Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 10


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 10 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]

Шрифт:
- 100% +

O‘N BESHINCHI BOB
KEKSA QUVNOQ JUHUD BILAN MISS NENSINING OLIVER TVISTNI QANCHALAR MEHR-LA SUYGANLARINI NAMOYISH ETADI

Kichik Safren-Xillning eng iflos qismidagi, qishda uzzukun gazchiroq yonib turadigan, yozda tangaday oftob ko‘rmaydigan, gardigacha spirt hidi singib ketgan yarim qorong‘i va diqqinafas, holatirazm qovoqxonaning g‘ira-shira xonasida chiyduxoba kamzul, kalta odmi ishton, uzun paypog‘-u boshmoq kiygan bir kishi qalayi ko‘zacha bilan qadahni oldiga qo‘yib o‘tiribdi; hatto xira chiroq shu’lasida eng tajribasiz politsiya agenti ham uning mister Bill Sayks ekanini darhol payqashi tayin edi. Uning oyog‘i ostida dam egasiga qarab ko‘zini pirillatib, dam tumshug‘idagi yangigina jarohatini (aftidan, yaqinginadagi olishuv oqibatida orttirgandi) yalab, ko‘zlari qizil oq it cho‘nqayib o‘tiribdi.

– Tek o‘tir, razil! Tek o‘tir! – buyurdi mister Sayks qo‘qqisdan tinchlikni buzib.

O‘y-xayollari itning ko‘z pirillatishi xalal beradigan darajada nozik tortib turganmidi yoxud mulohaza girdobiga sho‘ng‘ib ketadigan asab torlari shunchalar taranglashgan, uni bayov torttirmoq uchun beozor jonivorni tepish talabi tug‘ilganmidi – bunisi qorong‘i. Sababi qandoq bo‘lmasin, it birvarakay nasibasiga ham tepki, ham so‘kishdan ulushini oldi.

Odatda, it zoti egasi yetkazgan ranj-alam uchun qasos olishga moyil emas, biroq mister Sayksning iti o‘z egasi kabi bema’ni fe’lli edi va ehtimolki, shu pallada tortgan xo‘rligi-yu eshitgan haqorati ta’sirida bo‘lsa kerakki, hech qanday takalluf-pakallufsiz shartta egasining boshmog‘ini tishladi-oldi. U boshmoqni yaxshigina silkib, irillagancha kursi tagiga urib ketdi – zap vaqtida, mister Sayks qalayi ko‘zachani naq boshi uzra ko‘targan lahzada qochib qolgandi.

– Hali shunaqa ekan-da! – g‘o‘dilladi Sayks bir qo‘li bilan kosovni changallab, ikkinchisi bilan esa cho‘ntagidan chiqargan kattakon buklama pichog‘ini shoshilmay ocha boshlarkan. – Bu yoqqa chiq, iblis! Eshityapsanmi?

It shubhasiz eshitayotgan edi, chunki mister Sayks g‘oyatda dag‘dag‘ali ovoz va tahlikali ohangda so‘zlayotgandi, lekin u, chamasi, tomog‘iga tig‘ tortilishini istamayotgandek allaqanday bir g‘alati tuyg‘uni his etib, panohgohidan chiqmadi va battarroq irilladi, kosov uchini g‘archcha tishlab, yirtqich hayvonday g‘ajiy boshladi.

Bunday qarshilik ko‘rsatish mister Sayksni battar quturtirib yubordi xolos, u tizzalab olib, g‘azab-la jonivorga qarshi hamlaga o‘tdi. It o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otar, kosovni g‘ajigancha irillar, hurirdi, egasi bo‘lsa so‘kinar, itni urar, og‘zidan bodi kirib-shodi chiqardi; olishuv avj pallasiga yetgan bir paytda to‘satdan eshik taraqlab ochildi-yu, it xonadan otilib chiqdi-ketdi, mister Sayks kosov bilan buklama pichog‘ini ushlagancha qolaverdi.

Urishmoq uchun hamisha ikki raqib tomon bo‘lmog‘i shart, degan ko‘hna naql bor. Shu bois tarafkashlik maydonida raqibi bo‘lmish itdan ayrilgan mister Sayks o‘sha zamonoq g‘azab tig‘ini yangi kirib kelgan odamga qaratdi.

– E, asfalasofilinga keting-e, itim bilan oramizga tushib nima qilasiz? – jahl bilan aftini burushtirib, qo‘llarini paxsa qilib qichqirdi Sayks.

– Bilmabman, azizim, bilmabman, – muloyimlik bilan javob qildi Fedjin (kirib kelgan xuddi o‘sha edi).

– Bilmabdilar, quyonyurak o‘g‘ri amakim? – to‘ng‘illadi Sayks. – Shovqinniyam eshitmabdilar-da?

– Tiq etgan shovqinni eshitmadim, Bill, eshitgan bo‘lsam turgan joyimda til tortmay o‘lay, – javob berdi juhud.

– Bo‘lmasam-chi! Turgan gap, o‘zlari hech nimani eshitmaydilar, – dedi Sayks zaharxanda kulib. – O‘zlariyam shundoq pisib yuradilarki, na kirganlarini birov biladi, na chiqqanlarini! Afsus, Fedjin, yarim daqiqagina oldinroq ana shu itning o‘rnida bo‘lmadingiz-da!

– Sabab? – surishtirdi juhud yasama kulgi bilan.

– Negaki, hukumat sizga o‘xshagan har qanaqangi ko‘ppakdan ham razilroq odamlarning hayotiga g‘amxo‘rlik qiladi-yu, lekin odamga istagan paytida itlarni o‘ldirishga ruxsat beradi, – javob berdi Sayks ma’nodor bir qiyofada pichog‘ini buklab yoparkan. – Sababi ana shunda.

Juhud qo‘llarini ishqab, stol yoniga o‘tirar ekan, o‘z oshnasining haziliga javoban zo‘rma-zo‘raki iljaydi. Ammo-lekin allanechuk bo‘lib ketgani yaqqol ko‘rinib turardi.

– Mayli-mayli, irshayavering! – so‘zini davom ettirdi Sayks kosovni joyiga qo‘yib, unga yeb qo‘yguday darg‘azab o‘qrayib qararkan. – O‘ylamang, ikki dunyoda mening ustimdan kulish nasib qilmaydi o‘zlariga, mabodo, dorda irshayishlarini hisobga olmagan-da. Joningiz mening qo‘limda, Fedjin, bor-di-yu, qo‘ldan chiqarib yuboradigan bo‘lsam, kafansiz ketay. Ha, shundoq! Men ilinadigan bo‘lsam – siz ham ilindim deyavering. Shundoq bo‘lgach, menga ehtiyotroq muomala qiling.

– Ha, ha, azizim, shunday, – dedi juhud, – bari menga besh qo‘lday ayon. Bizni… bizning manfaatlarimiz bir, Bill, manfaatlarimiz bitta…

– Hm… – to‘ng‘illadi Sayks, go‘yo hamma manfaatlarimiz ham bir emas, degan ma’noda. – Xo‘sh, nima gapingiz bor edi menda?

– Barini xamirdan qil sug‘urganday eson-omon tinchitdik, – javob berdi Fedjin, – sizning ulushingizni olib keldim. Sizga tegadiganidan ko‘ra ko‘proq, azizim, lekin kelasi safar meni ranjitmasligingizni bilganimdan keyin…

– Safsatani bas qiling! – sabrsizlik bilan uning gapini bo‘ldi o‘g‘ri. – Qani u? Cho‘zing bu yoqqa!

– Yaxshi-yaxshi. Bill, shoshiltirmang meni, shoshiltirmang, – tinchlantiruvchi ohangda javob berdi juhud. – Mana u! Hammasi bus-butun!

Shu so‘zlar bilan u qo‘ynidan eski ip ro‘molchani chiqarib, bir uchidagi kattagina tugunni yechdi-da, qalin qog‘ozdan qilingan paketchani olarkan, Sayks juhudning qo‘lidagi paketchaga chang soldi-yu, shosha-pisha og‘zini ocha solib, ichidagi soverenlarni2929
  Soveren – bir funt sterling, ya’ni yigirma shillingga teng oltin tanga.


[Закрыть]
sanashga tushdi.

– Hammasi shumi? – so‘radi Sayks.

– Hammasi, – javob qildi juhud.

– Tag‘in, yo‘lda tugunchani ochib, bir-ikki tangani yutib-putib yuborganingiz yo‘qmi mabodo? – gumonsirab so‘radi Sayks. – Basharangizni xuddi xafa bo‘lganday burushtirishingizning hojati yo‘q. Bunaqangi ishni bir necha marta qilgansiz-ku, axir. Jing‘irlating!

Oddiy ingliz tiliga tarjima qilinganda bu, qo‘ng‘iroqni chaling, deb buyurgan ma’noni bildirardi. Qo‘ng‘iroq ovozini eshitib, Fedjindan yoshroq, lekin deyarli xuddi shunaqa so‘xtasi sovuq boshqa bir juhud kirib keldi.

Bill Sayks bo‘shagan ko‘zachani imladi. Juhud imoni juda yaxshi fahmlab, ko‘zachani olib, qaytadan to‘latib keltirgani chiqib ketishdan avval ayni shu soniyada xuddi uning nigohini kutganday birrovgina boshini ko‘targan Fedjin bilan ma’nodor ko‘z urishtirdi, shunda chol bunga javoban har qanday sergak kuzatuvchi ham arang payqaydigan qilib xiyolgina bosh irg‘ab qo‘ydi. Shu tobda boshmog‘ining it uzib yuborgan ipini bog‘lash uchun engashgan Sayks buni ko‘rmadi. Balki kazzob agar ularning ko‘z ochib-yumgunchalik fursat ichidagi imo-ishoralarini payqagani taqdirda, bu narsa o‘zi uchun yaxshilikdan dalolat bermasligi xayoliga kelgan bo‘larmidi?

– Bu yerda biron kimsa bormi, Barni? – so‘radi Fedjin; endi Sayks boshini ko‘targanida u yerdan ko‘zini uzmay so‘zlardi.

– Hech zog‘ yo‘q, – javob qildi Barni, so‘zlari – dildan aytyaptimi yo yo‘qmi, buni bilmadik – dimog‘idan chiqayotgandi.

– Hech kim-a? – so‘radi Fedjin hayron bo‘lganday bir ohangda va bu bilan u Barniga to‘g‘risini aytaver deya shama qilib.

– Miss Nensidan boshqa hech kim yo‘q, – javob berdi Barni.

– Nensi! – xitob qildi Sayks. – Qayerda? Tug‘ma iste’dodi uchun bu qizni hurmat qilmasam, ko‘zlarim oqib tushsin.

– Qaynatma mol go‘shti buyurib, bufetda o‘tiribdi, – dedi Barni.

– Bu yoqqa jo‘nating uni, – dedi Sayks stakanga aroqdan quyayotib. – Bu yoqqa yuboring uni.

Barni, xuddi izn so‘rayotgandek Fedjinga cho‘chibgina ko‘z qirini tashladi; juhud miq etmay va ko‘zini yerdan ko‘tarmay o‘tirgani tufayli Barni chiqib ketdi, hayal o‘tmay bashang kiyinib, peshband tutib olgan, boshida chepets, qo‘lida savat bilan kalit – Nensini boshlab qaytdi.

– Izini topdingmi, Nensi? – so‘radi Sayks unga qadahda aroq taklif qilarkan.

– Topdim, Bill, – javob berdi yosh xonim qadahni bo‘shatib, – o‘ziyam rosa charchadim-da. Bolakayning mazasi yo‘q ekan, ko‘rpa-to‘shak qilib yotganmish desang…

– Eh, Nensi, azizim! – dedi Fedjin ko‘zlarini yerdan uzib.

Ehtimol, juhudning malla qoshlari antiqa bir tarzda chimirilishi, chuqur cho‘kkan ko‘zlarining yarim yumuqligi miss Nensini ortiqcha valaqlayapsan, deb ogohlantirgandir, biroq buning unchalik ahamiyati yo‘q. Mazkur holatda birgina dalilga qiziqmog‘imiz lozim. Bu dalil esa miss Nensining birdan o‘z gapini bo‘lib, mister Sayksga ishvali tabassum tuhfa etib, gapni boshqa mavzuga burib yuborganidir.

Oradan o‘n daqiqalar o‘tgach, mister Fedjinni quv-quv yo‘tal tutdi; shunda Nensi shol ro‘molini yelkasiga tashladi-da, ketadigan vaqti bo‘lganini aytdi. Mister Sayks yo‘lning ma’lum qismigacha qiz bilan birgalashib borsa bo‘lajagini bilgach, uni kuzatib borish istagini bildirdi: ikkovlon birga yo‘lga chiqdilar, orqalaridan esa picha keyinroqda, egasi yo‘lga tushishi bilan orqa eshikdan zipillagancha yugurib chiqqan it ergashib borardi.

Sayks xonadan chiqqanida, juhud eshikdan mo‘ralab, uning qorong‘i yo‘lakda uzoqlashib borayotganini kuzatib turarkan, mushtini o‘qtalib, allanima deb koyidi g‘udullab, keyin manfurona tirjaygancha stol yoniga qaytib o‘tirdi va hademay qiziqarli «Ushla! Tut!»3030
  …qiziqarli «Ushla! Tut!» gazetasi – izlanayotgan jinoyatchilarning belgilari beriladigan politsiya gazetasi. Qadimda Angliyada jinoyat sodir bo‘lgan joyning aholisi jinoyatchilarni qo‘lga tushirishda qatnashishlari shart edi, bordi-yu, ular qochib qutulib ketadigan bo‘lsa, butun aholiga jarima solinar edi. Odatda ta’qib hayhaysuron va baqir-chaqirlar bilan o‘tardi. «Xyu end kray!» Bu xitobni yuqorida zikr etilgandek tarjima qilsa bo‘ladi va u gazeta nomi uchun tanlab olingan.


[Закрыть]
gazetasini o‘qishga berilib ketdi.

Bu orada o‘zini keksa quvnoq jentlmen bilan bunchalik qisqa masofa ajratib turganidan bexabar Oliver Tvist kitob do‘koni sari borardi. Klerkenuelga yetgach, u yanglishib, kirmasa ham bo‘ladigan tor ko‘chaga burildi; o‘z xatosini anglaganida allaqachon yo‘lning yarmini bosib qo‘ygandi; bu tor ko‘cha ham ko‘zlagan yeriga olib chiqishini bilardi, shuning uchun ham orqaga qaytmaslikka ahd qildi va kitoblarni qo‘ltiqlaganicha ildam olg‘a boraverdi.

U o‘zini qanchalik baxtiyor hamda hayotdan mamnun his etishi lozimligi ustida, innaykeyin, ochlik va kaltaklashlardan azob chekkan, ehtimolki, aynan shu damda yum-yum yig‘lab o‘tirgan bechora jajji Dikni loaqal bir martagina ko‘rishga bor bisotini ham berishga tayyor ekanligi ustida o‘y surib borardi. Banogoh qandaydir yosh ayolning ayyuhannosidan cho‘chib sapchib tushdi: «Voy ukajonim-a!» To atrofiga alanglab nima bo‘lganini ko‘rib, anglab yetmasidanoq kimningdir qo‘llari bo‘yniga chirmashdi.

– Qo‘yvoring! – qichqirdi Oliver yulqinib. – Qo‘yvoring meni! Kim o‘zi bu? Meni nimaga to‘xtatdingiz?

Uning so‘rovlariga berilgan javob qo‘lida savat bilan eshik kalitini ko‘tarib olgan yosh ayolning uvvos tortib chiyillashigina bo‘ldi, xolos.

– Voy xudoyim-a! – chiyillardi juvon. – Topdim uni! Voy Oliverginam-a! Ha, yaramas bola, shuncha kuydirding-a, meni. Yur uyga, ukajonginam, uyga yura qol! Voy o‘rgilib ketayin-a, topdim-a uni! Ey rahmdil xudoyim, o‘zingga shukr, uni topdim-a!

Ushbu poyintar-soyintar xitoblardan so‘ng, yosh xonim yana uvvos tortib yig‘larkan, jazavasi tutib shunaqangi telbalarcha ahvolga tushdiki, bu paytda yonlariga kelib qolgan ikki ayol go‘sht do‘konida xizmat qiladigan, mol yog‘i surtilgan sochi yaltillagan boladan, chopqillab doktorga borib kelolmaysizmi, deb so‘rashdi. Qassoblik do‘konidagi bola erindi deyishdan ko‘ra dam olish mayli ko‘proq ekan shekilli, bu shart emas, deb javob qildi.

– Voy qo‘yaveringlar, parvo qilmanglar, – dedi juvon Oliverning qo‘lini mahkam qisib ushlagancha. – Ancha tuzalib qoldim. Hoziroq yur uyga, toshbag‘ir bola! Yur deyapman!

– Nima bo‘ldi, xonim? – so‘radi ayollardan biri.

– Voy aylanay xonim-a! – nido soldi yosh juvon. – Bir oycha oldin ota-onasi, boobro‘, zahmatkash odamlarnikidan qochib ketib, o‘g‘ri-muttahamlarga qo‘shilib, sho‘rlik onaginamni yuragini qon qilib yubordi.

– O‘larday yaramas bola ekan! – dedi birinchi ayol.

– Bor uyingga, gazanda! – ilib ketdi ikkinchisi.

– Yo‘q, yo‘q! – xitob qildi Oliver vahima ichra. – Men uni tanimayman! Mening opam yo‘q, otam ham, onam ham yo‘q. Men yetimman. Men Pentonvilda turaman.

– Buni qarang-a, baqrayib turib hammasidan tonadi-ya! – chiyilladi juvon.

– Iye, bu Nensi ekan-ku! – nido soldi Oliver endigina juvonning yuziga ko‘zi tushib, hayratdan o‘zini chetga tashlarkan.

– Ko‘ryapsizlarmi, meni taniyapti u! – chiyilladi Nensi atrofda hozir bo‘lganlarga qarata. – Mendan tonib, qutulib bo‘pti. Xudo xayrlaringni bersin, uyga qaytishga unatinglar buni, yo‘qsa mehribon onasi bilan otasini go‘rga tiqadi, meni bo‘lsa yuragimni adoyi tamom qiladi.

– Jin ursin, nima gap bo‘lyapti bu yerda? – o‘dag‘ayladi pivoxonadan zing‘illab chiqib kelgan allaqanday odam, orqasidan izma-iz oq it ergashib kelardi. – Iya, Olivercha-ku! Itvachcha, bor bechora onangning oldiga! Qani, bir uyga qarab g‘izilla-chi!

– Bular meni hech qanaqa qarindoshimmas! Ularni tanimayman! Yordam beringlar! Yordam! – dodladi Oliver bu odamning gurziday qo‘lidan chiqib ketish uchun yulqinib.

– Yordam beringlar? – takrorladi haligi odam. – Hozir yordam beraman-da, zinqarcha firibgar! Bu qanaqangi kitoblar? O‘g‘rilagandirsan-da bularni? Qani, bu yoqqa ber-chi ularni!

Shunday deya u bolaning qo‘lidagi kitoblarni tortib oldi-da, ular bilan boshiga tushirdi.

– Boplading! – chordoq derazasidan qichqirdi bir bekorchixo‘ja. – Faqat shu yo‘l bilan aqlini kirgizish mumkin uni.

– To‘ppa-to‘g‘ri! – gapiga qo‘shildi uyqudan yuzlari ko‘pchigan duradgor chordoq derazasiga ma’qullab qarab qo‘yar ekan.

– Bu o‘zining foydasi! – degan qarorga kelishdi boyagi ikki ayol.

– Ha, foydasi tegadi buning unga! – dedi haligi odam tag‘in Oliverni urib, yoqasidan olarkan. – Qani yur, muttaham!.. Hoy, Fonuscha, beri kel! Ba! Eslab ol buni! Eslab!

Yaqinginada chekkan dardidan darmoni qurigan, nogahoniy hamla-yu kaltaklardan gangrab qolgan, itning dag‘dag‘ali irillashi-yu bu odamning hayvonona muomalasidan o‘takasi yorilayozgan, atrofda yig‘ilganlarning uni go‘yo chindan ham o‘ng‘almas muttahamligiga ishonch hosil qilganlaridan ezilgan sho‘rlik bolakayning qo‘lidan nimayam kelardi? Qosh qorayib qoldi: bu atrofda shubhali-yu johil odamlar yashardi; yaqin orada yordam beradigan inson zoti topilmasdi. Qarshilik ko‘rsatish befoyda edi. Biron daqiqa o‘tmayoq uni zim-ziyo tor hovlilardan surgab borishardi, bordi-yu, u ahyon-ahyonda dodlashga botinadigan bo‘lsa, shunaqangi zing‘illatgancha surib ketishardiki, nima deyayotganini anglab bo‘lmay qolardi. Aslini olganda, mabodo, bu hatto tushunarli bo‘lgan taqdirda ham, baribir dodlashiga e’tibor beradigan biron kimsa bo‘lmaganidan keyin tushunarli bo‘lishining qanday ahamiyati bor?

Chiroqlarni yoqishdi; missis Beduin xavotirlanib lang ochiq eshik oldida kutardi; oqsoch Oliver kelmayaptimikin, deb yigirma martacha ko‘chaga yugurib chiqdiyov. Ikkala keksa jentlmen esa hanuz qorong‘i mehmonxonada o‘tirishar, o‘rtalarida soat yotardi.

O‘N OLTINCHI BOB
NENSI QARINDOSHLIK HAQ-HUQUQINI TALAB QILGANIDAN KEYIN OLIVER TVISTGA NIMA BO‘LGANLIGINI HIKOYA QILADI

Tor ko‘cha va hovlilar nihoyat qo‘tonlari hamda qoramol savdosi uchun barcha zarur narsalar mavjud bo‘lgan keng, ochiq maydonga olib chiqdi. Shu yerga yetganda Sayks odimini sekinlatdi: qizning bunday tez yurishga ortiq madori qolmagandi. U Oliverga o‘girilib, Nensining qo‘lidan ushlab ol, deb buyruq qildi do‘q urib.

– Nima, eshitmayapsanmi? – to‘ng‘illadi Sayks, negaki, Oliver imirsilab, atrofga alanglay boshlagandi.

Shu paytda ular odam gavjum ko‘chalardan chetroqda, pasqam, qorong‘i jinko‘chada turishardi. Qarshilik ko‘rsatgani bilan hech ish chiqmasligini Oliver juda yaxshi tushunardi. U qo‘lini uzatgandi, Nensi mahkam ushlab oldi.

– Ikkinchi qo‘lingni menga ber, – dedi Sayks bo‘sh qo‘li bilan Oliverni ushlab olarkan. – Fonuscha, bu yoqqa!

It boshini ko‘tarib, irillab qo‘ydi.

– Qara! – dedi u ikkinchi qo‘li bilan Oliverning gardanini ko‘rsatib. – Agar g‘ing deb ovoz chiqaradigan bo‘lsa, shu yeridan olasan! Yodingda bo‘lsin!

It yana bir bor irillab, tumshug‘ini yalagancha, go‘yo giribonidan olishga sabri chidamayotganday, vajohat-la Oliverga tikildi.

– Qochsa, it uni har qanaqangi nasroniydan ko‘ra chapdastlik bilan ushlab olmasa, otimni boshqa qo‘yaman!.. – dedi Sayks jonivorga qandaydir g‘alati o‘qraygancha tikilarkan. – Ana endi, mister, o‘zingizni nimalar kutayotganini bilasiz, demakki, ko‘nglingiz tusaganicha dodlayvering: ko‘ppak birpasda bu mashmashani bas qiladi-qo‘yadi… Qani, olg‘a, ko‘ppakvoy!

Fonuscha bunday g‘ayriodatiy erkalash evaziga dumini likillatib, Oliverni ogohlantirib qo‘yayotganday yana bir marta irilladi-da, oldinga tushib yo‘rg‘alay ketdi.

Ular Smitfildni kesib o‘tishdi, biroq Oliver hatto Grovenor-skverdan borishgan taqdirlarida ham baribir yo‘lni tanimagan bo‘lardi. Qorong‘i hamda tumanli oqshom edi. Ko‘cha-yu uylarni qa’riga tortib, daqiqa sayin quyuqlashib borayotgan vazmin tuman pardasi aro do‘konlarning chiroqlari elas-elas miltillar va notanish joylar Oliverga yanada begonaroq ko‘rinar, uning esankirab sarosimalanishi battar iztirobli tus olib, noumidligi orta borardi.

Ular tag‘in bir necha odim bosisharkan, cherkov soatining bosinqi darang-durungi eshitildi. Birinchi zangdayoq Oliverning ikkala hamrohi ham to‘xtab, zang ovozi kelayotgan tomonga o‘girilib qaradi.

– Soat sakkiz bo‘pti, Bill, – dedi Nensi soat zangi tingach.

– Buni gapirib nima qilasan? Nima, meni eshitmadi deyapsanmi? – javob qildi Sayks.

– Shuni bilmoqchiydim, ular ham eshitishayotganmikin? – dedi Nensi.

– Turgan gap, eshitishadi, – javob berdi Sayks. – Meni Varfolomey kuni3131
  Varfolomey kuni – Londonda qadim-qadimlardan beri katta yarmarka bo‘ladigan kezlarda o‘tadigan kuzgi avliyo Varfolomey bayrami; bunday yarmarkalar Dikkens hayotligidayoq – 1855-yili barham topib ketgan.


[Закрыть]
ilintirishgandi, o‘shanda desang, yarmarkadagi tiq etgan tovushni ham eshitib turardim. Tashqaridagi shovqin-suron, shovur-shuvur oldida la’nati ko‘hna turma shunaqangi jimjit ediki, yuragim yorilayozganidan temir eshikka kalla qilib boshimning qatig‘ini o‘ynatib yuborishimga sal qolgan.

– Sho‘rliklar! – dedi Nensi, u hanuz soat zang urgan tarafga qarab turardi. – Eh, Bill, qanday ajoyib yigitchalar-a!

– Ha, ayol zotining kallasida shundan boshqa gap yo‘q, – javob qaytardi Sayks. – Ajoyib, azamat yigitlar! Hozir ularning o‘likdan farqlari yo‘q. Shundoq bo‘lgach, safsata sotib o‘tirishning hojati yo‘q.

Tasalli berguvchi ushbu so‘zlarni aytar ekan, mister Sayks dilida uyg‘onay degan rashkni jilovlagan bo‘ldi chamasi va Oliverning qo‘lini mahkamroq siqib, olg‘a yurishni buyurdi.

– Birpasgina shoshilma! – xitob etdi qiz. – Mabodo, keyingi soat sakkizga zang urganida sen dorda osilib yotadigan bo‘lganingda men sirayam oshiqmasdim, Bill. Unda men o‘sha joydan jilmasdim, to holdan toyib yiqilib qolmagunimcha, hatto yerni qor qoplab olgan, mening esa o‘rangani shol ro‘molim bo‘lmagan chog‘idayam o‘sha atrofda o‘ralashib yuraverardim.

– Bundan nima foyda chiqardi? – so‘radi ta’sirchanlig-u ko‘ngilbo‘shlik mutlaqo begona mister Sayks. – Agarki, egov bilan yigirma yard pishiq arqonni ichkariga kiritib berolmas ekansanmi, ellik chaqirim olisda tentiraysanmi yoki bir joyda qotib turasanmi, buning menga sariq chaqalik foydasi bo‘lmasdi baribir. Yur, bu yerda turib olib, va’zxonlik qilishning hojati yo‘q!

Qiz qah-qah urib kulib yubordi, shol ro‘moliga o‘ranib oldi, keyin ular yo‘lga tushishdi. Lekin Oliver uning qo‘li qanday titrayotganini sezdi, gaz fonus oldidan o‘tib ketayotganlarida esa yuziga qararkan, rangi murdadek ko‘karib ketganini ko‘rdi.

Pasqam va iflos ko‘chalar bo‘ylab yarim soatcha yurishdi, yo‘l-yo‘lakay kamdan-kam yo‘lovchilar uchrar, bular ham turqlariga qaraganda jamiyatda mister Sayksdan ortiqroq mavqe tutmasdilar. Axiyri, ular nihoyatda tor, iflos, deyarli eskifurushlar do‘konlari egallagan ko‘chaga chiqishdi: oldinda chopib borayotgan it, xuddi ortiq sergak bo‘lishiga hojat qolmaganini fahmlagandek, yopiq do‘kon oldida to‘xtadi, aftidan, do‘kon bo‘m-bo‘sh ko‘rinardi. Uy qiyshayib ketgan, eshigiga bo‘lsa, ijaraga beriladi, degan yozuv qoqib qo‘yilgan edi; chamasi bu yozuv ko‘p yillardan beri osig‘liq turganga o‘xshardi.

– Hammasi joyida! – dedi Sayks ehtiyotkorlik bilan atrofga alanglab.

Nensi deraza qopqog‘i sari engashdi, shunda Oliver qo‘ng‘iroqchaning jiringlagan ovozini eshitdi. Ular ko‘chaning u betiga o‘tib, bir necha daqiqa fonus ostida turishdi. Shovqin eshitildi, allakim xuddi deraza romini ohistagina ko‘tarayotganga o‘xshadi; ko‘p o‘tmay esa astagina eshikni ochishdi. Keyin mister Sayks betakalluflik bilan shartta bolaning yoqasidan oldi-yu, uchovlari tez ichkariga kirishdi.

Yo‘lak butunlay qop-qorong‘i edi. Ular to o‘zlarini ichkari kiritgan odam eshikni yopib, lo‘kidonni surib, zanjirini ilgunicha kutib turishdi.

– Kimdir bormi? – so‘radi Sayks.

– Hech zog‘, – javob berdi birov.

Oliverning nazdida bu ovozni oldin eshitganday tuyuldi.

– Chol-chi, shu yerdami? – so‘radi o‘g‘ri.

– Shu yerda, – javob qildi boyagi ovoz. – Esxonasi chiqib ketgan. Sizlarni ko‘rib suyunmaydi deb o‘ylaysizmi? Suyunish ham gapmi!

So‘zlayotgan kimsaning gapirish maromi, xuddi ovozi singari, Oliverga tanish tuyuldi-yu, lekin qorong‘ida uning hatto qaddi-qomatini tuzukroq ko‘rib bo‘lmasdi.

– Chiroq-piroq yoqsang-chi, – dedi Sayks, – bo‘lmasa biron yerimizni qashqa qilib, bir falokat orttirib yo itni bosib olamiz. Mabodo, uni bosibmosib olsang, oyog‘ingni ehtiyot qil-a.

– Birpas shoshmay turinglar, hozir sham yoqaman, – javob berdi haligi ovoz.

Olislashib borayotgan odim sharpasi eshitildi, biror daqiqalardan so‘ng mister Jek Daukins, boshqacha qilib aytganda – Abjir Tullak paydo bo‘ldi. Uning o‘ng qo‘lida bir uchi yorilgan tayoqqa qistirilgan sham bor edi.

Yosh jentlmen Oliverni tanigani belgisi sifatida istehzoli iljayib qo‘ya qoldi va o‘girilib, keluvchilarga izma-iz zinadan pastga tushaverishlarini aytdi. Ular bo‘m-bo‘sh oshxonadan o‘tib, zax yer isi kelib turgan shifti past xonaga kirishar ekan, birdan qahqahlagan kulgi ko‘tarildi.

– Voy, voy jonim, voy, chidolmayman! – dedi yosh Charli Beyts tomog‘i yirtilgudek qah-qah urgancha. – Mana u! Voh, mana o‘zlari tashrif buyurdilar! Voy, Fedjin, uni bir ko‘rib qo‘ying-a! Yo‘q, o‘zingiz bir qarang-a unga, Fedjin! Ortiq kuchim qolmadi. Ana tomosha-yu mana tomosha! Hoy, birortanglar ichagim uzilib qulab qolmasimdan ushlab tursanglar-chi meni!

Bejilov, sho‘x-shodon kulgi jazavasida yosh Beyts tappa yerga qulagancha, talvasalanib, besh daqiqalar chamasi o‘z hayratini oyoqlarini tapirlatish bilan ifodaladi. So‘ngra sakrab turdi-yu, Tullakning qo‘lidan sham qistirig‘liq tayoqni yulqib oldi-da, Oliverga yaqinlashib, atrofida aylangancha uni boshdan-oyoq kuzata boshladi; bu paytda juhud tungi qalpog‘ini yechib, esankirab qolgan bolakayga ikki bukilib ta’zim bajo keltirmoqda edi. Bu borada g‘amginligi bilan ajralib turadigan va basharti, ishga xalal beradigan bo‘lsa ko‘ngilxushlikka kamdan-kam yo‘l qo‘yadigan Tullak beqiyos g‘ayrat-la Oliverning cho‘ntaklarini axtarib-tintib yotgandi.

– Kamzulini qarang, Fedjin! – deya Charli shamni Oliverning yap-yangi kurtkasiga shunchalik yaqin keltirdiki, oz bo‘lmasa u lov etib yonib ketayozdi. – Kamzulini bir ko‘ring-a! Nozik-muloyim movutdan, yana tag‘in qotirib tikilgan! Ana tomosha-yu mana tomosha! Ustamasiga kitoblari ham bor-ku! Eh-he, chinakam jentlmen bo‘p ketibdi-ku, Fedjin!

– Seni shunday bashang, basalomat ko‘rib, boshim osmonga yetdi, azizim, – dedi juhud yasama muloyimlik bilan ta’zim qilib. – Tullak senga bo‘lak kiyim beradi, tag‘in ko‘chalik sarpangni kir qilib qo‘ymagin. Nega bizga bir enlikkina qilib yozib yubormading, azizim, kelayotganingdan mundoq ogohlantirib ham qo‘ymabsan-a! Kechlikka biror tuzukroq issiq ovqat tayyorlab qo‘yarmidik?

Gap shu yerga yetganda yosh Beyts yana shunaqangi xaxolab kulib yubordiki, bundan Fedjinning ko‘ngli ochilib yayrab ketdi, hatto Tullakday odam ham ishshaydi, ammo aynan shu soniyada Tullak cho‘ntakdan besh funtlikni chiqarayotgandi, shu bois uning kulgisiga nima – hazilmi yoki topildiq sabab bo‘lganini aytish amrimahol edi.

– Hey, bu qanaqasi bo‘ldi tag‘in? – so‘radi Sayks juhud pulni yulqib olarkan, olg‘a bir qadam tashlab. – Bu mening o‘ljam, Fedjin.

– Yo‘q, yo‘q, azizim! – xitob qildi juhud. – Meniki bu, Bill, meniki. Kitoblar sizga tegadi.

– Bo‘lmagan gap! – dedi Sayks qat’iy vajohat-la shlyapasini kiya turib. – Bu men bilan Nensiga tegishli, yo‘qsa, bolani orqasiga qaytarib olib borib qo‘yaman.

Juhud seskanib tushdi. Oliver ham shunda seskanib tushdi, lekin mutlaqo boshqa sababdan: uning dilida qaytarib olib borib qo‘yishadi, degan umid uchqunlagan edi.

– Bu yoqqa cho‘zing! Eshityapsizmi? – dedi Sayks.

– Bu adolatdanmas, Bill. To‘g‘ri emasmi axir, Nensi? – so‘radi juhud.

– Adolatdanmi yo adolatdanmasmi, – e’tiroz bildirdi Sayks, – cho‘zing deyapman sizga. Nahotki, Nensi bilan ikkovimizning ko‘chama-ko‘cha izg‘ib, sizning aybingiz bilan tuzoqqa tushgan bolalarni o‘g‘rilashdan boshqa ishimiz yo‘q, deb o‘ylasalar o‘zlari? Pulni cho‘z bu yoqqa, ziqna, qari arvoh! Eshityapsanmi?!

Shu so‘zlardan keyin mister Sayks juhud bosh barmog‘i-yu shahodat barmog‘i bilan mahkam tutib turgan pulni tortib olib, sovuqqonlik ila cholning basharasiga tikilgan ko‘yi, pulni hafsala bilan bukladi-da, ro‘molchasiga tugib qo‘ydi.

– Bu mehnat haqimiz, – dedi Sayks, – aslida ikki baravar ko‘proq bo‘lishi kerak edi. Kitoblar o‘zlariga qola qolsin, kitob o‘qishga ishqiboz bo‘lsangiz, albatta. Yoki pullarsiz.

– Juda chiroyli ekan-a bular! – dedi Charli Beyts, aftini bujmaytirib, go‘yo kitoblardan birini o‘qiyotgan bo‘ldi. – Qiziq kitoblar-a, to‘g‘rimi, Oliver?

Oliverning o‘z zulmkorlariga qanday g‘amgin javdirayotganini ko‘rgan yosh Beytsning (hamma narsada kulgili jihatini ko‘ra bilish iste’dodiga ega edi u) hayrati yana ham jo‘sh urib ketdi.

– Bu keksa jentlmenning kitoblari! – xitob qildi Oliver zorlanib. – Isitmalab o‘lay deb qolganimda meni uyiga olib borib parvarish qilgan mehribon, saxiy, yaxshi keksa jentlmenniki! Iltimos qilaman, ularni qaytarib yuboring, kitoblari bilan pulini o‘ziga qaytarib yuboring! Meni to o‘lgunimcha shu yerda olib qolinglar-u, lekin bularni egasiga qaytarib beringlar. U bularni meni o‘g‘rilab ketdi deb o‘ylaydi. Keksa xonim ham, menga mehribonlik qilgan boshqalarning hammasi ham bularni meni o‘g‘rilab ketdi deb o‘ylashadi! Rahmingiz kelsin menga, bularni qaytarib yuboring!

Oliver benihoya g‘am-anduh-la shu so‘zlarni aytgancha juhudning oyoqlariga yiqilib, zor qaqshadi.

– Bolakay haq, – deb qo‘ydi Fedjin atrofga o‘g‘rincha nigoh tashlab olarkan baroq qoshlarini chimirib. – Sen haqsan, Oliver, gaping to‘g‘ri: ular, albatta, bu narsalarni seni o‘g‘rilab ketdi deb o‘ylashadi. Hi-hi-hi! – kuldi juhud qo‘llarini ishqab. – Har qancha tirishganimizda ham, bunaqangi o‘ljani qo‘lga kiritolmasdik.

– Albatta-da, kiritolmasdik, – javob qildi Sayks. – Men buni kitoblarni qo‘ltiqlab olgancha Klerkenuelda kelayotganida bolaga ko‘zim tushgani hamonoq fahmlagandim. Hammasi joyida. Bu odamlar – ko‘ngli bo‘sh, xudojo‘y odamlar ekan, yo‘qsa unga uylaridan boshpana berisharmidi? Innaykeyin, ular bola haqida so‘rab-surishtirib yurishmaydi, negaki, tag‘in sudga murojaat qilishga to‘g‘ri kelib qolmasa go‘rga edi deb xavfsirashadi, ana unda, bolani katorgaga jo‘natishga to‘g‘ri keladi. Hozir u xavf-xatarsiz.

Ushbu suhbat davom etarkan, Oliver nima gap bo‘layotganini tuzuk-quruq tushunolmayotganday goh unisiga, goh bunisiga javdirardi; biroq Bill Sayks jim qolgach, u to‘satdan bir sapchidi-yu, yordam so‘rab butun boshli bo‘m-bo‘sh uyni boshga ko‘targancha dod solib xonadan qochishga tushdi.

– Itingni ushla, Bill! – deya qichqirdi Nensi juhud bilan uning ikki shogirdi orqadan quvib ketishgach, eshik tomon tashlanib, uni taraqlatib yoparkan. – Itingni ushlab tur. Bolani naq tilka-pora qilib tashlaydi-ya bo‘lmasa!

– Jazosi shu uning! – o‘dag‘ayladi Sayks qizning qo‘lidan chiqishga urinib. – Yo‘limni to‘sma, qoch, yo‘qsa, boshingni devorga urib pachaqlayman!

– Menga baribir, Bill, baribir menga! – shang‘illadi qiz jon-jahdi bilan yigitga yopishib. – Oldin meni o‘ldirmaguningcha bu it bolani hech qachon tilkalay olmaydi, bilib qo‘y!

– Tilkalay olmaydi, de! – dedi Sayks tishlarini g‘ijirlatib. – Agar qo‘yvormaydigan bo‘lsang, o‘zim shunday qilganim bo‘lsin!

Kazzob qizni xonaning narigi burchagiga uloqtirib yubordi, xuddi shu payt juhud bilan ikki shogirdi Oliverni surgagancha kirib kelishdi.

– Nima gap? – so‘radi Fedjin atrofga alanglab.

– Bu qiz aqldan ozganga o‘xshaydi, – javob berdi Sayks darg‘azab.

– Yo‘q, u aqldan ozganicha yo‘q, – dedi olishuvdan rangi gezarib, hansirab qolgan Nensi. – Hecham aqldan ozgani yo‘q u, Fedjin, bunaqa deb o‘ylamang sira!

– Bo‘lmasa, o‘zingni bosib ol, eshityapsanmi? – dedi juhud qizga tahlikali o‘qrayib.

– Hecham bunday qilmayman, – qarshilik bildirdi Nensi ovozini balandlatib. – Xo‘sh, bunga nima deysiz?

Mister Fedjinga Nensi toifasidagi odamlarning odati va fe’li yetarlicha tanish edi, yana tag‘in u shu tobda qiz bilan adi-badi aytishib o‘tirish xatarli ekanini ham bilardi. Hozir bo‘lganlarning diqqat-e’tiborini chalg‘itish uchun u Oliverga o‘girildi.

– Demak, juftakni rostlab qolmoqchiydilar-a, azizim, shunday emasmi? – dedi juhud o‘choq yonboshida yotgan serko‘z tayoqni olayotib. – Shunday emasmi?

Oliver miq etmadi. U juhudning har bir harakatini kuzatar va entikib-entikib nafas olardi.

– Yordamga odam chaqirmoqchimidilar, politsiyani chaqirmoqchimidilar, shundaymi? – mazax qildi juhud bolaning qo‘lidan tutarkan. – Seni bu darddan xalos qilib qo‘yamiz, o‘spirin jentlmencha!

Juhud tayoq bilan Oliverning yelkasiga qarsillatib tushirib, yana tayog‘ini ko‘tardi, biroq qiz oldinga tashlandi-yu, uni ushlab qoldi. U tayoqni shunday zarb bilan olovga qarab uloqtirdiki, lang‘illab turgan cho‘g‘lar yerga sochilib tushdi.

– Men bunga indamay qarab turolmayman, Fedjin! – qichqirdi qiz. – Bola qo‘lingizda, yana nima kerak sizga? Tegmang unga, agar tag‘in qo‘l tekkizadigan bo‘lsangiz, bo‘ynimga bevaqt sirtmoq tushsa hamki, birortalaringni pachoq qilaman-qo‘yaman!

Shunday dag‘dag‘a bilan qiz darg‘azab depsindi va lablarini qimtib, qo‘lini mahkam musht qilib tukkanicha nigohini juhuddan ikkinchi kazzobga ko‘chirdi; asta-sekin avjga mina borgan g‘azab tug‘yonida tusi murdaday ko‘karib ketgandi.

– Eh, Nensi! – dedi juhud kelishuvchanlik ohangida, mister Sayks bilan ko‘z urishtirib olib. – Bugun sen har qachongidan aqlliroq, zehni o‘tkirroq bo‘p qolding-ku! Ha-ha! Jonginam, o‘z rolingni qotirib ijro etyapsan.

– Shunaqa deng! – dedi qiz. – Ehtiyot bo‘ling, tag‘in haddan oshirib yubormay. Agar shundoq bo‘lsa, o‘zingizga qiyin, Fedjin, men sizni oldindan ogohlantirib qo‘yyapman, o‘zingizni nariroq tuting mendan.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации