Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 35 (всего у книги 40 страниц)
Hech kimsa odil hakam-u intiqomdan qutulib ketgan qotil haqida so‘z ochmay, arvoh-u ro‘yolar g‘aflat uyqusida, deya bashorat qilmay qo‘ya qolsin. Iztirobga soluvchi ana shunday vahimali, beintiho lahzaning o‘ziyoq o‘nlab majburiy o‘lim bilan barobardir.
U o‘tib borayotgan dalada tunasa bo‘ladigan ombor bor edi. Eshigi oldida o‘sgan uch tup osmono‘par terak ko‘lankasida ombor ichkarisi battar qorong‘ilashib, terak shox-shabbalariga urilayotgan shamol zorlanib nola qilardi. U to tong otmagunicha bundan nariga borolmasdi, shu sababli yangi qiynoqlarga ko‘ksini qalqon qilish uchun naq devor takkinasiga uzana qoldi.
Endilikda yana boyagi-boyagiday shilqim, biroq undan ham battarroq, qutulganidan ko‘ra dahshatliroq ro‘yo ro‘parasiga kelib turib oldi. Qorong‘ilik qa’ridan tikilib turgan xira, chaqchayib qotib qolgan ko‘zlarni xayolida o‘ylashdan ko‘ra ko‘rib turgani yengilroq ko‘chardi uning uchun; bu ko‘zlarda nur bor edi-yu, biroq hech nimaga ziyo socholmas, hech nimani ko‘rmasdi. Bir juftgina ko‘z, qayoqqa qarasa o‘sha yoqdan tikilib turibdi. Bordi-yu, u ko‘zini yumsa, qarshisida jamiki jihoz-u ashyolari juda yaxshi tanish bo‘lgan xona gavdalanardi (mabodo, jihozlarni xotirasida tiklamoqchi bo‘lsa, ulardan ba’zilarini eslolmasligi turgan gap edi, albatta), har bir buyum joy-joyida turgan bo‘lardi. Jasad ham o‘sha joyida yotibdi, ko‘zlari ham u pisibgina chiqib ketayotganida qanday bo‘lsa, xuddi o‘shanday baqrayib turibdi.
U sakrab turib, dala bo‘ylab yugura ketdi. Jasad sharpasi orqasidan quvib kelardi. U omborga qaytdi va yana g‘ujanak bo‘lib oldi. U oyog‘ini uzatib ulgurmasidan ilgariroq tag‘in chaqchaygan ko‘zlar ro‘parasida paydo bo‘lib qoldi.
Shunda vujudini hech qachon hech zog‘ tuymagan vahima chulg‘ab oldi-yu, a’zoyi badani qaltirab, borlig‘i muzdek terga g‘arq botib turgan bir paytida qo‘qqisdan tun shamoli olislardan baqir-chaqir hamda tahlikaga tushgan, vahima bosgan odamlar g‘ala-g‘ovurini qanotlarida uchirib kelib qoldi. Bunday xilvat joyda inson ovozini eshitib – mayli, shovqin hatto qandaydir falokatdan darak berayotgan bo‘lsa ham – u biroz yengil tortdi. Tahdid solayotgan xavfni tuyish hissi Sayksga yangi kuch baxsh etdi-yu, o‘rnidan sapchib turib, ombordan otilib chiqdi.
Bepoyon samoga naq o‘t tutashganga o‘xshardi. Bir-biri bilan baslashib ko‘kka o‘rlayotgan alanga tillari atrofga son ming uchqun sachratib, bir necha chaqirimlab tevarak-atrofni mash’ala yanglig‘ yoritib turar, u tomonga qarab tutun bulutlarini ufurardi. Qiy-chuv yanada kuchaydi, negaki, dod-voylarga yangidan-yangi faryodlar qo‘shila borardi; shunda u qo‘ng‘iroqlar bongi, allaqanday og‘ir narsalarning gumburlab qulashi, olovning biror yangi to‘siqqa ko‘ndalang bo‘lganida yalmog‘iz tillari bilan yamlab, yangi ozuqa quvvati bilan ko‘kka yanada balandroq sapchiy boshlaganida battarroq charsillab-guvillashiga qorishib ketayotgan: «Yong‘in!» – degan baqiriqlarni anglay oldi. U kuzatib turar ekan, shovqin tobora zo‘rayib borardi. U yoqda odamlar – erkag-u ayol barchasi, yorug‘lik, alanga to‘s-to‘polon. Bu manzara unga go‘yo yangicha hayot bo‘lib ko‘rindi. U olg‘a tashlandi – to‘ppa-to‘g‘riga qarab, joni boricha, supurgio‘tlar va butalarni oralab, to‘sig‘-u g‘ovlardan sakrab o‘tgancha, oldinda qattiq-qattiq hurgancha bamisoli uchib borayotgan iti singari sira to‘xtamay yuguraverdi.
Chopgancha yetib bordi. Yarim yalang‘och odamlar zir yugurishyapti: bir xillar otxonalardan qo‘rqib ketgan otlarni tashqariga olib chiqishga harakat qilishyapti, boshqalar mol-hollarni hovli-yu qo‘ralardan, og‘ilxonalardan dalaga haydab chiqishyapti, tepalaridan uchqun yomg‘irday yog‘ilib, laqqa cho‘g‘ to‘sinlari bosib tushayotgan, alanga ichida qolgan uylardan taqir-tuqurlarini tashmalashyapti. Bir soatgina muqaddam eshik va derazalar berkitib turgan darchalardan junbishga kelgan olov ummoni ko‘zga tashlanib turardi; devorlar lopillab-lopillab turib, jahannamiy o‘t dengiziga qulayapti; o‘tda erigan qo‘rg‘oshin-u temir-tersak qirov bog‘lagan laqqa cho‘g‘day yerga quyilib-oqib tushyapti. Xotin-xalaj-u bola-baqralar chuvvos solishyapti, erkaklar esa baqirib-hayqirishib, bir-birovlariga dalda berishyapti. Suv sepgichlarning jarang-jurungi, lovillab yonayotgan yog‘och-u taxtalarga urilayotgan suvning vishillashi quloqni qomatga keltiruvchi shovqin-suron-u o‘kirikka qorishib ketyapti.
U ham ovozi bo‘g‘ilib qolgunicha baqirib-chaqirdi, xotirotlari hamda o‘z-o‘zligidan yiroqroq qochib, olomon qalin yerga urdi o‘zini. Shu tunni u dam suv purkagichlar yonida ter to‘kib, dam tutun-u o‘t orasiga sho‘ng‘ib, ammo hamisha odam qalin-u shovqin-suron kuchliroq joyda bo‘lishga tirishib, u yoqdan-bu yoqqa zir yugurib o‘tkazdi. U devorga qo‘yilgan narvonda deysizmi, tepa-yu pastda deysizmi, tom-u o‘zining og‘irligidan to‘shama taxtalari g‘ijirlab-lopillayotgan, tosh-u g‘ishtlar do‘lday yog‘ilib turgan bino ichida deysizmi – qayerdaki, o‘t quturayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda hozir edi. Ammo-lekin uning hayoti sehr-u jodu qilingandi bamisoli: na biron joyi tirnaldi, na biron yeri lat yedi; toki tong otib, atrofda dud-u qop-qora ko‘mirga aylangan xarobazor qolgunicha na charchoqni bildi, na biron nimani o‘yladi.
Bu telbavor hayajon tarqagach, qilgan jinoyati haqidagi dahshatli o‘y o‘n karra kuchliroq bo‘lib qaytdi. U shubhalanib, atrofiga alanglab qo‘ydi; odamlar to‘da-to‘da bo‘lishib, gaplashishardi, shunda u, tag‘in meni gaplashishayotgan bo‘lishmasin, deya xavotirga tushdi. Iti uning barmog‘ining ma’nodor harakatiga itoat etdi va ular imi-jimida nari keta boshladilar. U suv purkagich yonidan o‘tib borarkan, o‘sha yerda o‘tirgan bir necha kishi, kel, biz bilan tamaddi qilib ol, deb chaqirib qolishdi. U non bilan go‘shtdan yeb, endi pivodan ho‘play boshlagan ham ediki, Londondan kelgan o‘t o‘chiruvchilarning qotillik haqida gaplashayotganlari qulog‘iga chalinib qoldi.
– Aytishlaricha, u Birmingem tarafga ketganmish, – dedi ulardan biri, – baribir ushlashadi uni, nega deganda, izquvarlar oyoqqa turishgan, ertaga kechgacha bo‘lsa buni butun mamlakat eshitadi.
U shosha-pisha yo‘lga tushdi, to oyoqlari chalishib qolgunicha yuraverdi, ana shundan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘qmoqqa cho‘zildi-yu, uzoq, ammo behalovat uxladi. Keyin taraddudga tushib, ikkilanib, tunni yana yolg‘iz o‘tkazishdan naq yuragi yorilgudek bo‘lib, tag‘in sudrala ketdi. Banogoh u tavakkaliga Londonga qaytishga qaror qildi.
«U yerda aqalli gaplashadigan odamim bor-ku! – o‘yladi u, – innaykeyin, yashiringani ishonchli joy ham. Rostki, meni shu atrofda degan gap tarqagan ekan, u yoqda tuzoqqa ilintirish xayollariga kelmaydi. Oldin biror hafta berkinib yotib, keyin Fedjindan loy qoqishtirib, Fransiyaga quyon bo‘lsam-chi? Tavakkal, shundoq qilganim bo‘lsin!»
U darhol o‘z azmi qaroriga amal qilishga kirishdi va eng pasqam yo‘llarni tanlab, poytaxt yaqinida biror joyga borib yashirinib turish, qosh qorayganidan so‘ng esa gadoytopmas ko‘chalardan shaharga kirib, mo‘ljallab qo‘ygan dahasiga jo‘nash niyatida yo‘lga ravona bo‘ldi.
Xo‘sh, it-chi? Agar uning qiyofasi-yu belgilarini hamma yoqqa tarqatishgan bo‘lsa, unda itning ham g‘oyib bo‘lganini esdan chiqarishmaydi va egasi bilan ketgan, deb o‘ylashlari shubhasiz. Bu narsa ko‘chalardan o‘tib borayotganida qo‘lga tushib qolishiga sababchi bo‘lishi hech gapmas. U itni suvga cho‘ktirib yuborishga ahd qilib, birorta hovuz-povuz uchrab qolar, deya yo‘lida davom etdi; yo‘l-yo‘lakay og‘ir toshni dastro‘moliga tugib oldi.
Ana shunday tayyorgarlik ko‘rilar ekan, it egasidan ko‘z uzmadi; itni xatardan savqi tabiiy ogoh etdimi yoxud kazzobning shiqrayib qarashi odatdagidan qahrliroq chiqdimi, har qalay, u egasidan hamishagidan sal orqaroqda, dumini qisib kelar va tomteshar odimini sekinlatishi bilan u ham sal nariroqda to‘xtardi. Egasi bir hovuzning oldida to‘xtab, uni yoniga chaqirganida joyidan qimirlamadi ham.
– Eshityapsanmi, chaqiryapman seni! Kel bu yoqqa, ba! – qichqirdi Sayks.
It odati ta’sirida yoniga keldi, biroq Sayks ro‘molchani bo‘yniga bog‘layman deb engashar ekan, u bo‘g‘ilib irillagancha chetga qochdi.
– Qayt orqangga! – qichqirdi kazzob.
It dumini jilpanglatdi-yu, lekin turgan joyida qolaverdi. Sayks yana va yana chaqirdi.
It yaqinroq keldi, tag‘in nariroqqa tisarildi, bir lahzagina turib qoldi, keyin shartta burildi-yu, zipillagancha qochdi-ketdi.
Sayks ketma-ket hushtak chaldi, o‘tirib, u qaytib keladi degan umidda kuta boshladi. Biroq it shu ketgancha badar ketdi va egasi nihoyat yana yo‘lga tushdi.
QIRQ TO‘QQIZINCHI BOB
MONKS BILAN MISTER BRAUNLOU NIHOYAT UCHRASHADILAR. ULAR O‘RTASIDAGI SUHBAT VA USHBU SUHBATGA RAXNA SOLGAN XABAR
Mister Braunlou uyi kiraverishida yollagan izvoshidan tushib, eshikni taqillata boshlaganida, qosh qorayib qolgan edi. Eshik ochilgach, izvoshdan chiqib kelgan devqomat erkak izvosh zinasining bir tomonidan joy oldi; bu orada izvoshchi o‘rindig‘ida o‘tirgan odam esa o‘z navbatida pastga tushib, ikkinchi tomoniga o‘tib turdi. Mister Braunlouning ishorasi bilan ular izvoshdagi uchinchi erkakning pastga tushishiga yordamlashishdi-da, o‘ng-u so‘ldan o‘rtaga olganlaricha tezgina uyga olib kirib ketishdi. Bu odam – Monks edi.
Xuddi shu tarzda ular indamaygina zinadan yuqoriga ko‘tarilishdi, oldinda borayotgan mister Braunlou ularni orqa xonaga boshladi. Oshkora norizolik-la arang tepaga chiqayotgan Monks xona eshigi oldida to‘xtadi.
– Mayli, ikkidan birini tanlasin, – dedi mister Braunlou, – agar tixirlik qilsa yoki salgina qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, ko‘chaga sudrab chiqib, politsiyani chaqiringlar-da, mening nomimdan ayb qo‘yib, topshirib yuboraveringlar.
– Men haqimda shunday deyishga qanday tilingiz boryapti? – so‘radi Monks.
– Yigit, meni bunga majbur qilishga siz o‘zingiz qanday jur’at etyapsiz? – savolga savol bilan javob qaytardi mister Braunlou yigitning aftiga tik boqqancha. – Bu uydan qochib qolmoqchi bo‘layotganingizga qaraganda aqldan ozgan ko‘rinasiz chog‘i?.. Qo‘yib yuboringlar uni… Gap bundoq, ser: siz ozodsiz, boravering, biz esa ketingizdan yuramiz. Lekin ogohlantirib qo‘yay – jamiki men uchun muqaddas bo‘lgan narsalar haqqi ont ichaman! – ko‘chaga qadam bosdim deganingizdayoq sizni qalloblik va talonchilikda ayblab, hibsga oldirtiraman. Qarorim qat’iy va so‘zim jiddiy. Agarda bu yog‘iga o‘zingizni xuddi shundoq tutishga ahd qilgan bo‘lsangiz, gunoh-u uvolingiz o‘z bo‘yningizga.
– Bu ko‘ppaklar kimning buyrug‘i bilan meni ko‘chada ushlab olib, bu yerga olib keldi? – so‘radi Monks yonida turgan erkaklarning betiga birma-bir tikilarkan.
– Mening buyrug‘im bilan, – javob berdi mister Braunlou. – Bu odamlar uchun men javob beraman. Basharti siz, meni ozodlikdan mahrum etishdi, deb shikoyat qiladigan bo‘lsangiz – bu yoqqa kelayotganingizda siz ozodligingizni qaytarib olish huquqi hamda imkoniyatiga ega edingiz, lekin shovqin ko‘tarmaslikni afzal topdingiz – u chog‘da, takror aytaman, o‘zingizni qonun panohiga topshiring. Kamina ham o‘z navbatida qonunga murojaat etgum. Illo, bu ko‘ydan keyin orqaga qaytib chiqa olmaydigan darajada ichkarilab ketadigan bo‘lsangiz, haq-huquq boshqa qo‘llarga o‘tganidan so‘ng, mendan muruvvat kutmang va o‘zingizni o‘zingiz uloqtirgan jahannamga siz itarib yubordingiz, deya ta’na qilib o‘tirmang.
Monksning xijolat tortgani va buning ustiga xavotirga tushgani ko‘rinib turardi. U taraddudlanmoqda edi.
– Tezroq bir qarorga kelishingiz lozim, – dedi mister Braunlou bag‘oyat qat’iy va bosiqlik bilan. – Basharti, jamoatchilik shohidligida zimmangizga ayb yuklashim va jazoga (garchi bu jazoni nadomat-la olddan ko‘ra olishga qodir-u, ammo o‘zgartirishga ojiz bo‘lsam-da) duchor etishimni ma’qul ko‘rsangiz, u holda, yana bir karra aytib qo‘yayki, yo‘lni bilasiz, marhamat. Bordi-yu, maqbul bo‘lmasa va mendan muruvvat-u o‘zingiz shunchalik yovuzlik qilgan kimsalaringizdan marhamat istasangiz, u chog‘da ortiqcha gap-so‘zsiz manavi kursiga o‘tiring. Ikki kundirki, u sizga muntazir.
Monks allanimadir deb mujmal g‘udrandi-yu, hanuz ikkilanib turaverdi.
– Bo‘la qoling, – dedi mister Braunlou. – Bir og‘izgina so‘z aytsam bas – qay birini tanlashingizning imkoniyati yo‘qqa chiqadi.
Monks hamon taraddudlanardi.
– Muzokara olib borishga maylim yo‘q, – so‘zini davom ettirdi mister Braunlou. – Buning ustiga, bashartiki, o‘zgalarning eng zarur manfaatlarini himoya qilayotgan ekanman, bunga haqqim ham yo‘q.
– Haligi… – dedi Monks duduqlanib, – haligi birorta murosaga kelish chorasi yo‘qmi?
– Hech qanaqangi.
Monks keksa jentlmenga xavotirlanib qaradi, biroq uning chehrasida beshafqatlig-u qat’iyatdan bo‘lak narsani ko‘rmagach, xonaga kirdi-da, yelkasini qisib qo‘yib, stulga cho‘kdi.
– Eshikni tashqaridan qulflab qo‘yinglar, – dedi mister Braunlou xizmatkorlarga, – o‘zim qo‘ng‘iroq chalganimdan keyingina kiringlar, bu yerga.
Xizmatkorlar uning amrini ado etishdi va ular tanho qolishdi.
– Chakki emas muomalangiz, ser, – dedi Monks shlyapasi bilan yelkapo‘shini yecharkan, – tag‘in otamning qadrdon do‘stisiz-a.
– Barakalla, otangizning eski qadrdoni bo‘lganim sababidan ham shunday, yigit! – javob berdi mister Braunlou. – Aynan yoshlik va baxtiyorlik yillarimdagi orzu-umidlarim u bilan va unga qondosh, navqiron pallasida Tangri huzuriga yo‘l tutib, meni yolg‘iz qoldirib, g‘am-qayg‘u quchog‘iga tashlab ketgan sohibjamol bilan bog‘liq bo‘lgani sababli; uning yosh bolaligidayoq Yaratganning irodasi bilan menga nasib etmagan, menga umr yo‘ldoshi bo‘ladigan kuni ertalab peshonasidagi yakka-yu yolg‘iz opasining o‘lim to‘shagi tepasida, shundoq yonginamda tiz bukib turganligi sababli; mening muztar yuragim o‘sha kundan boshlab toki umrining oxirigacha, u tortgan jamiki musibat-u jamiki yanglishmovchiliklariga sherik, hamdam-u hamroz bo‘lib kelganligi sababli; aynan yuragim o‘sha ko‘hna xotiralar-u mehr-oqibatga to‘la ekanligi va hatto sizni ko‘rgan chog‘larimda u haqdagi allazamonlardagi o‘y-fikrlarim qayta jonlangani tufayli; aynan sizga nisbatan ko‘nglimda mehr saqlanib qolganligi, muloyim muomala qilish istagi mavjudligi sababli shunday muomala qilyapman… Ha, shunday, Eduard Liford, hattoki, shu kundayam… Bu nomga noloyiq bo‘lganingizdan siz uchun men nomus qilaman!
– Mening nomimning nima aloqasi bor, bu gaplarga? – so‘radi shu tobgacha suhbatdoshining hayajonini hayrat-la, qovog‘ini solib, churq etmay kuzatib o‘tirgan Monks. – Men uchun nomning o‘zi nima degan gap ekan?
– Hech vaqo, – javob berdi mister Braunlou, – siz uchun hech nima. Illo, o‘sha farishtaning ham nomi edi bu, hattoki hozir, oradan shuncha yillar o‘tganidan keyin ham bu nomni eshitsam bas, u mening, qariya bir odamning vujudiga o‘t qalab, tanasini larzaga keltiradi. Uni o‘zgartirganingizdan g‘oyat xursandman… ha, g‘oyatda xursandman.
– Bularning hammasi ajoyib gaplar, – dedi Monks (o‘zi qo‘yib olgan ismini saqlab qolamiz) qo‘llari bilan yuzini to‘sganicha jimgina o‘tirgan mister Braunlouga qovog‘ini solib, yeb yuborgudek tikilgan ko‘yi kursida g‘ujanak bo‘lib, uzoq sukut saqlagach. – Lekin mendan nima istaysiz?
– Sizning iningiz bor, – dedi mister Braunlou o‘ziga kelib, – ukangiz… Ko‘chada orqangizdan ketayotganimda sizni hayrat va xavotirga tushib ketimdan ergashishga majbur etish uchun qulog‘ingizga ismini shivirlab aytishimning o‘zi kifoya edi.
– Hech qanaqa ukam yo‘q, – e’tiroz bildirdi Monks. – Yakka-yu yagona bola ekanimni o‘zingiz bilasiz. Nega endi ukang bor deb boshni qotirasiz? Buni mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz-ku!
– Qani, menga ayon bo‘lgan va ehtimolki, o‘zingiz bexabar bo‘lgan gaplarga quloq bering, – dedi Braunlou. – Hash-pash deguncha gapimga qiziqtirib qo‘ysam kerak o‘zlarini. Bilaman, o‘sha mash’um nikoh, hali yoshgina yigitcha ekaniga qaramay, oila ning g‘ururi hamda g‘arazli, shafqatsizona shuhratparastlik tazyiqi ostida otangizni zo‘rlab o‘qitilgan nikohdan bunyodga kelgan yakka-yu yagona hamda manfur zurriyod – bu sizsiz!..
– Bunaqangi achchiq-tizziq gaplarni parvoyimga keltirmayman, – uning gapini bo‘ldi Monks zaharxanda kulib. – Bu haqiqat o‘zlariga ayon, shuning o‘zi kifoya menga.
– Illo, men ushbu muvaffaqiyatsiz nikoh oqibatida tug‘ilgan jonni qiymalovchi qiynoq, behad azoblarni ham bilaman, – so‘zini davom ettirdi keksa jentlmen. – Yana tag‘in bu baxti qaro er-xotinning zil-zambil turmush zanjirini o‘zlari uchun og‘ulangan hayot so‘qmog‘idan qanchalar sillalari qurib, bema’no-yu bemaqsad surgab yurganlari ayon menga. O‘zaro sovuqdan-sovuq, rasmiy muomalalari qanday ochiq-oshkora tahqirlashga aylanganini, beparvolig-u loqaydlik qanday adovatga, adovat – nafratga, nafrat esa jirkanishga joy bo‘shatib berganini, pirovard-oqibatda, bu narsa o‘sha zanjirlarni jaranglatib chilparchin qilishlarigacha olib borganini ham bilaman. Ajralishib, har qaysisi har yoqqa ketarkan, o‘zi bilan o‘sha me’dalariga tekkan jirkanch zanjirning o‘limdan bo‘lak hech narsa parchalay olmaydigan halqalarini jing‘irlatgancha ola ketishdi va yangi sharoitda ota-onangiz uni qo‘lidan kelganicha quvnoqlik pardasi ostiga yashirib yurishdi. Onangiz buning uddasidan chiqdi; u o‘tmishini tez unutdi; illo, mash’um zanjir halqalari talay yillar mobaynida zanglay borib, otangizning qalbini kemirib bitkazdi.
– To‘g‘ri, ular ajralishgandi, – dedi Monks. – Xo‘sh, ajralishsa nima bo‘pti?
– Ular ajralishganidan birmuncha muddat o‘tgach, – javob qildi mister Braunlou, – onangiz qit’ada butkul beg‘am-u betashvish puch hayotga sho‘ng‘ib ketib, o‘zining kelajagi-yu dunyodan umidini uzgan bir kayfiyatda ona yurtida qolgan yoshgina erini mutlaqo unutib yubordi. Illo, otangiz shunda yangi do‘stlar orttirdikim, bundan o‘zingizning ham xabaringiz bor, har qalay.
– Yo‘q, xabarim yo‘q, – dedi Monks ko‘zlarini chetga olib qochib, jamini rad etishga qasd qilgandek, oyog‘i bilan yer depsib. – Bexabarman.
– Avzoyingiz, qilmishlaringiz qatori, bu narsani hech qachon esdan chiqarmaganligingiz va hamisha alam bilan o‘ylab yurganingizni isbot qilib turibdi, – e’tiroz bildirdi mister Braunlou. – Bundan o‘n besh yil muqaddam, siz hali o‘n bir yasharlik paytingizda sodir bo‘lgan voqeani aytyapman; otangiz bo‘lsa o‘sha paytda endigina o‘ttiz birga qadam qo‘ygan edi, zero, takror aytaman, otasi uylanishni buyurgan pallasida u hali yosh yigitcha edi. Padaringizning xotirasiga ko‘lanka tashlaydigan o‘sha voqealarga qaytishim kerakmi yoki bundan meni xalos etib, o‘zingiz haqingizga ko‘chasizmi?
– O‘zim haqimga ko‘chadigan hech qanaqangi gapim yo‘q, mening, – qarshilik bildirdi Monks. – Agar xohlasangiz, bemalol gapiraverishingiz mumkin.
– Nima ham derdim, bo‘pti! – so‘zini davom ettirdi mister Braunlou. – Shunday qilib desangiz, o‘sha yangi do‘stlaridan biri iste’foga chiqqan dengiz zobiti bo‘lib, xotini ikki bolasini unga qoldirib, yarim yil burun olamdan o‘tgan edi. Bolalari ko‘proq bo‘lgan-u, lekin baxtlariga ikkitasigina omon qolishgandi. Bular: biri o‘n to‘qqiz yashar sohibjamol qiz, ikkinchisi hali go‘dak, ikki-uch yoshlardagi qizaloq edi.
– Bu bilan mening nima ishim bor ekan? – so‘radi Monks.
– Ular mamlakatimizning otangiz sargardon bo‘lib yurgan kezlarida borib, o‘rnashib qolgan qismida yashashardi. Ular tezda tanishib, yaqinlashib, do‘stlashib ketishdi. Otangiz nihoyatda iqtidorli yigit edi. Qalbi ham, fe’l-atvori ham xuddi opasinikiga o‘xshardi. Keksa zobit yaqindan bilgani sayin unga bo‘lgan mehr-muhabbati orta bordi. Ish shu bilan tugagan bo‘lsa koshki edi-ya. Lekin qizi ham uni sevib qolgandi.
Keksa jentlmen tek qoldi. Monks labini tishlagancha yerga tikilardi. Buni payqagan jentlmen darhol hikoyasini davom ettirdi:
– Yil oxiriga borib u o‘z zimmasiga majburiyat, muqaddas majburiyat yuklab, bu qiz oldida burchli bo‘lib qoldi, ya’niki u soddadil, ma’suma qizning samimiy, qizg‘in, chinakam ilk muhabbatini qozondi.
– Hikoyangizning nihoyasi ko‘rinmaydiganga o‘xshaydi-ku, – deb qo‘ydi Monks o‘tirgan joyida besaranjomlanib.
– Bu, yigitcha, iztirob, azob-uqubat va g‘am-tashvish haqidagi haqqoniy hikoya, – e’tiroz bildirdi mister Braunlou, – bunaqangi hikoyalar odatda uzun bo‘ladi; basharti, beg‘ubor baxtu xursandchilikdan hikoya qilganimda qisqagina bo‘lardi. Nihoyat, manfaatlari yo‘lida otangiz qurbon qilingan badavlat qarindoshlardan biri olamdan o‘tadi (bunday qurbonlik esa oddiy bir hodisadir), o‘zi quroli bo‘lgan yovuzlikni endilikda tuzatish istagida u otangizga pul qoldirib ketarkan, bu pul jamiki balo-qazo-yu falokatlarning davosi bo‘lib tuyulgan unga. Zudlik bilan Rimga yetib borish zarurati tug‘iladi shunda, zero, bu odam davolangani borib, ishlarini o‘ldajo‘lda qoldirib, o‘sha yerda vafot etgan. Otangiz yo‘lga otlangan va o‘sha yoqda bedavo dardga chalingan. Bu haqdagi xabar Parijga yetib kelishi bilanoq onangiz sizni olib yo‘lga tushgan. Sizlar yetib borgan kunning ertasiga hech qanday vasiyat – hech qanday vasiyat qoldirmay joni uzilgan uning, shunday qilib, bor boyligi onangiz bilan sizga tekkan.
Endilikda Monks garchi hikoyachining betiga qaramayotgan bo‘lsa-da, butun vujudi diqqatga aylanib, nafasini ichiga yutib, quloq solayotgan edi. Mister Braunlou tin olganida qo‘qqisdan o‘zini yengil tortgandek tuygan odam singari avzoyi-holatini o‘zgartirib, bo‘g‘riqib ketgan afti va qo‘llarini artdi.
– Chet elga jo‘nashidan oldin London orqali o‘tib borayotib, – mister Braunlou uning aftidan ko‘z uzmay, oshiqmay, bafurja davom ettirdi hikoyasini, – u menga yo‘liqqandi…
– Buni sirayam eshitmagandim, – gapini bo‘ldi Monks o‘zicha shubhalanganini anglatishi lozim bo‘lgan ohangda, lekin ovozi yoqimsiz, hayratomuz chiqdi.
– U menga yo‘liqib, boshqa buyumlaridan tashqari bir rasmni – o‘sha bechora qizning o‘z qo‘li bilan chizgan rasmini ham tashlab ketdi. U rasmni qoldirib ketishni istamas, ayni chog‘da oshig‘ich safarga o‘zi bilan olib ham ketolmasdi. Chekkan tashvishi-yu vijdon azobidan ramaqijon bo‘lib qolgandi, o‘zi keltirgan halokat hamda benomuslik to‘g‘risida iymanib, ming xijolat bilan, poyma-poy qilib gapirdi; har qanday ziyon-piyoniga qaramay, bor bisotini pulga aylantirish niyatida ekanini va olajak merosidan bir qismini xotini bilan sizga ajratib berib, mamlakatdan qochib qolishini – yolg‘iz o‘zi qochmoqchimasligini juda yaxshi tushunib turardim o‘shanda – va bu yoqqa ortiq qaytib kelmaslikka qasd qilganini aytgandi menga. Hatto menday odamga, ikkalamiz uchun qadrdon-u aziz kishimizning o‘limi bog‘lab turgan menday qadrdon do‘stiga ham dilidagi gaplarni yormadi butkul; hammasini maktub orqali yozib yuborishga va men bilan yana bir marta, hayotida oxirgi marta uchrashishga so‘z berib qo‘ya qoldi. Afsus, afsus! O‘sha galgisi oxirgi uchrashuvimiz ekan. Undan hech qanday xat olmadim, o‘zi bilan ham qaytib diydor ko‘rishmadim… Hamma ish ana shunday tugagach (picha tin olib, so‘ngra hikoyasini davom ettirdi mister Braunlou), men o‘sha jinoyatkorona muhabbat tug‘ilgan joyga – odamlar bemalol-u xotirjamgina ishlatadigan iborani ishlatyapman, zero, insoniy shafqatsizlik va muruvvatning endilikda uning uchun ahamiyati yo‘q – o‘sha joyga bordim. Men mabodo, xavotir-u tashvishlarim to‘g‘ri chiqsa, adashgan go‘dakka boshpana hamda panoh bo‘la oladigan uyim-u qalbimning to‘rini hadya etishga ahd qilgandim. Men yetib bormasimdan bir hafta burun bu oila u joylardan ko‘chib ketibdi; ular mayda-chuyda jamiki qarzlaridan uzilishib, tunda jo‘nab ketishibdi. Qayoqqa va nimagaligini hech zog‘ aytib berolmadi menga.
Monks yanada yengilroq nafas oldi va tantanavor qiyofada xonaga ko‘z yugurtirib chiqdi.
– Ukangiz, – dedi mister Braunlou unga yaqinroq surilarkan, – ukangiz, qiltiriqday, juldur-juldur kiyingan, boshida biron panohi yo‘q tashlandiq bolakay tasodifdan ko‘ra xiyla qudratliroq bir kuchning azmi bilan kaminaning qo‘lida ko‘ndalang bo‘lib, uni sharmandali hamda illatlarga kon hayot botqog‘idan xalos etgan bir paytimda…
– Nima-nima? – qichqirib yubordi Monks.
– Men xalos etganimda! – takrorladi mister Braunlou. – Hash-pash degunch gapimga qiziqtirib qo‘yaman deb ogohlantirib qo‘ygandim o‘zlarini. Ha, men tomonimdan. Ko‘rib turibman, ayyor hamtovog‘ingiz, garchi sizga notanish deb hisoblagan bo‘lsa hamki, mening ism-sharifimni yashiribdi o‘zlaridan. Ukangiz men tomonimdan xalos etilgach va mening uyimda asta-sekin darddan forig‘ bo‘lib yotar ekan, yuqorida aytib o‘tganim rasmga quyib qo‘yganday o‘xshab ketishi hayratga soldi meni. Hatto, kir-chir va ayanchli bir holatda ham dastlabki ko‘zim tushganidayoq yuzidagi nimasidir menda g‘ayritabiiy taassurot qoldirib, go‘yoki, qaysidir eski qadrdonimning qiyofasi yarq etib ko‘z o‘ngimdan o‘tgandek, tushimda aniq-tiniq ko‘rgandek bo‘ldim. Boshiga tushgan savdolarni bilib ulgurmasimdan burun uni o‘g‘rilab ketganlarini sizga aytib o‘tirishimning hojati yo‘q…
– Nega endi hojati bo‘lmas ekan? – shosha-pisha so‘radi Monks.
– Sababki, bu sizga besh qo‘lday ayon.
– Menga-ya?
– Rad etish bema’nilik bo‘ladi, – javob qildi mister Braunlou. – Bundan ko‘ra xiyla ko‘proq narsani bilishimni isbot qilib beraman sizga.
– Siz… siz… menga qarshi… hech nimani isbotlab berolmaysiz, – dedi Monks tutila-tutila. – Qani, bir urinib ko‘ring-chi?
– Ko‘ramiz! – dedi keksa jentlmen unga sinovchan ko‘z tashlab qo‘yar ekan. – Men bolani yo‘qotib qo‘ydim va har qancha urinmay, uni topolmadim. Onangiz bu paytda olamdan o‘tgandi, bilardimki, sizdan bo‘lak hech kim sirni ochib berolmasdi; oxirgi marta eshitganimga qaraganda siz Vest-Indiyadagi mulkingizda ekansiz, onangiz vafotidan so‘ng eng oxirgi bema’ni qilmishlaringizdan qochib qutulish uchun o‘sha yoqqa jo‘navorganingiz o‘zingizga juda yaxshi ayon, shu sababdan men safarga otlandim. Bir necha oy muqaddam u yerdan jo‘nagansiz va chamasi, Londonda edingiz, illo, hech zog‘ aynan qayerda ekaningizni aytib berolmadi. Men orqaga qaytdim. Mulozim-u xizmatchilaringiz qayerda turganingizdan bexabar edilar. Ularning so‘zlariga qaraganda hamishagidek sirli ravishda kirib kelar va xuddi o‘shanday g‘oyib bo‘larkansiz. Goh har kuni paydo bo‘lar, goh oylab gumdon bo‘lib ketar-kansiz, nazdimda, ilgarigi fahshxonalarga qatnagan, yana o‘sha surbet hamda qaysar yoshligingizdagi oshnalaringiz bo‘lmish manfur-u jirkanch odamlar bilan muloqotda bo‘lib turgansiz. Men yangi-yangi savollar bilan mulozimlaringizni bezori jon qildim. Kechasi-yu kunduzi ko‘cha kezdim-u, lekin barcha urinishlarim, bundan atigi ikki soatgina muqaddam ham behuda ketayotganday edi, sizni hattoki, birrovgina bo‘lsa-da, ko‘rishga erisholmay yurgandim.
– Mana endi ko‘rib turibsiz, – dedi Monks dadil o‘rnidan turib. – Xo‘sh, bu yog‘iga nima demoqchisiz? O‘z fikringizcha, allaqanaqangi iblisvachchani o‘lgan odamning qo‘li bilan chaplangan bemaza bir rasmga o‘xshashligini tusmollab, shuni ro‘kach qilib, qalloblik va talonchilik degan tumtaroq so‘zlarni qalashtirib yotibsiz. Ukangmish! Bu oshiq-ma’shuqlar bola ko‘rishgan-ko‘rishmaganini hattoki, bilmaysiz ham. Hatto, shuni ham bilmaysiz!
– Ha, bilmasdim, – javob qildi mister Braunlou, u ham o‘rnidan turar ekan, – lekin keyingi ikki hafta mobaynida barini bilib oldim. Sizning ukangiz bor! Buni bilasiz, uni taniysiz ham. Onangiz o‘limi oldidan sizni sirdan hamda undan keladigan hayondan voqif etgan, vasiyatnoma ham bo‘lgan. O‘sha vasiyatnomada bu qayg‘uli muloqotdan dunyoga kelishi mumkin bo‘lgan go‘dak tilga olingan; o‘sha go‘dak tug‘ilgan va siz uni tasodifan uchratganingizda ilk marta ko‘nglingizda otamga o‘xshaydimi, degan gumon tug‘ilgan. Siz u tug‘ilgan joyga yo‘l olgansiz. U yerda dalillar – uning tug‘ilishi va shajarasi haqidagi uzoq vaqtlardan buyon pinhon yotgan dalillar saqlanib qolgan. Bu dalillarni yo‘qotgansiz, endilikda, o‘zingizning tilingiz bilan suhbatdoshingiz bo‘lmish juhudga aytganingizdek, «bolaning shaxsini aniqlab beradigan yakka-yu yagona dalil daryoning tubida yotibdi, uni bolaning onasidan olgan shumkampir esa tobutda qurtlarga yem bo‘lib, chirib yotibdi». Nomunosib o‘g‘il, yaramas yolg‘onchi! Siz, ey tunlari zim-ziyo xonalarda o‘g‘riyu qotillar bilan pichirlashadigan nusxa! Siz, ey o‘zingizga o‘xshaganlarning milliontasiga arziydigan ayolni fitna-yu firiblari bilan ajalidan burun o‘limga olib borgan razil! Siz, ey beshikdaligidayoq o‘z otasining qalbini alam-u sitam-la yaralab, vujudini zaharlagan va tanasida uya qurib, kamol topayotgan beburdona mayl-istaklar, illat-u buzuqliklar oxir-oqibatda, manfur dardga aylanib, basharasini murdor qalbining ko‘zgusiga aylantirib qo‘ygan pastkash zot! Siz, ey Eduard Liford, meni kurash maydoniga chorlashda davom etasizmi hamon?
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q… – shivirladi ana shu jamiki ayblovlardan so‘ng ablah.
– O‘sha yovuz bilan gaplashgan har bir so‘zingiz, ha, har bitta so‘zingiz menga ayon! – xitob qildi keksa jentlmen. – Devordagi ko‘lankalar sizning shivirlashlaringizni pinhona eshitib, kaminaning qulog‘igacha yetkazganlar. Zada qilingan bolakayning aft-angori hatto fahsh jonga ta’sir qilib, vujudiga jasorat, oz bo‘lsa-da, olijanoblik tuyg‘usini solgan. Mana, qotillik sodir bo‘ldi, aslan bo‘lmasa hamki, ma’nan ishtirokchisisiz bu qotillikning…
– Yo‘q, yo‘q! – uning so‘zini bo‘ldi Monks. – Men… men… bu to‘g‘risida hech nimani bilmayman. Meni qo‘lga tushirgan paytingizda bu voqeani aniqroq bilgani ketayotgandim. Sababidan bexabar edim. Buni odatdagi janjallashuvlardan, deb o‘ylagandim.
– Sizning sirlaringizdan bir qismininggina fosh bo‘lib qolgani sabab bo‘lgan bunga, – javob qaytardi mister Braunlou. – Xo‘sh, endi hammasini ochasizmi?
– Ha, hammasini.
– Dalillar haqqoniy xatga tushirilsa, imzo chekib, shohidlar oldida tasdiqlaysizmi uni?
– Bunga ham so‘z beraman.
– Shunday hujjat tuzilmagunicha tinchgina kutib, keyin uni tasdiqdan o‘tkazgani men ma’qul topgan yerga birgalashib borishga tayyormisiz?
– Agar talab qiladigan bo‘lsangiz, bunga ham tayyorman, – javob qildi Monks.
– Bundan ko‘ra ko‘proq narsalarni qilishingiz kerak hali, – dedi mister Braunlou. – Begunoh hamda beozor bolakayga, garchand jinoyatkorona va eng badbaxtona muhabbat mevasi bo‘lsa hamki, aslida shunday bola u, mol-mulkini qaytarasiz. Vasiyatnomadagi shartlar yodingizdan ko‘tarilib ketmagan bo‘lsa kerag-a?.. Ularni ado etasiz, zero, bu shartlar ukangizga taalluqlidir, ana undan keyin to‘rt tomoningiz qibla, istagan yeringizga jo‘nayverasiz! Bu olamda u bilan boshqa uchrashishingizning hojati yo‘q!
Monks qosh-qovog‘i osilib, zardasi qaynab ushbu taklif va unga chap berib qolish borasida bosh qotirib, bir tomondan xavfsirash ich-etini tatalab, ikkinchi tomondan nafrati qaynab-toshib u yoqdan-bu yoqqa borib-kelarkan, eshikni shosha-pisha ochishdi va xonaga nihoyatda hayajonlangan bir jentlmen (mister Losbern) hovliqqancha kirib keldi.