Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 23


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 23 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

O‘TTIZ TO‘RTINCHI BOB
SAHNADA PAYDO BO‘LGAN NAVQIRON JENTLMEN HAQIDAGI BA’ZI BIR DASTLABKI MA’LUMOTLARNI, SHUNINGDEK, OLIVERNING YANGI SARGUZASHTLARINI O‘Z ICHIGA OLADI

Bu baxtga dosh berish amrimahol edi. Kutilmagan xabardan Oliver esankirab va garangsib qolgandi. U na yig‘lay olar, na gaplasha va na dam ola bilardi. U sodir bo‘lgan ishlarni anchayin mashaqqat-la anglab yetayotgan edi; oqshom havosidan simirgancha uzoq tentiradi; axiyri quyilib kelgan yoshdan yengil tortib, xuddi birdan ko‘zi ochilib ketgandek, sodir bo‘lgan quvonchli o‘zgarishni yaxliticha angladi-yu, yelkasidan bosib yotgan xavotir-u g‘am-tashvishning behad og‘ir yuki ag‘darildi-qo‘ydi.

Bemorning xonasini bezash uchun ayniqsa hafsala bilan tergan gullarini bir quchoq qilib uyga qaytayotganida qosh qoraya boshladi. Shaxdam odimlagancha uyga qaytayotganda, orqa tomondan uchib kelayotgan arava shovqinini eshitdi. O‘girilib qarab, shitob-la bostirib kelayotgan pochta aravasiga ko‘zi tushdi-yu, yo‘l torligi sababli uni o‘tkazib yuborish uchun kimningdir darvozasiga biqinib oldi.

Arava uning yoniga yetib kelganida Oliver ko‘z qiri bilan oq tungi qalpoq kiyib olgan odamni ko‘rib qoldi; uning afti (garchi zuv etib o‘tib ketganidan taniyolmagan bo‘lsa-da) tanish ko‘rindi. Ikki lahzalar o‘tmayoq tungi qalpoq egasi arava darchasidan mo‘raladi-yu, uning aravakashga to‘xtatishni buyurgan baland ovozi eshitildi va aravakash otlarni eplashtirgan zamoni, buyruqni bajo keltirdi.

– Beri kel! – baqirdi haligi ovoz. – Oliver, nima yangiliklar bor? Miss Roz qalay? O-li-ver!

– O‘zingizmisiz, Jayls? – deb qichqirdi Oliver aravaning darchasi yoniga chopib kelarkan.

Jayls javob bermoqchi bo‘lib yana tungi qalpoqli boshini chiqargan edi, o‘rindiqning narigi tomonida o‘tirgan yosh jentlmen uni nari itarib, sabrsizlik bilan qanday yangilik borligini so‘radi.

– Bir og‘iz qilib ayt! – qichqirdi jentlmen. – Tuzukmi yo yomonmi?

– Tuzuk, ancha tuzuk! – shosha-pisha javob qildi Oliver.

– Xudoga shukr! – deya shukrona o‘qidi yosh jentlmen. – O‘zingning ishonching komilmi bunga?

– Mutlaqo komil, ser! – javob berdi Oliver. – Xatar bir necha soat burun o‘tdi, mister Losbernning aytishicha, endi xavotir olmasa ham bo‘ladi.

Jentlmen bir og‘iz ham so‘z aytmay, arava eshigini ochib sakrab tushdi-da, Oliverning qo‘ltig‘idan olib, bir chekkaga boshladi.

– Bunga iymoning komilmi? Mabodo, yanglishayotganing yo‘qmi, ukajon? – titroq ovozda so‘radi u. – Tag‘in bo‘lmaydigan, yo‘q narsaga umidvor qilib o‘tirmagina meni.

– Ikki dunyodayam bunday qilmasman, ser,javob qaytardi Oliver. – Rosti, o‘zingizga ishongandek ishonavering menga. Losbernning «hammamizni shoyon shod etib, yana uzoq yillar yashaydi u», – deganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim.

Shundayin baxtni ato qilgan soniyani tilga olarkan, Oliverning ko‘zlarida yosh halqalandi; jentlmen bo‘lsa indamay teskari burildi. Oliverning nazdida bir necha bor uning qo‘ngirog‘ini eshitayotgandek tuyuldi-yu, biroq biron nima deb xalal berishdan cho‘chidi; zero, bola yigitning qalbidan nelar kechayotganini fahmlab turardi, shu boisdan ham chekkaroqda o‘zini gullari bilan banddek qilib ko‘rsatardi.

Bu orada tungi oq qalpoq kiyib olgan mister Jayls usti berk aravaning zinasida, ikkala tirsagini tizzalariga tiragan ko‘yi, ko‘zlarini xol-xol oq gulli havorang ip dastro‘moli bilan ishqab o‘tirardi. Bechora mutlaqo o‘zini hayajonlanayotganga solayotgani yo‘q – navqiron jentlmen o‘girilib, so‘z qotganida, unga tikilgan ko‘zlarining qip-qizarib ketgani buning yaqqol dalili edi.

– Jayls, siz foytunga o‘tirib, onam huzuriga jo‘naganingiz ma’qulga o‘xshaydi, – dedi jentlmen. – Men fursatdan yutish niyatida biroz piyoda yurib, keyin xonimcha bilan ko‘rishsam degandim. Onamga meni hozir keladi, deb qo‘ya qoling.

– Ma’zur tutasiz-u, mister Garri, – dedi Jayls hayajon-la aftini dastro‘moli bilan arta turib, – mabodo, ushbu topshiriqni ado etishni foytunchiga yuklasangiz, bag‘oyat mamnun bo‘lardim. Oqsochlarning kaminani bunday ahvolda ko‘rishlari yaxshi emas, ser… Ularning oldida obro‘yim bir pul bo‘ladi-ya.

– Yaxshi, – jilmaygan ko‘yi javob qildi Garri Meyli, – bilganingizni qiling. Agar ta’bingizga xush keladigan bo‘lsa, mayli, foytunchi yuklar bilan oldinroq ketaversin, siz esa biz bilan birga borarsiz. Lekin avval manavi tungi qalpoqni bironta tuzukroq bosh kiyim bilan almashtirib oling, yo‘qsa, bizni jinni deb o‘ylashlari hech gapmas.

Mister Jayls beo‘xshov bosh kiyimi haqidagi tanbehni eshita solib qalpog‘ini darhol yulqib oldi-yu, cho‘ntagiga urdi-da, foytundan bichimi oddiy, ayni paytda salobatli shlyapa olib, boshiga qo‘ndirdi. Bu ish o‘rinlatilgach, foytunchi otlarni jildirdi; Jayls, mister Meyli va Oliverlar uning ortidan shoshilmay yo‘lga tushishdi.

Yo‘l-yo‘lakay Oliver yangi kelgan yigitni zo‘r qiziqish va sinchkovlik ila kuzatib bordi. Ko‘rinishidan yigirma besh yoshlar chamasida; o‘rta bo‘yli, chiroyli va ochiq chehrali, muomalasi sodda-samimiy. Yosh jihatidan farqlariga qaramay, u keksa xonimga shundoq o‘xshab ketardiki, hatto yigit uni onam deb atamagan taqdirida ham Oliver ularning qarindosh ekanliklarini fahmlagan bo‘lardi.

Bog‘ hovliga yetib borganlarida missis Meyli o‘g‘lini nigoron kutib turgandi. Ko‘rishayotganlarida ikkovlariyam nihoyatda hayajonda edilar.

– Oyijon, – shivirladi yigit, – nimaga ilgariroq yozib yubormadingiz?

– Yozishga yozib qo‘ygandim, – deb javob qildi missis Meyli, – lekin o‘ylab ko‘rib, toki mister Losbernning fikrini eshitmagunimcha jo‘natmaslikka ahd qildim.

– Lekin ro‘y berishiga bir bahya qolgan fojia sodir bo‘lay deb turgan bir paytda tavakkal qilishning nima hojati bor edi? – deya so‘zini davom ettirdi yigit. – Bordi-yu, Roz… yo‘q, aytolmayman bu so‘zni… bordi-yu, kasalning oqibati boshqacha bo‘lib chiqqanida o‘zingizni kechira olarmidingiz sira? Axir, unda men yana baxtiyor bo‘la olarmidim?

– Mabodo, eng xunuk ish yuz berganida, Garri, – dedi missis Meyli, – qo‘rqamanki, sening hayoting bir umrga chilparchin bo‘lgan va bu yerga bir kun oldin yo bir kun keyin yetib keldingmi, baribir, buning ahamiyati juda, judayam kam bo‘lardi.

– Bordi-yu, shundoq bo‘lgan taqdirdayam, qanday taajjublanadigan joyi bor? – E’tiroz bildirdi yigit. – Mabodo, deyishning nima keragi bor? Aslida shundoq, ha, aslida shundoq… buni o‘zingiz bilasiz, oyijon… bilishingiz kerak.

– Bilaman, u erkaklar qodir bo‘la olgan eng nazokatli va eng pok muhabbatga loyiq, – dedi missis Meyli, – uning sadoqatli hamda mehribon fe’l-atvori yengil-yelpi tuyg‘uga emas, balki teran hamda barqaror his-tuyg‘uga muhtoj. Mabodo, men bundan bexabar bo‘lganimda va buning ustiga u mehr qo‘ygan odam xiyonat qilgudek bo‘lsa, o‘sha ondayoq hasratda jon berib qo‘ya qolishini bilmaganimda, o‘z vazifamni unchalik mushkul hisoblamas va shak-shubhasiz o‘zimning burchimni amalga oshirishga xotirjam kirishgan bo‘lardim.

– Bu bag‘ritoshlik-ku, oyijon, – dedi Garri. – Nahotki, siz menga shu mahalgacha o‘z yuragini boshqarolmaydigan va o‘z qalbi maylini tushunmaydigan yosh bola deb qarasangiz?

– Menimcha, jonim o‘g‘lim, – javob qildi missis Meyli uning kiftiga qo‘lini qo‘yib, – yoshlikka olihimmat, mardonavor, ammo umri qisqa orzu-tilaklar yo‘ldosh bo‘ladi; ular orasida shunaqangilar ham borki, murodlari hosil bo‘lgach, mayl-u ishtiyoqlari o‘tkinchi, beqaror ekanligi bilinadi-qo‘yadi. Avvalambor, men o‘ylaymanki, – so‘zini davom ettirdi xonim o‘g‘lidan ko‘zini uzmay, – bordi-yu, xushchaqchaq, jo‘shqin, shuhratparast odam (garchi uning aybi bilan bo‘lmasa-da) sha’niga dog‘ tushgan qizni nikohiga olsa, toshbag‘ir va yaramas odamlar bir umr ularni, hatto, bolalarini ham la’natlab, yozg‘iradilar. Eri oliy tabaqa davrasida muvaffaqiyat qozona borgani sayin unga har qadamda dakki berib, masxaralashga tushadilar; shundoq ekan, o‘ylaymanki, o‘sha odam – tabiatan qanchalik og‘irkarvon va saxovatli bo‘lmasin – baribiram bir kunmas-bir kun yoshlik qilib bunday ayolga uylanganiga afsuslanishi turgan gap. Ayol esa, buni ko‘rib, o‘z yog‘iga o‘zi qovuriladi.

– Oyijon, – dedi yigit betoqatlik bilan, – xuddi o‘shanday xayolga borgan kimsa erkak nomiga noloyiq, siz ta’riflayotgan ayolning tirnog‘iga ham arzimaydi.

– Hozir shunday deb o‘ylay boshlading, Garri, – javob qaytardi onasi.

– Va hamisha shu fikrimda qolaman! – deya xitob qildi yigit. – Shu ikki kun qalban chekkan qiynog‘-u iztiroblarim o‘zingizga yaxshi ma’lum bo‘lgan mayl-u istagim kuni kechagina buning ustiga yengiltakligim oqibatida tug‘ilgan emasligini tan olishga, sirtimga chiqarishga majbur etyapti. Mening yuragim, qalbim – erkak kishining yuragi ayolga qanday baxshida etilsa, xuddi o‘shandayicha – bir umrga Rozga, mehribon, beozor, dilbar qizga baxshida etilgan. Butun fikr-zikrim, o‘ylarim, istaklarim, orzu-umidlarim u bilan chambarchas bog‘langan; bordi-yu, bu masalada ra’yimga zid chiqsangiz, orom-u tinchligimni, baxt-u saodatimni o‘z qo‘lingizga olib, shamolga sovurgan bo‘lasiz. Oyijon, shular haqda, men haqimda yaxshilab o‘ylab ko‘ring va mendan kam qayg‘urmayotganingiz baxtga nopisandlik bilan qaramang!

– Garri! – deya xitob qildi missis Meyli. – Aynan ana shu jo‘shqin va ta’sirchan qalblarni ko‘p o‘ylayotganim uchun ham ularni behuda jarohatlardan asrab qolishni istayman. Lekin hozir bu xususda yetarlicha, keragidan ham ortiqcha gapirildi…

– U taqdirda, Rozning o‘zi hal qilsin, – onasining so‘zini bo‘ldi Garri. – Yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lish uchun fikringizda qoyim turib olmaysizmi?

– Yo‘q, – javob berdi missis Meyli, – lekin har holda yaxshilab o‘ylab ko‘rishingni istardim…

– O‘ylaganman! – degan betoqat javob eshitildi. – Oyi, yillab o‘yladim. Jiddiy mulohaza yuritishga qodir bo‘lgan paytimdan boshlaboq bu haqda o‘ylashga tushganman. Tuyg‘ularim barqaror va ular shundayligicha qoladi. Oxiri baxayr bo‘lmaganidan keyin buni ichimga yutib, orqaga surib azob chekib yurishimning qanday nafi bor? Yo‘q! Shu yerdan jo‘nab ketishimdan oldin Roz dilrozimni bilishi lozim.

– U seni eshitishga tayyor, – dedi missis Meyli.

– Gap ohangingizga va taxminingizga qaraganda, oyijon, u meni sovuq qarshi oladiganga o‘xshaydi, – dedi yigit.

– Yo‘q, bo‘lmagan gap, – javob berdi keksa xonim. – Aslo undaymas.

– Bo‘lmasa qanday? – tiqilinch qilaverdi yigit. – Mabodo, u qalbini boshqa birovga hadya qilib qo‘ymadimikin?

– Albatta yo‘q! – dedi onasi. – Agar yanglishmasam, ko‘ngli senda. Lekin shuni aytmoqchi edimki, – deya gapini davom ettirdi keksa xonim o‘g‘lining gapini og‘zidan olib, – hammasini ko‘tara savdo qilishdan oldin, orzu qanotida ko‘klarga parvoz qilmasdan burun, jon bolam, Rozning tarixini bir nafasgina o‘ylab ko‘r va o‘zining shubhali kelib chiqishidan xabardorligi uning ahdiga qanchalik ta’sir etishi mumkinligi borasida xulosa chiqar; sababki, uning himmatli qalbi bizga nisbatan chin sadoqat-la limmo-lim; keyin xoh jiddiy, xoh mayda-chuyda ish bo‘lsin – hamisha o‘z manfaatidan voz kechishga jon-tani bilan tayyor.

– Bu bilan nima demoqchisiz?

– O‘ylab ko‘rishingni maslahat berardim, – javob qildi missis Meyli. – Men bemorning yoniga qaytishim kerak. Iloyo, Tangrining o‘zi yarlaqasin seni!

– Bugun kechqurun ko‘rishamizmi? – deya hayajon-la so‘radi yigit.

– Picha kechroq, – javob berdi xonim, – Rozning yonidan chiqqanimdan keyin.

– Shu yerdaligimni aytasizmi unga? – so‘radi Garri.

– Albatta, – javob qildi missis Meyli.

– Keyin, qanchalik xavotirlanganimni, azob chekkanim va uni ko‘rishga intiqligimni ham ayting. Bunga yo‘q demassiz-a, oyijon?

– Albatta, – dedi keksa xonim. – Men unga hammasini aytaman.

Shundan so‘ng o‘g‘lining qo‘lini mehr-la qisib, chiqib ketdi. Ushbu oshig‘ich suhbat davomida mister Losbern bilan Oliver xonaning narigi burchagida turishgandi. Nihoyat, mister Losbern Garri Meyliga qo‘lini uzatdi va ular qizg‘in ko‘rishishdi. So‘ngra doktor o‘z navqiron do‘stining behisob savollariga javoban bemorning holati xususida mufassal axborot berdi. Bu javob Oliverning so‘zlaridan keyin yigitning qalbida uyg‘ongan umidni yana mustahkamladi. Mister Jayls esa o‘zini bamisoli yuk bilan ovora qilib ko‘rsatsa ham, lekin qulog‘i ding bo‘lib eshitib turardi.

– Keyingi paytlarda arzirli biron nimani qo‘lga tushirolganingiz yo‘qmi, Jayls? – deya surishtirdi doktor axborot berib bo‘lgach.

– Arzirli hech nima, ser, – javob qaytardi mister Jayls qulog‘igacha sholg‘omday qizarib.

– Biron-bir o‘g‘riniyam ushlamadingiz, hech qanday talonchiniyam tanib qolmadingizmi? – tegajaklikni davom ettirdi doktor.

– Hech qanday, ser, – javob qaytardi mister Jayls sipolik bilan.

– Attang, – deb qo‘ydi doktor, – nega deganingizda, o‘zlari bunaqangi ishlarning ustasi farangilar-da… Xo‘sh, ayting-chi, Britlsning ahvoli qalay?

– Yigitcha otday, ser, – javob qildi mister Jayls, yana odatiy rioyagarchilik ohangiga qaytib, – u sizga o‘zining chuqur hurmat-ehtiromini yetkazishni kaminaga topshirdi.

– Tasanno, – dedi doktor. – Sizni ko‘rib, mister Jayls, bu yoqqa shoshilinch chaqirtirishlaridan bir kun oldin saxovatli bekangizning iltimosi bilan kichkinagina, sizga yoqadigan bir topshiriqni ado etganim esimga tushdi. Bemalol bo‘lsa, bir nafasgagina bu yoqqa, burchakka o‘tolmaydilarmi?

Mister Jayls salobat-u jindak taajjub ila burchakka o‘tib, doktor bilan qisqagina pichirlashib gaplashish sharafiga noil bo‘ldi va suhbat intihosida behisob-u besanoq martaba ta’zim bajo keltira-keltira, bag‘oyat sipohona odimlagancha uzoqlashdi. Mazkur suhbat mavzuyi mehmonxonada sirligicha qoldi-yu, ammo o‘choqboshida sira hayallamay oshkora e’lon etildi; zotan, mister Jayls to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha yoqqa yo‘l olgan va bir qadah el (aroq) evaziga, tantanavor ohangda o‘sha amalga oshmagan o‘g‘rilik sodir bo‘lgan kuni ko‘rsatgan mardonavor jasoratini taqdirlab, beka uning hisobiga mahalliy omonat kassaga yigirma besh funt topshirib qo‘yishni ixtiyor etganini xabar qildi. Shunda har ikkala oqsoch qo‘llari va ko‘zlarini ko‘kka qadadilar, negaki ular, endi mister Jaylsning dimog‘idan eshakqurt yog‘iladigan bo‘pti-da, deb taxmin qilishgandi. Mister Jayls bunga javoban tomoq qirib olib: «Yo‘q, yo‘q, aslo», – deya javob qildi va bordi-yu, ular o‘z qo‘l ostidagilarga zarracha bo‘lsin kibrona muomala qilganini payqasalar-u shartta betiga aytsalar, g‘oyatda mamnun bo‘lajagini qo‘shib qo‘ydi. So‘ngra esa o‘z kamtarin-u kamsuqumligi qimmatini zig‘irchalik kamaytirmaydigan yana olam-olam fikr-u mulohazalarni qayd qildikim, bular xuddi ulug‘ zotlarning odatdagi bag‘oyat jo‘yali hamda bama’ni pand-nasihatlaridek iltifot-u ma’qullash-la inobatga olindi.

Xufton pallasi xushchaqchaq o‘tdi: doktorning juda kayfi chog‘ edi. Garri Meyli esa dastlabiga qanchalik horg‘in va dilxun bo‘lmasin, baribir u ham muhtaram bag‘rikeng jentlmenning turfa askiyalari-yu hazil-huzullari, tabibligiga oid turli-tuman xotiralari oldida dosh berolmadi. Oliverning nazarida-yu bu hangomalar shu paytgacha eshitganlari ichida eng qizig‘i bo‘lib tuyular va o‘zi ham tinimsiz qah-qah urayotgan doktorni oshkora xursand etib, xandon urib kulardi; ayni chog‘da Garrini ham o‘shanday zavq-shavq-la kulishga majbur qilardi. Shu tariqa ular, muayyan vaziyat imkon berganicha, vaqtni g‘oyat ko‘ngilli o‘tkazdilar va o‘zlari yengil tortib, dillari yozilib, yaqinginadagi xavotirgarchilig-u tashvishlardan so‘ng g‘oyatda ehtiyoj sezilgan orom – dam olgani turganlarida allamahal bo‘lib qolgandi.

Oliver ertalab tetik-bardam uyg‘ondi va odatiy mashg‘ulotiga beqiyos ishonch hamda xursandchilik bilan kirishdi, negaki, talay kunlar mobaynida bunday his-tuyg‘uni unutib qo‘ygandi. Qushlar eski joylarida sayrasin deb, qafaslar yana ilib qo‘yildi, yana xonalarga ko‘rk-chiroyi Rozga quvonch baxsh etsin, deb isli-uforli dala chechaklari sochildi. Garchi asli so‘limligicha qolgan bo‘lsa-da, tashvishga tushgan bolaning g‘ussali ko‘ziga mungli ko‘ringan borliq mavjudot ustidagi qayg‘u soyasi go‘yo sehrgar amri bilan tumandek tarqab ketgandi. Yam-yashil yaproqlar-u maysalarga qo‘ngan shabnam tomchisi tiniqroq yiltirayotganday, shabada barglarni mayinroq shitirlatayotganday, osmon moviyligi shaffoflik kasb etgandek tuyulardi. Shaxsiy fikr-o‘ylarimiz borliq mavjudotning hatto zohiriy qiyofasiga mana shunday ta’sir o‘tkazadi. Tabiat va o‘z do‘st-yorlarini nazar-pisand qilmaydigan, hamma narsani badbin-u badqovoq deb hisoblaydigan odamlar haq; biroq qora bo‘yoqlar ularning jaholat-u safrodan xira tortgan ko‘z-u qalblarining aksidir. Aslida esa bu ranglar nafis va xiyla tiniqroq, beg‘uborroq nigohni talab etadi.

Oliver endilikda o‘zining ertalabki sayrlariga yolg‘iz otlanmayotganini – bunga uning o‘zi ham e’tibor berishni unutmagandi – aytib o‘tsak, xalal bermas. Garri Meyli Oliverni bir quchoq gul bilan uyga qaytayotganida uchratgan tongdan boshlab gulga beqiyos mehr qo‘yib, guldasta tuzishda shunchalik didi noziklikni namoyon qildiki, bu sohada yosh hamrohidan sezilarli darajada o‘zib ketdi. Garchandki, bu jabhada Oliver ortda qolgan bo‘lsada, baribir eng a’lo gullarni qaydan topishni yaxshi bilardi; qisqasi, har tongda ikkovlon tevarak-atrofni kezib, uyga ajoyib guldastalarni olib qaytishardi. Yosh xonim yotoqxonasining derazasi endilikda ochib qo‘yilayotgandi; zotan, u xonaga muattar yoz havosi yopirilib kirib, vujudiga surur-u halovat, bardamlik baxsh etishini yoqtirardi; deraza rafida esa har kuni tongda beqiyos tuzilgan guldastacha solib qo‘yilgan guldon turardi. Mo‘jazgina ko‘zacha muntazam yangi uzilgan gullar bilan to‘latib turilganiga qaramay, so‘ligan gullar hech qachon tashlab yuborilmaganligini Oliver payqamay qolmadi; shuningdek, doktor bog‘ga qay vaqtda chiqishidan qat’i nazar, albatta, deraza tomonga nigoh tashlar va bag‘oyat ma’nodor qilib bosh irg‘ab qo‘yardi, so‘ng yigitchalarning ertalabki sayrga jo‘nashligi ham uning e’tiboridan qochib qutulolmadi. Oliver kuzatishlar bilan band bo‘lar, kunlar esa uchib-yelib o‘tar, Roz ham tez tuzala boshlagandi.

Garchi, missis Meyli bilan har zamonda bir atrofni aylanishlarini aytmasa, yosh xonim hali xonasini tark etmayotgan va kechki sayrga chiqolmayotgan bo‘lsa-da, Oliver uchun vaqt imillab o‘tyapti deyishning o‘rni yo‘q edi. U keksa, oppoq soqolli jentlmendan olayotgan saboqlariga jahd-u jadal-la muk tushgan va shundayin g‘ayrat bilan ter to‘ka boshlagandikim, bunchalik tez muvaffaqiyatga erishayotganidan hatto o‘zi ham hayron edi.

Ammo-lekin bir kuni dars qilib o‘tirganida, qo‘qqisdan yuz bergan voqea uni behad qo‘rqitib, esxonasini teskari qilib yubordi.

Odatda u kitoblari bilan shug‘ullanib o‘tiradigan mo‘jazgina hujra pastki qavatda, uyning orqa tomonida joylashgan edi. Bu qishloqdagi bog‘ hovlining oddiy bir xonasi bo‘lib – panjarali deraza naryog‘ida binoni anvoyi atirlarga to‘ldirgan yasmin butalari, uchqat gullari deraza romiga chirmashib ketgandi. Deraza bog‘ga qaragandi, bog‘ eshigidan ihotlangan o‘tloqqa chiqilardi; undan narida ajoyib yaylov o‘rmonga tutashib ketadi. Bu tarafda yaqin-orada turarjoy yo‘q, olis-olislargacha bepoyon kengliklar ko‘zga tashlanib turadi.

Ajoyib oqshom pallasi, endi qosh qoraya boshlagan bir paytda Oliver kitoblari ustida muk tushib o‘tirardi. U ancha vaqtdan beri shug‘ullanayotgani, kun haddan ziyod issiq bo‘lgani va yaxshigina ter to‘kkanligi sababli – kitob mualliflari kim bo‘lishlaridan qat’i nazar bu hol ularni zarracha kamsitolmaydi – Oliver o‘zi ham bilmagan holda uyquga ketdi.

Goho uyqu shunday pisibgina keladi-yu, jismimizni bandi qilgani holda, ruhimizni atrofda bo‘layotgan voqealarni sezishdan xalos etmaydi va xohlagan yerida charx urib yuraverishiga qo‘yib beradi. Basharti, sira yengib bo‘lmas bir og‘irlikni his etish, oyoq-qo‘lda quvvat qolmaganini, o‘y-fikrlarimiz-u xatti-harakatimizni boshqara olmay qolishlikni tuyish uyqu deb atalsa – bu uyqudir; ammo biz atrofimizda bo‘layotgan hamma narsani anglab, bordi-yu, nimanidir tushimizda ko‘rayotgan bo‘lsak, unda haqiqatan aytilgan so‘z va ayni shu damda chinakamiga eshitilgan tovushlar hayron qolarli darajada osongina tushimizga moslashadi-qoladi; oxir-oqibatda, voqeyiy hamda xayoliy tasavvurotlar shunday g‘alati bir tarzda uyg‘unlashib, qorishib ketadiki, keyin ularni deyarli bir-birovidan ajratib bo‘lmaydi. Bu masalaning bunday holatga xos bo‘lgan eng tang qoldirarli jihati emas hali. Qizig‘i, bu yoqda, ko‘rish va sezish hissiyotimiz bu paytda o‘lik bo‘lishiga qaramay, uyquga ketgan tafakkurimiz va qarshimizda lipillab turgan ro‘yolarga bironta unsiz, ammo mavjud narsa (garchi u ko‘zimizni yumgan paytda yonimizda bo‘lmagan, yaqinligini esa o‘ngimizda xayolimizga ham keltirmagan esak-da) moddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Oliver o‘z hujrasida o‘tirganini, oldidagi stolda kitoblari yotganini, deraza ortida iforli bo‘y ufurayotgan shabada gul yaproqlarini shitirlatayotganini juda yaxshi bilib turardi. Lekin shunga qaramay, u uxlayotgandi. Qo‘qqisdan manzara o‘zgardi-qo‘ydi. Havo bo‘g‘iq hamda dim bo‘lib qoldi, shunda u dahshat-la o‘zini juhudning uyida o‘tirgandek his etdi. U yerda, o‘zining odatdagi joyida o‘tirib olgan badburush chol nuqul uni ko‘rsatib, yonida teskari qarab o‘tirgan odamga nimalardir deb pichirlarmish.

– Sekinroq, avizim! – bola nazdida go‘yo juhudning ovozini eshitayotgandek bo‘ldi. – Shubhasiz, bu o‘sha! Ketdik.

– O‘sha! – go‘yoki javob beribdimish boshqasi. – Meni tanimaydi deb o‘ylaysizmi uni? Agarda bir to‘da arvohlar uning qiyofasiga kirgan bo‘lsa-yu, o‘zi ham ular orasida tursa, baribir nimadir uni tanib olishimga yordam bergan bo‘lardi. Agarda uning jasadini yetti qavat yer ostiga qo‘mib yuborgan chog‘laridayam, qabrida na yodgorlik toshi-yu, na biron belgisi yo‘qligiga ham qaramay, baribir topib olgan bo‘lardim.

Chamasi, bu odam shunday nafrat-la so‘zlayotgan ediki, Oliver qo‘rqib uyg‘ondi-yu, sapchib turib ketdi.

Yo Rab! Uni yuragini o‘ynatib, ovozdan ayirgan, oyoq-qo‘lini shol qilib qo‘ygan nima? U yoqda… u yoqda… oynaning naryog‘ida… shundoq yaqinginada – agar orqaga sapchib ketmaganida shunday qo‘li yetadigan yaqinlikda – juhud turardi. U hujra ichkarisiga mo‘ralarkan, bola bilan ko‘zlari to‘qnashdi, yonida bo‘lsa – g‘azab yo qo‘rquvdan, yoxud har ikkovidandir, rangi devorday oqarib ketgan – mehmonxona hovlisida o‘shqirib bergan anavi odamning yovuz basharasi yaqqol ko‘zga tashlandi.

Bu chaqinday tilkalovchi nigoh bir ongina davom etdi, xolos. Ular g‘oyib bo‘ldilar. Ammo ular bolani tanidilar; bola ham ularni tanidi; ularning basharasi bolaning xotiriga shunchalik muhrlanib qolgandiki, go‘yo ularning nusxalari toshga o‘yib tushirilgan-u, dunyoga kelganidan beri ko‘z oldidan nari ketmagandek. U bir soniya mixlab qo‘yilgan yanglig‘ serraygancha turib qoldi. Keyin derazadan sakrab tushdi-yu, bog‘ni boshiga ko‘tarib yordamga chaqira boshladi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации