Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 12 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]
O‘N SAKKIZINCHI BOB
OLIVERNING DILGA NAJOT BERUVCHI MUHTARAM OSHNALARI DAVRASIDA VAQTNI QANDAY O‘TKAZGANI HAQIDA
Ertasi kuni, choshgoh pallasida Tullak bilan yosh Beyts odatdagi yumushlariga jo‘nagach, mister Fedjin fursatdan foydalanib, Oliverga nonko‘rlikdek gunohi azim borasida uzundan-uzun va’z o‘qidi. Oliver qasddan do‘stlarini tashvishga solib, ular davrasidan qasddan qochib ketib, ustiga-ustak shunchalik tashvish-u xarajatlardan keyin ham ular qo‘lidan qochib qutulishga urinib ana shunday gunohga yo‘l qo‘yganini ochiq-oydin isbotlab berdi. Mister Fedjin ayniqsa Oliverga boshpana bergani hamda o‘z vaqtida qanoti ostiga olib isitmaganida ochdan o‘lib ketishi aniq ekanini ta’kidladi; keyin mister Fedjin xuddi shunday sharoitda odamgarchilik qilib o‘zi yordam qo‘lini cho‘zgan, ammo uning ishonchini oqlay olmagan va politsiya bilan aloqa qilish istagi borligini bildirib qo‘ygan, oqibatda, ming afsuski, bir kuni ertalab Old-Beylida3434
Old-Beyli – Nyuget turmasi yonginasidagi eski jinoiy ishlarni ko‘ruvchi sud; o‘lim hukmi sud hovlisida emas, balki turma hovlisida ijro etilgan.
[Закрыть] dorga osilgan bir bolakayning boshidan kechgan achinarli va ta’sirli voqealarni so‘zlab berdi. Mister Fedjin ushbu halokatda o‘zining ham hissasi bor ekanini yashirishga urinmadi; lekin yuqorida zikr etilgan bolaning nobakorligi, xoinligi uchun sudda (garchi asl haqiqatga to‘g‘ri kelmasa-da) ba’zi bir guvohliklar berishga to‘g‘ri kelganligini, ana shuning oqibatida uning qurbon bo‘lganini ko‘ziga yosh olib gapirib berdi va uning (mister Fedjinning) va ba’zi sara do‘stlarning xavfsizligini ta’minlash uchun shunday qilishlari juda ham zarur bo‘lganini aytdi. Xulosasida mister Fedjin osilish jarayonida sodir bo‘ladigan noqulayliklarni nihoyatda yoqimsiz bir tarzda ta’riflab berdi va hech qachon Oliver Tvistni bunday ko‘ngilsiz qismatga ro‘para etish niyati yo‘qligini xushfe’llik bilan qizg‘in bayon qildi.
Juhudning va’ziga quloq solarkan, bu gaplar zamirida yashiringan mudhish tahdid va po‘pisani sal-pal anglab yetgan mitti Oliverning o‘takasi yorilayozdi. Endilikda unga mabodo, aybsiz bilan aybdor ikkalasi tasodifan baqamti kelib qolganida hatto odil sud ham aybsizni aybdor deb topishi mumkinligi ma’lum edi. Shuningdek, uning nazdida keksa juhud shu paytgacha bir necha marta ko‘p narsadan xabardor yoki og‘zi bo‘sh odamlarni gumdon qilish maqsadida yashirincha rejalar o‘ylab topib, ularni amalga oshirganday bo‘lib tuyuldi; negaki, Oliver shu tobda mazkur jentlmen bilan mister Sayks orasidagi bordi-keldi gaplarni esladi, bu gaplar ilgari bo‘lib o‘tgan xuddi ana shunaqangi yashirincha ishga taalluqli bo‘lishi kerak. U ko‘zlarini cho‘chibgina ko‘tarib, nigohi juhudning sinchkov nazari bilan to‘qnash kelarkan, o‘zining rangi quv o‘chgani va titrab turgani cholning nazaridan qochib qutulmaganini hamda bu hol ziyrak keksa jentlmenni mamnun etganini fahmladi.
Juhud kishini jirkantiradigan bir qiyofada irshayib, Oliverning boshini silagan ko‘yi, agar u o‘zini yaxshi tutadigan bo‘lsa va ishni boshlasa, hali do‘stlashib ketajaklarini aytdi. So‘ngra shlyapasini olib, eski yamoq paltosini kiydi-da, xonadan chiqib, ustidan qulflab qo‘ydi.
O‘sha kuni kechgacha va keyingi kunlari erta sahardan, to yarim kechagacha Oliver hech kimni ko‘rmadi, bir necha soatlab o‘z o‘y-xayollari bilan bo‘ldi. Bu o‘y-xayollari esa mehribon do‘stlariga qaratilgan va o‘zi to‘g‘risida ular qanday xayollarga bordiykin, degan g‘oyatda g‘amgin savolga borib taqalar edi.
Oradan bir haftalar o‘tgach, juhud eshikni qulflashni bas qildi, shundan keyin Oliver uchun butun uyni aylanib yurish imkoni tug‘ildi.
Bu yer nihoyatda iflos edi. Yuqori qavatdagi xonalarda haybatli, baland-baland yog‘och kaminlar bor edi, eshiklari ham katta-katta, yog‘och panel bilan qoplangan devor-u shift ostidagi navolari vaqt o‘tishi va is boylashdan qorayib ketgan, biroq turli xil naqsh-u bezaklar bilan bezatilgandi. Bularning bari Oliverning talay yillar muqaddam, hali keksa juhud tug‘ilmasidan burun bu uy xiyla boobro‘ odamlarniki bo‘lgan va garchi hozir befayz va xunuk, huvillab qolgan bo‘lsa-da, u paytlarda hozirgidan fayzliroq hamda chiroyliroq bo‘lgandir, degan xulosa chiqarishiga izn berardi.
Xonalarning burchaklariga o‘rgimchaklar to‘r to‘qib tashlagan, goho esa Oliver astagina xonaga kirganida g‘ujg‘on o‘ynagan sichqonlar to‘rt tarafga qarab qochib, o‘z inlariga kirib, pildir-pis bo‘lib olardilar. Sichqonlardan bo‘lak jonivor zotining na o‘zi ko‘rinardi-yu, na sasi eshitilardi bu yerda; ko‘pincha qorong‘i tushib, Oliver xonama-xona sanqiyverib charchagan paytlarida odamlarga yaqinroq bo‘lish uchun tashqaridan kiriladigan eshik oldidagi burchakka qisinib olardi-da, to juhud yoki bolalar qaytmagunlaricha tiq etgan ovozga quloq solib, soatlarni sanagancha shu yerda o‘tiraverardi.
Hamma xonalarning liqildoq deraza qopqoqlari zich berkitig‘liq, ularni mustahkam tutadigan murvatlar yog‘ochga qoqilib, mahkam burab qo‘yilgan; shiftdagi dumaloq tuynukdan tushib turadigan yorug‘lik xonalarni yanayam nimqorong‘i ko‘rsatar va ularda g‘aroyib ko‘lankalar hosil qilardi. Chordoqning hovliga qaragan, tashqaridan zanglab ketgan panjara o‘rnatilgan derazasida qopqoq yo‘q edi, zerikib siqilib ketgan Oliver ko‘pincha soatlab ana shu derazadan tashqariga tikilardi; deraza ortida behisob tomlar ayqash-uyqash bo‘lib, qalashib-mingashib ketgandi; u qoraygan mo‘rilar, darchalarni ko‘rardi, xolos. Rost, goho olisdagi bironta uyning panjarasi ortidan mo‘ralayotgan oppoq sochli bosh ko‘zga chalinib qolardi, lekin u ham zumda g‘oyib bo‘lardi; Oliverning rasadxonasi derazasi mixlab tashlangani va uzoq yillar davomida oynasi dud va yog‘in-sochindan xiralashib ketgandi, shu sababli bolakayning, o‘zini birov ko‘rib qolishi yoki ovozini eshitishidan umid ham qilmay, turli narsalarning shakli-tarhiga tikilishdan o‘zga chorasi yo‘q edi – o‘zini ko‘rib yoxud ovozini eshitib qolishlariga esa avliyo Pavel jomesi gumbazi ostida yashagani taqdirda ham umid-u ishonch kamroq edi.
Bir kuni choshgohdan keyin, Tullak bilan Beyts kechki ishga otlanayotganlarida, qayd etganimiz yosh jentlmenlardan birinchisining boshiga o‘z shaxsiga oro berishdek fikr kelib qoldi-yu (haqiga ko‘chib, tan berish kerakki – odatda uning bunday qusurga moyilligi yo‘q edi), aynan shu niyatda u muruvvat ko‘rsatib, Oliverga amirona ohangda darhol egnini epga keltirishiga yordamlashib yuborishni buyurdi.
Oliver birovga yordam qilish imkoni tug‘ilganidan xursand, yaramas bo‘lsalar ham, har qalay odamlarni ko‘rayotganidan baxtiyor holda, atrofidagilarning iltifotiga erishishni jon-jahdi bilan istardi (bunga agar insofsiz biron ish qilmay erishishning iloji bo‘lsa, albatta), ana shu sababdan bunday buyruqqa u qarshilik bildirishni xayoliga ham keltirmadi. O‘zining buyruqni bajo keltirishga tayyor ekanini namoyish etishga shoshildi va yerga cho‘kka tushib, stolda o‘tirgan Tullakning oyog‘ini tizzasiga qo‘ydi-da, mister Daukins «o‘z yo‘rg‘asiga pardoz berish» deb ataydigan yumushga kirishdi. Bu so‘zlar oddiy ingliz tiliga tarjima qilinadigan bo‘lsa, etik tozalash deganini anglatar edi.
Chamasi, stolga joylashib olib, trubkasini tutatib o‘tirgani, oyog‘idagi etigini yechib, aziyat chekmagani, to bir poyini tozalagunlaricha ikkinchi oyog‘ini beparvolik bilan likillatib o‘tirgani, keyin ularni qayta kiyishdek ko‘ngilsiz mashaqqatdan qutulganidan huzurlanib, o‘zini erkin his qilayotganidanmi yoki ajoyib tamaki ko‘nglini iydirgani boisidanmi, balki xotirjam tortkizuvchi kuchsiz pivo ta’sir qilgandir – sababi qanday bo‘lmasin, Tullak shu asnoda odatdan tashqari dimog‘i chog‘, xursand kayfiyatda edi. Oldiniga Oliverga o‘ychan qiyofada tikildi, so‘ngra esa boshini ko‘tarib, astagina xo‘rsinib qo‘ydi-da, o‘z-o‘ziga aytdimi, Beytsgami, ishqilib, shunday dedi:
– Esizgina, yurgan bolamas-da!
– Ha, – dedi yosh Charli Beyts, – o‘z foydasini tushunmaydi bu.
Tullak yana xo‘rsinib qo‘ydi-da, tag‘in tamakisini tutataverdi; Charli Beyts ham shunday qildi. Ikkovlon bir necha lahza jimgina chekishdi.
– Sen hali hatto yurgan bola degani nimaligini ham bilmasang kerag-a? – so‘radi Tullak o‘ychan.
– Menimcha, biladiganga o‘xshayman, – javob qildi Oliver boshini ko‘tararkan. – Bu o‘g‘… siz o‘shalardan bittasisiz, to‘g‘rimi? – so‘radi u sal tutilib qolib.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – javob berdi Tullak. – Ikki dunyoda ham boshqa kasbni qilmasdim past ketib.
Mister Daukins o‘z ahdini ana shunday bayon qilgach, jahl bilan shlyapasini chakkasiga surib qo‘ydi-da, xuddi e’tiroz bildirib ko‘r-chi, deganday yosh Beytsga tikildi.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – takrorladi Tullak. – Charli ham, Fedjin ham, Sayks ham, Nensi ham, Bet ham xuddi shunday. Biz hammamiz yurganlarmiz, kuchuk ham bundan mustasnomas. Hali u hammamizdan ham epchilroq bo‘lib ketadi, ko‘rasan!
– Kim-kim-u, u sirayam sotmaydi-da! – qo‘shib qo‘ydi Charli Beyts.
– U sudda gullab qo‘ymay deb cho‘chiganidan aqalli «vov» ham demasdi… e yo‘q, hatto bordi-yu, uni bog‘lab qo‘yib, ikki hafta ovqat bermagan chog‘laridayam, – dedi Tullak.
– Sirayam «vov» demasdi, – tasdiqladi Charli.
– Ja ajoyib kuchuk-da, – so‘zini davom ettirdi Tullak. – Oldida kulmoqchi yoki ashula aytmoqchi bo‘lgan begona odamga qanaqangi vahshiyona olayishini aytmaysanmi! G‘ijjak chalayotganlarida irillashi-chi! Jamiki zoti boshqa itlarni g‘ajib tashlashga tayyor! O‘!
– Asl nasroniy-da, o‘ziyam! – dedi Charli.
U faqat itni xislat-u fazilatlari uchun maqtamoqchi edi, biroq mulohazasi, garchi yosh Beyts buni bilmasa-da, o‘zga ma’noda juda o‘rniga tushgandi; o‘zlarini asl nasroniy deb hisoblashga da’vogar talay xonim va jentlmenlar bor ediki, bular hayron qolarli darajada mister Sayksning iti bilan o‘xshash jihatlarga egadirlar.
– Xo‘p, bo‘pti, – dedi Tullak o‘tlab ketgan mavzulariga qaytib, zotan, u o‘z kasbini hamisha yodda tutardi. – Buning bizning go‘lga hech qanaqangi aloqasi yo‘q.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – gapiga qo‘shildi Charli. – Oliver, sen nimaga Fedjinga shogird tushishni xohlamaysan?
– Innaykeyin, osongina boylik orttirishniyam? – kulimsirab qo‘shimcha qildi Tullak.
– Ana undan keyin ishni yig‘ishtirib, tinchgina, maza qilib yashamaysanmi-ya? Mana meni aytaylik, tag‘in to‘rtta kabisa yili o‘tishi bilan, keyingi kabisa yilida, Troitsa bayrami haftasining qirq ikkinchi seshanbasidan boshlab xuddi shundoq qilmoqchiman, – dedi Charli Beyts.
– Yoqmaydi bu menga, – dedi Oliver hurkibgina. – Men shuni xohlardimki, meni qo‘yib yuborishsa. Men… men ketsam, degandim.
– Fedjin xuddi shuni xohlamaydi-da! – e’tiroz bildirdi Charli.
Buni Oliverning o‘zi ham yaxshi bilardi-yu, lekin tuyg‘ularini ochiq-oshkora izhor etishni xavfli sanaganidan faqat xo‘rsinib qo‘ya qoldi va etikni tozalashni davom ettiraverdi.
– Ketsam degandim-a! – xitob qildi Tullak. – Nima balo, uyating ham yo‘qmi deyman-a? Zig‘irchalik g‘ururing ham yo‘q ekan! Ho, ko‘ngillari ketishni istaydi-yu, o‘zlari oshnalarining hisobiga ayshlarini surmoqchi ekanlar-da?
– E, jin ursin! – bo‘g‘ildi yosh Beyts cho‘ntagidan ikki-uch shoyi dastro‘molni chiqarib, javonga uloqtirar ekan. – Bu pastkashlik, boshqa gapmas!
– Men bo‘lsam, bunaqangi pastkashlikka bormasdim, – dedi Tullak gerdayma-nafratomuz ohangda.
– O‘z do‘stingizni tashlab qochish qo‘lingizdan keladi-ya, – dedi Oliver so‘nik iljayish-la, – innaykeyin, sizlarni deb uni jazolashlariga ham qo‘yib beraverasizlar-a?
– E, haligi, bilasanmi, – javob qildi Tullak trubkasini silkib, – Fedjinni o‘ylab shundoq qildik, axir iskovuchlar birga ishlashimizni bilishadi-ku, agar biz juftakni rostlab qolmaganimizda uning ishi ishkal bo‘lishi mumkin edi-da… Gap ana bu yoqda, to‘g‘rimi, Charli?
Yosh Beyts ma’qullab bosh irg‘adi va nimadir deb qo‘shimcha qilishga chog‘langan paytida Oliverning qanday qochgani qo‘qqisdan esiga tushib ketib qah-qah urib kulib yubordi, xuddi shu asnoda ichiga tortgan tutun boshqa yo‘lga ketib qolib, oqibatda u besh daqiqacha yo‘talib, oyoqlarini tapillatib depsinib turdi.
– Mana ko‘r! – dedi Tullak cho‘ntagidan bir hovuch shilling va yarim penslik tanga-chaqani olarkan. – Mana bu farovon hayot bo‘pti-da! Qay go‘rdan kelib qolgani baribir emasmi? Ma, ol! Bularni olgan joyimizda tag‘in ancha-munchasi qolgan. Nima, xohlamaysanmi? Voy, sen merovni qara-yu!
– Bu judayam yomon ish-a, to‘g‘rimi, Oliver? – dedi Charli Beyts. – Odam oxiri bu ishi uchun sirtmoqqa tushadi, shundaymi?
– Bu nima deganini bilmayman, – javob qildi Oliver.
– Mana bundoq degani bu, oshnam! – dedi Charli. Shunday deya yosh Beyts galstugi uchidan ushlab, yuqoriga siltab ko‘rsatdi-da, boshini yonga qiyshaytirib, tishlari orasidan allaqanday g‘alati tovush chiqarar ekan, bu sho‘xchan harakatlari yordamida sirtmoq tortish bilan osish – ikkovi bir go‘r ekanini tushuntirgan bo‘ldi.
– Mana shunaqa degani bu, – dedi Charli. – Qara, Jek, ko‘zlari kosasidan chiqib ketay deyapti-ya! Bunaqangi lavangni umrim bino bo‘lib ko‘rmaganman.
Bir kun kelib ichagimni uzadi bu, bilaman, tamom qiladi meni.
Yosh Charli Beyts tag‘in ko‘zlaridan yosh chiqquncha xaxolab kulgancha, trubkasini og‘ziga oldi.
– Senga juda yomon tarbiya berishgan ekan, – dedi Tullak benihoya mamnuniyat bilan Oliver tozalab bo‘lgan etigini ko‘zdan kechirayotib. – Aytmoqchi, Fedjin sendan bir nima chiqaradi yoki u hech ish chiqarolmagan birinchi odam sen bo‘lasan. Yaxshisi, hozirdanoq boshlayver, chunki baribir ham shu hunar bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lasan, bunaqada vaqtni bekor ketkizyapsan, xolos, Oliver.
Yosh Beyts bu maslahatni har xil ma’naviy-axloqiy o‘gitlar bilan quvvatladi; pand-u nasihatlari tugagach, u va oshnasi mister Daukins o‘zlari boshdan kechirgan hayot bilan bog‘liq bo‘lgan son-sanoqsiz huzur-halovatli damlarni yorqin bo‘yoqlarda tavsif-u tasvirlashga o‘tishdi va Oliverga paysalga solmay, ularning o‘zlari foydalangan chora-vositalar yordamida tezda mister Fedjinning iltifotiga sazovor bo‘lib olgani ma’qul ekanini shama qilishdi.
– Keyin shu narsani miyangga mahkam joylab olki, Qovoqbosh, – dedi Tullak juhudning yuqoridagi eshikni ochganini eshitib, – agar artgich va chiqqillagichlarni o‘marib kelmaydigan bo‘lsang…
– Bunaqangi gaplarni ishlatishdan foyda bormiya? – gapga aralashdi yosh Beyts. – Nima deyayotganingni tushunmayapti u.
– Agar dastro‘mol bilan soatlarni sen o‘marmaydigan bo‘lsang, – dedi Tullak o‘z nutqini Oliverning zehn-idroki darajasiga moslab, – baribir boshqa birov o‘maradi. Bundan oldirgan odam zarar ko‘radi, senga ham ziyon bo‘ladi, keyin, bu ishda o‘sha buyumni kissasiga urgan boladan bo‘lak hech zog‘ yutmaydi, o‘sha narsaga ega chiqishga u bolaning qanchalik haqqi bo‘lsa, sening ham xuddi o‘shanchalik haqqing bor.
– Barakalla! – dedi juhud, Oliver uning xonaga kirganini payqamay qolgandi. – Bu gaplarning bari jo‘ngina, azizim; judayam jo‘n, Tullakning gapiga bemalol ishonaver. Hi-hi-hi! U o‘z hunarini miridan-sirigacha biladi.
Qariya xursand kayfiyatda kaftlarini bir-biriga ishqab, Tullakning mulohazasini tasdiqlar va shogirdining iste’dodiga qoyil qolib hiringlardi.
Juhud uyga miss Betsi bilan Oliver hali biron marta ham ko‘rmagan jentlmenni ergashtirib kelgani boisidan bu galgi suhbat uzilib qoldi; Tullak uni Tom Chitling deb atadi chog‘i; u xonim bilan mulozamat qilishib zinapoyada ivirsib qolib, endigina xonaga kirib kelgandi.
Mister Chitling Tullakdan kattaroq edi – ehtimol, o‘n sakkiz qishni ko‘rgandir, lekin bu yosh jentlmen bilan picha ehtirom-la muomala qilar, aftidan, ushbu hol u o‘zini Tullakdan pastroq tutishining shahodati edi, negaki, gap quvlik hamda kasbga oid iste’dod xususida borardi. Uning ko‘zlari jimitday, chaqnoq; aftiga chechak gul chekkan; boshida mo‘yna qalpoq, egnida yo‘l-yo‘l qora chiy baxmal kalta kamzul, moy tekkan dog‘-dug‘ paxmoq shim. Ochig‘ini aytganda, uning engil-boshi bir ahvolda;
lekin u ulfatlaridan uzr so‘rab, o‘zini atigi bir soatgina muqaddam «bo‘shatganlarini», keyingi olti hafta davomida forma kiyib yurgani sababli grajdancha kiyimiga qarashga imkoni bo‘lmaganini aytdi. Mister Chitling g‘oyatda asabiylik bilan ust-boshni dudlashning yangicha usuli mutlaqo konstitutsiyaga zid ekanini qo‘shib qo‘ydi, negaki, matosi kuyib qolarkan; lekin graflik ma’murlari bilan bunga qarshi kurashishning imkoni ham, iloji ham yo‘q emish. Sochni olish to‘g‘risidagi ko‘rsatma borasida ham u xuddi shu taxlit fikrni izhor etdi, buni ham u tamoman qonunga xilof hisoblarkan. Mister Chitling o‘z ma’ruzasini og‘ir mehnat-la o‘tgan, har biri yilday uzun qirq ikki kundan beri og‘ziga bir tomchi ham ichkilik olmagani va «qurib-qovjirab ketmagan bo‘lsam, mayli, turgan joyimda gumdon qilib qo‘ya qolinglar» kabi jumlalar bilan nihoyaladi.
– Qani, Oliver, bu jentlmenni qayerdan keldi deb o‘ylaysan? – deb so‘radi juhud boshqa ikki bola stolga bir shisha viskini keltirib qo‘yishgach, miyig‘ida kulib.
– B-bilmadim, ser, – dedi Oliver.
– Bu kim bo‘ldi yana? – so‘radi Tom Chitling Oliverga nafratomuz ko‘z qirini tashlab qo‘yarkan.
– Bu, azizim, yosh do‘stlarimdan biri, – javob qildi juhud.
– Demak, omadi kelibdi uning… – dedi yigitcha Fedjinga ma’nodor boqib. – Qayoqdan kelganimning nima farqi bor, bolakay? Kallamni garovga qo‘yib bahs boylashamanki, u yoqqa olib boradigan yo‘lni tez orada o‘zing topib olasan!
Bu hazildan bolalar kulib yuborishdi. Tag‘in bir muddat xuddi shu mavzuda hangomalashgandan so‘ng, ular Fedjin bilan ikki og‘izgina pichirlashib olib, chiqib ketishdi.
Yangi mehmon chekkaroqda Fedjin bilan so‘zlashdi, keyin ikkalasi ham o‘tirgan kursilarini o‘choqqa yaqinroq surishdi, shunda juhud Oliverni imlab chaqirib, yoniga o‘tirishni buyurdi-da, quloq solayotganlarni hammadan ko‘ra ko‘proq qiziqtiradigan narsadan gap ochdi. So‘z o‘z kasblarining beqiyos naf keltiruvchi jihatlari, Tullakning mahorati, Charli Beytsning xushfe’l-u muloyim tabiati, juhudning o‘zining saxovatliligi ustida bordi. Bu mavzular nihoyat adog‘iga yetdi, shuningdek, mister Chitling ham ado bo‘lgandi, zotan, axloq tuzatish uyida bo‘lish bir-ikki haftaning o‘zidayoq surobni to‘g‘rilab qo‘yardi. Shu sababdan ham miss Betsi ulfatlarga dam olish imkonini berib chiqib ketdi.
Shu kundan e’tiboran Oliverni kamdan-kam yolg‘iz qoldiradigan bo‘lishdi; u deyarli har kuni juhud bilan o‘sha eski o‘yinni o‘ynaydigan ikkala bola bilan birga bo‘lardi (o‘z malakalarini oshirish uchunmi yo Oliver o‘rgansin debmi – nima maqsadda bunday qilishlarini hammalaridan mister Fedjin yaxshiroq bilardi). Ba’zan chol ularga yoshligida qilgan o‘g‘riliklarini hikoya qilib berar va bu hangomalarda shunaqangi kulgili hamda qiziqarli holatlar tasvirlanardiki, Oliver beixtiyor chin dildan kular, o‘zining jami ajoyib fazilat-u xislatlariga qaramay, bu hangomalar uni qiziqtirayotganini yashira olmasdi.
Xullasi kalom, ayyor juhud chol bolani o‘z to‘rlari bilan chirmab tashladi. Bolakayni yolg‘izlik va umidsizlik iskanjasiga solib, uni yolg‘iz, g‘amgin o‘y surib o‘tirgandan, yaxshimi yo yomonmi, ishqilib, odamlar davrasida bo‘lishni ma’qulroq ko‘rishga tayyorlab borgan chol endilikda uning vujudiga tomchi-tomchilab zahar quyar, ushbu zahar tomchilari esa bola qalbini abadul-abadga o‘zgartirib, loyqalatadi, deya umid qilardi.
O‘N TO‘QQIZINCHI BOB
ANTIQA BIR REJA USTIDA BAHSLASHIB, UNI QABUL ETGANLARINI HIKOYA QILADI
Juhud qoq suyak tanasiga yopishib turgan paltosining jamiki tugmalarini qadab, chakag-u og‘zi-burnini yashirish uchun yoqasini quloqlarigacha ko‘tarib olib, uyasidan chiqqanida badqovoq, rutubatli, shamol esib turgan tun edi. U to ortidan eshikni zanjirlab olgunlaricha zinada kutib turdi-da, bolalarning yaxshilab berkitib olganlariga va odim tovushlari ichkariga kirib tinganiga ishonch hosil qilgach, ko‘chada yo‘rg‘alay ketdi.
Oliverni boshlab kelishgan uy Uaytchepl3535
Uaytchepl – Londonning shimoli-sharqiy qismi, qashshoqlar yashaydigan kapa-yu kulbalari bilan ayanchli nom taratgan.
[Закрыть] bilan yonma-yon edi. Juhud muyulishda bir nafasgina to‘xtab, atrofga shubhali alanglab oldi-da, ko‘chani kesib o‘tib, Spitel-Filds tomonga yurdi.
Tosh ko‘chani to‘piqqacha loy qoplagan, ko‘chalarni zimiston qorong‘ilik chirmagan; shivalab yomg‘ir yog‘ar, havo muzdek; havo ham, yer ham – hammasi chip-chip yopishqog‘-u ilashqoq edi. Juhud singari nusxalar aynan mana shunday kechada ko‘chalarda tentiraklashga munosibday tuyulardi. Manfur chol devor-u dolonlar panasida pisibgina ilgarilarkan, o‘zi oralab borayotgan axlat-u zulmat qo‘ynida tug‘ilgan allaqanday jirkanch sudraluvchi jonivorga o‘xshab ketardi; u tun qo‘ynida xo‘rakka yog‘liroq o‘laksa izlab o‘rmalab borardi.
U ilang-bilang hamda tor ko‘chalarni bosib o‘tib, Betnel-Gringa yetib bordi; keyin shartta chapga burilib, ushbu aholi qalin joylashgan dahada to‘libtoshib yotgan ilonizi tor ko‘chalardan chiqib qoldi.
Aftidan, juhud hozir o‘zi turgan joyni juda yaxshi bilardi, shu bois zimiston tun-u mashaqqatli yo‘l zarracha cho‘chitmasdi uni. U zipillagancha bir nechta jinko‘chadan o‘tdi va nihoyat, narigi boshidagi bittagina fonus yoritib turgan ko‘chaga burildi. Shu yerdagi uylardan birining eshigini taqillatib, eshikni ochgan odam bilan ikki og‘izgina allanimalar deb pichirlashdi-da, zinadan tepaga ko‘tarila boshladi.
U eshik tutqichiga qo‘l tekkizgan onda it irilladi, shunda erkak kishi kim bu deb so‘radi.
– Bu menman, Bill, yolg‘iz o‘zimman, azizim, – dedi juhud xonaga mo‘ralab.
– E-ha, qani, marhamat, ichkariga, – dedi Sayks. – Tek yot, tentak maxluq! Nima balo, palto kiyib olsa, iblisni tanimay qolasan chog‘i?
Turgan gapki, itni mister Fedjinning ust kiyimi chalg‘itib qo‘ygandi aftidan, zero, juhud tugmalarini yechib, paltosini stul suyanchig‘iga tashlagani zamonoq, endi tanidim, deganday dumini likillatgancha (bu tuyg‘u uning tabiatiga xos edi-da, axir) o‘z joyiga ketdi.
– Xo‘sh! – dedi Sayks.
– Nima bo‘lardi deysiz, azizim! – javob qildi juhud. – E-ha, Nensi!
Uning ovozida murojaatimni qanday qabul etarkin, deya ikkilanishdan dalolat beruvchi pichagina sarosima ohangi sezildi: mister Fedjin bu yosh do‘sti bilan qiz o‘sha Oliverning yonini olgan kundan beriga ko‘rishishmagan edi. Yosh xonimning xatti-harakati uning bu boradagi jamiki gumonlarini zumda tarqatib yubordi. Qiz kamin panjarasidagi oyog‘ini pastga tushirdi, kursini yaqinroq surib, ortiqcha gap-so‘zsiz Fedjinga o‘choqqa yaqinroq o‘tirishni taklif qildi – nimasiniyam aytasiz, kecha nihoyatda sovuq edi-da.
– Ha, azizam Nensi, judayam sovuq, – dedi juhud qoqsuyak qo‘llarini o‘tga toblab isitarkan. – Suyak-suyagingdan o‘tib ketyapti-ya, – qo‘shib qo‘ydi chol biqinlarini uqalaganicha.
– Sizningki yuragingizgacha kirib borgan ekan, izg‘irin judayam qattiq bo‘lishi kerak, – dedi mister Sayks. – Nensi, otgani unga qittak biron nima ber. Tezroq qimirlay qolsang-chi, jin urgur! Bu to‘g‘ri lahaddan chiqib kelayotgan murdor arvohga o‘xshagan razil keksa skeletning qanday titrayotganiga qarab turib, birpasda o‘zingning ham dardga chalinib qolishing hech gapmas.
Nensi ko‘rinishidan ming bir xil ichimlikka to‘la javondagi qator-qator qilib terib qo‘yilgan shishalardan bittasini chaqqonlik bilan oldi.
Sayks stakanga brendi quyib, juhudga uzatdi.
– Bo‘ladi, bo‘ladi… Rahmat, Bill, – dedi juhud stakanga nomigagina og‘iz tekkizib, stolga qo‘yarkan.
– Gumdon qilib qo‘yishmasin, deb cho‘chiyaptilar shekilli, a? – dedi Sayks juhudga tikilib qarab. – Uh!
Mister Sayks xirillab, nafratomuz to‘ng‘illagancha stakanni shartta yulqib oldi-yu, brendidan qolganini kul ustiga sepib yubordi – bu takallufsiz harakat keyin o‘zi uchun qadahni qaytadan to‘latishidan bir nishona edi, u shunday qildi ham.
To u ikkinchi qadahni jig‘ildoniga quyar ekan, bu orada juhud xonani nazardan o‘tkazdi – qiziqsinganidan emas albatta, negaki, bir necha marta ko‘zdan kechirgandi bu yerni ilgari, o‘ziga xos shubhachiligi, tabiatan bezovta-yu behalovatligidan shunday qilayotgan edi. Bu faqirona jihozlangan xona edi, javondagi narsalargina bu yerda mehnatsiz turmush kechiradigan odam istiqomat qilishidan dalolat berib turardi; burchakdagi bir nechta so‘yil, innaykeyin, o‘choq tepasidagi osig‘liq turgan qo‘rg‘oshin uchli cho‘qmordan bo‘lak shubhali hech nima ko‘zga tashlanmasdi.
– Mana endi tayyorman, – dedi mister Sayks labini yalab.
– Ish xususida gaplashib olamizmi? – so‘radi juhud.
– Bo‘pti, ish xususida bo‘lsa bo‘la qolsin, – ko‘ndi Sayks. – Boshlang ashulangizni, qani, nima gaplari bor?
– Chertsidagi ish xususidami, Bill? – so‘radi juhud kursisini yaqinroq surib, ovozini pasaytirib.
– Bo‘pti. Xo‘sh, bu borada nima deysiz? – so‘radi Sayks.
– Eh, azizim, qanday fikrdaligimni o‘zingiz bilasiz-ku, axir!.. – dedi juhud. – Axir o‘zi biladi-ku, Nensi, to‘g‘rimasmi?
– Yo‘q, bilmaydi, – irshaydi mister Sayks. – Yo bilishni istamaydi, har ikkalasiyam bir go‘r. Ochiqchasiga, ro‘yi rost gapiravering! Xuddi o‘marish fikri birinchi bo‘lib o‘zingizning boshingizga kelmaganday, bu yerda ko‘z qisib, qosh uchirib, imo-ishorayu shama bilan tushuntirishingizni qo‘ying! Qani, kallangizga qanaqangi reja keldi?
– Sekinroq, Bill, sekinroq! – dedi juhud birdan toshib kelgan g‘azab jazavasini jilovlashga behuda urinib. – Gapimizni eshitib qolishlari mumkin.
– Eshitsa eshitaverishsin! – dedi Sayks. – Menga baribir emasmi?
Ammo mister Sayks uchun baribir emasdi, shu sababdan ham u mulohaza qilib ko‘rib, xiyla bosiqlik bilan, tovushini pastlatib gapira boshladi.
– Gap bundoq bo‘pti, – dedi juhud jilpanglanib. – Men shunchaki ehtiyotkorman, xolos. Ana endi, azizim, Chertsidagi ishdan gaplashib olaylik. Qachon do‘ndiramiz uni, Bill? Qachon? Kumush asboblari qalay ekan, azizim, kumushlari! – dedi juhud huzur qilib qo‘llarini ishqab, qoshlarini uchirib.
– Hech ish chiqmaydi bundan, – sovuqqina javob qildi Sayks.
– Bu ishdan hech vaqo chiqmaydi deng?.. – xitob qildi juhud kursi suyanchig‘iga suyanarkan.
– Ha, hech ish chiqmaydi, – dedi Sayks. – Har holda, bu biz o‘ylaganchalik jo‘n ish emas.
– Demak, yaxshi kirishmabmiz unga, – dedi juhud darg‘azablikdan rangi gezarib. – Ortiq gapirmay qo‘ya qoling!
– E yo‘q, hammasini gapirib beraman sizga, – e’tiroz bildirdi Sayks. – O‘zingiz kimsizki, hech nimani gapirmay qo‘ya qolarkanman sizga? Men sizga aytsam, Tobi Krekit o‘sha joy atrofida ikki hafta o‘ralashib yurib, xizmatkorlaridan birortasi bilan til topisholmabdi!
– Nahotki, siz, Bill, o‘sha ikki xizmatkordan aqalli bittasini og‘dirishning iloji bo‘lmabdi demoqchi bo‘lsangiz? – so‘radi juhud suhbatdoshining qiziqa boshlaganidan ko‘ngli joyiga tushib.
– Ha, xuddi shundoq demoqchiydim sizga, – javob berdi Sayks. – Ular yigirma yildan beri keksa xonimning xizmatini qilisharkan, bordi-yu, siz besh funt tutqazganingizda ham baribir tuzoqqa ilinishmasdi ular.
– Nahotki siz, azizim, hatto xotinlarniyam hech kim laqillatolmaydi, demoqchi bo‘lsangiz? – so‘radi juhud.
– To‘ppa-to‘g‘ri, laqillatib bo‘lmaydi, – javob berdi Sayks.
– Bu qanaqasi bo‘ldi, hatto Tobi Krekitday yulduzni benarvon uradigan abjir odam ham-a? – dedi juhud ishonqiramay. – Bu ayollarning qanaqangi loydan yasalganini eslab ko‘ring-a bir, Bill!
– Ha, hatto Tobi Krekitday abjir ham, – javob qildi Sayks. – U aytdiki, yasama chakka soqol yopishtirib, och-sariq nimcha kiyib, rosa o‘ralashib ko‘ribdi-yu, jamiki urinishlari bekor ketibdi.
– Hammasidan ham, azizim, mo‘ylov bilan askarcha ishtonni sinab ko‘rgani ma’qul edi, – e’tiroz bildirdi juhud.
– Buniyam ishlatib ko‘rgan u, – dedi Sayks, – bundan ham foyda chiqmagan.
Bu xabar juhudning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi. Iyagini ko‘ksiga tiragancha bir necha daqiqa o‘yga cho‘mdi, so‘ng boshini ko‘tardi-da, chuqur xo‘rsinib, agar abjir Tobi Krekit rostini gapirgan bo‘lsa, ishni boy beribmiz, deb cho‘chiyotganini aytdi.
– Har qalay, – dedi chol qo‘llarini tizzasiga qo‘yar ekan, – butun fikr-o‘yimiz shunga qaratilgan bir paytda shuncha boylikni qo‘ldan chiqarib yuborish alam qilarkan, azizim.
– Rost, – qo‘shilishdi mister Sayks. – Omadimiz kelmadi.
Oraga uzoq jimlik cho‘kdi; juhud chuqur o‘yga g‘arq bo‘ldi, shu tobda uning burush afti darhaqiqat haddan ziyod jirkanch ko‘rinib ketdi. Vaqt-vaqti bilan Sayks unga o‘g‘rincha ko‘z qirini tashlab qo‘yardi. Nensi bo‘lsa kazzobning jig‘iga tegishdan ochiq-oshkora qo‘rqqanidan olovga tikilganicha o‘tirar, go‘yo bo‘layotgan gaplarning mutlaqo unga daxli yo‘qdek edi.
– Fedjin, – so‘z qotdi Sayks oraga cho‘kkan jimlikni to‘satdan buzib, – bu ish ellik tilladan ortiqqa arziydimi?
– Ha, – dedi juhud shunda to‘satdan jon kirib.
– Demak, kelishdikmi? – surishtirdi Sayks.
– Ha, azizim, – javob qildi juhud, uning ko‘zlari yiltirab ketdi, basharasidagi har bitta tuki ushbu savoldan hayajonga tushgani tufayli titray boshladi.
– E, gap bundoq, – dedi Sayks bir qadar mensinqiramay qariyaning qo‘lini nari surgancha, – bunga istagan vaqtda ulguramiz. O‘tgan kuni kechasi Tobi ikkovimiz bog‘ devoridan oshib tushib, eshik bilan deraza qopqoqlarini paypaslab ko‘rdik. Kechasi uyni xuddi turmaday taqa-taq berkitib olishar ekan, lekin bitta joy bor, o‘sha yerdan hech zog‘ga sezdirmay, bexitgina kirsak bo‘ladi.
– Qayerda ekan o‘sha joy, Bill? – sabrsizlik bilan so‘radi juhud.
– Bilasizmi, o‘tloqni bosib o‘tish kerak… – shivirlab dedi Sayks.
– Shunaqami? – gap qistirdi juhud bo‘ynini cho‘zib va ko‘zlarini naq kosasidan o‘ynab chiqib ketgudek chaqchaytirib.
– Uh! – nido soldi Sayks va so‘zi bo‘g‘zida qoldi, negaki, shu lahzada qiz qo‘qqisdan o‘girilib, boshi bilan juhud tomonga imo qilgan edi. – Buning qayerdaligi baribir emasmi? Bilaman, mensiz hech ish chiqarolmaysizlar baribir… Lekin shundayam sizga o‘xshagan odam bilan aloqa qilganda hushyor bo‘lgan ma’qul.
– Ixtiyoringiz, azizim, ixtiyoringiz, – javob qaytardi juhud. – Sizlarga yordam-pordam kerakmasmi, Tobi ikkovlaring eplashtira olasizlarmi?
– Yordam-pordam kerakmas, – dedi Sayks. – Bizga faqat parma bilan bitta bolakay bo‘lsa bas. Birinchisi o‘zimizda bor, ikkinchisini esa bizga siz topib berasiz.
– Bolakay deng-a! – nido soldi juhud. – O‘, unda gap taxta devor haqida borayotgan ekan-da?
– Buning sizga hech qanaqangi aloqasi yo‘q! – javob qildi Sayks. – Menga bitta bolakay kerak, bu bolakay ozg‘in bo‘lsin. Yo Tangrim! – dedi mister Sayks xayolga tolib. – Mo‘ri tozalovchi Nedning o‘g‘lini qo‘lga kiritolganimda edi-ya! U bolasini ataylab qoraqumga belab qo‘yar, doim ishga yuborib turardi. Lekin otasini katorgaga itob qilishdi, ana shunda norasida jinoyatchilarni qaramog‘iga oluvchi jamiyat aralashib, ishni pachavasini chiqardi-qo‘ydi, bolani choychaqa berib turgan hunaridan ayirib, xat-savod o‘rgatgani va vaqt-soati bilan xalfa bo‘lib yetishtirgani olib ketishdi. Doim tumshuqlarini suqqanlari-suqqan bular! – dedi mister Sayks ko‘rgan jamiki ranj-alamlari yodiga tushib, jig‘ibiyroni chiqib, tobora achchiqlanib. – Qachon qarasang, tumshuqlarini suqqanlari-suqqan-a! Bordi-yu, yetarlicha mablag‘lari bo‘lsa bormi (Xudoga shukurki, aqchalari yo‘qroq-da), bir-ikki yilda qarabsizki, bizning kasbimizga yaraydigan beshtagina bola ham qolmasdi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?