Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 33


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 33 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

QIRQ OLTINCHI BOB
UCHRASHUV SODIR BO‘LDI

London ko‘prigida ikki kishining qorasi paydo bo‘lganida cherkov soati chorakam o‘n ikkiga zang ura boshladi.

Oldinda, tez-tez shoshilinch odimlayotgani ayol kishi bo‘lib, xuddi birovni kutayotgan va izlayotgandek toqatsizlik bilan atrofga alanglardi; ikkinchisi, imkoni boricha qorong‘i, ko‘lanka quyuqroq joylardan yurishga hamda olisdan turib, ayolning odimiga moslab qadam tashlashga intilayotgani esa erkak kishi edi. U ayol to‘xtaganda to‘xtar, yurishi bilan olg‘a siljir, ammo ta’qib qizig‘ida ham o‘ziga ayolga yetib olishga izn bermasdi. Ular shu tariqa ko‘prik orqali Midlseksdan Sarri tomonga o‘tishdi, shunda yo‘lovchilarning yuzlariga xavotirlanib, tikilib borayotgan ayol, umidi ro‘yobga chiqmadi chog‘i, to‘satdan orqaga qaytdi. U qo‘qqisdan orqasiga burildi, biroq uni kuzatib kelayotgan odam g‘aflatda qolmadi: ko‘prik ustunlari oralig‘idagi kamgaklardan biriga biqinib, yaxshiroq berkinish uchun panjara osha engashgan ko‘yi to ayol narigi betdagi yo‘lkadan o‘tib ketgunicha pisib turaverdi. Ayol boyagi masofachalik oldinga o‘tib ketganidan so‘ng u panagohidan astagina chiqdi-da, tag‘in juvonning izidan yo‘lga tushdi. Juvon ko‘prikning deyarli o‘rtasiga yetganida to‘xtadi. Shunda erkak ham to‘xtadi.

Tun zimiston, havo buzuq, buning ustiga bemahalda bunday joyda yo‘lovchilar nihoyatda kam edi. Siyrak yo‘lovchilar chamasi na ayolni, na uni ko‘zdan qochirmay, turgan gapki, o‘tkinchilarga e’tibor ham bermay kelayotgan erkakka parvo qilmay, yonlaridan zipillagancha o‘tib borishardi. Ularning qiyofalari tunagani biror muzdek kovak yoxud eshik-derazasiz birorta kapani izlab, o‘sha oqshom ko‘prikka tasodifan kelib qolgan London gadolarining bezorijon qiluvchi shilqim nigoh-u diqqatlarini tortguday emasdi. Har ikkovlari ham jimgina turishar – hech kimga gap qotishmas, yo‘lovchilardan ham hech biri ularga gap tashlamasdi.

Daryo uzra bulut yanglig‘ suzayotgan tumanda turli bandargohlarga kelib qo‘ngan kichik-kichik kemalarda yonib turgan chiroqlarning qizg‘ish shu’lasi yanada quyuqlashar, sohildagi mahzun imoratlar beshbattar badbinlashib, chaplashib ketganday tuyulardi. Daryoning ikki qirg‘og‘ida qalashib-uyqashib, bir-biroviga mingashib ketgan tomlar-u rah-bo‘g‘otlar uzra ko‘hna, qurum bosgan omborxonalar vazmin-u badqovoqlik-la yuksalib, bamisli g‘amnok bir qiyofada suvga termilib turganday, suv esa nihoyatda qoraligidan hatto ularning haybatli shakli-tarhini aks ettirishga ojizlik qilayotganday edi. Qorong‘ilik qa’rida ko‘hna Najotkor ibodatxonasining minoralari hamda Sent-Mangus cherkovining minora nayzasi – qadimiy ko‘prikning azamat posbonlari – ko‘zga tashlanib turibdi; ammo pastdagi kema machtalaridan hosil bo‘lgan o‘rmon-u yuqoridagi chor-atrofda bodragan cherkovlar mezana-minoralari deyarli nazardan yashiringan.

Qiz tashvishlanib, bir necha marta u yoqdan-bu yoqqa borib keldi – ortidan ayg‘oqchi ham muttasil kuzatishda davom etdi; nihoyat, avliyo Pavel jomesining zalvorli qo‘ng‘irog‘i yana bir kunning umri tugaganidan darak berib bong urdi. Gavjum shahar uzra yarim tun o‘z chodrasini yoydi. Qasr-u saroylarni, tungi mayxonalarni, turma-yu jinnixonalarni, yetimxona, tug‘ruqxona-yu o‘limxonalarni, shifoxona-yu kasalxonalar, qotib-sarg‘aygan murdalar beti-yu tinchgina uxlayotgan ma’sum go‘daklarni – jami-jamini tun o‘z bag‘riga oldi.

Soat zang urganidan ikki daqiqacha fursat o‘tmayoq ko‘prik yaqinginasida to‘xtagan yollangan izvoshdan yosh xonim bilan nuroniy jentlmen tushishdi-yu, izvoshni jo‘natib yuborib, to‘g‘ri ko‘prikka qarab yurishdi. Ular ko‘prikka qadam qo‘yganlari hamonoq qiz bir seskanib tushdi-yu, o‘sha ondayoq ularning istiqboliga shoshildi.

Qarshilarida to‘satdan qiz paydo bo‘lganida ular amalga oshishi amrimahol allanimalarnidir kutayotgan bir qiyofada atrofga tikila-tikila ilgarilab kelishayotgan edi. Ular hayratdan voh degancha to‘xtab qolishdi, biroq o‘sha zamonoq nafaslarini ichga yutishdi, negaki, xuddi shu damda shundoq yonginalaridan – hatto ularga surkalib qishloqcha kiyingan qandaydir bir odam o‘tib ketdi.

– Bu yerdamas! – dedi Nensi shosha-pisha. – Bu yerda sizlar bilan gaplashgani qo‘rqaman. Yuringlar… yo‘ldan nariroqqa… manavi zinadan pastga tushaylik.

Qiz shu so‘zlarni aytib, qo‘li bilan ularni boshlab bormoqchi bo‘lgan tomonni ko‘rsatayotganida qishloqi yigit orqasiga o‘girilib, qo‘poldan-qo‘pol qilib, nimaga endi butun yo‘lkani egallab oldinglar, deb to‘ng‘illab, nari ketaverdi.

Qiz ko‘rsatgan zina Sarri tomonda, Najotkor ibodatxonasi joylashgan sohilda bo‘lib, daryo bandargohi xizmatini o‘tardi. Qishloqi yigitga o‘xshab ko‘ringan erkak hech kimga sezdirmay o‘sha yoqqa oshiqdi va bu joyga tezgina razm soldi-yu, pastga tusha boshladi.

Ushbu zina ko‘prikning bir qismi edi; u uchta ravoqdan iborat edi. Ikkinchi ravoqning oxiridagi quyiga qarab ketgan tosh devor so‘l tomonda, Temzaga qaragan naqshinkor to‘rt qirra ustun bilan tugardi. Bu yerga kelganda zinaning quyi poyalari kengayib ketardi, shu bois, devorning burilgan joyi orqasiga o‘tib olgan odam, mabodo, ular yashiringan odamdan loaqal bittagina poya balandda turishgan bo‘lsa ham, zinadagilarga ko‘rinmasdi. Qishloqi yigit xuddi shu joyga yetib kelib, tevarakka tezgina ko‘z yugurtirdi va hech yerda bundan bo‘lak xilvatroq panohgoh ko‘rinmagani, keyin suv qaytgani sababli bemalol tursa bo‘ladigan joy borligi vajidan u shippa o‘sha yoqqa burildi-yu, naqshinkor ustunga qapishganicha, ularning pastga tushmasliklariga mutlaqo ishongan holda kuta boshladi; bordi-yu, hatto gaplarini eshitolmagan taqdirida ham yigit butunlay bexavotir yana ularning izidan borishi mumkin edi.

Mazkur xilvatgohda vaqt shu qadar imillab o‘tayotgan va ayg‘oqchining o‘zi kutganiga butunlay o‘xshamayotgan bu uchrashuv sababini bilishga shunchalik sabri chidamayotgan ediki, bir necha marta o‘zini ishni yutqizgan hisoblashga ham tayyor bo‘ldi yo ular ancha tepada to‘xtashgan, yo maxfiyona suhbat qurgani butunlay boshqa yoqqa ketishgan, deb qo‘ydi o‘z-o‘ziga. U endi panagohidan chiqib, tag‘in tepaga ko‘tarilishga shaylangan ham ediki, to‘satdan odim sharpalarini, orqama-orqasidan esa naq qulog‘i teppaginasidan kelgan ovozlarni eshitib qoldi.

U devorga suyangancha qaddini rostladi-da, damini ichga yutib, diqqat-la quloq sola boshladi.

– Bas, yetar! – dedi jentlmen, shubhasiz, bu o‘shaning ovozi edi. – Oyimqizning yanayam nariga borishiga yo‘l qo‘yolmayman. Siz bilan bu yerga uncha-muncha odam ishonib kelmasdi, illo, ko‘rib turibsizki, men sizning ixtiyoringizdaman.

– Yo‘l qo‘yolmayman! – u kuzatayotgan qizning ovozi keldi. – Haqiqatan ham juda xushmuomala, muruvvatli ekansiz, ser. Ixtiyorimga qo‘yib berish-a! Ha, mayli, buning ahamiyati yo‘q.

– Xo‘sh, nima maqsadda? – dedi jentlmen xiyla muloyim ohangda. – Nima maqsadda bu g‘alati yerga boshlab keldingiz? Bizni bu zimiston va pasqam joyga boshlab kelish o‘rniga o‘sha yoqda, ham yorug‘roq, ham odamlar o‘tib turgan tepada gaplashishimizga nimaga yo‘l qo‘ymadingiz?

– Boya aytdim-ku, axir! – javob qildi Nensi, – siz bilan u yerda gaplashgani qo‘rqaman, deb. Nimagaligini bilmayman-u, – titrab-qaltirab qo‘shimcha qildi qiz, – meni shunaqangi vahm bosyaptiki, oyog‘imda arang turibman.

– Nimaning vahimasi? – deb so‘radi jentlmen, aftidan, qizga achinib.

– O‘zim ham bilmayman, – javob qaytardi qiz. – Koshkiydi, bilolsam. Kun bo‘yi o‘lim to‘g‘risidagi dahshatli o‘ylar miyamdan sira nari ketmadi, ko‘zimga allaqanaqangi qonga belangan kafan ko‘rinaverdi, vujudimni shunaqangi vahima chulg‘ab oldiki, alangayi otash bo‘lib o‘rtanib ketdim. Kechqurun, vaqt o‘tsin deb qo‘limga kitob olsam, satrlari orasida tag‘in o‘shanaqangi narsalar ko‘rinaverdi desangiz.

– Xayolingizda shunaqa ko‘ringan, – dedi jentlmen uni tinchlantirib.

– Yo‘q, bu xayol emas, – dedi qiz ovozi xirillab. – Ont ichib aytishga tayyorman, kitobning har bitta sahifasida katta-katta qora harflar bilan yozilgan «tobut» so‘ziga ko‘zim tushaverdi, bugun kechqurun bo‘lsa shundoqqina yonimdan tobutni ko‘tarib o‘tishdi.

– Buni sira hayron bo‘ladigan joyi yo‘q, – dedi jentlmen. – Mening yonimdan ham tez-tez olib o‘tib turishadi uni.

– Siz aytayotganingiz rostakam tobut, – e’tiroz bildirdi qiz. – Bunisi bo‘lsa boshqacha.

Qizning ovozida shunday bir g‘alati ohang bor ediki, u aytgan so‘zlarni eshitganida biqinib turgan ayg‘oqchining terisidan qumursqa o‘rmalab, eti muzlab ketganday bo‘ldi. Kizning tasavvuri mahsuli bo‘lmish bunday xayoliy ro‘yolarni pisand qilmay, tinchlanishga da’vat etuvchi oyimqizning tovushini eshitgani damda u shunday yengil tortib ketdiki, hech qachon bunchalik his etmagandi o‘zini.

– U bilan muloyimroq gaplashing, – dedi oyimqiz o‘z hamrohiga. – Sho‘rlikkina! Menimcha, u juda-juda tashna bunga.

– O‘sha sizning kalondimog‘ olijanob odamlaringiz, o‘sha tanishlaringiz, hozirgi ahvolimni ko‘rishsa, burnilarini jiyirishib, do‘zaxi doshqozon-u jazodan va’z aytib, pand-nasihat o‘qishgan bo‘lardi! – xitob qildi qiz. – Eh, jonginam, nimaga endi o‘sha o‘zlarini Yaratganning amri-ma’rufini bajo etuvchi sanaydiganlar biz ayanchli maxluqlarga xuddi sizga o‘xshab muloyim va mehribonlik bilan muomala qilishmaydi? Axir, ular yo‘qotgan narsalar – yoshlik, husn-latofatga ega sizdek odam jindakkina mag‘rurlansangiz, yarashardi-ku, aslida bo‘lsa, siz ulardan anchagina kamsuqumroqsiz.

– O! – deb qo‘ydi jentlmen. – Tahorat olgan turk sajdaga bosh qo‘ymoqlik uchun qiblaga yuzlanadi, bu yorug‘ jahon bilan yuzlashgan pallalaridayoq tabassum betlarini bir umrga tark etgan taqvodorlar esa albatta olamning eng qorong‘i tarafiga o‘girilib oladilar. Basharti, musulmon bilan bu munofiqlardan birini tanlashga kelganda, men birinchisini tanlagan bo‘lardim.

Aftidan, bu so‘zlar oyimqizga qaratilgan edi va ehtimolki, Nensining o‘zini bosib olishiga imkon berish niyatida aytilgandir. Hech qancha vaqt o‘tmay, jentlmen yana qiz bilan gaplasha boshladi.

– O‘tgan yakshanba kechqurun kelmadingiz, bu yerga? – dedi u.

– Kelolmadim, – javob berdi Nensi, – zo‘rlik bilan ushlab qolishdi meni.

– Kim?

– Oyimqizga ilgari aytgan odamim.

– Umid qilamankim, siz haqingizda bizni bu yerga yetaklab kelgan ish yuzasidan biror kimsa bilan muzokara olib borishda shubha uyg‘onmagandir ularda? – deb so‘radi keksa jentlmen.

– Yo‘q, – javob berdi qiz bosh chayqab. – Nimaga ketayotganimni bilmasa, undan qutulib chiqish osonmas. Agar o‘sha gal unga chiqib ketish oldidan afyun qo‘shilgan ichimlik bermaganimda oyimqizga uchrasholmagan bo‘lardim.

– U siz qaytib bormasingizdan burun uyg‘onib ketibdimi? – so‘radi jentlmen.

– Yo‘q. Na u, na ulardan birortasi mendan shubhalanadi.

– Juda soz, – dedi jentlmen. – Endi gapimga quloq bering.

– Qulog‘im sizda, – javob qildi qiz jentlmen bir lahza jim qolganida.

– Bu oyimqiz, – deya gapini boshladi jentlmen, – menga va xotirjam ishonsa bo‘ladigan ba’zi do‘stlariga siz deyarli ikki hafta burun gapirib bergan narsalarni xabar qildi. Tan olaman, oldiniga sizga to‘liq ishonsa bo‘larmikin, degan shubham bor edi, lekin endilikda bunga aminman.

– Bo‘ladi! – deya tasdiqladi qiz jo‘shqinlik bilan.

– Takroran aytaman, aminman bunga. Sizga bo‘lgan ishonchimning isboti sifatida, chalg‘itibnetib o‘tirmay, ochig‘ini aytib qo‘ya qolay, sir qanday bo‘lishidan qat’i nazar, biz uni o‘sha Monksni qo‘rqitib bilib olishni chamalayapmiz. Lekin mabodo… mabodo, – so‘zini davom ettirdi jentlmen, – uni qo‘lga tushirishning iloji bo‘lmasa yoki bordi-yu, qo‘lga tushirsag-u, ammo u biz unga o‘ylaganchalik ta’sir o‘tkazolmasak, unda siz juhudni fosh qilasiz.

– Fedjinni-ya! – qichqirib yuborayozdi qiz chetga qarab sapchib ketarkan.

– Ha, o‘sha odamni tutib berishingiz kerak, – dedi jentlmen.

– Bunday qilmayman! Hech qachon qilmayman bunday! – dedi qiz o‘zini yo‘qotayozib. – Garchi u iblis bo‘lsa ham, men uchun esa iblisdan ham battar bo‘lsa ham, hech qachon bunday qilmayman.

– Qilmaysizmi? – qaytarib so‘radi jentlmen, chamasi, u bunday javobga oldindan hozirlanib qo‘yganga o‘xshardi.

– Aslo, – takrorladi qiz.

– Tushuntirib bering menga – nima uchun?

– Bitta sababdan, – qat’iy javob berdi qiz, – manavi oyimqizga ma’lum bo‘lgan bitta sababdan bunday qilolmayman; oyimqiz mening tarafimni oladi, buni bilaman, chunki uning va’dasiga ishonaman. Keyin boshqa sababiyam bor: u qanchalik bema’ni hayot kechirgan bo‘lmasin, men ham xuddi o‘shanday bema’ni yashab keldim; ko‘pchiligimiz bir yo‘lda birga qadam-baqadam ishlaganmiz, bir qushga qo‘shilganmiz, ulardan istagani meni sotishi mumkin edi-yu, lekin qanchalik yaramas odam bo‘lishlariga qaramay sotishmadi, men ham sotmayman ularni.

– Unday bo‘lsa, – asli murodi ham xuddi shu ekanday, o‘sha zahotiyoq dedi jentlmen, – Monksni mening qo‘limga topshirgin-u, u bilan gaplashishni o‘zimga qo‘yib bering.

– Mabodo, u boshqalarni sotadigan bo‘lsa-chi?

– So‘z beraman sizga, agar undan haqqoniy iqrorini oladigan bo‘lsak, ish shu bilan tugaydi-yu, yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qoladi. Oliverning qisqagina hayotida shubhasiz oshkor etish og‘ir holatlar bor, shuning uchun mabodo, haqiqatga yetadigan bo‘lsak, aytgan odamlaringiz hech qanaqangi jazo tortmaydilar.

– Bordi-yu, bunga erisholmasangiz-chi? – so‘radi qiz.

– Unda, – so‘zini davom ettirdi jentlmen, – o‘sha Fedjin sizning roziligingizsiz sudga berilmaydi. O‘ylaymanki, u holda sizga shunday dalil-isbotlarni keltirishim mumkinki, ular sizni yon berishga majbur qiladi.

– Oyimqiz ham shunday so‘z beradimi? – so‘radi qiz.

– Ha, – javob berdi Roz. – Va’da beraman sizga!

– Monks bularning hammasi sizga qayoqdan ma’lum bo‘lganini bilmaydimi? – deb so‘radi qiz bir nafas jim qolgach.

– Hech qachon, – javob berdi jentlmen. – Bu ma’lumotlar unga shunday yo‘sinda yetkaziladiki, kallasida bironta shubhaga o‘rin qolmaydi.

– Men yolg‘onchi edim, yosh bolaligimdanoq yolg‘onchilar orasida yashab kelganman, – dedi qiz yana jindakkina tin olgach, – lekin sizning so‘zingizga ishonaman.

Qiz har ikkalalaridan qat’iy ishonsa bo‘ladigan va’da olgach, past tovush bilan – pinhona quloq solayotgan ayg‘oqchi bir necha bora uning so‘zlari ma’nosini zo‘r qiyinchilik-la tushunib qoldi – hikoyasini boshlab, shu kuni kechqurundan e’tiboran o‘zini kuzatishga tushishgan qovoqxonaning qayerda joylashgani va nomini tilga oldi. Uning goho-goho to‘xtab qolayotganiga qaraganda, go‘yoki, jentlmen apil-tapil qiz aytgan axborotlarni yozib olayotgandek tuyulishi mumkin edi. Qiz mazkur qovoqxonaning jamiki belgi-yu alomatlarini, Monksning diqqatini tortmay turib kuzatsa bo‘ladigan eng qulay joyni, odatda uning qaysi kunlari va qaysi soatlarda qovoqxonaga kelishini hafsala bilan so‘zlab berarkan, go‘yoki, u Monksning afti va qiliqlarini xotirlashga urinib, bir necha lahza o‘ylanib qolgandek bo‘ldi.

– U baland bo‘yli, – dedi qiz, – baquvvat, qomatdor, lekin semizmas; u go‘yoki, yurmaydi, balki pisib kelayotganga o‘xshaydi; yurgan yo‘lida dam-badam yelkasi osha oldin bir tomonga, keyin boshqa yog‘iga alanglab qo‘yadi. Shunisini esdan chiqarmangki, ko‘zlari o‘raday o‘pirilgan, bunaqa kosasiga chuqur joylashgan ko‘zni boshqa hech kimda ko‘rmaganman, o‘ylaymanki, bitta shu belgisining o‘zidanoq uni tanib olishingiz mumkin. Yuzi bug‘doyrang, sochi bilan ko‘zlari qora; yoshi yigirma olti-yigirma sakkizlardan oshmagan bo‘lsa ham, ko‘rinishi horg‘in va ma’yus. Lablari rangpar va kemtilganga o‘xshaydi, nega deganingizda, judayam qo‘rqinchli tutqanog‘i tutib turadi, ba’zida hatto qo‘llarini qonab ketgunicha tishlab tashlaydi. Nimaga seskanib ketdingiz? – deb so‘radi qiz to‘satdan gapi og‘zida qolib.

Jentlmen oshig‘ich, sizga shunday tuyulgandir, deb javob qaytardi-da, undan hikoyasini davom ettirishni so‘radi.

– Sizga gapirib bergan bu belgilardan bir qismini o‘sha uyda turuvchilardan so‘rab-surishtirib bildim, nega desangiz, o‘zim uni bor-yo‘g‘i ikki marta ko‘rganman, xolos, ikkalasidayam keng yopinchiqqa burkanib olgandi. Uni tanishingiz uchun kerak bo‘ladigan va men sizga aytib bera oladiganim mana shular chamasi. Aytmoqchi, shoshmang! – qo‘shib qo‘ydi u. – Bo‘ynida, galstugining ostida, boshini burgan paytlarida…

– Kattakon qizil nori bor, xuddi kuygan joyga o‘xshaydi-a? – qichqirib yuborayozdi jentlmen.

– Qanday?.. – dedi qiz. – Siz uni tanirkansiz-da!

Oyimqiz hayratdan voh deb yubordi va hammalari bir necha on shunchalik tek qolishdiki, ayg‘oqchi ularning nafas olishini aniq-tiniq eshitib turdi.

– Nazarimda shunaqaga o‘xshaydi, – dedi jentlmen jimlikni buzib. – Sizning tasviringizga qarab tanib olarman uni. Yana ko‘rarmiz. Bir-biroviga bir olmaning ikki pallasidek o‘xshab ketadigan odamlar ko‘p. Ehtimol, u emasdir.

U yasama beparvolik bilan shunday deb, biqinib turgan ayg‘oqchi tomon ikki qadam tashladi, buni esa ayg‘oqchi jentlmenning: «Shubhasiz o‘sha!» – deya g‘o‘ng‘illab qo‘ygani aniq eshitilganidan fahmlashi mumkin edi.

– Siz, azizim, – dedi jentlmen, ovozi qandoq eshitilganiga qaraganda boyagi joyiga qaytgandi u, – bizga nihoyatda katta xizmat qildingiz, shu bois yaxshiligingizga yaxshilik bilan javob qaytarsam, degan niyatdaman. Sizga qanday yordamim tegishi mumkin?

– Hech qanday, – javob qildi Nensi.

– O‘jarlikni qo‘ying, – dedi jentlmen, ovozi va so‘z ohangida shu qadar ko‘ngilchanlik hamda ezgulik ufurib turardiki, bu qizning yuragidan ko‘ra ming karra metinrog‘-u shafqatsizroq qalblarni ham eritib yuborgudek edi. – O‘ylab ko‘rib, tortinmay aytavering.

– Hech qanday, ser, – yig‘i aralash dedi qiz. – Menga hech nima bilan yordam berolmaysiz. Ortiq hech qanaqangi orzu-umidim qolmadi, hammasi chil-chil bo‘ldi.

– Siz o‘zingizni o‘zingiz mahrum etyapsiz undan, – dedi jentlmen. – Siz to shu kungacha xalloqi olam biz bandalariga bir marotaba ato etadigan, keyin hech qachon qaytib kelmaydigan bebaho xazina – yoshlik kuch-quvvatingizni behuda isrof qilib kelgansiz, xolos. Kelajak borasiga kelganda esa, umidvor bo‘lishingiz mumkin. Men sizning yuragingiz va qalbingizga orom ato etish bizning hukmimizda demoqchi emasman, zero, orom uni izlagan odamning vujudiga qo‘nadi; ammo Angliyada yoxud agar bu yerda qolishga qo‘rqsangiz, biror bo‘lak yurtdan sizga tinch-u osuda boshpana topib berish qo‘limizdan keladigina emas, balki ezgu istagimizdir. To tong yorishgunicha, hali bu daryo ilk quyosh nurlari bilan yuz ko‘rishib uyg‘onib ulgurmasidan, xuddi bir lahzada yer yuzidan g‘oyib bo‘lgandek, hech qanday iz qoldirmay, siz ilgarigi oshnalaringizning qo‘li yetmaydigan joyda bo‘lasiz. Yuring, ketdik! O‘sha yoqqa qaytib borishingizni, sobiq hamtovoqlaringizdan birortasi bilan loaqal biron og‘iz gaplashishingizni, eski maskaningizga qiyo boqishingizni, o‘zingizni halokat va o‘lim chohi yoqasiga eltuvchi o‘sha havodan nafas olishingizni istamayman. Toki vaqt hamda imkoniyati bor ekan, barining bahridan o‘ting!

– Hozir ko‘ndirsa bo‘ladi uni! – nido soldi oyimqiz. – Iymonim komilki, ikkilanib turibdi u.

– Undoqmasdir deb qo‘rqaman, jonginam, – dedi jentlmen.

– To‘g‘ri aytyapsiz, ser, men ikkilanayotganim yo‘q, – javob berdi qiz qisqa fursatlik ichki olishuvdan so‘ng. – Men ilgarigi hayotimga ko‘rinmas zanjirlar bilan chambarchas kishanlanib tashlanganman. Hozir hayotim ko‘zimga jirkanch va qabih ko‘rinyapti, lekin uni baribir tashlolmayman. Chamamda, qaytib chiqolmaydigan darajada olislab ketgan ko‘rinaman bu ko‘yda, lekin yana bilmadim: agar siz menga shu to‘g‘rida ilgariroq gapirganingizda xandon otib kulgan bo‘larmidim? Mana, tag‘in dilimni vahm bosyapti, – qo‘shib qo‘ydi u apil-tapil atrofga alanglab. – Uyga ketishim kerak.

– Uyga! – deya urg‘u berib takrorladi ushbu so‘zni oyimqiz.

– Uyga, xonim, – javob qildi qiz. – Umr bo‘yi ter to‘kib o‘zim uchun qurgan uyimga. Xayrlashaylik endi. Meni orqamdan poylab kelishlari yoki ko‘rib qolishlari mumkin. Boringlar! Bora qolinglar! Agar ozroqqina yordamim tekkan bo‘lsa, sizlardan bittagina iltimosim bor – o‘z holimga qo‘yinglar, o‘z yo‘limdan borishimga xalaqit bermanglar.

– Buning bari behuda urinish, – dedi jentlmen xo‘rsinib. – Balki bu yerda turaveradigan bo‘lsak, uni xavf-xatarga qo‘yarmiz. Chamasi, mo‘ljallaganidan ko‘ra ko‘proq tutib qolgan ko‘rinamiz.

– Ha, ha, – gapni ilib ketdi qiz. – Ancha tutib qoldinglar.

– Bu sho‘rlik jonning pirovard ko‘rgiligi nima bo‘larkin?! – dedi oyimqiz to‘lqinlanib.

