Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 40 страниц) [доступный отрывок для чтения: 13 страниц]
– Nima deding?.. – dedi nazoratchi axiyri arang ovozi chiqib.
– Kechirasiz, ser, – takrorladi Oliver, – tag‘in ovqat yegim kelyapti.
Nazoratchi Oliverning boshiga cho‘mich bilan tushirdi, keyin qo‘lidan mahkam changalladi-yu, bo‘kirib bidlni chaqirdi.
Mister Bambl hayajon og‘ushida xonaga hovliqqanicha otilib kirib kelganida kengash a’zolari tantanali majlis o‘tkazmoq niyatida to‘plangan edilar. Mister Bambl baland kresloda o‘tirgan jentlmenga murojaat qildi:
– Mister Limkins, afv etgaysiz, ser! Oliver Tvist go‘jadan yana berishlarini so‘rabdi!
Hozir bo‘lganlarning jami gangib qolishdi. Barchalarining basharalari dahshatdan qiyshayib-bujmaydi.
– Yana go‘ja so‘rabdi?! – qaytarib so‘radi mister Limkins. – O‘zingizni bosing, Bambl, keyin menga bafurja, aniq qilib javob bering. U tegishli ulushini yeb bo‘lganidan so‘ng qo‘shimcha go‘ja so‘ragan, sizni to‘g‘ri tushunibmanmi, shundaymi?
– Xuddi shundoq bo‘pti, ser, – javob berdi Bambl.
– Bu bolakayning umri dorda tugaydi, – dedi oq nimchali jentlmen. – Bilaman, bu bolakayning umri sirtmoqda tugaydi.
Bu jentlmenning payg‘ambarona bashoratini hech kim rad etib o‘tirmadi. Oliverni zudlik bilan avaxtaga tashlashga farmoyish berildi; ertasiga ertalab darvozaga, qavmni Oliver Tvistdan xalos etish istagini bildirgan har qanday kishiga besh funt mukofot taklif etiladi, degan mazmunda e’lon yopishtirib qo‘yildi. O‘zgacha qilib aytganda, besh funt mukofot bilan Oliver Tvist biror kasb-kor, tijorat yoki boshqa yumush bilan shug‘ullanuvchi va shogird bolaga muhtoj istagan erkak yoxud ayolga tortiq sifatida taklif etilgandi.
– Hech qachon va hech narsada, – dedi oq nimchali jentlmen ertasiga ertalab darvozani taqillata turib, e’lonni o‘qir ekan, – bu bolaning o‘z hayotini sirtmoqda tugatishiga ishonganimchalik iymonim komil bo‘lgan emas.
Kelgusida oq nimchali jentlmenning haq yoxud nohaqligini ko‘rsatish niyatida men ushbu hikoyamni maroqli jihatlardan mahrum etib (aminmanki, u bunday sifatga ega) o‘tirmayman va binobarin, Oliver Tvistni bunchalar dahshatli o‘lim kutayotibdimi yoki yo‘qmi, bunga biron-bir ishora bilan shama qilishga ham botinolmayman.
UCHINCHI BOB
OLIVER TVISTNING KELGUSIDA SERDAROMAD VA OSON ISH BO‘LA OLMAYDIGAN O‘RINGA JOYLASHISHIGA BIR BAHYA QOLGANI XUSUSIDA HIKOYA QILADI
Qo‘shimcha ovqat so‘rashdek beadabona va sharmisorona jinoyat sodir bo‘lganidan keyingi hafta davomida Oliver kengashning oqilona va muruvvatli amri farmoni bilan o‘zini avaxta qilishgan zimiston hamda huvillagan xonada qamalib o‘tirdi. Bir qarashda, basharti, u oq nimchali jentlmenning bashoratiga munosib ehtirom bilan qaraydigan bo‘lsa, unda dastro‘molining bir uchini devordagi ilgakka bog‘lab, ikkinchi uchiga o‘zini osib, mazkur jentlmenning payg‘ambarona zakovatini abadul-abadga tasdiqlarmidi, deb taxmin qilish aqlga to‘g‘ri keladigandek edi. Ammo bunday jasorat ko‘rsatish uchun bir to‘siq bor, bu ham bo‘lsa, xususan, quyidagidan iborat edi: kengash hay’ati jam bo‘lib chiqargan, imzolar va muhr bilan tasdiqlangan, tantanavor tarzda e’lon qilingan farmonga binoan yo‘qsillar burni ortiqcha zeb-ziynat ashyolari qatoriga qo‘shilgan ro‘molchadan abadiy mahrum etilgandi.
Oliverning yoshligi hamda go‘daklarcha fe’l-u atvori bu borada, yanada jiddiyroq to‘siq edi. U kun bo‘yi achchiq-achchiq yig‘ladi, uzundan-uzun va hazin-u vahimali tun o‘z chodrasini yoyganida esa, zimiston qorong‘ilikni ko‘rmay, deb ko‘zlarini qo‘llari bilan berkitdi-yu, bir burchakka tiqilgancha uxlashga urindi. U dam-badam uyg‘onib ketar, titrab-qaltirab qaddini ko‘tarar, o‘zini zimziyo og‘ushiga olgan qorong‘ilikdan, yolg‘izlikdan himoya qiladiganday muzdek, qattiq devorga mahkamroq qisingandan-qisinib borardi.
Tag‘in bu «tartibot» dushmanlari Oliver yolg‘iz avaxtada yotgan paytida sog‘liq uchun zaruriy jismoniy mashqlardan, ma’naviy tasalli, tuzuk-quruq yor-jo‘ralardan mahrum bo‘ldi, deb o‘ylamasinlar. Jismoniy mashqlar xususiga kelsak, tashqarida ajoyib havo, qirchillama sovuq paytlar edi, bolakayga esa har kuni ertalab girdi g‘ishtin devor bilan qurshalgan hovlida, mister Bambl hozirligida, nasos bilan ustidan muzdek suv quyishiga ruxsat etilgandi. Mister Bambl uning shamollab qolmasligining g‘amini yeb, qo‘lidagi asosi yordamida uning butun a’zoyi badanini qizdirib, xolis xizmat ko‘rsatib turardi. Yor-jo‘ralari davrasida bo‘lishi masalasiga kelganda esa, bolakayni shu kun oralatib bolalar ovqatlanadigan katta xonaga olib chiqib, barchaga ibrat bo‘lishi uchun va boshqalarning ko‘zini ochib, ogohlantirib qo‘yish uchun hammaning ko‘zi o‘ngida obdon savalashardi. Uni ma’naviy tasallidan mahrum etmaslik masalasida bo‘lsa har kuni oqshom ibodat vaqtida tepkilay-tepkilay yana o‘sha katta xonaga haydab chiqishardi-da, u yerda jamiki bolalarning kengashning amri ma’rufiga binoan kiritilgan maxsus qo‘shimcha bilan to‘ldirilgan ibodat-u iltijolarini eshitib, o‘z ruhiyatini shod aylashiga ruxsat berardilar; mazkur qo‘shimcha iltijolarida ular Yaratgandan o‘zlariga insof-u tavfiq berishini, mamnunlig-u itoatkorlik ato etishini, Oliver Tvist botgan gunoh-u qusurlardan forig‘ bo‘lishlarini iltijo qilardilar; bolakayning gunohi va qusurlari ushbu iltijoda aniq-tiniq ifoda etilgandi, u ins-u jinslarning vasvasasiga tushib qolgan va o‘sha badbin nojinslar uni maxsus tarzda o‘z panohlari hamda himoyalariga olgan, bolakay naq iblis ustaxonasining mahsuli edi.
Oliver shu taxlit tasalli beruvchi ahvolda yashab turgan kunlarning birida mister Gemfild, mo‘ri tozalovchi, o‘zi turadigan uyning egasi qat’iyat bilan talab qilayotgan ijara haqidan qolgan qarzini qanday uzish yo‘llari ustida chuqur o‘y surgancha Xay-stritdan o‘tib borardi. Mister Gemfild bisotidagi mablag‘ini qay ko‘yga solib, uvallo hisoblab ko‘rmasin, o‘ziga zarur bo‘lgan besh funtni topishning chorasini qilolmayotgan edi; u bu hisoblovlardan umidi puchga chiqib, goh qoq ikkiga yorilgudek darajada bosh qotirib, goh eshagining boshini ikki palla qilgudek bo‘lib borarkan, mehnat uyi darvozasi yoniga yetganida qo‘qqisdan eshikdagi e’longa ko‘zi tushib qoldi.
– Ish-sh, – dedi mister Gemfild eshagiga.
Eshak bo‘lsa chuqur xayolga tolib, ehtimolki, aravaga ortilgan ikki qop qurumdan qutulganimdan keyin bir-ikkita karam o‘zagi nasib qilarmikin, deb o‘ylab borayotgandi; shu boisdan u buyruqni eshitmay, lo‘killaganicha ilgarilab ketaverdi.
Mister Gemfild eshakni bo‘ralab so‘kib, ayniqsa ko‘zi ko‘r-u qulog‘i karligiga la’nat o‘qigancha yugurib bordi-da, qarsillatib boshiga chunonam tushirdiki, eshakning kallasi o‘rnida bo‘lsa har qanaqangi bosh suyagi qoq ikki pallaga ajrab ketishi tayin edi. Keyin shartta eshakning jilovi tizginidan tutib, unga egasi kim ekanini iltifot-la eslatib qo‘yish maqsadida shasht bilan siltadi-da, orqaga burdi. Shundan keyin to yoniga qaytgunicha hushiga kelolmaydigan qilib tag‘in bir karra boshiga qarsillatib qamchi soldi. Bu tadorik ishlarini tugatgach, e’lonni o‘qigani darvoza oldiga keldi.
Darvoza yonida qo‘llarini orqasiga qilgan ko‘yi hozirgina kengash majlis o‘tkazgan xonada bir nechta dono fikrni bayon etgan oq nimchali jentlmen turardi. Mo‘ri tozalovchi e’lonni o‘qish niyatida darvozaga yaqinlasharkan, mister Gemfild bilan eshagi orasidagi mashmashani kuzatib turgan bu odam shodon jilmayib qo‘ydi, zero u mister Gemfild – Oliver Tvistga aynan kerak bo‘lgan xo‘jayin ekanini payqagan edi. E’lonni o‘qigach, mister Gemfild irshaydi, zeroki, unga xuddi mana shu besh funt suvday zarur edi-da; ushbu mablag‘ning ustamasi bo‘lmish bolakayga kelganda esa, mehnat uyidagi yemish qandayligidan boxabar mister Gemfild bolakayning g‘oyatda mo‘ribop mushtdekkina nusxa ekaniga iymoni komil edi. Shu sababdan e’lonni boshidan oxirigacha hijjalab boshqatdan o‘qib chiqdi-da, hurmat yuzasidan qo‘lini mo‘yna telpagiga xiyolgina tekkizib qo‘yib, oq nimchali jentlmenga murojaat qildi:
– Bu bolakay, ser, qavm shogirdlikka bermoqchi bo‘lgan bolakay… – deya gap boshladi mister Gemfild.
– Xo‘sh, azizim, – deya javob qaytardi oq nimchali jentlmen takabburona iljayib. – Xo‘sh, u haqda nima demoqchisiz?
– Agar qavm uning ko‘ngildagidek kasb, ezgu hamda e’tiborli mo‘ri tozalovchilik kasbini egallashini istasa, – deya so‘zini davom ettirdi mister Gemfild, – u chog‘da, aytishim mumkinki, menga shogird kerak va uni shogirdlikka olishga tayyorman.
– Bu yoqqa kiring, – dedi oq nimchali jentlmen.
Mister Gemfild picha hayallab qoldi, u o‘zi yo‘g‘ida yo‘lga ravona bo‘lib qolmasligi uchun eshakni yana bir qamchi bilan siylab, jilovini tag‘in bir bora silkitib qo‘ydi, ana shundan so‘nggina oq nimchali jentlmenning ortidan ichkariga, Oliver mazkur jentlmenni ilk marta ko‘rgan xonaga kirib bordi.
– Bu bo‘lmag‘ur kasb, – dedi mister Limkins Gemfild o‘z istagini yangitdan bayon etgach.
– Bolakaylar mo‘rilarda nafasi qaytib o‘lgan hollar ham bo‘lgan, – dedi boshqa jentlmen.
– Bolani mo‘ridan chiqishga majbur qilish uchun poxolni kaminda yoqishdan oldin ho‘llashgani sababli shunday bo‘ladi, – dedi Gemfild. – Bunaqada poxol tutaydi xolos, yonmaydi! Tutunning esa hech qanaqangi nafi yo‘q, u bolani tashqariga chiqishga majbur qilolmaydi, qaytaga bolani elitib uxlatib qo‘yadi. Bolaga bo‘lsa xuddi shu kerak-da. O‘g‘il bolalar – o‘larday qaysar va dangasa xalq, shu sababli, jentlmenlar, lang‘illab yonib turgan olovdan o‘taversin, birpasda pildiragancha pastga tushiradi-qo‘yadi. Ustiga-ustak, jentlmenlar, bu xayrli ish, sababki, mabodo, bolakay mo‘rida tiqilib qolsa-yu, o‘t yoqib tovonini kuydira boshlasang, u jonining boricha tipirchilab, tiqilib qolgan joyidan chiqib ketishga tirishadi.
Bunday sharh-u izohot oq nimchali jentlmenni go‘yo bag‘oyat xushnud etganday bo‘ldi-yu, biroq uning zavq-shavqini mister Limkinsning xo‘mraygan nigohi zumda so‘ndirdi-qo‘ydi. Keyin kengash a’zolari bir necha daqiqa o‘zaro maslahat qurishdi, lekin shunchalik sekin gaplashishdiki, faqat: «Sarf-xarajatni kamaytirish», «kirim-chiqim muvozanatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi», «bosma hisobotini nashr ettiramiz» kabi so‘z va iboralarnigina eshitsa bo‘lardi. Bularni ham bot-bot, keyin ma’nodor qilib takrorlab turganlari tufayligina eshitishga muvaffaq bo‘linardi.
Nihoyat, pichirlashish to‘xtadi va kengash a’zolari o‘z joylariga kelib o‘tirib, yana ilgarigi viqorli qiyofalariga qaytganlaridan so‘ng, mister Limkins:
– Biz sizning taklifingizni muhokama qilib ko‘rdik va uni ma’qul topmadik.
– Mutlaqo ma’qullamaymiz, – dedi oq nimchali jentlmen.
– Qat’iyan ma’qul ko‘rmaymiz, – deya qo‘shib qo‘yishdi boshqa kengash a’zolari ham.
Mister Gemfild bir marta uch-to‘rt bolani o‘lasi qilib kaltaklab, bunday arzimas ayblov jabrini tortgan edi, shu sababli uning miyasidan, kengash a’zolari hozir injiqlik qilib, go‘yoki ishga aloqasi bo‘lmagan o‘sha voqeani eslab qolishdi-yu, bu narsa ularning qarorlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi shekilli, degan fikr yilt etib o‘tdi. Rost, bu narsa ularning odatdagi faoliyatlari yo‘siniga aslo mos kelmasdi, biroq eski mish-mishlarni qayta tiriltirishga unchalik hushi-yu istagi bo‘lmagan mister Gemfild telpagini qo‘lida aylantirganicha asta stol yonidan yiroqlashaverdi.
– Jentlmenlar, shunday qilib, uni menga berishni xohlamaysizlarmi? – deb so‘radi mister Gemfild eshik oldida to‘xtab.
– Xohlamaymiz, – javob qildi mister Limkins, – kasbingiz bo‘lmag‘ur kasb, shu boisdan biz va’da qilgan mukofotimiz miqdorini kamaytirishimiz lozim, deb hisoblaymiz.
Mister Gemfildning chiroyi ochildi, u tez yurib stolga yaqinlashdi-da:
– Qancha berasizlar, jentlmenlar? Qani, xo‘sh! Faqir bir kishini ranjitmassizlar. Qancha berasizlar?
– Men sizga aytsam, uch funt-u o‘n shilling1010
Shilling – Angliyadan funt sterlingning 1/20 ulushiga teng tanga pul. (Tarj.)
[Закрыть] ham kifoya, – javob qildi mister Limkins.
– O‘n shillingni hisobdan chiqarib tashlang, – gapga aralashdi oq nimchali jentlmen.
– Menga qaranglar! – dedi Gemfild. – To‘rt funtga bor baraka qila qolaylik, jentlmenlar. Kelinglar, to‘rt funtga kelishaylig-u undan bir umrga qutulinglar. Bo‘ptimi?
– Uch funt-u o‘n shilling, – qat’iy takrorladi mister Limkins.
– Menga qaranglar, jentlmenlar, yana ustamasini ikkiga bo‘lamiz, – taklif qildi Gemfild. – Uch funt-u o‘n besh.
– Bir farting1111
Farting – chorak pens. (Tarj.)
[Закрыть] ham qo‘shmayman, – mister Limkinsning qat’iy ovozi yangradi.
– Meni juda qiynab qo‘yasizlar-da, jentlmenlar, – bo‘shashibroq dedi Gemfild.
– Be, qo‘ysangiz-chi! Bema’ni gap! – dedi oq nimchali jentlmen. – U hech qanaqangi mukofot-u siylovsiz ham olsa arziydigan bola. Esi yo‘q odam ekansiz-ku, olib ketaversangiz-chi uni! Bu juda sizbop bola. Vaqt-vaqtida uni tayoq bilan siylab turish kerak – bu uning o‘ziga foyda. Uni boqish qimmat tushmaydi, negaki tug‘ilganidan beri sira qorni to‘yadigan ovqat berilmagan. Xa-xa-xa!
Mister Gemfild stol tevaragida o‘tirganlarga ayyorona nigoh tashlarkan, ularning iljayayotganlarini ko‘rib, o‘zi ham tirjayishga tushdi. Bahslashish bitgandi. Mister Bamblga o‘sha zahotiyoq, Oliver va uning hujjatlarini tasdiqlash hamda imzo chekish uchun shu bugunoq sudya huzuriga olib borish zarurligini aytdilar.
Ushbu qarorni ijro etmoqlik uchun Oliverni nihoyatda taajjubga solib, qamoqdan bo‘shatishdi-da, toza ko‘ylak kiyishni buyurishdi. Mutlaqo ko‘nikilmagan jismoniy mashg‘ulotni tugatar-tugatmasidan mister Bambl o‘z qo‘li bilan bir tovoq go‘ja va bayram ulushi – ikki-yu chorak unsiya nonni ko‘tarib kelib qoldi.
Bu kishini lol qoldiradigan manzarani ko‘rgan Oliver zorlanib yig‘lab yubordi: u, kengash meni birorta foydali maqsad yo‘lida o‘limga hukm etgan bo‘lsa kerak – bunday o‘ylashi batamom tabiiy edi – deb o‘ylagandi, yo‘qsa hech qachon qornini bunchalik to‘yg‘azib o‘tirishmagan bo‘lardi-da.
– Qo‘y, yig‘lama, Oliver, bo‘lmasa ko‘zlaring qizarib qoladi. Go‘jangni ichgin-u, shukr qil! – dedi mister Bambl nasihatomuz va dabdabali ohangda. – Seni shogirdlikka berishmoqchi, Oliver.
– Shogirdlikka deysizmi, ser? – qaytarib so‘radi bola qalt-qalt titrab.
– Shunday, Oliver, – dedi mister Bambl. – Ota bo‘lib boshingni silayotgan saxovatli hamda muruvvatli jentlmenlar, Oliver (chunki o‘zingning ota-onang yo‘q), garchi bu qavmga uch funt-u o‘n shillingga tushsa hamki, seni shogirdlikka berib, oyoqqa turg‘azishmoqchi, odam qilishmoqchi. Uch funt-u o‘n shilling-a, Oliver! Yetmish shilling… bir yuz qirqta olti penslig-a! Shuncha mablag‘ni hech kim yoqtirmaydigan bitta yaramas yetimchani deb sarflashyapti-ya!
Dag‘dag‘ali ovoz bilan shu so‘zlarni aytayotgan mister Bambl nafasini rostlab olmoq uchun to‘xtaganida sho‘rpeshona bolaning yuzini shashqator yosh yuva boshladi-yu, birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
– Qo‘y, bas, – dedi mister Bambl endi dabdabali ohangini o‘zgartirib, aslida esa o‘zining notiqligi qanday ta’sir etayotganini ko‘rish xush yoqayotgandi. – Bas qil, Oliver! Kamzulingning yengi bilan ko‘zingni art, tag‘in ko‘z yoshing go‘jaga tushmasin. Bu ishing sirayam aqldan emas, Oliver.
Darhaqiqat, bu aqldan emasdi, negaki go‘ja shundoq ham sersuv edi.
Sudya huzuriga ketayotib mister Bambl Oliverga u yerga borganlarida o‘zini baxtiyor qilib ko‘rsatishi va keksa jentlmen, shogird tushishni xohlaysanmi, deb so‘raganida, judayam xohlayman, deya javob qilishini uqtirdi. Oliver bu har ikkala ko‘rsatmani ham bajarishga so‘z berdi, zotan, mister Bambl mabodo, buyurganlarining birortasini bajarmaydigan bo‘lsa, boshiga qanday kunlar tushishini muloyimgina shama qilib o‘tgandi. Sudyaning huzuriga yetib kelgach, mister Bambl uning yolg‘iz o‘zini katalakdek xonaga kiritib qo‘ydi-da, toki o‘zi kirib olib ketmagunicha shu yerda qimirlamay kutishni buyurdi.
Bolakay yuragi gurs-gurs tepgancha yarim soatcha kutdi. Oradan hozir qayd etganimizcha fursat o‘tgach, mister Bambl eshikdan bosh suqib qaradi-da (bu gal boshini bejab turadigan uch qirra shlyapasi yo‘q edi), baland ovoz bilan dedi:
– Oliver, azizim, yura qol, jentlmenlar huzuriga. – Shu so‘zlarni aytarkan, mister Bamblning qosh-qovog‘i uyulib, basharasi tahlikali tus oldi va shivirlab qo‘shib qo‘ydi: – Yaramas bola, tayinlagan gaplarim yodingda bo‘lsin-a!
Uning muomalasi bunday o‘zgarib turgani bolani chalg‘itib qo‘yayotgan edi, shu bois Oliver soddalik bilan mister Bamblning aftiga qaradi, biroq vajohatli jentlmen biron nima deyishiga ham qo‘ymay, shu zamonoq uni eshigi ochiq turgan yonginadagi xonaga yetakladi.
Bu derazasi katta, keng-kovul xona edi. Baland yozuv stoli ortida sochlariga upa sepgan ikki keksa jentlmen o‘tirishibdi; biri gazeta o‘qimoqda, gardishi toshbaqa kosasidan yasalgan ko‘zoynak taqqan ikkinchisi oldidagi bir parcha moyqog‘ozdagi yozuvni ko‘zdan kechirmoqda. Baland stolning bir yonida, sal oldinroqda, mister Limkins, aft-basharasini naridan-beri yuvib olgan mister Gemfild esa ikkinchi yonida turishibdi; atrofda esa qo‘nji uzun etikli nusqi qo‘pol ikki-uch kishi g‘ivirsib yurishibdi.
Ko‘zoynakli keksa jentlmen yozuvga tikilib o‘tirgan yerida axiyri mudrab ketdi, buning oqibatida mister Bambl Oliverni yozuv stoli qarshisiga turg‘azib qo‘yganidan keyin ham oraga cho‘mgan sukunat bir necha daqiqaga cho‘zildi.
– Mana o‘sha bola, taqsir, – dedi mister Bambl.
Gazeta o‘qiyotgan keksa jentlmen birrov boshini ko‘tardi-da, yonidagi keksa jentlmenning yengidan tortib qo‘ygan edi, unisi ko‘zini ochdi.
– O‘, bu o‘sha bolami? – ming‘illadi keksa jentlmen.
– Xuddi o‘zi, ser, – javob qildi mister Bambl. – Azizim, sudya janoblariga ta’zim qil1212
Sudya janoblariga ta’zim qil – ya’ni dunyoviy ishlarni ko‘radigan, 1834-yil qonuniga binoan mehnat uyi, shuningdek, yetimxona «nozirlar kengashi»ning farmoyishlarini ba’zi hollarda tasdiqlash hamda rad etish huquqiga ega bo‘lgan sudya.
[Закрыть].
Oliver oldin bir seskanib tushib, keyin ikki bukilib ta’zim bajo keltirdi. U hakamlarning upa sepilgan sochlariga razm solarkan, nahotki kengash a’zolarining hammasi mana shunaqangi boshida oppoq un bilan tug‘ilib, shuning uchun ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri kengash a’zosi bo‘lib olishsa, deb bosh qotira boshladi hayron qolib.
– Xo‘sh-sh, – dedi keksa jentlmen, – o‘ylaymanki, mo‘ri tozalovchilik kasbi yoqsa kerag-a unga?
– Es-hushi shunda, muhtaram janob, – javob berdi Bambl va yo‘q, deb og‘iz ocha ko‘rmagin-a, degan ma’noda Oliverni zimdan chimdib qo‘ydi.
– Binobarin, u mo‘ri tozalovchi bo‘lmoqchi ekanda, shundoqmi? – so‘radi keksa jentlmen.
– Mabodo, biz ertadan boshlab birorta boshqa kasb-korga o‘rgatishni xayol qiladigan bo‘lsak, bu o‘sha zahotiyoq qochib qolishi turgan gap edi, janoblari, – javob qaytardi Bambl.
– Xo‘sh, bu kishi, uning bo‘lajak xo‘jasi… siz, ser… siz u bilan yaxshi muomalada bo‘lasiz… uni boqasiz… va shu kabilar, to‘g‘rimasmi, ser? – dedi keksa jentlmen.
– Rostki, men shunday qilaman dedimmi, bas, shunday qilaman, – deya javob berdi mister Gemfild qovog‘ini uyib.
– Picha qo‘polroq so‘zlar ekansiz, birodar, illo, vijdonli, sofdil odam ko‘rinasiz nazdimda, – dedi keksa jentlmen ko‘zoynagini Oliver uchun tayinlangan mukofotni olajak nomzodga to‘g‘rilar ekan.
Bu nomzodning jirkanch turqida chindan ham uning shafqatsiz odam ekanidan dalolat beruvchi toshbag‘irlik muhri – tamg‘asi aks etib turardi. Biroq sudya keksalikdan ko‘zlari xiralashib, yosh boladay bo‘lib qolgandi, shu sababdan ham undan boshqalar ko‘rib turgan narsani payqashni kutish ehtimoldan uzoq edi.
– Shundoq bo‘lsa kerak, degan umiddaman, ser, – dedi mister Gemfild razilona irshayib.
– Bunga zarracha shubham yo‘q, birodari aziz, – deb qo‘ydi keksa jentlmen ko‘zoynagini burniga mahkamroq o‘rnashtirib, dovot izlab u yoq-bu yoqqa alanglarkan.
Bu – Oliverning hayotidagi hal etuvchi daqiqa edi. Basharti, dovot keksa jentlmen taxmin qilgan joyda bo‘lganida, u patqalamni siyohga botirardi-yu, qog‘ozga imzo chekardi – ana unda Oliverni oyog‘ini yerga tekkizmay olib ketishlari aniq edi. Lekin dovot hakamning shundoqqina burni ostida turganidan, ma’lumingizkim, butun stol ustini istab chiqib ham uni topolmadi va izlashini davom ettirarkan, banogoh to‘g‘risiga qarab qoldi, shunda nigohi Oliver Tvistning rangi o‘chgan, kapalagi uchgan yuziga tushdi. Bola Bamblning ogohlantiruvchi o‘qrayishlari-yu o‘ymalashlariga parvo qilmay, o‘zining bo‘lajak xo‘jasining jirkanch basharasiga shunchalar oshkora qo‘rquv va dahshat ichra tikilardiki, buni hatto shabko‘r hakam ham payqamay qolmasdi.
Keksa jentlmen biroz hayallab, patqalamni topdi-da, nigohini Oliverdan uzib, o‘zini beparvo ham bemalol tutishga tirishib, bir chimdim tamaki olgan mister Limkinsga qadadi.
– Bo‘tam! – dedi keksa jentlmen yozuv stoli uzra engashib qarab.
Oliver bu so‘zni eshitib, seskanib ketdi. Buning uchun uni afv etsa bo‘lardi, chunki ovoz erkalovchi, muloyim eshitilgandi, notanish tovush esa odamlarni cho‘chitadi. Uning butun a’zoyi badanida titroq turdi-yu, ko‘zlaridan yosh yumaladi.
– Bo‘tam, – takrorladi keksa jentlmen, – ranging oqarib, bezovta bo‘lib qolding. Nima gap o‘zi?
– Undan sal nariroq turing, bidl… – dedi ikkinchi hakam gazetani qo‘yib, qiziqsinib olg‘a engashar ekan. – Ana endi, bolakay, qani bizga aytib ber-chi, nima gapligini. Qo‘rqma, aytaver.
Oliver tiz cho‘kdi-da, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha, o‘zini yana o‘sha qorong‘i xonaga qaytarib yuborishlarini… ochdan tirishtirishlarini… kaltaklashlarini… istashsa, o‘ldirishlarini, ammo bu qo‘rqinchli odamga berib yubormasliklarini tavallo qila boshladi…
– Shunaqa degin-a! – dedi mister Bambl bag‘oyat dabdabali qiyofada qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, ko‘zlarini samoga tikkancha. – Hali shunaqa degin! Umrim bino bo‘lib ko‘rgan ayyor-u dog‘uli yetimlar ichida sen, Oliver, eng surbet-u bezbeti ekansan.
– Tilingizni tiying, bidl, – dedi ikkinchi keksa jentlmen mister Bambl ushbu tumtaroqli ta’rif-u tavsifni aytib bo‘lgach.
– Afv etgaysiz, taqsirim, – dedi mister Bambl o‘z quloqlariga ishonmay. – Janoblari kaminaga murojaat etyaptilarmi?
– Ha. Tilingizni tiyib turing.
Mister Bambl taajjubda serrayib qoldi. Bidlga tilini tiyib turishni buyursalar-a! Oxir zamon yetibdi chog‘i!
Ko‘zoynakli keksa jentlmen hamkasabasiga qaradi. Kasabasi ma’nodor qilib bosh irg‘adi.
– Biz bu shartnomani tasdiqlashdan bosh tortamiz, – deb moyqog‘oz parchasini olib, chetroqqa tashladi.
– U… umid… – deb yamlanib gap boshladi mister Limkins, – umid qilamankim, bolaning hech bir asossiz guvohligiga tayanib, hakamlar go‘yo qavm ma’murlari biron nojo‘ya xatti-harakatda aybdor, degan xulosaga kelmaslar.
– Hakamlar bu masala yuzasidan biron-bir hukm-u xulosa chiqarishga majbur emaslar, – dedi ikkinchi keksa jentlmen keskin ohangda. – Bolani mehnat uyiga qaytarib olib boringlar-da, unga yaxshi muomala qilinglar. Chog‘imda, bu narsaga muhtoj u.
O‘sha kuni oqshomdayoq oq nimchali jentlmen mutlaqo qat’iyat bilan, Oliver nafaqat osiladigan emas, balki ustamasiga uni qatlgohga surgab borib, to‘rt pora qiladilar, dedi. Mister Bambl mahzun va sirli bir tarzda boshini sarak-sarak qilib, oxiri baxayr bo‘lsin-da, deb qo‘ydi, shundan so‘ng mister Gemfild, ishqilib qo‘limga kirsin-da, deya tilak tiladi; garchi mister Gemfild deyarli har bir narsada qavm bidlining fikriga qo‘shilayotgan bo‘lsa hamki, u, aftidan, bunday istakni bildirar ekan, bidl bilan fikrlari butunlay ayrichaligini namoyish etdi.
Ertasiga ertalab jamoatga yana Oliver Tvist shogirdlikka berilajagi va uni olish ixtiyorini bildirgan odamga besh funt to‘lanajagi ma’lum qilindi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?