo‘lib Glenarvan. – Siz hech vaqt hech narsani unutmaysiz, hatto kishi hech narsa to‘g‘risida o‘ylamaslikka majbur bo‘lgan paytlarda ham o‘zingizni yo‘qotmaysiz!
‒ Rostki cho‘kib ketmaslikka ahd qilgan ekanmiz, demak, ochdan ham o‘lmasligimiz kerak, – dedi mayor.
‒ Parishonxotir bo‘lmaganimda men ham nima yeyishimizni o‘ylagan bo‘lardim, – dedi Paganel soddadillik bilan.
‒ Bu xurjunda nima bor? – deb so‘rab qoldi Tom Ostin.
‒ Yetti kishiga ikki kunlik oziq-ovqat bor, – deb javob berdi Mak-Nabbs.
‒ Juda soz! – dedi Glenarvan. – Bir kundan keyin suv ancha pasaysa kerak, har holda.
‒ Yoki bu vaqt ichida quruq yerga yetib olish chorasini topamiz, – dedi Paganel.
‒ Demak, dastlabki burchimiz qorin to‘yg‘azib olish, – dedi Glenarvan.
‒ Kiyim-boshimizni quritib olgandan keyin, – deb gap qo‘shdi mayor.
‒ Bunga o‘t qani? – deb so‘radi Vilson.
‒ O‘t yoqish kerak, – dedi Paganel.
‒ Qayerda?
‒ Qayerda bo‘lardi, mana shu yerda, daraxt ustida-da!
‒ Nima yoqamiz?
‒ Xuddi shu daraxtning quruq shoxlaridan sindirib tushamiz.
‒ Lekin qanday qilib yoqamiz? – deb so‘radi Glenarvan. – Piligimiz ho‘l bo‘lib qolgan-ku.
‒ Usiz ham bir amallaymiz, – deb javob berdi Paganel. – Biroz quruq mox bo‘lsa bas, mening durbinimning katta qilib ko‘rsatadigan oynasini olib, quyosh nuri yordami bilan o‘t yoqamiz, gurillagan gulxan yonida isinishimni o‘shanda ko‘rasizlar. Xo‘sh, o‘rmonga o‘tin tergani kim boradi?
‒ Men! – dedi Robert.
Shundan so‘ng bola, do‘sti Vilson bilan o‘tinga ketdi, ular qalin shoxlar orasida mushuklardek birpasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.
Ular ketishgach, Paganel biroz quruq mox terib, daraxtning tanasi uch shoxga ajrab ketadigan joyiga terilgan ho‘l barglar ustiga qo‘ydi-da, durbinining katta qilib ko‘rsatadigan oynasini olib, quyosh charaqlab turgani uchun bu juda oson edi. Bunday gulxan mutlaqo xavfsiz. Ko‘p o‘tmay Vilson bilan Robert bir quchoqdan quruq shox sindirib kelishdi, o‘tinlar darhol gulxanga tashlandi. Paganel shoxchalarni tezroq yondirish uchun arab usulini qo‘lladi: u uzun oyoqlarini kerib, gulxan ustiga turdi-da, bir egilib, bir qaddini rostlab ponchosi bilan gulxanni yelpiy boshladi. Ko‘p o‘tmay hech kutilmagan paytda daraxt ustida paydo bo‘lgan bu gulxan gurillab yonib ketdi. Har kim o‘zicha kiyimlarini qurita boshladi; shoxlarga ilib qo‘yilgan poncholar shamolda hilpirar edi. Kiyim-boshni quritib olishgach, ovqatlanishga o‘tirdilar, lekin ovqatni qarab yeyishga to‘g‘ri keldi – ertagi kunni ham o‘ylash kerak edi-da! Oziq-ovqat juda kam, pastlikni bosgan suv esa Glenarvan kutganidan kechroq pasayishi mumkin. Ombuning hech qanday mevasi yo‘q, lekin sayohatchilarning baxtiga, daraxtda qushlarning ini juda ko‘p bo‘lganidan, ombu o‘z mehmonlarini turli-tuman tuxum bilan mo‘l-ko‘l ta’min qila olardi; buning ustiga, daraxtda qushlarning o‘zi ham juda ko‘p. Hozir esa ovqat tanlab o‘tiradigan vaqt emas.
Bundan tashqari, daraxtda uzoq vaqt turib qolishlari ehtimol bo‘lganidan qulayroq joylashib olishlari ham kerak.
‒ Oshxonamiz bilan ovqatxonamiz pastki qavatda bo‘lgandan keyin, o‘zimiz ikkinchi qavatga chiqib yotishimiz kerak, – dedi Paganel. – Uyimizda joy ko‘p, kvartira bahosi ham qimmat emas, shuning uchun bahazur joylashaveringlar. Hov anavi yerda, balandroqda bitta belanchak ko‘rinyapti, tabiatning o‘zi bizga atab tayyorlab qo‘yganga o‘xshaydi; agar o‘zimizni unga yaxshilab bog‘lab qo‘ysak, dunyodagi eng yaxshi krovatda yotgandek mazza qilib uyquni uraveramiz. Xavotir oladigan narsa yo‘q. Buning ustiga navbatchi qo‘yishimiz ham mumkin. Yetti kishilik otryad uchun bir gala yirtqich ham xavfli emas.
‒ Faqat qurol-yarog‘imiz yo‘q, xalos, – dedi Tom Ostin.
‒ Mening revolverim yonimda, – dedi Glenarvan.
‒ Meniki ham, – dedi Robert.
‒ Janob Paganel porox tayyorlash uchun biror usul topolmagandan keyin ularning nima keragi bor? – deb pisanda qildi Tom Ostin.
‒ Buning hojati ham yo‘q, – dedi Mak-Nabbs batamom qup-quruq porox xaltachani ko‘rsatib.
‒ Qayerdan oldingiz uni, mayor? – deb so‘radi Paganel qiziqib.
‒ Bu Talkavniki. U bizga porox kerak bo‘lib qolishini o‘ylab Taukani qutqazish uchun o‘zini suvga tashlashdan oldin uni menga bergan edi. Qanday jasur va olijanob hindu-a! – dedi Glenarvan bundan ta’sirlanib.
‒ To‘g‘ri, – dedi Tom Ostin, – agar hamma patagoniyaliklar Talkavga o‘xshagan bo‘lsa, Patagoniya har qancha olqishga loyiq.
‒ Taukani ham yodingizdan chiqarmang, – deb gap qo‘shdi Paganel, – axir Tauka Talkavning ajralmas bir qismi-ku. Men Talkavni o‘z Taukasi ustida yana ko‘rishimizga ishonaman.
‒ Biz hozir Atlantik okeandan qancha uzoqdamiz? – deb so‘radi mayor.
‒ Ko‘p bo‘lsa, qirq mil, – deb javob berdi geografiya olimi. – Do‘stlarim, har kim istagan ishini qilsin deydigan bo‘lsanglar, endi menga ruxsat. Hozir men yuqoriga chiqaman-da, qulay bir joy topib, durbinim bilan tevarakni tekshiraman, dunyoda bo‘layotgan ishlardan sizlarni xabardor qilib turaman.
Olimni o‘z ixtiyoriga qo‘yib berdilar, u chaqqonlik bilan shoxdan-shoxga o‘tib, birpasda ko‘m-ko‘k barglar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Hamrohlari esa uyquga yotish taraddudini ko‘ra boshladilar. Krovat qo‘yishning ham, o‘rin solishning ham hojati bo‘lmagani uchun bu ish tezda tugallandi. Shunga ko‘ra ular ko‘p o‘tmay yana gulxan atrofiga to‘plandilar.
Suhbat boshlandi, lekin gap sayohatchilar chidam bilan boshdan kechirayotgan hozirgi ahvol to‘g‘risida emas, hammaning fikri-yodini band qilgan tema – kapitan Grantning taqdiri to‘g‘risida bordi. Agar suv kamaysa, kichkina otryad uzog‘i bilan uch kundan keyin «Dunkan»ga yetib oladi, lekin halokatga uchragan bechora kapitan va uning ikki matrosi ular bilan kemaga chiqib bormaydi. Amerikani kesib o‘tishdek foydasiz sayohatdan so‘ng ularni qutqarishga sira umid qolmagandek tuyulardi. Endi qayerdan axtarish kerak ularni? Kelgusida bu bechoralarni topishga hech qanday umid yo‘qligini eshitgach, Elen bilan Meri Grantning qanday qayg‘u ichida qolishini aytmaysizmi?
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?