Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 11 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]
Jazavasi tutgan, ayniqsa, boshqa bo‘yin bermas ehtiros-u tuyg‘ulariga telbalik, noumidlik va alamzadalik omixta bo‘lib ketgan ayol zotida shunday bir narsa borki, bunga ro‘para bo‘lishni istaydigan erkak kamdan-kam topilsa keragov. Juhud o‘zini go‘yo Nensining g‘azabi kelganiga ishonmayotgan qilib ko‘rsatish befoyda ekanini fahmladi va beixtiyor orqaga tisarilarkan, munozarani davom ettirish endi sening galing, deganday Sayksga iltijoli hamda hurkibgina nigoh tashladi.
Mister Sayks bu unsiz iltijoni anglab va ehtimolki, agar darhol miss Nensining esini kiritib qo‘ymasa, g‘ururi hamda sha’niga putur yetajagini his etganidanmi, ishqilib, o‘nlab haqorat-u do‘q-po‘pisalarni qalashtirib tashladi, bu so‘kishlarning quyilib kelishi uning ushbu sohadagi kashfiyotchilik obro‘-e’tiborini chandon orttirib yubordi. Ammo bu so‘z tig‘lari ayolga zarracha ta’sir qilmagani vajidan u yanada tagdor, yanada jiddiy qilib qisti-bastiga oldi.
– Bu qanaqa qiliq bo‘ldi tag‘in? – dedi Sayks inson chehrasining eng go‘zal bezagiga qaratilgan g‘oyatda keng tarqalgan haqorat bilan o‘z savolini ta’kidlab; basharti, arshi a’lodagilar ellik ming bora aytilgan bunaqangi haqoratlardan loaqal bir galgisiga quloq osganlaridami, basirlik xuddi qizamiqday oddiy bir dard bo‘lib qolarmidi? – Bu qanaqa qiliq bo‘ldi yana?
Buni ko‘rib, eshitganimdan ko‘ra asfalasofilinga ravona bo‘lganim ma’qul-ku! O‘zing kimsan-u nimasan, bilasanmi o‘zi?
– Ha, hammasini bilaman, – javob berdi qiz telbalarcha kulgancha, boshini sarak-sarak qilib va o‘zini beparvo qilib ko‘rsatishga behuda tirishib.
– Undoq bo‘lsa, shallaqilikni yig‘ishtir, – dedi Sayks itiga gapirib o‘rganib qolgan to‘ng bir ohangda, – yo‘qsa, bir umrga uningni o‘chirib qo‘yaman-a!
Qiz battar asabiy qah-qah urdi-da, Sayksga bir qarab qo‘yib, teskari o‘girildi va labini shunday tishladiki, qon chiqib ketdi.
– Barakalla-e senga! – qo‘shib qo‘ydi Sayks unga nafrat-la olayib. – O‘zing ham xuddi insonparvar va olijanob odamlar toifasi bopsan-da. O‘zing aytganingday, bolakay bilan do‘stlashishga munosib xonimchasan-da o‘ziyam!
– Bu to‘g‘ri, iloyo, qodir xudoning o‘zi madadkor bo‘lsin menga! – xitob qildi qiz jo‘shib. – Uni bu yerga olib kelishda sizlarga yordam berganimdan ko‘ra ko‘chada til tortmay o‘lib qo‘ya qolganim yoki bugun yonginalaridan o‘tib kelgan ayollarning o‘rnida bo‘lib qolganim ming marta yaxshiydi-ya! Shu oqshomdan boshlab u o‘g‘ri, aldoqchi, iblis va har balolarga aylanadi. Nahotki, bu yaramas cholga shuyam kamlik qilsa, kaltaklash yetishmasa unga!
– Bas, yetar, – nasihat qilgan bo‘ldi juhud, Sayksga bo‘layotgan mashmashalarni diqqat-la kuzatayotgan bolalarni imlab ko‘rsatib. – Odob bilan so‘zlashmog‘imiz lozim, Bill, odob bilan.
– Odob bilan! – chinqirdi qiz, shu tobda dahshatli qiyofada edi u. – Odob bilan so‘zlarmishlar-a, voy razil-ey! Ha, mendan boodob so‘zlarni eshitadigan ish qilib qo‘yibdilar-da o‘zlariyam! Siz uchun o‘g‘rilik qila boshlaganimda bundan ikki baravar yosh edim-a! – shunday deb Oliverni ko‘rsatdi u. – Bu hunar bilan shug‘ullanib, sizga xizmat qilib kelayotganimga o‘n ikki yil bo‘ldi. Buni bilmaysiz-a? Gapiring axir! Bilmaysiz-a?
– Bas-bas! – uni tinchlantirishga urindi juhud. – Rostki shundoq ekan, shu yo‘l bilan rizq-ro‘zingni, nasibangni ishlab topyapsan-ku, axir!
– Ha, albatta! – so‘zni ilib ketdi qiz; u gapirardimas, chinqirardi – so‘zlar bamisoli shiddatli oqimday quyilib kelardi. – Tirikchiligim shu bilan o‘tyapti… Sovuq, nam, iflos ko‘chalar – mening uyim! Siz bo‘lsangiz – talay yillar ilgari ana o‘sha ko‘chalarga quvgan va meni kun-bakun, tun-batun, toki o‘lgunimcha o‘sha yoqda tentirashga majbur qiladigan muttahamsiz…
– Shundoq qilamanki, bu kuning ham holva bo‘lib qoladi! – gapini bo‘ldi ushbu ta’nalardan darg‘azab bo‘lgan juhud. – Agar yana bir og‘iz so‘z chiqadigan bo‘lsa og‘zingdan, ta’ziringni berib qo‘yaman!
Qiz ortiq hech nima demadi; jazavasi qo‘zib sochlarini yulgancha juhudning ustiga tashlandi, mabodo, Sayks zarur paytda uning qo‘lidan ushlab qolmaganida bormi, juhudning biron yerida intiqom asarini qoldirishi turgan gap edi, shundan keyin qiz yigItning qo‘lidan yulqinib chiqishga bir necha marotaba befoyda urindi-yu, hushidan ketdi.
– Ana endi hammasi joyiga tushdi, – dedi Sayks qizni xona burchagiga yotqizar ekan. – Mana shunaqangi quturib ketganida qo‘liga shunchalik kuch kiradiki, hayron qoladi odam.
Juhud manglayini artib, iljayib qo‘ydi, aftidan, xavotir-u tashvish o‘tib ketgach, o‘zini yengil sezgandi, biroq u ham, Sayks ham, it ham, bolalar ham, chamasi, bu mashmashalarni o‘zlarining hunarlari bilan bog‘liq kundalik voqea deb hisoblashgan ko‘rinardi.
– Xotinlarga kuning qolmasin, deb shuni aytadilar-da, – dedi juhud tayoqni joyiga olib qo‘yar ekan, – lekin ular juda ayyor bo‘lishadi, shuning uchun ham bu kasb-u korimizda ularsiz ishimiz bitmaydi… Charli, Oliverga to‘shagini ko‘rsatib qo‘y.
– Menimcha, Fedjin, ertaga u yangi kiyimini kiymagani ma’quldir-a? – dedi Charli Beyts.
– Albatta, – javob berdi juhud, Charli shu savolni berganida qanday miyig‘ida kulgan bo‘lsa, u ham o‘shanday iljayib.
O‘ziga topshirilgan bu ishdan oshkora quvongan yosh Beyts uchi yoriq tayoqni oldi-da, Oliverni ilgari bittasida o‘zi yotib yurgan ikki-uchta to‘shak tashlab qo‘yilgan qo‘shni oshxona-xonaga boshlab kirdi. Bu yerda qotib-qotib kulgancha, Oliver mister Braunlouning uyida suyuna-suyuna qutulgan xuddi o‘sha kiyimni chiqardi; uni sotib olgan juhud Fedjinga tasodifan ko‘rsatib qolgan, bu kiyim Oliverning turarjoyini aniqlashga xizmat qilgan, kalavaning bir uchi vazifasini o‘tagan edi.
– Qani, hay-hay kiyimingni yech-chi, – dedi Charli, – uni Fedjinga olib chiqib beraman, o‘shanda bus-butun turadi. Zap tomosha bo‘ldi-da!
Sho‘rlik Oliver istar-istamas itoat etdi. Yosh Beyts yangi kiyimlarni o‘rab qo‘ltig‘iga qistirgancha xonadan chiqdi-da, Oliverni qorong‘ida qoldirib, eshikni yopdi.
Charlining sharaqlab kulgani, dugonasiga suv purkab va boshqa yordamlarni ko‘rsatib hushiga keltirish uchun zap vaqtida yetib kelgan Betsining ovozi, balki Oliverga qaraganda osoyishta-baxtiyor sharoitdagi ko‘plab odamlarning uyqusini qochirib yuborarmidi, ammo bola tamoman holdan toygan, qiynalib ketganidan dong qotib uxlab qolgandi.
O‘N YETTINCHI BOB
QISMAT OLIVERNI TA’QIB ETISHNI DAVOM ETTIRGANI VA UNI BADNOM QILMOQLIK UCHUN LONDONGA BUYUK BIR ODAMNI YETAKLAB KELGANI HAQIDA
Cho‘chqa to‘shida qizg‘ish et qavati bilan oppoq moy qavati navbatma-navbat almashinib joylashganidek, teatrda ham barcha bama’ni qonli melodramalarda qat’iy tartib bilan fojiaviy sahnalar bilan kulgili manzaralarni galma-gal joylashtirish taomili bor. Kishan va g‘am yuki ostida ezilgan tomosha qahramoni poxol uzra muk tushadi; keyingi ko‘rinishda uning sodiq, lekin hech nimadan bexabar yaroqbardori tomoshabinlarga kulgili qo‘shiq tuhfa etadi. Asarning ayol qahramonini yuraklarimiz terak bargidek titragan ko‘yi mutakabbir hamda bag‘ritosh baron hukmida ko‘ramiz: uning nomusi va hayoti – har ikkisi xavf ostida; u nomusini asrab qolish uchun hayotini qurbon qilmoqqa shaylanib qo‘liga xanjar oladi; aynan shu daqiqada, hayajonimiz eng so‘nggi nuqtasiga yetgan bir damda hushtak yangraydi-yu, biz o‘sha ondayoq hayhotday qasrning har yerda hozir-u nozir oppoq soqolli saroy og‘asi – baland gumbazli cherkovlarda ham, saroyu qasrlarda ham – mamlakat bo‘ylab hamisha qo‘shiq aytib yurguvchi antiqa qarollar jo‘rligida g‘alati qo‘shiq aytayotgan keng-mo‘l xonasiga borib qolamiz.
Manzaraning bunday o‘zgarishi go‘yo bema’ni va qovushiqsizday tuyuladi, ammo bu hol tezkorlik bilan birinchi qarashda tuyulganidan ko‘ra xiyla tabiiyroqdir. Zotan, hayotda noz-ne’matlar uyilgan dasturxon yonidan o‘lim to‘shagi yoniga ko‘chish, aza libosini bayram libosiga almashtirish kishini aslo hayron qoldirmaydi; faqat hayotda biz sustkash tomoshabin emas, faol aktyorlarmiz, asosiy farqi aynan mana shundadir. Aktyorlar taqlidiy teatr hayotida oddiy tomoshabin ko‘ziga o‘sha zahotiyoq qoralashga mahkum noo‘rin-u nojo‘ya, behuda-yu bema’ni bo‘lib ko‘rinadigan his-tuyg‘ularning zudlik bilan almashinishini ularchalik tuymaydilar.
Sahna va manzaralarning nogahoniy almashinishi zamon va makonning zud o‘zgarishi kitoblarda nafaqat ko‘p yillik udum-u tajriba asosida munavvar etadi, ayni chog‘da bu narsalar adibning beqiyos mahoratining dalil-isboti sifatida e’zozlanadi, ana shunday e’tiqoddagi tanqidchilar toifasi adibning san’atini uning o‘z qahramonlarini har bir bobning oxirida qanday mushkul holatda qoldirgani bilan baholaydilar, shu boisdan ham undaylar mazkur bobning ushbu qisqacha muqaddimasini, ehtimolki, nojoiz hisoblashar. U holda, keling, ushbu debocha hikoyanavisning Oliver Tvist tug‘ilgan shaharga qaytayotganidan dalolat beruvchi kamtarona sha’masi bo‘la qolsin; innaykeyin, kitobxonning yo‘lga tushish uchun muhim hamda asosli sabablar borligiga iymoni komil bo‘laversin, aks holda, unga bunday safarga chiqish taklif etilmagan bo‘lar edi.
Erta saharda mister Bambl mehnat uyi darvozasidan chiqib, vajohat bilan salobatli odim tashlagancha Xay-strit bo‘ylab keta boshladi. O‘zining bidllik lavozimidan mast bo‘lib, og‘zi qulog‘iga yetgudek yayrab-yashnab borardi; uch qirra qalpog‘i va shinelidagi zarrin uqa-yu jiyaklar ertalabki oftob nurida yarqirardi; u hassasini mahkam ushlab olgandi, vujudidan sog‘lomlik ufurib turar, o‘z kuch-qudratidan mamnun-u sarmast edi. Mister Bambl hamisha boshini g‘oz tutardi. Ammo bu tong u boshini odatdagidan ham balandroq ko‘tarib olgandi. Sinchkov kuzatuvchi parishon boqishi, purviqor qiyofasidan bidlning boshi shu tobda so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan o‘yu fikrlar bilan band ekanini payqab olishi mumkin edi.
Mister Bambl mayda-chuyda do‘konlar yonidan o‘tib borayotganida o‘ziga ehtirom ko‘rsatishlariga qaramay, ular bilan valaqlashmay, to‘xtamay odimlardi. Ularning salomlariga faqat qo‘l imosi-la alik olib, salobatli odimini zarracha sekinlatmay, oxiri missis Mann gadoyvachchalarni qavm taomilidagi gamxo‘rlik bilan parvarish qilayotgan fermaga yetib keldi.
– Oti o‘chsin-da shu bidlning! – dedi missis Mann ko‘cha eshikning qulog‘iga yaxshi tanish taqillashini eshitib. – Shundoq kallayi saharda o‘shandan boshqa kim ham kelardi?.. Voy, mister Bambl, qadamlariga hasanot! Voy Xudoyim-ey, kelganingizdan naq boshim osmonga yetdi-ya! Mehmonxonaga marhamat qiling, ser, marhamat!
Ushbu nutqning birinchi qismi Syuzenga qaratilgan, zavq-shavqqa to‘la hayajonli so‘zlar esa mister Bamblga tegishli edi; yoqimtoy xonim bog‘ eshikni ochib, ehtirom-u xushomadgo‘ylik bilan bidlni uy sari boshladi.
– Missis Mann, – deya gap boshladi mister Bambl o‘tirmay va bir xil surbetlarga o‘xshab kresloga tappa o‘zini tashlamay, vazminlik bilan astagina cho‘kar ekan, – missis Mann, ertangiz xayrli bo‘lsin.
– O‘zingiznikiyam, ser, – deya javob qildi missis Mann og‘zining tanobini yig‘ishtirolmay iljayib. – Umid qilamanki, o‘zingizni yaxshi his qilayotgandirsiz?
– Bir navi, missis Mann, – javob berdi bidl. – Qavm hayoti – parto‘shakda yotishmas, missis Mann.
– Ha-ya, rost aytasiz, mister Bambl! – gapni ilib ketdi xonim.
Bordi-yu, sho‘rlik bolakaylar bu gapni eshitishganida bormi, ular ham kezi kelib qolganidan foydalanib baravariga shu so‘zlarni takrorlashgan bo‘larmidi?
– Qavm hayoti, xonim, – so‘zini davom ettirdi mister Bambl hassasi bilan stolga tushirarkan, – tashvish, ko‘ngilsizlik va mashaqqatlarga to‘la, biroq shuni aytishim mumkinki, jamiki jamoat arboblari ta’qib-u mushkulotlarga bardosh berishga mahkumdirlar.
Bidlning nima demoqchi ekaniga unchalik tushunmagan missis Mann hamdardlik bilan qo‘llarini yoyib, xo‘rsinib qo‘ydi.
– Ha-a, chindan ham xo‘rsinadigan hol bu, missis Mann! – dedi bidl.
O‘zining to‘g‘ri qilganiga ishonchi komil bo‘lgan missis Mann yana bir karra xo‘rsindi, bu narsa jamoat arbobini mamnun etdi va u mag‘rurona kulgisini yashirib, o‘zining uch qirra qalpog‘iga xo‘mrayib bir qarab qo‘ydi-da, dedi:
– Missis Mann, men Londonga ketyapman.
– Iloyo, o‘zi yor bo‘lsin, mister Bambl! – xitob qildi missis Mann tisarilib.
– Ha, Londonga, xonim, – takrorladi matonatli bidl, – pochta foytunida. Men va yana ikki qashshoq, missis Mann. O‘troqlikka oid sud3232
O‘troqlikka oid sud – qavm ma’murlari yordamiga muhtoj grajdanlarning tug‘ilgan joyi masalasini sudda ko‘rib chiqilishi. Qavm ma’murlari har safar mehnat uyi xarajatlarini kamaytirishga harakat qilgan paytlarida unga murojaat qilganlar; qavmga qashshoq g‘rajdanlardan qutulishga yordam beradigan shunday choralardan biri mazkur joyda tug‘ilmagan qashshoqlarni, ya’ni «o‘troqlik huquqi»ga ega bo‘lmaganlarni badarg‘a qilish edi. Bambl qavm ma’murlari yordam berishdan bosh tortgan ikki nafar og‘ir bemorning ishini ko‘rgan xuddi ana shunday «sud»ga olib ketayotgan edi.
[Закрыть] bo‘ladi, shu bois kengash menga – menga, missis Mann – Klerkenuelda kvartal majlislarida3333
Kvartal sessiya-majlislari – sud majlislari o‘tadigan davr; Angliyada sudlar, quyi (dunyoviy) sudlardan tashqarisi, vaqt-vaqti bilan majlis qurardi – yilda to‘rt marta sudlar o‘z hukmlariga havola qilingan ishlarni ko‘rib chiqadigan ana shu muddatlar «kvartal sessiya-majlislari» deb atalardi. Bambl Londonga aynan shu sessiya-majlislarga, Klerkenueldagi «o‘troqlik huquqi»ni ko‘radigan sudga otlangan edi.
[Закрыть] shu ish yuzasidan guvohlik berishni topshirdi. Inchunin, kamina, Klerkenuel majlislarida, ishqilib, hakamlar meni tamom qilishdan burun o‘zlari o‘sal bo‘lib qolishmasa go‘rga edi, deb hazilakamiga cho‘chimayapman-da, – deya qo‘shib qo‘ydi mister Bambl qaddini rostlar ekan.
– Qo‘ying, ularga nisbatan bunchalik qattiqqo‘l bo‘lmang, ser! – dedi missis Mann tulkilik qilib.
– Klerkenuellik hakamlar o‘zlarini o‘zlari shu ko‘yga solib qo‘yishgan, xonim, – javob berdi mister Bambl. – Basharti, ish ular uchun o‘zlari kutgandan ko‘ra xunukroq tomonga burilib ketadigan bo‘lsa – mayli, o‘zlaridan ko‘rib, o‘zlariga tashakkur aytaverishsin!
Mister Bambl bu so‘zlarni shu qadar qat’iyat va o‘z burch-vazifasiga shunchalik sadoqat tuyg‘usi bilan shu qadar dag‘dag‘ali ohangda aytdiki, missis Manning naq o‘takasi yorilayozgandek bo‘ldi. Nihoyat, u ovoz berdi:
– Foytunda ketasizmi, ser? Men bo‘lsam bu gadoyvachchalar aravada jo‘natiladi, odatda, deb o‘ylardim.
– Agar ular betob bo‘lsa, missis Mann, – dedi bidl. – Yog‘in-sochinli kunlarda biz bemorlarni ochiq aravalarda jo‘natamiz, ular tag‘in shamollab qolishmasin, deymiz-da.
– E-ha! – deb qo‘ydi missis Mann.
– Orqaga qaytib ketayotgan foytun ikkovini eltib qo‘ymoqchi, buning ustiga, desangiz, arzonginaga, – dedi mister Bambl. – Ikkoviniyam ahvoli chatoq, shu boisdan ham biz foytunda olib borish ularni ko‘mgandan ko‘ra arzonroqqa tushadi, deb hisoblaymiz – basharti, ularni boshqa qavm qo‘liga tutqaza olsakkina, buni men mutlaqo eplashtirsa bo‘ladigan ish deb hisoblayman – ishqilib, bizga qasdma-qasdlikka yarim yo‘lda jon taslim qilib qolishmasa bas. Ha-ha-ha!
Mister Bambl jindekkina kuldi, keyin nigohi tag‘in uch qirra qalpog‘iga tushib, jiddiy tus oldi.
– Ishni unutib qo‘yibmiz-ku, xonim, – dedi bidl. – Manavi sizga qavmdan tegadigan oylik maosh.
Mister Bambl kartmonidan qog‘ozga o‘rog‘liq kumush tangalarni chiqardi-da, tilxat talab qilgan edi, missis Mann yozib berdi.
– Ser, aji-buji qilib yubordim-ku! – dedi go‘daklar murabbiyasi, – lekin hammasi qoidadagidek qilib yozilibdi shekilli. Tashakkur sizga, mister Bambl; ser, rostdan ham sizdan bag‘oyat minnatdorman.
Mister Bambl missis Manning ta’zimiga javoban iltifot ko‘rsatib, bosh irg‘ab javob qaytargan bo‘ldida, bolalarning ahvolini surishtirdi.
– Yaratganning o‘zi yarlaqasin ularni! – dedi missis Mann hayajonlanib. – Go‘dakkinalar soppa-sog‘, bundan ortiq nimaniyam tilardik ularga! Albatta, o‘tgan hafta olamdan ko‘z yumgan anavi ikkitasi va mitti Dikdan boshqalari.
– Bu bolakay haliyam tuzalay demayaptimi? – so‘radi mister Bambl.
Missis Mann bosh chayqadi.
– Bu qavmdagi badg‘araz, buzuq, beadab bola, – dedi mister Bambl jahl bilan. – O‘zi qayerda?
– Hoziroq huzuringizga zing‘illatib kelaman, ser, – javob berdi missis Mann. – Bu yoqqa kel, hoy Dik!
Dikni ovozlari boricha chaqirishdi, nihoyat u topildi. Uning yuzini suv purkagichga ro‘para qilib, missis Manning etagiga artishdi, ana shundan so‘ng u vajohatli, berahm mister Bambl – bidlga ro‘baru bo‘ldi.
Bolaning rangi za’faron, o‘zi qiltiriqday: lunjlari ich-ichiga botib ketgan, ko‘zlari katta-katta va chaqnoq. Egnidagi juldurvoqi qavm bergan ust-bosh – uning qashshoqligi ramzi – zaif gavdasida halpillab turar, bolakayning qo‘l va oyoqlari keksalarnikiday quruqshab-qovjirab ketgan edi.
Mister Bambl qarshisida zir titrab, ko‘zlarini yerdan uzolmay, hatto bidlning ovozini eshitishdan qo‘rqib turgan bu kichik jon ana shunday holatda edi.
– Xah qaysar bola, nima, jentlmenning yuziga qarolmaysanmi? – dedi missis Mann.
Bola hurkibgina ko‘zini ko‘targandi, mister Bamblning nigohi bilan to‘qnashdi. .
– Senga nima bo‘ldi, qavmning Dikkinasi? – surishtirgan bo‘ldi mister Bambl juda yopishib tushadigan hazilomuz ohangda.
– Hech nima, ser, – sekingina javob qildi bola.
– Albatta-da, hech gap bo‘lgani yo‘q! – dedi missis Mann mister Bamblning haziliga chin dildan kulib olishni kechiktirmay. – Ishonamanki, seni hech nimaga muhtoj joying yo‘q.
– Men shuni xohlardimki… – gap boshladi bola duduqlanib.
– Hali shunaqa degin! – bolaning so‘zini bo‘ldi missis Mann. – Sen, nazarimda, o‘zingga nimadir yetishmayotganini aytmoqchisan shekilli? Voy, yaramas zumrasha-yey!
– Jim, jiming, missis Mann! – dedi bidl qo‘lini hokimona ko‘tarib. – Xo‘sh, nimani istardilar o‘zlari, ser?
– Men shuni xohlardimki, – davom ettirdi bolakay duduqlanib, – birortasi mening o‘rnimga bir parcha qog‘ozga bir nechta so‘zni yozib, uni buklab yelimlasa-da, meni yerga ko‘mishganidan keyin berkitib qo‘ysa uni.
– Nimalar deyapti o‘zi, bu bola! – garchi bunday narsalarga ko‘nikib ketgan bo‘lsa-da, bolakayning jiddiy so‘zlashi va sillasi qurigan vujudi bir qadar ta’sir ko‘rsatgan Bambl xitob qildi. – Nima deyapsiz, ser?
– Men shuni xohlardimki, – dedi bolakay, – men bechora Oliver Tvistga qizg‘in salom demoqchiydim, yana tag‘in tez-tez uning qorong‘i kechalari sandiroqlab yurganlarini, yordam beradigan hech kimi yo‘qligini o‘ylab o‘tirishlarimni bilsa, degandim. Yana unga shuni aytishni istardimki, – so‘zini davom ettirdi bolakay mushtchalarini mahkam tugib va kuyib-pishib, – yosh bolaligimda o‘lib ketayotganimdan xursandligimni aytmoqchiydim unga: agar katta bo‘lsam, keyin qarib qolsam, osmondagi singlim meni tanimay qo‘yadi yoki uning o‘zi menga o‘xshamay qoladi, shuning uchun ikkalamiz bolaligimizda o‘sha yoqda uchrashganimiz ming marta yaxshi.
Mister Bambl betavsif bir hayrat-la mitti notiqni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi-da, suhbatdoshiga o‘girilib, dedi:
– Bularning baribir go‘r, missis Mann. Anavi bezbet Oliver hammasini buzdi.
– O‘z qulog‘im bilan eshitmaganimda bunga ikki dunyodayam ishonmagan bo‘lardim-a, ser! – dedi missis Mann qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, Dikka yeb qo‘yguday olayarkan. – Shu paytgacha bunaqangi ashaddiy yaramas bolani ko‘rmaganman!
– Olib boring uni, xonim! – dedi mister Bambl amirona ohangda. – Missis Mann, bu xususda kengashga axborot berish lozim.
– Umid qilamanki, jentlmenlar bu mening aybim emasligini tushunishar-a, ser? – dedi missis Mann ayanchli hiqillab.
– Ular tushunishadi buni, xonim: ishning chinakam holatidan xabardor qilinajak ular, – dedi mister Bambl. – Ana endi olib chiqing uni, aftiga qarasam, ko‘nglim ayniyapti.
Dikni hayallamay olib chiqib ketishdi va ko‘mir saqlanadigan yerto‘laga qamab qo‘yishdi. Shundan keyin hech qancha vaqt o‘tmay mister Bambl safar tadorigini ko‘rgani ravona bo‘ldi.
Ertasi kuni ertalab soat oltida uch qirra qalpog‘ini dumaloq shlyapaga almashtirib, qalpoqli havorang yomg‘irpo‘shga burkanib olgan mister Bambl aloqa foytunining sirtqi o‘rindig‘iga joylashib, o‘troqlik huquqlari hakamlari hukmiga havola qilinajak ikki jinoyatchi hamrohligida yo‘lga tushdi. Mana u o‘shalar bilan tegishli vaqtda Londonga yetib keldi. Qaysarlik bilan titrab-qaltirashni bas qilmagan va sovqotdik, deb zorlangan qashshoqlarning razilona xulqi atvorlaridan tashqari yo‘lda hech qanday ko‘ngilsizlik ro‘y bermadi; ular sovuqdan shunday nola qilishdiki, mister Bamblning gapiga qaraganda, garchi yomg‘irpo‘shga burkanib olgan bo‘lsa ham, uning o‘zini ham tishlari takillab, sovuq et-etidan o‘tib ketibdi.
Kechasiga bu niyati buzuq nusxalardan xalos bo‘lgan mister Bambl foytun kelib to‘xtagan uyga joylashib, kamtarona ovqat – go‘sht qovurdoq, qisqichbaqali qayla bilan qora pivo buyurdi. Suv qo‘shilgan iliq jinli stakanni tosh tokchaga qo‘yib, kreslosini olovga yaqinroq surdi-da, eng keng tarqalgan qusur – norizolik hamda nonko‘rlik – xususidagi yuksak ma’naviy mushohadalardan so‘ng gazeta o‘qishga shaylandi.
Mister Bamblning nigohi tushgan dastlabki satrlar quyidagi bo‘ldi:
«Besh giney mukofot O‘tgan hafta, payshanba kuni kechqurun Pentonvildagi uydan Oliver Tvist ismli bola qochgan yoxud zo‘rlab olib ketilgan, o‘shandan beri u haqda hech qanday xabar yo‘q. Yuqorida ko‘rsatilgan mukofot nomi zikr etilgan Oliver Tvistning qayerdaligini topishga yordam bergan yoki ushbu e’lonni bergan shaxs talay sabablarga ko‘ra nihoyatda qiziqayotgan bolaning o‘tmishi haqida ozgina bo‘lsa-da, ma’lumot bergan kimsaga beriladi».
Davomida Oliverning kiyimi va shaxsining batafsil tasviri, uning qanday paydo bo‘lgani-yu g‘oyib bo‘lgani, shuningdek, mister Braunlouning ism-sharifi-yu turarjoyi berilgan edi.
Mister Bamblning ko‘zlari chaqchayib ketdi, e’lonni shoshilmay, hafsala bilan uch marta ketma-ket o‘qib chiqdi va besh daqiqalardan so‘ng esa stakandagi iliq jinga qo‘l ham tekkizmay, foytunda, hayajon iskanjasida Pentonvil tomon ketib borardi.
– Mister Braunlou uydamilar? – so‘radi u eshikni ochgan qizdan.
Bu savolga qiz odatdagiday, biroq xiyla chalg‘itib javob qildi.
– Bilmadim… O‘zingiz qayerdan bo‘lasiz?
Mister Bambl tashrifi sababini aytib, Oliverning ismini tilga olgani hamonoq mehmonxona eshigi oldida gap poylab turgan missis Beduin nafasi tiqilgancha yo‘lakka otilib chiqdi.
– Kiring, kiravering! – nido soldi keksa ledi. – Uning daragi chiqishini bilardim! Sho‘rlikkinam! Uning daragi chiqishini bilardim-a! Bunga iymonim komil edi. Xudoning o‘zi yarlaqasin uni! Doim shundoq deganim-degandi.
Muhtarama keksa xonim orqasiga, mehmonxonaga shoshildi, divanga o‘tirib, ko‘zlaridan duvva yosh to‘ka ketdi. Bu orada unchalik ta’sirchan bo‘lmagan oqsoch tepaga yugurdi va ketiga qaytib tushib, mister Bamblga darhol orqasidan yurishni aytgandi, mister Bambl shunday qildi.
Uni oldilarida grafin va stakanlar turgan, mister Braunlou bilan do‘sti mister Grimuig o‘tirgan mo‘jazgina xonaga boshlab kirishdi. Keyingi jentlmen xitoblarni qalashtirib tashladi:
– Bidl! Agar bu kishi qavm bidli bo‘lmasa, o‘z kallamni g‘ajishga tayyorman.
– Baraka topkur, jim turing, – dedi mister Braunlou. – Marhamat qilib, o‘tirsalar qanday bo‘larkin?
Mister Bambl o‘tirdi, u mister Grimuigning g‘alati qiliqlaridan hang-mang bo‘lib qolgandi.
Mister Braunlou chiroqni bidlning afti yaxshiroq ko‘rinadigan qilib surdi-da, picha toqatsizlik bilan dedi:
– Xo‘sh, ser, e’longa ko‘zingiz tushib kelgandirsiz-a?
– Shunday, ser, – dedi mister Bambl.
– Keyin, siz bidlsiz-a, shunday emasmi? – so‘radi mister Grimuig.
– Men – qavm bidliman, jentlmenlar, – g‘urur bilan dedi mister Bambl.
– Aytmadimmi? – gap qistirdi mister Grimuig o‘z do‘stiga qarab. – O‘zim ham xuddi shunday deb o‘ylagandim. Turish-turmushi g‘irt bidlman deb turibdi-da, o‘ziyam!
Mister Braunlou oshnasiga, jim turing, degan ma’noda salgina bosh chayqab qo‘ydi-da, surishtirishni davom ettirdi:
– Bu sho‘rlik bolaning hozir qayerda ekani o‘zlariga ma’lummi?
– Boshqalardan ortiqmas, – javob berdi mister Bambl.
– Xo‘sh, unda nimalarni bilasiz u haqda? – so‘radi keksa jentlmen. – Aytadigan biron gapingiz bo‘lsa gapira qoling, do‘stim. Nimalarni bilasiz u to‘g‘risida?
– Yaxshi gap bo‘lishi dargumonov, shundoqmasmi? – dedi mister Grimuig zaharxandalik ila mister Bamblning aftiga diqqat bilan tikilib.
Mister Bambl bu savol ohangini darhol payqab, viqor ila vajohatli bir tarzda bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Ana ko‘rdingizmi? – dedi mister Grimuig mister Braunlouga tantanavor nigoh tashlab qo‘yar ekan.
Mister Braunlou mister Bamblning tumtayib olgan basharasiga xavotirlanib qarab qo‘ydi-da, undan Oliver haqida bilganlarining barini iloji boricha qisqagina qilib so‘zlab berishini o‘tindi.
Mister Bambl shlyapasini qo‘ydi, syurtugi tugmalarini yechdi, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirdi-da, biroz o‘y surib turgach, o‘z hikoyasini boshladi.
Uning yigirma daqiqalar cho‘zilgan hikoyasini bidlning og‘zidan chiqqanday qilib so‘zlab berguday bo‘lsak, sizni zeriktirib yuborardik, ammo-lekin mazkur hikoyaning mohiyati shundan iborat ediki, bunga qaraganda Oliver – past, qora xalq nasabidan bo‘lmish badaxloq kimsalardan tug‘ilgan yetimcha ekan; innaykeyin, u dunyoga kelgan kunidan boshlaboq xiyonatkorlik, ayyorlik, noshukurlik hamda tajanglik kabi xislatlarni namoyon etganmish; ona shahridagi qisqagina hayotini yuvoshgina bir bolakayni qonxo‘rlarcha, razilona do‘pposlash bilan tugallab, kechasi o‘z xo‘jasining uyidan qochib qolganmish. Mister Bambl o‘zining chindan ham o‘zi aytgan shaxs ekanini isbotlaydigan dalil sifatida shaharga olib kelgan qog‘ozlarini stolga chiqarib qo‘ydi. To mister Braunlou bular bilan tanishib chiqqunicha qo‘llarini qovushtirgancha kutdi.
– Bu gaplarning bari rost bo‘lmasa, deb cho‘chib turibman, – dedi keksa jentlmen qog‘ozlarni ko‘zdan kechirarkan. – Siz keltirgan ma’lumot uchun beriladigan mukofot unchalik katta emas, lekin men agar bular bolaning sha’ni uchun maqbul bo‘lib chiqqanida jon-jon deb uch karra ko‘proq berishga ham tayyor edim.
Mister Bambl buni ilgariroq bilganida bormi, o‘zining qisqagina hikoyasiga mutlaqo o‘zgacha rang bergan bo‘lishi ehtimoldan yiroq emasdi. Ammo endi fursat o‘tgandi, shu boisdan ham u vazminlik bilan bosh chayqab qo‘ydi-da, besh giney pulni cho‘ntagiga yashirib, chiqib ketdi.
Mister Braunlou bir necha daqiqa davomida xonada nari-beri borib-kelib turdi, aftidan, u bidlning hikoyasidan shunchalik dili vayron bo‘lgan ko‘rinardiki, hatto mister Grimuigday odam ham ortiq jig‘iga tegmay qo‘ydi.
Nihoyat u to‘xtab, shaxt bilan qo‘ng‘iroq chaldi.
– Missis Beduin, – dedi mister Braunlou ro‘zg‘orboshi kirib kelganida, – bu bola Oliver, yaramas bo‘lib chiqdi.
– Bundoq bo‘lishi mumkinmas, ser, sirayam mumkinmas! – dedi keksa xonim kuyib-pishib.
– Aytyapman-ku sizga – yaramas ekan! – e’tiroz bildirdi keksa jentlmen. – «Bundoq bo‘lishi mumkinmas», deyishga qanday asosingiz bor? Biz hozirgina dunyoga kelgan kunidan boshlab u to‘g‘risidagi batafsil hikoyani o‘z qulog‘imiz bilan eshitdik. U umri bo‘yi epchil zinqarcha, yaramas bo‘lib kelgan ekan.
– Ikki dunyodayam ishonmayman bunga, ser, – qat’iy ohangda dedi keksa xonim. – Ikki dunyodayam!
– Siz, kampirlar faqat qalloblar-u bema’ni cho‘pchaklarga ishonasizlar, – to‘ng‘illab qo‘ydi mister Grimuig. – Men buni avvalboshdayoq payqagandim. Nega darrov maslahat solmadinglar o‘zi? Isitmalab qolmaganida, ehtimol, shunday qilardinglar, a? U yaxshi, g‘alati bola ko‘rindimi, shundaymi? Shunday! Mana, oqibati! – shunday deya mister Grimuig kosovni silkib turib, zarb bilan kaminga suqdi.
– O‘zi yoqimtoy, mo‘min-qobil, ko‘ngilchan bola edi, ser! – qarshilik bildirdi missis Beduin achchiq-alam bilan. – Bolalarning farqiga boraman, ser. Ularning farqiga boradigan bo‘lganimga qirq yildan oshdi; bu ishda tajribam bor deyolmaydiganlar esa og‘iz ochmay qo‘ya qolgani ma’qul! Men shundoq deb o‘ylayman.
Bu bo‘ydoq mister Grimuigga qaratilgan keskin chovut edi. Lekin bu hamla keksa jentlmenga kor qilmay, u jilmayibgina qo‘ya qolgani tufayli keksa xonim boshini bir silkib, peshbandini to‘g‘rilarkan, yangi hamlaga hozirlandi, biroq uni mister Braunlou to‘xtatdi.
– Yetar! – dedi keksa jentlmen o‘zini jahli chiqqanga solib, aslida esa mutlaqo bunday emasdi. – Bu bolaning otini eshitishni ortiq istamayman! Shuni aytib qo‘ygani chaqirgandim sizni. Hech qachon! Hech qachon, zinhor-bazinhor! Yodingizda bo‘lsin bu! Ketishingiz mumkin, missis Beduin. Yodda tuting-a! Men hazillashayotganim yo‘q.
Shu kecha mister Braunlou uyi istiqomatchilari qalban iztirob chekib chiqdilar.
Saxovatli, mehribon do‘stlarini o‘ylar ekan, Oliverning yuragi siqilib ketardi; yaxshiyamki, ularning qanday ma’lumotlardan xabar topganlarini bilmasdi, yo‘qsa, yuragi paqqos yorilib ketishi mumkin edi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?