Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 7


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]

Шрифт:
- 100% +

O‘N BIRINCHI BOB
POLITSIYA HAKAMI – MISTER FENG HAQIDA HIKOYA QILADI VA UL ZOTNING ADOLATLI SUDLOV USULI XUSUSIDA BIR QADAR TUSHUNCHA BERADI

Jinoyat poytaxtning ma’lum-u mashhur politsiya bo‘limi tasarrufidagi joyda sodir bo‘lgan edi. Olomon Oliverni ikki-uch ko‘cha-yu Matton-Xill deb atalmish maskan bo‘ylabgina kuzatib borish halovatiga ega bo‘ldi xolos, keyin uni gumbazsimon pastak qopqadan politsiya sudining iflos hovlisiga olib kirishdi. Bu sahniga tosh yotqizilgan choqqina hovlichada ularni shapaloqday-shapaloqday baroq chakka soqolli, bir dasta kalitni ushlab olgan barvasta erkak qarshi oldi.

– Yana nima gap bo‘ldi? – so‘radi u beparvolik bilan.

– Dastro‘mol ovchisi, – javob berdi Oliverni surgab kelgan kishi.

– O‘zlari, ser, jafo ko‘rgan taraf bo‘ladilarmi? – surishtirdi kalitdor.

– Shunday, – javob qildi keksa jentlmen, – lekin ro‘molchamni xuddi mana shu bola o‘g‘rilaganiga ishonchim komil emas… Meni… menga qolsa bu ishni gazak oldirishni istamasdim.

– Endilikda sudyaning huzuriga kirishdan o‘zga chora yo‘q, – dedi kalitdor. – Janoblari bir nafasdan so‘ng bo‘shaydilar. Kira qol, mitti jinoyatchi.

U shu so‘zlar bilan Oliverni o‘zi ochgan eshikdan g‘ishtin devorli kameraga kiritdi. Bu yerda Oliverni tintib, hech vaqo topisholmagach, eshikni qulflab qo‘yishdi.

Kamera ko‘rinishi va hajmi bilan yerto‘laga o‘xshab ketardi-yu, lekin undan ko‘ra qorong‘iroq edi. U nihoyatda iflos edi; hozir dushanba, ertalab-ki palla edi, shanba oqshomidan beri bu yerga olti mayxo‘r qamab qo‘yilgandi. Lekin bu arzimagan gap. Bizning politsiya bo‘limlarimizda har oqshom erkag-u ayollarni bo‘yniga arzimas bir aybni taqab – bu so‘zlarga urg‘u bersa arzigulik – shunaqangi qamoqxonalarga qamab qo‘yishadiki, sud aybdor deb topib, o‘limga hukm etilgan eng xavfli jinoyatchilar yotadigan Nyuget2323
  Nyuget – Londondagi jinoyatchilar qamaladigan markaziy turma. Dikkens «Barnebi Raj» romanida tasvirlangan Londondagi «lord Gordon isyoni» (1780) paytlarida qisman vayron qilingan, so‘ngra ta’mir etilgan, 1877-yili esa yopilgan.


[Закрыть]
kameralarini bular oldida hashamdor saroy deysiz. Keling, kimki bunga shubha qilsa, ularni o‘zi solishtirib ko‘rsin.

Qulfga solingan kalit shirq atib buralganda keksa jentlmen xuddi Oliver singari ma’yus tortdi. U sodir bo‘lgan butun mashmashaning beixtiyor sababchisi – kitobga xo‘rsiniq bilan murojaat etdi.

– Bu bolakayning chehrasida, – dedi keksa jentlmen asta eshikdan uzoqlashib, o‘ychan bir qiyofada kitob bilan iyagiga urib qo‘yarkan, – bu bolakayning chehrasida yuragimni tirnaydigan va meni qiziqtirib qo‘ygan nimadir bor. U aybsiz bo‘lishi ham mumkin-ku, axir? Yuzi shunaqangi… Ha, darvoqe! – xitob qildi keksa jentlmen va to‘satdan to‘xtab, ko‘kka tikildi. – Ey, Yaratgan egam! Bunaqangi chehrani ilgari qayerda ko‘rgan bo‘lishim mumkin?

Bir necha daqiqalik o‘y surishdan so‘ng keksa jentlmen o‘shanday parishonhol qiyofada hakam-sudyaning xonasi qarshisidagi, hovliga chiqiladigan yo‘lakka chiqib keldi-da, shu yerda, bir burchakka chekinib, talay yillar muqaddam zulmat pardasi chirmagan simolarning uzundan-uzun silsilasini xotira ko‘zgusida jonlantirdi.

– Yo‘q! – dedi keksa jentlmen boshini sarak-sarak qilib. – Bu shunchaki xayol bo‘lsa kerak!

Chol ularni yana bir-bir xayol ko‘zgusidan o‘tkazdi. Ularni yo‘qlik olamidan chaqirib oldi, endi ularni tag‘in shunchalar uzoq yillardan beri yashirib kelgan parda ortiga jo‘natib yuborish oson emasdi. Shu tobda do‘stlarining, g‘animlarining, xiralik bilan olomon orasidan mo‘ralab turgan sal-pal ko‘zga tanish odamlarning qiyofalari saf tortgandi: bu safda hozir qarib-chirigan kampirlarning bir paytlardagi navqiron, gul-gul yashnagan chehralari, o‘lim o‘z muhrini bosgan va qabr bag‘riga olgan chehralar mavjud edi. Ammo o‘lim ustidan hukmdorlik qiluvchi ruh bu chehralarga ilgarigidek husn va malohat hamda tetiklik baxsh etib, xotira ko‘zgusida ularning xoki jismlari qatlaridan nurday sizib chiquvchi ko‘zlari ziyosini, yorqin tabassumlari-yu qalblari yolqinini jonlantirmoqda edi. Arshi a’loga eltguvchi so‘qmoqni mayin-u nozik shu’lasi bilan yoritsin deb, keyin yanada yorqinroq mash’ala bo‘lib porlasin deb, yer izmidan tortib olingan go‘zallik narigi dunyo qa’ridan nimalarnidir shivirlayotibdi.

