Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 21 (всего у книги 40 страниц)
O‘TTIZ IKKINCHI BOB
OLIVERNING SAXOVATLI DO‘STLARI ORASIDA KECHA BOSHLAGAN BAXTIYOR HAYOTIDAN NAQL ETADI
Oliverning dardi uzoqqa cho‘ziladigan hamda og‘ir edi. O‘q tekkan qo‘lidagi jarohatning sekinlik ila bitishi va azobini gapirib o‘tirmagan chog‘da ham, Oliverning yomg‘ir hamda sovuqda talay vaqt qolib ketishi isitmaga mubtalo qilgandikim, uning xuruji allaqancha haftalarga cho‘zilib, bolaning majolini quritdi. Illo, nihoyat, asta-asta dardi ariy boshladi, ikkala xonimning benihoya mehr-u saxovatidan bahramand bo‘layotganini, tuzalib, quvvatga kirganidan so‘ng ularga biron xizmati bilan o‘z minnatdorligini izhor etish umidida ekanini va bu xizmati (qandaydir arzimas xizmat bo‘lsa hamki), qalbi ularga nisbatan qanchalar muhabbat-u sadoqatga to‘la ekanining isboti bo‘lajagini, olihimmatliklari sharofati-la azob chekish yoki o‘lim changalidan qutulib qolgan bechora bola ularning muruvvat-u marhamatlariga munosib, xizmatlarini astoydil ado etish ishtiyoqida ekaniga ishontiradigan biron ish qilajagi haqida ikki og‘izgina so‘zlashga madori yetadigan bo‘lib qoldi.
– Sho‘rlikkina! – dedi Roz bir kuni Oliver gezargan lablarini qimirlatib, ming mashaqqat-la minnatdorchilik bildirishga uringanida. – Agar istasang, hali bizga xizmat qiladigan payting ko‘p keladi. Biz shahardan chetga, dalaga jo‘naymiz, xolam seniyam ola ketmoqchilar. Osudalik, sof havo va bahor chiroyi-yu barcha shodliklari bir necha kunda darmonga kirishingga yordam beradi. Agar kuching yetadigan bo‘lsa, senga yuztalab ish buyuramiz.
– Ish buyurasiz! – xitob qildi Oliver. – O, aziz xonim, agar sizning xizmatingizni qilolsam, agar gullaringizni sug‘orib, qushlaringizga qarab yoki kun bo‘yi dastyorchilik qilib ko‘nglingizni ololsam, sizni xursand etolsam – buning uchun jonimniyam ayamasdim-a!
– Qo‘y, joningni berishni og‘zingga olma, – dedi Roz Meyli kulib, – axir aytdim-ku, yuzlab ish buyuramiz senga deb, bizni xursand qilish uchun agarda hozir va’da berayotganingni yarmichalik ishlaydigan bo‘lsang ham boshim osmonga yetadi.
– Xursand bo‘laman, dedingiz-a, xonim?! – suyunib ketdi Oliver. – Judayam mehribon, saxiysiz-da!
– Meni shunchalik baxtiyor, shunchalik xursand qilasanki, asti qo‘yaverasan, – javob berdi yosh xonim. – Aziz, mehribon xolajonimning birovni sen tasvirlab bergan ayanchli qismat changalidan qutqarib qolganini o‘ylashning o‘zi olam-jahon halovat beradi, lekin xolam mehribonlik va rahm-shafqat ko‘rsatgan odamning, o‘z xaloskoriga nisbatan chin yurakdan minnatdorligi hamda sadoqatini izhor etayotganini bilib-anglab turganim sen tasavvur qilganingdan ko‘ra ko‘proq quvontiradi meni… Gapimga tushunyapsanmi? – deb so‘radi qiz Oliverning o‘ychan yuziga boqib.
– Ha, ha, tushunyapman, xonim! – dedi Oliver jo‘shib. – Lekin o‘zimning qanday nonko‘rligimni o‘ylayotgandim.
– Kimga nisbatan? – so‘radi yosh xonim.
– Menga shunchalik g‘amxo‘rlik qilgan saxovatli jentlmen bilan mehribon keksa enagaga nisbatan, – dedi Oliver. – Hozir mening shunday baxtiyorligimni bilishganida bormi, juda xursand bo‘lib ketisharmidi?
– Ehtimol, – deb qo‘ydi Oliverning najotkori. – Innaykeyin, oqko‘ngil mister Losbern yo‘lga chiqa oladigan bo‘lib quvvatga kirishing bilan seni ularnikiga olib borishga so‘z berdi.
– So‘z berdi deysizmi, xonim? – qichqirib yuborayozdi Oliver xursandligidan gul-gul yashnab. – Bilmadim, ularning mehribon diydorlarini yana ko‘rganimda suyunganimdan qay ahvolga tusharkinman?
Ko‘p o‘tmay Oliver ushbu sayohat munosabati bilan bo‘lajak yo‘l azobiga dosh bera oladigan darajada sog‘ayib qoldi. Bir kuni ertalab missis Meylining choqqina izvoshida mister Losbern ikkovlari yo‘lga chiqishdi. Chertsi ko‘prigiga yetganlarida Oliverning birdan rangi quv o‘chib, qichqirib yubordi.
– Bolaga nima bo‘ldi o‘zi? – o‘z odaticha hovliqib qoldi doktor. – Biron nimani ko‘rib qoldingmi… eshitdingmi… sezdingmi, a?
– Ana, ser, – qichqirdi Oliver izvosh oynasidan ko‘rsatib. – Shu uy!
– Xo‘sh? Nima qipti? Hoy aravakash! Shu yerda to‘xtating-chi, – qichqirdi doktor. – Bu qanaqa uy, bo‘tam? A?
– O‘g‘rilar… Ular meni shu yerga olib kelishgandi, – shivirladi Oliver.
– Ha jabbor chalgur-a! – nido soldi doktor. – Hey, u yoqdagilar! Tushishga yordamlashib yuboringlar!
Izvoshchi o‘rindig‘idan tushib ulgurmasidanoq doktor allaqachon qandaydir yo‘sinda izvoshdan chiqib oldi-yu, chopgancha tashlandiq uy yoniga borib, eshikni telbalarcha gursillatib tepa boshladi.
– Kim u? – javob berdi zuvalasi kichkinagina, ta’viyadan-ta’viya bukri to‘satdan eshikni ochib yuborib, jon-jahdi bilan eshikni tepayotgan doktor oxirgi tepishida to‘g‘ri dahlizga otilib kirib ketishiga bir bahya qoldi. – Bir gap bo‘ldimi?
– Bo‘ldi! – o‘shqirdi doktor, o‘ylab-netib o‘tirmay bukrining yoqasiga chang solib. – Ko‘p narsa bo‘ldi. O‘g‘rilik – mana, nima bo‘ldi!
– Agar yoqamni qo‘yib yubormasangiz, ustiga-ustak qotillik ham bo‘ladi bunaqada, – sovuqqonlik bilan javob qildi bukri. – Eshityapsizmi?
– Eshityapman, – dedi doktor changalidagi asirini astoydil silkib. – Qani o‘sha, bo‘g‘ziga iblis sirtmoq solgur, oti nima edi mal’unning. Ha, Sayks. Qani o‘sha Sayks, javob bering, qaroqchi?
Bukri hayrat va g‘azab ichra ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi, keyin doktorning changalidan epchillik bilan sug‘rilib chiqdi-yu, iflos haqoratlarni qatorasiga tizib tashlab, uyga chekindi. Ammo eshikni berkitib ulgurmasidan doktor «he» yo‘q, «be» yo‘q, xonaga bostirib kirdi. U ko‘zlari olma-kesak terib, atrofga alangladi: na jihozlar, na buyumlar, na hattoki, javonlarning joylashishi Oliver tasvirlaganiga muvofiq kelardi.
– Xo‘sh? – dedi uni ziyrak kuzatib turgan bukri. – Nima sababdan mening uyimga bostirib kirdingiz, bu qanaqasi bo‘ldi? Meni talamoqchi yoki o‘ldirmoqchimisiz?
– Ey qonxo‘r ovsar dajjol, shu niyatda izvosh minib kelgan odamni ko‘rganmisiz sira? – dedi qiziqqon doktor.
– Nima kerak o‘zi sizga? – baqirdi bukri. – Fursat borida tuyog‘ingizni shiqillatib qoling! Hazor la’nat sizga!
– Lozim topgan paytimda jo‘nayman, – dedi mister Losbern boshqa xonaga bosh suqib, uni kuzatarkan, bunisi ham birinchisi kabi Oliver tasvirlaganiga tirnoqchalik o‘xshamasdi. – Qarab turing, hali ta’ziringizni beradigan payti ham keladi, oshna.
– Shunaqa deng! – dedi manfur mayriq g‘ijinib. – Mabodo, o‘zlariga zarur bo‘lib qolsam, shu yerdan topadilar kaminani. Bu yerda yigirma besh yildan beri so‘qqabosh o‘tiraverib aqldan ozib bo‘layozdim-u, siz bo‘lsangiz tag‘in do‘q-po‘pisa qilasiz-a! Buning javobini berasiz, hali, ha, javobini!
Shunday deb ta’viya jimit iblis dod solib, jazavasi qo‘zib, xonada o‘yin tusha ketdi.
– Juda ahmoqona ish bo‘ldi-ku! – ming‘irlab qo‘ydi doktor miyig‘ida, – bola yanglishgan ko‘rinadi. Mana, buni cho‘ntagingizga soling-u, ovozingizni o‘chiring!
Shu so‘zlar bilan doktor bukriga tanga tashlab, izvosh yoniga qaytdi.
Bukri izvosh eshigigacha ortidan ergashib kelarkan, og‘zidan betinim noshoyon haqoratlar yog‘ilib turdi; mister Losbern izvoshchiga gap qotgan bir paytda izvosh ichiga mo‘ralab Oliverga shunday o‘tkir, naq badanni teshib o‘tgudek, ayni chog‘da shundayin g‘azabnok va qasoskorona nigoh tashladiki, bir necha oygacha bu o‘qrayish bolakayning na o‘ngi-yu, na tushida ko‘z oldidan nari ketmadi. Bukri izvoshchi to o‘z o‘rnini egallamagunicha jirkanch so‘kishlarini bas qilmadi; izvosh yo‘lga ravona bo‘lgandan keyin esa, chinakamigami yoki yasamami, tutqanoq jazavasida uning nuqul depsinib, sochlarini yulayotgani olisdan ham bemalol ko‘rinib turdi.
– Men – eshakman… – dedi doktor xiyla jim borgandan so‘ng. – Buni oldin bilarmiding, Oliver?
– Yo‘q, ser.
– Bo‘lmasa, keyingi safar esingdan chiqarmagin buni. Eshak! – takrorladi doktor yana bir necha daqiqa sukut saqlagach. – Bordi-yu, bu hattoki, xuddi o‘sha joy va u yerda xuddi o‘sha odamlar bo‘lgani taqdirdayam bir o‘zimning qo‘limdan nima kelardi? Basharti, yonimda ko‘makchilarim bo‘lgan chog‘dayam, baribir, bundan nima manfaat chiqardi, aqlim yetmay turibdi. Ehtimol, bu ishim oqibatida kaltak o‘z boshimga kelib tushardi-yu, mazkur voqeani sir saqlab qolganim albatta oshkor bo‘lardi. Darvoqe, qilgan gunohimning jazosi shu edi. Doim qiziqqonlik ustida ish tutib, kasofatiga qolganim-qolgan. Balki bu esimni kiritar.
Qalbi daryo doktor darhaqiqat umri bo‘yi faqat mayl ishtiyoqi-yu dil istagi da’vatiga amal qilib kelar, jiddiy mushkulliklar yoxud muvaffaqiyatsizliklardan sal bo‘lsa-da o‘zini chetga olmas, shuningdek, uni taniydiganlarning jamikisining hurmati-yu ehtiromini qozongan ekan, bu ana o‘sha faoliyatini boshqarib turgan mayl-u istaklar sharofatidan edi. Agar haqiga ko‘chadigan bo‘lsak, doktor bir-ikki nafasgagina afsus-nadomat his etib turdi, negaki, u dastlabki imkoniyat tug‘ilgan bir paytda Oliver gapirib bergan voqeani tasdiqlaydigan dalil-u isbotlarni qo‘lga kirita olmagandi. Biroq tezda xotirjam tortdi, Oliverning o‘z savollariga xuddi ilgarigidek erkin, izchil va bama’ni javob qaytarayotganiga, binobarin, xuddi o‘shanday samimiy hamda haqqoniy so‘zlayotganiga qanoat hosil qilib, shu damdan e’tiboran bolaning gapiga to‘la ishonch bilan qarashga ahd qildi.
Oliver mister Braunlou turadigan ko‘chaning nomini bilgani sababli ular izvoshni to‘g‘ri o‘sha yoqqa qarab haydashdi. Izvosh muyulishdan burilganida Oliverning yuragi shunaqangi dukurlab ura boshladiki, naq nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qolayozdi.
– Xo‘sh, bo‘tam, qani o‘sha uy? – deb so‘radi mister Losbern.
– Ana u, ana! – dedi Oliver bidirlab, izvosh oynasidan ko‘rsatgancha toqatsizlanib. – Oq uy. Eh, tezroq haydasangiz-chi! Iltimos, tezroq! Hozir o‘lib qoladiganga o‘xshayman. Hamma yog‘im titrab ketyapti.
– O‘zingni bos, qo‘rqma, – dedi oqko‘ngil doktor bolaning kiftiga qoqib. – Hozir ko‘rasan ularni, seni soppa-sog‘ligingni ko‘rib, quvonib ketishadi.
– Bo‘lmasam-chi, ishonaman bunga! – dedi Oliver sevinchi ichiga sig‘may. – Ular menga shunday mehribon edilarki, judayam, judayam mehribon edilar.
Izvosh g‘izillagancha olg‘a borardi. Keyin u to‘xtadi. Yo‘q, bu uy emas; keyingi eshik. Yana bir necha odimlik masofani bosgach, izvosh tag‘in to‘xtadi. Oliver derazalarga tikildi. Quvonchli ko‘z yoshlari yonoqlaridan shashqator quyilardi.
– Eh, attang, oq uyda hech kim turmas ekan, derazadagi: «Ijaraga beriladi», degan yozuv shundoqqina ko‘rinib turibdi.
– Keyingi eshikni taqillatib ko‘ring! – deb qichqirdi mister Losbern Oliverning qo‘lidan ushlarkan. – Qo‘shni uyda turadigan mister Braunlouga nima bo‘lganidan xabaringiz yo‘qmi?
Oqsochning bundan xabari yo‘q ekan-u, biroq so‘rab-surishtirib berishga tayyor ekanini aytdi. U hayal o‘tmay qaytib chiqib, mister Braunlou mol-mulkini sotib, bir yarim oy muqaddam Vest-Indiyaga jo‘nab ketgan ekan, dedi. Oliver mushtumini qattiq qisgancha, o‘zini bemajol o‘rindiqning suyanchig‘iga tashladi.
– U kishining ro‘zg‘orboshisiyam ketgan ekanmi? – so‘radi mister Losbern picha jim qolgach.
– Ha, ser, – javob berdi oqsoch. – Keksa jentlmen, ro‘zg‘orboshi va tag‘in bitta jentlmen, mister Braunlouning o‘rtog‘i, hammalari birga ketishgan.
– Modomiki, gap shundoq ekan, to‘g‘ri uyga haydang-u, – dedi mister Losbern izvoshchiga, – bu la’nati Londondan chiqib ketgunimizcha biron yerda otga yem beraman, deb to‘xtatib o‘tirmang.
– Kitobfurush-chi, ser? U yoqqa boradigan yo‘lni bilaman. O‘tinaman, o‘shanga uchrashing. O‘shanga uchrashib ko‘ring.
– Bechora bo‘talog‘im, shuncha hafsalamiz pir bo‘lgani bugunga yetadi, – dedi mister Losbern. – Ikkovimizga yetib-ortadiyam. Agar kitobfurushnikiga boradigan bo‘lsak, unda, turgan gapki, uning vafot etganini yo uyiga o‘t qo‘yib yuborganini, yoki qochib ketganini eshitamiz. Yo‘q, to‘g‘ri uyga jo‘naymiz.
Shunday qilib, doktorning nogahoniy qistoviga itoat etib, uyga jo‘nashdi.
Ushbu umidi puchga chiqish Oliverga, hatto baxti kulib boqqan bir paytda ham, talay qayg‘ualam keltirdi. Kasali davomida mister Braunlou va missis Beduinlar bilan uchrashishlarini, ana o‘shanda ularning nima deyishlarini xayol qilib, qanday xursand bo‘lishlarini ko‘z oldiga keltirib, necha-necha marotaba o‘ziga taskin bermagandi. Ko‘rsatgan mehribonchiliklari-yu himmatlarini o‘ylay-o‘ylay, shafqatsiz judolik dastidan motam tuta-tuta necha-necha uzoq kunlar-u yilday tunlarni iztirobda o‘tkazganini ularga so‘zlab berish orzusida edi. O‘zini oqlab olish va zo‘rlab sudrab ketganlarini hikoya qilib berish umidi yaqinginada boshdan kechirgan sinov kunlarida unga madad bergandi, ruhlantirgandi; ular shunchalar olisga ketib qo lishibdi va meni aldamchi, o‘g‘ri degan ishonch bilan ketishgan, deb o‘ylarkan, endi ularning bu ishonchi to o‘la-o‘lgunimcha ham rad etilmay qolar balki, degan fikr-xayolga asti chidayolmasdi bola.
Darvoqe, bu gaplarning bari valine’matlarining unga bo‘lgan munosabatlarini qatracha o‘zgartirmadi. Yana ikki haftadan so‘ng, havo jo‘nashib, dov-daraxtlar kurtak yozgan, g‘unchalari lab ochgan iliq kunlarda Chertsidan bir necha oyga jo‘nab ketish tadorigi ko‘rila boshlandi. Fedjinning ishtahasini qo‘zg‘atib, nafsini hakalak ottirib yuborgan kumush idish-oyoqlarni bankka jo‘natishdi-da, uyni Jayls bilan yana bir xizmatkorning ixtiyoriga topshirib, shahardan xiyla olisdagi bog‘ hovliga ko‘chib o‘tishdi. Oliverni ham o‘zlari bilan ola ketishdi.
Ovloqdagi qishloqni qurshab turgan ko‘m-ko‘k adirlar-u qalin o‘rmonlar qo‘ynida, muattar, sarin havodan kasalmand bola tuygan quvonch-u zavq-shavq, ruhiy osudalig-u bezavol osoyishtalikni kim tavsiflab bera oladi? Tor-u tanqis, g‘ala-g‘ovur shahar ahlining iztirob chekkan, toliqqan qalblariga orombaxsh tabiat manzaralari-yu sokinlik qanchalar chuqur ta’sir etayotganini va ularning joziba-latofati xun bo‘lgan dillarida qanchalar tomir yoya borayotganini kim tasvirlab bera oladi? O‘zining butun zahmatli umrini odam qalin, tor ko‘chalarda o‘tkazgan va hech qachon o‘zgarishni qo‘msamaganlar, tarki odat amrimahol qolipiga tushib qolganlar, kundalik sayohatlari hadi-chegarasi bo‘lib xizmat qiluvchi har bitta g‘isht-u har bitta toshni jondan sevib qolayozganlar – hatto shunday odamlar ham boshlariga ajal soya tashlaganida, pirovard-oqibatda, ko‘z qirlari bilangina bo‘lsa hamki tabiat jamoliga boqish ishtiyoqida zoriqadilar; ilgari aziyat chekkan va quvongan joylarini tark etarkanlar, ular go‘yoki, birdaniga hayotning yangi pallasi koshonasiga qadam qo‘yganga o‘xshaydilar. Ular kun-bakun birorta yam-yashil, oftob nurida cho‘milayotgan o‘tloqqa o‘rmalab qolisharkan, osmon, adir-u tepalar, vodiy, zilol suvni ko‘rib, ko‘ngillarida shunday xotiralar o‘ynardiki, hattoki, vujudlariga qutqu solgan oxirat tuyg‘usi ularning taqdirga tan berishlarini tezlatardi. Ular bor-yo‘g‘i bir necha soatgina muqaddam ovloq yotoqxonalarining derazasidan o‘zlari kuzatgandagi ojiz, xira tortib borayotgan ko‘zlari o‘ngida qirmizi shafaq hosil qilib botgan quyosh singari osoyishta, tinchgina qabrga kirardilar. Osuda qishloq manzaralari uyg‘otgan xotiralar ushbu olamga, uning o‘y-xayollari-yu orzu-niyatlariga begonadir. Ko‘ngillarga orom-u osoyish berar ekan, bu xotirotlar biz, osiy bandalarga suygan kishilarimiz qabrini yangi gulchambarlar bilan bezashni o‘rgatishi, fikr-o‘ylarimizni pokizalab, ilgarigi adovat-u nafratga barham berishi mumkin; xayol daftarini varaqlab ko‘rishga qodir har bir qalbda bunday xotiralar qo‘ri ostida loaqal zig‘irchalik bo‘lsa-da, mubham bir tuyg‘u mudrab yotadi. Bunday tuyg‘ular qachonlardir, uzoq o‘tmishda boshdan kechgan; bu shunday tuyg‘ularki, uzoq kelajak zamonlar haqida ulug‘vor fikrlar uyg‘otadi, takabburlik hamda behuda besaranjomlik kabi illatlarni jilovlab qo‘yadi.
Ular kelib qo‘ngan manzil so‘lim bir joy edi. Chuvrindi, isqirt olomon orasida, shovqin-suron-u haqoratlar og‘ushida o‘sgan Oliver nazdida xuddi ana shu, yangi hayot boshlangandek edi. Uchqat-u atirgullar erkalanb uy devorlariga suykanadi, daraxtlar tanasiga pechakgullar chirmashgan, bog‘dagi gullarning muattar bo‘yi havoni tutgan. Shundoq yaqingina joyda chog‘roqqina qabriston joylashgan. U yerda baland-u beso‘naqay qabrtosh-lar yo‘q, hilpiragan maysa-yu yo‘sin bilan qoplangan; ostida qishloqning qari-qartanglari yotgan oddiygina gumbazchalar do‘ppaygan. Oliver bu yerni tez-tez kezib turar va goho onasi yotgan g‘aribgina qabr yodiga tushib, kishi ko‘zidan ovloqda o‘tirib yig‘lardi; biroq boshini ko‘tarib, tepasidagi tubsiz ko‘k toqiga tikilarkan, u endi onasining yer qa’rida yotganini ko‘z oldiga keltirolmas va alam bilan emas, balki g‘amgin ko‘z yoshi to‘kardi.
Qanchalar baxtli damlar edi. Kunlar osoyishta va charog‘on kechar, tunlar na vahima, na tashvish keltirmay – manfur qamoqxonada sovqotmay, jirkanch odamlar bilan muloqotda bo‘lmay – beg‘alva o‘tar, dili quvonchga, boshi yorqin o‘ylarga to‘la edi.
Oliver har kuni ertalab kichikkina cherkov yaqinida turadigan soch-soqoli oppoq keksa jentlmennikiga qatnar, u bolaning xat-savodini takomilga yetkazishga yordam berardi; keksa jentlmen Oliverdan muloyim so‘zi-yu diqqat-e’tiborini sira ayamasdi, shu bois, bola kuchi boricha qariyaga yoqishga tirishardi. Keyin u missis Meyli va Roz bilan sayrga chiqar, ularning kitob ustidagi mulohazalariga quloq solar yoki biror salqin yerda yonlarida o‘tirib, yosh xonim o‘qib berayotgan kitobni tinglardi; u toki qosh qorayib, harflarga ko‘z o‘tmay qolguniga qadar tinglashga ham tayyor edi. Keyin u ertangi kungi saboqlarini tayyorlar va o‘zining bog‘ga qaragan mo‘jazgina hujrasida asta-sekin kech kira boshlamagunicha tirishib-tirishib ter to‘kardi. Oqshom yaqinlashganda esa ikkala xonim yana aylangani chiqishar, bola ham ularga ergashar, suhbatlariga bajonidil quloq tutardi. Mabodo, ularga birorta gul yoqib qolsa va gulni olib kelish qo‘lidan keladigan bo‘lsa, bola shunday suyunib ketardiki, oyog‘ini qo‘ltiqqa urganicha ularga xizmat qilgani otilardi. Qosh qoraygach esa, ular uyga qaytishardi-da, yosh xonim fortepiano yoniga o‘rnashib, ajoyib kuy chalishga yoki xolasiga yoqadigan birorta qadimiy qo‘shiqni past va shirali ovozda kuylashga kirishardi. Bunday kezlarda sham yoqishmas, deraza yoniga o‘tirib olgan Oliver mo‘jizakor kuyga zavqshavq-la quloq solardi.
Yakshanba kunlarini aytmaysizmi-ya! Bu yerda yakshanbani u ilgarilari o‘tkazganidan mutlaqo bo‘lakcha o‘tkazishardi. Mazkur baxtli damlaridagi jamiki kunlar qatori – qandayin baxtli kun edi-ya, bu yakshanba kuni. Erta bilan – kichkinagina cherkovda ibodat qilinadi; u yoqda, deraza ortidagi daraxtlarning yaproqlari shovillab-pichirlashadi, qushlar navo qiladi, sarin, muattar havo esa pastak eshikdan yopirilib kirib, kamtarona binoni xushbo‘y atirga to‘lata boradi. Kambag‘allar shundayin ozoda-pokiza kiyingan, shundayin ixlos-la tiz cho‘kishadiki, ularni bu yerga og‘ir burchlari sharofati bilan emas, balki bamisoli huzur-halovat topish uchun to‘planishgan deysiz; qasida kuylashlarini aytmaysizmi, unchalik mahoratli chiqmasdir-ku, lekin bularning qasidasi samimiy, astoydil, keyin, chamasi (har holda, Oliverning nazdida), u ilgari eshitganlariga qaraganda ancha xushohangroq, yoqimliroq yangraydi. So‘ngra, odatdagidek – sayr qilishadi, zahmatkash kishilarning chinniyi chiroqdek kulbalariga tashrif buyurishadi. Oqshom esa Oliver hafta bo‘yi saboq olgan Injildan bir-ikki surani takrorlarkan, bamisoli o‘zi ruhoniy bo‘lib qolganday, hatto o‘zini undan ham mag‘rur va baxtiyorroq his qiladi.
Sahargi soat oltida Oliver o‘rindan turib olgan bo‘ladi; dala chechaklarini izlab dalalarni kezadi, ko‘kat to‘siqlar orasi-yu ortlarini titkilaydi: gulchechaklarni bir quchoq qilib ko‘tarib keladi uyga, shundan keyin nonushtalik dasturxonni bezash uchun hafsala va qunt bilan guldasta tuzaydi. Missis Meylining parrandalarga atalgan qo‘nalg‘asi ham bor edi; Oliver zo‘r didi bilan ularning qafasini yasatadi, bu san’atni u ko‘pni ko‘rgan qavm xodimidan o‘rganib olgandi. Shu ishlar bitgach, uni odatda birortaga yordamlashgani qishloqqa jo‘natishadi yoki ba’zan maysazorda kriket o‘ynashadi. Goho esa shunaqasi ham bo‘ladiki, bog‘da bironta yumush topilib qolib, Oliver to miss Roz chiqib kelgunicha uni jon-jon deb (bunday yumushlar ilmini yana o‘sha asli kasb-kori bog‘bon bo‘lgan murabbiysidan o‘rgangandi), xushvaqtlik ila bitkazib qo‘yadi. Ana shunday kezlarda qilgan ishi uchun maqtovga ko‘mib tashlashadi.
Shu tariqa oradan uch oy – eng omadli hamda eng dorilamon yashayotgan bandasining hayotida benihoya baxtli kunlar hisoblasa arzigulik, Oliverning hayotida esa chinakamiga huzur-halovatli bo‘lgan uch oy o‘tdi. Bir tomon beqiyos musaffo hamda mehr bilan yo‘g‘rilgan muruvvat-u himmat ko‘rsatsa, ikkinchi tomon bunga javoban eng samimiy, eng qizg‘in hamda eng chuqur minnatdorlik namoyon etardi. Oliver Tvistning ana shu qisqa muddat ichida keksa xonim va uning jiyani bilan nihoyatda yaqinlashib, dillari og‘ushta bo‘lib ketgani va binobarin, uning murg‘ak, ziyrak qalbida jo‘sh urgan qaynoq muhabbati xonimlar dilini rom etib, u bilan faxrlana boshlaganlarining hech bir mo‘jiza joyi yo‘q.