– Ko‘rgiligi nima bo‘larkin? – takrorladi qiz. – To‘g‘ringizga bir qarang-a, oyimqiz. Manavi qop-qora suvga qarang. Orqasida birorta unga kuyadigan, unga aza tutadigan kimsasi bo‘lmagan menga o‘xshaganlarning o‘zini suvga otgani to‘g‘risida kitoblardan necha-necha martalab o‘qimaganmisiz, axir! Ehtimol, yillar, balki oylargina o‘tar, lekin baribir pirovard-oqibatda, men ham bundan qochib qutulolmayman.

– O‘tinaman sizdan, bunday demang, – dedi oyimqiz piqillab.

– Siz buni hech qachon eshitmaysiz, o‘rgilay oyimqiz, bunaqangi dahshatni Xudoyimning o‘zi eshitgulik qilmasin sizni! – javob qildi qiz. – Xayr, yaxshi qolinglar!

Jentlmen teskari qarab oldi.

– Mana hamyon! – dedi oyimqiz hayajonlanib. – Meni desangiz olasiz, zoriqib qolgan paytlaringizda ozgina bo‘lsa ham yem bo‘lar.

– Yo‘q! – dedi qiz. – Men bu ishni pul deb qilganim yo‘q. Buni doim esda saqlasam deyman. Lekin… o‘zingizning birorta buyumingizdan bera qoling, ha, birorta buyumingiz bo‘lsin menda… Yo‘q, yo‘q, uzugingiznimas… qo‘lqopingiz yoki dastro‘molchangiznimi… shunga o‘xshagan sizdan esdalik bo‘ladigan birorta narsangizni, oyimqizginam… Mana, bo‘ldi! Iloyo, baxtli bo‘ling! Xudoyimning o‘zi yarlaqasin sizni! Yaxshi qolinglar, xayr!

Qizning, mabodo, ko‘rib qolgudek bo‘lsalar do‘pposlaydilar, deya qattiq hayajonlanishi, aftidan, jentlmenni qizning iltimosini ado etishga undagandi. Mana, uzoqlashib borayotgan odim sharpasi eshitildi-yu, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar tindi.

Hademay ko‘prikda ikki kishining qorasi – oyimqiz bilan uning hamrohi ko‘zga tashlandi. Ular zinaning yuqorigi maydonchasida to‘xtashdi.

– To‘xtang-chi! – dedi oyimqiz qorong‘ilikka quloq tutib. – U xuddi bizni chaqirgandek bo‘ldi! Qulog‘imga uning ovozi chalingandek bo‘ldi.

– Yo‘q, azizim, – javob berdi mister Braunlou orqasiga g‘amgin o‘girilib qararkan. – Haliyam o‘sha joyida qimirlamay turibdi, to biz ketmagunimizcha joyidan jilmaydi ham.

Roz Meyli imirsilardi, biroq keksa jentlmen uning qo‘lini ushlab, o‘z qo‘ltig‘iga qistirdi-da, mehribonlik bilan, ammo qat’iy tarzda boshlab ketdi. Ular ko‘zdan yiroqlashishlari hamonoq qiz tosh zinaga tappa o‘zini tashlab, deyarli chalqayib yotgudek bir holatda, achchiq-achchiq yig‘lab, dard-alamga to‘la yuragini bo‘shatishga tushdi.

Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, u o‘rnidan turdi-da, gandiraklagancha, tentak-tentak qadam tashlab, tepaga – ko‘chaga ko‘tarildi. Hayrat ichra dong qotgan ayg‘oqchi o‘z xilvatgohida tag‘in bir necha daqiqa qimir etmay turib qoldi, keyin tevarak-atrofga ehtiyotkorlik bilan bir necha bor ko‘z tashlab, o‘zi tanho ekaniga ishonch hosil qilgach, asta panagohidan chiqib, xuddi bu yoqqa tushib kelganidagidek, devor soyasidan pisgancha zinadan ko‘tarila boshladi.

Noe Kleypol zinaning eng yuqori poyasiga yetgach, birov kuzatmayotganmikin deb qo‘rqa-pisa orqasiga ketma-ket alanglab oldi-yu, oyog‘ini qo‘liga olganicha jon-jahdi ila juhudning uyi sari zing‘illadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации