Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 4


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Shunday deya mister Bambl hayajon xuruji zaptida uch qirra qalpog‘ini teskari kiydi-yu, do‘kondan shitob-la chiqib ketdi.

– Eh, Oliver, jahli chiqib, joni hiqildog‘iga kelib turganidan hatto sen to‘gringda so‘rab-surishtirishni ham unutib qo‘ydi, – dedi mister Sauyerberi bidlning ortidan tikilgan ko‘yi.

– Shunday, ser, – javob qaytardi suhbat davomida bidlning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qilgan Oliver, zotan, mister Bamblning ovozini eslaganining o‘zidayoq uning a’zoyi badani titray boshlardi.

Darvoqe, u mister Bamblning ko‘ziga chalinmaslikka behuda urinardi, negaki, oq nimchali jentlmenning karomati nihoyatda qattiq ta’sir etgan bu mansabdor shaxs endilikda, ya’ni tobutsoz Oliverni sinash uchun shogirdlikka olgan ekan, toki shartnoma bo‘yicha bolakay yetti yillik muddatga uzil-kesil ustozi ixtiyoriga berib qo‘yilmagunicha uning to‘g‘risida gap ochishdan tiyilib, bundan uzoqroq yurgan ma’qulroq, ana undan keyin esa, qonuniy tarzda, bir umrga bolakayning qavm qaramog‘iga qaytish xavfi qolmaydi, deb o‘ylardi.

– Juda soz! – deb qo‘ydi mister Sauyerberi shlyapasini olayotib. – Bu ish qanchalik tez tugasa, shunchalik yaxshi… Noe, do‘konga ko‘z-quloq bo‘lib tur… Oliver, qalpog‘ingni kiyib, orqamdan yur.

Oliver itoat etib, o‘z vazifasini ado etgani yo‘lga tushgan xo‘jasiga ergashdi.

Oldiniga ular shaharning eng gavjum hamda aholisi zich dahalarini oralab borishdi, keyin hozirgina o‘tib kelgan ko‘chalaridan chandon bora iflos va xarob tor ko‘chaga burilib to‘xtashdi-da, bu yoqqa kelishdan murodlari bo‘lmish uyni izlab alanglay boshlashdi. Ko‘chaning ikki betidagi uylar katta-katta va baland, biroq nihoyatda ko‘hna bo‘lib, ularda qashshoqlar turishardi: uylarning iflos darvozaxonalari bundan yetarlicha shohidlik berib turardi, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha yoxud naq ikki bukilgudek egilib, pisibgina ko‘chadan o‘tib borayotgan bir necha erkak va ayollarning qonsiz, so‘lg‘in yuzlarini ko‘rganda bu xulosani tasdiqlash uchun o‘zga isbot-u dalillarga hojat qolmasdi. Binolarda bir vaqtlar do‘konlar bo‘lgan, lekin ular hozir taqa-taq yopib, mixlab tashlangan, asta-sekin buzilib-yemirilib borayotgandi, faqat ikkinchi qavatlardagina odam turar edi. Vaqt o‘tishi va qarovsizlikdan xarobasi chiqqan ba’zi uylarning devoriga qulab tushmasin, deb bir uchi tosh ko‘cha chetiga ko‘milgan yo‘g‘on-yo‘g‘on xarilar tirab qo‘yilibdi. Aftidan, hatto ana shu xaroba uylar ham boshpanasiz qashshoqlarga tungi yotoq xizmatini o‘tardi, zotan, eshik hamda derazalarga qoqilgan randalanmagan taxtalardan u yer-bu yerdagisi odam kirsa bo‘ladigan qilib qo‘porib tashlangan edi. Yo‘l chekkasidagi ariqlardagi suv iflos va bijg‘ib ketgandi. Hatto, ana shu axlat ichida yotgan kalamushlar ham hassaga tayangudek edi.

Oliver o‘z xo‘jasi bilan to‘xtagan ochiq eshikning na qo‘ng‘irog‘i-yu, na bolg‘achasi bor edi. Tobutsoz Oliverga: «Keyinda qolma, qo‘rqma», deya dalda berganicha, paypaslana-paypaslana, ehtiyotkorlik bilan zimiston yo‘lakdan ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Zina maydonchasiga qaragan eshikka ro‘para bo‘lib, uni barmoqlarining ko‘zi bilan taqillatdi.

Eshikni o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlardagi qizcha ochdi. Tobutsoz ichkariga ko‘zi tushar-tushmas, xuddi shu yerga yuborilganini fahmladi. U ichkari kirdi, ketidan Oliver ostona hatladi.

O‘choqda o‘t yo‘q edi, lekin bir odam bukchayib, odaticha sovuq o‘choq oldida o‘tirardi. Uning yonginasida, pastak kursini o‘t yoqilmagan pech-o‘choqqa yaqinroq surib, bir kampir o‘tiribdi. Narigi burchakda juldurvoqi bolalar uymalashishyapti, eshikning ro‘parasidagi kichkinagina taxmonda ustiga eski ko‘rpa tashlangan bir nima yotibdi. Oliver o‘sha yoqqa ko‘z tashlarkan, titrab ketdi-yu, beixtiyor xo‘jasining pinjiga qisindi; garchi o‘sha narsaning usti yopib qo‘yilgan bo‘lsa-da, buning murda ekaniga aqli yetgandi.

Erkakning eti ustixoniga yopishgan, tusi za’faronday edi: soch-soqoli oppoq, ko‘zlariga qon quyilgan. Kampirning afti ajin to‘ridan burishib-tirishib ketgan; omon qolgan ikki tishi pastki labini turtib chiqib, so‘ljayib turibdi, o‘tkir ko‘zlari bo‘lsa yiltillaydi. Oliverning na kampirga, na erkakka qarashga yuragi dov berardi. Har ikkalasi ham u ko‘chada ko‘rgan kalamushlarga o‘xshab ketardi.

– Hech kimni yo‘latmayman unga! – darg‘azab bo‘kirdi erkak o‘rnidan sapchib turib, tobutsoz tomon yura boshlaganda. – Yaqinlashmang! Ming la’nat hammalaringga, agar joningiz aziz bo‘lsa, yaqinlasha ko‘rmang!

– Bema’ni gap, birodar! – dedi ming bir xil g‘am-qayg‘uni ko‘raverib, eti qotib ketgan tobutsoz. – Safsata!

– Menga qarang! – qichqirdi erkak mushtini tugib, jazavada yerni depsib. – Quloq soling! Men uni yerga ko‘mdirmayman. U yerda orom olib yotolmaydi: qurt-qumursqalar xalal beradi unga… Ular tanasini mijib-kemirolmaydilar, shunchalik quruq cho‘p bo‘lib qolgan.

Bu telbalarcha aljirashlarga tobutsoz og‘iz ochib javob qilmadi; cho‘ntagidan o‘lchagich gazini olib, marhuma qarshisida cho‘k tushdi.

– E-voh! – erkak nido solgancha, ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kib, murdaning oyoqlariga o‘zini tashladi. – Uning oldida tiz cho‘kinglar, hammalaring, so‘zlarim yodlaringda bo‘lsin! Bilib qo‘yinglar, uni ochidan o‘ldirishdi! To isitmasi xuruj qilmaguncha ahvoli bunchalik og‘ir ekanidan bexabar edim. Suyaklari sanalib qolganini ana shundan keyingina bildim. Na o‘choqda milt etgan o‘ti, na yilt etgan shami bor edi. U zulmatda jon berdi – zulmatda! U hatto bolalarining diydorini ko‘rolmadi, ularning otini atab chaqirganini o‘z qulog‘imiz bilan eshitib turdig-a, ha, bolalari yuzini ko‘rolmay o‘ldi. Uni deb men tilanchilik qildim, meni bo‘lsa avaxtaga tiqishdi. Qaytib kelganimda joni uzilib bo‘lgan ekan, ko‘rib qutim o‘chdi, yuragim zardobga to‘ldi, negaki, uni ochdan o‘ldirgan edilar. Buni ko‘rib-bilib turgan Tangri nomini shafe keltirib, ont ichaman – uni ochlikdan xarob qildilar.

U sochlarini yulgancha dod solib, yerda dumalay ketdi; ko‘zlari bir nuqtada qotib, lablarida ko‘pik ko‘rindi.

O‘takasi yorilgan bolalar chuvvos yig‘iga tushdilar, biroq shu paytgacha atrofida nimalar bo‘layotganini go‘yoki eshitmayotgandek sas-sadosiz o‘tirgan kampir po‘pisa bilan ularning ovozini o‘chirdi. U hanuz yerda cho‘zilib yotgan erkakning galstugini yechib qo‘ydi-da, gandiraklagan ko‘yi tobutsozga yaqinlashdi.

– Bu qizim bo‘ladi, – dedi kampir telbanamo bir qiyofada ko‘z qisib, boshi bilan marhuma tomonga ishora qilib, uning bu imo-ishorasi hozir bo‘lganlarga murdaning basharasidan ko‘ra dahshatliroq ta’sir qildi. – Ey xudoyim, ey Yaratgan egam! Qanday karomat bu! Buni men tuqqanman, o‘shanda yoshgina juvon edim, mana hozir ham shodon va soppa-sog‘man, u bo‘lsa muzdek, tosh qotib yotibdi! Ey xudoyim, xudoyim, karamingni ko‘rib, yoqangni ushlaysan: xuddi tomosha, ha, naq tomoshaning o‘zginasi-ya!

Ushbu ayanchli xilqat toki etni junjitgudek shodonlikka berilib, yamlanib, ming‘irlab hiringlar ekan, tobutsoz ishini bitirib, eshikka qarab yurdi.

– Shoshmang! – dedi kampir hirqirab. – Qachon ko‘mishadi uni – ertagami, indingami yoki bugun kechqurunmi? Uni ko‘mishga tayyorlab, o‘zim yuvib-tarab, o‘zim kiyintirdim, bilsangiz, tobut ortida ham o‘zim borishim kerak. Menga kattaroq yopinchiq berib yuboring – qalin, issiqroq bo‘lsin, havo savil ham izillatib turibdi. Yo‘lga tushishdan oldin bo‘lsa somsa yeb, musallas ham ichishimiz kerak-ku! Hah mayli! Non berib yuboring – ko‘mach bilan ko‘zada suv… Jon bolam, non yuborasizmi? – sabrsizlik bilan so‘radi kampir tobutsoz yana eshikka qarab yura boshlaganida uning paltosini changallab.

– Xo‘p, xo‘p, – dedi tobutsoz. – Albatta. Nimaniki istasangiz, hammasi muhayyo bo‘ladi-da!

U yulqinib kampirning changalidan xalos bo‘ldi-yu, Oliverni yetaklaganicha shosha-pisha chiqib ketdi.

Ertasi kuni (bu borada marhumaning oilasiga yordam ko‘rsatilgan, mister Bambl ikki funt non bilan bir bo‘lak pishloqni o‘z qo‘li bilan eltib bergandi). Oliver xo‘jasi bilan g‘aribona boshpanaga kirib kelganida tobutni ko‘tarib borish uchun mehnat uyidan to‘rt kishini boshlab kelgan mister Bambl shu yerda ekan. Kampir bilan kechagi erkak chuvrindi kiyimlari ustidan ilvirab turgan yopinchiqlarni tashlab olishdi, keyin ustiga hech qanday mato sirilmagan tobutning qopqog‘ini mixlashlari bilanoq tobutkashlar tobutni yelkalariga oldilar-u, ko‘chaga olib chiqdilar.

– Ana endi ildamroq qadam tashlang, xonim afandi, – deya kampirning qulog‘iga shivirladi mister Sauyerberi. – Kechikyapmiz, kashishni kuttirib qo‘yish yaxshimas. Qani olg‘a, yigitlar, tezroq qimirlanglar!

Ana shunday buyruqdan so‘ng tobut ko‘targanlar yep-engil yukni lipillatgancha yo‘rg‘alay ketishdi, marhumani kuzatuvchi ikki azador esa kuchlari boricha ulardan ortda qolib ketmaslikka urinishardi. Mister Bambl bilan Sauyerberi oldinda shaxdam odimlar, oyog‘i xo‘jasinikidan xiyla kalta bo‘lgan Oliver esa yon tomonda chopqillab borar edi.

Darvoqe, mister Sauyerberi taxminining aksicha, shoshilishning hojati yo‘q ekan, zotan, ular qabristonning qavm uchun ajratilgan tashlandiq, qichitqi o‘t bilan qoplangan xilxonasiga yetib kelishganida ruhoniy ko‘rinmasdi, cherkov buyumlari saqlanadigan ombordagi kamin oldida o‘tirgan klerk1515
  Klerk – biror mahkama xizmatchisi. (Tarj.)


[Закрыть]
, u biror soatlardan keyin kelishi ham mumkin, deb aytdi. Shu sababli tobutni qabr qirg‘og‘iga qo‘yishdi, ikkala azador esa simillab yog‘ayotgan muzdek yomg‘ir ostida, botqoqda tikka turgan ko‘yi sabr-toqat bilan kuta boshlashdi, qabristonga bo‘lajak tomoshani ko‘rgani kelgan juldur bolakaylar esa shovqin-suron solib, qabr toshlari orasida berkinmachoq o‘yinini boshlab yuborishdi, keyin yangicha ermak topib, tobut ustidan sakrashga tushishdi. Mister Sauyerberi va Bambllar klerk bilan kamin oldida gazeta o‘qib o‘tirishdi.

Nihoyat, biror soatlar o‘tgach, mister Bambl, Sauyerberi va klerklar paydo bo‘lib, qabr tomonga chopib kelaverishdi. Tezda ular ketidan ruhoniy ko‘rindi, u yo‘l-yo‘lakay jubbasini kiyib kelardi. Keyin mister Bambl odob saqlashga undab ikki-uch bolakayni kaltakladi, ruhoniy esa to‘rt daqiqa ichida janozani yumaloq-yostiq qildi-yu, jubbasini klerkka tutqazib, yo‘liga ravona bo‘ldi.

– Qani, Bill, – dedi Sauyerberi go‘rkovga, – tuproqni tortavering.

Bu unchalik qiyin ish emasdi: qabrga talaygina tobut ustma-ust qo‘yilganidan eng tepadagi tobut bilan yer yuzasining oralig‘i atigi bir necha futgina kelardi. Go‘rkov hash-pash deguncha go‘rga tuproqni tortib bo‘lib, ustidan tepkiladi-da, belkuragini yelkasiga qo‘yib, tomosha birpasda tugab qolganiga achinib shovqin sola boshlagan bolakaylarni ergashtirib jo‘navordi.

– Bora qoling, birodar, – dedi Bambl, marhumani kuzatib kelgan erkakning kiftiga qoqib. – Hozir mozoriston darvozasini berkitib qo‘yishadi.

Qabr qirg‘og‘iga qadam qo‘yganidan beriga qilt etmay qotib turgan erkak seskanib tushdi, boshini ko‘tarib, o‘ziga gapirayotgan kishiga qaradi, keyin bir necha odim tashladi-yu, behush bo‘lib guppa quladi. Dardi-dunyosi yopinchiq bilan band bo‘lgan telba kampir (yopinchiqni egnidan tobutsoz allaqachon yechib olgandi, shu tobda erkakka e’tibor beradigan holatda emasdi. Shu boisdan ham unga krujkada muzdek suv sepishdi, ko‘zini ochgach esa, eson-omon qabristondan yetaklab olib chiqib qo‘yishdi, so‘ngra darvozani qulflab, har tarafga tarqab ketishdi.

– Xo‘sh, Oliver, qalay, bu ishlar yoqdimi senga? – so‘radi Sauyerberi uyga qaytishda.

– Tuzuk, minnatdorman sizdan, ser, – javob qildi Oliver botinqiramayroq. – Unchalik emas, ser.

– Vaqt-soati bilan ko‘nikib ketasan, Oliver, – dedi Sauyerberi. – O‘rganib ketganingdan keyin parvo ham qilmay qo‘yasan.

Oliverning mister Sauyerberidan, o‘zingiz to ko‘nikkuningizcha ko‘p vaqt o‘tganmi, deb so‘ragisi kelib turgandi-yu, biroq bu savolni bermay qo‘ya qolganim ma’qul, degan qarorga keldi va do‘konga yetgunicha jamiki ko‘rgan hamda eshitgan narsalari to‘g‘risida mulohaza yuritib bordi.

OLTINCHI BOB
NOENING MASXARALASHLARI JONIGA TEKKAN OLIVER AMALIY HARAKATGA O‘TIB, UNI G‘OYATDA HAYRATGA SOLGANI

Bir oylik sinov muddati tugab, Oliver rasman shogirdlikka qabul etildi. Bu paytda yilning kasalliklar quturadigan ajoyib pallasi edi. Tijorat-u savdo tilida so‘zlaydigan bo‘lsak, tobutning bozori chaqqon edi, shu sababdan Oliver bir necha hafta orasida katta tajriba orttirdi. Mister Sauyerberining ayyorona rejasi u orzu qilganidan ko‘ra xiyla ortiqroq muvaffaqiyatli chiqdi. Qizamiqning bunchalik quturgani va go‘daklar yostig‘ini bunchalik quritganini qari-qartanglar ham eslolmadilar; lentasining uchi tizzasiga tushib turadigan shlyapa kiygan mitti Oliver shahardagi jamiki onalar qalbini kuydirib, ularni ta’rifga sig‘maydigan bir tarzda hayratga solib, ana shu motam marosimlarining boshida bo‘ldi. Shuningdek, Oliver risoladagidek benuqson, tobutsoz uchun non-u suvdek zarur bo‘lgan, qanday vazmin-u bosiq qiyofaga kirish va o‘zini qanday tutish san’atini egallamoqlik niyatida xo‘jasi bilan birga kattalarning dafn marosimida ham qatnashib turardi, shu sababli u ba’zi metin irodali kimsalarning judolik va g‘am-anduh sinovlariga qandayin itoatkorlik hamda sabot-matonat bilan dosh berayotgan hollarini ozmuncha kuzatmadi.

Mana, masalan, Sauyerberi birorta behisob jiyan-u jiyanchalari qurshovida bo‘lgan keksa badavlat xonim yoxud jentlmenning dafn marosimi uchun buyurtma oldi, deng. Bemor dard azobini chekib yotgan butun kasallik davomida chinakamiga qayg‘urgan va hatto begonalar ko‘zi oldida ham beqiyos g‘am chekkan xuddi o‘sha xonimlar o‘z davralari orasida o‘zlarini juda yaxshi his qilishadi, go‘yoki oromlarini buzadigan hech gap sodir bo‘lmagandek, o‘zaro sho‘x-shodon suhbat qurishar ekan, o‘zlarini nihoyatda beg‘am-u beparvo tutishadi. Erkaklar ham o‘z rafiqalaridan judo bo‘lishdek g‘amga mardona xotirjamlik ila chidaydilar. O‘z navbatida, xotinlari erlariga aza tutib, qora kiyar ekanlar, ushbu motam libosida nafaqat g‘am chekib, kuyunmaydilargina emas, balki xuddi aza libosining bejirim-u nafis bo‘lishi va o‘zlariga yarashishi tashvishini qilayotganga o‘xshaydilar. Shuningdek, yana dafn marosimi paytida qattiq iztirob chekkan xonimlar va jentlmenlarning uyga qaytishlari bilanoq o‘zlariga kelishlarini hamda choy ichish marosimi nihoyasiga yetmayoq butunlay xotirjam tortib qolishlarini ham payqash mushkul emasdi. Bularning barisining shohidi bo‘lish bag‘oyat ko‘ngilli va ibratli edikim, Oliver ushbu hangomalarni zo‘r zavq-shavq-la kuzatar edi.

Garchi kamina Oliverning tarjimayi holini bitguvchi mirzo bo‘lsam hamki, go‘yo o‘shanday saxovatli odamlarning ibrati uni taqdirga tan berishga o‘rgatdi, deya ma’lum darajada appa-aniq tasdiqlayolmayman, biroq shu narsani uzil-kesil ayta olamankim, u talaygina oylar mobaynida Noe Kleypolning masxaralashlari-yu xo‘rlashlariga itoatkorlik bilan toqat qilib keldi; zotan, o‘zidek eski shogird boyagiboyagidek shapkasini chakkasiga dol qo‘ndirib, teri ishton kiyib yurgan bir paytda yangi shogirdning qora hassacha-yu lentali shlyapaga ega bo‘lishi hasad uyg‘otgandi unda. Sharlottning Oliver bilan munosabati yomon edi, negaki unga nisbatan Noening munosabati yomon edi-da, missis Sauyerberi esa hanuz uning ashaddiy g‘animi bo‘lib qolavergan edi, chunki mister Sauyerberi bola bilan do‘stlashishga tayyor edi; qisqasi, bir tarafdan ana shu to‘rt kimsa, bir tarafdan son-sanoqsiz dafn marosimlari orasida qolgan Oliver o‘zini pivopazlikda yanglishib don omboriga qamab qo‘yilgan och cho‘chqa misoli huzur-halovatda his etmayotgan edi chog‘i.

Ana endi kamina Oliver tarixining eng muhim lavhasini ta’riflashga o‘tadilar, zero, kaminaning oldilarida, garchand tagi puch hamda ahamiyatsiz ko‘rinsa-da, bolaning butun ishlari-yu istiqboldagi umid-orzularini tubdan o‘zgartirib yuboradigan voqeani so‘zlab bermoq vazifasi turibdi.

Kunlardan bir kuni Oliver bilan Noe odatdagidek tushlik paytida qo‘y etidan tanovul qilgani pastga – oshxonaga tushishdi, bu eng Xudo urgan, bir yarim funt keladigan et parchasi edi. Ayni paytda, Sharlottni oshxonadan chaqirib qolishgan edi, och, jahli chiqib turgan Noe Kleypol bu qisqagina muddatdan foydalanib, kichkina Oliver Tvistning jig‘iga tegib, unga azob berib, huzurlanishga ahd qildi.

Noe o‘zi o‘ylagan ana shu jo‘ngina ermakni boshlash xayolida oyog‘ini dasturxon yozig‘liq stolga qo‘yib, Oliverning sochidan tortdi, qulog‘ini cho‘zg‘iladi va unga, «yaltoq, xushomadgo‘ysan», dedi; keyin qachon bo‘lmasin bir kun kelib uni dorga tortishlarini ko‘rib, lazzatlanish istagi borligini aytdi, yana tag‘in yetimxonadan chiqqan o‘taketgan yovuz niyat hamda buzuqi boladangina kutish mumkin bo‘lgan achchiq-tizziq, qo‘lansa gaplarni qatorlashtirib tashladi. Biroq bu masxaralashlaridan birontasi kutgan mo‘ljaliga tegmagach – Oliverni yig‘lata olmagach – Noe yanada zaharroq gaplar bilan achitishga urinib, o‘zidan ko‘ra ancha-muncha ko‘proq dong taratgan pastkash askiyabozlar birovning ustidan kulishni istaganlarida to hozirgi kungacha qo‘llab keladigan usulga o‘tdi. U shaxsiyatga tega boshladi.

– Qavm ko‘ppakvachchasi, – dedi Noe, – onangning ahvoli qalay?

– U o‘lgan, – javob berdi Oliver. – U to‘g‘risida gapirmang.

Shunday derkan, Oliver qizarib ketdi, entikib-entikib nafas olib, labi va burun kataklari g‘alati bir tarzda pirpirab ucha boshladi, ana shu alomatlar mister Kleypolning fikricha shaksiz ho‘ngrab yig‘lab yuborishning dalolati edi. Xuddi ana shunday o‘y taassurotida bo‘lgan Noe yana ishga kirishdi.

– Nimadan o‘lgan u, qavm ko‘ppakvachchasi? – so‘radi Noe.

– Qari enagalarning aytishicha, yuragi yorilishidan, – dedi Oliver Noening savoliga javob qayta rishdan ko‘ra ko‘proq ovoz chiqarib o‘ylayotgan bir qiyofada. – Nazarimda, yuragi yorilib o‘lish qanaqa bo‘lishiga aqlim yetib turibdi!

– Voy seni qara-yu, qavm ko‘ppakvachchasi! – xitob qildi Noe Oliverning yonoqlaridan yosh yumalarkan. – Nima ko‘zingdan yosh chiqarib yubordi?

– Yosh chiqargan siz emas, – javob berdi Oliver shosha-pisha yoshlarini artib. – Gerdaymay qo‘ya qoling!

– Hali shunaqami, menmasmi? – jig‘iga tegdi Noe.

– Shunaqa, siz emas! – ters javob qildi Oliver. – Endi bo‘ldi. Oyimlar to‘g‘risida og‘zingizni ocha ko‘rmang. Yaxshisi, butunlay gapirmang!

– Yaxshisi, butunlay gapirmangmish-a! – deya hayqirdi Noe. – Hali shunaqami! Yaxshisi, butunlay gapirmang, de! Voy qavm ko‘ppakvachchasi-yey, juda surbet ekansan-ku! Onangmi, juda qoyil xotin bo‘lgan ekan-da, nimasini aytasan! Yo Tangrim-a! Shunda Noe ma’nodor qilib bosh irg‘ab qo‘ydi-da, mittigina qip-qizil burnini jiyirdi.

– Bilasanmi, qavm ko‘ppakchasi, – Oliverning indamay turishidan dadillanib, masxaraomuz, yasama hamdardlik ohangida gapira boshladi, – hozir buni tuzatib bo‘lmasligini bilasanmi o‘zing, ey qavm ko‘ppakvachchasi, keyin o‘sha paytdayam sen yordam berolmasding baribir, bundan judayam xafaman-da. Turgan gap, hammamiz xafamiz, senga judayam achinamiz. Lekin sen, qavm ko‘ppakvachchasi, onang g‘irt fohisha bo‘lganini bilishing kerak-ku, axir.

– Nima dedingiz? – seskanib tushib, qaytarib so‘radi Oliver.

– G‘irt fohisha bo‘lgan, bildingmi, qavm ko‘ppakvachchasi, – deya takrorladi Noe sovuqqonlik bilan. – Innaykeyin, hoy qavm ko‘ppakvachchasi, o‘sha paytda o‘lib ketgani yaxshi bo‘lganini bilasanmi, yo‘qsa Brayduel1616
  Brayduel – XVII asr solnomachilarining yozishicha, unda qamalib yotish «o‘limdan battar»ligi bilan mashhur bo‘lgan qadimiy axloq tuzatish qamoqxonasi. Bu qamoqxona 1864-yildagina buzib tashlangan.


[Закрыть]
da og‘ir ishni bajarishiga yoki okean ortiga jo‘nashiga, yo dorda lapanglab yotishiga to‘g‘ri kelardi, hammasidan aniqrog‘i – oxirgisi bo‘lardiyov!

G‘azabdan qizarib-bo‘zargan Oliver sapchib turib, stol bilan stulni ag‘darib yubordi-yu, Noening bo‘g‘ziga chang solib, uni shunday silkidiki, askiyabozning tishlari taraklab ketdi, keyin bor kuchini mushtiga to‘plab, bir tushirishda oyog‘ini osmondan keltirdi-qo‘ydi.

Bir soniyagina muqaddam mazkur bolakay yuvosh, mo‘mintoy, urib-so‘kishlar ezib qo‘ygan bir g‘arib-u bechoraday tuyulardi. Biroq uning ruhi-kayfiyati nihoyat junbishga keldi: marhuma onasi sha’niga aytilgan achchiq haqoratlar uning qonini qizdirib yubordi. Ko‘ksi yuqori ko‘tarildi; butun gavdasini rostladi; ko‘zlari yonardi; oyoqlari ostida g‘ujanak bo‘lib yotgan qo‘rqoq sitamgari tepasida ko‘zlari g‘azab-la chaqnab, shu tobgacha ayon bermagan qat’iyat-la olishuvga chorlab turar ekan, u butunlay o‘zgarib qolgandi.

– Meni o‘ldirib qo‘yadi bu! – deya bo‘kirdi Noe. – Hoy, Sharlott! Bekajon! Yangi shogird meni o‘ldirmoqchi! Yordam beringlar! Yordam beringlar! Oliver jinni bo‘p qoldi! Hoy,Sharlott!

Noening faryodiga javoban Sharlott dod soldi, missis Sauyerberi undan ham balandroq bo‘kirdi; qiz oshxonaga biqin eshikdan otilib kirdi, beka bo‘lsa toki pastga tushsa inson hayotiga zarracha xavf tahdid solmayotganiga ishonch hosil qilmagunicha zinada turib qoldi.

– Voy yaramas! – chiyilladi Sharlott taxminan o‘zini yaxshi tarbiyat qilgan baquvvat erkakning quvvatiga teng keladigan bor kuchini to‘plab, Oliverga yopishgancha. – Voy nonko‘r jinqarcha-yey, qon-n-xo‘r, jirkanch yaramas-ey!

Har bo‘g‘in-u har so‘z orasida Sharlott Oliverga jon-jahdi-la musht tushirar, butun jamoatga huzur baxsh etib, har urganida chiyillab qo‘yardi.

Sharlottning mushti xiyla zalvorli edi, ammo quturib ketgan Oliverni yuvoshlantirish uchun mushtning o‘zi kamlik qilmasa edi degan xavfda missis Sauyerberi oshxonaga otilib tushdi-yu, bir qo‘li bilan Oliverni ushlab, ikkinchisi bilan uning aftini yumdalagancha, Noening o‘zini o‘nglab olishiga yordamlashdi. Ishning o‘z foydasiga ko‘chganini ko‘rib, Noe yerdan turdi-da, Oliverning kuragiga mushtlay ketdi.

Bunday g‘ayrat-u shijoat ko‘rsatishda ushbu mashg‘ulot ko‘pga bormasdiyov. Darhaqiqat, ular kuchdan tolib, do‘pposlash va yumdalashdan charchab, hadeb baqirib-chaqirib yulqinayotgan, lekin tirnoqcha hayiqmagan Oliverni surgab borib, qaznoqqa qamashdi. Bu ish tugagach, missis Sauyerberi o‘zini kresloga tashladi-yu, yig‘lab yubordi.

– Voy xudoyim-a, o‘lib qoladi beka! – xitob qildi Sharlott. – Noe, jonginam, bir stakan suv bering! Tezroq!

– O‘, Sharlott! – dedi missis Sauyerberi havo yetishmayotgani, Noe boshi va kiftidan muzdek suv quyib yuborganiga qaramay dona-dona qilib gapirishga tirishib. – O‘, Sharlott, baxtimizdan o‘rgilayki, hammamizni yotgan joyimizda bo‘g‘izlab tashlamaganini ayting-a!

– Bo‘lmasam-chi! Bu – baxtimiz, missis, – tasdiqladi unisi. – Ishonamanki, bu xo‘jayinga saboq bo‘ladi, bundan buyon tug‘ilganidayoq peshonasiga qotillig-u talonchilik bitilgan bunaqangi razil nusxalarni ishga olmaydigan bo‘ladi. Bechora Noe! Men kirib kelganimda, missis, uning joni uzilay-uzilay deb qolgan ekan-a.

– Sho‘rlik! – dedi missis Sauyerberi unga achinib qaragancha.

Nimchasining tepadagi tugmasi taxminan Oliverning boshiga to‘g‘ri keladigan Noe, toki ayollar ana shunday hamdardona gaplarni aytar ekanlar, kaftlari bilan ko‘zlarini ishqagancha, ayanchli piqillab turdi, ko‘zidan zo‘rma-zo‘raki bir necha tomchi yosh chiqardi.

– Endi nima qildig-a! – xitob etdi missis Sauyerberi. – Xo‘jayin uyda emas, boz ustiga uyda biron erkak zoti yo‘q, o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas anavi yaramas eshikni buzib chiqadi-ku bu yoqqa!

Oliverning hozirgina tilga olingan bir parchagina taxtani jon-jahdi bilan tepkilayotgani bamisoli bu taxminning nihoyat darajada rostga aylanishining dalolatiday tuyulardi.

– Voy xudoyim-ey! – dedi Sharlott. – Nima qilishniyam bilmay qoldim, missis… Politsiyaga odam yuborsakmikan-a?

– Yoki askarlarga! – deya taklif qildi mister Kleypol.

– Yo‘q! – dedi missis Sauyerberi Oliverning eski oshnasini eslab. – Noe, mister Bamblning huzuriga yuguring, unga aytingki, biron daqiqayam kechikmay bu yerga darrov yetib kelsin! Shapkangizni qidirib, vaqtni ketkazmang! Tezroq! Chopib keta turib, ko‘kargan qovog‘ingizga pichoqning yuzini bosib borsangiz bo‘ladi. Shishi qaytadi.

Noe javob qaytarib fursatni o‘tkazib o‘tirmadi-yu, oyog‘ini qo‘liga olgancha yugura ketdi. Ko‘chadagi olomon orasidan o‘ziga yo‘l ochib, bosh yalang, buklama pichog‘ini qovog‘iga bostirib ushlagancha chopib borayotgan g‘aribxona bolasini ko‘rgan yo‘lovchilarning qanchalik taajjublanganlarini asti qo‘yaverasiz.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации