Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 9


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 9 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]

Шрифт:
- 100% +

O‘N TO‘RTINCHI BOB
OLIVERNING MISTER BRAUNLOUNIKIDA BO‘LISHI TAFSILOTINING DAVOMI, SHUNINGDEK, BIR TOPSHIRIQNI ADO ETMOQQA OTLANGAN OLIVER XUSUSIDA MISTER GRIMUIG DEGAN KIMSANING LOL QOLARLI BASHORATI HAQIDA

Mister Braunlouning pinhoniy xitobidan keyin hushidan ketgan Oliver tezda o‘ziga keldi, keksa jentlmen bilan missis Beduin endi surat to‘g‘risida gap ochmaslikka tirishdilar: suhbat davomida Oliverning na o‘tmishi, na yaqin kelajagi og‘izga olinardi, faqat uni yupatib, xursand qiladigan-u, ammo aslo hayajonlantirmaydigan narsalar ustidagina gap borardi. Oliver hali o‘rnidan turib, nonushtaga tushishga zaiflik qilardi, biroq shunga qaramay ertasi kuni ro‘zg‘orboshining xonasiga tushib, avvalo sabrsizlik bilan go‘zal xonimning chehrasini yana bir bor ko‘rish umidida devorga nigoh tashladi. Ammo uning umidi puchga chiqdi – suratni olib qo‘yishgandi.

– E, gap bu yoqda degin! – dedi ro‘zg‘orboshi Oliverning nigohini kuzatib. – O‘zing ko‘rib turganingday, uni opchiqib ketishdi.

– Opchiqib ketishganini ko‘rib turibman, xonim, – javob berdi Oliver. – Uni nimaga opqo‘yishdi?

– Uni, bo‘talog‘im, mister Braunlouning gapicha, seni bezovta qilgani uchun olib qo‘yishganmish. Bilasanmi, tag‘in u tuzalib ketishingga xalaqit bersa nima bo‘ladi? – dedi keksa xonim.

– Yo‘q-yo‘q, rosti bilan! Hecham meni bezovta qilgani yo‘q, xonim, – dedi Oliver. – Uni tomosha qilish judayam yoqqandi menga. Judayam yaxshi ko‘rib qoldim uni.

– Voy bolam-a! – dedi keksa xonim. – Bo‘talog‘im, ishqilib tezroq tuzalib ket, ana o‘shanda suratni ilgarigi joyiga osib qo‘yishadi. Senga so‘z beraman! Endi kel, boshqa biron narsa to‘g‘risida gaplashaylik.

Oliver o‘sha paytda surat haqida olishga muvaffaq bo‘lgan ma’lumotlarning bori mana shundangina iborat. O‘sha kezda u bu to‘g‘rida o‘ylamaslikka tirishardi, sababki, keksa xonim kasal paytida unga judayam mehribonlik ko‘rsatardi: u kampirning yoqimtoy va ajoyib odamga tekkani, qishloqda turadigan mehribon va suluv qizi to‘g‘risidagi, Vest Indiyada bir savdogarga gumashtalik qiladigan, xuddi qizi singari benuqson-u bejirim, yiliga to‘rt marta (kampir buni eslaganining o‘zidayoq ko‘zidan yosh chiqib ketardi) xat yozib turadigan o‘g‘li haqidagi so‘ngsiz-nihoyasiz hikoyalarni jon qulog‘i bilan tinglardi. Keksa xonim o‘z bolalarining ajoyib xislat-u fazilatlari ustida shunaqangi eshilib, og‘zidan bol tomib, shuningdek, o‘z saxovatli, yoqimtoy eri – roppa-rosa yigirma olti yil muqaddam bandalikni bajo keltirgan mehribon sho‘rlik erining izzatini o‘rniga qo‘yib ta’riflab, uzoq-uzoq hikoya qilardi… Keyin choyxo‘rlik fursati yetardi. Choydan so‘ng u Oliverga kribbedjni2727
  Kribbedj – ommaviy qarta o‘yini.


[Закрыть]
o‘rgatardi, xonim qandayin osonlik bilan o‘rgatsa, bola shundayin osonlik bilan bilib-anglab olardi o‘yinni; bu o‘yinni ular to bemorga suv qo‘shilgan iliq vino ichirib, yumshoqqina o‘ringa yotqiziladigan fursat yetguniga qadar katta qiziqish va dabdaba bilan o‘ynayverardilar.

Bu baxtli kunlar – Oliverning darddan xalos bo‘lish kunlari edi. Hamma yoq tip-tinch, chinniday top-toza va batartib, hamma shunday mehribon va shirin so‘z ediki, uning nazdida shu kungacha hayoti shovqin-suron, g‘ala-g‘ovur, ur-sur bilan kechganidan keyin xuddi jannatga tushib qolganga o‘xshardi. U kiyina oladigan darajada quvvatga kirishi bilanoq, mister Braunlou yangi kamzul-ishton, yangi shlyapa va yangi boshmoq sotib olishlarini buyurdi. Eski kiyimlarini nima qilish o‘zining ixtiyorida ekanini Oliverga aytishganida, u narsalarini kuyib-pishib mehr-oqibat ko‘rsatgan oqsochga berib, bularni birorta juhudga soting-da, pulini o‘zingiz ola qoling, dedi. Bu iltimosni oqsoch bajonidil bajardi. Qisqasi, Oliver deraza oldida turib, juhudning ko‘ylaklarini qopga tiqib, jo‘nab qolganini ko‘rgach, bu narsalarimni olib ketishdi, endi ularni boshqatdan kiyaman, deb qo‘rqmasam ham bo‘ladi, degan fikrdan xursand bo‘lib ketdi. Rostiga ko‘chganda, bu narsalar uvada-juldur kiyimlar edi, Oliverning esa hech qachon yangi kiyimi bo‘lgan emasdi.

Bir kuni kechqurun, surat hangomasidan taxminan bir haftacha o‘tgach, Oliver missis Beduin bilan suhbatlashib o‘tirganida, mister Braunlou odam kiritib, agar Oliver Tvist o‘zini yaxshi his qilayotgan bo‘lsa, uni o‘z xonasida ko‘rish va u bilan picha gaplashish istagi bor ekanini aytib, bolani chaqirtirib qoldi.

– Voy Xudoyim, o‘z panohingda asra bizni, o‘zing yarlaqa! Bolajonim, qo‘lingni yuvib ol, innaykeyin, kel, sochingni yaxshilab tarab qo‘yay! – xitob qildi missis Beduin. – E xudovandi karim-a! Seni ko‘rishni istab qolishini bilganimizdami, senga chinnidekkina yoqa kiygizib qo‘ygan, ana unda yap-yangi olti penslikday yaraqlab ketgan bo‘larding-a!

Oliver itoatkorlik bilan o‘zini keksa xonimning ixtiyoriga topshirdi, garchand kampir ko‘ylagining qat-qat burmali yoqasini dazmollab berish uchun vaqt o‘tganidan kuyib-pishib shikva-shikoyat qilayotgan bo‘lsa hamki, shunday zaruriy bezakning yo‘qligiga qaramay bola nihoyatda nozik hamda yoqimtoy ko‘rinardi; shunda kampir uning boshidan-oyog‘igacha bag‘oyat mamnun razm solib chiqarkan, bordi-yu, hatto ilgariroq ogohlantirib qo‘ygan taqdirlaridayam uni bundan ko‘ra chiroyliroq qilish amrimahol ediyov, degan xulosaga keldi. Bu so‘zlar dalda bergan Oliver xona eshigini taqillatdi.

Mister Braunlou kirishga ruxsat etgach, u kitoblarga liq to‘la, derazasi so‘lim bog‘chaga qaragan mo‘jazgina xonada ko‘rdi o‘zini. Derazaga yaqin qo‘yilgan stolning narigi tomonida mister Braunlou kitob o‘qib o‘tirgan ekan. Oliverni ko‘rib, kitobni chetga qo‘ydi-da, stolga yaqinroq kelib o‘tirishni taklif etdi unga. Oliver itoat etarkan, aftidan, insonlarning aqlini peshlash uchun yozilgan shuncha ko‘p kitobni o‘qib chiqadigan odamlar ham bormikin, deganday hayratda qolgandi. Bu narsa hanuzgacha Oliverga qaraganda chandon bora ko‘zi pishgan odamlar uchun ham jumboq bo‘lib kelmoqda.

– Kitoblar juda ko‘p-a, to‘g‘rimi, bo‘tam? – so‘radi mister Braunlou Oliverning yerdan to shiftgacha kitob taxlangan tokchalarga qanday qiziqish bilan tikilayotganini payqab.

– Judayam ko‘p ekan, ser, – javob berdi Oliver. – Buncha ko‘p kitobni sirayam ko‘rmagandim.

– Agar yaxshi bola bo‘lsang, bularning hammasini o‘qib chiqasan, – muloyimgina dedi keksa jentlmen, – muqovani tomosha qilgandan ko‘ra ko‘proq yoqadi bu senga. Darvoqe, hamishayam shunday bo‘lavermaydi, shunaqangi kitoblar ham bo‘ladiki, ichidagisi muqovasi bilan muhrasiga arzimaydi.

– Ehtimol, huv anavi katta, og‘ir kitoblarga o‘xshaganlari o‘shanaqa bo‘lsa kerag-a, ser, – deb qo‘ydi Oliver zarrin muqovali katta-katta jildlarni ko‘rsatib.

– Xuddi shunday bo‘lishi shart emas, – javob qildi keksa jentlmen uning boshini silab, jilmaygan ko‘yi. – Shunaqangi kitoblar ham bo‘ladiki, o‘zi shunaqa og‘ir-u, lekin hajmi xiyla chog‘roq. Aqlli yigit bo‘lishni, kitob yozishni xohlamaysanmi?

– Menimcha, ser, ko‘proq o‘qigim keladi, – javob berdi Oliver.

– Iye! Kitob yozging kelmaydimi hali? – so‘radi keksa jentlmen.

Oliver picha o‘ylab ko‘rib, keyin, undan ko‘ra kitob sotgan ancha yaxshiga o‘xshaydi, dedi: bunga javoban keksa jentlmen yayrab kuldi va gaping chakkimas, deb qo‘ydi. Garchi, buning nimasi chakki emasligiga aqli yetmagan bo‘lsa ham, Oliver suyunib ketdi.

– Qoyil! – dedi keksa jentlmen kulgini bas qilib. – Cho‘chima! Rostki, bironta halol hunarga yoki g‘isht teruvchilikka o‘rgatishning iloj-imkoniyati bor ekan, seni yozuvchi qilmaymiz.

– Tashakkur sizga, ser, – dedi Oliver.

Uning jiddiy javobini eshitib, keksa jentlmen tag‘in xaxolab kulib yubordi-da, tabiiy his-tuyg‘uning g‘alati jihatlari to‘g‘risida nimalardir deb qo‘ydi, biroq Oliver tushunmadi va e’tibor ham bermadi.

– Ana endi, bo‘tam, – gapini davom ettirdi mister Braunlou imkoni boricha mayinroq ohangda, ammo uning chehrasi ayni chog‘da Oliver hali ko‘rmagan jiddiy tus olgandi, – aytmoqchi bo‘layotgan so‘zlarimni jon qulog‘ing bilan tinglashingni istardim. Sen bilan ro‘yi rost gaplashmoqchiman, sababki, talaygina o‘zingdan kattaroqlarga qaraganda ham gapimni tuzukroq tushunishingga iymonim komil.

– O‘, o‘tinaman sizdan, ser, seni haydab yuboraman demang! – xitob qildi keksa jentlmenning jiddiy ohangda so‘zlayotganidan cho‘chigan Oliver. – Yana ko‘chalarda tentirab yurgani quvib chiqarmang meni! Shu yerda qolib, xizmatingizni qilib yurishimga ruxsat eting. Meni yana o‘sha o‘zim kelgan qo‘rqinchli, yomon joyga qaytarib yubormang! Bechora bir bolaga rahmingiz kelsin, ser!

– Bo‘tam, – dedi keksa jentlmen Oliverning nogahoniy va qizg‘in iltijosidan ko‘ngli buzilib, – qo‘rqma, agar o‘zing sababchi bo‘lmasang, seni hech qachon tashlab qo‘ymayman.

– Hech qachon, hech qachon bunday bo‘lmaydi, ser! – uning so‘zini bo‘ldi Oliver.

– Ishonaman, – javob qildi keksa jentlmen. – Seni aslo bunday qiladi deb o‘ylamayman. Yordam bermoqchi bo‘lgan odamlarim meni laqillatib ketgan paytlar ham bo‘lgan, lekin senga ko‘nglim ishonib turibdi, nimaga senga bunchalik dilim chopib qolganini o‘zim ham tushunolmayapman. Butun mehr-u muhabbatimni baxshida qilgan odamlarim lahadda yotishibdi; garchi hayotimdagi baxtiyor hamda quvonchli damlarim o‘shalar bilan birga qabrga kirgan bo‘lsa-da, men o‘z qalbimni g‘urbatga aylantirganim yo‘q va u hamisha ezgu histuyg‘ularim uchun ochiq. Behad g‘am-qayg‘ular bu tuyg‘ularni mustahkamladi, ularni pokladi.

Keksa jentlmen ohista, suhbatdoshidan ko‘ra o‘ziga murojaat qilayotganday ohangda gapirgani, so‘ngra esa jim qolgani boisidan Oliver ham sukutini buzmadi.

– Shunaqangi gaplar! – dedi keksa jentlmen nihoyat picha quvnoqroq ohangda. – Bu gaplarni shuning uchun aytyapmanki, yoshsan, qalbing ham beg‘ubor, men tortgan qayg‘u-alamlar va iztiroblardan xabardor bo‘lganingdan keyin, balki menga yangi ranj-alam yetkazmaslikka harakat qilarsan. Gaplaringga qaraganda, sen yetimsan va birorta ham do‘sting yo‘q: men topishga muvaffaq bo‘lgan ma’lumotlar ham bu so‘zlaringni tasdiqlaydi. Menga o‘zing to‘g‘ringda jamiki narsani gapirib ber: qayerdan kelding, seni kim tarbiyalagan, men seni topgan to‘daga qanday tushib qolding? Agar rostini gapirsang, toki men hayot ekanman, yoningda hamisha do‘sting bo‘ladi.

Xo‘rsiniq va piqillash bir necha daqiqa davomida Oliverning so‘zlashiga xalal berib turdi; keyin o‘zini fermada qanday tarbiyalaganlari, mister Bamblning mehnat uyiga qanday boshlab borgani to‘g‘risida aytib bermoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan paytida esa tashqari eshikni ustma-ust, toqatsizlik bilan taqillatib qolishdi, shunda oqsoch zinapoyadan zipillagancha chiqib kelib, mister Grimuig kelganini xabar qildi.

– Bu yoqqa chiqyaptimi u? – surishtirdi mister Braunlou.

– Ha, ser, – javob berdi oqsoch. – U kishi, uyda yog‘li bulkadan bormi, deb so‘radilar, men, ha, deb javob berganimdan keyin, choy ichgani kelganlarini aytdilar.

Mister Braunlou kulib qo‘ydi va Oliverga qarab, mister Grimuig eski oshnasi ekanini tushuntirdi, bolaga uning o‘zini sal qo‘polroq tutishiga parvo qilmaslikni aytdi, negaki, u aslida nihoyatda olijanob odam, mister Braunlouning bunday deyishga asosi bor ekan.

– Men pastga tusha qolaymi, ser? – so‘radi Oliver.

– Yo‘q, – javob qildi mister Braunlou, – shu yerda qolishingni istardim.

Xuddi shu payt xonaga yo‘gon hassa tayanib, bir oyog‘i sal oqsabroq barvasta keksa jentlmen kirib keldi; egnida moviy frak, yo‘l-yo‘l nimcha, novvotrang dag‘al ip gazlamadan cholvor bilan qo‘njlik, yashil hoshiyali soyaboni, kengbar oq shlyapa. Nimchasi ostidan mayda burmali ko‘ylagi chiqib, undan pastroqda esa uzundan-uzun soatining po‘lat zanjiri salanglab turibdi, zanjirning uchiga bo‘lsa bittagina kalit osib qo‘yilibdi. Oq galstugining uchi apelsindek qilib tugilgan, aftida zohir bo‘lgan tirish-burushlar antiqa, ta’rif-tavsifga bo‘y bermaydigan darajada. So‘zlashayotganda boshini bir tomonga qiyshaytirib, qiya boqish odati bo‘lib, g‘alati bir tarzda to‘tiqushga o‘xshab ketardi. U xonaga kirar-kirmas xuddi shu qiyofada to‘xtadi va apelsin po‘chog‘i bo‘lagini tutgan qo‘lini olg‘a cho‘zgan ko‘yi norozi, vaysaqi ovoz-la xitob etdi:

– Buni qarang! Ko‘ryapsizmi? Juda g‘alati va ajoyib narsa emasmi bu? Kimnikiga kirmay, zinapoyasidan sho‘rlik tabiblarning mana shunaqangi ko‘makchisini topaman-a. Bir paytlar mana shu apelsin po‘chog‘ining kasofatidan oqsoq bo‘lib qolganman, keyin desangiz, oxir-oqibatda ajalim shu apelsin po‘chog‘ida ekanini ham bilaman. Ko‘rasiz, xuddi shundoq bo‘ladi, ser! Apelsin po‘chog‘i o‘limimga sabab bo‘ladi, agar shu to‘g‘ri chiqmasa, o‘z boshimni o‘zim g‘ajishga ham tayyorman, ser!

Mister Grimuig o‘zining har bir bayonotini aynan shu qoyilmaqom ibora bilan xulosalab, shu ibora bilan ta’kidlardikim, bu juda g‘alati ko‘rinardi, xo‘p, ilm-fan hatto jentlmen (agar istasa) o‘z boshini o‘zi yeya oladigan darajaga yetadi ham deya qolaylik, o‘shanda ham mister Grimuigning kallasi shunchalik katta ediki, eng xushchaqchaq, eng abjir odam ham (bordi-yu, qalindan-qalin upa qatlamini mutlaqo hisobga qo‘shmagan taqdirdayam) bir o‘tirishda bu kallani yeb tugatishga umid bog‘lashi amrimahol edi.

– O‘z boshimni o‘zim g‘ajiganim bo‘lsin, ser! – takrorladi mister Grimuig hassasi bilan polni do‘qillatib urgancha. – Shoshmang! Bu qanaqasi bo‘ldi? – qo‘shimcha qildi u Oliverga qarab qo‘yib, ikki qadam orqaga tisarilarkan.

– Bu oldinroq gaplashganimiz yosh Oliver Tvist bo‘ladi, – dedi mister Braunlou. Oliver ta’zim bajo keltirdi.

– Inonamanki, o‘zlari bu o‘sha isitmada alahlab yotgan bolakay demoqchi bo‘lmasalar kerak? – dedi mister Grimuig orqasiga tisarilgan ko‘yi. – Birpasgina sabr qiling! Hech nima demay turing! Shoshmang-chi… – dedi duduqlanib mister Grimuig isitma qarshisidagi har qanday vahimasi barham topib va tantanavor tarzda yangilik kashf etib, – bu o‘sha apelsin yegan bolaning o‘zimi? Mabodo, bu o‘sha apelsin po‘chog‘ini zinapoyaga tashlagan bolaning naq o‘zi bo‘lmasa, ser, o‘z boshimni o‘zim g‘ajiganim bo‘lsin, qo‘shimchasiga buning boshini ham!

– Yo‘q, buning apelsini yo‘q edi, – dedi mister Braunlou kulib. – Bas, yetar! Shlyapangizni qo‘yingda, bu yosh do‘stim bilan suhbatlashing.

– Meni bu masala nihoyatda tashvishga soladi, ser, – dedi serzarda keksa jentlmen qo‘lqopini yechayotib. – Butun boshli ko‘chamizning boshdan-oyog‘igacha apelsin po‘chog‘i sochilib yotadi doim, yana shunisi ham ma’lumki menga, uni muyulishda turadigan jarrohning o‘g‘illari tashlashadi. Kecha kechqurun yoshgina juvon po‘choqni bosib toyib ketib, bog‘imning panjarasi oldida ag‘darilib tushsa bo‘ladimi? O‘rnidan turishi bilan qarasam, juvon jarrohning unsizgina ichkariga imlab turgan qizil fonusiga2828
  Qizil fonus – Dikkens zamonasida vrachlarning «lavha» – belgisi.


[Закрыть]
javdirayapti-da. «Kirmang o‘shanikiga! – deb qichqirdim men derazadan. – Qotil u! Yo‘lga qopqon qo‘yadi u!» Illo, bu gapim rost. Bordi-yu, shundoq bo‘lmasa…

Gap shu yerga kelganda jizzaki keksa jentlmen hassasi bilan polni do‘qillatib tushirdi, bu qilig‘i og‘iz bilan aytmagan paytlarida, uning odatdagi iborasi o‘rniga o‘tishini bilishar edi. So‘ngra, hassasini qo‘lidan qo‘ymay o‘tirdi-da, enli lentada osilib turgan dastali buklama ko‘zoynagini rostlab Oliverga to‘g‘rilagandi, bola o‘zi kuzatish nishoniga aylanganini ko‘rib, qizarib ketdi-da, yana bir bor ta’zim qildi.

– Bu o‘sha bola-ya, shundoqmasmi? – dedi nihoyat mister Grimuig.

– Xuddi o‘sha, – javob qaytardi mister Braunlou.

– Ahvoling qalay? – so‘radi mister Grimuig.

– Ancha tuzukman, tashakkur sizga, ser, – javob berdi Oliver.

Mister Braunlou go‘yoki devonavash do‘stining biror yoqimsiz gap aytib yuborishidan xavfsiraganday, Oliverdan pastga tushib, missis Beduinga ayt, choy buyursin, deb tayinladi, bola bajonidil itoat etdi, negaki, mehmonning gap-so‘zlari-yu xatti-harakati uncha yoqmagandi.

– Yaxshi bola, a, to‘g‘rimasmi? – so‘radi mister Braunlou.

– Qaydam, – javob qildi mister Grimuig ijirg‘anibroq.

– Bilmadim deng?

– Ha, bilmayman. O‘g‘il bolalarning hammasi bir go‘r, farqi yo‘q ularning. O‘g‘il bolalarning faqat ikki toifasini bilaman: qiltiriq bolalar, go‘shtdor bolalar, vassalom.

– Xo‘sh, Oliver bulardan qay biriga kiradi?

– Qiltiriqlariga. Bir og‘aynimning o‘g‘li go‘shtdor bola; ular bolalarini juda ajoyib bola deyishadi; boshi yum-yumaloq, ikki yuzi qip-qizil, ko‘zlari chaqnoq. Juda bema’ni bola. Tanasi, qo‘llari va oyoqlari shunaqangiki, kiyimi naq chok-chokidan so‘kilib ketay-so‘kilib ketay deb turadi; ovozi xuddi darg‘alarning ovoziga o‘xshaydi, ishtahasi bo‘lsa bo‘rini yo‘lda qo‘yadi. Bilaman uni! Yaramas bola!

– Bas-bas! – dedi mister Braunlou. – Bu belgi-sifatlar yosh Oliver Tvistga yopishmaydi; binobarin, u jahlingizni qo‘zg‘amasa kerak.

– Rost, unaqangi belgilari yo‘q, – deb qo‘ydi mister Grimuig. – Uniki bundan beshbattar bo‘lishi ham mumkin.

Gap shu yerga yetganda mister Braunlou yo‘talib qo‘ydi, bu, aftidan, mister Grimuigga beqiyos lazzat baxsh etdi.

– Uniki bundan ham beshbattar bo‘lishi mumkin, deyapman, – takrorladi mister Grimuig. – Qayoqdan kelib qoldi u? O‘zi kim? Qanday odam? Isitmalab yotibdi. Xo‘sh, yotsa yotar! Isitma insof-andishali odamlarning alohida imtiyozi emas, shundoqmasmi? Beandisha, bema’ni odamlar ham goho isitmaga chalinadilar, to‘g‘ri emasmi? Men bir odamni bilardim, uni Yamaykada o‘z sohibini o‘ldirgani vajidan dorga osganlar. U olti marta isitmalab yotgan ekan: shu sabab bo‘lib uning gunohidan o‘tganlari yo‘q. Tfu! Safsata!

Gap shundaki, mister Grimuig qalbining eng ichkarigi xilvatxonasida Oliverning qiyofasi va xulq-odobi benihoya darajada yoqimli ekanligini tan olishga moyillik pinhona kurtak yoza boshlagandi; biroq o‘sha kuni topib olgan apelsin po‘chog‘i tufayli betizgin aksligi battar gazak olgandi; bolaning yoqimtoy yoki sovuqligini tan olishga olamda hech bir odam majbur qilolmaydi meni, deya diliga tugib qo‘ygani sababli u do‘sti og‘iz ochib so‘ramasidanoq og‘ziga urib, e’tiroz bildirishga o‘tgandi. Mister Braunlou bu savollardan birortasiga hozircha qanoatlantirarli javob berishga ojiz ekanini, negaki, Oliverning o‘tmish hayotiga taalluqli gaplarni so‘rab-surishtirishni toki bola quvvatga kirgunicha qo‘ya turish niyatida ekanini aytganda, mister Grimuig badxohlik bilan iljayib qo‘ydi. Istehzoli kulimsirab, ro‘zg‘orboshi kechasi, yotar oldidan kumush tovoq-qoshiqlarni ko‘zdan kechirib turadimi o‘zi, deb so‘radi; bordi-yu, u bir kuni ertalab bir-ikkita osh qoshiq yo‘qolganini payqab qolgudek bo‘lsa, unda… tayyormish va hokazo…

O‘z do‘stining antiqa qiliqlarini bilgan mister Braunlou – garchi uning o‘zi ham tajang jentlmen bo‘lsa-da, bu gaplarning bariga ochiqko‘ngillik bilan quloq solib turdi; keyin mister Grimuig choy ustida bulkalarni maqtab iltifot ko‘rsatgani, choyxo‘rlikda ishtirok etgan Oliver ham endi jahldor jentlmendan unchalik xijolat chekmayotgani boisidan hamma ish nihoyatda osoyishta bordi.

– Xo‘sh, Oliver Tvistning hayoti va sarguzashtlari borasidagi mufassal, haqqoniy va mukammal hisobotni qachon eshitmoqchilar? – so‘radi Grimuig mister Braunloudan nonushta tugagach va shu haqda gap ocharkan, Oliverga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.

– Ertaga ertalab, – javob berdi mister Braunlou. – Bu paytda u bilan tanho bo‘lsam degandim. Sen, bo‘tam, ertaga ertalab soat o‘nlarda kirarsan oldimga.

– Ixtiyor sizda, ser, – dedi Oliver. U biroz dovdirabroq javob berdi, sababki, uni mister Grimuigning tikilib turishi xijolatga solib qo‘ygandi.

– Sizga aytadiganim shuki, – shivirladi bu jentlmen mister Braunlouga, – u ertaga ertalab oldingizga kirmaydi. Esankirab qolganini o‘zim ko‘rdim. U sizni aldayapti, qadrdon do‘stim.

– Ont ichishga tayyorman, aldamayapti! – dedi mister Braunlou jo‘shqinlik bilan.

– Agar aldamayotgan bo‘lsa, unda men boshimni g‘ajishga tayyorman… – shunday deya turib hassasi bilan polni do‘qillatib urib qo‘ydi.

– Hayotim bilan kafolot beramanki, bu bolakay aldayotgani yo‘q! – dedi mister Braunlou stolga musht tushirib.

– Men bo‘lsam – boshim bilan, u aldayapti! – javob qaytardi mister Grimuig, shuningdek, u ham stolni mushtladi.

– Ko‘ramiz! – dedi mister Braunlou avjlanib borayotgan g‘azabini jilovlab.

– Mutlaqo to‘g‘ri! – javob qildi mister Grimuig g‘ashga teguvchi irshayish-la. – Ko‘ramiz!

Taqdir taqozosini qarangki, xuddi shu asnoda missis Beduin mister Braunlou bugun ertalab ushbu hikoyatda bir ko‘rinish berib o‘tgan o‘sha kitobfurushdan sotib olingan kichikroqqina kitob dastasini ko‘tarib kirib qoldi. U kitoblarni stolga qo‘yib, endi chiqib ketmoqchi bo‘lganida, mister Braunlou:

– Dastyor bolani ketkizmay turing, missis Beduin, undan uncha-muncha narsani berib yubormoqchiman, – dedi.

– Ketib bo‘ldi u, ser, – javob qildi missis Beduin.

– Qaytaring uni, – dedi mister Braunlou. – Bu muhim ish. Kitobfurush – bechorahol odam, kitoblarining bo‘lsa haqi berilmagan. Innaykeyin, yana bir necha kitobni qaytarib yuborish kerak.

Tashqari eshik ochiq edi. Oliver bir tomonga qarab, oqsoch ikkinchi tomonga yugurishdi, missis Beduin esa ostonada turgancha chiyillab dastyor bolani chaqirishga tushdi, ammo hech qanaqangi bolaning qorasi ko‘rinmadi. Oliver bilan oqsoch qaytib, halloslagancha, u allaqachon ketib bo‘lganini xabar qilishdi.

– Yo xudovandi karim-a, chakki ish bo‘pti-ku! – xitob qildi mister Braunlou. – Bu kitoblarni shu bugun kechqurun qaytarib yuborsam degandim-a!

– Oliverdan berib yubora qoling, – dedi mister Grimuig istehzoli iljayib. – Shubhasiz, bekam-u ko‘st eltib beradi.

Keksa jentlmen bir ko‘ngli, Oliverni o‘la qolsam yubormayman, demoqchi bo‘ldi, lekin mister Gri muigning badxohona tomoq qirishi o‘zgacha qarorga kelishga majbur etdi uni: Oliver topshiriqni zumda bajarib kelib, mister Grimuigning aqalli shu xususdagi shubhasi nohaq ekanini isbotlaydi, ha, isbotlaganda ham birpasda isbotlaydi!

– Juda soz! Sen borasan, bo‘tam, – dedi keksa jentlmen. – Kitoblar stolimning yonidagi kursida turibdi, ularni bu yoqqa olib kel.

Oliver foydasi tegadigan fursat kelganidan sevinib, darrov kitoblarni qo‘ltig‘iga urdi-yu, shapkasini ushlaganicha, nima deyishi kerakligini aytishlarini kuta boshladi.

– Unga aytasanki, – so‘zini davom ettirdi mister Braunlou mister Grimuigga tikilganicha, – unga aytginki, bu kitoblarni qaytarib olib keldim, degin, keyin unga qarzimni, to‘rt funt-u o‘n shilling haqini berasan. Mana senga besh funt. Demak, menga o‘n shilling qaytimini olib kelasan.

– O‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas shu yerda bo‘laman, ser! – dedi Oliver qizg‘in.

Qog‘oz pulni tugmali kamzuli cho‘ntagiga yashirib, qo‘ltig‘idagi kitoblarni mahkam qisganicha, ehtirom-la ta’zim bajo keltirdi-da, xonadan chiqib ketdi u. Missis Beduin uni tashqari eshikkacha kuzatib bordi, talaygina yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, qaysi yo‘l qisqaligini, kitobfurushning ismi sharifi va ko‘chasining nomini tayinladi; Oliverning gapiga qaraganda, hammasini juda yaxshi tushunib olibdi. Buning ustiga tag‘in bola shamollab qolmasligi uchun ancha-muncha maslahatlar berib, nihoyat yo‘lga tushishiga ijozat etdi keksa xonim.

– Iloyo, yoqimtoy bu go‘dakni o‘zi yomon ko‘zdan asrasin! – deb qoldi keksa xonim orqasidan tikilgancha. – Nimagadir uni ko‘zdan yiroqlashtirgim qiyinroq bo‘lib turibdi-da.

Xuddi shu payt Oliver sho‘x-shodon o‘girilib qarab, muyulishdan burilib ketishdan oldin unga bosh irg‘ab qo‘ydi. Keksa xonim bunga javoban kulib qo‘ydi-da, eshikni yopib, o‘z xonasiga qarab ketdi.

– Qani, ko‘raylik-chi: yigirma daqiqa o‘tmayoq qaytib kelarov, – dedi mister Braunlou soatini chiqarib, uni stolga qo‘yar ekan. – Bu orada qosh qorayib qoladi.

– O! Astoydil qaytib keladi, deb o‘ylaysizmi? – surishtirdi mister Grimuig.

– Siz-chi, siz bunday deb o‘ylamaysizmi? – kulib turib so‘radi mister Braunlou.

Baayni shu asnoda mister Grimuigning vujudini qarama-qarshilik kayfiyati batamom qamrab oldi, do‘stining takabburona kulgisi uni battarroq vasvasaga soldi.

– Bunday deb o‘ylamayman! – dedi u stolga musht tushirib. – Bolaning egnida yap-yangi kiyim, qo‘ltig‘ida bir dasta qimmat kitob, cho‘ntagida bo‘lsa besh funt pul. U o‘g‘rivachcha oshnalarining oldiga jo‘naydi va sizni mazax qilib kuladi. Mabodo, shu bola bu yerga qachon bo‘lmasin qaytib kelsa, ser, men o‘z boshimni o‘zim g‘ajishga tayyorman.

Shunday deya u kursisini stolga yaqinroq surdi. Ikki do‘st jimgina o‘tirishar, o‘rtalarida esa soat yotardi.

Shu narsani aytib o‘tmoq joizkim, biz o‘z hukmi muhokamamizning ahamiyatini oshirmoqqa urinamiz va yana g‘ururimiz tazyiqida eng mulohazasiz hamda oshig‘ich xulosalar chiqaramiz, shundoq ekan, mister Grimuigning mutlaqo toshbag‘ir odam emasligini va bordi-yu, uning qadrdon do‘stini laqillatib, ahmoq qilsalar, astoydil ranjishi tayin ekanligini, lekin shu bilan birga, ayni damda Oliver Tvistning hech qachon qaytib kelmasligiga chin dildan, samimiy umidvor ekanligini ta’kidlab o‘tmoq darkordir.

Qorong‘ilik shunchalik quyuqlashdiki, soat raqamlarini ilg‘ab bo‘lmay qoldi, biroq ikki keksa jentlmen boyagidek sukut saqlab o‘tirishar, o‘rtalarida esa soat yotardi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации