Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 36 (всего у книги 40 страниц)
– O‘sha odam albatta qo‘lga tushadi! – xitob qildi u. – Shu bugun kechqurunoq qo‘lga olinadi.
– Qotilmi? – so‘radi mister Braunlou.
– Ha, – javob qildi unisi. – Ko‘hna buzuqxonalardan birining atrofida iti o‘ralashib yurganini ko‘rishibdi; chamasi, egasining yo o‘sha yerdaligi, yo qorong‘i tushganda u yerga kelishiga shubhalanmasa ham bo‘ladi. Hamma yoqda izquvarlar izg‘ib yurishibdi. Uni qo‘lga tushirish topshirilgan odamlar bilan gaplashdim, o‘shalar qochib qutulolmaydi, deyishyapti uni. Bugun oqshomda yuz funt mukofot berilajagi e’lon qilinibdi hukumat tomonidan.
– Men ham ustiga ellik funt qo‘shaman, – dedi mister Braunlou, – agar yetib borolsam, o‘sha joyning o‘zida o‘z og‘zim bilan e’lon qilaman buni… Mister Meyli qayerda?
– Garrimi? Manavi oshnangiz siz bilan izvoshga sog‘-salomatgina o‘tirganini ko‘rgan zahoti bu xabarni eshitgan yeriga ot qo‘yib ketdi, shahar chekkasidagi shartlashilgan allaqaysi joyda dastlabki bo‘linmaga borib qo‘shilishi kerak ekan.
– Fedjin-chi? – so‘radi mister Braunlou. – U to‘g‘risida nima gaplar bor?
– U to‘g‘risida oxirgi marta eshitganimda hali qo‘lga olinmagandi, lekin ushlashadi uni, balki qo‘lga tushirib ham bo‘lishgandir allaqachon. Bunga ishonchlari komil edi, ularning.
– Bir qarorga keldingizmi? – ohistagina so‘radi mister Braunlou Monksdan.
– Ha, – javob berdi u. – Siz… siz… mening sirimni saqlab qolasizmi?
– Saqlab qolaman. Men qaytib kelgunimcha shu yerda qolasiz. Xavfdan qutulib qolishingizning birdan-bir umidli chorasi shu.
Jentlmenlar xonadan chiqishdi va eshik yana qulflab qo‘yildi.
– Nimaga erishdingiz? – shivirlab so‘radi doktor.
– Mo‘ljalimdagining bariga, hatto undan ham ko‘proqqa. Bechora qizdan eshitgan, shuningdek, ilgari bilgan ma’lumotlarimni, joyida saxovatli do‘stim olib borgan tekshiruvlar natijasini birma-bir yog‘dirib tashlab, tonishga aqalli tariqchalik vaj-sabab qoldirmay, jamiki qilgan qabihlig-u razilliklarini bejamay-netmay ro‘yi rost basharasiga aytib, turish-turmushini naq ko‘zguda ko‘rsatgandek yaqqol ko‘rsatdim-qo‘ydim. Maktub yozib uchrashuvimizni indinga kechki soat yettiga belgilang. U yerga bir necha soat oldinroq yetib boramiz, illo avval, ayniqsa oyimqiz, dam olvolishimiz zarur; negaki, sodir bo‘lajak gaplar undan hozir siz bilan biz o‘ylayotgandan ko‘ra ortiqroq matonatni talab etishi mumkin. Lekin shu tobda anavi razillarcha o‘ldirilgan bechora qizginaning o‘chini olish istagi zo‘rligidan tomirlarimdagi qon qaynab ketyapti. Qayoqqa qarab ketishdi ular?
– To‘g‘ri politsiya mahkamasiga qarab boravering – shunda naq vaqtida yetib borasiz, – javob berdi mister Losbern. – Men shu yerda qolaman.
Jentlmenlar shoshilinch xayrlashishdi – har ikkalasi ham jilovlab bo‘lmaydigan betizgin hayajon iskanjasida edi.
ELLIGINCHI BOB
TA’QIB VA QOCHISH
Temzaga yaqingina yerda, Roterxizdagi cherkov qad ko‘targan va sohilbo‘yi imoratlari eng chirkin, daryodagi kemalar esa ko‘mir tashiydigan barjalardan ko‘tarilgan kukun hamda qalashib yotgan pastak-pastak kulbalardan taralgan tutundan qorayib ketgan joyda ushbu shaharning behisob istiqomatchilari hatto nomini ham bilmaydigan dahalari ichida eng iflos, eng g‘alati, eng antiqasi joylashgan.
Yo‘lovchi bu maskanga faqat shu atrofda bozori chaqqon buyumlar sotiladigan, sohilbo‘yi ahli orasida eng qo‘poli-yu eng qashshoqlar ishg‘ol etgan iflos, tor-u tanqis jinko‘chalar oralabgina bora oladi. Bu dahadagi peshtaxta-yu do‘konchalarga eng arzon va eng bemaza oziq-ovqatlar uyib tashlangan; do‘kondorlarning eshiklariga va deraza panjaralariga eng jo‘n-u eng dag‘al matodan tikilgan liboslar ilib tashlangan. Yo‘lovchi hech qanday hunar-u kasb-kori yo‘q zahmatkashlar, hammollar, ko‘mirchilar, buzuq ayollar, juldur bolalar, xullas, bandargohdagi jamiki qalang‘i-qasang‘ilarga duch kelib, ular orasidan arang yo‘l ochib, jirkanch manzara-yu, o‘ng-u so‘lga tarmoq otgan tor ko‘chalardan gup-gup ufurayotgan badbo‘y hidlar iskanjasida, har bir muyulishda uchrab turadigan omborxonalardan uyib mol ortib ketayotgan og‘ir aravalarning taraqa-turug‘idan qulog‘i bitib olg‘a yuradi. Nihoyat, xiyla chekkaroq hamda odam siyrakroq ko‘chalarga chiqib, shundoq yo‘lqa tepasida bamisoli muallaq osilib turgan omonat bostirma-yu boloxonalar ostidan o‘tib boradi; yonidan o‘tib borayotganida go‘yoki lopillab ketgandek tuyulgan chirik devorlar yoqalab ilgarilaydi; boshiga tushib ketay-tushib ketay deb turgan yarim xaroba mo‘rilar, zanglagan sim bilan to‘silgan chirib bitayozgan derazalar – jamiki tasavvurga sig‘mas qashshoqlig-u vayronalikning shahodati bo‘lmish narsalar biqinidan o‘tadi.
Bir zamonlar Mill-Rond deb atalgan, biroq biz hikoya qilayotgan kunga kelib Folli-Dich nomi bilan mashhur bo‘lgan, suv ko‘tarilishi paytida chuqurligi besh-sakkiz, eni o‘n besh-yigirma futga boradigan iflos xandaq bilan qurshalgan. Jekob oroli xuddi ana shu chekka yerda, Dokxed ortidagi Sautuorkda joylashgan. Mazkur xandaq, yoxud Temzaning tarmoqchasi, basharti, Lid-Mills yonidagi shlyuzlar ochiq bo‘lsa, suv ko‘tarilgan pallada limmo-lim to‘ladi hamisha, qadimgi nomini irmoqcha ana shu joy nomidan olgan. Bunday paytda yo‘lovchi Mill-Leyn yaqinidagi yog‘och ko‘priklardan birortasida turib, har ikki betdagi uylarning istiqomatchilari orqa tomondagi eshig-u derazalaridan suv tortib olgani yog‘och paqir, chelak va turli xil ro‘zg‘or idishlarini pastga tushirayotganini kuzatishi mumkin. Mabodo, uning nigohi bu mashg‘ulotdan uzilib, uylarning o‘ziga qadaladigan bo‘lsa, unda ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan manzaradan yoqasini ushlab qoladi. Orqa devorlar yoqalab ketgan besh-olti xonadonning o‘rtasidagi liqildoq ayvoncha-shiyponlarning ostki to‘shama taxtalari pastdagi loy-balchiq ko‘rinib turadigan bo‘lib yorilib-teshilib yotibdi; singan ko‘zlariga qog‘oz yopishtirilgan oynalardan kir yoyiladigan dorlar salanglab chiqib turibdi, ularga aslida hech qachon kir yoyilmagan; xonalar shunaqangi kichkina, shunaqangi ayanchli, shunaqangi torki, ularning havosi hatto o‘zlari yashirib turgan ifloslik va razolat uchun ham haddan ziyod palag‘da, zaharlilik qiladigandek tuyuladi; chiqindi-yu axlatlar uzra soyabon bo‘lib turgan qo‘shimcha yog‘och shiypon-u boloxonalar xuddi qulab tushayotganga o‘xshaydi – goho ba’zilari shunday bosib ham qoladi; devorlarni qurum-u is bosib ketgan, poydevorlar chirib-nuragan; olamdagi jamiki qashshoqlik belgilari, jamiki chirkinlik, chiqindi, axlat-u loy – Folli-Dich qirg‘og‘ini ana shular bezab turadi.
Jekob orolidagi omborxonalarning tepasida tomi ham yo‘q, ichlari bo‘m-bo‘sh, devorlari uvalib-uqalangan, oynalari oyna nusxini yo‘qotgan, eshiklari ko‘chaga ag‘darilib, qiyshayib yotibdi, mo‘rilari qorayib ketgan, ammo ulardan tutun chiqayotgani yo‘q. O‘ttiz-qirq yillar muqaddam, bu yerlar hali zarar ko‘rish hamda Kansler sudida4848
Kansler sudi – ilk feodalizm davrida qirollik farmoyishlari va bo‘lak qonunchilik manbalari asoslariga amal qilgan holda ish ko‘radigan sud sistemasiga qo‘shimcha tariqasida tashkil etilgan oliy sud; tashkilotchilarining fikricha, Kansler sudi «adolatga» tayanib ish ko‘rishi va raisi esa kanslerning (adliya ministri) shaxsan o‘zi bo‘lishi lozim edi. Amalda «umumjamoat» sudlarini Kansler sudiga qarama-qarshi qo‘yish qonunlarni sharhlashda aql bovar qilmaydigan qiyinchiliklarni tug‘diradi. Kansler sudida ish yuritish ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bir tarzda sansalorlikni vujudga keltiradi, vijdonsiz advokatlarning yuridik hiyla-nayrang ishlatishlariga doimiy manba bo‘lib qoladi. Dikkensning Angliya fuqarosi boshiga bitgan bir falokat bo‘lmish Kansler sudining faoliyati bilan bog‘liq xiyonat-u musibatlarni qayta-qayta fosh etishning ajablanadigan yeri yo‘q.
[Закрыть] da’volashish nimaligini bilmaydigan paytlarda gullab-yashnagan edi, biroq hozir chinakamiga tashlandiq orol bu. Uylar egasiz; eshiklari qo‘porib tashlangan. Jasorati yetgan, yuragi dov bergan har qanday odam kira oladi ularga; ular shu yerda yashaydi va shu yerda o‘ladi. Jekob orolidan boshpana istaganlarning xufiya joy izlashlari uchun asosli sabablari bo‘lishi kerak yoxud ular g‘irt qashshoqqa aylanib qolganlar.
Ana shu uylardan birining – boshqalaridan alohida, yarim xaroba, ammo eshig-u darchalari mustah-kam, orqa devori yuqorida ta’riflaganimiz xandaqqa qaragan hayhotday uyning yuqorigi xonasida jam bo‘lgan uch erkak dam-badam bir-birovlariga sarosima bilan, nimanidir kutayotganday qarab-qarab qo‘ygancha bir muddat miq etmay, qovoq uyib o‘tirishdi. Ulardan biri Tobi Krekit, ikkinchisi mister Chitling, uchinchisi esa mushtlashuvlardan birida burni pachaq bo‘lgan, yuzida vahimali chandig‘i bor (ehtimolki, bu ham o‘sha paytda tushgandir betiga) o‘n besh yoshlardagi o‘g‘ri yigitcha edi. Bu nusxa qochoq katorgachi bo‘lib, ismi Kegs edi.
– Ikkala eski maskanimizda poyi patagimizga o‘t qalashganidan keyin bu yoqqa qadam ranjida qilmay, boshqa birorta yangi uy izlashingizni istardim, qadrdon, – dedi Tobi Krekit mister Chitlingga.
– Nega endi shunday qilmadingiz, ey kallavaram? – so‘radi Kegs.
– Meni ko‘rishdan bundan ko‘ra jindakkina ko‘proq xursand bo‘lasizlar, deb o‘ylagandim, – javob qildi mister Chitling ranjinqirab.
– Bilasizmi, yigitcha, – dedi Tobi, – mabodo, birov menga o‘xshab tanho yashasa va tevaragida hech zog‘ o‘ralashib, iskab yurmaydigan shinamgina uyi bo‘lsa-yu, to‘satdan sizning hozirgi sharoitingizdagi yigitchaning iltifot ko‘rsatib, xonadoniga tashrif buyurishi (bemalol vaqti borida qarta o‘yinida u qanchalik ko‘ngilli hamda shinavanda sherik bo‘lmasin) uni bag‘oyat noxush ahvolga solib qo‘yadi.
– Buning ustiga o‘sha tanholikda yashaydigan yigitnikiga o‘zga yurtlardan kutganlaridan ancha ertaroq qaytgan va qaytishi bilan sudyalarga uchrashishga kamsuqumligi yo‘l qo‘ymaydigan oshnasi kelib tushgan bir paytda, – deya qo‘shib qo‘ydi mister Kegs.
Oraga qisqagina jimlik cho‘kdi, so‘ng Tobi Krekit, aftidan, o‘zining odatiy chapaninamo takabburona qiyofasini saqlab qolishga urinishi ishonarli chiqmasligini fahmladi chog‘i, Chitlingga o‘girilib:
– Shunday qilib, Fedjinni qachon qo‘lga olishdi?
– deb so‘radi.
– Qoq tushlik paytida – bugun peshingi soat ikkida. Charli ikkovimiz kir yuviladigan xonaning mo‘risidan quyon bo‘ldik, Bolter esa boshi bilan bo‘sh bochkaga kalla qilgandi, shotiday uzun oyoqlari bochkadan chiqib qolib, uniyam olib ketishdi.
– Bet-chi?
– Sho‘rlik Bet! U kimni o‘ldirganlarini ko‘rgani borib, – javob berdi Chitling chakkasi tirishgandan-tirishib borarkan, – jinni bo‘p qopti: dod deb baqirib, shaytonlab, devorga boshini uraverganidan, jinnilar kiyimini kiydirishib, kasalxonaga jo‘natishibdi. Hozir o‘sha yoqda u.
– Beyts-chi, u qayoqda? – so‘radi Kegs.
– To qorong‘i tushgunicha bu yerda ko‘zga tashlanmaslik uchun qayerlardadir sandiroqlab yuribdi, lekin tez orada kelib qoladi, – javob berdi Chitling. – Endi boradigan joyi yo‘q boshqa, nega deganda, «Majruhlar»dagilarning hammalarini haydab ketishgan, qovoqxonada bo‘lsa iskovuchlar bijib yotganini o‘tib borayotib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
– Bu uzil-kesil tor-mor qilindik, degan gap, – dedi Tobi labini tishlab. – Ko‘plarimizni ilintirishadi tuzoqqa.
– Hozir majlis qurishyapti, – dedi Kegs. – Agar ular tergovni tugatadigan va Bolter boshqalarni sotadigan bo‘lsa – shu kungacha qilgan ishlariga qaraganda albatta sotadi – Fedjinning qotillikka aloqasi borligini isbotlab, sudni jumaga belgilashlari mumkin, olti kundan keyin esa bo‘yniga sirtmoq solishmasa, otimni boshqa qo‘yaman!
– Olomonning qanaqangi baqirib-chaqirganini eshitganlaringda bormi, – dedi Chitling. – Politsiyachilar bamisoli iblisday olishishdi, bo‘lmasa, uning etini parcha-parcha qilib burdalab tashlashardi. Bir marta uni urib yiqitishdi ham, lekin politsiyachilar atrofini o‘rab olib, arang yo‘l ochishdi, o‘zlariga. Uning qop-qora qonga, loyga belanib, xuddi eng qalin oshnalariday politsiyachilarga yopishib olganini bir ko‘rsalaring edi. Hozir ham ularni shundoqqina ko‘rib turibman: o‘zlarini arang tutib, zo‘rg‘a dosh berib borishyapti, negaki, olomon ustilariga har tomondan yopirilib kelib, cholni tortqilab-sudrayapti; olomon musht o‘qtalib, do‘pposlab, tishlarini g‘ijirlatib, uning ustiga tashlanayotganini xuddi hozirgiday ko‘rib turgandayman. Sochi va soqolidagi qon shundoqqina ko‘zimning oldida turibdi, xotinlarning qichqiriqlarini qulog‘im eshitib turibdi – ular muyulishda odam eng qalin joyni yorib o‘tib, yuragingni yulib olamiz bu yoqqa, deb shang‘illab qarg‘ab yotishibdi.
Mazkur manzaraning dahshatidan borlig‘i larzaga kelgan guvoh quloqlarini qo‘llari bilan berkitib, ko‘zlarini yumib olgan ko‘yi o‘rnidan turdi-da, xuddi aqldan ozganday tez-tez u yoqdan-bu yoqqa borib-kelaverdi.
U betoqatlanib nari borib-beri kelar, qolgan ikki sherigi oyoqlari ostiga tikilgancha o‘tirishar ekan, to‘satdan eshikni allakim yoxud nimadir qitirlatib timdalayotganini eshitdilar-u, xonaga Sayksning iti yugurib kirdi. Ular derazaga tashlanishdi, so‘ng zinadan pastga, ko‘chaga otilishdi. It ochiq derazaning rafiga sakrab chiqdi; u yigitlar ketidan tushmadi, egasi esa hech yerda ko‘rinmadi.
– Bu qanaqasi bo‘ldi? – dedi Tobi ular qaytib kelishgach. – Bu yoqqa kelishi sira aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Ish… ishonamanki, bundaymasdir, – Agar bu yerga kelayotgan bo‘lsa, it bilan birga kirib kelardi, – dedi Kegs engashib, tilini osiltirgancha hansirab yotib olgan itni ko‘zdan kechirarkan. – Menga qaranglar, unga suv beraylik, uzoq yugurganidan o‘lar holatga kelib qolibdi…
– Bir tomchisiniyam qoldirmay hammasini ichdi, – dedi itni jimgina kuzatib turgan Chitling. – Loyga belanibdi, oqsayapti, ko‘ziyam xiralashib qolibdi… rosayam uzoq chopganga o‘xshaydi.
– Qay go‘rdan kelib qoldiykin bu? – dedi Tobi hovriqib. – Turgan gap hamma boshqa qovoqxona-yu mayxonalarga borgan, hamma yerda begona, notanish odamlar olomonini ko‘rib, ilgarilari tez-tez bo‘lib turgani uchun zing‘illaganicha bu yerga kelgan. Lekin bundan oldin qayerdan kelgan ekan, keyin egasisiz bu yerga qanday kelib qoldiykin?
– Axir u (ulardan hech qaysilari qotilning ismini tilga olmayotgandilar), axir u o‘z joniga qasd qilmagandir? Sizlar nima deb o‘ylaysizlar? – so‘radi Chitling.
Tobi bosh chayqadi.
– Agar o‘zini o‘zi o‘ldirganida, – dedi Kegs, – it bizni o‘sha yoqqa sudrardi. Yo‘q. Menimcha, u Angliyadan quyon bo‘lgan-u itni tashlab ketgan. Bir yo‘lini qilib adashtirib ketgan, bo‘lmasa, it bunaqangi jimgina yotmasdi.
Haqiqatga eng yaqin bo‘lib tuyilgan bu fikr to‘g‘ri deb topildi: stol tagiga kirib olgan it kuchala bo‘lib uyquga ketdi-yu, ortiq diqqatlarini tortmay qo‘ydi.
Qorong‘i tushgani boisidan deraza qopqoqlarini yopib, shamni yoqishdi-da, uni stolga keltirib qo‘yishdi. So‘nggi ikki kun mobaynidagi dahshatli voqealar uchovlariga ham juda qattiq ta’sir etgan va o‘zlariga tahdid solib turgan xavf-xatar buni yanada oshirib yuborgandi. Ular tiq etgan sharpadan bir cho‘chib tushgancha, kursilarini bir-birovlariga yaqinroq surishdi. Ular kam, shunda ham shivirlashib so‘zlashishar va go‘yoki o‘ldirilgan qizning jasadi qo‘shni xonada yotganday pildirpisgina, churq etgani cho‘chib o‘tirishar edi.
Ular bir muddat shu ko‘yi o‘tirishdi, keyin qo‘qqisdan pastda allakim eshikni betoqat gursillatib qoldi.
– Beyts keldi, – dedi Kegs vujudiga chirmashgan vahimani yengish uchun jahl bilan atrofiga alanglab.
Eshik yana taraqladi. Yo‘q, bu Beyts emasdi. U hech qachon bunaqangi taqillatgan emas eshikni.
Krekit deraza yoniga bordi-da, butun tanasi qalt-qalt titragancha mo‘ralab qaradi. Oshnalariga kim kelganini aytib o‘tirishining zarurati qolmagandi: rangi quv o‘chib ketgan basharasi o‘zo‘zidan aytib turardi buni. Buning ustiga it ham sapchib turdi-yu, g‘ingshigancha eshikka qarab yugurdi.
– Ichkariga kiritishimiz kerak uni, – dedi Krekit shamni olayotib.
– Nahotki, boshqa yo‘rig‘i bo‘lmasa? – xirildoq tovush bilan so‘radi oshnasi
– Hech qanaqangi. Ichkariga kirishi kerak u.
– Bizni bunaqa qorong‘ida qoldirmang-da, – dedi Kegs kamin tokchasidan boshqa shamni olarkan; shamni yoqayotganida qo‘llari qaltirardi, shu tufayli u to shamni yondirib olgunicha eshik tag‘in ikki marta taqilladi.
Krekit pastga tushib ketdi va og‘zi-yu iyagini bitta ro‘molcha, shlyapali boshini boshqa dastro‘mol bilan bog‘lab olgan bir odamni boshlab qaytdi. U ro‘molchalarni shoshilmay yechdi. Rangi za’faron, ko‘zlari o‘pirilib tushgan, chakaklari ich-ichiga kirib, uch kun orasida soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan, yuzlari so‘lg‘in, nafasi xirillab chiqyapti; bu – Sayksning bamisoli arvohi edi.
U xonaning o‘rtasida turgan kursining suyanchig‘idan ushlab, unga o‘tirmoqchi bo‘ldi-yu, biroq yelkasi osha orqasiga ko‘z tashlab qo‘yarkan, seskanib ketib, kursini devor tomon surib, iloji boricha taqab qo‘ydi-da, keyin o‘tirdi.
Hech birlari churq etib og‘iz ochishmadi. U indamay dam unisiga, dam bunisiga tikilardi. Mabodo, birortalari o‘g‘rincha qarayotgan bo‘lsa, nigohlari to‘qnashishi bilanoq yuzini burib olardi. Uning xirqiroq ovozi oradagi jimlikni buzganida uchovlari seskanib tushishdi. Chamasi, bu ovozni ular umrlarida eshitmaganga o‘xshashardi.
– It qanday kirib keldi? – so‘radi u.
– Yolg‘iz o‘zi. Uch soatcha bo‘ldi.
– Oqshomgi gazetada Fedjin qo‘lga olindi, deb yozishibdi. Shu to‘g‘rimi yo yolg‘onmi?
– To‘g‘ri.
Yana jim qolishdi.
– Hammalaringning padarlaringga la’nat! – deya jazavasi tutdi uning, kafti bilan peshonasini artarkan. – Nima, menga aytadigan hech qanaqangi gaplaring yo‘qmi?
Ular xijolatomuz besaranjomlanib qo‘yishdi-yu, lekin hech qaysilari miq etmadi.
– Siz bu uyning egasisiz, – dedi Sayks Krekitga yuzlanib. – Xo‘sh, meni tutib bermoqchimisiz yoki bu ov tugagunicha shu yerda tura-turishimga ruxsat etasizmi?
– Agar bexavotir deb hisoblaydigan bo‘lsangiz, qolaverishingiz mumkin, – deya javob berdi u murojaat qilgan odam birpas ikkilanib turgach.
Sayks xiyol boshini burib, orqasidagi devorga qarab qo‘ydi-da:
– Anavi… jasad… ko‘mishdimi uni? – deb so‘radi.
Ular yo‘q degan ma’noda ishora qilishdi.
– Nega endi ko‘mishmaydi? – deya xitob qildi u, tag‘in orqasiga qarab qo‘yar ekan. – Bunaqangi jirkanch narsani nimaga ushlab turishibdi o‘zi?.. Kim taqillatyapti u yoqda?
Xonadan chiqishdan oldin Krekit, xavotir oladigan hech nima yo‘q, degan ishorani qilib, pastga tushib ketdi-yu, o‘sha zahotiyoq Charli Beytsni ergashtirib qaytdi. Sayks eshikning to‘g‘risida o‘tirgani sababli bola ostona hatlab ichkariga qadam qo‘yishi bilanoq unga ko‘zi tushdi.
– Tobi! – dedi u orqasiga tisarilib, Sayks unga tikilarkan. – Nega o‘sha yoqda, pastda aytmadingiz buni?
Anavilarning, uch oshnaning qo‘rquv aralash bu badbaxt odam hatto shunday sodda bola oldida mulozamat qilishga ham tayyor shekilli degan hayratlari sezilib turardi. Mana u, bosh irg‘adi, aftidan, bolaning qo‘lini qisishga ham tayyorga o‘xshaydi.
– Meni birorta boshqa xonaga boshlang, – dedi bola yana tisarilib.
– Charli, – dedi Sayks olg‘a bir qadam tashlab. – Nahotki, sen… sen meni tanimayotgan bo‘lsang?
– Yaqinlashmang menga, – javob qaytardi bola tag‘inam nariroqqa chekinar ekan, qotilning aftiga dahshat-la tikilib. – Yovuz!
Qotil yarim yo‘lda to‘xtadi, ular bir-birovlariga tikilib qolishdi, biroq Sayksning ko‘zlari ohista yerga qadaldi.
– Uchovlaring guvohsizlar! – qichqirdi bola mahkam tugilgan mushtini silkib, so‘zlagani sayin hayajoni ortgandan-ortib borardi. – Uchovinglar guvoh bo‘linglar – men undan qo‘rqmayman! Agar bu yerga qidirib kelishadigan bo‘lishsa, uni sotaman, xuddi shundoq qilaman, ko‘rasizlar. Oldindan ogohlantirib qo‘yyapman sizlarni. Buning uchun meni, agar xohlasa yoki botinsa, o‘ldira qolsin, lekin men shu yerda bo‘lsam, sotaman uni. Uni tiriklayin yoqishadigan bo‘lishsayam baribir tutib berardim… O‘ldirishyapti! Yordam beringlar!.. Uchovlaringning bitta odamni ushlashga yuraklaring dov bersa, menga yordamlashib yuborasizlar… O‘ldirishyapti! Yordam beringlar!.. Ushlanglar uni!..
Bola ana shu taxlit dod solgancha va alamli ishora-yu mardona harakatlar bilan chindan ham bir o‘zi baquvvat erkakka jon-jahdi-la hamda qo‘qqisdan tashlanib qolgani tufayli guppa qulatdi uni.
Uchala tomoshabin o‘zlarini yo‘qotib, mutlaqo esankirab qolishgandi chog‘i. Ular aralashishga urinib ham ko‘rishmadi, bola bilan erkak yerda dumalay ketishdi; bola o‘ziga yog‘ilayotgan zarbalarga parvo qilmay, qotilning ko‘ylagidan mahkam changallab olganicha ovozining boricha yordamga chaqirardi.
Biroq olishuv kuchlar bag‘oyat notengligi sababli ko‘pga bormadi. Sayks bolani tagiga bosib olib, tizzasi bilan tomog‘idan eza boshladi, shunda Krekit uni Beytsning ustidan tortib tushirib, xavotirlik bilan deraza tomonni ko‘rsatdi. Pastda o‘tlar miltillab, baqir-chaqirlar, oshig‘ich qadam tovushlari eshitilayotgandi – chamasi, ular behisob bo‘lib, eng yaqindagi ko‘prikdan kelayotgandi. Aftidan, olomon orasida otliq ham bor ko‘rinardi, negaki, notekis tosh yo‘ldan tuyoq dupuri eshitildi. Mash’alalar shu’lasi yanada kuchaydi: odim sharpalari kuchaygandan-kuchayib borardi. Keyin eshikni qattiq taraqlatishdi, shundayin g‘azabnok va bosinqi g‘ala-g‘ovur bosib ketdiki, hatto eng dovyurak odam bo‘lganida ham bu suron esini teskari kilib yuborishi turgan gap edi.
– Yordam beringlar!.. – deb baqirdi bola ovozi naq havoni parmalab, tashqariga otildi bamisoli. – Shu yerda u. Eshikni buzib kiringlar!
– Qirol nomi bilan! – degan ovoz eshitildi tashqaridan va ketidan yana hayqiriqlar yangradi, bu safargisi boyagisidan ham kuchliroq yangradi.
– Eshikni buzinglar! – baqirardi bola. – Sizlarga aytyapman; o‘lsayam ochishmaydi uni! To‘g‘ri chiroq yonib turgan xonaga qarab chopinglar! Eshikni buzib kiringlar!
Uning ovozi tingach, eshik hamda pastki qavatdagi deraza qopqoqlariga ustma-ust va zalvorli zarbalar yog‘ila ketdi-yu, olomonning qanchalik behisob ekani haqda ozmi-ko‘pmi to‘g‘ri tasavvur hosil qilishda ichkaridagilarga ilk marta imkon yaratib bergan haybatli «ura» sadolari ko‘kka o‘rladi.
– Manavi chiyildoq iblisvachchani tiqib qo‘yishga birorta xonaning eshigini ochsangiz-chi! – bo‘kirdi Sayks quturib, bolani misoli bo‘sh qopday u yoqdan-bu yoqqa sudragancha. – Manavinisini! Tezroq! – u bolani o‘sha xonaga uloqtirib yuborib, lo‘kidonni surdi-da, kalitni buradi. – Pastki eshik qulflog‘liqmi?
– Kalitini ikki marta burab, zanjirini ham ilib qo‘yganman.
– Tavaqalari mustahkammi o‘zi?
– Tunuka qoplog‘liq.
– Deraza qopqoqlariyammi?
– Ha, qopqoqlar ham.
– Ming la’nat, sanlarga! – bo‘kirdi uchiga chiqqan ablah deraza romini ko‘tarib, olomonga dag‘dag‘a qilarkan. – Bilganlaringni qilinglar! Sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman hali!
Olam yaralganidan beri inson bolasi qulog‘i eshitgan jamiki dilga qutqu soluvchi dahshatli o‘kiriklardan hech biri ushbu darg‘azab olomonning hayqirig‘idan balandroq chiqqan emas. Bir xillar yaqinroqda turganlarga, uyga o‘t qo‘yib yuboringlar, deb baqirishar; boshqalari politsiyachilarga, otinglar uni, deb bo‘kirishardi. Olomon orasida hech kim darg‘azablikda o‘zi mingan otdan sakrab tushib, xuddi suvni kechib kelayotgandek, olomonni yorib o‘tgan va naq deraza ostiga kelib olib, barchaning ovozini bosib ketadigan qilib:
– Kimki, narvon keltirsa, yigirma giney oladi! – deb baqirgan odam bilan baslasholmasdi.
Yaqinroqda turganlar uning hayqirig‘ini ilib ketishdi va ketidan yuzlab ovozlar takrorladi uni. Ba’zilar narvon, boshqalar bolg‘a keltirishni talab qilishardi; uchinchi xillari mash’alalarini silkitgancha u yoqdan-bu yoqqa tashlanishar, yana joylariga qaytib, tag‘in baqirishga tushib ketishardi; bir xillar tomoqlari yirtilgudek bo‘lib shafqatsizona la’natlar yog‘dirishardi; ba’zilar esa telbalarcha jazavaga tushib, tiqilishib oldinga o‘tishar va u yerda ishlayotganlarga xalaqit berishardi; dovyurakroqlari bo‘lsa, tarnov hamda devordagi do‘ng-dunglar yordamida tepaga chiqishga tirishishardi. Hammalari quturib esayotgan shamolda to‘lqinlanayotgan boshoqlar yanglig‘ qorong‘ida hayajon-la chayqalib turishar, vaqti-vaqti bilan baqirig‘-u hayqiriqlari qo‘shilib, qudratli o‘kirikka aylanib ketardi.
– Suv ko‘tarilgandi-ku! – qichqirdi qotil xonaga sakrab, deraza romini pastga tushirar ekan. – Men kelgan paytimda suv ko‘tarilib bo‘lgandi. Arqon beringlar menga, uzun arqon! Hammalari kiraverishda uymalashib yotishibdi. Folli-Dichga tushib, juftakni rostlab qolaman. Arqon beringlar menga, yo‘qsa, tag‘in uch kishining surobini to‘g‘rilab, keyin o‘zimni gumdon qilaman!
Qo‘rquvdan dong qotib qolgan yigitlar arqon turadigan joyni ko‘rsatishdi. Qotil shosha-pisha ichida eng uzun va eng pishig‘ini ola solib, tepaga otildi.
Uyning teskari tomondagi faqat bola qulflab qo‘yilgan xonaning kichkinagina oynasidan tashqari hamma derazalar allaqachonlardayoq g‘isht bilan urib tashlangan edi. Bu oyna nihoyatda torlik qilar, u sig‘masdi. Ammo o‘sha shapaloqdekkina oynadan bola tashqarida turganlarga qarab tinmay, uyning orqa tomonini qo‘riqlanglar, deb baqirib yotgandi; shuning uchun ham qotil chordoq eshikchasidan axiyri tomga chiqib olganida, qattiq qichqiriq uyning old tomonida to‘planganlarni ogoh etdi bundan va o‘sha zahotiyoq olomon bir-birovini surib-itarishib, uzluksiz irmoqday orqa tomonga aylanib o‘ta boshladi.
Sayks chordoq eshikchasiga aynan shu maqsadda olib chiqqan taxtani tirab, mustahkam berkitib qo‘ydiki, uni ichkaridan ochish amrimahol bo‘lib qoldi; keyin cherepitsalardan emaklab borib, bo‘g‘otdagi pastakkina panjaradan pastga mo‘raladi.
Suv qaytib, xandaq tubi balchiqli o‘zanga aylanib qolgandi.
Olomon uning harakatlarini kuzatgancha, niyati nimaligini bilmay, bir necha lahza mobaynida tinchib qoldi; biroq buning fahmiga yetib, qotilning ishi o‘ngidan kelmaganini ko‘rgach, shunaqangi tantanavor hamda jon-jahdi bilan hayqirdiki, buning qarshisida ilgarigi jamiki o‘kiriklari shivirlashday bir gap bo‘lib qoldi. Ketma-ket hayqiriqlar yangradi. Bu hayqiriqlarga uning mohiyatini anglab olishga xiyla olislik qiladigan yerda turganlar ham jo‘r bo‘lishardi; go‘yoki, shahar bu razil odamni la’natlamoq uchun o‘z siynasidagi jamiki fuqarosini shu yoqqa keltirib ag‘darganmi, deysiz.
Uyning kiraverish tomonidan shoshib kelyapti odamlar – olg‘a va yana olg‘a qudratli, shiddatli darg‘azab odamlar oqimi, bu oqimni goh u yerda, goh bu yerda langillab yongan mash’alalar yoritib turibdi. Xandaqning narigi betidagi uylarni zabt etdi, olomon; har bir derazadan basharalar tikilib turibdi; har bir tomda shamaloqday odam. Har bir ko‘prikcha (bu yerdan ularning uchtasigina ko‘rinib turibdi) olomon og‘irligidan bukilib-mayishib ketay deydi. Odamlar oqimi esa hanuz oqqandan-oqib kelyapti, ular kazzobni ko‘rsa va uni biror og‘iz so‘kib qolsa bo‘ladigan kaftdakkina joyni izlab yotishibdi.
– Ana endi qo‘lga tushirishadi uni! – deb qichqirdi kimdir eng yaqindagi ko‘prikdan. – Ura!
Olomon uzra qalpoqlar silkitila boshlandi. Yana hayqiriq yangradi.
– Uni tirik tutgan odamga ellik funt beraman! – qichqirdi xuddi o‘sha ko‘prikchada paydo bo‘lgan keksa jentlmen. – Toki o‘sha odam pulni olgani kelgunicha shu yerda kutaman.
Tag‘in ko‘k sari o‘kiriklar o‘rladi. Aynan shu soniyada olomon oralab eshikni nihoyat buzganlari va boya narvon so‘ragan odamning birinchi bo‘lib tepadagi xonaga chiqqani haqidagi xabar o‘rmalab qoldi. Ushbu xabar og‘izdan-og‘izga o‘ta boshlashi bilanoq odamlar oqimi shartta orqaga burildi; derazalardan qarab turganlar ko‘priklardagi xaloyiqning orqaga oqa boshlaganini ko‘rib, ko‘chaga otilib chiqishib, hozirgina o‘zi tashlab kelgan joyga to‘s-to‘polon bilan talpinayotgan olomonga qo‘shilib ketishardi. Odamlar itarishib-turtishib, politsiyachilar uydan olib chiqayotganda birrovgina bo‘lsa-da, jinoyatchini ko‘rib qolish niyatida shiddat-la eshik sari intilishardi. Oz bo‘lmasa olomon ezib qo‘yayozgan yoxud yo‘lakay yiqitib yuborib oyoq ostida qolganlarning dod-voyi va baqiriqlari avji falakka chiqqandi; tor yo‘lkalar tirband; birovlar uy eshigi oldiga qaytib borish istagida oldinga intilayotgan, boshqalar esa olomon orasidan chiqib ketishga behuda urinayotgan ayni damda, garchi umumning kazzobning qo‘lga tushganini ko‘rish istagi (mabodo, imkoniyati bo‘lsa, albatta) o‘sib borayotgan bo‘lsada, ko‘pchilikning diqqati qotildan alahsib qolgandi.
Qotil olomonning g‘azabi, qochib qutulishning iloji yo‘qligidan butunlay tushkunlikka tushib, g‘ujanak bo‘lib o‘tirib olgandi, ammo hozirgina eslatganimiz banogoh o‘zgarishni payqadi-yu, hayoti uchun kurash yo‘lida so‘nggi bor urinib ko‘rish – xandaqqa tushib, botib qolishdan cho‘chimay tavakkal qilishga va qorong‘ilik hamda to‘s-to‘polondan foydalanib, tuyoqni shiqillatib qolishga qaror berib, o‘rnidan sapchib turdi.
Yangitdan kuch-g‘ayratga kirgan, ichkariga bostirib kirganlaridan dalolat berib turgan shovqin qichab hayday boshlagan qotil oyog‘ini mo‘riga tirab, arqonning bir uchini unga mahkam bog‘ladi-da, qo‘llari va tishlari bilan ko‘z ochib yumgunchalik vaqt o‘tmayoq ikkinchi uchida sirg‘aladigan musti-mustahkam sirtmoq yasadi. U arqondan yerga yetishiga o‘zining bo‘yi barobar masofa qoladigan darajada osilib tushsa bo‘lardi, qo‘lida esa pichog‘i tayyor, shartta arqonni kesadi-yu, sakraydi-qo‘yadi.
Aynan shu pallada, u sirtmoqni bo‘yniga solib, endi qo‘ltig‘idan o‘tkazmoqchi bo‘lib shaylangan, yuqorida qayd etilgan keksa jentlmen esa (u olomon pachaqlab yubormasin deb ko‘prik panjarasiga mahkam yopishib olgandi) hayajon-la atrofidagilarni kazzobning tomdan xandaqqa osilib tushishga hozirlanayotganidan ogoh etib turgan ayni soniyada qotil orqasiga, tomga nazar tashlagan ko‘yi qo‘lini boshi uzra ko‘tardi-yu, dahshatdan voh deb yubordi.
– Yana o‘sha ko‘zlar! – bo‘g‘zidan g‘ayriinsoniy faryod otilib chiqdi.
Shunda bamisoli yashin tekkanday chayqalib ketib, muvozanatini yo‘qotdi-yu, panjara osha pastga ag‘darildi. Sirtmog‘i esa bo‘ynida edi. Og‘irligidan sirtmoq kamon ipiday tarang tortildi; qotil xuddi kuch bilan yoydan uzilgan kamon o‘qi singari o‘ttiz besh fut pastga shig‘illab uchib tushdi. Tanasi qattiq siltandi, qo‘l-oyoqlari pitirlab changak bo‘lib, tig‘i ochiq pichog‘ini changallagancha osilib qoldi.
Eski mo‘ri siltovdan qimirlab ketdi-yu, ammo mardonavor dosh berdi. Jonsiz qotil devor yonida osilib turar, bola esa derazachani to‘sib qo‘ygan jasadni nari itargancha, Xudo nomini shafe keltirib, o‘zini chiqarib olishlarini iltijo qilardi.
Shu paytgacha qayerdadir pisib yotgan it mungli g‘ingshigancha tom panjarasi yoqalab u yoqdan-bu yoqqa yugurib turdi-da, to‘satdan murdaning kiftiga sakradi. Mo‘ljalga yetolmay, xandaqqa chuvillab tusharkan, havoda bir o‘mbaloq oshdi-da, toshga urilib, boshini pachaq-pachaq qildi.