Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 22 (всего у книги 40 страниц)
O‘TTIZ UCHINCHI BOB
OLIVER VA UNING DO‘STLARI BAXTIGA NOGOHDAN XAVF-U XATAR TAJOVUZ QILGANI HAQIDA
Hash-pash deguncha bahor o‘tib, yoz fasli yetdi. Agar qishloq bahorda dilrabo bo‘lgan bo‘lsa, endilikda u o‘z boyliklarini ko‘z-ko‘z qilib, serhasham seplarini yoyib, borliq jamolini to‘liq namoyon qildi. Ilgari yalang‘och hamda qunushib turgandek ko‘ringan azamat daraxtlarga jon bitib, kuch-quvvatga to‘ldi, tashna yer uzra chor-atrofga quloch yozib, ochiq-yaydoq joylarni quyuq, tangadek oftob tushmaydigan so‘lim oromgohlarga aylantirdi; bu oromnishin mazgillardan oftob nuriga ko‘milgan, olislarda yastanib yotgan bepoyon dalalar jivirlab ko‘zga tashlanib turardi. Yer o‘zining eng yorqin yashil chakmoniga burkanib, anvoyi bo‘ylar taratardi. Yilning eng a’lo fasli keldi – borliq tabiat shodiyona tantana qilardi.
Choqqina bog‘ hovlida hayot tinch-u osoyishta, o‘z maromi bilan kechib borar, ana shu beg‘am-u betashvish xotirjamlik uning istiqomatchilarini ham o‘z og‘ushiga olgandi. Oliver allaqachonlar sog‘ayib, kuchga kirib ketgandi, biroq u kasaldir yoxud sog‘dir, atrofidagilarga nisbatan qizg‘in his-tuyg‘ulari zarracha o‘zgarmasdi; aslida esa odamlar his-tuyg‘usida bunaqangi o‘zgarishlar bot-bot uchrab turardi. Illo, u hamon o‘shanday, dard-u iztiroblar sillasini quritgan va hayoti butunlay o‘zini parvarish qilayotgan kimsalarning g‘amxo‘rligi-yu iltifotiga bog‘liq bo‘lib turgan kezlardagiday yuvosh, minnatdor, mehribon-u oqibatli bola bo‘lib qolaverdi.
Kunlardan bir kuni, so‘lim oqshom chog‘i odatdagidan xiyla uzoqroq sayr qilib qoldilar, negaki, kunduz ancha issiq o‘tgandi; sutdek oydin, odatdagidan xiyla salqinroq shabada g‘ir-g‘ir esib turardi, innaykeyin, Rozning g‘oyatda dimog‘i chog‘ edi. Xullasi kalom, sho‘x-xandon suhbatlashgan ko‘yi hamon ilgarilab boraverardilar, har kungi sayr qilib qaytadigan joylari ancha orqada qolib ketdi. Missis Meyli charchagach, bir-bir bosib uyga qaytdilar.
Yosh xonim odmigina shlyapasini yechib, odatiga ko‘ra fortepiano yoniga o‘tirdi. Bir necha daqiqa davomida u faromushlik bilan barmoqlarini klavishlar uzra yo‘rg‘alatib turdi-da, keyin osuda va tantanavor bir kuyni chala boshladi; o‘zi chalyapti-yu, bu yoqdagilarning nazarida u yig‘layotgandek tuyuldi.
– Roz, jonginam! – hayron bo‘ldi keksa xonim.
Roz indamadi, lekin xuddi bu so‘zlar uni allaqanday toliqtiruvchi o‘ylardan chalg‘itgandek, picha tezroq chala boshladi.
– Roz, azizim! – dedi missis Meyli shoshilib o‘rnidan turib, unga engashib qarar ekan. – Bu qanaqasi? Ko‘zlaringdan yosh oqyaptimi? Bolaginam, nima ranjitdi seni o‘zi?
– Hech nima, xola, hech nima! – javob qildi oyimqiz. – Nima ekanini o‘zim ham bilmayman… gapirib berolmayman… lekin sezib, his qilib turibman…
– Biron joying og‘riyaptimi, qizalog‘im? – uning so‘zini bo‘ldi missis Meyli.
– Yo‘q, yo‘q! Sirayam og‘riyotgani yo‘q! – javob qaytardi Roz, biroq shu so‘zlarni aytarkan, xuddi vujudiga o‘lim nafasi tekkandek, bir junjikib ketdi. – Hozir tuzalib qolaman. O‘tinaman, oynani yopsanglar.
Oliver uning iltimosini ado etishga shoshildi. Oyimqiz ilgarigi xushchaqchaq kayfiyatini qaytarishga zo‘rma-zo‘raki tirishib, chandon sho‘xroq kuyni chala boshladi, ammo barmoqlari klavishlar ustida bemajol tek qoldi. U yuzini qo‘llari bilan yashirganicha divanga cho‘kdi-yu, ortiq tiyib turolmagan ko‘z yoshlariga erk berdi.
– Bolajonim! – uni bag‘riga bosgancha nido soldi keksa xonim. – Seni sira bunday ahvolda ko‘rmaganman-a.
– Qo‘limdan kelsa sizni hecham bezovta qilmasdim-a, – javob qaytardi Roz. – Rosti, rosayam urinib ko‘rdim, lekin hech nima qilolmadim. Chindanam kasalmanmi, deb qo‘rqib turibman, xola.
Rozning darhaqiqat tobi qochib qolgandi: shamni keltirishganida sayrdan qaytishganidan beri oradan o‘tgan ana shu qisqagina fursat ichida qizning rangi doka yanglig‘ oqarib ketganini ko‘rdilar. Boyagi-boyagi gulday yashnab turgan chehrasidagi ifoda qandaydir bo‘lakcha bo‘lib qolgandi. Uning nafis-u muloyim chehrasida ilgari bo‘lmagan qandaydir xavotirli hamda tahlikali bir narsa paydo bo‘libdi. Oradan biron daqiqa o‘tar-o‘tmas yonoqlari ol tusga kirdi, muloyim boquvchi moviy ko‘zlari g‘alati chaqnab ketdi. So‘ngra barchasi bulut parchasi tashlab o‘tgan oniy soyadek yo‘qoldi-yu, tusi yana murdaday ko‘karib-oqardi.
Keksa xonimni bezovtalik-la kuzatayotgan Oliver uning bu alomatlardan tashvishga tushib qolganini payqadi: haqiga ko‘chganda, u ham xavotirga tushgandi-yu, biroq xonimning bunga e’tibor bermaslikka urinayotganini ko‘rib, o‘zi ham xuddi shunday qilishga tirishdi; xullasi, ikkovlari shunga erishishdiki, xolasining maslahati bilan yotgani yo‘l olgan Rozning kayfiyati ko‘tarildi, hatto unchalik tobi qochmagan ko‘rindi va ertalab soppa-sog‘ turishiga qatra shubhasi yo‘q ekaniga ishontirmoqchi ham bo‘ldi.
– Jiddiy hech gap bo‘lmasa kerak, a? – so‘radi Oliver missis Meyli qaytib kirgach. – Ko‘rinishidan kasalga o‘xshaydi-yu, lekin…
Keksa xonim imo bilan so‘zlashmaslikni o‘tindi-da, xonaning qorong‘i burchagiga borib o‘tirgancha, uzoq jim qoldi. Nihoyat, u titroq ovoz bilan dedi:
– Men ham shunday umiddaman, Oliver. U bilan bir necha yil baxtiyor umr kechirdim, ehtimol, haddan ziyod baxtiyor yashagandirman. Boshimga biror falokat tushadigan fursat kelar-u, lekin bu falokat ishqilib biz o‘ylagan narsa bo‘lib chiqmasin-da, deb umid qilaman.
– Nima ekan o‘sha? – so‘radi Oliver.
– Og‘ir judolik, – dedi keksa xonim, – shuncha yillar ovunchog‘im va saodatim bo‘lib kelgan qadrdon qizdan ayrilib qolish.
– O, Xudo asrasin! – deb yubordi Oliver o‘sha ondayoq.
– Omin, iloyo, aytganing kelsin, bolam! – dedi keksa xonim qo‘l qovushtirib.
– Axir, hech qanaqangi xavotirli joyi yo‘q-ku, hech qanaqangi qo‘rqinchli ish bo‘lmadi-ku? – xitob qildi Oliver. – Ikki soat oldin soppa-sog‘ edi.
– Hozir qattiq og‘rigan u, – dedi missis Meyli. – Ahvoli yanayam yomonlashadi, bunga iymonim komil. Jonginam, o‘rgilay Rozginam-a! Usiz qayga boraman-u, nima qilaman?
U shu qadar kuyib-yonib ketayotgandiki, Oliver o‘z xavotirligini yashirib, yosh xonimning salomatligi uchun tinchlanishini o‘tinib, yalinib-yolvorib iltijo qila boshladi.
– O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, – derdi-yu, Oliver, o‘zining bo‘lsa, har qancha urinmasin, ko‘zlarida yosh halqalanardi, – o‘ylab ko‘ring-a, u qanday yosh, mehribon, hammani qanday quvontirib, yupatib yuradi! Bilaman, inonaman… qattiq ishonaman, xuddi o‘ziday saxiy, mehribon xolasi – sizni deb, o‘zini deb o‘zi shunday baxtiyor qilib yurgan hamma odamlarni deb o‘lmaydi u! Yoshgina bo‘lib o‘lib ketishiga Xudo qo‘yib qo‘ymaydi.
– Sekin! – dedi missis Meyli Oliverning boshiga qo‘lini qo‘yib. – Sho‘rlik bolaginam, yosh bolaning gapini gapiryapsan. Lekin har holda, burch-vazifamni o‘rgatyapsan menga. Uni bir nafasgagina unutgan ekanman, Oliver, biroq umid qilamanki, meni kechirsa bo‘ladi; negaki, men qari odamman va umrimda sevgan odamingdan judo bo‘lish qanchalik alamli bo‘lishini bilib olgunimcha ozmuncha kasal-u o‘limlarni ko‘rmadim. Ha, bularni ko‘raverib, o‘zlarining suygan odamlarini deb yosh va mehribon nihollar hamishayam omon qolavermasligiga ishonch hosil qilganman. Lekin iloyo, sen aytgan gap haq bo‘lsin-u, g‘am-qayg‘uli dilimizga tasalli bersin. Halloqi olam odil, marhamati benihoya; ushbu esa bu dunyodan yaxshiroq o‘zga dunyo borligining alomatidir… u yoqqa ravona bo‘lishga kelganda, zumda sodir bo‘ladi. Yaratganning irodasi bo‘lg‘ay! Men Rozni sevaman, uni qanchalik suyishim Tangrining o‘ziga ayon!
Oliver missis Meylining shu so‘zlarni aytarkan, nola-yu zorini majburan tiyib, qaddini rostlagani va xotirjam-u vazmin tortganini hayrat-la ko‘rib turdi. Keyinchalik ham bu vazminlikning davomli, barqaror ekanligiga qanoat hosil qilarkan, taajjubi yanada ortdi. Bundan keyingi bemorni parvarish qilish davomidagi jamiki tashvish-u yugur-yugurlarga qaramay missis Meyli (o‘z burchini og‘ishmay ado etarkan) hamisha serg‘ayrat, xotirjam, vazmin va hatto, chamasi, tetik bo‘lib qolaverdi. Biroq bola yosh va shu boisdan ham boshga og‘ir sinov tushganda matonatli kishilar nimalarga qodir ekanligini bilmasdi. Aytmoqchi, basharti, matonatli odamlarning o‘zlari buni kamdan-kam holda payqaganlaridan so‘ng, u qayoqdan ham bilsin?
Tahlikali tun kirdi. Ertalabga borib, taassufki, missis Meylining bashorati amalga osha boshladi. Rozda qattiq, xavfli isitma boshlandi.
– Oliver, qo‘l qovushtirib, behuda g‘am-hasrat chekib o‘tiravermasligimiz kerak, – dedi missis Meyli barmog‘ini labiga bosib, bolaning aftiga tikilgancha. – Manavi xatni iloji boricha tezroq mister Losbernga jo‘natish zarur. Buni shahar, bozorboshiga eltish lozim – agar daladagi so‘qmoqdan borilsa bu yerdan to‘rt milyadan oshmaydi; shaharchadan bo‘lsa uni otliq chopar bilan to‘g‘ri Chertsiga jo‘natishadi. Mehmonxonadagilar yo‘q deyishmaydi, hammasini ko‘ngildagidek qilib bajarishingga ishonaman. Buni bilaman.
Oliver hech nima demadi, biroq hoziroq yo‘lga otlanishga tayyorligi shundoq ko‘rinib turardi.
– Mana yana bitta xat, – dedi missis Meyli va o‘yga tolib qoldi. – Ochig‘i, bilmadim, shu tobdayoq jo‘natsammikin yoki sabr qilib, Rozning dardi qandoq kechishini picha kuta tursammikin? Oxiri xunuk bo‘lishiga ko‘zim yetmagunicha buni jo‘natmasam degandim.
– Buniyam Chertsiga jo‘natish kerakmi, xonim? – so‘radi Oliver, u topshiriqni tezroq bajara qolay deb toqatsizlanarkan, titrab turgan qo‘lini xatga cho‘zgancha.
– Yo‘q, – dedi keksa xonim beixtiyor xatni tutqizarkan.
Oliver unga ko‘z qirini tashlab, maktubning ustiga mashhur lordning mulkida – aniq qayer ekanligini u o‘qiy olmadi – turuvchi eskvayr4343
Eskvayr – vaqt o‘tishi bilan ahamiyat-mavqeyi o‘zgarib borgan unvon, feodalizm davrida ritsarlarning yaroqbardoriga berilgan u; keyinchalik hukumatning ishonchiga molik mansabdorlar (masalan, dunyoviy ishlarni ko‘radigan sudyalar)ga berilgan; o‘tgan asrda ma’no-ahamiyatini yo‘qotib, odatda eskvayr unvonini badavlat burjua namoyandalariga berish rasm bo‘lgan; hozirgi kunda taomildan chiqib ketgan.
[Закрыть] Garri Meyliga deb yozilganini ko‘rdi.
– Buni ham jo‘nataymi, xonim? – sabrsizlik bilan so‘radi Oliver ko‘zlarini maktubdan uzib.
– Yo‘q, yaxshisi, kerakmas, – javob qildi missis Meyli xatni qaytarib olarkan. – Ertagacha kuta turaman.
Shunday deya u Oliverga kartmonini tutqazdi va bola shu zamonoq qo‘lidan kelganicha tez-tez odimlay ketdi.
Oliver paykallar va ularni kesib o‘tgan yolg‘izoyoq so‘qmoqlardan yugurib borardi; u dam baland-u bo‘liq g‘alla poyalari orasida ko‘rinmay ketar, dam o‘ti o‘rilib, g‘aram qilinayotgan yaydoq pichanzorga chiqib qolardi; faqat ahyon-ahyonda nafasini rostlagani bir necha lahzagagina to‘xtardi: shu tariqa yugura-yugura oxiri terlab-bo‘griqib, changga belanib, kichkinagina shaharchaning bozorboshisiga chiqib keldi.
Shu yerga yetganda u to‘xtab, mehmonxonani izlab, atrofga alangladi. May: don tegrasida oppoq bank binosi, qizilga bo‘yalgan pivo pishiriladigan bino va sariq ratusha binosi joylashgandi; burchakda esa dang‘illama yog‘och uy bo‘lib, yashilga bo‘yalgan, kiraverish peshtoqidagi «Jorj» degan lavha ko‘zga tashlanib turibdi. Ko‘zi tushgani hamonoq Oliver o‘sha uyga qarab yugurdi.
U darvoza oldida mudrab o‘tirgan ot haydovchi bilan gaplashdi, haydovchi gapini eshitib bo‘lib, bolani otboqar yoniga, unisi esa otxona darvozasi oldidagi suv nasosiga suyangancha oppoq tish tozalagich bilan tishini kavlashtirayotgan ko‘k galstukli, oq shlyapa, odmi ishton, qaytarma qo‘nj etik kiygan baland bo‘yli mehmonxona egasi huzuriga yo‘lladi.
Mazkur jentlmen hisob-kitobni yozib chiqqani eran-qaran ichkariga qarab yurdi, bu ish ham ancha-muncha vaqtni oldi; hisob-kitob bitib, haqi to‘lab bo‘linganidan keyin otni egarlash, choparning esa kiyinishiga to‘g‘ri keldi, bu tadorik uchun ham bemalol o‘n daqiqa vaqt ketdi. Oliver shunchalik tashvish va xavotirda oyog‘i kuygan tovuqday tipir chilab turar, qo‘yib bersa, lip etib o‘zini egarga otib, keyingi bekatgacha otni uchirib borishdan ham toymasdi, shu tobda. Axiyri, hamma narsa tayyor bo‘ldi; kichikkina qog‘oz xaltacha tayinlash-u tezroq yetkazish borasidagi o‘tinchlar bilan chopar qo‘liga tutqazilgach, u otni niqtadi-yu, tosh yotqizilgan notekis bozor maydoni bo‘ylab yo‘rttirib ketdi; ikki daqiqalar o‘tmayoq u shaharni ortda qoldirib, katta shahar yo‘lidan yelib borardi.
Yordam so‘rab maktub jo‘natilgani va biron daqiqa ham fursat bekor ketmaganini o‘ylab, bir qadar xotirjam tortgan Oliver ko‘ngli sal-pal joyiga tushib, mehmonxona hovlisidan yugurgancha ketdi. Darvozadan chiqishda kutilmaganda mehmonxonadan chiqib borayotgan, yelkapo‘shga o‘ralib olgan baland bo‘yli kishiga urilib ketdi.
– Iya! – qichqirib yuborayozdi bu odam Oliverga ko‘zi tushib, birdan orqasiga tisarilgancha. – Jin ursin, bu qanaqasi bo‘ldi?
– Afv etasiz, ser, – dedi Oliver, – uyga juda shoshilganimdan sizning chiqib kelganingizni ko‘rmay qolibman.
– Ming la’nat! – to‘ng‘illadi u odam yirik, qora ko‘zlari bilan bolaga yeb qo‘ygudek tikilgancha. – Kim ham o‘ylabdi buni? Qiyma-qiyma qilib tashlasangiz ham, baribir, tosh tobutdan ham sakrab chiqadi-ya, mening yo‘limni to‘sgani!
– Afv eting, – dedi Oliver duduqlanib, bu g‘alati odamning telbavor o‘qrayishidan xijolat tortib.
– He jin urib, jabbor chalsin seni! – dedi u kishi jazavada tishlarini g‘ijirlatib. – Agar bir og‘iz shama qilishga yuragim dov berganidami, sendan bir kechaning o‘zidayoq qutulgan bo‘lardim. Boshingga la’nat-u vabo toshlari yog‘ilsin-e, iblisvachcha! Bu yerlarda nima qilib yuribsan?
Bu so‘zlarni poyma-poy qilib vaysagan ko‘yi musht do‘laydi u kishi. Go‘yo musht tushiradigandek Oliverga tomon bir qadam tashladi-yu, ammo tappa yerga qulab, og‘zidan ko‘pik kelgancha, tutqanoq talvasasi tutib qoldi. Oliver bir soniyagina jinnining (u jinni deb o‘ylagandi bu kishini) oyoq-qo‘llarini tipirchilatishga hang-mang bo‘lib turdi, keyin yordamga chaqirgani ichkariga otildi. Oliver jinnini mehmonxonaga eson-omon olib kirib ketganlariga ishonch hosil qilgach, behuda ketgan vaqtining hissasini chiqarib olish uchun imkoni boricha ildamroq yugurgancha, behudud taajjub va hadik-la hozirgina ajralishgan odamining g‘alati xulq-atvorini o‘ylab borardi.
Darvoqe, bu hodisa Oliverning xayolini ko‘pdan band qilmadi, zotan, bola bog‘ hovlilariga qaytib kelarkan, u yerdagi voqealar o‘zi haqidagi jamiki o‘ylarni hobi-xotiridan sitib chiqarib, bo‘lak fikrlar bilan band etishga yetib-ortgulik edi.
Roz Meylining ahvoli battar og‘irlashibdi; hali tun yarmiga bormasdanoq alahlay boshladi u. Shu qishloqlik vrach to‘shagi tepasidan jilmasdi; bemorni nazoratdan o‘tkazgach, u missis Meylini chekkaroqqa chorlab, xavfli kasal ekanini aytdi.
– Mabodo, tuzalib ketsa – bu bir mo‘jiza bo‘ladi, – dedi u.
O‘sha kecha Oliver o‘rnidan turib, sekingina zinapoyaga chiqib, bemorning xonasidan eshitilayotgan tiq etgan ovozga necha martalab quloq osmadi deysiz! Bexosdan eshitilib qolgan shoshilinch odim tovushlaridan necha martalab titrab ketmadi-yu, o‘ylashning o‘zi bir olam dahshat bo‘lgan narsa sodir bo‘pti-da, degan xavotirdan necha-necha martalab peshonasidan muzdek ter chiqib ketmadi! Uning shu tobdagi lahad yoqasida turgan dilbar-u mehribon kimsasining hayoti va sog‘lig‘ini tilab hasrat-u alam ichra qilayotgan duo-yu iltijolarini ilgarigi qizg‘in munojotlari bilan tenglashtirib bo‘larmidi!
O, jondan ortiq sevadigan kishimizning hayoti qil ustida, tarozuning bir pallasida – jon, ikkinchisida ajal toshi tursa – qanchalar beshafqat qiynog‘-a bu! O, miyangda g‘ujg‘on o‘ynab, yuragingni o‘ynatib, entiktirib qo‘yadigan o‘y-fikrlar qanchalar iztirobli-ya! O, qo‘limizdan kelmaydigan ish – azob-uqubatlarni yengillatish yoxud xavf-u xatarni kamaytirishga da’vat etib, aqalli biron chora ko‘rishga undovchi jo‘shqin istak; o‘z ojizligimizni o‘ylaganimizda qalbimizga qutqu soladigan noumidlikni aytmaysizmi, qaysi bir qiynoq tenglasha oladi bular bilan; eng mashaqqatli va tahlikali onda qaysi o‘y-fikr yoxud qay kuch ularni bo‘shashtira oladi!
Tong otdi, choqqina bog‘ hovlida esa suv quygandek jimjitlik. Hamma pichirlashib gaplashardi. Vaqt-vaqti bilan darvoza oldida tashvishli chehralar ko‘rinib qolardi; xotin-xalaj-u bolalar ko‘zlarida g‘ilqg‘ilq yosh bilan chiqib ketardilar. Yilday cho‘zilgan kun davomida Oliver to qorong‘igacha bog‘da kezdi; u titrab-qaltirab dam-badam bemor yotgan xonaning derazasiga qarab qo‘yardi, nazdida oyna uzra ajal qanot qoqib turgandek tuyulaverdi. Xuftonga borib, mister Losbern yetib keldi…
– Qanchalik og‘ir bu! – dedi ko‘ngilchan doktor, shunday deyarkan, u yuzini chetga burib oldi. – Hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan, shunday suyukli navnihol-a. Umid juda kam.
Yana tong otdi. Oftob shunaqangi charaqlab turardiki, go‘yoki u na g‘am-alam, na musibat-u falokatni ko‘rmaganday; atrof-borliq quyuq yaproqlar-u chaman-chaman gul-chechaklarga burkangan; shodlig-u quvonch bashoratchisi bo‘lmish sas-sadolar-u so‘lim manzaralar hayot va sog‘lomlik nafasini ufurib turardi; yoshgina go‘zal bir jon esa shitob-la so‘nib borardi. Oliver ko‘hna qabristonga o‘tib borib, yam-yashil gumbazchaga o‘tirdi-da, sokinlik qo‘ynida uning duoyi jonini qilib, yum-yum yig‘ladi.
Atrof shunchalar osuda va shunchalar so‘lim, quyosh nuriga cho‘mgan manzara shunchalar ko‘zni quvnatar, qushlar shunchalar sho‘x-shodon navo qilar, borliq shunchalar jo‘shqin hayot-u shodiyonalikka to‘lgan edikim, bola shundoqqina boshiga tegay-tegay deb bemalol uchib o‘tgan quzg‘un ortidan yig‘idan og‘riq kirgan ko‘zlarini ko‘tarib, tevarakka boqarkan, beixtiyor xayolidan hozir o‘lim fursati emasligi, jamiki oddiy jonzot-u jondorlar shunchalar shodon, beg‘am-u betashvish bir paytda Roz o‘lmasligi kerak, albatta, go‘r esa butun olam nurga cho‘milayotgan va muattar bo‘ylar nash’u namosini surayotgan pallada emas, sovuq hamda xafagazak qish faslida qaziladi-ku, degan o‘y kechdi. Yana bola ixtiyorsiz ravishda o‘yladi: kafan ham ajin bosgan qarilarga atalgan, u hech qachon yosh va ajoyib tanlarni o‘zining dahshatli quchog‘iga olgan emas.
Shu payt cherkov qo‘ng‘iroqlarining dafn marosimidan ogoh etguvchi jarang-jurungi ushbu go‘dagona o‘ylarni cho‘rt uzib qo‘ydi. Qo‘ng‘iroqlar tag‘in bong urdi! Yana bir bor! Ular janozaga chorlardi. Darvozadan hassakashlarning chog‘roqqina to‘dasi kirib kela boshladi; ular oppoq kapalaknusxa bant taqib olgandilar, chunki marhum yosh edi. Ular qabr tepasida boshyalang turishar, yig‘layotganlar orasida ona – bolasidan ayrilgan ona ham – zor qaqshayapti. Ammo quyosh hamon charaqlab nur sochyapti, qushlar esa navo qilyapti.
Oliver yosh oyimqizdan qanchadan-qancha yaxshilik ko‘rgani haqida o‘y surib, yana o‘shanday kunlar kelib, u qizga o‘z minnatdorligi va mehrini hormay-tolmay isbot etishini orzu qilgancha uyga yo‘l oldi. O‘zini e’tiborsizlik yoxud iltifotsizlikda ayblaydigan hech qanaqangi asosli ta’nasi yo‘q edi – u qizga sadoqat-la xizmat qildi; shunga qaramay, yuzlab mayda-chuyda narsalar yodiga kelardiki, uning nazarida, o‘sha hollarda yanayam ko‘proq g‘ayrat-u hafsala ko‘rsatsa bo‘ladigandek tuyulib, o‘shanday qilmaganidan o‘kinardi. Atrofimizdagi yaqinlarimizga ehtiyotkorona muomala qilishimiz darkor, negaki, har bir o‘lim hayot qolganlarning mo‘jazgina davrasida qanchalar ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yilgani va bir-birlariga qanchalar kam naflari tekkani borasida afsus-nadomatlar uyg‘otadi, qancha narsalar unutilgani va undan ham ziyodroq tuzatib bo‘lmas nuqsonlar sodir bo‘lgani xususida beadad o‘kinchlarga soladi. So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman, deganlaridek, befoyda afsusdan ko‘ra beshafqat narsa yo‘q olamda; bashartiki, befoyda afsusning azob-u iztirobidan o‘zimizni xalos etish niyatida bo‘lsak, fursat o‘tmasidan esga olaylik uni.
U uyga kirib kelganida missis Meyli kichik mehmonxonada o‘tirgan ekan. Unga ko‘zi tushiboq Oliverning yuragi naq to‘xtab qolayozdi: xonim jiyanining to‘shagi tepasidan biron marta jilmagandi, shuning uchun ham bolani missisni bu yoqqa chiqishga qanday o‘zgarish majbur etdi ekan, deb vahm bosdi. U Rozning qattiq uyquga ketganini, uyqudan uyg‘ongach esa yo sog‘ayib ketishi, yo bular bilan vidolashib, o‘limga yuz tutishi mumkin ekanini bilib oldi.
Ikkovlon bir necha soat mobaynida churq etib ovoz chiqargani cho‘chib, jimgina quloq solib o‘tirishdi. Tushlik tamaddini qanday bo‘lsa shundayicha olib chiqib ketdilar; quyosh pastlay-pastlay borib, nihoyat, yer-u samo oqshom choyshabiga o‘ralayotganini kuzatarkanlar, o‘y-xayollari allaqaylardadir, o‘zga yerlarda charx urib yurgani ko‘rinib turardi. Shu asnoda ularning sergak quloqlari yaqinlashib kelayotgan odim sharpalarini ilg‘ab oldi. Ular eshik tomon tashlangandilarki, shu vaqt xonaga mister Losbern kirib keldi.
– Rozning ahvoli qalay? – deyarli qichqirib so‘radi keksa xonim. – Shartta ayting-qo‘ying! Chidayman bunga, noma’lumlikdan bo‘lak hamma narsaga chidayman! Xudo haqqi, gapirsangiz-chi!
– O‘zingizni bosing! – dedi doktor uni suyab. – O‘tinaman, xonim, tinchlaning, azizam!
– Qo‘yib yuboring meni, baraka topkur! Voy bolajonim-a! O‘ldimi-ya! Jon beryaptimi-ya!
– Aslo! – qizishib xitob qildi doktor. – xudovandi karimning marhamati benihoya, hammamizni shoyon shod etib, u yana uzoq yillar yashaydi!
Xonim tiz cho‘kib, qo‘llarini qovushtirishga urindi, ammo shuncha vaqtgacha qaddini tik tutib turgan quvvati ilk shukrona bilan birga adoyi tamom bo‘lgandi, shu bois do‘stining qo‘liga shilq etib tushdi.