Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 16 (всего у книги 40 страниц)
YIGIRMA BESHINCHI BOB
YANA MISTER FEDJIN VA UNING SHIRKATI XUSUSIDA HIKOYA QILADI
Chekka viloyatdagi mehnat uyida bu voqea sodir bo‘lib turgan bir pallada mister Fedjin o‘zining ko‘hna uyasida – qiz Oliverni yetaklab chiqib ketgan aynan o‘sha xonada – o‘t pastgina lipillab, tutab turgan o‘choq oldida nimanidir xayol surib o‘tirardi. Tizzasida dam beradigan bosqoncha yotibdi, chamasi, uning yordamida olovni tuzukroq alangalatish niyatida ko‘rinadi, ammo o‘yga tolib, bosqon ustiga qo‘lini qo‘ygancha, bosh barmog‘ini iyagiga tirab o‘tiribdi, ko‘zlari parishonlik bilan zanglagan panjaraga tikilib qolgan.
Orqasidagi stol tegrasida Abjir Tullak, yosh Charli Beyts va mister Chitlinglar o‘tirishibdi; uchovlari qarta o‘yiniga sho‘ngib ketishgan; Tullak «qalpoq qolip» bilan sherikchilikda Beyts va mister Chitlingga qarshi o‘ynayapti. Nomlari zikr etilgan jentlmenlardan birinchisining hamishagi ajabtovur farosatli basharasi shu tobda o‘yinga batamom berilib ketgani, o‘ylab o‘ynayotgani va mister Chitlingning qartalarini o‘rganayotgani, ya’ni qulay, kezi kelib qoldi degunicha qiyalatib ko‘z tashlab, qo‘shnisining qartalarini kuzatib, shunga qarab oqilona o‘ynayotgani sababli yanada antiqa ko‘rinardi. Sovuq kecha bo‘lgani sababli Tullak shlyapasini yechmagandi, darvoqe, uning odati shunaqa edi. U trubkasini qattiq tishlab olgan, uni stolga qo‘yib qo‘yilgan ko‘zadagi suvli jindan totinib qo‘yish fursati yetdi deb hisoblagan paytidagina og‘zidan olardi.
Yosh Beyts ham badiqqat o‘ynar, biroq u tabiatan iste’dodli oshnasiga qaraganda xiyla ta’sirchanroq edi, shu bois suvli jindan bot-bot tatib turar, ustiga-ustak, har xil hazil-mutoyiba va kurakda turmaydigan, jiddiy o‘yin paytida mutlaqo mos tushmaydigan beodobona koyishlar-la dimog‘ini chog‘lardi. Tullak bir necha marta, qalin do‘stlik haq-huquqlariga tayanib, uni bunday nojo‘ya xulq-u qiliqlari uchun koyidi ham, ammo yosh Beyts bu pand-u nasihatlarga beqiyos xushfe’llik-la quloq berib, do‘stiga yo baloga daf bo‘lishni, boshiga qop kiyib ola qolishni, yoxud xuddi shu ohangda va xuddi shu xildagi nazokatli askiyalar bilan javob qaytararkan, bu javoblarning naq o‘rnida ishlatilgani mister Chitlingni qoyil qoldirardi. Shunisi qiziqki, keyingi jentlmen va uning sherigi albatta yutqizishayotgan edi, bu hol yosh Beytsning jahlini chiqarish u yoqda tursin, chamasi, unga bitmas-tuganmas halovat bag‘ishlayotganga o‘xshardi; negaki, u har o‘yindan so‘ng quloqni qomatga keltirib xaxolar va tug‘ilganidan beri bunaqangi qoyilmaqom o‘yinni ko‘rmaganiga ishontirmoqchi bo‘lardi.
– Kuyib ketdi, – dedi mister Chitling afti tirishib, nimchasi cho‘ntagidan yarim kronlik tangani chiqarar ekan. – Senga o‘xshagan bolani birinchi marta ko‘ryapman, Jek. Nuqul yutganing-yutgan. Charli ikkovimizga yaxshi qarta chiqqanidayam yutib yotibsan, biz bo‘lsak sira epini qilolmayapmiz.
Ushbu holning aynan o‘zimi yoxud bu so‘zlarning g‘amgin ohangda aytilganimi, har qalay Charli Beytsning shunaqangi zavqini keltirdiki, uning navbatdagi qah-qahasi juhudni xayolot og‘ushidan chiqib, nima gap, deb so‘rashga majbur etdi.
– Nima gap deysizmi, Fedjin?! – dedi Charli qiyqirib. – Afsus, o‘yinni tomosha qilmadingiz-da. Tommi Chitling aqalli bir marta yutmasa-ya, ikkovimiz Tullak bilan «qalpoq qolip»ga qarshi o‘ynadik.
– Shundoq denglar-a, – dedi juhud irshayib, irshayishi esa buning sababi unga ayon ekanidan dalolat berib turardi. – Yana bir qur o‘ynab ko‘ring, Tom, tag‘in bir qur. .
– Shunisiyam yetadi, tashakkur, Fedjin, – javob qildi mister Chitling. – Yetadi! Hozir uning toza omadi kelib turibdi, bas kelib bo‘psan!
– Hi-hi-hi, voy azizginam-ey! – kulib yubordi juhud. – Ertalab barvaqtroq turilsa, ana o‘shandagina Tullakni yutsa bo‘ladi.
– Ertalab! – takrorladi Charli Beyts. – Agar uni yutmoqchi bo‘lsangiz, kechqurundan boshmog‘ingizni kiyib, ikkala ko‘zingizga bittadan durbin, ustamasiga yelkangizga ham binokl osib olishingizga to‘g‘ri keladi.
Mister Daukins ushbu iltifotli xushomadlarni faylasufona xotirjamlik bilan tinglab turdi-da, hozir bo‘lganlardan xohlaganiga kim katta qarta olishga bir shillingdan o‘ynashni taklif qildi. Hech qaysilari talabgor bo‘lib chiqmagach, u stolga ermak qilib bo‘r bilan Nyuget turmasining umumiy tarhini chiza boshladi; bu ermagi ustida esa u cho‘zib hushtak chalardi.
– Sen bilan ulfatchilik qilgan odam o‘larday xit bo‘lib ketadi-da, Tommi! – dedi Tullak uzoq jimlikdan so‘ng hushtak chalishni bas qilib, mister Chitlingga o‘girilar ekan. – Ayting-chi, Fedjin, sizningcha u nimalarni o‘ylayapti ekan?
– Men qayoqdan bilay, azizim? – javob qaytardi bosqoncha bilan o‘choqdagi o‘tga dam berayotgan juhud burilib qaragancha. – Ehtimol, yutqizgani yoki o‘zi yaqindagina tark etgan ovloqdagi xilvatgohi to‘grisida o‘ylayotgandir. Hi-hi-hi!.. To‘g‘ri topdimmi, azizim?
– Sirayam-da, – e’tiroz bildirdi Tullak javob berishga hozirlangan mister Chitlingning og‘ziga urib. – Xo‘sh, sen nima deysan, Charli?
– Mening gapim shuki, – javob berdi yosh Beyts kulimsirab, – u Betsiga oshiqi beqaror bo‘lib qolgan. Ana-ana, qizarib ketganini ko‘ringlar. Yo Tangrim! Qoyil-e! Tommi Chitling oshiqi beqaror-a!.. Eh, Fedjin, Fedjin, ana shunaqangi hangomalar!
Yosh Beyts nazokatli mayl-u havas qurboni bo‘lmish mister Chitlingning ahvoli-ruhiyasini qotirib namoyish etishga berilib ketib, kursi suyanchig‘iga shunday shaxt bilan suyandiki, muvozanatini yo‘qotib, gursillab yerga yiqildi-yu, toki xaxolab qongunicha uzala tushib yotaverdi (bu hol uning zavqiga zarracha putur yetkazolmadi), keyin ilgarigi joyiga o‘tirib, tag‘in qah-qah uraverdi.
– Parvo qilmang unga, azizim, – dedi juhud, mister Daukinsga ko‘z qisib qo‘yib, jazosini berayotgandek yosh Beytsni dam beruvchi bosqoncha bilan tushirar ekan. – Betsi – ajoyib qiz. Etagidan mahkamroq tuting, Tom. Qadriga yeting.
– Bir narsani aytib qo‘yay, Fedjin, – javob qaytardi mister Chitling duvva qizarib, – buning hech kimga daxli yo‘q.
– Albatta, – tasdiqladi juhud. – Charli shunchaki valaqlayapti, xolos. Parvo qilmang unga, azizim, e’tibor bermang. Betsi – ajoyib qiz. Uning aytganini qilavering, Tom, badavlat bo‘lib ketasiz shunda.
– O‘zim ham xuddi u aytganday qilyapman, – javob berdi mister Chitling. – Uning gapiga kirmaganimda meni qo‘lga tushirisholmagan bo‘lardi. Bu siz uchun qo‘l keldi, to‘g‘ri emasmi, Fedjin? Olti hafta degan nima bo‘pti, axir. Ertami yo kech, baribir shunday bo‘lishi turgan gap edi, Shuning uchun ko‘chada sandiroqlab yurging kelmaydigan qishda bo‘lgani yaxshi emasmi bu, to‘g‘rimi, Fedjin?
– Mutlaqo to‘g‘ri, azizim, – javob qildi juhud.
– Tom, basharti, Bet bunaqangi yaxshi maslahat bergan ekan, unda yana bir marta o‘sha yerda o‘tirib chiqishga rozi bo‘larmiding? – so‘radi Tullak Charli bilan juhudga ko‘z qisib qo‘yarkan.
– Yo‘q demagan bo‘lardim, demoqchiman! – javob qaytardi Tom jahl bilan. – Bo‘ldi endi! Shuni bilmoqchiman, qani, mendan boshqa yana kim shundoq deya oladi, Fedjin?
– Hech kim, azizim, – javob qildi juhud, – biror inson bolasi, Tom. Sizdan bo‘lak shundoq deya oladigan bironta odamni bilmayman. Hech zog‘ni, azizim.
– Agar uni sotganimda, meni qo‘yib yuborishardi. To‘grimi, Fedjin? – asabiy davom ettirdi so‘zini bechora, laqma, dumbul-tentak yigit. – Buning uchun bir og‘izgina gapim kifoya edi. To‘g‘rimi, Fedjin?
– Shubhasiz, qo‘yib yuborishardi, azizim, – dedi juhud.
– Lekin men sotmadim. To‘g‘rimi, Fedjin? – dedi Tom shiddat-la ustma-ust savol yog‘dirib.
– Yo‘q, yo‘q, shubhasiz, miq etmadingiz, – javob qildi juhud, – siz unaqangi sotadigan nomardlardanmassiz. Mard yigitsiz, azizim!
– Ha, shundoq bo‘lsa kerak, – javob qaytardi Tom atrofiga alanglab. – Rostki shundoq ekan, buni qanaqangi kuladigan joyi bor ekan, a, Fedjin?
Mister Chitlingning hazilakam achchiqlanmaganini ko‘rgan juhud, hech kim kulayotgani yo‘q, deb ishontirishga shoshildi; xonada hozir bo‘lganlarning unga nisbatan jiddiy muomala qilishlariga erishmoqlik uchun u birinchi dilozor yosh Beytsni koyidi. Ammo baxtga qarshi, Charli, umrida biron marta hozirgidek jiddiy bo‘lmaganini aytishga chog‘lanib, og‘iz juftladi-yu, o‘zini tiyolmay qolib, shunaqangi xaxolab yubordiki, bundan haqoratlangan mister Chitling takallufotni yig‘ishtirib qo‘yib, xonaning narigi burchagiga otildi va dilozoriga tashlandi, lekin ta’qibchilarga chap berishning poy-havosini olgan yigitcha chapdastlik bilan o‘zini opqochib qoldi va bunda shunday qulay fursatni tanladiki, zarba quvnoq keksa jentlmenning ko‘kragiga tegib, gandiraklab borib, hansiragancha devorga suyanib qoldi, mister Chitling bo‘lsa unga dahshat-la javdirardi.
– Jim! – qichqirdi Tullak xuddi shu lahzada. – Bir nima jing‘illayapti.
U shamni olib, pisibgina zinadan ko‘tarila boshladi.
Yana toqatsizlik bilan qo‘ng‘iroqcha jing‘illadi. Qolganlar qorong‘ida o‘tirishardi. Tezda Tullak qaytib kelib, sirli bir qiyofada Fedjinga nimadir deb pichirladi.
– Qanaqasiga? – chiyilladi juhud. – Bir o‘zimi?
Tullak tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi-da, qo‘li bilan sham shu’lasini to‘sib, Charli Beytsga imo-ishora bilan endi kulmagani ma’qul ekanini o‘g‘rincha shama qildi. Ushbu do‘stona xizmatdan so‘ng juhudga qarab, uning buyrug‘ini kuta boshladi.
Bir necha soniya davomida chol sarg‘imtil barmog‘ini qimtigancha o‘yga tolib turdi, xuddi bir narsadan xavotirlanayotgandek va eng xunuk xabarni eshitishdan qo‘rqayotgandek yuzi pirpirab uchardi. Nihoyat, u boshini ko‘tardi.
– Qayerda u? – so‘radi juhud.
Tullak shiftni ko‘rsatdi va go‘yo xonadan chiqib ketmoqchidek bir harakat qildi.
– Ha, – dedi juhud, sassiz savolga javob berib. – Bu yoqqa, pastga boshlab tush uni. Jim!.. Sekinroq, Charli! Tinchlaning, Tom! Yuvinib oling!
Mazkur lo‘nda farmoyishni Charli Beyts va uning hozirgi raqibi itoatkorlik bilan, hayallamay ado etdilar. Sham ko‘targan Tullak bilan keng-u kalta dag‘al korjoma kiygan kishi xonaga kirgan paytida ularning shu yerda ekanidan dalolat beruvchi tiq etgan ovoz eshitilmasdi. Korjomali odam xonaga zud ko‘z yugurtirib chiqqach, iyagi va og‘zini berkitib turgan enli sharfini yechgandi, abjir Tobi Krekitning horg‘in, yuvuqsiz, soqoli o‘siq basharasi namoyon bo‘ldi.
– Ahvollar qalay, Fegi? – dedi ushbu muhtaram jentlmen juhudga bosh silkib. – Tullak, manavi sharfni movut shlyapamga solib qo‘y, toki bu yerdan tuyog‘imni shiqillatayotganimda qayerdan ola ketishim lozimligini bilay. Ana shunaqangi zamonlarga qoldi kunimiz! Sendan esa manavi qari firibgarga qaraganda xiyla tuzukroq tomteshar chiqadi.
U shu so‘zlar bilan ko‘ylagi etagini cholvori ichidan sug‘urib olib, beliga o‘radi-da, kursini o‘tga yaqinroq surib, oyog‘ini o‘choq panjarasiga qo‘ydi.
– Buni qarang-a, Fegi, – dedi u qo‘nji qaytarma etigiga g‘amgin ishora qilib. – Dey va Martin moyidan3737
Vaksa Dey va Martin moyi – Dikkens bolaligida ishlagan Uorren firmasi bilan muvaffaqiyatli raqobat qilgan firma ishlab chiqargan Londonda mashhur bo‘lgan poyabzal moyi.
[Закрыть] iskamaganiga qancha kun bo‘lganini o‘zingiz bilasiz, Xudo haqqi, biror martayam tozalanmadi u!.. Menga bunaqangi ko‘zingizni chaqchaytirishingizning hojati yo‘q, qariya. Hammasining o‘z vaqt-fursati bor. To qornimni to‘yg‘azib, otib olmagunimcha ishdan gap ocholmayman. Qani, bu yoqqa ovqat keltiringlar, keyingi uch kun mobaynida birinchi marotaba xotirjam tamaddi qilay!
Juhud Tullakka stolga yeguliklarni keltirib qo‘yishni imo qildi-da, qulfbuzarning ro‘parasiga o‘tirib kuta boshladi.
Ravshan ko‘rinib turibdiki, Tobi suhbatni boshlashga aslo shoshilayotgani yo‘q. Avvaliga juhud, go‘yo qanday xabar keltirganini yuz ifodasidan uqib olmoqchidek, uning basharasini sabr-toqat-la kuzatish bilan qanoatlandi-yu, lekin bundan hech nima chiqmadi. Tobi charchagan va qiynalgan ko‘rinardi, biroq basharasi odatdagidek beparvo-xotirjam, iflosligi, soqol-mo‘ylovi qirilmaganiga qaramay, chehrasida hanuz abjir Krekitga xos mag‘rurona, bema’no kulgi aks etib turardi. Shunda toqati toq bo‘lgan juhud u og‘ziga tashlayotgan har bir luqmani kuzatishga tushdi va hayajonini yashirmay, xonada nari borib-beri kela boshladi. Ammo bu harakatlarining baridan zarracha naf chiqmadi.
Tobi to obdon to‘ygunicha pinagini buzmay, bafurja tanovul qilaverdi; so‘ng Tullakka xonadan chiqib turishni buyurib, eshikni berkitib, stakanga suvli viskidan quydi-da, suhbatga shaylandi.
– Avvalambor, Fegi… – deya gap boshladi Tobi.
– Xo‘sh, xo‘sh? – uning so‘zini bo‘ldi juhud kursisini yaqinroq surib.
Mister Krekit suvli viskidan totinish uchun picha hayallab, juda ajoyib ekan, deb qo‘ydi; keyin oyog‘ini ko‘zlari barobarida balandga ko‘tarib, pastak o‘choq tepasidagi taxtaga tirab oldi-da, xotirjam so‘zlashda davom etdi.
– Avvalambor, Fegi, – dedi qulfbuzar, – Billning ahvoli qalay?
– Nima! – chinqirib yubordi juhud kursidan sapchib turarkan.
– Bu qanaqasi, nahotki, siz demoqchisizki?.. – deya savol berishga chog‘landi Tobi rangi o‘chib.
– Demoqchimishman! – bo‘kirdi juhud quturib yer depsirkan. – Qayerda ular? Sayks bilan bola qayerda? Qayerda edi ular? Qayerda berkinib yotishibdi? Nimaga bu yoqqa kelishmadi?
– Uyni o‘marish rejamiz barbod bo‘ldi, – dedi sekingina Tobi.
– Bundan xabarim bor, – dedi juhud cho‘ntagidan gazeta chiqarib, uni ko‘rsatar ekan. – Keyin nima bo‘ldi?
– Ular otishdi, bolani yaralashdi. Bolani olvolib uyning orqa tomonidagi daladan qochishga tushdik, o‘zimiz ham olg‘a qarab quzg‘undan tez uchdigov… g‘ov va zovurlardan sakrab yugurdik. Orqamizdan quvib kelishardi. Padariga la’nat! Tevarak-atrofdagi aholi uyg‘onib ketib, itlarini ol-kishlashdi ketimizdan…
– Bola, bola-chi?
– Bill uni opichlagancha quyunday uchib borardi. Keyin uni ikkovlashib ko‘targani to‘xtadik; boshi shilqillab osilib qolgan, tanasi muzdek edi. Anavilar bo‘lsa izma-iz quvib kelishayotgandi. Shunda sichqonning ini ming tanga bo‘lib, har kim o‘z jonini saqlab, bo‘ynini sirtmoqdan asrash payiga tushib qoldi! Biz ajralishdik, bolani esa zovurga yotqizib qo‘ydik. Tirikmidi yo o‘likmidi – bilmayman.
Juhud bu yog‘ini eshitib o‘tirmadi. Voh deb, boshini changallagancha uydan yugurib chiqib ketdi.
YIGIRMA OLTINCHI BOB
SIRLI BIR ZOT PAYDO BO‘LGANI VA USHBU HIKOYA BILAN CHAMBARCHAS BOG‘LIQ HODISALAR HAQIDA HIKOYA QILADI
Chol Tobi Krekit yetkazgan xabarlardan es-hushini yig‘ishtirolmay yugurganicha ko‘cha muyulishiga borib qolgan edi. U aql-u hushini yo‘qotib, esankiragancha hanuz yugurgilab borarkan, banogoh yonginasidan g‘izillab o‘tayotgan izvoshning shovqini va yo‘lovchilarning cholning joniga tajovuz qilgan xavfni ko‘rib, baqirib yuborishlari uni yo‘lkaga chiqib olishga majbur etdi. Shundan so‘ng, u iloji boricha gavjum ko‘chalarni chetlab, aylanma yo‘llar va past ko‘cha-yu tor ko‘chalardan o‘tib, nihoyat Snou-Xillga chiqib bordi. Bu yerda u odimini yanayam tezlatdi va toki o‘zini qadrdon maskanida his qilib, odati bo‘yicha imillab, oyog‘ini surgab bosa boshladi, qandaydir bir hovliga kirib borgunicha biror marta to‘xtamadi ham, faqat shundagina u erkin nafas olayotganday tuyuldi.
Snou-Xill Xolborn-Xillga kelib tutashadigan joydan beriroqda, Sitidan boriladigan bo‘lsa, o‘ng tarafda Safren-Xillga olib chiqadigan qorong‘i, ko‘rimsiz jinko‘cha boshlanadi. Ko‘cha bo‘ylab tizilgan irkit do‘konchalarda katta-yu kichik, ming bir xil tusli tutilgan ipak dastro‘mollar dasta-dasta qilib uyib tashlangan, zotan, kissavurlardan ro‘molchalarni sotib oladigan do‘kondorlar ana shu yerda turadilar. Do‘kon ichkarisidagi peshtaxta-yu tokchalarga ro‘molchalar uyib tashlangan, oyna orqasidagi qoziqlarga yuzlab dastro‘mollar ilib qo‘yilgan yoki eshik yondorlarida hilpirab turibdi. Fild-Leynning sarhadi qanchalik kichik bo‘lmasin, bu yerda o‘z sartaroshxonalari, qahvaxona, pivoxona va o‘z baliqxonalari bor. Bu yer o‘ziga xos bir o‘lka, kallayi saharlab va qosh qorayishi bilan indamas olibsotarlar tanda qo‘yadigan, zimiston ichkari xonalarda imi-jimida ishlarini bitirib, qanday kelgan bo‘lsalar, o‘shandayicha pinhona jo‘nab qoladigan xashaki o‘g‘rilar bozori. Bu yerda ko‘ylakfurush, etikdo‘z va eskifurushlar o‘z mollarini yoyib qo‘yadi, bu narsalar patak o‘g‘rilar uchun do‘kon lavhasi vazifasini o‘taydi: bu yerda zanglagan temir-tersak, suyak-sayoq uyumlari, mog‘or bosgan jun mato va gazmol laxtak-luxtaklari qorong‘i yerto‘lalarda chirib, ilvirab yotadi.
Juhud xuddi ana shu jinko‘chaga burildi. Chol mazkur olamning chirkin-u arvohsifat istiqomatchilariga yaxshi tanish edi, ulardan ba’zilari yonginalaridan o‘tib borayotganida qariyaga eski oshnalariday bosh irg‘ab salom berishardi. Ularning salomiga chol ham bosh irg‘ab javob qaytarardi, lekin u jinko‘chaning oxiriga yetguniga qadar birortalari bilan so‘z qotishmadi; ko‘cha oxiriga yetgach esa to‘xtab, pak-pakana, gumbazday gavdasini bir amallab bolalar kreslosiga joylashtirgan va do‘koni ostonasida trubkasini buruqsitib o‘tirgan bir do‘kondor bilan gaplashdi.
– Sizni ko‘rganning o‘zidayoq, mister Fedjin, odamning bahri-dili ochilib, dardi-kasali tumanday tarqab ketadi! – dedi bu muhtaram do‘kondor sog‘lig‘ini so‘ragan juhudning savoliga javoban.
– Qo‘shnilaringiz odamni toza qoniga tashna qilishdi-da, Layvli, – dedi Fedjin qoshlarini chimirib, qo‘llarini chalishtirar ekan.
– Ha, ikki marta shunaqangi shikoyatni eshitishimga to‘g‘ri keldi, – javob qildi do‘kondor. – Lekin bot kirishgan tez qaytadi, degan gap ham bor-ku axir, to‘g‘ri emasmi?
Fedjin ma’qullab bosh irg‘adi. Safren-Xill tomonga imo qilib, bugun oqshom u yoqqa biror kimsa kelgan-kelmaganini so‘radi.
– «Majruhlar»gami? – so‘radi do‘kondor.
Juhud yana bosh irg‘adi.
– Shoshmang-chi, – dedi u odam o‘ylanibroq. – Ha, besh-olti kishi o‘tishdi u yoqqa. Menimcha, sizning do‘stingiz yo‘q u yerda.
– Sayks yo‘qmi u yerda? – so‘radi juhud, aft-angori bag‘oyat bezovta edi shu tobda.
– Non istventus3838
Lotincha yuridik «Non inventus» degan iboraning buzib ishlatilgani – «Topilgani yo‘q». (Tarj.)
[Закрыть], qonunshunoslar aytganiday, – javob qaytardi pakana boshini sarak-sarak qilib, g‘oyatda ayyorona bir qiyofada. – Bugun menga tegishli biron nimalari yo‘qmidi?
– Bugun hech nima yo‘q, – dedi juhud uning yonidan jilarkan.
– «Majruhlar»ga ketyapsizmi, Fedjin? – orqasidan qichqirdi pakana. – Shoshmang! Siz bilan bittagina qadah otsam degandim!
Biroq juhud o‘girilib qarab, yolg‘iz bo‘lishni ma’qul ko‘rganini anglatib qo‘l silkigani va buning ustiga do‘kondorning kreslochadan turishi mahollik qilgani tufayli ushbu safar «Majruhlar» lavhasi osig‘liq qovoqxona mister Layvlidek zotning tashrifiga muyassar bo‘lolmadi. Bu paytda, do‘kondor oyoqqa turgan pallada juhud ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi, shu boisdan mister Layvli oyoq uchiga ko‘tarilib, uni ko‘rarman, degan umidi puchga chiqdi-yu, yana o‘z tanasini kreslochaga joylashtirdi va qarama-qarshi do‘konchadagi xonim bilan bosh irg‘ab salomlasharkan, bu bilan shubha hamda ishonchsizlik ifodasini izhor etgan bo‘lib, tag‘in trubkasini tutatishga kirishdi.
«Uch majruh» yoki aniqrog‘i, «Majruhlar» – zero, bu maskan hamishagi mijozlariga ana shu nomda mashhur edi – mister Sayks o‘z iti bilan qadamranjida qilib turadigan qovoqxona edi, Fedjin peshtaxta ortida turgan odamga imo qilib, zinadan yuqoriga ko‘tarildi, eshikni ochib, o‘zini lip etgancha xonaga oldi-yu, birovni izlayotgandek qo‘lini soyabon qilib, bezovta bir holatda atrofga alanglay boshladi.
Xonani ikkita gazchiroq yoritib turardi; deraza qopqoqlar taqa-taq berkitilib, tusi aynigan qizil pardalar zichlab yopib qo‘yilganidan tashqaridan qilday ham nur tushmasdi. Tutab yonayotgan chiroq dudi aynitmasligi uchun shift qora rangga bo‘yalgan, keyin xona shunaqangi quyuq tamaki tutuniga to‘lgandiki, oldiniga hech nimani ko‘rib bo‘lmadi. Tutun qiya ochiq eshikdan asta-sekin sizib chiqib ketgach esa, xonani to‘ldirgan g‘ala-g‘ovur singari betartib-u olaquroq odamlar to‘dasi ko‘zga tashlandi va ko‘zi ushbu manzaraga ko‘nika borgani sayin kuzatuvchi uzun stol tegrasida ayol-u erkaklardan tashkil topgan talaygina odamlar davra qurishganiga qanoat hosil qila bordi: stolning to‘rida bolg‘acha ushlagan ma’raka raisi joylashib olgan, bir burchakdagi siniq fortepiano yonida bo‘lsa burni sholg‘omday qip-qizil, tishi og‘riyotgani sababli chakagini bog‘lab olgan mashshoq jentlmen o‘tirardi.
Fedjin lip etib o‘zini ichkariga olgan damda mashshoq jentlmenning barmoqlari musiqa debochasini ijro etgandek klavishlar uzra bir karra o‘rmalab o‘tdi-yu, o‘tirganlarning hammasi ovozlarini baralla qo‘ygancha qo‘shiq aytib berishni so‘rashga tushdilar; qiyqiriqlar tinishi bilanoq yoshgina xonim to‘rt misra-to‘rt misradan iborat kalta qo‘shiqlar hadya etib, jamoatni xushnud qilishga kirishdi, to‘rtliklar orasida esa mashshoq kuyni iloji boricha baland pardada boshdan-oyoq takroran chalib chiqardi. Qo‘shiq tugagach, rais o‘z fikr-mulohazasini bayon qildi, shundan so‘ng uning o‘ng va so‘lida o‘tirgan san’atchi jentlmenlar duet ijro etib berish istaklari borligini bildirdilar va muvaffaqiyatli ijro etdilar ham.
Davradagilar orasida ajralib turgan bir xil basharalarni kuzatish qiziq edi. Avvalo – raisning o‘zi (qovoqxona sohibi), qo‘pol, gungursday, beso‘naqay kishi bo‘lib, toki ashulabozlik davom etarkan, ko‘zlari to‘rt tomonga javdirab olma-kesak terib, o‘zini ko‘p qatori xursandchilikka qatnashayotgan qilib ko‘rsatayotgan esa-da, sodir bo‘layotgan bari narsani ko‘rib, gapirilayotgan jamiki gaplarni eshitib turar, qulog‘i ovda edi. Yonida o‘tirgan ashulachilar ulfatlarning maqtovlariga o‘z kasb-korlariga xos bir tarzda beparvo quloq tutib, navbati bilan qiziqqon muxlislari tutgan suv aralash viskili qadahlarni lablariga tekkazib qo‘yishar va simirishardi; bu muxlislarning taraqqiyot jarayonining deyarli jamiki bosqichi o‘z muhrini bosgan turqlari aynan jirkanchligi-yu razolatgo‘yligi kishi diqqatini tortardi. Bu basharalarda ayyorlik, toshbag‘irlik va badmastlik yaqqol aks etib turardi; ayollarga kelganda esa, ulardan ayrimlari ko‘z o‘ngingizda go‘yo xiralashib, tarovatini yo‘qotib borayotgandek tuyulguvchi yoshlik malohati-yu durkunligini saqlab qolganday edi hali-hozircha; bir xillari bo‘lsa o‘z jinslariga xos fazilat-u belgilardan mutlaqo ayrilgan va jirkanch buzuqlik hamda jinoyatkorlik timsoliga aylanib qolganlar, xolos; bu qizlar, bu yoshgina juvonlar – ulardan birortasi ham hali yoshlik ostonasidan hatlab o‘tmagan – mazkur qabih fahshxonada eng qayg‘uli, eng mudhish manzara kasb etardi.
Bu orada jiddiy o‘y-mulohazalar aslo tashvish-u xavotirga sololmagan Fedjin zo‘r berib o‘tirganlarning aftiga tikilardi, chamasi, izlayotgan odamini topolmayotgan ko‘rinadi. Nihoyat, u raislik qilayotgan kimsaning nigohini uchratishga muvaffaq bo‘lgach, unga imi-jimida imo qildi-da, qanday kirib kelgan bo‘lsa, xonadan xuddi o‘shanday lip etib chiqib ketdi.
– Qanday xizmatlari bor edi, mister Fedjin? – so‘radi rais uning orqasidan dahlizga chiqarkan. – Davramizga qo‘shilishga mayllari qalay? Hammamizning, ha, barchamizning boshimiz osmonga yetardi-da. Juhud bafurja bosh chayqab, shivirlab so‘radi:
– Shu yerdami u?
– Yo‘q, – javob qildi unisi.
– Barnidan ham dom-darak yo‘qmi?
– Hech qanaqangi, – javob qaytardi «Majruhlar» sohibi, zero, bu o‘sha edi. – Hammasi bosdi-bosdi bo‘lmagunicha Barni pildirpis yotaveradi. Iymoningiz komil bo‘laversin, u yoqda izlarini iskab qolishibdi, shuning uchun u mabodo, qorasini ko‘rsatgudek bo‘lsa, anavilarni o‘sha zahotiyoq ilintirishlari aniq edi. Barniga balo ham urgani yo‘q, unda allaqachon eshitardim. Garov boylashamanki, Barni o‘zini azamatlarcha tutyapti. Undan xavotirlanmasangiz ham bo‘ladi.
– Anavi bugun keladimi bu yerga? – so‘radi juhud yana olmoshga ma’noli urg‘u berib.
– Monksni aytyapsizmi? – ikkilanibroq so‘radi sohib.
– Sekinroq!.. – pichirladi juhud. – Ha.
– Albatta, – javob berdi sohib cho‘ntagidan oltin soatini chiqararkan. – Ilgariroq kelar deb kutgandim uni. Agar o‘n daqiqacha kutsangiz, u…
– Yo‘q, yo‘q! – shosha-pisha dedi juhud, u ham so‘z borayotgan odamni ko‘rishni istayotganga, ham o‘sha odamning yo‘qligidan suyunayotganga o‘xshardi. – Unga bu yerga uchrashgani kelganimni aytib qo‘ying; bugun oqshom menikiga borsin. Yo‘q, yaxshisi, ertaga. Bugun yo‘q bo‘lsa, ertaga uchrashsak ham kechlik qilmas.
– Xo‘p bo‘ladi! – javob qildi sohib. – Yana nima dey?
– Hech nima, – dedi juhud zinadan tushayotib.
– Menga qarang, – ovozi xirillab shivirladi sohib zinapoya panjarasi ustidan engashib, – hozir bitta ishni do‘ndiradigan juda qulay fursati-da! Fil Barker shu yerda; shundoq o‘chib qolganki, istagan go‘dak bemalol surobini to‘g‘rilasa bo‘ladigan.
– E ha! Aytmoqchi, Fil Barkerning hali fursati kelganicha yo‘q, – javob qildi juhud boshini ko‘tarib qararkan. – Fil to u bilan vidolashgunimizcha ishlab turishi kerak. Bora qoling, azizim, ulfatlaringizning yoniga, aytib qo‘ying ularga… hayot ekanlar… xursandchilik qilib qolishsin! Xa-xa-xa!
Qovoqxona sohibi unga kulib javob qaytardi-da, mehmonlari yoniga qaytdi. Juhud yolg‘iz qolgani zamonoq aftiga tashvish hamda xavotirlanish ifodasi qalqdi. Bir nafaslik mulohazadan so‘ng u izvosh yollab, izvoshchiga Betnel-Grin-Roudga haydashni buyurdi. Mister Sayksning qarorgohiga chorak chaqirim qolganda izvoshchini jo‘natib yuborib, bu qisqagina masofani yayov bosib o‘tdi.
– Qani ko‘raylik-chi, – g‘udrandi juhud eshikni taqillatarkan, – agar bironta shumlikni o‘ylagan bo‘lsalar, qanchalik mug‘ombir bo‘lmang, jonginam, hamma siringizni bilib olaman.
U nazarda tutgan ayol o‘z xonasida edi. Fedjin astagina zinadan chiqib borib, ortiqcha takallufsiz ichkari kirdi. Qiz yolg‘iz edi; u sochlari yoyilib, titilib ketgan boshini stolga qo‘yib o‘tirardi.
«Ichib olibdi, – sovuqqonlik bilan xayolidan kechirdi juhud, – yoki ehtimol, shunchaki nimaningdir azasini tutyapti».
Shu xayol bilan u eshikni berkitmoqchi bo‘lib o‘girildi, shovqinni eshitgan qiz seskanib ketdi. Cholning quv aftiga tikilganicha, biron yangilik yo‘qmi, deb so‘radi va choldan Tobi Krekit keltirgan xabarni eshitdi. Cholning gapi tugaganidan keyin u tag‘in boyagi holatiga qaytdi, biroq bir og‘iz ham churq etmadi. U sabr-toqat saqlagan ko‘yi shamni nari surdi, jonsaraklik bilan ikki marta holatini o‘zgartirdi, oyoqlarini tap-tap tashlab qo‘ydi, shundan nariga o‘tmadi.
Oradagi sukut davom etarkan, juhud bezovtalik bilan, Sayksning yashirincha qaytib kelganidan dalolat berguvchi hech qanaqangi belgi yo‘qligiga qanoat hosil qilishni istaganday atrofga alangladi. Avzoyidan kuzatishdan qoniqish hosil qildi chog‘i, ikki-uch bora yo‘talib olib, gap ochishga urinib ko‘rdi, biroq qiz, qarshisida misoli bir tosh turgandek, unga qatracha e’tibor bermadi. Oxiri chol yana bir karra urinib ko‘rishga chog‘landi va qo‘llarini bir-biriga ishqagan ko‘yi, bag‘oyat tilyog‘lamalik ohangida so‘radi:
– Sizningcha qandoq, azizam, hozir Bill qayerda bo‘lsaykin?
Qiz bunga javoban, qayerdaligini bilmadim, deya g‘udrandi, ixrab, piqillashidan uning yig‘layotganini bilsa bo‘lardi.
– Bolakay-chi? – surishtirishni davom ettirdi juhud qizning yuziga qarashga tirishib. – Sho‘rlik bolagina! Uni zovurga tashlab ketishibdi-ya! Nensi, buni o‘zing bir o‘ylab qaragin-a!
– Bu yerdan ko‘ra bolakayga o‘sha yoq yaxshi, – dedi qiz to‘satdan boshini ko‘tarib. – Agar buning evaziga Billning boshiga kulfat tushmaydigan bo‘lsa, umid qilamanki, bola zovurda o‘lib yotibdi, iloyo, suyaklarigacha chirib bitsin, o‘sha yoqda.
– Nima-nima?! – hayrat-la xitob qildi juhud.
– Ha, umidim shu! – javob qaytardi qiz uning ko‘zlariga tik boqib. – Ko‘zimdan yo‘qolganini, yomon kunlari orqada qolganini bilsam, suyunaman, shukr qilaman. Yonimda bo‘lsa asti chiday olmayman. Unga qaradim deguncha – o‘zim o‘zimga yomon ko‘rinib ketaman, hammalaring jirkanch ko‘rinasizlar.
– Safsata! – dedi juhud nafratomuz. – Sen mastsan…
– Shunaqami hali?! – alam bilan nido soldi qiz. – Mast bo‘lgan chog‘imdayam, buning sizga daxli yo‘q! Agar ixtiyor sizda bo‘lganida bormi, meni faqat bugun emas, doim ichirib mast qilardingiz-a. Shu tobda bu qilig‘im ko‘nglingizga o‘tirishmay turibdi-a, to‘g‘ri emasmi?
– To‘ppa-to‘g‘ri! – javob qaytardi juhud darg‘azab. – Ko‘nglimga o‘tirishmay turibdi!
– O‘zgartira qoling bo‘lmasa uni! – dedi qiz kulib.
– O‘zgartiring! – baqirib berdi suhbatdoshining sira kutilmagan sarkashligi va bu tungi o‘kinchli va alamli voqealar sabr kosasini limmo-lim to‘ldirib yuborgan juhud. – Ha, o‘zgartiraman ham! Quloq sol menga, qizgina! Eshit – Sayksni g‘ippa giribonidan olish uchun (o‘shaning ho‘kizsifat bo‘ynidan mana shu barmoqlarim mana bundoq qilib g‘ippa olganday) ikki og‘iz gapim kifoya. Bordi-yu, o‘zi qaytsa-yu, bolani o‘sha yoqqa tashlab kelsa, agar o‘zi qutulib kelsa-yu, menga bolaning tirigi yo o‘ligini olib kelib bermaydigan bo‘lsa, basharti, uning Jek Ketchning3939
Jek Ketch – XVIII asrning 60–80-yillarida Styuartlarning Angliya taxtiga qayta o‘tirgan davrlarida jallodni shunday ataganlar. Bu laqab turdosh ot bo‘lib qolgan.
[Закрыть] qo‘liga tushishini xohlamasang, uni o‘z qo‘ling bilan o‘ldir! Mana shu xonaga kirib kelgan zahotiyoq o‘ldir, yo‘qsa, gapim yodingda bo‘lsin – kech bo‘ladi.
– Bu nima deganingiz? – beixtiyor xitob qildi qiz.
– Bu nima deganingiz? – deya takrorladi Fedjin jazavada hushini yo‘qotayozib. – Bu bolakay yuzlab funt turadi-ya, shundoq bo‘lgach, hech qanaqangi xavf-xatarsiz, qurtdekkina boylikni qo‘ldan chiqarib yuborib, qarab qolaverarkanmanmi, mast-alast to‘daning ahmoqona tantiqligi jatiga-ya! Buning ustiga, faqat vasiyatgina kerak bo‘lgan g‘irt iblisning o‘zginasi bilan bitishib qo‘ygan bir paytimda-ya, innaykeyin u… haligi… haligi…
Nafasi bo‘g‘ziga tiqilgan chol kerakli so‘zni izlab duduqlanib qoldi, biroq shu ondayoq junbishga kelgan g‘azabini jilovlab oldi-yu, muomalasi mutlaqo o‘zgardi-qo‘ydi. Birgina lahza burun changak panjalari-la havoga chang solib, ko‘zlari chaqchayib, darg‘azablikdan rangi ko‘karib turgan bo‘lsa, endi u kursiga cho‘kdi, g‘ujanak bo‘lib, qandaydir qabihona bir sirni o‘z og‘zim bilan gullab qo‘ymadimmi, degan xavfda qaltiray boshladi. Qisqagina sukutdan so‘ng suhbatdoshiga ko‘z qirini tashlashga jur’at etdi. Aftidan, u xiyol tinchlandi chog‘i, zotan, chol qizni dastlab qay holatda uchratgan bo‘lsa, o‘sha holatda, boyagidek loqayd-u karaxt o‘tirganini ko‘rdi.
– Nensi, jonginam! – dedi juhud xirillab, odatdagi ovozi bilan. – Gapimni eshitdingmi, azizam?
– Tirg‘alavermang hozir menga, Fedjin, – javob berdi qiz boshini erinibgina ko‘tarib. – Agar Bill bu gal uddalolmagan bo‘lsa, boshqa safar eplashtiradi. Ozmuncha yaxshi ishni bajardimi siz uchun, agar qo‘lidan kelsa, tag‘in ozmuncha ishni do‘ndirib bermaydi. Bordi-yu, qo‘lidan kelmasa, unda, demak, bu to‘g‘rida gapirib o‘tirishning hojatiyam yo‘q.
– Xo‘sh, bola-chi, bola nima bo‘ladi, azizam?.. – so‘radi juhud qo‘llarini asabiy ishqab.
– Bolaning joni, hammamiz qatori, xavf ostida, – shartta uning og‘ziga urdi Nensi. – Aytyapman-ku sizga: umid qilamanki, u o‘lgan va jamiki jabr-sitamlardan, sizdan qutulgan – agar Billga hech nima bo‘lmasagina, albatta. Tobi qutulib qolgan ekanmi, unda turgan gapki, Bill ham xavf-xatarsiz bo‘lishi kerak, chunki Bill Tobiga o‘xshaganlarning ikkitasiga arziydi.