Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 1


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Charlz Dikkens
Oliver Tvistning boshidan kechirganlari: roman

BIRINCHI BOB
OLIVER TVIST TUG‘ILGAN JOY VA UNING DUNYOGA KELISHIGA OID VAZIYAT HAQIDA HIKOYA QILADI

Talay sabablarga ko‘ra nomini tilga olmaslik ma’qul bo‘lgan, shuning uchun ham kamina hech qanday to‘qima nom bermagan bir shahardagi jamoatchilik binolari orasida, qadimdan deyarli barcha katta-yu kichik shaharlarda uchraydigan bino bor, bu – mehnat uyi11
  Mehnat uyi – Angliyada qashshoqlar uchun boshpana (yetimxona). Dikkens romanda tasvirlagan manzara ingliz mehnat uylarining tuzilishi za ulardagi joriy qamoqxona tartib-qoidalarini haqqoniy tarzda jonlantiradi.


[Закрыть]
. Xuddi ana shu mehnat uyida ismi sharifi mazkur bobning sarlavhasida qayd etilgan isyonkor banda tug‘ildi – ushbu voqea qaysi kun-u qaysi soatda sodir bo‘lganini ma’lum qilishga urinib o‘tirmasam ham bo‘laveradi, chunki buning kitobxon uchun hikoyatimizning ayni bosqichida – zarracha ahamiyati yo‘q.

Qavm tabibi22
  Qavm tabibi – «qavm» xizmatidagi vrach. Angliyada ilgarilari cherkov ma’murlari aholidan anglikan davlat cherkovi foydasiga soliq yig‘ish huquqi bilan ruhoniyni boshliq qilib tayinlagan rayon qavm deb atalgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan shahar va qishloqlardagi iqtisodiy-xo‘jalik hayoti grajdanlar tomonidan saylanadigan kengash ixtiyoriga bo‘ysunadigan kichikroq rayonlar qavm deb atala boshlagan. Dikkens zamonida Angliyada o‘n besh yarim ming qavm bo‘lgan. Qavm ishlarini boshqarishga ishchi va dehqonlar yo‘latilmagan, zero, mulkdor aholigina saylash huquqiga ega bo‘lgan, xolos.


[Закрыть]
bolani kulfat va g‘am-anduh olamiga qabul qilib olganida, biron ism olish uchun bu murg‘ak tananing omon qolishi anchagacha dargumon bo‘lib turdi, basharti u olamdan ko‘z yumganida bormi, ushbu xotiralar hech qachon yozilmasligi turgan gap edi. Bordi-yu, bosilib chiqqan taqdirda ham ikki-uch sahifadan nariga o‘tmasdi. Shuning uchun ham u istalgan asr, istalgan mamlakat adabiyotida saqlanib qolgan tarjimayi hol asarlarining eng qisqa hamda eng haqqoniy andazasi bo‘lishi ehtimoldan xoli emasdi.

Zotan, mehnat uyida tug‘ilish inson bolasi peshonasiga bitilgan baxt, deya ta’kidlamasam ham, baribir hozirgi sharoitda buni Oliver Tvist uchun taqdirning eng a’lo in’omi, deb hisoblardim. Negaki, Oliver Tvistning nafas olishga ham kuchi yetmasdi. Holbuki, tabiat insonlarning sog‘lom yashashi uchun mazkur mashg‘ulotni shart qilib qo‘ygan. Murg‘ak jun to‘shakchada hayot bilan o‘lim o‘rtasida olishib, lekin keyingisi sari qat’iy yuz tutib, bir muddat nafas ololmay bo‘g‘ilib yotdi. Agar Oliver ana shu qisqagina muddat davomida kuydi-pishdi buvilar, bezovta amma-xolalar, tajribali hamshira-yu donishmand tabiblar qurshovida bo‘lganida bormi, uni shak-shubhasiz va muqarrar o‘ldirib qo‘yishlari tayin edi. Ammo tepasida odatdagidan ko‘proq pivo ichganidan boshi g‘ovlab turgan qashshoq kampir va shartnomaga muvofiq o‘z vazifasini ado etayotgan qavm tabibidan bo‘lak odam bo‘lmagani tufayli Oliver bilan tabiat ikkovlashib bu jangda g‘olib chiqishdi. Pirovardida, qisqagina olishuvdan so‘ng, Oliver nafas oldi, chuchkirdi va mehnat uyi istiqomatchilarini qavm zimmasiga yuklanayotgan yangi tashvishlardan ogoh etib, faqat o‘g‘il bolalardangina kutsa bo‘ladigan, bor-yo‘g‘i uch-u chorak daqiqagina muqaddam o‘ziga ato qilingan g‘oyatda foydali ehson quloqni teshgudek chinqiroq ovozda big‘illab yig‘lay boshladi.

Oliverning o‘pkasiga tegishli mana shu ilk erkin faoliyatdan so‘ng, temir karavot ustiga naridan-beri tashlab qo‘yilgan quroq ko‘rpa qimirlab, yoshgina juvon za’far tusli yuzini yostiqdan xiyol ko‘tardi-da, zaifgina ovoz bilan pichirladi:

– Menga bolamni ko‘rsatinglar, keyin o‘lsam ham mayli.

Tabib kamin oldida kaftlarini bir-biriga ishqab, isitib o‘tirardi. Juvon tilga kirganida u o‘rnidan turib, bemorning bosh tomoniga yaqinlashdi-da, hayratlanarli darajada muloyim ovozda dedi:

– Qo‘ying-e, o‘limni xayolingizga ham keltirmang!

– E, nimalar deyapsiz, xudoning o‘zi asrasin! – gapga aralashdi uy burchagida ichidagi suyuqlikni ochiqchasiga huzur qilib qultillatayotgan kampir, qo‘lidagi ko‘k shishani shosha-pisha cho‘ntagiga tiqar ekan. – Xudo saqlasin! U hali mening yoshimga borsin, ser, o‘n uchta bo‘qachog‘in tug‘sin, ulardan ikkitaginasi qolsin, o‘sha omon qolganlariyam o‘zi bilan birga mehnat uyida turadigan bo‘lsin, ana o‘shanda aqli kirib, sal narsani sirtiga yuqtirmaydigan, salga ezilmaydigan bo‘ladi!.. Jonginam, ona bo‘lish nimaligini bir o‘ylab ko‘ring-a! Bolangiz biram yoqimtoyki!

Aftidan, dilga tasalli berguvchi bu onalik istiqboli bemorga qittak ham ta’sir ko‘rsata olmadi. Bemor bosh chayqab, qo‘llarini chaqalog‘iga cho‘zdi.

Tabib chaqaloqni ona og‘ushiga qo‘ydi. Rangi quv o‘chgan ona muzdek lablarini mehr-la chaqalog‘ining peshonasiga bosdi, yuzini qo‘li bilan siladi, chaqchayib atrofga alangladi, keyin seskanib, o‘zini yostiqqa tashladi… va joni uzildi. Uning ko‘kragini, chakkalarini ishqashdi – bari befoyda! Ko‘nglini ko‘tarib, yupatuvchi allanimalar deyishdi. Lekin juvon allaqachon o‘lgandi.

– Hammasi tamom bo‘ldi, missis Tingami! – dedi nihoyat tabib.

– Ha, hammasi tamom bo‘ldi. Voy sho‘rlikkina-ya! – deya uning gapini tasdiqladi kampir, bolani olaman deb engashganida yostiqqa tushgan ko‘k shisha tiqinini olayotib. – Sho‘rlikkina-ya!

– Chaqaloq yig‘laydigan bo‘lsa, menga odam yuborib o‘tirmanglar, – dedi tabib qo‘lqopini kiyarkan. – Judayam besaranjom, yig‘loq bo‘lishi ham mumkin. Yig‘laganida suyuq bo‘tqa qilib bering. – U shlyapasini boshiga qo‘ndirib, eshikka qarab yurarkan, karavot yonida pichagina tutilib, qo‘shib qo‘ydi: – Istarasi issiqqina juvon ekan… Qayoqdan kelib qolibdi o‘zi?

– Uni nozirning buyrug‘i bilan kecha kechqurun keltirishgandi, – javob berdi kampir. – Ko‘chada yiqilib qolgan joyida topib olishibdi. U olisdan kelgan ko‘rinadi, boshmog‘i yeyilib, titilib ketibdi, Lekin qayoqdan kelayotgani va qayoqqa ketayotganini hech zog‘ bilmaydi.

Tabib marhuma uzra engashib, uning chap qo‘lini ko‘tardi.

– Odatdagi ashula, – dedi u boshini sarak-sarak qilib. – Nikoh uzugi yo‘q… Xo‘p, yaxshi yotib turing!

E’tiqodli tabib tushlik qilgani uyiga jo‘nadi, kampir bo‘lsa ko‘k shishadan yana bir qultum yutib olib, kamin oldidagi pastak kursiga o‘tirdi-da, chaqaloqni kiyintirishga tutindi.

Kiyim-kechakning qudrati nimalarga qodirligini jajji Oliver Tvistning ahvolidan bilish mumkin edi. Oliver shu vaqtgacha yakka-yu yagona kiyimi bo‘lgan yo‘rgakda yotar ekan, aslzoda oila farzandimi yoki gado farzandimi – buni farqlash mumkin emasdi. Bu turishida eng aslzoda odam ham uning jamiyatdagi o‘rnini oldindan belgilay olishi amrimahol edi. Ammo endilikda chaqaloqqa eskirib, sarg‘ayib ketgan kolenkor ko‘ylakcha kiydirilgach, unga tavqi la’nat osildi-qo‘ydi. Shu lahzadan boshlab, bola jamiyatdagi havas qilib bo‘lmaydigan o‘rnini – umri bo‘yi do‘lday yog‘ilajak kaltag-u nordon shapaloqlar bilan siylanadigan, hamma jirkanadigan, hech yerda hech kimdan shafqat-muruvvat ko‘rmaydigan, qavmga boqindi bola, mehnat uyidagi yetimcha yetti kulcha, itoatkor, och-nahor tirikchiligini o‘tkazuvchi yugurdak o‘rnini egalladi.

Oliver big‘illab yig‘lardi. Mabodo, u cherkov oqsoqollari va nozirlarining homiyligiga tashlab ketilgan sag‘ir ekanini bilganida bormi, bundan ham qattiqroq chinqirgan bo‘lardi.

IKKINCHI BOB
OLIVER TVISTNING QANDAY O‘SGANI VA QANDAY TARBIYA TOPGANI HAQIDA HIKOYA QILADI

Oliver keyingi sakkiz-o‘n oy mobaynida aldam-qaldamlik qurboni bo‘ldi. Uni so‘rg‘ich bilan ovqatlantirardilar. Mehnat uyi mutasaddilari eng zaruriy narsalardan mahrum, och-nahor qolayotgan chaqaloq haqida qavm ma’murlariga xabar qildilar. Qavm ma’murlari esa o‘z mavqelariga munosib tarzda mehnat uyi mutasaddilaridan mazkur maskanda istiqomat qiluvchilar orasida Oliver Tvistni parvarishlab, yedirib-ichira oladigan zaifa zotidan biron xonim topilish-topilmasligini surishtirdilar. Mehnat uyi mutasaddilari, bunday xonim yo‘q, degan javobni berdilar. Shunda qavm ma’murlari olihimmatlik va odamoxunlik ko‘rsatib, Oliverni «fermaga» yoki boshqacha qilib aytganda, mehnat uyining taxminan uch milcha nariroqda joylashgan, qashshoqlik haqidagi qonunni buzgan33
  …qashshoqlik haqidagi qonunni buzgan… bolalar… – Dikkens 1834-yilgi qonunni nazarda tutgan, bu qonunga binoan mehnat uyi kambag‘allarga yordam ko‘rsatish tarmog‘ining markazida turgan; qavm ma’murlariga faqat ayrim hollardagina yetimlarni mehnat uyiga emas, fermalarga joylashtirish ruxsat etilgan; shuni aytib o‘tish lozimki, bu fermalarda ham xuddi mehnat uylari kabi ularga hech qanday g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmas edi. Shunday qilib, Oliverni fermaga jo‘natishlari 1834-yil qonunidan bir qadar chekinish edi, shu sababdan ham Dikkeks fermadagi go‘daklarni «qashshoqlik qonunini buzgan bolalar», deb ataydi.


[Закрыть]
va na ovqat, na ust-bosh to‘g‘risida o‘ylamaydigan yigirma-o‘ttiz chog‘li bolalar uzzukun qoq yerda uymalashib yotadigan bo‘linmasiga joylashtirishga qaror berdilar; bu yerda ular bebosh bolalarni jon boshiga yetti yarim pens44
  Pens – chaqa, sterlingning 240 dan bir qismini tashkil qiluvchi ingliz chaqasi. (Tarj.)


[Закрыть]
evaziga qabul qilib oladigan keksaroq bir xonimning onalarcha nazorati ostida edilar. Haftasiga yetti yarim pens – bitta bolani parvarish qilish uchun bemalol yetadigan pul; yetti yarim pens – qorinni oqibati xunuk tugashi mumkin bo‘lgan darajada to‘latishga bemalol yetadi. Zaifalar namoyandasi bo‘lmish keksa xonim oqila va tajribali ayol edi, shu boisdan bu ishi bolalar uchun koni foyda ekanini bilardi. Xullas, xonim bu narsa o‘zi uchun ham foydali ekanini aqli barkamollik bilan anglab yetgandi. Shu sababli u haftalik nafaqaning mo‘maygina qismini o‘z hamyoniga urar, qavmning voyaga yetayotgan navnihol avlodiga esa tayinlangan ulushdan o‘lmasning kunigagina yaraydigan qismini ajratar edi. Boshqacha qilib aytganda, u o‘zining ulug‘ faylasuf ekanini namoyon etib, tubsiz teranliklarni kashf etardi.

Ot ozuqasiz ham yashay oladi, degan mashhur nazariyani o‘ylab topgan va o‘zining xususiy otiga beriladigan kundalik yemish miqdorini bir donagina somongacha kamaytirish bilan buni muvaffaqiyatli tarzda isbotlay olgan boshqa faylasuf hangomasi barchaga ma’lumdir; basharti, ot oldinda o‘zini kutayotgan sof havoning o‘zidangina to‘yib ovqatlansa bo‘ladigan huzur-halovatli dam yetib kelishidan bir kun burun harom qotmaganida, o‘sha zot, shubhasiz, bu jonivorni nihoyatda o‘ynoqi va chopqir jonivorga aylantirishi tayin edi. Yuqorida qayd etilgan, Oliver Tvist tarbiyaga topshirilgan xonimning falsafiy tajribalari, baxtga qarshi, odatda aynan ana shunday natijaga olib kelardi; nega deganingizda, go‘dak zarracha g‘ozi yo‘q ovqatdan zig‘irdakkinasini yeyish bilan o‘z hayotini saqlab qolishga endigina o‘rgangan paytda, taqdirning bevafoligi bilan, o‘ndan sakkiz yarim holda yo ochlik va sovuqdan, yo qarovsiz qolib o‘tda kuyib, yo bo‘g‘ilib o‘lardi. Ana shu hollarning istagani sodir bo‘larkan, baxtiqaro go‘dak bu dunyoda diydor ko‘risholmagan ota-onalari davrasiga qo‘shilish uchun u dunyoga yo‘l olardi.

Ba’zan o‘z holiga tashlab qo‘yilib, ag‘darilib ketgan karavoti tagida qolgan yoki kir yuva turib bexosdan kuydirib o‘ldirib qo‘yilgan – darvoqe, bunday hol ahyon-ahyonda bir sodir bo‘lardi, zotan, fermada kir yuvishni eslatuvchi yumush kamdan-kam ro‘y berardi – hollarda qavm bolasi ishi yuzasidan alohida jiddiy tekshiruv olib borilgan paytda maslahatchilarning xayoliga goho ko‘ngilsiz savollar kelib qolardi, qavm ahli esa bundan darg‘azab bo‘lishib, e’tiroznomalar yozishardi. Biroq bunday qo‘pol noroziliklar o‘sha zahotiyoq, tabib hamda bidl55
  Bidl – qavm xizmatidagi quyi mansabdor shaxs. Dastlabiga bidl qavm majlislari xat tashuvchisi, shuningdek, qavm huzuridagi tarbiyalanuvchi qashshoqlarga mutasaddi amaldorning ko‘rsatmalarini bajaruvchi oddiy ijrochisi bo‘lib xizmat qilgan, biroq ko‘p o‘tmay xuddi o‘sha amaldorning vazifalarini o‘z zimmasiga olib, amalda o‘shaning vazifasini o‘tay boshlagan – u kambag‘allarning moddiy ahvoli haqidagi masalani o‘z bilganicha hal qilgan, mehnat uyida, cherkovda, aksar hollarda esa qavm miqyosida politsiya nazoratini ham o‘z ustiga olgan.


[Закрыть]
ning guvohliklaridan keyin chippakka chiqar; tabib bunday hollarda murdani yorib ko‘rib, undan hech qanday asorat topmasdi – bu haqiqatga o‘xshab ketardi; bidl ham qasam ichib, albatta qavmga ma’qul guvohlik berar – bu esa o‘z navbatida oliy darajadagi diyonatlilik hisoblanardi. Boz ustiga, kengash a’zolari fermani muntazam ziyorat qilib turishar va borishlaridan oldin o‘zlarining tashriflaridan ogoh etib qo‘ygani bidlni jo‘natishardi. Ular yetib kelishganda bolalar ko‘rsa ko‘rguday yoqimtoy hamda ozoda tusda ko‘rinishardi, xo‘sh, bundan ortiq ulardan yana nimani ham talab qilish mumkin!

Fermadagi bunday ta’lim-tarbiya usuli biron-bir g‘aroyib samara yo yaxshi hosila berishini kutish noo‘rin edi. Qisqasi, Oliver Tvist to‘qqiz yoshga to‘lgan kunida rangpar, majmag‘il, jimitdakkina, ramaqijon bir bolakay edi. Ammo tabiat Oliverning qalbiga ezgulik urug‘ini qadagan, ushbu urug‘ bu dargohda rasm bo‘lgan qashshog‘ona ovqatlanish sharofati bilan o‘z-o‘zicha kurtak yozib, palak otmoqda edi. Oliver to‘qqiz yoshga to‘lgan kuni bilan yuz ko‘rishayotgan ekan, buning uchun ana shu shart-sharoitdan minnatdor bo‘lishi darkordir.

Nima bo‘lganda ham, har qalay, bugun uning dunyoga kelgan kuni edi. Bu kunni u o‘zi bilan yaxshigina kaltak ulushini baham ko‘rgan, betgachoparlik bilan, go‘yoki ochmiz deb shakkoklik qilgani boisidan qamab qo‘yilgan ikki norasida jentlmen hamrohligida ko‘mir saqlanadigan yerto‘lada o‘tkazayotgan edi. Xuddi shu kuni ushbu mahkamaning mutasaddisi, ajoyib xonim, missis Mann qo‘qqisdan paydo bo‘lib qolgan mister Bambl – bidlning bog‘ eshigini ochishga urinayotganini ko‘rib, talvasaga tushdi.

– Voy Xudoyim-ey! O‘zingizmisiz, mister Bambl? – deya xitob qildi missis Mann boshini derazadan chiqarib qararkan, o‘zini naq boshi osmonga yetgudek suyunib ketganday qilib ko‘rsatib. – (Syuzen, Oliver bilan anavi ikki bolani tepaga olib chiqib, darrov yuvintiring!) Voy Xudoyim-ey! Mister Bambl, sizni ko‘rib suyunganimdan yuragim yorilayozdi-ya!

Mister Bambl barvasta va jizzaki odam edi; bunday «samimiy» salomga munosib tarzda alik olish o‘rniga eshikni jon-jahdi bilan itardi, keyin uni faqat bidlning oyoqlarigagina xos bo‘lgan tepki bilan siyladi.

– Voy xudoyim-ey! – chiyilladi missis Mann uydan otilib chiqar ekan, zero, bu orada uchala bolani ham tepaga olib chiqishga ulgurishgan edi. – Buni qarang-a! Bizning g‘aroyib bolalarimizni deb eshik ichkaridan berkitib qo‘yilgani butunlay yodimdan ko‘tarilib ketganini qarang-a! Kira qoling, ser, marhamat, kiravering, mister Bambl, kiring, ser!

Hattoki, cherkov oqsoqolini ham iydirib yuboradigan bu iltifotli mulozamat, navozish va ta’zimlar bidlning ko‘nglini zarracha yumshata olmadi.

– Nahotki, missis Mann, siz bu yerga qavm yetim-yesirlari bilan bog‘liq bo‘lgan yumushlar yuzasidan keluvchi qavmning mansabdor xizmatchilarini bog‘ eshigi oldida kuttirib qo‘yib, bu qilmishingizni odobdan deb o‘ylasangiz? – deya pisanda qildi mister Bambl hassasini changallagancha. – Sirasini aytganda, siz qavm tayinlaydigan shaxs ekaningiz va qavmdan maosh olib turajagingiz ma’lummi, missis Mann?

– Rostini aytsam, mister Bambl, sizni jondan sevadigan bolajonlarimizdan ba’zi birlariga janoblarining kelganlarini xabar qilaman deb tutilib qoldim, xolos, – deya javob berdi missis Mann bag‘oyat itoatkorlik bilan.

Mister Bambl o‘zining notiqlik bobidagi iste’dodi hamda imon-e’tiqodi borasida g‘oyat yuksak fikrda edi. Hozir ham u notiqlik iste’dodini namoyish qilib, sha’n-e’tiqodini amalda isbot etgachgina, picha yumshadi.

– Xo‘p, mayli, missis Mann, – javob qildi u xiyla bosiq ohangda, – ehtimol, shundaydir. Qani, ichkariga kiraylik, missis Mann. Men ish yuzasidan kelganman, sizga ba’zi bir narsalarni ma’lum qilishim lozim.

Missis Mann bidlni g‘isht sahnli mo‘jazgina mehmonxonaga boshlab kirib, unga kursi qo‘yib berdi-da, iltifot-la uning uch qirra qalpog‘i bilan hassasini stolga qo‘ydi. Mister Bambl manglayidagi terni artarkan, uch qirra qalpog‘iga mamnun nigoh tashlab, miyig‘ida jilmaydi. Ha, u zot jilmaydilar. Axir, bidllar ham odam-da; shunday qilib, mister Bambl jilmaydilar.

– Endi sizga aytadigan gapimga xafa bo‘lmaysiz-da, – dedi missis Mann maftunkor nazokat bilan. – Siz bag‘oyat uzoq yo‘l bosib kelgansiz, yo‘qsa sizga bu gapni aytib o‘tirmasdim. Mister Bambl, bir qultumgina ichmaydilarmi?..

– Bir tomchiyam ichmayman! Ha-ha, bir tomchiyam! – dedi mister Bambl o‘ng qo‘lini vajohat, shu bilan birga xotirjam silkib.

– Mening fikri ojizimcha, har holda tomoqni ho‘llab olsangiz bo‘lardi, – dedi missis Mann, ichida uning rad javobi ohangi-yu, unga hamohang qo‘l harakatini o‘zicha sharhlab. – Haligi, ozroqqina sovuq suv-u bir chaqmoq qand qo‘shib, bittagina qultum.

Mister Bambl tomoq qirib qo‘ydi.

– Faqat bir qultumgina, – deya o‘zinikini ma’qullashga urinardi missis Mann.

– Aynan nimadan bir qultum? – deya qiziqdi bidl.

– Yoqimtoy bolajonlarimizning toblari qochib qolganida Daffi al-iksiri66
  Daffi al-iksiri – mashhur bolalar suyuq dorisi; jin – qoraarcha arog‘i shu nom bilan atalgan.


[Закрыть]
qo‘shib berish uchun bu dargohda saqlashim lozim bo‘lgan narsadan-da, mister Bambl, – deya javob qildi missis Mann, javonni ochib, shisha bilan stakan olayotib. – Bu jin77
  Jin – aroqning bir turi. (Tarj.)


[Закрыть]
. Men sizni aldamoqchi emasman, mister Bambl. Bu jin.

– Missis Mann, siz hali go‘daklarga Daffi al-iksiri ham berasizmi? – deb so‘radi Bambl ko‘z qiri bilan bu g‘alati ichimlik tayyorlash usulini kuzatar ekan.

– Iloyo, ularni Yaratganning o‘zi yarlaqasin, ancha-muncha qimmat tursa hamki, berib turaman, – deya javob qaytardi tarbiyachi. – Bilsangiz, ser, ko‘z oldimda azob chekishlariga asti chiday olmayman.

– Ha, balli, – deb ma’qulladi mister Bambl, – chidab turolmaysiz. Siz pursaxovat ayolsiz, missis Mann. – Ayol stakanni stolga qo‘ydi. – Kezi keldi, deguncha bu haqda kengashga ma’lum qilaman, missis Mann. – Bambl stakanni o‘ziga yaqinroq surdi. – Sizning qalbingiz, missis Mann, chinakam onalik mehr tuyg‘usiga to‘la. – U jinni suv bilan aralashtirdi. – Men… men bajonidil sizning sihat-salomatligingiz uchun ichaman, missis Mann.

Shunday deya u bir ko‘tarishda yarim stakanni bo‘shatdi.

– Ana endi ishga o‘taylik, – so‘zini davom ettirdi bidl charm kartmonini ola turib. – Bolakay Tvist, haligi Oliver deb ism berilgan go‘dak bugun to‘qqiz yoshga to‘ldi.

– Uni Tangrining o‘zi yarlaqasin! – gap qistirdi missis Mann peshbandi etagi bilan chap ko‘zini naq qizarguday ishqab.

– Ammo-lekin o‘n funt88
  Funt – 209,5 gramm, qadoq. (Tarj.)


[Закрыть]
, keyinchalik esa yigirma funt mukofot va’da qilinganiga qaramay, inchunin, qavm tomonidan ko‘rsatilgan favqulodda, aytishim mumkinki, misli ko‘rilmagan darajadagi urinishlarga qaramay, – so‘zini davom ettirdi Bambl, – biz baribir uning otasi kim, shuningdek, uning turar joyi qayda, onasining ism-sharifi-yu nasl-nasabini bila olmadik.

Missis Mann taajjubda qo‘llarini chayqadi, ammo bir nafaslik taradduddan keyin so‘radi:

– Unda bolakayga ism-sharifni, umuman, qayoqdan olib qo‘yishgan?

Bidl mag‘rurona qaddini rostladi-da:

– Buni kaminalari qo‘yganlar, – dedi.

– Siz-a, mister Bambl?

– Ha, men, missis Mann. Asrandilarimizga alifbo tartibi bo‘yicha ism qo‘yamiz. Oxirgisi «S» harfiga kelib to‘xtagandi – men uni Suobl deb atadim. Bunisiga kelganda navbat «T» harfiga yetgandi – unga Tvist deb ism qo‘ydim. Keyingisi Unuin, undan keyingisi esa Filipps bo‘ladi. Ismlarni alifboning oxirigacha o‘ylab qo‘yganman, «Z» harfigacha yetganimizdan so‘ng, yana boshidan boshlayman.

– Axir, siz tuppa-tuzuk yozuvchi ekansiz-ku, ser! – tasanno o‘qidi missis Mann.

U suv qo‘shilgan jinni oxirigacha ichib yuborib:

– Oliver ulg‘aygani, endilikda bu yerda qola olmasligi sababli kengash uni yana mehnat uyiga qaytarishga qaror berdi. Men uni o‘z qo‘lim bilan o‘sha yoqqa olib ketish uchun keldim. Qani, tezroq ko‘rsata qoling uni.

– Hoziroq olib kelaman uni, – dedi missis Mann xonadan chiqayotib.

Bu orada yuz-qo‘llaridagi kir-chirlarning bir yuvinishda ketkizsa bo‘ladigan ustki qatlamidan qutulgan Oliverni mehribon homiysi mehmonxonaga boshlab kirdi.

– Oliver, jentlmenga ta’zim qil, – dedi missis Mann.

Oliver nafaqat stulda o‘tirgan bidlga, ayni chog‘da, stolda yotgan uch qirra qalpoqqa qarab ham ta’zim bajo etdi.

– Men bilan ketasanmi, Oliver? – deya so‘radi mister Bambl ulug‘vorlik ila.

Oliver, bu yerdan istagan odam bilan jon-jon deb ketaman, deyishga tayyor edi-yu, lekin boshini ko‘taruvdiyamki, ko‘zlari bidl o‘tirgan stulning orqasiga o‘tib olgan va aftini darg‘azab burishtirib, musht o‘qtalayotgan missis Manning nigohiga to‘qnash keldi. U bu shamani darhol fahmladi, zotan, badanida bot-bot iz qoldirib turgan mushtum uning xotirasiga chuqur o‘rnashib qolgandi.

– Xonim ham men bilan birga boradilarmi? – deb so‘radi bechora Oliver.

– Yo‘q, u bora olmaydi, – javob qildi mister Bambl. – Lekin vaqti-vaqti bilan seni ko‘rgani borib turadi.

Bu bolakayga unchalik tasalli bo‘lolmasdi. Bil’aks anchayin g‘o‘r bo‘lishiga qaramay, o‘zini go‘yoki bu yerni nihoyatda afsus-nadomat-la tashlab ketayotgan qilib ko‘rsatishga aql-u farosati yetdi. Ko‘ziga yosh olish uning uchun hech gap emasdi, och-nahor yurish hamda badbin muomala ko‘zga yosh olishni xohlagan chog‘ingizda eng sodiq yordamchidir. Xullasi kalom, Oliver ko‘ziga yosh oldi, ko‘z yoshi qilganida ham desangiz, yig‘isi darhaqiqat nihoyatda tabiiy chiqdi. Missis Mann uning boshida ming aylanib-o‘rgilib, mehnat uyiga borganida haddan ziyod och ko‘rinmasligi uchun sariyog‘ surtilgan bir burda non (Oliver bunisiga xiyla ko‘proq muhtoj edi) hadya etdi!

Qo‘lida bir burda non ushlagan, boshiga jigarrang qavm qalpoqchasini kiygan Oliverni mister Bambl mungli-anduhli bolalik yillarida biron marotaba na biron og‘iz shirin so‘z, na biron erkalaguvchi nigoh nurafshon eta olgan ushbu manfur dargohdan yetaklab chiqib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, chiqishi bilan ortidan bog‘ hovlining darvozasi berkilganida, har qalay, bolakayning qayg‘u-alami ziyoda bo‘ldi. O‘zi tashlab ketayotgan, baxtiqarolik bilan kechgan kunlaridagi o‘rtoqlari – qanchalar ayanchli ahvolda bo‘lmasinlar – uning birdan-bir do‘stlari edi. Shunda ushbu ulkan va behudud olamda o‘zining yolg‘izligini tushunib yetdi va bu o‘y ilk bora go‘dakning murg‘ak qalbini sirqiratib yubordi.

Mister Bambl katta-katta odim tashlab borardi; jimitdek Oliver uning zarhal uqali yengidan mahkam ushlab, yonginasida pildiragancha chopib borar va har chorak milni bosib o‘tganlarida: «Hali uzoqmi?» – deb so‘rashini qo‘ymasdi. Bu savolga mister Bambl jerkib javob qaytarardi, negaki bu paytga kelib ba’zi odamlarni birpasgina xushmuomala qilib qo‘yadigan suv qo‘shib ichilgan jinning quvvati tarqab bo‘lgan va u yana bidlga aylangan edi.

Oliver mehnat uyiga kelganiga chorak soat o‘tmayoq va qo‘lidagi nonni yeb bo‘lar-bo‘lmas, uni qandaydir bir kampirsho izmiga topshirib ketgan mister Bambl qaytib keldi-da, shu kuni oqshomgi kengash majlisi haqida so‘zlab, kengashning istagi bilan u hoziroq kengash huzuriga borishi zarurligini aytdi.

Kengashning o‘zi nima ekani to‘g‘risida tuzuk-quruq tasavvurga ega bo‘lmagan Oliver bu gapni eshitib, angrayib qoldi va kulishini ham, yig‘lashini ham bilmay, qaqqayib turaverdi. Darvoqe, bu haqda bosh qotirgani fursati ham yo‘q edi, negaki mister Bambl, qimirlasang-chi, deganday hassasi bilan uning boshiga, keyin go‘yo dalda berganday, kuragiga bir tushirib, orqasidan yurishni buyurdi-da, uni ohak bilan oqlangan, stol tegrasida yetti-sakkiz chog‘li baqaloq-baqaloq jentlmenlar o‘tirgan kattakon xonaga boshlab kirdi. Stolning to‘r tomonidagi boshqalariga qaraganda xiyla baland kresloda yuzi shirmonday qip-qizil, xo‘ppasemiz jentlmen savlat to‘kib o‘tirardi.

– Kengash a’zolariga ta’zim qil, – dedi Bambl.

Oliver hali nami qurib ulgurmagan ko‘zlaridan ikki-uch tomchi yosh yumalab, yaxshiyamki qarshisidagi stolni ko‘rib turgani, o‘sha yoqqa qarab ta’zim qildi.

– Isming nima, bolakay? – so‘radi baland kresloda savlat to‘kib o‘tirgan jentlmen.

Oliver baqaloq jentlmenlarni ko‘rib qo‘rqib ketgandi, bidl bo‘lsa ketidan yana bitta tepki bilan siylab, uni ho‘ngrab yig‘lashga majbur etdi. Ana shu ikki sabab tazyiqida u eshitilar-eshitilmas va bo‘shashib javob qildi, buning oqibatida oq nimcha kiygan jentlmen unga tentak, deb laqab to‘qidi va o‘sha zahotiyoq zavqi kelib, qulfi dili ochilib ketdi.

– Bolakay, – dedi baland kresloda o‘tirgan jentlmen, – menga qara-chi. O‘ylaymanki, yetimligingni bilsang kerag-a?

– Bu nima degani, ser? – so‘radi bechora Oliver.

– Bu bola tentak. O‘zim ham shunday deb o‘ylagandim, – dedi oq nimchali jentlmen.

– Sekinroq! – dedi birinchi bo‘lib so‘z boshlagan jentlmen. – Na otang, na onang yo‘qligi, seni qavm tarbiyat qilgani ma’lum bo‘lsa kerak?

– Ha, ser, – javob berdi Oliver achchiq-achchiq yig‘lab.

– Nimaga yig‘layapsan? – deb so‘radi oq nimchali jentlmen.

Rostdan ham – juda g‘alati-ku! Bu bolakay nimaga yig‘layaptiykin?

– Ishonamanki, har oqshom duo o‘qib, – dedi boshqa jentlmen jiddiy ohangda, – chin nasroniylarday – seni boqayotgan hamda g‘amingni yeyayotganlarning duoyi joni yo‘lida iltijo qilarsan-a?

– Ha, ser, – deya javob berdi bola duduqlanib.

Oxirida so‘zlagan jentlmen o‘zi ham anglamagan holda haq gapni aytgandi. Oliver mabodo, o‘zining qornini to‘yg‘azayotganlar va uning g‘amini yeyayotgan valine’matlarining duoyi joni yo‘lida iltijo qilganida chindan ham nasroniy, nasroniy bo‘lganda ham beqiyos, asl nasroniy bo‘larmidi. Biroq u ibodat-u iltijo qilmasdi, zotan, hech bir zot buni unga o‘rgatmagandi.

– Barakalla! Seni bu yerga tarbiya bermoq hamda foydali biror kasb-korga o‘rgatmoq niyatida olib kelishdi, – dedi baland kresloda o‘tirgan yuzi qip-qizil mag‘izday jentlmen.

– Shundoq ekan, ertadanoq sahar mardonda, ya’ni soat oltidan boshlab kanop losi titishga tushasan, – qo‘shib qo‘ydi oq nimchali badqovoq jentlmen.

Ushbu ikki saxovatning kanop losini titishdek unchalik mushkul bo‘lmagan yumushda mujassam topgani evaziga minnatdorchilik bildirish uchun Oliver (bidlning amri bilan) ikki bukilib ta’zim bajo keltirdi va o‘sha zahotiyoq kattakon xonaga olib chiqib ketildi. Bolakay bu yerdagi qattiq karavotda to uyquga ketgunicha o‘krab yig‘lab yotdi. Angliya ning shafqatli qonunlariga moslab chizilgan ajoyib manzarani qarang-a! Bu qonunlar qashshoqlarga uxlashga izn berib qo‘yibdi-ya!

Sho‘rlik Oliver! Xuddi shu kuni kengash uning bundan buyongi taqdir-u qismatiga o‘z ta’sirini o‘tkazadigan qarorni qabul qilganini esiga ham keltirmay, hech vaqoni bilmay baxtiyorlik chodrasiga burkanib uxlab yotardi. Biroq kengash qaror chiqarib bo‘lgandi. Bu qaror quyidagicha edi.

Mazkur kengashning a’zolari bag‘oyat dono, farosatli, ziyrak faylasuflar edi, shu boisdan ham ular nihoyat mehnat uyiga nazar-e’tiborlarini qaratar ekanlar, o‘sha zamonoq bo‘lak osiy bandalar hech qachon anglab yeta olmaydigan narsani payqadilar, xususan, bu tubandagi kashfiyot edi: qashshoqlar mehnat uyini yaxshi ko‘radilar! Bu joy darhaqiqat qashshoqlar sinfi uchun umumvaqtichog‘lik maskani edi; haq to‘lanmaydigan oshxona; yil o‘n ikki oy tekin nonushta, tushlik, choy hamda kechlik taom; o‘yin-kulgidan bo‘lak yumushi yo‘q g‘isht va ohakdan bunyod etilgan jannat! «O‘-ho‘! – vajohat bilan nido solishdi kengash a’zolari. – Biz u yerda tartib o‘rnatmog‘imiz darkor. Biz darhol chek qo‘yamiz bunga». Xullasi kalom, kengash a’zolari shunday qarorga keldilarki: bunga binoan barcha yo‘qsillarga yo mehnat uylarida sekin-asta ochlikda o‘lishni, yo undan tashqarida tezgina o‘lim topishni tanlash (zero ular, turgan gapki, hech kimni majbur etishni istamas edilar) havola etilardi. Shu maqsadda ular cheklanmagan miqdorda suv bilan ta’minlanib turish uchun vodoprovod kompaniyasi, muntazam ravishda cheklangan miqdorda suli yormasi yetkazib berib turish uchun don sotuvchi agent bilan shartnoma tuzishdi va qavm ahliga kuniga uch mahal suyuq go‘ja, haftasiga ikki marta bir bosh piyoz, yakshanba kunlari yarimta kulcha berishga qaror qilishdi. Ular yana ayollarga tegishli son-sanoqsiz oqilona hamda insonparvarona ko‘rsatmalar berdilarki, bularni sanab o‘tirishning zarurati yo‘q shu tobda. Doktors-Kammonsda99
  Doktors Kommons – alohida – oilaviy ajralish, vasiyatnomalarni tasdiqlash hamda meros janjallari, shuningdek, ba’zi bir xil ishlar ko‘riladigan cherkov sudida advokatlik xizmatini o‘taydigan yuristlar korporatsiyasi (jamiyati) ushbu nom bilan atalgan. Yuristlarning mazkur jamiyatining nomi yuristlar idoralari joylashgan va o‘zlari ham turadigan uylarga ko‘chirilgan, keyin esa ana shunday uylardan birida joylashgan va yuqorida qayd qilingan ishlarni ko‘radigan sudga ham shu nom berilgan (bu sud faqat 1857-yildagina tugatilgan).


[Закрыть]
nikohni bekor qilish ishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajat-u chiqimlar katta bo‘lgani sababli ular marhamat ko‘rsatib, yo‘qsillarni xotinlaridan ajratishni o‘z zimmalariga olishga rozilik berdilar. Shu bilan ular ilgarilari qilganlaridek, odamni oilasini boqishga majbur etmay, uni bola-chaqasidan tortib olib, o‘zini bo‘ydoqqa aylantiradigan bo‘ldilar. Basharti, mehnat uyi bilan aloqador bo‘lmaganida, ana shu keyingi bandni nazarda tutib, jamiyatning barcha tabaqasiga mansub bo‘lgan qanchadan-qancha iltimosgo‘ylar nafaqa-madad so‘rab, ularga murojaat etishlari tayin edi; ammo kengash a’zolari uzoqni ko‘ruvchi tadbirkor odamlar bo‘lib, bunday mushkul ahvol yuz berishining oldini oluvchi tadbirlar chorasini ko‘rib qo‘ygandilar. Madad mehnat uyi hamda go‘ja bilan chambarchas bog‘liq edi, ushbu hol esa odamlarni cho‘chitib turardi.

Oliver Tvist bu yerda paydo bo‘lganidan keyingi dastlabki yarim yil mobaynida ana shu tartibni zo‘r berib joriy eta boshladilar. Avvaliga bu tartibot ozmuncha sarf-u xarajatlarni talab etmadi, sababki, tobutsozga to‘lanadigan haq ortib ketdi va bir-ikki haftalik go‘jaxo‘rlikdan so‘ng cho‘p-ustixon bo‘lib qolgan yo‘qsillarning egnilaridagi kiyimlarni uzluksiz ravishda, qayta-qayta toraytirib tikishga to‘g‘ri keldi. Biroq ayni chog‘da, mehnat uyi istiqomatchilarining soni ham qashshoqlarning tanalari singari yupqa tortib bordi, kengash a’zolari esa xursandlikdan terilariga sig‘masdilar.

Bolalarni g‘ishtin devorli hayhotday xonada ovqatlantirar edilar; xonaning bir burchagiga qozon qurilgan bo‘lib, yemak vaqti belgilangan soatda oldiga peshband tutib olgan nazoratchi bir yoxud ikki ayol ko‘magida ana shu qozondan go‘ja suzib berardi. Har bir o‘g‘il bolaga ana shu ajoyib ataladan faqat bir tovoqchada tegardi, katta bayram kunlari bundan mustasno bo‘lib, bolaga atalaga qo‘shimcha ikki-yu chorak unsiya non ham berilar edi. Tovoqchani hech qachon, aslo yuvib o‘tirishga hojat qolmasdi. Bolalar uni qoshiq bilan yaltillab ketguday qirib-qirtishlab, chinniday qilib qo‘yardilar; bu yumushni ado etib bo‘lgach (u hech qachon ortiqcha vaqtni olgan emas, negaki qoshiqlar deyarli tovoqchalar bilan bab-baravar hajmda edi), ular go‘yo o‘choq g‘ishtlarini ham kemirib yuborguday qiyofada qozonga lo‘q bo‘lib tikilganlaricha, tasodifan yuqib qolgan go‘ja yuqini topish umidida barmoqlarini so‘rib o‘tiraverardilar. Odatda o‘g‘il bolalar o‘zlarining beqiyos ishtahalari bilan ajralib turadilar. Oliver Tvist va uning o‘rtoqlari chalaqursoqlik oqibatida asta-sekin o‘lim sari yuz tutib, uch oydirki iztirob chekardilar, nihoyat, ular ochlikdan shunchalik ochofatlashib hamda shunchalik eslarini yo‘qotib qo‘ydilarki, oqibatda yoshiga nisbatan bo‘ychanroq va bunday ahvolga ko‘nikmagan bir bolakay (uning otasining qachonlardir kichkina oshxonasi bo‘lgan) o‘rtoqlariga mungli tovush bilan, agar menga per diem go‘jadan yana bir tovoq qo‘shimcha bermasalar kechasi yonimda yotgan bemajol bolani bexosdan yeb qo‘ymasam deb qo‘rqaman, deya shama qilib qoldi. Shu tobda uning ko‘zlari vahshiyona, naq g‘ajib tashlagudek bejo alanglardi, buni ko‘rgan bolalar uning gapiga ko‘r-ko‘rona, chippa-chin ishondilar. Kengash qurdilar: shu oqshom kechlikdan keyin nazoratchining yoniga borib, qo‘shimcha go‘ja so‘rash uchun chek tashladilar. Qisqasi, chek Oliver Tvistning zimmasiga tushdi.

Kech kirdi; bolalar o‘z joylarini egalladilar. Oshpaz libosidagi nazoratchi qozon oldiga joylashdi; uning qashshoq yordamchilari orqa tomoniga kelib turdilar. Go‘ja tovoqchalarga quyildi. Faqirona taom oldidan uzundan-uzun ibodat duolari o‘qildi. Go‘jalar zumda g‘oyib bo‘ldi; bolalar bir-birovlari bilan pichirlashib, Oliverga ko‘z qisib imo qila boshladilar, yaqinida turganlar esa uni turtishga tushdilar. Mushtdekkina Oliver ochlikdan umidsizlikka tushib, behudud alamdan es-hushini yo‘qotib qo‘ygandi. U stol yonidan qo‘zg‘aldi-da, tovoq va qoshig‘ini ko‘targanicha nazoratchiga yaqinlashib, o‘z beadabligidan salgina cho‘chinqirab, bunday dedi:

– Kechirasiz, ser, tag‘in yegim kelyapti.

Nazoratchi devqomat, baquvvat odam edi, shunga qaramay uning tusi pag‘a bo‘lib ketdi. Hayratdan dong qotib, mushtumdekkina isyonkorga bir necha soniya tikilib turdi-da, so‘ngra madad izlaganday qozonga suyanib qoldi. Yordamchi ayollar taajjubda, bolalar qo‘rquvda baqa bo‘lib serrayib qolishdi.


Страницы книги >> 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации