Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 14


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 14 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

YIGIRMA BIRINCHI BOB
SAFAR

Ular ko‘chaga chiqqanlarida xafagazak, rutubatli tong edi: shamol esar, yomg‘ir yog‘ar, ko‘k betini badqovoq qora bulut qoplab olgandi. Yomg‘ir tun bo‘yi yog‘ib chiqqandi – tosh ko‘chada katta-katta ko‘lmag-u halqoblar ko‘l-ko‘l bo‘lib yotar, tarnovlardan sharillab suv tushardi. Yorishib kelayotgan kunning shirava yorug‘i mungli manzarani beshbattar hazinlashtira borardi; nimtatir yorug‘likda ko‘chadagi fonuslar xira tortib, shalabbo tomlar-u zim-ziyo ko‘chalarga iliqlig-u yorqinlik baxsh etolmasdi. Shaharning bu qismida hech zog‘ uyg‘onmagandi chog‘i: jamiki uylarning deraza qopqoqlari yopig‘liq, ular o‘tib borayotgan ko‘chalar esa jimjit va kimsasiz edi.

Ular Betnel-Grin-Roudga burilgan paytlarida kun tamoman yorishib bo‘lgandi. Fonuslarning aksari o‘chirilgan edi. Londonga qarab bir nechta qishloq aravalari imillab kelayotgandi; onda-sonda loyga belangan usti berk aloqa aravalari taraqlagancha o‘tib qolar, shunda haydovchi ko‘chaning xuddi o‘sha tomonida imirsilab kelayotgan aravakashni ogohlantirib, qamchi bilan siylab qolardi, negaki, buning oqibatida u idorasiga chorak daqiqa kechikib borishi mumkin edi-da, axir. Qovoqxonalar allaqachon ochilgan, ularda gazchiroq yonib turardi. Do‘konlarni ham ocha boshlashdi, unda-bunda yo‘lovchilar ham yo‘liqa boshladi. Keyin to‘da-to‘da bo‘lishib ishga ketayotgan usta-xalfalar paydo bo‘lishdi. So‘ng liq to‘la baliqli savatlarni boshlariga qo‘yib olgan erkag-u ayollar; sabzavot ortilgan eshakaravalar, tirik mol-u go‘sht ortilgan aravalar, chelak ko‘targan sutchi ayollar – shaharning sharqiy chekkasiga oziq-ovqat-u yeguliklarni tashmalab kelayotganlarning keti ko‘rinmay qoldi. Sitiga yaqinlagani sayin arava-ulovlarning taqir-tuquri avjga mina borardi; Shorditch bilan Smitfild oralig‘idagi ko‘chalardan o‘tayotganlarida bu shovqin guvullashga aylandi, chor-atrofni g‘ala-g‘ovur bosib ketdi. Kun butunlay yorishib bo‘ldi – endi bundan ortiq yorishmasligi tayin edi va London ahlining yarmi uchun ish boshlanadigan fursat yetdi.

San-strit va Kraun-stritni bosib o‘tib, Finsberi-skverni ortda qoldirgan mister Sayks Chizuel-strit bo‘ylab borib Barbikenga chiqdi, keyin Long-leynga, undan so‘ng Smitfildga o‘tar ekan, hamma yoqni Oliver Tvistni hayratga solgan quloqni batang qiluvchi tartibsiz g‘ala-g‘ovur tutib ketdi.

Bozor kuni edi. Oyoqlar naq to‘piqqacha loyga botgan; ho‘kiz va sigirlarning bo‘g‘riqqan sag‘risidan ko‘tarilgan quyuq bug‘ bamisoli mo‘rilarda dam olgan tuman bilan qorishib, og‘ir bulut yanglig‘ bosh uzra muallaq suzadi. Kattakon maydonning o‘rtasidagi mol qamaladigan qo‘tonlarning jamikisi, shuningdek, bo‘sh joydagi vaqtincha qo‘tonlar ham qo‘y-qo‘zilar bilan tirband; novlar yoqalab uch-to‘rt qator bo‘lib tizilib ketgan ustunlarga buqalar-u bo‘lak qoramollar bog‘langan. Dehqonlar, qassoblar, mol haydovchilar, chorbozorchilar, bola-baqralar, o‘g‘rilar, bekorchilar va ming bir xil daydi-sayoqlar aralash-quralash bo‘lib ketgan; har tomondan mol haydovchilarning hushtaklari, itlarning akillashi, buqalarning mo‘rashi, qo‘y-qo‘zilarning ba’rashi, cho‘chqalarning hurillashi-yu chiyillashi, chorbozorchilarning qichqiriqlari, baqir-chaqir, qarg‘ash-u so‘kishlar eshitiladi; qo‘ng‘iroqchalarning jingillashi, har bir qovoqxonadan toshib chiqayotgan g‘ala-g‘ovur, tiqilinch, itar-itar, nari sur-beri sur, urish-to‘polon, bozorning to‘rt tarafidan dam-badam kelib turgan hayqirig‘-u dod-faryod, chinqiriq, u yoqdan-bu yoqqa tanda qo‘yib, izg‘iyotgan, yuz-qo‘li – suv, soch-soqoli ustara ko‘rmagan, ayanchli va isqirt odamlar – jami qo‘shilib-qorishib, kishini dovdiratib, gangitib, karaxt etib qo‘ygudek ta’sir qilardi.

Oliverni surgab ketayotgan mister Sayks tirsaklari bilan olomon orasidan yo‘l ochib borar, bolaning qulog‘ini tom bitqizib, ko‘zlarini hayratga solayotgan jamiki narsaga unchalik parvo qilmasdi. Ikki yo uch marta yonidan o‘tib borayotgan oshnalari bilan bosh qimirlatib salomlashdi-yu, bir qadahgina ertalabki nasibasini otib ketish haqidagi takliflarini rad etib, to olomon orasidan yorib chiqib, Xouzer-Leyndan Xolbornga qarab yo‘lga tushmagunlaricha sabot-la olg‘a intilaverdi.

– Qani, bolakay, tezroq, – dedi Sayks Sent-Endryu ibodatxonasining soatiga ko‘z tashlab qo‘yarkan, – hademay yetti bo‘ladi. Tezroq qadam tashla! Oyog‘ini sudrab bosadi-ya, yalqov!

Mister Sayks ana shunday deya turib mitti hamrohining qo‘lini bir siltab tortdi; Oliver kuchi yetganicha tomteshar o‘g‘rining ildam qadamiga moslashishga tirishardi; u – tez desa tez yuribmas, yugurib desa, yuguribmas, lo‘killab borardi.

Ular toki Xayd-park muyulishidan o‘tib, Kensingtonga burilmagunlariga qadar odimlarini sekinlatishmadi; shu yerga yetgach, Sayks to orqalarida kelayotgan bo‘sh arava ularni quvib o‘tmagunicha sekinroq yurdi. U aravadagi «Xaunslo» degan yozuvni ko‘rib, aravakashdan imkoni boricha muloyimlik bilan, bizni Ayluortgacha eltib qo‘ymaysizmi, deb so‘radi.

– Chiqinglar, – dedi aravakash. – O‘g‘lingizmi bu?

– Ha, – dedi Sayks Oliverga qattiq tikilib va beo‘xshovlik bilan qo‘lini to‘pponchali cho‘ntagiga suqib.

– Otangning qadami kattalik qilarkan senga, tez yurarkan-a? Gapim to‘g‘rimi, yigitcha? – dedi aravakash Oliverning harsillayotganini ko‘rib.

– Hecham-da, – gapga aralashdi Sayks. – Bunga o‘rganib ketgan u. Qo‘limdan ushla, Ned. Qani, chiqa qol!

U Oliverga shunday deb, bolaning aravaga chiqishiga yordamlashdi, aravakash esa bo‘sh qoplar uyumiga ishora qilib, ustiga yonboshlab, nafasini rostlab olishini aytdi.

Ular yo‘l chetidagi ustunlar yonidan o‘tib borishar ekan, hamrohim qayoqqa olib ketyapti meni o‘zi, deb Oliverning tobora taajjubi orta bordi.Kensington, Xamersmit, Chizuik, Kyu-Brij, Brentford orqada qoldi, shunga qaramasdan ular, xuddi hozirgina yo‘lga chiqqandek, jahd-la olg‘a qarab borishardi. Nihoyat, ular «Foytun va otlar» deb ataluvchi qovoqxona yoniga yetib kelishdi; undan sal o‘tilgach, yo‘l ikkiga ayrilardi. Arava shu yerda to‘xtadi.

Sayks Oliverning qo‘lini qo‘yib yubormagani holda, shosha-pisha aravadan tushdi; bolani ko‘tarib olib yerga tushirdi-da, unga olayib qarab, kafti bilan yon cho‘ntagini ma’nodor tarzda to‘pillatib urib qo‘ydi.

– Xayr, bolakay, – dedi aravakash.

– Arazlayapti, – javob qildi Sayks Oliverni siltab. – Dimoq-firoq qilyaptilar! Voy tirmizag-ey! Qo‘yavering, parvo qilmang, bunga.

– Parvo qilaman deb ko‘zim uchib turganakanmi bunga? – deb qo‘ydi aravakash aravasiga o‘tirayotib. – Lekin bugun havo juda ajoyib bo‘lyapti-da.

Shunday deb, u o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.

Sayks to u xiyla olislab ketgunicha kutib turdi-da, Oliverga agar xohlasa, atrofni tomosha qilib borishi mumkinligini aytib, uni olg‘a yetaklab ketdi.

Qovoqxonadan o‘tilgach, u chapga, so‘ngra o‘ngga burildi. Uzoq yurishdi – bog‘-rog‘li katta-katta qo‘ra-yu hovlilar ortda qoldi; yo‘l-yo‘lakay pivo ichish uchun bir zumgina to‘xtashardi, shu tariqa oxiri shaharga yetib kelishdi. Shu yerga yetganda Oliverning qaysidir uyning devoridagi yirik-yirik harflar bilan «Xempton» deb yozilgan lavhaga ko‘zi tushdi.

Bir necha soat shahar atrofidagi dalalarda sandiroqlab yurishdi. Nihoyat, shaharga qaytib, lavhasi o‘chib ketgan ko‘hna qovoqxonaga kirishdi-da, o‘choq oldiga joylashib, tushlik ovqat buyurishdi.

Shifti past, ko‘ndalangiga yo‘g‘on xari tashlangan zax xona, o‘choq qarshisiga suyanchig‘i baland kursilar qo‘yilgan, ularda korjoma kiygan, ko‘rinishi qo‘polroq odamlar o‘tirishibdi. Ular Oliverga e’tibor ham berishmadi, Sayksga nomigagina qarab qo‘ygan bo‘lishdi; bir burchakda o‘zining yosh hamrohi bilan xo‘randalardan zarracha qisinib-tortinmay o‘tirishidan Sayksning ham ularga unchalik parvo qilmayotgani ko‘rinib turardi.

Tushlikka yaxna go‘sht yeyishdi, ovqatdan keyin ham uzoq o‘tirib qolishdi, bu orada mister Sayks uch-to‘rt marta trubkasini huzur qilib buruqsitib kayf qildi. Shunda Oliverning endi bundan nariga bormasliklariga deyarli shubhasi qolmadi. Kallayi saharlab turib, shuncha yo‘l yurib, sillasi qurigan bolani mudroq bosa boshladi; keyin charchoq va tamaki tutuni ta’sirida uxlab qoldi.

Uni Sayks turtib uyg‘otganida qosh qorayib bo‘lgandi. U uyquni qochirib, qaddini rostlab o‘tirdi, atrofga alanglab, muhtaram jentlmenning qandaydir bir ishchi bilan pivo ustida ulfatchilik qilayotganini ko‘rdi.

– Shundoq qilib, Louer-Xalifordga ketyapman deng? – so‘radi Sayks.

– Shundoq, – tasdiqladi yigit, go‘yo u qittak otganidan o‘zini sal yomon his qilayotganga (balki aksincha, tuzukroq sezayotgandir) o‘xshardi, – innaykeyin desangiz, tezda yo‘lga chiqaman. Otim yuksiz qaytadi – ertalabkidaqangi emas, yo‘rg‘alab ketadi. Keling, uning salomatligiga ichamiz! Ura! O‘ziyam asl ot-da!

– Men bilan bolakayimni ola ketmaysizmi? – so‘radi Sayks pivoni yangi ulfatining oldiga yaqinroq surib qo‘yarkan.

– Ola ketganda qandoq, faqat hoziroq yo‘lga tushishga tayyor bo‘lsanglar, – javob qildi yigit pivoli krujka orqasidan qiyshayib qarab. – Xalifordga borasizmi?

– Shepertonga, – javob qaytardi Sayks.

– Eltib qo‘yaman… – takrorladi yigit. – Hisob-kitob to‘g‘ri bo‘ldimi, Beki?

– Ha, manavi jentlmen to‘ladi, – dedi qiz.

– E yo‘q! – xitob qildi yigit kayfi oshib qolgan odamday gerdayib. – Xo‘-o‘sh, bilasizmi, bunaqasi ketmaydi.

– Nimaga endi? – e’tiroz bildirdi Sayks. – Siz bizning hojatimizni chiqaryapsiz, qars ikki qo‘ldan chiqadi-da, shuning uchun men ham sizni jindekkina pivo bilan ziyofat qilmoqchiman.

Yangi tanish mazkur gap ustida bag‘oyat donishmandona bir qiyofada bosh qotirib turgan bo‘lsada, keyin Sayksning qo‘lini olib, juda ajoyib ulfati yigit ekansiz, dedi. Uning bu gapiga javoban mister Sayks, hazillashyapsiz, deb qo‘ydi; bashartiki, yigit shu tobda hushyor bo‘lganida, u shunday gumon qilsa asosli bo‘larmidi?

Bir necha og‘iz iltifot-u takallufotdan so‘ng, ular boshqalarga xayrli tun tilab, chiqib ketishdi; xizmatkor qiz ko‘za va stakanlarni yig‘ishtirib, ularni ko‘targanicha yo‘lga otlanganlarni kuzatib qolgani eshik yoniga keldi.

O‘zi yo‘g‘ida sog‘lig‘iga qadah ko‘tarilgan, aravaga qo‘shib bo‘lingan ot uyning oldiginasida turardi. Oliver bilan Sayks ortiqcha mulozamatsiz aravaga chiqib olishdi, ot egasi esa tulporiga dalda berish hamda otboqarga va butun olamga tengi yo‘q ot ekanini dalolat qilmoqlik uchun bir daqiqagagina hayallab qoldi. Keyin otboqarga otni qo‘yib yuborish amr etildi, ushbu farmoyish ado etilganida esa ot o‘zini g‘oyatda telbalarcha tutib, beqiyos nafrat-la boshini silkitib, qarshi tomondagi uyning derazasiga suqdi, ana shu jasoratdan keyin ikki oyog‘ini ko‘tarib tikka turdi-da, so‘ngra kuchi boricha, shasht bilan, aravani taraqlatgancha shahardan naq uchib chiqib ketdi.

Zimiston shom pallasi. Anhor-u yaqindagi botqoqliklardan nam tuman ko‘tarilib, mungli dalalar uzra pag‘a-pag‘a bo‘lib suzib yuribdi. Izg‘irin suyak-suyakdan o‘tib ketadi. Hamma yoq qop-qora va hazinlik og‘ushida. Hech kimdan sado chiqmaydi: aravakashni uyqu eltyapti, Sayksning esa uni gapga solgisi yo‘q. Noxush tuyg‘udan ko‘ngli g‘ash tortib, vahima iztirobida qolgan Oliver g‘ujanak bo‘lib, ara vaning bir burchiga tiqilib olgan, shox-shabbalari bamisoli hazin manzara qo‘ynida lazzat topayotgandek g‘amgin chayqalib turgan so‘lg‘in daraxtlar ko‘ziga galati jonivorlar bo‘lib ko‘rinyapti.

Sanberi ibodatxonasi yonidan o‘tib borayotganlarida soat yettiga zang urdi. Ro‘parada, kirakash qayiqchining uyidagi bitta derazada chiroq ko‘rinar, o‘shandan yo‘lga yorug‘ tushib turar, buning oqibatida qabrlarga ko‘lanka tashlagan tis daraxtini yanada quyuqroq zulmat chirmab olganga o‘xshardi. Qayerdandir yaqin-oradan pastga otilayotgan suvning shovullashi eshitilar, qari daraxtning yaproqlari esa shabadada ohista shildirardi. Go‘yo bu marhumlarga orom-u osudalik baxsh etayotgan mayin musiqa edi.

Sanberi orqada qoldi, ular tag‘in kimsasiz, huvillagan yo‘lga chiqishdi. Yana ikki-uch milya yo‘l bosilgach, arava to‘xtadi. Sayks pastga tushib, Oliverning qo‘lidan ushlab oldi-yu, ular tag‘in yo‘lga tushishdi.

Holdan tolgan bolaning umidini chippakka chiqarib, Shepertonda bironta uyga kirmadilar, boyagi-boyagidek qorong‘ida loy kechib, mahzun qishloq yo‘llaridan yurib, sovuq, shamollarga bag‘ri ochiq yalang joylarni kesib o‘tib, to shahar chiroqlari yaqinginada ko‘rinmagunicha boraverishdi. Shunda Oliver tikilib qarab, oyoqlari ostiginasida suvni ko‘rdi va ko‘prikka yaqinlashayotganlarini tushundi.

Sayks hech yoqqa burilmay, to‘gri ko‘prik oldigacha bordi, keyin to‘satdan chapga, qirg‘oqqa qarab burildi. «U yoqda suv bor-ku! – xayolidan kechdi Oliverning, qo‘rquvdan dong qotib qoldi u. – Meni o‘ldirgani boshlab kelgan ekan-da, bu hech kim yo‘q joyga».

U jonini saqlab qolish harakatida o‘zini tappa yerga tashlashga chog‘langan ham ediki, birdan allaqanday tashlandiq, yarim xaroba uy yoniga yetib kelganlarini ko‘rib qoldi. Chirib bitayozgan pillapoyaning har ikki tomonida bittadan deraza bor edi; tepada – yana qavat, lekin hech yerida milt etgan chiroq ko‘rinmasdi.

Uy qop-qorong‘i, arang qaddini ko‘tarib turibdi, chamasi unda hech kim yashamasa kerak.

Sayks hamon Oliverning qo‘lini qo‘yib yubormay, pastakkina pillapoyaga astagina yaqinlab, lo‘kidonni ko‘tardi. Salgina itargandi, eshik ochilib, ichkari kirishdi.

YIGIRMA IKKINCHI BOB
DARCHA BUZIB QILINGAN O‘G‘RILIK

– Hey! – degan baland, xirildoq ovoz ular dahlizga kirgan zahotilariyoq eshitildi.

– Bo‘kirishning hojati yo‘q, – javob qildi Sayks eshikni yopayotib. – Mundoq chiroq-piroq yoqib yuborsangiz-chi, Tobi.

– E-ha! Axir, bu oshnam-ku! – qichqirdi yana o‘sha ovoz. – Chiroq, Barni, chiroq! Jentelmenni kutib ol… Iya, oldin o‘zlari uyg‘onib olsalar bo‘larmidi?

Aftidan, so‘zlayotgan kimsa avvaliga o‘zi murojaat qilayotgan odamga qarab, uyqusi tarqasin deb boshmoq kiyishda ishlatiladigan qoshiqchami yoki shunga o‘xshash biror nimani uloqtirdi chog‘i, negaki, allaqanday yog‘och buyum taraqlab tushdi, keyin esa uyqu bilan bedorlik oralig‘ida bo‘lgan bir zotning tushuniksiz g‘o‘ldiragani eshitildi.

– Eshityapsanmi, yo‘qmi? – surishtirishda davom etdi boyagi ovoz. – Bill Sayks dahlizda turibdi, uni hech kim qarshi olmayapti-ya; sen bo‘lsang xuddi ovqat ustida ko‘knori ichib olganday pishillaysan nuqul. Xo‘sh, o‘zingga keldingmi yo butunlay ko‘zing ochilishi uchun temir shamdon bilan tushirib qolaymi?

Shu so‘zlar aytilishi bilanoq yaydoq xona sahnida eski kavushning tez-tez shipillagani eshitilib, o‘ng tarafdagi eshik ortidan oldin lipillab yonayotgan sham, so‘ngra esa yuqorida ta’riflab o‘tilgan nusxa – Safren-Xilldagi qovoqxonaning manqa xizmatkorining o‘zi chiqib keldi.

– O, mister Sayks! – xitob qildi Barni samimiymi yoxud yasamami, har qalay, quvnoqlik bilan. – Marhamat qilsinlar, ser, marhamat!

– Qani, sen oldin kir, – dedi Sayks Oliverni olg‘a itarib. – Qimirla, bo‘lmasa tovoningni bosib olaman-a.

Sayks Oliverni imirsilagani uchun koyib, itarib yubordi va ular kaminini qurum bosgan, bir-ikkita siniq stul, stol va oyoqlarini boshidan balandroq qilib ko‘tarib, trubka so‘rib bir erkak uzala tushib yotgan shaloq divani bor pastakkina xonada ko‘rishdi o‘zlarini. Bu erkakning egnida tamaki tusli matodan bopta qilib tikilgan, yirik-yirik jez tugmali kamzul, zarg‘aldoqrang galstuk, dag‘al, darrov ko‘zga tashlanadigan chipor nimcha va odmi kalta cholvor bor edi. Mister Krekit (zotan, bu o‘sha kishi edilar)ning boshidagi sochlari ham, chakkalaridagi soqol-mo‘ylovlari ham siyrakkina, qizg‘ish tusli, naq shisha tiqinini ochadigan parma yanglig‘ qo‘ng‘iroq-qo‘ng‘iroq qilib burab qo‘yilgan bo‘lib, kattakon, arzongarov uzuklar taqilgan iflos barmoqlari bilan bot-bot tarab qo‘yardi. O‘zi o‘rta bo‘ydan xiyol balandroq, chamasi, oyog‘i picha zaifroq ko‘rinardi-yu, lekin bu narsa baland ko‘tarib yotgan qo‘nji uzun etiklarini ko‘z-ko‘z qilishiga aslo xalal bermasdi.

– Bill, oshnam! – dedi mazkur nusxa boshini eshik tomon burib qararkan. – Sizni ko‘rib, boshim osmonga yetdi. O‘ylagan rejamizdan qaytdingiz-mikin, deb cho‘chiy boshlagandim, unda tavakkal qilib yolg‘iz kirishardim-da. O‘ho‘!

Oliverni ko‘rib nihoyatda taajjublanganini ifodalovchi ushbu nidodan so‘ng mister Tobi Krekit buning kim-nima ekanini bilmoq uchun turib o‘tirdi.

– Bolakay, bor-yo‘g‘i bitta bolakay, – dedi Sayks stulni kaminga yaqinroq surarkan.

– Mister Fedjinning shogirdlaridan biri, – gapni ilib ketdi Barni miyig‘ida kulib.

– E-ha, Fedjinning degin-a! – dedi Tobi Oliverni nazardan o‘tkazar ekan. – Tozayam bemisl bolakay ekanmi – ibodatxonadagi jamiki kampirsho xonimlarning cho‘ntaklarini chip-chinniday qilib shilib ketishni bunaqangilar uchun hech qanaqangi qiyin joyi yo‘q! Bu mo‘mintoy Fedjinning itining tuvagini oltindan qilib yuboradi-ku!

– Bas-bas, yetar! – toqatsizlik bilan uning gapini bo‘ldi Sayks va oshnasi tomon engashib, uning qulog‘iga ikki og‘izgina shivirlagan edi, mister Krekit o‘zini tutolmay qah-qahlab yubordi-yu, Oliverga sinchkov hamda hayratomuz nigoh in’om etdi.

– Ana endi, – dedi mister Sayks boyagi joyiga o‘tirib, – bu yerda picha kutib turadigan bo‘lganimizdan keyin bizga biron yegulik va ichimlik beringlar, bu bizni tetiklantiradi – aqalli meni. Kaminga yaqinroq o‘tir, bolakay, damingni ol – unchalik uzoq bo‘lmasa ham, tag‘in kechasi yurishga to‘g‘ri keladi.

Oliver Sayksga pisibgina va unsiz hayrat-la qarab qo‘ydi; keyin kursisini o‘tga yaqin surib, boshini qo‘llariga qo‘ygan ko‘yi o‘tirdi – boshi og‘rib turardi, shu tobda uning qayerda ekani, atrofida nimalar bo‘layotganining fahmiga yetayotgan-yetmayotgani dargumon edi.

– Qani, – dedi Tobi yosh juhud yigit ovqat bilan bitta shishani stolga keltirib qo‘ygach, – ovimiz baroridan kelsin!

Shu qadah so‘zini aytib, u o‘rnidan turib, bo‘sh trubkani avaylab burchakka qo‘ydi-da, stakanga aroq quyib, ichib yubordi. Mister Sayks ham undan ibrat oldi.

– Bolakayga ham bir qultumgina berish kerak, – dedi Tobi qadahga yarim qilib quyar ekan. – Bir ko‘tarishda ichib yubor, hoy bolakay.

– Rostini aytsam, – deya yamlana boshladi Oliver unga zorlanib tikilib, – ochig‘ini aytsam, men…

– Shartta ko‘tar! – takrorladi Tobi. – Nima, senga nima foyda-yu, nima zararligini bilmaydi deysanmi meni?.. Buyuring unga, Bill, ichsin.

– Yaxshisi, ichib yuborsin! – dedi Sayks cho‘ntagi ustidan tapillatib urib qo‘yarkan. – Do‘zaxni shafe keltirib aytamanki, butun boshli tullaklar oilasidan ko‘ra ko‘proq boshimni qotiradigan ko‘rinadi bu! Ich, shaytonvachcha, ich deyapman!

Ikkala yigitning dag‘dag‘asidan o‘takasi yorilayozgan Oliver shosha-pisha qadahni ko‘tardi-yu, qalqib yo‘taldi, buni ko‘rgan Tobi Krekit bilan Barnining zavqi keldi, hatto badqovoq mister Sayks ham ishshayib qo‘ydi.

Bu ishlar adog‘iga yetgach, har ikkala erkak kursilarga yalpayib joylashib, jindek mizg‘ib olishga shaylanishdi (Oliverni esa bir tishlamgina nonni chaynashga majbur qilishdi). Oliver kamin oldidagi kursisiga o‘tirdi yana; Barni ko‘rpaga o‘ralgancha shundoq kamin panjarasi oldiginasiga, xona sahniga cho‘zildi.

Picha vaqtgacha ular mizg‘ishdi yoxud uxlayotgan bo‘lishdi; Barnidan bo‘lak hech zog‘ qimir etmadi, u kaminga ko‘mir tashlagani bir-ikki marta o‘rnidan turdi. Oliverni mudroq bosdi; nazdida go‘yo u zimiston qishloq yo‘llarida tentirab, zim-ziyo qabristonda adashib-uloqib yurdimi-yey, kun bo‘yi ko‘zi oldida o‘tgan manzaralarni yana boshqatdan ko‘rayotganday bo‘ldimi-yey; shunda birdan o‘rnidan sapchib turib, allaqachon bir yarim bo‘pti-ku, deb shang‘illagan Tobi Krekit uyg‘otib yubordi uni.

Oradan biron daqiqa o‘tmayoq anavi ikkalasi ham oyoqda turishardi, shunday qilib hammalari g‘ayratla hozirlana boshladilar. Sayks bilan oshnasi bo‘yni va iyaklarini enli odmi sharf bilan yaxshilab o‘rab, paltolarini kiyishdi; Barni javonni ochib, undan turli xil asbob va uskunalarni chiqarib, oshig‘ich ularning cho‘ntaklariga tiqishtira ketdi.

– Barni, bobovlarni olivor, – dedi Tobi Krekit.

– Mana! – javob berdi Barni unga to‘pponchalarni uzatib. – O‘z qo‘lingiz bilan o‘qlagansiz bularni.

– Juda soz! – dedi Tobi ularni yashirayotib. – Egov-arralar qani?

– Menda, – javob qildi Sayks.

– Ombur, parma, ochqich, fonus – hech nimani esdan chiqarmadinglarmi? – deya so‘radi Tobi chog‘roqqina misrangchani paltosi bari ostidagi ilmoqqa mahkamlar ekan.

– Hammasi joy-joyida, – javob berdi sherigi. – So‘yilni keltir, Barni. Vaqt bo‘ldi.

Shunday deya u Barnining qo‘lidan yo‘g‘on tayoqni oldi. Barni ikkinchi tayoqni Tobiga tutqazib, Oliverning yomg‘irpo‘shi tugmalarini qadashga tutindi.

– Qani, – dedi Sayks qo‘lini uzatib.

Ko‘nikilmagan sayohat, sof havo va majbur qilib ichirishgan aroqdan butunlay sarxush bo‘lib qolgan Oliver qo‘lini beixtiyor Sayksning o‘zi tomon uzatilgan qo‘liga tutqazdi.

– Narigi qo‘lidan ushlab ol buni, Tobi, – dedi Sayks. – Tashqariga bir ko‘z tashlab yubor-chi, Barni.

Barni eshikka qarab yurdi va qaytib kirib, hamma yoq tip-tinch, dedi. Ikki tomteshar Oliverni yetaklagancha chiqib ketishdi. Barni esa eshikni yaxshilab berkitdi-da, yana ko‘rpaga burkanganicha uyquga ketdi.

Timqorong‘i tun. Tuman kechqurungiga qaraganda chandon quyuqlashgan, havo esa shunaqangi nam ediki, garchi yomg‘ir yog‘magan bo‘lsa ham, uydan chiqqanlaridan bir necha daqiqa o‘tmayoq Oliverning sochi-yu qoshlari ivib ketdi. Ular ko‘prikdan o‘tib, Oliver boya ko‘rgan chiroqlar miltillayotgan tarafga qarab borishardi. Yo‘l unchalik olis emasdi, keyin tez yurganlaridan hech qancha vaqt o‘tmay ular Chertsiga yetib kelishdi.

– Shahar oralab o‘tamiz, – shivirladi Sayks. – Kechasi yo‘lda hech kim uchramaydi.

Tobi rozi bo‘ldi va ular kichkinagina shaharchaning bunday bemahalda mutlaqo huvillab yotadigan asosiy ko‘chasidan odimlay ketishdi. U yerbu yerda biror-yarim yotoqxonalarning derazasida xiragina yorug‘ miltillab ko‘rinardi; ahyon-ahyonda bir itlarning xirqiroq hurishi tun sukunatiga raxna solib qolardi. Ammo ko‘chada biror jondor zotining qorasi ko‘rinmasdi. Cherkov soati ikkiga zang urganida ular shaharchadan chiqib olishgan edi.

Ular qadamlarini tezlatib, chapga ketgan yo‘lga burilishdi. Taxminan chorak milcha yo‘l bosgach, atrofi devor bilan o‘ralgan yolg‘izgina uy yoniga yetib kelishdi. Tobi Krekit hatto nafasini ham rostlab o‘tirmay, bir sakrashda devorga chiqib oldi.

– Qani, bolani chiqaring bu yoqqa, – dedi Tobi. – Uni ko‘taring, men tortib olaman.

Oliver hash-pash deguncha bo‘lmay, Sayks shartta uning qo‘ltig‘idan oldi-yu, uch-to‘rt soniya o‘tmayoq bola bilan Tobi devorning narigi tomonidagi maysa ustida yotishardi. Ko‘z ochib-yumgunchalik fursat o‘tmay, Sayks ham ular yonida hozir bo‘ldi. Shunday qilib, ular pisibgina uyga qarab yurishdi.

Qo‘rquv va alamidan hushidan ayrilayozgan Oliver bu sayohatdan murod, mabodo, qotillik bo‘lmaganida ham, talonchilik ekanini ana shundagina tushundi. U barmoqlarini musht qilib tugdi, o‘zini tiyolmay, qo‘rquv ichra asta dodlab yubordi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, rangi quv o‘chgan yuzlariga ter qalqdi, oyoqlari itoat etmay qo‘ydi-yu, tizzalab qoldi.

– Tur! – tishlari orasidan o‘shqirdi Sayks g‘azabdan qaltirab, cho‘ntagidan to‘pponchani chiqarar ekan. – Tur deyapman, yo‘qsa, miyangning qatig‘ini chiqazib qo‘yaman!

– Xudo xayringizni bersin, qo‘yib yuboring meni! – iltijo qildi Oliver. – Qochib ketaman, dalada o‘lib ketaman. Londonning yaqiniga ham bormayman, sirayam, hech qachon! O, rahmingiz kelsin menga, o‘g‘rilik qilishga majbur etmang! Butun avliyo-yu anbiyolar haqqi, rahmingiz kelsin!

U iltijo qilayotgan odam bo‘ralab so‘kib berdi va to‘pponcha tepkisini ko‘tardi, biroq Tobi uning qo‘lidan to‘pponchani urib tushirib, qo‘li bilan bolaning og‘zini yopdi-yu, uy tomon sudrab ketdi.

– Sekin! – shivirladi u. – Buning foydasi yo‘q baribir. Yana g‘ing deydigan bo‘lsang, men o‘zim tamom qilib qo‘ya qolaman seni – kallangga bitta tushirsam tamom. Uning ham chiqmaydi, hech zog‘ payqamaydi ham, osongina bitadi-qo‘yadi hammasi. Bill, qani, manavi deraza qopqoqni eplashtiring. Endi bolakayning yuragi joyiga tushib qoldi, bunga kafil bo‘la olaman. Bunaqangi sovuq kechada bundan kattaroq odamlarning ham oldiniga dovdirab qolgan paytlariyam bo‘lgan – buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.

Sayks shunday ishga Oliverni yuborgan Fedjinning go‘riga g‘isht qalab, boloxonador qilib so‘kkanicha, shasht bilan, ammo shovqin chiqarmaslikka tirishib misrangni ishga soldi. Sal fursat o‘tmay Tobining ko‘magi bilan ilgagi solib qo‘yilgan deraza qopqoqni oshiq-moshig‘ini ko‘chirib, ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu – uyning orqa qismidagi, uzun dahlizning eng oxiridagi idish-oyoq yuviladigan yoxud pivo qaynatiladigan xonaning kichkinagina, yerdan besh yarim futcha balandda joylashgan, panjarali derazachasi edi. Deraza tuynugi nihoyatda kichik edi, shu bois uy istiqomatchilari uni tuzukroq berkitishni zarur topmagan bo‘lsalar kerak; biroq cho‘g‘i Oliverga o‘xshagan xipcha qadli bola undan bemalol o‘tsa bo‘lardi. Mister Sayks tag‘in picha ovora bo‘lgach, surma zulfinni eplashtirdi; hademay derazacha lang ochildi.

– Quloq sol, shaytonvachcha! – dedi Sayks g‘ijinib, cho‘ntak fonarini chiqarib, uning shu’lasini Oliverning basharasiga to‘g‘rilarkan. – Seni mana shu derazadan ichkariga tushiraman. Manavi fonarni olasan-da, zinadan sekin tepaga ko‘tarilasan – zina shundoq ro‘parangda, keyin kichik dahlizdan tashqari eshikning oldiga o‘tib borasan-u, uni ochib berasan bizga.

– U yoqda, tepada lo‘kidoni bor, unga bo‘ying yetmaydi, – gapga aralashdi Tobi. – Dahlizdagi stulni qo‘yib, ustiga chiq… U yoqda uchta stul bor, Bill.

Suyanchig‘iga kattakon ko‘k karkidon bilan tilla panshaxaning rasmi solingan, bu keksa xonimning tug‘rosi.

– Jim! – so‘zini bo‘ldi Sayks unga o‘qrayib. – Xonalarga kiriladigan eshik ochiqmi?

– Lang ochiq, – javob berdi Tobi oldindan deraza orqali ichkariga mo‘ralab olib. – Bu yog‘i qoyil! O‘sha yerga to‘shamasi tashlab qo‘yilgan it uyqusi kelmagan paytlarda yo‘lak va dahlizda aylanib yurishi uchun hamisha ochiq qo‘yishadi uni. Barni bo‘lsa bugun itni aldab olib ketgan. Qalay, qoyilmi?!

Garchi, mister Krekit eshitilar-eshitilmas shivirlab gapirayotgan va sassiz kulayotgan bo‘lsa-da, Sayks unga amirona ohangda nafasini o‘chirib, ishga kirishishni buyurdi. Tobi itoat etdi: avvaliga cho‘ntagidan fonarni chiqarib, yerga qo‘ydi, so‘ng boshini deraza ostiga, devorga mahkam tiradi-da, qo‘llarini tizzalariga tirab, engashib supacha hosil qildi. Bu tadorik bitgach, Sayks uning ustiga chiqib, Oliverning oyog‘ini oldinga qilib ushlagancha derazachadan astagina ichkariga kiritdi-da, keyin yoqasidan ushlab yerga tushirdi.

– Manavi fonarni ol, – dedi Sayks xonaga mo‘ralagan ko‘yi. – Qarshingdagi zinani ko‘ryapsanmi?

Oliver: «Ha», deb javob berarkan, u na tirik, na o‘lik holatdaligini bilib bo‘lardi. Sayks to‘pponchasi bilan ko‘cha eshikni ko‘rsatar ekan, lo‘ndagina qilib, to‘pponcha muttasil uni mo‘ljalga olib turajagini, bordi-yu, xiyol hayallaydigan bo‘lsa, o‘sha zahotiyoq asfalasofilinga ketajagini aytdi.

– Hammasi bir zumda bajarilishi kerak, – so‘zini davom ettirdi Sayks salgina eshitilarli qilib. – Qo‘yib yuborishim bilanoq ishga kirish. Iya, nima bu?

– Nima bo‘lyapti u yoqda o‘zi? – pichirladi sherigi.

Ikkovlarining quloqlari ding bo‘ldi.

– Tinchlik! – dedi Sayks Oliverni qo‘yib yuborib. – Qani, bo‘l!

Bola fikrini yig‘ib olishiga yetgulik qisqa fursat ichida – agarchi bu urinish hayoti evaziga tushsa ham – kiraverishdagi zinadan chopgancha chiqib, dod solib, uyni boshga ko‘tarishga qat’iy ahd qildi. Shunday qarorga kelgach, o‘sha ondayoq pisibgina eshikka qarab intildi.

– Orqaga! – to‘satdan baqirib qoldi Sayks. – Qayt! Orqaga!

Uyni chulg‘agan qabriston sukunatini qattiq qichqiriq buzib yuborgan damda qo‘rqqanidan Oli verning qo‘lidagi fonar tushib ketdi-yu, bola olg‘a tomon yurishini ham yoki qochishini ham bilmay garangsib qoldi.

Tag‘in baqiriq eshitildi – allanima yarq etdi; ro‘parasida, zinaning eng tepadagi poyasida esxonasi chiqayozgan, chala-chulpa kiyingan ikki kishi paydo bo‘ldi. Yarq etib chaqin chaqdi, quloqni batang qilib nimadir varangladi, dud taraldi, allanimalar qarsilladi – Oliver jon holatda orqaga tashlandi.

Sayks bir lahzaga g‘oyib bo‘ldi, biroq yana ko‘zga tashlandi-yu, dud tarqab ulgurmasidan burun uning yoqasidan ushlab oldi. U orqaga qocha boshlagan odamlarga qarata to‘pponchasidan o‘q uzdi va bolani tepaga tortdi.

– Dadil bo‘l, – dedi uni derazachadan tortib chiqararkan. – Ey, sharfni uzatib yubor. O‘qlari tegibdi bolaga. Tezroq! Bolakaydan tirqirab qon ketyapti.

Keyin Oliver qo‘ng‘iroqchaning jiringlaganini, o‘q sadolarini, baqir-chaqirlarni eshitdi va o‘zini kimdir o‘ydim-chuqur yerdan zipillagancha ko‘tarib ketayotganini tuydi. So‘ngra esa shovqin-suron olislashib borib tindi, yuragini bamisli muz qopladi. Shundan keyin u hech nimani ko‘rmadi ham, hech nimani eshitmadi ham.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации