Текст книги "Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари"
Автор книги: Чарльз Диккенс
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 29 (всего у книги 40 страниц)
QIRQ BIRINCHI BOB
YANGI KASHFIYOTLARDAN HIKOYA QILADI VA TASODIF HAM XUDDI FALOKATGA O‘XSHAB QO‘SHA-QO‘SHALAB KELISHINI NAMOYISH ETADI
Chindan ham qiz tang-u tanqis hamda mushkul ahvolga tushib qolgandi. U vujudini chulg‘agan betizgin, yengib bo‘lmas mayl-u ishtiyoq-la Oliverni qurshagan sirdan voqif bo‘lish istagida yonar, ayni vaqtda esa, hozirgina suhbatlashgani baxtiqaro ayol o‘ziga – yoshgina va pokiza zotga – ishongan maxfiy xabarni muqaddas bilmay iloji yo‘q edi. Uning so‘zlari, qiyofasi miss Meylining ko‘nglini buzib yubordi; yosh asrandasi – shogirdiga bo‘lgan mehri ustiga endi bu tahqirlangan ayolni tavba-tazarru va umid yo‘liga burishdek xuddi o‘shanday samimiy hamda qaynoq tilak qo‘shilgan edi.
Ular Londonda bor-yo‘g‘i uch kungina turishmoqchi, keyin bir necha haftaga sohil bo‘yidagi biror ovloq joyga ketishmoqchi edi. Hozir poytaxtga kelganlarining dastlabki kuni, yarim tun pallasi edi. Qolgan qirq sakkiz soat ichida o‘ylagan rejasini qay yo‘l bilan amalga oshirsin ekan? Yoki safarlarini qanday qilib shubha tug‘dirmay keyinga sursin ekan?
Mister Losbern ham kelgandi, u yana ikki kun bo‘lishi kerak bu yerda; biroq Roz ushbu ajoyib jentlmenning shoshqaloq, tez odamligini juda yaxshi bilardi. Oliverni o‘g‘rilab ketishga ikkinchi bora urinayotganlarini aytsa-yu, mabodo, anavi qizning himoyasi uchun u keltirgan dalil-u isbotlarni biron tajribaliroq odam quvvatlab turmasa, doktorning g‘azabdan jazavasi tutib lovullab ketishini ham yaqqol ko‘z oldiga keltirardi, shu boisdan hozircha bu sirni ishonib bo‘lmasdi unga. Xullas, nihoyatda ehtiyotkorlik va hushyorlik-la ish tutishga asoslari yetarli edi. Bordi-yu, missis Meyli bu ishdan xabardor etilgudek bo‘lsa, u darhol muhtaram doktorga maslahat solishni ixtiyor qiladi. Adliya maslahatchisiga kelganda esa – hatto unga qanday murojaat qilishni bilgani taqdirda ham – yana boyagi sabablarga ko‘ra, buni xayoliga keltirmasa ham bo‘ladi. Yodiga Garridan yordam so‘rash fikri kelib qoldi, biroq bu ko‘z oldida oxirgi uchrashuvlari haqdagi xotirani jonlantirdi va nazdida, o‘sha manzarani takrorlash nomunosibday tuyuldi; balki yigit – xayolidan shu o‘y kecharkan, ko‘zlarida yosh yiltiradi – uni o‘ylamaslikka, undan olisroqda o‘zini baxtiyor his etishga ko‘nikib ketgandir.
Roz ana shunday o‘y-mulohazalarning hayajonli tazyiqi ostida, barcha dalil-u isbotlarni bir-bir fikr elagidan o‘tkazgancha, goh bir yo‘lni tutishga moyil bo‘lib, goh boshqasiga ko‘chib va yana jamikisini yig‘ishtirib qo‘yib, butun tunni talvasada bedor o‘tkazdi. Ertasiga tag‘in bosh qotirib ko‘rib, noumidlikka tusharkan, Garriga murojaat etishga ahd qildi.
