Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]
– Hey, kim u? – Tullakning hushtagiga pastdan allakim ovoz berdi.
– Firib va omad! – degan javob bo‘ldi.
Aftidan, bu hammasi joyidaligidan dalolat beruvchi shartli so‘z yoki ishora edi, negaki, yo‘lakning narigi boshidagi devorga shamning xiragina shu’lasi tushdi, o‘choqboshiga olib chiqadigan ko‘hna zinapoyaning siniq panjarasi orqasida erkak kishining basharasi ko‘zga tashlandi.
– Ikki kishi ekansizlar-ku, – dedi erkak sham ushlagan qo‘lini olg‘a cho‘zib, ikkinchi qo‘li bilan esa ko‘zini yorug‘dan pana qilib. – Ikkinchilaring kim bo‘ldi?
– Yangi o‘rtoq, – javob berdi Jek Daukins Oliverni oldinga itarib.
– Qay go‘rdan kelib qoldi bu?
– Lavanglar olamidan… Fedjin tepadami?
– Ha, artgichlarni saralayapti. Tepaga chiqaveringlar.
Shamni ichkari olishdi, bashara ham g‘oyib bo‘ldi.
Oliver qorong‘ida bir qo‘li bilan paypaslagan ko‘yi (ikkinchi qo‘lini bo‘lsa o‘rtog‘i mahkam ushlab olgandi), liqildoq zinapoyadan qiynala-qiynala arang tepaga ko‘tarildi, ayni paytda yo‘l boshlovchisi zipillagancha chiqib borar va bu hol uning zinapoya bilan eskitdan oshnoligining dalolati edi. U orqa xona eshigini ochib, Oliverni yetaklagancha ichkari kirdi.
Qarovsizlikdan xonaning devor-u shiftlari chang bosib, butunlay qorayib ketgandi. O‘choq oldida qarag‘aydan yasalgan stol, stolda esa zanjabil pivosidan bo‘shagan shisha og‘ziga o‘rnatilgan sham, ikki-uchta qalayi krujka, non, moy va taqsimcha turibdi. O‘choqda yonayotgan olov tepasiga tortilgan simga osilgan tovada sosiska qovurilyapti, juda qari, aftini ajin bosgan, patila-patila sochlari badjahl va sovuq basharasiga tushib turgan juhud chol engashgancha qo‘lidagi sanchqi bilan ularni ag‘darib turibdi. Egnida yog‘i chiqib ketgan yoqasi ochiq yengil xalat, butun diqqat-e’tibori esa tova bilan bir talay ipak dastro‘mollar osig‘liq ilgakka teppa-teng bo‘linganga o‘xshardi. Ko‘rpa-to‘shak xizmatini o‘tovchi bir nechta yirtiq-yamoq eski qop uy sahnida qator yozig‘liq yotibdi. Stol tegrasida Tullak bilan tengqur to‘rt-besh chog‘li bolalar o‘tirishibdi, ular xuddi vajohatli erkaklardek uzun trubkalarini tutatishib, ichkilikbozlik qilishyapti. Oshnalari juhudga ikki og‘izgina shipshiyotganida hammalari uni o‘rab olishdi, keyin esa o‘girilishib, irshaygancha Oliverga tikila boshlashdi. Juhud chol ham qo‘lidan sanchqisini qo‘ymay, aynan shunday qildi.
– Mana, xuddi o‘shaning o‘zi, Fedjin, – dedi Jek Daukins, – mening do‘stim Oliver Tvist.
Juhud miyig‘ida jilmayib, chuqur ta’zim bajo keltirdi-da, Oliverga qo‘lini uzatdi va u bilan yaqinroq dan tanishish sharafiga musharraf bo‘lish umidida ekanini bayon etdi. Shundan so‘ng Oliverni trubkali yosh jentlmenlar qurshab olishdi va uning har ikkala qo‘lini – ayniqsa tuguncha ushlab olganini – mahkam qisib ko‘rishishdi. Yosh jentlmenlardan biri g‘oyatda g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, uning shapkasini qoziqqa osib qo‘ydi, boshqasi bo‘lsa shunchalik mehribonchilik qildiki, charchab holdan toygan Oliverning yotar oldidan urinmasligi g‘amini yeb, uning cho‘ntagiga qo‘lini suqib, hamma buyumlarini chiqardi. Mabodo, juhud qo‘lidagi sanchqini ishga solib, bu sermulozamat-u jonkuyar yigitchalarni boshi-yu yelkalariga tushira boshlamaganida bormi, ularning mehribonchiligi-yu mulozamatlari xiyla davom etgan bo‘larmidi?
– Sen bilan tanishganimizdan bag‘oyat xursandmiz, Oliver, judayam xursandmiz… – dedi juhud. – Tullak, sosiskalarni olib, Oliver uchun bochkachani olovga yaqinroq surib qo‘y. Ro‘molchalarga qarayapsan-a, bo‘talog‘im, shundaymi? Ular ko‘p ekan-a, to‘g‘rimi? Biz ularni hozirgina saralab yuvishga hozirlab qo‘ydik. Bor gap shu, Oliver, bori shu. Hi-hi-hi!
Quvnoq juhud cholning istiqboli baland shogirdlari ustozlarining oxirgi so‘zlarini ma’qullab, g‘alag‘ovur ko‘tarishdi. Ana shunday g‘ala-g‘ovur bilan kechki tamaddiga o‘tirishdi.
Oliver o‘z ulushini yedi, keyin juhud unga bir stakan suv aralashtirilgan jin quyib, bir ko‘tarishda bo‘shatishini buyurdi, negaki, stakan boshqa jentlmenga kerak ekan. Oliver itoat etdi. O‘sha zahotiyoq u o‘zini ko‘tarib, ehtiyotkorlik bilan qoplardan biri ustiga yotqizishganini payqadi, so‘ngra qattiq uyquga ketdi.
TO‘QQIZINCHI BOB
YOQIMTOY KEKSA JENTLMEN VA UNING ISTIQBOLI BALAND SHOGIRDLARI HAQIDAGI TURLI-TUMAN MA’LUMOTLAR ZIKR ETILADI MAZKUR BOBDA
Ertasi kuni Oliver uzoq, qattiq uyqudan allamahalda uyg‘ondi. Xonada nonushtaga kostryulkada qahva qaynatayotgan juhud choldan bo‘lak hech zog‘ yo‘q edi, chol ohista hushtak chalgan ko‘yi qo‘lidagi temir qoshiq bilan qahvani kavlab-aralashtirib turibdi. U dam-badam bu mashg‘ulotdan to‘xtab, pastdan eshitilgan tiq etgan tovushga quloq tutar, o‘z qiziqsinishini qondirgach, yana hushtagini chalgancha, qoshiq bilan kavlashtirishga tushardi.
Garchi Oliver uxlamayotgan bo‘lsa-da, hali uyqusi butunlay tarqamagan edi. Axir, shunday hollar ham bo‘ladi-ku, siz ko‘zlaringizni yumgancha, uyqu bilan bedorlik oralig‘idagi mudroq holatda yotasiz, atrofingizda sodir bo‘layotgan jamiki narsalarning yarim-yortisini anglab turasiz, ammo-lekin shunda ham xayol ko‘zgungizda besh daqiqa fursat orasida (ko‘zlaringizni chirt yumib yotganingiz va sezgilaringiz qattiq uyqu holatida bo‘lishiga qaramay) besh kechalik voqeadan ko‘ra ko‘proq manzara jonlanadi. Bunday daqiqalarda osiy bandasi o‘z ruhining beqiyos qudrati, uning yerdan qanday uzilib chiqishi-yu, tanasi hukmi bilan chirmalgan rishtalardan qanday xalos bo‘lib, zamon va makondan uzilib chiqib, erkin parvoz qilayotganini elas-elas payqab yotadi.
Oliver aynan ana shunday holatda edi. Yarim yumuq qovoqlari ostidan juhudni ko‘rib, chalayotgan ohista hushtagini eshitib, qoshiqning tiqirlashidan uning kostryulka chetiga tegayotganini fahmlab yotardi-yu, ayni chog‘da butun fikr-xayoli deyarli shu damgacha ko‘rgan-bilgan jamiki odamlari bilan band edi.
Qahva tayyor bo‘lgach, juhud kostryulkani o‘choqdagi taglikdan oldi. Go‘yo endi nima qilishini bilmayotgandek, bir necha daqiqa o‘y surib turdi, keyin o‘girilib, Oliverga tikildi-da, otini atab chaqirdi. Bola javob bermadi, aftidan, u uxlayotgan edi.
Bundan xotirjam bo‘lgan juhud astagina eshikka yaqinlashib, uni qulfladi. So‘ngra u chog‘roqqina qutichani oldi-da (Oliverning nazarida pol ostidagi xufiya joydan chiqarganday bo‘ldi), avaylabgina stolga qo‘ydi. Qopqog‘ini ochib, ichiga qaraganida cholning ko‘zlari chaqnab ketdi. Eski o‘rindiqni stolga yaqinroq surib o‘tirdi-da, qutichadan qimmatbaho toshlari yaraqlab ko‘zni qamashtiradigan ajoyib oltin soat chiqardi.
– O‘ho‘! – dedi juhud kiftlarini rostlab, sovuq irshayishdan afti burishib. – Aqlli, bu ko‘ppaklar! Ha, aqlli ko‘ppaklar! Chinakamiga sadoqatli! Shunday qilib, keksa kashishga qayerga borganlarini aytishmadi. Keksa Fedjinni sotishmadi! Sotishdan nima foydayam ko‘rishardi? Baribir bu narsa chigalni yecha olmasdi, ko‘rgiliklarini biron lahzagayam kechiktirolmasdi. Him, xuddi shundoq! Barakalla, azamatlar!
Juhud ana shu taxlit g‘udranganicha soatni yana o‘sha ishonchli joyiga yashirib qo‘ydi. U kam deganda yana ikki-uch soatcha ivirsib, qutidan navbati bilan soatdan sira qolishmaydigan, san’atkorona yasalgan uzuk, bilaguzuk, to‘g‘nag‘ich va Oliver zarracha tasavvurga ega bo‘lmagan, hatto nomini ham bilmaydigan boshqa qimmatbaho taqinchoqlarni olib, xuddi o‘shanday huzur bilan ko‘zdan kechirdi.
Bu qimmatbaho taqinchoqlarni joyiga qo‘ygach, qutichadan yana bitta kaftiga jo bo‘lgan narsani oldi. Chog‘ida bu narsaning ustiga mayda harflar bilan nimadir yozilgan edi, negaki, chol uni stolga qo‘ydida, ko‘zini qo‘li bilan yorug‘dan pana qilgancha uzoq va diqqat-la tikildi. Oxiri o‘sha narsani yashirdiyu, go‘yo muvaffaqiyatdan umid uzgan odamday, o‘rindiq suyanchig‘iga suyangan ko‘yi g‘udrandi:
– O‘lim jazosi – ajoyib narsa-da! Murdalar hech qachon tavba-tazarru qilolmaydi. O‘liklar hech qachon noxush gaplarni valdiray olmaydi. Eh, bunaqangi kasb-kor uchun ajoyib chora-da bu! Beshovini sirtmoqqa tortishdi, sheriklarini tuzoqqa ilintirgani yoki qo‘rqoqligini hammaga namoyish qilgani birortasi qolmadi-ya, qoyil!
Juhudning og‘zidan shu so‘zlar chiqar ekan, uning bo‘shliqqa parishonhol tikilgan yarqiroq ko‘zlari Oliverning yuzida to‘xtadi. Bolaning ko‘zlari unsiz qiziqsinish bilan unga qadalgandi, shunda ularning nigohlari birrovgina to‘qnashgan bo‘lsa-da, shu fursatning o‘ziyoq cholning bola o‘zini kuzatayotganini anglab yetishi uchun kifoya edi. U quticha qopqog‘ini taraqlatib yopdi-yu, stolda turgan nonpichoqni changallagancha, quturib sapchib turdi o‘rnidan. Uning a’zoyi badani qalt-qalt titrardi, shunda Oliver o‘takasi yorilayozganiga qaramay baland ko‘tarilgan pichoqning qanday titrayotganini payqadi.
– Bu nima qiliq? – qichqirdi juhud. – Nimaga meni poylab yotibsan? Nega uxlamayapsan? Nimani ko‘rding? Gapir? Tezroq, agar joningdan umiding bo‘lsa, tezroq gapir!
– Ortiq uxlolmadim, ser, – javob berdi Oliver cho‘chibgina. – Sizga xalal bergan bo‘lsam, kechiring, ser.
– Bir soatdan beri uyg‘oq yotibsanmi hali? – so‘radi juhud bolaga naq yeb yuborguday olayib.
– Yo‘q! Yo‘g‘-e! – javob qildi Oliver.
– Rostdanmi? – o‘shqirdi juhud ko‘zini battar ola-kula qilib, uning vajohati tahlikali tus olgandi.
– Ont ichaman, uxlab yotuvdim, ser, – dedi Oliver qizg‘inlik bilan.
– Bo‘pti, bo‘pti, bo‘talog‘im, – dedi juhud to‘satdan muomalasini o‘zgartirib va pichoqni shunchaki ermak uchun olganini ko‘rsatmoqchidek, uni stolga qaytarib qo‘yishdan oldin silkib, aylantirib o‘ynagan bo‘ldi. – Buni bilaman albatta, bo‘talog‘im. Seni bir qo‘rqitib ko‘rmoqchiydim, xolos. Dovyurak bola ekansan. Hi-hi-hi! Dovyurak bola ekansan, Oliver!
Juhud hihilagancha qo‘llarini ishqadi, ammo ayni damda bezovtalik bilan qutichaga qarab qo‘ydi.
– Sen, bolaginam, bundagi ajoyib buyumlarni ko‘rdingmi? – so‘radi juhud biroz sukut saqlagach, quticha ustiga qo‘lini qo‘yar ekan.
– Ha, ser, – javob berdi Oliver.
– Ah-a! – deb yubordi juhud xiyol rangi o‘chib. – Bular… bular mening buyumlarim, Oliver. Ozroqqina bisotim. Keksalikda kunimga yaraydigan bor boyligim. Meni ziqna deyishadi, bo‘talog‘im. Ha, ziqna deyishadi, bor-yo‘g‘i shu, vassalom.
Oliver, shuncha boyligi bo‘la turib, mana shunaqangi iflos, tashlandiq joyda turganidan keyin bu keksa jentlmen rostdan ham o‘lardek ziqna bo‘lsa kerak, deb o‘yladi; ammo Tullak va boshqa bolalarni boqish ancha-muncha sarf-xarajat bilan bog‘liq-ku, degan xayolga borib, juhudga ehtirom bilan nigoh tashlab qo‘ydi-da, o‘rnidan turishga ruxsat so‘radi.
– Bemalol, bo‘talog‘im, bemalol, – javob qildi keksa jentlmen. – Anavi burchakda, eshik oldida ko‘zada suv bor. Uni bu yoqqa olib kel, men tos qo‘yib beraman, yuz-qo‘lingni yuvib olasan, bo‘talog‘im.
– Oliver o‘rnidan turib, xonaning narigi burchagiga bordi-da, ko‘zani ko‘tarmoqchi bo‘lib engashdi. U orqasiga burilganida quticha allaqachon g‘oyib bo‘lgandi.
Oliver yuz-qo‘lini yuvib, o‘zini tartibga keltirib, juhudning buyrug‘i bilan tosdagi suvni derazadan tashqariga sepib turgan ham ediki, kecha oqshom trubkasini buruqsitib o‘tirganida ko‘rgan epchil bolakayni ergashtirib Tullak kelib qoldi; mana endi o‘sha bolani Oliverga rasman Charli Beyts deb tanishtirdi. To‘rtovlon qahva, sur cho‘chqa soni hamda Tullak shlyapasiga solib keltirgan issiq kulcha bilan tuzalgan nonushta dasturxoni tevaragidan joy oldilar.
– Xo‘sh, – deya Tullakka murojaat etdi juhud, Oliverga ayyorona ko‘z qirini tashlab qo‘yar ekan, – ishonamanki, azizlarim, bugun ertalab jindakkina ter to‘kkan bo‘lsalaring kerag-a?
– Ancha-muncha deyavering, – deb javob qildi Tullak.
– Xuddi shaytonvachchalarday, – qo‘shib qo‘ydi Charli Beyts.
– Ajoyib bolalar, ajoyib yigitchalar! – so‘zini davom ettirdi juhud. – Qani, nima keltirding, Tullak?
– Ikkita kartmon, – javob berdi yosh jentlmen.
– Qistirmasi ham bormi? – sabrsizlik bilan surishtirdi juhud.
– Anchagina qappaygan, – javob qildi Tullak, bittasi yashil, boshqasi qizil ikkita kartmonni uzatarkan.
– Toshi bundan ko‘ra og‘irroq bo‘lishi ham mumkin edi, – deb qo‘ydi juhud, ularning ichidagi narsalarni diqqat bilan ko‘zdan o‘tkazib, – lekin o‘zi juda chiroyli va bejirim qilib ishlangan ekan… U yulduzni benarvon ura oladi, to‘g‘rimi, Oliver?
– U judayam mohir, ser, – dedi Oliver.
Shunda yosh Charli Beyts bu bo‘layotgan hangomalarda hech qanaqangi kulgili joyini ko‘rmayotgan Oliverni hayratda qoldirib, naq quloqni batang qilgudek qah-qah urib kulib yubordi.
– Xo‘sh, sen nima keltirding, azizim? – dedi Fedjin Charli Beytsga murojaat qilib.
– Artqich, – javob berdi yosh Beyts yonidan to‘rtta ro‘molchani chiqarib.
– Shunisiga ham shukr, – dedi juhud ro‘molchalarni diqqat-la ko‘zdan kechirayotib. – Chakkimas, ha, tuzukkina. Lekin bularning belgisini yomon choqlabsan, Charli, igna bilan belgisini so‘kib tashlashga to‘g‘ri keladi. Buni qanday qilishni Oliverga o‘rgatib qo‘yamiz… O‘rgatib qo‘yaylikmi, Oliver? Hi-hi hi!
– Bosh ustiga, ser, – javob berdi Oliver.
– Sen ham, azizim, xuddi Charli Beytsdaka ro‘molchani qoyillatishni xohlaysanmi?
– Judayam, ser, agar menga o‘rgatib qo‘ysangiz, – javob qildi Oliver.
Yosh Beyts bu javobni g‘oyatda kulgili topib, tag‘in xaxolab kulishga tushdi: bu xaxolash oqibatida oz bo‘lmasa ajalidan burun bo‘g‘ilib o‘lishiga bir bahya qoldi, zotan, u qahva ichayotgandi va nafas yo‘liga qahva o‘tib ketgandi.
– O‘ziyam hali ona suti og‘zidan ketmagan polapon ekan-da! – dedi Charli o‘zini o‘nglab olgach, beodobligi uchun uzr so‘rayotganday.
Tullak indamadi, faqat Oliverning sochini ko‘zini yopadigan qilib paypaslab titkiladi, keyin vaqti kelib esi kirib qoladi, deb qo‘ydi. Shunda keksa jentlmen Oliverning qandayin qizarib ketganini ko‘rib, suhbat mavzuyini o‘zgartirdi va ertalab qatlni tomosha qilgani ko‘p odam keldimi, deb so‘radi. Oliver beshbattar ajablandi, sababki, bolalarning javobidan har ikkovlari ham o‘sha yoqqa borishgani ayon bo‘ldi, shu boisdan u, turgan gapki, bularning shunchalik g‘ayrat bilan ishlashga qachon ulgura qolishganini tushunolmayotgan edi.
Nonushtadan so‘ng, stolni yig‘ishtirib bo‘lgach, quvnoq keksa jentlmen bilan ikkala bola qiziq hamda g‘aroyib bir o‘yinni boshlab yuborishdi: quvnoq keksa jentlmen shimining bir cho‘ntagiga tamakidonni, ikkinchisiga yondaftarchani, nimchasining kissasiga esa zanjiri bo‘yniga osig‘liq soatni solib, ko‘ylagiga soxta brilliant ko‘zli to‘g‘nog‘ich qadadi, keyin kamzulining hamma tugmalarini o‘tkazib, uning cho‘ntaklariga ko‘zoynak g‘ilofi bilan dastro‘molchasini joyladi-da, hassasini likillatib, kunning istalgan damida ko‘chada ko‘rish mumkin bo‘lgan yoshi o‘tinqiragan jentlmenlarga taqlid qilgan ko‘yi xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. U dam o‘choq oldida, dam eshik yonida to‘xtab, o‘zini go‘yo do‘konlar peshtoqidagi yozuv, peshtaxtalardagi mollarni berilib ko‘zdan kechirayotgan qiyofaga solardi. Ayni chog‘da u o‘g‘rilardan xavfsiraganday bot-bot atrofga alanglab qo‘yar va hech nimasi yo‘qolmaganiga ishonch hosil qilayotganday, birma-bir hamma cho‘ntaklari ustidan shunchalik tabiiy hamda qiziq qilib urib-urib qo‘yardiki, buni ko‘rib Oliver ko‘zlaridan yosh chiqib ketguncha kuldi. Har ikkala bola ham undan ortda qolmay, izma-iz yurishar, u burilayotganida esa cholning nigohiga shunday chaqqonlik bilan chap berishardiki, bolalarning harakatini ilg‘amay qolardi. Nihoyat, Tullak cholning oyog‘ini bosib oldimi-yey yo tasodifan to‘qnashib ketdimi-yey, bilib bo‘lmadi, Charli Beyts ham orqalariga kelib urildi, shunda ular ko‘z ochib-yumgunchalik fursat o‘tmay, tang qolarli bir chaqqonlik bilan cholning tamakidoni, yondaftarchasi, zanjirli soat, to‘g‘nog‘ichi, dastro‘moli va hatto, ko‘zoynagi g‘ilofigacha – bittasini qo‘ymay shilib olishdi.
Mabodo, keksa jentlmen cho‘ntagiga kimningdir qo‘li kirganini sezib qolsa, qo‘l qaysi cho‘ntakda ekanini qichqirib aytardi, ana shunda o‘yin boshqatdan boshlanardi.
Bu o‘yinni bir necha marotaba takrorlashgach, bir payt yosh jentlmenlarni yo‘qlab ikki xonim kirib kelishdi; ulardan birining ismi Bet, boshqasiniki Nensi ekan. Qizlarning sochi nihoyatda paxmaygan, paypoqlari bilan boshmoqlari ham iflos. Darvoqe, ularni ko‘hlik deb bo‘lmasdi-yu, lekin ikki betlari qip-qizil, o‘zlari baquvvat hamda quvnoq ko‘rinishardi. O‘zlarini emin-erkin va sho‘x-shodon tutishayotganidan Oliver ularni, yaxshi qizlar ekan, degan qarorga keldi. Aslini olganda ham, shubhasiz, shundoq edi.
Bu mehmonlar uzoq o‘tirishdi. Viski ichishdi, negaki, yosh xonimlardan biri ich-ichimgacha muzlab ketyapman, deya zorlangan edi. Shundan keyin nihoyatda qizg‘in va ibratomuz suhbat boshlandi. Nihoyat, Charli Beyts, uning fikricha, oyoqning chigilini yozadigan fursat yetganini aytdi. Oliver, aftidan, bu birpas aylanaylik degani bo‘lsa kerak, deb o‘yladi, negaki, shu so‘zlardan keyinoq Tullak, Charlilar sarf-xarajatga mehribon keksa juhuddan choychaqa olishib, ikkala yosh xonim bilan birga chiqib ketishdi.
– Ana shunaqa gaplar, azizim, – dedi Fedjin. – Bunday yashash nash’u namoli-ya, to‘g‘rimasmi? Ular kun bo‘yi aylangani ketishdi.
– Ishlarini bitirib bo‘lishganmi, ser? – so‘radi Oliver.
– Barakalla, topding, – javob berdi juhud, – mabodo, sayr qilib yurishganida bironta yumush chiqib qolmasa; bordi-yu, shunday bo‘lsa, albatta shug‘ullanishadi u bilan, azizim, bunga shubha qilmasang ham bo‘ladi. Ana o‘shalardan o‘rnak olgin, bo‘talog‘im. O‘shalardan o‘rgan, – takrorladi u o‘z so‘zlari salmog‘ini oshirish niyatida kurakcha bilan o‘choq tubiga to‘q-to‘q urib qo‘yar ekan. – Ular nimaniki buyurishsa, jamini bajar, keyin, hamma ishda ularning maslahatiga quloq sol, azizim, ayniqsa Tullakning maslahatiga. U ulug‘ odam bo‘lib yetishadi, agar unga ergashsang, seni ham buyuk odam qilib yetishtiradi. Aytmoqchi, bo‘talog‘im, cho‘ntagimdan ro‘molcha chiqib qolmabdimi? – so‘rab qoldi juhud banogoh.
– Shunday, ser, – javob berdi Oliver.
– Ko‘ramiz, qani, uni menga bildirmay ololarmikansan? Ertalab o‘ynayotganimizda ular buni qanday qilishganini o‘zing ko‘rding-ku.
Oliver boya ko‘zi oldida Tullak qilganday bitta qo‘li bilan cho‘ntakning pastidan ushlab, ikkinchisi bilan dastro‘molni sekin sug‘urib oldi, – Tayyormi? – xitob qildi juhud.
– Mana, ser! – dedi Oliver dastro‘molni ko‘rsatib.
– Epchil bola ekansan, azizim, – dedi keksa jentlmen Oliverning boshini silab. – Bunaqangi o‘tkir bolani sira ko‘rmaganman. Agar xuddi shundoq zaylda davom ettiradigan bo‘lsang, dunyoda eng ulug‘ odam chiqadi sendan. Endi, bu yoqqa kel, ro‘molchadagi belgilarni qanday so‘kishni o‘rgataman senga.
Oliver keksa jentlmenning cho‘ntagidan dastro‘molini o‘g‘irlashning – hazillashib – o‘zining ulug‘ odam bo‘lib yetishishiga nima aloqasi bor ekanini tushunmadi. Biroq o‘zidan bir necha baravar katta juhudga bu narsa juda yaxshi ayon bo‘lsa kerak, degan xayolga borib, itoatkorlik bilan stol yoniga keldi va ko‘p o‘tmay yangi mashg‘ulotga berilib ketdi.
O‘NINCHI BOB
OLIVER YANGI O‘RTOQLARI BILAN YAQINDAN TANISHGANI-YU, ZO‘R MASHAQQATLAR BILAN TAJRIBA ORTTIRGANI HAQIDA. MAZKUR BOB HIKOYATIMIZDAGI QISQA, AMMO NIHOYATDA MUHIM FASLDIR
Oliver dastro‘molchalardagi belgi hamda tamg‘alarni so‘kib (ularni ko‘plab keltirishardi), goho esa ikkala bola bilan juhud har kuni ertalab mashg‘ul bo‘lishadigan yuqorida tasvirlangan o‘yinda ishtirok etib, talay kunlargacha ostona hatlab cholning xonasidan tashqari chiqmadi. Nihoyat, u ochiq havoga chiqishni qo‘msay boshladi va keksa jentlmendan ikkala o‘rtog‘i bilan birga ishga borishga ruxsat berishini bir necha bor iltijo qildi.
Oliverning tezroq ishga kirishishga yana shuning uchun ham sabri chidamayotgan ediki, u keksa jentlmenning badfe’l, ayni chog‘da saxovatli odam ekanini bilib olgandi. Mabodo, Tullak bilan Charli Beyts ikki qo‘llarini burnilariga tiqib quruq kelishsa, chol kuyib-pishib, bekorchi xo‘jalik va sandiroqlab yurish eng yaramas odat, deb va’z o‘qir, nonni ter to‘kib halollab yeyish kerakligini uqtirib, kechlikka ovqat ham bermasdi. Bir kuni u hatto ikkovini ham quvib soldi, lekin chamasi, bu qilmishi bilan pand-nasihat bobida quyushqondan xiyla chetga chiqib ketdi.
Axiyri, Oliver jon-jahdi bilan intilgan ruxsatni olishga muyassar bo‘lgan kun ham yetib keldi. Keyingi ikki-uch kun ichida ro‘molcha keltirmay qo‘yishgan va u qiladigan ishi yo‘q, bekor o‘tirar, yeyar-icharlarining ham tanobi tortilib qolgan edi. Ehtimolki, keksa jentlmen xuddi ana shu boisdan rozilik bergandir. Xullasi kalom, u Oliverga ruxsat berib, bolaga ko‘z-quloq bo‘lishni Charli Beyts bilan Tullakka yukladi.
Bolalar uchovlon yo‘lga tushishdi. Tullak odaticha yenglarini shimarib, shlyapasini chakkasiga dol qo‘ndirganicha odimlardi; Beyts qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib olgandi, Oliver esa ikkovlarining o‘rtasida qayoqqa ketayotganlari va o‘ziga birinchi navbatda qaysi hunarni o‘rgatishlari borasida boshi qotib, hayron bo‘lib borardi.
Ular eran-qaran, shoshilmay borishardi, shu sabab Oliver hech qancha vaqt o‘tmayoq, o‘rtoqlarim keksa jentlmenni laqillatishmoqchi, ishga borish xayollarida ham yo‘q shekilli, deb o‘ylay boshladi. Buning ustiga desangiz, Tullakning yomon qilig‘i bor ekan, nuqul bolalarning boshidan shapkasini yulqib olib, hovlilarga qarab uloqtiradi, Charli Beytsning bo‘lsa birovning haqidan sirayam qo‘rqmaydigan odati chatoq ekan, hadeb yo‘lka yoqalab ketgan do‘konchalardan olma, piyozlarni lippa oladi-yu, qurdum cho‘ntaklariga soladi desangiz, cho‘ntaklariyam shunaqangi chuqur va kattaki, nazaringizda kamzuli-yu ishtoni faqat cho‘ntaklardan iboratga o‘xshaydi. Uning bu qilig‘i Oliverga shunchalik yoqmadiki, u qaytib ketaman deyishga endi og‘iz juftlagan ham ediki, ittifoqo, o‘y-xayoli mutlaqo boshqa narsaga chalg‘ib qoldi, negaki, Tullakning xatti-harakati sirli bir tarzda, judayam o‘zgarib qolgandi.
Ular tor hovlidan o‘tib, Klerkenueldagi negadir «Maysazor» deb atalguvchi maydon yaqinidan chiqishlari bilanoq Tullak to‘satdan to‘xtadi-yu, barmog‘ini labiga bosib, o‘rtoqlarini bag‘oyat ehtiyotkorlik bilan orqaga tortdi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi Oliver.
– Jim… – shivirladi Tullak. – Kitob do‘koni oldidagi cholni ko‘ryapsanmi?
– Narigi betdagi keksa jentlmennimi? – so‘radi Oliver. – Ha, ko‘ryapman.
– Bo‘ladi-a? – dedi Tullak.
– Bo‘lganda qandoq! – deb qo‘ydi Charli Beyts.
Oliver ang-tang bo‘lib sheriklarining dam unisiga, dam bunisiga tikilardi, biroq savol berishga ulgurmadi, zeroki, ikkala bola ham zipillagancha ko‘chani kesib o‘tishdi-yu, sharpa chiqarmay hozirgina unga ko‘rsatishgan keksa jentlmenga orqa tomondan yaqinlashishdi. Oliver bir necha odim tashladi, orqalaridan borish yoxud orqasiga qaytishini bilmay to‘xtadi-da, sassiz-sadosiz hayrat-la baqrayib turib qoldi.
Sochiga upa sepilgan, tilla gardishli ko‘zoynak taqqan keksa jentlmenning qiyofasi g‘oyatda salobatli, nuroniy ko‘rinardi. Uning egnida qora duxoba yoqali shisharang frak, och tusli shim, qo‘ltig‘iga chiroyli bambuk hassa qistirib olgandi. U peshtaxtadagi kitobni olib, tikka turganicha, xuddi o‘z xosxonasidagi yumshoq kursida o‘tirgandek, berilib o‘qiyotgan edi. Ehtimoldan yiroq emaski, u haqiqatan ham o‘zini go‘yo xosxonasida o‘tirgan xayol qilayotgandir: butun vujudi bilan berilib ketganiga qaraganda uning na peshtaxtani, na ko‘chani, na bolalarni – qisqasi, o‘qishga sho‘ng‘ib ketgan kitobidan bo‘lak hech nimani payqamayotgani yaqqol ko‘rinib turardi; bir sahifaning adog‘iga yetgach, ikkinchi betni ochardi-da, g‘oyatda qiziqsinish hamda diqqat bilan o‘qishni davom ettirardi.
Tullakning keksa jentlmenning kissasiga qo‘l suqib, undan dastro‘molini sug‘urib olganini, o‘sha zahotiyoq uni Charli Beytsga oshirganini va oxiri har ikkovi ura juftakni rostlab, muyulishdan burilib ketganlarini ko‘rganda bir necha qadam berida ko‘zlari chaqchaygan ko‘yi baqa bo‘lib turgan Oliverning qanchalar dahshat-u xijolatga tushganini asti qo‘yaverasiz.
Bolakayga ro‘molchalarning, soat-u qimmatbaho buyumlarning ham, juhudning ham sir-u asrori bir lahzadayoq ayon bo‘ldi-qo‘ydi. Bir on serrayib turib qoldi, shu tobda qo‘rquvdan tomirlaridagi qon qaynab-ko‘pirib, nazdida, a’zoyi badani naq o‘tda kuyayotgandek bo‘ldi; keyin o‘takasi yorilayozgan, dovdirab qolgan bolakay jonholatda, nima qilayotganini o‘zi ham bilmay, oyog‘ini qo‘lga olgancha qochishga tushdi..
Bularning baribir daqiqa orasida sodir bo‘ldi. Oliver xuddi qochishga tushgan lahzada qo‘lini cho‘ntagiga tiqqan keksa jentlmen dastro‘molini topmay, darhol atrofga alangladi. Qochib borayotgan bolakayga ko‘zi tusharkan, turgan gapki, u jinoyatchi shu, degan xulosaga keldi-yu: «O‘g‘rini ushlanglar!» – deb bo‘kirgancha qo‘lidagi kitobi bilan uning ketidan quva ketdi.
Vahima ko‘targan nafaqat keksa jentlmengina edi. Ko‘cha bo‘ylab yugurishni va bu bilan jamoatning diqqatini tortishni istamagan Tullak bilan Charli Beyts muyulishdan o‘tishlari bilanoq birinchi uchragan darvozaxonaga urib ketishgan edi. Baqir-chaqirni eshitib, Oliverning yugurib ketayotganini ko‘rganlari zahotiyoq nima gap bo‘lganini fahmlashdi-yu, shosha-pisha darvozaxonadan chiqib: «O‘g‘rini ushlanglar!» – deb shovqin ko‘targancha, insof-u diyonatli grajdanlarga munosib tarzda ta’qibga qo‘shilib ketishdi.
Garchi Oliver faylasuflar qo‘lida tarbiya topgan bo‘lsa-da, nazariy jihatdan o‘z jonini saqlashga tirishish tabiatning birlamchi qonuni, isbotga bemuhtoj ajoyib haqiqat ekanidan bexabar edi. Basharti, u bu aqida bilan oshno bo‘lganida g‘aflatda qolmay, ushbu qonunga amal qilishga tayyor turardi. Biroq bunday choraga tayyor emasdi va shu boisdan ham battar qo‘rqib ketdi; oqibatda u bamisoli quyunday uchib borardi, orqasidan esa keksa jentlmen bilan ikki bola baqirib-chaqirgancha quvishardi.
«O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Bu so‘zlarda sehrli kuch bor. Bu so‘zlarni eshitganda boqqol do‘konini, izvoshchi izvoshini, qassob kanorasini tashlab chiqadi, novvoy non savatini, sutchi sut paqirini, dastyor qo‘lidagi tugunchaklarini, maktab bolasi soqqacha2020
Soqqacha – Angliyada bolalarning sevgan o‘yini.
[Закрыть]larini, tosh yotqizuvchi cho‘kichini, bola-baqra volan2121
Volan – tennisga o‘xshagan o‘yin, farqi shundaki, unda koptok o‘rnida pat qadalgan po‘kak ishlatiladi.
[Закрыть]ini tashlab, hammalari ayqash-uyqash bo‘lib, oldinma-ketin yugurib qolishadi; bir-birovlarini itarib-surishadi, baqirib-chaqirishadi; muyulishdan burilayotib yo‘lovchilarni yiqitib yuborishadi, itlarning o‘takasini yorib, tovuqlarni garang qilishadi; ko‘cha-ko‘y, maydon-u hovlilarni hayqiriqlar tutib ketadi.
«O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Bu hayqiriqqa yuzlab ovozlar jo‘r bo‘ldi, olomon bo‘lsa har muyulishda ko‘paygandan-ko‘payib boryapti. Xaloyiq loy-ko‘lmaklarni chalpillatib, yo‘lkalarni do‘pirlatib yugurib kelyapti; sharaqlab derazalar ochilyapti, uylardan odamlar otilib chiqishyapti, olomon shitob-la olg‘a intilyapti, tomoshabinlar sarguzashtlari avjga mingan pallada Panch2222
Panch – ingliz qo‘girchoq teatrining qahramoni.
[Закрыть]ni tark etishyapti, jamikilari odamlar oqimiga qo‘shilib, hayqiriqlariga jo‘r bo‘lib, jon-jahdlari bilan: «O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» – deb bo‘kirishyapti. «O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Birovga ozor berish, payiga tushish aslida insonning qonida bor, bu his yuragining qat-qatiga jo. Baxtiqaro, qiynalib ketgan, holdan toyib, nafasi bo‘g‘ilib qolayozgan bolakay chehrasida vahima, ko‘zlarida umidsizlig-u ranjalam, yonoqlaridan do‘lday-do‘lday ter yumalayotgan sho‘rlik bolakay har bitta asab tolasi tarang tortilib, zo‘r berib ta’qibchilardan qutulib ketishga tirishadi, ular bo‘lsa orqasidan quvib kelishyapti, daqiqa-lahza sayin yaqinlashib qolishyapti, bolakayning tinkasi quriganini ko‘rib-bilib kelishyapti, bunga sayin battarroq bo‘kirishyapti, suyunganlaridan qiyqirishyapti. «O‘g‘rini ushlanglar!» O‘, Yaratgan haqqi, loaqal rahm-shafqat yuzasidan bo‘lsa-da, ushlanglar uni!
Nihoyat, ushlashdi. Epchillik bilan musht tushirishdi. Mana, u tosh ko‘chada chalpak bo‘lib yotibdi, olomon bo‘lsa qiziqsinib uni qurshab oldi. Keyinroq yetib kelganlar itarishib-turtishib, uni ko‘rgani oldinga intilishyapti. «Chetroq turinglar!» – «Unga havo tegsin sal!» – «Bema’ni gap! Bunga arzimaydi u!» – «Anavi jentlmen qayoqda qoldi?» – «Ana, ana, ko‘chada kelyapti». – «Jentlmenga yo‘l beringlar!» – «Bu o‘sha bolami, ser?» – «Ha».
Eng ildam ta’qibchilar keksa jentlmenni mulozamat bilan boshlab kelib, davra o‘rtasiga itarib kiritganlarida Oliver atrofini qurshab olgan odamlarning aftiga telbanamo nigoh-la javdiragancha, loy-tuproqqa qorilib, og‘zi qop-qora qon bo‘lib yotardi.
– Ha, – dedi keksa jentlmen, – bu xuddi o‘sha bola deb cho‘chib turibman.
– Cho‘chiyotganmishlar! – to‘ng‘illadi kimdir olomon orasidan. – Ko‘ngilchanliklarini qarang-a!
– Sho‘rlikkina! – dedi jentlmen. – Lat yebdi-ku.
– Bu mening ishim, ser! – dedi davangirday beso‘naqay yigit oldinga chiqib. – Mushtumim tishiga tegib chaqa bo‘ldi. Uni men ushladim, ser.
Yigitcha irshaygancha, mehnatiga biron siylov olish umidida shlyapasini ushlab qo‘ydi, biroq keksa jentlmen unga ta’naomuz qarab qo‘ydi-yu, o‘z navbatida xuddi qochib qolishni chamalayotgandek xavotirlanib atrofga alangladi. Basharti, ayni shu soniyada olomonni yorib o‘tib kelgan politsiyachi (odatda bunaqangi paytlarda u eng oxirida yetib keladi) Oliverning yoqasidan olmaganida, qariya shu niyatini amalga oshirishi va yangitdan ta’qib boshlanishi ehtimoldan yiroq emasdiyov.
– Qani, tur! – o‘shqirdi politsiyachi.
– O‘lay agar, o‘g‘rilagan menmasman, ser. O‘lay agar, bu ikkita boshqa bola! – xitob qildi Oliver alamzadalik bilan qo‘llarini siqimlab, atrofga alanglagancha. – Ular shu yaqin orada bo‘lishi kerak.
– Ular yo‘q bu orada, – dedi politsiyachi. U o‘z so‘zlariga kinoya tusini bermoq niyatida edi, lekin bu so‘zlar haqiqatni ifoda etgandi: Tullak bilan Charli Beyts tuyoqni shiqillatib qolishgan, qulay kelgan birinchi hovli ro‘para bo‘lishi bilanoq quyon bo‘lishgan edi. – Tur deyapman!
– Qo‘ying, xafa qilmang uni! – muloyimgina dedi keksa jentlmen.
– E-yo‘q, uni sirayam xafa qilmayman-da! – javob berdi politsiyachi va so‘zlarining isboti tarzida oz bo‘lmasa Oliverning kamzulini yulqib olay dedi. – Qani yur, seni yaxshi taniyman, bunaqangi nayrangbozlikni bas qil. O‘rningdan turasanmi o‘zi, yo‘qmi, shaytonvachcha?!
Oyog‘ida arang turguday bir ahvoldagi Oliver amal-taqal qilib o‘rnidan turdi, shu zamonoq uni yoqasidan olgancha ko‘chadan surgab ketishdi. Keksa jentlmen politsiyachining yonida borardi, olomon orasidan epchilroqlari bo‘lsa oldinga o‘tib yo‘rg‘alashar ekan, dam-badam o‘girilishib, Oliverga qarab-qarab qo‘yishardi. Bolakaylar tantanavor ohangda qiyqirishar, olomon esa yo‘lda davom etardi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?