Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 38 (всего у книги 40 страниц)
– Men yakkash bir narsani aytmoqchiman, siz bilan oxirgi marta ajralishganimizda, yoningizdan ikkovimiz o‘rtamizga raxna soladigan jamiki xayoliy to‘siqlarni tuproqqa qorib, yakson qilib tashlashga qat’iy ahd qilib jo‘nagandim. Basharti, mening davram sizniki bo‘la olmas ekan, sizning davrangizni o‘zimniki qilishga astoydil qaror berdim; men yana shunga ahd qildimki, o‘z nasl-nasabi bilan kibrlanadiganlardan birortasi sizga nafratlanib qarolmaydi, negaki, men ulardan yuz o‘giraman. Shunday qildim ham. Shuning uchungina mendan yuz o‘girganlar, sizdan ham yuzlarini teskari burib, bu masalada siz haq ekaningizni isbotladilar. O‘sha paytlarda menga kulib boqqan homiylarim, mansabdor va amaldorlar, e’tiborli va mashhur qarindoshlarim endilikda sovuq tikilib qo‘yadilar. Ammo Angliyaning eng yashnagan, huzur-halovatli bir grafligida so‘lim dalalar, shamolda chayqaladigan daraxtzor va o‘rmonlar bor; o‘sha yerdagi qishloq ibodatxonalaridan birining biqinginasida – mening ibodatxonamning, Roz, mening-a! – bog‘ hovli mahtal turibdi; siz meni o‘zim rad etgan orzu-niyatlarimning jamidan ko‘ra o‘sha qo‘rg‘oncha bilan ming karra ortiqroq g‘ururlanishga da’vat eta olishingiz mumkin. Mening hozirgi mavqe va rutbam ana shunday, ularni men oyog‘ingiz ostiga poyondoz qilib to‘shashga tayyorman.
– Oshiq-ma’shuqlarni dasturxon tepasida kutishdan noxushroq ish yo‘q-da! – dedi mister Grimuig uyg‘onib, boshiga yopib olgan dastro‘molini yulqib olarkan.
Rostiga ko‘chganda, kechki ovqatni kishining achchig‘i keladigan darajada judayam kechiktirib yuborishgandi. Na missis Meyli, na Garri, na Roz (hammalari baravar kirib kelishgan edi) o‘zlarini oqlash uchun churq etib biron nima deya olmadilar.
– Bugun oqshom o‘z boshimni g‘ajishdek jiddiy niyatim yo‘q emasdi, – dedi mister Grimuig, – sababki, bugun bundan bo‘lak narsa nasib qilmagan ekanda, degan xayolga borib qolgandim. Ijozatingiz bilan qalliqni o‘pishdek jasoratni o‘z zimmamga olaman.
Mister Grimuig fursatni o‘tkazmay ushbu so‘zlarni amalga oshirib, loladay qizargan qizni o‘pdi, uning bu yuqumli ibratiga ergashib mister Braunlou ham, doktor ham shunday qilishdi. Ba’zilar esa, Garri Meyli qo‘shni xonada birinchi bo‘lib ibrat ko‘rsatgan, deb isbotlamoqchi bo‘ladilar, ammo eng mo‘tabar va nufuzli shaxslar buni g‘irt bo‘hton hisoblashadi, sababki, u hali yosh, buning ustiga ruhoniydir.
– Oliver, bo‘talog‘im, – dedi missis Meyli, – qayerda eding, nega bunchalik g‘amgin ko‘rinasan? Mana, shu tobdayam yig‘lab turibsan. Nima bo‘ldi?
Bu olam – umidsizlik olamidir, ko‘pincha biz hamma narsadan ko‘ra ko‘proq ardoqlab kelgan umidlarimiz puchmog‘ida ham, bizning tabiat-u atvorimizga beqiyos sharaf bag‘ishlaguvchi niyatlarimiz qatida ham ozmuncha noumidlik yashirinib yotmaydi.
Bechora Dik rixlatga yo‘l tutgandi!
ELLIK IKKINCHI BOB
FEDJINNING SO‘NGGI TUNI
Sud zalining pastidan yuqorisigacha odam tirband. Har bir qarich yerda sinchkov, sabrsizlik bilan yongan ko‘zlar chaqnaydi. Sudlanuvchilar o‘tiradigan qora kursining oldi to‘silgan panjaradan tortib, tor-tanqis yo‘lag-u shiyponchalarning kaftdakkina burchaklarigacha zich joylashgan kishilarning nigohlari yakkash bir odamga – old tomondan, orqadan, tepasi va pastidan, o‘ng-u so‘lidan – Fedjinga qadalgan, bamisoli u chaqnoq ko‘zlardan tashkil topgan gumbazning qoq kindigida muallaq turganga o‘xshaydi.
U ana shu jonli shu’lalar tutashgan yerda bir qo‘lini oldidagi panjara yog‘ochiga qo‘ygancha, ikkinchi qo‘lini esa shu tobda maslahatchilarga qarata nutq so‘zlayotgan sud raisining har bir so‘zini aniqroq eshitish niyatida qulog‘i ortiga tutib, bo‘ynini olg‘a cho‘zgancha turibdi. Goho o‘z foydasiga aytilgan birorta kichkinagina hamda deyarli ahamiyatsiz dalil qanday ta’sir etganini payqash dardida darhol hakamlarga tikilardi; ayblov bandlari dahshatli tarzda appa-aniq qilib bayon etilgan paytlarda esa, loaqal endi meni himoyam uchun biron nima desang-chi, degan ma’noda o‘z himoyachisiga unsiz iltijo-la javdirardi. Basharti, ana shu bezovtalanish ko‘rinishlari hisobga olinmasa, na qo‘li, na oyog‘i qilt etib qimirlardi. Sudda ishini ko‘ra boshlaganlaridan beri uni biron marta qimirladi deyish amrimahol; mana hozir ham, sudya jim bo‘lgach ham diqqat-e’tiborni namoyish etuvchi xuddi o‘shanday tarang-u parishonhol holatda qolaverdi, go‘yoki, hanuz tinglayotgandek sudyadan ko‘zini uzmay turaverdi.
Zalda ko‘tarilgan yengilgina g‘ala-g‘ovur uni hushiga keltirdi. Alanglab qararkan, u maslahatchilarning bir-birovlariga yaqinroq surilib, hukmni muhokama qilishga tushganlarini ko‘rdi. Uning nigohi yo‘lak va shiyponchalar bo‘ylab izg‘irkan, odamlarning o‘rinlaridan xiyol ko‘tarilib, o‘zining aftini tuzukroq ko‘rishga harakat qilayotganlarini kuzatishi mumkin edi: bir xillar shosha-pisha ko‘zlariga durbinlarini tutishar, boshqalari nafratni anglatib turgan bir qiyofada yonidagi qo‘shnilariga nimalarnidir shivirlashar edi. Bu yerda ozchilik bo‘lsa-da, shundaylar ham bor ediki, bular go‘yoki unga e’tibor bermayotganga va namuncha imillashmasa, deya alamzada bir hayrat-la faqat maslahatchilarga tikilishardi. Ammo birorta chehrada – hatto, bu yerdagilarning aksariyatini tashkil etgan xotin-xalajlar yuzida ham – zarracha hamdardlik asari u yoqda tursin, uni nimaga hukm qilisharkin, degan savol-u jamiki narsani oradan sitib chiqaruvchi istakdan bo‘lak hech nimani ko‘rmadi.
U atrofga merovsirab nazar tashlab, ana shularni payqagan bir paytda o‘rtaga tag‘in suv quygandek jimlik cho‘kdi-yu, burilib qarab, maslahatchilarning sudyaga tomon o‘girilishganini ko‘rdi. Jim!
Biroq ular faqatgina ichkariga kirishga ruxsat so‘rayotgan edilar, xolos.
U, xuddi ko‘pchiligi qanday fikrdaligini uqib olmoqchidek, oldinma-keyin chiqib borishayotgan maslahatchilarning yuzlariga tikildi, biroq bu behuda urinish edi. Turma nazoratchisi kiftiga turtib qo‘ydi. Shunda u beixtiyor nazoratchiga ergashib, supachadan tushib borib, kursiga cho‘kdi. Kursini bo‘lsa, unga nazoratchi ko‘rsatdi, yo‘qsa, ko‘rmasdi ham.
U yana tepaga qaradi. Xaloyiqning ba’zilari tamaddi qilishga tushgandi, ba’zilar esa odam tirband zal dimiqib ketganidan ro‘molchalari bilan yelpinib yotgandi. Qandaydir bir yigit choqqina yondaftarchaga uning rasmini chizyapti. U o‘xshatyaptimikin, deb o‘ziga o‘zi savol berdi-da, qalami uchini sindirib qo‘yib, qalamtarosh bilan boshqatdan uchini chiqarayotganida (xuddi bekorchi tomoshatalablarday) rassomni kuzatib turdi.
Keyin nigohini sudyaga ko‘chirganida esa fikr-xayolini, hakam libosining bichimi, qancha turishi va buni qanday kiyishi xususidagi o‘y band etdi. Hakamlar kursisidan birida baqaloq keksa bir jentlmen o‘tiribdi, u yarim soatcha burun chiqib ketib, hozirgina qaytgandi. U o‘z-o‘ziga savol berdi, bu odam tushlik qilgani chiqib keldi, tushlikka nima tamaddi qilgan ekan, qayerda ovqatlangan ekan; toki boshqa bir odam diqqatini tortib, miyasida yangi o‘ylar tug‘dirmagunicha ana shu kabi behuda mushohadalar bilan ovora bo‘ldi.
Biroq ana shu vaqt orasida uning miyasini biror soniyaga bo‘lsa-da, ruhiyatni ezib, aqlni shoshirib qo‘yguvchi – oyoqlari ostida lahadning og‘zi lang ochilib turgani haqdagi o‘y tark etmadi; ha, u tark etmasdi, ammo bu xira, mubham tasavvur bo‘lib, ushbu boradagi fikrlarini jamlayolmasdi. Hatto shu tobda, o‘limi yaqinligi haqda o‘ylaganining o‘zidanoq titrab, a’zoyi bidanidan lov-lov isitma chiqib turgan bir pallada ham u qarshisidagi temir panjara chiviqlarini sanashga tutindi, ulardan birining uchi qanday qilib singani, buni tuzatishadimi yoki shundoqligicha qo‘yib qo‘yaverishadimi, shular haqda bosh qotira boshladi. Keyin u sirtmog‘-u dor supasi bilan bog‘liq jamiki dahshatlarni xotirladi-yu, o‘sha zamonoq sal salqin bo‘lsin, deb zaldagi suv sepayotgan odamning harakatini kuzatishga chalg‘ib ketdi, so‘ngra esa tag‘in o‘yga toldi.
Nihoyat, jim bo‘lishga da’vat etuvchi xitob eshitildi-yu, hamma nafasini ichga yutgancha eshikka tikildi. Maslahatchilar ichkaridan chiqib, uning yonidan o‘tib ketishdi. U maslahatchilarning yuzidan hech nima uqolmadi; bular bamisli tosh odamlar edi. Qabriston sukunati cho‘kdi… na tiq etgan tovush… na nafas olganlari eshitiladi… Aybdor!
Hayhotday xona ustma-ust yangrayotgan dahshatli hayqiriqlardan larzaga keldi, so‘ngra esa vahimali momaqaldiroq gumburi to‘lqinlariday zo‘rayib, qudratli na’raga aylanib, aksi sado bo‘lib qaytdi. Bu uning dushanba kuni o‘lajagi haqidagi xabarni eshitib, sud binosi oldida tantana qilayotgan olomonning shodiyona o‘kirigi edi.
Shovqin tindi, undan chiqarilgan o‘lim hukmi xususida biron nima deyish-demasligini so‘radilar. U boyagidek sarang-u parishonhol holatga kirdi-yu, so‘roqlovchisiga baqrayib qoldi; Fedjin eshitib, fahmiga yetgunicha savolni ikki bor takrorladilar;
shundan keyingina u – qari odamman… qari… qari… – deya g‘udrandi xolos, shu tariqa ovozi ichiga tushib, tag‘in jim bo‘lib qoldi.
Sudya qora qalpog‘ini kiydi, hukm qilingan aybdor bo‘lsa, hamon o‘sha qiyofa-yu o‘sha holatda turardi. Ushbu vahimali dam tazyiqida tepada – shiyponda turgan ayollar bo‘g‘zidan hayqiriq otilib chiqdi. Shunda Fedjin, bu go‘yo o‘ziga xalal bergandek, darhol ko‘zlarini ko‘tarib, yanayam ko‘proq diqqat-u e’tibor-la oldinga engashdi. Unga qaratilgan nutq dabdabali hamda ta’sirli edi; hukmnomaga quloq solish dahshatli edi. Biroq u naq marmar haykalday qotib turardi, biror tuki ham qilt etmasdi. Pastki chakagi osilib qolgan, ko‘zlari chaqchaygan, basharasi so‘lg‘in edi; turma nazoratchisi yelkasiga qo‘lini qo‘yib, eshikka tomon boshlaganida hanuz bo‘ynini cho‘zib turardi. U atrofga bema’no alanglab olib, buyruqqa itoat etdi.
Sud zali ostidagi mahbuslardan bir xillari o‘z navbatlarini kutayotgan, boshqalari esa hovli tomonga qaragan panjara oldida to‘dalashib turgan yor-birodarlari bilan so‘zlashayotgan, sahniga tosh yotqizilgan xonadan olib o‘tdilar uni. U bilan gaplashgudek biron kimsa topilmadi; ammo u o‘tib borayotganida mahbuslar narigi tomonda panjaraga yopishib turganlardan uni to‘sib qo‘ymaslik uchun ortga chekindilar; narigi tomondagilar bo‘lsa, so‘kish-u haqoratlarga ko‘mib tashladilar, baqirishib, hushtak chalishib qoldilar. U musht o‘qtalib, basharalariga tupurmoqchi bo‘ldi, biroq qo‘riqchilari bir nechtagina xira chiroq bilan yoritilgan nimqorong‘i yo‘lak bo‘ylab turma ichkarisiga olib kirib ketdilar.
Bu yerda uni – hukm ijrosini vaqtidan oldinroq ado etib qo‘ya qoladigan birorta qurol-puroli yo‘qmikin deb, tintib ko‘rdilar; ushbu marosim tugagach, uni hukm etilganlarga ajratilgan zindonxonalardan biriga boshlab kirib, o‘sha yerda yolg‘iz qoldirdilar.
U eshik ro‘parasidagi ham kursi-yu, ham to‘shak vazifasini o‘taydigan tosh supaga cho‘kdi-da, qon quyilgan ko‘zlarini yerga qadagan ko‘yi fikr-xayolini jamlashga harakat qildi. Oradan biroz fursat o‘tgach, sudyaning nutqidan o‘zaro qovushmagan ba’zi gaplari yodiga kela boshladi, o‘sha paytda esa nazarida qulog‘iga birorta so‘z kirmayotgandek bo‘lib tuyulgandi. Asta-sekin bu qovushiqsiz jumlalar tegishli tartibda saflana borib, ular ketidan boshqalari tashrif buyura boshladi. Hademay, u deyarli butun boshli nutqni tikladi. Toki joni uzilgunicha bo‘ynidan dorda osilib tursin – ana shunday edi hukm. Toki joni uzilgunicha osilib tursin.
Butunlay qosh qorayib bo‘lganida u dor supasida o‘lim topgan – ba’zilari uning yordami bilan – o‘zi bilgan hamma odamlar haqida o‘ylay boshladi. Bular ko‘z o‘ngida shunaqangi shitob-la paydo bo‘lib, shunaqangi tez o‘tib borishardikim, u arang sanab ulgurardi. Chol bulardan bir xillari qanday o‘lganlarini ko‘rib kulgan edi, sababki, ular o‘lim oldidan pichirlab duo o‘qigandilar. Taxta qanday taraqlab tushganini4949
Taxta qanday taraqlab tushganini… – dorga osayotganda o‘limga mahkum etilgan aybdorning oyog‘i ostidan tortib olinadigan taxta.
[Закрыть] va ularning o‘sha ondayoq baquvvat hamda zabardast odamdan chayqalib turgan bir qop kiyimga aylanib qolganlarini aytmaysizmi!
Balki ulardan bir xillari mana shu xonada bo‘lgan, xuddi mana shu joyda o‘tirgandirlar. Zimiston qorong‘i edi; nega chiroq keltirishmadi? Bu zindonxona talay yillar muqaddam qurilgan. O‘nlab odamlar o‘zlarining so‘nggi soatlarini shu yerda o‘tkazgan bo‘lishlari kerak. Go‘yoki, murdalar qalashtirib taxlab qo‘yilgan daxmada o‘tirganga o‘xshaysan – boshga kiygiziladigan boshliq, sirtmoq, bog‘log‘liq qo‘llar va hatto bu manfur boshliq ustidan ham u tanib turgan yuzlar… Chiroq, chiroq!
Axiyri, u zil-zambil eshig-u devorlarni mushtlayverib qo‘li qonga belanganidan keyingina, ikki kishi kirib keldi: biri qo‘lida ko‘tarib kelgan shamni devorga mixlab qo‘yilgan tunuka fonusga o‘rnatdi; boshqasi esa o‘zi yotadigan to‘shagini ko‘tarib olgandi, zotan, mahbusni ortiq yolg‘iz qoldirmasliklari lozim edi.
Tezda tun kirdi – zim-ziyo, g‘amboda, unsiz tun. O‘zgalar, bedor yurganlar uchun cherkov soatlarining zangiga quloq osish zavqli, negaki, u hayot va ertangi kundan darak berib turadi. Unga esa soat zangi noumidlik keltirardi. Mis qo‘ng‘iroqning har bir bongi, uning bosinqi va ohista «darang-durungi» qulog‘iga «o‘lim, o‘lim» bo‘lib eshitilardi. Hattoki, bu yoqqa, ungacha yetib kelayotgan, beg‘am-u parvoyi falak tong keltirgan g‘ala-g‘ovur va shovqin-surondan nima foyda? Bu ham xuddi o‘sha masxaralash bilan ogoh etish qorishib ketgan motam bongining o‘zginasi.
Kun ham o‘tdi. Kun? Hech qanaqangi kun bo‘lgani yo‘q; qanday tez kirgan bo‘lsa, xuddi o‘shanday tez yelib o‘tdi-ketdi va tag‘in tun cho‘kdi, ha, yilday uzun, ayni chog‘da daqiqaday umri qisqa tun: dilga qutqu solguvchi sokinligi jihatidan uzun-u, soatlari g‘izillab o‘tishi vajidan qisqa edi u. U dam jazavasi qo‘zib, noshoyon vaysar, dam dodlab, sochlarini yulardi. E’tiborli dindoshlari u bilan birga ibodat qilgani kelishdi, ammo u bo‘ralab so‘kib haydab soldi. Xudojo‘ylar iymon o‘girtirishga qaytadan urinib ko‘rdilar, biroq u itarib-turtib chiqarib yubordi.
Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi. Uning yana bir kechalik umri qoldi. U shu to‘g‘rida o‘y surib ulgurmasidan kunduzi – yakshanba ham yetib keldi.
Bu so‘nggi, dahshatli kunning oqshomiga borgachgina uning nuqson va illatlarga maskan qalbini nochor-u noiloj hamda mushkul ahvolda qolganiga tan berish fikri chulg‘adi-oldi – afv etishlariga qandaydir qattiq umid bog‘laganidan emas, balki shu tobgacha o‘limi yaqinligi haqdagi o‘yni o‘ziga yuqtirmay kelayotgani sababli sodir bo‘lgandi bu. Unga ko‘z-quloq bo‘lib, bir-birlari bilan almashinib turgan ikki poyloqchi bilan kamdan-kam gaplashardi, o‘z navbatida, poyloqchilari ham uning diqqatini tortmaslikka tirishardilar. U bedor, ammo xayol ummoniga sho‘ng‘ib o‘tirardi. Goho u ana shu xayol ummonidan qalqib chiqardi-da, og‘zi ochilgancha a’zoyi badani alangayi otash bo‘lib yonib, shunaqangi qo‘rquv va jaholat xurushida u yoqdan-bu yoqqa yugurib qolardiki, hatto bunaqangi manzaraga ko‘nikib ketgan poyloqchilar ham o‘takalari yorilib, o‘zlarini chetga olib qochardilar. Pirovard-oqibatda, chol nopok vijdoni qiynog‘ida shunchalar dahshatli vajohatga kirdiki, biror inson bolasi u bilan yakkama-yakka o‘tirishga dosh berolmay qoldi – shunday qilib, poyloqchilar mahbusni ikkovlashib qo‘riqlay boshladilar.
U o‘zining tosh to‘shagida g‘ujanak bo‘lib, o‘tmishini o‘ylay ketdi. Qo‘lga olingan kuni olomon orasidan o‘ziga qarab uloqtirilgan allanimadir tegib jarohatlangan boshi latta-puttalar bilan bog‘lab tashlangandi. Qo‘ng‘ir sochlari qonsiz betiga tushib turardi; soqolining bir necha tutami yulib olingan; ko‘zlari qutni uchirgudek o‘t bo‘lib yonmoqda; yuvuqsiz terisi tanasini lag‘cha cho‘g‘ bo‘lib kuydirayotgan haroratdan porsillab yorilib ketgan. Sakkiz… to‘qqiz… o‘n… Bordi-yu, bu uni qo‘rqitish uchun qilinayotgan nayrang bo‘lmasa, bordi-yu, bu chindan ham biri ortidan ikkinchisi quvalashib kelayotgan soat bo‘lsa, millari yana bir marta aylanib chiqqanida qayerda bo‘ladi u! O‘n bir! Tag‘in zang urdi, oldingisining esa hali aks sadosi tinib ulgurganicha yo‘q. Soat sakkizda u o‘zining motam marosimida yakka-yolg‘iz giryanda bo‘lib o‘tiradi. O‘n birda esa…
Shunchalar uqubat, shunchalar iztirob, ta’rifga sig‘mas g‘am-u hasratlarni odamlarning nafaqat ko‘zlari, hatto, aql-u tafakkuridan (g‘oyatda tez-tez va g‘oyatda uzoq muddat mobaynida) pinhon tutguvchi dahshatli Nyuget devorlari bunday qo‘rqinchli manzarani hech qachon ko‘rmagan. Yonidan o‘tib borayotib, qadamini sekinlatgan va o‘z-o‘zidan, osishga hukm etilgan odam nima qilayotganikin, deb so‘rovchi sanoqli kishilar uni ko‘rganlarida bormi, bu kecha uxlolmay to‘lg‘onib chiqardilar.
Kech kira boshlaganidan, to yarim tungacha odamlar ikki-uch kishidan bo‘lishib darvozaxonaga yaqinlashib kelishar va tashvishli qiyofada, o‘lim hukmi bekor qilinmadimi tag‘in, deya so‘rab-surishtirishardi. Yo‘q degan javobni olib, bu manzur-u matlub xabarni ko‘chada to‘plangan boshqa to‘dalarga yetkazishar, bir-birovlariga u olib chiqiladigan eshikni, keyin dor quriladigan joyni ko‘rsatishar, so‘ngra esa, istar-istamas ketayotib, bu manzarani xayolan ko‘z oldilariga keltirib, o‘sha yoqqa alanglab qo‘yishar edi. Asta-sekin ular birin-ketin tarqalisha boshlashdi va biror soatlar chamasi, vaqt yarim kechadan oqqan pallada ko‘cha huvillab, qop-qorong‘i bo‘lib qoldi.
Mister Braunlou bilan Oliver darcha oldiga kelib, sheriflardan5050
Sherif – graflikdagi ijroiya ma’muriyatning politsiya va jinoiy qidiruv, shuningdek, parlamentga bo‘ladigan saylovlarni tashkil etish, sud hukmlarining ijrosi va shu kabilarni nazorat qilib turadigan oliy mansabdagi vakili.
[Закрыть] biri imzo chekkan, mahbusni ko‘rish uchun berilgan ruxsatnomani ko‘rsatib turgan paytlarida turma oldidagi maydon tozalab bo‘lingan hamda olomonning bostirib kelishining oldini olish uchun qora rangga bo‘yalgan bir nechta baquvvat to‘sin hozirlab qo‘yilgan edi. Ularni darhol darvozaxonaga kiritishdi.
– Bu yigitcha ham kiradimi, ser? – deb so‘radi ularni boshlab borish topshirilgan odam. – Bu naqangi manzarani ko‘rish yosh bolaga to‘g‘ri kelmaydi-ku, ser.
– Haq gap, do‘stim, – dedi mister Braunlou, – lekin bola kaminani bu odam huzuriga yetaklab kelgan ishga bevosita aloqador; go‘dak uning ishlari gurkirab, yovuzligi avj pallaga chiqqan paytlarida ko‘rgan. Shuning uchun garchi bu narsa qo‘rqitib, qiynab qo‘ysa hamki, hozirgi vajohatini ko‘rsa, foydadan xoli bo‘lmas, deb o‘ylayman.
Bu ikki og‘izgina gap Oliver eshitib qolmasligi uchun bir chekkada aytilgan edi. U kishi shlyapasiga qo‘l uzatdi va Oliverga qiziqsinib ko‘z qirini tashlab qo‘yib, ikkovlon kirib kelishgan darvozaning ro‘parasidagi boshqa darvozani ochdi-da, qorong‘i, ilang-bilang yo‘laklardan boshlab ketdi.
– Mana shu yerdan, – dedi u ikki ishchi jimgina qandaydir tayyorgarlik yumushlarini bajarayotgan qorong‘i yo‘lakda to‘xtar ekan, – mana shu yerdan olib o‘tiladi u, agar manavi yoqqa qarasangiz, u chiqadigan eshikni ko‘rasiz.
Turma nazoratchisi ularni osti tosh, mahbuslar uchun ovqat pishiriladigan mis qozonlar o‘rnatilgan o‘choqboshiga boshlab kirdi-da, u yerdagi bir eshikka ishora qildi. Eshikda esa panjarali tuynukcha bo‘lib, undan bolg‘alarning taraqa-turuqi, gursillab yerga tushayotgan taxtalarning ovozi bilan omixta g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir eshitilib turardi. U yerda dor supasini tayyorlamoqda edilar.
Keyin ular boshqa turma xizmatchilari ichkaridan ochayotgan bir nechta katta-katta zil darvozalardan o‘tishdi, so‘ng ochiq hovlidan borib, nihoyat, kambargina zinadan chap biqinida eshiklar qator tizilib ketgan yo‘lakka ko‘tarilishdi. Turma nazoratchisi ularga shu yerda to‘xtashni imo qilib, boyagi eshiklardan birini kalitlar shodasi bilan taqillatdi. Har ikkala soqchi pichirlashib olib, kerishgancha yo‘lakka chiqib kelishdi; ular go‘yoki, birpasgina dam olishlaridan xursanddek ko‘rinishardi. Soqchilar mahbusni ko‘rgani kelganlarga nazoratchi ortidan ichkariga kirishni taklif etishdi. Keluvchilar ichkari kirishdi.
Jinoyatchi tosh supasida u yoqdan-bu yoqqa chayqalgancha o‘tiribdi; afti odam bolasi yuzidan ko‘ra ta’qibga olingan yirtqichning basharasiga o‘xshab ketardi. Aftidan, fikr-o‘ylari kechmish kunlarida adashib-uloqib yurgandi, negaki, u mudom ming‘irlayapti, chamasi, uchrashgani kelganlarni ko‘ziga ko‘rinayotgan manzarada qatnashayotgan ro‘yolar deb bilyapti.
– Xo‘p, ajoyib bola-da, Charli… qotiribdi… – g‘udrandi u. – Oliver ham… xa-xa-xa!.. Oliver ham… U hozir chinakam jentlmen… chinakam jentl… opchiqib uxlating, bu bolani!
Turma nazoratchisi Oliverning qo‘lidan ushladi-da, qo‘rqma, deb shipshib, mahbusga indamay tikilib turaverdi.
– Opchiqib yotqizing! – qichqirdi Fedjin. – Eshityapsizlarmi gapimni birortangiz? U… u… bu mashmashalarning hammasiga sababchi. Agar uni o‘rgatolsam, pul berishadi… Bolterning bo‘g‘zini, Bill, hadeb qiz bilan o‘ralashavermang… Bolterni iloji boricha chuqurroq bo‘g‘izlang. Kallasini sapchaday uzib tashlang!
– Fedjin! – chaqirdi uni turma nazoratchisi.
– Bu menman! – xitob qildi juhud lahzada sud paytidagidek sarang-u parishonhol holatga kirib. – Qari odamman, milord! Sharti ketib parti qolgan, munkillagan cholman!
– Quloq bering! – dedi turma nazoratchisi o‘rnidan turmasligi uchun qo‘lini uning ko‘kragiga qo‘yib. – Sizdan bir narsani so‘ragani, sizni ko‘rgani kelishibdi. Fedjin, Fedjin! Erkaksiz-ku, axir?!
– Erkaklik umrim jindakkina qoldi, – javob berdi u, jazava-yu vahimadan bo‘lak hech vaqoning ifodasi bo‘lmagan basharasini ko‘tarib. – Hammalarini gumdon qilinglar! Meni o‘ldirishga qanday haqlari bor?
Shu payt Oliver bilan mister Braunlouni payqab qoldi. Tosh supaning narigi chekkasiga biqinib olib, bu yerda ularga nima kerakligini so‘radi.
– Tek o‘tiring, – dedi nazoratchi hanuz uning ko‘ksidan ushlagancha. – Ana endi, ser, nima kerakligini ayting. Iltimos, tezroq, chunki soat sayin ahvoli yomonlashib boryapti!
– Sizda Monks ismli odam nihoyatda avaylab saqlash uchun bergan ba’zi bir qog‘ozlar bor edi, – dedi mister Braunlou unga yaqinroq kelib.
– Hammasi yolg‘on! – javob qildi Fedjin. – Menda bittayam qog‘oz yo‘q, bittayam!
– Yaratgan haqqi, – dedi mister Braunlou dabdabali qilib, – shunday damda, o‘lim oldidan bunday demang-a! Javob bering menga, qayerda ular? O‘zingiz bilasiz, Sayks o‘lgan, Monks iqror bo‘lgan, shundoq bo‘lgach, ulardan biron foyda chiqarishga umid qolmagan. Qayerda o‘sha qog‘ozlar?
– Oliver! – deya qichqirdi Fedjin bolani o‘zi tomon imlab. – Bu yoqqa kel, bu yoqqa! Qulog‘ingga aytadigan gapim bor.
– Qo‘rqmayman undan, – dedi Oliver sekingina mister Braunlouning qo‘lini qo‘yib yuborarkan.
– Qog‘ozlar, – dedi Fedjin Oliverni o‘zi sari tortib, – qog‘ozlar bo‘z xaltada yuqorigi xonadagi kaminning shundoq tepasidagi kovakka yashirib qo‘yilgan… Sen bilan gaplashmoqchiman, azizim. Sen bilan gaplashmoqchiman.
– Xo‘p, xo‘p, – javob qaytardi Oliver. – Duo o‘qishimga ijozat bersangiz. Iltimos qilaman! Bittagina duoni o‘qishimga ruxsat eting. Tiz cho‘kib, men bilan baravar atigi bittagina duoni o‘qing, ana undan keyin tong otguncha gaplashamiz.
– O‘sha yoqqa, o‘sha yoqqa! – dedi Fedjin oldida turgan bolani eshik tomonga itarib, talmovsiragancha bolaning boshi uzra yuqoriga tikilib. – Uxlagani yotdi degin meni – sening gapingga ishonishadi ular. Mana shu yoqdan boradigan bo‘lsang, meni olib chiqib ketasan, bu yerdan. Bo‘la qol, qani, tezroq!
– E Xudo, bu baxtiqaroni O‘zing kechir! – deya qichqirib yubordi bola duv-duv yosh to‘kib.
– Juda soz, qoyil! – dedi Fedjin. – Yordam beradi bu bizga. Oldin manavi eshikdan chiqamiz. Agarda dor oldidan o‘tib borayotganimda titrab-qaltiray boshlasam, parvo qilmay, qadamingni tezlataver. Qani, bo‘la qol, ha!
– Boshqa undan so‘raydigan narsangiz yo‘qmi, ser? – surishtirdi nazoratchi.
– Ha, boshqa savolim yo‘q, – javob qaytardi mister Braunlou. – Mabodo, o‘z ahvolini tushuntira olishimga ko‘zim yetganida edi…
– Buning foydasi yo‘q, ser, – javob berdi unisi bosh chayqab. – Yaxshisi, xoli qoldiringlar uni.
Zindonxona eshigi ochilib, qo‘riqchilar qaytib kirishdi.
– Bo‘la qolinglar, tezroq! – qichqirdi Fedjin. – Shovqin chiqarmanglar, lekin imillamasdan. Tezroq, shoshilinglar!
Odamlar uni ushlab, Oliverni qo‘llaridan bo‘shatib, orqaga surgab ketishdi. Bir nafas jon achchig‘ida tipirchilab-yulqinib turdi, keyin esa shundoq dod soldiki, faryodi hattoki, qalin devorlardan sizib o‘tib, uchrashuvga kelganlar toki hovliga chiqib olgunlaricha quloqlari ostida jaranglab turdi.
Qamoqxonadan ular darhol ketisha olmadi. Oliver mazkur dahshatli manzaradan so‘ng sal bo‘lmasa o‘zidan ketib qolayozdi va shunchalik bo‘shashib ketdiki, biror soat orasida (undan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, oz emas) yurishga quvvati yetmadi.
Ular tashqariga chiqishganida tong yorisha boshlagandi. Allaqachon tumonat odam to‘plangandi; jamiki derazalarda odamlar tiqilishib turishar, vaqtni o‘tkazish uchun chekishar va qarta o‘ynashardi; olomon bir-birini itarib-turtishar, tiqilishar, bahslashar, hazil-huzul qilardi. Barcha narsa – o‘rtadagi vahimali narsa-yu anjomlar: qop-qora taxtasupa, ko‘ndalang dor to‘sini, arqon va hokazo sovuqdan-sovuq o‘lim qurollaridan bo‘lak hamma narsa qaynoq hayotdan so‘zlab turardi.