«Agar bu yerga kelish uning uchun og‘ir bo‘lsa, – o‘yladi qiz, – menga qanchalik azob beradi bu! Ehtimol, kelmas u; xat yozib yuborishi yoki kelsa ham men bilan uchrashishdan o‘zini olib qochishi mumkin – ketayotganida xuddi shunday qilgandi-ku! Bunday qiladi deb o‘ylamagandim sira, lekin ikkovimiz uchun ham yaxshi bo‘lgandi qaytaga». O‘ylari shu yerga yetganda Roz patqalamni qo‘lidan tushirib yubordi va hatto o‘zining xabarchi chopari bo‘lajak qog‘oz ko‘z yoshlarim shohidi bo‘lmasin degandek, burilib oldi.
Patqalamni u ellik martalab qo‘liga olib, yana joyiga qo‘yarkan, maktubning birinchi satri ustida qayta-qayta bosh qotirib, hali bironta ham so‘zni qog‘ozga tushirolmay garangsib o‘tirganida, mister Jayls muhofazasida ko‘chalarni sayr qilib yurgan Oliver qo‘qqisdan xonaga shunaqangi hovliqib, shunaqangi otilib kirib keldiki, bu holni ko‘rgan har qanday odamning, yana yangi falokat yuz beribdi-da, deb kapalagi uchib ketishi tayin edi.
– Ha, ha, nimaga hovliqib ketding? – so‘radi Roz uning istiqboli sari o‘rnidan turarkan.
– Nima desam ekin?.. Nazarimda, hozir nafasim chiqmay bo‘g‘ilib qolaman, – javob berdi bola. – Ey xudoyim! Buni qarang-a, axiyri uni ko‘radigan bo‘ldim-a, siz bo‘lsangiz rost gapirganimni ko‘rasiz!
– Bunga hecham ikkilangan emasman, – dedi Roz uni tinchlantirib. – Lekin nima bo‘ldi o‘zi? Kimni aytyapsan?
– Anavi, anavi jentlmenni, menga judayam ko‘p yaxshilik qilgan jentlmenni ko‘rdim! – javob berdi Oliver arang tushunadigan qilib. – Mister Braunlou bor-ku, ko‘p gaplashib turardik-ku u to‘g‘risida, o‘shani!
– Qayerda? – so‘radi Roz.
– Usti berk izvoshdan tushib, bitta uyga kirib ketdi! – javob qildi Oliver xursandligidan yig‘lagancha. – U bilan gaplashganim yo‘q, gaplasholmadim u bilan, nimaga desangiz, u meni ko‘rmadi, men bo‘lsam, titrab ketganimdan yaqinigayam borolmadim. Lekin Jayls mening iltimosim bilan, u shu yerda turadimi, deb so‘ragandi, ha, deyishibdi. Mana ko‘ring, – dedi Oliver qog‘oz parchasini yoyarkan, – manavi yerda, mana shu yerda turarkan… Hoziroq boraman o‘sha joyga!.. Ey xudoyim, xudoyim-a, uni yana ko‘rganimda, ovozini eshitganimda qay ahvolga tusharkinman-a!
Uzuq-yuluq hamda quvonchli gaplar e’tiborini chalg‘itib turgan Roz qog‘ozdagi turarjoy nomini o‘qidi – Strenddagi Kreyvn-strit. U darhol ana shu uchrashuvdan foydalanishga qaror berdi.
– Tez bo‘l! – xitob qildi u. – Borib ayt, izvosh yollashsin. Men bilan birga borasan. Hoziroq, bir lahzaniyam o‘tkazmay, o‘sha yoqqa olib boraman seni. Bir soatga bir yoqqa borib kelamiz, deb xolamni ogohlantirib qo‘yaman-u, men ham tayyor bo‘laman ungacha.
Oliverni shoshirishning hojati yo‘q edi, qisqasi, oradan besh daqiqa o‘tmayoq ular Kreyvn-stritga qarab ketib borishardi.
U yerga yetib kelishgach, Roz go‘yoki oldin kirib jentlmenni bola bilan uchrashishga hozirlash maqsadida, Oliverni izvoshda qoldirib, ichkari kirdi-da, tashrif qog‘ozini xizmatkorga tutqazib, oshig‘ich ish yuzasidan mister Braunlouga uchrashmoqchi ekanini xabar qilishni so‘radi. Xizmatkor tezda qaytib, qizni orqasidan tepaga chiqishga taklif qildi; miss Meyli unga ergashib tepa qavatdagi xonaga kirarkan, yuzi farishtali, shisharang frak kiygan keksa jentlmenga ro‘baro‘ bo‘ldi. Undan xiyol nariroqda sariq tusli dag‘al ip matodan tikilgan kalta ishton bilan qo‘njlik kiygan boshqa bir keksa jentlmen o‘tirardi; uning qiyofasi unchalik muloyim ko‘rinmas va yo‘g‘on hassasining tutqichisini tutamlagancha, iyagini tirab olgandi unga.
– Yo Rabbano! – dedi shisharang frak kiygan jentlmen shosha-pisha o‘rnidan qo‘zg‘alib, bag‘oyat xushfe’llik bilan. – Ma’zur tutasiz, oyimqiz. Men bo‘lsam, haligidaqangi xirapashsha birorta xonim shekilli deb o‘ylabman… afv etasiz kaminani. Marhamat, o‘tiring.
– O‘zlari mister Braunloular-a, shunday emasmi, ser? – so‘radi Roz gap boshlagan jentlmenga yuzlanib.
– Ha, menman bu, – dedi keksa jentlmen. – Bu kishi mening do‘stim, mister Grimuig bo‘ladi… Grimuig, bizni bir necha daqiqaga xoli qoldirolmaysizmi?
– Muhtaram jentlmenni urintirmasak ham bo‘laveradi menimcha, – gapga aralashdi miss Meyli. – Agar yanglishmasam, bilishimcha, siz bilan so‘zlashmoqchi bo‘lgan ishdan bu kishi xabardorlar.
Mister Braunlou qulluq qildi. Takabburona ta’zim bilan o‘rnidan turgan mister Grimuig yana bir karra mag‘rurona ta’zim bajo keltirib, tag‘in joyiga o‘tirib oldi.
– Shubhasiz, gapimni eshitib, juda hayron bo‘larsiz-u, – deya gap boshladi Roz mutlaqo tushunarli tarzda xijolat tortib, – lekin bir paytlar siz mening yosh do‘stimga katta mehribonlik va muruvvat ko‘rsatgan ekansiz, shuning uchun ham u to‘g‘risida yana eshitish sizni qiziqtirishiga iymonim komil.
– Shundoq deng! – dedi mister Braunlou.
– Siz uni Oliver Tvist sifatida tanirdingiz, – qo‘shib qo‘ydi Roz.
Qizning lablaridan shu so‘zlar uchgan zahoti go‘yo o‘zining butun diqqatini stoldagi kattakon kitob mahliyo etgan qilib ko‘rsatib o‘tirgan mister Grimuig kitobni shaloplatib pastga tushirib yubordi-da, o‘zini kursi suyanchig‘iga tashlab, baqrayib qizga qarab qoldi, ammo-lekin uning aftidan beadad-u behudud hayratdan bo‘lak narsani o‘qib bo‘lmasdi; u uzoq va bema’no baqrayib turib qoldi, so‘ng o‘zining bunday yengiltakligidan xijolatga tushdi chog‘i, darhol boyagi holatiga qaytdi va to‘g‘riga qaragancha, cho‘ziq, bosinqi hushtak chalib qo‘ydiki, hushtagi havoga taralib ketmay, balki uning qorin xilvatxonalarida muallaq qotganday tuyuldi.
Mister Braunlou, garchi uning hayrati bunchalik antiqa qiyofada namoyon bo‘lmagan esa-da, har qalay, undan kam taajjubga tushmadi. U tagidagi kursisini miss Meyliga yaqinroq surdi-da, dedi:
– Suluv oyimqiz, baraka topkur, mehr-shafqat hamda muruvvatdan og‘iz ochmay qo‘ya qoling: bu borada hech kim hech nimani bilmaydi. Mabodo, bir vaqtlar o‘sha sho‘rlik bola xususida menda tug‘ilgan noxush fikrni o‘zgartirishga qobil birorta dalil-isbot keltirish imkoniyatingiz bo‘lsa, unda Xudo haqqi, baham ko‘ring buni men bilan.
– Yaramas bola! Agar shundoq bo‘lmasa, o‘zimni boshimni g‘ajishga tayyorman, – go‘ldirab qo‘ydi mister Grimuig xuddi og‘zini ochmay, ichida so‘zlaganday, yuzidagi biror tuki ham qilt etmadi.
– Bu bola tabiatan ko‘ngilchan, dili pok, – dedi Roz qizarib, – peshonasiga yoshiga nomunosib ko‘rgiliklarni lozim topgan Tangri uning ko‘ksiga shunday tuyg‘u va shunday sadoqatni jo qilgankim, bu fazilatlar undan ko‘ra olti baravar kattaroq talaygina odamlarning izzat-hurmatini ko‘kka ko‘tarib yuborgan bo‘lardi.
– Men endi oltmish birga qadam qo‘ydim, – dedi mister Grimuig hamon boyaginday bezrayganicha. – Basharti, iblisning o‘zi ishga aralashmagan bo‘lsa, Oliverning yoshi o‘n ikkidan kam emas… Shundoq bo‘lgach, kimni nazarda tutyapsiz, bilolmay qoldim?
– Parvo qilmang, do‘stimning gapiga, miss Meyli, – dedi mister Braunlou, – u bunday demoqchimasdi.
– Yo‘q, xuddi shundoq, – to‘ngilladi mister Grimuig.
– Bekor aytibsiz, undoq emas, – dedi mister Braunlou oshkora jahli chiqa boshlab.
– Agar shundoq demoqchi bo‘lmagan bo‘lsa, u o‘z boshini g‘ajishga ham tayyor, – to‘ng‘illadi mister Grimuig.
– Undoq bo‘lsa, kallasi tanasidan judo qilishga juda bop-da o‘zi, jazosi shu uning, – dedi mister Braunlou.
– Koshkiydi, u bunga qo‘l urishga jur’at etadigan o‘sha botirni bir ko‘rib qo‘ysa, – javob qaytardi mister Grimuig hassasi bilan yerni do‘qillatib.
Dahanaki jang bahsida janggoh sari shunchalik ichkarilab ketgan ikkala keksa jentlmen bir chimdim-bir chimdim tamakidan iskashdi-da, keyin o‘zgarmas odatlarini ado etish uchun bir-birovlari bilan qo‘l olishishdi.
– Shunday qilib, miss Meyli, – dedi mister Braunlou, – sizning saxovatli qalbingizni shunchalar iydirgan narsaga qaytamiz. O‘sha bechora bolakay haqida menga bironta xabarni yetkazmoqchimidingiz? Ijozatingiz bilan oldindan aytib qo‘yay, uni izlab topish yo‘lida izmi-ixtiyorimda bo‘lgan jamiki chora-vositalarni ishlatib bo‘lganman va Angliyani tark etganimdan beri go‘yoki, u meni laqillatib ketdi, ilgarigi oshnalari bisotimni o‘g‘irlashga ko‘ndirishgan, degan dastlabki fikrim ma’lum darajada zil ketgan.
Bu orada fikrlarini jamlab ulgurgan Roz shu zahotiyoq jo‘ngina va qisqagina qilib, mister Braunlouning uyidan chiqqan damdan beri Oliverning boshidan kechgan hangomalarni (keyinroq o‘ziga xoli aytarman degan maqsadda Nensi yetkazganini gapirmay) so‘zlab berdi; u o‘z hikoyasini Oliverning so‘nggi bir necha oy mobaynida ilgarigi valine’mati hamda do‘sti bilan uchrashish imkoniyati bo‘lmayotganidan xafa yurgani, uning bundan bo‘lak ezgu tilagi yo‘q ekaniga ishontirishga urinish bilan yakunladi.
– Xudoga shukr! – suyunib ketdi keksa jentlmen. – Bu men uchun bir olam, ha, olam-olam quvonch! Illo, miss Meyli, u hozir qayerda ekanini aytmadingiz-ku? Mabodo, ta’na bo‘lib tuyulsa, ma’zur tutasiz-u… nega endi uni birga ola kelmadingiz?
– U tashqarida izvoshda kutib turibdi, – javob berdi Roz.
– Mening eshigim tagida-ya! – dedi keksa jentlmen hayajonda.
Ortiq hech nima demay, chopgancha xonadan chiqib, zinadan pastga bamisoli uchib tushdi, yugurganicha izvosh yoniga yetib borib, o‘zini uning ichiga urdi.
Eshik uning ketidan qarsillab berkilganda mister Grimuig boshini ko‘tardi-da, kursining bir oyog‘ini tayanch nuqtasi qilib, o‘rnidan turmay, stolni ushlab va hassasi yordamida uch marta doira yasab aylandi. Ana shunday mashqni bajargach, u oqsoqlanganicha uddasidan chiqqan tezlikda xonada o‘n bora u yoqdan-bu yoqqa borib keldi, keyin to‘satdan Roz qarshisida to‘xtadi-yu, he yo‘q, be yo‘q, qizni o‘pib oldi.
– Jim! – dedi u yosh xonim bu antiqa qilg‘iliqdan salgina cho‘chinqirab o‘rnidan xiyol ko‘tarilayotganini ko‘rib. – Cho‘chimang. Men keksa, bobongiz tengi odamman. Siz juda ajoyib, yaxshi qiz ekansiz. Menga yoqyapsiz… Mana, ular ham kelishdi!
Darhaqiqat, u ilgarigi joyini egallab ulgurmasidan mister Braunlou Oliverni boshlab kirib keldi; mister Grimuig bolani bag‘oyat muloyimlik bilan qarshi oldi; basharti, bu baxtiyor on Oliverni deb chekkan barcha tashvishlari-yu qilgan g‘amxo‘rliklari evaziga berilgan mukofot o‘rniga o‘tgudek bo‘lsa, Roz Meylini saxiylik-la taqdirlangan sanash mumkin edi.
– Darvoqe, yana bir kimsa borki, uni yoddan chiqarmaslik lozim, – dedi mister Braunlou qo‘ng‘iroqni chalar ekan. – Marhamat qilib, missis Beduinni bu yoqqa aytib yuborsangiz.
Keksa ro‘zg‘orboshi shu zamonoq yetib keldi-yu, ostonadan o‘tiboq, ta’zim bajo keltirib, buyruqni kuta boshladi.
– Kundan-kunga ko‘zingiz xiralashib boryapti-da, Beduin, – dedi mister Braunlou chizagina qizishib.
– Haqiqatan ham ko‘zim xira tortib boryapti, ser, – javob qaytardi kampir. – Mening yoshimda ko‘z yil o‘tishi bilan o‘tkirlashmas ekan, ser.
– O‘zim ham sizdan qolishmayman bilsangiz, – dedi mister Braunlou, – lekin ko‘zoynagingizni taqib, bu yoqqa bir qarang-chi… Sizni nimaga chaqirtirganimizning boisini anglab qolarsiz, balki.
Keksa xonim cho‘ntagini timirskilab ko‘zoynagini qidira boshladi. Biroq Oliverning toqati bu yangi sinovga bardosh berolmadi, o‘zini tutib turolmay, kampirning quchog‘iga otildi.
– Voy xudoyim-a! – dedi keksa xonim bolani bag‘riga bosganicha. – Axir, bu o‘zimning norasida, begunoh bolaginam-ku!
– Mehribon enagajonginam! – qichqirib yuborayozdi Oliver.
– Mana, u qaytib keldi – kelishini bilardim o‘zim ham! – nido soldi keksa xonim uni bag‘ridan bo‘shatmay. – Aft-angori tuppa-tuzuk, kiyimiyam xuddi jentlmenlarning o‘g‘illarinikiday. Shuncha vaqtdan beri qayoqda eding? O‘rgilib ketay, yuzlari o‘sha-o‘sha yoqimtoygina, lekin unaqangi rangi bir holatdamas, ko‘zlariyam o‘sha-o‘sha muloyim, u paytdagidaqa g‘amginmas. Bu ko‘zlarni, yoqimtoy kulgusini sira-sira unutganim yo‘q; sho‘x-shodon yoshlik chog‘larimda o‘lib ketgan aziz bolajonlarim qavatida har kuni ko‘rib turardim buginani.
Betinim so‘zlagancha, Oliverni bo‘yi o‘sib qolibdimi deb dam o‘zidan uzoqlashtirib, dam yana bag‘riga bosib, erkalatib sochlarini barmoqlari bilan taragan ko‘yi mehri daryo kampir boshini bolaning kiftiga qo‘yib ham kular, ham yig‘lardi.
Mister Braunlou kampir bilan Oliverni o‘z taassurotlaridan gaplashib bir dardlashib olishsin, deb xoli qoldirib, Rozni boshqa xonaga boshlab chiqdi va o‘sha yerda qizning Nensi bilan bo‘lgan uchrashuvi haqidagi hikoyasini batafsil eshitib, zo‘r taajjub hamda sarosima iskanjasida qoldi. Shuningdek, Roz o‘z do‘sti mister Losbernga avvalo nima sababdan ushbu sirni inonmaganini ham tushuntirdi. Keksa jentlmen uning bu qilmishini oqilona deb topdi va muhtaram doktor bilan shaxsan o‘zi ushbu borada majlis qurishga bajonidil rozilik berdi. Mazkur rejani tezroq amalga oshirish imkonini berish uchun keksa jentlmen mehmonxonaga kechqurun soat to‘qqizda boradigan, ungacha esa miss Meylini yotig‘i bilan sodir bo‘lgan jamiki gapdan xabardor etib turishadigan bo‘ldi. Ana shunday kelishib olingach, Roz bilan Oliver mehmonxonaga qaytishdi.
Roz oqko‘ngil doktorning qandayin darg‘azab bo‘lishini oldindan tasavvur etishda xato qilmagandi. Nensi hangomasini aytib berganlari zahoti u shunchalik tutaqib ketib, shunaqangi po‘pisa-yu koyishlarni qalashtirib tashladiki, asti qo‘yaverasiz; uni birinchi bo‘lib mister Bleters va mister Daffning ziyrak aqllari qurboni etganim bo‘lsin, deb dag‘dag‘a qildi; hatto o‘sha hurmatli zotlardan ko‘mak so‘ragani taraddudlanib, shlyapasini kiydi ham. Shubhasiz, jahl-u g‘azab ustida u (biron soniya oqibati qanday bo‘lajagini o‘ylab ham turmay) darhol ushbu niyatini amalga oshirardiyam, lekin xuddi o‘shanday jizzaki mister Braunlouning qiziqqonligi, shuningdek, uni bemulohaza ish tutishdan qaytarish uchun o‘rinli bo‘lib tuyulgan dalil-u e’tirozlar to‘xtatib qoldi.
– Jin ursin, nima qilish kerak unda? – deb so‘radi tinib-tinchimas doktor ular ikkala xonim yoniga qaytishgach. – Erkag-u ayol jinsidan bo‘lgan o‘sha jamiki muttaham sayoqlarga minnatdorchilik bildirib, Oliverga ko‘rsatgan mehribonchiliklari uchun ularga bo‘lgan izzat-ehtiromimizning kamtarona ramzi sifatida har bittalariga taxminan yuz funtdan mukofot taklif etib, taklifimizni rad qilmasliklarini iltijo etmasmiz, axir?
– Aslo unday qilmaymiz, – dedi mister Braunlou kulib, – lekin biz ehtiyotkorlik bilan, g‘oyatda oqilona ish tutishimiz lozim.
– Ehtiyotkorlik va oqillik deng! – dedi doktor jazavasi tutib. – Menga qolsa, bittalarigacha qo‘ymay jamikilarini…
– Qayoqqa jo‘natishingizning ahamiyati yo‘q! – uning gapini bo‘ldi mister Braunlou. – Lekin o‘zingiz mulohaza qilib ko‘ring: ularni biron yoqqa jo‘natadigan bo‘lsak, maqsadimizga yeta olamizmi?
– Qanaqa maqsad? – so‘radi doktor.
– Oliverning nasl-nasabini bilish va agarda bu gap rost bo‘lsa, firibgarlik bilan mahrum qilishgan merosini unga qaytarib olib berish.
– Shundoq deng! – dedi mister Losbern dastro‘molini silkib. – Bu mutlaqo yodimdan ko‘tarilib ketibdi-ku.
– Innaykeyin, – gapini davom ettirdi mister Braunlou, – boringki, bu bechora qizni hisobga qo‘shmay, unga ziyon-zahmat yetkazmay turib, o‘sha ablahlarni sudga bersa bo‘ladi-ku, deb faraz ham qilaylik, xo‘sh, unda nimaga erishamiz?
– Aqalli bir nechtalarini osishardi, – deb qo‘ydi doktor, – qolganlarini bo‘lsa badarg‘a qilishardi.
– Juda soz! – kulib javob berdi mister Braunlou. – Lekin hech shubha yo‘qki, vaqti-soati yetib dor ostiga o‘z oyoqlari bilan boradilar; bordi-yu, biz bunga aralashadigan va ularni ogohlantirib qo‘yadigan bo‘lsak, nazdimda, o‘z manfaatimizga, hech bo‘lmaganda Oliverning manfaatiga zid, don Kixotcha ish tutib, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘yishimiz hech gapmasga o‘xshaydi.
– Qanaqasiga? – so‘radi doktor.
– Mana bunaqasiga. Kunday ravshan ko‘rinib turibdiki, sirni bilib olishga urinib, bordi-yu, anavi odamni – Monksni tiz cho‘ktirishga muvaffaq bo‘lolmasak, biz nihoyatda katta qiyinchiliklarga duch kelamiz. Bunga esa faqat hiyla bilan erishish mumkin; atrofida sheriklari yo‘q, tanho paytida qo‘lga tushirish kerak uni. Mabodo, hibsga olishlariga yo‘l qo‘yib, bunga imkon yaratib beradigan bo‘lsak, unga qarshi hech qanaqangi dalilimiz yo‘q qo‘limizda. U hatto (bizga ma’lum bo‘lishicha yoki ushbu ishning shart-sharoitini tasavvur qilishimizcha) bu qaroqchilar bilan bironta talonchilikka qatnashmagan. Hatto uni oqlab yubormagan chog‘larida ham, nari borganda uni qalloblik va darbadarlikda ayblab, qamoqqa hukm etadilar; ana unda, shaksiz, biz uchun bu Monksdan bir umrga judo bo‘ldik degan gap, keyin undan birorta telbadan, buning ustiga gung, kar, so‘qir bir odamdan chiqadigan bema’ni gapdan ko‘ra bama’niroq gap ololmaysan.
– Undoq bo‘lsa, – dedi doktor qizishib, – qani ayting-chi, siz o‘sha qizga berilgan va’da bilan hammamizni qo‘l-oyog‘imiz tushovlangan deb o‘ylaysizmi? To‘g‘ri, yaxshi, ezgu niyatda so‘z berilgan, ammo ochig‘iga ko‘chganda…
– O‘tinaman, qo‘rqmang, azizam, oyimqizginam, – dedi mister Braunlou so‘zlamoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan Rozning gapini og‘zidan olib. – Va’dangiz buzilmaydi. Bu hol ishimizga tirnoqchalik xalal bermaydi, deb o‘ylayman. Lekin biron aniq chora-tadbirni tanlashdan burun albatta o‘sha qiz bilan uchrashishimiz va undan Monksni bizga ko‘rsatib bera olish-olmasligini bilishimiz zarur; turgan gapki, Monks odil sudlov hakamlari bilan emas, biz bilan muomalada bo‘ladi, degan shart qo‘yib. Mabodo, qiz buni yo xohlamasa, yo uddalay olmasa, u chog‘da qaysi fahshxona-yu o‘g‘rixonalarga qatnab turishini aytib, turqini tasvirlab bersin, bir ko‘rganda tanib olaylik o‘sha muttahamni, ana shunga erishi shimiz kerak. U bilan yakshanba oqshomidan oldin uchrashishning iloji yo‘q ekan, bugun esa seshanba. Men shunday maslahat berardimki, o‘zlaringizni bosib olsanglar va bu ishni hatto Oliverning o‘zidan ham sir tutsanglar.
Mister Losbern ishni butun boshli besh kun keyinga surishni talab etuvchi ushbu taklifni garchi aftini bujmaytirib eshitgan bo‘lsa-da, ayni damda biror tuzuk-quruqroq rejani topolmaganini beixtiyor tan olishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib, Roz bilan missis Meyli mister Braunlouni qattiq quvvatlayotganlari boisidan esa mazkur jentlmenning taklifi bir ovozdan qabul qilindi.
– Menga qolsa, – dedi u, – do‘stim Grimuigdan ko‘mak so‘rasak degandim. O‘zi g‘alatirog‘-u, lekin ziyrak, farosatli odam, katta yordami tegishi mumkin bizga; shuni aytib qo‘yayki, o‘zi huquq-adliya ma’lumotini olgan va oqlovchilik faoliyatidan nafratla bo‘yin tovlagan. O‘ziyam yigirma yil mobaynida atigi bittagina ish topshirilgandi unga, lekin bu tavsiyanoma o‘rniga o‘tadimi yoki yo‘qmi – o‘zinglar hal qilinglar.
– Agarda menga o‘z do‘stimga murojaat etishimga ruxsat etadigan bo‘lishsa, sizning ham do‘stingizdan ko‘mak so‘rashingizga qarshi emasman, – dedi doktor.
– Buni ko‘pchilik ovoz bilan hal qilishimiz lozim, – javob berdi mister Braunlou. – Kim u?
– Manavi xonimning o‘g‘li… bu navqiron xonimning esa eski do‘sti, – dedi missis Meyliga ishora qilib, keyin esa uning jiyaniga ma’nodor nigoh tashlab qo‘yar ekan.
Roz lolamisol qizarib ketdi-yu, lekin bu taklifga lom-mim deya e’tiroz bildirmadi (ehtimol, albatta yakkalanib qolishini fahmlagandir) va oqibatda Garri Meyli bilan mister Grimuig komitetga kiritildilar.
– Shubhasiz, toki ushbu tekshiruvni muvaffaqiyatli davom ettirishga zig‘irdakkina umid bor ekan, biz shaharda qolamiz. Men hammamizni shunchalik qiziqtirayotgan maqsad yo‘lida hech qanaqangi tashvish-u urinishlardan, har qancha sarf-u xarajatdan qochmayman; innaykeyin, agar umid hali puchga chiqmaganiga ishontira olsanglar, bu yerda bir yil turishga ham tayyorman.
– Juda soz! – gapni ilib ketdi mister Braunlou. – Atrofimni qurshab turganlarning chehralaridan dillarida Oliverning hikoyasini tasdiqlash uchun kaminani uyimdan topa olmaganlari va mening bunday qo‘qqisdan mamlakatdan jo‘nab ketganim sababini so‘ramoqchi ekanliklarini payqab turibman. Bunga tayyorman-u, lekin bitta shartim bor: toki shaxsiy hayotimni hikoya qilarkanman, maqsadga muvofiq topmagan narsalarimni so‘rab-surishtirib, hech qanaqangi savol bermaysizlar. Ishoninglar, bunday iltimos qilish uchun jiddiy asoslarim bor, zotan, men, aks holda, shundoq ham yetarlicha bisyor bo‘lgan mushkulliklar hamda noumidliklarni ko‘paytirib, ro‘yobga chiqmaydigan orzularni uyg‘otishim mumkin. Yuringlar! Kechlik ovqat tayyor ekanini xabar qilishdi; allaqachon; keyin, qo‘shni xonada yolg‘iz o‘zi sho‘ppayib o‘tirgan Oliver yana tag‘in, ularning joniga tegibman, mendan qutulish uchun hammalari til biriktirib olishibdi-da, deb o‘ylamasin.
Keksa jentlmen shunday deya missis Meyliga qo‘lini tutdi-da, uni yemakxonaga boshladi. Rozni qo‘ltiqlab olgan mister Losbern ularga ergashdi va shu bilan majlis yopildi.