Электронная библиотека » Чарльз Диккенс » » онлайн чтение - страница 18


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 01:40


Автор книги: Чарльз Диккенс


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 18 (всего у книги 40 страниц)

Шрифт:
- 100% +

YIGIRMA SAKKIZINCHI BOB
OLIVER TVIST BILAN MASHG‘UL BO‘LADI VA UNING BOSHDAN KECHIRGANLARINI HIKOYA QILADI

– Ha bo‘g‘zilaringni bo‘rilar g‘ajib tashlagur! – tishlarini g‘ijirlatgancha to‘ng‘illadi Sayks. – Mening qo‘limga tushganlaringda bormi, uv tortib yuborardilaring-a.

Sayks o‘z xulq-tabiati quvvati yetgunchalik betiyiq qahr-u g‘azab bilan shunday la’nat o‘qiganicha yaralangan bolani tizzasiga tushirdi-da, ta’qibchilarga qarash uchun bir lahzaga boshini burdi.

Qorong‘ilik va tumanda deyarli hech nima ko‘rinmasdi, lekin u baqir-chaqirlarni eshitdi, chor-atrofdan hayhaysuron uyg‘otib yuborgan itlarning vovillashi kelardi.

– To‘xta, hoy quyonyurak maxluq! – qichqirdi u uzun oyoqlarini ayamay undan ancha ilgarilab ketgan qaroqchi Tobi Krekitning ketidan. – To‘xta, deyapman!

Ikkinchi qichqiriqdan keyin Tobi Krekit taqqa to‘xtab, qoqqan qoziqday qaqqayib qoldi. Uning to‘pponcha o‘qi yetmaydigan masofaga borib olganiga butunlay ishonchi komil emas, Sayks ham shu pallada hazillashadigan avzoyda emasdi.

– Bolani ko‘tarishga yordamlash! – qichqirdi Sayks sherigini darg‘azab yoniga chorlab. – Qayt orqangga!

Tobi o‘zini qaytayotganga soldi, lekin imillab odimlarkan, past tovush bilan entika-entika, qaytishga sira xohishi yo‘qligini bildirishga jur’at etdi.

– Tezroq bo‘l! – baqirdi Sayks bolani quruq zovur tagiga, oyog‘i yoniga yotqizib, cho‘ntagidan to‘pponchasini chiqararkan. – Laqillatib bo‘psan meni.

Xuddi shu damda shovqin-suron kuchaydi. Sayks tag‘in o‘girilib qarab, orqalaridan quvib kelayotgan odamlar dalaning narigi boshidagi darvozadan oshib o‘tishayotganini, ikkita it bo‘lsa ulardan bir necha qadam oldinda yugurgilab kelayotganini ko‘rdi.

– Tamom, Bill! – qichqirdi Tobi. – Bolani tashlab, tuyoqni shiqillatib qol!

Raqiblar qo‘liga tushishdan ko‘ra do‘stining o‘qidan o‘lim topish imkonini afzal ko‘rgan mister Krekit shu maslahat bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib, oyog‘ini qo‘liga olgancha badar qochdi. Sayks tishlarini g‘ijirlatdi, tag‘in bir bor o‘girilib qarab, chalqayib yotgan Oliverning ustiga shoshilishda bolani o‘rab olishgan o‘sha yelkapo‘shni yopdi-yu, ta’qibchilar diqqatini bola yotgan joydan chalg‘itish maqsadida g‘ov yoqalab yugurdi, birinchisini tikkasiga kesib o‘tgan ikkinchi g‘ov oldida bir nafasga to‘xtadi-da, havoga qarata o‘q uzib, g‘ovdan oshib o‘tib, g‘oyib bo‘ldi.

– Ho‘, hu, bu yoqqa! – eshitildi ketidan ikkilangan ovoz. – Pincher! Neptun! Bah! Bah!

Itlar, aftidan, o‘zlari berilib ketgan ermakdan egalaridan ortiq halovat topmayotgan edilar chog‘i, chaqiriqni eshitiboq orqaga zing‘illab qolishdi. Bu orada paykalga yetib kelgan uch erkak to‘xtab, maslahatlasha boshlashdi.

– Mening maslahatim yoki balki mening buyrug‘im, deyishim lozimmidi, bunday: tezda orqaga qaytish kerak, – dedi uchovlari orasida eng semizi.

– Mening ta’bim mister Jaylsning ta’biga juda mos keladi-da, – dedi sal bo‘yi pastroq, lekin bir enlik ham eti kam bo‘lmagan, judayam rangpar boshqa birovi aksar o‘takasi yorilayozgan odamlarga xos tarzda nihoyatda xushmuomalalik bilan.

– Kamina ham odobsiz bo‘lib qolishni istamasdim, jentlmenlar, dedi uchinchisi, boyagi itlarni chaqirib olgani. – Mister Jayls nima qilishni yaxshiroq biladi.

– Shubhasiz, – javob berdi pakanasi. – Mister Jayls nimaiki demasinlar, gaplarini ikki qilolmaymiz. Yo‘q, yo‘q, men o‘z o‘rni-mavqeyini biladigan odamman. Xudoga shukurki, o‘z o‘rnimni bilaman.

Ochig‘ini aytganda, pakana odam go‘yoki haqiqatan ham o‘z o‘rni-mavqeyini va o‘rni esa shu tobda mutlaqo havas qiladigan emasligini ham juda yaxshi biladigan ko‘rinadi, zotan, u so‘zlayotganida tishlari takillab ketdi.

– Siz qo‘rqayapsiz, Britls! – dedi mister Jayls.

– Hecham qo‘rqayotganim yo‘q-da, – dedi Britls.

Qo‘rqayapsiz! – dedi Jayls.

– Siz yolg‘onchisiz, mister Jayls! – dedi Britls.

– O‘zingiz yolg‘onchisiz, Britls! – dedi mister Jayls.

Bu to‘rt og‘izgina dahanaki jang mister Jaylsning mazammati oqibatida kelib chiqqandi, mister Jaylsning mazammati esa achchiq ustida tug‘ilgandi, negaki, luqma tashlash yo‘rig‘i bilan uyga qaytish mas’uliyatini uning zimmasiga yuklab qo‘ya qolishgan edi. Uchinchi erkak mulohazakorlik bilan dahanaki jangga chek qo‘ydi.

– Kaminaning gapi shuki, jentlmenlar, – dedi u, – uchalamiz ham qo‘rqayapmiz.

– O‘zingizni biling, ser, – dedi jamilari orasida rangi eng quv o‘chgan mister Jayls.

– O‘zimni aytyapman-da, – javob qaytardi bu jentlmen. – Bunaqangi vaziyatda qo‘rqish tamoman tabiiy va o‘rinli. Ha, qo‘rqayapman.

– Men ham, – dedi Britls. – Lekin shuni shartta odamning yuziga solish kerakmi?

Ushbu oshkora e’tirof mister Jaylsni sal yumshatdi-yu, shu zahotiyoq o‘zi ham qo‘rqayotganini tan oldi, shundan so‘ng uchovlon orqaga burilishdi-yu, toki mister Jayls (panshaxa og‘irlik qilib, eldan burun hansirab qola boshlagandi) nihoyatda seriltifotlik bilan to‘xtashni taklif etgunicha (negaki, u o‘zining o‘ylamay aytib yuborgan gaplari uchun uzr so‘ramoqchi ekan) baravariga yuguraverishdi.

– Shunisi hayron qolarliki, – dedi mister Jayls tushuntirishlarini tugatgach, – qoni qaynab ketganida odam nimalarni qilib qo‘ymaydi. Odam o‘ldirib qo‘yishim ham hech gapmasdi – bilaman, agar anavi kazzoblardan bittasini qo‘lga tushirganimizda shundoq qilib qo‘yishim mumkin edi.

Qolgan ikkitalari ham xuddi shunday hisni tuyayotganlari va ularning ham qonlari xuddi shundoq sovub ulgurgani tufayli bu nogahoniy o‘zgarish boisi ustida ushbu tobdagi bosiqliklari me’yorida mulohaza yurita boshladilar.

– Sababini bilaman, – dedi mister Jayls. – Bu darvoza!

– Chindan ham shundoq bo‘lib chiqsa, sirayam hayron qolmayman! – xitob qildi Britls shu fikrga yopishib olib.

– Shubha qilmasangiz ham bo‘ladi, – dedi Jayls, – mana shu darvoza sovutib qo‘ydi. Undan oshib tushayotganimda vujudimdagi butun g‘ayrat-u g‘azabim to‘satdan sovib qolganini sezdim.

Mavjud ahvol-u vaziyatning tang qolarli joyini qarangki, narigi ikkovi ham aynan o‘sha damda xuddi o‘shanaqangi ko‘ngilsiz tuyg‘uni his qilishibdi-da. Xullasi kalom, kunday ravshan bo‘ldiki, jamiga ana shu darvoza sababchi ekan; buning ustiga desangiz, o‘zgarish sodir bo‘lgan soniya xususida hech qanaqangi shubha-gumon qolmadi, zero, uchovlari ham qaroqchilarga xuddi shu daqiqada ko‘zlari tushganini esladilar.

Qulfbuzarlar qaroqchilarni cho‘chitib yuborgan ikki erkak va omborxonada yotgan, ikki ko‘ppagi bilan ta’qibda qatnashish uchun uyg‘otib chiqilgan sayyor misgar ana shunday suhbatlashib borishardi. Mister Jayls keksa xonimning xonadonida eshikog‘asi hamda xo‘jalik mutasaddisi vazifasini o‘tardi; Britls dastyorlik qilardi; u xonim xizmatiga yosh bolalik chog‘idan yollangan va garchi yoshi o‘ttizdan oshgan bo‘lsa-da, hanuzgacha bo‘ladigan bola hisoblanardi.

Uch erkak ana shunday gurung bilan o‘zlariga dalda berib, ammo bir-birovlariga yaqinroq bo‘lishga intilib va har shamol epkini zaptida shox-shabbalar chirsillagani sayin atrofga olazarak bo‘lib, chopgancha fonusni qoldirib ketishgan daraxt yoniga yetib kelishdi; zotan, fonus shu’lasi talonchilarga qayoqqa qarab o‘q uzishni eslatib, nishonlik vazifasini o‘tamasin deb cho‘chishgandi. Fonusni olasolib, gayrat-la uyga qarab yo‘rg‘alab qolishdi; ularning qoralarini qorong‘ida mutlaqo ko‘z ilg‘amay qolganidan keyin ham xiyla mahalgacha fonus miltillab, nam va qo‘lansa botqoq ustida yiltillayotgan yonar qo‘ng‘izday lipillab parvoz qilib yurdi.

Tong yaqinlashgani sari borliq yangilanib, tetiklanib borar, yer uzra esa tuman bamisoli quyuq tutun buluti yanglig‘ o‘ralib-buralardi. Maysa jiqqa ho‘l, so‘qmoq va past-u baland joylar pilch-pilch loy edi; izg‘irinli, etni junjiktiradigan nam shamol erinchoqlik bilan bosinqi uv tortib bot-bot xuruj qilardi. Oliver Sayks tashlab ketgan joyida hamon qimir etmay, hushsiz yotardi.

Tong yorishib kelardi. Ko‘k toqida nimtatir subhi sodiq shu’lasi ilk jilva qila boshlagan pallada – kunning tavalludidan ko‘ra, tunning zavol pallasida – shamol shiddat otiga qamchi bosib, kuchaya boshladi. Zimistonlik og‘ushida chaplashib, vahimali ko‘ringan narsalar asta-sekin tarhi aniqlashib, borgan sayin odatdagi shakl-shamoyiliga kiraverdi. Sharillab quygan jala yalang‘och butalarni savay ketdi. Biroq Oliver o‘zini yomg‘ir qandayin savalayotganini sezmadi, zeroki, u hanuz o‘zining loy to‘shagida behush, ojiz-u nochor bir ahvolda yotardi.

Mana, nihoyat, sukunatni og‘riq ingrog‘i buzdi-yu, ingroq bilan birga bola ko‘zini ochdi. Sharf bilan naridan-beri o‘rab bog‘langan qo‘li holsiz, zil-zambilday, shalvirab osilib yotibdi, sharf qonga belangan. U shunchalar darmonsizlanib qolgandiki, arang qaddini ko‘tarib, turib o‘tirdi; amallab o‘tirib olgach, madad istab bazo‘r atrofga alanglagan edi, og‘riqdan ingrab yubordi. Holsizlik va sovuqdan qalt-qalt titrab, turishga urinib ko‘rdi, ammo boshidan oyog‘igacha butun a’zoyi badani zirillab, xuddi oyog‘idan birov chalib yuborgandek guppa quladi yerga.

Oliver xuddi tuni bilan davom etgan hushsizlikka o‘xshagan hozirgi birpaslik behushligi tarqab o‘ziga kelgach, yuragi sari o‘rmalay boshlagan va go‘yoki, shu yerda yotaveradigan bo‘lsang o‘lasan, deb ogohlantirayotgan behudlik qistovida oyoq bosib, yurishga harakat qildi. Boshi aylanar, xuddi mastday kalovlanib, gandiraklab ketardi. Biroq u o‘zini tik tutib qoldi va boshini horg‘in ko‘ksiga solintirib, qoqinib-surinib, qayoqqa ketayotganini o‘zi ham bilmay, olg‘a intildi.

Ana shunda uning ongida allaqanday poyma-poy, mubham sharpalar gavdalandi. Nazarida go‘yo haliyam Sayks bilan Krekit ikkovlarining o‘rtasida ketayotgandek, ular o‘zaro so‘kishishayotgandek – hatto ular so‘kishishgan xuddi o‘sha so‘zlar qulog‘i ostida jaranglayotgandek edi; yiqilib tushmaslik uchun haddan ziyod zo‘r berib, o‘ziga kelib qolganida qarasa, ular bilan o‘zicha gaplashayotganini fahmladi. Keyin u birgina Sayks bilan qoldi va xuddi kechagidek ilgariga surgalib ketaverdi; yonlaridan shaffof odamlar o‘tib ketayotganida esa Sayks uning qo‘lini mahkam siqib ushlab olardi. Qo‘qqisdan o‘q ovozini eshitib sapchib tushdi; dod-voy, baqir-chaqirlar yangradi; ko‘zlari oldida shu’la miltilladi; tevaragida esa shovqin-suron va gumbura-gumbur; kimningdir ko‘rinmas qo‘llari uni sudrab ketdi. Bu ro‘yolar shig‘illab almashinib turarkan, uni qandaydir mubham, vujudiga orom bermayotgan og‘riq hissi tark etmasdi.

U toki yo‘lga chiqib olgunicha yo‘lida uchragan yog‘och darvozalarning ko‘ndalang to‘sinlari orasidan, g‘ov-to‘siqlarning tirqishlaridan deyarli ixtiyor siz o‘ta-o‘ta, gandiraklab, sudralgan ko‘yi olg‘a intilaverdi. Yo‘lga yetganida esa shunaqangi jala quyib berdiki, bola zumda o‘ziga kelib qoldi.

U atrofga alanglab, yaqinginadagi uyga ko‘zi tushdi, u yerga yetib olishga quvvati yetadigandek edi. Ehtimol, ayanchli ahvolini ko‘rib, u yerdagilarning rahmi kelar, bordi-yu, rahmlari kelmaganida ham, har qalay, huvillagan daladan ko‘ra odamlarga yaqinroq joyda o‘lgan yaxshiroq-ku, deb o‘yladi bola. U ana shu so‘nggi sinov uchun bor kuchini to‘pladi-da, zo‘r-bazo‘r uyga qarab odimlay boshladi.

Yaqinlashib qolganida bu uyni ilgari ko‘rgandek bo‘lib tuyuldi, nazarida. Mayda-chuyda tafsilotlari yodida yo‘g‘-u, lekin uy unga tanishdek ko‘rindi.

O‘sha bog‘ning devori-ku! Bu devorning naryog‘ida u kechasi maysaga tiz cho‘kib, anavi ikki sherigidan shafqat qilishlarini so‘rab rosa iltijo qilgandi. Bu ular o‘marib ketishmoqchi bo‘lgan xuddi o‘sha uy edi.

Uyni tanigach, Oliverning shunchalik kapalagi uchib ketdiki, bir lahzaga azob berayotgan jarohatini ham unutib qo‘yib, xayolini faqat juftakni rostlab qolish fikrigina band etdi-oldi. Qochish kerak! Biroq u oyog‘ida arang turardi, keyin mabodo, bolakayning nozig-u nimjon tanasini hatto kuch-quvvat tark etmagan taqdirda ham, qayoqqa qochib boradi? Bola eshikni itardi: yuziga yopiq ekan, lang‘illab ochilib ketdi. Oliver qoqina-surtina maysazorni kesib o‘tib, zinadan ko‘tarildi-da, zaif qo‘li bilan eshikni tiqillatdi, ammo shu payt darmoni xiyonat qildi-yu, chog‘roqqina pillapoya-ayvoncha ustunlaridan biriga kuragi bilan suyangancha zinaga o‘tirib qoldi.

Xuddi shu asnoda ushbu tungi qiyinchilik hamda dahshatlardan keyin mister Jayls, Britls va misgarlar oshxonada choyxo‘rlik qilib, turli taomlardan totinib o‘tirgan edilar. Mister Jayls oddiy xizmatkorlar bilan muruvvatparvarona (illo, har qalay mazkur jamoat orasida o‘zining mavqeyi xiyla baland ekanini eslatib turguvchi) iltifot-la munosabatda bo‘lar va bu muomalasi qo‘li ostidagilarga yoqib tushardi. Shunday bo‘lsa-da, mister Jaylsni oddiy xizmatkorlar tomonidan ko‘rsatiladigan ortiqcha takallufotsizlikka ko‘nikib ketgan deb bo‘lmasdi. Ammo o‘lim, yong‘in va o‘g‘ri urib ketishdek falokatlar hammani bab-baravar qilib qo‘yadi; ana shu boisdan ham mister Jayls oyoqlarini o‘choq panjarasi sari uzatgan ko‘yi o‘tirarkan, chap tirsagini stolga tirab, o‘ng qo‘lini silkitgancha o‘g‘rilik to‘g‘risida batafsil hamda atroflicha hikoya qilar, tinglovchilar (ayniqsa davrada hozir bo‘lgan oshpaz ayol bilan oqsoch) beadad qiziqish bilan quloq solishar edi.

– Soat uch yarimlar chamasi edi… – hikoyasini boshladi mister Jayls, – roppa-rosa shundoq deb qasam icholmayman-u, lekin uchlar atrofi bo‘lsa kerak… uyg‘onib ketib, karavotda ag‘darildim, aytaylik, mana bundoq (gap shu yerga yetganda mister Jayls o‘tirgan kursisida burilib, ko‘rpa vazifasini o‘tashi lozim bo‘lgan dasturxonning bir chekkasini ustiga tortdi), shunda desangiz, birdan allaqanday shovqin chalinganday bo‘ldi qulog‘imga… – hikoyachi o‘z hikoyasining shu joyiga kelganida oshpazning rangi quv o‘chib ketib, oqsochdan eshikni yopishini o‘tindi; unisi bo‘lsa Britlsdan, Britls misgardan iltimos qildi, misgar esa o‘zini eshitmaganga soldi. – …Shovqin eshitilganday bo‘ldi desangiz, – hikoyasini davom ettirdi mister Jayls. – Oldiniga: «Shundoq tuyulgan bo‘lsa kerak», – dedim o‘zimga o‘zim va endi uyquga ketay deb tursam, to‘satdan tag‘in, bu gal aniqroq, shovqinni eshitdim.

– Qanaqa shovqin edi? – so‘radi oshpaz.

– Xuddi bir narsa qirsillaganday bo‘ldi, – javob berdi mister Jayls atrofga alanglab.

– Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, birov temirni muskat yong‘og‘i qiriladigan qirg‘ichga ishqagandek bo‘ldi, – gap qistirdi Britls.

– Siz shovqinni eshitganingizda shunaqangi ovoz chiqayotgandi, ser, – e’tiroz bildirdi mister Jayls, – lekin men eshitganda qirsillagandi. Shunda ko‘rpani ochib, – hikoyasini davom ettirdi mister Jayls dasturxon chetini qayirib qo‘yarkan, – o‘rnimdan turib o‘tirdim-u, quloq sola boshladim.

Oshpaz bilan oqsoch baravariga: «Voy xudoyim!» – deb yuborishdi-yu, bir-birovlarining pinjiga kirib olishdi.

– Endi shovqinni aniq-tiniq eshitib turardim, – so‘zlardi mister Jayls. – «Kimdir eshik yoki derazani qo‘poryapti, deyman o‘zimga o‘zim. – Nima qilsam ekan? Sho‘rlik yigitgina Britlsni uyg‘otib, qutqarib qolay, tag‘in yotgan karavotida o‘ldirib ketishmasin, bunaqada, deyman o‘zimcha, pichoqni o‘ng qulog‘i tagidan solib, chap qulog‘igacha tortib yuborib, bo‘g‘izlab tashlagunlarichayam bilmay yotaveradi».

Hikoya shu yerga yetganda hammaning ko‘zi hikoyachiga baqraygancha og‘zi kappa ochilib, butun vujudidan had-hududsiz dahshat-u vahima yog‘ilgancha tikilib qolgan Britlsga qadaldi.

– Ko‘rpani itqitib tashladim-u, – davom ettirdi mister Jayls dasturxon chetini itqitib yuborib, oshpaz bilan ro‘zg‘orboshiga dag‘dag‘ali o‘qrayib, – sekingina karavotdan tushib, kiy…

– Mister Jayls, xonimlar bor-a, – shivirladi misgar.

– …Boshmog‘imni, ser, – dedi Jayls unga o‘girilib qararkan, shu so‘zga alohida urg‘u berib, – hamisha kumush anjomlar solingan savatga qo‘shib tepaga olib chiqib qo‘yiladigan o‘qlog‘liq to‘pponchani ola solib, oyoq uchida buning xonasiga kirib bordim. «Britls, – dedim uni uyg‘otib, – qo‘rqma!..»

– To‘g‘ri, shunday degandingiz, – ohistagina luqma tashladi Britls.

– «Chamamda, kuning bitgan ko‘rinadi, Britls, dedim, – hikoyasini davom ettirdi Jayls, – lekin cho‘chima».

– U qo‘rqib ketgandir-a? – so‘radi oshpaz.

– Zig‘irchayam, – javob qildi mister Jayls. – U ham xuddi… ha, xuddi menday qilt etmadi.

– Rostini aytsam, uning o‘rnida men bo‘lganimda, o‘sha yerdayoq yuragim paqqa yorilib o‘lib qo‘ya qolardim, – dedi oqsoch.

– Siz – ayol kishisiz, – qarshilik bildirdi Britls sal dadillashib.

– Britls haq, – dedi mister Jayls, xayrixohona bosh irg‘ab, – xotin kishidan bundan boshqa nima ham kutilardi. Ammo biz, erkaklar, Britlsning kaminida turgan shishali fonusni oldig-u, zimiston qorong‘ilikda paypaslana-paypaslana zinapoyadan tusha boshladik – aytaylik, mana bunday qilib…

O‘z hikoyasini muqobil harakatlar ila tasvirlar ekan, mister Jayls o‘rnidan turdi va ko‘zini yumib ikki qadam bosdi-yu, to‘satdan xuddi boshqalar singari qattiq seskanib tushib, orqasiga, kursisi tomon tashlandi. Oshpaz bilan oqsoch chiyillab yuborishdi.

– Kimdir taqillatdi, – dedi mister Jayls o‘zini osoyishta-xotirjam ko‘rsatib. – Qani, birortanglar eshikni ochinglar-chi.

Hech zog‘ qimir etmadi.

– Bu yog‘i g‘alati bo‘ldi-ku! – kallayi saharlab taqillatishsa-ya, – dedi mister Jayls tevaragidagi rangi pag‘a bo‘lib ketgan basharalarga bir-bir nazar tashlarkan, o‘zining ham rangi devor edi bamisoli, – shundoq bo‘lsayam eshikni ochish kerak-ku. Birortalaring turinglar, eshityapsizlarmi?

Shunday deya mister Jayls Britlsga qaradi, biroq tabiatan kamsuqumgina bu yigit o‘zini xokisor bir kimsa hisoblasa kerak, shu boisdan mazkur gapning o‘ziga zarracha aloqasi yo‘q deb o‘yladi chog‘i: har holda u miq etmadi. Mister Jayls keyin misgarga iltijo-la javdiradi, ammo unisi to‘satdan uxlab qoldi. Ayollarni-ku, gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.

– Mabodo, Britls guvohlar hozirligida eshikni ochishga rozi bo‘lsa, – dedi mister Jayls andak sukutdan so‘ng, – ulardan biri bo‘lishga tayyorman.

– Kamina ham tayyor, – dedi misgar qanday dabdurustdan uxlab qolgan bo‘lsa, o‘shanday qo‘qqisdan uyg‘onib.

Shu shart bilan Britls yon berdi va butunlay kun yorishib ketganidan picha ko‘ngli joyiga tushgan jamoat (deraza qopqoqlarini ochganda bunga ishonch hosil qilishgandi) zinadan ko‘tarila boshladi – oldinda itlar borardi. Pastda qolishga qo‘rqqan ikkala ayol izdihom oxirida odimlashardi. Mister Jaylsning maslahatiga binoan tashqaridagi har qanday jinoyatchini ular ko‘pchilik ekanlaridan ogoh etib, hammalari qattiq-qattiq gapirishardi; eshik oldiga yetganlarida esa, yana o‘sha ixtirochi jentlmenning kallasida tug‘ilgan dohiyona rejani amalga oshirib, baland ovoz bersin, degan maqsadda itlarning dumidan qattiq tortib qo‘yishdi.

Ushbu ehtiyot choralari ko‘rilib bo‘lingach, mister Jayls misgarning qo‘lidan (uning ehtirom-la ta’riflashicha, qochib qolmasin deb) mahkam changallab oldi-da, eshikni ochishni buyurdi. Britls buyruqqa itoat etdi; boshqalar qo‘rqa-pisa bir-birovlarining orqalaridan mo‘ralar ekanlar, bechora, jimit Oliver Tvistdan bo‘lak hech qanaqangi qo‘rqinchli zotni ko‘rmadilar. U holsizlikdan og‘zini ham ocholmay, faqat zilday qovog‘ini ko‘tarib, shafqat tilab, unsizgina iltijo qila oldi, xolos.

– Bola-ku! – nido soldi mister Jayls misgarni botirlik bilan orqaga surib. – Nima qipti unga… a?.. Nima? Britls… qara-chi… Taniyapsanmi?

Britls Oliverni ko‘rishga ulgurmasidanoq – ochmoqchi bo‘lib eshik orqasiga tisarilgan edi – baqirib yubordi. Mister Jayls shappa Oliverning ham oyog‘i, ham qo‘liga (yaxshiyamki, sog‘ qo‘liga) chang solib, ichkariga tortdi-da, yerga qo‘ydi.

– Mana u! – bo‘kirdi Jayls hayajonda hovliqib, zina tomonga burilarkan. – Talonchilardan biri shu, xonim! Mana u, talonchi, miss! Yaralangan u, miss! Buni men otgandim, Britls bo‘lsa chiroq tutib turgandi.

– Fonusni tutib turgandim, miss! – qichqirdi Britls ovozim baland chiqsin deb qo‘lini og‘ziga karnay qilib tutib.

Har ikkala xizmatkor ayol mister Jaylsning o‘g‘rini tutganini xabar qilgani tepaga zing‘illashdi, misgar bo‘lsa dorga osmaslaridan burun o‘lib qolmasligi uchun Oliverni hushiga keltirishga urina ketdi. Ana shunday hayhaysuron va to‘s-to‘polon orasidan muloyim ayol kishi ovozi eshitildi-yu, hamma yoq suv quyganday tinchidi-qoldi.

– Jayls! – deya pichirlagan ovoz keldi zinaning tepasidan.

– Bu yerdaman, miss, – javob berdi Jayls. – Qo‘rqmang, miss, unchalik jarohatlanganim yo‘q. Jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatgani yo‘q u, miss! Birpasda surobini to‘g‘riladim.

– Sekinroq! – dedi yoshgina xonim. – Xolaginamni o‘g‘rilardan battar o‘takalarini yorib yuborasiz-a… Sho‘rlikkina, og‘ir yaralanganmi?

– Judayam, miss! – javob qaytardi Jayls tavsifga sig‘mas bir mag‘rurlik bilan.

– Hozir o‘lib qoladiganga o‘xshaydi, miss, – qichqirdi Britls o‘sha-o‘sha ovozda. – Pastga tushib, o‘lib qolmasidan bir ko‘rmaysizmi, miss?

– Baraka topkur, sal sekinroq! – dedi xonim. – Bir zumgina jim turing, hozir xolam bilan gaplashib olay.

Qisqasi, u ichkariga kirib ketdi – odim olishi xuddi ovozi singari muloyim, yumshoqqina edi. Hademay qaytib chiqdi va yaradorni avaylab tepaga mister Jaylsning hujrasiga olib chiqishni, Britlsga esa toki otni egarlab, imkoni boricha tezroq konstebl bilan doktor jo‘natishlari uchun hayallamay Chertsiga qarab yo‘lga tushishni buyurdi.

– Oldin bir ko‘rmaysizmi, miss? – so‘radi mister Jayls kekkayib, go‘yoki, Oliver u otib tushirgan antiqa qushday. – Bittagina qiyo boqmaysiz hammi, miss?

– Yo‘q, hozirmas, hozir sirayam ko‘rgim yo‘q, – javob qildi oyimqiz. – Voy sho‘rlikkina-ya! Meni desangiz, Jayls, unga muruvvat bilan muomala qiling, tuzukroq qarang!

Keksa xizmatkor xonim ketishga chog‘lanib endi burilgan onda unga shunaqangi g‘urur va zavq bilan qarab qo‘ydiki, buni ko‘rib go‘yo xonim uning nuridiydasi ekan-da, deyishingiz hech gapmasdi. Keyin u Oliver uzra engashib, bamisoli ayol kishiday mehr-muhabbat-la, avaylabgina bolani tepaga olib chiqishlariga yordamlashdi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации