Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 27 (всего у книги 40 страниц)
O‘TTIZ TO‘QQIZINCHI BOB
KITOBXONLARGA TANISH BIR NECHA HURMATLI ZOTLARNI SAHNAGA CHIQARADI VA MUHTARAM MONKS BILAN MUHTARAM JUHUDNING QANDAY SUHBAT QURGANLARI XUSUSIDA HIKOYA QILADI
Uch muhtaram zot, oldingi bobda tilga olib o‘tganimizdek, o‘zaro kichkinagina ish yuzasidan bitishib olganlarining ertasi kuni kechki payt mister Bill Sayks mudroqdan uyg‘onib ketib, uyqu aralash xirildoq tovush bilan soat necha bo‘lganini so‘radi.
Ushbu savolni mister Sayks Chertsiga qilingan safardan ilgari turadigan xonasida emas, bo‘lak joyda berayotgan edi. Bu yangi turarjoyi o‘sha rayonda, lekin eskisidan picha nariroqda edi. Shubhasiz, bunisi ilgarigi turarjoyidan xarobroq – iflos-u tor jinko‘chaga qaragan, nishabi baland tomidagi shapaloqdekkina derazachasidangina yorug‘lik tushib turadigan, qashshoqona jihozlangan, ayanchli hujracha edi. Bu yerning mazkur ajoyib jentlmenning keyingi paytlarda omadi yurishmayotganidan dalolat beruvchi bo‘lak alomatlardan kamchilik joyi yo‘q edi; zotan, g‘aribona uy jihozlari va qulaylikdan mutlaqo nom-nishon yo‘qligi, shuningdek, zaxira kiyim-kechak hamda ich kiyimdek mol-mulkning g‘oyib bo‘lgani uning ortiq darajada qashshoqlanib qolganidan darak berib turardi; buning ustiga mister Sayksning oriqlagan va horg‘in qiyofasi (mabodo, isbotga muhtoj bo‘lsa) bu holni to‘liq isbotlashi mumkin edi.
Talonchi xalat o‘rniga oq paltosiga o‘ranib, karavotda yotar, kasal tufayli murdadek oqargan tusi hali o‘ziga kelmagan, iflos tungi qalpog‘i va bir haftadan beri ustara ko‘rmagan tikanday qop-qora soqoli rangini battar za’faron qilib ko‘rsatardi. Iti karavot yonida cho‘qqayib o‘tiribdi, u dam egasiga o‘ychan tikiladi, dam qulog‘ini ding qilib qoladi; goho esa, agar ko‘chadagi yoki uyning pastki qavatidagi birorta shovqin diqqatini tortib qolsa, irillab qo‘yadi. Deraza oldida bir ayol talonchining kundalik ust-boshining bir qismi bo‘lmish eski nimchani hafsala bilan yamab o‘tiribdi; qiyinchilik va kasal boqishdan u shunaqangi ozib-to‘zgan, shunaqangi rangini oldirib qo‘ygandiki, mister Sayksning savoliga javob qaytargandagi ovozini eshitmasangiz, uning mazkur hikoyatda ilgariroq sahnaga chiqqan xuddi o‘sha Nensi ekanini payqashingiz amrimahol edi.
– Yettidan sal oshdi, – dedi qiz. – O‘zingni qanday sezyapsan, Bill?
– Zig‘irchalik ham darmonim yo‘q, – javob berdi mister Sayks o‘z ko‘zlari, qo‘l va oyoqlariga la’natlar o‘qib. – Qo‘lingni ber, bu xonasallot karavotdan bir amallab tushib olishimga yordamlashvor.
Mister Sayksning fe’l-atvorini kasallik ham tuzatolmagandi: qiz o‘rnidan turishiga yordamlashib, stol oldiga suyab olib kelar ekan, u qo‘polsan deb toza so‘kdi, keyin bir urdi.
– Hiqillayapsanmi? – so‘radi Sayks. – Bas qil! Obidiydangning keragi yo‘q! Agar qo‘lingdan shundan boshqa ish kelmaydigan bo‘lsa tuyog‘ingni shiqillatib qol! Eshityapsanmi?
– Eshityapman, – javob qildi qiz yuzini burib, jilmayishga urinarkan. – Kallangga yana qanaqangi xayol kelib qoldi?
– E, nima balo, aynib qoldingmi deyman? – to‘ng‘illadi Sayks qizning ko‘zlarida halqalangan yoshni ko‘rib. – O‘zingga yaxshi bu.
– Axir sen, Bill, shu bugun ham menga bag‘ritoshlik qilishni istamassan, – dedi qiz qo‘lini uning kiftiga qo‘yib.
– Xo‘sh, nimaga endi? – xitob qildi mister Sayks. – Nimaga?..
– Necha-necha kechadan beri, – dedi qiz xiyolgina ayollarga xos nazokat bilan, buning ta’sirida hatto ovozida ham erkalash ohanglari sezildi, – shuncha kechadan beri sabr-toqat bilan tepangda parvona bo‘ldim, xuddi yosh boladay parvarish qildim, bugun bo‘lsa o‘zingga kelganingni birinchi marta ko‘rib turibman. Axir, menga hozirgiga o‘xshab muomala qilmassan, to‘g‘rimi? Kel, ayta qol, unday qilmayman, degin.
– Bo‘pti, – javob qaytardi mister Sayks, – endi bunday qilmayman. Obbo, jin urgur, bu qiz tag‘in obidiyda qilyapti-ku!
– Hech gapmas bu, – dedi qiz o‘zini kursiga tashlarkan. – Parvo qilma. Hozir o‘tib ketadi.
– Nima o‘tib ketadi? – zarda bilan so‘radi mister Sayks. – Qanaqangi ahmoqona qiliq bo‘ldi, bu yana? Tur o‘rningdan, ishingni qil, bunaqangi xotincha mashmashalaring bilan boshimni qotirma!
Boshqa payt bo‘lganida-ku bu koyish va u aytilgan ohang yigit istagandek kor qilgan bo‘larmidi-ya, lekin chindan ham madordan ketib, sillasi qurigan qiz boshini kursi suyanchig‘iga tashlagancha, mister Sayks bunday holatlarda odatan o‘z po‘pisasiga sayqal beradigan munosib so‘kishlarni aytib ulgurmasidanoq, hushidan ketdi-qoldi. Bunday favqulodda vaziyatda (odatda missis Nensining asabiy tutqanoq jazavasi qo‘zish bilan boshlanib, oxirida bemor birovning ko‘magisiz o‘zini o‘nglab olardi) nima qilarini tuzuk-quruq bilmaydigan mister Sayks ustma-ust so‘kib ko‘rdi va bu xildagi muolaja tadbiri mutlaqo natija bermasligiga qanoat hosil qilgach, shovqin solib yordamga chaqirdi.
– Nima bo‘ldi, azizim? – so‘radi Fedjin xonaga kirib kelarkan.
– Anavi qizga yordamlashib yuboring, – betoqatlik bilan javob qaytardi Sayks. – Allanimalar deb ming‘illab irshayish, lo‘q bo‘lib tikilishning keragi yo‘q menga.
Fedjin hayratda «voh» deganicha qizga ko‘makka tashlandi, mo‘tabar do‘sti ortidan xonaga kirib kelgan mister Jek Daukins (o‘zgacha qilib aytganda – Abjir Tullak) esa qo‘lidagi tugunni darhol yerga qo‘ydi-yu, o‘zi bilan izma-iz kelayotgan yosh Charli Beytsning qo‘lidagi shishani yulqib ola solib, hashpash deguncha bo‘g‘zidagi tiqinni tishlari bilan chiqardi-da, undagi suyuqlikdan bir qismini (tag‘in xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun, albatta, oldin o‘zi tatib ko‘rgach) bemor qizning og‘ziga quydi.
– Bosqonni ol, Charli, toza havodan og‘ziga to‘g‘rila, – dedi mister Daukins, – siz, Fedjin, Bill to yubkasi tasmasini yechgunicha qo‘llarini shapatilab, uqalab turing.
Barchalari hamkorliklarida, g‘ayrat bilan amalga oshirilgan ushbu choralarning bari – ayniqsa o‘ziga topshirilgan muolajaviy tadbirni ochiqchasiga beqiyos ermak deb hisoblagan yosh Beyts qo‘llagan chora – darhol ko‘ngildagidek samara ko‘rsatdi. Qiz asta-sekin o‘ziga keldi, gandiraklagancha karavot yonidagi kursiga borib o‘tirdi-yu, mehmonlarni kutib olishni ularning bexosdan kirib kelishlaridan picha taajjubga tushgan mister Sayksga havola qilib, yuzini yostiqqa bosgan ko‘yi yotdi-oldi.
– Qay iblisning shamoli uchirib keldi o‘zlarini bu yoqqa? – deb so‘radi u Fedjindan.
– Hech qanaqangi iblis-piblisning shamolimas, azizim. Iblisning shamoli hech kimga yaxshilik keltirgan emas. Men bo‘lsam, sizga uncha-muncha tuzukkina narsalarni keltirdim… Tullak, azizim, tugunni yechgin-da, bugun ertalab bisotimizda bor pulni xarajat qilib olib kelgan arzimas narsalarni Billga olib ber.
Epchil Tullak mister Fedjinning amrini ado etib, kattakon eski dasturxonga tugilgan tugunni yechdi-da, ichidagi narsalarni birma-bir Charli Beytsga uzata boshladi; u bo‘lsa bu narsalarning nodir-u kamyob sifatlarini og‘iz ko‘pirtirib maqtagancha stolga teraverdi.
– Oh-oh, qanday qoyilmaqom quyon qiymasi-ya, Bill! – kattakon qiyma bo‘lagini qo‘liga olayotib xitob qildi bu yosh jentlmen. – Shunaqangi mayin, shunaqangi shirin, shunaqangi nozikki jonivor, hatto suyagigacha og‘zingda erib ketadi, Bill; qayeridan boshlasamikin, deb bosh qotirib o‘tirishning ham hojati yo‘q. Yetti shilling-u olti penslik, qaynab turgan suvga bir chimdim solsang, choynakning qopqog‘ini itqitib yuboradigan quling o‘rgilsin ko‘k choydan yarim qadoq; to qiyomiga yetgunicha zanjilar rosa ter to‘kkan, sal nam tortgan qanddan bir yarim qadoq. Ikki qadoqlik bulkadan ikki dona; bir qadoq nafasingga erib ketadigan yangi sariyog‘; bir bo‘lak tushingizda ham hidlab ko‘rmagan a’lo navli sermoy golster pishlog‘idan.
Yosh Beyts ushbu maddohona madhiya-yu maqtovlarni o‘qigan ko‘yi otto‘rvaday cho‘ntagidan kattakon, og‘zi mahkam berkitilgan vinoli shishani chiqardi va ayni chog‘da boyagi shishadagi sof spirtdan qadahni chipillatib quygan edi, bemor tap tortmay, shartta og‘ziga quyvordi.
– E-e! – xitob qildi Fedjin mamnun qiyofada qo‘llarini ishqab. – Nobud bo‘lmaysiz, Bill, endi omon qolasiz.
– Omon qolaman! – takrorladi Sayks. – To siz yordamga yetib kelguningizgacha yigirma marta nobud bo‘lib ketishim mumkin edi-ya. Shundoq ahvoldagi odamni uch haftadan ziyodroq vaqt ichida qismat changaliga tashlab qo‘yganingiz qandoq bo‘ldi, ey yolg‘onchi, tilyog‘lama jonivor?!
– Buning gapini qarang-a, bolalar! – dedi Fedjin yelkasini qisib. – Biz bo‘lsak, unga manavi ajoyib narsalarni olib kelib o‘tiribmiz-a.
– Narsalaringiz o‘z yo‘li bilan chakkimasga o‘xshaydiku-ya, lekin o‘zingizni nima bilan oqlay olasiz? – gap qo‘shdi mister Sayks stoldagi narsalarga ko‘z qirini tashlab olgach. – Nega endi meni och, kasal, pulsiz, umuman, hech vaqosiz bir ahvolda tashlab qo‘ydingiz, bu yerda? Yana kim biladi, menga manavi itchalik e’tibor bermasligingiz tag‘in qancha vaqt cho‘zilishi mumkin edi?.. Uni nariroqqa hayda, Charli!
– Bunaqangi ajoyib itni hech qachon ko‘rmaganman! – xitob qildi yosh Beyts uning iltimosini bajarar ekan. – Xuddi bozorga ketayotgan qari xonimga o‘xshab, yeydigan narsani o‘n chaqirim naridan hidini oladi-ya. Sahnaga chiqqudek bo‘lsa, bu it rosa boylik ishlab berardi, buning ustiga desangiz, tomoshagayam jon kiritib yuborardi-da.
– E ovozingni o‘chir!.. – o‘shqirib berdi Sayks it g‘ingshib karavot tagiga o‘rmalab kirarkan. – Xo‘sh, sharti ketib, parti qolgan, ko‘hna qonxo‘r, tarasha chol, o‘zingizni nima bilan oqlaysiz?
– Bir haftadan mo‘lroq Londonda bo‘lmadim. Har xil ishlar bilan, – javob berdi juhud.
– Qolgan ikki haftada-chi? – so‘radi Sayks. – Men xuddi inida kulala bo‘lib yotgan kasal kalamushday bu yerda behush yotgan ikki haftada-chi!
– Hech nima qila olmadim, Bill. Odamlarning oldida uzundan-uzun qilib tushuntirib bo‘lmaydi buni… Hech nima qilolmadim, or-nomusim haqqi ont ichaman.
– Nimalari haqqi ont ichyaptilar? – to‘ng‘illadi Sayks jirkanib. – Hey, bolalar, birortalaring anavi qiymadan bir bo‘lak kesib beringlar, og‘zimdagi ta’mni ketkizmasam, tomog‘im qaqrab, bo‘g‘ilib qolishim ham hech gapmas.
– Qo‘ying, achchiqlanmang, azizim, – yuvoshlik bilan tinchlatishga urinardi Fedjin. – Sizni hecham esdan chiqarganim yo‘q, Bill, sirayam.
– Ha, meni esdan chiqarmagansiz, bu xususda garov o‘ynashga ham tayyorman, – javob qaytardi Sayks alamli kulimsirab. – Men alangai otash bo‘lib, alahlab yotgan paytimda siz har xil reja-yu nayranglar ustida bosh qotirgansiz: tuzalishi bilan Bill anavi ishni qiladi, Bill manavi ishni bajaradi, innaykeyin, Bill har qanaqangi ishni suv tekinga qotirib tashlaydi – u shunchalik qashshoqki, siz uchun ishlashga majbur. Bordi-yu, ana shu qiz bo‘lmaganidami, u dunyoga jo‘nashim tayin edi.
– Qo‘ying-e, Bill, – e’tiroz bildirdi Fedjin darhol shu gapga yopishib olarkan. – «Bordi-yu, ana shu qiz bo‘lmaganida», dedingiz-a! Xo‘sh, shunday chaqqon qizni bechora qari Fedjin topib bermay, kim topib berdi sizga?
– To‘g‘ri aytyapti u, – dedi Nensi ildam oldinga odim tashlab. – Qo‘y uni, ha, tinch qo‘y.
Nensining aralashuvi suhbat tarzini o‘zgartirib yubordi, negaki, bolalar ehtiyotkor juhudning ayyorona ko‘z qisishini payqab, qizni ichkilik bilan siylashga kirishdilar – darvoqe, qiz nihoyatda ozozdan, evi bilan ichardi, Fedjin esa o‘ziga yetti yot begona quvnoqlikni namoyon qilib, o‘zini go‘yoki dag‘dag‘a-po‘pisalarni hazil deb sanayotganga solib, buning ustiga talonchining oldin spirtli shishadan yutib olib, keyin bo‘ralab so‘kkan bir-ikki qo‘pol haqoratidan astoydil kulib, asta-sekin mister Sayksning kayfiyatini ko‘tara bordi.
– Keltirgan narsalaringizning hammasi juda yaxshi-yu, – dedi mister Sayks, – lekin sizdan qurug‘ini naqd olishim kerak.
– Yonimda bir chaqa ham yo‘q edi-ku! – javob berdi juhud.
– Lekin uyingizda bijg‘ib yotibdi, – qarshilik bildirdi Sayks. – Ana o‘sha tog‘day uyilib yotganidan uncha-muncha tegishi kerak menga ham.
– Uyilib yotibdi! – qichqirib yuborayozdi Fedjin qo‘llarini yozib. – Qo‘ying-e, hatto aqalli…
– Bisotingizda qancha yig‘ilib qolganini bilmadim-u, lekin aytmoqchi, buni o‘zingiz ham bilmaysiz, nega deganda uni sanab chiqishga ancha-muncha vaqt kerak, – dedi Sayks. – Lekin menga pul shu bugun kerak, tamom, vassalom!
– Yaxshi, yaxshi! – dedi Fedjin xo‘rsinib. – Tullakdan berib yuboraman.
– Bunaqasi ketmaydi, – e’tiroz bildirdi mister Sayks. – Tullak judayam epchil – bordi-yu, bu ishni topshiradigan bo‘lsangiz, bu yoqqa yetib kelish esidan chiqib qolishi hech gapmas; yo yo‘ldan adashib qoladi, yo iskovuchlarni chalg‘itaman deb yo‘lni boshqa tomonga burib ketadi, yoki o‘zini oqlagani boshqa birorta bahonani o‘ylab topadi. Yaxshisi, uyangizga Nensi borsin, pulni undan berib yuboring. Shunda hammasi joyida bo‘ladi, u borib-kelgunicha esa men yotib, andak mizg‘ib olaman.
Fedjin uzoq savdolashish va talashib-tortishishlardan so‘ng talab qilinayotgan qarz miqdorini besh funtdan uch funt to‘rt shilling-u olti pensgacha tushirarkan, shunda tirikchilik uchun bisotida atigi o‘n sakkiz pensgina qolishiga qasam ichib ishontirmoqchi bo‘ldi. Mister Sayks qosh-qovog‘i uyilib, agar bundan ortig‘iga umid qilishning foydasi bo‘lmasa, shunga ham qanoatlanishga majbur ekanini aytdi. So‘ngra Nensi Fedjin bilan birga yo‘lga tushishga hozirlandi, Tullak bilan mister Beyts taomlarni javonga olib qo‘yishdi.
Juhud «shakarpalak» do‘sti bilan xayr-ma’zurlashib, Nensi va bolalar rafoqatida uyiga jo‘nadi; ayni chog‘da mister Sayks toki yosh xonim qaytib kelguniga qadar uxlash niyatida o‘rniga uzandi.
Ular Fedjinning maskaniga hech qanday moneliksiz yetib keldilar. U yerda Tobi Krekit bilan mister Chitling kribbedj o‘yinining o‘n beshinchi davrasi ustida berilib ter to‘kmoqda edilar; shunisi ham borki, keyingi jentlmenning ushbu davrani, davra bilan birga esa o‘n beshinchi va oxirgi olti penslik chaqasini (yosh do‘stlarining dimog‘ini benihoyat chog‘ qilib) yutqizayotganini aytib o‘tirish joizmikin? Jamoat orasida tutgan mavqeyi va aqliy layoqati jihatidan o‘zidan ancha-muncha pastroq bo‘lgan jentlmen bilan o‘ynayotgani ustidan chiqqanlari sababli izza tortgan mister Krekit esnab qo‘ydi-da, Sayksning ahvolini surishtirib, ketmoqchi bo‘lib shlyapasini qo‘liga oldi.
– Hech kim kelmadimi, Tobi? – so‘radi Fedjin.
– Biron tirik jon zoti, – javob berdi Krekit yoqasini ko‘tarayotib. – Zerikishdan xuddi bemaza pivoday achib-bijg‘ib ketishimga bir bahya qoldi. Fedjin, uyingizni shuncha poylab o‘tirganim evaziga o‘tkir ichimlikka qarzdorsiz. Jin ursin! Xuddi sud maslahatchisiga o‘xshab miyam g‘ovlab, karaxt bo‘lib qolayozdim. Mabodo, kamsuqumlik qilib manavi yigitchani ovuntirib o‘tirishni o‘ylab topmaganimda bamisoli Nyuget turmasidagidek tosh qotib uxlab qolishim tayin edi. Naq yuraging yorilib ketgudek zerikarli-ya!
Mister Tobi Krekit shu so‘zlar bilan yutuq pullarni yig‘ishtirib, go‘yo mayda kumush chaqalar uningdek zot uchun arzimas matohday, kekkaygancha nimchasi cho‘ntagiga soldi; bu ishni adog‘iga yetkazgach, u mardona va salobat-la odimlagancha xonadan chiqib ketdi. Shundan so‘ng to g‘oyib bo‘lgunicha uning oyog‘i va etigiga zavq-shavq-la qarab-qarab qo‘yayotgan mister Chitling butun ulfatlariga qarata, shunday zot bilan tanishish sharofatiga muyassar bo‘lganidan xursand ekanini va bu yo‘ldagi har bir uchrashuvlari bor-yo‘g‘i qandaydir o‘n beshta olti penslik chaqaga tushishini, bunaqangi yutqiziq o‘zi uchun bir chertkichalik ham qimmatga ega emas ekanligini aytdi.
– O‘lguday dumbulsiz-da, Tom, – dedi mister Beyts uning gapidan kulgisi qistab.
– Sirayam-da, – javob qildi mister Chitling. – Nahotki, dumbul bo‘lsam-a, Fedjin?
– Sen judayam dono yigitsan, azizim, – dedi Fedjin uning kiftiga qoqib, boshqa shogirdlariga ko‘z qisib qo‘yar ekan.
– Mister Krekit bo‘lsa, haqiqiy po‘rim yigit. To‘g‘rimi, Fedjin? – so‘radi Tom.
– Shubhasiz, azizim.
– U bilan oshna-og‘aynigarchilik qilishning o‘zi katta sharaf. To‘g‘rimi, Fedjin? – davom etdi Tom.
– Albatta, katta sharaf ham gapmi, azizim. Bular hasad qilishyapti senga, vassalom, nimaga desang, Tobi bular bilan pachakilashishni xohlamaydi.
– Ana! – xitob qildi Tom tantanavor ohangda. – Gap mana bu yoqda! U meni shipshiydam qilib shilib oldi. Lekin men xohlagan paytimda borib, yana ishlab olishim mumkin-ku, to‘g‘rimi, Fedjin?!
– To‘ppa-to‘g‘ri, ishlab olishing mumkin tag‘in, Tom; aytmoqchi, qanchalik tez borsang, shunchalik yaxshi. Yutqizig‘ingni hayallamay chiqarib ol, ha, fursatni o‘tkazma… Tullak! Charli! Ishga jo‘naydigan vaqtlaring bo‘ldi. Qimirlay qolinglar! Hademay o‘n bo‘ladi, shu vaqtgacha esa hali hech vaqo qilinmadi.
Mazkur shamani inobatga olib, bolalar Nensiga bosh irg‘ashdi-da, shlyapalarini ko‘tarib xonadan chiqib ketishdi; yo‘l-yo‘lakay Tullak va uning quvnoq jo‘rasi mister Chitlingga qaratilgan turli xil askiya-yu hazillarni o‘ylab topib, xushxandon ketib borishardi; mister Chitlingning fe’l-atvorida, tan berish kerakki, hech qanaqangi alohida ko‘zga tashlanib turadigan yoxud g‘alati jihati yo‘q edi; modomiki, poytaxtda tuzukroq oshna-og‘aynigarchilik davrasiga qo‘shilishdek sharafga sazovor bo‘lish uchun mister Chitlingga nisbatan talaygina ko‘proq to‘layotgan uddaburon olifta yigitchalar oz emas; shuningdek, obro‘-sha’n imoratini deyarli yulduzni benarvon uradigan Tobi Krekit singari poydevor ustiga quradigan nazokatli jentlmenlar (hozirgina aytganimiz tuzukroq oshna-og‘aynigarchilik davrasini tashkil etgan) ham kam emas.
– Ana endi, – dedi Fedjin bolalar xonadan chiqib ketishgach, – chiqib, senga pul olib kiray, Nensi. Bu, azizam, shunchaki bolalar olib keladigan uncha-muncha narsalarni saqlaydigan javonning kaliti. O‘zimning pulimni hech qachon qulflab qo‘ymayman, sababki, qulflaydigan pulning o‘zi yo‘q tagida, jonginam… Hi-hi-hi… qulflab qo‘yadigan narsaning o‘zi yo‘q. Nafi yo‘q kasb-da, Nensi, keyin desang, arzimas, notinch kasb. Shundoq bo‘lsayam, yosh-yalanglar atrofimda o‘ralashib yurganini yaxshi ko‘raman, shuning uchun bariga toqat qilib, ha, bariga chidab kelyapman. Jim, – xitob qildi u shosha-pisha kalitni qo‘yniga yashirarkan. – Kim bo‘ldiykin u yoqdagi? Quloq sol-chi.
Qiz birov kelyaptimi yo ketyaptimi, zarracha qiziqmay, toki qulog‘iga erkak kishining noaniq ovozi chalinguniga qadar stol yonida qo‘l qovushtirib o‘tiraverdi. Bu tovush qulog‘iga kirar-kirmas, yarq etib o‘tgan yashin misol tezlikda boshidagi shlyapasi bilan shol ro‘molini yulqib oldi-yu, stol ostiga suqdi. Juhud qayrilib qaraganida hozirgina Fedjin orqa o‘girib turgani sababidan payqamay qolgan hayratga solarli chapdast-u chaqqon harakatiga tamom teskari bir xasta tovush bilan issiqdan nolidi.
– Voh! – xalal berganlaridan go‘yoki achchiqlanganday to‘ng‘illab qo‘ydi u. – Bu men ilgariroq kutgan odam; zinadan tushib kelyapti u. U shu yerdaligida puldan og‘iz ocha ko‘rma, Nensi. Birpasgina bo‘ladi bu yerda. O‘n daqiqalardan ortiqmas, azizam.
Qoq suyak shahodat barmog‘ini lablariga bosib ishora qilgach, juhud eshik orqasidagi zinapoyadan odim tovushlari eshitilgan pallada chiroqni ko‘tarib, o‘sha tomonga yurdi. U mehmon bilan bir paytda eshikka yetib bordi, unisi eshikni shartta ochib ichkari kirarkan, qizni payqashdan burun naq yonginasiga kelib qoldi.
Bu – Monks edi.
– Yosh shogirdlarimdan biri, xolos, – dedi Fedjin Monksning notanish odamni ko‘rib tisarilganini payqab. – Ketma, o‘tiraver, Nensi.
Qiz stolga yaqinroq surilib, Monksga beparvogina birrov ko‘z qirini tashladi-yu, teskari qarab oldi; ammo Monks undan ko‘zini uzib, Fedjinga qaraganida Nensi boshqatdan shunday bir o‘tkir hamda sinchkov nigoh tashladiki, basharti, xonada bo‘lak biror kuzatuvchi hozir bo‘lib, ushbu o‘zgarishni ko‘rib turganida bormi? Har ikkala qarash ham birgina shaxsning qarashi ekaniga ishonishi mushkul edi!
– Yangilik bormi deyman-a? – surishtirdi Fedjin.
– Juda muhim.
– H… haligi… xushxabarmi? – deb so‘radi Fedjin o‘zining haddan ziyod beparvo va muloyimligi bilan suhbatdoshining g‘ashiga tegishdan xavfsirayotgandek ikkilanib.
– Har qalay, noxush emas, – javob berdi Monks iljayib. – Bu gal vaqtni behuda isrof qilmadim. Siz bilan gaplashib olishim kerak. Shunda qiz yanayam stolga yaqinroq surildi va garchi Monks o‘zini imlab ko‘rsatayotganini payqagan bo‘lsa-da, xonadan chiqib ketish niyati borligini anglatuvchi biron harakat qilmay, o‘tiraverdi. Juhud, tashqariga chiqib turishni so‘raydigan bo‘lsam, puldan gap ochib qolmasin tag‘in, deb cho‘chidi chog‘i, ko‘zlari bilan tepaga imlab, Monksni ergashtirib chiqib ketdi.
– Faqat ilgari kirganimiz la’nati katalakka emas, – mehmonning ovozini eshitdi qiz ular zinadan chiqib ketishayotganida. Fedjin kulib qo‘ydi, keyin allanima deb javob qaytardi, nima deganini u tushunmadi; taxtalarning g‘ijirlashidan suhbatdoshini uchinchi qavatga boshlaganga o‘xshadi.
Ularning odim sharpalari aks sadosi bino ichra tinib ulgurmayoq, qiz boshmog‘ini yechib, ko‘ylagi etagini boshiga yopindi-da, qo‘llarini ham o‘rab olgancha eshik oldiga borib, quloq sola boshladi. Odim sharpalari tingan zahoti xonadan lip etib chiqdi-yu, zinadan hayron qolarli darajada yengil hamda sharpasiz, zipillagancha tepaga ko‘tarilib, zulmat qo‘yniga singib ketdi.
Chorak soatlar chamasi, bundan ortiqmasdirov, xonaga hech kim kirmadi; so‘ngra qiz xuddi boyagiday sas-sadosiz kirib keldi, o‘sha zahotiyoq zinadan tushayotgan ikki erkakning odim sharpasi eshitildi. Monks hayallamay, o‘shanaqasi ko‘chaga chiqib ketdi, juhud esa pul olib tushgani imillagancha tag‘in tepaga ko‘tarila boshladi. U kirib kelganida qiz go‘yoki otlanayotgandek shlyapasini kiyib, ro‘molini o‘ray boshlagandi.
– Nima gap, Nensi? – xitob qildi shamni stolga qo‘ygan juhud o‘zini orqaga tashlab. – Ranging devorday oqarib ketibdi-ku!
– Devorday oqarib ketibdi? – takrorladi qiz cholga diqqat-la tikilib qaramoqchiday qo‘llari bilan ko‘zini to‘sib.
– Judayam. Nima bo‘ldi o‘zi senga?
– Hech nima. Bu diqqinafas xonada, Xudo biladi, qancha o‘tirib qoldim, bor gap shu, vassalom, – javob berdi qiz beparvo. – Qani, baraka topkur, meni jo‘nata qoling tezroq.
Fedjin har bitta tanga ustida ming uh tortib, pulni bitta-bittadan sanagancha uning kaftiga tashlayverdi. Ular bir-birovlariga xayrli tun tilab, ortiqcha gap-so‘zsiz xayrlashishdi.
Qiz tashqariga chiqqach, eshik tagidagi zinaga o‘tirib qoldi va bir necha lahza davomida mutlaqo dovdirab, yurishga qurbi yetmayotgandek tuyuldi. Banogoh u o‘rnidan dast turdi-yu, o‘zini Sayks kutayotgan tarafga emas, tamoman teskari tomonga otilib, tobora odimini jadallatgancha borarkan, oxiri deyarli yugurishga o‘tdi. Batamom sillasi quriganidan keyingina nafasini rostlagani to‘xtadi; ana shunda hushi joyiga qaytib, o‘ylagan rejasini amalga oshira olmasligini fahmladi chog‘i, alamidan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ko‘z yoshidan yengil tortdimi yo butunlay nochor ahvolda qolganini tushundimi, ishqilib, u shartta burildi-yu, xuddi boyagidek yugurgancha – bir tarafi behuda ketgan vaqtning hissasini chiqarib olish, bir tarafi esa odimini qaynab-toshib borayotgan fikr-o‘ylari oqimiga moslamoq niyatida – orqaga qaytdi va hech qancha o‘tmay kazzobni qoldirib ketgan uyga yetib keldi.
Bashartiki, u mister Sayksga ro‘para bo‘lganida o‘z hayajonini biron harakati bilan fosh etib qo‘ygan chog‘da ham baribir yigit buni payqamadi; u qizdan pul keltirgan-keltirmaganini surishtirib, ha, degan javobni oldi-yu, allanima deb mamnun g‘udrandi-da, tag‘in boshini yostiqqa tashlab, qiz kelganda buzilgan uyqusini davom ettiraverdi.
Qizning baxtiga ertasi kuni qo‘lida naqd puli borligi Sayksni taom va ichkilikka zo‘r berishga undadi; buning ustiga uning fe’l-atvoriga yaxshi ta’sir ko‘rsatdi-yu, qo‘polligi xiyla barham topib, qizning xulqi-yu xatti-harakatini tanqid qilishga na vaqti va na istagi bo‘ldi. Bir qarorga kelishdan oldin jiddiy ichki olishuvni talab etuvchi biror mardonavor hamda xatarli ishga qadam qo‘yishga hozirlanayotgan odamda bo‘lgani kabi, qizdagi parishonhollik va asabiylik Fedjinning silovsincha o‘tkir ko‘zlaridan qochib qutulolmasligi, cholning esa darhol xatar bongini urishi shaksiz edi. Biroq mister Sayks, zehn-u ziyraklik bobida «mana-man» deb ajralib turadigan zotlar toifasiga kirmasdi; shu paytgacha har kim va hamma bilan bo‘ladigan muloqotida hamishagi qo‘polligi ko‘magida o‘zi bemalol daf eta oladigan xavf-u xatardan ko‘ra o‘tkirroq hadik diliga qutqu solmagandi; ustiga-ustak, yangitdagina zikr etib o‘tganimizdek bag‘oyat dimog‘i chog‘ kayfiyatda bo‘lgan mister Sayks qizning yurish-turishi, aft-angorida hech qanaqangi g‘ayriodatiy alomatni sezmadi: sirasini aytganda esa, qizga shunchalik kam e’tibor berdiki, hatto uning hayajoni yuz karra sezilarli bo‘lgan taqdirda ham yigitning ko‘nglida shubha uyg‘otishi dargumon edi.
Kun adog‘iga borib, qizning hayajoni yanada zo‘raydi. Kech kirib, talonchining yonida bemorning mast bo‘lib uxlab qolishini poylab o‘tirarkan, qizning rangi shunchalar pag‘a bo‘lib ketgan, ko‘zlari shundayin chaqnab turardiki, hatto, Sayksdek odam ham taajjublandi bundan.
Mister Sayks isitmadan sillasi qurib, karavotda yotgan joyida sal kuchi qirqilsin deb aroqqa iliq suv qo‘shib ichardi; shu tariqa, to‘latsin deb stakanni Nensiga tomon uchinchi yo to‘rtinchi marta surib qo‘yishida qo‘qqisdan qizning tusiga ko‘zi tushib hayron bo‘ldi.
– Eh, yotgan joyimda harom qotayin-a! – xitob qildi u tirsagiga tayanib sal qaddini ko‘targancha qizning yuziga tikilib. – Xuddi o‘lib tirilgan murdaga o‘xshab ketibsan-ku! Nima bo‘ldi o‘zi?
– Nima bo‘ldi? – takrorladi qiz. – Hech nima. Namuncha baqrayasan menga?
– Yana nima jin urdi? – so‘radi Sayks qizning qo‘lidan mahkam ushlab, qo‘pollik bilan silkib. – Nima gap o‘zi? Kallangga qanaqa o‘y kelib qoldi? Nimani o‘ylayapsan?
– Ko‘p narsani, Bill, – javob qaytardi qiz bir seskanib tushib, ko‘zlarini qo‘llari bilan to‘sarkan. – Lekin senga baribir emasmi?
Oxirgi so‘zlarning yasama quvnoq ohangi xiyol oldinroq o‘ziga qadalgan vahshiyona javdiragan nigohdan ko‘ra kuchliroq ta’sir etganday ko‘rinardi Sayksga.
– Senga aytadigan gapim shuki, – dedi Sayks, – mabodo, isitma yuqmagan va tobing qochmagan bo‘lsa, demak, unda boshqa narsaning, jiddiy, buning ustiga xavfli narsaning isi kelib turibdi. Yana tag‘in sen… Yo‘q, jin chalsin, qo‘lingdan kelmaydi bu!
– Nima qo‘limdan kelmaydi? – so‘radi qiz.
– Butun jahonda, – dedi Sayks qizdan ko‘zini uzmay, bu so‘zlarni eshitilar-eshitilmas pichirlab, – butun jahonda undan ishonchliroq qiz yo‘q, aks holda buni uch oy burun bo‘g‘izlab tashlagan bo‘lardim. Unda isitma xuruj qilyapti, bor gap shu.
Sayks shunday vaj-korson bilan o‘z ko‘nglini tinchlantirib, stakanni oxirigacha sipqordi, so‘ngra esa aljirab so‘kinganicha dorisini so‘radi. Qiz dik etib turdi-da, unga orqa o‘girib turganicha, tezgina doridan quyib, to ichib bo‘lgunicha og‘ziga tutib turdi.
– Ana endi, – dedi kazzob, – yonimga o‘tir, keyin turqing hamishagidek bo‘lsin, yo‘qsa, uni shunaqangi bejab qo‘yamanki, hatto o‘zing ham tanimay qolasan.
Qiz itoat etdi. Sayks uning qo‘lini mahkam ushlab, aftiga tikilgan ko‘yi o‘zini yostiqqa tashladi. Ko‘zlari yumildi, yana ochildi, tag‘in yumildi va tag‘in ochildi. U bezovtalanib ag‘anadi, bir necha marta ikki-uch daqiqa mudrab ham ketdi, o‘shancha marta cho‘chib uyg‘onib, sapchib tushdi va atrofga bema’no alangladi; bir payt qo‘qqisdan, sal qaddini ko‘tarmoqchi bo‘lib shaylangan paytida boshi shilq etib tushib, toshdek qattiq uyquga ketdi. Panjalari yozildi, paylari tarang tortilgan qo‘li shalvirab tushdi – u bamisoli butunlay behush yotardi.
– Afyun axiyri ta’sir qildi-ya, – deya pichirladi qiz karavotdan uzoqlasharkan, – lekin endi judayam kech bo‘lib ketgandir.
U chaqqon shlyapasini kiyib, ro‘molini yopinarkan, tag‘in uyqu dori berganimga qaramay Sayks yelkamga qo‘lini tashlab qolmasin, deganday hadiksirab ora-sira orqasiga qarab qo‘yardi; keyin astagina to‘shak uzra engashib, qaroqchining labidan o‘pdi-da, xona eshigini shovqin chiqarmay ochib, ko‘chaga otildi.
Asosiy ko‘chaga olib boradigan qorong‘i jinko‘chada qorovul to‘qqiz yarim bo‘ldi, deya jar solardi.
– Ko‘p bo‘ldimi bunga? – so‘radi qiz.
– Chorak soatdan keyin o‘ngga zang uradi, – dedi qorovul qo‘lidagi fonusni uning yuziga tutib.
– Men bo‘lsam, u yoqqa bir soatdan oldin yetib borolmayman, – deya g‘o‘ldiradi qiz va uning yonidan yo‘rg‘alagancha o‘tib, ko‘cha bo‘ylab yugura ketdi.
Qiz Spitel-Fildsdan London Vest-Endi tomon yugurgilab borayotgan pasqam jinko‘cha-yu tor ko‘chalardagi do‘konlarning aksariyati allaqachon yopilgan edi. Soat o‘nga zang urganidan keyin esa uning betoqatlanishi oshgandan-oshib ketdi. U kambargina yo‘lkadan bamisoli uchib borardi; odamlar ko‘chani kesib o‘tish imkoniyati tug‘ilishini kutib to‘dalanishib turgan yerlarda yo‘lovchilarni itarib-turtib, gavjum ko‘chalarning narigi betiga esa naq otlarning tumshuqlari ostidan yelib o‘tardi.
– Jinni-pinni bo‘lganga o‘xshaydi, bu juvon, – deb qo‘yishardi o‘tkinchilar, tig‘i parronday uzoqlashib borayotgan qizning orqasidan qarab qolisharkan.
Qiz shaharning birmuncha badavlatroq qismiga yetganida ko‘chalar nisbatan bo‘shroq edi, shu boisdan ham bu yerda uning bunchalik yugurishi o‘zi oralab borayotgan siyrak yo‘lovchilarda ko‘proq qiziqish uyg‘otardi. Ba’zilar qizning qayoqqa oshiqayotganini bilmoqchidek qadamlarini tezlatishar va yetib olganlar o‘girilib qarab, uning hamon o‘shanday tezlikda chopib borayotganini ko‘rib, hayron bo‘lishardi.
Biroq ular birin-ketin orqada qolib borishardi, shunday qilib, u ko‘zlagan manziliga yetib kelganida yolg‘iz o‘zi qolgandi ko‘chada. Bu Xayd-park yaqinidagi osuda, go‘zal ko‘chada joylashgan oilaviy qo‘niladigan mehmonxona edi. Eshik oldida ko‘zni olgudek charaqlab turgan fonusning chorlovi bilan qiz uyga yaqinlashgan paytda soat o‘n birga zang urdi. Dastlabiga qiz biroz nafasini rostlab, keyin yaqinlashish niyatida qadamini sekinlatganday bo‘ldi, ammo soat zangi unga dadillik baxsh etdi-yu, to‘g‘ri ichkari kirdi. Darvozabon odatdagi joyida ko‘rinmadi. U taraddudlanib, u yoq-bu yoqqa alangladi-yu, zinapoyaga qarab yurdi.
– Bu yoqqa qarang, – dedi bashang kiyingan bir ayol orqa tomondagi eshik ortidan mo‘ralab qarab, – bu yerda kim kerak sizga?
– Shu uyga tushgan xonim, – javob berdi qiz.
– Xonim deysizmi? – deya so‘radi ayol jirkangannamo nigoh tashlab. – Qaysi xonim?
– Miss Meyli, – dedi Nensi.
Bu orada Nensining tashqi qiyofasiga razm sola boshlagan bashang kiyingan ayol irganishni ifodalovchi nigoh bilangina javob qaytardi-yu, u bilan gaplashishga bir erkakni chaqirdi. Nensi unga o‘z iltimosini takrorladi.
– O‘zlarini kim deb aytay? – so‘radi xizmatkor.