Biroq keksa jentlmen ular orasidan Oliverning qiyofasiga o‘xshash bironta chehrani topolmadi. U o‘zi tiriltirgan xotiroti bilan chuqur xo‘rsinib vidolashdi-yu (baxtiga u anchayin faromushxotir edi), shu ondayoq ularni go‘yo yana qo‘lidagi sarg‘ayib ketgan kitob sahifalari qatiga dafn etdi.

U kalitdor kiftiga turtib, orqasidan sudyaning xonasiga yurishini taklif etganda o‘ziga keldi. U shosha-pisha kitobni yopdi-yu, salobatli hamda mashhur mister Feng qarshisida hozir bo‘ldi.

Sudyaning bo‘lmasi devorlari yog‘och qoplamali birinchi xonada joylashgan ekan. Mister Feng xonaning to‘rida, panjara to‘siq ortida o‘tirar, bu vahimali manzarani ko‘rgandayoq vujudida qaltiroq turgan mushtdekkina Oliver bechorani esa allaqachon eshikning yonginasidagi qafassimon katalakka kiritib qo‘yishgan edi.

Mister Feng qotma, uzun bel va xoda yutgandek g‘oz bo‘yin, o‘rta bo‘y odam bo‘lib, siyrakkina sochlari gardani va chakkalarinigina qoplab turardi. Yuzi qip-qizil va badqovoq. Aslida ham o‘ziga hayonidan ko‘ra ko‘proq ziyoni tegadigan darajada ichadigan odati bo‘lmaganidami, bundan u talay naf ko‘rishi, bu menga bo‘hton yog‘diradi, deb o‘z turqi ustidan sudda ish qo‘zg‘ab, ko‘rgan zarari evaziga mo‘maygina siylov undirib olishi ham mumkin edi.

Keksa jentlmen ehtirom-la ta’zim bajo keltirdi-da, sudyaning stoliga yaqinroq borib:

– Mana mening ism-sharifim bilan turarjoyim, ser, – deya tashrifnomasini uzatdi.

Keyin ikki qadam chekinib, yana bir bor ehtirom-la jentlmenona ta’zim bajo qildi-da, so‘roqni kuta boshladi.

Shundoq hol sodir bo‘ldiki, aynan shu soniyada mister Feng tonggi gazetaning o‘zining yaqin kunlardagi hukmi qarorlaridan biri tilga olingan va Ichki ishlar ministriga uch yuz elliginchi marta bunga alohida hamda maxsus e’tibor berish taklif etilgan bosh maqolasini diqqat bilan o‘qiyotgan edi. Uning kayfiyati buzuq edi, shu bois chimirilib, zarda bilan boshini ko‘tardi.

– Kim bo‘ladilar o‘zlari? – so‘radi mister Feng.

Keksa jentlmen xiyol ajablanib, o‘z tashrifnomasiga qarab imo qildi.

– Polismen, – dedi mister Feng nafrat-la tashrifnomani gazetaga qo‘shib nariga itqitar ekan, – bu nusxa kim?

– Mening ism-sharifim, ser, – dedi qariya jentlmenlarga xos so‘zlash tarzida, – mening ism-sharifim, ser, Braunlou… O‘z lavozimi panohida e’tiborli bir keksa odamni hech qanday asossiz hamda behudadan-behuda haqorat qilayotgan hakamning ism-sharifini bilsak bo‘ladimi, ijozatlari bilan.

Shu so‘zlarni aytar ekan, mister Braunlou xuddi o‘zi talab qilayotgan ma’lumotni olsa bo‘ladigan biron odamni izlayotgandek, xonaga alangladi.

– Polismen, – takrorladi mister Feng bir varaq qog‘ozni chetga qarata uloqtirib, – bu nusxa nima vaj bilan ayblanayotir?

– U hech nimada ayblanayotgani yo‘q, muhtaram janob, – javob berdi politsiyachi. – U manavi bolakayga qarshi ayblovchi bo‘lib kelgan, muhtaram janoblari.

Muhtaram janoblari esa buni juda yaxshi bilib turardi: ammo bu guvohning jig‘iga tegishning ajoyib, ustiga-ustak, mutlaqo xavfsiz usuli edi.

– Bolaga qarshi ayblovchi bo‘lib keldi degin-a? – dedi Feng mister Braunlouga boshdan-oyoq nafratomuz nazar tashlab chiqar ekan. – Qasam ichiring unga!

– Qasam ichirishlaridan avval bir og‘izgina so‘z aytishimga ijozat so‘rayman, – dedi mister Braunlou, – chunonchi: mabodo, o‘z tajribamdan o‘tkazib, ishonch hosil qilmaganimda, men hech qachon inonmasdimki…

– Tilingizni tiyib turing, ser! – dedi mister Feng amirona ohangda.

– Istamayman buni, ser! – javob berdi keksa jentlmen.

– Hoziroq tilingizni tiying, yo‘qsa, sizni bu yerdan quvib chiqarishlarini buyuraman! – o‘shqirdi mister Feng. – Surbet ekansiz-ku! Sudyaga betgachoparlik qilishga qanday jur’at etdingiz?

– Nima dedilar? – qichqirib yuborayozdi keksa jentlmen qizarib.

– Bu odamga qasamyod ettiringlar! – dedi Feng o‘z xodimiga. – Ortiq bir og‘iz so‘zini eshitgim yo‘q. Qasamyod ettiringlar unga.

Mister Braunlouning qahr-u g‘azabi had-hududsiz edi-yu, lekin basharti, his-tuyg‘umga erk berib yuborsam, balki bolakayga faqat jabr qilib qo‘yarman, degan mulohazaga borib, g‘azabini jilovladi-da, itoatkorlik bilan qasamyod etdi.

– Xo‘sh, – dedi Feng, – bu bolakayni nimada ayblashyapti? Nima deya olasiz bu borada, ser?

– Men kitob do‘konida turgandim… – deya so‘z boshladi mister Braunlou.

– Uningizni o‘chiring, ser, – dedi mister Feng. – Polismen! Polismen qay go‘rda qoldi?.. Ana u. O‘sha polismenga qasam ichiring… Xo‘sh, polismen, nima gap?

Politsiyachi munosib tarzda itoatgo‘ylik-la aybdorni qanday qo‘lga olganini, Oliverni qanday tintib, yonidan hech nima topa olmaganini, keyin bu borada boshqa narsani bilmasligini ma’ruza qildi.

– Yana guvohlar bormi? – surishtirdi mister Feng.

– Boshqa hech kim yo‘q, ser, – javob berdi politsiyachi.

Mister Feng bir necha daqiqa sukut saqladi, so‘ngra esa jabrdiydaga o‘girilib, darg‘azab dedi:

– Bu bolakayga qanday ayb qo‘yayotganingizni bayon etish niyatingiz bormi yoki bunday niyatingiz yo‘qmi? Siz qasamyod etdingiz. Basharti, guvohlik berishdan bosh tortadigan bo‘lsangiz, sizni sudga hurmatsizlik ko‘rsatgan shaxs sifatida jazolayman. He, o‘sha sizni…

Bu jumlaning oxiri chala qoldi, zotan, aynan kerakli paytda sud xodimi bilan turma nazoratchisi qattiq-qattiq yo‘talib qolishdi va ulardan birinchisi – tasodifan, albatta – og‘ir kitobni yerga tushirib yubordi-yu, buning oqibatida gapning davomini eshitib-anglab bo‘lmadi.

Dam-badam og‘ziga urib, ustma-ust haqorat eshitib turgan mister Braunlou amallab bu ish qanday sodir bo‘lganini, oldiniga shoshib qolib, qocha boshlagan bolakayning ortidan quvishga tushganini gapirib berdi; keyin sudyaning bolakayni o‘g‘rilikda emas, balki o‘g‘rilar bilan sheriklikda ayblab, qonunni buzmagan holda, unga shafqat ko‘rsatajagiga umid bildirdi.

– U shundoq ham jazosini yedi, – dedi oxirida keksa jentlmen. – Yana shu narsadan qo‘rqamankim, – qizg‘inlik bilan qo‘shimcha qildi u sudyaga nigoh tashlab qo‘yarkan, – rosti bilan tobi qochib qoldi chog‘i deb qo‘rqib turibman!

– Bo‘lmasam-chi, albatta-da! – dedi mister Feng masxaraomuz irshayib. – Hoy daydi, maynavozchilikni bas qil! Baribir foydasi yo‘q. Isming nima?

Oliver javob berishga urindi, lekin tili itoat etmadi unga. Rangi murdadek pag‘a bo‘lib ketgandi, nazdida, xonadagi jamiki narsa ko‘z oldida charxpalakdek aylanayotganday tuyuldi.

– Hey o‘ng‘almas bezori, oting nima? – so‘radi mister Feng. – Polismen, uning ismi nima?

Bu savol panjara yonida turgan qo‘polroq, ko‘rinishidan oqko‘ng‘il, yo‘l-yo‘l jiletkali qariyaga qaratilgan edi. U Oliverga engashib, savolni takrorladi, ammo bola chindan ham gapini tushunadigan holatda emasligiga ishonch hosil qildi va bolaning indamayotgani sudyani beshbattar quturtirib yuborib, qattiqroq hukm chiqarishiga sabab bo‘lishini anglab, tavakkaliga javob qilishga jazm etdi.

– U aytyapti, ismim Tom Uayt deyapti, muhtaram janoblari, – dedi bu yumshoqko‘ngil o‘g‘rilar ovchisi.

– O‘, hali gapirishni ham istamayaptilarmi? – dedi Feng. – Yaxshi, juda soz. Qayerda turarkan u?

– To‘g‘ri kelgan joyda, muhtaram janoblari! – dedi politsiyachi, go‘yo bu gal ham Oliver o‘ziga javob qilgandek.

– Ota-onasi hayot ekanmi? – surishtirdi mister Feng.

– U, men judayam yoshligimda o‘lib ketishgan, deyapti, muhtaram janoblari, – deya javob qildi politsiyachi odatdagidek tusmollab.

So‘roq shu yerga yetganda Oliver boshini ko‘tardi-da, iltijoli nigoh tashlab qo‘yib, arang eshitiladigan qilib bir qultum suv so‘radi.

– Bema’ni qiliq! – dedi mister Feng. – Meni laqillataman deb xomtama bo‘lma!

– Nazarimda, uning rostdan ham tobi yo‘qqa o‘xshaydi, muhtaram janoblari, – e’tiroz bildirdi politsiyachi.

– Menga yaxshiroq ayon, – dedi mister Feng.

– Yordamlashib yuboring unga, polismen, – dedi keksa jentlmen beixtiyor qo‘lini o‘sha yoqqa cho‘zib, – hozir yiqilib tushadi.

– Chetroq turing, polismen! – qichqirdi Feng. – Agar xohlasa, mayli, yiqilaversin.

Oliver bu iltifotli izndan foydalanib, hushidan ketdi-yu, shilq etib yiqildi. Shu yerda hozir bo‘lganlar bir-birlari bilan ko‘z urishtirib olishdi-yu, biroq birortalari qimir etishga botinmadi.

– Mug‘ombirlik qilayotganini o‘zim ham bilib turgandim, – dedi Feng bamisoli ushbu hol mug‘ombirlikning rad etib bo‘lmas isbotidek. – Qo‘yaveringlar, shunday yotaversin. Hademay joniga tegadi bu.

– Mazkur ish yuzasidan qanday hukm chiqarasiz, ser? – so‘radi sud xodimi.

– Oddiygina! – javob qildi mister Feng. – U uch oy qamoq muddatiga hukm etiladi, turgan gapki, og‘ir mehnat qilishga. Xona bo‘shatilsin!

Eshikni ochishdi, ikki kishi endi behush bolani qamoqxonaga olib ketishga shaylangan ham ediki, to‘satdan xonaga eski qora kamzul kiygan, ko‘rinishidan xushodob, biroq kambag‘alroq keksa bir kishi otilib kirdi-yu, sudyaning stoliga qarab yurdi.

– Shoshmanglar! Olib ketmay turinglar uni! Xudo haqqi, bir daqiqagina shoshmanglar! – deya xitob qildi yangi kelgan kishi tez yurganidan halloslab.

Garchandki, bunday maskanlarda hukmronlik qiluvchi ruhlar erk-ozodlik ustidan, yaxshi nom-u obro‘-sha’n ustidan, oz bo‘lmasa hazrati oliylari ning fuqarolari (ayniqsa, faqir sinflar vakillarining) hayoti ustidan to‘liq hamda cheksiz hukmdorlik qilsalar-da va garchandki, bu devorlar ichkarisida kun-bakun hatto farishtalar ko‘z yoshi to‘kkuday aql bovar etmaydigan manzaralar sodir bo‘lib tursa-da, matbuotda chiqib qoladigan uncha-muncha narsani hisobga olmaganda bu ishlar jamoatchilikdan pinhon tutiladi. Ana shu sababdan ham mister Feng shunchalar nopisandlik bilan ushbu tartibni buzgan bu chaqirilmagan mehmonni ko‘rganida hazilakamiga achchiqlanmadi.

– Nima gap? Kim bu? Quvib chiqarilsin bu odam! Xona bo‘shatilsin! – o‘shqirdi mister Feng.

– Men gapirmoqchiman! – qichqirdi u kishi. – Meni quvib chiqarishlariga yo‘l qo‘ymayman! Men hammasini ko‘rganman. Men kitob do‘koni egasiman. Talab qilaman, menga qasamyod ettirishsin! Mening og‘zimni yumib qo‘yolmaysiz. Mister Feng, mening gaplarimga quloq solishingiz kerak. Yo‘q demasligingiz kerak, ser.

Bu kishi haq edi. Uning avzoyi qat’iy, ish esa, bosdi-bosdi qilib yuborishning imkoni qolmay, jiddiy tus ola boshlagandi.

– Qasamyod ettiringlar, bu odamni! – deya g‘oyatda adovatli ohangda to‘ng‘illadi mister Feng. – Xo‘sh, nima gaplari bor aytadigan?

– Gap bundoq: uch bola – ushlangan va yana ikki bola – manavi jentlmen kitob o‘qib turgan paytda ko‘chaning narigi betida ivirsib yurishganini o‘zim ko‘rdim. O‘g‘rilik qilgan boshqa bola. Bu qanday bo‘lganini o‘zim ko‘rib turgandim, innaykeyin, manavi bolakayning butunlay o‘zini yo‘qotib, dovdirab qolganini ham ko‘rgandim.

Bu paytga kelib, kitob do‘koni sohibi sal nafasini rostlab olgan va endi o‘g‘rilik qanday sharoitda sodir bo‘lganini picha ravon hikoya qila boshlagandi.

– Nega avvalroq kelmadingiz bu yerga? – so‘radi Feng bir nafas sukut saqlagach.

– Do‘konni tashlab kelgani odam bo‘lmadi, – javob berdi do‘kondor. – Menga yordam berishi mumkin bo‘lganlarning bari quv-quvga qo‘shilib ketishdi. Besh daqiqa burunroq ham hech kimni topolmadim qo‘yib kelgani, bu yoqqa bo‘lsa yo‘l bo‘yi yugurib keldim.

– Da’vogar kitob o‘qib turgan ekan-da, shundaymi? – surishtirdi Feng yana picha sukut saqlagach.

– Shunday, – javob berdi do‘kondor. – Qo‘lidagi mana shu kitobni.

– Xuddi shuning o‘zinimi? – dedi Feng. – Haqini to‘laganmidi o‘zi?

– Yo‘q, pulini bermagandi, – iljayib javob berdi kitobfurush.

– Yo Tangrim, butunlay esimdan chiqib ketibdi-ku! – soddadillik bilan xitob qildi faromushxotir keksa jentlmen.

– Nimayam derdik, bag‘oyat bohurmat zot ekanlar-u o‘zlari, yana sho‘rlik go‘dakni aybdor qilib yuribdilar-a! – dedi Feng kulgini qistatadigan tarzda o‘zini rahmdil qilib ko‘rsatishga urinib. – O‘ylaymanki, ser, siz ushbu kitobga sha’ningizga dog‘ tushiradigan va shubha tug‘diradigan vaziyatda ega bo‘lib olgansiz. O‘zingizni omadim bor ekan, deb hisoblayverishingiz mumkin, zotan, kitob egasining sizni sudga berish niyati yo‘q ko‘rinadi. Ushbu hol sizga bir saboq bo‘lsin, azizim, yo‘qsa, odil sud o‘zlari bilan shug‘ullanishi ham mumkin hali… Bola oqlanadi… Xona bo‘shatilsin!

– Jin ursin! – qichqirib yubordi keksa jentlmen ortiq g‘azabini jilovlay olmay. – Jin ursin! Men…

– Xona bo‘shatilsin! – dedi hakam. – Polismenlar, eshityapsizlarmi? Xona bo‘shatilsin!

Buyruq ado etildi. Jazavasi qo‘zigan, g‘azab va nafratdan joni bo‘g‘ziga kelgan mister Braunlouni bir qo‘lida kitob va ikkinchi qo‘lida hassasi bilan xonadan chiqarib qo‘yishdi. U hovliga chiqdi-yu, shu ondayoq jazavasi tarqadi-ketdi. Ko‘ylagi tugmalari yechiq, boshi-chakkalari ho‘l mitti Oliver Tvist tosh yotqizilgan hovlida yotardi; yuzi murdadek oqargan, butun a’zoyi badani qaltirayapti.

– Bechora bola, sho‘rlik bolagina-ya! – dedi mister Braunlou uning ustiga engashib. – Izvosh! Iltimos, birortanglar izvosh chaqiringlar. Tezroq!

Izvosh yetib keldi, Oliverni avaylab o‘rindiqqa yotqizishgach, keksa jentlmen ikkinchisiga o‘tirdi…

– Siz bilan birga ketishimga ruxsat etasizmi? – iltimos qildi kitobfurush izvosh ichiga mo‘ralab.

– Yo Tangrim, albatta-da, qadrdon! – tez javob qildi mister Braunlou. – Sizni unutibman. E xudoyim-a, xudoyim-a! Bu baxti qaro kitob hanuzgacha qo‘limda ekan-ku! Tezroq chiqa qoling! Bechora bolakay! Biron daqiqani behuda ketkazib bo‘lmaydi.

Kitobfurush usti yopiq izvoshga chiqdi va ular yo‘lga tushishdi.

O‘N IKKINCHI BOB
OLIVERGA UMRI BINO BO‘LGANIDAN BERI KO‘RMAGAN G‘AMXO‘RLIKNI KO‘RSATGANLARI HAQIDA VA YANA QUVNOQ KEKSA JENTLMEN BILAN UNING YOSH DO‘STLARI TO‘G‘RISIDA HIKOYA QILADI

Izvosh deyarli Oliver Tullak hamrohligida ilk marta Londonga kirib kelgan o‘sha yo‘ldan taraqaturuqlab borib, Izlingtondagi «Farishta»ga yetgach, boshqa tomonga burildi va nihoyat, Pentonvil yaqinida, serdaraxt osuda ko‘chadagi ozodagina uy oldida to‘xtadi. Bu yerda darhol Oliver uchun o‘rin to‘shaldi, yosh do‘stini unga avaylab yotqizishlarini mister Braunlouning shaxsan o‘zi kuzatib turdi; bu yerda bolakayga benihoya mehr-u oqibat hamda g‘amxo‘rlik bilan parvona bo‘ldilar.

Biroq Oliver do‘stlarining mehribonchiliklarini talay kunlargacha sezmay-payqamay yotdi. Quyosh chiqaverdi, yana botaverdi, bu talay marta davom etdi; bola esa hamon ilgarigidek tanni qaqshatadigan isitma xurujida o‘rinda to‘lg‘anib yotaverdi. Qurt-qumursqa murda tanasida o‘z yumushini bu tirik vujud bo‘ylab imillab o‘rmalayotgan haroratchalik ishonch-la ado etolmaydi.

Joni qiltillab, eti ustuxoniga yopishib ketgan va rangida rang qolmagan bolakay bamisoli yilday uzoq davom etgan behalovat uyqudan uyg‘onganday bo‘ldi.

– Bu qanaqa xona? Meni qayerga olib kelishdi? – so‘radi Oliver. – Men bu yerda sirayam uxlamagandim.

U nihoyatda holdan toygan va zaiflashgandi, shu bois bu so‘zlarni shivirlabgina aytdi-yu, lekin shu zahotiyoq uni eshitishdi. Darrov karavotning bosh tomonidagi parda surildi va shundoqqina karavotga taqab qo‘yilgan yumshoq kursida chevarlik qilib o‘tirgan ozoda hamda odmigina kiyingan mehribon keksa xonim o‘rnidan turdi.

– Jim, bo‘talog‘im, – dedi keksa xonim mehribonlik bilan. – Tinch, qimir etmay yotishing kerak, bo‘lmasa tag‘in mazang qochib qoladi. Ahvoling judayam chatoq edi, shundoq chatoq ediki, bundan battari bo‘lmaydi. Yot, aqlli bola bo‘l!

Shu so‘zlar bilan keksa xonim Oliverning boshini avaylabgina yana qayta yostiqqa qo‘ydi-da, peshonasiga tushgan sochini surarkan, unga shunday bir mehribonlik va ko‘ngilchanlik bilan tikildiki, bolakay nimjon qo‘li-la xonimning qo‘lidan ushlab, beixtiyor o‘zining bo‘yniga chirmashtirdi.

– O‘zingning rahming kelsin, ey Xudoyim! – ko‘zlarida yosh miltillab dedi keksa xonim. – Qanday oqko‘ngil, qanday yaxshi bola ekan-a! Bordi-yu, mening o‘rnimda shuncha paytdan beri boshida onasi o‘tirgan bo‘lsa-yu, unga hozir mana shunday tikilsa, naq yurakchasi yorilib ketarmidi-ya!

– Balki u hozir meni ko‘rib turgandir, – shivirladi Oliver qo‘llarini ko‘ksida qovushtirib. – Balki u tepamda o‘tirgandir. Nazarimda, nuqul boshimda o‘tirganga o‘xshab ko‘rinaverdi.

– Isitmada shunday ko‘ringan senga, jonginam, – dedi keksa xonim muloyimgina.

– Ehtimol, – javob berdi Oliver, – chunki osmon bizdan judayam uzoqda, u yoqda bo‘lsa ular juda baxtiyor yashashadi, kasal bolaning tepasiga kelib o‘tirishga vaqtlari bormidi, deysiz. Shundayam mening kasal ekanligimni bilsalar, o‘sha yoqdayam achingan bo‘lardilar, o‘limlari oldidan o‘zlariyam qattiq kasal ekanlar-da, axir. Aytmoqchi, men to‘g‘rimda hech nimani bilolmaydilar baribir, – ozroq sukutdan so‘ng qo‘shib qo‘ydi Oliver. – Meni xafa qilishayotganini ko‘rganlaridami, judayam qayg‘urgan bo‘lardilar, lekin tushimda ko‘rganimda doim baxtiyor va mehribon bo‘ladilar.

Keksa xonim hech nima demadi; oldin ko‘zlarini, keyin esa adyol ustida yotgan ko‘zoynagini (go‘yo u ko‘zlarining ajratib bo‘lmaydigan bir qismiday) artdi-da, Oliverga allaqanday odamni muzdek qiladigan ichimlik berdi, so‘ngra yuzini silay turib, qimirlamay yotishi zarurligini, yo‘qsa, tag‘in tobi qochib qolishini uqtirdi.

Oliver qisman bu mehribon keksa xonimning hamma aytganlarini so‘zsiz bajarish, qisman esa, rostini aytganda, hozirgi suhbatdan keyin nihoyatda madori qurigani sababli qimir etmay yotardi. Hademay mudrab ketdi, bir payt to‘shagi yoniga keltirib qo‘yilgan sham shu’lasidan uyg‘onib, qattiq-qattiq chiqqillayotgan kattakon oltin soatni ushlagan ko‘yi o‘zining tomir urishini tekshirayotgan jentlmenni ko‘rdi, u kishi, bola ancha tuzalib qolibdi, dedi.

– Ancha tuzalib qolding-a, shunday emasmi, bo‘tam? – dedi o‘sha jentlmen.

– Ha, rahmat sizga, – javob berdi Oliver.

– Durust bo‘lib qolganingni ko‘rib turibman, – dedi yana o‘sha jentlmen. – Innaykeyin, qorning ham ochqab turibdi-ya, to‘g‘rimi?

– Yo‘q, ser, – javob qildi Oliver.

– Hm! – dedi jentlmen. – Ovqat yeging kelmayotganini o‘zim ham bilaman. Uning ishtahasi yo‘q, missis Beduin, – dedi jentlmen donishmandona qiyofada.

Keksa xonim ehtirom-la bosh egib qo‘yar ekan, bu bilan doktorni g‘oyatda dono odam deb hisoblashini anglatayotganday bo‘ldi. Aftidan, doktorning o‘zi ham shu fikrda edi.

– Nuqul uyqing kelaveradi, to‘g‘rimasmi, bolakay? – dedi doktor.

– Yo‘q, ser, – javob qildi Oliver.

– Shundoq degin! – dedi doktor nihoyatda mamnun hamda zakiyona bir qiyofada. – Seni hadeb uyqu ham bosavermaydi. Keyin, suv ichging ham kelmaydi-ya.

– Suv ichgim keladi, ser, – javob berdi Oliver.

– O‘zim ham xuddi shunday deb o‘ylagandim, missis Beduin, – dedi doktor. – Suv ichgisi kelgani judayam tabiiy. Unga ozroqqina choy, keyin yog‘siz bo‘g‘irsoq bersangiz bo‘ladi, xonim. Judayam unaqangi isitib yuboradigan qilib qalin burkab qo‘ymang, illo, ehtiyot bo‘ling, sovqotib ham qolmasin.

Keksa xonim tiz cho‘kib, ta’zim bajo keltirdi. Doktor tetiklantiradigan ichimlikdan totinib, uni maqtab qo‘ydi-da, shoshilinch chiqib ketdi; u pillapoyadan tushayotganida boshmoqlari qattiq va oliftachasiga g‘archillagani eshitilib turdi.

Shundan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay Oliver yana mudrab ketdi, uyg‘onganida esa yarim kecha bo‘lib qolgandi. Keksa xonim erkalatib xayrli tun tilab, uni kichkinagina duolar kitobchasi bilan kattakon tungi qalpoq o‘ralgan tugunchasini ko‘tarib, hozirgina kirib kelgan semiz kampirning izmida qoldirib, chiqib ketdi. Kampir qalpog‘ini boshiga qo‘ndirib, duolar kitobchasini stolga qo‘ygach, kechasi unga qarab turgani kelganini aytdi, keyin kursini kaminga yaqinroq surdi-da, uyquga ketdi; uyqusi bo‘lsa dam-badam buzilib turardi, nega deganingizda, xuddi don cho‘qiyotgan tovuqdek boshi munkib-munkib ketar, ihrab-inqillar va pihillardi. Darvoqe, u bundan hech qanaqangi ziyon-zahmat chekmayotgandi, faqat vaqti-vaqti bilan uyg‘onib ketib, burnini qattiq-qattiq ishqab qo‘yardi-da, tag‘in uyquni uraverardi.

Tungi soatlar imillab o‘tardi. Oliver allamahalgacha qamish sham2424
  Qamish sham – piligi qamish o‘zagidan yasalgan mum sham.


[Закрыть]
shu’lasi tushib shiftda hosil bo‘lgan va lipillayotgan yorug‘ doirachalarni sanab, yoxud horg‘in nigohi-la devorga yopishtirilgan gulqog‘ozlarning aji-buji rasmlarini tomosha qilgancha uxlamay yotdi. Xonani o‘z og‘ushiga olgan g‘ira-shiralik va osudalik vahimali tantanavorlik kasb etardi. Ular bolaning ko‘ngliga talaygina tun-u kunlar mobaynida bu yerda ajal kezib yurgan, ehtimol, hozir ham uning bu yerda bo‘lganidan dalolat beruvchi dahshatli izi saqlanib qolgandir, degan qutquli fikrni solib turardi: bola yuzini yostiqqa bosganicha, zo‘r berib duo o‘qishga tushib ketdi.

Axiyri, u yaqinginada chekilgan iztiroblardan keyingina keladigan qattiq va xotirjam, buzish azob beradigan orombaxsh, tinch-u osuda uyquga ketdi. Basharti, o‘lim shunday bo‘ladigan bo‘lsa, yashash uchun kurashmoq, hayotning shu tobdagi jamiki tashvish-g‘amlarini chekmoq, kelajagi tashvishini tortmoq va avvalo, o‘tmishining og‘ir xotirotlarini yodlamoq uchun qaytadan tirilishni kim ham istardi deysiz!

Oliver ko‘zini ochganida allaqachon tong otib bo‘lgandi; u o‘zini tetik va baxtli his etdi. Kasalning xatarli davri muvaffaqiyatli o‘tib bo‘lgandi. Oliver yana hayotga qayta boshlagandi.

Oradan uch kun o‘tdi, u atrofiga yostiq qo‘yib kresloda o‘tira oladigan bo‘ldi; lekin hamon kamquvvat bo‘lgani va yura olmasligi sababli missis Beduin – ro‘zg‘or boshqaruvchi – uni pastga, o‘zi turadigan mo‘jazgina xonaga ko‘tarib olib tushdi. Bu yerda uni kamin oldiga o‘tqazib, mehribon keksa xonimning o‘zi ham o‘tirdi-da, bolaning o‘zini yaxshi his qilayotganidan xursand bo‘lib, hazilakamiga yig‘lab olmadi.

– Menga parvo qilma, bolajonim, – dedi keksa xonim. – Bir yig‘lab yuragimni bo‘shatib olmoqchiman… Mana, bo‘ldi, tamom, mening ham ko‘nglim chiroqday yorishib ketdi.

– Siz juda, judayam mehribonlik qilyapsiz menga, xonim, – dedi Oliver.

– Qo‘y-qo‘y, buni kallangdan chiqarib tashla, bolajonim, – dedi keksa xonim. – Sho‘rvangga buni sirayam aloqasi yo‘q, sen bo‘lsang uni allaqachon ichib olishing kerak edi, nimaga desang, doktor mister Braunlouga bugun ertalab seni kirib ko‘rishiga ruxsat bergan, shuning uchun aft-angoring joyida bo‘lishi kerak: rangi ro‘ying qanchalik yaxshi bo‘lsa, u shunchalik xursand bo‘ladi.

Shunday deya keksa xonim kostryulkadagi talaygina qaynatma sho‘rvani ilitishga kirishdi, sho‘rva shunchalik quyuq va mazali ediki, Oliverning fikricha, bu sho‘rvaga o‘rinlatib suv qo‘shilsa, kam deganda uch yuz ellik qashshoqqa tushlik ovqat o‘rnida o‘tishi mumkin edi bemalol.

– Sen suratni yoqtirasanmi, bolaginam? – deb so‘radi keksa xonim Oliverning o‘zi o‘tirgan kresloning ro‘parasida, devorda osig‘liq turgan suratga tikilayotganini payqab.

– Rosti, o‘zim ham bilmayman, xonim, – javob berdi Oliver rasmdan ko‘zini olmay. – Suratni juda kam ko‘rganman, shuning uchun o‘zim ham yaxshi bilmayman. Bu xonimning yuzi judayam chiroyli, muloyim ekan-a!

– Be-e! – dedi keksa xonim. – Suratkashlar xonimlarni hamisha asldagiga qaraganda chiroyliroq qilib chizishadi,bo‘lmasa hech kim suratini buyurtirmaydi-da, bolaginam. Surat oladigan mashinani o‘ylab chiqargan odam o‘sha mashinasi muvaffaqiyat qozonolmasligining fahmiga yetishi kerak edi. Nega deganingda, u borini, ha, qozonda borini cho‘michga chiqaradi-qo‘yadi, – dedi keksa xonim o‘zining o‘tkir so‘z topganiga chin dildan quvonib.

– Bu… bu qo‘lda chizilganmi, xonim? – so‘radi Oliver.

– Ha, – dedi keksa xonim bir nafasgina sho‘rvadan diqqati chalg‘ib, – bu portret.

– Kimniki, xonim? – so‘radi Oliver.

– Ochig‘i, bilmayman, bolajonim, – ochiqko‘ngillik bilan javob qildi keksa xonim. – Menimcha, suratdagi bu xonimni ikkovimiz ham tanimasak kerak. Chog‘imda, surat senga yoqib qolganga o‘xshaydi, a?

– Judayam chiroyli ekan, – dedi Oliver.

– Tag‘in undan cho‘chiyotgan bo‘lmagin? – so‘radi keksa xonim bolakayning suratga qandaydir bir ixlos, ayni chog‘da hadik-la javdirab tikilayotganini ko‘rib, bag‘oyat taajjublanar ekan.

– Yo‘-o‘q! – tez javob qaytardi Oliver. – Ko‘zlari juda qayg‘uli ekan, keyin men o‘tirgan joydan nuqul yuzimga tikilayotganga o‘xshab ko‘rinyapti. Shundan bo‘lsa kerak, yuragim gusura-gusur urib ketyapti, – deb qo‘shib qo‘ydi Oliver shivirlab, – xuddi bu suratning joni bor, men bilan gaplashgisi kelyapti-yu, lekin gapirolmayotganga o‘xshaydi.

– Xudovandi karimning o‘zi kechirsin-a! – deya xitob qildi keksa xonim, bir seskanib tusharkan. – Bunaqa deyish yaxshimas-a, qo‘zichog‘im. Hali zaifsan, innaykeyin, kasaldan keyin asablaring ham hali joyiga tushgani yo‘q. Kel, kresloyingni narigi devor tomonga surib beray, ana unda ko‘rinmaydi senga. Mana bundoq! – dedi keksa xonim o‘ylagan rejasini amalga oshirib. – Mana endi uni ko‘rmaysan.

Oliver uni go‘yo joyini o‘zgartirmagandek, ruhiyati – dil ko‘zlari bilan yaqqol ko‘rib turardi; biroq mehribon keksa xonimni ranjitgisi kelmadi; shu boisdan ham u xonim yuziga qaraganida muloyimgina jilmayib qo‘ya qoldi. Uni tinchlandi deb suyungan missis Beduin esa sho‘rvaga tuz solib, qoq nondan tashladi; ana shu tantanavor tadorik-tadbirni kuydi-pishdilik bilan ado etdi. Oliver sho‘rvani hash-pash deguncha surobini to‘g‘riladi. Oxirgi qoshiqdagi sho‘rvani yutib bo‘lar-bo‘lmasidan eshik astagina taqilladi.

– Kiravering, – dedi keksa xonim.

Shunday deyishi bilanoq mister Braunlou kirib keldi.

Keksa jentlmen xonaga dadil kirib keldi-yu, lekin Oliverga tuzukroq tikilish uchun ko‘zoyna gini peshonasiga ko‘tarib, qo‘llarini xalati ostidan ortida chalkashtirgani zahoti afti g‘alati bir tarzda uchib-uchib qo‘ya boshladi. Oliver darddan so‘ng tinka-madori qurigan va rangi nihoyatda siniqqan ko‘rinardi. U o‘z valine’matiga hurmati yuzasidan turmoqchi bo‘lib urindi-yu, ammo bu urinishi qaytadan kresloga shilq etib tushish bilan tugadi. Bashartiki, haqiqatni aytadigan bo‘lsak, mister Braunlouning insonparvarlikka moyilligi besh-o‘n chog‘li keksa jentlmenga yetgulik ulkan qalbidagi allaqanday bir ichki tuyg‘u ko‘zlariga yosh qalqtirdi, yetarli darajadagi faylasuf bo‘lmaganimiz tufayli buning qanday tuyg‘u ekanini tushuntirib berishdan bosh tortamiz.

– Bechora bola, sho‘rlik go‘dakkina-ya! – tomoq qira-qira dedi mister Braunlou. – Bugun desangiz, missis Beduin, tomog‘im picha bo‘g‘ilib qolibdi. Shamollab qoldimmikin, deb cho‘chib turibman-da.

– Xudo asrasin-a, ser, undaymasdirov, – dedi missis Beduin. – Hamma buyumlaringiz yaxshilab quritilgandi, ser.

– Bilmadim, Beduin, bilmadim, – dedi mister Braunlou. – Nazdimda, kecha tushlik paytida menga ho‘l sochiq berishganday bo‘lishgandi, lekin buning ahamiyati yo‘q… Ahvoling qalay, tuzukmisan, bo‘talog‘im?

– Juda yaxshi, ser, – javob qildi Oliver. – Menga ko‘rsatayotgan mehribonchiligingiz uchun rahmat sizga, ser.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации