Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 31


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 31 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

QIRQ UCHINCHI BOB
ABJIR TULLAKNING QANDAY FALOKATGA UCHRAGANINI HIKOYA QILADI

– Iya, o‘sha aytgan do‘stingiz shaxsan o‘zingiz ekansiz-da? – so‘radi mister Kleypol, bo‘lakcha qilib aytganda Bolter, kelishilgan bitimga ko‘ra Fedjinning uyiga ko‘chib o‘tgach. – Xudo haqqi, bu gap kechayoq xayolimga kelgandi-ya o‘ziyam.

– Har bir inson o‘z-o‘ziga do‘stdir, azizim, – javob berdi Fedjin makkorona jilmayib. – Boz ustiga, u bunaqangi sodiq do‘stni hech yerdan topolmaydi.

– Buning teskarisi, istisno ham bo‘ladi, – qarshilik bildirdi mister Bolter kiborona vajohat bilan. – Ba’zi bir xillar, bilsangiz, hech kimgamas, o‘z-o‘ziga dushman, xolos.

– Bunga inonmang, – dedi Fedjin. – Mabodo, biror kishi o‘ziga dushman bo‘lsa, buning sababi haddan ziyod darajada o‘z-o‘ziga do‘st ekanidir, mutlaqo o‘zidan bo‘lak barchaning g‘amini yeganidan emas. Safsata, g‘irt yolg‘on bu! Olamda sirayam bo‘lmaydi bunaqasi.

– Bordi-yu, bo‘lgani taqdirda ham bunday bo‘lmasligi kerak, – javob qaytardi mister Bolter.

– O‘z-o‘zidan ayon gap. Ba’zi azayimxonlar uch sonini sehrli desa, boshqalari yetti raqami deyishadi. Na unisi, na bunisi sehrli, qadrdonim, ha, na unisi-yu, na bunisi. Bir – xuddi o‘sha raqam.

– Xa-xa-xa! – xaxoladi mister Bolter. – Birdan o‘taversin.

– Biznikiday kichkinagina jamoatda, azizim, – dedi Fedjin o‘z mulohazasini tushuntirishni zarur deb bilib, – bizda umumiy hisob – bir; boshqacha qilib aytganda, toki meni, shuningdek, hamma yigitqizlarimizni ham birinchi sanamay turib o‘zingizni birinchi hisoblayolmaysiz.

– He, jin ursin! – deb yubordi mister Bolter.

– Bilasizmi, – Fedjin o‘zini bu xitobni eshitmaganga olib, so‘zini davom ettirdi, – biz hammamiz umum manfaati yo‘lida bir-birovimizga chambarchas bog‘langanmiz, o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emas. Mana, masalan, sizning maqsad va burchingiz – birinchi raqamning, ya’ni o‘zingizning g‘amingirni yeyish.

– Albatta-da, – javob qildi mister Bolter. – Bu borada siz haqsiz.

– Barakalla. Siz kamina – birinchi raqamning g‘amini yemay turib, o‘zingiz, ya’ni birinchi raqamli uchun jon kuydirolmaysiz.

– Ikkinchi raqamli demoqchisiz chog‘i, – deb qo‘ydi qismat xudbinlikdek bekam-ko‘st «fazilat» ato etgan mister Bolter.

– Aslo unday demoqchimasman, – e’tiroz bildirdi Fedjin. – O‘zingiz uchun o‘zingiz qanchalik ahamiyat kasb etsangiz, men ham siz uchun shunchalik ahamiyat kasb etaman…

– Menga qarang, – uning so‘zini bo‘ldi mister Bolter, – siz judayam ajoyib odam ekansiz, menga juda yoqyapsiz, lekin hali ikkalamiz ham oradan qil o‘tmaydigan bo‘lib do‘stlashib ketganimizcha yo‘q-ku!

– O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, – dedi Fedjin yelkalarini qisib, – ha, mulohaza qilib ko‘ring. Siz tuzukkina bir ishni do‘ndiribsiz, shu tufayli dilimga o‘tirib qoldingiz. Ammo endilikda bo‘yningizga bo‘yinbog‘ tahdid qilib turibdiki, uni uchidan siltab tortish oson-u, ammo yechib tashlash amrimahol, oddiy ingliz tili bilan aytganda, bu – sirtmoq.

Mister Bolter beixtiyor qo‘li bilan bo‘ynidagi ro‘molchani ushladi, nazdida go‘yoki, u haddan ortiq darajada mahkamlab bog‘langandek tuyuldi; keyin allanima deya g‘o‘ldiradi, so‘zi emas, ohangi rozilik berganini anglatdi.

– Dor, – gapini davom ettirdi Fedjin, – dor, azizim, keng-u katta yo‘lda talaygina jasur-u dovyurak odamlarning martaba-yu rutbasiga chek qo‘ygan eng qisqa hamda eng tik burilish sari yo‘llovchi yo‘l yoqasidagi mudhish ustundir. To‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaslik va o‘sha ustundan yiroqroq bo‘lish – mana sizning niyat-maqsadingiz, birinchi raqamli janobim.

– Albatta, bu to‘g‘riku-ya, lekin bunaqangi narsalarni gapirib nima qilasiz? – dedi mister Bolter.

– So‘zlarimning ma’no-mohiyatini tushuntirib berish uchungina gapiryapman, xolos, – dedi juhud yelkasini qisib. – Bunga erishmoqlik uchun menga suyanasiz. O‘zimning faqirona ishim bilan tinchgina shug‘ullanmoqlik uchun esa men sizga suyanaman. Biri – siz uchun birinchi raqamli, boshqasi – men uchun birinchi raqamli. O‘z birinchi raqamingizni qanchalik qadrlasangiz, mening birinchi raqamimning shunchalik ko‘proq g‘amini yeysiz; mana, nihoyat, boya boshda aytgan gapimga qaytdik yana; birinchi raqamliga g‘amxo‘rlik qilish barchamizni bir-birovimizga bog‘lab turadi. Aslida ham xuddi shundoq bo‘lishi shart, yo‘qsa, butun jamoamiz parday to‘zib ketadi.

– Bu rost gap, – dedi mister Bolter o‘ychan qiyofada. – Eh, o‘lguday ustomon ekansiz-da, voy dog‘uli chol-ey!

Mister Fedjin bu tavsif o‘zining iste’dodiga nisbatan aytilgan shunchaki bir xushomadli maqtov emasligiga, binobarin, haqiqatan ham yangi shogirdida o‘zining dohiyona makkorligi xususida ma’lum tasavvur tug‘dira olganiga quvonch-la ishonch hosil qildi; shogirdi vujudida nish urgan bu tasavvurni mustahkamlash esa bag‘oyat muhim ish edi. Bunday matlub-u maqbul hamda foydali taassurotni mustahkamlash niyatida u Noeni o‘z faoliyatining miqyos-ko‘lami bilan yanada batafsilroq tanishtirishga tushdi; rost gap-u uydirmalarni qo‘shib-chatib, shunaqangi bo‘yab-bejab, shunaqangi mahorat bilan tasvirlay ketdiki, oxir-oqibatda, mister Bolterning unga nisbatan hurmat-u ehtiromi oshkora orta borib, vujudini najotbaxsh vahima chulg‘ab oldi. Fedjinning niyati ham xuddi shu edi.

– Og‘ir judolik damlarida xuddi ana shu bir-birovimizga bo‘lgan ishonch tasalli beradi menga, – dedi Fedjin. – Kecha ertalab eng yaxshi ko‘makchimdan ayrildim.

– Nima, uni o‘ldi demoqchimisiz?! – dedi mister Bolter o‘takasi yorilib.

– Yo‘q, – javob berdi Fedjin, – ish unchalik xunuk tugagani yo‘q. Unchalik xunuk emas.

– Bo‘lmasa uni, balki…

– Chaqirtirib olishdi, – luqma tashladi Fedjin. – Shunday, chaqirtirib olishdi.

– Judayam muhim ish yuzasidanmi? – so‘radi mister Boltr.

– Yo‘q, – jayob qildi mister Fedjin, – unchaligamas. Uni cho‘ntakni shimon qilishga urinishda ayblashgan va yonidan kumush tamakidon topishgan – o‘ziniki, azizim, shaxsan o‘ziniki edi u; nega deganingizda, uning o‘zi tamaki iskashni jonidan yaxshi ko‘rardi. Uni shu paytgacha qamoqda tutib turishibdi, sababki, tamakidonning egasini tanisharmish. E-voh, ellikta tamakidonga arzirdi-ya, uni bo‘shatib olish uchun shunchasining pulini to‘lashga ham tayyor edim-a! Tullakni bilganingizda chakki bo‘lmasdi, azizim, ha, Tullakni bilganingizda chakki bo‘lmasdi.

– Ha endi, tanishib olarman u bilan hali, siz nima deb o‘ylaysiz, bu to‘g‘rida? – dedi mister Bolter.

– Dargumonov, – javob berdi Fedjin xo‘rsinib. – Agarda ular yana birorta yangi dalilni topisholmasa, unda kam berishadi, bir yarim oylarda yonimizga qaytadi; bordi-yu, topishadigan bo‘lishsa, unda urdi Xudo, musti mahkam tiqinning isi kelib turibdi-da. Qanday aqlli yigitchaligi ma’lum ularga. Bir umrlikka duhob bo‘ladi u. Tullakni to‘ppa-to‘g‘ri bir umrlikka duchor qilishadi.

– Tiqin, bir umrlikka deganingiz nimadi? – so‘radi mister Bolter. – Men bilan bunaqangi tilda gaplashsangiz, nimaniyam tushunardim? Men tushunadigan qilib gapirsangiz bo‘lmaydimi?

Fedjin mazkur sirli iboralarni oddiy tilga tarjima qilib bermoqchi bo‘lib chog‘langan edi-yu (u chog‘da mister Bolter bu so‘zlar majmuasi umrbod qamoqni ifodalashini bilib olgan bo‘lardi), biroq shu tobda qo‘llarini cho‘ntagiga suqqan, basharasi esa kulgili bir tarzda g‘amnok burishib ketgan yosh Beytsning kirib kelishi suhbatga raxna soldi.

– Hammasi tamom, Fedjin! – dedi Charli, u va yangi oshnasi bir-birlari bilan tanishtirilganidan keyin.

– Bu nima deganing?

– Anavilar o‘sha jentlmenni, tamakidonning egasini qidirib topishibdi. Tag‘in ikki-uch kishi yuzlashtirishga kelarmish, ana undan keyin Tullakni sayohatga jo‘nadi deyavering, – javob berdi yosh Beyts. – Menga, Fedjin sayohatga jo‘nab ketishidan oldin uni ziyorat qilgani motam libosi bilan shlyapamga qora lenta kerak. Qarang-a, Jek Daukins – azamat Jek – Tullak – Epchil Tullakday odam ikki yarim penslik arzimagan bitta tamakidonni deb o‘zga yurtlarga safar qilib o‘tirsa-ya. Men doim, bordi-yu, boshiga shunday ish tushadigan bo‘lsa, buning sababchisi kam deganda zanjiri va tamg‘asi bor tilla soat bo‘ladi, deb o‘ylardim. Eh, nega endi u safarga izzat-izlom-u shon-shuhratsiz, xuddi bir patak o‘g‘risiday emas, haqiqiy jentlmenday jo‘nash uchun bironta badavlat cholning bor boyligini o‘mara qolmadi-ya!

Yosh Beyts baxtiqaro do‘stiga bo‘lgan hamdardligini shu tariqa bayon etib, g‘amgin va ezilgan qiyofada yaqinroqdagi kursiga cho‘kdi.

– Nimalarni valdirayapsan? – o‘shqirdi Fedjin shogirdiga o‘qrayib qarab qo‘yarkan. – Axir, u hammalaringdan yuqori turmasmidi? U bilan tenglasha oladigan, biron nimada bahslashish qo‘lidan keladigan topiladimi oralaringda o‘zi?

– Birortayam, – javob berdi yosh Beyts dilsiyohlikdan ovozi bo‘g‘ilib. – Bittayam.

– Xo‘sh, unda nimalar deb valaqlayapsan? – jahl bilan so‘radi Fedjin. – Nima deb obidiyda qilyapsan?

– Bu gaplar sudning hukmi qarorida bo‘lmaydi deb kuyyapman, – dedi Charli, shu tobda diliga selday yopirilib kelgan afsus-u nadomatlar qari do‘stini ochiqdan-ochiq munozaraga chaqirishga undayotgandi, – bu gaplar aybnomada ko‘rsatilmaydi deb, hech kim hech qachon uning kimligini to‘liq bilmaydi deb o‘rtanyapman. Nyuget majmuasida4545
  Nyuget majmuasi – XVIII asr oxirlaridan boshlab Nyuget turmasida jazo muddatini o‘tagan mashhur jinoyatchilarning tarjimayi hollarini o‘z ichiga olgan olti jildlik to‘plam.


[Закрыть]
qaysi o‘rinni egallaydi? Balki butunlay kirmas unga. Yo Xudo, qanday ko‘rgilik bu!

– Hi-hi-hi! – qiyqirib kuldi Fedjin o‘ng qo‘lini mister Bolter tomon cho‘zib va go‘yoki, akashak odamday o‘z hiringlashidan butun tanasi silkinib. – Qarang-a, azizim, o‘z kasb-korlari bilan qanday faxrlanishadi-ya bular. Ajoyib emasmi, bu axir?

Mister Bolter ma’qullab bosh irg‘adi. Bir necha soniya mobaynida Charli Beytsning qandayin qayg‘urayotganini oshkora mamnuniyat bilan kuzatib turgan Fedjin esa yosh jentlmenga yaqinlashib, kiftiga qoqdi.

– Bas, Charli, yetar, – dedi Fedjin yupatib, – bular ma’lum bo‘ladi, albatta, ma’lum bo‘ladi. Uning qanchalik zehnli yigit ekani barchaga ayon bo‘ladi, buni uning o‘zi ko‘rsatib qo‘yadi va qadrdon do‘stlari bilan ustozlarini uyatga qoldirmaydi. O‘zing bir o‘ylab ko‘rgin-a, Charli, hali u qanday yoppa-yoshgina-ya!

Shu yoshda ilinish qanchalar sharaf!

– Rostdan ham sharafdir bu, balki, – dedi Charli jindakkina taskin topib.

– Istagan narsasining jami muhayyo bo‘ladi, – so‘zini davom ettirdi juhud. – Uni xuddi jentlmenlarday tosh ko‘zada asrab-avaylashadi, Charli. Ha, xuddi jentlmenday. Har kuni pivosi-yu puli tayyor, nimaga sarflashini bilmasa dovga tikadi.

– Yo‘g‘-e? – ajablandi Charli Beyts.

– Hammasi bo‘ladi, – javob berdi Fedjin. – Undan keyin desang, bizni kattakon – uni himoya qilish uchun hammadan ham qotirib va’zxonlik qiladigan o‘z yasama sochlimiz bo‘ladi. Tullak, agar xohlasa, o‘zi ham nutq so‘zlashi mumkin, biz bo‘lsak, uni boshidan-oxirigacha gazetalarda o‘qiymiz: «Abjir Tullak – tomni ko‘targudek kulgi ko‘tarildi, sudyalar changak bo‘lib tirishib qolishdi». Xo‘sh, qalay, Charli, a?

– Xa-xa-xa! – xaxolab yubordi Charli. – Rosa hangoma bo‘ladi-da! To‘g‘rimi, Fedjin? Tullak boplab ta’zirlarini berib, qonlariga tashna qiladi, to‘g‘rimi?

– To‘ppa-to‘g‘ri! – ovozini ko‘tardi Fedjin. – Ha, jonlarini bo‘g‘izlariga keltiradi u.

– Bo‘lmasam-chi, albatta xit qiladi, – takrorladi Charli qo‘llarini ishqab.

– Shu, nazarimda, uni shundoqqina ko‘rib turgandayman, – dedi juhud shogirdiga tikilib.

– Men ham! – qichqirib yubordi Charli Beyts. – Xaxa-xa! Men ham. Hammasini ko‘rib turibman, xudo haqqi, ko‘rib turibman, Fedjin. Qoyil-e! Toza hangoma bo‘ldi-ku, bu yog‘i! Katta yasama sochlilarning hammalari o‘zlarini vajohatli qilib ko‘rsatishga tirishishyapti, Jek Daukins bo‘lsa ularga xuddi sudyaning o‘z o‘g‘lidek, tushlikdan keyin tabrik nutqi so‘zlayotgandek, xotirjam va dilkashlik bilan gapiryapti. Xa-xa-xa!

Mister Fedjin, darhaqiqat, yosh do‘stining betuturiq antiqa tabiatiga shunchalik ustalik bilan ta’sir o‘tkazgandiki, oldiniga qo‘lga olingan Tullakni qurbon deb bilgan Beyts endilikda unga beqiyos va ajoyib hajvchiligi bilan yaqqol ajralib turadigan eng oldi sahna ijrochisi deb qaray boshlagan, qadrdon do‘stining o‘z iste’dodini namoyish etish imkoni tug‘iladigan damni sabrsizlik-la kutishga tushgandi.

– Hozir ishlari qay ahvoldaligini imi-jimida bilib olishimiz zarur, – dedi Fedjin. – Qani, bir bosh qotirib ko‘ray-chi.

– Men bora qolsam bo‘lmaydimi? – so‘radi Charli.

– Ikki dunyodayam! – javob qildi Fedjin. – Miyang aynib qolganmi deyman, azizim, agar o‘sha yoqqa borishni xayol qilgan bo‘lsang, butunlay esingni yeb qo‘yibsan… Bo‘lmaydi, Charli, yo‘q. Bir yo‘la ikki qurbon berib bo‘lmaydi.

– Menimcha, o‘zingiz bormoqchimasdirsiz, axir? – dedi Charli hazillashib ko‘z qisarkan.

– Bu unchaligam to‘g‘ri kelmaydi, – javob berdi Fedjin boshini qimirlatib.

– Manavi yigitchani jo‘natsak, nima qiladi? – so‘radi yosh Beyts Noening yelkasiga qo‘lini tashlab. – Uni hech zog‘ tanimaydi.

– Nimayam derdim, agar qarshiligi bo‘lmasa… – deya gap boshladi Fedjin.

– Qarshiligi? – uning gapini bo‘ldi Charli. – Qanaqangi qarshiligi bo‘lishi mumkin?

– Aytarli hech qanaqangi, azizim, – dedi Fedjin mister Bolterga tomon o‘girilarkan, – aytarli hech qanaqangi.

– O, judayam unchalik emasdirov! – qarshilik bildirdi Noe eshik sari tisarilib, hadiksirab bosh chayqagancha. – Yo‘q, yo‘q, qo‘ying, bu gapingizni! Bu mening vazifamga kirmaydi.

– Qanday vazifani zimmasiga olgan bu o‘zi, Fedjin? – deb so‘radi yosh Beyts Noening qotma qaddiga jirkanib nazar tashlarkan. – Sal ishkal bo‘lsa, juftakni rostlab qolish-u, hammasi joyidaligida tomog‘iga tiralgudek ovqat tushirishnimi? Uning vazifasi shundaymi?

– Baribir emasmi? – e’tiroz bildirdi mister Bolter. – Menga qara, tirmizak, o‘zingdan kattalarga bunaqangi beadabchilik qilma, bo‘lmasa, naq abjag‘ingni chiqarib qo‘yaman-a!

Bu po‘pisaga javoban yosh Beyts shunday xandon tashlab kula boshladiki, toki Fedjinning mister Bolterga politsiya boshqarmasida hech qanday xavf-xatar tahdid qilmasligini, negaki, na u qatnashgan arzimas ish haqidagi hisobot va na shaxsi haqidagi ma’lumot poytaxtga yetib kelmagani, shu boisdan uning poytaxtdan boshpana izlaganini hatto xayollariga ham keltirmagan bo‘lishlari kerakligini, ana shu sababdan u tegishli tarzda ust-boshini o‘zgartirib olsa, Londonning istalgan yeriga, shu qatori o‘zini hech kim kutmagan o‘sha joyga ham bemalol borsa bo‘laverishini tushuntirish uchun gapga aralashgunicha picha vaqt o‘tdi.

Qisman ana shu dalil-u isbotlardan dadillangan, ammo vujudini ko‘proq Fedjindan qo‘rqish hissi chulg‘ab olgan mister Bolter bunday safarga xuddi jonini sug‘urib olgudek og‘rinish-la axiyri rozi bo‘ldi. Fedjinning amri bilan o‘sha zahotiyoq egnidagi kiyimlarini izvoshchilarning kamzuli – kalta chiyduxoba ishton va ko‘n qo‘njlik bilan almashtirdi. Bularning bari Fedjinning bisotidan chiqdi. Shuningdek, uni darvozaxonalarda berilgan pattalar qistirig‘liq namat shlyapa hamda aravakashlar qamchisi bilan ta’min etishdi. Ana shu libosda u Kovent-Garden bozoriga kelgan bironta qishloqi yigit siyoqida go‘yoki qiziqib, tomosha qilgani sud binosiga kirib borishi lozim edi. Mister Fedjin aynan shunday qo‘pol, beso‘naqay va qoqsuyak yigit bo‘lgani sababli Noening o‘z rolini qoyillatib, bekami ko‘st ijro etajagiga shubhalanmayotgan edi.

Mazkur tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilgach, unga Abjir Tullakni tanish uchun zarur bo‘lgan belgi va alomatlarini aytib berishdi, keyin yosh Beyts uni pasqam-u aylanma yo‘llardan boshlab ketdi. Bou-stritga yaqin qolganda to‘xtab, politsiya boshqarmasi joylashgan yerni aniq-ravshan qilib tasvirlab berdi. Buning ustiga, bir talay yo‘l-yo‘riqlar berdi – jinko‘chadan qanday borishni, hovlini qanday kesib o‘tishni, o‘ng tomondagi eshikka olib chiqadigan zinadan ko‘tarilib, ichkariga kirishni, kirgach, darrov shlyapasini yechishni o‘rgatib, endi ajralishamiz, dedi Charli Beyts va tezroq borishni tayinlab, ajralishgan joylarida uni kutib turishga so‘z berdi.

Noe Kleypol yoxud mabodo, kitobxonga ma’qul kelsa, Moris Bolter o‘ziga berilgan aniq-ravshan yo‘l-yo‘riqlarga bandma-band amal qilib (yosh Beyts bu atrof bilan juda yaxshi oshno edi), politsiya boshqarmasiga hech kimdan so‘rab-surishtirmay, hech qanday moneliksiz, to‘ppa-to‘g‘ri kirib bordi. Eshikni ochib, aksariyati xotin-xalajlardan iborat odamlar tirband, iflos va dim xonaga kirib qoldi. Xonaning narigi boshida, chap tomondagi devor tagida panjara bilan to‘silgan, sudlanuvchilar o‘tiradigan kursi qo‘yilgan supacha; o‘rtada guvohlar shohidlik beradigan minbar, o‘ng tomonda sudyalarning uzun stoli; mazkur keyingi dahshatga soluvchi o‘rin hakamlarni oddiy bandalar ko‘zidan pana qilib turadigan va avomning odil sudning butkul ulug‘vorligi-yu salobatini tasavvur etishiga (agar bunga muvaffaq bo‘la olsa, albatta) erkin-ozod izn beradigan to‘siq bilan to‘silgan edi.

Sudlanuvchilar qora kursisida ikkitagina ayol o‘tirishar, toki sud mirzasi stol uzra engashib turgan ikki politsiyachi bilan fuqarocha kiyimda bir amaldorga qandaydir guvohliklarni o‘qib berarkan, bu ayollar hayratlanib, qoyil qolayotgan do‘stlariga bosh irg‘ab, imo-ishora qilishardi hadeb. Turma nazoratchisi sudlanuvchilar kursisi to‘sig‘iga suyangan ko‘yi qo‘lidagi kattakon kalit bilan yalqovlanib burnini to‘qillatib urish bilan ovora edi; u birorta tomoshatalabning aybdorlarni gapga solishdek nojo‘ya urinishlariga barham berib o‘shqirib qo‘yish yoki biror ramaqijon go‘dak odil sudning tantanavor ishini davom ettirishiga xalal yetkazib, onasining ro‘moli ostidan xiyolgina g‘ingshib qolganida o‘sha ayolga naq yeb qo‘ygudek o‘qrayib: «Yo‘qot bu go‘dakni!» deb o‘dag‘aylash uchungina bu mashg‘ulotini to‘xtatardi, xolos. Xonaning havosi nihoyatda sasib-bijg‘ib ketgan va dim edi; ifloslanganidan devorning rang-tusi aynib, shift esa qorayib ketgandi. Tosh tokchada eski, is bosgan haykalcha turibdi, qora kursining tepasida esa – chang bosgan soat – illatlar, qashshoqlik yoxud shular bilan yaqindan oshno bironta qusur o‘z tajovuzi asarini qoldirgan jamiki jonli xilqatlar va atrofida sodir bo‘layotgan hodisalarni badqovoqlik-la kuzatayotgandek tuyulayotgan yoqimsiz-u ko‘rimsizlikda ulardan qolishmaydigan, ustini qalin va quyuq qurum bosgan jamiki jonsiz buyumlar orasida yetarli darajada saranjom-sarishta turgan narsa bamisoli ana shu soatgina edi.

Noe betoqatlik bilan alang-jalang bo‘lib Tullakni izlardi, biroq bu yerda hozir bo‘lganlardan talayginasi o‘sha ma’lum-u mashhur zotning onasi yoxud opasi tengi, bir necha erkak esa otasi qatori bo‘lishiga qaramay, mister Daukinsning tashqi qiyofasini chizib, Noening qo‘liga topshirishgan tasvir qolipiga tushadigan bironta zot ko‘rinmasdi. Noe to ikki ayolning ishlari jinoyatni ko‘radigan sudga oshirilib,4646
  …ishlari jinoyatni ko‘radigan sudga oshirilib… – ya’ni dunyoviy mayda-chuyda ishlarni ko‘radigan sudning ajrimicha qilmishlari xiyla yuqoriroq bosqichdagi sudda ko‘rilishi lozim bo‘lgan qonunbuzarlar. Ingliz sud qurilishi haqidagi qonunga binoan dunyoviy (politsiya) sud, mabodo, ish unda ko‘rilishi lozim bo‘lsa, ayblanuvchini oqlashi yoki aybdor hisoblashi mumkin edi. Basharti, mahbusning jinoyatkorligi isbotlansa va bu ishni yuqori bosqichdagi sud ko‘rish lozim deb topilsa, u chog‘da dunyoviy sud ishni yuqori bosqichdagi – jinoiy ishlarni ko‘ruvchi sudga oshirishga hukm chiqaradi.


[Закрыть]
beadablarcha jilpanglab chiqib ketgunlaricha beqiyos bezovtalik hamda ikkilanish-la kutib turdi; keyin esa boshqa mahbusning paydo bo‘lishi o‘sha zamonoq ko‘nglini joyiga tushirdi-qo‘ydi, negaki, u ko‘rishni istab kelgan odami shu yigitcha ekanligini darhol fahmladi.

Darhaqiqat, bu odatdagicha kamzulining uzun yenglarini shimarib olgan mister Daukins edi; xonaga chap qo‘lini cho‘ntagiga suqib, o‘ng qo‘lida esa shlyapasini ushlagancha turma nazoratchisi kuzatuvida tasvirga til lol qoladigan bir alfozda – oyoqlarini surgab bosib, lapanglab kirib keldi-da, qora kursidan joy olarkan, baland ovozda o‘zini nima sababdan bunday tahqiromuz ahvolga solib qo‘yganlarini bilish istagini bayon etdi.

– Tillarini tiyib tursalar, eshityaptilarmi? – dedi turma nazoratchisi.

– Men – inglizman yoki bunday emasmi? – e’tiroz bildirdi Tullak. – Xo‘sh, unda menga berilgan imtiyozlar qay go‘rda qoldi?

– O‘sha imtiyozlaringizga ega bo‘lasiz hademay, – shartta gapini bo‘ldi turma nazoratchisi, – ustiga murch ham sepib berishadi desangiz!

– Bordi-yu, shunday bo‘lmasa, ko‘ramiz, bu lo‘ttibozlarga ichki ishlar ministri nima derkin… – javob qaytardi mister Daukins. – Qani, xo‘sh, ishlarimiz qandoq bo‘ldi, bu yog‘iga? Ushbu jimitdekkina ishni tezroq oydinlashtirsalar-u, keyin gazeta o‘qib vaqtimni olmasalar, sudyalardan bag‘oyat minnatdor bo‘lurdim; negaki, men Sitida bir jentlmen bilan uchrashishga kelishib qo‘yganman. Hamisha o‘z so‘zining ustidan chiqadigan hamda ishlarini aniq-puxta ado etadigak odam bo‘lganim sababli o‘z vaqtida yetib bormasam, u ketib qoladi. Shu xususdan, bular meni mabodo, ko‘proq tutib qolishadigan bo‘lishsa, o‘sha jentlmen ko‘rgan zararini to‘lashlarini da’vo qilmaydi, deb o‘ylamayaptimikinlar? O, unda ovora bo‘lishadi!

Gap shu yerga yetganda Tullak o‘zini, bordi-yu, ish shu asosda tus olgudek bo‘lsa, sudyalarning ahvollari ne kechishiga juda-juda qiziqayotgan odam qiyofasiga solib, turma nazoratchisidan «anavi hakamlik kursisida o‘tirgan ikki yulg‘ichning» ismi sharifi nimaligini surishtirdi. Bu narsa tomoshatalablarning shunaqangi zavqini keltirdiki, bunday talabni eshitganida yosh Beyts qanday xandon otishi mumkin bo‘lsa, bular ham xuddi o‘shandayiga qotib-qotib kula boshlashdi.

– Hey, sekinroq! – o‘shqirdi turma nazoratchisi.

– Nimada ayblanyapti bu? – so‘radi sudyalardan biri.

– Kissavurlikda, janobi oliylari.

– Bu bola ilgari hech bo‘lganmi, bu yerda?

– Juda ko‘p martalab bo‘lishi kerak edi aslida, – javob berdi turma nazoratchisi. – Deyarli boshqa hamma joyga kirib chiqqan. Men uni besh qo‘lday bilamanku-ya, janobi oliylari.

– O, meni bilarkanlar-da o‘zlari, shunaqa deng-a? – javob qildi Tullak bu axborotni eshitib. – Juda soz! Shundoqmi yo yo‘qmi, baribir birovni obro‘sizlantirishga urinish bu.

Shunda yana gurr kulgi ko‘tarildi va yana, tinchlaning, degan o‘kiriq yangradi.

– Xo‘sh, guvohlar qani unda? – so‘radi sud mirzasi.

– Balli, – gapni ilib ketdi Tullak. – Qani ular? Bir ko‘rib qo‘yay ularni.

Ushbu istak darhol qanoatlantirildi, zero, hibsga olingan ayblanuvchining bir jentlmen cho‘ntagiga qo‘l suqqani va hatto u yerdan eski dastro‘molni sug‘urib olgani, hech nimaga arzimaydigan bo‘lgani tufayli o‘zining burnini artib, xotirjamgina tag‘in joyiga tiqib qo‘yganini ko‘rib turgan politsiyachi oldinga chiqdi. U Tullakni xuddi shunga asoslanib, yoniga yetib borgan zahoti qo‘lga olgan va tintuv paytida cho‘ntagidan qopqog‘iga egasining ismi sharifi o‘yib yozilgan kumush tamakidon chiqqan edi. O‘sha jentlmenni «Sud ma’lumotnomasi» ko‘magida izlab topishibdi. Ayni paytda shu yerda hozir bo‘lganligi sababli u qasam ichib, tamakidon uniki ekanini, kuni kechagina xuddi o‘sha olomon orasidan amallab qutulib chiqqan vaqtida yo‘qotganini aytdi. Shuningdek, u olomon orasidan turtinib-surtinib o‘tib kelayotgan bir jentlmenga ko‘zi tushganini, hozir qarshisida turgan mahbus xuddi o‘sha yosh jentlmen ekanini tasdiqladi.

– Bolakay, guvohga bironta savolingiz bormi? – dedi sudya.

– U bilan suhbatlashadigan darajada past ketish istagim yo‘q, – javob berdi Tullak.

– Hech qanday gapingiz yo‘qmi?

– Eshityapsizmi, bironta gapingiz bormi, deb so‘rayaptilar janobi oliylari? – deya takrorladi turma nazoratchisi miq etmay turgan Tullakni tirsagi bilan turtib.

– Ma’zur tutasiz! – dedi Tullak hayron bo‘lgandek bir qiyofada ko‘zlarini ko‘tarib. – Menga aytyapsizmi, muhtaram zot?

– Dunyoga kelib bunaqangi uchiga chiqqan sayoq bolani ko‘rmaganman, janobi oliylari, – deb qo‘ydi politsiyachi miyig‘ida kulib. – Biron nima demoqchi emasmisiz, yigitcha?

– Yo‘q, – javob qildi Tullak, – bu yerda demoqchimasman, negaki, bu do‘koncha odil sud olib borishga munosib joy emas, ustiga-ustak, kaminaning himoyachisi bugun ertalab jamoa palatasining vitse-prezidenti bilan nonushta qilishi kerak edi. Ammo-lekin bo‘lak joyda aytadigan uncha-muncha gapim bor, shuningdek, himoyachim va bisyor hamda e’tiborli tanishlarimning ham, aytadigan gaplari bor. Ana unda bu lo‘ttibozlar dunyoga kelganlari yoki bugun ertalab mening ustimdan mana shunday maynabozchilik qilgani otlanayotganlarida malaylariga o‘zlarini shlyapalari o‘rniga qoziqqa osib qo‘yishni buyurmaganlari uchun ming-ming pushaymon yeydilar. Men…

– Bas qil! Sudga oshirishga hukm qilinadi. Olib chiqing uni, – gapni bo‘ldi mirza.

– Yur! – dedi turma nazoratchisi.

– Ketyapman, – javob qildi Tullak kafti bilan shlyapasini tozalarkan. – Hey (sudyalarga qarata dedi), o‘zlaringni qo‘rqqanga solmay qo‘ya qolinglar, men tariqchalik ham rahm-shafqat qilmayman, ha, yarim pennilik ham! Bu qilmishlaring uchun javob berasizlar, muhtaram zotlar! Butun dunyoning boyligini va’da qilganlaringda ham sizlarning o‘rnilaringda bo‘lishga rozi bo‘lmasdim. Endi hatto oyoqlarimga yiqilib, yer o‘pib, iltijo qilganlaringda ham baribirozodlikka chiqmagan bo‘lardim. Hey, qani, turmaga boshlanglar meni! Olib boringlar meni!

Tullak ana shu so‘nggi so‘zlarini aytarkan, o‘zini yoqasidan olib sudrab ketishlariga ruxsat etdi va toki hovliga chiqib qolgunicha parlamentda ish qo‘zg‘ayman deya dag‘dag‘a qilib bordi; so‘ngra esa politsiyachining basharasiga tikilib, quvnoqlik hamda mag‘rurona iljayib qo‘ydi.

Daukinsni katalakdek bir kishilik hibsxonaga tiqib, eshikni qulflab qo‘yganlariga ishonch hosil qilgach, Noe yosh Beytsni qoldirib, kelgan joyiga tomon ildam odimlay ketdi. O‘sha joyga yetib kelgach, oqilona ish tutib, pana yerdan atrofni diqqatla tekshirib ko‘rib, yangi do‘stining orqasidan hech qanaqangi shilqim shaxs ilakishib kelmayotganiga qanoat hosil qilmagunicha ko‘zga ko‘rinmagan yosh jentlmenni birpas kutib qoldi.

Keyin ikkovlon Tullakning tarbiyat bobida olgan saboqlariga munosib tarzda amal qilib, ajoyib obro‘-e’tibor qozonayotgani haqidagi xushxabarni mister Fedjinga yetkazish uchun uyga shoshildilar.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации