Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 30


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 30 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

QIRQ IKKINCHI BOB
OLIVERNING ESKI TANISHI YAQQOL DAHOLIK ALOMATLARINI NAMOYISH ETGANI VA POYTAXTDA MASHHUR ARBOB BO‘LIB QOLGANI HAQIDA

Nensi mister Sayksni uxlatib, o‘z-o‘zicha zimmasiga yuklagan vazifani ado etish uchun Roz Meyli huzuriga shoshilgan o‘sha oqshom Katta shimol yo‘lidan Londonga qarab yaqinlashib kelayotgan ikki kimsaga picha diqqat-e’tiborimizni ajratmog‘imiz lozim, hikoyatimizda. Bular erkak va ayol kishi edi – yoki erkak hamda ayol jinsidan bo‘lmish kimsalar deb atasak to‘g‘riroqdir balki, negaki, birinchisi yoshini aniq-tiniq aniqlash mushkul bo‘lgan bo‘ychan, maymoq, beo‘xshov, qotma odamlar toifasidan edi: yosh bolaliklarida bundaylar chala bolaga, voyaga yetgach esa yoshiga nisbatan katta ko‘rinadigan o‘smirga o‘xshab ketadilar. Ayol bo‘lsa yoshgina, lekin durkun-baquvvat va chidamligina edi, chidamliligi esa shu tobda orqalab olgan kattakon tugunining og‘irligiga dosh berishida asqatayotgandi. Uning hamrohining deyarli yuki yo‘q edi, zotan, yigitchaning yelkasiga tashlab olgan tayog‘ining uchginasida dastro‘molga tugilgan, aftidan, parday yengil mushtdekkina tuguncha likillab borardi. Bu hol, shuningdek, oyoqlarining haddan tashqari uzunligi yigitchaga sira jon koyitmay, goho-goho qayrilib qarab, namuncha imillaysan, tuzukroq g‘ayrat qilsang-chi, deganday ta’naomuz boshini sarak-sarak qilib qo‘yayotgani hamrohidan bir necha odim oldinroqda yurishiga imkon berardi.

Pochta aravalariga yo‘l bo‘shatib, o‘zlarini marzaga olgan paytlaridagina atrofdagi narsalarga e’tibor berib, shu taxlit tuproq ko‘chadan ilgarilab borishardi; Xayget darvozasidan o‘tishganlaridan so‘ng esa oldinda odimlayotgan sayohatchi to‘xtab, besabrlik bilan xamrohiga o‘shqirdi:

– Yura qolsang-chi! Nima balo, oyog‘ing surgalib qolyaptimi? O‘lguday tanbalsan-da, o‘zingam Sharlott!

– Yukim judayam og‘irlik qilyapti, – dedi ayol unga yaqinlasharkan, toliqqanidan arang nafas olib.

– Og‘irlik qilyaptimish! Nimalar deb valdirayapsan? – dedi o‘spirin o‘z yukini bir kiftidan ikkinchisiga olayotib. – Mana, tag‘in dam olmoqchilar! Rostini aytganda, bilmadim, sendan boshqa shunaqangi birovni xit qilib yuboradigan odam bormikin, bu olamda?!

– Hali uzoqmi? – so‘radi ayol chekkadagi tuproq ko‘tarmasiga suyanib, yigitga tikilgan ko‘yi; yuzlaridan esa shovullab ter quyilardi.

– Uzoqmimish! Yetib keldik desak ham bo‘ladi, – dedi uzunoyoq yo‘lovchi old tomonga ishora qilib. – Qaramaysanmi? Ana, Londonning chiroqlari ko‘rinib turibdi.

– U yergacha kam deganda yana ikki milyadan ortiq yurish kerak-ku! – dedi ayol ma’yus.

– Ikki milyami yo yigirmami, boshni qotirmay yuraver, – dedi Noe Kleypol, zotan, bu o‘sha edi. – Yaxshisi, qaddingni rostla-yu, yo‘lga tush, yo‘qsa, oldindan aytib qo‘yyapman, shundoq boplab tepib qolamanki!

Noening burni g‘azabdan beshbattar qizarib ketgani va shu so‘zlar bilan xuddi po‘pisasini amalga oshirishga hozirlanayotganday yo‘lni kesib o‘tganini ko‘rgan ayol ortiq gap qotib o‘tirmay qaddini tiklab, yonma-yon ilgarilay boshladi.

– Kechasi qayerda tunamoqchisan, Noe? – deb so‘radi u yana bir necha yuz qadam yurishganidan so‘ng.

– Qayoqdan bilaman? – yuraverishdan avzoyi ayniy boshlagan Noe g‘ijinib dedi.

– Biron yaqin-atrofda bo‘lsa kerag-a? – deb qo‘ydi Sharlott.

– Yo‘q, yaqin-atrofda emas, – javob qildi mister Kleypol. – Eshityapsanmi? Yaqin-atrofda emas. Buni xayolinggayam keltirmay qo‘ya qol!

– Nimaga endi yaqin-atrofda emas?

– Biron nimaga hushim yo‘qligini aytdimmi senga, tamom-vassalom, nega, nimaga, degan gaplarni yig‘ishtirib qo‘y, – dedi mister Kleypol viqor-la.

– Nimaga jahling chiqadi? – dedi hamrohi.

– Shundoq shahar chekkaginasidagi qovoqxonaga tushsag-u, orqamizdan quvib yo‘lga tushgan bo‘lsa, Sauyerberi chol shundoqqina kirib kelib, qo‘limizga kishan ursa-yu, aravaga solib orqaga qaytarib olib ketsa, soz ish bo‘lardi, a?! – dedi mister Kleypol istehzoli ohangda. – E-yo‘q! Uzoqroqqa boraman, iloji boricha gadoytopmas jinko‘chalarga urib ketaman, yo‘limizda uchraydigan eng xarob qovoqxonaga tushaman. Omadli yulduzing bilan baxtli qismatingga shukrona o‘qi, negaki, yelkamdagi qovoq emas, kalla: agar men ayyorlik qilib yo‘lni chalkashtirmaganimda, dalalardan o‘tib kelmaganimizda, siz, xonimcha, bir hafta burunroq qulf-kalit ostida o‘tirgan bo‘lardingiz! Qilmishingga yarasha jazo bo‘lardi-ya bu, nimaga deganda ahmoqsan o‘zi!

– Senga o‘xshagan donishmand emasligimni o‘zim ham bilaman, – javob berdi Sharlott, – lekin hamma aybni bunaqa menga yuklamay qo‘ya qol, innaykeyin, qamoqda o‘tirarding, dema unaqa. Agar boshimga shunday savdo tushganida, turgan gapki, o‘zingni ham tiqib qo‘yishardi qamoqqa.

– Kassadan pulni sen olgansan, buni yaxshi bilasan, – dedi mister Kleypol.

– Pulni seni deb oldim-ku, azizim Noe! – e’tiroz bildirdi Sharlott.

– Xo‘sh, men-chi, men qo‘lingdan oldimmi uni? – so‘radi mister Kleypol.

– Yo‘q. Menga ishonding uni, o‘zing olib yuraver, deding, chunki sen shunaqangi yaxshi, shunaqangi ajoyib yigitsan-da, – dedi xonim yigitchaning iyagiga shapatilab qo‘yib, qo‘ltig‘idan olarkan.

Bu ta’rif haqiqatga to‘g‘ri kelardi, biroq mister Kleypolning o‘z ishonchini ko‘r-ko‘rona hamda o‘ylamay-netmay birovga hadya etish odati yo‘q edi; shu boisdan ham mazkur jentlmenga tan berib, ayni paytda shu narsani aytib o‘tish lozimki, u Sharlottga faqat mabodo, qo‘lga tushgudek bo‘lsalar, pul qizning yonidan chiqsin degan o‘ydagina ishonib qo‘ygandi; bu narsa o‘zini o‘g‘rilikka hech qanday aloqam yo‘q, deyishiga va sekingina juftakni rostlab qolish umidini ro‘yobga chiqarishiga imkon bergan bo‘lardi. Hozirgi vaziyatda u, albatta, o‘zining bu vaj-korsonlarini tushuntirib o‘tirmasligi tayin edi. Shuning uchun ham ular tinch-u inoqlik bilan yonma-yon yo‘llariga ravona bo‘ldilar.

O‘zining oqilona rejasiga amal qilgan mister Kleypol to Izlingtondagi «Farishta»ga yetib borgunicha to‘xtamay yo‘l bosdi. Bu yerga yetgach esa, to‘da-to‘da o‘tib turgan yo‘lovchilar va arava-izvoshlarning soniga qarab London chindan ham shu yerdan boshlanadi, degan donishmandona xulosaga keldi. Faqat qaysi ko‘chalar eng gavjum-u qaysisini ayniqsa chetlab o‘tish lozimligini aniqlash uchungina birrov to‘xtab, hanuz ilgarilab borar ekan, u Sent-Jon-Roudga burildi va ko‘p o‘tmay Greys-Inn-Leyn bilan Smitfild oralig‘idagi iflos-u chalkash-chulkash, zimiston jinko‘chalardan ichkarilab ketdi. Garchi bu daha Londonning qoq kindigida joylashgan va tubdan qayta qurilayotgan bo‘lsa-da, ana shu ko‘chalarning sharofati bilan shaharning ushbu qismi eng ayanchli hamda eng xunuk joylardan biridek tuyulardi.

Noe Kleypol Sharlottni ergashtirgancha ana shu ko‘chalardan ilgarilab boraverdi; ahyon-ahyonda birorta qovoqxonani ko‘zdan kechirgani tosh yo‘lga tushardi-da, agar bu yer tashqaridan qaraganida serodam ko‘rinsa, yana nariga ketaverardi. Nihoyat, u sirtidan oldin uchratganlariga qaraganda tag‘in ham xarob va iflosroq ko‘ringan qovoqxona qarshisida to‘xtab, ko‘chani kesib o‘tdi-da, uni ro‘paradagi yo‘lkada turib kuzatdi, keyin iltifot-la ana shu yerda tunashini aytdi.

– Tugunni bu yoqqa ber-chi, – dedi Noe ayolning yelkasiga tang‘ilgan tasmani yecha turib, so‘ng tugunni o‘zi orqalab olib, – to senga gapirmagunlaricha og‘zingni ocha ko‘rma tag‘in. Nima ekan, bu joyning nomi… u-uch… uch kim debdi?

– Majruh, – dedi Sharlott.

– «Uch majruh», – takrorladi Noe. – Nimayam derdik, ajoyib lavha. Qani, olg‘a! Orqada qolma tag‘in. Ketdik!

Shu gaplarni tayinlagancha, u g‘iyqillaydigan eshikni yelkasi bilan itardi-da, hamrohi ikkovlari ichkariga kirishdi.

Bufetxonada peshtaxtaga tirsaklarini tiragancha iflos gazetani o‘qiyotgan juhud yigitdan bo‘lak hech zog‘ yo‘q ekan. U Noega, Noe esa unga tikilib qarashdi.

Noe, basharti, yetimxona kiyimida bo‘lganida juhudning bunchalik baqrayib tikilishi asosli bo‘lardi; biroq Noe yetimxona kamzuli bilan nishonidan qutulib olgan, teri ishtoniga qo‘shimcha qilib kalta ishchilar ko‘ylagini kiygandi, shu sabablidan uning tashqi ko‘rinishi qovoqxona mushtariylari diqqatini jalb etishiga alohida vaj yo‘qdek tuyulardi.

– «Uch majruh»mi bu? – so‘radi Noe.

– Ha, shunday deb ataladi bu do‘kon, – javob berdi juhud.

– Yo‘lda uchragan qishloqdan kelayotgan bir jentlmen bizga shu yerga tushishni maslahat bergandi, – dedi Noe o‘zini hurmat etishlari uchun bag‘oyat ustalik bilan muomala qilayotganiga qizning e’tiborini tortish niyatidami yoki hayron bo‘lib sirni ochib qo‘yma deb ogohlantirmoqchi bo‘libmi, xullas, tirsagi bilan Sharlottni turtib qo‘yar ekan. – Shu yerda tunasak, degandik.

– Bu masalada biron nima deyolmayman, – dedi qovoqxonachining yordamchisi Barni. – Kirib so‘rab chiqaman.

– Ungacha bizni boshqa xonaga boshlang, yaxna mol go‘shti bilan pivo bering, keyin kirib so‘rab chiqaverasiz, – dedi Noe.

Barni shunday qildi – ularni orqadagi chog‘roqqina xonaga boshlab kirib, buyurilgan taomlarni oldilariga keltirib qo‘ydi; bu yumushlarni ado etib bo‘lgach, ularga shu yerda tunab qolishlari mumkin ekanini bildirib, iltifotli juftni bemalol tamaddi qilishlari uchun yolg‘iz qoldirib, chiqib ketdi.

Bu orqa xona shundoqqina bufetxona ortida joylashgan bo‘lib, undan sal pastroq, bir necha zina bilan tushilardi; shu sababdan qovoqxonaning o‘z odami sanalgan har qanday kimsa mazkur xonaning devoridagi, uy sahnidan taxminan olti-yetti qarich balandda joylashgan shapaloqdekkina oyna pardasini surib, o‘zini payqab qolishlaridan aslo cho‘chimay (derazacha burchakda, devor bilan yo‘gon ustun oralig‘ida bo‘lib, kuzatuvchi xuddi ana shu oraliqqa turib olishi mumkin edi), nafaqat orqa xonada o‘tirgan mehmonlarni ko‘rishi, balki to‘siqqa qulog‘ini bosib turib, gaplarini aniq-tiniq eshitishi ham mumkin edi. Qovoqxona sohibi mazkur xufiya oynadan besh daqiqalar chamasi ko‘zini uzmadi. Barni esa Fedjin yosh shogirdlarini surishtirish niyatida qovoqxonaga kirib kelgan paytda yuqorida zikr etganimiz xabarni yetkazib, endi o‘z joyiga qaytgandi.

– Tshsh… – shivirladi Barni. – Qo‘shni xonada begonalar bor.

– Begonalar? – chol ham shivirlab takrorladi.

– Ha. Ajoyib juft, – qo‘shib qo‘ydi Barni. – Chekkadan, lekin mabodo, yanglishmasam, sizga mos keladiganlardan.

Fedjin bu xabarni zo‘r qiziqish bilan eshitganday bo‘ldi. U kursi ustiga chiqib, ehtiyotlik bilan ko‘zlarini oynaga taqadi va xufiya joydan mister Kleypolning tovoqdagi yaxna go‘shtdan olib, krujkadagi pivodan ho‘playotganini, yonida o‘tirgan Sharlottga jindak-jindakkinadan tutqizayotganini, ayolning esa itoatkorlik ila dam go‘sht yeb, dam pivo ichayotganini bemalol ko‘rib turdi.

– O‘ho‘, – shivirladi Fedjin Barniga o‘girilarkan. – Menga yoqib qoldi bu yigitcha. Ish berishi mumkin bizga. Qizni qandoq qilib qo‘lga o‘rgatishni allaqachon bilib olibdi. Bamisoli sichqonday pildirpis bo‘ling, azizim, eshitishimga xalal bermang, nimalarni gaplashayotganlarini eshitay-chi.

U yuzini yana oynaga yaqinlashtirdi va qulog‘ini to‘siqqa bosib, aftini eng qari iblisga yarashgulik bir ayyorona tarzda bujmaytirgancha diqqat-la tinglay boshladi.

– Xo‘sh deganingizdan, men jentlmen bo‘lishni istayman, – derdi mister Kleypol oyog‘ini uzatib, boshlanishini Fedjin eshitmay qolgan suhbatni davom ettirib. – Shuncha shalag‘i chiqqan tobutlar bilan o‘ralashib yotganim yetar endi, Sharlott. Men jentlmenchasiga yashashni xohlayman, sen esa, agar xohlasang, xonim bo‘lasan.

– Juda-juda xohlayman-da, jonim! – javob qaytardi Sharlott. – Lekin har kuni kassani o‘marib, isini chiqarmay juftakni rostlab qolib bo‘lmaydi-da.

– Padariga la’nat, o‘sha kassalarning! – dedi mister Kleypol. – Kassadan boshqa o‘marsa bo‘ladigan narsalar ham bor.

– Tag‘in nimalar kelib qoldi kallangga? – so‘radi hamrohi.

– Cho‘ntaklar, xotinlarning sumkachalari, uylar, pochta aravalari, banklar bor, – dedi mister Kleypol pivo ta’siridan ilhomlanib ketib.

– Lekin bularni uddalolmaysan-ku, jonginam, – dedi Sharlott.

– Uddalaydiganlar davrasiga kirib olishga harakat qilaman, – javob berdi Noe. – Ana o‘shalar oyoqqa turib olishimizga yordamlashishadi. Axir, sening bir o‘zing ellikta xotinga arziysan-a; umrim bino bo‘lib senga o‘xshagan hiylagar va makkora xotin zotini ko‘rmaganman; men ruxsat bergan paytdagina ishlatasan bunaqangi ustomonlikni, albatta.

– Voy xudoyim-ey, tilingga shakar-e, moyday yoqyapti-ya gaplaring! – dedi Sharlott uning ta’viya aftidan o‘pib, o‘zida yo‘q xursand bo‘lib.

– Bas, bas! Erkalanaverma judayam, yo‘qsa, jahlim chiqib ketadi bir! – dedi Noe viqor bilan, o‘zini chetroq tortib. – Birorta to‘daga boshliq bo‘lib olishni istardim; qani endi, odamlarning jilovi qo‘limda bo‘lsa, ularni izidan shundoq poylardimki, o‘zlariyam bilmay qolishardi. Tushumi tuzukroq bo‘lsa, bu juda menbop ish edi-da. Bordi-yu, shunaqangi toifadagi jentlmenlar bilan topishib qolgudek bo‘lsak, men ularga sen yashirib qo‘ygan, yigirma funtlik bay puliyam gap bo‘ptimi, derdim, buning ustiga undan qanday qutulishni o‘zimiz ham mundoq tuzukroq bilmaymiz.

Shu so‘zlarni aytib, mister Kleypol buyuk donishmandona qiyofada pivo krujkasi ichiga ko‘z tashladi-da, yaxshilab chayqatib turib ho‘plagan edi, aftidan, nihoyatda tetik tortganday bo‘ldi. U yana ho‘plasammikin, deb xayol qilib turgan edi, to‘satdan eshik lang ochilib, kirib kelgan notanish odam xalal berib qoldi.

Bu notanish odam Fedjin edi. Nazarlarida u g‘oyatda nazokatli ko‘rindi; u yaqinroq kelib, ikki bukilib ta’zim qildi va eng yaqindagi stol yoniga cho‘kib, iljayib turgan Barniga bironta ichimlikdan keltirishni buyurdi.

– Juda yoqimli oqshom-a, ser, lekin bu fasl uchun xiyol salqinroq, – dedi Fedjin qo‘llarini ishqalab. – Chamamda, shaharga chekkaroqdan kelgan ko‘rinasizlarmi, ser?

– Qayoqdan bila qoldingiz buni? – so‘radi Noe Kleypol.

– Bizning Londonda bunaqangi chang yo‘q, – javob berdi Fedjin Noening, so‘ng hamrohining boshmog‘iga va nihoyat, ikkala tugunga ishora qilib.

– Zehni o‘tkir odam ekansiz-ku! – dedi Noe. – Haha!… Buni qara-ya, Sharlott, eshityapsanmi?

– Eh, azizim, bu shaharda idrokli, ziyrak bo‘lish kerak, – javob qildi juhud sirini ishonayotgandek pichirlashga o‘tib. – Ochig‘iga ko‘chganda, gapning po‘skallasi shu.

Fedjin ko‘rsatkich barmog‘i bilan burnining biqiniga nuqigancha ushbu fikrini tasdiqlagan bo‘ldi; Noe ham buni takrorlashga behuda tirishib ko‘rdi, zotan, uning burni buning uchun xiyla kichiklik qilardi. Shunga qaramay Fedjin, chamasi, uning urinishini o‘zicha, fikrimga to‘liq qo‘shildi, deb talqin qildi va Barni keltirgan vino bilan yigitchani do‘stona mehmon qildi.

– Ajoyib narsa-da! – deb qo‘ydi mister Kleypol lablarini cho‘lpillatib.

– Azizim, – dedi Fedjin, – muttasil totinib turadigan bo‘lsang, kassa yo cho‘ntak, yoki ayollar sumkachasini, yoinki uy, yoki pochta aravasini, yo bankni shilishga to‘g‘ri keladi.

Mister Kleypol o‘z nutqidan keltirilgan mazkur misolni eshitib, o‘zini stul suyanchig‘iga tashladi-yu, qo‘rquv ichra nigohini juhuddan olib qochib, Sharlottga qadadi.

– Kaminaga parvo qilmang, azizim, – dedi Fedjin kursisini yaqinroq surib. – Ha-ha! Omadingiz borakan, gapingizni faqat mengina eshitdim. Baxtingizni qarangki, yolg‘iz men o‘zimgina eshitdim gapingizni.

– Men olganim yo‘q uni, – dedi Noe duduqlanib: u endi erkin-ozod jentlmenlarga xos tarzda oyoqlarini oldinga uzatmay, shosha-pisha kursi ostiga suqdi, – manavining ishi hammasi… Hozir senda-ya u, Sharlott, o‘zingdaligini bilasan-ku, axir!

– Pul kimda-yu, buni kim qilganining ahamiyati yo‘q, azizim, – dedi Fedjin, ammo-lekin qizga ham, ikkala tugunga ham yirtqichona qarab qo‘ydi. – Mening o‘zimning kasbim shu, ana shuning uchun ham menga yoqyapsiz.

– Kasbim nima, dedingiz? – so‘radi mister Kleypol picha o‘ziga kelib.

– Ana shunaqangi ishlar bilan shug‘ullanaman, – javob berdi Fedjin. – Bu uyda turadiganlar ham shunaqangi ish bilan shug‘ullanishadi. Siz zap nishonga kelib tushibsiz-da o‘ziyam, bu yerda butunlay bexavotir bo‘lasiz. Butun shaharni izlaganingizda ham «Majruhlar»dan bexavotirroq joyni topolmaysiz; aytmoqchi, bu kaminaga bog‘liq. Siz va bu yosh xonim ikkovinglar menga juda yoqib qoldinglar. Shuning uchun ham aytyapman-da, bu gaplarni, cho‘chimang, ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin.

Ehtimolki, ana shu so‘zdan keyin Noe Kleypolning ko‘ngli xotirjam tortgandir, biroq tanasiga esa buning mutlaqo aloqasi yo‘q edi; zero, u dam qunishib, dam egilib-bukilib, beo‘xshov holatga kirar va yangi oshnasiga hurkibroq hamda shubhalanib javdirardi.

– Sizga aytadigan ikki og‘izgina gapim bor yana, – deya so‘zini davom ettirdi Fedjin do‘stona bosh irg‘ab, bir-ikkita dalda beradigan so‘z bilan qizning ko‘nglini tinchitganidan keyin, – meni sizning orzuingizni ro‘yobga chiqara oladigan bir do‘stim bor. U sizni to‘g‘ri yo‘lga solib yuboradi. Ana undan so‘ng o‘zingizcha dastlabiga eng munosib ko‘rgan ishni tanlaysiz-da, keyin boshqalarini – barini o‘rganaverasiz.

– Nazarimda, jiddiy gapiryapsiz deyman-a! – dedi Noe.

– O‘zgacha so‘zlashdan nima foyda menga? – yelkasini qisib dedi Fedjin. – Bilasizmi, qo‘shni xonaga chiqsak, sizga bir og‘iz gapim bor edi.

– Chiqib ovora bo‘lishning nima keragi bor? – qarshilik bildirdi Noe, u asta-sekin oyog‘ini tag‘in olg‘a qarab cho‘za boshlagandi. – Bu buyumlarni tepaga chiqarib qo‘yadi ungacha… Sharlott, tugunlarni eplashtir!

Amirona ohangda berilgan ushbu farmoyish hech qanday e’tirozsiz ado etilib, Sharlott tugunlarni orqalab chiqib ketdi. Noe esa eshikni ushlagancha uning ketidan kuzatib turdi.

– Boplab qo‘lbola qilib olibmanmi uni, to‘g‘ri emasmi? – joyiga qaytgach, so‘radi u yirtqich hayvonni qo‘lga o‘rgatgan o‘rgatuvchidek bir ohangda.

– Qoyillatgansiz! – dedi Fedjin uning kiftiga qoqib. – Siz – dahosiz, azizim!

– Nimayam derdim, agar o‘shanday bo‘lmaganimda hozir bu yerda o‘tirmasdim chog‘i, – javob qildi Noe. – Lekin menga qarang, agar imillaydigan bo‘lsangiz, u qaytib tushib qoladi.

– Xo‘sh, o‘zingiz qanday fikrdasiz, bu haqda? – so‘radi Fedjin. – Bordi-yu, oshnam ko‘nglingizga o‘tirishib qolsa, unga shogird tusha qolmaysizmi?

– Xo‘sh, uning ishi tuzukmi o‘zi? Eng muhimi ana shunda, – javob berdi Noe bir ko‘zini qisib qo‘yib.

– Tuzuk ham gapmi, zo‘r! Talay-talay odamlarni yollaydi. Bu kasb-kordagi manaman deganlar u bilan sherik.

– Haqiqiy shaharliklarmi? – so‘radi mister Kleypol.

– Chekka yerlardan birortayam yo‘q. Shu kunlarda yordamchilarga muhtojligi bo‘lmaganida, hatto mening tavsiyam bilan ham sizni qabul qilmasdiyov.

– Unga uncha-muncha berish kerakdir-a? – deb so‘radi Noe cholvori cho‘ntagi ustidan shapillatib urib qo‘yarkan.

– Busiz ish bitarkanmi? – javob qildi Fedjin qat’iy ohangda.

– Lekin yigirma funt… juda katta pul-da.

– Bank qog‘ozi bo‘lsa, ishlatolmaysiz baribir, – qarshilik bildirdi Fedjin. – Yili va raqami, o‘ylaymanki, yozib qo‘yilgandir? Banklar to‘lanmasin deb ogohlantirib qo‘yilgandir? Ana ko‘rdingizmi, u ham bu qog‘ozdan tuzuk foydalanolmaydi. Uni chet elga jo‘natishga to‘g‘ri keladi, bozorda yuqori narx bilan sotolmaydi.

– Qachon ko‘rsam bo‘ladi uni? – ikkilanibroq so‘radi Noe.

– Ertaga ertalab.

– Qayerda?

– Shu yerda.

– Hm, – deb qo‘ydi Noe, – xizmat haqim qancha bo‘ladi?

– Xuddi jentlmenlarday yashaysiz, stol va boshpana, tamaki va ichimlik istaganingizcha, o‘zingiz ishlab topganning yarmi, u qizning topganining yarmi ham o‘zlaringizniki, – javob berdi Fedjin.

Hirs-u harisligining cheki chegarasi yo‘q Noe Kleypol inon-ixtiyori o‘zida bo‘lganida, hatto ana shunday ajoyib shart bilan ham, bunga rozilik berishi dargumon ediyov: ammo rad etgan taqdirida bu yangi tanishi uning oyog‘ini yerga tekkizdirmay sud qo‘liga topshirajagini yodda tutarkan (bundan ham aql bovar qilmaydigan voqealar bo‘lgan-ku), asta-sekin yumshab, oxiri, bu o‘ziga to‘g‘ri kelishini aytdi.

– Lekin bilasizmi, – dedi Noe, – anavi qiz og‘irroq yumushlarni ham eplashtiradi, shundoq bo‘lgach, men o‘zim birorta yengilroq ish bilan shug‘ullansam degandim.

– Birorta kichikroq, ko‘ngilga o‘tirishadigan ish bo‘lsa-a? – taklif etdi Fedjin.

– Ha, balli, – javob qaytardi Noe. – Sizningcha, qanday, hozircha qaysi ish bilan shug‘ullanganim ma’qul? Masalan, aytaylik, odamni uncha qiynab qo‘ymaydigan, bilasizmi, keyin, sal bexavotirroq bo‘lsa. Xullas, shunga o‘xshashroq bir ish.

– Azizim, birovning orqasidan ayg‘oqchilik qilsam, deganday bo‘luvdingiz shekilli, qulog‘imga chalinuvdi bu, – dedi Fedjin. – Oshnam xuddi shu ishni qotiradigan odamga muhtoj-da.

– Ha, shunday degandim, goho shunday qilishgayam qarshiyamasman, – dedi Noe bafurja, – lekin bilasizmi, bu ish o‘zini oqlamaydi unchalik.

– To‘ppa-to‘g‘ri, – deb qo‘ydi juhud o‘yga tolib yoki o‘zini o‘ylayotganga solib. – Yo‘q, bo‘lmaydi.

– Xo‘sh, unda nima maslahat berasiz? – deb so‘radi Noe bezovtalanib unga tikilganicha. – Ishonchliroq, xuddi uydan tashqariga chiqmaganday, xavf-xatarsiz ish bo‘lsa. Imi-jimida, payt poylab turib, o‘g‘rilik qilganga nima yetsin edi-ya.

– Qari xonimlar haqda qanday fikrdasiz? – deb so‘radi Fedjin. – Ularning qo‘llaridagi sumka va to‘rvachalarni yulqib, muyulishdan o‘tib, quyon bo‘lishning tushumi juda zo‘r-da.

– E, ularingiz shunaqangi voydodlab qolishadiki, qo‘yaverasiz, ba’zan bo‘lsa aft-basharangni yumdalab tashlashadi, – e’tiroz bildirdi Noe boshini sarak-sarak qilib. – Bu menga to‘g‘ri kelmasov. Bundan boshqa birorta yumush topilmasmikin?

– Shoshmang, – dedi Fedjin qo‘lini uning tizzasiga qo‘yib. – Qushchalarni ilintirish bor-ku.

– Bu nima degani? – surishtirdi mister Kleypol.

– Qushchalar, azizim, bu onalari qo‘llariga olti penslik va shilling tutqizib, narsa olib kelgani chiqaradigan yosh bolalar. Ilintirishga kelsak – bu pullarni tortib olish degani… ular hamisha tappa-tayyor qilib qo‘llarida ushlab olishadi… keyin o‘zlari yo‘lka yonidagi ariqqa itarib yuboriladi-da, xuddi hech nimani ko‘rmaganday, yiqilsa, bitta bolakay yiqilib, lat yebdi-da, deganday xotirjamgina ketilaveradi. Hi-hi-hi!

– Xa-xa-xa! – qah-qah urdi mister Kleypol zavq-la oyoqlarini silkib. – Xudo haqqi, bu juda menbop ekan-da!

– Albatta, shubhasiz, – javob berdi Fedjin. – Keyin joyni Kemden-Taundan, Betl-Brijdan, yana shunga yaqin-atrofdan tanlasangiz bo‘ladi; ularni hamisha biror narsa olib kelgani yuborib turishadi o‘sha yoqqa, kunning istalgan paytida bir aylanishda ko‘nglingizga siqqanicha qushchani tuzoqqa ilintirsangiz bo‘ladi, bemalol. Hi-hi-hi!

Shunday derkan, mister Fedjin mister Kleypolning biqiniga nuqib qo‘ydi va ular baravariga, uzoq qotib-qotib kulishdi.

– Mana, hammasi joyida, – dedi Noe; Sharlott xonaga qaytganida u allaqachon bemalol gapira oladigan holga kelgandi. – Ertaga soat nechada?

– O‘nga imkoningiz qalay? – deb so‘radi Fedjin va mister Kleypol roziligini bildirib bosh irg‘agach, qo‘shib qo‘ydi: – Saxovatli oshnamga kim deb tavsiya qilay o‘zlarini?

– Mister Bolter, – deb javob berdi bunday savolga oldindan tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan Noe. – Mister Moris Bolter. Bu kishi missis Bolter.

– Xizmatlariga hozirman, missis Bolter, – dedi Fedjin masxaraomuz ta’zim bajo keltirarkan. – Umidvormankim, eng yaqin fursat orasida o‘zlari bilan yaqindan tanishib olamiz.

– Jentlmenning gaplarini eshityapsanmi, Sharlott? – shang‘illadi mister Kleypol.

– Ha, jonginam Noe, – javob qildi missis Bolter qo‘lini uzatib.

– U, meni erkalatib Noe deydi, – dedi mister Bolter, sobiq Kleypol, Fedjinga murojaat qilarkan. – Tushunyapsizmi?

– Bo‘lmasam-chi, tushunib turibman, juda yaxshi tushunyapman, – dedi Fedjin, bu gal rostini aytayotgan edi u. – Xayr, yaxshi yotib turinglar!

Uzundan-uzoq xayr-ma’zur va purma’no yaxshi tilaklar izhor etilganidan so‘ng mister Fedjin o‘z yo‘liga jo‘nadi. Noe Kleypol muhtarama yostiqdoshi diqqatini jalb etib (o‘z qadr-qimmatini anglab yetgan holda), kuchli jins vakili sifatidagina emas, shuningdek, Londondek shahri azimda qushchalarni ilintirishdek lavozimga musharraf bo‘lish sharafiga erishgan jentlmenga yarashib tushadigan kalondimog‘lik ila o‘zi amalga oshirgan bitishuv haqida hikoya qila boshladi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации